OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSobir Mirvaliyev
Asar nomiAbdulla Qodiriy she’riyati
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Sobir Mirvaliyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 42-sonidan olind


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Abdulla Qodiriy she’riyati
Sobir Mirvaliyev

Men talabalarga Oʻzbekiston jurnalistikasi tarixidan dars berarkanman, Buxoro matbuoti va matbaasi tarixiga oid manbalar yetarli emasligini angladim. Jurnalistikamiz tarixiga bagʻishlangan maqola va kitoblarda bu borada ma’lumotlar kam. Chunonchi, Abdulla Avloniyning 1924 yili e’lon qilingan «Burungʻi oʻzbek vaqtli matbuotining tarixi» maqolasida «...Buxoroda «Turon» ismida oʻzbekcha bir gazeta, «Buxoroi sharif» ismida forsicha bir gazeta chiqqan edi. Nusxalari qoʻlimizda boʻlmogʻoni uchun ular toʻgʻrisida muhokama yuritmadik», deyish bilan cheklanilgan. Ziyo Saidning 1927 yili nashr qilingan «Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar» kitobida esa mazkur gazetalar hatto eslanmagan ham.

Oʻtgan asrning 20- yillarida buxoroliklar tomonidan chiqarilgan gazeta va jurnallar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ham ancha gʻarib. Shu bois, ehtimol, Buxoroning oʻzida chiqqan gazeta-jurnallarda bu haqdagi materiallarga duch kelib qolarman, degan oʻy bilan kutubxona va arxivlarda ularning saqlanib qolgan nusxalarini koʻrib chiqdim. Xayriyatki, mehnatim zoe ketmadi: ancha-muncha ma’lumotlar topdim. E’tiborga loyiq jihati shundaki, 20- yillarning mashhur ziyolisi Muhammad Said Ahroriyning bu boradagi hanuz noma’lum boʻlgan maqolalarini uchratdim. Said Ahroriyning hayoti va ijodi haqida farzandi — jurnalistika faxriysi Xolida opa Ahrorova hamda adabiyotshunoslar — N. Karimov, S. Ahmedov va boshqalarning kitoblari, maqolalari bor. Ularda men topgan maqolalar eslanmagan. Demak, ularga mazkur tadqiqotchilarning koʻzi tushmagan. Oʻtmishda chiqqan har qanday gazeta va jurnalga oid yangi topilgan manba muhim hisoblanadi: qoʻshimcha ma’lumot yuzaga chiqadi...

Vatanimizni mustamlakachilardan ozod etish uchun jonini fido qilgan istiqlolchilardan biri Muhammad Said Ahroriydir. U 1895 yili Madinada tavallud topgan. Otasi Abdurashidxoʻja Ahror oʻgʻli asli xoʻjandlik boʻlib, haj ziyoratiga borib, Madina shahrida yashab qolgan. Professor Naim Karimovning yozishiga qaraganda, Abdurashidxoʻja 1903 — 1905 yillari Madinadan Turkiyaga koʻchib kelib, Istanbulda istiqomat qila boshlaydi. Oʻgʻli Muhammad Saidning zamonaviy ma’lumot olishi uchun jon kuydirgan otasi Abdurashidxoʻja boʻlajak istiqlolchini Istanbuldagi gimnaziyada oʻqitadi, soʻng olti oylik harbiy kurslarda ta’lim oldiradi. Bu orada Birinchi jahon urushi boshlanib, Muhammad Said ham Dardanel uchun boʻlgan janglarda ishtirok etib, u yerda turkiyalik boshqa jangchilar qatorida ruslarga asir tushib qoladi. Bir qancha vaqt Sibir yerlarida tutqunlik azoblarini tortgan Muhammad Said 1917 yil Fevral inqilobidan soʻng Turkistonga, aniqrogʻi, Toshkentga keladi. Mana shundan boshlab uning azaliy orzusi – ota yurtida bor kuch-gʻayratini, bilimini unga baxshida etishi uchun imkoniyat paydo boʻladi. Lekin hokimiyatni egallab olgan bolsheviklar gʻayrat-shijoatga toʻlib turgan millatparvarning sa’y-harakatlariga toʻsiq qoʻya boshlaydi. Shunday boʻlsa-da, Muhammad Said yoshlarga zamonaviy bilim va madaniyat tarqatish ishida boʻlsin, boshqa ijtimoiy faoliyat sohalarida boʻlsin, imkoniyatlardan foydalanishga urindi. Shunday faoliyat sohalaridan biri jurnalistika edi.

Muhammad Said Toshkentga kelgani hamono publitsist sifatida oʻz davrining eng dolzarb, eng dardli mavzularida qalam tebratdi. Hayratlanarlisi shundaki, u xorijda tugʻilib, Istanbuldagi maktab va kurslarni turk tilida tugatgan boʻlsa-da, dastlabki maqolalariniyoq sof oʻzbek tilida yozgani ochiq koʻrinadi. Bu — adibning otasi Abdurashidxoʻjaning xizmati boʻlsa kerak. U oʻgʻliga xorijda ham oʻzbek tilida soʻzlash va yozishni oʻrgatgan boʻlishi tayin.

Said Ahroriyning 1918 — 1920-yillar oraligʻida yozgan maqolalari «Turk soʻzi», «Ishtirokiyun» kabi gazetalarda bosilgan. 1920 yilga kelib uning faoliyati Buxoro bilan bogʻlandi. Ma’lumki, yosh buxoroliklar firqasining Toshkent byurosi 1920 yili gazeta va jurnal nashr etishni yoʻlga qoʻydi. Jumladan, «Uchqun», «Qutulish» gazetalari hamda «Tong» jurnali xuddi shu yili dunyo yuzini koʻrdi. Said Ahroriy mana shu nashrlarda faol qatnashdi. Chunonchi, «Uchqun»ning 1-sonida «Zolimlarga qarshi isyon» rubrikasi ostida «Buxoro askarlariga» bosildi. Unda muallif Buxoro ahlini zolim amirga qarshi qoʻzgʻolishga chorladi. Gazetaning 2-sonidan publitsistning ikkita maqolasi oʻrin olgan. Biri Muhammad Said imzosi bilan «Zolimlarni mahv etmak kerak» degan da’vat ruhidagi maqola boʻlsa, ikkinchisi — Baxtiyorxoʻja imzosi ostida «Buxoro musulmonlarigʻa» sarlavhali chaqiriq maqoladir. Maqolalarning sarlavhalaridan ayon boʻlib turibdiki, Muhammad Said Buxoroning ozod va obod oʻlka boʻlishini istagan, shunga boshqalarni ham da’vat qilgan.

1920 yilning 2 sentyabrida amirlik tugatilib, Buxoro xalq shoʻrolar jumhuriyati (BXShJ) tashkil etilgach, Muhammad Said ham u yerga boradi va faol ishga kirishadi. U «Buxoro axbori» gazetasi hamda davlat nashriyotining barpo boʻlishida qatnashadi. «Buxoro axbori»ning dastlabki 5 soniga muvaqqat muharrir boʻladi, soʻng tahrir hay’ati a’zosi sifatida jon kuydirib ishlaydi. («Buxoro axbori»ning 17 soni Muhammad Saidning muharrirligida chiqqan.) 1921 yilning ikkinchi yarmida u BXShJning Bokudagi konsulxonasiga ishga tayinlanib, 1923 yil oxirigacha u yerda ishlaydi. Buxoroga qaytgach, 1924 yilning yanvaridan 1925 yilgacha «Ozod Buxoro» gazetasi muharririning birinchi muovini va davlat nashriyotining mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston SSR tashkil etilgach, respublika markazi — Samarqandga keladi. Aytish mumkinki, Buxoro matbuoti va matbaachiligi rivojlanishining dastlabki 4 yili uning koʻz oʻngida oʻtgan. Shu bois BXShJ jurnalistikasining shakllanish va taraqqiy etish jarayonini Muhammad Said yaxshi bilgan va bu haqda tadqiqot-maqolalar yozgan. Uning «Buxoro axbori» va «Ozod Buxoro» gazetalaridagi maqolalari Muhammad Said, Muhammad Said Ahroriy, Baxtiyorxoʻja, Muxtorxoʻja, Abu Munir imzolari bilan chop etilgan.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, «Buxoro axbori»da oʻz davrining juda iste’dodli qalamkashlari — Choʻlpon, Muhammad Said Ahroriy, Qosim Sorokin, Qori Yoʻldosh Poʻlatov, Laziz Azizzoda, Mahmud Budayli va boshqalar ishlaganlar. Shu bois boʻlsa kerak, zikr etilgan shaxslarning matbuot zimmasiga yuklanadigan vazifalar toʻgʻrisidagi tushunchalari ham nihoyatda yuksak boʻlgan. Choʻlpon «Buxoro axbori»ga muharrirlikka tayinlangach, oʻzi rahbar sifatida 1921 yil 30 iyunda chiqargan birinchi sondagi bosh maqolada «Gazeta... dunyoda 5 kuchlik davlat boʻlsa, 6nchisi, 6 boʻlsa — 7nchisi...» deb yozadi. Uning bu ta’rifini gazetaning 1923 yil 23 fevral sonidagi matbuotga bagʻishlangan maqola muallifi yanada kengaytirgan. «Umumiy Yovrupo urushidan ilk Yovrupoda buyuk olti davlat bor edi: Rusiya, Germaniya, Frantsiya, Angliya, /Avstriya/, Italiya. Matbuot esa yettinchi buyuk davlatdan sanalar edi. Matbuotning yolgʻizining kuchi va e’tibori olti davlatning kuchi bilan barobar kelar edi», deyiladi unda. Said Ahroriy ham hamkasblari qatorida matbuotga tavsif berarkan, XX asrning boshlarida urf boʻlgan qarash — tuzumning zamini deb hisoblanilgan ijtimoiy tabaqalarni e’tiborda tutgan holda yondashadi. «Matbuot oʻz sinfining oynasi boʻlub, — deb yozadi Muhammad Said, — u sinfni ma’lum bir doirada uyushturadir. Shu holda bu bir sinfni yashatishda juda muhim oʻrun ishgʻol etkuchi bir quroldir».

Gazetaning xuddi shu paytlardagi sonlarida kapitalistik jamiyatda matbuotning xususiyatlari haqida ham, umuman, toʻgʻri fikrlar bildirilgan. Koʻrinadiki, «Buxoro axbori»da matbuot borasida yozishganda, mualliflar zimmalariga qanday mas’uliyat tushishini juda yaxshi anglashganini fahmlash qiyin emas. Muhammad Saidning matbuot toʻgʻrisidagi maqolalari mana shunday ijodiy muhitda yaratilgan. Uning Buxoro matbuoti tarixiga oid dastlabki maqolasi Abu Shomilning «Ozod Buxoro»da bosilgan «Bizning hisob» maqolasiga munosabat tarzida yuzaga keldi. Abu Shomil maqolasi esa 1924 yil 5 mayda «Ozod Buxoro» gazetasining 300-soni chiqishi munosabati bilan yozilgan. («Abu Shomil» oʻsha vaqtdagi «Ozod Buxoro»ning muharriri, tatar millatiga mansub Qosim Sorokin (Ibrohimov)ning yashirin imzosi boʻlgan.) U gazetaning yubiley soni chiqishini katta voqea sifatida baholab, uning bosib oʻtgan yoʻliga toʻxtaladi, toʻrt yillik tarixini uch davrga boʻladi va har biriga tavsif beradi. Jumladan, gazetaning birinchi davri deb uning «Buxoro axbori» nomida 1-soni chiqqan 1920 yil 9 sentyabrdan 1922 yil yanvarigacha, ya’ni Choʻlpon muharrirlik qilgan oxirgi — oltmish beshinchi son chiqqan 15 yanvargacha boʻlgan vaqtni oladi. Abu Shomil bu davrda gazetaning chiqishi uchun jonbozlik koʻrsatgan, tashkilotchilik qilgan Said Ahroriy, Laziz Azizzoda, Mahmud Budayli, Abdulhamid Sulaymon (Choʻlpon), Mahmud Suboy va Husayn Almashevga «65-son chiqishiga muvaffaq boʻlgʻon va xalqga ozmi-koʻbmi gazetaning ahamiyatini anglata bilgan»lari uchun tashakkur bayon qiladi. «Bu davr eng ogʻir davr edi», deb yozadi u. Chunki gazeta bu davrda, asosan, yosh hukumatning buyruqlarini bosib, gazetadan koʻra, «rasmiy hukumat qogʻozi» tusini olishga majbur boʻlgan. Buning ustiga, Buxoroda «gazeta oʻqish harom» degan aqida hukm surgan. Ana shunday vaziyatda gazeta chiqarish va xalqqa uni «oʻqish halol» deb ma’qullashga muvaffaq boʻlish katta gap edi.

Abu Shomil bu yumshatuvchi izohlarni keltirsa-da, umuman, gazetaning birinchi davriga bergan bahosi maqolasining boshida oʻzi «tashakkur bayon qilganlar»ning izzat-nafsiga tegadigan darajada salbiy edi. Mana oʻsha baho: «birinchisi — faqat hukumatning buyruqlarini xalqga tushuntirishka tirishkan «hukumatning rasmiy qogʻozi» davri».

Tabiiyki, bu bahoga Muhammad Said qoʻshilolmagan va gazetaning 1924 yil 11 may sonida «Gazetamizning birinchi davrlari» degan maqola e’lon qiladi.

Muhammad Said «Buxoro axbori»ning hukumat buyruqlarini bosganligining tub sababini quyidagicha izohlaydi: gazeta uchun «... u vaqtlardagi tilak: buxoroli vatandoshlarga inqilobimizning oʻzini, omillarini, sabablarini bildirmak va tanitmoq barobarida, uning foyda va fazilatlarini chin bir ravishda tushuntirmakdan iborat... Gazetaga tegishli boshqa muhim vazifalar ikkinchi navbatda qoldirildi. Buxoro jumhuriyatining matbuot yuzasidan boʻlgʻon oʻshal yoʻqsullik (nochorlik — B.D.) choqlarida yuqoridagi tilakdan boshqasigʻa kirishmakka na qalam va na-da, texnika yetarlik emas edi... Shunday boʻlsa ham, oz va gʻayri mutashakkil idorasi (shakllanmagan tahririyati — B.D.) bilan yangi hukumatning butun omolini tushuntira olgʻondir. Zotida dastlabki vazifasi ham shundan iborat boʻlgʻoni kabi, matbuotni harom deb tanigʻon bir el orasida bir yilliq muddat ichida birgina gazetadan bundan ortuq xidmat talab etib boʻlmas». Muallifning maqolasi «Buxoro axbori»ning bu qadar murakkab sharoitda qanday maqsadni koʻzlagan holda chiqib turganini anglashga koʻmaklashadi.

Muhammad Said gazeta bir me’yorda chiqib turishi uchun texnik jihatdan katta qiyinchiliklarga duch kelinganini izohlaydi. Bunda uch asosiy narsa sabab boʻlgandi, deb yozadi u. «Buxoro axbori» tashkil etilgach, «Qizil Sharq» poezdining sayyor matbaasida bosilib turdi («Qizil Sharq» — markaziy shoʻro hukumati tomonidan tashkil qilingan tashviqiy poezd). «Sayyor matbaa ketgach, gazeta haftalab, balki oylab toʻxtadi. Negakim, davlat nashriyotimizning matbaasi hali qurulmagʻon edi... Uchinchi sabab esa, tegishli matiriyollarning kamyobligʻidir. Gazeta shu oʻn oy ichida zoʻraymasdan, eski kattaligida chiqa berdi. Negakim, faqat amir hukumatidan qolgʻon matbaa va bir necha pud harfga suyanib qolgʻon edi. Soʻng vaqtlarda nashriyotga yangi harf va amerikanka kela boshlagʻoch, zoʻrayishga yoʻl ochmoq imkoni tayyorlanib qoldi». Bu faktlar tahririyat a’zolari, xususan, gazeta uchun shaxsan mas’ul boʻlgan muharrirlar «Buxoro axbori»ni naqadar moddiy-texnik qiyinchiliklar sharoitida chiqarishganini tasavvur qilishga yordam beradi. Jumladan, Choʻlpon 1921 yili gazetaga muharrir etib tayinlangach, chiqarilgan dastlabki sonida tahririyat nomidan shunday niyat bildirilgandi: «Hozir qoʻlimizda boʻlgʻon kuch bilan gazetani shu kichik oʻlchovda kun oralash chiqarib turmoqchi boʻldiq. Agar favqulodda ishlar mone’ boʻmasalar, gazeta shunday chiqib turgʻusidir». Taassufki, bu niyat amalga oshmagan. Nima uchun amalga oshmaganini Muhammad Saidning yuqorida keltirganimiz izohidan anglab olish mumkin.

Shuni ham ta’kidlash joizki, Muhammad Said gazetaning birinchi davridagi muharrir va publitsistlarning xizmatiga baho berarkan, Mahmud Budayli mehnatini alohida ta’kidlagan. Gazeta «... oltinchi sondan boshlab hay’ati tahririya qaramogʻida chiqdi... — deb yozadi u, — gazetada biri orqasidan biri hay’ati tahririya a’zolari va muharrir boʻlub Mahmud Budayli, Said Ahroriy, Orif Olporif, Husayn Almashef, Abdulrahmon Ismoilzoda, Shahzoda Surayyo, Abdulhamid Sulaymoniflar ishladilar. Bu oʻrtada shuni e’tirof etib oʻtmak kerakdirkim, Mahmud Budayli zamonlarida gazetamizda firqa hayoti va firqa nuqtai nazariga tegishli yozuvlar koʻproq oʻtkurroq boʻlub oʻtmak barobarida, barcha tahrir hay’atiga rahbarlik qilgʻondir. Shul sababdan ul gazetamizning u chogʻlardagʻi eng faol muharriri hamda dastlabki rahbari sanalishgʻa arziydir». Bu baho Muhammad Saidning ijodkor mehnatini qadrlash fazilatiga ega boʻlganini koʻrsatadigan faktdir.

Publitsist shu bilangina kifoyalanmaydi. U «Ozod Buxoro»ning 1924 yil 17 may sonida «Gazetani tuzatish masalasi» degan maqolasini fikr almashuv tarzida e’lon qiladi va gazetani yanada yaxshiroq chiqarish uchun bir qancha takliflarini aytadi. Jumladan, gazetaning imlosini tuzatish, tilini adabiy til me’yorlari asosida tutish, gazetani keng mehnatkashlar orasida tarqatishga yoʻl topish yuzasidan e’tiborga sazovor fikrlar bildiradi.

1924 yilning 21 iyunida oʻzbek shoʻro matbuoti tashkil topganiga 6 yil toʻlgan. Ushbu sanani nishonlash munosabati bilan mutbuotga e’tibor kuchaygan, turli maqolalar e’lon qilingan. Muhammad Said ham shu sana munosabati bilan «Matbuot bayramiga tayyorlanmoq kerak» («Ozod Buxoro», 103-son), «Boylar va kambagʻallar matbuotining farqi» (105-son, imzo: Abu Munir), «BXShJning davlat nashriyoti» (shu son) maqolalarini yozdi. Mazkur maqolalarida u oʻz davri matbuoti uchun dolzarb va muhim boʻlgan masalalarga e’tibor qaratish zarurligini uqtiradi. Davlat nashriyoti haqidagi maqolasini mazkur muassasaning oʻziga xos toʻrt yillik solnomasi deyish mumkin. Bunday «solnoma»ni yaratishga uning ma’naviy haqi bor edi. Zotan, u «Buxoro axbori»ninggina emas, davlat nashriyotining ham tashkilotchisi va rahbarlaridan biri edi. Bu fikrimizni maqoladagi quyidagi iqtibos tasdiqlaydi: nashriyot tashkil etilgan kundan «olti oygʻacha davlat nashriyoti va gazeta idorasi bir ustol ustida, mening qoʻlimda davom etdi», deb yozadi u. Muhammad Said nashriyotning tarixini bayon qilish bilan birga, faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan nimalarni amalga oshirish lozimligi ustida ham fikr yuritgan.

Publitsist Said Ahroriyning «Buxoroning qizil matbuot tarixchasi» sarlavhali maqolasi «Ozod Buxoro»ning 1924 yil 21 va 29 iyun sonlarida Baxtiyorxoʻja imzosi bilan bosilgan. Mazkur maqolada muallif Buxoroning 1920 — 1924 yillari nashr qilingan gazeta va jurnallari tarixiga toʻxtaladi. Jumladan, u «Tong», «Nashri maorif», «Maorif va madaniyat» jurnallari, «Uchqun», «Qutulish» va «Buxoro axbori» — «Ozod Buxoro» gazetalarining tashkil etilishi, maslak va maqsadi, yoʻnalishi, mundarijasi, qancha soni chiqqani, unda qaysi jurnalistlar qatnashgani, nufuzi, chiqishdan toʻxtagan boʻlsa, buning sabablari haqida ma’lumotlar keltirgan. Muhammad Said «Tong» jurnalining 3 soni, «Nashri maorif»ning 5 soni, «Maorif va madaniyat»ning 2 soni, «Uchqun» gazetasining 2 soni, «Qutulish»ning 11 soni chiqqani toʻgʻrisida, ularga kimlar muharrirlik qilgani haqida ma’lumot bergan. U «Tong» jurnalining nima sababdan toʻxtaganligi toʻgʻrisida shunday ma’lumot keltiradi: «Tong»ning.... imlosi yangi imlo, tili butunlay chigʻatoycha boʻlgʻoni uchun u vaqtlarda Buxorogʻa yaxshi ta’sir eta olmogʻondir. Mundarijada 5 foizdan ortuq Buxorogʻa tegishli yozuvlari boʻlmagʻon. Toʻgʻrisini aytkanda, koʻproq «Chigʻatoy gurungi»ning ta’siriga berilgan edi. Shuning uchun Buxoro mehnatkashlaridan koʻproq Turkiston ziyolilarigʻagʻina yarar edi». Mana shu sababli jurnal noshiri uni chiqishdan toʻxtatib, oʻrniga «Qutulish» gazetasini nashr qilishga qaror bergan. Koʻramizki, bu ma’lumotlar jurnalistikamiz tarixini yorituvchilar uchun yangilikdir. Zero, oʻsha davr oʻzbek jurnalistikasi tarixining bilimdoni Ziyo Saidning kitobida ham ushbu fakt uchramaydi. Muhammad Saidning «Nashri maorif» jurnali haqida keltirgan faktlari ham hozirgi tadqiqotchilar uchun yangidir. Uning yozishicha, 1923 yilning mart oyida markaz kasabalar shoʻrosi huzuridagi «Nashri maorif» shoʻ‘basi tomonidan shu nomda ikki haftalik adabiy, fanniy, iqtisodiy va siyosiy jurnal chiqarilgan. Kasabalar uyushmasi tomonidan chiqarilsa-da, kasabalar turmushini yoritmagan. Fanniy qismi boʻsh, ilmiy va siyosiy qismlari juda zaif, badiiy jihatdan koʻchaga taqlid etgan. Xabir Abdullaev degan shaxs muharrirlik qilgan. Shuning uchun «Xabir Abdullaev va u oilaga mansub kishilar tomonidan monopuliyogʻa olingʻonligʻi uchun boshqa hech bir qalam ishtirok etmagan». Ana shu sabablar tufayli mazkur jurnalni xalq qabul qilmagan.

Bunday konkret fakt va ma’lumotlar boshqa nashrlar haqida fikr yuritilganda ham keltiriladi. Ahamiyatli joyi shundaki, bosh muharrirning muayyan nashrning qanday chiqishida oʻrni gʻoyat katta ekanini Muhammad Said maqolalari yana bir karra isbotlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Muhammad Said Ahroriyning Buxoro matbuoti tarixiga oid maqolalari oʻzbek jurnalistikasi tarixini yaratishda qimmatli manba boʻla oladi, deyish mumkin.

Muhammad Said, shubhasiz, iste’dodli publitsist, yozuvchi, davlat va jamoat arbobi boʻlgan. U oʻzbek madaniyatining taraqqiyoti yoʻlida yanada koʻp ishlarni roʻyobga chiqarishi mumkin edi. Taassufki, Stalin qirgʻin-qatagʻoni bunga yoʻl bermadi. U navqiron 36 yoshida, 1931 yilning 23 mayida «xalq dushmani» degan mash’um ayblov bilan otib tashlandi. Qisqa, ammo chaqmoqdek yorqin umri davomida u yodda qolarlik talaygina ishlar qilishga ulgurdi.