OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiXorun ar-Rashid (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xorun ar-Rashid (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

G’oʻlabir-miqti Meliboy Boʻriev — viloyat firqa qoʻmitasining mafkura kotibi bugun, nihoyat, sobiq sekretarning hovlisiga joylashib oldi, uylar yaqinda ta’mirdan chiqqani ham unga qoʻl keldi: yotogʻi — yotoq, yemakxonasi — yemakxona, kutubxonasi — kutubxona boʻldi.

Mana, oqibat, u bolalarini yotqizib, choqqina hovlini ham kezib kelib, kutubxonasida, toʻgʻrirogʻi, ish hujrasida, stol yonida oʻtiribdi.

Yon tomonidagi harir pardali deraza qiya ochiq, undan toza havo kiryapti. O’qtin-oʻqtin qurvaqalarning ogʻziga suv olib gʻargʻara qilganday sayrashlari eshitiladi: bahor-da.

Kotib kontslager mahbuslari kiyimini eslatadigan yoʻl-yoʻl oq-pushti, yumshoq kiyimda.

U «BT»dan tutatib, oʻzicha rohatlanib xayol suradi: ipshi boshlashga boshladi — institut, redaktsiya, sogʻliqni sakdash boshqarmasi boshliqlari bilan alohida-alohida gaplashdi, — nazdida, ularning dardini bildi; sobiq kotibdan nolishlarini eshitib jilmaydi. O’zining xodimlari ham ancha ma’qul, ya’niki, xushomadgoʻy koʻrindi: hali ularni ham bitta-bitta bilib oladi.

Umuman, ish yaxshi boshlandi. Biroq... biroq hozirgi talab, xususan, mafkura bobidagi «ming»lab gazetalarda yozilayotgan e’tirozlar, bu yoʻrigʻda boshqacha — haligiday — umuminsoniy qadriyatlar dasturilamal boʻlmogʻi kerakligi, illo, partiyaviy mafkura koʻp jihatdan oʻzini oqlamagani va hokazolarni ham hisobga olish lozimki, bu borada bosh qotirmay desa, Birinchi kotibning qat’iy talabi shu: partiyaning obroʻsini koʻtarish kerak, dyomak, odatdagi partiyaviy mafkurani yangicha-samarador qilish joiz, buning ilk sharti — xalqqa yaqin boʻlish, demak, uning qalbiga kirish, xoʻsh, uning barcha ehtiyojlarini bilib — ishni shunga moslash...

Ana shu «xalq ichiga kirish» masalasi Meliboy Boʻrievni koʻproq oʻylatar, bu gap hamma vaqt boʻlgan, deputatlik joʻnidan saylovchilar bilan uchrashish ham, paxta terimi mahallarida «Volga»ni yoʻl boʻyida toʻxtatib, uvat boshida terimchilar ila toʻrt ogʻiz gaplashish ham — «xalq ichiga kirish» hisoblanardiki, endi oʻsha tadbirlar Meliboyning oʻzigayam kulgili tuyulardi: demak, qandaydir boshqacha yoʻl tutish lozim.

U qanday yoʻlki, oh, partiyaning obroʻsini bir koʻtarib bersa! Unga odamlarning ixlosini birdan oshirib, deylik, Birinchining oldida yuzi yorugʻ boʻlsa!

Lekin nachora...

Meliboy ana shunday jiddiy va murakkab oʻylar ogʻushida esa-da, uning kayfi chogʻ, «BT»ni rohatlanib tutatar va yumshoq kreslodan turgisi yoʻq edi.

Bir mahal kerishib, sigaret qoldigʻini billur kuldonda ezib, qoʻzgʻaldi. Va beixtiyor deraza tomonga yoʻnalar ekan, qarshisidagi qizil javon ichida — tokchalarda yarqirab turgan kitoblarga koʻzi tushdi. Chamasi, ularni tomosha qilish — qanday joylashgani, deylik, «Dunyo adabiyoti durdonalari» koʻzga daf’atan yaqqolroq tashlanadimi yoki «Leninning jildlari», ana shu holniyam bir qur koʻzdan kechirgali javon oldiga bordi-yu, eng yuqori tokchada koʻrimsiz boʻlib, hatto bu goʻzal «manzara»ga yopishmayroq turgan bir saf asarlarga tikilib qoldi.
— «Ming bir kecha», — deb pichirladi. Kayfiyati yanayam koʻtarilib, shoʻxligi tutib, ulardan birini barmogʻida tortdi. Oldi. Bu asarlarning aksarini yoshligida xatm qilgani, ulardagi sevgi sarguzashtlari koʻp zamonlar yodidan chiqmay yurgani xotirasida uygʻonib, yana stol yoniga qaytdi. Kitobni taxta oyna ustiga qoʻyib, tavakkal ochdi-da, koʻzoynagini olib taqdi.

Harflari yiriklashib ketgan sahifaning ilk qatori:

«Bagʻdod xalifasi Xorun ar-Rashidning vaqt-vaqti bilan tunlari darvish libosini egniga ilib, qalandarxonalar, takyaxonalarda yurish odati bor edi. Shu asno u fuqaroning ahvol-ruhiyatidan xabardor boʻlar edi...».

Meliboy oʻqishdan toʻxtadi-da, apil-tapil «BT»dan birini oldi. Koʻzoynakni yechib qoʻyib, sigaretni yapon yondirgichida tutatdi va birdan iziga qayrilib ketdi.

Axir, buni biladi-ku? «Chor darvish»niyam oʻqigan-ku? Shohlar, shahzodalar ham qalandar jomasida...

Meliboy hayajonlanar, goʻyo izlagan-istagan narsasini topganday hovliqib nafas olar, ha-ha, u chindan ham muhim bir kashfiyot yaratganday edi.
— Da, vot ta-ak.

Tagʻin stol qoshiga qaytdi-da, endi bu kitobning keragi yoʻqdek shartta yopib, qoʻygali joy izladi. Javonga oborsa xayolini tortaveradigandek tuyulib, stolning quyi tortmasiga tiqib yubordi. Eshigini yopib, serrayib qoldi.

Yarim soatdan keyin u darvoza sirtida — yomgʻir savalab oʻtgan xiyobonda baayni paxta terimiga chiqqan azamat libosida bezovtalanib turar, tepadan — oʻrisi daraxt yaproqlaridan tomayotgan tomchilarni goʻyo sezmas edi.

Egnida oʻn sakkiz yashar oʻgʻlining ayni terim mahallari kiyadigan qalin paxtaligi, kirza etigi va telpagi. Albatta, bu kiyimlar iflos, kir, ter hidi oʻrnab qolgan... ammo na chora, kiyishga majbur edi.

Meliboy, bu ust-boshga sira yarashmaydigan bir jiddiy nigoh bilan ariqning u betidan oʻtgan — neon chiroqlarida yiltirab turgan asfalt koʻchaning u boshi-bu boshiga qarar, xayol qilish mumkin ediki, xizmat «Volga»si negadir kechikib qolayotir: kotib bundan dargʻazab!

Bir mahal oʻng tomondan — daraxtlar panasidan asta jilib kelayotgan yengil mashina koʻrindi. Meliboy unga qatgiq tikildi va koʻrdiki, u — «Volga», oldoynasi chetida yashil chirogʻi yonib turibdi.

U ariqdan hatlab oʻtib, qoʻl... koʻtarmadi: qoʻlini sal oldinga choʻzib yerni koʻrsatdi: shu yerda toʻxta!

Mashina ham uning qoshida toʻxtadi. Oynasi tushirib qoʻyilgan derazadan shoʻrtumshuq, koʻzi yiltiroq, qoracha bosh chiqdi.
— Ha? — uning ogʻzidan «Prima»ning achchiq hidi keldi.
— Nima «ha?» Yoʻl boʻlsin?
— O’zing qaerga borasan?

Kotibning badani jimirlab ketdi: ming yildan buyon birov senlamagan edi.
— O’zing-chi, oʻzing? — Chamasi, bu savolni unida qattiqroq senlash uchun berdi.
— E, bor-e!
— Toʻxta-toʻxta! — Meliboy shoshib, eshik tutqichidan ushladi. — Shu yoqqa! Toʻgʻriga! — dedi.
— Shunday demaysanmi!

Meliboy «Volga»ning ortidan aylanib oʻtib, beixtiyor orqa eshikni ochdi. Boyagi achchiq hid oʻrnab qolgan kabinaga kirib, kirgan joyida oʻtira qoldi va shoshilinchda yon oynani tushirdi.

Shofyor mashinani yana jildirgach:
— Oynani koʻtar, — dedi. — Shamollab qolasan.
— Boʻlmasa, sen tushir oynangni. Haydovchi unga boshini burib qaradi.
— Kimsan oʻzing?
— Menmi? Men... mexanizator, — javob berdi Meliboy va derazaga qaradi.
— Chto-to ne poxoj, — toʻngʻilladi haydovchi. — Qaerga boramiz?
— Haydayver!

Meliboy Boʻriev qoʻshni viloyat firqoʻm kotibligidan kelgan, bu yurtda ilgari ikki-uch marta boʻlgan, ushbu yoʻl esa bora-bora bir gal mehmon boʻlgani — togʻ bagʻridagi Qaynarbuloq degan qishloqdan oʻtishini bilardi.

U ana shuni birdan eslab:
— Qaynarga! He, buloqqa! — dedi bepisandlik bilan. — Bilasanmi uni?
— Be.
— Bilsang, oʻsha yerga!.. Restoran ishlayaptimi?
— Ha, Pasajir olamizmi?
— Qanaqa pasajir?
— Avtostantsiyaga burilsak, olamiz-da. Yo bir oʻzing toʻlaysanmi?
— Bir oʻzing emish... Men senga buyurdim. Haydayvermaysanmi! Him, ha, oʻzim toʻlayman. Him, juda gʻalati boʻp ketgansizlar-a?
— Tushunmadim.
— Endi... Shu sigaretni tashla. Mana, mundan chek! — Meliboy «BT» qutisini uzatgandan keyin xato qilganini... umuman, xato qilayotganini angladi. — Obkomning doʻkoniga kirib qolgan edim, shunda bor ekan... — deb toʻngʻilladi. Yana xatoga ketayotganini fahmlab izoh bergan boʻldi: — Xoʻjayinlar bilan kelgan edik... Ular obkomning dachasiga kelishdi.
— Sen oʻzing qaerliksan? — soʻradi shofyor. — Buningdan chekmayman. Slabiy.
— Men ham chekmas edim-u... — Keyin kulib yubordi. — Chekib oʻrganmaganlarga bu yaxshi... Nimani soʻrading? Ha-a, «qaerliksan»... E, joʻra! Shu yerlikmiz-da! — dedi Meliboy Boʻriev va chapanachasiga yastanib oldi. — Da-a... O’zing-chi?
— Biz ham, — dedi u istamay, — shu yerlik. Keyin Meliboyga iljayib qaradi. — Mabodo KGBga aloqang yoʻqmi?

Meliboyning kapalagi uchib ketdi. Ayni chogʻda oʻtgan kuni viloyat va shahar DXBlari boshliqlari bilan ham Birinchi kotib huzurida uchrashganini, reketchilar bu yerda ham paydo boʻlishgani haqida qaygʻuli suhbat kechganini esladi. Shofyorga allaqanday qarab:
— Nima deding? — dedi.
— KGBchimisan?
— Bekorlarni aytibsan! — ogʻzidan chiqib ketdi Meliboy Boʻrievning. — Tavba...
— Kim biladi endi.
— Shuning uchun bilmasdan gapirma, uka! — Tagʻin xato qildi: shofyorini «uka» der edi. — Xoʻsh, nima gaplar bor olamda? E, aytmoqchi, pudratga oʻtdinglarmi?
— Arendaga de, — dedi shofyor va sigaretasini tortib, uzun pufladi. — Kuch yetmadi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga-da... Taksining yangisini olish uchun falon pul berish kerak. Eskisi yaramaydi. Buning ustiga, remont oʻz hisobingdan. E, ogʻa, bu ishlar boʻlmaydi... Ey, menga qara! — O’zi Meliboyga qarab qoʻydi. — Bu ishlarning oxiri nima boʻladi, a? Mana, obkomga kirib turar ekansan. Kattalar...
— Kattalar ham bilmaydi, — dedi Meliboy Boʻriev tuyqus. Lekin oʻz gapidan ori keldi. Kattalar... hamma vaqt hamma narsani bilishardi: ayniqsa, kommunistlar... — Menga qara, — dedi endi u shofyorga, — sen shu, partiya... deganiga qanday qaraysan? Umuman, sizlar — hamkasblaring qanday qaraysizLar?

Haydovchi yelkasini qisdi.
— Bizning zavgar partiyadan chiqdi... Lekin baribir zavgar! — xitob qildi kulib. — O’ris shopirlar oyoq tirab olishdi. — Demokratiya! — U yana qah-qah otib kuldi. — Partkom changallab qoldi. Bechora...

Boʻrievning ta’bi tirriq boʻldi: ha, bunday ishlar koʻp boʻlayotir. Ayniqsa, Toshkentda, ayniqsa, haligiday ishchi sinfi orasida. Mana bu yergayam yetib kepti.
— Ey, partiyaning nimasi yomon-a, nimasi? — birdan doʻq qilgudek boʻlib soʻradi.
— Sen partiya a’zosimi?
— Albatta!
— Unda oʻzingdan soʻra... Bizga baribir, ogʻa. Ishqilib, qorin toʻq boʻlsa, ust but boʻlsa, tagimizdan shamol oʻtib tursa — boʻ-oʻldi.
— Axir, partiyaviy e’tiqod-chi?
— Nimalar deyapsan oʻzi?
— E’tiqod.
— Men bunaqa gaplarni tushunmayman.
— Esiz.
— Jim oʻtir.
— A?
— Tushirib tashlayman. Mana, ikki kilometr yurdik. Haqiniyam olmayman.

«Tushirib tashlayman, — oʻyladi Meliboy alam bilan. — Bunga qanday chidash mumkin? Bu — oʻzboshimchalik-ku? Yoʻq, bu ahvolga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi!»
— Menga qara, qaysi parkdansan? — deb soʻradi-yu, boz xatoga ketganini anglab qoldi: bu bilan janjal qilish — oʻchakishishdan nima foyda? Buning qalbini bilish kerak-ku? — Sizlarda hamma shopirlar ham shunaqa qoʻpolmi?

Mashinani sekinlata boshlagan yigit yana tezlatdi.
— Yoʻq. Men shunaqa... Sen ham kattalardan yiroq yur, otdan tush. Anavi «BT»ni «Prima»ga almashtir, mendan battar boʻlasan... He, bilaman, mexanizatorlarni! Bari oʻgʻri-aldamchi. Bitta orden-medal deb yuradi. Qarabsizki, deputat!..

Meliboy kulimsiradi.
— U zamonlar oʻtib ketdi.
— Baribir...
— Shoshma! — Meliboy oldinga intilib soʻradi: — O’sha kunlar yomonmidi, a?
— Kimga qanday. Lekin oʻshanda ul-bul topilib turardi. Bozorlar ma’mur edi.
— Ana! — dedi birdan Meliboy shoddanib. — Partiyaning obroʻsi tushgani uchun shunday boʻldi! Endigi maqsad — uni koʻtarish! Tushundingmi? Him, bunga sen ham hissa qoʻshishing mumkin... — U yangi sigaret tutatib oldi. Shofyorning yondirgichga qarab qoʻyganini koʻrib ishshaydi. — Sovgʻa... Xoʻsh, — shiddat bilan davom etdi yana, — haligiday pravakatorlarga qarshi turish lozim! Zavgaringni aytyapman!..
— Ey, sen kim oʻzi, a? — Shofyor mashinani chetga burib yubordi.
— Hayda, hayda!
— Oldin kimligingni bilay.
— Aytdim-ku?
— Tuf-e! — U yana «Volga»ni shiddat bilan haydab ketdi. — Menga partiyasini maqtaydi! U qil, bu qil... E, tavbangdan ketay! Men bunga tushuntiraman: osh-non kerak, ust-bosh kerak... deb! Vot, tushunmaydi i vsyo!

Meliboy uning dardini tushunib turardi. Lekin oʻrgangan ogʻizdan oʻrgangan gap chiqar ekan.
— Da-a, — dedi u beixtiyor xoʻrsinib. — Sizlarga faqat shu... kerak: yeyish, ichish, kiyinish, pul...
— Senga-chi? — U baqirib yubordi, tagʻin tormozni bosdi. — Bola-chaqang bormi oʻzi? Uy-joy?
— Bor, bor, — dedi Meliboy. Uning koʻz oldiga uy-joyi, kutubxonasi kelmadi: firqoʻm kotibining bunday narsalarga ega boʻlishi tabiiy hol. — Lekin menda... joʻra, e’tiqod ham bor! — deb xitob qildi.
— Yana e’tiqod... Mening e’tiqodim — yaxshi yashash. Halol yashash. Lekin halol yashashning iloji yoʻq. Turmush majbur qiladi. Mana, men avtostantsiyaga oʻtaylik dedim. O’tsak, kamida yana ikki kishini olardik. Koʻnmading. O’zingdan koʻr.
— Bu nima deganing?
— Hammasini oʻzing toʻlaysan endi.
— Toʻlaymiz.
— Mayli-e! — xoʻrsinib yubordi shofyor. — Aytmoqchi, obkomning doʻkonida yana nimalar bor ekan?
— Koʻp narsa.
— Tufli-chi?
— Boʻlsa kerak.
— O’gʻil injiklik qiladi. Chayqovga chiqsa, yuz ellik soʻm depti..
— Qimmat... — Meliboy oʻzini oʻnglab oldi. — Endi ular — chayqovchi-da!
— Ochiq magazinda boʻlsa-ku, oʻzimgayam olardim. He! Kerakmas! Shu galgi maoshni shunday qoʻliga tutaman! Bor, oʻgʻlim, deyman. Ol, kiy! Yayra! Tepkilab-tepkilab kiy... Voh! Avtostantsiyaga oʻtsak boʻlardi-da.
— Aytdim-ku, oʻzim toʻlayman deb!

Shofyor mashina tezligini yana oshirdi. Roʻparada, chap qoʻlda yolgʻiz chiroq miltillab turar, bir-ikki odamning qorasi koʻrinardi.

Haydovchi «Volga»ni oʻsha yerga — tosh devorli bekat va yoʻlovchilar qarshisiga yetganda toʻxtatdi-da, motorni oʻchirib, butun gavdasi bilan Meliboyga burildi.
— Pulni choʻz.
— Him, Qaynar... ga boramiz. Olasan! — dedi Meliboy va bekatdagilarga qarab kulimsiradi. — Bu yerda pasajirlar bor ekanmi?
— Ha. Men senga ishonmayapman. Mana, schyotchikka qara, uch soʻm urdi. U yokda ikki soʻmlik yoʻl qoldi. Toʻla-chi? — U endi qoʻlini uzatdi. Meliboy hayron qoldi.
— Vey, boraylik. Menga ishonmayapsanmi? — Keyin qoʻshimcha qildi: — Balki yana birga qaytishimizga toʻgʻri kelar...
— Xoʻp. Lekin hozircha borini toʻlab qoʻy. Boʻl-boʻl! — Shunda bekatdan chopib kelayotgan oʻsmirni koʻrib baqirdi: — Mashina hech qayoqqa ketmaydi.

Meliboy nihoyatda xijolatga tushdi: nahotki bu yigit unga ishonmasa!
— Ey, odammisan? — deb yubordi birdan. — Insonga ishonmaysanmi? Men axir...
— Uf!
— Obormaguningcha bermayman!
— Shundaymi?

Shofyor motorni yurgizib, mashinani vangillatib jildirdi va ellik qadamlar masofadan keyin keskin chapga burdi. Shunda «Volga» shagʻal uyumiga duch kelib sapchib ketdi. U yokdayam shagʻal koʻp ekan.

Yigit mashinani jahl bilan tislantirdi. Kelgan yoʻllariga toʻgʻri qilgach, motorni oʻchirdi-da, yoniq qoldirilgan chiroqlar oldidan aylanib kelib, eshikni ochdi.
— Chiq!

Meliboy uyatdan, haqoratdan terlab ketdi. Va shofyorning qoʻli choʻzilmasdan burun chiqishni ma’qul koʻrdi. Surilib, sipolik bilan chiqdi.
— Ishonmading-a?
— Choʻz! Choʻz! — Shofyor mashina tumshugʻi tomon jildi: olgan haqini nurga tutib koʻrmoqchi.

Meliboy esa u yerga borsa... anavi bekatdagilar tanib qoladigandek joyidan jilmay, har ehtimolga qarshi deya olib chiqqan pulidan uch soʻmni ajratdi-da, uzatdi.

U olasolib tikildi.
— Kam-ku bu?
— Nega? Ana, schyotchiging...
— Schyotchikning onasini... Yana uch soʻm ber! Tuda-sudaga... O’zim ham bilgandim-a! Apirist! Tagʻin orqaga qaytmoqchilar bu kishi. Oltmish soʻm planim bor!.. Moshina haqini toʻlashim kerak! Meni kafangado qilmoqchi bu haromi!

Meliboy uning dardini darhol angladi: ha, bunaqa yap-yangi «Volga»ni garajdan olmoq uchun xoʻjayinlarga kamida ming soʻm choʻzish kerak: bu haqiqat... Biroq, endi shofyorning qattiq-qurum gaplariga, hatto senlashiga-da koʻnikkan esa-da, uning «apirist, haromi» degani... yoʻq, bunga toqat qila olmaydi. U firqoʻm kotibligidan ketsa ketadi-yu, oʻzini bunchalar yerga urdirmaydi: u oʻrganmagan axir!
— Beri ke, — dedi unga.
— Pulni choʻz... — Tislandi u. — Bu yoʻlda odat shu! Hamma biladi! Qani, boʻl!

Shubhasiz, shofyor yigit gʻoʻlabir-miqti Meliboyni tik holda koʻrib, tagʻin uning ishonch bilan «beri ke» deganidan qoʻrqqan edi.

Shunda har ikkisining ham joniga ora kirib... boyagi oʻsmir bilan novcha, sallali kishi ham yaqinlashib kela boshladi. Meliboy oʻzini orqaga tortdi, shofyor esa battar avj oldi:
— Ey, musulmonlar, mana bu apiristni koʻringlar! Pulni bermayapti! Men kommunist deydi. Yana bir balolarni aytadi. Pulni bermaydi... — Keyin qoʻlidagi uch soʻmlikni yoruqqa tutib koʻrsatdi. — Bergani shu! Xoʻsh, aytinglar-chi, markazdan shu yergacha shumi?

Sallali:
— Men besh berardim, — dedi.
— Buning bergani shu!.. Hoy, buyoqqa chiq, nomard! Men ketishim kerak. Vremya — dengi!

Melivoy Boʻriev, nihoyat, mashinaning bu yogʻidan oʻtib, ular qoshiga bordi.
— Assalom alaykum! — U avomga salomning kuchini bilardi: ayniqsa, qaltis vaziyatda.
— Alekum, — dedi qariya.
— Qarang, bu salom berishniyam biladi-yu! — Chiyilladi haydovchi. — Munday qarasang, duppa-durust odam...
— Men senga bir soʻm ham ortiqcha bermayman, — dedi Meliboy Boʻriev. — Schyotchik koʻrsatganini olding. Endi... ketaverishing mumkin. Lekin biz sen bilan Qaynarbuloqqacha kelishgan edik. Buyam esingdan chiqmasin!
— Voy, nomard-e, — qiqillab kuldi shofyor. — Voy, iplos-e! Axir, ey nokas, hammasini toʻlayman deb aytgan kim? U va’da seni esingdan chiqdimi?
— Haliyam toʻladim, — dedi Meliboy. U yoʻlovchilarda yaxshi taassurot qoldirish uchun oʻzini mumkin qadar sipo-vazmin tutmoqda edi.
— Voy, qizzigʻar-e!
— Soʻkinma.
— Axir, men avtostantsiyaga oʻtsam... Voy, tavbangdan ketay! Bu qanday balo, a, musulmonlar?
— He, shopirni haqini bering-e, — dedi sallali. — Buniyam bola-chaqasi bor. Falokat oyoq ostida, toʻrt gʻildirak ustida yuradi. Buning ustiga, buyoqlar ovloq...
— Qaynargacha yigirma besh soʻm berishganini koʻrganman, — dedi oʻsmir.

Chamasi, bu gap shofyorning alamiga yermoyi sepdi, u tutatmoqchi boʻlayotgan sigaretini yerga urganda, Meliboy:
— Yoʻq, oʻrtokdar, — dedi. — Men printsipialli odam, ortiqcha pul bermayman. Bundan tashqari, endi... — Qolgan gapni ichiga yutdi. «Endi Qaynargacha oborib qoʻyishini talab etaman!» demoqchi edi. Bu gap gʻoyat xavfli tuyuldi: shofyorni butkul quyushqondan chiqarib qoʻyishi ustiga, qishloqqa yetgandan keyin ham janjal koʻtarsa...

Haydovchi oʻpkasi toʻlib:
— Otaxon, men umrimda bunday naxalga birinchi duch kelishim, — dedi. — Nima qilay, a? Nima qila-aay? — baqirib yuborib, Meliboyga yuzma-yuz boʻlgandi, Meli uni urib yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tiydi-da:
— Men obkom sekretariman, — dedi. Degach: «Bular baribir bilishardi. Boʻlgan ish boʻldi», — deb oʻyladi. — Endi ajralishamiz. O’zi, bu mashmasha jonga tegdi.

Lekin u katta xatoga yoʻl qoʻygan edi: fuqaroning viloyat begi — obkom sekretari haqidagi muqim tasavvurini hisobga olmagandi.

Shofyor qotib qoldi.
— Nima, nima?
— Obkom sekretariman.

Shofyor jahl bilan oldga yurib qulochkashlab urdi. Meliboy Boʻriev — sipogina, hatto viqor bilan turgan yigit chayqalib uchib ketdi. Shagʻalga borib tushdi. Shofyor unga intilib borib tepa boshladi.
— Obkom sekretari! Obkom sekretari emish... He, onangni... seni, apirist! Boshdayam sezgan edim bir balosi bor, bu makkor, deb... Mana, senga Qaynarbuloq! Mana... diligatliging uchun! Mexanizatorliging... Yoʻq, bu mexanizator ham emas... Voy, otaxon-e, shu yerda toʻxtaganimni qarang!

Koʻzidan oʻt chiqib ketib, yiqilgach aqli ogʻgudek boʻlib qolgan Meliboy Boʻriev endi faqat yuzini bekitish uchun yuztuban boʻlib olgan, miq etmas, hatto tepki tushgan a’zosini ham qimirlatmas — agʻdarilmas edi.
— He, onangni... — Shofyor uning yuzini ehtiyot Qilayotganini, bir soʻz qotmaganidan oʻz gaplari haqqa chiqqaniga inonib, tantanavor kuldi. — Tur endi! Obkomingga bor... Enagʻar! Voy, buning tayinli joyi Ham yoʻq, otaxon! Qani, mashinaga kiringlar. Xudo haqqi, aytmadi... Hozir yurtda kim koʻpaygan — reketchi, apirist.
— Rost, rost, — dedi qariya. — Zamon buzildi... He, la’nati-e.

Shofyor eshikni ocharkan, yana kuldi.
— Obkom sekretari! Sal pastroq tush...
— A, boʻlsa-chi, obkom sekretari boʻlsa-chi? — dedi oʻsmir. — Men raykom sekretarini koʻrganman, xuddi shunday kiyinib paxtada yurgan edi.
— Paxtang boshingdan qolsin. Kir ichkariga!..
— Bizdan qancha, bolam?
— O’n soʻm berasiz, otaxon. Mana, nevarangiz ham bor...
— He, pulniyam qadri ketdi.

Shofyor oyogʻi uchida koʻtarilib, hamon toʻnkarilib yotgan Meliboyga qaradi-da, kabinaga kirib, motorni yurgizdi. Mapshnani yaxmalak otganday qilib haydab ketdi. Salda uning orqa chiroqlari ham oʻchdi.

Meliboy, nihoyat, turib oʻtirdi-da, biqinlari qattiq zirqirayotgani, ogʻzi shoʻrtak ekanini tuyib tupurdi. Xoʻrsindi va alam-oʻkinch bilan toshbekatdagi yolgʻiz chiroqqa qaradi.

Soʻng inqillab yigʻlab yubordi. Tizzalari koʻziga manglayini qoʻyib xoʻp silkindi. Bir mahal mashina tovushi eshitilayotgandek boʻlib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi-yu, ingrab yubordi. Beli... nam, mayda toshchalar. Egnida qalin paxtalik borligiga shukrona qilib qoqindi.

Soʻngra kimdir qarab turgandek qomatini tik tutib, bekatga yoʻl oldi.

Bu yerlar — chindan ham ovloq edi. O’ng tarafda — qop-qora togʻ soyaga oʻxshab turardi, soʻl tomon — eniga adirlar. Havo namxush, zax.

Meliboy bekatga borib toshkursiga oʻtirgani ma’qulmi yoki panaga oʻtib oʻtirganimi — shuni oʻylarkan, badanidagi ogʻriq uni shu yerga choʻktirdi. U qiyshayib qolgan telpagini bostirdi-da: «Ishqilib, tanishlar oʻtmasin-da», deya boshini egdi.

U chayqalar, pushaymon yeyishniyam, yemaslikniyam bilmas edi. Bir payt moshina nomerini eslamoqchi boʻldi: nomerga qaramapti.

«Uni-ku toptirish mumkin... — deb oʻylab ichida kulimsiradi. — Nima foydasi bor?» Ammo shu onning oʻzida u yigitdan... bir qasd olmasa, uni bir marta dabdalasi chiqqanini koʻrmasa, sira-sira xumordan chiqmasligini his qildi. Va hatto: «Koʻramiz!» deb ham qoʻydi.

Ammo ayni chogʻda bu oʻylar — xomxayol, alamzadalik natijasi ekanini anglab turardi.

Nihoyat, gʻijimlangan «BT» qutisini chiqarganida, ajabo, Qaynarbuloq yoʻlida koʻzini... koʻkartirib kelayotgan mashina koʻrindi.

Meliboy oʻzini tutib oʻrnidan turdi. Beton supachadan tushib, qoʻlini... yerga qadayottandek qildi. Oq «Volga» kelib toʻxtadi. Meliboy ishonch bilan tagʻin... orqa oʻrindiq eshigini ochmoqchi boʻldi, ochilmadi. Shofyor ichkaridan unga tikilib turardi.

Meliboy eshikka imo qildi. Shofyor yoʻlovchining basharasidan oʻziga kerakli ma’noni uqib oldimi, tugmachani koʻtardi.
— Assalom alaykum, — Meliboy Boʻriev ichkariga kirib oʻtirdi. — Xavotir oldingiz-a?
— Vaalaykum assalom... Endi, ehtiyot shart yaxshi-da.

U kishi oʻrta yashar, doʻppi kiygan, horgʻin koʻrinar edi.
— Ma’qul, ma’qul, — dedi Meliboy.
— Markazgami? — Ha..

Mashina jildi. Shofyorning haydashi ham oʻziga oʻxshardi: bir maromda.
— Cheksam maylimi?
— Oynangizni tushirib qoʻying.
— Rahmat... — Meliboy sigareta tutatib, oʻrindiqqa yastanib oldi-da: — Aka, sizdan bir narsani soʻrasam maylimi? — dedi.
— Soʻrang, uka.
— Him, raykom... yoʻq, obkom sekretarining mana shunday ust-bosh bilan tunda yurishiga ishonasizmi?

Shofyor unga qaradi.
— Obkom sekretarimisiz? Meliboy horgʻin bosh irgʻadi. — Ha..
— Bilmadim.
— Nega? — qizishib soʻradi Meliboy. — Axir, xalqni oʻrganish uchun yurishi... mumkin-ku? Shu tariqa. partiyani xalqqa yaqinlashtirish uchun, demak, partiyaning obroʻsini koʻtarish uchun... Umuman, rahbarlikning...
— Yoʻq, uka, — dedi u. — Buning uchun sekretar... Xorun ar-Rashid boʻlishi kerak. Ana shunday boʻlolmagani uchun ham partiyamizning obroʻsi ketgan...
— Obroʻsi qayta koʻtarilmaydimi?

Shofyor kiftini uchirdi.
— Uka, siz ham bizga oʻxshab oddiy odam ekansiz, — dedi u yoʻldan koʻz uzmay. — Keling, pastroq tushib, oddiy gaplardan gaplashaylik.
— Xoʻp.
— Bekatda oʻtirgan edingiz...
— E, shu...
— Yoʻlda ishlaysizmi?

Meliboy Boʻrievning tagʻin yigʻlagisi kelar, et-badanidagi ogʻriq yetmayotganday bagʻri-dili xun boʻlib eza boshladi.

U koʻzlarini yumdi va... ochdi.

Mashina naq hovlisi yonidan oʻtmoqda edi. Birdan shofyorning yelkasiga turtdi.
— Keldik!

Mashina toʻxtadi. Meliboy choʻntagidan pul chiqardi. Undan bitta uchtalikni ajratdi-da, oʻylanib qolib, tagʻin bitta uchtalikni qoʻshdi, uzatdi.

Shofyor olti soʻmni olib:
— Yaxshi boring, — dedi. — Lekin partiyaning obroʻsi...

Meliboy tez-tez bosh irgʻagancha kabinadan chiq-di-yu, qotib qoldi.

1990