OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiXorazm, jonginam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xorazm, jonginam (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Men bir sayoq odamman, aka. Bugun bu yerda boʻlsam, erta Fargʻonadaman. Indin sizning yurtingizgayam ketaveraman. Mijozlar koʻp! Mana, daftarchamda, hey, oʻnlab toʻylar bor. Barining kuni aniq. Rubob omon boʻlsa, ovozni olmasa, eng muhimi — oʻzbek xalqi bor boʻlsa oshigʻim olchi. Umuman, bizning ashulani tojiklar ham, turkmanlar ham yaxshi koʻradi... Chet elga borgan ansambllarimiz ham juda obroʻ olib kelishadi.

Lekin men oʻzimni katta san’atkor deb bilmayman. Mendaqalar Xorazmda son mingta!

Endi, men sal olgʻirroqman-da... O’yinchi qizlarniyam juda haligiday ketvorganlaridan olib yuraman. Haqiniyam bas deguncha beraman. Shuning uchun «O’yinchi qizlar» ansamblida ham, filarmoniyada ham men bilan yurishga ishqiboz qizlar koʻp. Ya’ni, toʻyga yurishga-da... Yoʻq-yoʻq, men ularga singlimday qarayman. Ha, endi, ba’zan birontasi bilan, shundayam...

Xullas, aka, avvalo O’zbekiston haqida gapiradigan boʻlsak, men uchun bu zahmatkash oʻlkaning har bir qishlogʻi aziz: axir, qaeriga borib toʻrtta ashula aytsam — chapak, olqish!

O’zingniki-da... Hali bitta yozuvchi yozganiday, ilgari boʻlingan edik: he, xonliklar zamonida. Mana, hozir bittamiz. Men inqilobning mana shu tomonidan roziman ammo. O’zbek xalqining boshini biriktirdi. O’zaro janjallarga chek qoʻydi. Hozir ham ba’zilar: «Biz bir millat boʻlib shakllanmadik», deyishadi. Balki shu boismi, O’zbekistonning har bir goʻshasi ham — bizning vatan degan gapga biroz panja orasidan qaraydigan boʻlganman.

Sababki, har birimizning ham tugʻilgan makonimiz, kindik qoni tomgan tuprogʻimiz bor-da axir. Uni otga oʻxshab aylanib-aylanib topar ekan kishi. Ot aylanib, qozigʻini topadi, deganlaridek.

Xoʻsh, bir boshdan aytaman.

Xorazmga tuz yogʻila boshladi. Har kvadrat metriga falon kilo. Devorlar zax tepgandek shishib, uvalanib toʻkilishga boshladi. Madrasalar, qal’alar ham shu ahvolda. Havoning ham mazasi qochdi. Bularning bosh sababi, albatta, Orolda... Ha-ha, buni hamma biladi. Qoraqalpoqda ahvol biznikidan ham yomon. Turkmanistonning koʻp joylaridayam. Buxoroda ham...

Paxtadan ham putur ketdi. Yer, ekiladigan yer kasal, dabdalasi chiqqan, bangi. Ximikatni shimiyverib, narkaman boʻlib qolgan... Eng yomoni — Orolning halokati...

Bu toʻgʻrida mendan ham yaxshi bilsangiz kerak: gazetalar har kuni yozishadi.

Xullas, aka, Xorazmda yashash qiyin boʻlib qoldi.

Men-ku onda-sonda boraman. Shunda ham mehmon boʻlib... Lekin Xivaning oʻzida, Ichan qal’aning shunday yonida hovlimiz bor. Katta hovli. Otam turardi unda...

Otam eskitdan rubobsoz edi. Shunaqangi torlar ham yasardiki, san’atkorlar uyimizga kelib, zakaz berib ketishardi. Ustalar ham gʻalati boʻlar ekan-da: otam koʻngliga yoqqan san’atkorga soz yasab berardi. Keyin: «Xorazm maqomlarini koʻproq oʻrgan. O’lib ketmasin, qoʻshilib qorishib ketmasin», der edi... Xorazmni yaxshi koʻradigan u kishidek odamni hali uchratmadim. Ammo mening fojiam shundaki, otamning tugʻilgan yurtga bunchalik yopishib olishini «eskicha fikr, qarashlar oqibati», deb hisoblardim. U kishini «koʻngli tor»likda ayblardim, oʻzimcha...

Hozir ham koʻz oldimda turibdi: men u kishini koʻrgani borgan vaqtlarimda goho tong saharda uydan topolmay qolaman. Koʻchaga chiqsam, poʻstin egnida, boshida choʻgirma, kimsasiz, baland koshonalar orasida gangib, bir kuyga quloq solgan kabi yurgan boʻladi. G’alati manzarada: hech kim yoʻq koʻcha. Karvich devorlar baland. Ular osha qadim gumbazlar koʻrinib turadi. O’tmish, oʻtmishning oʻzi... Shular orasida birov aylanib yursa! Tagʻin u odam gangib-garangsib yursa! Tomosha qilib emas, yoʻq. Nima desam ekan, otam bunday koʻchalarda qandaydir... mana shu manzara bilan uygʻunlashib ketardi: uning uzviy bir boʻlagiga aylanardi.

Endi meni — soch qoʻygan, galstuk taqqan, kostyum-shimdagi yigitni oʻsha koʻchada tasavvur qiling: turistdan farqim yoʻq.

Shuning uchun goho menga shunday tuyulardiki, men va menga oʻxshashlar bu yerda muvaqqatmiz: sayyohlar kabi kelib, tezda gʻoyib boʻlamiz. Bu — ming yillardan qolib kelayotgan koshonalar, devorlar, gumbazlar, tor koʻchalar esa qolaveradi.

Ertaklardagidek, faqat shu koʻrinishda qolaveradi va istiqbolda oʻziga mos keladigan, oʻzi bilan uygʻunlashib ketadigan, ya’ni, otamga oʻxshagan odamlarga toʻladi: ular bir butun holda yashashni davom ettiradilar.

Ammo... bu xayolim ham ertakka oʻxshash narsa edi. Aslida esa...

Otamga oʻxshaganlar tobora kamayib, menga oʻxshaganlar tobora koʻpayib boradi.

Va bu qadim maskan — insoniyatning qadim madaniy beshiklaridan biri istiqbolga ekzotikaga oʻxshash narsa boʻlib, toʻgʻrirogʻi, muzey kabi boʻlib qololsayam xoʻb gap.

Men oʻz tuygʻularim haqida gapira ketdim... Bundan bir yil burun bu tuygʻular qayoqda edi!

Men qattiq tashvishda edim: «Hovlimiz nima boʻladi?» Ana shuning tashvishi tushgan edi menga: Axir, bu imoratning qurilganiga yuz yillardan oshgan. Unga bobom rahmatlikning ham qoʻllari tekkan. Bu imoratga ham Xivaning kichik bir nusxasi deb qarash mumkin edi: buzilgan, vayrona boʻlgan eski qasrlarning tashlandiq gʻishtlaridan tiklangan va...

Eski qasrning oʻrniga tushgan ekan.

Eshiklarimiz ham oʻymakor, ikki qavat oʻymali eshiklar edi: ular ham — oʻsha qasrning qoldiqlari hisoblanadi. Ayvonimiz ham dim xorazmcha edi: usti yopiq, qoʻshni hujralarga tor yoʻlaklar ketgan. Yoʻlkalardan doimo yelvizak esib turardi, salqin boʻlardi! Yozning jaziramasida ham!

Ana shuni pullash payiga tushgandim... Meni hozir ichingizda soʻkdingizmi-a?

Lekin men imoratning biqinlari uvalanib toʻkila boshlaganini koʻrdim. Devorlarga musht ursang, poʻkillardi. Yoʻlaklarda izgʻigan yelvizak ham zaharli eka-niga shubham yoʻq edi: havoda tuz bor. Tuz esa, eng, eng qattiq poʻlatlarni ham yemiradi. Odam deganimiz uning oldida nima!

Xullas, shuning taqdiri boshimga tushgan edi.

Ammo otamning bu joyga mehri qanchalik ekanini aytishim ortiqcha boʻlsa kerak.

Shuning uchun ne-ne andishalar bilan bir kuni gap ochdim:
— Aka, men Toshkentdaman-u, koʻnglim bu yerda boʻlib qoldi, — dedim. Bizda «ota»ni «aka»yam deydi. — Shuning uchun yana keldim. Sizni, hovlini oʻylayman...
— Nasini oʻylisan? Qismat ekan, — dedi otam. Chol mening nima demoqchi boʻlganimni oʻzicha tushungan edi.
— Qismat ekan deb oʻtiraversak, hovlidan ajralib qolamiz-ku, — dedim.
— Xoʻ, koʻpchilik na bulsa, biz ham shu, — dedi otam.

Men bu gapga hayron boʻlmadim.
— Lekin koʻplar ham... kunini koʻryapti, — dedim. — Misol uchun, hovlisini sotib ketishipti.
— Qayoqqa?
— Qayoqqa boʻlardi! O’zbekiston keng! Katta mamlakat, ota! Buyogʻi Fargona, uyogʻi Surxondaryo! Buxoroning oʻzi bir mamlakatcha joy! Qaerga borsak ham joy topiladi...

Otam menga mungʻayib qarab qoldi. Keyin... Men kutmagan gapni qildi:
— Sen buzilib boʻlibsan, oʻgʻlim.
— Yoʻq, ota, balki men... tuzalib, aqlim toʻlishib... qolgandirman. Men yurt degan narsaga kengroq qarayman... — Albatta, bu gaplarni xorazmcha qilib aytdim. Ammo mazmuni shu.

Otam miq etmay qoldi. Men: «Hozir uradi!» deb oʻyladim, hech qachon urmagan boʻlsayam. Lekin gapdan qayta olmas edim.
— Mana, Toshkent — poytaxtimiz! — dedim. — U yerda yuz xil millat yashaydi. Biz — oʻzbek-ku?!
— Xoʻsh? — dedi chol bosh koʻtarmay.
— A, bizni quchoq ochib kutib oladi! — deb xitob qildim. Shunday deyishim kerak-da: boʻlmasam Toshkentdan joy olish osonmi? — Men hatto bittasi bilan gaplapshb keldim, — dedim. — Qrim-tatarlarning yurtiga qaytishga ruxsat berilgan. Ushalar hovli-joylarini arzonga sotib ketishyapti. Juda chiroyli hovlilar! Biz bu hovlini sotsak... Otam menga qaradi.
— Ha, sotsak... hozir sotsak, — dedim. — Puliga uchta hovli olish mumkin!

Otam yana indamay qoldi-da, piyolani choynakka urdi, choynakni piyolaga. Eshikniyam sharakdatib ochib, chiqib ketdi. Hay-haylab ergashdim, qaramadi.

Juda ta’bim xira boʻldi. Men ham koʻchaga chiqib ketdim... Kim koʻp, joʻralar koʻp...

Ularni topdim. Amuga joʻnadik. Qayiq bor. Tushib, kechgacha aylandik. Amuniyam suvi kamayib qolgan, uniyam kelajagi... Oqshom Odamboy degan bir doktor joʻramning uyiga bordim. Sud-ekspertizada bosh vrach boʻlib ishlaydi. Juda beli baquvvat yigit. O’ziyam odamijon! Kitobning ishqivozi...

Qoʻshiq aytishib, she’r oʻqishib, ichishib, qolib ketibman uyida. Shu oqshom ikkovimiz yigʻladik ham. Endi, Xorazmning taqdiri kimni yigʻlatmaydi: shunday qadimiy, ulugʻ oʻlkaning boshida ajal sharpasi aylanib turgan boʻlsa! Baribir farzandlari kuyar ekan-da...

Toʻgʻri aytasiz, men oʻshanda unchalik kuymagan boʻlishim mumkin. Ichkilikning ta’siridanmi, Odamboyning gaplari ta’sir qildimi, otamning ahvolimi...

Sahar turib kelsam, otam uyda yoʻq.

Koʻchadan topdim.

Menga qaramadi.

Uyga kelgandan keyin:
— Ketaver, — dedi. — Onang oʻlgandan beri yolgʻiz edim. Koʻnikkanman...

Cholga biroz rahmim keldi. Keyin: «Bari bir aytar gapimni aytdim», deb... Toshkentga joʻnavordim.

Yana toʻyma-toʻy yurish, maishat... Pulim bor edi: sakkiz mingcha bor edi. O’zi, aka, menda pul turmaydi. Tushdimi — ketadi. Kim biladi, yengil yoʻl bilan topilgani uchunmi... O’zim ham ayamayman. Shuning uchun pulga ruju qoʻygan otarchilarni yomon koʻraman... Xullas, bor aqcham — oʻsha ekan. Toshkentda esa bir hovli... falon yuz ming soʻm! Bu pulimga kooperativ kvartirayam ololmayman... Qisqasi, yana toʻyma-toʻy yura boshladim.

Hademay ancha-muncha yigʻilib qoldi. Men... shu gal ham biron eski joy olib, keyin yangilashim mumkin edi. Lekin Xivadagi uy-joyga achinardim: kun sayin narxi tushyapti-da.

He, Lunacharskiyda besh-oʻnta xorazmlik tanishlar-ning zoʻr-zoʻr hovlilari bor. Ilgari koʻchib kelishgan. O’zlari — usta odamlar. O’sha yerdan...

Umuman, masalaga real qaragandayam shu-da: uying koʻz oldingda toʻkila boshlasa, narxi tushaversa — nima qilish kerak? Uning bir soʻmga qimmat boʻlishini kutib, demak, boshpanasiz qolishni kutib oʻtirish kerakmi?

Tagʻin Xivaga bordim. Otamning ahvoli ancha chatoq edi: shishganmi-e, sargʻaygandek ham edi. Koʻchaga kam chiqqanmi... Barmoqlarida qandaydir oq dogʻlar paydo boʻlgan, koʻzlari oʻqraygan...
— Keldingmi yana? — dedi.
— E, shu hovlyushng tagiga oʻt qoʻyib yuboraman! — dedim. — Shusiz kunim oʻtmaydimi? Sizga... sizgayam achinaman-da, ota! Afti-angoringizga qarang! Oynaga qarang bir! Shuyam tuzdan deyman... Tavba! Dolonning havosiyam buzilib ketipti! — Keyin birdan yalindim: — Jon ota, ketaylik! Men shu bugun Toshkentga qaytib, zoʻr bir uchastka topaman! Uni topdik deb hisoblayvering... Shu oqshom, xoxdasangiz, hovliga xaridorniyam topib kelaman!

Hovliga xaridor topilardi, albatta! He, Xorazmdayam bir savdogarlar bor, bir afiristlar bor! Qoʻqonlik afirist uning oldida ip esholmaydi. Denovlik afiristlar ham uning oldida bir pul.

Bugun shu hovlini, masalan, yigirma mingga olib, ertaga oʻttiz mingga pullaydiganlar bor!

Otam yana miq etmasdan oʻtirdi-da, keyin eshiklarni ochib qoʻyib, uylarni supura boshladi. Qarab turibman... Shu-shu, yomon ish bu...
— Chiq, men uyni supuraman, — dedi.

Bu — meni haydagani edi.

«E, kizzingni...» deb chiqib ketdim. Yana oʻsha joʻralarni topdim. O’zim bir restoranning zalini oldim. Juda maza qildik. Keyin haligiday qizlar ham topila qoldi. Yana ketdik Amuga. Qayiqqa tushib suzdik. Yana ashula, oʻyin...

Rosa aytdim oʻzim ham. Juda toʻlib-toʻliqib aytgan ekanman, shekilli, joʻralar meni Komiljon akaga yetkazib qoʻyishdi. Bizda endi, ashulachilarning etaloni— Komiljon Otaniyozov-da! Xudoyshukurov bilan Ortiqlar keyin yuradi...

Daryo miltillaydi deng. Oqqani bilinmaydi-da. Biz ketyapmiz. Xudai bir yoqqa bosh olib ketayotgandek! Aka, mening joʻralarimni oʻziga oʻxshagan otarchi, sayoq deb oʻylamang, zoʻr-zoʻr yigitlar ular! Ha, endi bitta-yarimta afiristiyam bor... Lekin Xorazmning chin farzandlari ular!

Bir aqlli yigitlar borki!.. E, ularning gaplarini eshitib tursangiz, bu dunyoning boshidan kirib, adogʻidan chiqasiz. Adogʻidan kirib, bugungi kunidan chiqasiz!

Shohlar, urush-janjallar... Jaloliddin Manguberdi! Shu haqdagi piesani chiqarib yaxshi ish qilishdi-ya? Lekin unchalik zoʻr emas ekan. Atay oʻqidim.

Jaloliddin haqida bitta hikoyami, qissami yozilgan ekan. Uniyam oʻqidim, qiziq... Uning oʻlimi oldidagi hayoti tasvirlangan. Gangib qolgan odam. Mayli, endi, shohlar ham oxir-oqibat shunday gʻarib holga tushar...

Lekin bu fikrni bayon qilish uchun Vatan ozodligi uchun kurashgan insonning... shohning soʻnggi soatlarini shu tarzda tasvirlash shartmi? Qaytamga bir qonxoʻr iblis shohning shunday damlari tasvirlansa, yaxshi chiqardi, menimcha...

Jaloliddin. U — ertak! U — bizning ka’bamiz, jonimiz! Biz unga, uning ruhiga hamma vaqt hurmat bilan boqishimiz kerak. Toʻgʻrimi? Axir, biz ham xalqmiz-ku!

Har bir odamning tarixda tutgan oʻrni boʻlar ekan: uning oʻrni boshqacha!..

E-e, oʻsha kecha Amuda koʻp gurung boʻldi! Biz xuddi oqib, bir tomonlarga ketayotgandek edik!

Ikki kundan keyin charchab-horib uyga qaytib kelsam, otam olamdan oʻtgan... ishonasizmi, endi bedapoyada janoza oʻqishayotgan ekan. Uyimizning shunday orqasida...

O! Boʻzlab kirdim. Domlaning oldiga bordim.
— Qayta oʻqing, qayta oʻqing, yoshulli! — dedim.

Domla udumga koʻra menga bir-ikki savol berdi:

otangni ma’rakalarini oʻtkazasanmi? U-bu...
— E, ming karra qilib oʻtkazaman! — dedim.

Shu bilan tobutni koʻtar-koʻtar qilib joʻnadik. O, juda dahshatli boʻladi bu payt: tobutni (sizlardayam shundaymi?) shiddat bilan olib ketishadiki, chopib zoʻrgʻa yetib olasan: bu olamdan tezroq chiqarishga shoshilishayotgandek tuyuladi!

Koʻmdik! Sizlardaqa qilib emas. Shundoq yerga qoʻyib, ustiga sagʻana koʻtardik. Yerga koʻmish, haligiday lahm qazishning iloji yoʻq-da, suv chiqib ketadi. Shuning uchun Xorazmda zindonlar ham yer ostida boʻlmagan.

Mozordan qaytdik. Uch-toʻrt kun qanday oʻtdi — bilmayman. Soqollarim oʻsib ketgan. Ozib qolibman. Cholning yettisidan keyin yigirmasiga taraddud qilib qoʻydim-da, yana joʻralarni topdim... yana ichipti, maishat qilipti, deb meni soʻkarsiz? Mayli... Otam aytganidek, balki buzilib ketganim rostdir.

Lekin odamning dardini doʻstlari koʻtarar ekan. Yuragingni boʻshatasan... Keyin bilasanki, sen ham shu olamda omonatsan: boradigan joying — oʻsha joy.

Ana shu xayollar boshingni qamraganda, olamning barcha tashvish-tahlikalari bir pul boʻlib qolarkan. E’tiqodlar ham... Xudo haqqi, hech narsaning qimmati qolmaganday boʻlarkan. Biroq meni tagʻin otam... uning ruhi qandaydir tutib qoldi: u nimaga sadoqat bilan oʻtdi olamdan?

Xorazmga. Ha. O’sha yurtga... Bir parchagina boʻlib qolgan, buyogʻiyam noma’lum yurtga...

Bu narsani men koʻproq bilardim, albatta. Boshqalar uchun otam — oddiy usta, qariya edi.

Men boshqa narsaniyam bilardim: chol tushmagur gapimga koʻnganda, Toshkentga kelsak, men ishonaman, hali ancha yashardi. Ammo shuni istamadi u!

Balki mening oʻsha taklifimoq cholning umrini qisqartirdi, jon aka!

Tagʻin bu falokat: tuz yomgʻiri, Orol fojiasi... Chol ularni bilmasmidi?!

Vo, hamma narsaga aqli yetardi. Lekin ular — boshqacha odamlar ekan. Ichidagi ichida, hadeb sirtiga chiqaravermasdi... E, bechora otam!

Cholning yigirmasini bergach, Toshkentga qarab uchdim. Xorazmda yasholmadim.

Biron oylar oʻtgach, kechikib boʻlsayam, qirqini bergani bordim-da, bir yoʻla hovli-joyni yigirma uch mingta sotdim.

«Bor-e!» dedim.

Shu joy uchun shuncha gap-soʻz boʻldi!

Keyin yana Toshkentga qarab uchdim... Lekin endi koʻnglim gʻalati edi: bir narsa nuqul Xorazmga tortar, xuddi oyoqlarimga tushov solinganu arqonning bir uchi u yoqda qolganday edi. Men esa... qaysar oʻlgur, u ishsh rezinkaday choʻzib qochardim.

Yurdim: yana sangʻib ketdim.

Ammo endi toʻylar ham menga tatimay qoʻydi: oxirida yigʻlashni odat qilibman ekan.

Keyin madaniyat institutidagi hujjatlarni toʻgʻrilashga kirishdim. Uchinchi kursda bir domla bilan urishib, oʻqishni tashlab ketgan edim-da...

Lekin endi yosh bolalar bilan bir auditoriyada ham oʻtirolmadim: nima qilish kerak?

Pul boʻlsa, koʻp. Juda koʻp!

«E, nima boʻlsa boʻlar!» deb, bir kuni Qoraqamishga chiqdim. Bozorga. Eskiroq bir «Volga»ni yigirma uchga oldim. Xuddi hovlining puliga...

Nima? Yoʻq, hovli-joy olishni negadir oʻylamasdim: bilmayman, nimaga shunday boʻldi?

Hovli-joyning bebaholigidanmi?

Harholda, aka, men, mana, yana Xorazmga ketib borayotirman. Ha, toʻgʻri oʻsha yoqqa!

Uyoqda nima qilaman? Bilmayman.

Sigʻmadim-da! Yoʻq, tushunmayapsiz: shunday katta O’zbekistonga sigʻmadim!

Xiva, oʻsha minorlar, eski karvich devorlar, torkoʻchalar, sagʻanazor mozorlar meni tortdi.

Mayli, bari toʻkilib, chirib ketmaydimi!..

Men oʻsha yerga boraman.

Balki... balki bu bir holatdir?

Lekin men tugʻilgan yurtimni qaytadan kashf etdim: u tap-taqir choʻl, sahro boʻlib qolgandayam — mening tuprogʻim ekan. O’liblar ketmaymanmi oʻsha yerda!

Xorazm, jonginam.

Bu manglayi qora oʻgʻling tagʻin bagʻringta borayotir... Bu sayoq farzanding dunyoning koʻp oʻyinlarini tushunmaydi: oʻyladi, oʻyladi. Kuchi shunga yetdi, xolos.

1988