OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiYosuman (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yosuman (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Rassom Qoʻziboyning nazarida, olamdagi insonlarning hammasi ham yaxshi, pok va samimiydir, lekin... ularning orasida qandaydir odambashara yosumanlar borki, shular buzg‘unchilik qiladi: kishilar orasiga nifoq soladi, aloqalarini uzadi, g‘iybatchilik qiladilar va oʻzlari bu qiliqlaridan xursand boʻlib yuradilar. Qoʻziboy sodda edi; yoshi oʻttizdan oʻtgan boʻlsa ham, uzog‘i yili Leningrad rassomchilik akademiyasini bitirib keldi. Urush yillarida ota-onasidan ayrilib, yetim bolalar uyida tarbiya topdi, u yerda shaytonga chap bergan muttaham bilan ham, yotoqdagi choyshabu odeyallarni oʻg‘irlab, xufiya pullaydigan oʻg‘ri bilan ham, kechasi el yotgach, devor osha hamsoyalarning chorbog‘iga tushib, oʻrada sabzisi bormi, qazilmay qolgan kartoshkasi bormi — kanop qopda orqalab chiqib, bankning qorovuliga sotadigan yaramas bilan ham hamtovoq boʻlishiga qaramay, oʻzining bolalarcha sodlaligi va koʻngilchanligi saqlanib qolgan yigit edi. Ana shuning uchun u odamlarning fe’l-atvorlari har xil boʻlishini ham, nihoyat, kishilar orasiga nifoq soluvchi «yosuman»lardan biri — ular mavqeidagi farq, yashash sharoitidagi farq ekanini ham tushunmas edi.

Rassomlar soyuzidan kech chiqqan Qoʻziboy yoʻlda havaskor rassom doʻstini uchratib, uning mashqlarini koʻrgani uyiga kirdi; doʻstinikidan soat oʻn birlarda chikdi. U kam ichar edi, shu sababli bir stakan «oq stolovoy» ham ta’sir qildi, piyoda yoʻlga tutttdi. Ikki xonali kvartirasiga yetib kelgunicha allavaqt boʻlib qoldi. Qoʻng‘iroqni bosdi. Xotini Afruza eshikni ochdiyu, yosh qizlarday quvonch bilan:
— Suyunchi berasiz! Toʻxtang! — dedi.

Qoʻziboy gangib, zal tomonga alang-jalang qaradd u yerda hech kimni koʻrmay, xotinini oʻpmoqchi boʻldi. Afruza tislanib:
— Voy, uyat boʻladi! — dedi.

Qoʻziboy eshikni yopdi-yu, uning orqasida bekinib turgan yoshlik doʻsti Xudoyorni koʻrdi.
— Xudoyor?! E-e! Xudoyor! — u poyafzallarga qoqilib, barvasta, girdig‘undan kelgan doʻstini quchoqlay ketdi. Koʻtarib, yerga qoʻydi. Aftiga tikilib, yana: — Xudoyor! Bu senmisan, doʻstim! — dedi.

Xudoyor miyig‘ida iljayib turardi.

Zalga oʻtdilar. Qoʻziboy u yerda ham bir kishini uchratdi: u doʻstining oʻzidek jussador xotini Norbibi edi.
— E, Norbibi! Keling, kelin! Salom! — dedi u quvonchdan baqirib.

O’tirib soʻrashdilar. Qoʻziboy sevinchdan entika-entika mehmonlarning hol-ahvolini soʻradi. Xudoyor xotini oʻtirgan divan chetidan joy olib, charchagan kishidek stol qirrasiga oʻmgagini tirab oldi:
— Mana, — dedi oʻzini oʻnglab Xudoyor. — Uyinggayam kep qoldik! Norbibi qoʻyarda-qoʻymay shaharga oboring, joʻrangizning uyini bir koʻray, dedi, olib keldim. Hozir otpuskadaman.
— Doʻstim, qachon keldilaring! Hozirmi?
— Ha, hozir poezddan tushdigu toʻg‘ri bu yoqqa kelaverdik.
— Juda yaxshi boʻpti-da, boshimiz osmonga yetdi! Afruz, Afruza, qaerdasan? — Qoʻziboy oshxona yoqqa qarab, gazning big‘illab yonayotganini eshitdi. — Ha, choy qoʻyyapti! — dedi va stolga koʻz tashlab, unda bir pachka shokoladdan boʻlak narsani koʻrmadi: noqulay oʻtirib qolgandek qimirlab, qoshlarini chimirdi, sekin oʻrnidan turdi: axir, oʻzi xotini bilan qishloqqa borib, Xudoyorlarning uyiga kirib qolgudek boʻlsa, dasturxonlari shunaqa boʻlarmidi?! — Hozir, hozir! — deya u shoshib oshxonaga oʻtdi. — Afruz, Afruz... hm, bu qanday boʻldi endi?

Choynakka quruq choy solayotgan xotini unga kulimsirab qaradi:
— Nima, nima boʻldi?
— Hm, — Qoʻziboy choʻntaklariga qoʻlini tiqib, turgan yerida bir aylandi, tomog‘ini qirib, oʻqraydi: — Bu, stolda hech vaqo yoʻq-ku? Nima qildik endi?
— Nima qilardik, hech narsa, — dedi xotini tushunmay.
— Yoʻq, yoʻq, axir... oʻzing bilasan-ku, biz borganda, ular qoʻygani joy topisholmasdi, bor narsalarni oldimizga toʻkib tashlardi.

Afruza bir oz oʻyladi-da, siniq kuldi:
— Nima qipti, ularda bor, bizda yoʻq, boʻlganda qoʻyardik.

Qoʻziboy boshini orqaga qildi:
— Gaping toʻg‘ri! — dedi ta’kidlab. — Ularda bor, bizda esa yoʻq. Afruza, aqllisan-da! Shunga aqlim yetmay, hayron boʻlib turgan edim.

Afruza choyni damlab, gazga qoʻydi. Qoʻziboy ildam odimlab zalga qaytdi-da, yana chikdi:
— Afruza, — deya shivirlab uning yoniga keldi: — Non ham yoʻqmi?
— Nonning suvi qochib qolgan ekan, — dedi Afruza. — Qoʻshnining moliga berib chiqqan edim. O’zlari ham kech kelishdi, hozir magazinlar berk.
— Ha, — Qoʻziboy shunday deb qishloqqa borib qolgan vaqtlarida bularning uyiga qachon kirmasin, hatto tongotar mahalda ham yoʻqni yoʻndirishlarini esladi: — Hm, lekin... bulardan uyatga qoldik-da!
— Nega unday deysiz, axir oʻzingizning joʻrangiz-ku! — dedi Afruza. — Men ulardan soʻradim, qornimiz toʻq, restoranda ovqatlandik deyishdi oʻzlari.
— O, restoranda! — Qoʻziboy qotib kuldi, yana zalga oʻtdi. — Xush kelibsan, doʻstim. Xudoyor, kelinjon! Mana bu boshqa gap! Lekin, Xudoyor, men seni tanqid qilishim kerak, senda feodallik bor, ha, boʻyningga ol! Kelinni hech qachon birga olib yurmagansan.
— Mana, endi boshladik-da, — dedi Xudoyor.

Norbibi xuddi eridek horg‘in koʻrinar, uyning faqir jihozlariga oʻychan qarar, shokolad pachkasini barmog‘ida turtib-turtib qoʻyardi.

Afruza choy keltirgach, Qoʻziboy uni piyolalarga qoʻyib, mehmonlarga uzatdi:
— Marhamat! Marhamat! E, sizlarni qarang-a! — O’ oʻylanib, Xudoyordan soʻradi: — Xudoy, qorin qalay? Afruza aytdi, toʻq emish. Sizniki-chi, kelin, toʻqmi?
— Xudoga shukur, toʻq! — dedi Norbibi va Qoʻziboy kelinning soʻz tarzida qandaydir bepisandlik va kishini tahqirlovchi ohangni uqdi.
— Yoʻq, yoʻq! — deya irg‘ib oʻrnidan turib ketdi:
— Yoʻq, bekorginani aytibsizlar! E, Afruza, shularni gapiga ishondingmi? Axir... Ha-ha-ha! Axir, poezdda restoran qachon bekiladi? Bular yolg‘on gapirishyapti!

Qoʻziboy oshxonaga chikdi. Orqasidan kelgan Afruzaning bilagidan ushladi: — Pul bormi?

— Hozir nima topila qoladi? — dedi Afruza.

Qoʻziboy oʻylanib qoldi:
— Toʻg‘ri! — dedi. — Lekin... Biron narsa qilish kerak-da!
— Bir quti chuchvara bor, shuni qaynataymi?
— O, yaxshi, yaxshi! Juda aqlli xotinsan-da, Afruzam! Bitta oʻpay!
— Unday boʻlsa, siz... biron shisha aroq topib keling!

Qoʻziboyning koʻzlari charaqlab ochilib ketdi:
— Qoyil! Axir, bular aroqsiz oʻtiradimi?!

Qoʻziboy koridorga chiqqanda, ortidan Xudoyor yetib keldi:
— Qaerga ketyapsan?

Qoʻziboy endi oʻz axdidan mamnun boʻlib:
— Yoʻq-yoʻq! — dedi, — sizlar mehmon!.. O’tiraturinglar, hozir, darvoqe, mehmonning ixtiyori mezbonda!

Xudoyor ichkariga qaytdi, xotiniga ma’nodor tikilib qoʻydi. Afruza choynakni Xudoyorning oldiga surib, oshxonaga chiqdi, u kuymalanib, taqir-tuqir qilar ekan, Xudoyor xoʻrsinib manglayini siladi. Norbibi boʻlsa, eriga qattiq tikilib turdi-da, piqillab kula boshladi.
— Nimaga kulasan? — dedi Xudoyor doʻq qilib.

Norbibi yana qattiqroq kuldi.
— Ha, endi... bular mehmon kutib oʻrganishmagan-da, — dedi Xudoyor. — Shaharlik...
— Shaharlik, — Norbibi xaxolab yubordi, soʻng boshini egib: — Shoʻrim qursin! — dedi. — Hoy, meni shu niyatda bu yoqqa op keldingizmi? Ochdan oʻldirasizmi meni? Yoʻlga chiqayotganda shunaqa boʻlishini aytmaysizmiki, yegiligimni olib kelardim.
— Boʻldi! — Xudoyor esnab, toʻng‘illadi: — Restoranda ovqatlanding-ku?
— Restoran emish, — dedi Norbibi. — Tirnoqcha goʻsht bilan ikki dona kartoshka ham ovqat boʻptimi. — U yana uyni koʻzdan kechirib, kuldi.

Xudoyor unga doʻq urmoqchi boʻlib, ilkis qaradi-da:
— Bas, ovozingni oʻchir, — dedi. — Ertalab ketamiz!

Afruza mehmonlardan yana xabar oldi... Bu vaqtda Qoʻziboy past koʻchada mashina kutib turardi. Bir taksi kelib toʻxtadi. Qoʻziboy mashinaga oʻtirib, shoferga iltijo qildi:
— Doʻstim, menga yarimta aroq kerak boʻlib qoldi... uyga aziz mehmon kep qoldi. Tushunasiz-ku? — dedi.

Shofyor aroq sotadigan cholning yoniga oborib qoʻyishini aytdi.
— Lekin qaytib kelmayman, zakaz bilan ketyapman, — dedi shofer.

Qoʻziboy shunga ham xursand boʻldi.

Uyda mehmonlarning suhbati davom etardi:
— Boshqa yerdayam uylari bormi bularning? Yo shumi?
— Bilmadim, — dedi Xudoyor. — Har holda boʻlsa kerak. Shaharliklarning hovlisiyam, kvartirasiyam boʻladi.

Norbibi bosh irg‘ab qoʻydi.

Chuchvarani qozonga solgan Afruza qaytib kirdi.
— Afruzaxon, — dedi Norbibi. — Ertaga uchastkalaringizgayam olib borasizlarmi? Yo qishloqqa shu yerdan ketaveramizmi?

Afruza tushunmadi:
— Qanaqa uchastka? — dedi va kuldi. — Uchastkaga deysizmi? Uchastkamiz yoʻq. Uchastkani nima qilamiz? Bu yer yaxshi!

Er-xotin zimdan bir-birlariga qarashdi.
— Shu-shu, — deya chaynaldi Norbibi. — Bor bisotlaring shumi?
— Ha, shu! — dedi Afruza. — Boʻladi-da!
— Uff...

Qoʻziboy keldi. U Xudoyorni majbur qilib, bir-ikki piyola ichirdi, oʻzi ham ichdi... Norbibi yana oʻzini tuta olmadi:
— Qoʻziboy aka, mashinaga pul yig‘yapsizlarmi deyman?
— Mashinaga?! — Qoʻziboy kulib yubordi. — Mashinaga hojat yoʻq. Ana, koʻchada tramvay, trolleybus bor, boʻladi-da. Mashina sizlarga kerak. Olsalaring boʻladi...

Norbibi rangi oʻzgarib choydan hoʻpladi. O’ringa yotishgach, eriga:
— O’lguday xasis ekan-ku bular! — dedi.
— Bilmadim, — dedi Xudoyor.

Ular suyanchig‘i yozib qoʻyilgan divanda yotishar edi.
— Ertalab gum boʻlamiz bu yerdan! — dedi Norbibi. — Endi bildim! Qani, bular qishloqqa borgach, uyga oborib koʻring-chi, oʻzim bilaman! Qoʻying-e, odamgarchilik ham shu boʻptimi. Bular borganda, oʻzimni qoʻyishga joy topolmasdim!.. Bularning esa parvoyiga

kelmaydi-ya?

Ertalab mehmonlarni Qoʻziboy uyg‘otdi-da, shoshib:
— Yuringlar, masterskoyga kiramiz, — dedi.

Hozir oftob chiqib turibdi. Rasmlar yaxshi koʻrinadi.

Er-xotinga mezbonning bu «odobsizligi» yoqmmadi. Ular eran-qaran oʻrinlaridan turishdi. Yuvindilar. Qoʻziboy ularni ustaxonaga olib kirdi.

Mehmonlar ichkariga qadam bosishlari bilan boʻyoqlar hidi dimoqlariga urildi, bu yerdan tezroq chiqib ketish niyatida, ostonada toʻxtashdi.

Qoʻziboy har xil ramkadagi rasmlarni oʻngladi, soʻng har biriga izoh berib:
— Birinchi taassurot qalay! — dedi.

Xudoyor ham, Norbibi ham bu rasmlarda oʻz qishloqlari, uning manzaralari va odamlarini yaqqol koʻrishdi. Soʻng rassomdan bularning narxini soʻrashdi. Qoʻziboy gangib qoldi, dudmal javob berdi. Qaytib chiqdilar.
— Endi ketamiz! — dedi Xudoyor. — Bozorda ishimiz bor, keyin qishloqqa qaytamiz.
— Muncha tez?! — dedi Qoʻziboy. — Shaharda qurilish koʻp, koʻrish kerak.
— Yangi muzey, kinoteatr! — qoʻshimcha qildi Afruza.
— Bizlar qishloqi, kelin, — dedi Norbibi. — Qurilish koʻp ekan, koʻrdik, kinoni televizorda koʻramiz.

Xudoyor oʻylanib, tushuntirdi:
— Toʻychig‘imiz bor, bir-ikki yuz metr gazmol olishimiz kerak. Bugun yakshanba, vaqt oʻtmasin!
— Choy ichinglar...
— Mana, issiq non olib keldim, — dedi Afruza. — Qaymoq bor.

Chiqdilar. Qoʻziboy qishloqqa borgan mahallari doʻstlarining to katta yoʻlgacha uzatib qoʻyishlarini esladi:
— Boʻlmasam, ishlaringiz bitgach, bu yerga qaytib kelinglar... — dedi. — Vokzalga olib chiqib qoʻyaman!

Xudoyor kulimsiradi:
— Imkoni boʻlsa kelamiz.

Norbibi kuldi:
— Bu yil ertaroq boringlar, kutamiz. Qora kamarga chiqamiz, qoʻy soʻyamiz, tandir kabob qilamiz!

Qoʻziboy sergaklanib, doʻstiga qaradi:
— Boʻpti! — dedi. — Afruza, bu yil albatta boramiz-a? Bir maza qilaylik! Kolbasa jonga tegdi?!
— Boʻtggi, boʻpti! — dedi Afruza.

Mehmonlar xususiy mashinaga oʻtirib joʻnadilar.

Qaytib kelishmadi...

Avji bahor kunlarining birida Qoʻziboy bilan Afruza tog‘ etagidagi qishloqlariga borishdi... Afruzaning tarjimai holi Qoʻziboynikiga oʻxshash edi: u ham urush yillarida ota-onasiz qolib, yetim bolalar uyida tarbiya topgan, shuning uchun ba’zi rasm-rusmni bilmay oʻsgan edi.

Qoʻziboy tanish shoferning uyida mehmon boʻldi, ertasiga Xudoyorga telefon qildi:
— Salom, Xudoyor! Biz keldik! Doʻstim, Qora kamarga chiqamizmi? — dedi.

Xudoyor sukut qildi, soʻng:
— Qoʻziboy, xafa boʻlmang, vaqtim yoʻq. Agar mol kerak boʻlsa, beraman, olib borib soʻyinglar! — dedi.

Qoʻziboy allanechuk boʻlib ketdi:
— Mol... hm, biz nima qilamiz molni? — dedi. — Bizga... yarim kilo goʻsht ham yetadi, doʻstim! Sizlar bilan borsak, boshqacha boʻlardi-da.
— Men chiqolmayman, xotinim ham, — dedi Xudoyor.
— A, hm... unda qachon vaqtingiz boʻladi, biz koʻp turamiz bu yerda!
— Biz.. vaqtimiz boʻlmasa kerak...

Qoʻziboy gangib, trubkani joyiga qoʻydi. Koʻchaga chiqib, xotini yoniga keldi:
— Ketdik, — dedi.

Afruza jilmaydi.
— Gaplashdim, — dedi Qoʻziboy u yoq-bu yoqqa alanglab qarab. — Gaplashdim... Lekin... menimcha, Afruza, Xudoyorni kimdir buzibdi. Ha-ha. Meni unga yomonlagan birov, seniyam... Ha, yomon odamlar, yosumanlar bor hayotda!

1969