OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiYovvoyi gul (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yovvoyi gul (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Vosit nimjon, yalqov va xayolparast bola edi. Madaniy-oqartuv bilim yurtini tamom qilganidan keyin shaharda qoldi. «Shahar haqiqati» gazetasida korrektor boʻlib ishlay boshladi. U olti oy oʻtmay kvartirasini almashtirar, bunga goh oʻzi sababchi boʻlsa — ijara haqini vaqtida toʻlolmasa, goh uy egasi sababchi boʻlar — bu lallaygan bolani yoqtirmay qolar edi.

U shahardan uch yuz kilometr olisdagi yosh, adirsimon togʻlar ostidagi «Gulbahor» qishlogʻida tugʻilgan, otasi dehqon, onasi uy bekasi, yana ikkita ukasi bor edi. Bundan tashqari, albatta uning yor-birodarlari ham bor edi. Ular bunga achinib qarar, lekin, xayolparastligini yoqtirar, uni saflaridan tirsaklashmas edi. Bu qishloq ustidagi adirdan boshqa yerlarda oʻsmaydigan kiyikoʻt va anduzlar koʻp boʻlar, bahor boshlanishi bilan ularning mayin va oʻtkir hidi qishloqqa esib turar edi.

Ana shunday bahor kunlarida Vosit adirlarda sangʻib kunni kech qilar, oshnalari chiqib qolganda, u kunbotarni koʻrsatib, oʻsha yoqda shahar borligi, uning juda antiqaligini aytar va kelgusida oʻzining shaharda yashash orzusini hikoya qilar edi. O’rtoqlari kulgi aralash, vaqti kelganda, uning uyiga mehmonga borishlarini aytar, Vosit ularni jon deb qabul qilishga va’da berar edi.

Vosit bolaligidan nimadir, odamlarni hayron qoldiradigan va oʻzi uchun suyumli boʻlgan bir ish qilishni istar edi. U texnikumni bitirib, gazetada korrektor boʻlib ishga kirgach, bu narsa yozilajak qandaydir mashhur bir asar ekanini ukdi... Lekin uning yozishga qobiliyati yoʻq, jiddiy bir mulohaza qilishga ham erinar edi.

U toʻrt yil umrini shaharda oʻtkazdi. Toʻrt marta qishlogʻiga borib keldi. Har gal borganida uning onasi va ukalaridan tortib yor-birodarlarigacha «Gulbahor»da qolishga undar, Vosit unamay ketib qolar edi. Shunda ular Vositning orqasidan achinishar, ayni chogʻda uning gʻayritabiiy odatlarini oʻylab, u qandaydir katta bir ish qilayotganiga ishonganday boʻlishar edi...

Vosit katta park orqasidagi shofyor oʻg‘li bilan uzzukun janjal qiladigan Navoxon ayaning uyida yettinchi oy ham yashab qoldi. Navoxon aya oʻg‘li ishga ketganida, undan zorlanib, unga aql kirmayotgani, besh yildan buyon bolali bir xotinning izidan yurganini aytib kuyinar, xayolparast Vosit onaga rahmi kelib, uning gapini quvvatlar va shu sababli uy bekasiga yoqib qolgan edi. Lekin, u shofyor yigitga ham yoqib qolgan edi: chunki u ham onasi boʻlmaganda, undan zorlanib, oʻsha ayolni sevishi, onasi esa, u bilan birga boʻlishini istamasligini aytib, uni johillikda ayblardi. Vosit uning ham gapini quvvatlar va hamdardlik bildirar edi. Lekin, gap koʻndalangiga hal qilinishiga toʻg‘ri kelib qolgan kezlarda, miq etmay oʻtirar, uning nazarida, bularning ham hayotida yaqin kelajakda qandaydir, qiziq bir oʻzgarish boʻladiganday tuyular, ular antiqa bir hayot og‘ushida baxtli hayot kechiradigandek boʻlar edi. Biroq oʻzi yozmoqchi boʻlib yurgan asar qanday boʻlishini bilmaganidek, bularni oʻz og‘ushiga oladigan baxtning ham qandayligini bilmas va bu ishlar qanday amalga oshishi haqida ham oʻylamas edi... Toʻg‘ri, gohida oʻylashga tirishib ham qolar, ammo tezda zerikar, oʻy uning yalqov vujudida sarobdek xayolga aylanib ketar edi...

Bu oila ham Vositga yoqar, lekin, ona-boladan ham koʻra, hovli oʻrtasidagi gulzor unga koʻproq yoqar edi. U boshqa xonadonlarda yashaganida ham, hammadan, oʻsha xonadonlardagi gulzorlar unga koʻproq yoqar edi, biroq, bu yerdagi gulzorda ularda boʻlmagan gullar: kosagul, chinnigul va xinalar barq urib ochilib yotardiki, bular unga har qanaqa atirgul, romashka, prezident guli va shu kabi Yevropadan kelgan gullardan oʻn chandon yaqin va qadrdon tuyular edi. Negaki, qishloqdagi uylari oldiga ham onasi har bahor shu xil gullardan ekar edi.

Vosit bu gullarni shunchalik yaxshi koʻrib qolganidan, ularga qarashni tamom oʻz gardaniga oldi. Ularga oʻzi suv quyar, pushtalarini yumshatar, quriganlarini yigab gajimlangan qog‘oz xaltaga solib, Navoxon ayaga berar va «Kelgusi yil ekasiz», der edi... Lekin, Vosit kechalari vodoprovodning suvini gullarga quyib, uning toshib ketmasligani kutib oʻtirar ekan, oʻsha antiqa gullar haqida ham oʻylar va yaqin kelajakda bu gullar takdirida ham qanday qiziq oʻzgarishlar boʻlishini xayol qilar, yana qanday oʻzgarish boʻladi — bu haqda oʻylamas edi.

Vositning oladigan maoshi qornini toʻyg‘azishga zoʻrg‘a yetar edi. Shu sababli ijara haqini toʻlaganidan keyin, qolgan pulini tiyinlab, kunlarga taqsim qilib chiqar va buni hech yerda unutmas edi. Uni koʻpincha pochasi soʻkilib ketgan dag‘al shimda, yoqasi ag‘darib tikilgan oq koʻylakda, tovoni qiyshayib ketgan tagi rezinka tuflida va sochlari oʻsiq holda koʻrish mumkin edi. Boʻm-boʻsh koʻchalarda ham birovga tegib ketadigandek ohista, ehtiyotkorlik bilan chetdan yurar, basharasiga qaragan kishi xayoli boshqa joyda ekanini sezishi mumkin edi.

O’zi nimjon boʻlgan bu yigitga shahar havosi yomon ta’sir qila boshladi. Yuragi siqilib, nafasi yetmaganday boʻlar, gullar qovjiragan mahallarda parkka chiqib, jimjit daraxtlar ostida, oyog‘i tagida g‘ijirlagan barglarning ovoziga quloq solib yurar edi. Uni ba’zida «Planetariy» oldidagi tepacha ustida turgan Pushkinning oqqa boʻyalgan haykali yonida uchratish ham mumkin edi, shunda u Pushkin kabi qoʻlini koʻksida kiborlarcha qovushtirib, pastdaga anhorga oʻychan tikilib turar edi.

Qish kunlarining birida shofyor yigit bolali xotinni olib keldi. Navoxon aya noiloj rozi boʻlgan edi. Lekin xotin bilan urishishga bahona izlar, shunda behudaga Vositni ham xafa qilib qoʻyardi. Bunga ham chidashi mumkin edi. Vosit — u kvartirama-kvartira yashab uy bekalarining dashnomlari va mensimasliklariga koʻnikib ketgan edi. Lekin, joyning torlik qilib qolgani yomon boʻldi: Vosit buklama karavotini oshxonaga olib chiqib yotadigan boʻldi. Bunga ba’zida Navoxon aya achinar, uni qishloqqa ketishga undar, boshqa biron yaxshilik qilishdan ojiz edi.

Bir kuni Vositning oʻng biqini og‘rib turdi. Darmondan ketib yotib qoldi. Doktor chaqirdilar. Ertasi kuni Vosit bir-bir bosib poliklinikaga borganida, uning talog‘i shamollagani ma’lum boʻldi. Kasalxonaga yoʻllanma berdilar. U ishxonasiga zoʻrg‘a kirib bordi, xokisorlik bilan oʻzining betobligini aytib, yoʻllanmani koʻrsatdi. Ular yotishga da’vat qildilar. Vosit Navoxon aya va shofyor yigit bilan quyuq xayrlashib kasalxonaga ketdi.

Kasalxona uning yotib yurgan sharoitidan yuz chandon a’lo edi, toʻshaklari ham yangi, oppoq, palata issiq, ovqat vaqtida tayyor... Bu yangi sharoit Vositga juda yoqib qoldi. U kasallar bilan inoq boʻlib ketdi. Endi u istaganicha xayol surishi mumkin edi. Keyinchalik, u tuzalib chiqqanidan keyin, turmushi tamom oʻzgarib ketadigandek, xayollari amalga oshib, qarshisida antiqa olam ochiladigandek va oʻz yaratishi kerak boʻlgan asar ham endi yoziladigandek tuyula boshladi. Biroq, uning tuzalishi sekinlik bilan boʻldi. Doktorlar unga apelsin, limon, mandarin va oʻzimizning bozorda sotiladigan mevalardan yeyishni tavsiya etar, u esa, bularni iste’mol qilishdan mahrum edi. Faqat ba’zi bemorlar unga achinganidan bitta-yarimta meva tutqazar, Vosit mamnun boʻlib, uni yeb olar edi... Undan keyin kelgan, shu kasal bilan og‘rigan bemorlar ham bir yarim-ikki oyga qolmay shifo topib ketishdi, Vosit toʻrt oy yotib qoldi. Bu orada redaktsiyadagi sekretar qiz bilan korrektorlar boʻlimining mudiri ikki marta xabar oldi. Onasi bitta ukasi bilan bir marta kelib ketdi va bu gal ham Vosit tuzalib chiqqanidan keyin qishloqqa ketishini yolvorib soʻradi. «Tuzalib chiqay, keyin ma’lum boʻladi», dedi Vosit.

Vosit kasalxonadan chiqqan kuni Navoxon ayaning uyiga bordi. Aya ham, shofyor yigit ham uni iliq kutib olishdi va koʻrgani borisholmaganlarini aytib, turmush tashvishlaridan nolishdi. Vosit endi oshxonada emas, karavotini gulzor yoqasiga qoʻyib yotar edi. Chunki, koʻklam boshlanib, havo isib ketgan edi. Lekin, u redaktsiyada koʻp ishlolmas, tez charchab qolar, doktorlar ham unga koʻp urinmaslik, og‘ir ishlarni esa, mutlaqo qilmaslikni uqtirgan edi. Shuning uchun korrektorlar boshlig‘i ham, boshqa xodimlar ham unga qiya qarashar va gazetada xato koʻp ketayotganidan nolib qandaydir boshqa ish qilishni shama qilishar edi... Ilgari bundoq muomalaga duch boʻlmagan Vosit xafa boʻla boshladi. U endi kelajak qish haqida oʻylab, yana kasalga chalinishi mumkinligini chamalar, boshqa xonadonga koʻchib oʻtishni avvalambor istamas, soʻng bu koʻchishlar joniga tekkan edi... Endi oʻzining kelajagi va kelajak yorqin hayoti unga bir sarobdek koʻrina boshladi. Yodiga tug‘ilgan qishlog‘i tez-tez tushadigan boʻlib qoldi.

Aprelning oʻrtalari edi. Redaktorning tashabbusi bilan xodimlar bir avtobus boʻlib, Oyna toqqa lola sayriga chiqadigan boʻlishdi. Buni eshitib, Vositga jon kirdi. Sayrga boradiganlar besh soʻmdan profkomga toʻlashi kerak edi, chunki, u tomonda qoʻy soʻyishmoqchi edilar... Vosit ham asrab qoʻygan pulidan badanini uzgandek qilib, besh soʻm chiqarib berdi.

Tong mahali oʻzlari ijaraga olgan avtobusda joʻnashdi. Shivalab yomg‘ir yog‘ib turar, havo bulutli edi. Toqqa yetguncha yomg‘ir tinib, koʻk ochilib ketdi. Bahor butun koʻrki bilan koʻzga tashlanar edi. Bir kun ilgari borgan boʻlim boshlig‘i bularni Nanay qishlog‘ining loyi qotgan koʻchasida kutib oldi. Chuvurlashib, quvnashib, avtobusdan tushdilar. Boʻlim boshlig‘i mahalliy agronomning uyida joy hozirlagan ekan. Kirib joylashdilar. Taom tayyor boʻlguncha atrofni aylanib kelish haqida taklif tushdi. Hamma rozi boʻlib, qoʻzg‘aldi. Biroq, yig‘ilib kelgan qishloq bolalari lola hali kam ochilgani, tog‘ning baland kungay betlaridagina borligini aytishdi. Hamma mamnuniyat bilan oʻsha yerlarga chiqishga rozi boʻldi va bolalarga ergashdilar. Ammo lola oʻsgan adirning etagiga yetguncha charchab qolishdi. Loladan hafsalalari sovib, tevarakni tomosha qilish va oyoq ostida ochilib yotgan mitti sariq gullardan terish bilan cheklandilar. Vosit xayolparastlik bilan gangib, oʻtlokda turar edi. Xayolidan bolaligi oʻtgan qishloqlari ortidagi adirlar, bolalikda oʻzining oʻsha adirda yurgani, oʻtirib ufqqa tikilgani oʻtar edi. Shunda birdan unda adirga koʻtarilishdek tiyib boʻlmas bir istak uyg‘ondi. Dili hapriqib, goʻyo shu adirga chiqib ufqqa qarasa qandaydir orzulari birdan roʻyobga chiqadigandek, goʻyo oʻzi koʻpdan beri shuni kutib yurgandek tuyuldi. U shunda doktorlarning koʻp yurmaslik, og‘ir ish qilmaslik haqidagi oʻgitlarini ham unutdi va adirga tirmashib chiqa boshladi. U darmonsizlikdan charchar, ammo, buni oʻziga olmas edi. Adirga chiqib ham bordi. Ufqqa qaradi. Ufqda katta, yalang tog‘ koʻndalang turar edi. Vositning nazarida hozir quyosh shuning orasida botayotgandek, ufq qip-qizildek tuyuldi.

Beixtiyor yonidagi toshga oʻtirdi. Shunda qaerdandir juda tanish bir hid dimog‘iga urilayotganini sezdi. Birdan sergaklanib alangladi va tevaragida koʻm-koʻk, koʻrpadek boʻlib yotgan kiyikoʻtlarni koʻrdi. G’alati bir titroq bilan qoʻzg‘alib, katta bir tup oʻtning boshiga bordi. Egilib hidladi. Dili yorishib, koʻpdan izlab yurgan narsasini topgandek boʻldi. Shunda etakda shapaloq barglarini yozib yotgan anduzlarni koʻrdi va yuragi hapriqib, koʻzlariga yosh kelayozdi. Yugurgilab ularning boshiga bordi. Shunda orqadan xodimlarning chaqirayotganini eshitdi. Turib, adir boshiga keldi. Ikkita olti yashar bola qoʻli bilan koʻkatlarni ushlab, tirmashib chiqib kelar, pastdan korrektorlar boʻlimining boshlig‘i qoʻllarini yuqoriga koʻtargancha qichqirar edi. Bu bolalar — ma’sul sekretarning bolalari edi.
— Vosit! Tushing, tushing axir! — deb qichqirdi u. — Sizni koʻrib bular chiqib boryapti. Keta-mi-iz!

Vosit birdan oʻzini aybdor his etib, pastga tusha boshladi. Ammo bu adirdan juda ham ajralgisi kelmadi. Nima qilishini bilmay, bir zum ikkilanib turdi-da, soʻng kattagina bir tup kiyikoʻtni tutamlagancha ushlab torta boshladi. Uzun tomiri uzilib, bir misqol tuproqni tomirlari bilan changallaganicha oʻt uning qoʻliga keldi. Vosit loyini tushirmaslikka harakat qilib tusha boshladi. Biroq, qumli tuproq tezda toʻkilib, kiyikoʻtning qizg‘ish tomirlari banka ichida oʻsgan tomirlardek taralib qoldi. «Zarari yoʻq», deb oʻyladi Vosit; bolalarni zoʻrg‘a qaytarib, pastladi.
— Kasalman der edingiz, kasal ham toqqa chiqadimi? — dedi boshlig‘i. Vosit g‘amgin jilmayish bilan javob berdi. Lekin kasalligi oʻzini tezda koʻrsatdi. Agronomning uyiga yetmasidan oʻng biqinida bir nima tugilib qolgandek boʻlaverdi. Ovqatga ishtahasi boʻlmadi.

Shaharga kechqurun qaytib ketdilar. Vosit kiyikoʻtni tutganicha Navoxon ayaning uyiga kirib bordi.
— Bu gulni ekamiz, aya, — dedi. — Koʻpayib ketadi. Bu yovvoyi gul, kiyikoʻt. Madaniy boʻlib ketadi.

Aya uni hidlab koʻrib, xursand boʻlganini aytdi.

Vosit gulzorda rosa joy tanlab, gulni koʻrinib turadigan yerga, rayhonlar ekilgan joyning pushtasiga ekdi.

Kunlar isigan sari vodoprovodlarning suvi ham kamaya boshladi. Suv faqat kechasi kelar, gulzorni sug‘orishga esa, Vositning negadir hafsalasi yoʻq edi. Bir kuni kiyikoʻtdan xabar oldi-yu, xafa boʻlib ketdi. Pushtaga ekilgan oʻtga suv yetmas, uning yaproqlari hamon koʻk boʻlsa-da, qovjiray boshlagan edi.

Bir kuni Vosit ishdan haydaldi. Endi qanday ishga kirish, ijara haqini qanday toʻlash haqida oʻylanib, uyga keldi. Shunda birdan qishning yaqin qolgani yodiga tushdi. Shunda oʻzining ham juda holdan toyganiga fahmi yetdi. Kechgacha darvoza yonida oʻtgan-ketganga qarab oʻtirdi-da, keyin hovliga kirdi va birdan oʻtini eslab, uning qoshiga bordi. Dong qotib qoldi.

Kiyikoʻt choʻp boʻlib qolgan edi. Uning tomirini kavlab koʻrgisi keldi, biroq, buni orqaga surib, uning boshiga choʻnqaydi. Shunda birdan koʻngli buzilib, shu oʻt oʻsgan adirni esladi va beixtiyor kuyindi: «Nimaga buni shu adirdan olib keldim. Usha yerda oʻsaversa, qurimasdi», deb oʻyladi. Shunda birdan nimagadir oʻzi haqida oʻylab qoldi va zoʻr taajjub bilan oʻzini shu gulga oʻxshatdi. Koʻngli buzilib ketdi, oʻzining xor-zor yurganlarini esladi. «Nima uchun? Nima uchun?» dedi. Javob topolmadi-yu, oʻzining ham shu guldek qovjirab borayotganini, yaqin kularda shu guldek qurib, choʻp boʻlib qolishini oʻyladi. «Yoʻq, mening joyim oʻsha yoq», deb oʻyladi. Bu oʻy Vositning umrida birinchi jiddiy oʻy edi. Shuning uchunmi yo boshqa sababdanmi, bu unga kuchli ta’sir qildi. Ertasi kuni kechqurun karton chamadoniga eski-tuski kiyimlarini joylab tashqariga chikdi-da:
— Xayr, oyi, mendan yomonlik oʻtgan boʻlsa, kechiring, — dedi. — Kiyikoʻt tog‘da oʻsgani ma’qul ekan.

Ijara haqini toʻlab, darvozadan chiqib ketdi.

1966