OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiTabassum (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tabassum (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Jalil aka deraza tagida yotardi. Toʻshakda. Bolishi baland. Unga suyanib, boshini koʻtarsa, bogʻni koʻradi. Oʻzi obod qilgan bogʻ u. Eng qari yongʻoq «oltmish»ga kirdi. U bilan bir vaqtda ekilgan tut kesilib ketdi. Kallaklanaverib quridi. Keyin yiqitib, gʻoʻla qilib olishdi.

Jalil akaning oʻzi ham ketish oldida. Oʻsma bilan ogʻrigan. Biladi. Doktorlar koʻp vaqt yashirib yurishdi. Lekin Jalil aka ovqatdan qolayottani, ozib ketayotganidan qoʻrqib yurardi. Bir kuni sevimli nevarasi — yolgʻiz oʻgʻlining yagona qizi Sadafdan soʻradi: «Bolam, dardni kasal odam bilsa, oʻziyam tuzalishiga koʻshish koʻrsatar ekan. Eshittanim bor. Sen begona doktorlardan soʻra, bolam. Dardim nima ekan? Faqat rostini aytasan, xoʻpmi?» «Xoʻp, bobojon», dedi Sadaf. Oradan bir kun oʻtmay Sadaf quti oʻchib keldi. Bobosi yoniga choʻkkalab xoʻp yigʻladi. Keyin: «Bobojon, aytishga tilim bormaydi-da», — dedi. «Nevaram, men seni oʻzim katta qildim... koʻtarib. Meni... bobongni yaxshi koʻrsang, hurmatlasang, borini ayt». «Bobojon, oʻzingiz ham unga qarshi... ish qilasiz-a?» «Albatta-da! Nima deb edim senga?». «Bobojon, kasalingiz — rak ekan». Sadaf yana izillab yigʻlay boshladi.

Jalil aka, odamlar aytishicha, Jalil ota karaxt tortib qoldi: qayoqdan paydo boʻldi bu dard? Koʻp-a, hozir... Qariya ancha sukutga tolib yotgach, xoʻrsindi. Bu dard — bedavo ekanini eshigtan va chamasi oʻzining «kasalligi» ham shunga yaqinroqmikan degan xayollarga ham borgan edi.

«Qismat ekan-da, — dedi. — Vo darigʻ. Yoʻgʻ-e... Oʻksish bekor. Birniki oʻtdan, birniki suvdan... Meniki shundan ekan. Oʻzi bir hisobda yoshimniyam yashab boʻldim. Men tengi qurdoshlarimdan kimlar qoldi? Ha-a, Moʻmin... bor. U mendan ikki-uch yosh katta-ya. Yuragi butun ekan-da! Ha, uning yuragi butun. — Jalil ota gʻashlanib oʻylay boshladi. — U boshqacha... Yomonga, nomardga... oʻlim yoʻq deydilar-ku! Ha-e, mayli... Uyam yashasin. Bari bir dunyoga ustun boʻlmaydi. Birovga oʻlim tilagandan...»

U oʻzining rak ekani, ya’ni oʻsma kasaliga mubtalo boʻlganini eslab ayanch jilmaydi. Kunlar oʻtdi, oy oʻtdi.

Qariya ba’zan tongga yetishi gumondek sezardi oʻzini, ba’zan shu yotishda ming yil yashaydigandek edi. Lekin keyin-keyin oʻgʻlining ham, kelinining ham oʻziga tikilib-tikilib qarashidan angladiki, kasali nimaligi ularga ham ma’lum. Biroq miq etmadi. Ular... ular otaning hademay turib ketishini bashorat qilishardi.

Bir kuni hovlida yugur-yugur koʻp boʻldi. Kimlardir kelishdi. Jalil ota kechasi uxlolmagani, oʻylanib chiqqani uchun kunduzi uyqu bosib yotgan edi.

«Ha, birontasi kelgandir-da», deb qoʻydi.

Biroq, kechga tomon hovlida tagʻin yugur-yugur boʻlib qoldi-da, keyin hammayoq tinchidi. Keyin qosh qorayganda, oʻgʻli Shokir novcha qomatini egib, eshikdan kirdi.
— Salom alaykum, ota.
— Ke, oʻgʻlim, oʻtir.
— E, bir-ikki odam keldi. Sizni bezovta qilmasin, deb bu yerga kiritmadim.
— Kim ekan ular?
— Sovchilar-da! Nevarangizga.
— A-a, Sadafning ham boʻyi yetib qoldi. Shuning toʻyini... tinchiganini koʻrsam, armonim yoʻq edi.
— E, hali chevarayam koʻrasiz, ota.
— Yoʻ-oʻq, bolam... oʻlim — haq. Bir yerda gurung boʻlib edi. He, yosh edim oʻshanda. Lekin esimda qolgan. Bir komandirimiz boʻlgich edi.

Shokir kulimsiradi.
— Komandir...
— Ha, endi, mullayam bilganini oʻqiydi-da, bolam... Bizning yoshlik oʻz yoʻliga oʻtdi. Jang-jadal...

Jalil otaning umri chindan ham «jang-jadallar»da oʻtgan. Inqilob gʻalaba qilganda oʻn besh yoshlarda edi. Iigirmanchi yillarda koʻngilli boʻlib qizil askarlar safiga qoʻshildi: ular xizmatini qilib, otlariga yem tashib, tagini kurab yurdi. Yetimcha qiyofasida bosmachilar qarorgohlariga necha marta borib keldi. Ammo-lekin bir gal... Oʻshanda...

Keyin «Qizil kaltakchilar» safiga qoʻshildi. Keyin quloqlarni tugatish... Vatan urushi...

Shunisi qiziqki, Jalil... Jalil aka oʻsha qilgan xizmatlari haqiga shtifoqo bitta ham nishon taqmadi. Nishon qayda, bir parcha yorliq ham olmadi.

Lekin bu narsalarni orzu qilmagan ham edi: u qilishi lozim degan ishni qilar, aksini qilmas, yoʻq: oʻzligiga qarshi bormas, bunga kuchi yetmas edi. Shuning uchun ba’zi oʻrinlarda «tirsaklandi» ham.

Zero, oddiy ish... xushomad qilish, kattalarga ta’zimda boʻlish, kezi kelganda, bir gapdan qolish ham... qoʻlidan kelmadi. Aksincha, shunday qilib, obroʻ topgan, martabaga mingan kishilardan nafratlanadi hamon...

Uning bori — shu ekan.
— Ha, yaxshi gapmidi oʻsha gap?
— U-u, dono gap. — Jalil ota shiftga tikildi. — Rahmatli komandirimiz oʻzi xoʻjalardan chiqqan edi. Lekin yangi hukumatga... sovetga sodiq edi. Nomardlik yomon...
— Uni aytgansiz, — dedi Shokir. — Xoʻjasan deb qamashgan.
— Ha, oʻz joʻrasi qamadi.
— Haligi gap...

«Shoshilyapti» deb oʻyladi Jalil ota va gapni qisqa qildi:
— Shu kishi rahmatli aytgich edi-da: «Oʻlimdan qochish kerak! Lekin oʻlimniyam boʻyinga olib yurish kerak!»
— Qoʻying, ota, oʻlimdan gapirmang.
— E, bolam, men koʻrdim...
— Yana...
— Sen ishingdan qolma... Mening dori-darmonim bor. Ishtaham yaxshi... Faqat sizlarga juda qarab qolganimdan xijolatman, oʻgʻlim. Yoʻ-yoʻq, sen gapirma... Shokir jim qoldi.
— Shunday. Endi, na chora!
— Omonatini olguncha kutaman-da.

Shokir iliqqina kuldi.
— Yoshingiz oʻtib, judayam taqvodor boʻlib qoldingiz.

Jalil ota ham kuldi.
— Oʻzimam hayronman.
— Ota deyman... Haligi...
— Labbay, gapiraver.
— Sadafingiz bu yil oʻnni bitiradi. Keyin oʻqishga bormoqchi.
— A-a.
— Mayli. Mening qarshiligim yoʻq. Lekin unga yordam ham berolmayman.
— Ha-a.
— Lekin qaerga ketsayam boshi bogʻliq boʻlib ketsa degandim. Keyin oʻqishini sirtqiga oʻtkazish mumkin. Qisqasi, qiz bolaning bir shaharga ketishi...

Jalil ota yana kulimsiradi.
— Sen ham mendan qolishmaysan.
— Nimada?
— E...

Shokir oʻrnidan turdi.
— Mayli.

Bir haftadan keyin yana hovlida yugur-yugur boʻlib qoldi. Jalil ota hushyor edi. Biroq, bu gal ham mehmonlarni bu xonaga kiritishmadi. Bu gal ham ular ketib boʻlishgach, Shokir kelin bilan kirdi. Otaga qoʻsh salom berib, chetga oʻtirishdi. Keyin Shokir gap boshladi:
— Ota, siz jang-jadal, urush, komandir... deb bejiz gapirmaysiz, — dedi. — Oʻsha yillarni siz juda yaxshi bilasiz. Yoshlikdan koʻp narsa boshingizdan oʻtgan...

Chol tetiklanib yotgan joyida bosh qimirlatdi.
— Haqiqat, rost.
— Oʻsha davrdagi tengdosh joʻralaringiz ham sanoqli qolgan-a?
— Ha, bolam.
— Shu, Moʻmin ota bilan qalaysiz?

Chol oʻgʻliga tikilib qoldi. Keyin, ijirgʻanib, koʻzini pastga oldi.
— Nimaga soʻrayapsan?
— Endi... sizlarning munday non-qatiq boʻlib oʻtirganlaringni hech koʻrmadik-da.
— Ha, koʻrmaysan ham. Shokir sovuq tikildi.
— Nima uchun?

Chol yana birpas sukutga tolib qoldi-da:
— Soʻrama, — dedi. Keyin yuzi tirishib ketdi. — Soʻrama... Ont ichganman.
— A?
— Qasam ichganman.
— Tavba!
— Qoʻy uni.
— Endi...
— Bolam, ovora boʻlma.
— Qiziq odatlaringiz bor-da.
— Shu-shu.
— Ha. Oqshom yana kiraman.
— Xoʻp.

Shu bilan ota-bolaning orasi soviy boshladi. Sho-kir kelib, Moʻmin aka haqida gap boshlaydi. Jalil ota koʻzini yumib oladi. Oʻrtada boshqa gap qolmagandek. Shokir chiqib ketadi, chol xayol surib, ijirgʻanib yotadi.

Keyin-keyin tusmollay boshladi. Moʻminda ham ikki-uchta nevara bor. Eng kichigi Sadaf bilan tengdosh, yo undan bir-ikki yosh katta.

Oʻsha odam qoʻyayaptimi Sadafga?

Chol titrab ketdi.

U Moʻmin aka bilan bir umrga ajralishgan. Toʻgʻri, joyi kelganda u bilan soʻrashgan boʻladi. Bir davrada oʻtiradi ham. Biroq, begonalardek.

Biroq uning orqasidan... bir ogʻiz soʻz demagan, demas ham.

Uni eslasa bormi, darrov koʻz oldiga Bobotogʻ yoʻllari, Yolgʻizkapa oʻrkachidagi ovchilarning pistirmasi, qilich, miltiq, oʻq-dori, sovuq tunlar, yulduzli osmonlar gavdalanib ketadi. Oʻksib jimib qoladi.

Oʻshanda, togʻdan qaytib tushayotganda, Moʻminga bergan va’dasini eslaydi.

Keyin: «Ha-e, shundayi ham boʻlar ekan-da», deb qoʻyadi. Shu, xolos.

...Gap shundaki, Jalil aka Jalilbek boʻlib, Orzixoʻja komandirning otryadida yurganda, bir tun uni oʻchoq boshiga chaqirib, Orzixoʻja shunday dedi:
— Quyun qoʻrboshini bilasan-a?
— Ha, — dedi Jalil.
— Uning ishlarini?
— Eshitganman.
— Bizga topshiriq keldi. Uni tiriklay qoʻlga olish kerak.
— Bu qiyin.
— Quloq sol. Qiyinligini men ham bilaman. Lekin uning toʻpida Moʻmin degan yigitimiz bor...
— Tanimayman.
— Koʻrsang, tanirsan.
— Boramanmi?
— Ha. Quyunning yigitlari ozayib qolgan. Shu kunlarda Bobotogʻning Yolgʻizkapa degan dovonida emish. Bir choʻpon koʻripti. Xabar berdi.
— Uni tutish kerakmi?
— Ha..

Ertasi kuni Jalil janda kiyib, qoʻliga tayoq olib, hech qanday qurolsiz holda yoʻlga chiqdi. Yoʻlakay choʻponlarning ovulida tunab, oʻz kunini koʻrib, Bobotoqqa yetdi.

Nihoyat, Yolgʻizkapaga roʻpara boʻldi.

Shunda oldidan bir kiyik chiqib qoldi. Keyin bir ovchi koʻrindi. Kiyik Jalildan hurkib, ovchiga burildi. U otib oldi. Jalil chopib borib, kiyikning oyogʻini bosib turdi. Ovchi soʻyib halolladi.

Keyin Jalil:
— Ogʻa, bizdan hurkib sizga yoʻliqdi, tanimizni bermaysizmi? — dedi.
— Kimsan oʻzing?
— Bu dunyoda otasi oʻlmagan kim bor, onasi oʻlmagan kim bor?
— Kimsan? Kimlardan boʻlasan? Nima qilib yuribsan?
— Tagi yetimman, ogʻa... Lekin otamiz beli baquvvat odam oʻtgan. Undan besh-oʻnta ushoq mol bir choʻponning qoʻlida qolgan deb eshitar edim... Mana, fursati yetdi deb shuni qidirib chiqdim. Topsam, insof qilsa...
— Bosmachilar yeb ketgan boʻlsa-chi?
— Teshib chiqsin.
— Qizillar yegan boʻlsa-chi?
— Ogʻa, yetimning haqiga kim koʻz olaytirsa, topadi...
— Oti nima ekan u choʻponning?
— Shuni bilmayman-da... Bir choʻpon deyishdi. Otam oʻlim oldida tildan qolgan edi.
— Shuni izlab yuribsan?
— Ha, qaerda ovul koʻrsam, boraman. Bir kecha yotaman. Choʻponlarni gapga solaman...
— Bu yoqda ovul yoʻq.
— He, tepalikda bir didbon koʻrinadi.
— A, umi? Qani, yur-chi.
— U yerda odam yashaydimi?
— Bilmadim.
— Esa, qaytsam...
— Ha, yur-chi.

Ovchi kiyikning oyoqlarini kuliklab, dast koʻtardi. U baland boʻyli, sariq chakmon kiygan, barvasta yigit. Lekin koʻzlari horgʻin, zerikkandek edi.

Jalil uning kimligini bilolmay, biroq bosmachilarga aloqasi borligiga ishongan holda ergashdi. Saldan keyin, kiyikni men koʻtaray, dedi. Yigit qaramadi.

Pistirma qora suvoq qilingan, toshqalama devorli uycha edi. Atrofda xas-choʻp, suyaklar yotibdi. Nariroqda bir koʻlmak suv. Lekin rangi qora hamda undan sassiq hid kelar edi. Pistirmaning ichi shinamgina. Biroq uch tomonda toʻrt-besh qavat qilib koʻrpachalar solingan, ular eskirib ketgan va moy toʻkilgan. Toʻr devoriga uchta pilta miltiq va ikkita qiyshiq qilich osigʻliq turardi. Oʻrtada oʻchoq.

Quyun qoʻrboshi shu ovchining oʻzi ekan.
— Uka, balki sen qizillarning odamidirsan, — dedi u kiyikning bir sonini qovurib, oʻrtaga qoʻygach. — Mayli... men Quyun qoʻrboshi boʻlaman. Eshitgan boʻlsang...

Jalil qoʻrqib ketib, yoqasini ushladi.
— Agar...
— Qasam ichma. Men dunyoda qasamdan qoʻrqaman, uka... Bir vaqtlar qasam ichib edim... «Shuncha qizilni oʻldiryapman. Shuncha musulmonni qiyratdim. Shuncha uyga oʻt qoʻydim. Shuncha suruv molni afgʻonga oʻtkazib, qurolga almashdim...»
— U-oʻ! — dedi Jalil.
— Yurt ozod boʻlmasa, uka... biz yengilsak, oʻzim pastga enib boraman deb qasam ichib edim... Qaytar dunyo deydilar. Odam mard boʻlib oʻlishi kerak, uka...
— Him...
— Shuytib oʻtiribmiz.
— Bir oʻzingiz?
— Yoʻq.

Moʻmin ham ovga ketgan ekan. Ikkita quyonni yelkasiga tashlab keldi. U oʻrta boʻy, koʻzlari kichkina va chagʻir, sergak va jonsarak yigit edi.
— Bu kim? Senga nima bor? — deb doʻq qildi Jalilga.

Quyun qoʻrboshi oraga tushdi.
— Qoʻy, tegma... Buyam senga oʻxshagan bir darvesh-da, Moʻmin. Sen ham qalandar boʻlib kelib eding-ku! Tegma bunga... oʻtir.

Moʻmin Jalilga oʻqraya-oʻqraya oʻtirdi.
— Mening joʻram, — dedi Quyun qoʻrboshi Moʻminni koʻrsatib. — Otgan oʻqi tegmaydi-yu, oʻzi menga sodiq... Uka, qovurdoqdan ol. Bu halol goʻsht... — U gʻamgin kuldi. — Oʻzing koʻrding-ku, oʻgʻirlikdan kelgan emas...
— Ha, ogʻa.

Qovurdoqni yeb boʻlib, choy ichishdi. Keyin tashqarida gulxan yoqib oʻtirishdi. Anavi qora koʻlmakda yer-moyi bor ekan. Bir archa shoxini botirib olib, oʻtga qoʻyilsa, talay vaqt yonib turadi.

Bir mahal togʻdan sovuq shamol esdi.
— Turaylik, — dedi Moʻmin. — Lekin shu yerda gulxan yoqishimiz ham chakki ish, begim.

Quyun hech narsa demay uyga kirdi. Yechinmasdan toʻrga oʻtib yotdi.
— Sen bu yokda yot, — deb oyoq tomonidagi toʻshakni koʻrsatdi Jalilga. Keyin Moʻminga dedi: — Eshikni yopma, joʻra. Havo kirib tursin.

Kechasi allamahal. Jalil bezovta. Qoʻrqadi. Quyundan qoʻrqadi. U hoʻkizdek kuchli. Eng yomoni — oʻzining kimligini sezgandek: juda mayin gapirdi.

Gulxan ham yoqtirdi...

Bir payt Moʻmin uyqusirab turib ketdi-da, soʻkinib bir muddat oʻtirdi. Keyin inqillab tashqariga chiqdi. Eshik ogʻzida bir oz serraygach, yon tomonga oʻtdi.

Jalil turmoqchi. Lekin Quyundan qoʻrqadi. Oxiri Moʻmin bilan gaplashish uchun bundan qulay payt boʻlmasligiga ishonib, sekin qoʻzgʻaldi.

Togʻdan izgʻirin esardi.
— Ha, qayoqqa? — deb baqirdi Moʻmin va lapanglab yurib, Jalilga yaqinlashdi.
— Orzixoʻja aka yubordi meni... — shivirladi Jalil. — Tiriklay tutib borar ekanmiz.
— Jim.

Ular uyga qaytib kirishdi. Moʻmin oʻz joyiga, Jalil oʻz joyiga yotdi.

Jalil endi Moʻmindan qoʻrqa boshladi... Biroq, sal vaqt oʻtmay uning oʻz odami ekaniga ishondi. Lekin u nima qilmoqchi? Bilolmasdi. Quyun qoʻrboshini esa, oʻldirmasdan qoʻlga olishga ikkisining ham kuchi yetmasligi aniq.

Balki kelishib, birdan ustiga tashlanishsa...

Yoʻq...

Eshikdan osmon etagidagi yulduzlar koʻrinar, ular ham bu izgʻirinda sovqotib, shuning uchun zoʻrgʻa miltillayotganga oʻxshar edi. Quyun qoʻrboshi bir tekis nafas olib uxlayapti. Qorongʻida Moʻminning qimirlab qoʻygani koʻrinadi.

Bir payt Jalil uyqu aralash tepasida bir soyani koʻrdi. Koʻzlarini ochdi. Ioʻq: tepasida emas. Nariroqda. Moʻmin!.. Qoʻlida qilich. U xiyol tislanib, Quyun qoʻrboshiga tikildi. Engashdi. Qilichni koʻtardi-yu:
— Vo-o! — deb yubordi. Jalil turib oʻtirdi. Quyun qoʻrboshi yonboshlab:
— He, Moʻminboy-e, — dedi.

Jalilni sovuq ter bosib, qalt-qalt titray boshladi.
— Begim, meni afv eting! — Moʻmin tiz choʻkkancha boshini yerga urib oldi.

Quyun elan-qaran qoʻzgʻalib, chordana qurdi.
— Ayt, ayt, — dedi. — Toʻqi endi bir narsa.
— Yoʻq, men...
— Nima?
— Manavi bola... — Moʻmin burila solib, Jalilga oʻqtaldi. — Chopib tashlayman. Bu aygʻoqchi, begim... Meni yoʻldan urdi...

Quyun qoʻrboshi kulib, yonidan miltiqni oldi. Qoʻndogʻi bilan shiftga qadalib-sollanib turgan qilichni turtdi. Qilich yerga tushdi.
— E, Moʻminboy-ey! — dedi. — Tashqarida nari borsa, ikki ogʻiz gaplashdilaring, shunda aldab oldimi?
— Begim, begim!
— Ha, mayli. Yotinglar... Yo yana oʻt yoqamizmi? Tong ham boʻzarib qoldi.

Jalil eng orqada chiqdi. Har narsaga tayyor: jumladan, qochishga ham. Biroq qochib qutila oladimi? Quyun qoʻrboshi pastroqqa tushib kerishdi. Keyin yermoyli koʻlmak boshidan qumgʻonni olib, pastga endi.

Moʻmin burila solib, Jalilga shivirladi.
— Miltiqni opchiq!
— Tiriklay tutish kerak.
— Tur-e!

Moʻmin oʻzi chopib, uychaga kirdi. Miltiqni olib chiqdi. Lekin pilta miltiqni otish oson emas. Paxtani tutatish uchun chaqmoqni toshga urar ekan, Quyun asta-sekin qaytib chiqdi.
— Nima qilyapsan?
— Shu... tongda ov...
— Ha-ha-ha!
— E-e!
— Shoshilma.

U miltiqni olib, oʻq-dorini toʻkdi, devorga suyab qoʻydi.
— Oʻt yoqamiz.

Kiyikning yana bir sonini kabob qilishdi. Ogʻiz-burunlari, qoʻllari qorakuya va moy boʻlib, choy ichisharkan, quyosh ham chiqdi.
— Yigitlar, endi gap munday, — dedi. — Meni Denov bozoriga olib borasizlar.
— Begim?
— Bek yoʻq... — kulimsiradi Quyun qoʻrboshi. — Qarshingda bir sayoq bevatan turipti.
— Begim...

Quyun qoʻrboshi uyga qaradi. Shimolga — togʻlarga, choʻqqilarga qaradi. Suyaklar sochilib yotgan yerga qaradi. Chakmonini kiyib, oʻrnidan turdi.
— Bogʻlanglar.

U qoʻlini orqasiga qildi.

Moʻmin Jalilga qaradi, Jalil... Quyun qoʻrboshiga qaradi va negadir yigʻlagisi keldi. Moʻmin ham Quyun qoʻrboshiga tikildi-da, asta tislandi.
— E, yigitlar-e, — dedi Quyun qoʻrboshi. — Joylaringda men boʻlmadim-da!..
— Endi...
— Rost, — dedi u oʻychanlik bilan. — Vatan qoʻldan ketganiga oldinroq ishonganimda, oldinroq oʻzim tushib borar edim. Shahid ketishga nima yetsin.

Moʻmin bir qadam chetga bosdi.
— Qoʻrqma, — dedi Quyun qoʻrboshi. — Bogʻla, uka. Lekin tagʻin bir narsaga ishonishni istayman.
— Ayting, begim!
— Meni sud qilishsin.
— A?
— Bozorda.

Birpasdan keyin Quyun qoʻrboshi — oldinda, qoʻllari ortida bogʻliq holdd, xotirjam ketib borar, uning orqasida — Moʻmin, qoʻlida bir miltiq, yelkasida bir miltiq, shaxdam odim otar, Jalil — eng orqada, kiyikning qolgan goʻshti va bir boʻxcha shol roʻmol koʻtarib olgan edi.

Bobotogʻdan enaverishda Moʻmin ancha oʻzgardi. Ovo-zi ham balandlab, Quyun qoʻrboshiga:
— Buyoqdan, uyoqdan yuring! — deydigan boʻldi. Keyin uni senlashga oʻtdi.

Ylk qishloqqa yaqinlashganda, Jalilga qarab:
— Koʻrdingmi, bosmachini ushlash qanday boʻladi? — dedi.

Jalil garangsib:
— Siz ushlaganingiz yoʻq, — dedi. Moʻmin taqqa toʻxtadi.
— Esa senmi?
— Bogʻlashga bogʻladingiz. Shunda Quyun qoʻrboshi oʻgirildi.
— Bola ekansan-ku, Jalil, — dedi. — Buni men bilaman... Bu seniyam otib qoʻyishi mumkin.
— Bas!
— Shuning uchun, uka, bunga xoʻp de... Sendan nima ketdi? Yo sen ham Quyun qoʻrboshini tutdim deb...
— Nega?
— Unday boʻlsa, mayli, de.
— Oʻt oldinga! — baqirib yubordi Moʻmin.

Jalil qoʻrqa-pisa oʻtarkan, Quyun Moʻminga oʻgirilib:
— Bolaga tegma, — dedi.
— Ishing boʻlmasin!
— Sen bola, qasam ich, — dedi u Jalilga. — Meni bu qoʻlga tushirib bogʻladi.
— Nimaga?

Moʻmin asta miltiqni unga toʻgʻriladi.
— Ana, — dedi Quyun qoʻrboshi. — Koʻrdingmi? Senga bari bir-ku. Toʻgʻrimi?
— Ha..
— Boʻldi-da.
— Nima qilay?
— Moʻmin aka Quyun qoʻrboshini qoʻlga tushirdi de.
— Axir...
— Deysan!

Jalil koʻzlari doʻlayib:
— Xoʻp, — dedi.
— U yoqdagi gap-soʻzni unut.
— Xoʻp.

... Uni toʻgʻri qizilkaltakchilarning qurollangan otryadlari qarorgohiga olib bordilar. Orzixoʻja Quyun bilan bemalol gaplashdi. Keyin uni Denovga olib joʻnadi. Sud boʻladigan kun jar chaqirtirildi. Olomon atrofda devor boʻlib turar ekan, revkom, ChK va qishloq shoʻrolari nomidan Orzixoʻja Quyun qoʻrboshiga ikkita savol berdi.
— Nima uchun kurashding?
— Din uchun... — dedi Quyun bosmachi. Orzixoʻja vakillar yonida saf tortib turgan domla, soʻfi va masjid imomlariga qaradi.
— Quyun qurboshi nima jazoga loyiq?
— Oʻlim! Ulim! — deyishdi ular qoʻrqa-pisa. Orzixoʻja yana Quyundan soʻradi:
— Tagʻin nima uchun kurashding? Quyun qoʻrboshi:
— Ozodlik... uchun, — dedi.
— Xalq! — xitob qildi Orzixoʻja, — Quyun qoʻrboshi nima jazoga loyiq?
— Oʻlim, oʻlim...

Quyun qoʻrboshi shu yerda otildi.

Jalil ota Moʻmin aka haqida oʻylaganda, mana shular koʻz oʻngidan... Shokir kirdi.
— Ota, — dedi bir tizzasida choʻkkalab. — Biz shoshishimiz kerak...

Chol yonboshlab unga tikildi.
— Moʻminning nevarasigami? — Ha..
— Yoʻq.
— Ota... -Yoʻq.

Shokir bir nafas lunjlari tirishib turdi-da:
— Axir, uni yomon koʻrsangiz — oʻzingizga, — dedi. — Lekin bizga ma’qul.
— Nimasi?
— Moʻmin bobo... grajdan urushining qahramoni... Orden-medallari bor. Respublika ahamiyatiga ega... pensioner. Gapi har yerda oʻtadi...
— Ha. Mengayam yordami tegadi de?
— Odam sal... orqali boʻlishi kerak-ku!
— Oʻ, bechora bolam.
— Qoʻying kulmang... Siz oʻshanday boʻlmagan boʻlsangiz, biz aybdor emas.
— Attang.
— Toʻgʻri-da... Hozir qaysi qariya bilan gaplashmang, oʻzidan sal obroʻli tengqurini gʻiybat qiladi...
— Men hech narsa demadim-ku!
— Bari bir-da!

Chol toʻshakda chalqancha boʻlib yotdi. Uning xoʻrligi kelar, lekin allaqanday jirkanchli narsa atrofida bor-u... xoʻrlandim desa, u maraz yopishadigandek edi.

Kunlar oʻtdi.

Bir kuni yana hovlida yugur-yugur boʻlib qoldi-yu, Sadaf cholning hujrasiga kirdi. nida tiz choʻkib, choynakni ushlab koʻrdi. Issiqqina. Qopqogʻini ochib koʻrdi.
— Bobojon, ichmabsiz-ku!
— Ishtaham yoʻq.
— Bobo!
— Gapir.
— Meni...
— Ayt.
— Moʻmin boboning kichik nevarasiga... Chol koʻzini ochdi.
— Oʻzingni koʻngling bormi?
— Voy, men uni tanimayman ham. Chol birdan yayrab, tabassum qildi.
— Esa...
— Xoʻsh?

Chol koʻzini yumdi.
— Bobojon...
— Mendan domangir boʻlmanglar... Oʻzlaring bilasizlar.

Shu oqshom uyda, hovlida janjal boʻldi. Shokir baqirib xotinini soʻkdi. Xotini itni tesha bilan urib vangillatdi. Sadaf oʻzicha yigʻladi.

Tagʻin bir oycha vaqt oʻtdi.

Jalil chol favqulodda sezib qoldiki, oʻgʻli bilan kelini behad shoshilyapti.

Sadaf ovqat olib kirganda Jalil ota:
— Bir oz oʻtir, — dedi. — Sen menga yolyun gapirmagansan...
— Ha, bobojon.
— Ota-onang nimaga shoshyapti?
— Aytolmayman...
— Yoʻq, aytasan... Men xafa boʻlmayman-ku! Boshga tushganini koʻz koʻradi...
— Sizni...
— Nima?
— Termizga yuborishmoqchi.
— Ha-a! — chol hiqillab kulib yubordi. — Koʻzdan panada tursin deb-a?
— Yoʻq.
— Ha?
— U yoqda katta doktorlarga koʻrsatishadi.
— He, ona qizim-e, bari bir-da! Sadaf yigʻlab yubordi.
— Bari bir emas. Chol boshini koʻtardi.
— Nima?
— Sizni... oʻlib qolsa... Jalil ota tushundi.
— Toʻy orqaga suriladi? — Ha..
— U yigitni koʻrmadingmi?
— Yoʻq.

Sadaf zira solingan shovlani cholga surib qoʻydi. Qariya ovqat hididan ishtahasi ochilib burildi-yu, shovladan koʻz uzmay qoldi.

Keyin yana chalqancha boʻldi.

...Ertalab doktorlar kelishdi. Cholni Termizga joʻnatishlarini aytishdi. Jalil ota:
— Men tuzalib qoldim, — dedi.

Doktorlar cholni tekshirib bir-biriga qarashdi.
— Rostdan ham! — dedi biri ostonada turgan Shokirga.
— Oʻzgarish bor...
— A, unday boʻlsa... — U ikki qadam bosib, otasi qoshiga yetdi.

Chol mayin jilmaydi.
— Nimaga kecha ovqat yemadingiz?
— Qornim toʻq edi.
— Bekor gap!

Doktorlar chiqishdi.

Chol bugungi kun ham ovqat yemadi. Keyingi kun ham. Undan keyin...

Oʻrmalab borib, obrezga toʻkadi. Qoʻlini yuvgan boʻlib, ustidan suv quyadi.

U... holdan toyib, oʻrnidan qimirlolmay qoldi. Shunda ham tuz totmadi. Endi, kelgan ovqatni toʻshagi yonida nos tupurish uchun qazib qoʻyilgan chuqurchaga agʻdaradi.

U karaxt boʻlib qoldi.

Keyin oʻgʻli, kelini va Sadaf tepasida koʻzyoshi qilib turganda, ketdi.

Hammani dahshatga solgan narsa — uning yuzida qotib qolgan tabassum boʻldi.

Toʻy qoldi.

1984