OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiUkki sayrayapti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ukki sayrayapti (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

— Ariq labida qoʻlini yuvayotgan Iqlima shart oʻgirilib, yerga mushtladi:
— Yoʻq, nimaga shu manjalaqini olib borasiz?

Men aytdim-ku, xudo xayringizni bersin, boshqa oʻyinchi bilan boring deb. Lekin nimaga oʻchakishganday yana shu bilan borasiz? A?..
— U... — soʻridan oyogʻini osiltirib oʻtirgan Hafiz aka tilla tishlarini koʻrsatib, siniq iljayganicha chaynaldi.
— Bilaman, — deb eriga oʻnglanib oldi Iqlima. — U pulni yaxshiroq teradi! Pul bermaganni askiya qilib boʻlsayam pulini chiqartiradi. U chiroyliroq boshqa oʻyinchi qizlardan... Lekin... E, sizga gapirdim nimayu devorga gapirdim nima! — Iqlima shart turib, etagini yelpib tushirdi. Ayvon tomon jadallab oʻtar ekan, oʻzicha shangʻilladi: — Enamnikiga ketaman hozir. Kecha ukang Termizdan keladi degandilar. Kelgan boʻlsa, u bilan Termizga ketaman, bolasini boqib yuraman. Nima koʻrdim sizga tegib? — yalt etib qarab, qaddini bukdi. — Ayting, nima koʻrdim? Topgan pulingiz boshingizdan qolsin! O’zi esini yegan xotin artistga tegar ekan. — U toʻla yelkalarini silkitib uyga kirib ketdi.

Hafiz aka xoʻrsinib soʻridan tushdi. Kalishini oyogʻiga ilib, oʻsha siniq iljayganicha uyga qarab yoʻnaldi. Yoʻlakay qari tutning gʻadir-budir sargʻish tanasiga suyanib, buzoqnikidek koʻzlari ola-kula boʻlib turgan oʻgʻli Xoliqqa jahl bilan oʻshqirdi:
— Bor, oʻyna koʻchada! Necha marta aytaman senga, ota-ona gaplashayotganida quloq solma deb. A? Marsh! — Hafiz aka shart egilib, oʻng oyogʻidagi kalishni yechib oldi.

Xoliq zingʻillagancha uy biqinidan oʻtgan toshloq yoʻlkaga chikdi, otasiga qoʻrquv, xavotir bilan qarab:
— Mana, ketyapman-ku... — dedi.
— Bor-bor! — Ota kalishni yuqori koʻtardi. Xoliq ura qocha yaqinda shagʻal toʻkilgan koʻchaga oʻtdi. Hafiz aka iljayib, kalishni yerga tashlagan edi, toʻnkarilib tushdi, u tirnoqlari qiyshiq oyogʻi bilan kalishni oʻnglab kiyib oldi. Uyda shangʻillayotgan xotinining ovozini oʻchirish uchun ildamladi.

Xoliq koʻchada bir dam gangib, qiya ochiq darchalarga tikilib turdi, soʻng yalang, kir oyoqlariga qadalayotgan toshlarga koʻz tashlab, nariroqqa oʻtdi va bir vaqt uy orqasidagi ariq ichida oʻlja qilgan musichasini tishlab turgan qora mushukka koʻzi tushdi. Sekin yerga engashib, tosh olmoqchi edi, mushuk zorlanib «miyav», dedi va dik sakrab, qaldirgʻoch kulcha oʻtinning tagiga kirdi. Xoliqqa qarab, uning yerdan ilkis tosh olganini koʻrdi-da, yana «miyav», deya dik-dik sakrab, ariq ustidan oʻtgan devor kovagiga kirib ketdi.

Xoliq oʻlik musicha oldiga keldi, qoʻllarini tizzasiga tirab, unga boqdi va xuddi musichadek ovoz bilan «ku-ku, ku-ku», dedi.

Keyin u ota-onasi urishgan chogʻlarida borib oʻtiradigan joyi — jar yoqasidagi changalzorga joʻnadi. Yoʻlning nari tomonidagi kultepani chetlab, shudgorga tushdi. Yirik-yirik kesaklarga oyogʻining uchini qoʻya-qoʻya traktor iziga tushib oldi. Ammo bu yerdagi mayda, qattiq kesaklar ham oyogʻiga ozor bera boshladi. U yana yirik kesaklar ustidan chopa-chopa shudgor pushtasiga yetdi.

Jar labida egilib oʻsgan yongʻoq ostiga borib, pastga qaradi, qamishlar oralab oqayotgan suvga tikildi. «Bunda andatra yoʻqmikin?» deb bir oz angraydi. Soʻng yongʻoq shoxlariga alanglay boshladi. Koʻziga bironta ham poʻst ajrab, ilinib turgan yongʻoq koʻrinmadi. Xoliq quyiga qarab ketgan yolgʻizoyoq, tuproqli soʻqmoq yoʻldan yurib, qamishzor boʻyiga keldi. Qamish soyasida oyoqlarini suvda yozib, pufagini pishirib «quvaq-quva» deyayotgan baqaga oʻqraydi. Qalin lablari asta uchdi, yutindi va xuddi qurbaqadek «quvaq-quvaq», degan palagʻda ovoz chiqardi. Qamish ostidagi baqa shishadek koʻzlarini baqraytirib yana vaqilladi.

Xoliq hafsalasi pir boʻlgandek nari sohilga oʻtish uchun temir quvur tomonga qarab yurdi. U quvurdan dorbozdek pildirab oʻtarkan, onasining «Termizdan ukam keldi», degani yodiga tushdi. Tuprogʻi oʻynab yotgan sohilga oʻtib, toʻxtadi. Uzogʻi yili togʻasi unga: «Qani, yana bir sayrab ber-chi, jiyan, bulbul boʻlgin, bulbul!» deganini xotirladi. Shunda Xoliq bulbul boʻlib sayraganda, togʻa tizzasiga urib: «Sendan mana shunaqangi taqlidchi chiqadi. Buni rivojlantir, xoʻpmi?» degan edi...

Xoliq xursand boʻlib ketdi, tagʻin iziga qaytib, quvurdan oʻtdi-da, jar yoqalab ketgan soʻqmoqqa tushdi. Soʻqmokda sochilib yotgan somon qipiqlari va beda gullarini bosib ildamladi...
— Ke, jiyan, malades, jiyan! O’tir bu yerga! — deb qoʻli bilan yoniga imladi shaharlik togʻa.

Xoliq qip-qizarib ketib, supaga chiqdi va oyoqlarini sholchaga tegmasin uchun koʻtarib, tizzasi bilan yurib bordi. Togʻa uning boshini bagʻriga bosib, terlagan manglayidan oʻpdi.
— Menga qara, oʻ, katta yigit boʻp qopsan-ku? — dedi. — Balli, balli... O’, soqollaring ham sabza urib qopti. Ha, malades! Qani, hozir ham taqlidchilik qilasanmi yo tashlab yubordingmi? Tashlamaslik kerak, u juda-a noyob kasb.
— Yoʻ-oʻq, bu yil Termizgayam borib keldi ashula bayramida. — dedi supa labida bir oyogʻini bukib oʻtirgan oʻn bir yashar Egamcha.
— Ha, oblastda ikkinchi oʻrinni oldi bu, — dedi Egamning yonida choʻkkalab oʻtirgan Shaydul. — O’zidan soʻrang, oʻzi aytib beradi...
— O’zlariyam koʻrgandirlar, — dedi supaning nari labida oyokdarini chalishtirib oʻtirgan Hamdam gʻilay va qoʻllarini sholchaga tirab, Xoliqqa tikildi. — A? Xoliqcha... Hoy, bulbul, artistning oʻgʻli! Gapirib ber togʻangga...

Xoliq sariq, dagʻal sochli boshini quyi solib iljaydi:
— E-e, — dedi. Keyin Hamdam gʻilayga yer suzib qaradi. — O’zing xoʻroz urishtirganingni ayt avval.
— Nega aytmas ekanman, — dedi Hamdam. — Aytdim, mana Egamchayam tovuq oʻgʻirlaganini aytdi... Nimaga yashiramiz!
— Men ham soyda choʻmilganimizni aytdim, — dedi Shaydul va sholcha chetiga yonboshlab oldi.
— Ha, mayli, bizning jiyanni uyaltirmanglar, — dedi shaharlik togʻa va Xoliqning yelkasiga urib qoʻydi: — Enang yaxshimi? — boshqa, dilkash ohangda soʻradi: — A? Otang-chi? Nimaga kelmadi ular!.. Xoliq? Yaxshi yuribsizlarmi? Urishmaydimi bir-biri bilan ota-onang?

Xoliq boshini koʻtarmay pichirladi:
— Hozir ham urishyapti...
— A-aa! — Togʻa tizzasiga tap etkazib urdi. — Shunday de... O’zi artistlar koʻp urishishadi. Sen parvo qilma, jiyan. Sen... oʻqi, yaxshi oʻqi! Institutga kir... Endi, jiyan, xapa boʻlma-yu sen ham artist boʻlasan-da, a? Xapa boʻlma, artistilik ham bir san’at! El-xalq

hurmat qiladi san’atchilarni! Bir zoʻr artist boʻl, haqiqiy artist bunday boʻladi de!

Shunda yaktagini lipa urgan basavlat bobo keldi, iljayib qoʻlidagi ikki palla tarvuzni oʻrtaga qoʻydi.
— Qani buni olinglar, bolalar! Hoy, Egamcha, ke, oʻgʻlim, Shaydul, sen ham yaqinroq ke, G’ilay nimaga urishganday teskari qarab oʻtiribsan... Olinglar! — bobo shaharlik oʻgʻlining yoniga choʻnqayib, kiftiga soʻlaqmondek qoʻlini qoʻydi. — Hech qayoqqa bormaysanmi, oʻgʻlim? Bugun ziyofat yoʻqmi? Enangga aytay, bir osh qilsin, a?
— Mayli, ota, — deb kulib unga yelkasi osha qaradi shaharlik oʻgʻil. — Lekin men bular bilan bir Doʻlta gʻoriga borib kelsammikin, deb turibman... Bir bolalik oʻtgan yerlarni koʻraylik, a?
— Ha, borsinlar-da! — deb toʻngʻilladi Hamdam.
— Bobojon, boraylik, — dedi Egamcha, bir karch tarvuzni olib, boboga zimdan qaradi.
— Boramiz, boramiz! — dedi shaharlik togʻa. — Havotir olmanglar, mana endi Xoliqboyniyam olib boramiz.

Yirik koʻzlari javdirab goh uning, goh buning ogʻziga qarab oʻtirgan Xoliq birdan tirjayib, bosh egdi. Togʻa yana uning yelkasiga qoqib qoʻydi:
— Boramiz, ol tarvuzdan!.. Ota, — u «bobo»ga murojaat qildi. — Esingizdan chiqibdi-da, a? Men torvuzni xush koʻrmas edim. Ha, shu bilan kakku qushdan qimobman! Shu qushning ovozini eshitganimdan beri hech uyqu kelmaydi. Hov toqqa borganimda qoʻrqib kelganmanu?..
— Bilaman, bilaman. O’shanda lablaringga uchuq toshib qayttan edi! — dedi «bobo».

Tarvuz birpasda sob boʻldi, pallalar ichida qoʻlchalarning kiri aralashgan qizgʻish suv qoldi. Bolalar bu suvni ham maza qilib ichib yubordilar.
— Omin! Oblo akbar! Ketdik! — deb irgʻib turdi shaharlik togʻa, sidirgʻa koʻk koʻylagining old tugmalarini qaday boshlar ekan, otasi pastdan tuflisini olib, supa labiga qoʻydi, u otaga jilmayib, rahmat deganday boʻldi.
— O’gʻlim, tezroq qaytinglar-da, boʻlmasam, — dedi «bobo», — a, Bakirjon? Bolalargayam ehtiyot boʻl-da. — U shaylanib, shimini koʻtarayotgan Egamchaga qarab oldi, allaqachon yoʻlga tushgan Xoliqqa koʻz tashladi. — E, oyogʻingda hech narsa yoʻqmi? — dedi. — Tikan-pikan kiradi, toʻqishib yiqilasan yoʻlda... U yoqda nima koʻp, tikan koʻp!

Tuflisini kiyayotgan togʻa Xoliqqa tikildi-da:
— E, jiyan, bu ishing yaxshi emas-ku? — dedi. — Qanaqa qilib boramiz bunaqada, a? Sen har qadamda oyogʻimga tikan kirdi, deb toʻxtasang, qachon yetib boramizu, qachon qaytamiz... Bu ishing boʻlmabdi.

Xoliq javdirab, Egamchaning orqasiga bekinib olgan Shaydulga qaradi, uning ham oyogʻida hech narsa yoʻqligini aytgisi keldi. Biroq togʻasiga moʻralab:
— Men... kiyib kelaymi yoʻmasam? — dedi.

Bakir qaddini rostlab, pastga tushdi, hovuz panjarasidan somon shlyapasini olib:
— Uylaring uzoq-ku, chopib borib, chopib kelasanmi? — dedi.
— Ey, borib kiyib kelsin-e, — dedi bobo. — Sizlar sekin-sekin ketaverasizlar-da! Bor, Xoliq! Chop, bolam!.. Ha, sher yigit!

Xoliq koʻzlari ola-kula boʻlib, «ketib qolmaysizlar-da!» deganday boʻldi, soʻng supa pastidagi qovjirab qolgan gulzor tarafga ikki qadam bosib:
— Togʻa, men darrov kelaman! — dedi.
— Darrov kelasanmi, boʻpti. Biz asta ketaveramiz, oʻzing yetib olasan, a, bolalar?

Bolalar ham chuvillab, Xoliqning tezroq borib kelishini tayinlashdi, sekin ketishlarini aytishdi.

Xoliq gulzorni oralab chopdi, bedapoyadan oʻtayotib, yoʻngʻichqaning yaqinda qirqigan pochlari oyogʻiga qadalganini sezdi, lekin unga parvo qilmay, chopa borib devorga yopishdi. Naryoqqa dumalab oshib tushdi. Yoʻtala-yoʻtala yoʻlkaga chikdi...

Xoliq qaytib kelganida oyogʻida sandalchasi, qip-qizarib ketgan, sochlari orasidan ter oqar edi. U hansirab, u yoq-bu yoqqa qaradi. Bolaxona ostida oʻtin yorayotgan bobosi qoshiga chopib bordi.
— Bobo, bobo.
— Bobo deguncha chop! — deb boltani gʻoʻlaga sanchganicha qomatini rostladi bobo. — Chop!.. Ular qishloqdan endi chikdiyov !

Xoliq shu yerdan burila solib uy biqinidagi devor kemtigidan oshib oʻtdi. G’ovlab ketgan olchalar orasida toʻxtab, Doʻlta gʻorining qaysi tomonda ekanini bilmoqchidek, u yoq-bu yoqqa alangladi. Olchalar adogʻidagi sim toʻr devor tomonga birdan otildi-yu, yana iziga qaytdi. Koʻzi gʻilt yoshga toʻlib, bobosi yonida yana paydo boʻldi.
— Bobo, bobo! Ular qayoqdan ketdi? — Doʻlta gʻori qayoqda? A?

Bobo yana qomatini rostladi:
— E, nimaga yigʻlayapsan?.. Shu, — bobo qarshisidagi uyning tomiga qaradi. — Shu... maktabning yoni bilan ketdi-ya ular... Sen, — bobo burilib, soʻl tomondagi devorni koʻrsatdi, — sen bu yoqdan chiq, yaqin. O’zimiz suv bogʻlaydigan ariq bilan koʻchaga chiq, uchrashib qolasizlar. Agar oʻtib ketishgan boʻlsa, toʻgʻri chinorga boraver.

Koʻzlarini baqraytirib turgan Xoliq ura chopib, takxona muyulishidan oʻtdi. Tutga chirmashgan pastak tok zanglariga tegib ketishni ham oʻylamay, chopib ketaverdi. Qoʻshnining buzilgan devoridan sakrab, ariq boʻyiga tushdi, oʻng-soʻliga qaramay chopganidan kolxoz kartoshka poyasini oʻragan simga borib urildi, ariq boʻyida donlab yurgan tovuqni qoqalatib, nam soʻqmoqdan yugura ketdi.

U tuproq tagidan doʻqir-doʻqir toshlari chiqib yotgan koʻchaga yetib borganida, bir chol eshagini arikda sugʻorib turgan ekan.
— Bobo, anavi... manavi yoqqa bolalar oʻtmadimi? — dedi Xoliq. — Bitta shlyapali odam ham bor...

Semiz, qora kamzul kiygan, qora yuzida oq dogʻlari bor chol Xoliqning savoliga javob bermay, unga chuchmal iljayib turaverdi.
— A, bobo, oʻtmadimi, a? — dedi Xoliq. — Ayting...
— Kim deding? — oʻsha tabassumida soʻradi chol. Xoliq yigʻlab yubordi:
— Bolalar, bitta shlyapali odam ham bor.

Chol koʻcha boshidagi burchagi koʻrinib turgan oq maktab tomonga jiddiy oʻylanib qarab:
— Yoʻq, — deb sallali boshini qimirlatdi. — O’tmadiyov.
— E! — Xoliq oʻsha yoqqa qarab chopib ketdi. Maktab yonidan pionerlar lageri joylashgan chinorlar tomonga oʻtuvchi qumloq yoʻlda toʻxtab, xuddi bolalar bilan togʻasi bu yerdan hali oʻtmagandek, ular kelishi mumkin boʻlgan yoʻlga qaradi va soʻragani bironta odam izlab alangladi.

Koʻchadan chopib ketgan edi, oʻng tomondagi pastak devor ortida uyning poydevorini qurayotgan ikki yi-gitga koʻzi tushdi, taqqa toʻxtab:
— Xoʻv, aka! — dedi pishitilgan loyda toʻpigʻigacha botib turgan yigitga. — Hoʻv, aka, shu yoqqa bolalar oʻtmadimi? Bitta shlyapali bilan?

Yigit manglayini tangʻigan roʻmol uchida koʻzini artdi:
— O’tdi, e-e, ancha boʻldi, uka. Hozir chinorga yetdi ular, — dedi.

Chimzorda, paxsa yonida choʻnqayib bir koʻzini qisgancha uning toʻgʻriligini chamalayotgan sherigi ham:
— Ha, ular hali soyga tushishmagan boʻlsayam, chinorga yetdi! — dedi.

Xoliq chinorlar qad koʻtarib turgan tepalik bagʻriga qizil qumni changitib chiqib borganida, tupuklari tanglayiga yopishib, boʻgʻriqib ketgan edi. U koʻprikda turib, suvda koptok oʻynayotgan maykachan bolalarga qaradi va bir nafas serrayib qoldi. Soʻng olisdagi sargʻish gaza boshida bir necha bolalarni koʻrdi. «Shular!» deb oʻylab, yana chopa ketdi.

Ular shu mahallaning bolalari boʻlib, chillak oʻynayotgan ekan.

Xoliq gazaning tepasida qaqqayib, shimoldagi togʻ yon bagʻrida yastanib ketgan adirlarga bokdi, bir eshakni arnaga solib, ustiga minmoqchi boʻlayotgan tengquridan soʻradi:
— He, joʻra, shu yoqqa bolalar oʻtmadimi?
— Bolalarmi? Bolalar oʻtdi, hozir oʻtdi, anavi doʻngning orqasida! — dedi u va Xoliq bugʻdoypoyaga oralashi bilan qornini ushlab kula boshladi. — Aldadim, anavini aldadim! — dedi sheriklariga.

Xoliq bu gapni eshitmay chopib borardi. Belgilagan gazasi oʻrkachiga chiqqanda, oyoqlari qaltirar, tomogʻi achishar, afti allanechuk shishib ketgan edi. Oldinda tekis, tobora koʻtarilib borgan adirlar...

Shunda Xoliqning yonginasiga boshi katta, eshaktikan uchiga qanotlari qizil, koʻksi sariq togʻ bulbuli kelib qoʻndi va «Chu-chu! Chu-lu-lu-lu!» deb sayradi. Xoliq unga gangib qaradi. Qush gʻoyat beparvo, shu adirlar kabi loqayd edi.

Xoliq boʻynini choʻzib, yana uning sayrashini eshitdi-da:
— Chu-lu-lu-lu! — dedi beixtiyor.

Qushcha hurpayib silkindi, soʻng pir uchib, hali sargʻaymagan yantoqning qizil gulli shoxini mayishtirib qoʻndi, yana sayradi.

Xoliq choʻnqayib oʻtirdi, boshini tizzalari orasiga oldi va xoʻngrab yubordi...

Soʻng bir-bir bosib, orqasiga qaytdi. Boya chillak oʻynayotgan bolalar yonidan oʻtayotib, eshak minib oʻtirgan bolani izladi. U yiqilib tushgan devorga minib oʻtirar, shisha sinigʻi bilan devorga chizar edi.
— Ha, topdingmi bolalarni? — dedi u va chalqancha boʻlgudek oʻzini orqaga tashlab qotib-qotib kuldi.
— Ha, seni... — Xoliq uni bolaxonador qilib soʻkdi-da, pastga gʻizillab ketdi. Koʻprikdan oʻtib, koʻchaga tushdi.

Xoliq maktab yonidan oʻtayotib, uning hovuzidan suv ichdi, tizzalari zirqirab ogʻrir edi, nam yerda bir oz oʻtirdi. Yalang yurib oʻrgangan oyoqlarini sandalcha urib qoʻygan edi. Xoliq uni yechib oldi, barmoqlari qavargan oyoqlarini yerga asta-asta bosib, yurib ketdi.

U bobosi chorbogʻiga kirib borarkan, nazarida, ular oʻzidan avval yetib kelgandek tuyuldi. Ildamladi. Takxona muyulishidan oʻtib, mangʻalga oʻt yoqayotgan bobosini koʻrdi-da, yana yigʻlab yubordi.
— Ha, — dedi bobo. — Topolmadingmi?
— Yoʻq, — dedi Xoliq hiqillab.

Bobo achindi, payrahani tizzasida qars sindirib, oʻtga tashladi.
— Hey, shu Bakir ham yosh bolaga oʻxshaydi-da. Yigʻlama, bolam. O’t supaga, qovun soʻyib ye... Yo tarvuz yeysanmi? Ana, xohlaganingni polizdan oʻzing olib chiq... Bakir togʻang kelsa, davara qilib qoʻyaman. Nimaga aldading yosh bolani deyman. Bor, qoʻzim.

Xoliq bu erkalashlardan bir oz yengil tortib, supaga bordi. Supa labiga mungʻayib oʻtirdi. Soʻng bu yerda yaqinginada tarvuz yeganlari, togʻasining iljayib: «Ota, men tarvuzni xush koʻrmasdim-ku!» degani yodiga tushdi.

Shunda uning kakkudan qoʻrqaman deganini ham eslab qoldi-yu, biror narsa qiladiganday qoʻllarini supa labiga tiradi. Keyin togʻasining hamisha qishloqqa kelganida «bir toza havo olay» deb shu supada baxmal koʻrpalarda yotishini xotirladi. U bedapoya yoqasidagi bahaybat yongʻoqqa, uning boʻz rang tanasi, silliq shoxlariga tikildi...
— Bobo, men uyga boray, enam xavotir oladi, — dedi.
— Bironta qovun ola ket, — dedi bobo. — Yeysizlar. E, Bakiri tushmagur-ey... Qiziqib ketganda uyam... Enangga ayt, togʻam uyda de, kelib koʻrsin, xoʻpmi? Otanggayam tayinla.

Xoliq poliz oralab, dum bergan oq novvotni uzdi-da, qoʻltiqlab yoʻlkaga tushdi: .
— Bobo-o, mana qovun oldim.
— Yaxshi qipsan, — dedi bobo. — Xafa boʻlma, nevaram... O’zim bir kuni olib boraman seni Doʻlta gʻoriga, tarixiniyam aytib beraman.

Xoliq shunda supa yonida poyafzalini unutganini esladi, qovunni yoʻlkaga qoʻyib, sandalini kiyib qaytdi, qovunni qornida koʻtarganicha lapanglab chiqib ketdi.

Oradan biron soat chamasi vaqt oʻtdi, shaharlik togʻa shlyapasi bilan yelpinganicha uy ortidagi devordan oshib tushdi, unga ergashgan bolalar ham chugʻurlashib oshib tushdilar.
— Xoʻ-oʻp, — dedi togʻa yoʻlkada toʻxtab. — Endi, yigitlar, sizlarga javob. Ertaga uchrashguncha xayr.

Bolalar xoʻshlashib tarqalishdi. Togʻa tuflisini yerga urib qoqa-qoqa chorpoyaga yaqin keldi.
— Da-a, — dedi.

Supada choʻzilib yotgan «bobo» unga qaradi.
— Keldingmi?
— Ha, ota! — dedi shaharlik oʻgʻil. — Uff... — u chorpoya chetiga oʻtirib, otasiga qaradi. — Ota, Xoliq keldimi?... Biz uni rosa kutdik, bormadi orqamizdan?
— Ey, qoʻyinglar-e... Bolani aldamaslik kerak, koʻngli nozik boʻladi, — dedi «bobo» chalqancha yotib, soʻng davom etdi: — Bechora yigʻlab-yigʻlab uyiga ketdi. Sen oʻzing bola boʻlmagansanmi, oʻgʻlim...

Shaharlik oʻgʻil qomatini rostlab, xayolga choʻmdi.
— Ha-a, yaxshi ish boʻlmabdi-da, xafa boʻlgan boʻlsa! — dedi. — Qayoqqa boribdi u?.. Adashgandir-da?
— Adashgan-da, — dedi ota. — Aytib ketish kerak edi.
— Men... men endi oʻzi biladi, deb oʻylabman-da. Lekin yoʻlda hayolimga kelgan edi-ya... Da-a, chatoq boʻpti-da!
— Qoʻy, gapirma.

Shaharlik yalang oyoq boʻlib, pastga tushdi, koʻylagini yechdi va paqir koʻtarib, hovuzning suv oladigan tomoniga ketdi. Suv olib, yuvindi. Sovqotgandek boʻlib, bolaxonaga chikdi va karavotga choʻzilib, yerda yotgan gazetaga tikildi. Shu boʻyi uxlab qoldi...

Kechasi allamahal edi, oy bedapoya adogʻidagi jiyda shoxlari ustida nur taratib turar, hovuzda baliq choʻlp-choʻlp etib oʻynardi. Jimjitlik. Qaerdadir kaltakesak tak-tak etib sayraydi. Bakir togʻa shoxsupada tunda sovuq boʻlishini bilganidan baxmal koʻrpaga oʻranib yotar, erta uxlab olgani uchun toʻshak yomon solingandek u tomonidan bu tomoniga agʻdarilar edi.

Nihoyat, u uf tortib chalqancha boʻldi-da, oyga qaradi. Xoʻrsindi, yodiga rahmatli momosining oyga koʻp qaramaslik kerak, degan nasihati tushdi, beixtiyor koʻzini yumgan edi, oy yoritib turgan jimjit bogʻdan dahshatli titroq ovoz taraldi:
— Kak-ku, kak-ku...

Togʻa qulokdariga ishonmay, boshini ilkis koʻtardi va oʻrnidan turib ketmoqchi boʻldi. Atrof jimib qoldi. «Menga shunday tuyuldimi?» deb oʻylab, boshini yostiqqa qoʻydi, yana titroq, qoʻrqinchli ovoz yangradi. Endi ovoz etak tomondagi yongʻokdan kelayotgan edi. Bakir oʻrnidan tura solib, shosha-pisha poyafzalini izladi. Shunda ovoz yana takrorlandi, togʻa ura qochib chorpoya yoniga bordi.

Sharpadan uygʻonib ketgan ota:
— Ha? Kim u?.. Bakirmisan, tinchlikmi? — dedi.
— Men, men, Bakirman, ota, — dedi Bakir hayrat va hayajondan hansirab. — Kakku sayrayapti, ota... Quloq soling... Ana-ana! — U chopib zina qoshiga bordi. Shunda ovoz tagʻin takrorlandi. Bakir zinadan lipillab, bolaxona ayvoniga chiqib oldi.
— Ota-a, miltiq bormi? — dedi mungli ovozda. — Oting!

Shu vaqt onasi va kenja ukasi Hamdam gʻilay ham uygʻonib ketdi.
— Rost, — dedi ota quloq solib. — Qaysi goʻrdan paydo boʻldi u? Otib oʻldiraymi, onasi?
— Qoʻying-e, uchib ketadi, — dedi kampir, — Tunda miltiq otasizmi? Ziyodning xotini boshqorongʻi, tagʻin bolasi tushib, baloga qolib yurmang!

Bobo iyagini loʻla bolishga qoʻyib jimidi.
— Ha, ota? Nimaga indamaysiz? — dedi Bakir.
— E, uchib ketadi-e, oʻgʻlim... Qoʻrqsang, bolaxonada yot! — dedi u va xotiniga toʻngʻilladi: — Uyga joy solib ber.

Ona uyquli qadam bosib, dovdirab zinadan bolo-xonaga chiqar ekan, Bakir:
— Hayronman, — deb mingʻilladi va yana qulogʻi ding boʻldi.

Shunda yongʻoq shoxi qars etdi, «ih» degan ovoz keldi. Hamma oʻsha yoqqa quloq tutdi. Jimlik. Keyin yongʻoqdan kimdir tap etib, oʻzini yerga tashladi-da, devor tomon chopdi, nari yoqqa gup etib tushdi.
— Bu... Xoliq artist, ota, — dedi Hamdam. — Alamidan shunday qilyapti.
— Yoʻgʻ-e? -Ha.
— Chaqir uni boʻlmasam, uyiga borib yuradimi?
— E, boradi... Ketdi.
— Viyy, — deb qoldi kampir.

Bakir tushib, joyiga borib yotdi, oy tepaga kelganida uyqu elitdi uni. Tush koʻrdi: tushida Xoliq ukki qiyofasida emish... G’oʻldirab uygʻondi.

Ertasiga Bakir opasining uyiga yoʻl oldi, darvozasiga yetganda, tomda olmaqoqi supurayotgan Xoliq uni koʻrib, sakrab pastga tushdi-da, sevimli changalzori tomonga ketdi.

Bakir ham uch kundan keyin shaharga joʻnadi.

1972