OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shukur Xolmirzayev. Ustoz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiUstoz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ustoz (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Meni bilasan, birovdan til qisiq joyim yoʻq, hamma narsam bor: mashina, dacha; kitoblarim chiqib turibdi. Hamma unvonlarni olib boʻldim. Nimadan qoʻrqaman?.. Faqat ehtiyot boʻlish kerak: odam ogʻziga ehtiyot boʻlishi kerak. Til oʻlgur yomon: bejiz tilni «suyaksiz» demaydilar. Har xil gapni har kimning oldida gapiravermaslik kerak. Toʻgʻri endi, hozir rostgoʻylik — modada. Ammo moda — oʻtkinchi. Siyosatning buqalamundan farqi yoʻqligini koʻrganmiz-da...

Meni bir shogirdim boʻlardi. Sen uni bilmaysan: asarlari chiqmadi. Eh, attang. Uziga oʻzi qildi. Keyin...

Juda dangalchi edi-da. Eng «nozik» gaplarni ham bemalol gapiraverardi. Kattani — katta, kichikni — kichik demasdi. Koʻngliyam ochiq edi-da, ul bechoraning. Eh... Uning talanti! Yoʻq, mana, salkam yetmishga borib, adabiyotimizda unday talantni koʻrgan emasman! Ioʻq! Yozganda, shundoq koʻz oldingga keltirib qoʻyardi. Tili! Biram obrazli de. Shunday detallar topardiki, ogʻzim ochilib qolardi. Qahhordayam, Chexovdayam topolmaysan u topgan detallarni. Koʻzi oʻtkir edi!

Boyoqish oʻziyam ancha qiynalib oʻsgan. Qilmagan hunari qolmagan. Hayotni yaxshi bilardi. Lekin hayotni bilgan, achchiq-chuchukni tatigan kishilar odatda kamsuqum, vazmin boʻlishadi. U boʻlsa... magʻrur edi. Odamga tik qarasa, men ham qoʻrqib ketardim.

Bir kun Yozuvchilar uyushmasiga kirsam, kitob doʻkoni oldida bir bola turibdi. Meni koʻrib:
— Assalom alaykum, ustoz, — dedi.

Men hayron boʻlmadim, uni qaerdadir bir koʻrganimni esladim. Odatim shu-da, bolam, qaysi oblastga bormayin, yoshlarning boshini silayman.
— Keling, shogird, — dedim.
— Sizni soʻroqlab kelgan edim, — dedi u. — O’sha uchrashuvdan keyin koʻp vaqtlar oʻtib ketdi... Toʻxtovsiz yozaver, mashq qilaver. O’zingga ishon, degan edingiz... Mana, endi ishonib, bir-ikkita mashkdarni olib kelgan edim. Iloji boʻlsa, shunga bir koʻz yugurtirsangiz. Agar yoqmasa, mana shu axlat paqirga yirtib tashlayman.

Eshityapsanmi uning gapini?

Har qalay, uni «jinniboy» deyish ham mumkin edi. Darvish desang ham boʻladi. Bir hisobda yozuvchilar oʻzi — darvish xalq. Mana, men ham bir darvish boʻlmasam, seni mashinangga tushib, shu yoqqa yoʻl olamanmi? Material yetmayaptimi menga? Yozuvchi uchun har qanday narsagayam bir qarash — kifoya. Qolganini oʻzi fantaziyasi bilan toʻldirib olaveradi...

Bolaga qiziqqanimdan uning qoʻlyozmasini uyimga olib ketdim. Shu kecha: «Qani, nimani yozipti ekan?» deb varaqlay boshladim-u, uzilolmay qoldim.

U bir balo ekan: tasvirlaydigan narsasini shu qadar yaxshi biladiki! Lupa bilan qaraganmi deysan. Qahramonlarning dialogi. Koʻtarilgan problemalarini aytmaysanmi!.. Ha, hech kimga oʻxshamaydigan bir talant edi.

Kechasi bilan uxlolmadim. O’ylatadi-da... Lekin senga aytishim kerak: qaltis joylariyam koʻp. Masalan, bir joyda raykom sekretarini tanqid qiladi... Bilama-an, Markazqoʻmning koʻziga choʻp solib yurgan arboblar xam bor! Ammo ularni adabiyotga olib kirib urish? Yoʻoʻq... Oddiy xoʻjalik odamini ol: ana uni xoxdagancha tanqid qilaver. Shuning uchun men koʻproq peyzajga zoʻr beraman, lirikaga zoʻr beraman: bular beziyon mavzular. Qolaversa, umrboqiy mavzular. Toʻgʻrimi? Ana shunday...

Ertasi vaqtli turib, uyushmaga kelsam, zinapoyada kiyshayib turibdi.

Salom yoʻq-alik yoʻq:
— Sizga yoqmasayam yirtib tashlamayman, ustoz, — dedi u. — O’ylab koʻrsam, ulardan ham tuzuk narsalar yozolar ekanman.

Men oʻsha hikoyalar ta’sirida edim. Doʻkonchi ayol ham, qorovul ham shu yerda. Bolani shartta quchib oʻpdim.
— Tabriklayman, oʻgʻlim. Sen allaqachon yozuvchi boʻlibsan, — dedim.

U bir minutlar dirillab qoldi. Keyin:
— Rahmat, — dedi.
— Seni tushunibmanmi?
— Ha..

Bolani podvaldagi oshxonaga olib tushdim. Rangidan sezgan edim: maishatining mazasi yoʻq. Ovqat olib berdim... Bilasan, men pulga sigʻingan odam emasman: ziqnalarni oʻlgudek yomon koʻraman.

Bechora bola! Odobli-da, ovqatni oxirigacha yemadi. Chamamda, mening maqtovim bilan toʻyib qolgan edi...

Keyin:
— Jur, redaktsiyaga boramiz, — dedim.

Loʻmbillab yonimga tushdi. Sen ustozning bunday paytdagi holatini bilmaysan-da: yonida shogirdi boʻlsa, tagʻin talantli boʻlsa, o, undan quvonchli bayram yoʻq uning uchun!

Shunday qilib, jurnalga bordik... Ha, oʻsha jurnalga. Hikoyani kam beradi-yu, lekin beradi. Redaktori yoʻq ekan, boʻlimga opkirib, mudir bilan tanishtirdim. Hikoyalarini maqtadim. Lozim boʻlsa, «Oq yoʻl» yozib beraman, dedim.

Bola xursand boʻlib ketdi... Xursandligi shunchalikki, hoziroq «mardikor bozori»ga borishini aytdi...

Oradan uch-toʻrt kun vaqt oʻtdi. Bolaga telefonimni bergan edim. Qoʻngʻiroq qilmadi. Bir kun yana uyushmaga kelsam, xuddi oʻsha kitob doʻkoni oldida turibdi.
— Salom, ustoz! — dedi.
— Nega telefon qilmaysan?
— Xalaqit bergim kelmadi. Ishlayotgan boʻlsangiz... Koʻrdingmi uning odobini? Boya aytganimday dangal, oʻlgudek magʻrur bola, tagan bunaqa andishali edi.
— Ha, nima yangilik bor? — dedim.
— Bosilarmish! — dedi u koʻzlari chaqnab. — Sizni soʻrashayotgan edi.
— A, ketdik!

Tagʻin uni mashinamga oʻtqazib, redaktsiyaga bordim. Boʻlimga kirsak, hikoyalarni allaqachon tahrirdan chiqarib, mashinistkaga berishgan. Bolani tabrikladim.

Keyin oʻzim redaktor kabinetiga kirdim... Uni bi-lasanmi? O’lgudek qoʻrqoq odam-da. Jurnalda bitta orfografik xato oʻtib ketsa, sochini yuladi.

U ham bolaning hikoyalarini oʻqigan ekan.
— Tabriklayman! Zoʻr talant topibsan-ku? — dedi.
— Topamiz-da, — dedim. — Talantlar seni redaktsiyangga emas, redaktsiyam boʻlmasayam menga keladi.

Keyin u bolaning qaerdan ekani, nima ish qilishi, xullas, rosa surishtirdi. Aytib berdim.

Yetimlar uyida oʻsgan, universitetning filologiya fakultetiga kirolmagan. Sirtdan jamiyatshunoslik boʻlimida oʻqirkan.

Xullas, u oʻsha kuni redaktsiyadan chiqqandan keyin nimalarni gapirib bergan boʻlsa, aytib berdim.

Keyin, redaktor mendan unga «Oq yoʻl» yozib berishni soʻradi.
— Jonim bilan yozib beraman! — dedim.

Lekin, uka, men oʻzimni vijdonli odam deb hisoblayman. Toʻgʻrimi? Unga qarshi borolmayman. Yoʻq-yoʻq... Xullas, redaktorga masalani yotigʻi bilan tushuntirdim:
— Sen bemalol bosaver, — dedim. — Tanqidchilar bor, ular oʻz hukmini chiqarishadi. Qoʻrqadigan joyi yoʻq... Lekin, ba’zi qaltis momentlar bor, — dedim. — Masalan, ayrim joylarda rahbar shaxslarga tegib ketgan. Raykom sekretarigayam... Demak, siyosatga!

He, yaramas! Rangi oʻchib ketsa boʻladimi? Aytdim-ku, oʻlgudek qoʻrqoq deb!

Lekin oʻsha paytda boshqa gap gapirmadi.
— Yaxshi, oʻylab koʻramiz, — dedi.

Shu gapidan sal gumonsiragan edim. O’ylaganimday boʻlib chiqdi.

Hikoyalarni qoldiripti!

Ha.

Tagʻin bir kun bolani oʻsha kitob doʻkoni oldida koʻrdim. G’amginlik bilan kuldi-da:
— Meni tushunishmadi, — dedi. — Niyatimni...

Redaktorni, — ogʻaynim boʻlsayam, — rosa soʻkdim: unga oʻxshagan kishilar talantga yoʻl berishmaydi, uka. Ba’zan hayron boʻlasan: shunday kishilarga matbuotning rulini berib qoʻyishadi.
— Xafa boʻlma, boshqa bir ish qilamiz! — dedim. — Jur, mashinaga kir.

Mashinada nashriyotga borayotganimizda, boyoqish asta soʻradi:
— Rahbar ham odam-ku, a? Unda ham insoniy ojizliklar boʻladi-ku?

Nima, men unga «ojizliklar» — kamchiliklardir, ularni tuzat, yumshat, zamonaga boq, deyishim kerakmidi? Yoʻq, bu gapni mensiz ham aytishgan boʻlsa kerak redaktsiyada. Balki chiqib qolsa, keyin tanqidchilar aytishardi.
— Boʻlganda qandoq! — dedim.

Yosh talantning darrov yoʻlini kesib, qoʻrqitib qoʻyishim mumkin. Talantni oʻz holiga qoʻyish kerak: ana shunda u bemalol oʻsadi. O’zligini topadi: mening unga aytadigan har bir gapim — goʻyo mening yoʻlimga tush deganim boʻladi.

Endi oʻylab qarasam, uka, unga oʻsha paytda ochiq gapirsam boʻlar ekan...

Lekin, uning qabul qilmasligini ham bilardim-da! Asarlaridan koʻrinib turardi!

Hikoyalarni u chin e’tiqodlan yozgan.

Birinchi kundagi bir gapini aytdim, shekilli:

«Hikoyalarim sizga yoqmasayam, yirtib tashlamayman!»

Tushunarli-da.

Mening vazifam — uni qanday boʻlsa, shu holida chiqarish edi.

Buni adabiyotdagi demokratizm deydilar, bolam. Hech kim birovga oʻz fikrini oʻtkazmasligi kerak.

Nashriyotga bordik. Direktori — eski ogʻaynim. Bolani toʻgʻri uning oldiga olib kirdim. Rosa maqtadim.
— Kitobi chiqsa, nashriyotingga obroʻ keltiradi, — dedim. — Buning ustiga, bitta talantni ochgan boʻlasan!

Direktor mening gapimni ikki qiladimi?
— Bosh ustiga. Bitta retsenziyaga beramiz. Tamom. Planga kiritamiz. Qarabsizki, ikki yildan keyin kitobi chiqib turipti, — dedi.
— Bir yildan keyin, — dedim.
— Ha, bir «okno» ochilsa, tushirib yuboramiz, — dedi.
— Lozim boʻlsa, «Soʻzboshi» yozib beraman.
— Olam guliston!

Keyin, bolani chiqarib yubordimda, direktorga yotigʻi bilan tushuntirdim.

Nima, men rost gapni... O’z e’tiqodimni aytmasligim kerakmi?

Qolaversa, uka, uning mas’uliyati — mening boʻynimda edi: asari chiqqandan keyin biron joyda gap qoʻzgʻalsa, men javob berishim kerak. Ustozning burchi bu...

Shuning uchun bu tomonini ham puxta qilishim ke-rak.

Toʻgʻrimi?
— Mana shunday gaplar... Sal qaltis demasang, bunaqa hikoyalar yaratilmagan...

E, odamlar, odamlar!

Qoʻlyozmani olib ketib, direktorning oʻzi oʻqib chi-qipti-da, keyin retsenziyaga beribdi.

Retsenziyachilar ham har xil boʻladi, bolam. Ba’zisi rahbarning qovogʻiga qarab turadi. Agar oʻsha asar haqida direktorningmi, boʻlim mudiriningmi sal gumoni boʻlsa, bas, «yaramaydi» deb retsenziya yozib keladi.

Ana shunday bir ablahning qoʻliga tushgan ekan: yoʻqqa chiqarib kelibdi.

Bola hikoyalarini olib ketganini eshitdim. Endi oʻzini surishtiraman de!

Hech yoʻqki — topilsa!

Senga oʻxshagan shogirdlar koʻp-da, oʻgʻlim. Meni oʻzi yoshlar yaxshi koʻradi.

Birigayam qattiq gapirmayman.

Nima uchun endi gapirishim kerak?

Uning yoʻlini oʻzgartirishim kerak?

Yoʻq!

Lekin, u bola...

Xullas, daragi oʻchib ketdi.

Bir kuni de, uyushmaga kelsam, xat bor. Olsam, oʻshandan. Falon kasalxonada yotibman, siz bilan bir hasratlashgim keldi, ustoz, deb yozibdi. Tagʻin ming bir andisha... Sezdim: u bejiz meni yoʻqlamayapti. Uyimga telefon qilishdan choʻchigan bola kasalxonaga chaqirib tursa!

Kun sovuq edi. Dekabr oyi edi-da. Avtoni surib haydab, bozorga bordim. Olma, nok xarid qildim. Ikkita issiq non. Bir qogʻoz xaltaga solib, kasalxonaga bordim.

Men u kasalxonada hech boʻlmagan edim. Shaharning chekkasi. Aytgiligi yoʻq.

Palatasiyam sassiq, tor, olti kishi yotibdi.

Osma ukol olayotgan ekan.

Rangida rang yoʻq.

Koʻnglim buzilib ketdi:
— Nima boʻldi? — dedim.
— Jigarim shamollapti.
— Koʻzing sariq emas-ku?
— Sarigʻi sirtga tepmapti.

Voy-voy, choʻp boʻlib qolgan ekan. Bir oz gaplashib oʻtirdim: shunda uning bolalari tashlab ketgan bir rus kampirning balkonida — ijaraga turishini bildim. Rosa urishdim.

Axir, menga ochigʻini aytsa, men unga joy topib berolmasmidim? Ana shunaqa edi-da...
— Xoʻsh, mendan nima yordam kerak? — dedim. — Bu yer juda iflos-ku?
— Iflosligiyam mayli, — dedi u. — Lekin dorilar uzilib qolgan. Bu yilgi dori ado boʻpti. Yanvardan berishar ekan. Shunga sal-pal... Bu yerda odamlarning qarindoshlari topib kelishyapti. Mening hech kimim yoʻq...

Dod deb yuborayozdim.
— Seni yaxshiroq kasalxonalardan biriga oʻtkazaman, — dedim.

Tashqariga chiqqach, vrachlar bilan sal aytishdim ham: bunaqa kasalxona-yu, undagi dori problemasini fantaziya qilib ham topolmaysan, axir. Juda gʻalatida...

Keyin yugur-yugur boshlandi: bilmadim, uning oʻz otasi boʻlgandayam menchalik chopmasdi.

Chopgan bilan hech narsaga qoʻli yetmasdi.

Rayzdravga kirdim. Keyin oblzdravga kirdim. Gorzdravga kirdim. Qor, muz. Mashinamning balonlariyam dabdala boʻldi hisob. Ijodim qolib ketdi.

Ishqilib, shunga yordamim tegsin, deyman-da.

... Oxiri yoʻli topildi.

Hukumatga yaqin shifoxona bor edi. Kirib, oʻzimni tanishtirdim.

Juda yaxshi qabul qilishdi.
— Shunday-shunday... Bir shogirdimiz bor, ahvoli chatoq... — deb tushuntirdim.

Bosh vrach yaxshigina odam koʻrindi.
— Xoʻp boʻladi. Bir ogʻiz soʻzingiz... Telefon qildirmasdan toʻgʻri opkelaversangiz boʻlar ekan, — dedi. — Bizda zapas dorilar bor, yaxshi qarashamiz...
— Rahmat. Salomat boʻling!

U meni koridorga kuzatib chiqdi.

Xayrlashayotib... nima deb oʻylaysan?.. Indamay ketishim kerakmidi?

Yoʻq. Vijdonim yoʻl qoʻymasdi, uka. Qurgʻur vijdon azobi qattiq boʻladi-da!

Buning ustiga, u menga shogird boʻlgandan keyin, uni bu yerga oʻzym keltirib yotqizganimdan keyin... haligi mas’uliyati ham boʻynimda boʻladi...
— Kechirasiz, — dedim. — Juda yaxshi, oʻta talantli bola-yu, ba’zan jindak, nima desam ekan, betga choparlik odati bor... Yosh-da. Sizlarda hukumat odamlari kelib davolanadi... Shu, nima desam ekan, uqtirib qoʻyasizmi...
— Tushundim, tushundim, — degandi bu... yaramas ham! Keyin koʻchaga ham kuzatib chiqqanini koʻrib, juda koʻnglim tinchigandi. Lekin: «— Bolani oʻzimiz olib kelamiz. Yo bugun, yo erta... Ishqilib, joy boʻshashi bilan», — deganiga parvo qilmapman.

Juda charchagan ekanman, uyga ketdim. Shu kecha toza havodan nafas olay deb hovliga chiqqan edim, boshim shamollagan ekan, haroratim koʻtarilib, toʻrt kun yotdim.

Beshinchi kuni zoʻrgʻa oʻrnimdan turdim.

Xayolim bolada!

Sen hozir tushunmaysan: katta boʻl, yozuvchi boʻl...

Keyin birovni shogird tut. Ana undan keyin mening holatimni tushunib olasan: bamisoli bolang-jigaringga aylanib qoladi shogirdlaring!.. Ammo u bitta edi!

Mashinani bir amallab garajdan chiqardim. Xotinim hay-haylab turibdi. Qaramadim.

Eski kasalxona oldidan oʻtayotib, toʻxtadim. Tavakkal qilib ichkariga kirdim. «Priyomni pokoy»ning oldidan oʻtayotgandim, oʻsha kuni aytishib qolgan vrachim chiqib qoldi.
— Assalomu alaykum, domla!
— Va allaykum, — dedim. — xayolim joyidamas-da. O’tib ketishimga...
— Marhamat, kiring.
— Bizning bolani opketishdimi? Qachon opketishdi?
— Yoʻq. Hech kim soʻrab kelmadi, — dedi vrach. Qarasam, rangi bir xil...

E, nima deysanki, uni oʻtgan kuni opchiqishgan ekan. Shu tobda morgda yotgan ekan...

He, shunday kuydim, shunday kuydim...

Uni kim oʻldirdi? Endi oʻylab koʻr, oʻgʻlim: odamlar mana shunaqa. Qoʻrqoq, vahimachi, vijdonsiz!.. Bu gaplarni senga aytyapman.

* * *

Men mashinani toʻxtatdim.
— Tushing, domla!
— E, nimaga?
— Men oʻlishni istamayman.

1987