OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiTikan orasidagi odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tikan orasidagi odam (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Bugʻdoypoyada sariq tikanlar moʻl, ular ochilib turgan allaqanday gullarga oʻxshaydi. Zargʻaldoqlar «chulu-lu» deb tikan shoxlariga bemalol qoʻnadi, sovuqda junjikkandek hurpayib oladi. Ehtimol, tikanlar ostida inlari bordir, movut parchasi, xas-choʻpdan yasalgan. Hozir kuz boshlanib qolgan...

Kun choshgoh. Adir ustida quyosh gardishi oqarinqirab nur sochyapti. Bugʻdoypoya yoqalab oʻtgan tuproq yoʻlda oq yolini yelpitib, boʻz ot yoʻrgʻalab kelyapti. Egar-dagi barvasta yigit qizargan koʻzlarini horgʻinlik bilan ochib, uyoq-buyoqqa qaraydi. Egnida oq, kalta poʻstin. Boshida shapka, uzangiga tiralgan oyoqlarida kirza etik. O’ng qoʻlidagi qamchi egar yonida osilib turibdi. Chap qoʻli bilan yuganni siltab-siltab qoʻyadi. U yonbagʻirdan koʻtarilib, gʻuj boʻlib oʻsgan tikanlar orasida allanechuk gʻujanak boʻlib oʻtirgan kishini koʻrdi. Kishi ham otliqni koʻrdi-yu, irgʻib turdi. Afti dard va alamdan tirishdi. Shitob bilan yurib, yoʻlga chikdi. Yigit ham yuganni tortib, unga behol qarab turdi. U kelib, yugan tasmasidan ushladi:
— Qalay? — dedi.
— Nima «qalay?» — toʻngʻilladi yigit.
— Meni qiynama, uka!
— Boʻpti. Boʻlar ish boʻldi.

Tikanzordan chiqqan kishi koʻzi yer chizib, ot oʻmrovidagi xasni chimdib tashladi:
— Meni afv et, uka.
— Qoʻying, men bir oz dam olay. Birontasi soʻrasa, Qorabogʻdagi hovuz boʻyida, deng.

Suhbatdosh shoshdi:
— Yuring boʻlmasam. U yerda qarindoshim bor, toʻshak opchiqib beraman. Ovqat qilamiz!.. Ketdik!
— Tomokdan ovqat oʻtadimi!

Haligi kishi boshini xam qildi:
— Xoʻsh... — otliq yuganni silkitdi, qamchi ushlab turgan qoʻli ogʻir tebrandi. Ot yoʻrtib ketdi.

* * *

Quyosh botib, atrofga qorongʻilik choʻkkan, bugʻdoypoya ortidagi chayla yogʻochiga ilib qoʻyilgan «Spidola» baqirib ashula aytar, boyagi tikan orasidan chiqqan kishi chayla poyasiga suyanib oʻtirib, pichoq bilan yogʻoch yoʻnar edi. Bu odam oʻtgan haftagacha boʻlimning agronomi boʻlib, takabburligi va manmanligi tufayli ishdan olingan, bunga uning savodsizligi ham sabab boʻlgan edi. U qattiq xafa boʻlib: «Amalni koʻrdim, endi qorovulchilikni berasan!» deb turib oldi, direktor ham uning aftiga bir nafas xoʻmrayib tikilib turgach: «Boʻpti boʻlmasa!» — dedi.

Etakdagi soʻqmokda haligi otliq koʻrindi. Bu yigit oʻtgan yil institutni bitirgan agronom boʻlib, bogʻdorchilik brigadasiga boshchilik qilardi. Eski agronom tushgach, kattalar uning oʻrniga shu yigitni koʻtarib qoʻya qolishdi.
— Salom, Amirqul aka, hormang!
— O’zingiz hormang, biz horishdan keyin tugʻilgan yigit! — deb uni qarshi oldi dala qorovuli.
— Yoʻq, horigan koʻrinasiz, — dedi yosh agronom. — Etakdan bir xabar oling, shudgor qilib ketibdi yana jayralaringiz!
— Balki, men shudgor qilgandirman, Mirhaydarjon, — semiz, goʻshtdor yuzini silab agronomga tikildi Amirqul aka.
— Yoʻq, siz shudgor qilmaysiz. Siz toʻqsiz-ku, — toʻngʻiladi Mirhaydar.

Amirqul aka pichogʻini sholchaga sanchib, irgʻib turdi:
— Men toʻq?! — dedi va oʻylanib, kulib yubordi. — Ha, men toʻqman! Yiqqanim yetti pushtimga yetadi. Qoʻsha sigir ham bor, boʻrdoqiyam bor, matasekl ham bor. Senda... shu amaldan boʻlak narsa yoʻq, agar undan tushsang, tishingni soʻrib qolasan!
— Bachkanalik qilmang! — dedi Mirhaydar. — Nima boʻldi oʻzi? Yo qorovullikniyam eplolmaysizmi? Ayting unda. Nimaga baqrayasiz? Topshirilgan ishni qiling-da! Miltiq qani?
— Menga miltiqning keragi yoʻq.
— Gap munday: men sizni ogohlantiraman, Amirqul aka, men bilan oʻchakishmang. Yaxshi boʻlmaydi. Mendan alam olaman deb, sovxozga zarar yetkazasiz.

Amirqul aka miyigʻida jilmayib, bosh chayqadi:
— Sovxozning manfaatini koʻzlaydigan odam!..
— Ha, men shunday odamman, — dedi Mirhaydar. — Siz ham shunday boʻlasiz. Agar shunday boʻlmasangiz...
— O’! Shu qorovullikniyam koʻp koʻryapsizlarmi hali? Hoy, bola! Mening qitiq parimga tegaverma, bildingmi? Men oʻsha raykomingniyam, direktoringniyam bir chaqaga olmayman! Eshityapsanmi?! Bir chaqaga! Men hammasini koʻrdim! Bir boshim, ikki qulogʻim bor! Xotin, bola-chaqa — nima u!
— Siz yaqinda odamgarchilikdan ham chiqasiz.
— Xoʻp, uka, — kulimsiradi Amirqul aka. — Sen joʻjadan shu gaplarni eshitdim-a. Ha, mayli! Xor boʻldikda, a? Yoʻ-oʻq. Chuchvarani xom sanama, chirogʻim! Bilasanmi, dunyo keng! Bu yer toʻgʻri kelmasa, boshqa yer bor. Sovet hukumatining yeri koʻp!

Mirhaydar otini etakdagi bogʻda qoldirib, shom qorongʻisida qoʻlida ikki miltiq bilan xurjunni koʻtarib keldi. Miltiklardan birini qorovulning oldiga tashlab, ikkinchisini oʻzi oʻkday boshladi.
— Bu kecha men ham siz bilan qorovullik qilaman.
— O’, oʻzlariyam kattalarga yoqmay qoldilarmi, deyman. Tayyorgalikmi bu?.. Bu kecha jayra ovlarkansiz-a?!
— Ha, jayra ovlaymiz. Qani, nimangiz bor yegulik? Menda mana bular bor... Siz ichasiz-a?
— Ichamiz ham!
— Yoʻq, bu kecha ichmaymiz.
— Adashib bir-birimizni otib qoʻyishimiz mumkin deysiz-da?
— Shunday... O’zlari otishni biladilarmi?
— Otishnimi? Kerak boʻlsa bilamiz!
— Men sizning ovga chiqqaningizni hech koʻrmaganman.
— Uka, ovga chiqib nima qilaman, nima yetmayapti menga? Hamma narsa bor. Aytmoqchi, sen mening uyimga hech bormagansan-a?
— Boramiz bir kun. Nimaga eplolmayapsiz miltiqni? Unaqa emas. Menga bering, bering! Bilmas ekansiz... Uzating, nimaga anqayapsiz?
— Marhamat!
— Otdan tushsangiz ham egardan tushmaysiz-a?
— A? Yana bir qaytar shu gapni.
— Bilmaysizu oʻzingizni biladigan kishi qilib koʻrsatasiz, Amirqul aka. Boʻyningizga oling... Agronomiyani ham yaxshi bilmaysiz, savodingiz yoʻq hisobi. Hozir agronom boʻlish qiyin. Shunaqa... Sovxozni, rayonni koʻtarish kerak. Siz buni oʻylamaysiz ham. Sizda tashabbus ham yoʻq, jon kuydirish ham. O’zingizni oʻylaysiz, bir sigirim ikki boʻlsin deysiz, yangi uchastka solay deysiz. Utgan yili oʻn gektar yerdagi kartoshkani oʻt bosib ketdi. Vaqtida uni oʻtdan tozalash kerak edi. Siz buni oʻylamadingiz. Buning ikkinchi sababi shundaki, kartoshka bizda endi ekilyapti, uning agrotexnikasini bilmaysiz. Qoʻlingizga ikkita kartoshka bersam, biridan-birini farqlab berolmaysiz, boʻyningizga oling, Amirqul aka.
— Gapiraver, lekin men sening akang emas... Ik-kita ukam bor edi, ikkalasiniyam topshirganman. Boshqa ukaning keragi yoʻq!
— Yoshingizni hurmat qilaman-da.
— Xoʻsh, yana qanday kamchiliklarimiz bor ekan?
— Bilmaysizmi?.. O’n olti gektar bogʻdan qancha olma olindi? Esingizda yoʻqmi? Nima uchun?.. Chunki siz olmaning ham agrotexnikasini bilmaysiz. Obrezka nima, tushunmaysiz! Eskichasiga qoʻyib qoʻygansiz. Qiziq, siz nimangizga uchib, munday kattalik qilasiz-a? Ayting! Yo bir siringiz bormi?.. Yoki odam badavlat boʻlib ketgandan keyin, katta-kichiknig farqiga bormay qolarkanmi? Hayronman. Rayondagi kattalardan oshna-ogʻayningiz yoʻqki, shunga suyanadi, desam, oblastdayam yoʻq, qiziq!

Amirqul aka chayla ustuniga suyanganicha boʻshashib, mungʻayib qoldi. Qorongʻi tushib qolgan, etak tomondagi kartoshka ekilgan maydon to jar labigacha reza-reza boʻlib koʻrinadi. Atrof hasharotlarning nagʻmalariga toʻla boshlagan. O’sha, etakdagi jar tagidanmi baqalar qurillaydi. Uning ortidagi adir havoiy — qora tusda koʻrinadi. Osmon oqish. Uning adogʻidan qoramtir togʻ tizmalari koʻzga yaqqol koʻrinadi, Mirhaydarning oti bogʻlangan Qorabogʻdan tun qushining «hut-hut—hut-hut!» degan sayrashi keladi. Shu bogʻnig orqa tarafidan magnitafon ovozi eshitildi.
— U, uka, sen qaysi urugʻdansan? — soʻrab qoldi qorovul.
— Bilmayman, — dedi Mirhaydar. — Enam tojik, otam toʻgʻizlardan boʻlsa kerak.
— Toʻgʻizlardan? Ular juda mard keladi!
— Bilaman. Nima, men nomardmanmi?
— Faqat hamiyatni bilmaysan. Yoʻq, enang tojik emas. Chin tojik koʻngli boʻsh boʻladi. Toʻgʻri, loʻlilarga xudo bas kelmasa, bandasi bas kelmaydi.
— Siz ham hamiyatni bilmaysiz, Amirqul aka!
— Hm...
— Siz... xoʻjayinlik qilishni juda yoqtirasiz-a?
— Nimaga endi... boʻyin egishim kerak? Nimaga? Katta boʻlsa oʻziga! Menga nima!
— Siz «yuz»lardan boʻlsangiz kerak? Amirqul aka kuldi:
— Men ham aniq bilmayman.
— Hammasidan ham miltiq otishni bilmasligingiz yomon ekan.
— Miltiq otishni... Buni sen qaerdan bilasan?
— Ushlaganingizdan. Eplolmadingiz. Muniyam boʻyningizga olmaysiz.
— Uka, odamning qoʻlidan kelmaydigan ish yoʻq!
— Miltiq bilan muomala qilish sizning qoʻlingizdan kelishi shart, zarur! Axir, siz — qorovulsiz!
— Qorovul...
— Ha, oʻzingiz buni soʻrab olgansiz.

Chayla yaqinidagi yeroʻchokda oʻt ham soʻndi. Choydishdagi choy ham sovidi. Timqorongʻi qishloq biqinidan oy koʻtarila boshladi. U qizgʻish qontalash edi. Hasharotlar qoʻshigʻi avjga mindi. Tun qushi ohista uchib oʻtdi, uning qizgʻish koʻzlari koʻrinadi. Qorabogʻda ot kishnadi. Soʻng, qishloqning u yer-bu yeridan itlarning huriyotgani, eshakning hangrayotgani eshitildi. Dakangxoʻroz qichqirib yubordi. Qaerdadir mast kishi ashula aytardi.
— Jayrani koʻrganmisiz, Amirqul aka?
— O’zing koʻrganmisan?
— Men koʻp otganman. Koʻrgan boʻlsangiz kerak-a? -Ha.
— Yo sixini koʻrganmisiz?
— Koʻp valdirayverma! Koʻrganman... Koʻrmagan boʻlsam nima qipti!
— Yomon boʻladi, Amirqul aka. Jayraning bir odati bor, ustiga borib qolsangiz, butingizga kirib oladi. Soningizni ilma-teshik qilib tashlaydi.
— Bilmadim... — Amirqul aka qornini doʻppaytirib, chalqancha yotar edi, qoʻllariga tirab yotgan boshini koʻtarib kuldi. — Sen shu kecha... jayraning ustiga bir bostirib bormaysanmi? Koʻrar edim, keyin ishonardim.

Mirhaydar kulib qoʻydi.

Choʻqqilari ochilib, oqara boshlagan togʻdan sovuq shabada esa boshladi. O’choqdagi kul changidi, chaylaning tomiga osilgan tol poʻstlogʻi shitirlab tebrana bosh-ladi.
— Amirqul aka, uxladingizmi? Hoy, Amirqul aka!
— Uf...
— Koʻrdingizmi, sizda mas’uliyat kam. Boʻyningizga olmaysiz. Men qorovullik qilyapman-a, sizning oʻrningizga! Mas’uliyat yoʻq sizda. Turib oʻtiring, Amirqul aka... Besh sotixcha urugʻlikni yeb ketibdi. Urugʻlikni! Buning oʻrnidan oʻt oʻsib chiqadi endi, tonna-tonna kartoshka yoʻq... Ertaga ovchilar soyuzidan qopqon opkelish kerak! Siz opkelishingiz kerak. Eshityapsizmi? Yonboshlamang, yana uxlab qolasiz. Bir soatcha vaqt qoldi. Tongga yaqin chiqadi u.
— Qoʻymading-da, — Amirqul aka turib oʻgirdi. — Sendan yaxshi qorovul chiqar ekan. Agronomlikni tashlab, oʻrnimga boʻlsang-chi?
— Mendan yaxshi agronom ham chiqadi, Amirqul aka. Lekin sizdan yaxshi qorovul chiqmas ekan. O’tgan hafta ogohlantirgan edim-a!
— Uf-f... Odamlar nimaga uylanar ekan? Padariga la’nat! Boshingni olib togʻ-toshlarga chiqib ketsang!
— Togʻ-toshga chiqib ketsangiz, yasholmaysiz. O’rmonda kattalik ketmaydi, hayvonlarni ham doʻq bilan qoʻrqitolmaysiz. Sizga choʻl tuzukroqmikin, deyman.
— Boʻldi.
— Nima?
— Boʻldi, deyapman. O’zi, jonimdan toʻyib oʻtiribman. Shu... bir korihol boʻladi.
— Hech narsa boʻlmaydi.
— Eh! Ajab bir zamonlar oʻtib ketgan-da!
— Yomon koʻrganingni shartta otibmi, oʻldiribmi ketilaveradigan zamonlarni aytyapsiz-da?
— Ha! Eshitdingmi? Ha!.. Dunyoni suv bossa, toʻpi-gʻimga chiqmaydi, bilasanmi shuni?
— Sekin, bir narsa shitirlayapti!
— Qani?
— Jim.
— E, shamol! Manavi poʻstloq, uying kuygur!
— E-e... Amirqul aka, bir kechayam poylamadingiz-a, hech boʻlmasa!
— E, menga qolsa... Uka, senga bir gap aytaymi, quloq sol. Bu, davlatning xazinasi kamaymas ekan. Ha, keyin bilib olasan. Hozir oʻzingni mehnatkash qilib koʻrsatyapsan. Davlat... sovxoz manfaatini koʻzlayman, deyapsan. Bekor gap! Vaqtinchalik gaplar bu. Koʻrganmiz, kechirganmiz... Yaqinda uylanding, hali osh-non deydigan bolang yoʻq! Xotining ham sodda, oʻzingga oʻxshab. Hadi uyam qiliq chiqaradi. Topib keling, deydi. Eshiyapsanmi? Shunday. Xotin zotining men degani ham lattaparast boʻladi. inim!.. Keyin-keyin oʻzing ham nima uchun ishlayotganingni oʻylab qolasan. Ana shunda esing kiradi. Koʻramiz hali!
— Koʻramiz, Amirqul aka.
— Sening qorovullikka chiqib, uyqudan qolib, miltiq ushlab oʻtirishing ham bir soddalik. Agronomga yarashmaydi bu!
— Boʻldi. Mana, soat ham toʻrt boʻpti!.. Amirqul aka, joningizni koyitmay oʻrganib qolgansiz-da. Shuning uchun qip-qizarib semirgansiz! Yurakni yogʻ bosgan, hozir boshingizni qoʻying, uxlab qolasiz... Amirqul aka!
— Nima?
— Jim... Siz anavi arikdan oʻrmalab borib, hov na’matak bor-ku, shuning ostiga kirib yotasiz... Toʻxtang! Miltiq otishni bilmaysiz-ku!
— Xoʻp, ana bilmaymiz!
— Xayriyat, boʻyningizga oldingiz. Lekin oʻsha siz aytgan zamon boʻlganda, manglayingizdan shartta otib tashlar ekanman.
— Sen-a?
— Ha, men.
— Uka, kel, bir otishaylik boʻlmasa! Shu oʻtar dunyoda bir ish koʻrsatib qolaylik. Meniyam umrim oʻtdi, yoshim ellikka yetdi. Endi bu yogʻida nima karomat koʻrsatar edim. Sen ham yoshsan, hozir dunyo koʻzingga yaxshi koʻrinadi. Lekin bu dunyo — koʻp bema’ni dunyo, xoʻp de. Hali koʻzi ochilmagan mushukvachchasan, otishaylik, a? Ke, oʻlsak armonda ketmaymiz. Nima deding? Meniyam yuragim sovur edi! Rost gap, men seni yomon koʻraman, yomon koʻraman! Sen keldingu mening tagimga suv ketdi, eshityapsanmi, uka! Sen yoʻq boʻlganingda, men yana besh-oʻn yil kerrayib yurardim. Ke uka, bir duelga chiqaylik. Duel deydimi shu otishmani?
— Siz aynabsiz, Amirqul aka! Agar otishma haqida gaplashsak, bilib qoʻying, siz anavi soyning nari betida tursangiz ham shu qorongʻida uchirib tashlayman. Men ellik metr narida tursam siz oʻqni tekkizolmaysiz. Bilasizmi shuni?! Men ovchiman... Siz miltiq ushlashni bilmaysiz. Shuning uchun bu bema’ni gapni qoʻyaylik. Keyin dunyodan juda sovigan odam emassiz! Siz yashashni yaxshi koʻrasiz. Meni aytmaysizmi! E-e! Mening hali niyatlarim koʻp, aka... U yokda xotinim homilador. Bu yoqda menga ishonib, agronomlikni berib qoʻyishdi. Hosilning boru yoʻgʻiga javobgar odamman. Shu ham borki, kurash tushsangiz, mushtlashsangiz ham men sizni yengib qoʻyaman. Buniyam boʻyningizga oling. Tojiklarda bir gap bor: zoʻri behuda miyon meshikand. Bilasizmi, behuda kuchanishdan foyda yoʻq.
— Shunday de?
— Shunday. Yaxshisi, men sizga miltiq otishni oʻrgatay... Tagʻin adashib meni otib qoʻymang.
— Qani, qani, bir oʻrgatib qoʻy-chi!
— Mana, stvolni ochdim. Mana, oʻq joyladim, bu patronda tulki otadigan oʻq bor. Jayrani oʻldiradi... Shoshmang... Nafasni ichga yutib yotavering, yaqiningizga kelib qolgandan keyin otasiz. Shundayam sizni sezadi, isingizni oladi-da.
— Mirhaydar uka, agar oʻq adashib senga tegib qolsa-chi?
— Menga tegib qolsa... Men jayramanmi...
— Misol uchun-da.
— Unda meni atay otgan boʻlasiz... O’lmay qolishim ham mumkin, unda men bari bir sizni otib oʻldiraman! Mening patronimda toʻngʻiz oʻq.
— Toʻngʻiz oʻq?
— Ha, boshmoldoqdek keladi! Tekkan joyini oʻpirib ketadi. Toʻxtang, avzoyiniz buzuq... hozir.
— O’qni olyapsanmi?
— Ha, sochmadan joylab beraman. Buyam jayrani biryoqli qiloladi.
— Koʻrqyapsanmi?
— Nimangizdan qoʻrqaman? Lekin iltimos, jinnilik qilmang, xoʻpmi?

Amirqul aka Mirhaydar tepkisini qaytarib bergan miltiqni u aytganday qilib ushlab, ehtiyotkorlik bilan ariq ichidan ketdi. Na’matak oldiga yetib, tizzasiga miltiqni beoʻxshov qoʻyib, jar tomonga tikildi. Mirhaydar ham miltiqni qoʻliga olib, shudgorning nari yonidan egilinqirab borardi. U yoʻlakay bir necha joyda toʻxtab choʻnqaydi. Nihoyat, jarga yaqinlashib, bir tup yantoq yoniga choʻnqaydi. Narigi betga koʻz tashlab, Amirqul aka tomonga qaradi va uning choʻnqayib oʻtirgan gavdasini va botayotgan oy nurida yiltirayotgan miltigʻini aniq koʻrdi. Yon-veridagi kesaklarni nari-beriga surib, uzala tushib yotdi.

Ikkalasi shudgorning ikki tarafida; shudgorning oʻrtasi unchalik chuqur boʻlmagan jarlikka yetib tugardi. Jayralar jar ostidan va narigi tomondagi oʻyiqlardan chiqib keladi.

Birdan shitir-shitir boʻlib qoldi, lekin Mirhaydar uning qayoqdan kelayotganini bilolmadi. Kunchiqarga ilkis qarab, Zuhro yulduzi atrofidagi mitti yulduzchalar birin-ketin soʻnayotganini koʻrdi. Ufq ham boʻzarib kelar, shamol kuchayib, badanni junjiktirardi... Yana shitirlash!

Mirhaydar birdan shudgorning Amirqul aka oʻtirgan tomoniga tikilib qoldi. Oy nurida soʻnik-soʻnik yiltirab, bir narsa hurpayib oʻtar edi. U beixtiyor miltiqni unga toʻgʻriladi-yu, darrov tushirdi: «Amirqul akaga yaqinlashyapti... Qani otsin-chi, bir! Xursand boʻladi! Keyin miltiqni, ovni yaxshi koʻrib qoladi, keyin oʻzi poyloqchilik qiladi. Otsin!»

Jayra ham xuddi Amirqul aka oʻqidan oʻlishni istaganday unga tomon oʻrmalay boshladi.

Mirhaydar endi jar tarafga qaradi: jayra bitta boʻlmaydi-ku, izidan boshqasi chiqib keladi, albatta!.. Yana Amirqul akaga qaradi. U hamon gʻujanak boʻlib oʻtirar, jayra boʻlsa unga yaqinlashib qolgan edi.
— Amirqul aka, — shivirlaganini bilmay qoldi Mirhaydar. Biroq yaqinlatib oting, degan oʻgitni eslab, tilini tiydi.

Jayra Amirqul akaning yonginasidan oʻgib ketdi. Besh-olti qadam nariga borib, shudgorni kavlay boshladi. Mirhaydar tuproq changib ketayotganini ham aniq koʻrdi va alam bilan «Suf-e, senday ovchiga! Uxlab qopti» — dedi. Ariqqa tushib, oʻrmalay ketdi...

Shunda Amirqul aka birdan qimirladi. Mirhaydar taqqa toʻxtadi:
— Oting! — deb shivirladi.

Amirqul aka choʻkkalab, uyoq-buyoqqa qaradi.

Darhaqiqat, uyqudan uygʻonib ketgan, shitir-shitir tovushni eshitar, lekin shoshganidan ovoz qaerdan kelayotganini bilolmas edi.

Yer changiyotganini koʻrdi-yu, oyoq-qoʻli boʻshashib ketdi. Miltiqni qoʻliga ola Mirhaydarga koʻz tikdi. Oq poʻstinga oʻralgan agronom bola naq jayra boʻlib koʻrindi. «Kattasi bu yokda ekan!» U stvolni oʻnglab, tepkini bosdi.

O’q zarbi Mirhaydarni dumalatib yubordi.

Amirqul aka buni aniq koʻrdi va irgʻib turib, oʻsha yoqqa otildi. Biroq bir necha qadam yurib, yiqilgan «jayra»ning behad katta ekanini payqadi, endi jayra otganiga ishonmay toʻxtagan edi, yigitning ingragan ovozini eshitdi. Yana shitob bilan bir qadam qoʻydi-yu, taqqa toʻxtadi. Soʻng, Mirhaydar otadigan choʻchqa oʻq koʻkragiga tegishini taxminlab, orqasiga burildi. Bir koʻngli qochmoqchi ham boʻldi, biroq yigitning oʻqi bari bir orqasidan yetishini his qilib, asta-sekin qadam tashladi-da, oʻtirsa, oʻkdan qutuladigandek boʻlib, birdan choʻnqaydi, sajdaga bosh qoʻyayotgandek boʻlib, boshini egdi. Bir, ikki, uch!.. Amirqul aka xoʻrligi kelayotganini sezib, orqasiga qaramoqchi boʻldi, lekin oʻq yuziga tegadigandek, qarashdan qoʻrqdi.

...Mirhaydar oʻng oyogʻi ham ogʻirlashayotganini sezib, etigini yechmoqchi boʻldi. Biroq fikridan qaytib, poʻstinni ham kiydi.
— Hov, nima qilib turibsiz? Amirqul aka ilkis qaradi.
— Buyoqqa keling, — behol gapirdi Mirhaydar.
— Yoʻ... yoʻ... — dedi Amirqul aka. Agronom yonidan miltigʻini oldi:
— Buyoqqa keling, otib tashlayman boʻlmasam! Amirqul aka uning oldiga uchib keldi. Mirhaydarning qarshisida choʻkkalab, boshini egdi.
— He, oʻling-e!
— Uka, ukajon... uyqusiragan ekanman, — pichirladi qorovul.
— Jayra qani?
— Bilmayman.
— Alanglamang. Ketdi...
— Yomon tegdimi? O’zingiz bu sochma oʻq deb...
— Turing. Otni opkeling.
— Ot? Ot qaerda... Ha-ha. Hozir!

Amirqul aka xuddi bekinmachoq oʻynayotgan boladek shudgorni changitib chopib ketdi.

Mirhaydar miltiqni zoʻrgʻa bukib, oʻqni chiqarib oldi, choʻntagiga soldi. «Xayriyat, deb oʻyladi u. — Terib tashlasa boʻladi. Nimaga qizib ketyapman. O’q tekkanda odam chanqaydi deyishadi. Chanqayapman...»

Amirqul aka otni choptirib kelib, otdan tushdi. Yuganni ushlab turib:
— Mana, mana! — dedi. — Ayilni tortaymi?.. Uka? — Amirqul aka yana tiz choʻkdi. — Uka... agar chini bilan otgan boʻlsam, enam... Sen ishonmaysan! Men seni haqiqatan ham yomon koʻraman. Lekin... uxlab qoldim. Men... uygʻoq oʻtirolmadim.
— Xayriyat, shuni boʻyningizga olyapsiz... Torting ayilni. Qattiqroq.
— E, padariga la’nat bunday ishni. Uka, endi oʻzing bilasan. Nima desang haqsan. Birov ishonmaydi menga.
— Albatta hech kim ishonmaydi. Boʻldimi?
— Mana, tayyor.
— Keltiring. Uzangini tuting... O’-oʻ, ushlamang qoʻlni! Rahmat.
— Ukajon, endi nima boʻladi?
— Nima boʻlardi. Miltiqlarni oling, chaylaga boring... Choy-poy qilib turing! Yoʻq... balki sizni qamashar. Xoʻp, oʻtgan ishga salovat. Lekin bu kecha koʻz yummaysiz. Siz qorovulsiz!
— E, uka...
— Yuring. Belbogʻim chaylada qolgan.
— Xurjuningiz ham bor!
— Kechagi choydan qolganmikan?
— Boʻlsa kerak... Hozir koʻramiz-da.

* * *

Tong ham otib qoldi.

Togʻlar oqardi, adirlar yorishdi, ufq qizardi. Kundalik yumush boshlandi. Amirqul aka koʻzlari qizargan holda chaylaga suyanib oʻtirar, u holsiz edi. O’choqqa oʻt qoʻymoqchi boʻldi, hafsalasi kelmadi. Bir-bir bosib, adir tepasiga koʻtarila boshladi va birdan yigʻlagisi keldi. Lablarini qattiq tishlab, tepaga chiqib bordi. Qarshisida bugʻdoypoya yastangan, yer haydalmagan edi. Sariq tikanlar, koʻp zargʻaldokdar sayrar. Bu shunday soʻnik, loqayd va gʻarib manzara edi. Qorovul pastroqqa tushib, kesakka oʻtirdi.

Soʻqmoqda boʻz otliq koʻrindi.

1972