OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sobir Oʻnar. Aka-ukalar (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSobir Oʻnar
Asar nomiAka-ukalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sobir Oʻnar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Aka-ukalar (hikoya)
Sobir Oʻnar

Toʻgʻrisi, bizning uyga quyosh hoji boboning imoratidan oshib tushadi. Oftob bizga nurlarini toʻshashdan avval hoji boboning uyini yoritadi: keng-moʻl, devor-darmiyonsiz dasht hovlisi. Pastga enib tushadigan joyda bir oyogʻi «oqsoq» T-28 traktori ikki yildan beri qadalgan koʻyi, haykaldek turadi, mabodo u yursa ham yo biror transportning shatagida, yo pastga qarab shoʻngʻib oʻt oldiriladi, qishloqda akkumulyatori sogʻ transportni oʻzi uchratish qiyin.

Har qalay traktor shu turishda birovga zarari tegayotgani yoʻq. Hoji boboning kichik oʻgʻlidan nevaralari uni tayyor, «indamas» eshak qilib minishlarini hisobga olsak, «foydali jonivor» qatoriga qoʻshsayam boʻlaveradi.

Bir uyda uch oila jam boʻlgan. Katta oʻgʻil choʻlda, lekin bola-chaqasi shu hovlida. Kichik oʻgʻil shu yerda. Kichigining bolalari toʻrtta. Oʻrtanchasi ikkinchi marta uylandi. Birinchi xotini tugʻmas chiqdi — qoʻyib yubordi. Ikkinchisidan uch qiz bor. Kelin, qishloq tili bilan aytganda naq «qora tovon", ya’ni kecha-kunduz tinim bilmaydi, yozda, kuzda yaqin-atrof qirning tezagini yasalganday qilib uyiga tashiydi. Qish boʻyi uch roʻzgʻor shu oʻtin hisobidan isinadi, rohatlanadi. Albatta, boshqalari ham qarab turishmas, ammo kattayu kichikning tilida shu kelin. Kam uyqu hojining har tahoratiga iliq suv tayyor, har choy soʻraganida achchiq choy ham tayyor. Odamlar unga oʻgʻil tirnoq tilashadi. Koʻpning duosi koʻl, boz ustiga hoji boboyam qishloqda yagona hoji — duosi ijobat boʻlib, ajabmas, Olloh ol qulim deb oʻgʻil ato etsa.

U kampiri bilan yashaydigan kichik nashaxonaning devoriga hojining onasidan qolgan childirma oq surpda saqlanadi. Tabarruk. Kampir yuz yoshni qoralab qazo qildi. Toʻqson yoshlaridayam avji kelib sumalak boshida yo artisti yoʻq toʻylarda qarsillatib bir-ikki terma aytib tashlab kelinchaklarni oʻynatib yuborar edi.

Bultur hoji bobo Makkai munavvaraga, haj ziyoratiga borganida onasini ham hajji badal qildirib kepti. Yaxshi-da. Shundan boʻlsa kerak, bu uy nurli, barakali.

Mening sinfdoshim, hojining kichik oʻgʻli koʻpkariga qiziqadi. Bir choʻbiri bor. Gashtak koʻpkarilarda ha-ha deb toʻdaga urib turadi. Norboʻta obdon ichar edi, otasi hoji boʻlgach, taqqa toʻxtab nomozxon boʻlib oldi. Lekin «shayton oʻyini» — koʻpkaridan qolmaydi.

Biz ertaga Qizil olmada boʻladigan koʻpkariga ikki chavandoz va ikki yaydoq kechin ola yoʻlga tushdik.

Men Qizil olmaga emas, shu qishloqning boshidagi qaynotamnikiga, Ingichkaga boramiz, otlarni qantaramiz, joyi bor, ertalab toʻyxonaga tushamiz, dedim. Koʻmak aka bunga koʻnmadi. Toʻy egasi Qorabosh mening qirq yillik qadrdonim, borsak, hamma narsani toʻkib tashlaydi, boshqanikiga borganimizni eshitsa xapa boʻladi, deb turib oldi. Qorongʻu tushgan, lekin elektr yoʻq. Bizda-ku, kechqurun ikki-uch soat chiroq yonadi, bu shoʻring qurgʻurlarda shuyam yoʻq ekan.

"Toʻy togʻa» deb tovush berganimizdan soʻng kimdir oyogʻiga kalish kiyib chiqdi. Qorabosh akaning armiya joʻralari kelib, ular bilan ichib mast boʻlib qolganini aytib, bermon tomon boshlanglar, deb soyning narigi betida turadigan Esirgap degich ukasinikiga boshladi. Esirgap bir chagʻat joydan uy solgan ekan, otlarimizgayam joy tegmay, duch kelgan joyga bogʻlab ichkariga kirdik. Oʻrtada moychiroq, kun sovuq, pechkaga oʻtin tashlanmagan, qunishibgina oʻtirib oldik. Bir mahal dasturxon keldi, non yoʻq; allazamon oʻtib non keldi, choy yoʻq. Obbo, bu yogʻi necha puldan tushdi endi deb oʻtiraberdik. Koʻmak akaning joniga tegdim:
— Haliyam kech emas, surdik bizning qaynotanikiga.

Ammo aka unamadi. Qaynotang mehmon qilolmaydi. Bular el kezib yurgan, dongʻi chiqqach odamlar deb meni mulzam qildi.

Yana bir muddatdan soʻng bir taqsimchada tosh konfet va bir taqsimchada, chamasi bulturgi hayitdan qolib ketgan parvarda keldi. Boshqa hech narsa kelmadi. Chavandozlar biror yogʻliroq ovqat yeb qorin toʻygʻazish qaygʻusida, biz nochavandoz, haybarakallachi Koʻmak aka ikkimiz toʻyda eski oshnalar bilan miriqib ulfatchilik qilish ishtiyoqida edik. Dodimiz Xudoga yetmadi chogʻi, qamoqqa tushgan toʻrt oʻgʻlonday oʻtiraverdik. Ovqatdan darak yoʻq, hech kim xabar olmaydi. Uxlaylik desak, uy sovuq, pechkaga oʻt qalanmagan. Bir vaqt bir odam kelib pechkaga oʻt qalab kerosin sepdi, olov yonganday boʻldi, ammo u yana oʻchdi. Qaytanga uy tutunga toʻldi.

Koʻmak aka dimiqib derazani ochdi. Deraza ortidan bir nimaning xirillagani eshitildi.
— Ana, mehmonga siylov deb qoʻy soʻyilayotir, — dedi Koʻmak aka xursand boʻlib qoʻllarini bir-biriga ishqalagancha.

Lekin xirildoq uzoq davom etdi va birdan toʻxtab, «onangni falon qilay", degan boʻgʻiq soʻkinishga aylandi. Har qalay bu «siylov» biz uchunmi, boshqa birovga atalganmi — dabdurustdan bilish qiyin edi. Aloha, buning orqasidan tarsillagan tovush keldi. Chamasi ikki erkak boʻgʻishayotgan edi. Ketma-ket soʻkinishlardan keyin shunday ekani ayon boʻlib qoldi.

Koʻmak aka chiqib ularni ajratib qoʻymoqchi boʻldi. Qoʻying, janjalga aralashib, ertaga melisaga qatnab oʻlmang, deb uni zoʻrgʻa toʻxtatdim. Ammo janjal zoʻrayib, soʻkinishlar ham oliy maqomga koʻtarilayotgan edi. Endi ular bir-birini tayoq bilan solayotgani eshitilardi. Sapchib oʻrnimdan turdim. Agar biz uchun urishayotgan boʻlsanglar, mana, ketdik, sizlar toʻxtatinglar, demoqchi edim.

Shundoq dahlizga chiqishimni bilaman, oyogʻim satilga tegib ketib, suv toʻkilib, oyogʻim sirpanib, yerga dumgʻazam bilan oʻtirib qoldim. Orqa oyogʻim paypogʻim aralash naq tizzamgacha loy, suv boʻldi. Shungayam qaramay tashqariga otildim. Ayvonda, xira fonus yorugʻida, ustun tagida birov uzun tushib yotibdi. Qarasam, ayol kishi, koʻtarib turgʻizay desam, oʻlik. Tap-taxta boʻlib qotib yotibdi. Ichkaridan bir chol chiqdi. Fonusni yaqin opkeldi. Chol ham ogʻziga kelganini qaytarmay anovi ikki urishqoqni soʻkib yotibdi.

A’zoi badanim muzlab ketdi. Bu yogʻi yetmaganday endi manovi qotillikkayam guvohlikka oʻtsag-a. Kampirni koʻtarib ichkariga olib kirdik. Nafas olish yoʻq, oyoqlari muzlab boryapti. Shu payt harbiy muallimimiz hushsiz odamni orqa boʻynidan mahkam qisib boshini oldi tarafga egish kerak degan gapi xayolimga keldi va shunday qilgan edim, kampir birdan xirillab yubordi, ogʻzidan koʻpik chiqib ketdi. Ammo endi nafas ola boshladi. Kampirni uzala qilib qoʻyib kelinimi yo qizimi biroviga oyogʻini uqalayveringlar, deb chiqib ketdim. Ayvonda chol katta zarang tayoqni ushlab ikkala yigitga bu yoqqa chiq, ikkovingni urib oʻldiraman, deb poʻpisa qilayotgan ekan.
— Otaxon, qoʻying, biz siznikiga toʻyga keldik, mehmoningizmiz, — deb yalina-yalina bazoʻr qoʻlidan tayoqni oldik.

Yigitlardan birining boshi yorilib yotibdi, qon sharillab oqyapti, ikkinchisining esa yuzlari tirnalgan, koʻzlari qovoqday shishib ketgan. Biz shunisini oʻrtaga oldik. Joʻrajon, bizlar tinch ketaylik, doʻxtir chaqir, akangning yarasini bogʻlasin, onangniyam koʻrib qoʻysin, dedik.
— Doʻxtir uzoqda, men bormayman, — dedi u.
— Qaerda, biz borib kelaylik boʻlmasam.
— Qoʻshilishda.
— Oʻhoʻ, oʻzlaringda doʻxtir yoʻqmi?
— Biznikiyam oʻsha, Qoʻshilishdagi.

Shunday deb u burilib boshqa uyga kirib ketdi. Na boʻlgʻay, biz shu holimizcha qotib qoldik. Shu orada bir mototsikli bor odamni topib, yalinib, oxiri benzin puli deb, toʻrt-besh soʻm berib, doʻxtirga joʻnatdik.

Koʻmak akaning sabri chidamadi. Narigi betga, toʻyxonaga boraylik, deb turib oldi.

Men yana Ingichkaga boraylik, dedim.

Ammo endi kech edi.

Hamrohlarim — Olmos va Norboʻta polvonlar bu fojeaga sherik boʻlib qolishdan choʻchiganlaridanmi yo janjaldan zada boʻlishdimi, otlarimizniyam olib bu yerdan ketaylik, deb qistalang qilishdi. Xullas, janjalkashlarning akasi, toʻy egasi Qorabosh polvonnikiga oʻtar boʻldik. Borsak, tagʻin boyagi kalishchan dastyor chiqdi. Bizni uyga olib kirdi. Kirsak, uy toʻla mehmon, barisi mast. Sigaret tutunidan nafas olib boʻlmaydi.

Noiloj kirib oʻtirdik. Hechqursa qornimiz qovzanar deb oʻyladim. Lekin dasturxon nochor edi. Na ovqat, na qorinni aldashga durustroq narsa bor. Bir-ikki piyola choy ichganimiz ichimizni bir oz ilitdi.

Koʻmak aka mastlarga qoʻshilib besh-olti piyola aroqni yutib oldi. Qiyshanglab ularga oʻxshab chuchmal hangomalardan ola ketdi. Mastlar esa koʻpga dosh berolmadi, choʻzilib-choʻzilib uxlab qolishdi. Hatto dastyor yigit ham pechga suyangancha pinakka ketibdi. Biz choʻzilishimizga umuman joy yoʻq edi. Endi uyqu bosardi. Ilojsizlikdan janjalxonaga ketishga majbur boʻldik.

Borsak, boyagi «oʻlgan» kampir hech narsa koʻrmaganday tashqarida gʻimirsib yuribdi. Yo tavbangdan ketay, bu qanaqasi — xuddi joʻrttaga qilganday-a! Bari bir oʻlmagani tuzuk boʻpti

Koʻmak aka aljiragancha:
— Oʻlmaydi bu tosh kampir, mening onam. Qorabosh polvondi shul tuvgʻan, — derdi va tentiragancha birinchi boʻlib boyagi mehmonxonaga kirib ketdi. Biz hali etiklarimizni yechib ham ulgurmay bir ayol ichkaridan otilib chiqdi. Ne boʻlganini bilmay qoldik.

Kirsak, moychiroq yorugʻida Koʻmak aka koʻzlari haykalnikiday tosrayib qotib turibdi. Kayfidan asar ham qolmagan.
— Nima qildingiz? — deb soʻradim.
— Hech narsa, hech narsa, — dedi u yigʻlaguday boʻlib.
— Qariganda buytib sharmanda boʻlmay oʻlganimiz yaxshi.
— Hech narsa, hech narsa, — derdi u yana, — boyagi janjalkash yigit deb oʻylapman, qorongʻida kelinchak ekanini bilmapman, yuzini ochsam indamadi, koʻrpani koʻtarib orqasiga bir tepsam chiyillab echkiday sakrab turib ketdi. Endi nima boʻladi?
— Boyagi janjalda odam oʻlmadi har tugul, oʻlsa — endi oʻladi, tayyor boʻp turing, — dedim.
— Neujeli, ay, neujeli?
— Mana, qarab turasiz...

Indallosini aytganda shu xavf-xatar bor edi-da. Shuni hisobga olib uyning chiqish-qochish tirqishlarini moʻljallab ikkala derazasini ham ochib etiklarimizni ham kiyib, bardam boʻlib tek turibmiz. Eshik tomondan sharpa kelsa, pastga qarab sakrashga shaymiz.

Deraza orti kamida uch qulochlik pastlik, uy nishabga qurilgani uchun tosh qalab qoʻyilgan, toshdan narisi pastlik, qulasang shu yerdan qulab mayib boʻlasan. Boyagi boʻgʻishma shu pastlikda roʻy bergan.

Tong ham ota qolmadi, mijja ham qoqmadik. Koʻmak aka mastlikda qilib qoʻygan ishidan pushaymon «meni oʻldirish kerak, meni» deb uf tortadi nuqul. Devorlarga qarasam, nuqul kashta, soʻzana ilingan, oʻrtada kelin bilan kuyovning toʻy libosida tushgan cheti yogʻoch, usti oynali kattagina portret surati.
— Siz buning emas, naq kelinning ketiga tepgansiz. Hozir kuyov bolta koʻtarib kelib hammamizni chopadi, — deb gazladim men.
— Oʻldik, voy, — dedi Koʻmak aka. — Rostdan ham kelinning uyi bu.

Ammo, ne tongkim, qotillikka arzirlik mazkur voqea bu janjalli uyda e’tiborsiz qoldirildi. Bari bir derazalar lang ochiq, ertalabga dovur chegaradagi hushyor askar maqomida tongni ham ottirdik.

Shuncha gʻavgʻolarni oʻz bagʻriga singdirgan qish kechasi juda uzun edi...

Tong yorishar-yorishmas uyga bir quchoq oʻtin koʻtarib chol kirdi.
— Mehmonjonlar, qishning izgʻirinida tirazalardi ochib qoʻyganlaringiz nimasi? Polvonlar-da bular, polvonlar.

Bu tashrifdan biz balo ariganini chuqur anglab yengil tin oldik. «Qatlga mahkum» Koʻmak aka ham dabdurustdan oʻziga kelib, cholni otam deb guldiray ketdi.

Pechka ustidagi choynak hushtak chalib qaynadi. Choy ustida koʻpkari haqida gurung ketdi. Goʻyo bu uyda kecha suronli jang-jadallar boʻlib oʻtmagandek.

Norboʻta polvon bari bir gap orasi kechagi tepalashgan yigitlar sizga kim boʻladi, deb soʻradi. Chol avval «onangni palon qilaylar» dedi-da, soʻng:
— Ikkoviyam mening ulim, — dedi.
— Yoʻgʻ-e, — dedi Olmos chavandoz, — biz toʻydan ikki mast kelibdi deb...
— Kallasi yorilgani kichkinamiz. Erkaroq. Besh-olti qafasda kaklik saqlaydi. Akasi rayondagi moliyachi joʻrasi kelib havas qilsa, opketaver deb bittasini bervoripti. Boya kelin shuni eriga aytib qoʻyipti. Keyin shu janjal-da: soʻyaman, chopaman deydi akasini, oʻzlaringiz koʻrdingizlar-ku, kimga qiyin— oʻziga qiyin. Boltaning uchi tegsa kalla ketar edi, keyin nima boʻlar edi — oʻlar edi. Toʻyda aza chiqar edi. Uyat-da. Bu yoqda koʻpkariga odamlar aytilgan. Mana, sizlarday polvonlardi miymon qip yotippiz. Katta ulimizding Qorabosh polvon deb chiqqan oti bor, tuvrima, polvon?

Olmos polvon boʻzday oqarib, hatto koʻkarib ketdi.
— Yaxshi boʻlib qoldimi axir ulingiz?
— Narigi tomda oʻlaman deb jotipti, kim biladi. Toshtemir duxtur kelib boyladi, uningam kayfi borakan, aroq soʻradi, bermab edik, ketib qopti.
— Kampir sogʻmi ishqilib? — dedi Koʻmak aka.
— Bu enangdi... — deb tagʻin soʻkindi boboy. — Bu ikki birday jigit razbor qilaversin, demay ora ochaman, deb oʻrtaga tushgan. Birovi nari tur deb tirsaklab yuboripti, borib kallani ustunga urib opti, pak qoldi oʻlib qolishiga. Haliyam ustun bor ekan, boʻlmasa toshdevoldan pastga tushib boʻyni qayrilib oʻlar edi. Hay, e’tibor qilmang, miymonlar, koʻpka¬ridan gapiring...

Tamaddi qilgach toʻyxonaga oʻtar boʻldik. Otlar oʻsha yerda qolgan, uloqqa tayyorlash kerak. Choshgohda Keragatoshning yaylovida koʻpkari boshlanadi.

Janjalxonadan chiqayotib kechasi kampir yiqilgan joyga razm soldim. Xudo asrabdi. Agar ustunga urilmay toshdevordan pastga tushib ketganida, rostdan ham bugun azaxonada oʻtirarkanmiz...

Atrofga qalin tuman tushibdi. Toʻyda qozon osilgan. Odamlar gʻimirlab qolgan. Otlarimizni ogʻilning orqasiga oʻtkazib bogʻlab qoʻyishibdi. Har qaysining oldida bir bogʻ beda... Chavandoz uchun bundan ortiq jazo yoʻq. Toʻq ot koʻpkariga yaraydimi? Uni quruq qiynaganing, qamchi tushirib badanini ogʻritganing qoladi.

Kutganimizday koʻpkari ham murdor boʻldi. Polvonlarimiz solimgayam, jalovgayam tashlay olishmadi. Boz ustiga tuman juda quyuq edi.

Qishloqqa oshib tushganimizda, garchi kech tushayotgan boʻlsa-da, quyosh chiqdi. Bu — ertaga kun iliq boʻlishining belgisi.

Uyga kelib Qizil olma qishlogʻi tomonga qaradim. Hoji boboning uyi ravshan, oqarib koʻrinardi. Choʻldagi oʻgʻli bir telejka opkelgan shekilli, pastlikka qarab turgan traktorga taqib qoʻyibdi. Ertaga yurgizsa kerak...