OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shukur Xolmirzayev. Xumor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiXumor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xumor (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Assalomu alaykum!.. Rahmat. Yoʻlda tushaman. Termizga yetmasdan. Statsionarga boryapman. Rangimni koʻrib, hayron boʻldingizmi? Kasalim yuqumli emas. Ishonavering... Rahmat-e. Avtobusga yetib borgunimcha joʻnab qoldi... Kuz tushib qoldi-ya. Ah, qanday yaxshi fasl. Shoirlarning sevgan fasli. Abdulla Oripovni yaxshi koʻrasizmi? Menga juda yoqadi. Eslaysizmi, kuz turkumi bor:

«Ochiq ayvon ostin maskan etgan dam

Xazon davrasida kutaman seni...»

Yaxshi-i.

Paxta tergansiz-a? E, nima deyapman. Paxta termagan oʻzbek bolasi bor ekanmi!

Ammo-lekin boshqalarni bilmayman-ku, men... paxta terimi desa, jonim qolmasdi: qanot bogʻlab uchgim kelardi. O’ziyam yaxshi-da, a?

Shunday ochilib, charv moyday oqib yotgan boʻlsa! Etakni emas, qopni sudrab ketaversang-u, ogʻzini ochib, tergan paxtangni ichiga otaversang. Men shunaqa qilib terardim. Yaxshi terimchi edim o, iltor edik. Texnikumdayam aloxida brigadada terardim... Sizga xalaqit bermayapmanmi? Yoʻq, chalgʻitmayapmanmi demoqchiman?.. Raxmat. Juda zerikdim... Bir kishi bilan gaplashgim keldi. Qarasam, yap-yangi mashina yaltirab kelyapti. Kel-e, deb tavakkal qilib qoʻl koʻtargandim. Toʻxtadingiz. Baraka toping. O’zi bu yerning odamiga oʻxshamaysiz? A-a, oʻzimam sezdim-ov! Tomosha yaxshi-da, birodar! Ayniqsa, kuzda!..

Men «kuz-kuz» deyapman, hayron boʻlmang. Mana shu dardim ham kuz bilan bogʻliq, aka. Shunday... E-e, kuz! Ha-ha-ha! Siz she’r yozganmisiz? Men yozganman. «Kuz» deb... «Ku-uz!» deb, yoʻgʻon undovni qoʻyganman-u, tamom! Nimani yozishni bilmayman. Bir kecha oy haqida yozmoqchi boʻldim. Undayam shu ahvol: «Oy!» deb sarlavha qoʻydim-u, qoldim. Deraza oldida oʻtirgandim. Oyga tikilaman deng. U ham shahar osmonida xira boʻlib koʻrinadi.

Texnikumda oʻqib yurganimda... Xadradagi «Gorkiy texnikum»ni bilasizmi? Imoratning nomi shu. Biz qurilish texnikumida oʻqirdik, yotogʻimiz ham oʻsha yerda edi.

Men toʻrtinchi qavatda turardim. Pastda — fontan. Qizlarning kokillaridek...

Yaxshi vaqtlar edi.

Ba’zan texnikumga shoirlarni chaqirardik. O’zim toʻgarak boshligʻi edim. Haligi ashula, raqs toʻgaragimiz bor edi. Rubobniyam oʻshanda durust chertardik.

Ajoyib vaqtlar edi.

Lekin bizni biron qiz ham yaxshi koʻrmas edi-da!.. Mana, aftimga qarang... Kechirasiz, qaramasangiz ham mayli. Juda badbashara man-da. Tagʻin, garmon bezlari taraqqiy etganmi, qarang, mirzaterakday boʻlib ketganman. Mana, kallada soch ham yoʻq... Soch-ku keyin toʻkildi... Lekin bitta margʻilonlik qiz sal mayl bildirgan edi. Yolgʻonchi boʻlmay. O’zlariyam juda novcha, xipcha qiz edilar. Yonimizda filfakda oʻqirdilar. Yaxshi ashula aytardilar. Biz rubobda joʻr boʻlardik... Goho filfak bilan kelishib, kontsert qoʻyardik-da. Shunda repititsiyada uchrashardik. Bir marta... xonamga kelganlar. E, aytishga uyalaman: xonani ozoda qilib oʻtirsang, oʻlasanmi deng! O’zing shoirtabiat-u, ahvoling bu... Xonaga kirishingiz bilan achigan nonu yuvilmagan paypoqning hidi anqirdi.

O, u kishi oʻshanda mening bir maykamni yuvib bergan edilar. Begona qiz-a! Voy, qanday olijanob edi!.. Men boʻlsam, uyatdan oʻlib qoʻya qolay derdim. Rostini aytsam, keyinini oʻylamasam, toʻrtinchi qavatdan oʻzimni tashlardim...

U kishimi?

Bitta domlasiga tegib ketdi.

Ular Boʻka rayonida paxta terishardi-da. Biz Oqoltinda. Borib turardim. Qovun-tarvuz olib... Bir ajoyib yigit bor edi. Tarixdan juda zoʻr edi. Ularning brigadasiga yetgandan keyin, oʻsha yigitni topardim. U Nasibaxonni chaqirib chiqardi.

He, ba’zan kechasi yetib borardim. Biz ham paxta teramiz-da! Keyin u yoqqa joʻnardim... Keyin u kishi shiyponga ketardi. Men Oqoltinga qaytardim. Yoʻli anchagina bor. Ba’zan xoʻrozlar ikki qichqirganda yetib kelardim... Lekin sira xafa emasman. Xafalik qayda! Chopib-chopqillab oʻsha yoʻlni bosib oʻtardim.

E, u tunlar!

Kechirasiz, bu juda laqqi bola ekan demang... Rahmat. Endi odam xijolat boʻladi-da.

Biz borganda, ya’ni, men borganda, Nasibaxon chiqqandan keyin xirmonjoyga oʻtardik-da, yashirinib, paxtaning ichiga kirib olardik. Yosh bolakaylardek-a! Keyin yonma-yon choʻzilib yotib, gurung qilardik. Haligi paxtaning chigitini qirs-qirs chaqib... G’alati ta’mi boʻladi, bilarsiz?

Nima toʻgʻrisida gaplashganimiz esimda yoʻq. Romantik ekanmiz-da! U kishiyam gʻirt romantik ekan!

Ana shunda uchinchi yili paxtaga chiqqanda, Nasibaxon aytdilar. «Men erga tegaman», dedilar. Lekin, «Siz xafa boʻlmang, hamisha yuragimda qolasiz», dedilar.

Ana!

Sentimentallikmi? Ha. Lekin boʻlgan gap — shu. Men indamadim. Keyin, ishonasizmi, yigʻlabman: «Siz ham mening yuragimda qolasiz», debman.

Endi oʻsha gaplarni eslasam, uyalaman.

Lekin, oʻshanda... kiziq-da, shunday deyish, hatto yigʻlash ham menga yoqqan edi.

Shunday holatga tushganmisiz? E, kechirasiz...

G’alati ekanmiz-da...

Keyin biz oʻqishni bitirib vatanga qaytdik. Nasibaxonni burnogʻi yili televizorda koʻrdim. Vodiyning qaysidir bir rayoni havaskorlarimi, folklor ansamblimi — chiqish qildi. Shunda xorda koʻrdim. Kim biladi, balki, oʻxshatgandirman.

Nima?.. Uylandim, uylandim. Xotinimdan roziman. Juda xursandman.

Rayonga kelgandan keyin qurilishda ishlay boshladik. Injener yordamchisi. Pul bor... Lekin bu yerdayam bitta qiz qaramasa boʻladimi! Tavba qildim: mendan xunuklar uylanib ketyapti. Men — soʻqqabosh. Bitta kampir onamiz bor. Kimning uyiga borsa, rad javobi olib keladi.

Sababini keyin eshitaman: sochim kammish, yuzim bujirmish... Yuzga donacha chiqqandan keyin buziladi-da...

Bor-e, oʻzbek topilmasa, boshqasiga uylanaman, dedim. Qoʻl ostimda qizlar koʻp edi: biri — betonchi, biri gʻisht teradi. Bechoralar qora mehnatdan qochmaydi-da. Bizda, masalan, rus qizlari paxta terishni bilmaydi, ogʻir mehnatdan qochadi, deyishadi. He, bekor gap. Qaysi oʻzbek qizingiz qurilishga borib, gʻisht terib yuripti? Qaysi biri boʻyoqchilik qilyapti? Kombinizonni kiyib olib... Toʻgʻri, boshqa joylarda bunaqa ishlarda oʻzbechkalar ham bordir, albatta. Lekin bizda yoʻq edi. Bu — fakt.

Shunday qilib, bittasiga uylanib oldim. Meni tushunadi. Shundan ortiq baxt bormi?

Men savolni dangal qoʻyganman: «Xunukman. Kalman... Mana, arvohga oʻxshayman», deganman. Anisa: «Seni shu xunukligingni, arvohga oʻxshashligingni yaxshi koʻraman», degan.

E, sevishib qolganmiz!

Oldin haligiday uzoq-uzoqdan qarash, keyin salom-alik... Keyin qoʻlim boʻsh boʻldimi, unga qoʻshilib gʻisht tera boshlardim: nima uyati bor?

Shunday qilib... Yoʻq, bola yoʻq, aka. Ikki marta yetti oylik, sakkiz oylik boʻlib tushdi. Hayronman, Lekin endi-endi buning sababini tushunyapman...

Aka, siz paxtaga sepiladigan dorini hidlaganmisiz? O, unda gapimiz qovushmaydi...

E, qiziqmisiz! Hidlash ham gapmi!.. Men sizga qanday tushuntirsam ekan?

O’ylab koʻring: oltinchi sinf bolasisiz. Endi oʻn ikki-oʻn uchga kirgansiz. Lekin, bizning rayondasiz... Bizda paxta ekilmaydi-da. Togʻlik. Ammo paxta terishga orzumand boʻlib yuribsiz. Yoʻq narsa — hamisha qiziq boʻladi. Buning ustiga, paxta — oʻzbek xalqining boyligi, gʻururi deb tursalar!

Kitoblarda — uning rasmi! Pioner jurnallari, gazetalarida yosh terimchilarni toʻxtovsiz maqtashadi deng.

Eslang: paxta naq ochilganda, dalaga kirganingizda, dastlab dimogʻingizga nimaning hidi urilgan?

Dorining,

Balli!

Endi, aka, har kim — har xil boʻladi. Men oʻzi goʻdaklikdan ta’sirchan, har narsaga beriluvchi boʻlsam kerak-da. Ishoning-ishonmang: ilk bor paxtazorga kirdim-u, dimogʻimga oʻshaning qoʻlansa hidi urildi. Sal boshim aylanib ketdi.

Keyin oʻzimga keldim. Keyin, yana ishonmasangiz oʻzingiz bilasiz, paxtaning hidi deganda — men oʻsha dorining hidini tasavvur qiladigan boʻlib qoldim.

O’ziyam shunday-da.

Ayniqsa, oʻsha yillarda...

Yoʻq-yoʻq, siz uning hidini hidlab, ochigʻini aytaman, menday rohatlanib koʻrmagansiz.

Nega kulasiz?

Tasavvur qiling: keng paxtazor! Orzu qilgan paxtazoringiz! Oppoq ochilib yotibdi. G’ururingiz, faxringiz... Xoʻsh, uning hidi sal qoʻlansa ekan, nima boʻpti?

Buning ustiga, oʻshanda uni hech kim «ximikat-yomon» demasdi. Bemalolchilik... Shiyponimiz anavi yerda-yu, bu yoqdagi ikkinchi terimdan chiqqan dalaga samolyotdan dori sepishardi. Sal sasirdi-yu, baribir-da: u sepilishi kerak, gʻoʻzaning bargi toʻkilishi kerak. Aks holda mashina kirolmaydi. Terim kechikadi.

Keyin sharmandalik!

Men uning hidini yomon degan kishi bilan oʻshanda ham... boʻgʻishardim-ov.

Ishoning, u mening... oʻsha hid mening eng aziz taassurotlarim bilan bogʻliq!

Bundan tashqari, men sizga ochigʻini aytishim kerak, kishi oʻsha hidga oʻrganar ekan! Mana, sigareta chekasiz, yaxshi. Birovlar nos otadi, nasha chekadiganlaram yoʻq emas... Xullas, dastlab chekishganda, boshlari sal aylanadi, koʻngil bezovta boʻladi, hatto qusadi. Lekin keyin-chi?

Men bu doriga ana shunday xumori boʻlib qolgan edim desam, hayron boʻlmang.

E, aka!

Bu dunyoda yaxshilab, oʻynab-kulib, zavkdanib yashash kerak... Endi oʻzingiz oʻylang, mening butun zavqim-yashash tarzim oʻsha hid bilan bogʻliq-da! Hali men «dardim kuz bilan bogʻliq» dedim shekilli. Qarang, toʻgʻrisini aytib qoʻya qolgan ekanman.

Bolalik ham, he, texnikum, Nasibaxon bilan xir-monda gurung... O’sha xirmondan ham men rohatlanardim-da: nima, chigitni qirs-qirs sindirib — tishingizda sindirib yotganingizda, oʻsha hidni sezmaysiz-mi?

Siz sezmagansiz-da, xolos.

Biroq, oʻshaning nash’asi sizning tomirlaringizdayam bor!

E, nimalar deyapsiz?

Kechirasiz...

Nima? Paxtadami?

E, oʻn yilcha ishladik-da!

Qurilishda ishlab yuribman deng. Keyin... Turib-turib yuragim siqilardi. Bir narsalarning xumori tutadi. Nasibami deyman. Aylanaman, izgʻiyman... Ittifoqo kuz kelib qoldi-yu, bizdan ham besh-oʻn kishini qoʻshni rayonga paxta terimiga olib chiqishdi.

Bordim. Xirmonjoydan oʻtdim. Dalaning yoqasida turibman. Ishonasizmi, aka, xuddi begona joyga kelib qolgan musofirdekman. Paxtayam paxta emasday.

Bilsam, bu dalaga ancha kunlar oldin bir marta dori sepilgan ekan-u, havoga uchib ketgan ekan.

Ta’bim xira boʻlib, orqaga qaytdim: dalaga kirgim kelmaydi. Tentirab yurib, bir garajga borib qoldim. Koʻp tunuka banka, temir bochkalar qalashib yotgan ekan.

Shunda dimogʻimga goʻyoki atirning hidi kelib qoldi-ku! Chopib bordim. Xuddi ovcharkaga oʻxshab iskalanib ketdim. Bular butifosdan boʻshagan idishlar ekan.

Shu hidlayman-e!

Koʻpdan beri hidlamaganim uchun boʻlsa kerak, bir mahal boshim aylandi, koʻzim tindi, oʻxchib chiqib ketdim. Ariq boʻyiga borib oʻtirdim. Biron soatdan keyin oʻzimga keldim.

Keyin... shunday roha-at!

Bilaman, siz menga qarshi gapirasiz hozir: bu fikrlarimga mutlaqo qoʻshilmasligingiz mumkin. Mayli. Men sizga «Nega chekyapsiz? Sigareta ziyon?» demayman ammo.

Mensiz ham, ana, qutisiga yozib qoʻyipti.

Endi-endi paxta dorisi ham zararli degan gaplar chiqa boshladi.

Inkor etmayman: boʻlishi kerak!

Ammo... paxta-chi? U davlatga kerakmi, yoʻqmi, aka? Axir, paxta davlatimizning tirgaklaridan, ustunlaridan-ku! Boyligimiz, faxr...

Biz uni yetkazishimiz kerak ekan, sal ziyon koʻrsak, nima qipti?

U yogʻini soʻrasangiz, zararsiz narsaning oʻzi yoʻq!

Shu nafas olayotgan havoingizdayam zararli mikroblar bor. Mashinaning orqasidan chiqayotgan tutun ham — koni ziyon... E, hamma narsani oʻylab, har narsadan hadiksirab yashasang, yashashning qizigʻi qolmaydi...

Hozirmi?

Yarim kilo selitram bor. Ustiga suv purkab tura-man. Shuni iskab-iskab qoʻyaman. Namiqqan tuzning hidi keladi-yu, harna-da...

Ha-da, chiqdim-da keyin ham...

Bultur Jindibuloqqa borib, sakkiz kun mexanizatorlarga qarashdik. U yerda ikkita dalaga samolyotdan butifos sepishayotgan ekan. Keyin men atay ularning xizmatiga oʻtdim.

Yaxshi toʻlasharkan. Shunga qaramay, u yerda ishlovchilar, talabgorlar kam ekan.

Qiladigan ishim — beton hovuzdan dorini paqirlab olish, oborib, samolyotning bakiga quyish. Ba’zan hovuzdagi doriga suv ozroq qoʻshilgan boʻlsa, odamni juda tentiratib qoʻyadi. Shunda hech kim ishlamay qoʻyadi.

Men ishlardim...

Axir, kimdir ishlashi kerak-ku?

Keyin, ancha-muncha pul bilan, maza qilib qaytib keldim.

Nega menga munday tikilasiz?

Rangim...

Aytdim-ku, agar kasalligim boʻlsayam, yuqumli emas. Yuqumli boʻlganda, allaqachon Anisaga yuqib qolgan boʻlardi. U xotinim, axir...

A? Yoʻq, bilmaydi. Aytmayman: nima qilaman aytib?

Bilaman: u qarshilik qiladi. Yaxshi bilaman: u mening aroq ichmaganimdan xursand. Sigareta chekmaganimdan xursand. Rus ayoliga nima kerak?

Kechirasiz, men endi... oʻzimizning ayollarga qiyoslab gapiryapman.

Labbay? Ha, ba’zan qon qusaman. «Tuberkuloʻz boʻldimmi?» deb doʻxtirlarga uchrovdim... statsionarga joʻnatishdi. Bir tekshiruvdan oʻtishing kerak deyishdi...

Bugun rayonga qaytsam kerak.

Ha-ha, soch ham keyin, ayniqsa, bultur toʻkilib ketdi. Ogʻizga qarang, oʻzimning tishim emas. Yarmi sadaf, yarmi plasmassa...

Ha, quvvatim yoʻq... juda oz, aka... Hali aytdim-ku, avtobusga yetolmadim.

O’zimizning doktorlar «malakrov» deyishdi. Jigar ham sal ogʻrigan boʻlishi kerak.

E, issiq jon-da! Odamlar samolyotga tushishdan qoʻrqadi. Mashinaga minishdan qoʻrqadiganlari ham bor. Ammo oʻshalar toʻgʻri yoʻlda bir qoqilib tushishsa, olamdan oʻtib ketishi mumkin.

Ammo ertalab juda mazam qochdi. Ta’bim ancha xira boʻldi...

Nima dedingiz?

Yot desa — yotamiz-da...

Kuz kelib qoldi-ya, aka!

Qarang, chugʻurchiklar ham kelibdi! He-e! Ku-uz!.. Shoirlarga yaxshi-da!

Bizlar... bizlar zavq olishni bilamiz, xolos.

A? Uzoqroq yotib qolsam, oʻrmalab boʻlsayam chiqaman. Kuz kelibdi-yu, dalani koʻrmasam boʻladimi?

Maqsad? Ham xumorni qondirish, ham hissa qoʻshish.

Labbay?.. Siz bir narsani tushunmayapsiz: u dori — mening... Kayfim, mahbubam, Nasibam... Qolaversa, tarjimai holimga singib ketgan, axir! Tushunyapsizmi? Mening butun... hayotimning ma’nosi, Vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim... oʻshalar qatorida turadi.

Undan voz kechish...

... Ha-ha-ha! Siz sigaretani tashlab koʻring-chi! Qayda! O’pkasi chirib ketayotganini apparatda koʻrganlarning ham chekishni tashlamaganini bilamiz.

Shunaqa boʻlar ekan-da hayot!

Amerikada ta’qiqlangan?

Iltimos, toʻxtating... Anavinga qarang! Yoʻl yoqasiga! Ajriqzorgayam sepishipti-ku? Sap-sariq boʻlib yotipti!

Nima?

Yoʻq-yoʻq, bir kayf qilib olay... Boshqa mashinaga osilarman keyin. Bu yogʻi yaqin qoldi.

1987