OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sodiq Hidoyat. Lola (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSodiq Hidoyat
Asar nomiLola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sodiq Hidoyat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonGʻulom Karim
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Lola (hikoya)
Sodiq Hidoyat

Tong sahardan boshlab osmonda bulutlar yugurgilab qoldi. Etni junjiktiruvchi sovuq shamol esar, uning ta’sirida sargʻaygan nimjon yaproqlar bandidan uzilar, havoda charx ura-ura yerga tushardi. Daraxtlar tagi qalin bargixazon bilan qoplangan edi. Bir gala qargʻa qagʻillagancha noma’lum tarafga uchib ketdi. Qishloq uylari uzoqdan bir-biriga yopishtirilgan gugurt qutilariga oʻxshab koʻrinar, ularning koʻrimsiz eshik va derazalari muvaqqat yashash uchun naridan-beri qurilgan maskanni eslatardi.

Xudodod chaqqon va dadil qadam tashlab borar, vujudiga toza kuch quyilayotganini his qilmoqda edi. U vodiy boʻylab yiroq-yiroqlarga choʻzilib ketgan, yomgʻirdan nam yoʻldan borardi. Sovuq shamol uning badanini erkalab siypayotgandek his qilardi. Nazarida daraxtlar raqs tushar, qargʻalar shodlik mujdasini olib kelar, xullas, butun tabiat uning shodu xurramligiga sherik edi. U goʻyo yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqqandek, qoʻltigʻidagi qalami tugunni mahkam qisib olgan edi.

Xudodod oltmish yoshlardagi suyagi buzuq odam. Qomati baland, soqol-moʻylovi moshrang, koʻzlari yosh yigitnikiday chaqnab turadi. Egnida dehqonlar kiyimi va boshida sargʻish namat telpak. Har qadam tashlaganida cholvorining pochalaridan oftob va mehnatdan qorayib yorilgan boldirlari moʻralab qolardi. Yigirma yil ilgari u oʻz shahri Damovandni tark etib, goʻshanishinlikni ixtiyor qildi. Mozandaron yoʻli yaqinidagi Alo nomli buloq yonida u tosh va loydan oʻziga bir kulba tikladi va oʻshandan beri shu yerda yolgʻiz yashaydi. U oʻz qoʻli bilan yer chopar, sugʻorar, ekin-tikin qilardi. Bu ish bilan vaqtida ota-bobosi, ehtimol, boshqa uzoq ajdodlari ham shugʻullanishgan. Oʻziga meros qolgan yerning yarmidan koʻprogʻini u qahatchilik yillarida sotdi, toʻgʻrirogʻi, unga alishdi. Endi uning bir parchagina yeri qolgan boʻlib, shundan olinadigan ozgina hosil bilan tirikchilik qiladi.

Soʻnggi ikki-uch yilda Xudodod atrof qishloqlar va Damovand bozorida tez-tez koʻrinadigan boʻlib qoldi. Uning zohidligiga koʻnikkan odamlar bu oʻzgarishdan ajablanishardi. Xudodod ayollarbop libos uchun gazlama, qand, choy va boshqa mayda-chuydalar xarid qilardi. Ba’zan uning togʻ yonbagʻirlarida bir yosh loʻli qiz bilan yetaklashib yurganini ham koʻrib qolishardi.

Toʻrt yil ilgari, ayoz temir barmoqlari bilan odamning yuzini chimchilaydigan sovuq qish tunlaridan birida, Xudodod chiroqni oʻchirib, endigina oʻrniga yotuvdi hamki, gʻalati bir ovoz qulogʻiga chalindi: goʻyo kimdir zaif tovush bilan nola qilar, uning inson yo hayvonligini ajratish mushkul edi. Tovush tobora yaqinlashib kelardi va nihoyat, kulba eshigi taqilladi. Insu jin va boʻridan ham qoʻrqmaydigan Xudodod oʻrnidan turarkan, yelkasidan sovuq ter chiqib ketganini sezdi. Eshik oldiga kelib, «kimsan, nima kerak senga?» deb qancha soʻramasin, hech qanday javob boʻlmadi. Xudodod titroq qoʻllari bilan chiroqni yoqdi, oʻtin yoradigan boltani mahkam ushlab, eshikni lang ochib yubordi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, eshik oldida qizil koʻylak kiygan, ayozdan koʻz yoshlari yonoqlarida muzlab qolgan yoshgina loʻli qiz turardi. Xudodod boltani kulba burchagiga otib yubordi, qizni qoʻlidan ushlab ichkariga olib kirdi. Uni oʻchoq yonida isinishga qoʻyib, oʻzi eski-tuskilardan toʻshak hozirladi.

Ertasiga ertalab qizdan qancha soʻrab-surishtirmasin, biron natija chiqmadi. Goʻyo qiz oʻzi haqida churq etmaslikka qasam ichganday. Qizning indamasligi Xudododning unga Lol yoki Lolu deb ism qoʻyishiga sabab boʻldi. Bora-bora bu ism Lolaga aylanib ketdi.

Hozir loʻlilar koʻchib yuradigan mavsum emasdi. Shuning uchun Xudodod, bu qizcha osmondan tushdimi yo yerdan chiqdimi, deb hayron boʻlardi. U kulbadan chiqib, iz olmoqchi boʻldi, ammo iz namchil bargixazon orasida yoʻqolib ketdi. Alo bulogʻi yaqinida yashovchi tegirmonchidan loʻlilar haqida soʻragan edi, u, bilmayman degandek, yelkasini qisdi. Nihoyat, Xudodod to egasi chiqmaguncha, qizni oʻzinikida asrab qolishga ahd qildi.

Lola oʻn ikki yoshlardagi qiz boʻlib, yuzi bugʻdoyrang, koʻzlari fusunkor edi. Qoʻllari va peshonasi oʻrtasiga koʻk rangli xol qoʻyilgan. Qizni asrab qolganidan soʻng, Xudodod oʻtgan-ketgan loʻlilardan uning qarindoshlari haqida koʻp soʻrab-surishtirdi. Ammo bironta loʻli Lolani taniyman, demadi. Tez orada Xudodod oʻzi unga oʻrganib qoldi. Uni hech kimga bermasdan, oʻziga farzand qilib olishga ahd qildi...

Lola yil sayin ulgʻayib borarkan, bora-bora Xudododning koʻnglida qizga nisbatan allaqanday boshqacha, otalik tuygʻusiga oʻxshamagan hislar uygʻona boshladi. Endi u Lolaga bir erkak sevgisi bilan mehr qoʻygan edi. Ishq vasvasasiga duchor boʻlgan Xudodod xonaning oʻrtasiga parda osib qoʻydi. Eng yomoni shu ediki, Lola uni «ota» deb chaqirar, qiz har gal «ota» deganida, Xudododning rangi oʻzgarib ketardi.

Bir kuni Xudodod uyiga qaytganida kulba oldida yurgan ikkita tovuqni koʻrdi. U Lolaga oʻgʻirlik yomonligi, bu ishni qilgan odam oʻz qilmishi uchun doʻzax oʻtida yonishini aytib, harchand nasihat qildi hamki, qizga zarracha ta’sir etmadi. U ayyorona kulimsirab, gapni boshqa tarafga burdi.

Lola sayr qilishni juda yoqtirar edi. Agar ikki-uch kun tinimsiz yomgʻir yogʻib, uyga uzoq qamalib qolishga majbur boʻlsa, zerikar va qiyofasi gʻamgin tus olardi. Ob-havo yaxshi kunlari u Xudodod bilan yoki yolgʻiz oʻzi sayr qilardi. Koʻpincha Lola sayrga tanho chiqar va bu hol Xudododning badgumonligiga sabab boʻlardi. Chunki u qizni bir necha bor choʻpon yigit Abbos bilan koʻrib qolgan, shu sababli bu yigitni oʻziga raqib deb hisoblardi. Hatto bir kuni u Abbosning maymunjon terib, Lolaning ogʻziga solayotganini koʻrdi. Kechqurun Xudodod begona erkak bilan gaplashish yomon ekanligini aytib, unga dashnom berdi. Lolaning koʻzlarida yosh gʻiltillay boshlagach, qishloq odami emasmi, sodda yuragi yumshadi.

Abbosning onasi ikki marta sovchilikka kelib, Lolani oʻgʻliga soʻradi. Xudodod har gal Lola hali yosh, deb bahona qilib, uni qaytarar edi. Oʻz koʻnglida esa Abbosday bir dangasa odam uning ellik yil ichida qirib-qirtishlab toʻplagan mulkiga merosxoʻr boʻlishini istamas edi. Aslida ham, agar Abbosday dehqonchilik qoʻlidan kelmaydigan betayin kimsa unga voris boʻlsa, ajdodlari ruhlari qay holatga tushadi? Buning ustiga, u oʻz kulbasidan panoh bergan, yedirib-kiydirib katta qilgan, misoli daraxt niholi kabi parvarishlab odam qilgan qizga allaqayerdagi bir odam tayyor oshga bakovul boʻlib oʻtirsa! Nima, keksa odamning koʻngli qirmizi olma tusamaydimi? Lolaga oʻzi uylansa nima boʻpti?! Biroq u bu ish osongina bitmasligini, qizning roziligi shart ekanligini anglardi. Buning ustiga qiz uni «ota» deb chaqirish odatini tark qilmagan, hammasidan ham mana shunisi Xudododni koʻproq tashvishga solardi.

Tunlari qiz uxlab yotganida, Xudodod chiroqni koʻtarib uning tepasiga kelar, yuzi, koʻkragi, yelkalarini tomosha qilardi. Ba’zan u devona kabi togʻlarga chiqib ketar, daralarda bemaqsad tentirab, kech kirganda uyiga qaytib kelardi. U umid va qoʻrquv oraligʻida yashar, rad javobini eshitishdan qoʻrqqani uchun qizga muhabbatini izhor qilishga botinolmasdi. Agar Lola: «yoʻq, sen qarisan» desa, unga oʻlimdan boshqa chora qolmas edi.

Xudododning uyi oldida bir tosh supa boʻlib, Lola koʻpincha unda oyoqlarini osiltirib oʻtirar, ochiq boldirlari supa devoriga tegib turardi. Ba’zan u past va gʻamgin ovozda bir ashulani xirgoyi qilar, ammo birov yaqinlashsa, darhol jimib qolardi. Xudodod tasodifan qizning ashulasini eshitib qoldi va oʻshandan beri uni yana tinglashga mushtoq edi.

Bugun ertalab Xudodod Damovandga otlanganida ham Lola oʻsha tosh supada oʻtirar va har kungidan koʻra koʻproq xursand koʻrinardi. Ammo negadir, birga shaharga borishni istamadi. Xudodod unga:
— Senga roʻmol olib kelaman, — dedi.

Unga javoban qiz jilmayib qoʻydi va bu jilmayishning bahosi Xudodod uchun yorugʻ dunyo bilan baravar edi. U Damovandning chaqqon bozoriga kelib, eng avval bazzozlik doʻkonidan bir dona yashil va sariq naqshli roʻmol xarid qildi. Soʻngra qand va choy sotib olib, xaridlarini qalami boʻgʻchaga oʻradi-da, yirik odimlar bilan kulbasi tarafga ravona boʻldi. Xudododdek piyoda yurishga odatlangan kishi uchun shahardan uyigacha boʻlgan ikki farsang masofa choʻt emas. Keksayganiga qaramay, endi uning hayoti oʻziga yarasha bir ma’no kasb etgan edi. Yoʻlda borarkan, u oʻzicha xayol surardi: «Bu roʻmol Lolaga juda yarashadi. U buni yelkasiga tashlab, uchlarini siynasi ostidan bogʻlab oladi». Shu zahoti, goʻyokim birov uning xayolidan voqif boʻlgandek, uyalib ketdi va oʻziga dedi: «Men uning goʻzalligidan otasi kabi faxrlanishim lozim. Otasi oʻrnidamanmi, yaxshi bir kuyov topib, uni uzataman». Ammo choʻpon Abbos qizni yaxshi koʻrishini eslaganida, qoni yuziga tepib, tutaqib ketardi.

Yoʻl past-balandliklar, togʻ daralaridan oʻtar, ammo Xudodod atrofdagi hech nimani payqamas, hatto charchoqni ham his qilmas edi. Oldinlari u yoʻlda yurganda atrofni tomosha qilar, yomgʻir yogʻarmikan-yoʻqmi, degandek osmonga boqar, ekinzorlarga razm solib, dehqonlarning hosili qanday boʻlganini chamalab koʻrardi, arpa, bugʻdoy, loviya, hoʻl va quruq mevalar narxi haqida oʻy surib ketardi... Ammo hozir xayoli faqat Lolada edi. Bu yil uning yeri yaxshi hosil bermadi va u jamgʻarmasidan bir qismini sarflashga majbur boʻldi. Ammo bular Lolaning bir tola sochiga ham arzimaydi.

Xudodod daraxtzor yonidan oʻtib, soʻqmoqqa burildi. Bu yerdan uning tepalikdagi kulbasi koʻrinib turardi. Kulba uzoqdan yonma-yon qoʻyilgan ikkita pachoq gugurt qutisiga oʻxshardi. Xudodod boʻgʻchani qattiqroq qisib, qadamlarini jadallatdi va tanish soʻqmoqdan tezda kulbasiga yetib keldi. Ammo Lola bu yerda koʻrinmas edi. Tosh supa ham, uy ham kimsasiz edi. Xudodod kaftini dahaniga qoʻyib, baland ovozda chaqirdi: «Lola!.. Lola!..» Hech kim javob bermadi. U tashqari chiqib, yana bor ovoz bilan baqirdi: «Lola... Lola... Lolu... Lolu...». Tovush togʻlarga urilib, aks-sado berardi: «Lola... Lolu...». Xudodod sarosimaga tushdi. U tosh supaga chiqib, tevarak-atrofni koʻzdan kechirdi. Hech bir tarafda qizil koʻylak koʻzga tashlanmasdi. Xudodod xonaga qaytib kirib, qizning sandigʻini ochib qaradi. Unga shu yil olib bergan yangi liboslar yoʻq edi. Xudodod aqldan ozishiga sal qoldi. Nima boʻlganini tushunmay, miyasi qotdi. Kulbadan chopib chiqib, gʻizillab buloq boʻyiga tushdi. Bu yerda uzun chopon va qora cholvor kiyib, boshiga koʻk salla oʻragan qishloq oxundiga duch keldi. U daraxt tagida tamaki chekib oʻtirardi. Oxund Xudododga shunday zaharli qarash qildiki, undan bir nima soʻrashga yuragi betlamadi. Yana biroz yurib, bola opichlab olgan qizil chodrali ayolni koʻrdi. U ham Lola haqida hech narsa aytolmadi va Xudodod nochor kulbasiga qaytdi.

Atrofni tun qorongʻisi qopladi-yu, ammo Loladan darak yoʻq. Xudodod qanaqa yomon tushlarni koʻrmadi, deysiz! Yoʻq, aslida u mijja qoqmadi ham. Vahimali xayollar bilan bedor boʻlib, tiq etgan sadoga sakrab turar, har gal unga Lola kelayotgandek boʻlib tuyulardi. Oʻn martalab joyidan turib, pardani itqitib, qorongʻida Lolaning sovuq toʻshagini paypaslab koʻrar, titrab-qaltirab yana oʻz oʻrniga kelardi. Uni kimdir olib qochib ketdimikan? Aldashdimikan yo oʻzi ketib qoldimi?

Ertasi kuni havo musaffo va salqin edi. Xudodod Lolaga deb sotib olingan roʻmolni olib, uni qidirishga ketdi. Yoʻlida uchragan har bir odam unga dev yo ajdar boʻlib koʻrinardi. Boshidan beligacha qor bilan qoplangan koʻkimtir-kulrang togʻlar dilida qoʻrquv uygʻotar, ariq labida oʻsgan yalpizning oʻtkir hidi tomogʻidan boʻgʻayotgandek boʻlardi. Yoʻlda ikkita dehqonni uchratib, yuragini hovuchlab ulardan soʻradi:
— Lolani koʻrmadingizlarmi?

Uni avval devona deb oʻylashdi va bir-birlaridan soʻrashdi:
— Kim ekan u?
— Bir loʻli qiz.

Dehqonlardan biri dedi:
— Ikki kun burun bir guruh loʻli Mumajda chodir tikdi. Tagʻin shularni aytayotgan boʻlmagin.

Xudodod Mumaj tarafga ravona boʻldi. U tez-tez va qoqilib yoʻl bosardi. Necha joyda burilib, goh adashib-uloqib, nihoyat uzoqdan bir necha qora chodir koʻrindi. Yaqin borib, ariq yoqasida uxlab yotgan erkakni koʻrdi. Nariroqda, chodir oldida bir loʻli ayol gʻalvirda don elardi. Ayol Xudododga salom berib dedi:
— Senga fol koʻraymi? Menda ilon tishidan qilingan marjon, elak va yongʻoqlar bor.

Uning soʻzlari Xudododning qulogʻiga kirmasdan, devonavor soʻradi:
— Lola... Loluni koʻrdingmi? Uning qayerdaligini bilasanmi?
— Fol koʻrsam aytib beraman.
— Ayt, men pulini toʻlayman.
— Pulni ber, keyin aytaman.

Xudodod qattiq charchagan edi. Choʻntagidan bir qiron olib, loʻli ayolga uzatdi. Loʻli uning qoʻlidan ushlab, yuziga qaradi va dedi:
— Hazrat Ali panohing boʻlsin. Ey odam, sening dilingda hozir gʻussa oʻrnashgan. Toʻrt yil ardoqlab yurgan bir aziz narsangni yoʻqotibsan. U senga jigarpora boʻlmasa-da, oʻz jigarporang yangligʻ sevasan uni.

Xudodod koʻzlari yoshga toʻlib, loʻliga boqdi va shivirlab dedi:
— Rost, gaplaring rost.
— Ammo behudaga gʻussa chekmagin. Zero, u qiz sening yaqiningdadir. U tirik va sogʻu salomat.
— Qani u? Qanday kelib qoldi bu yerga? Xudo haqqi, menga hammasini aytib ber.
— Qaygʻurma, u qiz baxtiyordir. Sen uyingni ochiq qoldirding va shayton kirib uni aldab olib ketdi.
— Uning ismi Abbosmi?
— Yoʻq.
— Sen bularning barini qayerdan bilasan? Xudo haqqi, rostini ayt, nima xohlasang beraman.

U choʻntagidan yana pul chiqardi. Lekin shu asnoda qoʻshni chodir eshigidagi parda bir yonga surilib, undan Lola chiqib keldi. Egnida Xudodod sotib olib bergan oʻsha qirmizi koʻylak, qoʻlida bir dona qizil olma. U olmani yengi bilan artib, tishladi-da, kulib yubordi. Loʻli ayolga yuzlanib dedi:
— Oyijon, Xudodod ota shu kishi boʻladi.

Xudodod hayratdan dong qotgancha Lolaga, onasiga boqardi. U hech qachon Lolani bu qadar xursand va baxtiyor holatda koʻrmagan edi. U qizil roʻmolni qoʻynidan olib qizga qarab uloqtirdi va dedi:
— Buni senga oluvdim.

Lola sharaqlab kulib yubordi va roʻmolni yelkasiga soldi-da, bir uchini siynasi ostidan oʻtkazib bogʻladi. Soʻngra yugurib chodir ichiga kirdi-da, oʻsha zahoti ichkaridan yosh bir yigitni boshlab chiqdi. Unga pichirlab nimadir dedi va Xudododni koʻrsatdi. Shundan soʻng qiz quvnoq ohangda Xudododga tanish ashulani kuylamoqqa boshladi va yigitning yelkasiga qoʻl tashlab, ikkalasi tolzor orqasiga oʻtib ketdi.

Lolani tirik topganidagi quvonchiyu va uni endi butunlay yoʻqotganidagi gʻussa bir boʻlib, Xudodod hoʻngrab yubordi. U yiqila-surila kelgan yoʻlidan orqasiga qaytdi. Kulbasiga kirib, eshikni ichkaridan berkitib oldi.

Shundan soʻng uni hech kim hech qayerda koʻrmadi.