OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiUchinchi hamroh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uchinchi hamroh (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Ziyorat bilan Tesha ovga chiqqanlarida saflariga yana bir hamroh qoʻshilardi. Bu — Olapar degan it edi. Ziyoratlarning iti. Koʻp yuvosh, odamga tez elikuvchi, kelgan mehmonga bir irillab, keyin uni koʻchagacha kuzatib qoʻyguvchi edi. Uni hamma tanish-bilishlar maqtar, oʻzlarining ham shunday itlari boʻlishini orzu qilishar edi.

Itning bunday boʻlib oʻsishiga, albatta, umri bino boʻlib zanjir koʻrmagani sabab edi. Ziyorat uni erkalatib oʻstirgan, koʻchalarda ham goho ergashtirib yurardi... Shu asnoda uni ovga ham oʻrgatdi. Toʻgʻri, birinchi gal Olapar ovga chiqqanda oʻq tegib yiqilgan quyonning chirillashidan qoʻrqqan, behudaga bir tulkini quvib, jarga uchib ketishiga oz qolgan edi.

Keyinchalik u ovda ovoz chiqarmay yurishni odat qildi. Shu bilan birga Ziyoratga ham juda qattiq oʻrgandi: uni bir kun koʻrmasa yoki Ziyorat uni erkalatmasa, ariqcha ustidan oʻtgan koʻprik tagiga kirib, oldingi oyoqlariga boshini qoʻygancha yotib olardi.

Yillar oʻtdi, Olapar qaridi, qish mahallari qoʻshni itlar bilan boʻlgan janglarda tishlarini boy berdi.

Lekin undagi odatlar saqlanib qoldi: ovni sevadi hamon, egasiga erkalanadi, ba’zan arazlab, xafa boʻlib ham turadi.

Kuz kuni edi, Ziyorat bilan Tesha eshaklarini minib, Sanjar toqqa ovga joʻnadi. Olapar ham ularga ergashdi. Yoʻl uzoq edi. Shuning uchun qarigan itni Ziyorat qoldirmoqchi boʻlib koʻp urindi, ammo Olapar uni izma-iz ta’qib etib bordi, hadeb oldidan chiqaverdi. Soʻngra Ziyorat itni xafa qilib qoʻyishi mumkinligini oʻylab, uni chaqirdi, dagʻal boʻyin junlarini siladi. It uzun dumini likillatib, uning qoʻllarini yalamoqchi boʻldi. Joʻnadilar.

Sahar edi, qishlokda xoʻrozlar qichqirar, hovlilardan erkak ovozlari eshitilardi. Qishloq orqada qoldi. Yoʻlovchilar qishloq chetidagi korezni chetlab, yon bagʻriga tushdilar, izgʻirinda eshaklarni gʻizillatib keta boshladilar. Endi togʻ qushlari, jonzotlari ham uygʻongan edi; chuldirab mullatoʻrgʻay uchadi, havoda qanot qoqib, keskin pasayadi; narida qattiq ovoz chiqarib jir-jir qushi uchadi. It beparvo, eshaklarga yondash ketyapti, goho uchgan qushlar ovoziga diqqat qilib, shalpang quloqlarini dikkaytiradi, hamrohlariga ma’nodor qaraydi, soʻng yana loʻkillab yoʻlida davom etadi.

Yoʻlovchilar daraga kirishdi, atrof gʻira-shira yorugʻ boʻlib, daraning metin qoyalari xayoliy soya tashlab turardi, qoq toshga tushgan eshak tuyokdari sasi jaranglab ketadi. Yoʻlovchilarning «ix-ix» deganlari ham odatdagidan baland eshitiladi.

Daradan chiqib, toʻlqin adirlarga oʻrlashadi; soʻqmoq yoʻl chuqur boʻlib ketgan, tuyoqlar tagidan chang koʻtariladi, shamol qayoqqa essa, oʻsha yoqqa buriladi va har tarafda sochilib oʻsgan ayiqtovonning sariq taxir hidli gullariga qoʻnadi. Unda-bunda archalar uchray boshladi, ularning yon-beri kemtik, yoʻlovchilar duch kelgan shoxlarini sindirib ketishgan. G’adir-budir tog‘ yoʻli boshlandi. Endi soʻqmoq archalar orasidan oʻtadi, eshaklar ustidagi xurjun shoxlarga tegib silkitadi, archaning rohatbaxsh boʻyi anqib ketadi, Goho yoʻlovchilarning biri archaning butog‘ini sindirmoqchi boʻladi, biroq chayir daraxt tob bermaydi, yoʻlovchining qoʻlida bir hovuch nina barglari qoladi, yoʻlovchi shu barglar bilan ham qanoat topadi, ularni hidlab ketaveradi, soʻng tashlab yuboradi, ammo kaftdagi hid qoladi. Yoʻlni kesib, archa tomirlari oʻtgan, turli shaklda, eshaklar ularga toʻqnashmaslik uchun oyoqlarini koʻtarib-koʻtarib bosadi.

Olapar oldinda, endi u juda sergak. Ovchilar ham xurjunlarda buklog‘liq turgan miltiqlarini chiqarib, oʻqlab olishgan, tizzalariga oʻnglab qoʻyib, sergaklik bilan ketishyapti.

Bu yokda quyosh koʻtirilgan. Quyosh osmonni aylanib, ufqqa bosh qoʻya boshlaganda yoʻlovchilar Sanjar tog‘ining ortidagi Oqzov ostida eshaklardan tushishar edi. Chunki oldinda buloq bor, bu bulokdan boʻlak suv maskani tevarak-atrofda yoʻq hisobi. Shuning uchun jami qush, jondorlar shu yerdan suv ichishga majbur. Demak, hozir ham u yerda biron oʻlja boʻlsa ajabmas...

Ikkita kaklik suv ichib og‘irlashganidanmi, sekin-sekin yurib, yon bag‘riga oʻrlayotgan ekan. Ular ovchilarni koʻrmay, adirga chiqqan yerda yumshoq tuprokda toʻxtashdi va tuproqqa yotib olib uni changita boshlashdi. Shunda qoya ortidan ularni kuzatayotgan yigitlarning biri — Tesha oʻq uzdi, birdan tuproq changib, ikkala kaklik ham tipirchilab qoldi. Chopa borib, ularni bosib olishdi, soʻyib, bellaridagi tasmaga osishdi. Soʻng yana «pistirma qoya» ortiga kelib, kuzata boshlashdi.

Quyosh botguncha ular koʻp hammas, oz hammas — oʻn bitta kaklikni oʻlja olishdi, shundan toʻrttasini oʻzlari ushlashdi. Qolganiga Olapar yordam berdi — ular yengil yaralanganlaridan sapchib qochaverishdi, it quvlab yetib, oyoqlari bilan bosib toʻxtatdi, egalari kelguncha kutdi. Olaparning odatini yaxshi bilgan Ziyorat har gal uning manglayini silar, rag‘batlantirardi.

Nihoyat, g‘ira-shirada Oqzov ostidagi kamarda ularning gulxani lovilladi, uchqunlari osmonga sapchiy boshladi. Yigitlar chordana qurgan. Olapar hov narida sergak, choʻnqayib oʻtiribdi. Nihoyat, ovchilar kakliklardan ikkisini tozalashdi va bodomcha sixiga oʻtkazib, choʻqqa qoʻyishdi. Ustiga maydalab tuz sepdilar. Keyin xurjundagi arokdan ichib olgach, ov tafsilotlari haqida soʻzlab, goʻshtni yeya boshladilar.

Olapar narida sergak, choʻnqayib oʻtirar, endi hamrohlariga qiya qarar va tilini chiqarib, tumshuqlarini yalar edi. Hamisha ovga kelganlarida, ov baror olib, mana shunday gulxan yoqilganidan keyin ovchilar tamaddi qilishga oʻtirar ekan, Olapar ham qornini toʻyg‘azib olar edi.

Hozir boʻlsa, ovchilar ov juda baror olganidanmi shod, aroq kayfi ta’siridan sergap boʻlib ketgan, itni tamom unutib, suhbat va ovqatga zoʻr berishardi.

Olapar asta-asta g‘ingshiy boshladi. Undan atigi besh-oʻn qadam beridagina kaklikning ichak-chavoqlari yotar, it ularni bemalol olib yeyishi mumkin edi. Lekin Olapar iznsiz biror narsaga og‘iz urib oʻrganmagan edi. Balki uning shu fazilati uchun ham uy egalari xush koʻrar va unga ishonar, qozon-oʻchoq boshidagi kosalar yuviqsiz, ustiga karson toʻnkarilmagan goʻsht ochiq qolgan chog‘dayam koʻngillari toʻq edi.

Yigitlar yana bitta quyib ichib olgach, suhbat tag‘in qizib ketdi.

Olapar endi tumshayib, uzun dumini yerga tekkizib, ularga tikilib turar, pasaygan gulxan yorug‘ida uning koʻzlarida alam, oʻkinch koʻrinar edi. Bir mahal u oʻrnidan turdi, turdiyu, xuddi olis bir narsani qoʻmsagandek, g‘amginlik bilan choʻzib uvladi. Soʻng birdan ortiga burilib, sekin-sekin qadam tashlab, shitob bilan keta boshladi.

Ana shunda ovchilar itni birdan eslab qolishdi, unga ovqat bermaganlari, uning xafa boʻlganini sezishdi. Ziyorat irg‘ib turib, uni chaqira boshladi.
— Olapar! Olapar! Bax-bax... Ma, goʻsht, ma, non!

Olapar gangib toʻxtadi, orqasiga bir qaradi, tag‘in burilib, loʻkillab keta boshladi. Ovchilarning ta’bi xira boʻlib ketdi. Shosha-pisha uning izidan chopdilar. Yana «Olapar!» deb chaqira boshladilar. It tag‘in bir toʻxtadi, ammo endi burildi-da, qattiqroq loʻkillab ketdi va tun qoʻyniga kirib g‘oyib boʻldi. Uning izidan borgan hamrohlar ham toʻxtadi, tag‘in har ehtimolga qarshi deb uni chaqirishdi, keyin qoʻnoqqa qaytishdi.
— Och, oʻzi qarigan, yetib borolmaydi! Ablahlik! — deb xitob qildi Ziyorat.
— Sen-da, — dedi Tesha.

Ular bir-birini ayblab qolaverdilar.

Olapar loʻkillab ketib borardi. U kelgan yoʻllaridan yurib, tog‘ boshiga yetdi. Hansirab, pastdagi chiroqlarga qaradi. Bir nafas choʻnqayib oʻtirdi, tag‘in olis bir qadrdon narsasini qoʻmsagandek uvladi va soʻqmoq bilan chopa ketdi. Yoʻl nishab edi, yurish oʻng‘ay. Archazorga yetganda bir gala toʻng‘izlarga duch keldi, ularga chap berib oʻtdi, ammo bundan u yog‘iga sekin-sekin keta boshladi: u holdan toygan edi. Tanish daraga yetgach, u yoʻl oʻrtasida oʻtirib oldi-da, anchagacha jilmay qoldi. Soʻng sudralib pastga tushdi. Soydagi suvdan shaloplatib yaladi, u yerda ham bir oz choʻnqayib oʻtirdi. U tag‘in ortiga qaradi, olis oʻrmonga, qoyalarga qarab uvladi.

Qishloqqa tushganida, unga itlar yopishdi, talashdi, Olapar zoʻrg‘a ulardan qutuldi, yiqila-yiqila, nihoyat, uyga yetib keldi-da, sudralib koʻprikka yetdi, uning ostiga kirib, boshini oldingi oyoqlari ustiga qoʻyib yotdi...

Ertalab Ziyoratning otasi sovxozga, onasi dalaga ketdi, ular itning kelganini sezishmadi. Kechqurun ovchilar ham qaytib kelishdi. Ziyorat hovliga kirishi hamono:
— Olapar! — deb baqira boshladi, eshakni qoʻyvorib, chorboqqa oraladi va birdan koʻprikni eslab, chopa ketdi. Engashib qarab, Olaparni koʻrdi. — Olapar! Olapar! — deb choʻnqayganicha uni erkalagan tovush bilan chaqirdi.

It javob bermadi, unga qaramadi ham.
— Olapar, Olapar! — yana chaqirdi Ziyorat endi vahima bilan.

Itdan tag‘in sado chiqmadi. Ziyorat ariq labidan kesak ushatib, unga otdi, kesak itning boʻyniga tegdi. Lekin it yana qaramadi.
— Olapar! — deb baqirib yubordi Ziyorat va ariqqa tushib, uning boʻynidan ushlab tortdi. Itning boshi koʻtarilmadi, u qotib qolgan edi.

1971