OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sobir Oʻnar. Bibisora (qissa)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSobir Oʻnar
Asar nomiBibisora (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sobir Oʻnar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm79KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/6
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2010 йил, 2-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bibisora (qissa)
Sobir Oʻnar

«
Ularda dard va iztirob ne qilar,
Ular faqat kishnab yurgan yilqilar.

Oʻljas Sulaymon
»

Maktab hovlisi katta tanaffusda oʻyinqaroq bolalarga toʻlib ketadi. Ayniqsa pochtachi qoʻnish aka kelsa xudo urdi – keyingi soatga bir guruh bola kechikib kiradi. Chunki pochtachi opkelgan xatlarni egalariga ulashguncha koʻp vaqt ketadi. Keyin esa qoʻnish aka chetiga obunachining familiyasi yozilgan gazetalarni tarqatadi. Kimga xat kelgan boʻlsa, xat egasi viqor bilan davradan chiqadi, shartta konvertning gardishini yirtadi-da, chetga oʻtib oʻqiy boshlaydi. Armiyadagi akasi xatga qoʻshib surat yuborgan boʻlsa-chi, uniyam deyarli hammaga koʻrsatib maqtanishga ulguradi. Akasi posang askar kiyimida, shapkasini doʻndirib tushgan boʻlsa, unda koʻring qiziqni. Kechagina shu maktab hovlisida loy oralab, lanka tepib, muallimdan dakki eshitib yurgan bola sal oʻtib Moskvadami, Leningraddami yoxud chet elda xizmat qilayotgan boʻlsa, albatta rasmini joʻnatadi. Ukasi rasmni xoʻp maqtanib oʻrtoqlariga, sinfdosh qizlarga koʻrsatib boʻlgach uyidagi koʻrinarlik joyga osib qoʻyadi. Akang qaragʻay mana armiyada, polvon yigit, yefreytor boʻpti, hademay serjant unvoni olarmish, komandirlari rahmat aytibdi – halol xizmat qilyapsan deb, tunov kuni ota-onasigayam oʻrischalab mashinkalangan qogʻozda oʻgʻlingiz Sovet Armiyasi safida sidqidildan xizmat qilyapti, shunday intizomli yigitni tarbiyalaganingiz uchun sizlarga rahmat va hokazo, deb maktub yoʻllabdi. Bundan ota-ona bir gaz oʻsadi. Qolganini oʻzlari toʻqib-bichishadi: oʻgʻlimiz mana, maktabdayam durust oʻqigan edi, lekin institutda domlalar pul ilinjida yomon baho bilan yiqitib yuborishuvdi, ana, haqiqat bor ekan, oʻris kamandir maqtab yotibdi, xizmati tugasayam yubormaymiz, bunday odam davlatga kerak, zarur boʻlsa oʻzimiz oʻqitamiz, uy beramiz, eng chiroyli qizga uylantiramiz, bola-chaqali boʻladi, bir quchoq nevarali boʻlgach kelib koʻrasizlar, polkovnik boʻlgandan keyin oʻzi qaytib boradi qishlogʻingizga. Va yana koʻp gaplar. Bir parcha qogʻoz boʻlsa, yana u oʻrischa yozilgan boʻlsa, kim tushunib, kim surushtirib yotibdi qolgan gaplarni.

Boz ustiga armiyadagi yigit sening akang boʻlsa har qancha kerilsang arziydi. Top-toza ofitser kiyimida qirchillab yurgan, rang-roʻyi ham oqarib-tozargan, qoʻl ostida qancha askar chest berib buysunib turgan boʻlsa, rus jononlari, ha-ha, bir-biridan oʻtib tushgan oqbilak oʻris qizlar unga havas qilib ketma-ket sevgi izhor qilib yotgan boʻlsa, poʻrim yigit kechalari bularning qaysi biri tuzuk, qaysisi xotinlikka yaraydi deb oʻzicha oʻylab yotsa. Bunday yigitga havas qilmay boʻladimi?

Axir u qizlar dunyoning suluvlari. Bizning qishloqdagilarga oʻxshab qoʻli kosov, sochi supurgi, kiyimidan tezak isi anqib yotmaydi-da. Eh, qoʻyaversang-chi!..

Bu galgi katta tanaffusda pochtachi oʻziyam yuztadan ortiq xat tarqatdi. Garchi akam armiya yoshiga yetmagan boʻlsayam menga-da xat tegdi. Xat amakim Sulton akaga edi. Men uni maktabdan qaytishda uyiga tashlab oʻtishim kerak edi.

Sinfxonaga kirib xatni ochib oʻqimoqchi boʻldim. Kimdanligini bilolmadim. Tagiga Tanyami, deb aji-buji imzo qoʻyilgan edi. Orqasini oʻgirsam «Oʻz qoʻliga tegsin!» degan yozuv. Lekin juda qalin konvert. Oʻylab-oʻylab topdim: boʻlgʻusi yangam Toʻlgʻanoydan. Akam uni sevadi. Xatlar yozadi, xatlar oladi. Kitoblardagiday sevishib yotadi. Bari bir konvertni ochishga urunib koʻrdim. Ochilmadi. Yangam birov ochib oʻqishidan choʻchib konvertni obdon yelimlab tashlabdi.

Sulton amakim chavandoz. Armiyadan kelib oʻqishga kirmadi, kondagi shaxtada ishladi, keyin shofyorlikka oʻqib samosval hayday boshladi. Lekin koʻpkari joni dili. Keyingi vaqtlarda tanilib qoldi. Oʻzining oti boʻlmasa ham biopunktning aygʻirlaridan minadi. Amakim bir gal qoʻrgʻondan ishdan qaytayotganda mashinasiga ikkita qiz oʻtirgan, ular jumabozorlik qizlar ekan, biri chavandozni tanirkan, «siz Sulton polvon boʻlasiz, taniymiz», debdi. Amakim shundan soʻng haligi qizga oshiqu beqaror. Oʻshanda u qizni uyigacha oborib qoʻygan. Keyin borishga uyalib nuqul xat yozadi, yangam ham shundoq: qalin-qalin maktublar yoʻllaydi. Maktubni amakimga oborib bersam suyunchisiga uch soʻm pul beradi. Uch soʻm katta pul. Oʻrtoqlarimga maqtanib Joʻlliboy akaning doʻkonidan bir hafta kartoshkali pirashka olib yeyman. Amakimning sevgisi ham bor boʻlsin!

Geometriya darsida xatni latta papkamga endi berkitib turgan edimki, pochtachi sinfga kirib keldi, hoy, Jonibekov, senga yana bitta xat bor, haligi chegachi cholga berib qoʻyarsan, deb menga tagʻin bir konvert berdi. Konvert odatdagidan kattaroq, sargʻish-mallarang, orqasi ham qalin malla rangda soʻrgʻichlangan edi. Xatning quvonarli joyidan koʻra ajablanarlisi koʻproq edi. Sababi u cholni men kimsasiz deb oʻylardim. Avval Boliqul bobonikida bir oycha yotib yurdi. Keyin biznikiga kelib bobom bilan oshna tutinib qoldi-yu, shu yerda tanda qoʻyib qoldi. Bobom sodda odam, yumshoqkoʻngil boʻlgani uchun har narsani gapiraveradi. Haligi chol esa quloqchinli qora telpagini koʻzigacha bostirib chaqchaygancha eshitib oʻtiraveradi. Cholning koʻrinishi allambalo. Yelkasiga xurjun tashlab oladi. Telpakli uzun qora plashini hecham yechmaydi. qishning izgʻirinli kunlarida mototsiklchilarnikiga oʻxshash katta koʻzoynak taqib oladi. Qosh-koʻzini sovuqdan saqlasa kerak-da. Cholni Oʻshdanmi, Joʻshdanmi, bir yoqdan kelgan deyishardi. Albatta, u yurtlarni biz bilmaymiz. Shuning uchun chet ellik deb oʻylaymiz.

Qalin qora soqoli har zamonda koʻrinib qoladigan, kir bosib-yaltirab ketgan ola koʻylagining yoqalarigacha toʻsib turadi. Ustki moʻylovi ham oʻsib ogʻzigacha tushgan. Tagʻin burqsitib chilim ham chekadiki, bu hol uni battar ajnabiylashtirib koʻrsatadi.

Cholning xurjunida bir belbogʻ qora yaltiroq koʻmir, uni puflab yondiradigan naysimon mis asbob, chinni idishlarni yamaydigan mayda tunuka va yelimlar yuradi. U har bir choynakni chegalar ekan, buni alohida marosimga aylantirardi. Hovliga chiqib kichkina oʻra qazdirar, unga bir hovuch koʻmir tashlab, yana payraha, yogʻoch oʻtin opkeltirar, moslashib oʻtirishi uchun oʻrindiq ham talab qilardi. Ayni zamonda Xitoy chinnilari arzanda edimi, topilmasdi chogʻi, singan chinnilarni odamlar Ishtixondagi moʻltoni yoxud Kattaqoʻrgʻondagi arab doʻkonlariga olib joʻnab kechqurun qir oshib qaytib kelishardi. Otam bir zamonlar armiyada Vladivostokda xizmat qilib xitoylardan katta sariq chinni choynak sotib olib kelgan ekan. Hadeganda choyi ado boʻlavermaydigan choynakni bobom koʻp qadrlar edi. Ne tongki, katta enam bir gal oʻchoq boshida choynakning tumshugʻini oftobaga urib olib, tumshuq ikkiga boʻlinib tushgan, shunda ham temir choynakdan obroʻli, afzal boʻlganidan bobom uni ishlatishni qoʻymas edi. Kunlarning birida mana bu chol keldiyu choynagimiz temir yamoq bilan boʻlsayam tuzalib, bobomning koʻngli joyiga tushdi... Shundan beri anovi cholning oldida goʻyo muttahamdaymiz. Uyimizning toʻriga oʻtqazib qoʻydik.

Oʻsha kuni maktabdan chiqib amakimnikiga oʻtdim. Amakim koʻpkariga ketibdi, uyidagilarga xat borligini bildirmadim. Kechqurun tagʻin borsam, endi koʻpkaridan qaytib baland poshnali etigini ayvondagi ustunga suyanib olib yechayotgan, terlab-sasib ketgan paytavalarini chorpoyaga qarab otayotgan ekan. Maktabda rosa qoloqligi uchun oʻqimay qoʻygan ukasi Suyundikka terga pishib ketgan, ustidan butunlay bugʻ koʻtarilayotgan katta qora otning jilovini ushlatib qoʻydi-da:

– Egarini ochib, jobuvini tashla, toʻxtatmay yurgizib tur, ikki soatdan keyin joyiga opkelib boyla, bir satil choyni sovitib ichir, – dedi-da, menga oʻgirilib:

– Ha, dabba, oʻqishing zoʻrmi, Mardi muallim «besh» qoʻyayaptimi? – dedi.

Men oʻqishim a’lo ekanini, mana, ikkinchi sinfga oʻtganimdan keyin sinfkom boʻlganimni ham aytib maqtandim.

– Oʻ, malades, – dedi amakim. Guppi fufaykasining koʻkrak kissasidan bir siqim buklanib ketgan pul chiqardi. Orasidan bir soʻm olib menga uzatdi:

– Ma, yana yaxshi oʻqi, bizlar odam boʻlmadik, uka.

– Sizga xat bor, aka, – dedim.

Ajabsinib qaradi-da:

– Armiya joʻralardanmikan? – dedi menga.

– Yoʻq, Tanya chechamdan, – dedim men ham tap tortmay. Eshikni lang ochib qarab turgan enasiga bir yalt etib qaradi-da:

– Keliningiz xat yozipti, – dedi. – Ana, tezroq obbermasangiz uyingizga kevoladi.

– Ay, sen beti qora, Tanya nimasi tagʻin? – dedi enasi ayvonda yalangoyoq beriroq yurib.

– Tanya-da, oʻris-da yangi topganim, – dedi amakim hingir-hingir kulib.

– Qamchini ber, qani, – dedi enasi.

– Mana, deb qoʻliga tutqazdi amakim.

– Agar Toʻlgʻanoydan boshqasiga koʻzingni olaytirsang, mana, koʻrasan, mana, – deya goʻppi fufayka ustidan savalay ketdi enasi.

Amakim rosa tayoq yegan boladay u yoqdan bu yoqqa voy-voy deb dumalab qochar edi.

Bu urish hazil urish ekanligini men ham bilib turardim. Amakim shunaqa eshgirib otasi bilan ham, onasi bilan ham hazil qilishni yaxshi koʻrardi.

Amakim tayoqdan boʻshagach:

– Oʻh-oʻh, qani, Tanyaxonning xatini ber bu yoqqa, – - dedi menga.

Uyga kirib moychiroqning yorugʻiga tutib oʻqiy boshladi. Amakimning duv qizarib boʻgʻriqib ketganini koʻrdim.

– Tovushingni chiqarib oʻqi, menam eshitay, – dedi onasi.

Amakim xatdan koʻzini uzdi-da, eshitmaganday menga bir oz jiddiy qarab turdi. Soʻng enasiga:

– Oʻrischani tushunmaysiz-da, – dedi.

– Ey, beti qora, kosov bilan solaman hozir, ha-a, – dedi ona.

Amakim e’tibor bermay olti betlik xatni oxirigacha oʻqib chiqdi. Soʻng beixtiyor uni yaxshilab qatladi-da qoʻyin choʻntagiga tiqdi.

– Hayit qachon? – dedi oʻshanday parishon holda.

– Olti kundan keyin, – dedi onasi.

– Olti kundan keyin Suyundik bilan yangangnikiga hayitlik yuborasizlar, – dedi menga amakim.

– Indamasak, oʻzing oʻzingga toʻy ham qilib yuborarsan? – dedi iddao bilan onasi, xuddi ota-ona boʻlib bizlar nima qilib yuribmiz, deganday. Ammo amakim bu gapgayam parvo qilmadi.

– Malades, uka, – dedi menga tagʻin.

Oʻrnimdan turib eshikka borayotgan edim:

– Shoshma, – dedi.

Yostiqqa yonboshlagan koʻyi koʻkrak choʻntagiga tagʻin qoʻl yuborib, besh soʻm chiqardi.

– Bunisi suyunchi, – dedi.

Onasi birdaniga qizgʻanchiqligi tutib:

– Oʻzi koʻpkarida besh soʻmlik jalov olganmiding? – dedi toʻrsayib.

– Bir toʻylik sovrin oldim, boʻldima? – dedi onasiga oʻzini arazlaganday koʻrsatib va tagʻin hiring-hiring kuldi: – Tanya keliningiz zoʻr-da, poychalari shildinglab bir xizmatingizni qilsin hali!

Ona endi gap Tanya emas, Toʻlgʻanoy haqida ketayotganini tushundi, shundayam oʻgʻliga yolgʻondakam poʻpisa qilib qoʻydi.

* * *

Suyundik akam bilan yangamnikiga hayitlik oboradigan kunimiz kun garchi quyoshli boʻlsa-da, kechga borib ayoz tushdi. Yangamning qishlogʻiga yetti-sakkiz chaqirim bor edi. Katta gaza – qishloq chegarasidan oʻtayotganimizda quyosh botib borayotgan edi. Eshakka holva va boshqa mevalar solingan xurjunni ortganmiz, amakim bir hoʻkizcha ham yetaklatib qoʻydi. Qishloqqa oʻrgangan hoʻkiz qishloqdan chiqaverishda sira yetovga yurmay qoʻydi. Hoʻkizning ipini egarga bogʻlab eshakka oʻtirib olganman. Sovuq urib ketayozdi. Ayniqsa qoʻnji kalta botinkamda oyogʻim qotib qoldi. Hoʻkiz har torxoshovlik qilib siltanganda eshak ham munkib ketar, yiqilmoqdan beri boʻlardi. Suyundik akam boʻgʻilib hoʻkizni soʻkar, tayoq bilan ayamay boshiga solardi. Yanga boʻlmishning uyiga yetganimizda qop-qorongʻi tun edi. Dahlizdan jikkakkina bir sariq chol chiqib hay-haylashimizga qaramay bizning yuz-koʻzimizga un surib tashladi. Udum shu emish. Boʻlajak kelin-kuyovning hayoti oqliklarga burkansin emish.

Garchi hayitlik keltirgan dastyorlar boʻlsak ham qudalar maqomida ekanmiz. quda bobo-cholning oldimizga kelib oʻtirib kattalar bilan hangoma qilganday jiddiysifat oʻtirishi, sergoʻsht kulchatoy tortilgani, va eng muhimi, soʻpoq, kattakon shishali «Portveyn» vinosi keltirilib suzilgani buning yaqqol timsoli edi. Suyundik akamga tengqur bir qoʻshni yigit keldi, u oʻzidan bir necha yosh kichik uy egasi Norcha degan yigitga bemalol hazil qilar, qoʻlidan vinoni tortib olib dadil piyolalarga quyar, ora-chura Samarqanddagi allaqanday texnikumda oʻqib yurgan chogʻidagi qizlar bilan muomalalarini maroq bilan hikoya qilib qolardi. Albatta, quloqni bekitib turishning iloji yoʻq, qaytanga men uchun juda qiziq edi bu gaplar. Suyundik akam boshidan bunaqa shirin sarguzashtlar oʻtkazmaganidanmi, uquvsizligidanmi, har qalay bir oz mahliyo boʻlar va vinoning kuchi zoʻrlik qilib, bari bir maqtangisi kelib nuqul akasi bilan togʻda kaklik, olqor, toʻngʻiz oviga chiqqanidagi gaplarni soʻzlardi. qoʻshni bir mahal tashqariga chiqdi-da, uchta pati yulingan qushni koʻtarib kirdi.

– Ey, quda, – dedi, – sizga oʻxshab toqqa chiqmasak ham shu yerning ovi yetadi bizga. Mana bugun ertalab otamning yigirma sakkiz miltigʻiga bir kartonni sochmaga toʻldirib oʻrigimiz ostidagi zagʻchalarga qaratib bitta qoʻyib edim, oʻn oltitasi joyida qoldi. Mana ov, mana ov. Goʻshti kakliknikiday shirin. Opam tushda beshtasini qovurmaga bosdi. qolgani turibdi. Mana, Norcha, opangga ayt, qovursin.

Yigitning oʻtkiri oʻtkir boʻladi-da. Unga termulib tamshanib oʻtirishdan boshqa ilojimiz qolmadi.

Quda bobo ham oʻzimiz qatori oddiy, kambagʻal odam ekan. U kishi yaqin oradagi bemorxonada koʻmir yoquvchi, kampiri ham oʻsha yerda oshpaz ekan. Vinodan ikki piyola sipqorib, goʻsht, kartoshka, piyoz, oq yogʻ, karam, makaron, guruch ulushi borligi, shu narsalar uyiga tekin kelishidan gʻururlanib, oʻzi ham ora-sira uyiga koʻmir oʻmarib kelishidan maqtandi. Koʻmir obdon qizargan pechkaning yonida mulgib-mulgib, oxiri uxlab qolibman. Tursam, tong yorishib ketibdi. Uy sigaret va vino hididan sasib ketgan. Suyundik akam fufaykasini boshiga tortib qotib uxlab yotibdi. Narida Norcha, uyam chalqancha tushib xirillab uxlayapti. Deraza pardasini tortib qarasam, chol jegdasining oʻngirini belidagi qizil belboqqa qistirgan koʻyi tashqarida qor kurab yotibdi. Orqasida qalin oq jun roʻmolni tangʻib oʻrab olgan qiz choʻkir supurgida qorni supurib yuribdi. Chamasi quda bobo odamlar turguncha hojatxonaga yoʻl ochayotgan edi. Batartib, yangi kalish kiyib olgan xushbichim shu qiz hoynahoy yangam boʻlsa kerak. Muzlagan deraza oynasini nafasim bilan eritdim-da oʻsha «tirqish»dan yangamni tomosha qilib turaverdim. U oldidagi supani hafsala bilan supurardi. Goh-gohi sovqotgan qoʻllarini kuh-kuhlab isitib olardi-da, tagʻin engashib supura ketardi. Yuzi toʻlin oydek oppoq, qomati bejirim, oʻrim sochi jun roʻmolning tagidan toshib tushib turibdi. Amakim bekorga oshiq boʻlmagan ekan-da. Hademay shu qiz toʻy boʻladi. Amakimning ogʻushiga tushadi. Hazillashishadi, oʻpishishadi. Soʻng toʻshakda oʻyin qilishadi. Shunday nozikkina, suluvgina qiz-a!

Etim jimirlab, ichim shuvillab ketdi.

Hojat qistab qoldi...

* * *

Koʻklamning bulutli, ammo yogʻinsiz bir kunida toʻy boʻldi. Mastura momo gulxan yonida lapar aytib, childirma chalib hamma xotinlarni oʻynatdi. Kelin-kuyovga salom soldirdi. Darvoqe, u zamonlarda yengil mashinalar kamyob edi. Boʻlsayam bizning qishloqqacha dovon osha yetib kelolmas edi. Loygarchilikda yuk mashina ham yurolmasdi. Kelinni Mustafo akaning «Zil»ida avval dovongacha, undan berisiga kuyov boʻlmishning koʻpkari joʻralaridan birining saman qashqasiga mingashtirib kelibdi. Kelganda amakim kelinni oʻzi otdan koʻtarib tushirdi. Shunda yangamning oq, qalin poshnali tuflisi otning yagʻriniga tegib uchib ketdi. Shoʻtanoq bolalar tuflini opqochishdi. Amakim kelinni koʻtarib turaverdi. Rosa oʻsal boʻldi. Xotin-xalaj, qizlar, bizlar chuvillashdik. Kelin, chamasi yigʻlab yubordi. Amakim noiloj uni yerga qoʻydi. Yangam oyogʻi sovqotgan laylakday oppoq paypoqli oyogʻi uchini yerga tiragancha engashib turardi. Shoʻtanoq bolalar oxiri tuflini keltirib berishdi. Amakim juda izza boʻldi. Otaqul baxshi unga tanbeh berdi:

– Sultonboy, polvon deganam shunday boʻlama? Kelinni dast koʻtarib olmaydimi odam! Bir uloqcha solmogʻi yoʻqdir oʻzi!

Yegani bir tuyir non, ichgani bir kosa shoʻrva, odamlar ham erta kunni kech qilib uy-uyiga tarqashdi.

Ertasi kuni quyosh charaqlab chiqdi. Oftob chiqdi olamga, yugurib bordim xolamga, deganlari singari uch-toʻrt qaynlar, besh-olti qaynsingillar yanga koʻrishga shoshdik. Hali yuz ochar boʻlmagan, kelin chimildiqda ekan. Choshgohda dugonasi va kayvonilardan birining yetovida kelin oʻchoqboshiga qarab yurdi. Oppoq libos, oq poyafzal, boshida ham oq harir roʻmol, uning tagida iroqi gulli oq doʻppi ostidan koʻp oʻrimli qoʻngʻir sochlar sollana tushib turibdi. qishlogʻimizda bunday goʻzal kiyingan qizni hech kim koʻrmagan. Chunki asli yangamning oʻzi goʻzal. Judayam goʻzal.

Yanganing yuzini namoz yoshiga yetmagan oʻgʻil bola ochishi kerak ekan. Albatta, namoz oʻqish yoshiga yetgan boʻlsam-da, bu yumushga birinchi galda men talabgor edim. Chunki yangamning uyiga hayitlik oborganman, yangamning xusnixatlarida bitilgan sevgi maktublarini pochtachidan birinchi men opkelganman, amakimning xatlariniyam pochtachiga oʻzim oborganman. Xoʻsh, bu mishigʻi oqqanlarning ichida mana shunday muhim vazifalarga qoʻl urgan mardlar bormikan? Albatta yoʻq.

Talabgor ekanimni bildirdim. Xotinlar koʻnmadi. Biroq qarab oʻtirganim yoʻq. Oʻchoqdagi qozonda turgan choʻmichga birinchi boʻlib chang soldim. Xotinlarning uni oʻchdi. Bilaman, moyli choʻmich bilan kelinning yuzi ochiladi. Choʻmichni paranjiga tekizsang bas, u yogʻini xotinlar eplashadi. Ha, shunday.

Yangamning oydek yuzi yaltirab koʻrindi. Surma qoʻygan koʻzlari oqi oqqa, qorasi qoraga ajralib, quralay boʻlib turardi. qalam tekizilgan qoshlari ham ibodan yana egilibroq ketgan, oʻzi ham boshini tagʻin quyi solintirgan edi. Bunday tiniq chehrali suluv hech yerda yoʻq. Hech yerda! Oʻsha suluv mening yangam. Oʻzimning yangam!

Yangam koʻzining osti bilan bir oz suzilib qarab kulib qoʻydi. Bu menga xayrixohligi, balki yaxshi koʻrishi edi. Ichimda bir narsalar toʻlgʻonib ketdi. Uqdimki, yangam siz yaxshi bolasiz, dedi. Eshittirmay pichirlab aytdi. Eshittirsa uyat boʻladi. Halitdan qaynisini suyib erkalayapti degan, koʻcha-kuyda tarqaladi.

Xotinlarning undovi bilan yangam yarim choʻmich moyni oʻchoqdagi yonib turgan olov ustidan quydi. Shunday qilsa kelin moyli oyoq boʻlar emish. Bu uyga kelin baraka opkelar emish. Odamlar nimalarni oʻylab topishmaydi-ya. Axir shunday goʻzal ayol xizmatingizni qilaman deb eshigingizga keldi, ostonangizdan uch bor tavof oldi, har birimizga egilib salom berdi – yetmaydimi? Uni xijolat qilib, uyaltirib har irimga duch qilaverasiz.

* * *

Toʻyning toʻppasi toʻrt kun. Ya’nikim toʻrt kungacha toʻyxonaning ovqati uzilmaydi. Zerikkan, bekorchi borki, tong otgach bu yoqqa sekin tomoq qirib kirib kelaveradi.

– Hay, Jonibekip, kelin moyli oyoq boʻlsin! Opkelaver nishxoʻrdingdan, bizga boʻlaveradi.

Amakimnikida kalla-pocha qozonga osilgan kuni boʻyinsalari shunday deb keladi.

Bir haftadan soʻng kuyovning teng-toʻshlari keladi.

– Tarvuzing yorildi, iliging quridi, qulogʻingdan oy koʻrinyapti. Hay, bachchagʻar, endi koʻpkariga yaramaysan. Xotining bilan koʻpkari oʻynayberasan. Tamom boʻlding, tamom. Ovqat-povqat ham yeb tur. Qani, topgan-tutganingni opkel, biz ham sherik boʻlaylik.

* * *

Oʻsha kunlarda qishloqqa endigina elektr kelgan edi. Uyam pastki ovuldagi Poʻlat togʻaning motorxonasiga qoʻyilgan katta dvijokdan odamlarning uyiga tortilgan simlar boʻlib, kechqurun uch soat yonardi. Poʻlat togʻayam uch soʻm, besh soʻm yoxud «Portveyn»ning mudgori, to shom qorongʻusi choʻkib odamlar betoqat boʻla boshlagandagina motorxona yoniga eshagini boylardi-da, avval bitta «Belomor» sigaretni obdon oxirigacha soʻrib, kayfini surib, keyin bemalol motorxona darvozasini ochib qoʻyib timirskilana-timirskilana motorning uchidagi parragi yoniga kanop arqonni xoʻp oʻrab olardi-da, oyogʻini tiragan koʻyi tortib yuborardi. Motor shu yurganda yursa-yurdi, boʻlmasa toʻrt-besh uchqun chiqarib «pat» etib oʻchib qolardi. Soʻng arqonni oʻray ketardi va boshqatdan oyoq tirab tortib qolar edi. Shundan soʻnggina qishloq chiroqlari choʻgʻday limillab turardi-da, motor ovozi kuchaygach, charogʻon boʻlib ketardi. Kechqurun qirlarga chiqib qishloq etagidagi soy ichiga joylashgan motorxonaga koʻz tikib oʻtirgan yoshu keksaning Poʻlat togʻaga insof tilab termulib oʻtirishi, motor yurib, chiroq yongach qichqirib quvnashlarini koʻrsangiz edi. Bu bir olam quvonch, bir olam sogʻinch, yana bir nimalar edi-da. qishloqqa elektr kelishi bilan Jiyanboy muallim shahardan «Rassvet» degan televizor sotib olib kelgandi. Mol-hollarni joylab boʻlgach, biz bolalar kattalarga qoʻshilib domlaning uyiga urib kirib borardik. Aksar oʻrischa koʻrsatuvlardan biror ma’no uqmasak ham tirik odamlarning ekranda yurishi, qoʻshiq aytishi, xokkey oʻynashi, gapirishini tomosha qilish gʻoyat maroqli edi. Koʻp oʻtmay togʻ qorovuli Isoqul aka ham «Kvars» degan kichkina televizor sotib oldi. Shundan soʻng qishloq odamlari ikkiga boʻlinib televizor koʻrishga kirishib ketishdi. Sulton amakim katta chavandoz boʻlishiga qaramay toʻrtinchi yo beshinchi boʻlib televizor oldi. Shundan keyingina bolalarni jerkib beruvchi muallim va togʻ qorovulining minnatlaridan qutuldik.

Endi chiroqning yonishini ham amakimnikida kutib oladigan boʻldim. Yangam menga eriga oʻxshab «dabba bola» deb ot qoʻygan edi, bu ot menga yoqmadi. Asli bobomning kichik ukasi qora otam oʻylab topgan bu laqabni. Qora otamni qora degan ham, akasini Malla deguvchilar ham yangalari boʻlgan. Ular qaynilarining ismini aytolmagani uchun laqab qoʻyishgan. qishloqda shu – agar bexosdan kelinchak qaynisining ismini aytib yuborsa, qoldi baloga – xuddi ulkan bir jinoyat sodir etgandek qarashadi unga. Akamning oti – «Zoʻr qora», ukamniki «Toshbaqa», meniki «Dabba». Ogʻir, tengqurlarimga nisbatan gavdali boʻlganim uchun shu nomni qoʻyishgandir. Ammo yangam ham hadeganda «dabba»lay ketgani boshida sira yoqmadi. Shunday chiroyli ayol biror chiroyli ism topsa boʻlarmidi? Bari bir keyin-keyin qulogʻim oʻrgandi. Bora-bora yangam bilan hazillashadigan ham boʻldim. Yangam meni qitiqlar edi, men uning badanidan chimchilab qochib ketar edim. Meni tutib olib qitiqlayotganda bir ajoyib atir va badan hidi dimogʻimga urilar ediki, toʻsatdan entikib ketardim.

Shu uyga, aniqrogʻi, Toʻlgʻanoy yangamga tamoman oʻrganib qoldim. Yangam ham boshqa qaynlari bilan emas, men bilan gaplashishni yaxshi koʻrardi. Ba’zan oq chamadonini ochib amakimning maktublarini, yana allaqaysi joylardagi dugonalaridan olgan xatlarini oʻqirdi. Men uchun bu xatlar juda sirli, hammasida sevgi-muhabbat tuygʻulari yashirin edi. Yangam xatlarni ovoz chiqarib oʻqir ekan, men uning oppoq boʻyniga, baldogʻi kattakon sariq isirgʻasiga, chiroyli engagi, burni, labi, yonogʻi, entikishlari, kiyimi, antiqa atir boʻylari – bari-bariga termulib toʻymas, hayajonlanar edim. Katta enam bir mahallar oynani ochib:

– Hey, dabba, uying bormi sening? Chechangga juda yopishding-qolding, uyat emasmi? Bor, joʻna. – deb qolardi. Ayb ish qilganday sekin oʻrnimdan turib joʻnay boshlasam, yangam:

– Ena, qoʻying, bir pasil oʻtirsin, yaxshi bola-da bu, – desa, enamga qarab turardim, u esa:

– Boʻldi-boʻldi, moliga qarasin borib, onasiyam izillab izlab yurgandir, – derdi jerkib.

Bu yerda qolib ketishim, albatta, onamga, amakimgayam yoqmasdi. Nima qilay, judayam oʻrganib qolgan edim. Chunki bu dunyoda birgina chiroyli ayol bor edi, u ham nuqul sevgidan soʻzlab odamni ilhomlantirar, bu jozibali tuygʻuga kishini asir etar edi.

Odat boʻlib qoldi: kechqurun ham televizor koʻrgani kelaman. Amakim hash-pash deguncha ovqatini yeb boʻlib bir oz televizor koʻrib oʻtirib mudray boshlaydi. Katta enam darrov:

– Toʻlgʻanoy, bunga joy sobber, toza tinkasi quribdi, – derdi odatdagiday jerkinsib.

Yangam irgʻib oʻrnidan turib narigi kelin-kuyovning uyiga kirib ketardi-da, shu bilan oʻziyam gʻoyib boʻlardi. Menga esa endi bu yerda oʻtirish toza azobga aylanardi. Chunki boshqalar ham qachon uyiga daf boʻlarkin shu bola deyotgandek boʻlaverardi.

Biz amakilarning uylari bir qator uzunasiga solingan edi. Uyidan chiqqanni bir-biri bilib, koʻrib turaverardi. Bir gal kechki payt amakim bilan yangam uylariga kirib ketishgach, odatdagiday begonasiray boshladim va sekin turib joʻnadim. Hojat bahona uyning orqasiga oʻtdim. Yangam bilan amakimning tovushlari orqa darchadan eshitilib turardi. Nazarimda ichki deraza ochiq, faqat tashqi yogʻoch qopqa ojizgina yopilgan edi. Amakim shivirlab bir narsalar der, yangam begʻubor ovozda qiqir-qiqir kulardi. Keyin yangam kulgidan toʻxtab arazlagansimon:

– Boring-e, – degani va aftidan, amakimning yalangʻoch badaniga shapatilagani eshitildi.

Titrab ketdim.

Jimib qolishdi.

Tuyqus ayol kishining seskanganday tovushi chiqdi.

Soʻng choʻzib «voy-y!» dedi. Jahlgami, gʻazabgami oʻxshagan bir nima qornimdan biqinimgacha oʻrmalab chiqdi. Seskanganday tiniq ovoz takrorlandi. Endi ingrayotganday edi. Amakim yangamni nimadir qilyapti, ammo ayamayotgan edi. Birdan uni yomon koʻrib ketdim. Odamzot shunday ajoyib ayolga shafqatsizlik qilishi mumkinmi? Hayvon, yirtqich insonning ishi bu!

Odam badanining nafas va koʻrpa tovushiga qoʻshilib ishqalangani, nafaslarning tezlashishi, dunyoning eng bokira ayoli birdaniga oʻziga qoʻtosday tashlanayotgan erkakning quloqlari tubiga beixtiyor choʻzib «joni-im!» deb yuborishi aqlga sigʻmas hodisa edi. Tushunib boʻlmas edi. Kechirib ham boʻlmas edi.

Muzlab ketdim.

Ishtonimni hoʻllab qoʻymaslik uchun nariroqqa chopib ketdim.

Bu gaplarni birovga aytib boʻlmasdi. Tushuntirish ham qiyin. Yangam ayniqsa, men uchun yomon ish qilgan edi. Shundoq iymanib turgani bilan bari bir uyatsiz xotin ekan-da, degan qarorga keldim. Uch kungacha bu yerga qadam bosmadim. Toʻrtinchi kuni amakilar yangi kelinchakni birin-ketin nonga chaqira boshladilar. Chillasi chiqqach, yaqin qarindoshlar nonga chaqirish odat emish.

Yangam bizning boʻsagʻadan uch karra tavof olib uyga kirgach, menga kulib qoʻydi. Boshqalar oldida iymanib oʻtirdi. Soʻrashib boʻlib bir oz kirishimli boʻlgach, menga yuzlanib:

– Bu asal bola biznikiga bormay qoʻydi. Xafaman. Yangasini yomon koʻradimi yo? – dedi juda tiniq ovozda entikib kulib.

Negadir dilimdagi gʻubor birdaniga tarqadi. Xayriyat, dedim ichimda. Yangam amakimni emas, meni yaxshi koʻradi deb oʻzimni oʻzim ishontirgim keldi.

Orada yangam ota-onasinikiga ham borib «choy ichdi» boʻlib keldi qudagʻaylar yetovida. Ancha yuzi ochilib, hamma bilan baralla koʻrishadigan boʻlib ketdi.

Yangam ham menga oʻxshab haligi chegachi cholni yoqtirmas ekan.

– Bizning qishloqqayam borgan, – dedi u. – Odamlarnikida chegachilik qilib yurar, pochtaxonaga koʻp qatnar edi. Aytishlaricha kimlardandir unga oʻrischa xat kelarmish. Boshqacha konvertlarda. Buyam xat joʻnatarmish – oʻshanday konvertlarda. Pochtachilar buning xatini alohida olib tumanga oborib berisharmish. Juda gʻalati chol, indamaydi, nuqul gap eshitadi, birovga el boʻlmaydi. Shpionmi deyman-da.

Shpion chol amakimning uyida ham uch-toʻrt kun yashadi. Toʻyda singan bir-ikki piyola, choynaklarni yamagan emish. Soʻng yana biznikiga qaytib keldi. Bora-bora sezdimki, bobom ham uni yoqtirmayroq qoldi. Oʻz ishiga unnab cholni xoli tashlab ketadigan boʻldi.

Bobom juda mehribon odam. Meni ortiqcha yaxshi koʻradi. Mana, maktabga borayotgan boʻlsam ham qaytganimcha sogʻinib qoladi. Ikkinchi sinfda oʻqishimga qaramay «qani, bulbulni koʻray-chi!» deydi. Endi uyalaman. Bobom boʻlsa erkalab, chaqaloqday qilib «oh-oh, ulimning bulbulidan-a!» deyaveradi.

Orada kanikul boshlandi. Sulton amakimga yangi uy boshlashdi.

Ovul-hamsoyaning hashari bilan hademay devor tikka boʻlib, eshikboshi ham qoʻyildi. Guvala, loy tashishlarda biz ham qatnashdik. Hammasidan koʻra turgʻazilgan devor ichi, biz bolalar uchun chinakam oʻyin maydoniga aylandi. Issiq kunlarning birida Jumabozordan yangamning singlisi Bibisora mehmonga keldi.

U men bilan tengqur ekan. Bir siyogʻi yangamgayam oʻxshaydi. Yuzi loʻppi, shahlokoʻz. Ammo juda ogʻir, bosiq qiz. Yangamga oʻxshab har ikki gapning birida sharaqlab kulavermaydi. Biz tengqurlar bilan uni bekinmachoq oʻynashga zoʻrgʻa koʻndirdik. Bora-bora bizga ham el boʻldi. Yangi uyning devorlari, guvalalar uyumi, hojatxona, uy orqasidagi quyuq teraklar ortiga – duch kelgan joyga berkinardik. Topgan odam marraga birinchi kelib tupurishi, agar undan oʻzib marraga qarab chopsa qoʻlidan tutib toʻxtatib ham qolishi mumkin edi. Bibisora oʻzi bosiq boʻlgani bilan bizga oʻxshab keta kiyib olganidanmi, juda ildam ekan. Har gal biz oʻgʻil bolalarni dogʻda qoldirardi. Shuytib u bizga joʻra boʻldi-qoldi. Oʻyin asnosida bir-ikki marta uning oppoq, yumshoq qoʻllaridan ham tutdim. Negadir yana ushlagim kelardi. Uch-toʻrt kun turgach u uyiga ketdi. Shunda biz uni qoʻmsab qoldik. Yangamdan singlingiz yana keladimi, deb soʻradim. Yangam ma’noli kuldi. Keyinroq keladi dedi. Uni rostakamiga sogʻinayotgan edim. Yangamdan ularning adresini, oʻqiyotgan maktabining nomeri va sinfini soʻradim.

– Akangizga boja boʻlmoqchimisiz, dabba? – dedi yangam va entikib-entikib kuldi. Men bu soʻzni tushunmadim, lekin uyat gap boʻlsa kerak deb oʻyladim.

Bibisoraga xat yozdim. Necha baholarga oʻqishi, uyida necha kishi ekani, kanikulda nimalar qilayotganini soʻradim. Undan ham javob keldi. Uyam xuddi shunaqa savollar bergan edi. Javob yozdim. Keyingisida rasm soʻradim. Yaxshi rasmim yoʻq, keyin joʻnatarman debdi. Bir gal yangam oq chamadonini ochib xatlarini oʻqiyotgan paytda Bibisoraning rasmini koʻrib qoldim va bildirmay qoʻynimga tiqdim. Bibisora opasi – yangam bilan bir-biriga suyanishib tushgan. Sochlarining orasidan bejirim parq ochib, ikki oʻrim qilib koʻksiga tashlab olgan. Egnida atlas, yengi kalta koʻylak. Yangam ham shunday kiyingan. Men bu rasmni papkaga solib, panada yoki hech kim yoʻgʻida xoʻb tomosha qilar edim. Keyingi yozgan xatimda beixtiyor, oʻgʻirlaganim esimda yoʻq, rasmga zoʻr tushibsan, deb yozdim. Negadir seni yaxshi koʻrib qoldim, deb yozgim keldi. Uyaldim. Buning oʻrniga «J+B=S» deb yozib qoʻydim va kimdir koʻrib qoladiganday tezda konvertni yelimlab yopishtirdim. Pochtachi qoʻnish akaga berishdan oldin konvertning yelimlangan joyiga «Oʻz qoʻliga tegsin!» deb katta harflarda yozib qoʻydim.

Ertasi kuni joʻralarim bilan kelayotgan edim, gazaning ustida chegachi cholga koʻzim tushdi. Kun issiq boʻlishiga qaramay u odaticha qora plashiga oʻralib, boʻyi barobar zarang hassasiga suyanib olgan edi. Biz bu soʻxtasi sovuq odamga salom berishgayam choʻchirdik. U boʻlsa koʻzini chaqchaytgan koʻyi menga tikilib turardi. Yonidan oʻtayotsam, oldimni toʻsdi. Joʻralarim tiraqaylab qochib qolishdi. Men ham qora soqol cholni aylanib oʻtib qochmoqchi edim, u epchillik bilan qoʻlimdan ushlab qoldi.

– Ha, goʻrsoʻxta, – dedi. – Senga sevishni kim qoʻyibdi, svoloch! – Shunday deya u choʻntagidan men Bibisoraga yozgan xatni chiqardi. – Rasm qani?

Ichim oʻtib ketdi. Qaltiray-qaltiray papkamdagi kitob ichidagi rasmni olib berdim. Chol uni yulqib oldi-da, mendan koʻz uzmagan koʻyi xat bilan qoʻshib tilka-pora qilib tashladi.

Soʻng uni mayda-chuyda qilib chang yoʻlga sochib yubordi. U hamon bilagimdan siqib ushlab turardi. Yuzini yuzimga yaqin olib keldi. Koʻzlari chaqnab koʻkimtir tus oldi. Soqollariga nimadir mayda narsalar yopishib turardi. Burnimga uning ogʻzidan qoʻlansa bir hid urildi.

– Qisib yur, boʻlmasa qamoqda chiritaman!

Shunday deb u suyakdangina iborat qoʻlini bilagimdan boʻshatdi. Uni shapaloqqa moʻljal qilib orqasiga tislantirdi. Yoʻq, xayriyat, urmadi. Ammo esxonam chiqib ketdi.

Bir-ikki kungacha qilayotgan ishimni ham bilmay yurdim. Koʻz oldimda uning koʻkimtir koʻzi yaltirab turar, hadeb yuzimga qoʻlansa hidli nafasi urilardi.

Hammasi mayliku-ya, u meni sevishganga chiqarib bobom, otam, onam, akam, yangam va amakilarim oldida sharmanda qilsa-chi? Yoki eldan burun aytgan boʻlsa-chi?

Shu kunlarda chol biznikida yotmadi. qayerdaligi noma’lum. Bobom ham kun boʻyi pastdagi olmazor chorbogʻ ostida oʻt oʻradi. Tushda qizil belbogʻida bir belbogʻ chuchuk olma olib keladi. Bu olmalarni bobomning oʻzi ekkan. Sap-sariq, oltinday yaltillab turibdi bu olmalar – juda sersuv, karsillaydi. Oʻta shirin. Dimoqni qitiqlaguvchi muattar hidi bor. Olma daraxtlari yovvoyiday shoxlab, boʻyi ham teraknikidan baland boʻlib ketgan. Muzbuloqdan oqib kelayotgan tegirmon ariqqa tap-tap olmalar tushadi. Tilladay yaltiroq olmalar...

Cholning qiligʻi hech esimdan chiqmay qoldi. Uni eslaganim zahoti tanamda titroq tura boshlardi. Endi Bibisorani ham eslashga choʻchiyman. Chunki oʻsha zahoti shpion chol koʻz oldimda gavdalanadi.

Kunlarning birida Bibisora yana keldi. Endi amakimning uyiga bolor koʻtarishgan, ustini yopishga yantoq, xashak, xari, xodalar keltirib hovliga uyib tashlashgan edi. Usta Omon kattakon poyteshasini olib u yogʻoch bilan bu yogʻochni juftlab, moslab kesish, yoʻnish bilan mashgʻul edi. Bibisora avval mendan uyalib, yotsirab turdi. Keyin beixtiyor pochchasining yangi uyini koʻrgisi keldimi, tom oldidagi yogʻochlarni aylanib oʻtib ichkariga boʻyladi. Men ham orqasidan bordim. Shumligim toʻtib orqa rom oʻrnidan ichkariga oshib tushdim-da, uning roʻparasidan chiqib «pah» deb qoʻrqitdim. «Voy oʻlmasam, opajon!» dediyu darhol qizargan yuzini roʻmoli bilan bekitdi. Orqasiga tislana turib shahloga monand koʻzini norozi boʻlganday suzdi va «tavba qildim» dedi ohista. Turib qoldim. Borib «kechirasan» demoqchi boʻldim. Xat yozib ham chakki qilibman, oʻzi kelarkan-ku. Har qalay «seni sevaman» demovdim-ku. Shpion chol meni yoʻldan qaytardi-ku.

Chol shu zahoti roʻparamda paydo boʻldi. Koʻzini oʻqday qadab chap qoʻli bilan oʻng yuzimga charsillatib bir shapaloq urdi. Yuzim yonib ketdi oʻziyam. Bir pas koʻz oldim qorongʻulashdi. Nimagadir butun tanam qiziy boshladi. Goʻyo ayb ustida qoʻlga tushgan jinoyatchi holida edim. Oyoq-qoʻlim qaltiray boshladi. Shapaloqning zarbidan emas, holimning zabunligidan xoʻrligim kelib hoʻngrab yigʻlab yubordim. Oʻtirib olib koʻp yigʻladim. Koʻzlarim achishib ketdi. Borib uydagilarga aytib bersam-chi? Otam uyda yoʻq, akamning bu odamga kuchi yetmaydi. Bobomga aytsammikan? Bobom «goʻdakni nega urding, ey, ot tepkur» deydi. Xezlanib keladi. Urmoqchi boʻladi, shunda chol meni ayblab qolsa-chi. Birovning qiziga koʻz olaytiryapti, xat yozyapti, desa-chi. Bundan ortiq uyat, alam qiladigan joyi bormi tagʻin. Motorxonani tomosha qiladigan qirga chiqib, uzala tushib oʻzimni bosib olmoqchi edim. Qirga chiqdim. Atrofda hech kim yoʻq. Tavba, boʻkirib yigʻlasang ham birov nima boʻldi, deb soʻramaydi-ya? Uzala tushib oldim, endi yigʻlagim kelmayotgan edi. Chakkam haliyam qizib jonsizday boʻlib turibdi. Tevarakka qarasam, oʻng koʻzim jimir-jimir qiladi, qovogʻim xaltaday osilganga oʻxshaydi. Turib, hayron boʻlib, uzoqlarga, Oqzov tomonlarga qaradim. Bir qora odam ketayotganday tuyuldi. Oʻng koʻzimni barmoqlarim bilan berkitib, chap koʻzimda qaradim. Chol yelkasi bir oz bukchaygan koʻyi shuvoq, butalar oralab bir maromda ketib borardi. qozonbuloq, Tokli, qizil olma, Kiyikli, Oq zov, Parandoz, Besh barmoq, oʻh-hoʻ, undan narisida yana yurtlar bormikan yo dunyoning oxiri oʻsha yerlarmikan? Mening bola nazarimda yer sharining oxirgi chegarasi koʻrinib-koʻrinmayotgan oʻsha koʻkimtir togʻlar edi.

Anovi mening koʻnglimni vayron qilgan, yorugʻ xayollar surishga, shahlokoʻz Bibisora bilan suhbat qurishimga, xat yozishimga monelik qiluvchi, mudom qoʻl koʻtarib yoʻlimni toʻsib qoʻrqituvchi qora plashli shpion soʻxtasi sovuq chol oʻsha togʻlar choʻqqisidan yiqilib oʻlsin, Parandoz choʻqqidan qulab ketsin, parcha-parcha boʻlgan goʻshtini, quzgʻun, kalxatlar yesin!

* * *

Kechqurun molayirishdan sigir, tanalarni ayirib qaytdim. Onam nega buncha shishib ketgansan, birov urdimi, deb tergadi. Hech narsa boʻlgani yoʻq, betimga choʻp tegdi, dedim. Onam yuzimni ushlab koʻrdi, kim urgan boʻlsayam iloyo qoʻli sinsin, dedi. Hech kim urmadi, desam ham, barmogʻining izlari turibdi-ku, dedi. Bari bir aytmadim.

Yotarda onam har kuni ertak aytar edi.

Bu gal ertakdan soʻng uxlamay, anovi shpion chol yana biznikiga keladimi, deb soʻradim.

– Bu Azroilday soʻramay keladigan chol, – dedi onam. – Cholni kelgan kuniyoq taniganman. Urushdan keyingi oʻroq-mashoq yili u Saritoy togʻamni oʻroq bilan soʻyib ketgan.

– Nega soʻyadi?

– Negalini hech kim bilmaydi. Bu odam maktabda dars berar edi. Saritoy togʻam savodli edi. Rayondan gazet, kitob opkelib oʻqir edi. Bir kuni yoz payti togʻam uyining oldidagi supada gazet oʻqib oʻtirsa bu odam oʻroq koʻtarib kelib qolgan. Keling mallim, deb oʻrnidan turayotsa, oʻroqni bir siltab qorniga tiqib tortib yuborgan. Togʻam ichak-chavogʻi osilib qolib ketgan. qizlari, bizlar, yangam chuvlab qola berganmiz. Bu sovuqbashara shunday plashini yechib maykachan boʻlib olib toqqa qarab qochgan.

– Hech kim oʻch olmadimi?

– Bilmadim. Birov daragini topolmagan boʻlsa kerak. Bizlar yosh edik-da.

* * *

Shu boʻyi chol qishloqda qorasini koʻrsatmadi. Men ham endi Bibisoraga xat yozmadim. Endi oʻylar edimki, xat yozsam yoki uchrashsam chol bir yoqdan qora kalxatday uchib keladi. Yoʻlimni toʻsadi.

Balki endi oʻroq koʻtarib kelar...

* * *

Yoz oʻtdi. Yangamning boʻyida bor emish. Uning oqish-sariqdan kelgan yuzlari qizarib, toʻlishdi. Semirdi. Bilak va koʻkraklari boʻliq boʻldi. Oyoqlari ham.

Yangam oyday edi. Oydek toʻlin edi.

* * *

Qishga borib tugʻdi. Bir boʻlarli oʻgʻil tuqqan emish: novcha, koʻzlari koʻkish. Kimgayam oʻxshardi, amakimga-da: polvon boʻlsa, koʻzi koʻk emas, mallatob. Lekin hazilning uyini kuydiradi. Onasi bilan ham sensirashib, turtishib, joʻrttaga urishib ketaveradi. Bunda xotin boʻlsa baliqday. qishloqning azobli mehnatidan choʻchimaydi. qaytamga kunday, oyday ochilaveradi.

Mening dunyoda yagona yangam!

Amakim u bilan qanday baxtli!

* * *

Men bir oz ulgʻaydim. Pioner boʻldim, soʻng komsomolga yaqinlashdim. Bibisora ham boʻy yetgan qizlarday ochildi. Endi biz bir-birimizga boshqacha qaray boshladik. Bu boshqacha tuygʻu edi. Biz goʻdak emasdik, bir-birimizni sizlardik.

Yangam bir etak bola tugʻib tashladi. Hammasi oʻgʻil. Hammasi oppoq, polvon bolakaylar. Faqat kattasi novcha, oriq, qora, koʻk koʻz. Boshqaning bolasidan ajralib turadi.

Yangam endi turmush tashvishlariga koʻmildi. Shaddodligi ham susaydi. Biz bilan avvalgiday hazillashib oʻtirishga vaqti ham yoʻq edi. Balki xohishi ham yoʻqdir. Ammo singlisi Bibisorani menga oberishga va’da qilgan. Bibisora esa yangamning avvalgi koʻrishiga oʻxshab tobora boʻy yetar, tobora goʻzallashib borardi. Ammo biz endi bir-birimizga avvalgidek bolalarcha tirgʻalishdan iymanar edik. Yangamning ikki ogʻiz va’dasi xuddi bizni unashtirib qoʻygandek edi. Chunki bizni taniganlar allaqachon oshiq-ma’shuqqa chiqarib ulgurgan, gap-soʻz qilib yuborishgandi. Shu bois unga xat yozmayotgan boʻlsam ham har kuni yozayotgan, koʻrishmasam ham har kuni pana-pastqamlarda uchrashayotgan, quchoqlashayotgan va boʻsa... olayotgan edim.

Biroq unga aytar soʻzlarim koʻp. Chegachi cholni u hali bilmaydi. Bu sirli odam haqida gapirgim keladi. Chol esa shu boʻyi gumdon boʻldi. qaniydi zovdan tushib ketgan boʻlsa.

* * *

Bir zamonlar, togʻ ortidagi tojiklar bilan bizning qishloqdagilar bordi-keldi qilmaslaridan burun oʻsha yoqlik ovchilar tong chogʻi Parandoz choʻqqisida yaltiragan qora narsani koʻrib qolishibdi. Oʻshshayib katta soyga turtib chiqqan choʻqqi uchida telpakdan kattaroq bir narsa tong shafaqida jivir-jivir tovlanar emish. Biri- yombi, tozi oltin boʻlagi desa, biri – tosh shirasi – moʻmiyo, kiyik ham yetolmaydigan qoyada qotib turib qolgan deydi; yozda u erib, soyga tomchilaganda kiyik, olqorlar soy toshlari ustidan uni yalab yeydilar. Chunki umr boʻyi togʻ-toshda sakrab hayot kechiruvchi bu beozor jonivorlar koʻpincha oyogʻini, toshga urib lat yeydi, sinadi. Savqi tabiiy ravishda shu moʻmiyo malham ekanini biladilar va talpinib undan rizqlanadilar, shunday qilib oʻzlarining jarohatiga oʻzlari malham qoʻyadilar. Oʻq tegib yarador boʻlsa ham qochib qutulib ketib, soʻngra tuzalib oyoqqa turib ketguvchi olqorlarning sogʻayish sababi ham shundan. Buni ovchilar yaxshi bilishadi. Qochdi demak, endi u moʻmiyo bor joyga yetib oladi, oʻsha yoqlardan poylash lozim deyishadi. Hushyor jonivor esa oʻta hid bilgich, odam isini ham, moʻmiyo isini ham tez payqaydi: endi choʻqqilar atrofida tagʻin ovchiga oʻlja boʻlishni xohlarmidi deysiz – qochadi-ketadi-da.

Xullas, ovchilar maslahatni bir joyga qoʻyib, zovga choʻqqining tepa tomonidan bir kishining beliga arqon bogʻlab tushirishni kelishining olishadi. Arqonlarni bir-biriga bogʻlab, Parda ismli bir boʻz yigitni tushirib, oʻzlari naryoqda arqonning bir uchini mahkam tortib turishadi. Yigit choʻqqining yombi yaltirab turgan labiga yetay deganda shunaqa qattiq shamol turadiki, muallaq qolgan yigit beixtiyor yon tomonga surilib ketadi. Oʻz ogʻirligi bilan bosib turgan arqon ham sirpanadi, shu sirpanishda davom etaveradi, qoyaning qirrali toshlari arqonni kesib ketadi, bora-bora u yengil iplarda ilinib qoladi hamda qoyaning bir chetiga yetganda chars uziladi va yigit pastga qarab voy-hoylagancha tushib ketadi. Pastga, boya ular maslahat qilgan joyga Pardaning bir necha burda goʻshti va kiyimlarining bir parchasigina uchib tushadi. qolgan tana qismi Parandozning arra tishiday choʻqqilarida osilib qolib ketadi. Shundan beri u yoqqa kishilar koʻp ham talpinmay qoʻyishgan. Yombini yoki moʻmiyoni koʻradilar, tamshanadilar, ammo u beozor togʻ jonivorining daxlsiz rizqi ekaniga iqror boʻladilar.

Bir boʻz yigitning bevaqt ajali ularning ochkoʻzligiga barham bergan boʻlsa ajabmas. Aytib boʻlmaydi: vaqt-zamoni kelib bir uddaburon uchar bu choʻqqilarga vertolyotda kelib hamla qilishi ham mumkin-da. Axir texnika taraqqiyoti nimalarga olib kelmayapti.

Mana, necha yil oʻtdi, chegachi chol oʻsha yoqlarga ketdi, daf boʻldi. Biroq oʻsiq qoshlari va yuzidagi battar qora moʻylari orasidan oʻqday qadalib boquvchi koʻk koʻzlari hamon esimga tushadi, tuyqus seskanib ketaman. U mening bolalik tuygʻularimning yoʻlini kesib chiqdi, goʻyo sen bola emassan, oʻynab-kulishga haqqing yoʻq, deganday boʻldi.

Bu dunyosi uncha ham keng emas ekan.

Oʻsha choʻqqi, Parandoz – dunyoning bir chekkasi. Chol esa choʻqqidan oshib nariga ketgan. qani edi u chindam ham yer sharining oxirgi chegarasi boʻlsa-yu, choʻqqidan naryoqqa ovchi yigitday parcha-parcha boʻlib tushib ketgan boʻlsa...

* * *

Yettinchi sinfga oʻtayotganimda biz turgan joylar torlik qilib, pastdagi qishloqqa koʻchib tushdik. Maktab olisligini hisobga olmaganda bu yerlar keng, yaylov koʻp, serbuloq-suv ham yetarli, hammadan ham mol boqib kun koʻruvchi otamga oʻngʻay edi. Maktabdan kelgach, biz bemalol otamga yordamchilik qila olardik. Eng muhimi, biz Bibisoraning qishlogʻiga yaqin joyga koʻchgandik. Bir uy, bir dahliz qurdik. Sakkizinchi sinfga oʻtganimda tagʻin bir uy va gʻallaxona, molxona soldik. Keyingi yil kanikulda oʻtinxona va yana bir uy qursak, el qatori yashay boshlaymiz, hech kim bizni kambagʻal demaydi.

Fizkulьturadan bizga tarix oʻqituvchimiz, otamning oshnasi Saypi muallim dars oʻtardi. U har bahorda sel yuvib ketuvchi sayxonlikdagi stadion deb ataluvchi maydonchamizda oltmish metrga poyga yugurtirishnigina bilardi. Maktabimiz futbol, voleybol tugul bir turnikka ham yolchimagan edi. Yugurishga oʻngʻay joy ham umumiy mashina yoʻli, har zamon patirlab biror traktor yoki mototsikl changitib oʻtib qolardi. Traktorni esa to koʻzdan pana boʻlguncha quvib boramiz, ichimizdan birda-yarim shoʻtanoqlarimiz telyashkasiga osilib olar, traktorchi payqab qolib, taktorini toʻxtatib soʻkib tushirguncha tushmas edik. Tushgandan keyin ham qoʻymay telyashkasiga tosh otib qarsillatib urar edik. Nima zaril ekan – hayronman. Shoʻxlikmikan yo texnika kamligidan havasakmikan? Tavba.

Xullas, Saypi muallim qadami bilan hoppoylab oltmish hoppoy sanab, u boshigayam, bu boshigayam yalpoq qayroq tosh bilan oʻyib bir chiziq tortardi. Komanda berishdan oldin uqtirardi: «boshing yetsin, keting qaytsin! Tushundingmi?» Albatta, bu gapni qiz bolalarga aytardi. qiz shoʻrliklar roʻmoli yechilib, kalishini poyi tushib qolib, soʻng imillab orqasiga qaytib, roʻmolini boshqatdan peshonasiga tangʻib oʻrab, otilib ketgan kalish poyini topib, uchi yirtiq paypogʻini qoʻli bilan qoqib, artib, keyin poyabzalini kiyib, ustidan kulgan oʻgʻil bolalarni qargʻay-qargʻay bemalol yurib kelardi. Muallim bari bir ularga «toʻrt» va «besh» baho qoʻyib nariga haydab yuborardi-da, soʻng oʻrniga oʻgʻil bolalarni safga tizardi.

Bu safar oʻn ikki nafar oʻquvchiga xuddi bir bolaga uqtirgandek komanda berardi: «Qara, hoy bola, bu chiziq i nargi chiziq, orasi oltmish metr, start beriladi – uchasan, narigi chiziqqa boshing yetsin, orting qaytsin. Butun dunyo sportida shu qoida – qayerga borsang baraver. Birov bir narsa desa – noma’qulning nonini jepti! Xoʻpmi, hammaga tushunarli, a? Ketdik: vnimaniye! Na start! Marsh!

Ichimizda birgina Zoyir «toʻrt» baho olardi. qolganlarniki – «besh». Chunki uning qishin-yozin kiyadigan ketasi tamom ayrilib ketgan, tez yugurganda oyogʻining ostiga qayrilib tushib surinib ketar, yugurganda ham poyabzalining ichiga havo kirib «hap-hap-hap» etgan tovush chiqarar, biz bu tovush qayeringdan chiqyapti, deb qotib kulardik.

Abduraim bilan Rajab bu tashvishdan xoli edi. Chunki ular qishda ham bir narsa kiymasdilar, bemalol yalangoyoq qor, loy kechib kelaverishardi. Chamasi kambagʻalchilik yo otasining ziqnaligi ustun kelib oyoqlar tuyoqqa aylanib boʻlgandi, vallohu a’lam.

* * *

Shahardan Faxriddin degan fizkulьtura oʻqituvchisi keldi-yu bu yumushlarga barham berildi: «tuyoqdorlar» qanday koʻrinishda boʻlsa-da poyabzal kiyadigan boʻldi –oʻquvchi qishda yalangoyoq oʻqishga kelishi kodeksga muvofiq emas. Ikkinchi yangilik – Saypi muallim jismoniy tarbiya darsidan ozod eitilib, tarixchiligiga kuni qoldi.

Qorachadan kelgan, xushbichim bu fizkulьtura oʻqituvchisi oʻta qattiqqoʻl edi. Berilgan vazifani bajarolmasang jazolardi. Masalan, temirday qattiq qoʻli bilan bilagingdan mahkam qisib oʻziga tortib, koʻzini tik qadab turaverardi. Temir qoʻli bilakni oʻyib ketardi. Ikkinchi jazosi – bosh kiyimni yechtirib qoʻyib, boshqa barmogʻini ikkinchi qoʻli barmogʻiga tirab turib rogatka qilib urish edi. Oʻylashimcha boshga gurzi tushsa, bundan koʻra yengilroq boʻlardi, chunki uning barmogʻi oddiy barmoq emas, mundayroq boltga oʻxshab tegardi va oʻsha zahoti shishib chiqardi. qizlarni esa iyagidan qoʻli bilan koʻtarib, oʻziga qaratib olardi, iyagiga barmogʻini tirab koʻzini chaqchaytirib turaversa – shuning oʻzi ogʻir gap edi, birinchidan, qizning nozik iyagi koʻkarib chiqadi – ogʻriq ham bor-da, ikkinchidan, nigoh masalasi ancha vahimali edi – koʻziga koʻzi tushgach beixtiyor hoʻngrab yigʻlab yuborardi.

Ammo maktabimizda koʻp oʻzgarishlar boʻldi. Oʻz kuchimiz bilan voleybol maydonchasi qurdik: soy toshlarini terib maydonni tozaladik, ikkita ustunga yer kovlab, uni oʻrnatdik, setka tortdik, maydon chetiga mayda toshlar terib chiqdik. Bir chekkaga turnik oʻrnatdik.

Ba’zan kechki paytlarda shu tor maydonda futbol ham oʻynardik. Biroq toʻp hadeganda soyga tushib ketar, toshqin soy uni oqizib ketardi. Ikki bola yugurib, uning ortidan quvar, xoda bilan urib suvdan tashqariga chiqarolmagach, bir chaqirim pastdagi tegirmonning yonidagi qisilchangdan suv kechib tutib kelishardi. Bungacha futbolchilarimiz koptokni suvga tepib yuborgan chempionni soʻkish bilan andarmon boʻlib turar, u boʻlsa oʻzini oqlash uchun boshqani aybdor qilib baqirib yotardi. Bu tor maydonda «aut» qilmaslikning esa sira iloji yoʻq edi.

Nima boʻlganda ham Faxriddin muallimning turnik oʻrnatish siyosatini ijobiy baholash mumkin edi, sababi biz oʻgʻil bolalar turnikda tortilish u yoqda tursin, chirpirak boʻlib aylanish mashqini ham oʻzlashtirib oldik. Darsdan keyin ham galma-galdan turnikka osilganimiz osilgan edi. Domla bu yumushga qizlarni ham safarbar etib ulgurdi. Tabiiyki, umrida bir narsaga osilib koʻrmagan qizlar turnika yaqinlashgisi ham kelmasdi. Domla ularga qat’iy komanda berib chaqirar, oʻzi belidan koʻtarib turnikka yetkazib qoʻyar va «tortil» deb zoʻrlar edi.

Bu ishlarga qizlar qarshi edi. Hatto ota-onalar, ba’zan muallimlar ham aralashib koʻrishdi. «Qizlarimizning putini koʻtarib gimnastikachi qilmoqchimisan, maktabni bitirsa erga tegadi, oʻqishgayam, hech joyga bormaydi. Bularni buytib sharmanda qilma!»

Faxriddin muallim rus tilidan dars beruvchi Ahmad muallimnikida yotib yurardi. Ahmad muallim bir kuni oʻqituvchilarga aytibdiki, bu yigit markazdan maxsus joʻnatilgan, qishloqlarda sportni rivojlantirish, ular ichidan zoʻr chempion yetishtirib berish uning asosiy vazifasi, topshiriq bilan kelgan.

Rostdan ham maktabimizda xokkeydan boshqa yot oʻyin turlarining hammasini oʻrgana boshladik. Qizlar ham lozimlarini yechib brija, keta kiyishardi, yugurganda yelpinib xalaqit bermasligi uchun durracha va roʻmollarini yechib yalangbosh boʻladigan odatlar chiqarishdi.

Qish oʻtsa, tuman markazida oʻtadigan oʻquvchilar spartakiadasiga ham qatnashadigan boʻldik.

Qishda sinf xonalarda dars oʻtilardi. Voleybol, futbol, gandbol, basketbol va boshqa sport turlarining qoidasi, nazariyasi oʻqitilar, yozdirilar, yodlatilar edi. Daftarlar toʻlib ketardi. Yozilgan qoidalarni yodlash shart, boʻlmasa jazo qattiq.

Ayni vaqtda tosh koʻtarish, oʻtirib turish, qoʻlga tayanib gavdada yotib turish kabi mashqlar ham sinfda bajarilardi. Yotib turish ayniqsa qiyin edi. Maktab pol boʻlmaganidan partalar oʻrtasidagi yoʻlak loy, tupuk-shilimshiq joy, shu yerga kafting bilan tayanishing kerak edi, charchasang ham domla ustingda turib «davay» deyaverar, oxiri qoʻling tolib yuzing, koʻkraging bilan shu bulgʻanch joyga yotib ham qolarding. Ammo muallim boshingda turib olib «dvadsatь odin, davay, yehyo chetoʻre raza» deb baqiraverardi.

Ahmad muallimning uyiga ikki xotin va bir chol janjal koʻtarib boribdi: qizlarimizni tinch qoʻyadimi bu yo qishloqdan izini quritaylikmi?.. Muallim yana oʻrtaga tushibdi: bu oʻzi yaxshi yigit, niyati yaxshi, hukumat bobodan shunday-shunday topshiriqlar olib kelgan, qishlogʻimizning nomini elga koʻrsatmoqchi. Yana bir yangilikni sizlar bilmas ekansizlar, aytib qoʻyay: bola asli qishlogʻimizga jiyan ekan. Saritoy boboning haligi burun qochib ketgan ayoli bor-ku, oʻshaning oʻgʻli emish. Momoy uch yil oldin oʻlipti, bolasigayam togʻalaringni top, deb vasiyat qipti. Bu, endi, togʻalarining ichida bir oz erkalik qilsa, kechiringlar-da. Pedagog oʻgʻil-qizlaringizni tarbiyalab odam qilishi kerak. qiziq ekansilar. Mana, bizga oʻxshab mundayroq oʻqitsa, bolalar ruschani oʻrganmasa, mayli, qattiq turganning enasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatish kerak ekan-da, a? Bunday boʻlmaydi-da, qoʻyinglar endi...

Odamlar qarindoshlik tuygʻulari bilan bir oz yumshab, shunda ham qizlarimizni putini koʻtarib turnikka osiltirmasin, deya shart qoʻyib ortga qaytishibdi.

Biroq Faxriddin muallim bari bir shashtidan qaytgani yoʻq. Ayniqsa u men bilan oʻchakishadi. Yerga qoʻl bilan tayanib turishni boshida eplayolmasdim. Keyin yigirma, elliktaga chiqardim. Boshqalar yigirmataga yetkaza olmasa ham menga yetmishta qilasan, dedi. Yetmishtaga ham yetkazdim. Bari bir u menga iliq gapirmadi. qishning oʻrtasida u qayerdandir yigirma toʻrt kilolik tosh topib keldi. Avval oʻzi koʻtarib koʻrsatdi. Yengil narsani koʻtarganday uch marta havolatib koʻtardi. Partadoshim Abdushukur beixtiyor «oʻhoʻ, mallim, polvon ekansiz, nechtaga oborasiz?» deb qoldi.

Muallim qovogʻini uydi.

– Yigirmadan oshadi, – deb qoʻydi soʻng toʻngʻillagansimon.

Tosh nihoyatda ogʻir, joyidan qoʻzgʻatishning oʻzi amri mahol edi. qish boʻyi hadisini olgach, koʻpchiligimiz uni uch martadan oshirib koʻtaradigan boʻldik. Men mayisha-mayisha yigirmaga yetkazdim. Mayishganim menga dakki olib kelardi. Soʻng mayishmay oʻng qoʻlimda oʻttizga yetkazadigan boʻldim. Chap qoʻlda oʻntadan oshirolmasdim. Muallim shu tomonimga yopishib oldi. Xuddi boshqa qiladigan ishi yoʻqday men bilan oʻchakishar, sira buning sababini tushunolmasdim.

Koʻklam chiqdi. Darslar ichida eng muhimi fizkulьtura boʻlib qoldi. qizlar ham ogʻir jismoniy mashqlarga oʻrganib qolishdi. Futbol oʻynamas, kurash tushmas, tosh koʻtarmas edilar, xolos, boshqa hammasini bajarishga majbur edilar Bahordagi tuman spartakiadasida biz yaxshi qatnashdik. Yugurishda, uzunlikka sakrashda kamina birinchi oʻrinni oldim. Futbolda ishimiz yurishmadi, maydon katta, qoidadagidek toʻqson metr, tor joyda gʻuj oʻynab, koptokni suvga tushirib yuborishdan choʻchib qisqa masofaga tepib oʻrganganimiz pand berdi chogʻi, hech qaysimiz uzoqqa tepib, bir-birimizga oshirolmaymiz. Darvoza ham katta, darvozabonimiz uzoqdan kelgan toʻpni ham oʻtkazib yuboradi – kichkina darvozaga oʻrganib qolgan-da. Uchta maktab bilan oʻynagan boʻlsak, uchovidayam yirik hisobda yutqazdik: yuguramiz – befoyda. Har gal oʻyindan keyin haqimizni olamiz: Faxriddin muallim boʻralatib oʻrischalab soʻkadi. Nima deyapti – tushunmaymiz. Odam boʻlmaysizlar, deyotgan chiqar-da. Yanayam aytib boʻlmaydi, shahar koʻrgan, oʻrischa ta’lim olgan.

Qizlarimiz voleyboldan uchinchi, biz ikkinchi oʻrinni oldik. Birinchini ham olardig-u, hakam ularga ochiqdan-ochiq yon bosdi. Oʻqituvchimiz bir oz qizishdi, hakam bilan talashdi, foydasi boʻlmagach, tagʻin bizdan oʻchini oldi – ruschalab baqirdi.

Oʻninchi sinf qizlaridan Toʻti opa deganimiz ham turnikda mashq bajarishdan uchinchi oʻrinni egalladi. U hamma mashqlarni risoladagidek bajardi, biroq formasi yoʻqligi, qishloqcha kiyingani, aqalli roʻmolini ham yechmagani uning ochkosini tushirib yubordi. Shundoq ham muallim Toʻti opani maktab turnigiga belidan ushlab chiqarib qoʻygani, oyoqlarining yumshoq joylaridan ushlab turnikda aylantirgani, keyin yana koʻtarib tushirib qoʻyib, oʻrischa maqtashi gap boʻlib ketgan edi.

Koʻp oʻtmay muallimning Ahmad akanikidan maktab qorovuli Isrofil bobonikiga koʻchib oʻtgani bu gap-soʻzlarni yana koʻpaytirdi. Chunki Toʻti opa – Isrofil boboning kenja qizi. Garchi maktabda uncha a’loga oʻqimasa ham juda chiroyli, durkun qiz. Uncha-muncha a’loga oʻqiydigan katta yigitlar ham unga suqlanishar, xatlar ham yozishardi. Aytishlaricha, u bu sinfdoshlariga parvo qilmaydi, Toshkentda irrigatsiya institutida oʻqiydigan tuman markazidagi yigit bilan ahd-paymoni bor emish, qiz maktabni tugatgan zahoti bunga uylanarmish, keyin Toʻti opani medtexnikumda oʻqitib doʻxtir qilarmish. Ana orzu, ana baxt! Odamlar hali oʻquvchiligidayoq kelajak istiqbolini ta’minlab qoʻya oladilar.

Kuyov boʻlmish ham goho qishloqqa kelib, maktab atrofida oʻralashib yurarmish. Kech tushgach Toʻti opa bilan bekitiqcha shivirlashib ketarmish. Toshkentga borib favvoralar boʻyida guldor koʻylak, klyosh shim, uzun sochlarda oʻrtoqlari bilan tushgan, pastiga «Toshkent-1974» deb chiroyli yozilgan suratini yuborarmish.

Faxriddin muallim Toʻti opalarnikiga koʻchib oʻtgach bu mish-mishlarning shoviri kamaydi. U Toʻti opaga kelgan xatlarni yirtib tashlarmish, yigitga yozilgan xatlar ham yetib bormasmish.

Va, kunlar oʻtdi – Toʻti opa Faxriddin muallimni sevib qopti, degan gap chiqdi. Rostdan ham muallim endi fizkulьtura darslarida Toʻti opani koʻp ayaydigan, avvalgiday murakkab mashqlarni bajartirmaydigan boʻpti. Har qalay bu gap bekorga emasdir. Doʻppiday qishloq, hamma bir-birini biladi – sir yotadimi bu yerda?

Men tuman gazetasiga boʻlib oʻtgan spartakiada hamda unda maktabimiz sportchi yoshlarining muvaffaqiyatlarini bir-bir sanab, maqola qilib xatda joʻnatib yubordim. Unda Toʻti opaning ham mohir gimnastikachi ekani, tumanda faxrli uchinchi oʻrin sohibasi boʻlgani tilga olingan edi.

Toʻrt kun oʻtib, maktabda butkul shov-shuv koʻtarildi, «Jonibekip, yozuvchi boʻp ket-e», «Ilgʻor chorvador»da maqolang chiqibdimi? Yugur, qoʻnish pochtachi hali shu yerda, xat tarqatyapti».

Otilib chiqib doʻkonning yonidagi pochtachi ot bogʻlaydigan stolbaga qarab chopdim. Odatdagidek qoʻnish aka ikki koʻzi posilka va gazetaga liq toʻla xurjunini butini orasiga qisgancha kirlanib, shoʻr bosib, rangi unniqqan doʻppisini koʻzigacha bostirib terlagan koʻyi bir dasta xatni egalari yoki qarindoshlariga tarqatmoqda. U sodda boʻlsayam juda sezgir odam. Uzoqdan meni payqadi-yu xat oʻqishdan toʻxtadi.

– Oʻh, boʻlamning bolasi, molodes. Joʻrnalis boʻladi bu. Beri kel.

Shunday deb u xurjunidan menga ikkita «Ilgʻor chorvador» gazetasini olib uzatdi. Yana qaytib oldi-da:

– Mana bu yerda, oxirgi bet. Ana, «Jonibekov», senmi shu? Ha, boʻlamning bolasi, yana yoz! – dedi va tagʻin guvillagan oʻquvchilar qurshovida maktublarni birin-ketin oʻqiy ketdi.

Maqola gazetada bir qarich joyni egallagan, bu juda katta degani edi. Mening birinchi maqolam. Chiqadimi, chiqmaydimi deb yozib yuborsam, chiqarishibdi azamatlar. Ilgari «Gulxan» jurnaliga ikki marta she’r joʻnatganimda, ular hali pishiq emasligi, koʻp oʻqib, oʻz ustimda ishlashim zarurligi haqida yozib javob joʻnatishgandi. Chiroyli, rangli qogʻozdagi maktub edi. Negadir shunda ham juda sevinganman. Bu gal esa naq gazetaning oʻzida, he yoʻq, be yoʻq, bosib chiqarishibdi-ya. Demak, tanish-bilishchilik qilishmas ekan, egasini bilmasayam chiqaraverisharkan. qoyil!

Soʻz, gap tuzilishi, sarlavha ham garchi oʻzimniki boʻlmasa-da, ma’nosi oʻsha-oʻsha edi.

Keyingi algebra darsimizda deyarli dars boʻlgani yoʻq, oʻqituvchi ham qiziqib ketib, avval bizning maqolani, keyin gazetaning u yoq-bu yogʻini agʻdarib obdon sinchkovlik bilan oʻqib chiqdi.

– Ha, ana, bizdan ham chiqar ekan-a, – dedi.

Bolalardan dam-badam gazetani tortib olaman. Oʻzim yozgan narsamni qayta-qayta oʻqiyman. Harflar bir-biriga urilib jimirlashib ketadi. Shunda koʻzim yoshlanayotganini sezib qolaman.

Dars soʻnggida sinfga direktor kirib keldi. U meni turgʻizib qoʻyib bir oz maqtadi. Maktabdan tashqari boʻsh vaqtlarida she’r ham yozarkan, mana, rayonimizning gazetida she’ri chiqibdi, bilasizlarmi bu qanday gazet-juda katta gazet, u yerda uncha-muncha narsani chiqazishmaydi obdon surishtiradi-kimning bolasi, otasi sudlanganmi, qaysi maktabda oʻqiydi, «besh»i koʻpmi, «toʻrt»imi, xulqi, intizomi qanday – bari-barini soʻrab, bilib, undan soʻnggina she’rini chiqarishadi. Shunday ekan, biz bu bolaning xulqi, odobi, oʻqishi bilan tinmay shugʻullanishimiz zarur. Shunday emasmi, domla?

– Shunday-shunday.

– Oʻzi sizdiki nima predmet?

– Algebra.

– Ha, darvoqe, algebra. Bu bolaning oʻzlashtirishi qanday oʻzi?

– Tuzuk. Masalalarga bir oz kuchi yetmaydi, lekin tarbiyalasa boʻladi.

– Fizkulьturasi qanday ekan?

– Unisini bilmadik, direktor bobo. Mana, she’r yozishiniyam sizdan eshitdik. Maqolasini oʻqidik.

– Iye, bu maqola deyiladimi, she’r emasmi?

– Maqola-da bu, domla.

– Mayli, bizga bari bir. Muhimi – chiqibdi. Fizkulьturasini qanday dedingiz?

– Buniyam oʻqituvchisi bilsa kerak-da.

– Ha-ha, bilmappiz, yangi mallim oʻtsa kerak-da. Endi bildik, toʻgʻri-toʻgʻri. Turnik qanday, turnik, – deya menga iyak qoqdi direktor.

– Turnik yaxshi, baland.

Bolalar duv kulib yuborishdi.

U turnikda yaxshi mashq bajarasanmi, deb soʻramoqchi edi, buni bilardim. Lekin – savolga yarasha javob-da.

Direktor savod masalasida andak badxatroq. Lekin «xulqi yaxshi» edi. Shuning uchun va aynan chalasavodligi uchun ataylab rayon maorif boʻlimi mudiri kelib tayinlab ketgan uni. Chunki shungacha ikki-uch direktor qoʻyilganda nuqul ustidan yozishma boshlanib ketavergan, birini ikkinchisi, ikkinchisini uchinchisi yozib badnom qilib, ishdan oldirib tashlayvergan. Bu odamning dovdirligi, savodsizligi maorifgayam qoʻl kelgan: mana, battar boʻlinglar, degani bu.

Jonibekovning muxbirligi ogʻizga tushdi. Maktabda ona tili, adabiyot oʻqituvchilarim kerilishdi: bolani biz tarbiyalayapmiz-da, oʻqityapmiz, yozdiryapmiz, insholarini tekshirayapmiz, topshirib «besh»ini qoʻyib beryapmiz, natijada muxbirlik darajasiga koʻtardik. Mana, butun rayonga tanildi.

Kamina bir parcha informatsiya yozib shu alfoz shov-shuv koʻtaribman, mabodo Toshkentdagi biror gazetada maqolam chiqib ketsa, bilmadim, nima boʻladi. Onam burun senga oʻxshagan savodi borlar odamlarga ariza yozib berib hojatini chiqarardi, masalan, Saritoy togʻam oʻn bir odamni qamoqdan opqoganman deb aytganini eshitganman. Sen undan oshib tushding, dedi. Bobom ham alqadi: yozgʻich ulim, baraka top!

Mening yozgʻichligim faqat bir kishiga – Faxriddin muallimga yoqmadi. Maqtov, olqishlar bir oz pasanda boʻlgach, u meni maktab koridorida toʻxtatdi va tashqariga opchiqdi.

– Yozibsan, yaxshi, – dedi. – Lekin bilib qoʻy: bundan bu yogʻiga Toʻti opangga til tekkizma, naq qoʻlingni sindirib tashlayman.

Faxriddin muallimga soʻz berdim. Toʻti opani yozaman deb koʻzim ham uchib turgani yoʻq. Lekin bu odam nega hadeb men bilan oʻchakishadi: shunisiga qotaman. U tuman Navroʻz bayramidagi tosh koʻtarish musobaqasiga meni ataylab qatnashtirmadi. Oʻzi kattalar oʻrtasidagi tosh koʻtarishda qatnashib yutqazib keldi. Oʻquvchilar bahsida albatta sovrin olishim mumkin edi. Boz ustiga maktabdagi tosh koʻtarishda ham nuqul menga ellikdan oshirsang, oltmishdan oshirsang baho qoʻyaman, deb qiynayveradi. Kurash tushishga uquvim yoʻqligini bilgach, nuqul katta sinf bolalari bilan kurashtiradigan boʻldi. Tosh koʻtarib yurganim bois raqibimning beliga kuchim yetsa bas edi, agar u togʻ boʻlsa ham yerdan ozod koʻtarib qulatardim. Muvozanatdan chiqarib chalish yoki oyoq tirab toʻsatdan yelkadan oshirib tashlash usullarini hech qoʻllay olmasdim.

– Priyom ishlatolmaysan, bahoying «bir», – derdi u koʻzini loʻq qilib.

Bolalar, sinfdoshlarim muallimning adolatsizligini bilishsa-da, piching qilib kulishardi. Ayniqsa, qizlar.

Bir kuni muallimning koʻziga tik boqdim:

– Iltimos, oʻzimning bahoyimni qoʻying, sizga oʻxshab fizkulьturachi boʻlmoqchi emasman!

– Shundaymi?

– Shunday!

– Unda janobi oliylarining bahosi «bir!»

– Qoʻying oʻsha «bir»ni. Ustingizdan rayonga ariza yozaman.

– Undan nariga – Moskvaga yoz, bildingmi? Kimsan oʻzi san: oʻqituvchiga, aziz ustozingga gap qaytarasan! Mana shu shapaloqdan bitta tushadi – oʻlasan-qolasan!

Qochishni moʻljallab, orqaga bir oz tislandim-da:

– Oʻqituvchining oʻquvchini urishga haqqi yoʻq, – dedim.

– Koʻramiz. Senga oʻxshagan betarbiya, maraz, svolochlarni koʻzini joyiga keltirib qoʻyish uchun qamchi bilan savalash kerak!

Shunday deb u men tomon xezlanib, lekin urishni moʻljallamay – qoʻlini orqaga qilib keldi-da:

– Tupurdim-sengayam, urugʻ-aymogʻingayam, – dedi basharasini jiyirib.

Urugʻ-aymogʻim bunga nima yomonlik qilgan ekan – tushunmadim. Buni oʻylab ham oʻtirmay shartta direktorning xonasiga kirdim.

Direktor «Prima» sigaretini buruqsitgancha nimalarningdir choʻtini tashlab oʻtirardi.

– Mallim, – dedim hovliqib, – men bu maktabda oʻqimayman. Boshqa maktabga oʻtaman, ruxsat berasizmi, yoʻqmi – ertadan boshlab kelmayman.

Direktor:

– I, – dedi-da qotdi-qoldi.

– Ariza yoz desangiz yozaman.

– I, – dedi yana bir marta direktor.

– Faxriddin mallim meni qoʻymayapti. Endi oʻqimayman bu yerda.

– Jonibekovsanmi? – dedi direktor bir oz oʻziga kelib. – Ha, joʻra, nima gap, buncha pishqirasan?

– Fizkulьtura mallim qiynayapti. Oʻqimayman bu yerda.

– Sen bir narsani tushun: uni hukumat bobo, ya’nikim partiya joʻnatgan – shu yerning aholisini hammasini ta’lim-tarbiya qilib, munosib kadr chiqarasan deb. Bunday deganing nimasi – goʻrgayam bormaysan.

– Unda rayonga yozaman, – dedim tap tortmay.

– I, – dedi-da yana qotdi direktor.

Turdi, turdi-da, papirosini oxirigacha simirib bichogini yerga tashlab, osti qalin bogʻichli botinkasi bilan obdon ezgʻiladi.

– Jonibekipsan-a sen? Bilaman, yozishni eplaysan. Sen bizga keraksan. Lekin u oʻqituvchi bilan oʻynashma: tayinlangan kadr.

– Boʻlmasa aytib qoʻying, meni qiynamasin.

– I, – dedi direktor. – Markazdan, – deya barmogʻini osmonga nuqidi, – ha, markazdan kelgan yetuk domulloga bir narsa deb boʻladimi? qiziq bolayakansan-ku, joʻra.

Shartta chiqdim-da, sinfdan papkamni olib qoʻltigʻimga qisib uyga ketdim. Hech kimga aytmay ikki varaq daftar qogʻoziga fizkulьtura oʻqituvchisi Faxriddin qurbonov ustidan shikoyat yozdim. Rayonga. Kechqurun pochtachi qoʻnish akaning uyiga borib, bir konvert sotib oldimu ustidagi adresini oʻziga yozdirib qoʻliga tutqazdim.

Direktorga ham endi bu maktabda oʻqimayman, degan mazmunda ariza berdim. Domla odatdagiday «i» harfiga urgʻu berib qotib qolaverdi. qaytib maktabga bormadim.

Uch kun oʻtdimi, toʻrt kunmi, direktor meni, ota-onamni chaqirtiribdi. Otamning qoʻli tegmaganidan eshakka mindirib onamni olib bordim. Oʻqituvchilar xonasida sinf rahbarim Ulash aka, zavuch Hotam muallim, direktor va direktorning yonida fizkulьtura domlam mungʻayib oʻtirishibdi.

– Checha, – deya gap boshladi direktor, – bu bolangiz bizda tuzukkina oʻqiyotib edi, keyingi vaqtda aynidi. Gazetada she’ri chiqdi – aynidi-qoldi. Bu ukamiz Paxriddin shahardan kelgan. Oliy ma’lumotli. Gandbolmi yo voleyboldanmi, a, – deya fizkulьturachiga qaradi direktor, – ha, gandboldan chempion boʻlib medalь olgan polvonlardan oʻzi. Bizga kerak odam. Oʻgʻil-qizlarimizdan sportchi chiqaraman, deb jon kuydiryapti. Ulingiz, manovi boʻlsa shunday katta domulla bilan tirashadi. Ay, kim qoʻyibdi tirashishni bunga, kitobini oʻqisin, odam boʻlsin.

Onam menga moʻltirab qaradi. Juda xafa edi. Bechorani majlisga chaqirishning oʻziyoq uni tamom qilgandi.

– Mallimjon, kechiring, men buni urishib qoʻyaman, – deya oldi zoʻrgʻa.

Yoʻlda onam bilan shunga kelishgan edik. Boshqa gap gapirib oʻtirmang, degandim.

– Masala hal, – dedi direktor, – ota-ona buni tarbiya qilolmagan, biz epini qilolmadik, ulingiz haydaladi maktabdan. qayerga borsa borib oʻqiyversin.

– Oʻzi nima qildi bolam? – deyishga jur’at qildi onam. – Ayting-chi, nima qildi, qayerga borib oʻqisin?! – Shunday deya onam bechora yum-yum yigʻlayverdi.

– Yigʻlamang, – dedim onamga. – Qaytanga yaxshi boʻldi. Jumabozorning maktabiga borib oʻqiyman. U yerda oʻqituvchilar yaxshi oʻqitadi ekan. Hammasi oliy ma’lumotli. Maktabni bitirganlarning ham hammasi oʻqishga kirar ekan. Yigʻlashingizga arzimaydi. Jumabozorning maktabi endi bizga yaqin-ku. Hecham yigʻlamang, ketdik.

Yoʻlda onam yigʻlay-yigʻlay menga arz qilib ketdi:

– Shu jallodning bolasiminan qasdlashasanmi? Otasi Saritoy togʻamni soʻyib qochgan, uch kundan keyin Guloy chechamni otga oʻngarib opqochib ketgan boʻlsa, Guloydan tugʻilgan bu bola tagʻin kelib qishloqda bilgan noma’qulchiligini qilib yurgan boʻlsa, bandasi bularminan teng kelolmaydi, bolam. Nega sen qasdlashding?

– Men hali uning kovushini toʻgʻrilab qoʻyaman, – dedim negadir. Ammo otasining qilgan ishlaridan qoʻrqib, titroq bosdi.

– Seni bir narsa qilib qoʻyadi, shunisidan qoʻrqaman.

– Nurmat, Shermat togʻalar Saritoy togʻaning bolalari-ku. Shular oʻch olsa boʻladi-ku.

– Qoʻy ularni. Murgʻak goʻdakka oʻxshaydi.

– Ana xolos. Bu dunyoda qotil boʻlish kerak ekan-ku. Koʻrasiz, hali sovet hukumat bundaylarni jazolaydi. Bugun-erta jazolaydi.

Uyda bobom ham meni koyidi.

– Bularminan teng boʻlaman deya koʻrma. qoʻli qon, bolam. Senga ziyoni tegadi. Bizning qoʻlimizdan nima keladi? Xudo koʻrsatmasin, otasi qilgan qiliqlarni qilsa butun yurtni xaromga botiradi.

– Men uning ustidan yozganman. Hademay komissiya kelib tekshiradi.

Uyda bobom ham meni koyidi.

– I, – dedi bobom direktorga oʻxshab. – Tinch yur, yozma buni, nega Azroilga tegishasan, jonim bolam. Bekor qipsan, endi hammamizni xonavayron qiladi.

* * *

Maktabni komissiya bosdi. Men shikoyatda Faxriddin muallimni axloqan buzuq, oʻz oʻquvchisi Toʻti Isrofilova bilan buzuq ishlarni amalga oshirgan deb ham yozgan edim. Ikkita melisa ham kepti. Ular muallimdan tushuntirish xati opti. Toʻti opa men muallimni sevaman depti. Biroq otasi men koʻp narsani bilib yurippan, qoʻrqib indamayotuvdim depti. Toʻti opaning onasi kelib qizining homiladorligini aytibdi. Bu juda katta gap boʻlib ketdi. Boz ustiga melisani koʻrib himoyachi topilganidan boshqa ota-onalar ham mening bolamniyam urar ekan, deb yozib berishibdi.

Boʻldi toʻpolon, boʻldi toʻpolon.

Akang qaragʻay jinoyatchidan qahramonga aylandim. Muallimni melisa opketadigan boʻldi. Men ham shu atrofda gʻolibona aylanishib yurar edim. Pochtachi qoʻnish aka kelib meni soʻrabdi. Bordim. Bir kaptansa tutqazib qoʻl qoʻy dedi. qoʻl qoʻydim. qoʻynidan olti soʻmu yigirma tiyin chiqarib berdi. Gazetadan pul kelibdi. Gonorar deyisharkan buni.

– Menga qara, boʻlamning bolasi, – dedi u toʻsatdan. qizigʻar oʻttiz yildan beri xat, pensiya, gazet-joʻrnallaringdi tashiyman. Birov bir ogʻiz rahmat demaydi. Sen yoz. Maqta, xoʻpmi? Gazetada chiqsin. Mana, besh soʻm. Ikki vinoning puli-da. Ol. Osh boʻlsin. Halol pulim.

Pulni olmaganimga qoʻymadi. Uni olgach nima deb maqtashni oʻylab qoldim.

Pochtachining oldiga direktor kelib qoldi.

– Togʻamning bolasi, – dedi uyam menga qarab. – Otasining otasi tus togʻam-da mening. qoʻnish, bu bola anovi iflosni yomon bopladi-da. Yomonam bopladi. qutuladigan boʻldig-e shu marazdan. Toza jonga tegib yuruvdi. Birov bir narsa deyolmaydi. Shu qildi hamma ishni. Ha, molodes, joʻra. Oʻzing boʻladigan bolasan-da. Dokumentlaringam qoladi. Endi shu maktabda oʻqiyverasan. Obbo togʻamdi uli-ya.

Ichimda shayton qoʻzgʻolib «jiyan»ga gap qaytardim:

– Muallim, endi men sizning maktabingizda oʻqimayman, Jumabozorga qatnayman, otam direktori bilan gaplashib keldi.

– Noma’qulning nonini yebsan. Otangga oʻzim aytaman. Bu nimasi, bu yerda hammasi ogʻa-ini, qarindosh, begona joyda pishirib qoʻyibdimi senga?!

– Bari bir u yoqda oʻqiyman, koʻrasiz.

Koʻz oldimga Bibisora keldi. Balki bir sinfda oʻqirmiz. Mayli, bir sinfda oʻqimasak ham tanaffuslarda koʻrishsak, ikki ogʻiz gaplashsak. Juda boʻlmaganda quralay koʻzlarini suzib kulib oʻtib ketsa ham mayli. Eh-h.

Melisalar Faxriddin muallimni sayxonlikdagi «Uazik» mashinasi tomon olib tushishdi. Domla xafa edi, biroq koʻzi yonardi. Toʻdaga qoʻshilib men ham pastga tushdim. Muallim mashinaga minaturib toʻxtadi. Menga qaradi. Melisaga bir narsa deb shivirladi-da, men tomon yurdi. Orqaga tislangan edim, qoʻrqma, urmayman, dedi. Kelib engashdi.

– Chavandoz akang bor-a, Sulton degan? Sherali degan oʻgʻli bor-a? Oʻsha bizning uka boʻladi. Tushunasanmi bunaqa gaplarga? Bu qishloqda bizning urugʻlarimiz bor. Hali ular otilib chiqadi. Bizni izlab topadi. Yangangga, chavandozga tayinlab qoʻy, ukamizni yaxshilab boqishsin, oʻrtoq Jonibekov!

Uning koʻzlaridan yashin sachragandek boʻldi.

Mashinaga chiqayotib ortiga, aniqrogʻi menga tagʻin tikildi. Chamamda boʻrining koʻzlari shunaqa boʻlsa kerak. gʻijinib «Jonibekov!» dedi yana, tishlarining orasidan tupuk sachradi.

Ketdi. qaytib qorasini koʻrsatmadi.

* * *

Yangamning endi kelin boʻlib tushgan chogʻlarini eslayman: hurkakkina, qalin qoʻngʻir sochlari toʻpigʻini oʻpadi, yuzi oppoq – suluvlarning suluvi, koʻzlarining oqi oq, qorasi qora – tip-tiniq, kiyim-liboslari ham – hamma narsasi goʻzal, entikib soʻzlashlari-da boʻlakcha edi. Mening gʻoʻr va dagʻal bolaligim yangam tufayligina ma’nolarga qorishdi. Goʻzal inson, bokira ayol qanday boʻlishini yangam timsolida koʻrib, maftun boʻldim. Yangam men uchun boʻy koʻrsatib turgan jonli xilqat, bitmas-tuganmas orzular manbai edi.

Anvoyi atirlari boʻyi shundoq dimogʻimni qitiqlab oʻtdi. Avval sharaqlab soʻngra entika-entika hayajonlanib kulganlari koʻz oldimga keldi.

Mana bu iflos, koʻlankaning, qoʻlansaning farzandi nimalar deyapti? Nimaga meni, bizni haqorat qilyapti? Shunday deyishga haqqi bormi oʻzi? Butun bir qishloqni bulgʻanchga botirib ketaveradimi? Otasining qilgani, qilganiga yarasha jazolanmagani yetmaganday bolasi ham najasini begunoh bolalar, pok qizlar ogʻziga tiqib, ustidan xohlagancha kulib ketaversinmi?

Nahot, nahot mening Toʻlgʻanoy yangamning etagiga it tekkan boʻlsa? Itdan battar qora chol... maraz, yana qanday soʻz bor ekan, ta’riflab boʻlmaydi. Nahotki oʻsha shu sassiq chol uchun hammaning eshigi, uyi, hatto bokira quchogʻi ham ochiq boʻlsa?! Buni tushunib boʻlmaydi. Oʻgʻli-chi, oʻgʻli? Nega undan ham hamma qoʻrqadi? Shermat, Nurmat togʻamlar nega uning qorniga oʻroq urib yorib tashlashmadi? Mana men – sening otangning qotilining oʻgʻliman deb koʻkrak kerib yolgʻiz keldi-ku bu! Yolgʻiz oʻzi boshqa ishlarni ham qildi-ku!

Otasi-chi? Otangizning jallodiman, onangizni otga oʻngarib opqochib ketgan ham oʻzimman. qaridim, lekin tap tortmay, qoʻrqmay yana keldim, qani, qoʻlingdan nima keladi, demadimi? Bechora, gʻurursiz, lattachaynar togʻalarga bu ham kammi? Nomusini, orini himoya qila olmaydimi? Maktab direktori-chi? Oʻl munday yaltoqlanmay. Avval Faxriddinning tovonini oʻpar edi. Endi u ketar boʻlgach, men togʻasining oʻgʻliga aylanib qolibman.

Xoʻsh, Faxriddin nima ishlar qildi? Hammasi koʻzingizning oʻngida sodir boʻlayotgan edi-ku, direktor bobo? Hammasi siz boshqarayotgan, siz rahbar boʻlgan ulugʻ dargoh ichida boʻldi-ku. Isrofil bobo sizning ishchingiz emasmi? qizi Toʻti opaning kimdan kam joyi bor edi – u sizning oʻquvchingiz, kerak boʻlsa, bir mard erkakning baxtini ochadigan gulday qiz edi-ku. Yoki men kimman? Oʻgaymidim? It, toʻngʻiz gʻajiganda dumogʻingiz chogʻ boʻlib qarab turasiz, qoʻl qovushtirasiz. Endi dunyo oʻzgarib it haydalsa, togʻam deysiz?

Endi meni bu maktabda arqon bilan ham bogʻlab ushlab tura olmaysiz. Yelkamning chuquri koʻrsin! Jumabozorga borib oʻqiyman, Jumabozorga! U yerda qanday muallimlar borligini bilasizmi: madaniyatli, bilimli, muhimi – gʻururli! Yana bir zot bor u yerda. Buni sizga aytib oʻtirmayman. Aytganimda ham tushunmaysiz. Umuman, tushunishgayam arzimaysiz, domla!

* * *

Uch kun oʻtib, hali maktabdan hujjatlarimni ham olib ulgurmagan edim. Bibisoradan maktub keldi.

«Salom Jahongir! Sogʻliklaringiz yaxshimi? Oʻqishlar qalay? Bilaman, «besh»ga oʻqiysiz.

Xat ham yozmaysiz. Juda boʻlmasa 8 martda tabriklab turardingiz. Arazmisiz? Mayli, oʻpkalamayin, oʻpkalashga haqqim ham yoʻq.

Bizlardan soʻrasangiz, yaxshi. Oʻqishlar ham yomon emas. Fanlar ancha murakkablashib ketdi. Oʻqituvchilar talabchan.

Otam toʻrt oydan beri kasal. Doʻxtirlar insulьt deyishdi. qon bosimidan boʻlarmish. qimirlamay yotadi. Akam armiyada. Ukam juda dangasa. Dars tayyorlamaydi. Onam balnisaning oshpazligidan boʻshamaydi. Kech keladi. Otamga oʻzim qarab oʻtiribman.

Ba’zan siqilaman. Sizni ham oʻylayman, nima qilayotgan boʻlsa deb.

Tepa qishloqqayam borib turibsizmi? Toʻlgʻanoy yangangizni yaxshi koʻrardingiz. Hazillashib yurganlaringiz esimga tushyapti. Koʻrib turibsizmi? Otam yotib qolgandan beri bir martagina keldi. Bolalari koʻpayib qoʻli tegmay qolgandir-da. Biroq pochcham har zamonda kelib turadi. Katta oʻgʻli – koʻk koʻz jiyan rosa toʻpolonchi emish. Koʻrsangiz, mening nomimdan oʻpib qoʻying, iltimos. Sogʻindim. Tayinlab ham qoʻying: koʻp toʻpolon qilmasin, onasini qiynamasin.

Aytmoqchi, siz muxbir ekansiz-a? Bilmas ekanman. Bugungi «Ilgʻor chorvador»da qoʻnish pochtachini maqtab chiqibsiz. Men ham taniyman u odamni. Balnisaning orqasidagi pochtaxonaga kirib turadi.

Avvalroq ham bir maqolangiz chiqqan ekan. 48-maktab bolalari rayonda yutib chiqdi, deb yozibsiz. Kechroq olib oʻqidim. Fizkulьtura muallimlaringizni ham maqtabsiz. qoyil, endi fizkulьturadan nuqul «besh» olayotgan boʻlsangiz kerak.

Darvoqe, bizning maktabgayam yangi fizkulьtura ustozi kelibdi. Uning ham ismi Faxriddin ekan. Shahardan kelgan deyishdi... qora plash kiyib yurarmish...

Shu bilan sogʻinchlik salom xatim tamom. Xayr. Koʻrishguncha.

Bibi. 19.. y. 14 aprel».