OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSobir Oʻnar
Asar nomiBegona mehmon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sobir Oʻnar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Begona mehmon (hikoya)
Sobir Oʻnar

Bu bir rivoyat. Lekin oʻzim unga ishondim. Toʻqigan joylarim ham bor, toʻqimaganlarim ham. Lekin gʻalati.

Matlab aslida shu Oqmoralni deb dunyoga kelgan ekan. Saksonga kirib umrining boshi-ketini oʻylasa shunday boʻlib chiqdi. Shuncha yil-a, shuncha uzun umr-a, sarson-sargardonlikka evrilgan qismat, ana, boring, peshona-ya. Oqmoralni deb yashagan yillari asli uni qizdan yuzlab chaqirim nari, xuddi quyundagi xashakday begona manzillarga uloqtirib tashlayveribdi. Qaridi, churidi, endi manglayiga tarsillatib shappat urdi.

Hali ham Talas togʻlarida tayogʻini, chorigʻini sudrab yurar edi. Qoʻra-qoʻtonu togʻ-adirlarda bu atroflarning egasi boʻlgan yangi boy – Zamonboyning xizmatini qilardi. Bir toʻp otliq qurollangan yigitlar kuppa-kunduzi kelib qoʻrayu kapasini ship-shiydam qilishdi. Oʻrischa-qirgʻizcha qurama tilda baqira-baqira shu yerda chol bilan birga molboqarlik qilib yurgan Qoraqulni, xotini va ikki goʻdak bolasiniyam otib tashlashdi. Ularga tashlanayotgan uchta boʻribosarniyam avtomatdan tarillatib oʻt ochib yer tishlatishdi. Soʻng biri Matlab cholga yuzlanib Zamonboy endi yoʻqligi, manavi davongirlar allaqachon uni narigi dunyoga ravona qilishganini bemalol, dona-dona qilib tushuntirdi, soʻng boyning yilqi uyuri, podasi, qoʻy otarlari qaerdaligini surishtirdi. Butkul himoyasiz qolgan chol soylar, adirlarning nomini aytib, mollar oʻtlayotgan manzillarni aytdi. Haligi otliq qoshlarini chimirib turdi-da, cholning yuziga zarb bilan qamchi qoʻydi. Tirqiragan qon koʻzlariga tushdi, “voh, padaringga la’nat” deya qoʻllari bilan yuzini toʻsguncha boʻlmay qoʻlidan sudragancha qoʻra yonidagi yakkamixda boylangan baytal yoniga opkelib, oʻsha mollar yurgan joyni bizga koʻrsatasan, deya buyruq qildi. Chol yuzidan tushayotgan qop-qora qonni artib ulgurmay, baytalni egarlash asnosida imillayotgani sabab boʻksasidan tagʻin bir qamchi yedi. Beixtiyor yigitni boʻralatib soʻkib yubordi. Yonoqlari pir-pir uchdi. Ammo negadir bosmachi yigit bu safar poʻpisa qilmadi. Chamasi bu qari inson hali-hanuz unga kerakligini eslab qoldi.

– Koʻzing-betinga qaragʻanda sart chigʻarsan? – dedi ajablangannamo.

Chol iyagigacha kelib barmoq enligida sumalakday boʻlib turgan qonni ijirgʻanib jabduqqa artarkan, sen toʻngʻiz qoʻpgurga buning nima qizigʻi bor, oʻldirish niyating bor ekan, shu yerda bir oʻq bilan tinchitib qoʻyaqolmaysanmi, demoqchi boʻldi. Iyagi, lablari titradi-yu, hech narsa demadi. Balki omonlikdan umid qilgandir. Egarga oʻtirar-oʻtirmas yigit baytalning sagʻrisiga achchiq qamchi bosdi. Otini pishqirtirgan koʻyi uning ortidan yoʻrtdi.

Xullas, ojiz-notavon chol ming qoʻyli boyning qoʻy-echki, qoramolu uyur-uyur yilqilarini otliqlarning oldiga solib haydatib yubordi. Evaziga tagʻin ikki qamchi yedi, noinsoflar uning ostidagi baytalni ham oldilariga solgancha adirlar quyisigacha boʻkirgan koʻyi ot qoʻydilar.

Chol endi taqdir bitigi bir yerga kelganiga, balki soʻnggi kun yashayotganiga tamom iqror boʻldi. Xudo oʻldirmasa odam ne mashaqqatlarni orqalab, boshdan oʻtkazib yuraverarkan. Ana qismat: qaerda tugʻilding, qaerda yashading, qaerda oʻlmoqdasan? Xoʻp, oʻzi nima uchun yashading? Toʻgʻrirogʻi, yashagan eding?

Koʻz oldida oʻzi tugʻilib oʻsgan Xartang qishlogʻi jonlandi. Otasining el qatori bir qarichgina yeri bor edi, lekin qoʻli gul edi shekilli, olam-jahon uzum yetishtirardi. Ota-oʻgʻil eshakaravada Samarqand bozoriga eltib, qand-novvot, oʻzlariga, uka va singillariga, onasiga ham kiyim, roʻmollar xarid qilib qaytishardi. Otasi uning zamonga mos boʻlib oʻsishini, kelajakda katta odam boʻlishini astoydil xohlardi. Shunday boʻlayotgandi ham. Samarqanddagi ochilgan universitetga kirdi. Ne baloligʻ boʻldikim, yigit uzoq yurt – Jambuldan kelgan Oqmoral degan qizga oshiq boʻldi-qoldi. Bora-bora qiz ham unga koʻngil qoʻydi. Lekin na yigitning, na qizning ota-onasi ularning turmush qurishiga rozi edi. Oralarini surishtirib qarashsa naqd besh yuz chaqirim keladi. Tavbangdan ketay, oʻzbekman deganning ham ne yerlarga urugʻi sochilgan-a! Jambullik sof oʻzbek, quralay koʻz Oqmoral! Xullas, ikki tomonning ham ota-onasi norozi, yigit-qiz oʻqish tugagach, oʻz uylari-oʻlan toʻshaklariga qaytishdi. Oʻsha mahallar qishloqlarda oʻqituvchi kam, Matlab hademay hashar bilan qurilgan qishloq maktabiga direktor boʻldi. Ammo qizni unutolmadi. Kitoblardagi singari kecha-kunduz oh chekdi. Xatlar yozdi, xatlar oldi. Oqmoral! Ma’nosi qozoqchadan oʻzbekchaga oʻgirilsa – oq ohu emish. Oq ohu! Qizning otasi bir qalin qozoq oshnasining taklifi bilan shu ismni tanlagan ekan. Ne boʻlgʻay, oʻsha qozoq oshna Oqmoral goʻdakligida oʻgʻliga beshikkertdi ham qilib qoʻyibdi. Oqmoralning yozishicha ularda udumni qattiq ushlar emishlar. Udum shariatdan ham ustun emish.

Matlab bu soʻzlarni oʻqib naqd olov kabi yonib ketardi. Oq yuzli suluv–oq ohuni jizgʻanak boʻlib birovlardan, noma’lum yigitlardan rashk qilardi. Bu dard shu qadar kuchli ediki, oxir oqibat kasalmand ahvolga keldi. Tunlari deyarli boʻzlab chiqadigan boʻldi. Otasi buni sezib, tezroq boshini bogʻliq qilib qoʻyish tadorigiga tushdi. Koʻp oʻtmay otasi oʻz togʻasining qiziga uylantirib ham qoʻydi. Bir oy yashashdi. Yigit hamon Oqmoralning koʻyida joni oʻrtanar edi. Axiyri kunlarning birida he yoʻq, be yoʻq, Samarqand vokzaliga borib qaydasan Jambul deya joʻnadi-bordi.

Topdi. Oqmoralini topdi. Gapning qisqasi, yigit ham shu yerda oʻqituvchilik qila boshladi. Shu yurtning egasiman deganlar ham allaqachon qizga sovchi qoʻya boshlagan edilar. Kolxoz raisi urushga borib kelgan oʻgʻliga soʻrattirgan, yigit yarimjon boʻlib kelgan, soʻng peshonadan koʻrib ortiq bezovta qilmay qoʻyadi. Beshikkertdi boʻlgan yigit ana-mana toʻy qilaman deb tayyorlanib yurgan kezda xirmonda yarim qop gʻalla bilan qoʻlga tushib qamalib ketadi. Taqdirning kulganini koʻringki, Matlab kamtarona toʻy qilib Oqmoraliga erishadi. Oʻzining qaynotasinikida ichkuyov boʻlib yashay boshlaydi. Ammo baxtli edi. Gʻoyat baxtli edi! Hatto ortda qolgan ota-ona, roʻzgʻor, xotini ham esidan chiqib ketdi.

Qishloq ahli bir begona joydan kelib elning eng suluv qiziga uylanib olganini tumshuqlarining tagidagi xazinani oʻmarganday qabul qildi. Urushdan keyingi siyosiy ayblovlar avjga chiqqanda Matlabning ustidan ham chaquvlar boshlanadi. Maktabda ishlab yurgan oddiy oʻqituvchini qariyb vatan xoini sifatida qamoqqa oladilar. Matlab Sibirga surgun boʻlib ketadi.

Oqmoralning ota-onasi, hatto oʻzi ham kuyovdan umidini uzadilar. Chunki Sibirga surgun boʻlganlar deyarli qaytmas edilar. Umrbod surgun qilishdimi: yo och-nahorlikdan, yo kasallikdan oʻlib ketaverardi.

Oqmoralning Matlabdan qolgan gumonasi bor edi. “Xalq dushmanining bolasi” degan tamgʻadan qoʻrqib otasi Jambul kasalxonasiga borib bolani oldirib tashlaydi. Kunlarning birida beshikkertdi qilingan yigit qamoqdan qaytadi. Ota-onalar maslahatni bir joyga qoʻyib yoshlarning boshini qovushtiradilar. Besh yil, oʻn yil oʻtadi hamki, ulardan farzand boʻlmaydi. Yigitning undovi, ota-ona istagi bilan Oqmoral erining boshqa turmush qurishiga rozilik beradi, ammo oʻzi ham shu eshikda sigʻindi boʻlib yuraveradi.

Taqdirning hukmiga qarang: Matlab oradan yigirma ikki yil oʻtib, yana deng, sogʻ-salomat toʻrt muchali but – Oqmoralning eshigini qoqib keladi. Ahvolni bilgach oh urib Majnun kabi sahrolarda darbadar boʻlib yuradi, togʻ-toshlar, adirlarga boradi. Choʻponlarga yordamchi tushadi. Shu yerda qolib ketadi. Qariydi. Oʻzini qismat hukmiga havola qiladi.

Oxirini, mana, koʻrib turibsiz...

Ammo buyam kam emas ekan. Hali oxiri emas ekan...

* * *

Chol yaralarining, suyaklarining ogʻrigʻidan qiynalib bir necha odim tashlarkan, qoʻl bilan tekislangandek tep-tekis katta toshni koʻrdi. Borib oyoq ildi. Dam olib, soʻngra soydagi zilol buloq suvidan yuz-koʻzlarini chayib, qon tekkan kiyimini ham yuvib olishni niyat qilib qoʻydi. Taqdir endi tagʻin hukm oʻqtalayotganini ichidan his qildi. Bir zum oʻziga achinib xoʻrligi keldi.

Axir, endi yorugʻ dunyoda hech bir suyanchi, tayanchi qolmabdi. Sherigi – choʻpon bolani ham itday otib tashlashdi. Xotini, ikki bolasini ham. Xoʻsh, bu bechoralarda nima gunoh edi? Oʻldirmay ham shuncha molni haydab ketaverishsa boʻlardi-ku. Kimning kuchi yetardi u ablahlarga. Yo tavba, yo qudratingdan, kim bular, nega koʻzlariga buncha qon toʻlgan? Alhazar, yo alhazar!

Koʻzlarini yirib ocharkan, yon tomonidagi Chotqolning xuddi zinalarday qat-qat koʻtarilib ketganini birinchi bor koʻrdi. Choʻqqilari oppoq qor bilan oʻralgan. Aytishlaricha togʻ ustida kattakon bir muz qoplagan koʻl ham bor emish. Koʻlning ustiga tinimsiz qor yogʻarmish, koʻl ostidan sizgan suv togʻ yonbagʻirlaridan buloq boʻlib otilib chiqarmish.

Menday muz qotgan shoʻrliklarning koʻz yoshlari ular...

Cholning koʻziga qor har qachongidan ham koʻra oqaribroq, hatto yaltirab turgandek koʻrindi. Bir paytlar eshitgan edi: oʻsha togʻlarda oq barslar yasharmish. Ha, oq barslar. Past adirlarga ular yoʻ-lamaydi shekilli. Aytishlaricha oq barslar faqat shu yerda boʻlarmish. Oppoq barslar. Ular oʻsha yoq-larda kun koʻruvchi oʻzlariga oʻxshash oq kiyiklarni yeb oziqlanarmish.

Oq morallarni...

Oqmoral!..

Kimlarga yem boʻldi, oziq boʻldi u ohu!

Umr esa oʻtdi-ketdi. Mendan ne qoldi?

Xartang... Juda olis, judayam olisda qoldi... Ota-ona tuproq boʻlib ketgan chiqar. Uka-singillar-chi?

Nimaga sarflandi bu umr?

Barmoqlari bilan toshni piyparkan, miyasiga uchqundek bir xotira urildi.

...Ikki oqsoqol hamrohligida bir aziz mehmon tashrif buyurgan edi. Bir kun burun Zamonboyning oʻzi kelib qoʻy soʻydirib, ot goʻshtidan qazi-qarta ham tayyorlatib ketgan edi. Soʻngra ertasi kuni oʻtov atrofini sheriklari bilan tozalab yaydoq joyga kigiz toʻshab mehmon kutgandi. Bir mehmon keldi: oq kostyum-shimda, oq koʻylak, oq tuflida, yoshi oʻtinqiragan boʻlsa-da, quyuq sochlarini orqaga taragan, bay-bay, yuzidan nur tomadi, nur-ku mayli, ma’no, donolik yogʻadi. Kigizga oʻtirib boshiga qirgʻizi qalpoq ildi. Suratchi uni, sheriklarini suratga oldi.

Taomdan koʻp tanovul qilmas ekan. Endi sogʻilgan sutdan sipqorishni yaxshi koʻrarkan. Soʻngra qimiz, qimronni. Oqsoqollardan ovul-urugʻlarni surishtirdi. Bir oqin chol doʻmbira olib “Manas”dan aytdi. Sel boʻlib eshitdi. Piyoda kelib xuddi shu toshda oʻtirishdi. Matlab choldan bu adiru soylarning nomini soʻradi. Urugʻ-avlodini ham soʻrab qoldi. Qisqa aytgan edi, “bu qiziq” dedi. Bir kelganda alohida “soʻylab berish”ini tayinladi. Matlab chol moʻmingina boʻlib qoʻl qovushtirib turdi. “Oq barisni koʻrganing barma?” deb soʻrab qoldi. Yoʻq javobini olgach, shu yerda shuncha yil yashasang ham koʻrmaysanmi degandek iddao qildi.

Bunga oʻn yil boʻldi.

Keyin bilsa... Ha, keyin bilsa, u odam uncha-muncha emas, huv pastdagi ovulda bolaligi oʻtgan, dunyoning eng zoʻr yozuvchisi naqd Chingiz Aytmatovning oʻzginasi ekan. Ha, Chingiz Aytmatov!..

Undan beri zamon oʻzgardi. Dunyo ham oʻzgardi. Aytmatov ham yoʻq. Ha, uni shu atrofdagi oʻzining ovuliga dafn qildik deyishuvdi. Zamonboy aytuvdi bu gapni. Matlab chol bilan suhbati qiyomatga qoldi. Bu dunyoda qayta koʻrishuv nasib qilmapti.

Oʻshanda Matlab bobo “Nima uchun bir ogʻiz aytmadinglar, men uning qissalarini, “Qiyomat” romanini yoddan bilaman-ku, ikki ogʻiz tuzuk-quruq gaplashtirmapsizlar ham, bir katta boy deb oʻylabman, attang-a!” deb oʻrtanib ohu zor qilgandi. Aytmatov qarigan chogʻida soʻnggi romani – “Qulayotgan togʻ”ni yozdi. Oʻshanda u mana shu togʻ, mana shu togʻ bagʻridagi oq barslar, mana shu qotil toʻdalarning razilliklarini, oxir oqibat oʻz qavmining ne ahvolga kelib qilayotgan qilmishlarini qalamga olgan ekan-da...

Hay, goʻring nurga toʻlgur, Chingiz doʻstim-a!..

Oʻshanda hey, oʻzbek chol, bu yerlarda nima qilib yuribsan, deb soʻrading, soʻrashga soʻrab dardu diydiyomni eshitmading-ku. Tinglaganingda, bilganingda biror asaringga kiritib men gʻarib cholni ham kitoblaring kabi dunyoga doston qilgan boʻlarmiding?..

Endi boʻlsa, na Oqmoral, na Chingiz, na Zamonboy bor dunyoda...

Dunyo huvillab qoldi.

* * *

Chol avvaliga shu oʻrgangan joyini makon tutmoqchi boʻldi. Biroq kimsasiz goʻsha uni yutib yuboraman derdi. Zamonboyning chindan ham kuni bitgan koʻrinadi – birov-yarim bu atrofdan na uni, na boshqani yoʻqlab ham oʻtmadi.

Matlab chol noiloj tugun koʻtarib yoʻlga tushdi. Jambulga bora-bora chegarada toʻxtalib qoldi. Yonida boshpurti boʻlmaganidan harbiylar orqaga qaytarib yuborish payidan boʻlishdi. Baqirishib qolib ularning kattasi bir kecha qamab ham qoʻydi. Ertasi kuni bir mayor kishi qari odamni nima qilasizlar qiynab, deb qoʻyib yubordi. Shungacha cholning gʻazabi qoʻzgʻab ichkaridan bularni boʻralatib soʻka boshlagan edi. Chiqqandan keyin ham kechagi katta harbiyga: “qarab tur, bola, shu qilganingga men anavi suv omborining dambasini portlatib yuboraman, hammani suvda choʻktirib yuboraman!” dedi oʻdagʻaylab.

– Qoʻyib yubor uni, – dedi mayor. – Qariya bilan teng boʻlasanmi. Shu holiga, mayli, dambani portlatib yuboraqolsin. – Shunday deya u hiringlab kulib cholga “xayr” degandek qoʻlini silkib qoʻydi.

Keyingi chegarada u tagʻin toʻsiqqa duch keldi. Figʻoni falakka chiqib hammangni portlatib yuboraman, deb baqirdi. Yana tutildi. Lekin hamma cholning bu ish qoʻlidan kelmasligini bilib turardi.

– Neng bar? – deb soʻradi harbiy yigit.

– Aqcham joʻq.

– Portlatoʻdigʻan neng bar debatirman.

– Oʻzim bilemin.

– Bul jerde ogʻayin-tuvising barma, kim degandi qidiribatirsan?

Matlab bobo tanigan-bilganlarini birin-ketin esladi, aytdi. Ba’zilarini chegarachilar biladigan chiqdi. Aftidan, chol nuqul marhumlarni tanirkan. Oxiri toqati toq boʻlib “Oqmoralnikiga boraman!” dedi.

– Biz erkekpen soʻylashamis, qotin qolqini bilmeymis. Oʻt, oʻtaber, – deya cholning yelkasidan surib nariroqqa itarib yubordi.

Shahar shu darajada oʻzgarib ketibdiki, u bilgan binolarning hech qaysisini topa olmadi. Tentiray-tentiray bir zamonlar ferma ombori mudiri boʻlib ishlaydigan oshnasi Matyoqubning uyini izlab topdi. Oshnasi qarib bukilgan, lekin gap-soʻzi tetik edi. Oh urib, ohdan soʻng bir oz lof urib tongotar gurung qilishdi. Kun kelib, oʻlar vaqtida suyagim begona yurtda chiriydigan boʻldi-da, deb hasrat qildi. Oshnasi, endi senga borar yurt yoʻq chiqar, qolgan umringni menikida oʻtkaz, nevaralarim seniyam, meniyam tepib-tepkilab koʻmishadi, dedi. Aytishlaricha ukasining qoʻlida qolgan Oqmoral uzoq yillar maktabga direktorlik qilib, keyin qarilik nafaqasiga chiqibdi. Qarigani ham bilinmaydigan suluv kampir boʻlib qolibdi.

Bu orada mahalla-koʻyda Talas togʻidan oshib kelgan bir devona chol suv omborni portlataman debdi, melisa qamab, soʻng chiqarib yuboribdi, u Oqmoral degan ayolni soʻrab yurganmish, degan gap chiqdi. Suv omborini bir yoqlik qilishga-ku kuchi yetmas, ammo suluv kampir bu cholga kim boʻlarkin – shunisi qiziq edi.

Shu zayl kunlar oʻtdi. Cholning koʻnglida Oqmoralni izlab topsam, oʻtgan-ketganiga hay berib obdon suhbat qursam degan orzu-istak ham paydo boʻldi. Matyoqub oshnasini qabatiga oladi, hech boʻlmaganda qarib-churiganda bir diydorlashay devdim, deya, eshik qoqib boraveradi, boshqa nima ham derdi.

Kunlarning birida kutilmagan shov-shuv gap chiqdi. Tepadagi suv omborining suvi toshibdi. Jambul suv ostida qolayotganmish deyishardi odamlar. Matlab cholning dami ichiga tushib ketdi.

Rostdan ham suv omborining dambasi ochilib ketgan boʻlsa-ya, deb oʻtakasi yorilguday boʻldi. Xalqda gap yotarmidi: yaqinginada bir devona chol chegarachilarga suvingni toshiraman, dambani portlatib shaharingni suvga boʻktiraman, deb doʻq qilgan ekan, shu chol aytganini qilganga oʻxshaydi, endi oʻldik, toqqa qochmasak qutulolmaydiganga oʻxshaymiz.

Suv omborining shahar tomonga quyilib enish qismida haqiqatan ham ikki yon mahallaga suv toshib chiqqan, poliz, chorbogʻlar suv ostida qolib, paxsa devorlarni zaxlatib ichkariga ham suv urib kira boshlagan, odamlar jon halpida qoʻliga ilingan narsani olib, tepalarga qocha boshlagan, shoshganlaridan kim piyoda, kim ulov, kim mashinada har yonga tirqirar edilar. Bu suluv kampir yashaydigan mahalla edi. Quyosh ufqqa chekina boshlagan edi, kim podasini qirga haydagan, kim qoplab olgan boʻxchasini orqalagancha suv kechib tepaga oʻrlagan, kimlardir bola-chaqasini opichlab, yetaklab, qiy-chuv qilib doʻnglikka, huv oʻsha Talas togʻlariga tomon chopib borar, sarosimaga tushgan aholi omon qolishga tirishar edi. Ufq quyoshida qizarib pichagina yorishib turgan togʻ odamlarning nechogʻli vahimali tovushlariga toʻlib ketgan, bu bandai ojizlarning oʻzlari esa misoli bir tiyiqsiz, tutqich bermas kattakon mol podasiga aylangan edi...

Shu kuni Oqmoral kampir yashaydigan tepa mahallada roʻy bergan edi voqea. Ukasi avval tom-orqasiga suv tarab, ariq boshidan xabar olib kelib bamaylixotir soʻriga kelib yonboshlagan, choy damlatib opasi va kampiri bilan ul-buldan ikki ogʻiz hangoma qilishga tushgan edi. Bir vaqt kampiri taragan suvingiz hovliga toshib ketdi-ku deb baqirib qoldi. Shosha-pisha oʻrnidan turib shippagini oyoqqa ilay desa suv ana-mana poyabzalini hovli chetidagi ogʻilxona tomonga tez oqizib ketdi. Birdan qoʻrqib qolib ariq boshiga yugurdi, ammo suvning bu qadar zudlik bilan koʻpayganini koʻrib dong qotdi. Vahimadan “Oʻldik, uydan chiq hammang!” deb baqirib yubordi.

Suv shu darajada tez koʻpayib borardiki, odamlar mish-mish tarqalgan darvesh cholning qoʻporuvchi ekaniga chippa-chin ishonib qolishdi. Umumiy dard insonlarni birlashtiradi, degan gap bor. Ammo falokatning hammasi ham ularni birlashtirmasligi, aksincha, kimlargadir yov qilib ham qoʻyishi mumkin ekan. Misol uchun suluv kampir, ya’ni Oqmoral bugun shu uydagi oila a’zolari ichida yagona toshqin qurboni boʻladigan chiqdi. Sababi u ukasining xotini, kelini, oʻgʻil-qiz va nevaralari siqqan “Volga” mashinasiga sigʻmay qolib ketdi. U boshda jiyanlarining “Amma, tezroq chiqing mashinaga!” degan da’vati bilan “Volga”ning old oʻrindigʻiga joylashib olgan edi, keyin oila a’zolari koʻp emas, kam emas, naqd oʻn olti kishi ekani ma’lum boʻldi.

Oʻn olti kishi-ya! Shuncha odam bir yengil mashinaga qanday sigʻishi mumkin? Lekin doʻppi tor kelganda sigʻib ham ketarkan. Orqa yukxona esa shitob bilan ortilgan koʻrpa, boʻxcha va kiyim, poyabzallar bilan allaqachon toʻlib boʻlgan edi.

Ana xolos! Shu vaqtda mashinaning eshigi berkilmay qoldi-ku. Jigarlar bir-birining ustiga buklanib-suqilib tirband boʻlib olgan edilar. Eshikni uka tashqaridan itarib zoʻriqib yopmoqchi boʻldi, foydasi boʻlmadi, odam haddan tashqari koʻp edi. Shunda erkakning kallasi ishlab qoldi. Old eshikni ochib opasiga ma’noli tikildi. Birdan koʻzlarini pirpiratib:

– Opa, – dedi.

Kampir bir ma’noni sezib qoldi va boʻshashdi.

Uka davom etdi:

– Saksonga kirdingiz-a?..

– Men oʻlgur... Men oʻlgur... – kampir sarosima va xijolat hissi yuziga urib, ukasining nevaralarini itarib-surib mashinadan tushdi.

– Xafa boʻlmang yana, axir sizning yoshingizga kim yetdi, kim yetmadi. Uning ustiga... uyga qorovullik qilib turasiz. Aytib boʻladimi... kim bilsin, yana... Oʻgʻri-poʻgʻrilar ham yoʻq emas... Kechirasiz-da, ahvolni koʻrib turibsiz-ku. Bizdan norozi boʻlmang...

Kampir ahvolni oldinroq tushunmagani uchun haqiqatan afsus qildi.

– Men merov, men esar... chirogʻim, aylanay, jonimni oʻylaganimni qara. Miyamni yeb qoʻyibman-da... sen shoshil, tezroq hayda, bu turishda yoʻllaring berkilib qoladi. Mendan rozi boʻlinglar... Qara, kallam ishlamaganini. Ehtiyot boʻlib hayda.

Uka mashinaga oʻtirib motorni yurgizdi. Opasi u oʻrgatganiday eshikni orqasidan zarb bilan yopdi.

Endi yurgan ham ediki, katta nevarasi qichqirib yubordi:

– Voy, sotkam...

– Baqirma-e, odamlar ne ahvolda-yu...

– Yoʻq, boʻlmasa tushaman...

– Sotka kerakmi, jon kerakmi sanga...

– Bahromning sovgʻasi edi... Mayli, silar ketaveringlar...

Uka achchiq bilan tormozni qattiq bosib shartta kabinani ochdi-da, qichqirdi:

– Opa! Opa deyman! Garangmi... Opa-a!

Kampir endi ayvon tepasidagi supaga chiqayotgan edi. Bir oz garangsib turib qoldi. Ukasining tovushini eshitib ortiga oʻgirildi. Qoʻlini silkidi. Tezroq joʻnamay nima qilib turibsizlar, demoqchi edi.

– Mayli, men silardan roziman, – dedi soʻng. Keyin: – Suvda choʻkkan shahid boʻlarmish, tashvish chekmanglar, – dedi-da, vidolashayotgan kabi qoʻlini u yoq-bu yoqqa chayqadi. Yana ortiga oʻgirilmoqchi edi, ukasi jonining boricha boʻkirdi:

– Sarvining sotkasini opchiqing deyapman! Eshityapsizmi, televizorning ustida, zaryadda ekan.

Kampir bu gapni eshitdi chogʻi, uyga kirib ketdi. Qaytib chiqib apparatni baland koʻtarib ukasiga koʻrsatdi. Soʻng yana supaga qarab yoʻnaldi. Ukasining jon-poni chiqib ketdi.

– Bu yoqqa opkeling!

Kampir gapga endi tushundi chogʻi, bu yoqqa qarab yuraverdi. Ukasi sabri chidamay tez-tez bordi-da, opasining qoʻlidan sotkani yulib oldi.

– Voy-y, jigarim-a, men bu sabilni ovoling, gaplashib turamiz deb tushunibman-a, kechirasan-da, qarichilik...

Uka kelgancha “Volga”ning motori oʻchib qolgan, endi kalitni qancha burasa ham mashina oʻt olay demasdi.

– Opamizni norozi qildik-da, – dedi xotini.

– Nima? – deb qichqirdi unga choli.

– Opam norozi emasmikan deb oʻylayapman-da. Mana, texnikangiz ham yurmay qoldi-ku.

– Mingʻirlama-e. Har narsani gapiravermay tur, ne ahvoldamiz-u... bidirlaysan. Opam saksonga kirdi, saksonga... Boʻlmasa oʻrniga sen qol. A, qol, tush mashinadan!

– Dadajonisi...

– Boʻlmasa men qolay, mana, hayda mashinani.

– Dadajonisi... Sizni deb...

– Boʻlmasa mingʻirlama.

Ammo mashina hamon joyidan qimirlamasdi.

– Opa! – deb tagʻin chaqirdi uka.

Opasi qaragan edi, ukasi qoʻl imlab chaqirdi. Tez boʻling degandek qoʻlini zarb bilan silkitdi.

Opasi kavushini oyogʻiga ilmay shoshib kela boshladi. Lozim-koʻylagi tamom shalabbo boʻlgan edi. Suv tobora koʻpayib borardi.

– Ukajon, meni qoʻy, men endi bu dunyoning odami emasman. Roziman, – dedi koʻzlari moʻltirab.

– E, men buni aytayotganim yoʻq. Mashinaning orqasidan turtib yuboring, yurmayapti.

– Ha-ya, esim qursin, kuchim yetarmikin?

– Yetadi, yetadi, sal turtsangiz boʻldi, naryogʻi pastlik, yurib ketadi.

Kampir mashinaning ortiga oʻtib bor kuchi bilan itara boshladi. Uka ham kabinadan chap oyogʻini chiqarib tiragancha chirana boshlagan edi, mashina qoʻzgʻalib yurib ketdi. Soʻng pastlikka yoʻnalib motori ham oʻt oldi.

Nevaralar chiy-chiylab “Ammam qolib ketdi, ammam suvga choʻkadimi?” deyishardi.

Mashina bir oz pastlikka qarab yurdi-yurdi-da, soʻng yoʻnalishini oʻzgartirib tepalikka qarab ketdi. Tekislikdagi asfaltdan tezligini oshirib oldi-da, qirga qarab chiqqan tosh yoʻldan ortiga qum-shagʻallarni sachratgancha oʻrlab joʻnadi. Shu zayl bora-bora kichrayib koʻzdan yoʻqoldi.

Suluv kampir undan koʻz uzmay turdi. Gʻoyib boʻlgach “xayriyat” deb qoʻydi.

Endi uning nazdida toshqin toshaversa, hammayoqni suv olib ketsa boʻlaverardi. Chunki endi falokatga, illo oʻlimga ham ruhan tayyor edi.

* * *

Namozshom tushganda Matlab chol qiy-chuv qilib sarosimada toqqa oshiqayotgan olomonga qoʻshilmay bir oʻzi tentirardi. U ayni toshqin boshlangan tepa mahallaga borishni niyat qilgandi. Bu toshqin hali boshlanishi ekani, agar chindan ham damba oʻpirilgan boʻlsa hademay qiyomat qoyim boʻlishini u dilidan his etardi. Ammo damba degani shundoq tashlab, himoyasiz qoldiriladigan joy emas. Hamma joyda boʻlgani singari bu yerda ham u qoʻriqlansa kerak. Davlat uchun strategik ahamiyat kasb etadigan, aholi uchun esa jon ozigʻi boʻlmish suv omborini ehtiyot qilmaslik mumkin emas. Zero, oʻsha Jambulga tushib kelayotgan kuni ham harbiylar suv omborini portlatib yuboraman deganida mazax qilib kulishgan edi-ku.

Qarshisida ariqlarni allaqachon toʻldirib chetdagi yoʻllarning ham shagʻal toshlarini shaldiratib oqib tushayotgan suvning u qadar dami baland emasligidan vahimaga tushmay borayotgan cholning koʻnglida nedir xotirjamlik bor edi. Va ne bir xayolda, urushdan keyingi dastlabki yillarda qurilgan mamlakat miqyosida ulkan suv inshooti hisoblangan suv omborining shaharga quyiladigan qismida oʻsha kezlarda bunyod etilgan osmon boʻyi charxpalakni koʻzlab borardi. Charxpalak tepadan beton kanalda shitob bilan oqib tushuvchi katta suv ustiga oʻrnatilgan boʻlib, uning suv toʻldirilgan idishlari ham doshqozonday keluvchi choʻyan idishlar boʻlganidan shamol tegirmoni singari tez aylana olmas edi. Biroq charxpalak aylanib tepaga koʻtarilavergach biri chap, biri oʻng tomondagi katta beton ariqda suv quyuvchi katta choʻyan qozondan toʻkilayotgan suv oftob shu’lasida ajib jimirlab oʻziga xos kichik kamalaklar hosil qilar, koʻrgan koʻzni quvontirardi. Shu atrofda bunyod qilingan istirohat bogʻining terak, archayu chinorlariga shamolda duv-duv uchib keluvchi suv zarralari kelib urilar, daraxtning namiqqan toza yaproqlari quyosh nurida oʻzgacha yaltirardi. Matlab, oʻsha vaqtlarda ayni kuch-gʻayratga toʻlgan boʻz bola, maktabdan boʻsh kezlari Oqmoral bilan bu yerlarga kelar, soatlab gurung qilib toʻymas edi. Kechagina edi. Xuddi kechagina edi. Ammo undan beri qancha suvlar oqib ketibdi. Suvlar oqibdi-yu, xotira, shirin bir tuygʻulardan oʻzga nima qolibdi? Azobu uqubat, tuhmat, Sibir... Bu yoqda Oqmoralning shoʻr qismati... U koʻrib guvohi boʻlib turgan qismatda Oqmoralni ayblay olmasdi ham. Illo Sibirga surgun degani ajal komiga tik oyoqda bormoq degani edi-ku. Lekin shu pariroʻy qizni deb uning butkul umri koʻkka sovrilib boʻldi.

...Suv beton ariqdan toshib chiqib atroflarni yuvib ketayotgandi. “Toshqinga sababchi” boʻlgan devona chol esa shu atrofda tagʻin oʻzining taqdirini tomosha qilib yurardi. U bir zamonlar Oqmoral bilan sayr qilib kelib shudring zarralari ila chayilib qorayib qolguvchi, ikkalasi ustiga chiqib entikib yuzlarini suvga tutib turuvchi kattakon temir quvur oldiga kelib qoldi. Oʻshanda charxpalak qozonlaridan beton ariqqa toʻkilib, soʻngra shu quvurga gʻaldir-gʻuldir shovqin ila quyilib deyarli toʻlib oqadigan top-toza suvga tomosha qilib dillari zavqlanar, suv zarralari hoʻl qilgani yetmaganday bir-birlariga hovuch-hovuch suv sepishar, yigitning oq neylon koʻylagi, qizning endi urfga kirgan shohi atlasi badaniga chippa yopishib qolar, qizning durkun koʻkragi rostmana bilinib qolar, pushti durrachasi ostidagi qalin oʻrilgan qora sochlari ham zilol suvda birrov choʻmilib olar, devonavash yoshlik sururiga qoʻshilib roʻmol tagidan koʻksi uzra bir quloch dorday bilanglab chiqib kelib, shoʻxlikka qoʻshilar edi. Soʻngra yoshlar goʻyo ust-boshlarini quritish uchunmikan, qalin daraxtlar panasiga oʻtib uzoq qolib ketishar, ehtimol, ust-boshlari namdan arigach, qizarishib chiqib kelishardi...

Yigitlik chogʻini eslab, yana nimalardir koʻksiga toʻkilib chol agʻanab yigʻlagisi keldi.

Ammo atrofni yoritib turgan projektorlar yorugʻida quvur ogʻziga tiqilib turgan kattakon qora narsaga koʻzi tushib bir narsaga aqli yetganday koʻngli nurlandi. Yana tek qotib biror harom oʻlgan mol emasmikan deb toʻxtadi. Baribir seskandi. Soʻng qari cholni mol gavdasi choʻchitganiga hayron boʻldi, ammo ne-ne boʻri-qashqir izgʻib-kezgan Talas ovloqlarini bir zum eslab quvur ogʻziga suv kechib keldi. Qarasaki, goʻyo toʻfon urib yotgan joyda chindan ham bir narsa tiqilgan. Bir katta shahar ahli shunga ahamiyat bermabdi-ki, deb ajablandi. Yeng shimarib bir uzun tayoq topdi-da, uni quvurga uzatib, tiqilgan narsani itarib oqizib yubormoqchi boʻldi. Kuchi yetmadi. Naryoqdan, quvur ustidan yurib kelmasa boʻlmas ekan. Shunday qildi. Quvur ustidan kelib tayoq suqqan edi, tagʻin boʻlmadi. Bir koʻrpa yo teriday narsa shox-shabba bilan qoʻshilib quvur ogʻziga qoplanib qolibdi. Qish kezlari charxpalak toʻxtatib qoʻyilishini esladi. Qanaqadir bir tormozga oʻxshagan murvati boʻlishi kerak. Yoʻq, uni chol axtarib topolmadi. Tagʻin quvur ustidan yurib keldi. Yotib olib boyagi qoplamani bir uchidan bor kuchi bilan tortdi. Oʻsha parchasi yirtilib chiqib keldi. Yana yotib olib tortaverdi, tagʻin bir parcha uzilib chiqdi. Yana tortsam chiqadi deb oʻylagan edi, yoʻq qolgani qaytanga mahkamroq yopishib qolgan edi. Cholning miyasi ishlab ketdi. Boyagi qalin tayoq bilan koʻrpa yo kiyim qoplangan shox-butani urib-surib yuborgani yaxshiroq ekan. Suv oqimiga qoʻshib tayoqni suqib itaraverdi. Shunda deng, shox-shabbalar sinib-sinib suv oqimining tezligi bilan ular quvurning ichiga birdaniga singib gʻoyib boʻldi. Atrofga oqayotgan toshqin ham tuyqus toʻxtadi-qoldi.

Mahalla-guzar tim-tirs edi. Chol oʻzicha zoʻr ish bitirganini his etdi. Ammo atrofda hech kim yoʻq, chamasi hamma jon hovuchlab qiru doʻngliklarga oʻrlab ketgan, balki... balki boshqalar tun zulmatida vahimayu bedorlikdan charchab uyquga choʻmgan edilar. Har qalay dunyoni suv bosmayotgan edi-ku. Tepalikdagi ikki guzarga suv toshgan edi, xolos.

Chol borar manzilini belgilay olmas, lekin oʻta charchagan edi. Kesilgan chinor kundasiga oʻtirib tin oldi. Baribir yoshlik xotiralari uni tark etmasdi.

Anovi ariq chetidagi boʻliq oʻt-oʻlan koʻmgan joylarda oʻsha choqda urf boʻlgan qora xrom tuflisining, Oqmoralning ham uchli, poshnasi ham uchli oq tuflisi izlari bordir. Lekin endi bularning qanday ahamiyati bor?

Tobora horgʻinlik oʻz izmiga tortib va xiyla tun shabadasidan junjikib borar ekan, bu yerda tunab boʻlmasligiga, Matyoqub oshnasinikiga enib bormasa boʻlmasligiga iqror boʻldi. Beli ham zirqiray boshladi. Issiq koʻrpaga oʻranishni niyat qildi.

Omonat bu dunyoda oʻzi biror kun xotirjam orom topdimmi, deb oʻyladi. Ne ajabki, unday kunni eslayolmadi.

Shunda... nariroqdagi daraxtlar ortidan bir xilqat qora tortib kelayotganini payqadi. Toʻgʻri oʻziga qarab kelardi. Oʻrnidan turib tomoq qirib qoʻydi. U ham bir toʻxtadi-da yoʻtalgan boʻldi. “Ayol kishi”.

Bir oz yurib peshvoz chiqqanday boʻldi chol va:

– Keling, – deb qoʻydi yoʻliga.

– Assalomu alaykum, bobo. Oʻzi qushuyquman desangiz. Shu bugun qoʻshnilaru bola-chaqa, barisi uylarini tashlab qirga ketishdi. Toshqin yomon ekan.

– Siz-chi, bir oʻzingiz qoldingizmi?

– Bir oʻzim... ha, uyqorovul ham kerak-ku... Vahimasi yomon boʻlarkan. Har kim jonini oʻylab qolarkan. Uning ustiga bir dovon oshib kelgan devona chol avvaldan suv ombor toshadi, deb karomat qilgan ekan. Odamlarning ogʻzida shu gap edi, suv toshgach, ana, devonaning bashorati amalga oshdi, deb hamma shoshib qoldi.

– Bu toshqin emas, anovi charxpalakning suvi, – dedi chol.

– Qanaqasiga?

– Shunaqasiga-da. Oʻzi... obbo, qiziq boʻpti-ku, farzandlaringiz sizday kampirni toshqin bosayotgan uyga qorovul qilib ketishgani gʻalati boʻpti-da...

– Sharti ketib, parti qolgan boʻlsam. Qaridim. Bu dunyoda koʻrarimni koʻrib boʻldim. Orzu-havaslarim amalga oshdi-oshmadi, har nechuk bir odam katori yashadim. Hayot ortda qoldi. Endi qirga chopib qutulgan bilan nima oʻzgarardi?

– Shuni ayting! Men ham koʻchaboshidagi Matyoqub joʻramnikida edim. Oʻtgan-ketgandan gaplashib hangomalashib yotgan edik, bola-chaqasi guzarni suv bosyapti deb vosvoslardek mashinaga chiqib, joʻramniyam mindirib tepaga ketishdi. Meni begona... begona mehmon... deb qoldirishdi. Xafa emasman. Oʻzi kimman ularga? Vaqti-zamonida bir farishtaning ortidan dovdirab ergashib kelgan daydi itman-da...

– Daydi it emassiz, – shunday deya kampir negadir mungʻayib engashib oldi. – Siz Samarqandning Xartang qishlogʻidansiz. Dunyo hadisshunoslarining peshqadami Imom Buxoriy dafn etilgan qishloqdan.

– Bilarkansiz, bilarkansiz-a... – Soʻng birdan tetiklanib: – Qaydan bildingiz? – deb soʻradi va qulogʻini yelpana qilib turdi.

– ...

(Shu joyda Kumushbibining “Siz oʻshamu?” nomli mashhur savolini keltirsak boʻlardi. Ammo qahramonlarimizning biri kampir, biri chol. Oʻxshash joyi shundaki, bular ham bir-birlarining diydorlariga toʻymadilar. Tarix zulmi diydordan ustun turdi: ikkisini ikki yoqqa yulqib uloqtirib yubordi. Biz uchun qizigʻi ham shu: birovnikiga oʻxshamagan qismat. Qolaversa...)

Qolaversa...

(Chol va kampirni bir-biriga suyantirib diydiyolashtirib qoʻysak ham boʻlardi. Xohlasangiz Siz shunday tasavvur qiling. Yaxshisi biz hikoyachi sifatida bu holatga teginmaylik. Sababini tushunib turibsiz: yengil holat emas...)

Alqissa, suluv kampir chol bilan ukasining hovlisiga tushdilar. Tongni qarshi oldilar. Hayot joy-joyiga tushdi. Toqqa chiqib ketganlar ham birin-ketin tushib kelishdi. Suluv kampirning ukasining jujuq nevaralari toqqa mashinada qanday chiqib borishgani, tik qiyalardan qoʻrqmay oʻtib borishganini birin-ketin ham burro, ham soqovlanib gal bermay hikoya qilishardi.

Lekin ertalab ketayotganlarida kecha chiqqan joylaridan mashina pastga qarab tusholmabdi. Bobosi kechqurun bu yerlardan qanday chiqdik ekan, deb yurak hovuchlab qolibdi. Yordamchi kutib turganmish...

Chol ham, kampir ham ularga yordam kerakligini tushunishdi. Bir-biriga im qoqib oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi...

(Matlab va Oqmoral ertakdagidek murod-maqsadiga yetmagandir. Lekin murodu maqsad nima oʻzi? Izlasang topa olasanmi?

Xullas, bu yogʻi Sizga havola. Xohlasangiz Matlab cholni qarigan chogʻida Samarqandga joʻnatib yuboring, xohlasangiz ikki qariya keksalik gashtini birga sursinlar. Oʻzingiz qolganini istaganingizcha toʻqiyvering.

Bizning ishimiz bitdi.)

“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.