OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiYigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yigʻi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Ogʻzingga qon kelsayam, dushman oldida tupurma.
Hikmat
»

«
Oʻgʻlim Jamshidga
»

Men rahmsiz emasman. Afgʻondagi bosmachilargayam munosabatim aniq edi. Ammo, oʻsha yerda xizmat qilayotganimda bir voqea sodir boʻldiki, hali-hamon uning magʻzini chaqolmas edim.

Biz krepostda turardik. Toshdan yasalgan qoʻrgʻonda. Devoridan odamning boshi koʻrinadi. Devor ortidagi maydonga vertolyotlar kelib qoʻnardi, biz kechasi ularni qoʻriqlardik. Kunduzi har xil topshiriqlarni bajarardik. Goho kechasi ham bosmachilar yaqin kelgani yoki biron qishloqni bosganini eshitsak, boraverardik. Egnimizda oʻq oʻtmaydigan jilet, qoʻlimizda avtomat. Komandir buyursa, bas...

Yonimizda bitta oʻzbek qishlog‘i bor edi. Juda xarob yashaydi u yerning xalqi. Odamlarini koʻrsangiz, achinib ketasiz. Kir-chir, qoʻllari qadoq... Qishloqning oʻrtasida doʻkonlar bor. O’limni oʻylamasak ham, baribir boʻyinga olib qoʻygandik. Bilasizmi, juda qoʻrqmas odam ham, juda qoʻrqoq odam ham tez oʻlar ekan: bitta namanganlik oʻrtog‘im bor edi. Kelganida mayingina yigit edi. Boʻyi mendan ikki qarichlar baland. Olti oy oʻtmasdan bronejilet kiymasdan jangga kiradigan boʻldi. O’limni sira oʻylamas edi. Bosmachilarning snayperlari uni qasdlashgan ekan. Buni keyin bildik... Bir kuni ikkalamiz krepostning yonida — men choʻzilib yotgandim, u toshda oʻtirgandi. Roʻparamizda baland tog‘-toshlar, g‘adir-budir. Daraxt yoʻq. O’rtog‘imga oʻq tekkanini bildim... Eshitdim. O’qning ovozini eshitganim yoʻq; mana shu yeridan — qoq peshonasidan tekkan ekan: chinqirib yubordi. Joyidan sapchib ketdi. Orqaga yiqildi. Men ham oʻrmalab, tosh panasiga oʻtdim. U tipirchilayapti. Toqqa qarab tursam, bir toshning orqasidan sallali kishi chiqdi. Boʻynini choʻzib bu yoqqa qaray boshladi. O’likni koʻrmoqchi-da. Kallasini yo quloq-burnini kesib ketadi. YO avtomatini olib ketadi. Otdim sallalini. Surilib tushib keldi. Ustiga borib, yana otdim. Yoʻq... tushguncha oʻlib boʻlgan ekan.

Miltig‘ini olib keldim. «Bur» degan miltiq ekan. Inglizlarniki. Bizning snayper miltig‘imiz bilan teng turadi. He, keyin koʻp bolalar oʻsha miltiq bilan rasmga tushishdi.

Xullas, juda qoʻrqmas odam ham tez oʻlar ekan.

Men sizga boshqa narsani hikoya qilmoqchi edim. Yaxshiyam oʻrtog‘imning oʻlimini aytdim.

Ana oʻshanda men birinchi marta yig‘ladim. Yig‘ladim-u, shundan keyin boshqa birovning yig‘laganini koʻrsam, toqat qilolmaydigan boʻlib qoldim.

Bitta yigit toʻrtinchi darajali bosh oshpaz ekan. Vzvodga kelishi bilan: «Men oshpaz boʻlaman», deb turib oldi. O’zimizda opshaz bor. Komandir: «Yoʻq», deydi. U boʻlsa... yig‘laydi. Shunda bir-ikkita ruslar ham undan kulishdi.

U bir haftadan keyin birinchi jangda oʻldi.

Sizga aytmoqchi boʻlgan hikoyam yonimizdagi qishloqlik bir oʻzbek bola haqida.

O’n besh yoshda edi. Lekin... yirikkina edi. Gilam doʻppi kiyib yurardi. Onasi, toʻrtta ukasi bor ekan.

O’sha bola menga bitta kuchukvachcha olib kelib bergandi. Qozoqi itga oʻxshaydi. Rasmiyam bor. Mana, oyoqlariga qarang, qanday yoʻg‘on... E, biz qishloqilar bilan yaqin boʻlib qolgandik!

Bir kuni bosmachilar yaqin kelganini eshitdik. Joʻnadik. Oldinda sapyorlar. Orqada biz. Dux ham ergashdi (men unga Dux deb ot qoʻygan edim). Ha-ha, bosmachilarniyam koʻpincha Dux deb atashardi uyoqda. Ular — tog‘ odamlari. Qoʻlga tushirish qiyin. O’ldirdim deb ustiga borsangiz, sizni otib qoʻyadi...

Ha-ha, Dux ham bizga ergashdi. It — it-da. Minani bosib qoʻyishi mumkin. Yoʻlda bir qismdan oʻtayotgandik, uni qoldirdim. Bir kladovkaga qamashdi.

Biz ketgandan keyin shu qismni tekshirishga komissiya kepti. Bitta kapitan haligi omonat uychaniyam ochiripti. Dux unga tashlangan ekan, u toʻpponchadan otipti. Oyog‘iga tegipti. Orqamizdan oqsab yetib bordi. Keyin... uni Hakim olib ketdi.

O’sha bola-da... Ba’zan men bilan gaplashib oʻtirardi. Nima? Qishloqqa oralagan bosmachilar haqidayam xabar berardi. Yoʻl koʻrsatardi ba’zan.
— Sizlar O’zbekistondan kelib qolgan oʻzbeklarmi? — deb soʻrasam, dabdurustdan jahli chiqardi.
— Mumkin sizlar bizdan borib qolgan oʻzbeklar! — derdi.

Men ichimdan quvonardim. Bilasizmi, oʻzbek ekaningni bu yerda — Vatanda qadriga yetmaysan, eslamaysan ham. Ammo chetda... bilinar ekan. Birinchidan, tezda topishasan. Qaysi yurtdan ekanini soʻraysan. Suhbatlashasan. Tiling bir, urf-odating bir... U yerda judayam tez yaqinlashib, jigar boʻlib ketasan ekan. Soʻngra men bir narsani koʻrdim, aniqrog‘i, ishondim: bizning oʻzbek bolalari yaxshi urishar ekan! Mana munday kichkinasiyam tezda yuragini bosib oladi. Qarabsizki, avtomatni koʻtarib ketyapti. Toʻg‘ri, bizdan geroylar kam chiqdi. Lekin geroylik berish bizning qoʻlimizda emas edi...

Nima? U yerdagi talay bosmachilar ham — menimcha, oʻzbeklar edi.

Xullas, haligi afg‘onlik oʻzbek bolayam bizga bir ukadek boʻlib qoldi.

Suhbatimiz endi... U koʻpincha Soyuz haqida soʻrardi. «Sizlar necha jon oilada?» deb soʻrardi. Tag‘in, bizni yaxshi koʻrardi-yu, lekin qandaydir, nima desam ekan, hadiksirab qarardi. U bizga araq olgani borganidayam qandaydir qoʻrqib, ham jirkanib borardi. Yoʻq, ularda suxoy zakon!

Bir oqshom qishloq yaqinida bosmachilar paydo boʻlganini eshitdik. Televizor koʻrib oʻtirgan edik. Komandir buyurdi. Ketdik... O’sha joyga yaqinlashgach, raketa otdik. Haligiday osmonda toʻxtab turadigan raketadan. Mushakni kichkina parashut tutib turadi. Uch-toʻrt minut atrof kunduz kungidek yorishib turadi. Shunda otamiz!

Ular koʻpchilik ekan. Otib boryapmiz, otyapmiz. Oxiri bittasi yaralangan ekan, uni tashlab qochishdi. Oldin borganlar uni tutib kelishdi. Qarasam, haligi Hakim...

Birdan burilib ketdim.

Qoʻrg‘onga qaytdik. Bu yer yop-yorug‘. Projektorlar koʻp-da. Komandir ham shtabdan chiqib keldi. Uning yaqin doʻstlariyam. Bola oʻrtada zoʻrg‘a qiyshayib turibdi: oʻng oyog‘idan qon sizib tushyapti. Meni koʻrdi-yu, birdan yig‘lamoqqa tushdi-ku!
— Aka, meni oʻldirasizlar. O’ldirmanglar. Ular meni olib ketishayotgan edi...
— O’lmaysan, oʻlmaysan, — dedim.
— Yoʻq. O’ldirasizlar!
— Hakim?
— Sizlar asir tushganni oʻldirasizlar!
— Yoʻq, dedim-ku! Seni mana bular ham taniydi...
— Yoʻq, tanisayam oʻldiradi.

Xoʻp, gapi-ku, mayli... Yig‘laganini aytmaysizmi? Chinqirib yig‘layapti deng!

O’lay agar, toqatim qolmadi. Qarasam, ba’zi oʻrislar kulishyapti undan. Shunda, ishonasizmi, kishida milliy tuyg‘u deysizmi, qandaydir or-nomus deysizmi, g‘alati bir tuyg‘ular uyg‘onib ketar ekan: oʻsha boladan emas, oʻzimdan kulishayotgandek boʻldi. Xudo haqqi! Yonimdagi oʻzbek bolalar ham unga yalina ketishdi:
— Yig‘lama. O’ldirmaymiz...
— O’ldirasizlar... Mening aybim yoʻq!

Qiziq gap-a? Uning aybi bor-yoʻqligini biz, xorijdan kelgan askarlar ajrim qilar ekanmiz.
— Qanday qilib ularning qoʻliga tushipti? — deb soʻradi shunda komandir.

Men undan soʻradim:
— Qanday qilib ularning qoʻliga tushding? Ana shunda bola paqir yig‘idan toʻxtadi:
— Men sizlarni yomon koʻraman, — dedi.
— Sekin, ahmoq.
— Sizlar — bosqinchi... Nega bizning yurtga keldinglar? Tinchgina yashayotib edik...
— U yog‘ini hukumatingdan soʻra, — dedim. — Tushundingmi gapimni?
— Hukumatim sotqin, — dedi.

Tavba.

Kimdir shunda bu gapni komandirga tarjima qildi. Bunday paytda hukm qat’iy boʻladi...
— Hakim endi oʻlasan, — dedim.
— Bilardim-da, xunxoʻrlar! — deb yana uvvos solib yig‘lay boshladi.
— Yig‘lama, — deyman. — Mard boʻlsang, oxirigacha mard boʻl, ukajon. Yig‘lab nima qilasan?

Bolalar yana qoʻshilishdi:
— Foydasi yoʻq. Yoshlik qilma... O’lim hammaning boshida bor... uka... Qoʻrqma.

Shunda u battarroq yig‘lasa boʻladimi! Qarasam, qishloq tomonda ham yig‘i boʻlyapti. Chamasi, bolani ovozidan tanishgan. Lekin bizga yaqin kelisholmaydi.
— Uka, yig‘lamasang, seni olib qolaman, — debman shunda. — Mayli, otilib ketsam ham... Xoʻp degin. Seni qamab qoʻyaman. Kechasi chiqarib yuboraman.
— Yalg‘on! Yalg‘on! Sizlar qonxoʻr! Sizlar — oʻzbek emas! — deb tag‘in baqirishga tushdi.

Ha. O’zim avtomatni boʻshatdim.

Shunda... yana tavba deyman, Dux oʻlgur allaqayokdan kelib, menga tashlanib qoldi-ku! Mana shu tomog‘imga intiladi deng. Uniyam otdim.

Qabristoniyam shunday yaqinimizda edi... Xotin, qiz, kampir degani shu kuni kechgacha mozorda oʻtirib yig‘lashdi. Men shunday holatga tushdimki, oʻzimni oʻzim otib qoʻyishimga oz qoldi. Kechqurun ular charchab uylariga ketishdi.

Biz ham yotdik. Qiziq, koʻzimni yumsam, qaytaga Hakimning qiyshaygancha dod solib yig‘layotgani ham, Duxning boʻynimga sapchigani ham koʻz oldimga keladi. Urug‘larining boʻzlab yig‘laganlari eshitiladi.

Oxiri turib oʻtirdim. Yigitlar uyg‘oq, nasha chekishayotgan ekan.
— Mengayam oʻrab beringlar, — dedim.
— Chekmas edingiz-ku?
— Shoyad uxlasam... Ey, bolalar, «bizlar — bosqinchi»mi, a?

Bolalar miq etmadi.
— Nahotki Hakim haq boʻlsa?

Yana jimjitlik.

... O’n yillardan keyin ularning «dux»lari — bosmachi emas, biz — Sovet askarlari — haqiqiy bosmachi ekanimizni tushundim.

Biz g‘aflatda qolgan avlod ekanmiz.

Ana buning uchun yig‘lasa arziydi.

1988