OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sobir Oʻnar. Tarvuz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSobir Oʻnar
Asar nomiTarvuz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sobir Oʻnar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tarvuz (hikoya)
Sobir Oʻnar

«
Bu zamonda birovga ahmoq odam qarz beradi, olgan odam vaqtida qaytarmaydi, elanib yurasan-yurasan orqasidan, yoʻq, mana, koʻrib turibsan-ku, oʻldirsang oʻldir - berolmayman, deb qaqshab turaveradi. Va’dalar boshqacha edi-ku, desang, tushsa olasan-da, deya shalpayadi. Nima qilasan, oʻldirasanmi, soʻyasanmi, oʻrniga keladimi shunda?
»

Omondavlatning qishloqdan qoʻngʻiroq qilib indinga bola-chaqasi bilan kelishini eshitib Xudoyqulning ensasi qotdi, nechukdir miyasiga lop etib buyam pul soʻrab keladi, boʻlmasa besh-olti yildan beri koʻrishmagan sinfdoshga balo bormidi, degan oʻy urildi. Koʻngli xijil tortib, kelmasayam oʻpkalamas edim dedi. Oʻzidan-oʻzi xotiniga yozgʻira ketdi: «Bu zamonda birovga ahmoq odam qarz beradi, olgan odam vaqtida qaytarmaydi, elanib yurasan-yurasan orqasidan, yoʻq, mana, koʻrib turibsan-ku, oʻldirsang oʻldir - berolmayman, deb qaqshab turaveradi. Va’dalar boshqacha edi-ku, desang, tushsa olasan-da, deya shalpayadi. Nima qilasan, oʻldirasanmi, soʻyasanmi, oʻrniga keladimi shunda? Ayniqsa, qishloqdagi odamga qarz ber, quduqqa tushgan ignaday ming yildayam qaytmaydi, yemish oladi, bugʻdoy oladi, yemishni — moli, bugʻdoyni — oʻzi yeb qoʻyadi, nima qilasan, yeb qoʻydik, uka, joʻra, deb hiqillab turaveradi. Senam yordam ber menga, Sapuvra, shu gal qarz bermayman, qaytmaydi, eng yaqin sinfdoshim shu Omondavlat boʻlsa, undanam qaytmaydi».
— Xoʻp, pulimiz yoʻqligini xotiniga tushuntirarman, xotini eriga aytar, shundayam yoʻq, senda bor, berasan, deb yopishib turib olmas, axir. Toʻgʻrimi?
— Ishqilib bir iloj qil, meni qutqar shu safar, boʻlmasa, bilasan-ku, koʻngling boʻsh, berib yuboraman.

Er-xotin ikkov mehmonlarni kutib olish rejasini tuzishdi.

Undoq desa bundok, bundoq desa undoq edi, deya chora gap topib beramiz, xullas, yoʻqligiga ishontiramiz, deb kelishib olishdi.

Mehmonlar kechin-ola yetib kelishdi. Omondavlat xotini, bir chaqaloq qizi, toʻrt-besh yoshlardagi burni oqqan oʻgʻli bilan keldi. Doʻstining uyida yoʻqligini koʻrib chandon xafa boʻldi, goʻyo u hech qayoqqa qimirlamay kutishi shartday. U qoʻltigʻida ikkita tarvuz, xotini bir qoʻlida chaqalogʻi, bir qoʻlida kattakon korzinkasifat sumkasi bor edi. Sumkada turshak, yongʻoq, mayiz, qishloqning tegirmon unida yopilgan talay non va patirlar, Xudoyqulning yosh qizchasiga atab tikilgan kiyim-bachkilar. Omondavlat tarvuzlarni oshxonaga qoʻydi, soʻng yuz-qoʻlini yuvib zalga — mehmon kutiladigan joyga oʻtdi. Oʻgʻilchasi ur-toʻpolonni boshladi: telefonning trubkasini koʻtarib «allo» deb qichqirdi, televizorning knopkalarini bosa boshladi, bir qogʻoz qutining ichidan turli oʻyinchoqlarni chiqarib har yoqqa sudradi. Oʻzi yasatilgan stol boʻyiga oʻtirib choy ichdi, uzum yedi, yongʻoqlardan chaqdi, televizorga qarab oʻtirib divanda uxlab qoldi. Allamahaldan soʻng oʻrtogʻining kelib turtishidan uygʻondi. Sapchib turib quchoqlashib koʻrisha ketdi. Uxlab qolgani uchun uzr soʻradi.
— Yoʻl charchatgan-da, nimasiga xijolat boʻlasan, — dedi Xudoyqul. Soʻng oʻtirib soʻrashar-soʻrashmas atrofning toʻzib ketgani, oʻgʻilchasi hamma narsani agʻdar-toʻntar qilgani, chaqalogʻi narigi xonada baralla qichqirayotganini koʻrib chandon kayfi uchdi va sal jahlini bildirib bir oz sur ohangda: — Jon joʻra, oyogʻingdiyam, noskingdiyam yuvib kel vannaga borib, — dedi.

Omondavlat oʻrtogʻining gapi hazilmi-chinmi, bilolmay garang boʻldi, bir jilmayib «qoʻysang-chi, ey, oyogʻim sasimagandir», demoqchi boʻldi, qarasa, mezbonning avzoi jiddiy, juda xijolat boʻlib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Balogʻatga yetgani beri bunaqa dashnom eshitmagani uchunmi, koʻngli singandek boʻldi. Ammo keyinroq picha gʻashligini bosib, shaharda uylar tor, shuning uchun oʻzimga sezilmagan ter hidi uyga tarqagan chiqar, begona boʻlsam betimga aytarmidi deb oʻylab qoʻydi.

Chamasi shunday deb oʻziga tasalli berdi. Xudoyqul qishloqni, ogʻa-ini, qarindoshlarni surishtirgach, dabdurustdan pul topish ancha mushkul boʻlib ketgani, birovga bergan pulingniyam, molingniyam qaytib olish oʻlimdan ogʻirligini yozgʻirib soʻzlay ketdi. Omondavlat doʻstining pul soʻrab qoʻymasin deb avvaldan pushkadan oʻt ochayotganining ma’nosini tushunmadi. Hayron boʻldi, uyning har tarafi yaltirab turishi, televizor, mebellarning bahosini oʻzicha oʻylagan boʻldi, hovli qurayotgani, qanaqadir chet el mashinasini minib yurganini eshitgan, miyasining bir chekkasida hammasi gʻimir-gʻimir e’tirozlar uygʻotib, noshukur boʻlmaslikka da’vat qilmoqchi boʻldi-yu, negadir oʻzi ham rostdan odamlar hozir shunaqa ekanligini tasdiqlash uchun amakisining oʻgʻliga urugʻlik uchun tiramoda oʻn besh ming soʻm bergani, biroq uni qaytarib olish qiyin boʻlgani, ikki-uch marta besh yuz — ming soʻmdan berib barakasini uchirgani, oxiri ekkan bugʻdoyini bod urib, hech narsa berolmasligini aytib turganini soʻzladi.
— Ana shu-da, hamma shu, hech oʻzga emas, xoh shaharda, xoh qishloqda, xoh doʻst, xoh dushman boʻlsin — oqibati shu, — deya pishang berdi Xudoyqul. - Haliyam oʻn besh ming ekan-ku. Bu shaharda bir xil oʻziga toʻq oilalarning bir kunlik xarajatiyam emas. Omondavlat «yoʻgʻ-e» deya televizordan koʻzini uzib joʻrasiga qaradi, ishonish-ishonmasligini bilmadi. Xudoyqul esa bee’tibor davom etdi.
— Mana shaxsan oʻzimning oʻn ming dollardan koʻproq pulim tashqarida yuripti. Zarillikkayam soʻrab ololmayman. Hammasi koʻz qiymaydigan odamlar: doʻstlar, kursdoshlar, qarindoshlar, ukalar.

Omondavlat shu dollar deganlarining basharisiniyam koʻrmadim-da, oʻzi u necha soʻm turadi, qaerda sotiladi, deb soʻramoqchi boʻldi, ammo shu mavzu unga koʻp xush kelmadi. Hamma narsang yetarli boʻlaturib, dodlayversang ham yaxshi emas-ku. Birdan xayoliga joʻrasi qizchalik boʻlgani kelib, choʻntak kovladi va «toʻnbichar kutlugʻ boʻlsin, umri uzun boʻlsin!» dedi. Yigirma uch yil avvalgi sinfdosh boʻlib yurgan kunlari, maza-bemaza qilgan ishlarini eslab miriqib oʻtirgisi keldi. Sinfdoshlarining ahvolidan soʻzladi. Ikki oyda bir marta yigʻilib turishlari, yigʻilganda uch kilo goʻshtning pulidan gashtak pul yigʻishlarini aytib, sen ham qoʻshilsang oʻtirishga, bolalar Xudoyqul bizlarni mensimay ketdi deb yuribdi, bir minnatdan qutulasan, dedi.

Xudoyqulning ensasi qotdi. Yo pulni, yo doʻstlarini mensimaganday boʻldi. «Ichlaringda joni bori kim oʻzi?» deb kulmish qildi. Doʻsti xafa boʻla boshlaganini koʻrib «xoʻp-xoʻp, boshqa bunday demayman, men seni masxara qilmadim-ku» dedi va tagʻin kuldi.

Omondavlat endi bu kishi oldingi qadrdon sinfdoshi emas, tamom begona odamga aylanib boʻlganini his eta boshladi, afsuslanishini-da, begonasirashini-da bilmadi. Bilgani shu boʻldiki, ayni kezda oʻzi ham, bola-chaqasi ham ortiqcha ekan. U oʻylar ediki, bola-chaqa bilan bordi-keldi qilish durustroq boʻladi, qalinlashish shundan boshlanadi, xotinlar ham, bolalar ham bir-birining otini aytib eslab turishi yaxshi gap. Biroq bu kabi munosabatlar Xudoyqulga kerak emasga oʻxshaydi. Mehmon qizardi, boʻzardi, xijolat boʻldi. Televizorga qarab oʻtirib tosh qotdi, lekin qulogʻiga shapaloq tekkan kabi qizib turar edi. Xudoyqul gapi teskari boʻlgani bir sari durustroq siylamadiyam. Dasturxonga kelgan birinchi ovqat moshxoʻrda boʻldi. Mezbon bulka non kesa boshladi.
— Qishloqning non-patirlari bor edi, Sapuvraga ayt opkesin, — dedi mehmon. Mezbon xotiniga tayinladi, u qop-qora bir non va patir opkirdi.
— Oʻzi bunday boʻlgani bilan ta’mi boshqacha-da, jonivorning rangi sal netoroq, — dedi mezbon darrov Omonga qarab: — Rostingni ayt, ichasanmi, ichsang opkeltiray, — deb soʻradi.
— Shart emas, — dedi Omondavlat yana televizorga koʻzini qadab. Ovqatni oldiga tortarkan, yana qoʻshib qoʻydi:
— Yoʻq boʻlsa, opkeltirib oʻtirma.

Bu bilan u ichgasi borligi, «yarimta» ustida ezilishgisi, samimiyroq suhbat sogʻinayotganini sezdirgan edi. Ammo...

Xoʻrillatib moshxoʻrda ichishdi.

Ovqat ichib boʻlishlari hamon eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Bashang kiyingan ikki yigit kirib keldi. Mezbon bilan oʻpishib koʻrishgach, stolga choʻkishdi, aftidan uzoq oʻtirishga vaqtlari va hafsalalari bor.

Mezbon ham darrov gardikapalak boʻlaketdi. Mehmonlar Xudoyqulning biznes hamkorlari ekan chogʻi, tagʻin ayni paytda qaerdandir bir ishni doʻndirib qaytishar, chamasi mezbon ularga suyunchi berishi kerakday. Stolga birpasda gʻalati taomlar kela boshladi. Yeryongʻoq, parvarda, konfet, turshak singari «kambagʻalning» bezaklari hash-pash deguncha yigʻishtirildi. Kolbasa, qazi, pishloq, tovuq goʻshtidan tortib boshmaldoqning boshiday kelguvchi ogʻzilari lang ochilgan pistalar ham keldi. «Qishloqi» mehmon xushyorroq tortib oʻtirardi.

Bular chunon nozik kishilar ekanini sidqidildan his etish uchun Xudoyqulni oʻzi tomonga imlab qulogʻiga aytdiki, qishloqning yongʻoq-mayizlaridan opkelgan, tarvuz ham bor, xotining soʻyib uzatsin, zoʻr mehmonlaring kepqopti axir.

Yoʻq, Omonning gapi yana inobatga oʻtmadi, qaytanga boyagi tegirmoni non va patir boʻlaklari ham dasturxon koʻrkini buzdi chogʻi yigʻishtirib opqoʻyildi.

Ana xolos! Bunaqa dasturxonni hali-hanuz koʻrgan emas Omon. Qishloqning toʻyida yelim va sopol piyolalarda vino ichib xursand boʻlib yurgan odam bu kabi tansiq taomlar borligini haytovur tasavvur qilgandir-ku, ammo koʻrmagan ekan.

Hademay eng chiroyli shishalarda aroq keldi, quyildi, tantanavor, ohanjamali soʻzlar, bir-birovini maqtashu maqtanishlar boshlandi.

Omondavlat bularning orasida oʻzining ne nav inson ekanini angladi, begonasiradi, begonasirab talay marta balkonga, hojatxonaga borib chekib keldi, bir chekkani olib boshni burkab uxlab yuborgisi ham keldi, ammo bungayam or qildi, oxirigacha chiday dedi. Bular boʻlsa biri olib, biri qoʻyib kim bilan qanday shartnoma tuzgani, necha milyon tushirganiyu ularni qandoq oʻzlashtirib, nimaga sarflashlari, tushunarsiz uslublari xususida soʻzlashardiki, buni eshitib obdon chatoq bolalar ekan, oʻtkir yigitlarga oʻxshaydi. Xudo bilsa orqasida suyagichganlariyam bordir-da, deya tasavvur qilib oʻtirdi. Bir jingalak sochlisi koʻylagining koʻkrak choʻntagidan gugurt qopidan sal polvonroq narsani olib ichiga gapira ketganidan bildiki, bu telefon, televizorda koʻrsatgani shu, e, sadagʻang ketay, hukumat, ana, bor boʻl, qandingni ur, yasha! Ammo bu telefonda faqat jiddiy gaplarni gapirish shartga oʻxshamaydi, bola dam bir xil xotinlarga, dam bugʻaltirimi, kimgadir bir qizga sira mensimay, oxirida oʻrischalab erkalab ham murojaat etdi. Birgalashib ichilaverganidanmi, avvalgi mehmon bilan keyingi mehmonlar qovusha ketishdi. Omondavlat hadeb bular katta ketavergach yo gʻashi keldimi, yo oʻzi yigʻinib turgan joyi bormi, har tugul bir xil rejalari borligi, mabodo amalga osha ketsa, Xudoyqul joʻra, Sirgʻali bozoridan oʻzing bir «Jiguli» tanlashib yuborasan, deb aytdi. Xudoyqul ichi yorishganday, yangirogʻidan olasanmi yo eskirogʻidan, degan ma’noda soʻradi.
— Qanchalarga moʻljallayapsan?
— Milyon boʻlmaydimi, — deb qoʻl siltadi Omondavlat.
— Oho, malades, qoʻymaysan, — dedi oʻrtogʻi zoʻraki tantanavor ohangda. Keyin oʻzi puli bormi-yoʻqligiga qiziqdi.
— Bugʻdoy bor, joʻra. Hozir arzon, qishda koʻtariladi narx, oʻshanda urib yuboraman. Gap bor-da, bilding?
— Bildim-bildim. Demak, bir milyonga sotasan?
— Balki ikki milyon boʻlar, koʻramiz.

Qishloqi mehmon ham toza oʻlar-qolar joyda emasligini koʻrsatgisi kelib tillari biyron boʻldi. Shunday qilmasa bular odam qatorida koʻrmay garang qilaveradigan.
— Oʻzi gʻalladan qancha olding? — deb soʻradi bari bir shahar bergisi kelmay, bepisand ohangda Xudoyqul.
— Sakkiz tonna chiqadi oʻzimniki, yetmasa Samadniki bor. Uyam qariyb besh tonna yuk qiladi. Gʻalla bu yil kam odamlarda, hademay yuz soʻmdan oshar deyman. Ishonganimiz shu-da.
— Ma’qul, lekin ikki milyon deb maqtanma. Boʻlarini aytaver, bir milyon boʻlarkan-da u yoq-bu yogʻi. Oilani ham tashlab qoʻymaysan-ku. Qishda mashinayam rosa koʻtariladi-da lekin.
— Yetmasa sen bor — nima gʻamim bor.
— Shu yetmay turuvdi. Oʻzimam kutgan edim oʻligini tashlar ekan deb, aytdim-ku boya, yoʻgʻamas, bor. Lekin ololmayapman deb.
— Qoʻrqma, oʻlmaysan. Avvalo soʻramayman, soʻrasam — yoʻq, dema, kelishdikmi?
— Hali qish kelsin, bir gap boʻlar.
— Bilaman, pul jigardan boʻlarmish, shuning uchun bolani otadan ayiradigan bevafo bu. Boya kelganimdayoq eldan burun yozgʻirding, ochdan oʻladiganday. Qish kelsin, deysan. Qish kelganda qor ham soʻramasman sendan, xotirjam boʻl, uyqung oʻchib yurmasin yana, sinfdoshim kep qoladi deb.

«Quyilsin, urilsin» davom etdi. Ittifoqo yupqa, nozik likopchalarda tarvuz keldi. Omondavlatning bir oz kayfi oshgani boismi, tarvuzga koʻzi tushgani zamon ichi yorishib ketdi. Hay-xay, yosh boladek sevindi. Picha mubolagʻasi bilan aytganda, dasturxonning egasiday sezdi oʻzini.

Darrov tili burro tortib, gapni dashtning lalmi kovun-tarvuzlariga burib yubordi. Holbuki, u shundoq Xudoyqulning uyi yaqinidaga tarvuz sotuvchi odamdan, uyum ichidan tanlab sotib olib koʻtarib kelgan, chamasi, choʻlaki, selitraga obdon toʻygan qora tarvuz edi bu. Ammo shu bahona Omondavlat bolaligida ekilmish qovun, handalak, tarvuz, bodring, oshqovoqlarni, ayni pishiqchilik chogʻi polizga, yana ayni oʻzlarining poliziga tikonli bodomcha shox-shabbalaridan yasalgan toʻsiq uzra oshib oʻgʻirlikka tushishlari, oqibat qorovullayotgan kampir — oʻz enasi tomonidan ketlariga choʻgʻday bosilmish xivich zarblari xususida chah ura ketdi. Chogʻroqqina hovlisiga har bahor bodring, pomidor bilan qoʻshib oʻn-oʻn besh tup handalagu qovun ekkanlari, ular taqyo palak qilib keyin uzun palak otib ketishi, soʻng yongʻoqdek tuynak qilishidan to rangi boʻzarguncha bir hovli bola dam-badam «koʻz-quloq» boʻlib: goh ushlab, goh burunlarini tekkizib hidlayverishgani sabab onasi bezor boʻlib quvganlari, boisi tuynakka hadeb odamning qoʻli tegaversa, azbaroyi qoʻl zahri ta’sir etib qovun rivojlanmay qolar emish, — hamma-hammasini zavq bilan esladi. Shuningdek, xom sapchalarga burnini tekkizganda uning tikonday tuklari tirnab ketishiyu, ayniqsa ertalablar biror handalak pishgan boʻlsa, butun hovlini muattar hidi tutib ketishi, tonggi hid, u orqali handalakni qidirishning naqadar maroqli yumush ekani, palaklarni u yon-bu yon agʻdarganingda subhidamdagi namxush tuproqmi, shudringmi nimadir salqin narsaning palaklarga qoʻshilib burningga bir otsiz yashnok hidlari urilishi, kishini entiktirib yuborishi... Oshqovoq, tarvuz palaklarining paxsa devordan osha tushib yoʻl-yoʻlakay koʻm-koʻk va sap-sariq sapchalari yaltirab turishi, uy bolalari uni koʻcha bolalaridan qizgʻanib qoʻriqlashlari, otalari koʻcha taraf devoriga qabatma-qabat supurgi ekib, palaklarni koʻzdan pana qilishlari yohud kuchuk bogʻlab qoʻyishlari...

Bearmon bolalikning armon toʻla izlari bular.
— Koyil, — dedi jingalak sochli mehmon. — E, qoyil, qoʻyib bersa ikki sinfdosh shoir boʻlib ketarsizlar.
— Hech gap emas, — dedi Xudoyqul, — mana bu bolaning tomiri Jumanbulbulga tutash. Yana besh gramm olsa, qoʻlini tanbur qilib terma aytar.
— Iltimos qilamiz, shu narsani aytmang, — deya iljaydi boyagi jingalak sochli. — Shu turkmancha qoʻshiq eshitsam, kechasiyam yomon tushlar koʻraman. Baxshilarning ovozini eshitsam, qoʻrqaveraman.

Goʻyo kulgu uchun aytilgan boʻlsayam, har qalay bu yigitlar illo-billo baxshining dostonu termasi uchun qishloqning boyagi orzu-ehtirosga boy hayotini eshitishga-da toblari yoʻqliga sezilib turardi. Shu bois Xudoyqul xato ish qilib qoʻyganday darhol «etagani yigʻishtirib oldi». Maktab bolalari she’r aytaturib bir joyida adashib qolsa, kimdir eslatsa, tagʻin sharillatib ayta ketadi, shu singari uyam ertan-mertan bojxonada ishlaydigan Qobilning oldiga oʻtish haqidagi oʻzining mas’uliyatini anglagach, ikki sherikka, aniqrogʻi, mehmonlarning guliga takallufni davom ettira berdi. Omondavlatimiz tagʻin ularning ishbilarmonligiyu katta gaplariga mahliyo boʻlganicha qoldi. Qozonkabob keltirildi. Ichishdi. Tarvuzga uzalib bir tilik oldi. Yeb boʻlib poʻchogʻini likopchaga qoʻyar chogʻ tagʻin dong qotdi, bu boshqa tarvuz! Qorasidan opkelgandi, bunisi yashil-chipor.

Bular bizga teng emas, butkul boshqa odamlar ekan bachchagʻarlar, degan koyishga oʻxshash bir shiddatli oʻy muhrlandi va kayfiyati tushib ketdi. Aroqdan oʻziga bir piyola toʻldirib quyib, oxirigacha sipqordi va men toʻydim deganday piyolani toʻnkarib tashladi. Maqsadi tezroq mast boʻlib olish, mast boʻlishgina emas, boshqa holatga oʻtgisi, ziq vaziyatdan qutulgisi keldi, bir otim nos ham tushirib yubordiyu maqsadiga erishdi.

Stoldan chetlanib kresloga choʻkdi. Boshini solintirgan koʻyi qotib uxlab qoldi. Kechroq uygʻondi. Boshi gʻuvillab, siqib ogʻrirdi. Mehmonlar ketgan. Xudoyqul allaqachon yuvinib, soqolini olib choy-poy ichish taraddudini koʻrib yuribdi. Xuddi hech balo koʻrmaganday. Ertalabdan bir rus ayol «kuksi» degan ovqat keltirib berdi. Kechagi ovqatlar ham xoynahoy buyurtma bilan kelgan boʻlishi mumkin, deb oʻyladi Omondavlat. Chunki ayoli yosh bolali-ku.

Sohibdan uzr soʻradi, ketamiz biz, dedi. Mezbon ham ketsang ketaver deganday qildi.
— Bir oʻtiradigan boʻlib kelasizlar. Bugun oʻzimam Olmaotaga uchmoqchiman.

Omondavlat oʻrtogʻi uchun bu qadar ahamiyatsiz boʻlganidan oʻkindi, albatta. Bolalarini, xotinini olib yoʻlakka chiqqach, Xudoyqul yoʻlni oʻzicha tushuntirib yubordi. Ammo xotini ular bilan birga chiqdi to koʻchagacha. Koʻcha boshida axlatxona bor ekan. Omondavlat e’tibor bermadiyu, xotini bir turtgach, choʻchiganday ishora qilgan tomonga qaradi: temir yashiklar yonida xuddi kecha oʻzi koʻtarib kelgan tarvuzlarga oʻxshash ikki tarvuz turibdi. Nahotki, dedi oʻzicha. Turshak, mayizlarni ham chiqarib tashlagan boʻlsa-ya.

«Ey, inson! Kechagina men qatori eding-ku. Qishloqdan, tezak orasidan chiqding-ku. Nima qiliq axir bu? Senga milyon soʻmlik sovgʻa opkelishga qurbim yetmaydi. Koʻngil bu, doʻst, koʻngil! Haqorat ham shunchalik boʻlar. Kelmasam, men ham oʻlib qolmas edim, obroʻyingni qilay desam, teskarisi boʻldi. Bu ishing yaxshi emas, hech yaxshi emas. Juda noma’qul! Oxiri voy boʻlsa kerak, vallohu a’lam!» Tashqarisiga esa bu chiqdi:
— Sapuvra, boʻldi, ketavering. Biz kimligimizni endi bildik. Sizlarni ham. Tamom. Xoʻp. Xayr. Rahmat.

Shundoq deb oldinga oʻtib ildamroq yurib ketdi. Bir xayol yana ortiga burilib, jillaqursa bir achchiq gap aytgisi keldi-yu, umrbod teskari boʻlib qolishdan choʻchib toʻxtamay ketaverdi.