OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSobir Oʻnar
Asar nomiDunyo shunday tururmi? (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sobir Oʻnar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm127KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dunyo shunday tururmi? (qissa)
Sobir Oʻnar

«
Oilada baxtli boʻlmagan inson hech qachon baxtli boʻlolmaydi.
Lev Tolstoy
»

Uch kun oʻtdi. Dili xufton boʻla boshladi. Shu kungacha u ajab qildim, xoʻb qildim deb yurgan edi. Ammo kunlar oʻtib hayot bu qadar rutubatli, qop-qorongʻi boʻlib qolishini sira oʻylab koʻrmagan ekan.

Oshxonaga borib muzlatgichni ochdi. Piyolada bitta chaqilgan tuxum bor ekan. Oʻshani qovurib yegisi keldi. Lekin bitta kam-da. Muzlatgichning dekchalarini qaray-qaray tagʻin bitta tuxum topib oldi. Ikkovini qoʻshib qovursa, baharnav, nonushta degulik boʻladi. Tuz topila qoldi-yu, ammo yogʻ degan isqot qaygoʻrda ekan? Yogʻning idishi — bakalashka boʻshab qolgan. Boshqa idishlarga ovqatdan ortganini quyib qoʻyarmidi xotini, qaysi biriga quyib qoʻyardi — hech topolmadi. Oxiri bakalashkaning tubidagi besh-oʻn tomchi yogʻni tovaga yalingandek sirqitib, ikkita tuxumni tutatib, kuydirib amallab pishirib yedi.

Oʻzi tuxum degani tuzuk ovqat. Shu narsaning boriga shukr: oshqozonni qiynamaydi, yumshoq, tez hazm boʻladi. Oshga oʻxshagan ogʻir ovqat yesang kun boʻyi qorning doʻmbira boʻlib yuradi. Ayniqsa kechqurungi osh obdon qiynaydi kishini. Shaharda payshanba kuni dahmaza bilan osh damlash rasm. Toʻyib uxlaganingdan keyin qurmagʻur xoʻp qiynaydi-da. Kechasi bir uyda bir oʻzing uxlasang ekan... Adabiyot gazetasining tunov kungi sonida katta bir shoir nahor oshni madhiya qipti. Nima emish, oʻzbek oʻgʻlonlari tun boʻyi xotini bilan oshiq-ma’shuq oʻynab chiqadi, shu bois ertalabdan juda ketadi-da osh...

E, sadagʻang ketay hukumat, shuncha kiftini keltirib gap topishganini qarang. Bundan keyin kechasi orom olib ertalabdan qattiq ovqatga tayyor boʻlmagan oshqozonni koʻpam qiynamanglar, deb koʻring-chi. Umumiy odatga aylanib qolgan. Har qanday ziyoli, ministr, undan kattasi ham azonlab nima kerak ekan-a, deydi-yu, oʻzi toʻy yo marosim qilsa nahorga moʻljallab qoʻl qovushtirib turaveradi. Demak, bu odatni biz istamaganimiz holda aslida xohlab turamiz.

Shirinqul tuxumning tagidagi yogʻlarni ham nonga surkar ekan, darvoqe, bugun payshanba-ya, deb qoʻydi. Lekin unga payshanba, jumalarning ahamiyati qolmagan. Uch kundirki, boʻydoqlik alamini tortyapti. Bunchalikka boraman deb oʻylamagan edi. Jahl chiqsa aql ketadi deganlari rost koʻrinadi. Mana endi hammayoq huvillab yotibdi. Uch xonadan iborat uyining ham hayhotdek ekanini koʻrib ajablanib qoʻydi.

Vannaga kirib paypogʻi, maykasini sovunlab yuvdi. Koʻylagining yoqasi va kir boʻlgan yenglarinigina yuvib qoʻymoqchi edi, boshqa joylari ham hoʻl boʻlganini koʻrib toʻliq yuvib tashlay qoldi. Shuyam qiyin ish ekanmi, Magʻfiratga qolsa bu kirlar vannada naqd bir oy yotardi. Ha, bir oy!..

Bir oy emas-u, bir haftalab yotardi-da. Negadir shu tobda uning bir oz koʻngli yumshadi. «Bekor »;taloq« debman. Nega aytdim shuni? Shunchalikka borish shartmidi?!»;

Vannaxonadagi usti latta bilan yopilgan togʻorani ochib qaradi. Bir talay paypoqlar, oʻgʻlining yuvilmagan ishton-maykalari, Magʻfiratning ham xalati yotibdi. Allanechuk boʻlib ketdi. Gʻayrati qoʻzib ularniyam yuvib-chayib tashladi. Oʻgʻlining axlat-siydiklaridan dogʻ boʻlib ketgan ishtonlaridan jirkanmaganiga oʻziyam hayron qoldi. Lekin harchand urinmasin, bu dogʻlarni ketkiza olmadi. Xotini ularni temir togʻoraga solib, poroshok qoʻshib qaynatarmidi, ishqilib bir narsalar qilardi-da. Endi-i...

Shunda birdan koʻziga ikki yashar oʻgʻli koʻrinib ketdi. U koʻk yelim tuvakka oʻtirib olgancha koʻzlari qizarib: — Dada, man titoppan, — degandi kuchana turib. Kuchanib boʻlgach, oʻrnidan turib: — Ana, — degan va burnini jiyirib: — Vaqxay, — degandi. Shirinqul oʻgʻlining qiligʻiga qota-qota kulgan edi. Kulib-kulib xotiniga buni aytib bergan, tuvakni birinchi marta oʻzi hojatxonaga toʻkib, chayib kelgan edi.

Endi oʻsha kunlar juda shirin. Endi oʻsha kunlar arzanda. Oʻsha kunlar judayam uzoq...

Issiqqa tobi yoʻq. Suv issiq, vanna issiq, buning ustiga kun ham issiq. Terlab-tepchib ketdi. Badanidan, qoʻltigʻidan hid taralayotganini sezib bir choʻmilib oldi. Artinib boʻlgach devordagi soatga qaradi: hali yettiyam boʻlmapti. Kunlar uzun. Ishga borishga erta. Soat 9 da borishing kerag-u, ammo el qatori 10-11 da borsayam hech kim hech narsa demaydi. Nashriyotlarning ishi hozir shunaqa: oʻzini oʻzi boqsa boʻldi, kitob chiqar, sot, foydasini koʻr, yasha. Minba’d davlatning puliga sherik boʻlakoʻrma. Oʻz kuningni oʻzing koʻr!

Ikki yil burun kattalarning koʻziga yaxshi koʻrinish maqsadida markaziy gazetada bir maqola chiqargan edi. Nima palakat bosdiyu shu maqola oʻzining zarariga xizmat qildi. Kattalardan biri shu maqoladan siyosiy xato topibdi. Bu odam zamondan orqada ekan-ku, deganmish. Shundan soʻng birlashma direktori uni chaqirib: «Ehtiyot boʻlmaysanmi, kim senga maqola yoz deb edi, endi ishing masalasi koʻrilishi mumkin»;, dedi. Shirinqulning a’zoi badani titrab ketdi. Axir maqola boshdan-oyoq maqtovdan iborat edi-ku. Ba’zi bir shaxsiy mulohazalar ham bor edi, xolos. Oʻshanda birlashma direktori uni chaqirib olib: «Yaxshi ish qipsan, pusib yuravermay faolroq boʻlish kerak, bunaqa maqolalarni koʻproq yoz, qoʻlingdan keladi. Men keyin sizlarni qariqiz qilib ushlab oʻtiravermay oʻstirayin, shogirdlarim falon-falon ishlarga koʻtarildi, deyin. Tushunding-a?»; degan edi. Bu gaplar aniq esida. Oʻshanda Shirinqul direktorga faol boʻlishga va’da bergan edi. Ustozim mening qadrimga yetadi deb quvongandi. Ammo... ish teskarisiga ketdi.

Shundan ikki hafta oʻtmay direktor yana chaqirib olib: «Uka, shu vazifangni topshirmasang boʻlmaydi chogʻi, qoʻyishmayapti»;,— dedi. Shirinqul dabdurustdan nima deyishini ham bilmay qoldi. Shalvirab, ichidan zil ketib turgan edi, direktor: «Oʻzi san bola, qilichning damiga qoʻl urishni yaxshi koʻrarkansan-da, a?»; dedi. Shirinqul yalt etib ustoziga qaradi, «Tushunmayapman, ustoz, oʻshanda oʻzingiz chaqirib,  »;barakalla, yaxshi maqola yozibsan«, degandingiz-ku, dedi yurak yutib ham bir oz qizishib. Ustoz shunday degani esidan chiqqan ekanmi yo eslagisi kelmadimi, har nechuk hovridan tushmadi. Keyin bari bir yigit bekorga nobud boʻlyapti, deb achindimi: »;Oʻrinbosaring kim, anovi jipiriqmi?« dedi. Shirinqul direktor kimni nazarda tutayotganini anglayolmay qoldi. Keyin muddaoni tushunib yerga qaragan koʻyi: »;Jipiriq emas-ku«  dedi. »;Jipiriq-da, jipiriq. Bosh muharrirlikni u senday eplayolmaydi«, dedi. Shundagina direktor, hey, bola, aslida seni yomon koʻrmayman, degan ma’noda gapirayotganini tushundi. Shirinqul direktor shundoq ham yaxshi taniydigan oʻrinbosari Avazni ortiqcha himoya qilish lozim emas degan qarorga keldi. Direktor shu ma’noning davomi oʻlaroq: »;Mayli, jipiriq boʻlmasa juda yaxshi. Oʻshani sening oʻrningga qoʻyib turamiz-da, bu gaplar bosti-bosti boʻlgandan soʻng, bir-ikki oydan keyin tagʻin joy almashib olasizlar", dedi.

Shirinqul noiloj «xoʻp»; dedi. Ammo nega ishlar bu qadar teskari ketganiga dabdurustdan koʻnikolmagani uchun tamom shalvirab qoldi. Idorada ham oʻtirolmay uyiga ketdi. Toʻyib-toʻyib ichdi. Ishga chiqmay qoʻydi. Oxiri bir kun kechasi oʻrinbosarining uyiga telefon qilib: «Doʻstim, oʻzingiz bu yogʻiga jilovni qoʻlga olasiz, direktorga men sizni aytdim, boshqa munosib odam yoʻq dedim»;, dedi. Va oʻtirib arizani yozdi. Xotini telefondagi gapini eshitib turgan ekan, «nima gaplar boʻlyapti oʻzi, dadasi, hech bunaqa bir oʻzingiz ichib yotmasdingiz-ku?»; dedi suykalib. «Hech gap yoʻq»;, dedi unga sir boy bermay. «Avaz akaga nima deganingizniyam tushundim, hech bunaqa ahvolda koʻrmaganman sizni, menga ayting hech boʻlmasa?" deb turib oldi.

Shirinqul oshxonaga oʻtdi-da yarim boʻshagan shishani olib ikki piyolaga quydi.
— Ichasanmi? — dedi xotiniga.
— Yoʻq, — dedi u.

Qarasa eri ikki piyolani ham birin-ketin sipqorib yuboradi.
— Mana buni kamaytirib bering, mayli, — dedi. Soʻng eri bilan choʻqishtirib aftini burishtira-burishtira yarim piyola aroqni ichib yubordi.

Eri boʻlgan gaplarni birma-bir aytib berdi. Xotini bu ish nohaq ekanini bilib kimlarnidir qargʻadi, yozgʻirdi. Lekin oʻylamang, kimdan kammiz, uy, oʻgʻil, qiz, yeyish-ichish, yegulik pul — hammasi bor, bir kunimiz amallab oʻtar, dedi.

Er shu gaplarni eshitishini bilardi. Lekin xotin kishi erkakday hamdard boʻlolmaydi-da. Koʻp oʻtmay yor-birodarlar, hamkasblar, hamqishloqlar — barisi eshitdi. Shirinqulga bu gap-soʻzlar xuddi shov-shuvday tuyulaverdi. Qishlogʻida ba’zilar «oʻzi keyingi paytlarda juda kerilib ketuvdi, toʻy-poʻylargayam kelmaydi, choʻntakda pul, tagida moshin, qoʻsha-qoʻsha uy, qoʻsha-qoʻsha xotin edi, barining oxiri bor-ku, mana, Xudo uribdi endi»; deyishgacha boribdi. Shirinqul bu gaplar kimdan chiqishini biladi. Ishi yurishganda kelib yaltoqlanadigan, yurishmaganda bir tiyinga ham olmaydigan bir-ikkita odamlar bor, oʻshalar aytgan. Ular nima sababdan aynan shu gaplarni chiqarayotganini, ertaga yana qanday gaplar toʻqishi mumkinligini ham u taxmin qila oladi. Mayli, qandini ursin, ulargayam bir kun tegdi-da. Juda qiynalib ketishgandi...

* * *

Keyingi uch-toʻrt oy oʻtishi juda qiyin kechdi. Avaz kamtar, savodli, insofli yigit. Uni oʻzi zoʻrlab kabinetiga oʻtqazdi. Oʻzingiz oʻtiring, menga noqulay deydi u. Siz oʻtiring, qoida shunday, hali ishlar izga tushsa balki tagʻin joy almasharmiz, faqat xizmat mashinasidan foydalanib tursam boʻldi, dedi. "E, oʻzingizni mashinangiz, oʻzingizni shofyoringiz-ku, — dedi Avaz. — Bizga kim qoʻyibdi». Biroq bu hol ikki oygina davom etdi. Axir tokaygacha boshliq minadigan mashinani oʻrinbosar minib yuradi? Avazga bu yoqavermadi, kabinetni berdingmi, mashinani ham ber demasayam xodimlarga aytibdi. Shirinqul ulardan eshitdi. Avvaliga xafayam boʻlmadi. Keyin bora-bora hamma imtiyozlar qoʻldan ketdi-ku, degan oʻy uning ich-etini yeya boshladi. Oʻsha kunlari faqat xotini hamdard boʻldi. U kechqurun Magʻfiratni yoniga chaqirardi-da, bir-ikki piyola ichirib, qolganini oʻzi davom ettirardi. Biroq ish, turmush haqida lom-mim demasdi. Irodasi kuchli ekaniga garchand ishonsa-da, negadir suyangani aroq boʻlib qoldi. U uncha-muncha toʻylargayam aytilmas, oʻrniga Avaz aytilardi. Avaz ham oʻz navbatida siz boring, deb turardi. Shirinqul, yoʻq, siz aytilgansiz, oʻzingiz boring derdi. Bir-ikki safar bordi ham, tanish-bilish, hamkasblar nima boʻldi oʻzi, hozir qaerdasiz, deyavergach uyalib bormaydigan boʻldi. Bir safar hatto lavozimda ishlaydigan bir odam hammaning koʻz oldida toʻyxat tarqatib, ataylab Shirinqulni chetlab oʻtdi. Shirinqulni juda yaxshi tanirdi, biroq beting-koʻzing demay ochiqchasiga aynan faqat uni tashlab, boshqalarga koʻz oldida taklifnoma ulashgani gʻalati boʻldi. Alami qoʻzidi-yu, indamadi. Gazetalarga bir-ikki marta maqola berib koʻrdi. Chiqmadi. Birlashma direktori ham bir majlisda Shirinqulni tepib oʻtibdi. Kallasi ishlasa, gʻoyasi toʻgʻri boʻlsa, shunday qilarmidi, mana, ishdan oldik, koʻchada qoldi, debdi. Ammo Shirinqul bilan koʻrishganda bir oz shoshma, gap-soʻzlar bosilsin, esimda turibsan, deb qoʻyardi. Ammo ulfatchilik qilishdan oʻzini opqochmasdi. Oʻshanda tagʻin yaqin qoldi, deb va’da berardi.

Shirinqul bu gaplarning ma’nosini rahbarining qoʻrqoqligida deb tushunardi. Haqiqatan ham shunday edi. Rahbar oʻzini saqlash uchun ham u yoqni, ham bu yoqni ham rozi qilishi, ikkovining oldida ham yuzi yorugʻ boʻlishini xohlardi. Shirinqul ham falon majlisda kaminani yomonlabsiz, deb oʻpkalab oʻtirmadi. Ustozining qoʻli uzunligini bilgani uchun bir kuni bari bir oʻzi suyaydi deb oʻylardi.

Oradan ikki yil oʻtdi hamki, biror oʻzgarish boʻlmadi. Endi Shirinqul vaziyatga koʻnikdi, ammo umidini uzmadi.

Odamzot garchi tilida oʻzini obdon xokisor, begunoh koʻrsatsa-da, aslida ich-ichdan qadr topishni istaydi. Shuning uchun ham pastga urish, haqoratlarga dosh berolmaydi. Uning fitrati shunday tuzilgan.

Yaqin jigarlari va Magʻfiratgina yostiqdoshining dardini yangilamaslikka harakat qilishardi.

Lekin kunlar kelib oʻrtada urush chiqqanda Magʻfirat ham bari bir yuziga soldi. «Xudo oʻzi sizni urib qoʻygan!»; deb yubordi.

Bu gapni eshitib Shirinqul manglayidan gurzi yegandek oʻtirib qoldi. Soʻng bu nakaut holatidan oʻzini oʻnglab olmoqchidek sekin turib narigi uyga kirib ketdi. «Xudo urganini u qayoqdan biladi? Birovdan kam qilib qoʻygani yoʻq-ku oilasini! Xudo urib nima qilibdi, ayrilsa mansabidan ayrildi, yana nima boʻldi? Yo bu xotin Ollohning hukmiga sherikmi: kimni urdi, kimni qoʻlladi, bilib turadimi? Mana shu Xudo urgan er uniyam, bollariniyam boqyapti, uyidagilarga foydasi tegyapti. Qolaversa, Magʻfiratning akasi biznes qilaman deganda 500 dollar beruvdi, uch yildan beri bir soʻm ham qaytarmadi-ku!»;

Sekin xotinining oldiga qaytib chiqdi-da:
— Sen Xudoning oldidan kelgan qozimisan? — dedi baqirib. — Meni urganini qaerdan bilding?

Biroq Magʻfirat ham shashtidan tushay demasdi. Nimalardir deyotgan edi, eri shartta gapini boʻldi:
— Akangga ayt, Xudo urgan odamning pulini qaytarib bersin!
— Nima, nima deding? — dedi xotini sensirab, — Tilim qisiq joyini bilasan, a?
— Sensirama! — dedi er uni urib yuborishdan zoʻrgʻa oʻzini tiyib.
— Sensirayman, iflos, bizning kambagʻal¬ligimizni betimizga solding-a, qarzdorsan deding-a! Dunyo shuytib turaveramakan?

Xotini shu bilan ham qarab turmay yigʻlagan koʻyi unga yaqinlashib kela boshladi.

Urishdan boshqa iloji yoʻq edi.

Birinchi qattiq shapaloqdanoq xotin engashib qoldi. Yuzini changallab:
— Oʻl! — dedi.Soʻng boshiga ustma-ust mushtlar tushdi. Yiqildi, yiqilgach tepkilar boshlandi. Shu bilan hushidan ketdi. Er bu bilan ham tinchimadi. Oshxonadan pichoqni olib kelib soʻyib tashlamoqchi boʻldi.
— Taloq! Uch taloqsan! — dedi boʻgʻilib. Lekin bunga qanoat qilmay nimta-nimta qilib tashlamoqchi edi. Boyadan beri katta farzandi uning oyogʻiga yopishib:
— Dada, dadajon! — deya yalinib yurganini sezmabdi.
— Urmang, urmang! — deganini endi eshitdi. — Dada, oyim oʻlib qoladi!.. — dedi qizi oʻkrab yigʻlarkan.

Kichkinasi, oʻgʻli esa onasining bagʻriga osilgancha chirqiramoqda. Dadasiga begona odamga qaraganday umidsiz tikilib:
— Aya. Aya! — derdi.

Shirinqul shu zumda farzandlariniyam yomon koʻrib ketdi. Tepib ularni ikki yoqqa uloqtirib tashlagisi keldi. Qoʻlida pichoq, pochasiga qizi tirmashgan, xotiniga yaqinlashib kelganida oʻgʻli qoʻrqqanidan shu qadar qattiq chinqirdiki, otasi bir zum toʻxtab oʻgʻliga qarab qoldi. Oʻgʻlining rangi koʻkarib ketgan edi. U bir muddat yigʻidan toʻxtab oʻrnidan turdi, otasiga bechoralarcha, norasidalarcha, ojizlarcha termulib qoldi. Qattiq qoʻrqqanidan boʻlsa kerak, siyib yubordi. Toʻshamchi hoʻl boʻldi.

Shirinqul birdan toʻxtadi. Orqasiga qaytdi. Oshxonaga pichoqni tashladi. Bu ishlarning oqibati haqida oʻylay boshladi. Iziga qaytib yana farzandlariga termuldi. Oʻgʻli yigʻlayverib charchaganidan hiqillab qolgan edi. Qizi yonoqlaridan shashqator yosh oqarkan:
— Dada, urmaysiz-a, urma-ang! — dedi.

Shirinqulning birdan yuragi hapqirdi.

Yerda ingrab, choʻzilib yotgan xotini, yigʻlab charchagan, siydikka botib turgan oʻgʻli, qizining yalinchoqlik bilan termulib turishi...

«Bu hayot, bu gʻurbatu janjallar shu bolalarning koʻz yoshiga arziydimi oʻzi?! Eh, la’nat!..»;

* * *

Oʻzi nima boʻlgan edi?

Shirinqul kundalik tutishni odat qilgan. Oʻsha kunlari uning koʻziga koʻp narsa mayda koʻrinarmidi yo oʻzi anchayin maydalashib ketgan edimi, xotini bilan ham tez-tez aytishib qoladigan boʻldi. Ogʻir tabiatli odamning bir jahli qoʻzimasin, juda tushishi qiyin boʻladi. Koʻpincha u oʻzini bosishga kuch topadi. Kuch topganda, misol uchun, kundaligiga bunday deb yozib qoʻyardi:

«Bugun erta turdim. Stadionga chiqib badantarbiya qilib keldim. Afsuski, issiq suv yoʻq ikki kundan beri. Suv isitdim. Kechqurun ovqat yeyilgan idishlar yuvilmay qalashib yotibdi oshxonada. Asabim qoʻzidi. Qizimga sen ham opangga oʻxshab yalqovsan, dedim. Opasiga bundan oshirib zahrimni sochmoqchi edim, zoʻrgʻa oʻzimni tiydim. »;Men agar ertaroq oʻlib ketsam bir oy emas, bir necha kunlarning ichida roʻzgʻorning dabdalasini chiqarasan, bollarniyam devona qilib yuborasan, hammasi dangasaligingdan, besaranjomligingdan", deb urishmoqchi edim. Mayli, shu gapni aytmay qoʻyaqolay.

Ammo, oʻlay agar, xotinim chindan ham juda yalqov. Hatto qiziga biror ishni tayinlab qoʻyishgayam erinadi. Buning uchun ham til, jagʻ, ovozlarni ishga solish kerak-da. Shu darajada dangasa. Mabodo bir hafta issiq suv kelmay qolsa shuncha vaqt kir yuvilmaydi, bundan koʻra oʻgʻliga yangi ishtonlar sotib olib kiydirishga tayyor. Oʻzi ham qoʻltigʻi sasib yuvinmay yuraveradi. Kechasi yuvinishdan jirkanib men bilan yotmaydi. Toʻgʻrirogʻi, suv isitib, tashvish qilib yuvinishga u juda erinadi. Bu oʻlimdan ham yomon ish. Noshukur bir banda-da. Besaranjomlik, sarishtasizlik va erinchoqlikning ham naqadar katta kulfat ekanini chuqurroq anglayapman.

«Agar boshidayoq bu narsa oʻta muhim ekanini anglaganimda, Magʻfiratga emas, xunukroq boʻlsayam gʻayratliroq, uddaburonroq bir qizga uylanardim.

Shu narsa doim mening kayfiyatimni tushiradi, xafa qiladi. Xonimga esa negadir doim bari bir. Dunyoni suv bosgani bilan ishi yoʻq. Men mudom oʻylaymanki, bu illatlarning borligi, voz kechmasligi sogʻlom farzandlarning otasiga, roʻzgʻorni toʻkin-toʻkis qilib qoʻygan, baloday pul topib kelayotgan, aql-hushi joyida er uchun ham borib turgan noshukurlik. Boshqa nima deb tushunish mumkin?

Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin!"

Shirinqul koʻpincha kimdandir pand yeb qolsa, oʻsha zahoti shunday demabman, bundoq deb javob qilsam yoki bunday deb tuzlasam boʻlardi-ku, deb afsus qilib qoladi. Ammo har doim ham kechikadi. Birov bilan el boʻlishi oson, lekin urishmoqchi boʻlsa, tezda qizishmaydi, bir qizishsa hovridan tushishi qiyin. Qizishsa qizishganiga, qizishmasa — bungayam vaqtida javob qilolmagani uchun pushaymon boʻladi.

Bu gal ham shunday boʻldi. Shimining choʻntagi yirtilgani uchun xotiniga tikib ber deb divanning ustiga tashlab qoʻygan edi. Tabiiyki, Magʻfirat darhol tika qolmadi. Ertasi kuni ham, undan keyingi kuni ham shim mehmonxonadagi divan ustida osilgancha yotaverdi.

Shirinqulning bir kiyimga oʻrganib qoladigan odati bor: bir kiysa tamom — hadeb oʻshani kiyaveradi. Uchinchi kuni qarasa, shim divanda yoʻq, taxmonda ekan, olib qayish taqib kiyib oldi. Lekin yirtiq tikilmagan ekan: u ishxonaning, mashinaning kalitlarini doim oʻng choʻntagiga soladi. Choʻntakdan kalitlar diringlab yerga toʻkilib ketdi. Yechdi va tursikchang boʻlib igna, ip olib xotinining koʻzi oldida oʻzi tika boshladi.
— Narigi shimingizni kiyib turaqoling, bugun tikib qoʻymoqchiydim, — dedi u.
— Yoʻq, oʻzimam tikib qoʻyaveraman, bir yil kutadigan ish emas bu, bir minutdan koʻp vaqt ketmaydi.

Xotini ne qilarini bilmay turdi, turdi-da nari ketdi. Chindan ham choʻntak tikish nima degan gap — Shirinqul tikib, ipini tugun qilib tishi bilan chirt etib uzdi-da shimini kiyib oldi. Tamom-vassalom. Ammo unga alam qildi. Alam qilsa ayb topadigan, tirnoq tagidan kir topadigan odati bor. Vannaga kirib bir necha kundan beri yotgan kirlarni koʻrdi. Avval ham koʻrgan edi, e’tibor qilmagan edi. Ammo bu safar tutaqdi. Kirlarni olib xotinining basharasiga otmoqchi edi, xotini kichkina xonaga kirib oʻgʻli bilan koʻrpaga burkanib olibdi.
— Manovlarni necha oydan keyin yuvasan? — dedi deyarli oʻshqirib va xotinining yuziga uloqtirdi.

Xotini janjal boʻlishini sezdi. Rangi gezarib ketdi. Oʻgʻli uyqusirab turib yigʻlay boshladi. Magʻfirat oʻtirgan koʻyi:
— Shuni siz yuvmaysiz-ku, oʻzim yuvaman, — dedi chaqchayib. — Bir kun tursa osmon uzilib tushadimi?
— Bir kun tursa, bir hafta tursayam xursand boʻlaman. Shimning teshigi uchun bir oy kutaman-ku. Devorga turtsangam javob qiladi, sen qanaqa iflossan, doim kir-chirning ichida yotishni yaxshi koʻrasan?

Xotini ham eri jahl qilganda xoʻp deyaqolmaydi¬ganlar xilidan: yiqilgan tomonidan turmaydi.
— Urishmoqchimisiz, qoʻrqitmoqchimisiz? — deya turib keldi.
— Men sen bilan urisholmayman, oʻldirib soʻyib tashlayqolaman — shunisi osonroq.
— Oʻzi seni Xudo urib qoʻydi-ku!..

Xotini bu gapni mingʻirlab, tushunarsiz qilib, engashib, koʻrpalarni yigʻishtirayotgan kishi boʻlib aytdi. Ammo eri jon qulogʻi bilan aniq-tiniq eshitdi.
— Nima deyapsan, it?! Eshittirib gapir, manqamisan? Sensirading-a! Xudo seni urgan, deding-a?

Magʻfiratning bu gapi kaltak yeyishga arzigulik ogʻir ekanini yaxshi bilardi. Shuning barobarida mingʻirlab, ishga ovungan kishi boʻlib aytgani boz bepisandligidan dalolat berib turganini ham yaxshi his qilardi. Lekin aytar soʻzidan qaytmadi: ogʻir kaltakni ataylab oʻziga sotib oldi.

Soʻng voqealar yuqorida bayon etganimiz kabi yakun topdi. Magʻfirat akamga bergan pulingni minnat qilding-a, iflos, qarz edi, berardi-ku, dedi.

Biroq yostiqdoshing, farzandlaringning onasi boʻlaturib sensirash, iflos deyish uchun ham odamda ancha-muncha surbetlik kerak. Bu shundoqqina ogʻizdan sirgʻalib chiqib ketadigan qoʻshiq emas-ku...

* * *

Shirinqul ishxonada bir koʻrindi-yu, biror soatdan keyin zaril ishi bor odamdek shoshilib chiqib ketdi. Koʻngliga bir yupanch izlar edi. Bir yaxshi kursdosh oʻrtogʻi xotini, qaynonasi bilan janjallashib yurganida oraga tushgan, ularni yarashtiraman, deb beburd boʻlgan edi. Oʻrtogʻining qaynonasi va xotini Shirinqulni ham bulgʻanch soʻzlar bilan qargʻab, quvib solishgan edi. Oʻzi dunyoda xotin kishi bilan janjallashishdan ogʻiri yoʻq ekan.

Shirinqul oʻsha oʻrtogʻi — Mirzani topib maslahat soldi. Boʻlgan voqeani xoʻrsina-xoʻrsina qisqa gapirib berdi. Avvaliga oʻrtogʻi kelin duppa-durust, yuvvosh edi-ku, undan ham shunaqa gaplar chiqadimi, deb hayron boʻldi. Soʻng bular holva, qaynona bilan jang qilsang ogʻir boʻlar ekan, deb qaynonasini qaysi usullar bilan mot qilganini aytib berdi. Uning qaynonasi shaharlik, obdon shallaqi edi. U Mirzaga duo ichirib, ishidan haydatib, uyini oʻzining nomiga rasmiylashtirib kafangado qilmoqchi boʻldi. Xotini, hatto kichkina bolalarigacha unga qarshi qilib qoʻydi. Oʻrtogʻining mashinasi, bir uyi ham qaynonasining nomida edi. Ularni qaytadan qay yoʻllar bilandir oʻziga rasmiylashtirguncha qarib ketibdi. Ularning maqsadi hovli va mashinaga egalik qilib erni haydab yuborish edi. Xotini esa oʻynash orttirib, oʻshalar bilan yallo qilib yurmoqchi boʻlgan.

Naqadar vijdonsizlik, noinsoflik!

Biroq Mirza ularga bas keldi. Shuning uddasidan chiqdi. Qaynonasi hatto buning joyiga egalik qilishga toʻliq ishongani uchun oʻzining uyini ham sotib yuborgan ekan. Orada uylarning narxi oshib ketib, nihoyat bir xonalik kvartira sotib olishibdi shaharning qay burchagidan. Oʻgʻli, kelini, uchta nevarasi bilan oʻsha uyda yashayotganmish. Namoz oʻqirmish. Hozir mulla mingan eshakday boʻlib qolgan, biznikiga kelsayam avval ruxsat soʻrab, keyin keladi, qovogʻimni uyganim zahoti zingʻillab joʻnab qoladi, deb kuldi Mirza.

U Shirinqulga bir-ikki kun bizning Qoraqamishdagi boʻsh uyimizda yashab turolmaysanmi, deya taklif qildi. Taklif ma’qul boʻldi-yu, lekin aynan mavridi emasdi.
— Vaziyatga qarab koʻraman, zarur boʻlsa seni toparman, — dedi Shirinqul.
— Oʻgʻling bor, qizing bor — iloji boricha yarashib ol, hali bari bir yarashishga majbur boʻlasizlar, — dedi Mirza.

Shirinqul bunday tang vaziyatda qanday qilib yarashish mumkinligini tasavvur qilolmadi. Misol hech narsa boʻlmaganday, bozor-oʻchar qilib yegulik koʻtarib borsang, xotining kechirim soʻramasayam iliq bir qarash qilsa, hammasi izga tushib ketishiga ishonsa boʻladi.

Shirinqul bolalariga mayda-chuyda koʻtarib borarkan, ich-ichidan iliq vaziyat yuz berishiga iqror edi. Shunday ham boʻldi. Eshikni uzoq taqillatgandan soʻng oxiri qizi ochdi. U dadasining qoʻlidan shokolad, konfetlarni olib rahmat aytdi, lekin har doimgidek: «Assalomu alaykum, dadajon!»; deya yuzidan oʻpib qoʻymadi.

Xotin esa oʻsha yotgancha koʻrpaga burkanib olgandi. Oʻgʻli oshxonada oʻtirib olib kosadan qoʻli bilan nimadir olib yeyapti. Xudo bilsin, bular kun boʻyi och oʻtirgan chiqar.

Shirinqul oʻzi ovqatga oʻch emas. Boz ustiga tomogʻidan ham hech narsa oʻtmaydi. Muzlatgichdan aroq olib bir piyola ichib yubormoqchi edi, ammo bu sabil ham joyida yoʻq. Televizor qoʻydi. Odatda Moskva kanallarini koʻradi. Yoʻq, Moskva kanallari ham nuqul bemaza koʻrsatuvlarga oʻtib opti. Ma’nosiz, bachkana, yalangʻoch, reklama.

Xotinining koʻrpasini ochib bir qaramoqchi boʻldi. Juda qattiq urdim-a, deb oʻzidan xafa boʻldi. Biroq gʻururi yoʻl qoʻymadi. Urishgan odam urishganday boʻlsin, xotini oyogʻiga bosh urib yalinib kelsin, kechirim soʻrasin qayta-qayta.

Oʻzi-i shu xotin yomon emas. Faqat bir pogʻona past tushib, bir oz muloyim gapirsang ishni ham qiladi, oʻzigayam oro beradi, bolalarigayam yaxshi qaraydi. Ters gapirsang yelkasi tirishadi-qoladi: oʻlaqolsa yoʻrigʻingga yurmaydi. Axir nima qilish kerak, unga moslashib yashayverish kerakmi? E, astagʻfurulloh, buningam iloji yoʻq-da.

Asli bu xotin yeb-ichishga, yaltir-yulturga, hashamgayam uncha qiziqmaydi. Puling ham, zeb-ziynating ham kerak emas, goh-gohida eriga falonchi bunday narsa opti, ular bunday toʻy qipti, deb qoʻyadi, xolos. Bu bilan oʻshalar yaxshi yashayapti, boy ekan, biz undoq emasmiz degan iddaoni pesh qilmoqchimi yo ularga havasi kelyaptimi — sira tushunib boʻlmaydi.

Shirinqul:
— Koʻrasan, biz hali ulardan oʻtib ketamiz. Bizning kelajak oldinda. Yaltirab, tovlanib koʻzni qamashtirib yotipti, — deb qoʻyadi.

Bu bilan xotiniga kayfiyat ulashmoqchi boʻladi. Xotini boʻlsa «hm-m»; deya ogʻir xoʻrsinib qoʻyaqoladi.

Odam degani kuladigan narsaga kulsa, yigʻlaydiganiga yigʻlasa. Choʻntagida hemiri yoʻq, it ham eslamaydigan ovloq bir qishloqdan kelib begona yurtda obroʻ topyapsan, ul-bul qoʻlingga kiryapti, uy, bolalar, mashina — bular xursand boʻlishga arzimaydimi? Hammasiga devorday bulk etmay qarab turaverish kerakmi?

Aslida janjalni xotini ham xohlamaydi. Eri-ku, umuman. Ammo buyam bir fe’l-da.

Shirinqul yechinib, oʻrniga choʻzildi. Hali erta. Uyquyam kelmaydi. Bolalari ham haliveri uxlaydiganga oʻxshamaydi. U yoqqa agʻdarilib, bu yoqqa agʻdarilib yotaverdi, yotaverdi, oxiri, pinakka ketdi.

Bir payt ustidagi koʻrpani birov siltab tortib yubordi. Chalajon uyquda ekan. Seskanib ketdi. Chiroq yoqilgan. Tepasida birov turibdi. Xotini! Chap koʻzi koʻkarib shishib, qovoqlari osilib qopti. Shirinqul irgʻib oʻrnidan turdi. Shundagina «yomon uribman-a", deb kechirim soʻramoqchi, xotinini boshidan silamoqchi boʻldi. Biroq xotini birdan tiz choʻkdi-da:
— Meni urgan qoʻllaring sinib tushsin, iloyim, — deb qoʻllarini teskari qilib, kaftlarining orqasi bilan yuziga fotiha tortib yubordi.

Shirinqulning yana jini qoʻzidi.

Xotiniga oʻqrayib qaradi.
— Olaygan koʻzlaring ham oqib tushsin, — deya tagʻin duoibad qildi xotini.

Shirinqul:
— Ie! — deya, yana davomi bormi, degandek oʻqrayib qarab turaverdi.
— Bunchalik iflos, marazligingni bilmasdim, — dedi xotini.
— Shuncha yildan beri iflos er bilan birga yashab kelgan ekansan-da!
— Oilamizning kambagʻalligini yuzimga solding, akamga bergan pulingni minnat qilding-a! Akam uy-joyini, molini, xotinini sotib boʻlsayam qarzidan qutuladi, qutuladi sening oʻsha harom pulingdan.

"Hamma gap bu yoqda ekan-ku, — deb oʻyladi Shirinqul.— Nozik joyi shu ekan-da. Ammo men hech qachon buni gapirmaganman. Bugun bundan battar gaplar boʻldi. Gap avzoiga shunchaki qoʻshib aytgandim. Tili qisiq joyingniyam eslatay degandim. Lekin oʻsha pulning ikki yuzidan kechdim, olgan uyingizga toʻyona, qolgan uch yuzini bering deganman. Ammo uch yildan beri yoʻq-ku shuyam!»

Shirinqul mansabdan tushganiga endi bu yogʻiga yashashim qiyinroq boʻladi, deb kimda qancha puli borligini oʻzicha xomchoʻt qilib yurardi. Tabiiyki, qaynogʻasidan uch yuz dollarni undirishniyam oʻylab qoʻygandi. Demak, bu gap minnat ekan, pisanda ekan. Mana bu bilan sening aka-ukalaringniyam boqib yotibman, demadi-ku.

«Harom pulingdan»; degani nimasi? Men uni birovdan tortib yo oʻldirib oldimmi? Birov eshigingni taqillatib pulimni ber deb kelyaptimi? Nega harom boʻlarkan?"

Xotinining yuziga zingil solibroq qaradi.

Bu yuzdan shashqator yosh quyilardi.
— Minnat qilding-a, iflos!..
— Ha, minnat qildim! — dedi Shirinqul sekingina, boshqa gap befoydaligini sezib. — Akangga aytsang, joʻra, oʻsha pul besh yuz dollar edi, ikki yuzidan kechdim, qolganini ber devdim, oʻylab qarasam, kechmabman, besh yuz dollar qilib ertagayoq xotinini, uyini, mol-holini sotib mening qoʻlimga opkelib bersin, xoʻpmi, jonim. Shunday boʻlsin!..

U ogʻzidan chiqayotgan gaplariga bu qadar koʻp zahar solinganiga oʻziyam hayron qoldi. Biroq bu safar rostdan ham minnat qildi.
— Iflo-o-os-s! — deya xotini yuzini ikki qoʻli bilan toʻsib, engashib, hoʻngrab yubordi.
— Kim iflos! — oʻshqirdi er.
— Sen, se-en! — deya u yerni qayta-qayta mushtladi.
— Uch taloqsan! Eshitdingmi, uch taloq! Hoziroq joʻna! Bollarniyam olib ket bu uydan!
— Voy-y, — deya xotini quloqlarini berkitdi. Ustidan sovuq suv quyib yuborilgandek birdan seskanib, yigʻidan toʻxtadi. Koʻzlari qonga toʻlib turgan eriga bir zum tek qarab turdi-da: — Ogʻzingizga qarab gapiring! — dedi.

U tamom yigʻidan toʻxtagan goʻyo koʻzlarining shishganiyam joyiga kelgandek edi. Erga bu holat ta’sir qilmadi. U jahl otiga minib boʻlgan edi.

Tumbochka ustidagi sigaretdan olib bemalol tutatar ekan:
— Uch taloq-da, uch taloq! — dedi goʻyo gʻoyat muloyimlik bilan. — Ketmasangiz qorningizni pichoq bilan yorib, ichaklaringizni boshingizga shlyapa qilamiz. Shunaqa oʻyin oʻynagimiz kelyapti.

Erga oqilona, faylasufona oʻgitlar, past tushishu kechirim soʻrashdan koʻra mana shu surbetlik yoʻli ma’qul koʻrinib qolgan edi. Rost-da, ikki dunyo bir qadam koʻrinib turgan paytda tagʻin qanday yoʻl tutsin?
— Voh, iflos! — dedi xotini tagʻin.

Yana quloqlarini berkitdi. U endi boyagi mayda-chuyda haqoratlariga, betga choparliklariga qarshi undan-da ming karra zalvorli qargʻish, hayotni tamom teskari qilib yuboruvchi qudratli soʻz borligiga, oʻsha soʻz aynan oʻziga qarata oʻqdek otilganiga endi tamoman iqror boʻlayotgan, biroq bunga koʻnikolmayotgan, hozirning oʻzidayoq shuning yolgʻon boʻlib chiqishini yuragi zirqirab istamoqda edi. Afsuski, unday emas. Olloh taolo odamzotga koʻrish uchun koʻz, yeyish uchun ogʻiz, yurish uchun oyoq, ish bajarmoqqa bir juft qoʻl, gapirmoqqa til, uni boshqarishga aql hamda shuning barobarida shu suyaksiz til barpo etgan soʻzni eshitmoqqa bir juft quloq ham berib qoʻyibdi. Bu uzun yoki qisqa hayotda odamning quloqlari nelarni eshitmaydi? Ogʻir soʻzlardan-da ogʻirrogʻi ne? Ayriliqmi, oʻlimmi, betoblikmi? Ha, hammasiyam ogʻir. Ammo Magʻfirat va Shirinqul uchun eng ogʻir soʻz bugun aytib boʻlindi. Bu — hukm! Bu aytgan odam uchun ham malham emas — jazo! Eshituvchi uchun ham jazo! Chunki odamzot oʻz juftidan oʻlmay-yitmay ajrashib ketishi mumkinmi? Bu soʻzni ikkilanmay tilga olish, uni oʻqdek uchirib yuborish ham osonmi?

Ha, oson ekan. Oppa-oson ekan!

Endi tamom. Hammasi tugadi.

* * *

Shirinqul diniy yoʻriqlarda ham ancha-muncha kitob oʻqigan, bir vaqtlar bilimdon bir kishining uyiga qatnab arabiy xat-savod chiqargan, ahli sunna val-jamoat aqoidini umuman olganda oʻzlashtirgan edi. Talay yillar amal ham qildi. Nomdor diniy arboblarning ba’zilari, mullalar nafs yoʻlida pulga uchib, diniy oqimlarga qoʻshilib badnom boʻla boshlagach, koʻngli sovib tashlab qoʻygan edi. Oilada boshlangʻich toʻgʻri ilmni olmasa qiyin ekan.

«Olloh uchun halol narsalarning eng yoqimsizi taloqdir»; degan hadisni eslab qolgan edi.

Halol boʻlsa-da Ollohgayam yoqmaydi bu soʻz!

Shirinqulga negadir shu holatidayam bu soʻz hazilga oʻxshab tuyuldi. Ayni paytda rostdan ham aytib yuborganiga iqror boʻlib turardi.

Tonglar otdi, kunlar botdi—oʻlmagan qul boshda borini koʻraverarkan. Shirinqul oʻtgan gaplarning bari roʻyo boʻlishini, tushida koʻrgan boʻlib chiqishini, ertalab yonida yotgan xotinini erkalab, yuzlaridan oʻpib, Xudoga shukur-ey, tushim ekan-ku deyishni xohlardi.

Afsuski, bu tush emas edi. Boʻlar ish boʻlib, gʻisht qolipdan koʻchgan edi.

Magʻfirat ham koʻzi koʻkargancha bir ogʻiz gapirmas, goh oshxonaga, goh vanna tomonga ehtiyoj uchungina chiqib kelar, farzandlarigayam churq etmas, ular oldiga borib erkalansalar, bobillab urishib berar, «anovi Azroil dadangga bor», deb baqirardi. Bolalar ham qon boʻlib ketishdi.

Bola degani qaygʻuni koʻtarolmaydi. Tezroq ovungisi, quvonadigan ermaklar topishni xush koʻradi. Biroq bu uyning devorlari, toʻshagiyu idishlari ham xoʻmrayar, qovoq uyar, xullas, farishtasi quvilib boʻlgan edi.

Uchinchi kuni Magʻfirat qizini oraga elchi qilib Qipchoqqa ketishini bildirdi.Oʻsha qoʻrgʻonda akasi turadi. Ota-onasi esa Gʻallaorolning toqqa tutash Asalli qishlogʻida yashashadi.

Akasinikiga borsa yaxshi ekan, toʻrt-besh kunda bezor boʻlib qaytib keladi...

Qaytib kelarmikin?..

Mayli, tavbasiga tayansin, bari bir qaytib keladi. Chunki toʻrt bolali akasining uyiga necha kun mehmon boʻlishi mumkin? Yangasiyam yoqtirmay qoladi. Hozirgi zamonda birovning oʻligini birov koʻtarib yurishi ogʻir.

Shirinqul ham qizini elchi qilib soʻratdi:
— Mashinada shohbekatgacha oborib qoʻyaymi, yoʻl puli qancha beray?
— Pul kerakmasakan, oʻzimiz ketaverarkanmiz, — dedi qizi.

Oradan biror soat oʻtib yoʻlga tayyor boʻlgan Magʻfirat ostonada turib orqasiga, endi er maqomidan mahrum boʻlgan Shirinqulga bir martagina qarab qoʻydi. Bu qarashdan Shirinqul hech qanday ma’no uqmadi. Keyinchalik ham bu nigoh koʻz oʻngida muhrlanib, koʻp bora oʻzi qidirgan narsani topmoqchi boʻldi. Masalan, bir oz shashtidan tushish, qaytadan birga yashash ehtiyoji yoki shunga oʻxshagan bir narsalar. Juda boʻlmaganda «shu ish chakki boʻldi, nomard ekansan!»; degan kabi qargʻish boʻlsayam mayli edi, keyinchalik shuni oʻylab yurar eding. Yoʻq, unday ham boʻlmadi. Juda mavhum bir qarash.

Xotini oʻgʻlini koʻtarib olgani uchun unga hech narsa deyolmadi. Qiziga termulgan edi, u qoʻlidagi yuklarini yerga qoʻyib, yigʻlab yubordi va otasining boʻynidan quchib yigʻlarkan:
— Biz endi qaytib kelmas ekanmiz, dadajo-on!.. — dedi, sira ayrilgisi kelmay.
— Qizim, yigʻlama, tez kunda... — deb gap boshlagan edi, xotini:
— Maqsuda! — deb oʻshqirib berdi. Qizi hoʻng-hoʻng yigʻlagancha burilib eshikdan chiqdi.

Eshik qarsillab yopildi.

Bu — battar boʻl, degani boʻlsa kerak.

Shirinqul uyining balkoni tomonga oʻtdi. Qizi orqasiga oʻgirilib-oʻgirilib qarar, chamasi dadasini koʻrmayotgan edi. Bolkonning derazasini ochdi. Qizi qoʻllaridagi kiyim solingan yelim xaltalarni yerga qoʻyib, qoʻllarini silkidi. Darhol yuklarni koʻtargancha onasining orqasidan ergashib chopib ketdi.

Shungayam uch kun oʻtdi. Uy hayhotday huvilladi-qoldi. Na boʻlgʻay, Shirinqulimiz ayriliq degani hayotning oʻzidan ham achchiq ekanini angladi.

Ishga borib kelib ovunib yurmoqchi boʻldi. Biroq mana shu kichkina uy u qaytib kelgach, naq yutib yuboraman, derdi. Har bir uyning farishtasi boʻlarmish deb eshitgan. Oʻsha farishta endi bu uyda yoʻq, boʻlsayam yalmogʻizroq birortasi kelib oʻrnashib olganu u Shirinqulni botinan qargʻar edi...

Doʻst-oʻrtoqlariga, telefon qilib turuvchi qarindoshlariga xotinim qaynotamnikida, koʻklam havosi, bir oʻynab kelsin deb joʻnatdim, derdi.

Ishxonasida Avazga dardini yordi.

Uyam avval chakki ish boʻlganini ta’kidladi, soʻng doʻstining koʻnglini koʻtarish uchunmi:
— Yanga unaqa badjahlmas, bilaman-ku. Yana bir hafta sabr qiling, meni aytdi deysiz, bollarini yetaklab kulib qaytib keladi, — dedi.

Chamasi shunday boʻlishiga Avaz ishonar edi.
— Birovning uyida sigʻindi boʻlib yuraverish hazilmi? — deb qoʻydi u.
— Aslida shunday. Lekin taloq masalasi bor-da, — dedi Shirinqul.
— Menimcha buning ham yoʻl-yoʻrigʻi bor, — dedi u iyagini qashlab turib. — Urishqoqroq bir hamsoyam bor, xotinini ermakka taloq qoʻyadi. Xotiniyam ketib qolaveradi, qaytib kelaveradi — oʻrganib qolgan. Bir kuni mahalla oqsoqoli chiqib bu ogʻir gap, uka, taloqdan keyin xotin harom boʻlib qoladi. Xastimomda tanishlarim bor, yuring, ulardan yoʻl-yoʻriq oling, deb diniy idoraga oboribdi. Qoʻshni ular bilan til topishib, oʻttiz mingmi, qanchadir jarima toʻlab taloqni bekor qildirib oʻziga fatvo yozdirib opti. Xudo biladi, undan keyin ham necha marta bu soʻzni aytgan chiqar, lekin birov unday-munday gap qilsa oʻsha spravka bilan basharasiga uradi...

Shirinqul bir kitobda oʻqigani bor: oʻrtaga taloq tushgandan keyin xotin boshqa kishiga turmushga chiqishi kerak. U bilan rostmanasiga yashashi, halol turmushni niyat qilishi kerak. Mabodo ularning oilasi buzilib, oʻsha xotin yana taloq olsagina avvalgi eri bilan qaytadan nikohdan oʻtishi mumkin.

Avazning gapi esa... yangilik!

Biror hafta oʻtgach, qaynogʻasi Bolibek kelib qoldi. Avvaliga u sir boy bermadi. Qozogʻistonga yangi chiqqan pomidorlardan oʻtkazmoqchimish. Chorsuga olti yashik opkelsa, tala-tala boʻlib ketganini gapirdi. Lekin Qipchoqda, hatto Guliston atrofidayam pomidor tanqisligi, buning sababi qish payti teplitsalarga gaz berilmayotganini tushuntirib, agar moʻmayroq pul boʻlsa Chinoz va Yangiyoʻldan ikki-uch «Kamaz»; pomidor olsa boʻlishini, buning uchun kattaroq pul kerakligini ta’kidladi.

Shirinqul uning gap avzoidan yana pul soʻramoqchi ekanini, bu gal koʻproq pul topib ber, demoqchiligini anglab turardi.
— Buncha pul bir odamda bor, lekin juda foyizni katta qoʻyvoryapti, — dedi Bolibek.

Shirinqul gapning davomi sifatida u odam kim, qancha foyiz qoʻyayotganini soʻramoqchi boʻldi. Oʻzicha u kishi menga tanishdir, oʻrtaga tushib garov boʻlishim kerakdir deb oʻylab, tilini tishlab turgan edi, Bolibek birdan:
— Magʻfirat bilan oralaringda biron gap oʻtganmi? — deb soʻrab qoldi.

Shirinqul:
— Yoʻq, — dedi negadir. Beixtiyor aytilgan bu soʻzning oqibati qanchaga tushishi mumkinligini oʻylab tek qotdi. Chamasi hozir Bolibek: «Men hammasidan xabardorman, ikkalang ham pushaymonsan, gap-soʻzni koʻpaytirmay yarashib olmoqchi boʻlsanglar, mana, men kafil, oʻzim toʻgʻirlayman, lekin sen anovi odamdan qarz oberasan»; deb shart qoʻymoqchi edi.
— Tinchlikmi oʻzi? — dedi Bolibek.

Gapni uzoqdan olishini qara, deya xayolidan oʻtkazdi Shirinqul sergak tortib.
— Oʻzi biron narsa dedimi? — deb soʻradi bir oz oʻzini qoʻlga olib.
— Urishli boʻlganga oʻxshaysizlar. Magʻfirat borganidan beri meni ezadi. Kuyovingizning pulini qaytarib bering deydi. Men aytaman: kuyov oʻlar-qolar joyda emas-ku, oʻzi qistalang qilmayapti-ku. Yoʻq, oʻlaman sattor qaytib bering, deydi nuqul. Shu-u... shunaqa narsalarni xotin kishiga bildirib oʻtirish shartmidi, kuyov?

Bu gap bilan qaynogʻasi izza qilmoqchi ekanini payqab:
— Ikki oyga deb olgan narsangizga qancha vaqt oʻtdi? — dedi qarshi hujumga shaylanib.
— Ikki yildan oshdimi deyman, — dedi qaynogʻa yer ostidan qarab, jingalak sochlarini tez-tez qashlarkan.
— Uch yildan oshdi, — dedi Shirinqul bamaylixotir. U endi oʻzini bosib tashabbusni qoʻlga ola boshladi. — Siz qaynogʻamsiz. Oilangizning ahvolini bilaman. Qishloqdagilar ham oʻziga yarasha qoʻl uchida yashaydi. Pensiya bilan ikkita mol nimayam boʻlardi. Choʻlga kelib uysiz, kvartirada yashab yurdingiz. Oborotga deb pul soʻradingiz. Avval ikki yuz, keyin uch yuz. Savdo-sotiqdan foydalanib uy olganingizni eshitdimu xursand boʻldim. Magʻfiratga oʻsha avvalgi ikki yuzidan kechdim — bizdan uyiga toʻyona deb aytdim. Azbaroyi xursand boʻlganimdan. Lekin shundan kechmasam qaytarib berarmidingiz-yoʻqmi — unisini bilmadim.
— Qaytarardim, qaytaraman... uch yuz... shu...
— Boshqa odam boʻlganida boʻyningizga qancha ilib tashlardi, bilasizmi?
— Endi ahvolni oʻzing koʻrib turibsan, birda unday boʻlsa, birda bunday. Ikki marta qarzga tovar berib tamom oborotimdan ayrilib qoldim, oʻzing bilasan.
— Biznes doim bir xil boʻlmaydi, buni tushunaman. Lekin hayotda labz degan narsayam bor. Bu — shunchaki, oddiy gap emas...
— Sen muhtoj boʻlib qoldingmi? Orada yap-yangi «Jiguli»;yam olding-ku?
— Buning sizga ahamiyati yoʻq, shekilli. Magʻfiratga soʻra akangdan, mashinaga pul kerak, deganman. Siz bermadingiz, qorangizniyam koʻrsatmay qochib yurdingiz.
— Qochmadim. Singlimdan, jiyanlarimdan qochamanmi?
— Bilmadim, kimdan...
— Shirinqul, — dedi gavdasini tiklab, oʻnglab olarkan Bolibek, — juda kerak boʻlayotgan boʻlsa bor-ku, molimni, uyimni, xotinimni sotib boʻlsayam, ertaga opkelib berib ketaman. Lekin odam unday boʻlmaydi-da, uka...

Shirinqulning miyasida «chirs»; etib oʻt chaqnaganday boʻldi. Magʻfirat hamma gapni dasturxon qipti-da, deb oʻyladi. «Molimni, uyimni, xotinimniyam»;... deyapti-ku. Shunday boʻlsa-da, u oʻzini bosgan kishi boʻldi. Jahlini bildirmadi-yu, miyigʻida kinoya bilan:
— Qanday boʻladi odam? — dedi.
— Minnatli oshni it ichmaydi, degani toʻgʻri ekan, — dedi Bolibek, chetga burilib. — Shuni vaqtida qaytarayin deb edim, boʻlmadi-da. — U shunday deb xontaxtani beixtiyor kafti bilan «taq»; etib urdi. Boshini chayqadi.

Shirinqul oʻrnidan turdi. Xolodilnikdan aroq va gazaklar opkelib qoʻydi. Qaynogʻasi yigʻlamasa ham yigʻlamoqdan beri boʻlib, boshini egib oʻtirardi.
— Kimingdan boʻlsayam qarz boʻlma ekan. Pulning bari bir minnati boʻlarkan. — Shunday deb, Bolibek aroq shishani oʻz oldiga tortdi. Piyolalarga toʻldirib-toʻldirib quydi hamda mezbonning takallufiniyam kutmasdan sipqorib yubordi.
— Jigaringizga zarari yoʻqmi? — dedi Shirinqul unga hayron boʻlib qarab.
— He, enasini... shu jigarningam, — dedi qaynogʻasi aroqning achchiqligidan koʻzlarini yumib gazak hidlarkan.
— Qarang-da, — dedi Shirinqul va bundan bir oycha burun qaynogʻasining sariq kasal bilan ogʻriganini esladi. Menga nima, deganday oʻzi ham ichib yubordi. Icharkan, ichidan zil ketib Magʻfirat akasiga kuyovingiz pulni minnat qildi, shuni nima qilib boʻlsayam qutuling, deb uqtirganini tushundi.

Demak, Bolibek shuning uchun, kuyovining oldidan bir oʻtib qoʻyish uchun kelgan ekanmi? Yana biror gapi bor-ov. Singlisi toʻgʻrisida nima derkin: nega urding, bir singil boʻlsa oʻzim boqib olardim, oʻlasi qilib urguncha ket uydan deb haydab yubor edi.

Bolibek bunday demadi. Ehtimol Magʻfirat erim urdi demagandir. Urdi desa, akasi ham nega uradi, sen nima deding, deb surishtirmaydimi?
— Aka, — dedi Shirinqul bir oz boʻshashib. — Mana, koʻrib turibsiz, ishim avvalgiday emas. U-bu harakat qilay desam, odamlar avvalgiday muomala qilmay qoʻydi. Mansabing borida odam qatori koʻrarkan, tushganingda shartta yuzini oʻgirib olarkan. Shuning uchun borini mayda chaynab turibmiz. Qarzni qistamoqchiyam emasdim. Lekin majburman. Oilamizam tinch boʻlmay qoldi. Qaytarsangiz yaxshi boʻlardi.
— Qaytaraman, lekin sal shoshmay turasan. Mana bu pamildorini bir yoqlik qilvolay, qoʻshib ber desang qoʻshibam beraman, — dedi Bolibek, tagʻin oʻzining piyolasiga toʻldirib aroq quyarkan.
— Besh yuzni-ya, qancha kutay? — deb soʻradi Shirinqul masalaga oydinlik kiritib qoʻyish uchun.
— Besh yuzmi yo...
— Qancha bermoqchisiz oʻzi?
— Uch yuzingni... nariginiyam kechmovdingmi yo?
— Qancha bera olasiz?
— Hozir hech narsaning tayini yoʻq, lekin pamildoridan moʻljalim katta... Shoshiltirmay tursang boʻldi.
— Xoʻp, qancha vaqt?

Bolibek bu qadar qistovni kutmagan edi. Piyolani labiga tekizdi-da, toʻxtab qoldi. Keyin chetga qarab «kif»; dediyu piyolani boʻshatib, toʻnkarib tashladi.
— Dunyo shunday turaveradimi! — dedi u lablarini tishlab, alam bilan. Koʻzlarida yosh gʻiltilladi. Negadir shu tobda kuyoviga bir umid, bir umidsizlik bilan termuldi. Tavba, deya hayratlandi Shirinqul: odam ham shunaqa oʻxshaydimi? Yigʻlaganda, ayniqsa, pastki labi pastga tortib, tepa labi titrashi, burnining uchi qizarib qolishi, koʻzlari yoshga toʻlganda nima demoqchi ligini bilib boʻlmasligi — bir xil. Qaynogʻasi yoshini tezda artib tashladi-da, sochiqni dasturxonga tap etkazib urib: — Bor budimni, boya aytgan narsalarimni sotamanu qutulaman, boʻldimi? — dedi. — Shu minnatingni toza pesh qilding. Xotiningniyam balki shu narsa uchun qoʻygandirsan?

Shirinqul nima deyishini bilmay qoldi.
— Bu butunlay boshqa masala, — dedi oxiri. — Singlingizning aqli boʻlsa oʻzi tushuntirib aytar.
— Odamning boshiga bir ish tushsa qaytib yana tushaverarkan, — dedi Bolibek, oʻzini bosib olib. — Eshitgan boʻlsang mening onam Piskentda tugʻilgan. Bir paytlar, koʻchirma zamonida kelib shu yerda yashagan. Onamning otasi yaqinda oʻldi. Nurmat tentak — yaxshi bilasan. Birinchi xotini bizning katta enamiz — onamning onasi boʻlgan. Undan keyin ham bu odam yetti marta uylangan, toʻrtta xotinini urib oʻldirgan. Katta enamizam tayoqdan oʻlgan. Qoʻlida chaqalogʻi, ketmon dasta bilan koʻchada boʻkirtirib urib yotganida bir aravakash kelib qutqarib olgan. Piskentning markazidagi balnisaga zoʻrgʻa yetib borgan enamiz, oʻsha yerda uzilgan. Doʻxtirlar jigari ezilib ketgan deyishgan. Oʻlikka egayam topilmagan. Shunday zayil, beshafqat ekan katta otamiz. Bir kunlari kelib, zamon sal susayganda chaqaloqni onamning yangasi izlab kelib aravakashnikidan topgan. Qiz qilib oʻstirib erga bergan. Taqdirning hazilini koʻr, onam ham otamdan bot-bot kaltak yeb turadi. Mana, qizi ham...

«Obbo, — dedi Shirinqul oʻziga oʻzi, — buniyam aytibdi-da. Mayli-da, boshqasini gapirgandan keyin bu qolarmidi? Endi farqi nima?»

Bolibek yozdayam yechmaydigan kamzulini yelkasiga ildi.
— Yarim oqshomda qaerga borasiz? — dedi Shirinqul.
— Boraman-da, boradigan joylarim bor, — dedi Bolibek iddao ohangida.

Shirinqul ketmang, qoling, deb aytsa boʻlardi. Lekin indamadi. Qaytanga «oʻzingiz bilasiz»; deb qoʻyaqoldi. Xayoliga kelgan narsa shu boʻldiki, bu turishda qaynogʻam bilan yana aytishib qolishim mumkin, ketavergani ma’qul. Lekin Magʻfirat, bolalari haqida bir narsalarni bilgisi keldi. Qandoq soʻraydi, nima deb soʻraydi?

* * *

Bu dunyoning odam koʻnikadigan va umuman koʻnikolmaydigan qismatlari bor. Odam oʻlimga, ayriliqqa ham sekin-asta koʻnikadi, nihoyat yaqin odami qaytib kelmasligiga ham iqror boʻladi. Soʻng bu dard soviydi.

Tiriklarning savdosi esa boshqa.

Shirinqul ayriliqqa sira koʻnikolmadi.

Avval hamma erkaklar singari e, bu boʻlmasa boshqasi, ikki marta uylanish faqat mening chekimga tushibdimi, dedi oʻzicha. Oʻylab qarasa, voz kecholmas ekan. Gap-soʻzlarni koʻz oʻngida gavdalantirib bir gʻijinadi, bir oz soviganday boʻladi. Ammo Magʻfiratdan, biri-biridan shirin boʻlib oʻsayotgan bolalaridan kechib yuborish...

Vaqt hakam. Hamma narsaga oʻsha sovuqqon hakam barham beradi. Lekin...

Bir gal ishxonasiga juda zamonaviy kiyingan, oʻta chiroyli qiz kelib men falon shoirning qizi boʻlaman, biroq dadamni tanimayman, u onamni chaqaloqligimda qoʻyib yuborgan ekan, mabodo oʻsha shoir sizning nashriyotlaringizga kelmaydimi, men otamni koʻrishni juda xohlayman, deb koʻz yosh qilgan edi. Zingil solib qarasa, koʻzi, qoshlari, yuz tuzilishi xuddi oʻsha odamniki. Vo, ajabo! Kunlarning birida shoirning oʻzi ham kelib qoldi. Shoir tabiatan xushfe’l va hazilkash edi, lekin kinoya, istehzo bilan oʻyib oladigan odati bor edi. Sochlari oqarib ketgan shoirga negadir bu yangilik boʻlib tuyulmadi.
— E, qaysi birini izlayman bularning, boʻlsa bordir. Qaysi instituda oʻqir ekan, dedingiz? Madaniyatda. U yerda nuqul jalablar oʻqiydi-ku, qoʻying-e, shuni koʻrmay qoʻyaqolay, — dedi qoʻl siltab.
— Juda boʻlmasa telefoningizni qoldiring, oʻzi sizni topib olar.

Shoir dunyoda ayol kishidek xiyonatchi boʻlmasligi, ulardan nihoyatda ehtiyot boʻlish shartligini uqtira boshladi. Shu gaplardan keyin xotinini mudom uyda qoldirib eshikning sirtidan qulflab yurishini, boʻlmasa begona erkak kelib qolib biror kor-hol roʻy berishi mumkinligini, oʻzi umuman bularni koʻchaga chiqarib boʻlmasligini, mabodo chiqar boʻlsa albatta avtobus yo tramvayda begona erkaklarga dumba yo koʻkragini ezdirib yurishini tashvish bilan gapirdi.
— Ja-a unchalikmasdir-ov.
— Shunchalik boʻlmasa beshinchi marta uylanarmidim, uka. Hammasi shunaqa bularning. Hozirgi uydagisiyam noiloj, koʻchaga chiqolmaydi. Shundayam, aniq bilaman, derazani koʻcha tomonga ochib begona yigitlar bilan koʻz urishtiradi, gap tashlaydi.
— E, aka, dovruqli shoirsiz-a. Yoppasiga ayblab boʻlarkanmi ayollarni? Anavi qiz boʻlsa, xuddi quyib qoʻyganday oʻzingiz.
— Be, — deya tagʻin qoʻl siltadi shoir, — madaniyatda kimlar oʻqishi, kimlar oʻqitishini bilaman-ku...

* * *

Har nechuk Shirinqul hayotga boshqacharoq koʻz bilan qaraydi. Shoir haqida «shizik u»; degan tarifni eshitgan.

Endi bir munosib ayolni topib uylanishi kerak.

Xoʻsh, kimga?

* * *

Bahor oʻrtasi. Qishloq, togʻ-dasht tugul shahar ham yashnab ketgan. Gullamagan daraxt qolmadi. Odamzotu tabiatda kayfiyat a’lo. Bu kunlarda bayram qilmagan, shodlanmagan kishining oʻzi nomard.

Idoradagilar har yili koʻklam chiqish arafasida Chimyonga bir kunlik sayohat uyushtirib, u yerda changʻi, chanalarda uchib, maza qilib, qor va qish bilan xayrlashib kelishardi. Bu yil qish yomon kelmadi. Besh-olti marta boʻliq qor yogʻdi. Ammo Avazning e’tiborsizligi tufayli bu gal qor bilan xayrlashish nasib qilmadi.

Shirinqul tashabbus koʻrsatib, bu safar Chorvoqqa, lola sayliga boramiz, dedi va oʻzi tanishlari orqali kichik «Otayoʻl»; avtobusi topdi.Toshkent-Xoʻjakent poezdiga oʻtirib borishsayam boʻladi-ku, lekin oʻz idish-tovogʻing, hamrohlaring bilan xohlagan joyda toʻxtab, xohlagan narsangni pishirib yeyishga nima yetsin.

Kechasi bilan sharros yomgʻir quyib chiqdi. Safar oldidan ham yomgʻir chelaklab yogʻayotgan edi. Nashriyot binosi oldida turgan avtobusga birin-ketin hammalari yetib kelishdi. Odatda har safar oshpazlik qiluvchi ombor mudiri Mahkam akayam doʻppisining ustiga katta salafan qoʻndirgancha yetib keldi.

Chirchiqdan oʻtib Gʻazalkentning yoʻliga chiqqanlarida yomgʻir siyraklashib, togʻ taraf yorishib kela boshladi. Goʻyo endi tong otayotganday edi. Osmon qoq yarmidan qora parda yirtilganday bir tomoni oqarib qolgandi. Goʻzal bir manzara.

Shirinqulning bahri-dili ochildi. Sherigi bilan kayfiyatini oʻrtoqlashmoqchi boʻlib unga qarasa, kompyuterda ishlaydigan buxorolik Nazira ekan.
— Nazira, qaragin, togʻ qanday ajoyib!

Qiz Shirinqulga ajablanib qarab qoʻydi.
— Bu havoda zap qoʻziqorinlar chiqadi-da. Umringda hech qoʻziqorin terganmisan?
— Yoʻq, — dedi Nazira, — biz tomonda qoʻziqorin oʻsmaydi. — Negadir u tagʻin hayron qaradi.
— Oʻzi qoʻziqorin oʻsib oʻtirmaydi, — dedi Shirinqul. — Sudralishni yoqtirmasa kerak-da. Momoqaldiroqdan soʻng lop etib yerning betiga chiqadi-qoʻyadi.

Nazira yoyilib kuldi. Bu hijob oʻranib yurguvchi qizga kulgu shunday yarashar ekanki, sherigi ham bir zum lol boʻlib tikilib qoldi.

Qiz birdan:
— Shirinqul aka, sizga «san»;sirash yarasharkan, — dedi.
— Yoʻgʻ-e, «san»; dedimmi sizni, uzr, — dedi Shirinqul noqulay ahvolga tushib.
— «San»; deng, iltimos, — dedi Nazira.
— «San»;, boʻldimi?
— Yoʻq, bundan keyin ham doim «san»; deng.
— Xoʻp-xoʻp, yana san.

Nazira yana chehrasi biram ochilib kuldiki, Shirinqul bu qizga buncha kulgu yarashmasa deb qoʻydi va ichidan nimadir zil ketganday boʻldi.

Hademay togʻni yarim-yorti quyosh nurlari yorita boshladi. Togʻ yonbagʻirlarida yengil tuman suzib yurar, havo juda musaffo edi. Odamning koʻngli ham jillaqursa shu havoga oʻxshasa ekan — har yomgʻirda bir tozalanib turardi. Lekin aynan hozir avtobus-dagilarning kayfiyati chandon a’lo edi. Ular bir-birlarini turtib manzara, daryo, daraxt, suvlar, gullarni koʻrsatishar, kadrlar boʻlimi noziri, xoʻppa semiz Mashhura opa dunyo bilan ishi yoʻq, oʻzicha bir mumtoz qoʻshiqni qoshlarini uchirib chayqala-chayqala xirgoyi qilardi.

Rassom Nodir garchi qoʻshiq eshitilmayotgan boʻlsa-da, opaga qarab:
— Ha, doʻst, juft boʻlsin! — derdi.
— Kollektivimiz yaxshi-ya? — dedi Nazira.
— Kollektivmi, ha, boʻladi, — dedi Shirinqul. — Akang qaragʻay shakllantirgan-da buni. Qarang, har xil razmer, har turli shakllardan bor. Xullas, importniy-da.
— Ajoyibsiz-da, Shirinqul aka. Baribir yana «siz»;ladingiz.
— Qoʻpollashma, kim «siz»; dedi, seni. Haqorat ham evi bilan-da.
— «Qarang»; dedingiz-ku.
— «Qara» soʻzini yoʻq qilib, baqrayib qara, vot manzara, hammayoq dabdala. Qalay?

Nazira avtobusning oynasi tomon oʻgirilib, engashgancha bulk-bulk kular edi. Soʻng qizarib ketgan koʻzlarini Shirinqulga qarab yarim ochib:
— Zoʻr talantsiz-ku, voy ichagim uzilopti, — dedi tagʻin engashib.

Shirinqul orasta qoshlar, katta va qora koʻzlar, tabiiy qayrilma kipriklar, boʻyalmagan lablarning ham bu qadar chiroyli boʻlishini bilmagan ekan. Beixtiyor Nazira, uning qanday bu yerga ishga kelganini eslab ketdi. Mashhura opa yarim shtatga olaylik, juda odobli, epchil, uddaburon degandi. Yana yetimmi, oʻgay onaning qoʻlidami, nimadir degandi.
— Nazira, xohlasang borganda ikkalamiz qoʻziqorin teramiz, mana bu tekinxoʻrlarga nonushta tayyorlaymiz, xoʻpmi?
— Xoʻp-xoʻp, — dedi Nazira, — tekinxoʻrlarmi bular?

U Shirinquldan tagʻin qiziq bir gap kutdi.
— Qoʻziqorin yerdan chiqqandan keyin hammaga tekin-da, — dedi u. — Hali u jonivor bor boʻlsa, — deya qoʻshimcha qilib qoʻydi va bu safar Naziraga ataylab sinchiklab tikildi. Nazira yuzini oyna tomonga oʻgirdi.

Avtobus Chorvoq qishlogʻining kunbetkay yonbagʻridan chiqib tik qiyalikka yetmasdan toʻxtadi. Bu yogʻiga yurish qiyin edi. Shu joy ham ma’qul: oʻt-oʻlan, daraxtlar, atrof togʻ, sal tikroq yurib pastga qarasang — sayxonlik. Biroq hammayoq hoʻl. Asfaltdan oshib bir oz yursang boʻldi — pochang tizzangacha hoʻl boʻlib ketadi. Quyoshning shu’lasida shudringlar yaltiraydi. Ariqdan toʻlib loyqa sel oqyapti. Uni kechib oʻtishing mahol. Haydovchiyam, yoshu keksayam bu paytda dastyor yoki qoʻriqchi boʻlishni xohlamasdi: har kim oʻzini har yoqqa urgan, namgarchilik, gullar, suvlar, qushlar — hammasi olam-olam quvonchdan iborat edi.

Shirinqul daraxtzorga kirib besh-oʻnta zamburugʻ topib chiqdi. Baldogʻi bilan uzib olgani uchun xuddi gullarday qilib Naziraga tortiq qildi.
— Ibi, qoʻziqoriningiz shumi? — dedi Nazira.
— Bu zamburugʻ, qoʻziqorin bujur, hunukroq narsa. Qoʻziqorinning zaharlisi boʻlmaydi, shuning uchun xavfsiramay paqqos tushiraversa boʻladi, — dedi Shirinqul bilimdonlik bilan.

Qoʻlidagilarni yelim paketga joylarkan:
— Aslida qoʻziqorinni bunaqa daraxtzordan topish qiyin, anavinday yalanglik boʻlsa, — deb narigi betkayni koʻrsatdi.

Bir zumda har kim xohlagan tomoniga uloqib gum boʻlgan edi. Shirinqul Nazirani oʻsha oʻzi koʻrsatgan tomonga boshlab ketdi.
— Bu yerlarda ilon-pilon boʻlmaydimi? — deya hadiksirab soʻradi Nazira.
— Ilonlar uygʻonishiga hali bor, — dedi Shirinqul tagʻin bilagʻonlik bilan, xuddi yoshligidan bu jondorlar bilan oshna-ogʻayni boʻlib oʻsgandek, — Huv, may oyining oxirlariga kelib bu yerlarni oralasang, shundoq oldingdan «vish-sh!»; deb boshini koʻtarib kelaveradi. — Nazira shu zahoti «Voy!»; deb baqirib yubordi. Shirinqul hech narsa boʻlmagandek davom etdi: — Qochsang qochib qolding, boʻlmasa «tap»; etib otiladi-da, boʻyningga arqondek oʻralib olib boʻgʻaveradi, boʻgʻaveradi. Oʻsha vaqtda choʻntagingda lezviyami, oʻtkirroq pichoqmi boʻlgani ma’qul-da, ayni xirillatib boʻgʻayotganda qoq belidan boʻlib tashlasang dogʻda qoladi. Ikkinchi marta senga yaqinlashmaydi, lekin shundayam oʻlmaydi — ikkovi ikki tomonga sudralib juftakni rostlab qolishadi. Bir xillarining tili bor, gapiradi, egilib qoʻli koʻksida «kechirasiz»; deb...
— Obbo, boʻldi-ey, togʻa, lof ham evi bilan-da, — dedi kulib Nazira. Shirinqul esa jiddiy edi.
— Koʻrganimni aytyapman-da, jiyan.

Nazira bu jiddiylikni koʻrib yana hazilga yoʻymoqchi boʻlib kulib Shirinqulga qarab turaverdi.
— Va-a! — deb baqiradiganlariyam bor-da, oʻshalardan Xudo asrasin.

Bu safar Naziraning oʻtakasi yorilayozdi.
— Yuragimni yorib oʻldirasiz-ku, — dedi yanib.

Bu Shirinqulga xush yoqardi.

Shirinqul shimi hoʻl boʻlib ketaverganidan tuflisini yechib pochasini tizzasigacha sirib oldi. Naziraga ham shuni maslahat berdi. U oldiniga unamadi, keyin engashib krasovkasini yechdi va uni Shirinqul yelim xaltasiga solib koʻtarib oldi.
— Pochangni koʻtarib ol, boʻlmasa oʻlasan shamollab.
— Shundaychasi yaxshi, — dedi Nazira uyalayotganini yashirib. Ammo sal oʻtmay trikosi shalabbo boʻlib osilib qolgach, oʻzi tizzasigacha sirib olishga majbur boʻldi.

Oyoqlari oppoq, bejirim edi. U shu holatidan xijolatda edi. Boshqalardan uzoqlashib ovloqqa kelib qolmadikmi deb atrofga olazarak qarab qoʻydi.

Pastdagi yassi tosh ustida Mashhura opa va yana kimdir oʻtirib olib qoʻllarini ogʻizlariga karnay qilishgancha nimadir deb qichqirishardi. Nima deyotganlarini na eshitib, na tushunib boʻladi.
— Xavotir olmanglar, Nazirani bus-butun qaytarib opkelaman, — deya qichqirdi Shirinqul.
— Ibi, nomusga oʻldirasiz-ku siz, — dedi Nazira, hovliqqannamo, bu nima deganingiz degan kabi.
— Va’da berib qoʻygan yaxshi-da. Kim bilsin, shu masalada xavotir olishayotgandir-da.

Idishlarini toʻlatguncha zamburugʻ terishdi-yu, qoʻziqorin degani irimigayam yoʻq ekan. Qoʻziqorin zavqi bilan Chorvoq suv omborining tepasiga kelib qolishibdi. Kattakon dengiz quyida yaltirab, adirlardan adirlarga yonlab oʻtib, chayqalib, yastanib yotibdi.
— Ana manzara, mana dengiz, Oʻzbekistonning haqiqiy dengizi, — dedi hayratlanib yerga oʻtirarkan Shirinqul.
— Rostdan ham dengiz-a, goʻzalligini qarang, — dedi Nazira ham. — Ibi-i, shuncha katta ekan-a!
— Biz yoz paytlari bu yerlarga kelib choʻmilib turamiz, — dedi Shirinqul. —Shaharda orttirgan kirlarni shu suvga kelib tashlab ketamiz.

Nazira anqayib qarab qoʻydi. Boyagiday hazilmi yo chinmi degan ma’no bor edi bu qarashda.
— Yozda maniyam opkeling, — dedi beixtiyor.

Shirinqul kutilmagan bu taklifga ishonqiramay:
— Choʻmilasanmi? — deb soʻradi.
— Yoʻgʻ-e, shunday-da, — deb qoʻydi Nazira.
— Nima qipti, sendaylar ham choʻmilaveradi kiyim-piyimi bilan. Kun issiq, bir oz yurganingdan keyin oʻz-oʻzidan qurib ketadi.

Shirinqul Naziraning loʻppi yuziga, quloqlarini yopib turgan qalin, jingalakka moyil qora sochlariga, soʻngra yomgʻirdan keyingi shabnamda oppoqligi tagʻin ham yaltirab boʻrtib turgan oyoqlari, boldirlariga suqlanib turmuldi. Nazira hayratlar dunyosiga oʻzini topshirib hamon hapriqar edi.
— Nazira, — deya uning xayolini boʻldi Shirinqul. — Institutni tugatdingmi?
— Qaysi institutni?
— Islom institutiga kirdim devdingmi?
— Yoʻq, kirolmadim-ku.
— Kirmay turib dahmazang shunchami?
— Qanaqa dahmaza?
— Aytaman-da. Oʻzi qiz narsa oʻqib ham nima qilardi, ertaga bir etak bolaga oʻralashib qolasan, toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri.
— Toʻgʻri boʻlsa...
— Bir etak bolali boʻlish uchun avval erga tegish kerak-ku.
— Ha, darvoqe... Nazira, seni Mashhura opa oʻgay onaning qoʻlida katta boʻlgan degandi. Toʻgʻrimi shu gap?
— Ha. Lekin hech eslagim kelmaydi. Man bu yoqqa kelib xuddi qamoqdan qutulgandekman.

Nazira kasallikdan vafot etgan onasi, soʻng otasi boshqaga uylanib oʻgay onaning qoʻlida qolgani, u xotin qizga it kunini solganini istar-istamas aytib berdi. Toshkentga bir otin oyisinikiga kelib diniy ta’lim ola boshlagani, kunlardan bir kun otin oyining eri diniy oqimga qoʻshilganlikda ayblanib qamalib ketgandan soʻng taqdir taqozosi bilan Mashhura opanikiga ijara izlab kelib oʻsha yerda turib qolganini ham soʻzladi.
— Sening taqdiring ham menikiday yengil emas ekan, — dedi Shirinqul ogʻir homuza tortib.
— Nimaga? — dedi Nazira Shirinqul tomonga oʻgirilib qararkan.
— Nechaga kirding? — dedi Shirinqul savolga savol bilan.
— Yigirma birga kiraman endi.
— Sening qismating yengilligi shundaki, sen hali boshlamagansan.
— Tushunmadim?
— Turmush qiyinchiligini.
— Boshimdan oʻtkazmagan boʻlsam ham his qilaman, Shirinqul aka.

Nazira bu bilan boshingizdan oʻtganini aytavering, men tushunaman demoqchi edi.
— Men turmushni boshladim, quvonchu tashvishlarini koʻrdim va tugatib ham boʻldim, — dedi Shirinqul voqeani bir boshdan aytib oʻtirishni xohlamay.
— Ishxonadagi xotinlardan oilangiz tinch emas deb eshitgan edim, — dedi Nazira.

Shirinqul ogʻrindi. Mening oilam haqida bilisharkan-da, gapirib yurishar ekan-da, degan xayolga bordi. Odamning yuzini qora qiladigan birdan-bir belgi shu ekan-da, dedi.

Bari bir Naziraga oʻxshab xohlab-xohlamay oʻsha voqealarni uzuq-yuluq aytib berdi.
— Mastmidingiz? — deb soʻradi Nazira.
— Yoʻq, mast emas edim.
— Agar mast boʻlganingizda taloq tushmasmidi deb oʻylabman-da.
— Ha, xotinimni, qizim Maqsudani, oʻgʻlim Firdavsni oʻylasam yuragim gumurib ketadi, Nazira. Hech boshqa hayotni tasavvur qilolmayman. Birovlar boʻladi, kalishni almashtirganday almashtirib ketaveradi xotinni. Men boʻlsam, garchi shunchalikka borsam ham voz kecholmayapman. Aslida oʻsha paytda ham voz kechmagan boʻlsam kerak.
— Tabiatan rahmdil, boʻsh fe’l boʻlsangiz kerak-da. Bunday kezda erkak kishi uzil-kesil hal qilmasa qiyin.

Shirinqul «xoʻsh?»; deganday qaddini toʻgʻirlab qizga qaradi.
— Umr juda qisqa, Shirinqul aka. Buni mendan yaxshi bilasiz. Sizga aql oʻrgatolmayman, lekin endi ilojingiz yoʻq, bari bir boshqaga uylanasiz. Yangamulloyam boshqa er qiladi. Taloq masalasi ogʻir. Yursangiz yuraverasiz.

Shu payt ularning yoniga ikkita askar yigit kelib qoldi. Koʻrinishidan qishloq yigitlari, ust-boshlariyam unniqib ketgan.
— Aka, chekishdan bormi? — dedi ulardan biri, sal xijolat boʻlib.
— Men chekmayman, — dedi Shirinqul.

Askarlarning biri Naziraga qarab baqrayib qoldi. Qiz bechora darhol oyoqlarini bekitishga tushdi.
— Buyam chekmaydi, — dedi Shirinqul u yigitga, tezroq ket, degan ma’noda.

Yigitlar nariroq ketgach, biri orqasiga qarab bosh barmogʻini koʻrsatib «mixday»; ishorasini qildi.
— Nazira, zoʻr emishsan, — dedi Shirinqul.
— Bu nima deganingiz?
— Anavi askar bola seni mixday ekan topgan qizingiz deb koʻrsatyapti.
— Qoʻysangiz-chi, yosh bolamisiz?

Shirinqulga bu gaplar goʻyo Naziraning oʻz xotinidek muomala qilayotganday boʻlib tuyuldi. Ichida iyib ketgandek shirin va ayni paytda koʻz oldini qorongʻilashtirib yuboruvchi hadikli bir tuygʻu oʻtdi. Oʻzini mastdek his qildi.
— Nazira, — dedi va nima demoqchiligini tagʻin bir eslab olmoqchidek toʻxtab qoldi. Nazira unga termulib turardi. Unda hadik yoʻq, lekin Shirinqul talmovsiraydi.
— Bu gapni nega gapirayotganimni tayin bir aniqlashtirib olganim yoʻq-ku, shundayam...

Nazira bu gapni bilardim deganday kumush dengizga qaradi. Ammo uning ham koʻzlaridan ma’no yoʻqolgan edi.
— Nazira, — deya qizning e’tiborini oʻziga jalb qildi yigit. — Agar xotinlikka qoʻlingni soʻrasam rozi boʻlarmiding?

Nazira bir seskanib tushdi. Oyoqlarini yigʻishtirib gʻujanak boʻlib oldi. U mungʻayib, juda kichrayib ketgandek tuyuldi. Shirinqulga boshqa qaramay qoʻydi, bema’no, dengizga tikilib turaverdi.

Shirinqul ham dengizga qaradi. Ammo u yerda moviy kenglik va jimir-jimirdan boshqa hech narsa yoʻq edi.
— A, Nazira?

Yana oʻsha jimlik. Mazmunsiz nigoh.
— Toʻgʻri, bunga dabdurustdan «ha»; degan javobni kutmayman. Shunday boʻlganida balki seni yoqtirmay qolardim. Bari bir...
— Siz bu narsani anchadan beri oʻylab yurarmidingiz?
— Nima desamakan?.. Gapning ochigʻi, avval bir toʻxtamga kelolmaganman. Aytdim-ku... Sen ham eshitding. Bugun shunday xayollar girdobidaman.
— Shirinqul aka, boshqa narsalarni gaplashaylik.
— Ha, toʻgʻri, — deya oʻzini oʻnglab oldi. Shirinqul. — Oʻzim ham qiynalib ketdim. Demak, bari bir umid ostonasidaman deb tasavvur qilaversam boʻlar-da, toʻgʻrimi?

Nazira bu gal ham indamadi. U bir pasda ulgʻayib qolgandek edi.

Boyagi askarlar ketgan tomonda pastga tushadigan zina va beton yoʻlak bor ekan. Yoʻlak bora-bora yoʻlni katta asfaltga opchiqarkan.
— Lola tersak yaxshi boʻlardi, — dedi Nazira.
— Lola toshli joylarda oʻsadi. Kel, yaxshisi, mana bu qiyalikdan tushamiz. Lolalar ham topiladi bu yoqda.

Shirinqul yoʻl-yoʻlakay toʻrt dona lola topib uzib Naziraga berdi. Naziraning boʻlsa kayfiyati koʻtarilmas yoki u hech narsani sezdirmas edi.

Shirinqul ertalab xayolidan kechgan — qiz dildorlik bersa labidan bir muchchi olaman degan niyatidan voz kechdi. Qiyada Naziraning qoʻlidan tutar, shunda issiq, judayam issiq taftni tuyar, lekin qiz sal tekisroq joyda darhol qoʻlini tortib olardi.

Asfalt yoʻlda uch nafar askar bolaning yelim chelaklarda zamburugʻ va qoʻziqorin sotish uchun yoʻl boʻyiga chiqib turganini koʻrishdi.

Shirinqul askar bola bilan savdolashib bir chelak qoʻziqorin sotib oldi.

Avtobus yonida allaqachon koʻrpacha va odyollar toʻshalib joy hozirlangan. Mahkam aka oʻchoqqa gurillatib olov yoqayotgan edi.

Mashhura opa bularni koʻrib pichingga oʻtdi:
— Kelin-kuyovlarday ja-a xilvatlarda qolib, a?.. Bu yogʻi tinchlikmi ishqilib?
— Xotirjam boʻling, hammasi yaxshi, yosh bolamidim, — dedi Shirinqul.

* * *

Shirinqul idorada Naziraga ovunadigan boʻlib qoldi. Kompyuter yoniga kelib ataylab kitoblar xatosini tepasida turib toʻgʻirlatar, ba’zan butun-butun matnlarni aytib turib yozdirardi. Shu sabab unga qanday yaqinlashib borayotganini ham oʻzi sezmay qoldi. Nazira ham bora-bora bunga koʻnikdi. U Shirinqulga kitoblar berib turar, ushbu kitoblarda koʻpincha ichkilik qoralanar edi. «Qiyomat alomatlari»; degan kitobni oʻqib uning tepa sochi tikka boʻlib ketdi. Ba’zida xuddi eriga qilgan kabi «ichmasangiz boʻlmaydimi shuni?»; deya malomat qilib qolar, soʻng otasining ichkilik tufayli butkul odamgarchilikdan ayrilganini misol qilib aytardi. Bular ma’qul, lekin yosh qizning, oʻzidan qariyb oʻn toʻrt yosh katta odamga «janob Haq subhonahu va taolo oʻz sharifi kalomida ta’kidlaganidek»; deya amru ma’ruf aylab qolishi gʻalati edi.
— Bilaman, bu narsalarni oʻqiganman, — derdi yigit.

Oʻsha togʻ sayrida ham Shirinqulga «bir qultum ichsangiz, men bilan gaplashmaysiz»; deya shart qoʻygan edi. Shirinqul ham odobli bolalardek bu talabni bekamu koʻst ado etdi.

Uy esa zimistondan zimiston edi. Pardalar, kiyim-kechak, supurgi, idish-tovoq, oshxona—bari, Magʻfiratning otini aytib chaqirgandek boʻlaverardi. Oʻtgan qirq kun qirq yildan ham ziyoddek edi. Firdavsni erkalashni xush koʻrardi. Ishdan kelib u bilan bir zum oʻynasa hordigʻi chiqib ketardi. Oʻgʻli nuqul u aytgan ishning teskarisini qilardi, bunga sari otaning zavqi oshaverar, ba’zan bolani jerkib bersa, u sira kechirmay qolardi, hatto ertasi kuni ham oyisiga koʻrsatib «dadam mani uydi»; deb yigʻlab yuboraverardi. Mana shu erkalik, erkalatishlar ham endi arzanda.

Shirinqul negadir yuragining tub-tubida bari bir Magʻfirat qaytib keladi deb ishonardi. Butunlay voz kechib ketishga irodasi yetmaydi yoki mendan boshqasi bilan yashashni tasavvur qilolmaydi deb oʻylardi. Oʻzi ham undan boshqasi bilan yashayolmasam kerak derdi.

"Hozir akasinikidamikan. Bolalar bilan qanday sigʻib yurgan ekan yo qishloqqa ketganmikan? Hozir oʻgʻlim nima shoʻxlik qilayotgan boʻlsa, qizim-chi? Magʻfirat deraza oldiga borib meni oʻylayotgan chiqar, kutayotganmikan? Yo birorta erkakni topib olganmikan? Tavba qildim, shunaqa boʻlishi ham mumkinmi? Beva xotinning orqasidan yuradigan chiqadi bari bir. Qipchoqda bekorchi koʻp. Ishsizlar ham, puldorlar ham koʻp. Birorta puldori koʻnglini topib oʻynatib yurgan boʻlsa-chi? Oʻynatib ham oʻynashib... Yoʻq, bunday qilmasa kerak. U mendan boshqasi bilan toʻshakka kirolmaydi. Oʻzim ham negadir undan boshqasi bilan yotolmasam kerak. Nega shunday? Duo qildirmaganmikan? Yoʻq, oʻzi shu narsa menga yoqmasa kerak. Talabalikda doʻstlarning qiziqtirishi bilan bir fohishaga duch boʻlgandim. Koʻp oʻtmay kasallikka chalindim. Yashirincha davolanib tuzalgunimcha naq ona sutim ogʻzimga kelgan, bor budimdan ayrilib qariyb yalangʻoch qolganman. Shu bois kimki begona ayol boʻlsa, kasal deb oʻylayman. Iflos va sassiq tuyulaveradi. Faqat Nazira... U namozxon-da, toza. Lekin xotin boʻla oladimi? Bosiq, koʻp qiyinchilik koʻrgan, lekin nimasidir yengil tuyuladi. U— Magʻfirat emas. Aksligi boʻlsa ham Magʻfiratim yaxshi. Agar yaxshi kiyinib olsa qomati hammanikidan zoʻr. Koʻngli iysa hamma aytganingni bajaradi. Badani ham top-toza, oʻziga qarab yursa boʻldi, oʻpsang ham yoqimli hidi bor, eh, qani oʻsha Magʻfirat?! Endi yoʻq, yoʻq, yoʻq. Dahshat! Agar birov bilan yurib ketsa soʻyaman!

Oʻliptimi, bolalariga mehribonchilik qilib, qarab akasinida yurgandir. Akasi sigʻdirarmikan? Qipchoq ham shaharday gap: bir eshikdan kirib chiqavergandan keyin yoqmay qolasan tez kunda. Ha, tugʻishganingni ham yoqtirmay qolasan. Mana, oʻzingdan qiyos, boshqalar ham shunday-da. Yo qishloqqa joʻnatib yubordimikan? Qishloqda esa tez gap boʻlib ketadi. Ajrashipti degan gap ayolga, yaxshimi? Shuning uchun bu narsani yashirishga urinishadi, bir-ikki kun turib qolsa ham ajrashgan, deb qolganini toʻqib-bichib tashlashadi. Yoʻ-oʻq, qishloqqa ketmagandir. Qipchoqqa bir borib poylab kelsammikan? Qanday qilib poylayman? Koʻrib qoladi, koʻrsa yalinib keldi deb oʻylaydi. Shu-u, qaysarligi bor-da. Boshqa tomoni yaxshi. Bari bir boraman. Hamma ayb oʻzimda".

* * *

Odatdagiday uyni saranjom-sarishta qildi, yengil kiyimlarini yuvib dorga ildi. Ishga borib bir ikki kun kelolmayman, deb tayinlab kelmoqchi boʻldi. Ertaroq borgan ekan, Naziradan boshqa hech kim kelmabdi. Qiz har safargiday «Assalomu alaykum»; deya qoʻlini koʻksiga qoʻyib oʻrnidan turdi.
— Har kuni shunday erta kelasanmi? — deb soʻradi Shirinqul.
— Ha, deyarli har kuni. Hech kim yoʻqligida oromida ishlayman.
—Boʻlmasa xalaqit beribman-da?
— Nimaga unnoq deyopsiz?
— Balki xalaqit bergandirman deb oʻyladim-da.
— Shirinqul aka...

Qiz yerga qarab turardi.
— Bir nima demoqchimiding, — dedi Shirinqul goʻyo e’tiborsizday. Ammo bir juda muhim gap aytmoqchiligini angladi, negadir ich-ichidan «oʻsha soʻzni aytmasin-da»; deb yalinganday boʻldi.
— Kir kiymingiz boʻlsa menga keltirib bersayiz, ovqatdan ham qiynalayotgandirsiz...
— Yoʻq, qiynalganim yoʻq. Qaytamga yaxshi, qursogʻimga loyiq narsa yeyapman. Kir yuvish boʻlsa mening hobbim, fizkultura-da, maza. Bizning kirlarni koʻtarib yursang Mashhura opa nima derkin?
— Bilmasam...
— Mavridi boʻlganda bir tonna kir qilib uyib qoʻyarman, oʻshanda uyga borib yuvib berarsan balki.

Bu gapda ilmoqli fikr ham borligini oʻylab:
— Balki birorta dugonangni hasharga oborarsan, — deb qoʻydi.
— Tushimda siz oq ot minibsiz, xayrlik boʻlsa kerak, — dedi Nazira.
— Egarlanganmidi ot? — deb soʻradi Shirinqul birdan hovliqib.
— Egarlangan edi...
— Asov emasakanmi, irgʻishlab ustidan tushirib tashlamadimi akang qaragʻayni?
— Ajoyibsiz-a...

Nazira Shirinquldagi shu koʻtarinkilikni yoqtirardi. Shu bois u kuchli odam, har qanday dard va achchiq qismatni shunday baland ruh bilan yengib oʻta oladi deb ishonardi.
— Bir hafta ish bilan ikki-uch kunga daf boʻlmoqchiman, kelgunimcha idorada nazorat oʻrnatib turasan, xoʻpmi? Tagʻin oʻzing yigit-pigitlarga shilqimlik qilib yurma, xafa boʻlaman. Chunki sen yaxshi qizsan, hadeb bunday shilqimlik qilish senga yarashmaydi.

Qiz garchi bular hazilligini bilsayam joʻrttaga jiddiylashdi:
— Shilqimligimni koʻrib edingizmi?
— Koʻrmaganman, koʻrmayin ham deyman-da.
— Olloh asrasin! Qoʻying, man munnoq hazillarni koʻtarolmayman.
—Unda yaxshi, men seni kechirdim.

Shirinqul «kechirasan, singlim, dilingni ogʻritib qoʻydim»; degani edi bu, teskarisini gapirdi, xolos. Lekin Nazira bu hazilni mutlaqo tushunmadi.

* * *

Yoʻl boʻyi «qanday kutib olarkin?»; degan xayol uni tark etmadi. Bir gap boʻlar, peshonada borini koʻrarman, deb moshinasini bosib ketaverdi. Koʻz oʻngida oʻgʻli, qizi jonlandi. Sovgʻa olib bormasa noqulay boʻlishini sezib doʻkondan har xil shiinliklar, Yangiyoʻl atrofida yoʻldan ikki kilo qulupnay ham olvoldi. Yoʻl uzoq, xayol surib ketdi. Magʻfirat bilan birinchi uchrashuv, uning tortinchoqligi, chiroyli ekani, oʻzi boʻldi, shunga uylanaman, deya tez qarorga kelgani...

Yangasi qurgʻur yomon tarang qilar edi-da. Chaqirib berish uchun ham avval bir nimangni olib, keyin yana devor orqasidan poylab turardi. Magʻfiratning aql-farosati, bilimi oʻqigan qizlarnikidan qolishmasdi. Birinchi safar devor orqasida turib gaplashgan, keyingisida esa «kelsangiz, kunduz kuni keling, kechasi uchrashuvga chiqmayman»;, degan. Keyingilarida birmuncha moslashgan, ammo zinhor soy boʻyidagi terakzor ichida uchrashishga rozi boʻlmagan. Shirinqul sakkiz chaqirim keladigan qishlogʻidan odatda kechqurun, akasining mototsiklida kelardi uchrashuvga. Bir gal endi maktabga borayotgan singlisini olib kelgan, u yangasini bir koʻray deb xarxasha qilgan edi. Singlisi Magʻfiratning singlisi bilan oʻynab ovunib qolganida birinchi marta uzoq gaplashgan va... qizning garchand qarshiligiga qaramay oʻpgan edi.
— Shu yoshga kirib nimaga uylanmay yuribsiz?

Yigit yigirma oltiga kirgan edi.
— Sizdayini topolmadim-da.
— Bizdan zoʻrlari shaharda koʻp-ku, ham oʻqigan ular?
— Ayolning oʻqimagani yaxshi. Oʻqisa eshganlab ketadi.
— Voy, nega eshganlaydi?
— Shahar koʻrgan echkidan qoʻrq, degan gap bor-ku.
— Meni otam oʻqishga joʻnatmadi. Kirib ketardim. Eng a’lochi boʻlmasamam bilimimga ishonardim.
— Balki kechkiga kirib oʻqirsiz, koʻramiz.
— Oʻqitasizmi? Otamning qoʻli kaltalik qilmaganida-ku...
— Afsus qilmang, Xudo xohlasa hammasi yaxshi boʻladi. Biz ham uncha oshib-toshib ketmaganmiz.

Yoz chiqqanda toʻy boʻlgan. Shirinqul uni qattiqroq yaxshi koʻrib qolgan edi. Bir yilcha har shanba qishloqqa qatnadi. Yoʻldan bezor boʻlib ketdi. Yaqin joy boʻlsa ekan. Onasi ham negadir opket kelinni, kvartirada boʻlsayam amallab yashab turarsizlar, demagan. Magʻfirat ham enamning xizmatini qilay, hadeganda shaharga qochib ketmay, derdi. Birinchi farzandi qiz boʻldi. Maqsuda emaklab, dasturxonning agʻdar-toʻntarini chiqaradigan boʻlganda Shirinqul ularni shaharga olib ketdi. Ikkinchi farzandga homilador boʻlganida Xudo yarlaqab uyli boʻlishdi. Xotinini oʻqishga kiritish haqidagi gaplar esidan ham chiqib ketdi. Bola bilan oʻqib boʻlarkanmi? Miyadagi bor bilimni shular qoqib qoʻliga berishdi.

Eshikni akasining qizi ochdi. Akasi uyida yoʻq ekan. Shirinqul "Magʻfirat opangni chaqir boʻlmasam,» dedi. Ancha fursatdan keyin akasining xotini koʻrinish berdi.
— Ha, kuyovtoʻra, nima gap?
— Keldik.
— Xotin, bola-chaqa endi kerak boʻldimi? Qilgʻilikni qilib qoʻyib?..
— Uydami?
— Teshik kulcha yerda yotarmidi, erga berdik singiljonni...
— Yoʻgʻ-e-e, hazillashmang.
— Sizga oʻxshagan bir boyvachcha topilib edi, berdik.
— Jiddiy gapiryapsizmi?
— Boʻlmasa nima? Taloqni bergandan keyin u kimniki boʻlardi, birovga berish kerak-da.
— Yanga, uyingizga kirsak boʻladimi?
— Yoʻq, boʻlmaydi, endi yangi kuyov kiradi bu uyga.
— Hech boʻlmasa bir ogʻiz gaplashtirmaysizmi, koʻrishtirmaysizmi?

Yangasining koʻzlari pirpirab, yonoqlari uchib oʻshqirishga tayyorlandi.
— Jigit degan shunday boʻlama? Ikki oy bolaning, xotinning ahvolidan xabar omayma? Endi mudgor boʻgʻani nesi?
— Yangajon... — Yanga eshikni qarsillatib yopdi. Ichkariga qargʻanib kirib ketdi. «Jigit oʻlgur-ey buytib jurgancha»; deganini eshitdi.

«Qaerda boʻlishi mumkin? Hech boʻlmasa qizim ham chiqmadi-ya. Nahotki yanga aytganiday... Yoʻq, boʻlishi mumkin emas. Qizimni, oʻgʻlimni birovga farzand qilib berib qoʻymayman!»; Kun boʻyi shu joylarda tentiradi. Mashinasini yurgizdi, oʻchirdi; yurib qaradi, turib qaradi, istagani topilmadi. Qoʻrgʻon markazida kafelar koʻpayibdi. Har xil musiqalar yangrab, yosh-yalang kirib-chiqib turibdi. Kimlardir daraxt soyasida pivo simirmoqda. Shirinqul ham toʻyib-toʻyib pivo ichsammi deb oʻyladi. Ammo ichidan oʻtayotganini bu ham bosolmasligini bilib turardi. Asta, bemajol mashinaga oʻtirib oʻt oldirdi. Qoʻl telefonini olib Magʻfiratning akasinikiga qoʻngʻiroq qilib koʻrdi. Tagʻin boyagi qizcha olib oyisini chaqirgani ketdi. Foydasi boʻlmagach, mashinaga gaz bosdi. Ilgari choʻl qurilishi boʻlgan idoraning oldidan oʻtdi. «Neksiya»;lar qatorlashib turibdi. Bu yerda ham kafe ochilibdi. Ikkita qorindor kishi kabob bilan qoʻshib aroq ichib oʻtirishibdi. Shularga oʻxshaganlar Magʻfiratni ilintirdimikan, degan oʻyga bordi va birdan yuragi «shigʻ»; etib ketdi.

«Bular iflos odamlar: pul topadi, puliga maishat qiladi. Xotinbozlik qiladi. Bu — aniq. Xotin emas, oʻynash kerak bularga. Magʻfiratga koʻzi tushsa, eridan ajrab kelib oʻtirganini bilsa, tinch qoʻymaydi. Bir narsalar olib berib, yo xotin qilaman deb, mayishatini qiladi-da, soʻng tuflab tashlaydi, keyin itmisan deb ham qaramaydi, soʻng boshqasini ilintiradi. Magʻfirat ham shularga uchib... Uf-f, undoq emasdir-ov. Magʻfirat shunaqa ayolmidi? Yoʻq, unaqa emas»;.

Shu oʻy-xayol bilan katta koʻchaga chiqib ketganini oʻzi ham sezmadi. Qayoqqa yursin: Toshkentgami, qishloqqami?« Ikkilanib, kalovlanib turganida Guliston tomondan bir »;Neksiya« kelib sekin Qipchoq tomonga qayrildi. Bir meshqorin kishi, yonida xotini ham bor. Shirinqulga u Magʻfiratga oʻxshab koʻrinib ketdi. »;Magʻfiratmas« dedi u oʻziga oʻzi. Magʻfiratmas, Magʻfiratmas!»; Ishonqiramay uning orqasidan yurmoqchi boʻldi. Picha yurib fikridan qaytdi. «Neksiya»; ham yurishi tezlashib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Bir qarorga kelib-kelmay qishloq tomonga haydadi. «Otasinikiga ketgandir»; degan ilinji bor edi. Quyosh ham qizarib borayotgan ufq ortida oʻylanib turib qolgan, goʻyo u ham bu holdan hayron, togʻlar ortiga botib ketish esidan chiqib ketgandek edi. Qishloqqacha kam deganda yetmish chaqirim bor, yetguncha qorongʻi ham tushib qoladi. Qorongʻida yurishni yoqtirmaydi, koʻziga bir balolar koʻringandek vahimaga tushaveradi, yoʻlda chiqqan odam ham qop-qora devdek tuyulaveradi.

Qishloqda chiroq yoʻq, atrof zimiston edi. Oʻzi shu: keyingi paytlarda qishloqda ikki yo uch soat chiroq berishadi-da, xufton boʻlmasdan oʻchirib qoʻyishadi. Odamlar ham koʻnikib qolgan bunga: moychiroqni yoqib, hangoma qilib choyxoʻrlik qilib oʻtiriverishadi. Tosh va paxsa bilan oʻralgan tor yoʻlga birgina mashina sigʻadi. Yoʻlak tugab qishloqqa chiqqach, qiya yoʻldan oʻng tomonga biror chaqirim yuriladi. Yon tarafi tosh devor bilan toʻsilgan birinchi uy qaynotasiniki. Yogʻoch toʻsiqlar devor vazifasini oʻtaydi. Dastavval vovullagan koʻyi it yugurib keldi. Derazasidan yorugʻ tushib turgan uyning oldida gugurt yondi. Kimdir oyogʻiga poyabzal kiydi chogʻi. Mashina yorugʻining roʻparasigacha keldi: qaynotasi. Oq ishton, ustidan uzun qora yaktak tashlab olgan, soqol qoʻyibdi, moʻylovi oppoq. Boboy boʻlish ham bir paslik ish ekan-da. Kuni kecha mirob, qishloq brigadiri boʻlib shovqin solib yurardi. Hoynahoy nomozxon ham boʻlib qolgan chiqar.
— Ha, kuyov, keling. Kuchukdan qoʻrqyapsizmi? Tushing-tushing.

Shirinqul biror narsani tusmol qilmoqchiday eshikni ochib tushdi. Qoʻrqqanday boʻlib, xavfsirab koʻrishdi.
— Bollarni opkelmadingizmi? — dedi qaynotasi toʻsiqlarni birin-ketin tushirib yoʻl ocharkan.
— Ie, — dedi Shirinqul beixtiyor va gapning davomini aytolmay bosh qashladi. Orqasiga qaytdi. Mashinaning yukxonasini ochib shahardan olgan mevalarni oldi.

Qaynotasi nuqul nevaralarining holini soʻradi.

Shirinqul «ha yaxshi, yaxshi»dan nariga oʻtolmadi.

Demak, Magʻfirat bu yoqlarga kelmapti-da. Qaynotasi negadir gap qoʻshmay xomush, sirli-sirli tikilib oʻtirdi. Shirinqul bir-ikki piyola choy ichib uyga oʻtay, ularniyam koʻrmaganimga ancha boʻldi, deb turib oldi. Qaynotasi «quruq ogʻiz ketmang, juda boʻlmasa toʻrtta tuxum qovursin»;, deb turib oldi. Shirinqul unamadi. «Kech boʻlib qoldi»; deb bahona qildi.
— Mayli boʻlmasa, quda-qudagʻaylarga salom deng, — dedi qaynotasi.
— Mayli, yaxshi oʻtiringizlar.

Qaynotasi ergashib kelgan nevaralarini boraveringlar uyga deb haydab yubordi-da, kuyoviga kiftlashdi.
— Kampir bilan ikki-uch kundan beri qoboq— tumshuqlimiz, xijolat boʻlmang, kuyov. Hayotda har narsa boʻpturadi. Ilgari yelkasi qichidi shekilli deb bir-ikki qamchi tashlab turardim, endi yarashmay qoldi. Lekin siz Magʻfiratni urmang, xoʻpmi? Men uni oʻgʻillarimdan ham, qizlarimdan ham yaxshi koʻraman. Ursangiz men xapa boʻlaman, koʻklam kunlari bir opkeling, mayopka qipketasizlar.

Shirinqul uyga borgach yangasiga toʻshak soldirdiyu dong qotib uxlab qoldi. Boshqalar ham uxlab qolishgan ekan.

* * *

Onasining kelinlari ichida Magʻfiratga alohida mehri bor. Qizim qatori koʻraman deb koʻp aytgan. Hatto toʻydan keyin qancha yillar shaharga joʻnatmay turib olgan.

Ertalab oʻgʻli ariqdan yuz-qoʻllarini chayib kelgach:
— Tinchlikmi oʻzi? — deb soʻradi.
— Tinchlik, — dedi oʻgʻli.
— Rostdan tinchlikmi, bolam? — deya xavotirlanib yana soʻradi onasi.
— Tush-push koʻruvdingizmi? — dedi bunga javoban oʻgʻil.
— Tush boʻlsa mayli edi, tushdan yomon gaplar yuripti, bolam. Biror gap boʻldimi kelinminam?
— Nima gaplar eshitdingiz oʻzi?
— Ay, shu odamlar, xotinlar unday-munday gapirib yotishipti-da, elda gap jotoma? Ne qilding kelindi?
— Gartak aytishdik. Pichagina yuzini silab ham qoʻydim. Bollarni olib bir oz aylanib kel dedim, aka-pakasinikida bir-ikki kun dam olib, aylanib boradi-da, nima qiladi bir yerda diqqinafas boʻlib.
— Bir narsani boshlamagan boʻlsang-ku...
— Bunday keliningizdan ayrilib boʻlarmidi. Otam qaerda?
— Jarovuldagi katta boʻlalaring qizini chiqarayotib ekan, oʻta solib kelay, Shirinqul ketib qolmasin, deb tayinlab ketdi.
— Vaqtim ziqroq edi-da.
— Qaramasang boʻlmaydi, qattiq tayinladi. Kecha quruq ogʻiz, och qoringa yotib qopsan. Akangning qizlari pidina terib kelgan, hozir chechang pichak pishiraman deb xamir iylayapti. Hech qaerga ketmaysan.

Hovlidagi qoʻl yuvgichning oldidagi bir parcha oynaga qarab akasi soqol qirtishlab yotipti.
— Uyga kirib choy-poy ichib tur, hozir boraman, — dedi u.

Ichiga yalpiz solib pishirilgan pichakni chalobga botirib ursang yo ichiga saryogʻ eritib tushirsang zap ketadi-da. Shirinqul juda ochqab ketganini turib-turib his qildi. Har gal kelganida onasi yupqa pishirib berardi. Hozir soy va ariq boʻylarida yalpiz koʻpligi uchun nevaralarini ertalabdan uygʻotib, qoʻliga chelak berib yugurtiribdi.

«Mehribongina enajonim! Ne ahvolda boʻlsangizam meni oʻylaysiz-a! Aslida nevaralaringiz, keliningiz bilan kelib uch-toʻrt kun yursam qanchalik dimogʻiyam chogʻ boʻlardi. Afsus... Faqat koʻp soʻroqqa tutavermang, iltimos. Shundoq ham ichginam ezilib ketayotir, ena!»;

* * *

«Oʻsha kuni koʻp dakki eshitishimni bilardim uydagilardan. Otam, onam, ayniqsa akam obdon tuzlaydi deb oʻyladim. Ammo negadir hech biri menga doʻq ham urmadi, pisanda ham qilishmadi. Afsus va attang qilishdi, endi nima qilmoqchisan, deyishdi. Bundan koʻra tayoq olib urganlarida ming marta yaxshiroq boʻlardi, qiligʻimga yarasha jazo olgan boʻlardim. Faqat singlim «agar shu yangamni qaytib opkelmasangiz sizdan aka sifatida rozi emasman», dedi va yigʻladi. Shunday gʻurbatli kayfiyatim boʻlmaganida ikki-uch kun yurmoqchi edim. Qishlogʻim qanday koʻrkam boʻlib ketibdi. Havo, suv toza, atrof koʻklam quyoshida yashnab yotibdi. Osmon shu qadar tiniqki, quyosh chiqquncha yulduzlar koʻrinib turadi.

Akam bir-iki kun turmaysanmi, gaplar bor, dedi. Men unamadim. Choy ichgandan keyin meni rayonga tashlab qoʻyasan, deb mashinaga oʻtirib oldi. Taloq masalasini hech qaysisi bilmas ekan. Lekin akam eshitibdi. Ayollar mish-mishni koʻpaytirib yuborishgan chogʻi.
— Chindan «taloq»; dedingmi? — deb soʻradi akam yoʻlda. Mening indamaganimni koʻrib: — Bekor qipsan, attang, — dedi boshini chayqab. — Aytib qoʻyay, bunday kelinni topish qiyin. Nimasi yomon, ayt-chi?

Yana indamadim.
— Hamma gap oʻzingda, uka. Menga shunday tuyulyapti. Ichib olib urgandirsan. Qishloqqa kelib joʻralaring bilan koʻrishib qolsang ham rosa ichasan. Biz bilan, ota-ona bilan hangoma qilishni bilmaysan. Joʻra degani nima: birpas oʻtirib ulfatchilik qilishga-da u. Keyin ustingdan kulib yuradi. Ota-onayam qariyapti. Endi ular senga xotin qidirmaydi. Boʻlar ish boʻlgan desang, men yugurishim kerak yana.
— Aka, bu masalada sizga yuk boʻlmayman. Toʻgʻri, koʻp ayb oʻzimda. Shuning uchun oʻzimning moyimga qovrilayapman. Bir oz vaqt oʻtsin endi. Keliningizningam, meningam koʻzimiz joyiga kelar.
— Sen taloq degan narsani tushunmaysan, shekilli?
— Tushuninishga-ku tushunaman, lekin...

Bu narsani akam bilan sirlasholmayman.

Otamning, onamning oldidayam xuddi odam oʻldirganday ahvolga tushdim. Onam koʻp oʻpkaladi, otam qudalarimiz yaxshi odamlar, tezroq kelinni opketib, yarashinglar, men ularning koʻziga qanday qarayman, toʻy bor, ma’raka bor, dedi.

Akamni raysabesning oldiga tashladim-da, bu yogʻiga oʻzim keldim. Bugʻdoyzor orasi qizgʻaldoqdan gilamday tovlanib yotibdi. Ustiga yotib dumalaging keladi. Bultur shu yerlardan bolalar bilan yotib, turib, gullarni quchoqlab rasmga tushgan edik.

Qaytayotganda yana Qipchoqqa burildim. Qaynogʻamning koʻchasiga qayrilgan joyda uning qizi bir toʻda qizlar bilan koʻchaga boʻr bilan chizib nimadir oʻynayotgan ekan. Meni koʻrib bir oz tek turib qoldi. Mashinadan tushgan edim, chopib uyiga ketib qoldi. Ammasini chaqirar deb eshigining tagida kutdim. Yana oʻsha ahvol: hech kim chiqmadi.

Oʻylab oʻyimning tagiga yetolmayman: oʻsha davangirday maishatxoʻrlardan bittasiga tegib ketdimikan? Magʻfirat-a?! Nahotki bu ish shu qadar oson boʻlsa? Mumkin emas! U mendan boshqasi bilan ham yotishi mumkinmi? Yoʻq, sira tasavvurimga sigʻdirolmayman. Mendan butkul sovigan boʻlsa-chi? Akasi, yangasi jerkiyverib, hech qayoqqa sigʻmay qolib sabr-bardoshi tugagan boʻlsa-chi. Shunday boʻlishi ham mumkin-ku!..

Boshim shishib ketdi. Ishga borsammikan, bormasammikan?»

* * *

— Nazira, yana qanday tushlar koʻryapsan?
— Koʻp tush koʻraman, lekin koʻpisi xayolimga turmaydi.
— Shirinqul mavzusidagi tushlardan yoʻqmi?

Qiz hazilga bir zum toʻxtab, soʻng qiyo qarab jilmayib qoʻyishiga oʻrtanadi Shirinqul. Odamzodning bunday goʻzal qiliqlari borligini oʻylaydi. Sof, tip-tiniq bir tuygʻular ham bor bu dunyoda. Shirinqul bu qiz uchun suyanchiq, yupanchmi, xaloskormi — kim? Yo boʻlajak qayliqmikan?

Hamma tashvishlariyu hozir yuragida kechirayotgan tuygʻularini jamlashtirib bir qarorga kelolmadi. Unda birgina niyat paydo boʻldi: shu qizning yonib turgan dudoqlaridan qonguncha oʻpish. Avval koʻz oldi bir jimirlab ketdi, soʻng nima boʻlsa boʻlar deb sekingina, deyarli shivirlab:
— Seni yaxshi koʻrib ketdim, labingdan oʻpgim kelyapti, — dedi.

Qiz duv qizardi va ishini ham toʻxtatib teskari oʻgirilib oldi. Yigit kursisini unga yaqinroq surib oʻtirdi. Qiz turib ketdi va derazaning oldiga borib tashqariga bema’no tikilib turaverdi. Yigit uning oʻrniga kompyuter qoshiga oʻtirib oldi-da, qizning ishini davom ettirib oʻzi tera boshladi. Qiz sekin, istar-istamas uning yoniga keldi va :
— Qoʻying, oʻzim ishlayman, — dedi.

Shirinqul oʻrnidan qoʻzgʻalib qaqqayib turib qoldi.
— Xafa boʻldingmi? — dedi.
— Gap xafagarchilikda emas. Men sizni akamday koʻraman. Munnoq gaplariz ogʻir botadi.
— Kechirasan, — dedi-da, yigit xonadan chiqib ketdi.

Ketayotib oʻpishimni rad qilgani uchun ham bu qizni hurmat qilsa arziydi deb oʻyladi.

Shundan soʻng koʻp vaqt shu haqda oʻylab yurdi. Oʻzining unga bogʻlanib qolayotganini sezdi. Agar Magʻfirat bilan taqdirimiz teskari ketgan boʻlsa faqat Naziraga ogʻiz solaman, namoz oʻqing desa namozxon boʻlib olaman, qaytanga toza yuraman, ulfatlardan voz kechaman, degan qarorga ham keldi. Ammo bu qaror muqim emas, istakning xulosasi edi, xolos. Xotin qoʻygan, ikki bolali erkakka bokira bir qizning xotin boʻlishi ham shunchaki gap emas. Boz ustiga turmush sir-asrorlarini bir boshdan tushuntirib, uqtirib borishing kerak. Shirinqul shu zahoti Nazirani qanday toʻy qilib opkelish, toʻyga nimalar sarflash, qaerda oʻtkazish keragu qancha mashina jalb qilish haqida ham oʻylab qoʻydi. U ich-ichidan Nazira menga rozi boʻladi deb ishondi.

Faqat Magʻfirat bilan kechgan hayoti, qizi va oʻgʻli haqida oʻylaganida zil tortar, bularni osonlikcha tashlab ketolmasligini yaxshi his qilardi. Ammo nimadir chora topish kerak-ku.

Ishdan kelgan zahoti «adajon»; deya yugurib kelib boʻyniga osilib oluvchi qizini esladi. Yuragi toʻliqib borayotganini his etdi. Negadir ilgaridan, deyarli talabalik davridan boshlab turmush haqida oʻylaganida nuqul shu narsa koʻz oʻngida gavdalanardi: uying boʻlsa, ishdan kelsang, kirganingda qizing qiyqirib yugurib kelsa, yuzingdan choʻlpillatib oʻpsa, soʻng uni erkalatib mevalar, oʻyinchoq bersang, xotining ham uyni sarishtalab ovqat pishirib kutib oʻtirgan boʻlsa, «yaxshi ishlab keldingizmi, charchamadingizmi»; deb kutib olsa...

Hayotda ham xuddi shu orzu qilgani boʻldi. Xudo uy, xotin va erkalash uchun qiz berdi. Oʻgʻil orzu qilgan edi, oʻgʻil ham berdi. Niyat qilgan ishi, mashina — hammasiga yetishdi.

Ammo nima jin tegdiyu...

Hammasini qaytadan boshlash ogʻir. Kvartirama-kvartira sarson-sargardon boʻlib yurishlar, oʻqish, amallab ishga joylashib olish, bora-bora bir nimalik boʻlish uchun tinimsiz harakatlar... hatto eslagisi ham kelmaydi. Eslaganda oʻrtoqlashadigan, sirlashadigan kiming bor oʻzi? Yaqin oʻrtoqlari, tez-tez kelib turuvchi qarindoshlarining ham oyogʻi uzildi. Oilang boʻlmasa rostdan ham qarindoshlar kelmay qoʻyar ekan. Doʻstlar ham oilaviy davralarga chaqirishdan tiyilib qolarkan.

Bu turishda oxiri moxovday boʻlib qolaman shekilli, deb oʻyladi.

* * *

Nazira ertasi kundan boshlab yana undan mutlaqo xafa emasday tutdi oʻzini: avval qanday boʻlsa shunday gaplashib ketdi. Xuddi hech narsa boʻlmaganday. Qizning menda koʻngli bor, taklif qilsam uygayam boradi, deb oʻyladi Shirinqul.

Qiz ham bir-ikki kun qovogʻini solib yursa yaxshi edimi? Shu tufayli boʻlsa kerak, yigit qizni uyiga taklif qilishga jur’at topdi. Albatta, sababi ayon. Shirinqulning kir-pirlarini chayib berishi kerak.

Ish yoʻq kuni, shanbada choshgohga tomon kelar boʻldi Nazira. Shirinqul hammayoqni saranjom-sarishta qilib qoʻydi. Qoʻshnilar nima deb oʻylasharkin, ishqilib bironta talaba qarindoshlar kelib qolmasin deb sarosimaga tushardi. Nazira aytgan vaqtida, soat oʻn birlarda kirib keldi. Birorta dugona-pugonasini ham ergashtirmabdi. Ular boshqa xayolga bormasin deb choʻchiganini aytdi. Nazira kirib birrov katta odamlar singari niyat qilib duo oʻqidi. Soʻng ketma-ket kekira boshladi.
— Sizda kinna bor, — dedi.
— Kinnasi nima ekan?
— Nazarlangansiz...
— Tavba, sendan boshqa kim ham nazar solardi?
— Yaxshi mullaga bir oʻqitib yuboring.
— Xoʻp, yaxshi mulla bormikan oʻzi? Balki oʻzing oʻqib qoʻyarsan?
— Duosini bilaman, lekin ayol kishiniki em boʻlarmikan?
— Ayolmas, qiz bolasan-ku, seniki em boʻladi.

Nazira «A’zu billahi minashshaytonir-rojiym, bismillahir rohmanir rohiym»; dedi-da, pichirlab bir nimalarni oʻqiy ketdi. Uch marta Shirinqulning yelkasiga qoqdi, boshini siqdi. Rostdan ham yigit yengil tortganday boʻldi. Negadir qiz endi esnay boshladi.
— Uyingizda duo-puo yoʻqmikan? — deb qoʻydi.
— Dinda irim yoʻq deb eshitganman.
— Duo irim emas, — dedi qiz. — Birortasi yomonlik bilan duo qilib tashlab ketgan boʻlishi mumkin-da.
— Mabodo folbin emasmisan?
— Alloh saqlasin. Fol koʻrish jinu shaytonlarning ishi.

Qiz yenglarini shimardi-da vanna tomonga oʻtdi. Uy sohibidan togʻora qaerdaligini soʻradi. Shirinqul balkondan togʻorani opkelib berdi. Hech kim poylamayaptimikan, degan oʻyda pastga bir qarab ham qoʻydi.
— Xohlasang, kir moshin bor balkonda. Unga solsang ham boʻladi.
— Yoʻq, qoʻlda yuvaqolaman. Uni ishlatishniyam bilmayman.
— Toʻgʻri, men ham ishlatolmayman.

Shirinqul oshxonaga oʻtib bir nechta kartoshka va piyoz archidi.Oʻzi bilgan ovqati — goʻsht bilan kartoshkani qovurmoqchi edi. Piyozni toʻgʻrab boʻlib goʻsht kesayotganida Nazira chiqib keldi.
— Nimaga ovora boʻlyapsiz?
— Mehmonga ziyofat, — dedi Shirinqul.
— Shirinqul aka, qoʻying, mening qornim toʻq, bir nima yemoqchi boʻlsangiz oʻzim pishirib beraman.
— Endi mehmonni har tomonlama ekspluatatsiya qilib yubormaylik-da.
— Shu-u, vannangizda bir nima bor, — dedi Nazira Shirinqulning gapiga e’tibor bermay.
— Qayoqdan bilaqolding, fol ochmayman deding-ku?
— Vannangizning shiftiga oʻzingiz ham bir qarang-da.

Shirinqul beixtiyor oʻrnidan uchib turdi. Borib vannaning shiftiga razm soldi.
— Yoʻq-ku hech narsa.
— Anavi yondagi ikki kafel tutashgan joyni qarang.
— Nima ekan, gazetmi?
— Oʻshani oling-da.
— Oʻzing qoʻymadingmi ishqilib.
— Koʻring-chi, boʻyim yetarkanmi?

Shirinqul bir stul olib kelib ustiga chiqib qoʻl uzatgan edi, shundayam boʻyi shiftga yetmadi. Togʻorani kirdan boʻshatib uniyam toʻnkarib stul ustiga qoʻyishga toʻgʻri keldi.

Eski, sargʻayib ketgan gazeta parchasi kichkina qilib oʻralgan, uning ustidan ip chatib tashlangan. Shirinuqul sekin ipni boʻshatib yecha boshladi va Naziraga «ochsa boʻlaveradimi»; deganday qarab qoʻydi. Naziraning ikki koʻzi topildiqda edi.
— Yerga qoʻyib oching, toʻkilib ketmasin yana.

Shirinqul sekin yerga oʻtirib, gazetani ham polga qoʻyib ocha boshladi. Tariqqa oʻxshagan nimadir mayda narsa, yana ozroq tuproq, ayol sochi boʻlsa kerak, bir tutam chalkashib yotgan soch va bir-ikkita tirnoq bor edi.
— Obbo azamat-ey, ovora boʻpti-da, — dedi Shirinqul sir boy bermay.

Nazira battar esnay boshladi.
— Xuddi shu, — dedi. — Duoi ba’d.

Aslida Shirinqul endi choʻchiy boshlagan edi. Kim qilgan boʻlishi mumkin? Tirnoq, soch, tuproq, tariq — bularning ma’nosi nima boʻldi? Es-xayoli xotinida edi. Jahl ustida oʻsha bir narsa qilgan boʻlsa kerak.
— Kim qilgan boʻlishi mumkin, Nazira?
— Dushmanlaringiz qilgan, kim qilardi.
— Kim ekan dushmanim?
—Oʻzingizga ma’lum boʻlsa kerak?
— Xotinim qildimikan?
— Yangamulloda bunday odat bormidi? Har qalay bu avvaldan qilingan boʻlsa kerak: ishingiz ortga ketsin, oilangiz buzilsin deb qilingan.

Shirinqulning boshi qotdi, seskana boshladi, tagʻin kim qilgan boʻlishi mumkin deb hammani bir-bir koʻz oʻngidan oʻtkazib chiqdi. Hech kimda toʻxtala olmadi.
— Buni nima qilish kerak? — dedi oxiri.
— Oqayotgan suvga oqizib yuboring.
— Boʻldimi shu bilan?
— Soʻng oʻzingizni bir oʻqitib tashlaysiz.
— Hozir oqayotgan suvni qayoqdan topaman?
— Keyin tashlab yuborasiz.

Nazira hafsala bilan kir yuvdi. Soʻng ularni balkondagi dorga birma-bir yoyib chiqdi. Endi oshxonaga oʻtib ovqatga unnadi. Shirinqul esa choʻgʻning ustida oʻtirganday oʻtirardi. Goh borib televizor koʻradi, goh oshxonaga kiradi. Mana bu duo degan narsa ham dard ustiga chipqonday uni bezovta qilib qoʻydi. Ora-sira shu qizdan ham bunaqa amallar chiqishi mumkin, deb ham oʻylab qoʻyardi. Bunday vaqtda kimga ishonishingni ham bilmay qolasan.

Nazirani oʻzining xotini deb ham tasavvur qilib koʻrdi. Balki shunday boʻlgani tuzukdir. Hammasiga qoʻl siltash kerakdir. Bunday siqilib, ezilib yurgandan koʻra xotindan bir yoʻla voz kechgan ma’qul. Chunki oraga sovuqchilik tushib boʻldi, aytilar soʻz ham aytildi. Past tushib orqasidan ham bordi. Undan darak boʻlmadi. Hoynahoy, boshqasiga turmushga chiqqandir.

Taqdirining bu qadar keskin oʻzgarib borayotganiga u tushunmasdi: na koʻnikishni, na chora koʻrishni bilardi.

Shu kabi Naziraga uylanishgayam yuragi dov bermasdi. Ichidan nimadir shunga yoʻl qoʻymay, izn bermay turardi. Beqaror bir yurak.

Oshxonadagi xontaxta yonida oʻtirib Naziraga xayolchan tikilib qoldi. «Togʻda koʻrganimda oyoqlari juda bejirim, oppoq, yaltiroq edi, hozir boshqacharoqmi, qanaqadir suyaklari boʻrtib turibdimi». Xotinining oyogʻi juda chiroyli edi. Unaqa oyoq har qanday shaharlikman, posongman deganidayam yoʻq, qoʻllari ham, yuzi ham, qomati ham chiroyli edi. Sochini bir turmak qilib yurish unga qanday yarashardi. Oʻpganingda ogʻzidan yoqimli hid chiqardi, badanini hidi ham oʻziga tanish. U hid endi yostigʻidayam qolmagan. «Hozir shu qiz Magʻfirat boʻlib qolsayu yugurib borib quchoqlab olsang, toʻyguningcha oʻpsang, yigʻlasang, yolborsang, endi xafa qilmaslikka soʻz berib oyogʻiga yiqilsang»;.

Oʻpkasi toʻlib, koʻzlariga gʻumburlab yosh toʻlib qoldi.
— Qaramang, uyga kirib oʻtirib turing, — dedi Nazira noqulay ahvolga tushib. Shirinqulning koʻziga koʻzi tushgach esa bir xil boʻlib ketdi. Yaqinroq kelib: — Yigʻlayapsizmi? — dedi.
— Yoʻq, koʻzimni piyoz achitgan boʻlsa kerak.
— Aldayapsiz. Yangamullom esingizga tushdi. Farzandlaringiz shirin, yangamulloniyam juda yaxshi koʻrasiz. Menga qarab eslab qoldingiz, kelmasam boʻlarkan.

«Tavba bu qiz avliyomi yo folbinmi — hamma narsani sezadi-ya»;.

Bu uydan ovqat hidi kelmay qoʻyganiga ancha boʻlgan edi. Qovurilgan goʻsht va yogʻ hidi boshqacha ekan. Nazira pishirgan taomning mazali ekani hididanoq sezilib turardi. U ovqatni tovoqdan kichikroq tarelkaga bugʻini chiqarib opkelib qoʻydi. Soʻng choy damlab keldi.
— Oʻtir, — dedi Shirinqul. Oʻzining gap ohangiga e’tibor bersa, xuddi xotiniga buyruq bergan kabi juda tabiiy aytibdi shu gapni. Ammo qiz hadeganda oʻtiray demasdi. Oxiri oʻtirdi.
— Nima balo, ovqat sovisa mazasi qochadi, hech oʻtirging kelmaydi.
— Mana, oʻtirdim, boshlang.

Shirinqul kartoshkaning bir chetidan ushoqdan kattaroq qismini olib tashladi — irim qildi. Soʻng «bismillo»; deb boshladi.

Qiz nimadir deb yuziga fotiha tortdi.
— Tushunmadim, nima deb duo qilding?
— Shu taom toatimga quvvat, iymonimga nur boʻlsin deb soʻradim.
— Olloh sendan rozi boʻlsin, — dedi Shirinqul jiddiy.
— Rahmat, aytganiningiz kelsin.

Nazira choy quyib uzatdi. Shirinqul uni yerga qoʻymayoq ogʻziga olib hoʻplamoqchi edi, Nazira toʻxtadi:
— Bir-ikki tomchi toʻkib tashlang. Shunda mening duoim sizga oʻtmaydi.

Shirinqul hushyor tortdi.
— Shunaqa odat bormi?
— Aytaman-da, shunaqa gap bor: duo solingan choydan bir miqdorini ovqatdan ham pichasini olib tashlab yuborsangiz duoning ta’siri boʻlmaydi, deb eshitganman.

Shirinqul shu irimga oʻzicha ishonardi.

Ishxonasida bir vaqtlar ustoz boʻlgan odam irimchiroq edi: sira choyning birinchi piyolasini oʻzi ichmas, bir-ikki tomchi toʻkib yuborar, ovqatdan ham bir chimdim olib tashlashini koʻp koʻrgan. Shu narsa unga yuqqan. Ammo hadeb bunga amal qilavermaydi. Duo masalasi kun tartibiga chiqqandan soʻng shuni oʻylab bir miqdorini qoshiq bilan olib tashlagan edi, Nazira sinchkovlik bilan kuzatib turgan ekan. Uyalib ketdi.
— Bay-bay, juda shirin boʻpti ovqating, qoʻling dard koʻrmasin.
— Osh boʻlsin.
— Ol oʻzing ham, lekin pichasini olib tashlab yubor.
— Nega?
— Chunki men seni duo qilib oʻzimga isitib olayotgan boʻlmayin tagʻin.
— Shundoq ham oʻzingiz issiq odamsiz, duo shart emas.

Shirinqul buni dildorlik berish deb tushundi va ichida bir iyib qoʻydi.
— Ajoyibsan-da, Nazira.
— Tuhmat qilmang, oʻzingiz ajoyibsiz.
— Ovqatdan ol, boʻlmasa hozir...
— Urmasangiz kerak mehmonni?
— Uraman...
— Boʻldi, unda qochib ketaman.

Shunday deya qiz rostakamiga qoshiqni dasturxonning bir chetiga qoʻyib qoʻydi.

Ammo uning jiddiy gapirayotgani yuz-koʻzidan bilinib turardi.
— Endi rostdan ham uraman.
— Ibi, aka, nima qilopsiz?

Shirinqul tezda xontaxtani chetlab oʻtib uni quchoqlab oldi.
— Ibi, baqiraman hozir.
— Avval urib boʻlay, keyin...

Qiz bola emasmi, titroq bosardi uni.
— Qoʻyib yuboring, ketaman.
— Ketmaysan, bir umr qolasan shu yerda.

Shirinqul oʻpmoqchi edi, qiz uning iyagiga tirsagini tirab turib oldi. Kuchi yetmagach, yigitning ogʻzini bekitdi, shunda ham boʻlmagach, oʻzining yuzini toʻsdi. Ammo kuchi yetmadi...

Avval yuzini u yon-bu yonga oʻgirib olib qochdi. Soʻng charchadimi yo xatti-harakatlari befoydaligiga koʻzi yetdimi, indamay qoldi. Bundan foydalangan yigit uni dast koʻtarib uyidagi divanning ustiga olib borib yotqizdi. Chirmashib oʻpaverdi. Oxiri charchadi.

Qiz:
— Endi nima boʻladi? — deb unga termuldi.
— Zoʻr boʻladi.

Kutilmaganda qiz uning yuzidan oʻzi oʻpich oldi.

Bu yigitga yana kuch berdi. Bosib oʻpib, soʻng qizni yechintirishga tushdi.
— Voy akajon, voy, onajon, oʻzimni oʻldiraman hozir...

Shirinqul es-hushini yigʻib oldi. Bari bir hayajonda edi. Qizni anchagacha erkalab yotdi...

* * *

«Sinfdoshim Olqor kalta oʻtgan kuzda Toshkentga pul topish uchun kelib biznikida bir oydan koʻproq turdi. Toza jonimga tegdi. Juda uyquchi, kunduzi mardikor bozoriga chiqib ketib, kechqurun oʻlarday charchab keladi. Bir-ikkita non koʻtarib kelsa deyman, buyam mayli, sira oyogʻini yuvmaydi, sasigandan sasiydi-ey, odamning koʻngillari aynib ketadi. Xotinim jirkanib balkondan joy solib beradi. Yigit kech turadi. Turgandan keyin xotinim balkonning hamma derazalarini ochib qoʻyib uyni shamollatadi. Boʻlmasa uyda turib boʻlmay qoladi. Ba’zan oʻzim sudrab uygʻotaman. »;Bizning tomonlarda xotinni begona erkak bilan qoldirmaydilar, er yoʻq uyga begonani kiritmaydilar, tur, joʻna" deyman. Xafa boʻladi. Turib choy ham ichmay joʻnab qoladi mardikor bozorga. Ichib olsa ayniydi. Ketib qolgan xotinini eslab yigʻlaydi, sen baxtlisan, baxtlisan, deb koʻzlari suzilib xotinimga qarayveradi. Oxirgi paytlarda menga haydovchilik guvohnomasi oberasan, shopiringni boʻshatib meni ishga olasan, degan talab qoʻya boshladi. Bunisi endi toza oshib tushdi. Kelganda keldingmi, ketganda ketdingmi, demay qoʻydim. Oxiri ketdi. Bir marta keldi-yu, koʻzlari alang-jalang oʻgʻriga oʻxshab kirib-chiqib yurdi, boshqa qorasini koʻrsatmadi.

U chaqaloqligida juda kichkina boʻlgan, onasi telpakka solib katta qilgan ekan. Kuzda yantoq chopar mahali onasi yantoqning soyasiga yotqizib dastaga suyab qoʻyar ekan. Ana oʻladi, mana oʻladi bilan katta boʻlgan ekan. Katta boʻlganidayam pakanaligicha qoldi. Shu bois biz uni «Olqor kalta»; deb ketdik. U sinfimizning qoloq, mishirigʻi oqqan, boʻsh-bayov oʻquvchilaridan edi. Katta boʻlganda esa ziqna, pishiq, oʻzidan boshqasini oʻylamaydigan odamga aylandi. Hech joyda oʻqimadi. Ish yoʻq. Uylandi. Xotini ketib qoldi.

Nazira aytgan Suluv folbinga borganimda Olqorning sifatlarini aytdi: oʻrtogʻingiz, boʻyi pak pakana, koʻkkoʻz, chaqqon yigit. Shu qilgan duoni. Qaytarma qildirib tashlang...

Duokash mullaniyam Nazira aytdi: Shopoyizning ichkariroq mahallasida turadigan, tojik shevali, keksa bir chol ekan. Uch kun qatnab oʻqitdim. Ancha yengilman, boshimdan tuman koʻtarilganday".

* * *

Nazira yigitning eng yaqin sirdoshi edi. Shirinqul garchi unga oʻz mahramiday, tortinmay muomala qilsa-da, negadir bari bir xotin boʻlishini koʻz oldiga keltirolmasdi. Qiz esa butunlay unga bogʻlanib qoldi. Aksiga olib Shirinqulda qizga nisbatan sevgi alomatlari koʻrinmas edi. Naziraga doʻst, erkak joʻraday gapiradigan boʻlib qoldi. Qizga shunisi ham yoqib tushar, nazarida Shirinqul endi xotini bilan butunlay uzilishgan, rishtalarni qayta bogʻlashga harakat ham qilmasdi, bu kayfiyat qizda umid uchqunlarini yolqinlantirdi. U Shirinqulday odamga turmushga chiqishga mingdan-ming rozi, balkim xohlar, xatti-harakatlari bilan bu xohishini sezdirib-sezdirib, yigitning turmushiga daxldorligini bildirib, u uchun kuyinib yurardi. Xohlar ediki, hayotning muhim nuqtalarida menga suyansa, shunda men ishonchini oqlab xizmat qilsam, keyin butunlay bogʻlanib qolib boshqalar haqida oʻylamay qoʻysa...

Qizning moʻrt, notavon koʻngli shuni tilardi.

* * *

Nazira yigitning uyiga borib kir yuvib... kelganiga besh kun boʻlgan edi. Shirinqul ishga otlanayotganida qoʻl telefoni jiringladi. Qarab turib qaynogʻasining uyidan boʻlayotganini nomeridan bildi. Tugmasini endi bosib qulogʻiga tutgan edi, oʻchib qoldi. Oʻtirib kutdi. Kutaverdi. Tuflisini kiyib eshikdan chiqqanida uy telefoni bosib-bosib jiringlayverdi. Yuragi chidamay eshikni ochib kirib goʻshakni oldi. Hech kim indamadi. Endi qoʻyaman deb turganida, ingichka ovoz eshitilib qoldi:
— Adajon!.. Maqsu!..
— Allo, allo, qizim... gapir, nimaga gapirmaysan?
— Adajon, sizni sogʻindim...
— Menam sogʻindim, Maqsuda, kelmaysanmi? Oying qani, chaqir.

Yana aloqa uzildi. Yarim soatcha ostonada betoqat kutdi. Boshqa telefon boʻlmadi. Ertaga Navoiyga xizmat safariga joʻnashi kerak. Yoʻlda tushib oʻtsammi Qipchoqqa, deb reja tuza boshladi. Mashinaga chiqqanida Avaz telefon qildi:
— Ishga kelasizmi? Tezroq keling, gaplar bor.

Idora ostonasini qatlar-qatlamas Nazira roʻpara boʻldi.
— Avaz akaga kiring, mana bunday yangilik eshitasiz!

U qoʻlini «mixday»; qilib koʻrsatdi.
— Nahotki, nima gap?
— Kiring, oʻzlaridan eshitasiz.

Avaz uning qoʻlini har doimgidan bardam ushlab, siqib koʻrishdi.
— Oʻzi bu kreslo sizga atalgan, doʻstim! Bugundan boshlab oʻzingiz oʻtiring.
— Yoʻ-yoʻ, nima gap oʻzi?
— Xoʻjayinga avval ham ikki marta kirib: «Shirinqul har tomonlama ezilib yuribdi, oilasiyam bunday boʻldi, joyiga oʻtirsin»; deb iltimos qilgan edim. Iltimosimni nihoyat, bugun qondirdi. Ariza berdim, qoʻl qoʻydi.
— Noqulay-ku. Oʻzingiz...
— Meni oʻylamang. Ishlarga qoʻldan kelgancha yordam beraman. Boshqa yaxshi taklif ham chiqib turgan edi, bu yer begona boʻlmasin deb, sizni oʻylab unamagan edim. Birov, begona kelib qolmasin devdim. Mana, vaqti-soati bor ekan-da oʻzi. Bitta ariza yozib, xoʻjayinga oʻzingiz kirsangiz ham boʻladi. Boʻlmasa men...
— Ishlayversangiz boʻlardi-da, oʻrganib qoluvdim.
— Bu gap ortiqcha. Oʻzimga noqulay boʻlib yuruvdi, yelkamdan togʻ qulaganday boʻldi. Siz bu yerga oʻrgangansiz.

Shirinqul bunday boʻlishini hali-veri kutmagan edi. Avazning ertaroq keling deyishidan boshqa yangilik kutgandi, Magʻfirat unga telefon qilib biror narsa deganmikan, deb oʻylagandi. Shu bois hozirgi yangilik yangilikday tuyulmadi: na quvondi, na xafa boʻldi, qaytanga Avazning qarshisida bir oz xijolat chekdi.

Xonasiga kirib eshikni yopmasidan Nazira qushday uchib kirdi. Koʻzlari porlab yigitning yuzidan «choʻlp»; etkazib oʻpib oldi. Uning xomushligini koʻrib:
— Nima boʻldi oʻzi? — deb soʻradi.
— Hech nima.
— Qanaqasiga? Ertalabdan duv-duv gap-soʻz. Avaz aka ariza beribdi, direktor yana Shirinqul akani qoʻyibdi, deb. Unaqa boʻlmadimi?
— Nima ahamiyati bor buning?
— Voy, sizga ahamiyati yoʻqmi? Men... anov kungi duoni oldirgandan keyingi omadingiz deb oʻylab edim. Mana, koʻrasiz, hali yana omadingiz chopadi. Meni aytdi deysiz.
— Tush koʻrdingmi?
— Endi-da...
— Koʻrgan boʻlsang ayt.

Yigit qizning yuzidan sekingina oʻpib qoʻydi.
— Ertalab qizim telefon qiluvdi, — dedi xoʻrsinib. — Nimagadir oʻchib qoldi.
— Ana, buyam omad.
— Shuning orqasidan bir yangilik eshitamanmi deb oʻylagandim. Ish esa boʻlaveradi-da, bir kun undoq, bir kun bundoq — endi bir joyga hokim boʻlarmidik.
— Hali baxtli boʻlib ketasiz.
— Shunday deb oʻylaysanmi?
— Albatta.
— Koshkiydi...

Shirinqul qizining telefon qilgani xabaridan Nazira xafa yo xursandligini anglayolmadi. Qiz chiqib ketgach oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib qolaverdi.

* * *

Ertasi kuni ham, undan keyingi kun ham Qipchoqdan telefon boʻlmadi. Botinib oʻzi ham sim qoqmadi. Hoynahoy Magʻfirat borganini eshitgan chiqar. Nahotki oʻzining qaerdaligini ham bildirib qoʻygisi kelmasa. Ayol kishi ham shunaqa qattiqkoʻngil boʻladimi? Axir men erkak boʻlaturib bordim-ku, yoʻq, endi oʻzi izlasin, degan xayol uni qamrab, boʻysundirib oldi.

«Kechirib boʻlmas gunohim nima: taloqmi, minnatmi? Munday olganda ikkoviyam bir-biridan battar. Magʻfiratning »;dunyo shundoq tururmi?" deb yigʻlashi, minnat qilganim uchun edi. Yurak ham xun boʻlib ketdi. Nega shu gapni aytdim-a? Aytmasam boʻlmas edimi? Mana, dunyosi huvillab qoldi.

Xudo urib birovga erga chiqqan boʻlsa-ya...

Magʻfiratning shunday qilishiga kuchi yetarmikin? Yoʻ-oʻq, hech ishongim kelmaydi. Birovlarga ermak... Magʻfirat-a?! Shirinqulning xotini shunday qilib yuribdi degan gaplar chiqib ketsa-ya?! Bundan koʻra oʻlib ketavergan ming marta yaxshi-ku! Nima qilish kerak? Yana borsammikan?.."

* * *

— Nazira, nima deb oʻylaysan: borsammi, bormasammi?
— Oʻzingiz bilasiz. Lekin bilib qoʻying: u xotin endi sizniki emas, boshqa birovga erga chiqishi kerak.
— Unchalikmasdir-ov. Hech yoʻl-yoʻrigʻi yoʻqmi?
— Aslida yoʻl yoʻq...
— Toʻgʻriku-ya. Oʻzim ham yaqinda «Taloq kitobi»; degan kitobcha oʻqidim. Undan avval «Muxtasar»; degan kitobda koʻzim tushgan edi. Qur’ondayam bor. Tark etolmayman-da, nima qilay?
— Xotiningiz toʻgʻri yurganiga aniq ishonasizmi?..
— Unday dema, unday dema! U... Endi yurakni qon qilma-da sen ham.
— Deyman-da, shuncha vaqtdan beri...
— Mana, sen ham yuribsan-ku?
— ...mening yoʻrigʻim boshqa. Olloh nasib qilsa, hayotdan umidim koʻp.
— Ishonasanmi?
— Bir narsa deyolmayman. Ammo...
— Ahd-paymon qilganing bordir?
— Rostini aytaymi?
— Ayt.
— Aytmayman...
— Mayli, aytmaganing tuzuk...

* * *

Oʻrtanish, ishtibohu ikkilanishlar qurshovida yurganining uchinchi kuni idorasiga yon qoʻshnisi Farida telefon qildi. — Oka, suyunchini choʻzing!
— Ayting, suyunchi bermaganam nomard.
— Bolalaringiz...
— Rahmat! Qani, uyning oldida turishibdimi? Aylanay sizdan...
— Biznikida, voy...
— Magʻfirat-chi?
— Kelsangiz koʻrasiz.

Bolalar allaqachon koʻchaga chiqib oʻynab yurishgan ekan. Maqsuda chopib kelib dadasining boʻyniga osildi, hech qoʻyib yubormadi. Turib-turib yigʻlab yubordi. U oʻzini toʻxtatolmas, dadasining boʻynidan ham qoʻlini boʻshatmas edi.
— Boʻldi, boʻldi, ena qizim. Endi hech qayoqqa ketmaysan, har kuni oʻzim oʻynataman, har kuni...

Shunday deya dadasi ham yigʻlab yubordi. Oyogʻiga kelib mushukday erkalanayotgan oʻgʻlini ham sezmadi. Kap-katta erkak, dunyoda eng zoʻr odam deb oʻylaydigani dadasi boʻlsa, buyam yigʻlab yotsa. Firdavs ham beixtiyor yigʻlashga tushdi. U birinchi marta dadasining yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpdi, yuzini oʻgirib yana yigʻladi.

Faqat Magʻfiratgina tusini oʻzgartirmadi. U bir nafas eriga qarab qoldi, koʻzidagi yoshni koʻrib rahmi keldimi yo uning ham yigʻlagisi keldimi yuzini olib qochdi.
— Shirinqul aka, — dedi Farida eshilib, - qaytadan toʻy qilasiz endi, he, odam boʻlmay keting...
— Mayli, mayli, bugunoq toʻy. Rashid kelsa chiqinglar, toʻyni boshlaymiz-da.

Bolalarining rangi qorayib, kiyimlari ham toʻzib, rangi oʻchib ketgan edi. Magʻfirat ham qorayibdi. Ozibdi. Oʻzi kamqon edi. Ovqat kam yerdi. Birovniki oʻzingnikiday boʻlarmidi. Kiyimlari ham bir ahvolda. Almashtirib kiyishga koʻproq opketmagan ekan-da. Mayli. Muhimi — keldi-ku. Xarobu xonavayron boʻlib ketgan oila tagʻin tiklandi-ku! Xudoyimga shukr! Minglarcha shukr!

Magʻfirat vannaga kirib uzoq yuvindi. Soʻng bolalarini opkirib yuvintirdi. Shirinqul ularning chiqishini kutib oʻtirmay bozorga zingʻilladi. Rostdan ham bir toʻyga yetgulik narsa koʻtarib kelib uyiga tashiyverdi. Tugab borayotganiga qaramay donasi tovuqnning tuxumiday keladigan qulupnaylar, tut, yangi chiqqan zardoliyu giloslar, pishgan, pishmagan qoʻy, tovuq goʻshtlari, turfa sharbatu ichimliklar... Oʻzi yigit hayotida birinchi marta shunday erib ketishi chiqar.

U bir talay hamqishloqlari, ishxonasi, bir necha qoʻshnilarini ham mehmonga chaqirdi. Magʻfirat ham churq etmagan boʻlsa-da, astoydil dasturxon tuzab ovqat pishirishidan yaqin soatlarda ob-havo oʻnglanib ketishidan umid qilsa boʻlardi. Ishxonasidan Avaz, Mashhura opa, yana uch kishi keldi. Nazira kelmadi. Kelmaganiyam tuzuk boʻpti. Mashhura opa gap orasida bir-ikki marta Shirinqul bilan uni sal boʻlmasa oshiq-ma’shuqqa chiqarib qoʻyayozdi. Avaz bir amallab gapni boshqa yoqqa burib vaziyatni oʻnglab yubordi. Qoʻshnisi Farida esa tamom Nazira bilan qiziqib qoldi. «Hijobli qiz emasmi?»; deb soʻradi. Ikkalasi birpas shivirlashib qolishdi. Yaxshiyam shu topda Magʻfirat yo oshxonada, yo oʻgʻlini uxlatish bilan band edi. Avaz baland ovozda Shirinqulning qoʻshnisi Rashidga qadah soʻzini uzatib yubordi. Rashid ham el qatori endi bu oilada sira nizo, kelishmovchiliklar boʻlmasligini, yangi kelin-kuyovlarday tinch-totuv yashashlari va «yoshlar»; qoʻsha qarishini tiladi. Oʻtirish alla mahalgacha davom etdi. Oxiri Avaz «asal oyi boshlangan»; shu kunlarda yoshlarni koʻp ham bezovta qilmaslik zarurligini uqtirib dasturxonga fotiha tortdi.

Magʻfirat yoʻlda charchab kelgani bir sari kel-ketdi, dasturxonga unnab charchab, koʻzlari kirtayib qolgan edi.
— Kel, oʻtir, qolganini ertaga yigʻishtirasan, hech narsa qilmaydi, — dedi Shirinqul. Koʻp ichilgan boʻlsayam u hushyor edi. Magʻfiratga qarab negadir bezovta boʻlardi. Magʻfirat esa hamon churq etmay idishlarni oshxonaga tapshirdi.
— Qoʻy, boʻldi, — dedi Shirinqul yana.

Bu safar Magʻfirat oʻtirdi. U bari bir eriga qaramas edi.
— Meni kechir, Magʻfirat, itlik qildim.

Xotini bunga javoban stolning gardishini tirnoqlab ishqalab, ermak qilib oʻtirdi.
— Xudoga ming qatla shukr, kechirganingmi bu?
— Nima qilganim?
— Kelganing.
— Oʻzingiz bordingiz shekilli...
— Men, toʻgʻrisi, tavba qilib bordim.
— Minnatchi odamning tavbasi qaerga borardi. Buning ustiga ogʻzingizni kappa ochib taloq qoʻydingiz...
— Bundan chiqdi, kechirolmabsan-da. Prosta akangning uyiga sigʻmagansan,a?
— Minnatdan boshqa gapingiz qomapti oʻzi?
— Men... minnat qilmayman. Tavba qildim... Qoʻy, bu gaplar meniyam ezadi, seniyam. Men bilan ozroq ich, xoʻp de.

Shirinqul oʻzini piyolasiga toʻldirib, unikiga kamroq-kamroq toʻrt marta quydi. Oʻpkasi toʻlib ketdi. Dunyo bir yorugʻlashib, bir qorongʻulashdi. Yana yorishdi. Xotiniyam moʻltirab termuldi, koʻzlarini gʻumburlab yosh qopladi. Xotini qizarib ketgan edi. U eriga tik qaradi. Erining koʻzlaridan shashqator yosh quyilib ketdi. Bu uning oʻtinchi, yalinib-yolvorishi, tavbasi va umuman taqdir shu yergacha yetaklab olib kelguncha boʻlgan dardining koʻz yorishi edi.

Magʻfirat chidab turolmadi.

Kelib erining ustiga oʻzini tashlab baralla hoʻngrab yubordi. Koʻzidagi yoshini toʻxtatolmas, burni shoʻrqillar edi.
— Boʻldi, boʻldi, yigʻlama. Yigʻlayverma deyman, yosh boladaysan-a.

Yigit oʻzicha shunday dediyu, hiqillab, koʻkragi ogʻrib qolguncha yigʻladi. Koʻzlar, yuzlar, burunlar qizarib, shishib ketgan edi. Nihoyat, Shirinqul xotinining yuzidagi yoshni artar ekan, yosh bolani oʻpganday oʻpib qoʻydi va beixtiyor:
— Etagingni toza tutdingmi, Magʻfirat? — deb soʻradi.

Magʻfirat taxtaday qotib qoldi.Soʻng koʻzlarini yumgancha boyagidan ham battar boʻzlab yubordi. U tayoq yegan boladay bor ovozini qoʻyib yubordi va kuchsizgina qoʻllari bilan stolni alam bilan mushtladi.
— Qaytib oldim, Magʻfirat. Men tushundim.
— Shuncha iflos dedingizmi meni, shunchalikka boradi deb oʻyladingizma?
— Kechir meni, ma, pichoqni olib soʻyib tashla, boʻldi, ma!

Shu kecha osmon ham yigʻladi. Goʻyo momoqaldiroqlar joʻrligida inqillab, yoʻtalib, ehtimol toʻyib yigʻladi. Lekin bu ikkovlon tun yarmigacha yigʻiga toʻymadi. Oxiri koʻzlarining yoshi qurib bitdi. Bunga dovur savol ham, javob ham hoʻng-hoʻng bilan aytildi. Nihoyat ular kulishga oʻtdilar.

Shirinqul xotinini quchoqlab koʻtarib oldi.

Magʻfirat hayotida birinchi marta badaniga erining qoʻli tekkanda indamay, aksincha, yoqtirib, kulib yotdi. Shirinqulning bunga sari gʻayrati joʻshib, kuchini koʻrsatdi. Ushbu lahzaning totini tushida ham koʻrmagan, ertakda ham oʻqimagan edi. Shu bois ehtirosga toʻla bu fursatning uzoq davom etishini xohlashardi.

Shirinqul ayol zotining bu qadar shirinligini endi bildi. Dunyodagi eng goʻzal ayol oʻziniki ekan!..

* * *

Talabalikdan soʻng oʻrtoqlari bilan arab alifbesi va namoz oʻrganamiz deb bir mullanikiga qatnagan edi. Abdulla qori der edi u kishini. Har ikki kunda kechqurun, ishdan soʻng uyiga borib ikki soatdan dars olishardi. Tajvid, muallimi soniy va undan soʻng haftiyakka kirishib ketishdi. Shirinqul ilgari bunday saboq koʻrmagani sababmi judayam qiziqib qoldi, goʻyo dunyoda javobi yoʻq savollarga islomda javoblar bor edi. Asosiy farqlar, sunnatlarni bilib oldi. Jamiyatda yuz bergan erkinliklar dinga ham koʻchgan edi. Dastlabki roʻza tutgan kunlarini yaxshi eslaydi. Roʻzaning birinchi ham boʻlgan gaplarni soʻzlab bera boshladi. Mulla esa, (hoynahoy hoji ota boʻlsa kerak) engashgan koʻyi bir qogʻozga arab imlosida bir narsalarni yoza boshladi. Shirinqul, xuddi u odam buning gaplarini yozib olayotgandek oqizmay-tomizmay toʻgʻrisini gapirib bera boshladi. Hoji ota yozishdan toʻxtadi hamki, mijoz toʻxtamadi. U chamasi gʻisht yengil koʻchganiga tamom iqror boʻlgan edi.
— Otingiz? — dedi mehribon odam.

Aytdi.
— Kelin?

Aytdi.

Endi muhr bosish qolgan edi.

Ish xuddi oʻylaganiday, ya’ni risoladagiday amalga oshdi. Shirinqul belgilangan tartibda jarima toʻladi va bajonidil, koʻngildan chiqarib «odamgarchilik»; ham qildi. Hoji ota bu «odamgarchilik»ni tabassum bilan, mehribonlarcha qabul qildi. Uzundan-uzoq duo qildi, oilasini, farzandlarining moʻmin-musulmon, iymonda sobit boʻlishlarini, qoʻsha qarib, farzandlarining rohatini koʻrib davru davron surishlarini tiladi. «Patta»;ni qoʻliga olib shitob bilan mashinasiga qarab yurarkan, «odam degan bunday boʻpti-da»;deb qoʻydi.

Ishxonaga oʻzida yoʻq xursand kirib keldi. Avaz unga kabinetini boʻshatib qoʻyibdi. Qabulxonada Nazira. Uning yuzidan bir narsani uqish qiyin. Har doimgiday oʻrnidan turib «Assalom»; dedi. Shirinqul ichkariga kirdi, ichkaridan Naziraga choy buyurdi. Kresloga choʻkdi. Biram yoqimli, mayin ediki bu oʻrindiq...
— Yangamullom telefon qiluvdilar. Negadir mening ismimni soʻradilar... Siz sotkangizni oʻchirib qoʻyibsiz.
— E, parvo qilma. Mana buni qara, — deya u choʻntagidan toʻrt buklangan fatvo qogʻozini chiqardi. — Nimaligini bilasanmi? Aytmoqchi, arabcha oʻqiy olasan-ku.

Nazira uni qoʻliga oldi. Tezda qaytardi-da:
— Fatvo ekan, yaxshi boʻpti, — deya burilib chiqib ketdi.

Shirinqul uning orqasidan qabulxonaga chiqdi. Nazira ochiqchasiga tumshayib olgan edi.
— Xohlasang, — dedi Shirinqul va gapini davom ettirmay oʻylanib qoldi.
— Bu yerga Mashhura opa oʻtqazdimi? — dedi birdan.

Nazira indamay turaverdi.
— Xohlasang, — dedi yana Shirinqul unga, — biror joydan kvartira topib senga sharoit qilib beraman.
— Gulya kasal ekan, Avaz aka shu yerda oʻtirib tur deb aytoptilar, — dedi Nazira zoʻrgʻa ovozi chiqib.

Boshliq nega bunday deyapti degan misol unga hayron qaradi. Soʻng qizning avvalgi savolga javob berayotganini parishon boʻlib esladi.
— Toʻgʻri qipti, — dedi.

Negadir shu topda yuragi gumurib ketdi. «Endi hech xato qilmayman, toza yuraman»; deb oʻziga qasam ichdi. Kabinetiga oʻtib uyiga qoʻngʻiroq qilib Magʻfiratdan suyunchi olmoqchi boʻldi. Hech kim telefonni koʻtarmadi. Bir yoqqa chiqishgandir-da deb choy xoʻplashga tutindi.

Idoradan chiqishdan oldin uyiga tagʻin qoʻngʻiroq qildi. Qizi oldi. Endi shirin qizim, asal qizim, nima oboray, deb erkalamoqchi edi, u: «Dada, tezroq keling, oyim turmayapti»;, dedi. «Uxlayaptimi?»; — dedi u koʻngliga alagʻdalik tushib. «Turmayapti, Firdavs yigʻlayapti»;, dedi qizi va hiqillashga tushdi. «Hozir boraman, qizim»;, deya shoshib goʻshakni qoʻydi. Negadir boʻgʻinlari boʻshashib ketdi. Ichidan muzday bir narsa sirgʻalib tovonigacha tushdi. Shol boʻlib qolmadimmi deb oyoqlarini qimirlatdi: ishlayapti. Lekin uvishgandek.
— Nazira, — dedi titroq tovushda.

Qiz eshikdan moʻraladi.
— Televizor, choynak-poynaklarni tokdan sugʻurib qoʻy, men ketdim.

Nazira hayron boʻldi.
— Oʻchirilgan-ku hammasi.

Lekin boshliq bunga ahamiyat bermadi. Kun asrga ogʻib, bolalar «dom»;ning soyasida shovqin solib oʻynashardi. Shirinqul jonsiz oyoqlari bilan uchinchi qavatga harsillab chiqdi.

Magʻfirat chalqanchasiga sochi toʻzgʻib yotar, Firdavs uni yulqilayverib, yigʻlayverib, oxiri charchab, onasining koʻkragiga boshini qoʻygancha uxlab yotardi. Qizi boʻlsa eshik kesakisiga suyangan koʻyi piqillab yigʻlardi.

Shirinqul shitob bilan borib xotinning yuzini ushladi: sovuq. Koʻkragiga qulogʻini tutdi: yurak urmayapti. Koʻzlarini yirib ochib koʻrdi: bema’no. Oyoq qoʻli endi chinakamiga ishlamay qoldi. Oʻtirgan koʻyi xotiniga tikilib qoldi. Boʻynida choyshab. Bir uchi karnizga bogʻlangan, karnizning bir tomoni yulinib tushgan. «Uvv»; deb yuzini changalladi. Soʻng tuyqus «E, Xudo!»; deb baqirib yubordi. Qancha izillagani bilan koʻziga yosh kelmasdi. Firdavs uygʻonib yigʻlay boshladi. Uning oyogʻi ostida, Magʻfiratning oʻng qoʻli yonida bir qogʻoz yotardi. Shirinqul qogʻozga darrov qoʻl choʻzdiyu, uni oʻqishga botinmadi. Koʻz qiri bilan: «Nazira»;, «Farida»; degan ismlarga qaradi. Soʻngrogʻida: «Dunyo shundoq tururmi?!»; deyilgan, barisi shunday ayon va kunday zulmatli edi.

Beholgina qogʻozni turt bukladi va beholgina koʻkrak choʻntagiga tiqmoqchi boʻldi. Hadeganda kiravermadi. Bu choʻntagida toʻrt buklangan tagʻin bir qogʻoz bor edi: ikkovi bir joyga sigʻmadi...