OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiZov ostida adashuv (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zov ostida adashuv (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

O’shanda yetti yoshlarda edim. Tog‘da yashardik. Otam choʻpon, onam sut sog‘uvchi. Bitta singlim ham bor. O’tovimiz Zovboshidan besh-olti chaqirim naridagi kungay betda edi. Biz bu yerga yozning boshlarida chiqib kelardik: koʻchlarimiz aravaga ortilgan, onam, singlim va men yuklar ustida oʻtirardik. Otamiz aravaga qoʻshilgan otni yetaklab borardi. U aravani bizda ot arava deydilar, keyin bilsam, boshqa nomi — qoʻqon arava ekan... Shunday qilib, koʻngay betda kuzning boshigacha yashardik. Otamning choʻpon-choʻliqlari ham bor edi, otam shular bilan ikki suruv qoʻyni boqishar, onam qoʻylarni sog‘ib, sutini separatordan oʻgkazar, qatiq qilar, men boʻlsam, qoʻzichoqlarning ketidan chopqillab yurib, onasiga emdirish payti kelganda koʻmaklashar, keyin ularni ikki qoziqqa uchlaridan bog‘langan ipdagi halqalarga boshini solib, ya’ni koʻganlab yurardim. Otam ham, onam ham menga koʻz-quloq boʻlishar, ayniqsa Zovboshi tomonga boraman desam, aslo yoʻl qoʻyishmas edi. Chunki Zovboshi xavfli joy, har xil yovvoyi hayvonlari bor, changalzorlari moʻl. Men buni uyimizdagi gaplardan koʻp eshitgan edim. Goho bironta echkining ortidan bir-ikkita qoʻy ergashib zovostiga tushib ketgan boʻlsa, choʻliqlar uni izlamayoq qoʻl siltab qoʻyishar edi. Chunki u yerda boʻrilar ham koʻp boʻlar emish. Bir kuni otam: «Zov ostiga ikki polvon tushib ketdi», deganini ham eshitganman. Polvon degani ayiq degani. Bitta choʻpon: «Arg‘amchiyam bor ekan, koʻp chirilladi», degandi. Arg‘amchi — ilon degani. Nima uchundir tog‘da koʻp hayvonlarni, jonivorlarni oʻz nomlari bilan atashmaydi. Masalan, boʻrini ham jondor deyishadi. Xullas, Zovboshiga borishimni taqiqlab qoʻyishgandi uydagilar. Odam degani qiziq boʻlarkan: nimani taqiqlashsa, shuni koʻrging kelar ekan. Men ham Zovboshini koʻrgim kelar, lekin odobli bola boʻlganimdan, ota-onamning gapidan chiqmas edim. Buning ustiga, otam — orden olgan choʻpon. Shunday odamning oʻg‘li beboshlik qilsa yaxshimas-da!

Lekin kuz kunlarining birida oʻz ixtiyorim bilan emas, sharoitning taqozosi bilan, beihtiyor, Zovostiga kirib qoldim. Naq bir kecha-kunduz u yerda adashib yurdim. Shuni sizga hikoya qilib bermoqchiman.

Kuz kirib, tog‘ choʻqqilarini qor bosdi. Uyoqdan esgan sovuq shamol oʻtovimiz chang‘arog‘idagi kigizni hilpiratar, shunda oʻtov zir-zir titrar, shamol keragalar orasidan ichkariga kirsa, uy oʻrtasida yashnab turgan choʻg‘imizni ham yalab oʻchirib ketardi. O’tovni koʻrgan boʻlsangiz, u shunday boʻladi: tepasi ochiq, tuynuk misoli. Shu tuynukka chang‘aroq oʻrnatilgan. Chang‘aroq degani — gumbaz shaklida qilib xodalardan yasalgan panjara. Shu panjaraning ustini bir parcha kigiz yopib turadi. U kigizning bir uchiga chilvir bog‘langan boʻlib, chilvirning ikkinchi uchi eshikning biron yeriga oʻrab qoʻyiladi. Havo ochiq kunlari va uy oʻrtasidagi oʻchoqqa oʻt yoqilganda, ana oʻsha ipning yordamida tuynuk ochiladi. O’tovni koʻtarib turgan qiyshiq, yovvoyi tol shoxlarini uvuq deyishadi. Shu uvuqlar keragaga mahkamlangan boʻladi. Keraga degani — bir-bir yarim metr balanddikdagi shaxmatnusxa qilib yasalgan oʻtovning poydevoridir. Keragalarning uchlari bir-biriga yaqinlashgan joy — eshik. Bu ma’lumotlarni aytishimga sabab shuki, koʻp shaharliklar bularni bilishmaydi. Axir, bilgani yaxshi-da.

Qisqasini aytganda, tog‘dan bizga qishning yaqinlashganidan xabar beruvchi shamol esa boshladi. Bir kechasi sevalab yomg‘ir yog‘ib oʻtdi. Ertalab otamiz:
— Kampir, uyni buz, koʻchamiz choʻlga! — dedilar onamga.

Shuni ham aytishim kerakki, oʻtovni tiklash va buzish faqat ayollarga tan, qadim-qadim zamonlardan shunday. Ular bu ishning piri boʻlib kelgan, juda oʻrinlatishadi.

Lekin shoshilish kerak edi, choʻpon-choʻliqlar ham yordamga keldi, men ham qarab turmadim. Birpasda oʻtovni oʻragan kigizlarni tushirdik, uyning yog‘ochdan tiklangan tanasi qaqqayib qoldi. Keyin ularning ham chandilgan iplarini yechib, ayirib ola boshladik. Tushga qolmay, yukimiz ot aravaga ortildi. Bir piyoladan choy, bir kosadan qatiq ichdik-da, yoʻlga tushdik. Choʻpon-choʻliqlar mollarni oldin haydashdi. Biz orqada — har galgiday bu gal ham men, singlim, onam yuklar ustida oʻtiribmiz. Otam piyoda, otning yugani uchiga bog‘langan tizimchadan ushlab ketyapti. Tekis joylar kelganda, otga minib ham oladilar.

Xayr, tog‘! Xayr, yurtimiz. O’rmonlar, xayr! Qoʻzi boqib, irg‘ishlab yurgan oʻtloqlarim, xayr! Yanagi yozgacha xayr sizlarga!

Nima uchun choʻlga ketyapmiz? Shuning uchunki, choʻlda hozir havo iliq, qishning yarmigacha ham oʻt boʻladi. Bu paytga kelib, tog‘ni qalin qor qoplab oladi. Choʻlda ham yurtimiz bor. Yurtimizga yaqin yerda sovxozning atrofi chipta devor bilan oʻrab qoʻyilgan qoʻtonlari koʻp.

Quyosh chiqib turgan boʻlsa ham, nuri ojiz edi. Yelkamizni isitmas, lekin yoqimli edi. O’rmon ichidan ketgan yoʻlda boryapmiz. Bu — aralash oʻrmon, ya’ni turli-tuman mevali va mevasiz daraxtlari koʻp boʻlgan oʻrmon. Archa ham serob. Qarang, haqiqatan ham kuz tushib qolgan. O’riklarning yaprog‘i qizil, qontalash. Xuddi birov ular shoxiga bir satil qizil boʻyoqni sepib tashlaganday. Pastga egilgan yaproqlari sariq ipakday mayin. Koʻzga shunday jozibali koʻrinadiki, uzib-uzib, g‘arch-g‘urch tishlaging keladi. Onda-sonda, goh oʻng, goh soʻl tomonimizdan kaklik sayrab qoladi. Unga qoʻshilib yonimdagi qafasda turgan kakligimiz ham sayraydi. Men quvonaman, kaklikka taqlid qilgim keladi. Hakkalar koʻp, ular daraxtlarning chakalak shoxlari orasida tipirchilab, yaproqlarni uchirib yurishadi. Xuddi bizni izma-iz ta’qib etib borayotganday, goho shoshib chiqib, g‘oq-g‘oq deganicha uchadi. Tog‘da yashaganingdan keyin tabiatning koʻp sirlarini bilib olarkansan... Hoziroq sizga aytib qoʻyay, agar u sirlardan bexabar boʻlganimda, kim biladi, Zovostidan qaytib chiqolmay, anavi yoʻqolgan qoʻylarning ahvoliga tusharmidim! Masalan, hakkani bizda ayg‘oqchi qush deyilar. U boshqa jondorlarni xavf kelayotganidan xabardor qilib turadi. Lekin, biz xavfli dushman emasmiz, shunday boʻlsa ham, u ovozini baland qoʻyib uchgani-uchgan. Nima ham deysiz? Qush. U bizning koʻnglimizni qaerdan bilsin? Kakliklarga qiron keltiruvchi ovchilar deb oʻylayapti-da. Mayli, oʻylayversin, uning ishi.

Bu oʻrmondan chiqib, jar yoqalab keta boshladik. Oyog‘imiz ostida darz ketgan mallarang tovalar. Arava taqir-tuqur qiladi. Yoʻlda donlab yurgan malla toʻrg‘aylar childirab uchadi. O’ng tomonimizda oʻrmon choʻzilgan. Chap tomonimiz... chap tomonimiz bir-ikki terak boʻyi pastlik. Uyoqqa qaramaslikka harakat qilaman. Qarasam, boshim aylanib, dumalab ketadiganday boʻlaman. Lekin bari bir koʻz qirimni tashladim. Shunda pastlikdagi yengil tuman bosib yotgan oʻrmonlarni koʻrdim, oʻrmonlar adog‘i juda uzokda, uyoqdagi tog‘ etagiga tutashgan, tog‘ esa quyidagi jarlikni otning taqasidek oʻrab olgan. Shunda birdan Zovboshida ketayotganimizni payqadim. Zovboshi... bu soʻz ham tog‘liklarga xos soʻzdir. Zov degani — xuddi biz yurib borayotgan yoʻl boʻlsa kerak. Zovosti-chi? Anavi koʻz zoʻrg‘a ilg‘aydigan pastlik, undagi changalzorlar boʻlsa kerak.
— Ota, ota! Zovboshi shumi? — deb baqirdim.

Onam nimagadir mening tizzamga turtib qoʻydi.

Singlim ham:
— Qani? Shumi? Viy, muncha chuqur! — dedi.

Otam juda gavdali, og‘ir, kamgap odam. Egnida chakmon, oyog‘ida kirza etik. Chakmonning ustidan ikkita belbog‘ bog‘lab olgan. Boshida telpak. Yozda ham, qishda ham telpakni yechmaydilar, issiq kiyinib yuradilar... Otam gapimni eshitdi: yelkasi osha bir qaradi-da:
— Ha! — deb toʻng‘illab qoʻydi, soʻng otni Zovdan chetlatib hayday boshladi.

Yoʻl nishob edi. Tushib ketyapmiz. Goho otning tuyog‘i silliq toshda sirg‘alib ketadi. Otam toʻng‘illab, uni toʻg‘ri yoʻlga soladi. Onam bir qoʻli bilan singlimning, bir qoʻli bilan mening bilagimdan mahkam ushlab olgan.

Zovboshi... biz pastga tushganimiz sari zov ham pasaya boshladi.

* * *

Etakka tushib, yana yalpi archazor oralab ketdik. Bu yerlar juda ham nam ekan. Chamamda, Zovboshida yoqqan yomg‘ir suvi shu qadar tiniq, uning xushboʻy hidi shu qadar anqiydiki, entikib ketasan kishi! Yoʻq, men bunaqangi kuzni ilgari koʻrmaganman. Koʻrgan boʻlsam ham, qadriga yetmaganman, chunki yosh boʻlganman-da. Hozir maktab yoshidagi bolaman. Demak, esliman! Bu oʻrmonning ham etak tarafini tuman qoplab olgan ekan. Qaerdan paydo boʻlgan bu tuman? Bilmayman. Balki Zovostidan oqib kelgandir. Tumanga kirdik, buning ham oʻz gashti boʻlar ekan. Xuddi tushdagi, ertakdagi bir makonga kirib borayotgandek sezasan oʻzingni. Oqish tuman yelkalaringni, boshingni silab oʻtadi. Hayratlanasan. Yana nimagadir qoʻrqasan.
— O’ranib oʻtiringlar, nam tortasiz, — dedi otam.

Bu gap ham men uchun yangilik boʻldi, demak, tumanda kishi nam tortar ekan. Choponimga oʻranib, qalpog‘imni bostirib oldim. Onam singlimni bag‘riga tortdi. Juda baland archalar orasidan chiqib, rezgi archalar orasidan yurayotganimizda, bir ariqqa duch keldik. Bu ariq ham emas, suv urib ketgan arna edi. Otam otni uyoqqa haydadi, buyoqqa haydadi. Yoʻl yoʻq. Arnasi tushmagur yoʻlimizni naq koʻndalang kesib oʻtgan. Oxiri arna qirg‘oqlari pasaygan joyni topdilar-da, otni shitob bilan haydadilar. Ot tipirchilab pastga tushdi va uning oldingi oyoqlari tizzasigacha loyga botib ketganini koʻrdim. Otam, chamamda, otni tislantirmoqchi boʻlib, yuganni silkitdilar. Lekin ot buni tushunmadimi, olg‘a sakradi. Yana sakradi va narigi betga chiqib oldi-yu, aravani odam boʻyi g‘ildiraklari loyga botib qoldi. Ot jonivor kuchanib olg‘a intiladi. Arava silkinadi. G’ildirak jilgan boʻladi-yu, yana chuqurroq botadi. Otam egarga chiqib, u betga sakrab oʻtib oldilar. Keyin yuganni tortib:
— Hay! Choʻ, choʻ! — deb hayqira boshladilar.

Qani arava jilsa! Ot zoʻriqib intiladi, uning koʻkragidan oʻtqazilib, arava biqinlariga bog‘langan ayili uzilgudek boʻladi. Oxiri otam g‘azab bilan loyga tushdilar. Aravaning bir g‘ildiragiga yelkalarini tirab, otga madad berib, yana:
— Choʻ! Choʻ, jonivor! Ha! — deya boshladilar.

Oxiri bundan ham natija chiqmasligi ma’lum boʻldi. Onam:
— Qoʻying, otasi. O’zingizni koʻp urintirmang! Biz tushaylik, arava yengil boʻladi, — dedilar.

Onam bir amallab tushib oldilar. Keyin otam men bilan singlimni koʻtarib, sohilga opchiqib qoʻydilar. Aravaga bir balo boʻlganmi? Shundan keyin ham chiqmasa boʻladimi!
— Yuklarniyam tushiraylik! — dedilar onam.
— E, tushirib oʻtiramizmi, — dedi otam. — Men picha shox-shabba kesib kelay, g‘ildirak ostiga tashlasak, shoyad chiqib ketsa!

Shunday deb otam aravadan belkurak bilan boltani sug‘urib oldilar. Belkurakni yerga sanchib qoʻyib, boltani koʻtargancha oʻrmonga kirib ketdilar. Biz sohilda junjikib qoldik. Bu yerda kakliklarning ham ovozi eshitilmas, oʻzimizning kaklik ham qafasda hurpayib olgan edi. Menimcha, namgarchilikda kaklik sayramasa kerak. Oradan sal vaqt oʻtmay, tuman qoplagan oʻrmondan boltaning gup-gup ovozi eshitila boshladi.
— Ena, men ham boray, qarashaman, — dedim.
— Yoʻq, jilma! Bu yerda adashib ketasan, — dedilar onam.

Men nari-beriga yurib, g‘ildiraklariga qarayman. Naq yarmi botib kettan-a! Ot jonivor zoʻriqqanidan koʻzlarini olaytirib pishqirib qoʻyadi, koʻkragidan va sonidan aylanib oʻtgan tasmalar tagi ter boʻlibdi. Pishqiradi, chuqur-chuqur nafas oladi. Singlim qoʻrqoq, onamning bilagidan ushlab olgan.
— Ena, qop ketsak-a? — deydi.
— Nafasingni oʻchir! — deydi onam.

Men, ota-onam ishlayotganda tek turib oʻrganmagandim. Albatta otamga yordamga borishim kerak, deb ahd qildim. Qanday yordam beraman? Hozir izlari bilan boraman... Shoh koʻtarishib kelaman... Keyin, yoʻlda otam meni maqtaydi, onam ham yelkamni silab qoʻyadi. Hammavaqt shunday boʻlgan.
— Xoʻp, bormasam bormadim! — dedim-da, bir muddat choʻnqayib oʻtirdim. Tuman qoplagan oʻrmon sokin, shunday sirli ediki, goʻyo oʻn qadam yursam, bu tumandan chiqaman-u, buning sirini ham bilib olaman. — Uf, — deb turdim-da, yura boshladim.

Keyin otamning iziga tushdim va birdan chopgan edim, onam baqirdi. U kishi quvadi, ushlab oladi, deb chapga burildim, keyin oʻngga burildim, keyin toʻg‘riga qarab yugurdim va bitta rezgi archaning qoshiga yetib toʻxtadim. Qarasam, onam yoʻq... Ha, zoʻrman! Qutulib ketibman, deb oʻyladim. Xoʻsh, otam qaerda? Tek turib quloq soldim. Shundoq yonginamdan boltaning taq-tuq ovozi kelardi. Joʻnab qoldim. Novcha archa ostidan oʻtdim. Kattakon qoya dumalab yotgan ekan, uni ham aylanib oʻtdim. Kichkina yalanglikka chikdim. Otam qani? E. boltaning tovushi mana buyoqdan kelyapti-ku? Shu yoqqa qarab yurdim Aralash boʻlib oʻsgan daraxtzorga kirdim...

Nima qilayki, men shu yerda adashdim. Keyin bilsam, boltaning ovozi meni aldagan ekan. U oʻrmonda aks sado berib, har tarafdan eshitilayotgan ekan. Men gangib yuraverib, chopaverib, naq Zovostiga kiradigan yerga borib qolgan ekanman.

* * *

Endi boltaning ovozini ham eshitmasdim. Ota-onam, singlim va aravamizni ham izlay-izlay charchagan, adashganimga iqror boʻlib, ularning ketib qolishganiga ham ishonar edim... Nima qilishim kerak? Atrofga qarayman. Yonginamda ikki odam boʻyi qoya turibdi. Uning tepasidan suv sizib tushyapti. O’sha yerda mitti buloq boʻlsa kerakki, suvning yoʻlida maysalar oʻsgan. Odatda shunday boʻladi: hamisha suv oqib turadigan ariqdagi toshlarni ham zuluksimon maysalar qoplab oladi. Unda toshlarga oyoq qoʻyish ham xavfli, sirg‘alib ketadi kishi. Nima qilish kerak? Alanglayman. Sal narida ayri archa oʻsgan, tanasi bitta-yu, bir qarich koʻtarilgach, boʻlinib ketgan. Uning chakalaklari shu qadar tig‘izki, qush ham uchib kira olmasa kerak. Qiziq: archaning quyi shoxlarida bittayam yaproq yoʻq, hammasi toʻkilib ketgan. Ana, tagida koʻrpa boʻlib yotibdi. U yerga borgim keldi, lekin yuragim dov bermadi. Men, hamon ota-onam bilan koʻrishishga umid qilar, ular meni izlab topishlariga koʻz tutar edim. Shuning uchun ularni chaqira-chaqira xirillab qolgan tomog‘imni yana ishga solmoqchi boʻldim. Biroq endi nimadandir qoʻrkdim. Ovozimni chiqarmasligim kerak deb oʻyladim.

Shunisi qiziqki, biz hali Zovboshidan oʻtgan boʻlsak ham, men hozir naq shuning og‘zida turganimni oʻylamas, oʻzimni oʻrmonda adashgan, uning qaeridadir qaqqayib qolgan deb oʻylar edim.

Nima qilish kerak? Jim oʻtiraversam oʻtiraveraman. Yig‘lagandan ham foyda yoʻq. Aqlni ishlatish kerak. Xoʻsh, nima qildim endi? Nima qilib boʻlsa ham odam yurgan soʻqmoqni topishim kerak. Soʻqmoqni topib, shu yoʻl bilan ketsam, albatta bir «yurt»ga borib qolaman. Tog‘da «yurt» deganda choʻponlar qoʻnadigan, oʻtov tikadigan yerni ham tushunishadi.

Ehtiyotkorlik bilan atrofimni koʻzdan kechirdim, yerga tikilib, nari-beri yurdim. O’z izlarimni koʻrdim. Yoʻq, bu izlardan ketmayman... Menga soʻqmoq kerak!

Qoyaning tagidan oʻtgan edim, ne koʻz bilan koʻrayki, roʻparamda uzungina yolg‘izoyoq soʻqmoq choʻzilib yotibdi! Irg‘ib shu yoʻlga tushib oldim. Qiziq, tuprog‘i oq boʻlsayam loy ekan-a. Nega buning tuprog‘i oq? Ha-a, soʻqmoq yoqalab ketgan qoyalarning tagi oq ekan, shundan uvalanib toʻkilgan. Qaniydi biron odamning izini koʻrsam, shunda bu soʻqmoqdan odam yurganiga ishonardim. Axir, bu hayvonlar yuradigan soʻqmoq boʻlishi ham mumkin-da! Ajabo! Omad deganlari shu-da! Besh-olti qadam bosgan edim, soʻqmoqning nishabiga sirg‘alib tushgan kattakon etik izini koʻrdim. O’! Maza! Bu yerdan odam oʻtgan, kim boʻlsayam odam oʻtgan! Nega uning izi nishabda qolgan? Nima balo, u nishabga tushib ketganmi? Yoʻq, nishabga tushmagan boʻlsa kerak: shu yoʻldan ketgan-u, bundagi izlarini uvalanib tushgan tuproq bekitgan boʻlsa kerak... Shunga qaramay, men nishablikni koʻzdan kechirdim. Soʻng yana uch-toʻrt qadam qoʻygan edim, yana nishabga sirpangan izni koʻrdim. Boʻldi! Ovchi yurgan. O’shanda soʻqmoq nam boʻlgan. Shuning uchun oyog‘i sirpangan! Buyoqdagi izini uvalangan tuproq bekitgan, nishabdagi izlari qolgan.

Yuryapman-u, notanish odamning qayoqqa borgani meni qiziqtiraverdi. Agar ovchi boʻlsa, biron kamarga boradi. Kamarlar odatda tog‘ning belida, shamoldan pana, atrof yaxshi koʻrinadigan yerda boʻladi. Agar «yurt»ga borgan boʻlsa, boʻldi! Tog‘da otamni tanimaydigan odam yoʻq. «Ollomurod choʻponning bolasiman!» desam, bas. Darrov bir hamrohga qoʻshib, otga mingazadi. Qarabsizki, choʻlga ketib boryapmiz-da!

Bir mahal yoʻl kengayib ketdi. Shunda tepaga qarab, doʻppim tushgudek boʻldim. Men yoqalab kelayotgan qoyalar juda balandga koʻtarilib ketganday edi. Shunda qandaydir daraning sohili ostidan ketayotganimni payqadim. «Zovboshi!» degan soʻz yodimga tushdi-yu, bunga ishongim kelmadi. Bu soʻzni tezroq miyamdan chiqarib tashlab, yana orqaga qaytmoqchi boʻldim. Biroq, qarasam, pastni qoplab yotgan tuman qorayganday. Osmonga qaradim: och-tund rangda.

Obbo! Kech tushib qolibdi-ku? Axir, uydan chiqqanimizda peshindan oʻtgan edi. Nima qildim? Qorong‘iga qolmay, odamlarga yetay! Endi soʻqmoqdan chopqillab keta boshladim. Sezib qoldimki, soʻqmoq pastlab boryapti. Bu pastlagani sari dara sohili ham koʻtarilib ketyapti... Yuragimga birdan vahima kirdi-yu, darrov oʻzimni toʻxtatib oldim. Sevinib ketdim, axir, «yurt» degani ham suvdan uzoqda boʻladimi? Suv-chi? Suv pastlikda boʻladi-da! E, kallavaram!.. Endi chopa boshladim.

* * *

Qosh qoraydi shekilli... Yorug‘dan chiqqanimda, balki hozir atrof qorong‘i boʻlib koʻrinarmidi? Soʻqmoq birdan ikkiga boʻlindi-yu, biri sohil yoqalab ketganini, biri pakar archalarni aylanib oʻtib, pastlikka ketganini koʻrdim. Hayallamay ikkinchi soʻqmoqqa tushdim.

Bir oz yurgan edim, badanim junjika boshladi. Ha-a, suvga yaqinlashyapman-da shuning uchun sovqotyapman. Suv urib ketgan joydan oʻtib, shoxlari kesilgan archaga duch keldim — quvonib ketdim. Demak, buni odamlar kesgan. Shu yerda uy bor!

Shunda qulog‘imga suvning sharillab toʻkilayotgani eshitildi. Hoʻ, ish degani mundoq boʻpti-da! Choponimning barini belbog‘imga qistirib olib, oʻn qadamcha bosgan edim, qarasam, jildirab suv oqayotgan ariq boʻyiga yetibman. Uning narigi betida kichkina bir uycha turibdi! Uychaning ayvoni ham bor, supasi ham.
— Hov, amaki! — deb chaqirganimni bilmay qoldim. Birdan tislanib, boyagi shoxi kesilgan archaga yetdim, tirmashib beliga chiqib oldim.

Siz choʻponlarning itini bilasizmi? «Eshakday iti bor ekan», deyishadi bizda. Ana shunday koʻppaklar choʻponda boʻladi! Ularning qoʻriqchilari shu-da! Boʻrilarning jazosini beradigan azroillari ham shu! Choʻpon uchun olamda itdan qadrli mahluq boʻlmasa kerak! Kezi kelganda oʻzlari yemay, ovqatini shu itiga beradi. Men begonaman! Hozir chopib chiqsa nima qilaman! G’ajib tashlaydi meni! Archaning shoxida oʻrnashib olib, yana chaqirdim:
— Hov, yurt egasi! Ho, boy bobo! Amaki!

It ham hurib chiqmadi, uy egasi ham koʻrinmadi. Hayron boʻldim; biron yoqqa ketishganmi? E kalla! Hozir tog‘da choʻpon qoldimi axir? Koʻchgan-da choʻl qaerdasan deb!

Archadan sekingina pastga tushdim. Ikkilanib ariq boʻyiga yetdim. Ariq suvi kattagina xarsangdan burilib tushayotgan ekan. Shu joyi sharillayapti. Gangib uyga qarayman, suvga qarayman, orqamga qarayman. Xoʻrsinib, choʻnqaydimu suv sharillab toʻkilayotgan chuqurga qarab, undagi suv ustini oʻrgimchak toʻrlari oʻrab olganini koʻrdim. Etlarim jimirlab ketdi. Suvning yuzini oʻrgimchak oʻrab olibdimi, demak bu yerdan mol-pol suv ichmagan yaqin orada.

Men nuqul choʻponlar oʻtovda, kapada yashaydi derdim. Rost. Lekin hammavaqt bir xil yaylovda keladigan choʻponlar ba’zan mana shunday uychalar ham yasab qoʻyishadi. Suv yaqin, loy qilish oson. Yaylovda bunday uylarni uchratish mahol. Keyin, bunday uylarning bir hikmati bor: choʻpon oʻtovini buzganda, «yurt»da hech narsa qoldirmaydi. Bunday uydan koʻchganda, oshiqcha narsalarini tashlab ketaveradi... Men oʻg‘rilik degan gapni keyinchalik eshitganman: tog‘da tulki koʻp, shu haqda aytishar edi: «Anavi xolaning xoʻrozini oʻg‘irlab ketibdi. Kapasiga kirib, choʻpqaymog‘ini oʻg‘irlab ketibdi!»

* * *

Ariqdan hatlab uyga yaqin bordim. Shunda yana qoʻrqib toʻxtadim: bu kimsasiz uy, uning biqinida yoki takxonasida nima yoʻq deysiz? Lekin qarashimda odamlar yashagan uyning turishi menga madad boʻldi: har holda bu kimsasiz, yovvoyi, oʻrmonli darada bunday qoʻnoqning boʻlishi koʻp yaxshi-da!.. Har ehtimolga qarshi deb, yerni timirskiladim. Katta bir tosh qoʻlimga ilindi. Uni olib, supaga sakrab chiqqan edim, oʻchoq boshida menga oʻqrayib qarab turgan qop-qora, junlari hurpaygan maxluqqa koʻzim tushdi. Nima bu? U battar hurpaydi va «m-iyav», deb ovoz chiqardi. Soʻng dik-dik sakrab, supa labiga yetdi-da, oʻzini pastga tashlab g‘oyib boʻldi... Yopiray! Bunday katta mushukni birinchi koʻrishim edi. O’tgan yili yaylovga kelayotganda, yoʻlda bir choʻponning karvoniga yetgan edik. Shunda bitta sariq mushukni koʻrgan edim, juni naq yerga tegib turardi. Nimaga bunday deb soʻrasam, «otasi tulki, onasi mushuk» deyishgandi. Keyin buning sirini bilib olgandim, goho choʻponlar oʻzlari oshiqcha deb bilgan mushuklarini va molga yaroqsiz boʻlib qolgan itlarini tashlab ketishadi. Shunda agar mushukni biron jondor yeb ketmasa, u oʻz qavmiga yaqin biron hayvon bilan topishadi. Munaqa sariq mushuklar oʻshalardan tarqaladi.

Xullas, qora baroq mushuk g‘oyib boʻldi. Men bu mushukni odatdagi mushuklardan emasligini bildim va oʻzimga «ehtiyotkor boʻl» deb, bir-ikki qadam bosdim. Toshni pastga tashlab, oyog‘imning loyini supa chetiga qoqdim...»

* * *

Qorong‘i tushib qolgan, yigirma qadam naridagi qora narsaning nimalagini koʻra olmas edim. Biroq, unga tikilib, qoramolning tappisi — goʻng ekanini fahmladim. Soʻng oʻzim tushib kelgan soʻqmoqqa qaradim, uning shoxi kesilgan yalang‘och archagacha boʻlgan boʻlagini koʻrdim, xolos. Qarasam, tomning tepasidan oppoq tuman meni oʻrab oladiganday tushib kelyapti. U xuddi bulutga oʻxshaydi. Juda chiroyli edi! Hatto xursand ham boʻldim. Biroq shu onning oʻzida meni yana vahima bosdi va ruhim tushdi: ana xolos! Odamlar yoʻq, bu tashlandiq kulba!.. Endi nima qilaman? Shu haqda oʻylab, nima qilib boʻlsa ham bu tunni shu yerda oʻtkazishdan boshqa choram yoʻqligiga aqlim yetdi. Erta nima boʻladi? Uni ertangi kun koʻrsatadi! Nahotki ertagayam darani tuman bosib yotsa... Dara, dedimu, etim jimirlab, koʻnglim bu joyning Zovosti ekanini aytib turar, lekin men bu fikrga oʻzimni koʻniktirgim kelmas edi.

Xoʻsh, ish boshladim boʻlmasam!

* * *

Bunday mahalda qiladigan birinchi ishing — oʻt yoqish boʻladi. Nima uchun? Bilmayman... Hozir kun sovuq emas. Terlaganimdanmi, badanim ham issiqqina edi. Lekin nuqul oʻt yoqqim kelar edi. Buning sababi shunga oʻrganganimda boʻlsa kerak. Chunki oqshom tushdimi, bas, oʻtovimiz yonidagi katta oʻchokda oʻt lovillar, goho uning choʻg‘i uyga kiritilib, oʻrtadagi yeroʻchoqqa toʻkilar, biz uning atrofida qur tutib oʻtirishardik... Aytmoqchi, bilaman-ku: olamda insondan zoʻr narsa yoʻq! Hamma jonivorlar insondan qoʻrqadi. Men ham insonman. Bundan tashqari, insonning qoʻlidan oʻt yoqish keladi. Hayvonlar esa oʻtdan qochadi. Demak, tezda oʻt yoqsam, xavf-xatardan ham qutulaman. Ana gap qaerda!.. Men shosha-pisha choʻp-choʻpchak izlashga tushdim. Ayvonda xas ham yoʻq edi. Supadan sakrab tushgandim, eshigi ochiq takxonada qalanib yotgan shuvoqqa koʻzim tushdi. Apil-tapil ichkariga kirdim-u, bir qoʻltiq shuvoqni koʻtarib qochib chikdim. Goʻyo takxonada bir hayvon, hech boʻlmasa, anavi yarim mushuk pusib yotibdi, orqamdan chovut soladi!

Supaga chiqib, shuvoqni oʻchoq boshiga eltib qoʻydim. Xoʻsh, endi yondirish kerak. E, gugurt qani! Bu uyda yashagan odamlardan aylansang arziydi! Shundoq devordagi mixga sanchib qoʻyilgan gugurtni koʻrdim. Ola solib, bir shuvoqni oyog‘imda toptadim, keyin uni oʻchoqqa tiqib, tagidan olov berdim-u, garangsib qoldim. Buning foydasini sezmadim. Agar oʻchoq ustida choydish boʻlsa, boshqa gap edi. E, lapashang! Uyga qaramaymanmi? Eshikka burildim. Eshik zanjirlangan, taqa qulf ilingan. Obbo! Sekin deraza yoniga bordim. Itargandim, ochilmadi. Romning chetidan ushlab bir tortdim, ochilib ketdi. Shunda birovning uyiga soʻroqsiz kirayotganim uchun sal-pal xijolat ham tortdim. Lekin nima qilay? Bir narsasini kamaytirib qoʻymayman-ku? Ertaga yaxshilab bekitib ketman. Bu yerda bir kecha qoʻnganimni bilgan dara hayvonlari ham bir-ikki kun bu xonadonga yaqinlashmaydi!

Sekin ichkariga qadam bosdim. Dimog‘imga turshak, mayiz hidi urildi. Ha-a, demak, bu mevalardan ham bor ekan-da. Oz-mozgina olib yeymiz. Uy egasiga g‘oyibona rahmat aytamiz. Xafa boʻlmas, axir, odam qimmatmi, mevami? Onam bechora nuqul gap orasida: «Odam topilmaydi, narsa topiladi!» deydilar. Bechora onaginam! Hozir uning ahvoli qanday ekan?.. Eh, onajon! Gapingizga koʻnmadim-da, oʻzboshimchalik qildim! Lekin men sizlarga, oʻzimizga yaxshilik qilmoqchi edim-ku?! Hay, mayli. Boʻlgan ish boʻldi endi... Uy juda ham qorong‘i ekan. Gugurt chaqqandim, koʻzim toʻrdagi yog‘och sandiqqa tushdi. Uning ustida uchta koʻrpa taxlab qoʻyilgan, tagida bitta kigiz ham koʻrinar edi. «Ha, shulardan bittasini olib yotaman!» deb oʻyladim. Yana gugurt chaqib, poygakka qaradim. Bir qop tiralib turibdi, ichida nima bor, kim biladi deysiz. Choydishni topolmadim. Keyin, oʻzlari bilan choʻlga olib ketgan, degan qarorga keldim. Qozon bor ekan, lekin unda nima pishiraman. Qolaversa, bu tashvishlarning nima keragi bor: men choyga juda ham xumori emasman, bir oʻzimga ovqat pishirishning ham hojati yoʻq... Jindek non topsam, ha-ha, non topsam, bas! Anavi ariqning suviga botirib yeyman-qoʻyaman. Agar bir kosa qatiq yoki bir-ikki boʻlak goʻsht boʻlgandami! Afsus! Boriga qanoat qilish kerak. Men oʻz uyimda emasman.

Qopning orqasidan bir roʻmolga tugib qoʻyilgan qoqnon topdim, allaqanchasini oʻngirimga solib, tashqariga chiqdim. Jiyda, mayiz izlashga ham hafsalam boʻlmadi...

O’choqda yonayotgan oʻtning soʻnishini tomosha qilib oʻtirarkanman: «Nima qilaman bu yerda? Uyga kirsam-chi? O’zimning borligimni koʻrsatib nima qilaman?!» deb oʻyladim. O’t soʻngach, supa pastini qoplab olgan tumanga qaradim-da, uyga kirib, derazani berkitdim. Gugurt chaqib, xonani yana koʻzdan kechirdim. Soʻng paypaslab taxmondan koʻrpa bilan kigizni tushirdim. Kigizni yozib, koʻrpani soldim. Soʻng bir oz ikkilanib turib boshqa koʻrpani ustimga yopdim.

* * *

Deraza tagida yotibman. Charchagan ekanman, koʻzim ilinyapti. Lekin qoʻrqyapmanmi, uxlagisi kelmagan odamday koʻzimni ochaman. Derazaga tikilaman, tashqariga quloq solaman. Bir mahal ayvonda nimadir gurs etdi. Boshimni koʻtarib qaradim. Ustun tagida koʻzi binafsharang boʻlib, oqshomgi mushuk turibdi. «Ha, uyga kirib boʻpsan!» dedim. Derazani tortib qoʻyib, boshimni yostiqqa qoʻydim. Kechasi ikki marta uyg‘ondim. Badanimni nimadir taladi, burgamikin, deb oʻyladim. Lekin uyqu zoʻrlik qildi, qotib qolibman.

* * *

Odatdagicha sahar vaqtida uyg‘onib ketdim. Qaerda yotganimni ancha vaqt eslolmadim. Soʻng irg‘ib turib, derazadan qaradim. Tuman yoʻq, chap tomondagi dara sohilini quyosh nurlari yoritib turar edi. Kayfim chog‘ boʻlib ketdi. Derazani lang ochgandim, tag‘in oʻsha mushukni koʻrdim. Nima balo? U shu yerga oʻrganib qolganmi? Yoki bir vaqt bu uyning xonaki mushugi boʻlganmi? O’choq tomonda ekan, tag‘in «miyav» dedi-da, supadan tushib ketdi. Derazadan hatlab, tag‘in izimga qaytdim. Koʻrpa-toʻshakni yig‘ishtirib, sandiq ustiga taxlab qoʻydim. Tashqariga chiqqan yerimda yana qaytdim. Qop orqasidan yana picha qoqnon olib, qoʻynimga soldim. Soʻng har ehtimolga qarshi deb pichoq izladim. Lekin topolmadim.

Supadan tushgan yerimda, yana takxonaga qaragim keldi: xarilar orasidan uzun hassa topdim. Suyanib, buloq boshiga bordim. Atrofni tomosha qildim. Chamamda, bu yer kichkina qishloqcha edi. Yana toʻrtta mana shunaqa kulba qaqqayib turibdi. Har birining takxonasi bor. Yana, oldida kenggina maydon, maydon adog‘ida goʻng, qiy uyumi. Tomosha bilan boʻlib, nima qilishim kerakligini unutgan ekanman. Birdan eslab qoldim-u, yig‘lagim keldi. Biroq otamning: «Yig‘idan foyda yoʻq, oʻg‘il bola yig‘lamaydi», deb aytgan gaplarini esladim. Toʻg‘ri-da, yig‘lab oʻtirsam, birov meni yoʻlga solib qoʻyadi-yu, men ota-onamni topib olamanmi? Yoʻq, albatta. Harakat qilish kerak.

* * *

Beixtiyor ariqdan hatlab, kecha tushib kelgan soʻqmog‘imga chiqib oldim. Ana shunda men Zovostida ekanimni bildim. Ishondim va oyoqlarim titray boshladi. Tezgina bu yerdan ketishga, tezgina anavi sohil ostidagi soʻqmoqqa chiqib olishga intildim. Har holda jar tagida boʻlganingdan koʻra, uning teparog‘ida boʻlganing yaxshi-da!

Keyin birdan-bir yoʻl Zovning boshiga chiqib olish. O’sha yerga chiqib olsam, marra meniki! Kechagi aravamiz izini ham toparman. Soʻngra, u yerdan tog‘ning etaklari koʻzga yaqqol koʻrinadi. Choʻlning qayoqda ekanini bilib olaman-da, oʻrmonning xoli joylari bilan yurib, bu yerlardan chiqaman. Naryog‘ida yoʻl topish oson. Xoʻsh, tepaga qanday chiqib olsam boʻladi? Bu savolga javobni tezgina topdim: mana, roʻparamda sohilni yoqalab soʻqmoq yoʻl ketgan. Har holda bu ovchilarning yoʻli boʻlishi kerak. Bunday yoʻl albatta tepaga chiqadi. Tog‘da koʻp yurganman, koʻp yurganman bunday yoʻllardan.

Yoʻl tepaga chiqmaganda ham, tepaning bironta buzilgan yeridan oʻtadi-ku! O’sha buzuq joylardan yurib, men ham tepaga chiqib olaman-da!

* * *

Soʻqmoq tobora pastdagi oʻrmondan ajralib, tepaga koʻtarilib borar, bu meni xursand qilar edim. Lekin nimagadir suv ichgim kela boshladi. Shu meni tashvishga soldi. Nima qilay? Suv ichayin deb pastga tushamanmi? Yoʻq, chidayman. Tushsam, yana qaytib chiqishim kerak. Chiqqunimgacha yana chanqab qolishim mumkin. Kunboʻyi pastga tushib, tepaga chiqib yuraveramanmi? Chidayman... Eh-he, pastning manzarasi antiqa ekan.

Men ariq deb oʻylaganim kichkina soy ekan. Sohillarini qamish bosib ketgan. Ular sap-sariq. Lekin ichida choʻchqa bor. Tog‘da yovvoyi choʻchqadan koʻpi yoʻq. Buni tog‘da yurgan kishi yaxshi biladi. Biroq choʻchqadan qutulishni biladigan kishi uchun u xavfsiz. Qutulishni bilmasang, unda holing xarob. Men yoʻlimda bir gala choʻchqaga duch kelib, ulardan eson-omon qutuldim. Buni keyin aytib beraman... Soyning sohilini qoplagan qamishlardan sal narida va sal berida chakalakzor, archazorlar. Ayniqsa narigi sohiddagi archa shu qadar zichki, ustidan bemalol yurish mumkindek tuyuladi. Koʻm-koʻk oʻtloqning oʻzi-ya!.. Muyulishga yetib toʻxtadim. Soʻqmoqning adog‘ini koʻray deb qaragandim, roʻparamda ufqni qiyalab oʻtgan taqasimon tog‘ koʻrindi. Dong qotib qoldim. Men Zovostida edim, toʻg‘rirog‘i, Zovosti bilan Zovboshining orasida, tog‘liklar tili bilan aytganda, «qat»dan oʻtgan soʻqmoqda edim. Bir tomondan buni bilganim ham yaxshi boʻldi. Nimaga desangiz, oʻzimni bir oz bosib oldim: demak, yana ham ehtiyotkor boʻlaman endi... Biroq xoʻpam yoʻl tutgan ekanman-da! Tepaga chiqish qiyin deb soy yoqalab ketsam bormidi? Nima balolarga yoʻliqar edim.

* * *

Zov betining manzarasi ham chiroyli edi, buni tan olmay boʻlmaydi. Bu metindek tik devorning koʻpdan-koʻp joylari darz ketgan. Ana shu darz ketgan joylardan kichkina boʻlib oʻrik, yovvoyi bodom va na’mataklar oʻsgan. Ularning bunday yovvoyi, kimsasiz joyda oʻsishi nima uchundir kishida rahm-shafqat uyg‘otar ekan. Xuddi aziz bir narsang bu yovvoyi joylarda adashib qolib ketgayday. Ularning mevasidan ham inson zoti foyda topmaydi. Qushlar, kalxatlarga yem boʻlib ketadi... Lekin hozir, yoshim bir yerga yetib oʻylayman: ana oʻshanaqa joylarning boʻlgani ham yaxshi, doʻstlar! Ular bizga Vatanimiz tuprog‘i qadim-qadim zamonlarda qay ahvolda, qay yovvoyi koʻrinishga ega boʻlganini yaqqol koʻrsatib turadi. Endi oʻylab qarasam, mening oʻsha vaqtda adashib, oʻzimga-oʻzim yoʻl topib, hayotga intilishim ham koʻp zavqli boʻlib tuyuladi. Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring, bizning olis ajdodlarimiz oʻzlariga oʻzlari shunday qilib yoʻl ochgan emasmi? Shu yoʻl bilan tajriba orttirib, aqllarini peshlagan emasmi? Shu yoʻl bilan inson sifatida taraqqiy qilgan emasmi?..

* * *

Men tag‘in ham yuqorilab ketib borardim, Zovosti koʻz ilg‘amas pastlikda qolib ketardi. Shuning uchun endi pastga qaramas edim. Qarasam, boshim aylanadi. Bu yerdan tushgan odam pastga yetolmasa kerak... Bir payt sezib qoldimki, tepaga qarash ham kishining boshini aylantiradi: yuraging «shuv» etadi-da, yeru osmon chirpirak boʻladi, koʻngling aynab, tek qotib qolasan. Men bu ahvolda uzoqqa bora olmasligimni sezdim. Nimaga desangiz, bir muyulishga yetganda, yurib kelayotgan yoʻlimga qaradim-u, osmon uzilib, oyog‘im ostiga tushganda ham izimga qaytolmasligimni sezdim. Bu yerga qanday yetib qoldim? Hayron boʻldim. Endi birdan-bir yoʻl — tepaga chiqib olish, yoʻlni davom ettirish! Shunday ekan, oʻzimni bu yoʻlga koʻniktirishim kerak. Shunday koʻnikayki, aslo ikkilanmay! Lekin qanday qilib?.. E, axir, bu soʻqmoqdan odam yurgan-ku, deb oʻyladim men. Odam boʻlganda ham mendaqangi kichkina odam emas, kattakon ovchi yurgan. U shu tor soʻqmoqqa sig‘ibdi. Men sig‘maymanmi? Bu yoʻl men uchun tor koʻchaday gap-ku aslida! Shunday, doʻstim Berdimurod! Olg‘a! Olg‘a!

Navbatdagi muyulishdan oʻtish qiyin boʻldi, yoʻl nishab edi. O’ylab-oʻylab oʻtishga qasd qildim. O’tib oldim. Biroq soʻqmoqning kichrayib qolganini koʻrib, kapaligim uchib ketdi... Shu yil bahorda oʻtovda eshitgan bir hikoyam yodimga tushdi, anavi, qor bosgan tog‘ bag‘irlarida ham mana shunaqangi «qat»dan oʻtgan soʻqmoqlar koʻp boʻlar ekan. Shunday soʻqmoqlarning biri tog‘ning tepasida joylashgan bir qishloqqa olib borar ekan. U qishloq ahli bir zamonlar yovdan qochib, tog‘ ustiga chiqib ketgan ekan. Shu soʻqmoqdan faqat bir kishi yura olar ekan, yurganda ham yelkasini devordan uzmay yurar ekan, deb hikoya qilgan edi otamning oshnasi. Agar ikki kishi bir-biriga roʻpara boʻlib qolsa-chi? Unda chek tashlar ekan. Qaysinisi yutsa, shu yerda qolar ekan. Yutqazgani oʻzini pastga tashlar ekan... Men oʻshanda bu hikoyani eshitib, koʻp oʻylagan edim: odamlar mard boʻlar ekan-da, a? Masalan, yutqazgan kishi pastga tashlagisi kelmasa, yoki u, yutgan kishidan kuchliroq boʻlsa, unda sherigini bir musht bilan jarga qulatib, oʻtib ketsa boʻlmaydimi? Yoʻq, boʻlmas ekan... Chunki lafz bor ekan ularda. Hozir u qishloqqa olib boradigan soʻqmoq kengaygan, deyishadi. O’sha soʻqmoq devorini teshib, qoziq qoqib chiqibdilar. Qoziqning ustiga shox-shabba bosilgan emish, endi u yoʻldan eshak ham bemalol oʻtar ekan... Shu hikoya yodimga tushib, nazarimda roʻparamdan birov kelayotgandek boʻlaverdi. Ovchi boʻlsa, meni koʻtarib oladi, deb oʻyladim. Yoki men uning oyoqlari orasidan ham nariyoqqa oʻtib olaman... Aytmoqchi, uchrasin, uchrasin ovchi! Odam uchrasin! Menga odam kerak-ku?! Lekin hayvon uchramasin, hech-hech! Unda holim xarob boʻladi... Unda, onajonim, xayr! Otajonim, xayr! Kichkina singlim, oʻtovimiz, molimiz, kakligimiz, xayr!

* * *

Buzuq joyga yetdim. Buning koʻrinishi g‘alati-ya! Toshlari qizil, qum toshmi deyman. Boʻyim baravar antiqa choʻqqilar shoʻppayib turibdi. Katta bir qoya yonidan oʻtgan edim, oyog‘im ostidan chirillab bir sela chil koʻtarildi... Chil degani kaklikdan kichikroq boʻladi. Lekin goʻshti kaklikning goʻshtidan mazali deyishadi. U hammavaqt shunaqa buzuq joylarda yashaydi. «Sela» deb kaklik va chillar galasiga aytishadi. Men bir nafas toʻxtab qoldim-da, yana jilgan edim, tag‘in bitta chil ortimdan koʻtarildi va unga qarayman deb dong qotib qoldim... Boyagi, yoʻq, kechagi qora baroq mushuk menga ergashib kelayotgan ekan. U sakrab chilni havoda tutib oldi; bir oz tislandi-da, panjalarida bosib turib, menga «miyav» deb qaradi. Men uning koʻzlarida qandaydir g‘amginlikni koʻrdim. «Bu yovvoyi, meni yemoqchi», deb oʻylagan oʻyim boshimdan uchdi. «Bu odamlarning uyida yashagan mushuk-ku? — deb oʻyladim. — Odamlar esa, buni tashlab ketishgan... Albatta tashlab ketayotganda, koʻzini bog‘lab tashlab ketishgan. Boʻlmasa egasini qoralab topib boradi-da! Endi bu bechora odamlarni sog‘ingan chamamda! U-oʻ, falokat! Chilni yeydi-ya?» Lekin bari bir undan qoʻrqdim. Orqamga qaray-qaray qarshimdagi boshqa qoyadan aylanib oʻtdim. Yana qaragandim, oyog‘im toyib ketdi... Toshga yopishdim. Aytmadimmi, bunday joylarda ehtiyot boʻlish kerak deb. O’pqonga tushib ketishimga sal qoldi-ya!

* * *

Ana shu oʻyiqning oxiriga yetib, bir toʻda yovvoyi choʻchqaga duch keldim. Ular hayron boʻlgandek taqqa toʻxtab, qozondek boshlarini koʻtarib qarashdi. Men ham serrayib turib qolibman. Shunda chetda turgan kichikroq bir choʻchqa «huq» etib ovoz chiqardi-da, suzmoqchi boʻlgan novvosdek boshini egib olib menga yugurdi. Men hangu mang boʻlib qoldim va jonholatda yonboshimdagi xarsangga tirmashdim. U xarsangga yetib kelganida, men tepada edim. U xarsangni aylana boshladi. Toʻzg‘ib qolgan boshqa choʻchqalar ham toʻxtab menga qarab turishardi... Agar shu choʻchqaning oʻrnida oʻrtacha bir it boʻlganda ham xarsangga sakrab chiqar, hatto uloq ham bu xarsangda bemalol oʻynab yurgan boʻlardi. Lekin u chiqa olmadi. Chiqa olmaydi ham! Chunki u toʻg‘riga yuradigan hayvon! Unga toʻg‘rima-toʻg‘ri kelgan kishining holiga voy! Tumshug‘idan chiqib turgan oppoq tishlari bilan yorib ketadi. Shuning uchun ham tog‘liklar choʻchqaga duch kelgan-da, unga chap berishni yaxshi bilishadi. Sal chap berding-mi, boʻldi, u oʻtib ketadi. Iziga qaytib kelguncha sen xoliroq joyga borib olasan!.. Ana shunday! Hayvonlarning xulq-atvorini bilish kerak. Choʻchqalar aylanib, aylanib, xuddi men kelgan soʻqmoqqa oʻtishdi. Men boʻlsam, vaqtni boy bermay, xarsangdan sakrab tushib, olg‘a jildim. Tepaga chiqib oldim. Qatqalokdek yorilgan xarsanglar ustida turar ekanman, etak tomondan mushukning miyavlagani eshitildi. Nima boʻldi unga? Choʻchqalar bilan kutilmaganda uchrashib qoldimi? Choʻchqalarning u bilan nima ishi bor? Yo boshqa falokat roʻy berdimi? Yoki oʻzlarining hafsalasi pir boʻlib qolib ketishdimi? Qayta koʻrmadim ularni.

* * *

Shunday qilib, men Zovostidek dahshatli joydan osonlikcha qutuldim. Agar ilgariroq tabiat sirlariga qiziqmagan, hayvonlar, atrofimizni oʻrab turgan sharoit haqida hech narsa bilmaganimda, kim biladi, men u yerdan qanday qilib chiqolardim?.. Lekin keyinchalik ham Zovostiga boʻlgan qiziqishim susaymadi. Mana, hozir zoologman, hayvonlarni oʻrganuvchiman. Yaqinda Zovboshiga boraman. Uning sirlarini ochaman, ilm bilan, tajribalarimga asoslanib u yerga bemalol kiraman... Endi oʻylayman: har holda qiziquvchanlik boʻlgani yaxshi ekan, doʻstlar!

* * *

Aytmoqchi, endi hikoyaning davomini ham aytib berayin: buni qarangki, men Zovboshining biz aravada yurgan tomonidan emas, nari tomonidan chiqqan ekanman. Shuning uchun sohilni, oʻsha taqasimon tog‘lar tizmasini aylanib, aravamiz qoldirgan izlarga tushgunimcha kun kech boʻldi. Men shu qadar ochikdim, holdan toydimki, koʻz oldim qorong‘ilashib, gandiraklab borardim. Lekin odamlarga intilardim! Bitta inson qorasini koʻrsam, der edim... Nihoyat, unday inson ham koʻrindi.

Tog‘dan kechikib koʻchgan bir choʻponning qoʻylarini koʻrib, uning iti menga tashlanishini ham oʻylamay, oxirgi kuchimni yig‘ib chopdim. Unga yetdim, keyin nima boʻlganini bilmayman... Choʻldagi tipovoy qilib qurilgan uyimizda koʻzimni ochdim... Otam meni topib olgan ekan. Ot choptirib borib qolibdi. Choʻpon meni chakmoni bilan bekitib: «Suyunchisiga nima berasiz?» deb soʻrabdi. Otam bir qoʻy va’da qilibdi. Keyin choʻpon kulib, meni unga koʻrsatibdi... O’sha kuni uyimizda katta ziyofat boʻldi. Boshqa choʻponlar ham otliq boʻlib, meni izlagani ketishgan ekan, kelishdi... Otam meni urishmadi. Faqat: «Bolam, turmushda ham shunday qilib, aql-farosat bilan yoʻl topsang boʻlgani. Bu adashuv senga saboq boʻlsin!» dedilar. Onam ham, gapimga quloq solmading, deb ta’na qilmadilar.

1971