OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSirojiddin Sayyid
Asar nomiShoirlik va shoirchilik
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Sirojiddin Sayyid
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 44-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shoirlik va shoirchilik
Sirojiddin Sayyid

Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho adabiy, ilmiy-nazariy asarlari qatori «Boburnoma»ning ham oʻrganilmagan taraflari, qirralari shunchalar koʻpki, ularni bugungi avlodga yetkazish oʻtmishdagi qadriyatlarimizni tiklash, undan bahramand boʻlish, yoshlarda yuksak vatanparvarlik ruhiyatini tarbiyalash kabi dolzarb masalalarda alohida oʻrin tutadi.

Boburning muhoraba maydonidagi gʻalabalarini ta’minlagan omillardan biri, balki eng muhimi, uning razvedka xizmatidan foydalanish qobiliyatidir. Ayni shu mahorat minglab lashkarlarni oʻlim balosidan asrashda, urushni oʻz foydasiga hal qilishda, qolaversa, atrofidagi kishilar ruhiyati, shaxsiyatini yanada yaxshiroq anglashida, dushman niyati – sir-asroridan avvalroq voqif boʻlishda Boburga qoʻl kelgan.

Ta’kidlash joizki, razvedka xizmati tarixi uzoq oʻtmishlarga borib taqaladi. Undan oqilona, taktik jihatdan pishiq foydalangan shaxsgina yuksak natijalarga erishgan.

Shoh va sarkarda Boburning yuksak mantiqiy tahlili, urush sharoitini yaxshi anglashi, yashindek tez xulosaga kelishi, razvedka xizmatiga oʻz fursatida murojaat etishi va qariyb adashmaganligi kishini hayratga soladi. «Boburnoma»dan bunga koʻplab misollar keltirish mumkin.

1503-1504 yilgi voqealar. Bobur Movarounnahrdan noumid boʻlib, Kobulga yuz tutgan, Hisor viloyatining Iloq yaylovlarini kezib, taqdir bundan keyin unga ne kunlarni ravo koʻrishini oʻy-xayollaridan oʻtkazayotgan murakkab davr, bor-yoʻgʻi «ushbu yurtta yigirma uch yoshning ibtidosida yuzumga ustara qoʻydum» deb navqiron yigitligiga urgʻu bergan payti. Yosh Bobur bu yurtlarda hukmronlik qilayotgan Hisor begi, keyinroq oʻzining ashaddiy dushmani boʻlgan Xisravshoh va uning saltanati haqida ma’lumotga ega boʻlish uchun Mullo Boboyi Pashogʻariyni «elchilikka» yuboradi. Boburning bundan maqsadi elchi yoʻllashgina emas, zarur ma’lumotga ega boʻlish edi. Lekin, Boburning ta’kidlashicha, Pashogʻariy «koʻngulga yoqqudek soʻz kelturmadi». Aslida, Pashogʻariy judayam quruq qaytmagan. U odamlar orasida boʻlib, ayrim zarur ma’lumotlarni yetkazgan: «vale el va ulusdin soʻzlar kelturdi».

Oʻsha vaqtda Bobur oʻz lashkarlarining koʻp qismidan ayrilgan, 200-300 askar va beklari bilan qolib, himoyaga oʻta muhtoj edi. Bu paytda temuriy shahzodalar va ularning beklari orasida lashkarlarining bir bek yoki sultondan ikkinchisiga guruh-guruh boʻlib oʻtishi oddiy hol boʻlgan. Bunda iqtisodiy, ma’naviy, maishiy jihatlar, albatta, omon qolib lashkar safida boʻlish masalasi asosiy omillardan boʻlgan. Shu bois Bobur uchun Xisravshoh lashkarlarining kayfiyatini bilish muhim boʻlgan va u bu vazifani razvedka xizmatiga yuklagan. Lekin natijadan unchalik koʻngli toʻlmagan. Zarur ma’lumotga ega boʻla olmagan Bobur noiloj Kohmard va Bomiyon tomonga ravona boʻladi.

Yana bir misol Xisravshohning inisi Boqi Chagʻoniyoniyning Boburga yetkazgan razvedka xabari bilan bogʻliq. Afgʻonistonda oʻz hukmronligi asosini solayotgan Bobur begona yurtdagi shahar, qishloq, oʻrmonzor, koʻcha va pastkoʻcha, daryo va soylar xususiyatini juda sinchkovlik bilan oʻrganadi. Ayniqsa, bu lashkar xavfsizligi, saltanat taqdiri bilan bogʻliq boʻlsa, Boburning sinchkovlik qobiliyati yanada oshgan, ehtiyot choralarini koʻrishga kirishgan. Hali Boburning Kobul hokimiyati mustahkam shakllanmagan bir paytda, atrofidagi doʻstlari ham dushman raftorini qilganda ularning har bir harakatini oʻrganish, keyin xulosa chiqarish benihoya muhim edi. Shu davrda Boburga nisbatan yovqarashda boʻlgan Boqi Chagʻoniyoniy «arzgʻa yetkurdikim, suv kechmay ushbu yerdin (ya’ni Koʻrakatutdan – qavs ichidagi ba’zi izohlar muallifniki), qoʻnub, Koʻhat otluq yerga borsa boʻlur emish...» Biroq Bobur bu xabarga unchalik ishonmadi. Chagʻoniyoniy Boburni ishontirish maqsadida bir necha aygʻoqchi kobuliylarni olib keladi. Tundan keyin bir qadar ishongan boʻlsa-da, ushbu ma’lumotga tayanib uyushtirgan hujumdan Boburning koʻngli toʻlmaydi: «Boqi Chagʻoniyoniy arzga yetkurgandek NIMA cherik eliga tushmadi. Boqibek bu sa’ydin sharmandaroq boʻldi». Bu razvedka ma’lumotlari kundalik harbiy amaliyotlardan biriga xizmat qilgan boʻlsa-da, Bobur bu masalaga juda jiddiy yondashgan.

1528 yil voqealari. Zahiriddin Bobur Hindistonda Ibrohim Loʻdiyning yuz mingdan ortiq lashkarini yenggan. Bu uzoq oʻlkalarda Amir Temur imperiyasini tiklashdek orzusi amalga oshganligidan shod boʻlgan davri. Biroq bu paytda uning hukmi Hindistonning barcha oʻlkalariga toʻliq oʻtmas, qarshilik koʻrsatayotgan hind rojalari, lashkar boshliqlari hali ancha tashvishlar orttirar edi. Bu vaqtda Boburning harbiy mahorati yetilgan, u yurt olish uchun har bir xabar, ma’lumotdan borgan sari unumli foydalanar, hind yerida tezroq mustahkam, har qanday ixtiloflardan xoli davlatni tuzishga oshiqar edi. Ana shunday paytda Bobur sheriklarining oldiga, Koʻh degan joyga kema bilan yetib keladi. Uning kayfiyati yaxshi, ruhi gʻalabalar nashidasidan koʻtarinki edi. Urush oraligʻida, isyonchi hindular, afgʻonlarning toʻsatdan qiladigan hujumlari vaziyatida u kurashchilar musobaqasini oʻtkazgan, hatto bu sport tadbiri yanada jonli oʻtishini istab, oʻzi ta’kidlaganidek, «xilofi qoida» «avval zoʻrroqlarni» maydonga chorlagan. Xullas, bu payt Bobur ruhiyatida kam sodir boʻladigan xursandlik dami boʻlgan.

Biroq bu kayfiyatni Sulton Muhammad baxshi keltirgan razvedka ma’lumoti oʻzgartiradi. Hayot nashidasidan sarmast Bobur oʻsha zahotiyoq shoh Boburga aylanadi. Shu jarayonda «Sulton Iskandarning oʻgʻli Mahmudxonningkim, Sulton Mahmud derlar edi, BUZULGʻONINING xabarini kelturur». Demak, Boburning razvedkasi oldin uning tomoniga oʻtgan Sulton Mahmudxonning «buzulgʻonini» yetkazgan, ya’ni u oʻz va’dasidan qaytib, Boburga nisbatan dushmanlik kayfiyatini ixtiyor etgan. Bu xabar «namozi digar»da — kun qorayguncha yetib kelgan. Kelasi kuni «namozi peshin» (kunning yarmi)da Bobur bu ma’lumotga ishonqiramay razvedkaga boshqa kishini yuboradi va u ham ayni xabarni keltiradi. Bobur yozadi: «Ikki namoz orasida Tojixon Sarangxoniyning arzadoshti ham josus xabarigʻa muvofiq kelur. Bu kayfiyatlarni Sulton Muhammad kelib arzgʻa yetkurdi». Ushbu ma’lumotnomalardan soʻng «Boburnoma»da bu yerdagi muhorabaning ayrim detallari bayon qilinadi, Banorasga oʻtgan afgʻonlarning shikast topganligi haqida soʻz boradi. Aslida, bu hol kurashlarning bir kunlik lahzasi, xolos. Ammo, shunga qaramay, Bobur oʻz xabarchilari — razvedkachilar keltirgan ma’lumotlarga katta e’tibor bilan qaragan.

1507-1508 yillarni Bobur siyosiy qarashlarining eng mas’uliyatli davri, desak boʻladi. Kobulda oʻz siyosiy hukmronligini mustahkamlagan Bobur Hindistonga yuzlanadi. Oʻzining aytishicha, «Jumoidulavval oyi Kobuldin Hinduston azimati bila koʻchildi». Ana shu bir jumla doirasida Boburning yangi sargardonlik taqdiri, oʻzining iqroricha «ne bormoqqa yeri muqarrar, ne turmoqqa yurte muayyan, yuqori-quyi yana bir XABAR OLGʻUNChA yurt toza qilib koʻchilur edi». Bunda Bobur aniq qilib razvedka xizmati, uning ishonchli xabarini olmaguncha boshqa yerlarni oʻz tasarrufiga kiritishga shoshilmaganligini aytmoqda. Uning bu taktikasi, harbiy iste’dodi keyinroq Hindiston muhorabalarida juda qoʻl kelgan.

1507-1509 yil voqealari. Bobur Kobuldan hozirgi Jalolobod viloyati — Ningnahordan Hindiston tomon borar ekan, juda koʻp afgʻon toʻdalariga duch keladi, ular bilan muhorabalar olib boradi. Bu jarayonda ham Bobur razvedka xizmatiga murojaat etadi. «Boburnoma»dan ma’lumki, Bobur uchun eng muhimi, lashkarni emin tutish bilan birga uni oziq-ovqat, turar joy, chorva, otlarni yemish bilan ta’minlash boʻlgan. Armiyaning, saltanatining oziq-ovqati masalasi hamisha birinchi galdagi vazifalaridan sanalgan. Bobur Ningnahor tumanidagi Odinapur qoʻrgʻoniga yaqinlashganida aynan yegulik mahsulot, ayniqsa, sholi tanqisligiga duch keladi. Kech kuz paytida esa sholi dehqonlar tomonidan yigʻishtirib olingan, dalalarda aytarlik hosil qolmagan. Bobur yozadi: «Kech kuz edi. Sholini tuzlarda aksar koʻtarib edilar. Yer bilur kishilar arzga yetkurdilarkim, Alishang tumanining rudi yuqori mil kanori sholini qalin ekarlar. Cherikka qishliq oshliq ehtimoli borkim, andin hosil boʻlgʻay.» (Haqiqatda, Alishang togʻlikda joylashgan boʻlib, uning teparoq qismida sholi ekini kech pishadi. Ushbu satrlar muallifi Afgʻoniston Jalolobodining bu mavzeida boʻlib, u yerda juda yuqori navli sholilar yetishtirilishiga guvoh boʻlgan). Bu holatda razvedka xizmati koʻzlangan natijani bergan: «Ningnahor jilgʻasidan otlanib, ildam kelib, Soygildin oʻtib, Puroyin darasigʻacha borildi, qalin sholi cherik eli oldilar.»

Mana bu misol ham Boburning harbiy-strategik rejalari bilan bogʻliq. Voqea Afgʻoniston yerlarida, fevral oyining oʻrtalarida sodir boʻlgan. 1509-1510 yilning bu qishi ancha kech kelib, Boburga cherikning oziq-ovqati tashvishi orom bermayotgan payt. U yozadi: «Seshanba kuni oyning yettisida beklarni va dilazak afgʻonlari ulugʻlarini tilab, kengashib, soʻzni munga qoʻyuldikim, yil oxir boʻlubtur, hutgʻa bir-ikki kun qolibtur, tuzdagi oshliqni tamom koʻtaribturlar. Bu fursatta Savodqa borsak, cherik eli oshliq topmay tanqisliq boʻlgʻusidur». Bobur oʻzining lashkarlari bilan juda mashaqqatli dovon, adirlarni kezib oxiri Pankyaliy degan joyga tushadilar. Mahalliy sharoitni bilish, keyingina bir qarorga kelish uchun Bobur «Oʻgʻonberdini bir necha kishi bila til olgʻali ilgarrak» yuboradi. Biroq, Oʻgʻonberdi ham bu gal «koʻngul tilagudek tahqiq xabar kelturmadi». Albatta, bu hol Boburni qanoatlantirmagan. U yana razvedka xizmatiga murojaat etadi: «Oftob bir nayza boʻyi chiqqanda Rustam turkmannikim, qaravulliqqa yiborilib edi, xabar kelturdikim, afgʻonlar xabardor boʻlib, qoʻzgʻolishibturlar». Boburning bu galgi xabarchilari aniq ma’lumot olib kelmaganlaridan soʻng, u tavakkal qilib hujumga oʻtadi, gʻanimlarining «bir pora asir va oʻy va galalarini» qoʻlga kiritadi. Boburning shu joydagi boshqa razvedka ma’lumotini olishi u bilan kurash olib borayotgan afgʻon sarkardalarining umumiy holati haqida boʻlib, uning endi, qaysi yoʻlni tanlashi uchun muhim edi. Aslini olganda, xuddi shu fursatlarda, afgʻon yerlarini uncha yaxshi tasavvur etmagan Bobur uchun bunday xabarlar zarur va razvedka xizmatining asosiy vazifalaridan boʻlgan. Bu ma’lumotlar yuzaki qaraganda joʻnroq koʻrinsa-da, aslida Bobur va uning lashkarlarini oʻlimdan saqlagan, oziq-ovqatli mavzelarga yetaklagan, kimga qarshi kurashishni oldindan belgilab bergan. Bobur oʻzi uchun umr mazmunining asosi boʻlgan qaror — Hindiston yurishiga: ayni shu ma’lumotlarga ega boʻlganidan keyingina azm qilgan: «Bajavrdinkim, yonildi, Bhira xayoli bila yonilib edi, to Kobulgʻa kelib eduk, hamisha Hinduston yurishi xayolida eduk».

Mana bu misol esa Boburga bevosita urush maydonida, uning hal etuvchi pallasida razvedka nechogʻli qoʻl kelganini koʻrsatadi. Bemalol aytish mumkinki, Hindistonni egallashdagi bu yakuniy urush muvaffaqiyati, imkon qadar Bobur lashkarlari uchun kam talafot bilan yakunlanganligi ana shu razvedka ma’lumotlarining natijasi bilan ham bogʻliq. Chunki biz «Boburnoma»ning biron sahifasida Boburning bunchalik koʻp, ustma-ust xabarchilarini ma’lumot yigʻish uchun yuborganini, razvedka ma’lumoti muhoraba yutugʻining bosh omili ekanligiga bu qadar aniq baho berilganini koʻrmadik.

Bobur yozadi: «Shanba kuni jumodiul avval oyining oʻn toʻrtida Agra navohisidin koʻchub, chohlar qozilgʻon yurtqa kelib tushuldi... Darvesh Muhammad sorbon bila Qismtoykim, Bayanagʻa borib kelib, yer-suvni bilib edi, ilgari Sekriy koʻlining yoqasida yurt koʻra yiborildi. Kelib, yurtta tushub, Mahdiy Xojagʻa, Bayanadagʻilargʻa kishi choptiruldikim, betavaqquf kelib, qoʻshulgʻaylar».

Demak, Bobur bu muhorabaga kirgunga qadar uch marta razvedka xizmatiga murojaat etgan. Uning xabarchilari bu yerning relefi, suv zahirasi, holatini «koʻrub-bilib» kelishlari zarur edi. Bunda ma’lumot toʻlaqonliligini ta’minlash, shubhaga oʻrin qoldirmaslik topshirilgan. Binobarin, xatolikka yoʻl qoʻyish urushda yengilish bilan barobar boʻlgan. Bobur ma’lumotni olib, qanoat hosil qilgandan soʻng tez xulosaga keladi: « ...betavaqquf kelib qoʻshilgʻaylar». Ya’ni zahiradagi qoʻshinlar unga kelib qoʻshilishini amr qilgan. Shundan keyin ham koʻngli toʻlmagan Bobur yana razvedkadan foydalanadi va ana shu xabardin keyin va bu yerda jang olib borishga oid tayyorgarlik ishlarini yakuniga yetkazadi. Chunki xabarchilarning ma’lumotiga binoan zahira kuchlari unga yetib keladi, dushmanning qaerga, qaysi masofada kelib tushganligidan ogoh boʻladi va shunga qarab kerakli joylarda qorovullarni tayinlaydi: «Humoyunning navkari Bek Mirak moʻgʻulni bir necha yigit bila kofirdin xabar olgʻali yiborildi. Kechasiga borib, xabar olib, tonglasi xabar kelturdilarkim, gʻanim kishisi Busovardin bir kuruh ilgarrak kelib tushgan emish. Ham ushbu kun Mahdiy Xoja va Muhammad Sulton mirzo va Bayanadagʻi ilgʻor kelib qoʻshuldilar. Beklar navbat bila qaravulliqqa ta’yin boʻldilar».

Zahiriddin Bobur muhorabada har qanday xatolik yomon oqibatlarga olib kelishini alohida ta’kidlagan. Yuqoridagi matndan koʻrinadiki, Bobur razvedka ma’lumotlari asosida har bir bekni oʻz lashkari bilan ma’lum vaqt va manzilda qorovullikka tayin etgan. Ammo, bu ma’lumotlarga e’tibor bermagan Abdulaziz bek juda katta xatolikka yoʻl qoʻyadi, oʻzini va lashkarini xavf ostida qoldirib, ularning ayrimlaridan ayriladi, safdoshlarini ham chalgʻitib, ularning boshiga turli kulfatlar yogʻilishiga sabab boʻladi. Ana shu misolning oʻzi ham Boburning razvedka ma’lumotlariga naqadar e’tibor bergani, unga oʻzi amal qilgani, qalamravida bu tartibni buzganlarga murosasiz boʻlgani dalilidir. Zero, Abdulazizning shu xatosi juda katta muhorabaga hozirlik koʻrayotgan Boburning rejalarini buzadi, Muhammad Ali jang-jang kabi lashkarboshisini bu jangga kiritishga majbur boʻladi.

Mana bu misol Boburning Ibrohim Loʻdiy bilan olib borgan kurashining dastlabki paytiga taalluqli. U Ibrohim Loʻdiy askarlari holati, unga kim doʻst, kim gʻanim ekanligini bilish, «tahqiq qilib» kelishni razvedka xizmatiga buyuradi va ma’lumot ishonarli boʻlishi zarurligini alohida ta’kidlaydi: «Siyalkottin Shohim Nurbekni ham Lahur beklariga choptiruldikim, yogʻiy ne yerda ekanin tahqiq qilib, qayda qotilurlarini sohibvuquf kishidin bilib, aytib yiborsunlar».

Bobur oʻz yurti va boshqa yerli savdogarlar orqali ham razvedka ma’lumotlari olishga intilgan. Albatta, bu usul yangilik emas. Savdogarlar hukmdorlar uchun hamisha zarur ma’lumotlar yetkazib turishgan. Biroq Boburning bu galgi maqsadi aniq nishonga tekkan. U Ibrohim Loʻdiy haqida juda muhim ma’lumotga ega boʻladi. Olamxonning Ibrohimga qarshi turishi, Xurosonda esa koʻchmanchi oʻzbaklar Balxni muhosara qilganliklari haqida ma’lumot oladi va zudlik bilan qat’iy qarorga keladi: «Olamxongʻa Hinduston sari ruxsat berib, oʻzumuz Balx ustiga otlanduk».

Quyidagi misollar yuqoridagidek katta siyosiy ahamiyatga molik boʻlmasa-da, muhoraba taqdirini belgilashda muhim oʻrin egallagan. 1525 yilgi muhorabalar Boburni anchagina charchatgan boʻlsa ham, yonida toʻngʻich oʻgʻli Humoyun mardonavor kurashib, koʻpgina asirlarni, qoʻlga kiritilgan fillarni olib kelib mulozamat qilganligi uning ruhiyatini koʻtargan edi. Lekin Bobur raqibi Ibrohim Loʻdiyning sir-asroridan, harbiy imkoniyatidan kengroq xabardor boʻlishni maqsad qilar ekan, qanday boʻlmasin, dushman orasidan «til» olib kelishni buyuradi: «Ul yurttan koʻchub, Shohobod kelduk. Til tutar uchun Sulton Ibrohimning oʻrdusigʻa kishi yiborib, necha kun bu yurtta tavaqquf boʻldi». Demak, Bobur hatto razvedka xabarini kutib, bu joyda bir necha kun qolib ketgan. Uning bu sabri oʻz natijasini bergan. U lashkarlari va safdoshlari bilan xavfsiz yoʻlni tanlab harakat qilgan. Lekin bu joyga yetib kelgan zahoti yana bir kishisini razvedkaga, yana «til» tutib kelishga joʻnatgan: «Ibrohimning oʻrdusidin ham mutavotir xabarlar kela boshladikim, bir kuruh-ikki kuruh koʻchub har yurtta ikki-uch kun maqom qila-qila keladur. Biz ham mutavajjih boʻlub, Shohoboddin ora ikki qoʻnub, Juun daryosining yoqosigʻa Sarsava toʻgʻrisi kelib tushtuk. Xoja Kalonning navkari Haydarqulini til tuta yiborildi».

Boburning bu galgi tirishqoqligi, maqsad sari intilishi, yuksak razvedka qobiliyati zarur natijani bergan. Haydarquli keltirgan xabar Ibrohim Loʻdiy bilan boʻlgan jang muvaffaqiyatini ta’minlagan. Bu xabarda dushmanning harbiy imkoniyati, armiya saflarining joylanishi va soni, lashkarlar orasidagi oʻzaro munosabat, hatto ularning qaysi holatda oʻtirib-turishlarigacha tafsiloti bilan yetkazilgan edi. Bobur ushbu ma’lumotni olar ekan, hujumga oʻtib, oʻzining eng koʻzga koʻringan sarlashkarlari Chin Temur Sulton, Muhammad Sulton, Sultonim Junayd, Mir Husayn va boshqalarni bu muhorabaga safarbar etadi. Natija uning koʻnglidagidan ham yaxshi boʻladi. Bobur muhorabalarda juda katta yutuqqa erishadi, oʻzi tashabbus koʻrsatib Usta Aliquli toʻpchi bilan yaratgan toʻplarini ishga solib, Ibrohim Loʻdiy ustidan mutlaq gʻalaba qozonadi. Bu natijalarni qoʻlga kiritishda, albatta, bevosita uning razvedkaga oid qobiliyatining ham muhim hissasi boʻlgan.

Ajdodlarimizning harbiy salohiyati tarixini oʻrganish yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat tuygʻusini uygʻotishda alohida ahmiyatga ega. Binobarin, millatimizning harbiy tarixi deyarli oʻrganilgan emas. Birgina Bobur harbiy mahorati koʻplab tadqiqotlarga yetarli material bera oladi. Bu masalalarni Boburning mohir adib, shoir, olim, entsiklopedik bilim sohibi sifatlari bilan hamohang oʻrganish, ayniqsa, yanada katta samara beradi.