OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiYashil «Niva» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yashil «Niva» (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Avvalo, shuni aytishim kerakki, biz tomonning odamlari ancha serandisha keladi. Buning tarixiy ildizlari bor: biz kattalarga — xususan, yoshi ulugʻlar-u lavozimli shaxslarga ta’zim qilib oʻrganganmiz.

Yoʻgʻasam zamonga qaramaysanmi deng. Sotsializmdan putur ketgani aniq: Pribaltikada Mustaqillik uchun namoyishlar boʻlyapti. Toshkent ham tinchini yoʻqotgan...

Bizda esa Bagʻdoddagidek osoyishtalik.

Toʻgʻri, bizdayam «diktator arbob»larga qarshi chiqishlar boʻp turardi: shundayam azob-u kamsitishlar jonidan oʻtib suyagiga yetganlar...

Kurbaqani bossang ham, «vaq» deydi-ku?

Biroq, ont ichib aytamanki, gap bunda ham emas.

Nimagaki, shaxsan menga oʻxshaydigan ziyoli hamma yerda bor. Va men tilga olmoqchi boʻlgan (sadqai tilga olish ketsin!) «diktator amaldor» ham boshqa oblastlarimizdan topiladi. Pirovardi, yashil «Niva»ning ham urugʻi serob. Qolaversa, oʻsha baland — Oqdovonga oʻxshash dovonlar ham respublikamizda koʻp.

Xullas, ...ga borayotib edik — yurtga, shahrimizga. Mana shu qizil «Jiguli»damiz: xotinim, oʻgʻlim, qizim.

O’zim ruldaman.

Yoʻlimiz Oqdovondan oʻtishi kerak.

Dovon esa, haligiday bir «diktator»ning sovxoziga qaraydi.

Ilgarilari bu yoqqa yoʻlim tushsa ham, qaytishda ham dovonni chetlab, choʻl orqali ketardim: u yoq tinch, yoʻli tekis, eng muhimi — «diktator» yoʻq.

Bu gal juda shoshib turgandik: soat 12 da insti-tutda boʻlishim kerak: darsim bor. Soʻngra ne bir xayol bilan: «Bahor-ku? Bolalar ham bir yayrasin, tomosha qilsin», deb ularniyam olvolgandim.

Ha-ha, dovonning yoʻli yaqin-da!

Xullas, shahardan chiqdik.

Togʻ etagida kabob pishiradigan bitta kafe bor. O’sha yerda toʻxtab, ikki sixdan kabob yedik. Bir piyoladan choy ichdik. Keyin yana yoʻlga tushdik.

Yoʻl deng, togʻ bagʻirlab ketadi.

Hamma yoq yashnagan. Doʻlanalar oppoq gullagan. Na’mataklar ham rosa ochilgan. Butun dunyoning bul-buli shu yerlarga yigʻilib kelganday: har shoxda chagʻ-chagʻlaydi.

Etakda soy bor, nari betlarda — qor.

Shunday qilib, atrofni tomoshalab, juda xushnud kayfiyatda ketayotib edik. Mashinaning tezligi oʻrta-cha— soatiga ellik-oltmish kilometr.

Ketayapmiz-u, koʻnglimning ostida bir taxlika paydo boʻldi. «Diktator» uchrab qolmasin-da».

Toʻgʻri, u bizni yeb qoʻymasdi. Ammo uning qilmishlari — dahshat! Anchayin salom bermay oʻtgan oʻsmirni oyogʻidan ostirgan...

Xullas, burilishdan oʻtayotib edik, shunday qiygʻos gullagan olmalar ichidan bitta yashil «Niva» lop etib chiqdi-yu, oldimizga tushib, sekin keta boshladi. Ne koʻz bilan koʻrayki, xuddi oʻshaning mashinasi! Mashhur mashina!.. «Diktator direktor» deyapman-u, iltimos, uni jindak eslashib olaylik. Xoʻsh, u kimsa — oʻsha raykom sekretarlarini almashtirib yurganlardan biri... O’z bilganingizni tasavvur qilavering. Ularning bari bir-biriga oʻxshaydi. Pul bilan mansabga chiqib olgan. Keyin davlat planlarini xalqni qulday ishlatib, tagʻin pripis-mripis bilan oshirib bajarib, geroy boʻlgan. Keyin Markazqoʻmdan himoyachi — «aka» topgan. Balki oʻsha «aka» tufayli «geroy» boʻlgan. Xullas, akaning «ochil dasturxon»iga aylangan, bu yokda oʻzlariga xon — oʻzlariga bek boʻlgan kishi...

Bizga oʻxshagan odam — institutning oddiy oʻqituvchilari ham u kishim uchun bir chigirtka: chertsa, uchib ketamiz.

Darvoqe, bu odamning zulmi institutni ham zabt etgan, rektorimiz, — bechora bir yaxshi odam, — uning nomini eshitsa zirillar edi: uning qishlogʻidan yoki qarindoshlaridan bironta bola oʻqiyotgan boʻlsa, avvalo oʻshaning koʻnglini olish payida, oʻrgulib-oʻrtanib yurardi.

Lekin uning ustidan yoza-yoz ham koʻpaygan, qaerlardadir gʻalayonlar boʻlgani haqidayam eshitardik.

Shunday qilib, yashil «Niva» yoʻlga tushib oldi-da, juda sekinlab keta boshladi. Albatta oʻshaning mashinasi bu. Yon-veridan antennalar chiqarilgan, demak, ichida ratsiyasi ham bor. Mashinaning oʻzi deng, yap-yangi. Lekin yon-bagʻirdan chiqib keldi-ku, orqa oynasi loy edi, shuning uchun ichkarida necha kishi oʻtirgani koʻrinmasdi.

Juda imillab ketyapti.

Men ham tezlikni kamaytirdim. Nima qilay? O’tib ketaymi? Be, oʻsha kuni institutdan dumimni tugdiradi: bunaqa voqealar boʻlganda, ayrimlar ehtiyotsizlik qilib oʻtib ketib baloga yoʻliqqanlar.

O’zi, men sizga aytsam, bundaqa oʻziga xon — oʻziga bek arzandalar ilgari hamma jamiyatlarda boʻlgan va, qizigʻi shundaki, ular bari bir-biriga oʻxshagan. Biroq bizning jamiyatimizda ularning paydo boʻlishi... istisno holdirki, bu kishini juda oʻylatadi...

Biz ham «Niva»ning oyogʻiga qarab ketyapmiz.

Bir mahal oʻgʻlim injiqlik qila boshladi: «Ada, oʻtaylik. O’tib ketaylik!» Narigi tekis yoʻlda yurishimga oʻrgangan-da. Bu yerdagi bahor manzaralari uni yana koʻtardi. «Xoʻp, — deiman. — Hozir oʻtamiz», deyman. Keyin xotinimiz ham xarxasha qila boshladi: «Nima boʻldi sizga? Munday imillab qoldingiz? Yoʻl keng-ku, abgon qila qoling, adasi».

Mening ham dardim ichimda: institutga tezroq yetib olishim kerak. Bu yurishda, kim biladi...

Xullas, ketyapmiz. Tavba, deyman. Goho «Niva» toʻxtab-toʻxtab qoladi. Goʻyo «oʻt, oʻtaver», deganday. O’tib boʻpman: men ham «Jiguli»ni toʻxtatib qolaman.

Ketaverdik, ketaverdik.

Tabiatdan zavq olishning ham rasvosi chiqdi. O’gʻil tagʻin xarxasha qiladi, xotin mingʻirlaydi. Qizaloq ham onasining gapini takrorlay boshladi.

Ana tomosha!

He, gapning qisqasini aytsam, bir yarim yoki ikki soatlar uning orqasidan ergashib yurdim: sal tezlasa-tezlayman, sekinlasa-sekinlataman, toʻxtasa-toʻxtab qolaman.

Barimiz boʻlganimizcha boʻldik: oʻgʻil yigʻlay boshladi, xotin biz bilan gaplashmay qoʻydi, qizaloq xoʻmraygan. O’zim-chi? Menga zaril keptimi shu yurish?

Institutdagi dars ham barbod boʻldi: dovondan oshgandan keyin ham kamida ikki soat yurishim kerak.

Soat oʻn ikkiga yaqinlashganda, qoʻllarim qaltirab, mashinayam qizib ketib, dovonga chiqishimizga bir chaqirimlar qolgan edi, «Niva» birdan burilib, chap tarafga oʻtdi-da, shunday tik qirga zingʻillab chiqib ketdi. Xayol qildim: samolyotning motori oʻrnatilgan. Qirdan oshib goyib boʻldi.

Shukr qilib, yoqalarga «tuf-tuf»lab tezlikni oshirdim. Dovonga chiqdik.

Shunday chetda DAN posti bor. Qarasam, tanish inspektor yoʻlga chiqib kelyapti. Ola tayogʻini shunday choʻzdi. Toʻxtadim. Xursand boʻlgan chogʻda yana yurak urishini koʻring. «Yoʻlda biron nojoʻya harakat qildimmi?» deb oʻylayman. Inspektor ham — «diktator»ga qarashli odam-da! Ratsiya orqali bir nima degan boʻlsa, pravaning oʻn joyidan teshadi. Bu yoʻlni bir umr orzu qilmaydigan boʻlaman.

Hujjatlarni olib chiqdim.
— Assalom alaykum.

Serjant chest berdi-da:
— Bularni joyiga sop qoʻying, domla. Xoʻjayin «juda odobli bola ekan» dedilar, — dedi kulimsirab.

Karaxt boʻlib qoldim.

Biz bolakay «odob yuzasidan» u kishini yoʻlda qoldirib oʻtib ketmagan ekanmiz!

Voy, muttaham-e...

Ha, undan qutulganimizga ming bor shukr qilib, yoʻlda davom etdik. Hademay xotinning ham chehrasi ochildi, oʻgʻilchamiz ham otasini taniganday boʻldi, qizaloq ham yigʻidan toʻxtadi. Lekin bizning ishimiz rasvo boʻlgan edi: dars oʻtilmay qoldi...

Oradan ikki kun oʻtgan edi deng, bu yoqdan telefon boʻlib qoldi. Ha? «Tezda yetib keling, Vilnyusga joʻnaysiz, oʻzbek san’ati tarixidan ma’ruza oʻqib kelasiz».

Bizning institut bilan ularning instituti orasida shunday — oʻqituvchilarni ayribosh qilish, bir-birining san’ati haqida ma’ruza oʻqish an’anasi bor edi.

Yana yoʻlga tushdik. Endi dovondan tushadigan boʻldik. Birinchidan, vaqtli yetib borishim kerak. Ikkinchidan, biz xoʻjayinga xiyla yoqib qolgan «odobli bola»miz. Bu gal oʻtgan galgidek qiynalmasmiz. Keyin, «xoʻjayin» har kuni shu yoʻldan qatnayvermas...

Koʻngilga taskin berib dovonga yetib keldim. Qarasam, DDN posti berk. Inspektor yoʻq. Ha, «chaqirib olgandir-da», deb oʻyladim. Axir, melisalar, ham u kishining yugirdagi edi-da!

Nishab yoʻl. Anchagina tezlik bilan tushib ketyapman. Lekin butun vujudim koʻz-quloq: tagʻin bir burilishda chiqib qolsa, bilasiz-ku, unday odam yeb turgan taomiga ham tupuradi...

Tushib ketyapman, ketyapman. Tinchlik. Bahor avjida. Yana bulbullar sayrab yotishibdi.

Yoʻlda imoratlari toshdan yasalgan kichkina bir qishloq bor edi, undan oʻtgach, kabob pishiriladigan kafe keladi. Shu qishloqqa yetdim deganda, oʻsha inspektorni koʻrib qoldim. U meni ancha narida ekanimda koʻrgan shekilli, tayogʻini choʻzib turibdi.

Mashinani toʻxtatdim. Har ehtimolga hujjatlarni olib chiqdim. Inspektor oʻrnidan jilmadi.
— Assalom alaykum, — deb oldiga bordim.
— Nega tez kelyapsiz? — dedi u. Chest berish qayoqda! Meni tanimaganday.
— Yoʻq-e, ana spidometrni koʻring, — dedim.
— Koʻrib turibman. Uch soʻm, — dedi.
— Xoʻp-xoʻp. Pulni toʻlab:
— Xoʻjayin yaxshi yuriptilarmi? — dedim. U aftimga ensasi qotgandek qarab turdi-da:
— Xoʻjayin ke-etdi, — dedi.
— Qayoqqa?
— Ketadigan joyiga... Tushundingizmi? Kecha partiyadan oʻchirildi. Bugun ishdan olindi.
— Sabab?
— Xalq... Hamma sizga oʻxshagan «odobli bola»mi?

Shu gap menga ta’sir etib ketdi deng: xuddi oʻsha kungi odobli ekanimni ta’na qilgan edi.
— O’zlariyam odob masalasida kaminadan qolishmas ekanlar, — dedim. Va yana soʻradim: — Nahotki?
— «Aka»lari ketgan odam ketadi-da, — dedi u. — Boshqa «aka»larga yoqmay qoptilar. Bu yoqda xalq turibdi, tishini qayrab... Goʻyo xalqning yonini olishdi ular... Endi yoʻldan qolmang, domla. Yoʻgʻasam, odobda sizdan qolishmasligimni...

U bir nima deb poʻngʻilladi.

Men mashinani minib joʻnadim. Ham xursandman, ham kulaman ham: «O’l, — deyman oʻzimga. — Kuni bitgan ekan-ku? Nega oʻsha kuni muncha qoʻrqding? Xotining, bolalaring oldida sharmanda boʻlding? Qancha asabing ketdi? Vangʻillatib oʻtib ketmaysanmi, nomard!» deyman.

Ul odamning partiyadan oʻchgani, ishdan olib, qamalganini eshitgandirsiz? Eshitmagan boʻlsangiz, oʻzingiz bilgan shunday «diktator»ni eslang: ularning ham boshiga shunday kun tushadi? Balli... O’zi bu hol — jamiyatimiz uchun istisno hol edi-da. Ammo bundan keyin ham oʻylatadigan hol...

Endi bu yogʻini eshiting: oʻzimni soʻkib, nomarddan nomardga solib, tabiiy ravishda endi oʻzimni mard chogʻlab ketayotsam, ishonasizmi, kafedan oʻtgan joydagi burilishdan shunday qayrilgan edim, shunday chap tarafdan — suv sizib oqayotgan qir oraligʻidan bitta... yashil «Niva» gʻuv etib tushdi-da, yoʻlning cheti bilan sekin keta boshladi.

Shunday tormoz beribmanki, boshim oynaga urildi.

«Xudo urdi, inspektor meni aldagan boʻlsa-chi?», deb oʻyladim. Yana «Jiguli»mni sekin haydab, u bilan izma-iz keta boshladim. Boyagi mardligim qayoqqa ketdi deng?

Tezroq yursa — tezlashaman, sekinlashsa-sekin. Qadamiga qarab, ichimni mushuk tatalab, «Yana kechikadigan boʻldim-da!» deb borayotib edim, «Niva» birdan toʻxtadi-da, eshigi ochilib, bitta rus bolasi boshini chiqardi.
— Ha? — dedim. Mashinamni sal ilgari haydab, bu tomonning oynasini tushirdim.
— Chyo tn presleduesh? — deydi.

Qotib qoldim.
— Izvenite, izvenite, — deb mashinasiga zehn solsam, ancha eski mashina.

O’tib ketdim. Yana kulaman: «O’l sen vahimachi! — deyman. — Qoʻrqqanga qoʻshaloq koʻrinadi, degani shu ekan-da... Dadil boʻl-e! Odamsan-ku, anavi «diktator»lar paydo boʻlishidan oldin ham bor eding-ku? Xalqdan ibrat olmaysanmi? Xalq uygʻonayotir-ku...»

Ana shunday qilib, yoʻlda davom etdim. Shaharga kirib keldim.

Lekin bir narsani yashirmay aytaman: hali-hamon shahar koʻchalaridami, ovloq joylardami — yashil «Niva»ni koʻrsam, yuragim orqamga tortib ketadi.

Nega bunday? Aqlim yetmaydi. Balki buyam oʻylab koʻriladigan holdir.

1987