OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shukur Xolmirzayev. Uh (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiUh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uh (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

— Sizni qattiqqoʻl, irodali yozuvchi deyishadi... shu toʻgʻrimi?
— Toʻgʻrirogʻi, shunday boʻlgim keladi.
— Kimnidir sevganmisiz, undan ayrilganmisiz... Kuyganmisiz?
— Ha..
— O'n sakkizga kirganlarga bir gap ayting...

«Saodat» redaktsiyasida boʻlgan gap.

* * *

Eshik ochilib, rangpar juvon bosh sukdi.
— Mumkinmi?
— Marhamat, — dedim.

U xonaga kira solib, divan yonidagi kursiga oʻtira qoldi. Pardoz-andozning ham fahmiga yetmasligi koʻrinib turar edi.
— Kechirasiz, vaqtingizni olaman. Said Ahmad akaga keluvdim, yoʻq ekanlar...
— Qulogʻim sizda, — dedim.
— Shukur aka, mening boshimga bir kulfat tushgan. Uni siz — yozuvchilar tushunmasangiz, boshqa birov tushunmaydi. Birovga aytmayman ham.

...Doʻkonda ishlardim, laryokda. Bir yigit «Volga»da kelib tushardi-da, yuz soʻm tashlab, bitta «TU» olib ketardi. Qaytimini soʻramasdi. O'shanda sigaret qirq soʻm... Men ham unga: «Qaytimini oling», demasdim.

U kelganda, oʻzimni yoʻqotib qoʻyardim.

Kelishgan yigit edi. Kamgap. Faqat salom berardi-yu, sigaretni olgandan keyin bitta uh tortar edi.

Bir kuni yoʻlni yoqalab ketayotsam, orqamdan kelib toʻxtadi; moshinasini toʻxtatib, eshikni ochdi.
— Kiring, uyingizga oborib qoʻyaman, — dedi.

Ichkariga qanday kirib oʻtirganimni bilmayman. Ketdik.
— YO aylantiraymi? Daryoni tomosha qilasizmi? — deb qoldi.
— Mayli, — dedim.

Undan ajralgim yoʻq, hushim ham oʻzimda yoʻq edi.

Bir turongʻi tagiga borib tushdik. Bagajida ikkita yengil kreslo bor ekan, chiqarib qoʻydi. Tagʻin — kichkina stol. Birpasda stolning ustini toʻldirdi: yaxna et, konyak, limon, non — hamma narsa bor.
— Hozirligingizni koʻrib chiqqan ekansiz-da? — dedim.
— Ha, — dedi u.
— Men kelmasligim mumkin edi-ku?
— Kelardingiz.
— Nega endi?
— Men ishonardim.
— Siz haq, — dedim. — Nega shunday boʻldi, a?
— Bilmayman.

Ichdik.

Ilgari ichgan boʻlsam, pivo ichgandirman... Boshim aylanib, yigʻlay boshladim.
— Men sizni yaxshi koʻraman.
— Bilaman, — dedi u.
— Siz-chi?
— Nimaga uh tortaman boʻlmasam?

Men uning boʻyniga osilib olganimni bilmay qoldim.

U meni quchdi.

Men erib ketdim...

...Shundan keyin bu turongʻi osti — bizning uchrashadigan-oʻtiradigan joyimiz boʻlib qoldi.

U uylangan, ikkita bolasi bor ekan — ochiq aytdi.
— Lekin sizni yaxshi koʻraman, — dedi.

Men nima deyin? Yana koʻzyoshi qildim.
— Siz bilan uchrashish, sizni koʻrish — men uchun baxt, — dedi u. — Men faqat shuning uchungina sizning doʻkoningizga kirardim.
— Men sezardim, — dedim.
— Sizdan ayrilish — men uchun fojea.
— Men uchun ham.

Men unga oʻrganib qoldim: onamni, akamni aldash ham menga zavq berardi. «Tezroq tong otsa, tezroq laryokka borsam», der edim tunlari.

Shunday qilib, bir yil yurdik.

Uyimizga sovchilar kela boshladi. Ilgariyam kep turardi-yu, endi koʻpayib ketdi: axir, oʻn sakkizga chiqdim.

Siz hozir mening basharamga qarab, rahmingiz kelar...

O'shanda oqim oqqa, qizilim qizilga ayrilib, bi-ir koʻhli boʻlib ketgan edim.

Koʻzguga qarab bilardim.

Endi oʻylasam, oʻshandagi uchrashuvlar zavqi...

...odamning husnini ochib yuborarkan.

Bundan tashqari, har kuni yangi kiyim kiyishga harakat qilardim. Opamdan qolgan koʻylaklar bormi, onamning shol roʻmoli bormi...

Lekin bizning oilamiz oʻrtahol edi. Otam suvchilikda revmatizmga yoʻliqib, shuning zahmida ketgan, opam tserroz pechen...

Qisqasi, sovchilarning biriga akam rozilik beripti.

Men yigʻladim.
— Pul yigʻay, oʻqiyman. Teatr institutiga kiraman, — dedim.
— Kerak boʻlsa, ering oʻqitib oladi, — dedi akam.

Yigit bilan uchrashdim.
— Na chora, — dedi u. — Ular haq...
— Axir, men sizni yaxshi koʻraman-ku?
— Men ham...
— Lekin keyin ham... xohlasangiz, uchrashib turamiz.
— Yoʻq-yoʻq! — dedim. — Akam bilsa, oʻldiradi.
— Akangiz shundoq ham sezganga oʻxshaydi...
— E, xudo!

U birdan uh tortib yubordi-da:
— Menga rahmingiz kelsin, bolalarimgayam, — dedi. — Ularni yetim qil... desangiz, hoziroq xotinimni qoʻyvoraman!
— Yoʻq, — dedim.

Meniyam yigʻlagim kelyapti.

Men uni quchoqlab oldim: ikki baxtsiz shunday oʻtirib, ajraldik.

...Erim bilan olti oycha yashadim. Baxtimga qobil, moʻmin chiqdi. U hatto, kechirasiz, mening ilgari... erkak bilan boʻlganimniyam sezmaganday edi.

Lekin koʻnglim baribir anavuni qoʻmsardi...

Bu vaqtda laryokni tashlab, yaqinimizdagi klubda havaskorlar toʻgaragida ishlardim: qizchalarga oʻyin oʻrgatardim.

Bir kuni sahnada oʻynab koʻrsatayotsam, zalda tanish birov koʻrindi. Biz mashq qilayotganda, qorovul ham, kutubxonaga kelganlar ham zalga kirib oʻtirishardi.

Diqqat qilib qarasam...

...oʻsha.

Chiroqlarni yoqdim.

Ana shundan keyin nima ish qilganimni bilmayman: ansamblga aytib, dilxirojni chaldirdimmi, tanovarnimi —esimda yoʻq; shunday oʻynabmanki, shogirdlarim oʻrganish oʻrniga tomosha qilishibdi.

Zalda chapak.

Nazarimda, bu raqsda hamma narsa bor edi: sogʻinch, oʻkinch, gʻam, alam...

Men oʻyin bilan Unga hasrat qilgan boʻlishim kerak.

... Mashgʻulot tugadi.

Tashqariga chiqsam, u «Volga»sida oʻtiribdi. Eshigi ochiq.

Yolgʻon aytsam, tepamda Xudo bor! Hech narsani koʻrmay, sezmay borib...

...moshinaga kirib oʻtirdim.

Ketdik.
— Kelishimni bilarmidingiz?
— Ha, — dedi u.
— Men qiynalib ketdim.
— Men ham.
— Bolalaringiz tinchmi?
— Ularni eslatmang, qiynamang meni, — dedi u uh tortib.

Men unga suyanib qoldim.

U aqlli edi, katta bir qurilish tashkilotining boshligʻi edi.

Ammo u ham mening ahvolimda edi.

Shunday qilib, sirimiz oshkor boʻlib qoldi. Erim uydan chiqib ketdi.

Bir kuni men ham uyimizga qaytib bordim. Onam xoʻp yigʻladi, akam ichib kelib, butun idish-tovoqlarni urib sindirdi.

Endi klubgayam bormay qoʻydim.

...Xullas, oʻtgan kuni ayraportga chiqdim. «Boshim oqqan tomonga ketaman, — deb oʻyladim. — Toshkentga borsam, teatr institutini topaman, farroshlik qilaman...»

Ishonasizmi, marshrutlar yozilgan jadvalni koʻzdan kechirib tursam, birov tirsagimdan ushladi...

...O'sha!

Yiqilib tushishimga sal qoldi.
— Yoʻl boʻlsin? — dedi u.

Men yelkamni qisdim.
— Aylantirib kelaymi? Toshkentni tomosha qilasizmi?
— Ha..

Toshkentga keldik.

Shuni aytishim kerakki, qoʻnalgʻaga tushishimiz bilan u tijorat doʻkoniga boshladi meni. Etik, plash olib berdi.
— Anavu xonaga kirib, kiyib chiqing, — dedi.

Kiyinib, bir boshqacha boʻlib chiqdim.
— Bu — katta shahar. Odamlar bizga qarashadi. Mening tanish-bilishlarim koʻp...
— Sizga munosib boʻlib yurishga harakat qilaman, — dedim.

«O'zbekiston» mehmonxonasiga keldik. He, bu davdaska, bu chet elliklar... Bu deng, bashang kiyingan ayollaru erkaklar...

Men boshqa bir dunyoga tushib qoldim.

...Qisqasi, nomerga chiqdik. Uch xonali ekan. Shunaqa mebellarki, qarab turib toʻymaysan! Qulayligini aytmaysizmi! Hatto oyoqni yuvadigan maxsus tosi ham bor ekan.

U kimgadir telefon qildi, oʻrischalab gaplashdi.

Sal oʻtmay bir apisanka aravachani gʻildiratib kirdi, unda hamma narsa bor edi.

Bir nafasda «ochil dasturxon» ochilganday boʻldi.
— Sevgimiz uchun, — dedi u.
— Ha, — dedim. Ichdik.

Bir mahal deng, telefon oʻz-oʻzidan jiringlab ketdi. U dastakni olib eshitdi. Keyin: «Ya ijdu...» dedi.
— Kim u? — deb soʻradim. — Kelganingizni qanday bilishdi?
— Bilishardi.

Soʻng u bosib-bosib konyakdan quya boshladi. Men ham yutoqqan tuyaday ichaveribman.

Bir vaqt qarasam, boshqa xonada yotibman. Derazadan shahar chiroqlari koʻrinayapti.

Qoʻshni xonada — zalda boʻlsa — muzika, oʻyin-kulgi.

Bari oʻrischa.

«Nima qilay? — deb oʻyladim. — U yoqqa chiqsam...

...tanishlari koʻrsa...

Uyat boʻladi-ku?»

Yotaverdim.

Bir zamon O'zi eshikni ochib kirdi: qulflab qoʻyganini shunda bildim.
— Uh, men sizni juda sevaman, — dedi.
— Men ham, — dedim.
— Xohlasangiz, ularning oldiga boshlab chiqaman. Ammo adresimga yaxshi gap boʻlmaydi...
— Albatta, — dedim.

Yana uxlab qopman.

Uygʻonsam, tong otgan: derazalar orti yorugʻ, trolleybuslar yurayapti.

Bu xonadan, kechirasiz, haligi xonaga chiqsa boʻlarkan. Chiqib yuvindim.

Zal eshigi qiya ochiq ekan, qarasam...

... U divanda yotibdi: yonida ayol.

Dod deb yuborishimga oz qoldi.

Ammo oʻzimni tutdim: «Nima haqqim bor?.. O'z xotini bilan ham yotib turadi-ku?..» deb oʻyladim-da, xonaga kirib oʻtirdim.

O'tiribman. Och qoldim.

Bir palla uygʻonishdi. Kulishib-kulishib yuvinishdi. Ichishdi. Keyin ayol ketdi chamasi, u eshikni ochib kirdi.
— Kechirasiz, — dedi. — Ochiqib qolgan boʻlsangiz kerak. Marhamat.

Chiqsam, stol usti bir balo... Sigaret qoldiqlari, idish siniqlari...
— Siz meni unutdingiz-ku? — dedim.
— Yoʻq, — dedi u. — Har dam xayolim sizda boʻldi. Ammo...
— Anavuning quchogʻidan chiqolmadingiz?
— Koʻribsiz-da?
— Yuvinayotib koʻzim tushdi.
— A-a.
— Mengayam jindak quying endi, — dedim.
— Jonim bilan! — Soʻng qadahni olib: — Siz uchun, — dedi.
— Siz uchun, — dedim.

Keyin tagʻin yigʻlab yuboribman. U meni ovutdi, erkaladi.
— Shunday boʻp qoldi... Yordami tegib turadi... — Keyin yalinishga tushdi: — Meni ayang... Bunaqa boʻlishini sira oʻylamovdim...

Men Unga ishondim-u...

...endi bu xonadan ham chiqib, boshim oqqan tomonga ketgim kelib qoldi.

U sigaret uchun restoranga tushib ketganida, men ham oʻzimning eski kiyimlarimni kiyib, yoʻlakka chiqdim.

Zinalardan tushib ketdim.

Tashqarida qor...

* * *

— Gap shu, — dedi juvon. — Men endi nima qilay? Undan ajralishim mushkul.
— Shunaqa qilib yuravering, — dedim.
— Qiziqmisiz!
— Nima deyin boʻlmasa?
— Siz yozuvchi-ku?
— Xoʻsh?
— Yozuvchi sifatida bizga qanday baho berasiz?
— Yozuvchi baho bermaydi.
— Xoʻp, odam sifatida baho bera olarsiz?
— Ha, — dedim. — Siz haqingizda gapirmayman. — Biroq U — gʻirt ablah ekan.
— Nima-a?
— Shayton ekan.

Juvon oʻrnidan sapchib turdi.
— O'zingiz ablah, oʻzingiz shayton, — dedi-da, eshikdan chiqib ketdi.

1993