OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Sodiq Hidoyat. Obji xonim (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSodiq Hidoyat
Asar nomiObji xonim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sodiq Hidoyat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonRustam Jabborov (Fors tilidan)
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Obji xonim (hikoya)
Sodiq Hidoyat

Obji xonim Mohruxning opasi edi. Ammo, bir koʻrishda tanimagan-bilmagan odam bunga asti ishonmasdi. Ular umuman bir-biriga oʻxshamasdi. Obji xonim ozgʻin, uzun boʻyli, bugʻdoyrang, qorasoch qiz boʻlsa-da, koʻrimsizligi bois unchalik e’tiborni tortmasdi. Mohrux past boʻyli, oq yuzli, qoʻngʻirsoch, kulganida lablari yonida kulgichlar oʻynar, istarasi issiq qiz edi. Ularning fe’li atvori ham farqli edi. Masalan Obji xonim odamovi, urushqoq, arazchi boʻlib, ba’zida hatto onasi bilan ham gʻijillashib qolar, haftalab gaplashmay yurardi. Mohruh esa, oʻta xushmuomala, odamoxun, kirishimli edi. Qoʻshni xotin — Hasanning buvisi ham uni bejiz «shirin qiz» deb atamasdi-da!

Ota-onasi ham Mohruxni opasidan ortiqroq koʻrishar, suyib erkalashar, Obji xonim esa, oʻzining ters fe’li, badxulqligi tufayli nuqul dakki eshitaverib diydasi qotib ketgandi. Onasi garchi Obji xonimni sirtdan yomon koʻrgandek tuyulsa-da, aslida uning kelajak tolei onaizorni tez-tez tashvishga solar, yaqinlari, haq-hamsoyalari oldida dard-hasrat ham qilib qolardi:
— Shu qizimning ham baxti ochilib ketarmikin? Otasining mol-davlati boʻlmaganiga yarasha, oʻziyam ochiqchehra, aqlli-hushli, chiroyli boʻlsa mayli edi. Erga tegmasdan qop ketmasmikin deb qoʻrqaman!

Bunday gap-guzaron koʻpincha Obji xonimning yonida aytilgani uchun u bolaligidan turmush qurish haqida oʻylamay qolgan, erga tegishdan umidini uzgandi. Balogʻat yoshiga yetgach, butun vaqtini namoz-niyoz bilan oʻtkazadigan boʻldi.

Chindan ham qiz allaqachon boʻyiga yetib qolgan esa-da, birov ularning eshigini qoqib kelmadi. Bir gal uni qoʻshnilari, duradgor kal Husaynga bermoqchi boʻlishgandi. Ammo Husayn «boshim kalu, koʻnglim nozik» deydiganlardan edi — Obji xonimga uylanishni istamadi.

Obji xonim esa qaerga bormasin shu haqda gap ochilgudek boʻlsa:
— Oʻzi orqamdan yalinib, sovchi qoʻygandi, tegmadim, kelib kelib oʻsha kalga tegamanmi? Xudo koʻtarsin er zotini! Hozirgi erlarning turgan bitgani gʻalva! Aroqxoʻr, janjalkash... Ming marta ersiz oʻtganim afzal, — deb jar soladigan boʻldi.

Ammo dilida boshqa gap: Husaynni bolaligidan yoqtirar, agar olaman desa, jon-jon deb tekkan boʻlardi. Ammo u oʻzining tashqi koʻrinishi bilan er zotining diqqatini torta olmasligiga ich-ichidan amin boʻlgani uchun dunyo lazzatlaridan oʻzini benasib bilar, faqatgiga oxirat ne’matlaridan bebahra qolmaslik uchun ibodatga ruju qoʻygandi. Bu dunyo oʻtkinchi, uning hoyu havaslari ham behuda. Umrni oʻyin-kulgi, orzu havas bilan oʻtkazganlar yanglishadilar. Hali shunday vaqt keladiki, barcha chiroyli odamlar, jumladan, singlisi Mohrux ham unga chin dildan havas qilib qoladi.

Muharram va safar oylari kelsa, Obji xonim oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolardi. Bu oylarda qoʻni-qoʻshnilar, qavm-qarindoshlar turli diniy marosimlar, qissaxonlik kechalari oʻtkazishar, unda albatta Obji xonim faol ishtirok etar, goʻyandalik, yigʻi-sigʻi bobida ham unga teng keladigani topilmasdi. Ayrim qissalarni roviylardan ham yaxshiroq bilar, mabodo ular adashib qolishsa, oʻzi tuzatish kiritardi. Diniy masalalarda tanish-bilishlar har doim Obji xonimning yoniga kelib, undan maslahat soʻrashardi.

Uyda ham subhi sodiqda hammadan avval uygʻonar, tahorat olib, singlisini turtib uygʻotar, u bechora ham azbaroi opasidan qoʻrqqanidan mudroq koʻzlarini ishqalagancha tahoratxonaga yugurardi. Obji xonim hamisha iymon halovatini his etar, Yaratganning marhamatiga noil boʻlishiga zarracha shubha qilmas, shu taqvodorligi va xudojoʻyligi bois, albatta, jannatga kirajagiga ishonardi.

Keyin uy ishlarini bitirib, yana ibodatga shoʻngʻir, qoʻlidan eski, uzun qora tasbih tushmas, tinimsiz tili duo va salavotdan boʻshamas, uning birdan-bir istagi Karbalo (Iroqdagi dasht nomi – tarj) ziyoratiga borish, Hazrati Imomi Husaynning shahid qoni toʻkilgan joylarni tavof qilish edi.

Singlisi Mohrux biroz oʻyinqaroq edi. Bular haqida u qadar koʻp oʻylab ham oʻtirmas, qachon qarasa, xandon-xushxon allaqanday qoʻshiqlarni xirgoyi qilib yurar, oʻz navbatida uy yumushlarini sidqidildan ado etardi. Yoshi 15 ga yetganida, shaharga oʻziga toʻq bir xonadonga xizmatchi boʻlib yollandi. Opasi Obji xonim 23 ga qadam qoʻygan boʻlsa-da, uydan tashqari chiqmas, singlisi ketganiga bir yarim yil boʻlgan esa-da, biror marta uning ortidan yoʻqlab bormagan edi.

Mohruxning oʻzi har oyda bir marta ota-onasi, yaqinlarini koʻrish uchun uyga kelar, bunday paytda Obji xonim negadir singlisi bilan koʻrishishni istamas, ibodat bahona soatlab oʻz xonasiga biqinib olar, bordiyu bir davrada oʻtirib qolishsa, har xil kinoyali gaplar bilan singlisini nishonga olar, har xil gaplar bilan uni qoʻrqitishga tushardi:
— Har xil ochiq-sochiq ayollar tufayli xayr-baraka ham yoʻqolib boryapti. Yuzini ochib yurgan ayollarni u dunyoda doʻzaxda kuydirishadi, sochlaridan osib qoʻyishadi. Jahannamda gunohkorlar uchun togʻdek-togʻdek keladigan olovlar yonib turadi. Shunaqa ilonlar borki, har biri ajdahoga oʻxshaydi. Shuning uchun dunyoviy havaslardan kechish kerak!..

Mohrux opasining unga nisbatan gʻayirligini sezsa-da, hech narsa demas, damini ichiga yutib yuraverardi.

Kunlarning birida Mohrux kechki paytga uyga keldi, onasi bilan ancha gaplashib oʻtirdi-da, yana shaharga qaytib ketdi. Obji xonim eshik ortidan turib ularning suhbatiga quloq tutdi. Ammo ular shu qadar past ovozda gapirishardiki, hech narsani eshitishning iloji boʻlmadi.

Ertasi kuni ertalab, ularning uyiga bir ayol keldi. Ma’lum boʻlishicha, Mohrux oqsochlik qiladigan xonadonning Abbos ismli yana bir xizmatchisi bor ekan. Qiz bilan yigit bir-biriga koʻngil qoʻyishibdi. Haligi ayol – Abbosning buvisi sovchi boʻlib kelgan ekan. Oʻzi bilan bir yoʻla 20 tuman sut puli, oʻttiz tuman mahr puli, qand-qurs, latta-putta, sovgʻa-salom ham koʻtarib kelibdi.

Qizning onasi ham, ota ham uzoq oʻylab oʻtirmasdan, sovchiga oq oʻrab joʻnatishdi. Tengi chiqibdimi, tekin berish kerak. Taqdiri qoʻshilgan boʻlsa bas, qoʻsha qarishsin! Otaning ham onaning ham niyati shu! Xullas, keyingi haftada toʻy kuni belgilandi.

Hamma xursand edi. Faqat Obji xonimning rangi boʻzarib, dami ichiga tushib ketdi. Namozini bahona qilib yana oʻzining chorxari, besh eshikli xonasiga qamalib oldi. Kichkina oynasini olib, oʻz aksiga boqdi. Nazarida bugun har kungidan-da qartayib qolgandek koʻrindi. Rost, chindan ham ancha oʻzini oldirib qoʻyibdi. Yuzlaridagi ajinlar ham koʻpayibdi. Hatto, zulflari orasida bir tola oq soch topdi. Ikki barmogʻi bilan chirt uzib, oppoq tolani xira chiroq yorugʻida tomosha qildi. Yulingan tola oʻrni simillab achishayotganini ham sezmadi.

Shu tariqa kunlar oʻtib borardi. Bu orada bu xonadon ahli toʻy uchun zarur narsalar, zeb-ziynatlar, uy anjomlari, yangi kiyim-kechaklaru upa-elik xarid qilish uchun necha bor bozorga qatnadi. Onasi uyida qoʻlga ilingulik nima boʻlsa, hammasini Mohruxning sepiga soldi. Hatto, bir paytlar katta qiziga berishga koʻzi qiymagan shohi joynamozni ham Mohruxning sepiga atadi.

Obji xonimning ichiga chiroq yoqsa yorimas, tamomila uzlatga chekingan, chorxari xonasidan tashqari chiqmay oʻtirar, uyda nimalar roʻy berayotgani bilan tamomila ishi yoʻqdek koʻrinar, ammo, har bir ishni zimdan kuzatib borardi. Ikki kundan beri esa, bosh ogʻrigʻi bahona oʻrin-koʻrpa qilib yotib oldi. Onasi bu muddat ichida necha marta Obji xonimning yoniga kirib, ginayu guzar qilib chiqdi:
— Bu nima yotish? Uyda toʻy boʻlyapti-yu, bu kishining yotishlarini? Bilaman, singlingga hasad qilyapsan! Lekin, unutma, baxilning bogʻi koʻkarmaydi. Hammasi peshonadan. Xudo kimni chiroyli kimni xunuk qilib yaratadi, birovga baxtni ravo koʻradi, birovga yoʻq. Endi shunga motam tutib oʻtirish kerakmi? Uy toʻla ish. Loaqal suv tashib kelsang boʻlardi gʻirvayib yotmasdan! Kasalmand holimda men nimaga ham ulgurardim?

Obji xonim bir necha kundan beri ichida toʻplanib kelayotgan zaqqumni onasiga toʻkib sochdi:
— Meni tinch qoʻying, oyi! Ana, toʻy boʻladigan qizingiz, ishni ham oʻsha qilsin! Kuyovni ham oʻzi koʻchadan topgan. Hammaning ogʻzida duv-duv gap. Kuyovingiz Mohruxni buzib qoʻyganmish. Qizingizning qornida ikki oylik bolasi bor. Qorni doʻppayibgina qolganini koʻrmadingizmi? Mening bunaqa sharmanda singlim yoʻq!

Onasi Obji xonimning yuziga bir tarsaki tushirdi:
— Ogʻzingni yum, behayo! Birov eshitsa nima deydi? Uyalmaysanmi, tugʻishgan singlingga tuhmat qilishga? Oʻzing aytarding-ku birovga tuhmat qilish ogʻir gunoh, qiyomatda javobi qattiq boʻladi deb? Hali iching shunchalik qorami? Yaxshiyam chiroyllikkina emassan, boʻlmasa bilmadim, va’z-nasihat, ma’raka marosim bahona, oʻzing ham nima noma’qulchiliklar qilib yurgan boʻlaring. Tiling boshqayu, diling boshqa sen gʻalchaning!

Shu-shu ona-bola orasidan yana gap qochdi. Bechora Mohrux buning boisini bilolmay hayron.

Nihoyat toʻy kuni ham yetib keldi. Hovli uzoq-yaqin qarindoshlarga, qoʻni-qoʻshniyu tanish bilishlarga toʻlib ketdi. Hamma yasan-tusan qilib, boʻyanib bezanib olgan. Qoʻshni ayol, Hasanning buvisi esa, eski childirmasini ham koʻtarib chiqib, oʻrtada muqom qilayotibdi.

Bizar keldik, yana keldik, kuyovning uyidan keldik,
Hama oyu, hama kundek shahu sulton boʻlib keldik.
Muborak, toʻy muborak, ikki yoshga baxt yor oʻlgʻay.
Bizar keldik, yana keldik kelinning uyidan keldik.
Hama koʻru, hama shaldek, yaqovayron boʻlib keldik.
Muborak, toʻy muborak, har ikovi baxtiyor oʻlgʻay...

Bolalar ham oyoq ostida oʻralashgani oʻralashgan. Oshpaz-u kayvonilar pishir-kuydir bilan ovora. Qassob hovli oʻrtasida boʻgʻizlangan qoʻyning terisini shilishga kirishgan. Kimdir oʻtin yorgan, kimdir samovar qaynatgan, kimdir oʻchoqqa oʻt qalagan... Mohrux xonim dugonalari davrasida kuyovning yoʻliga intizor boʻlib oʻtiribdi. Otasi boʻlsa, bir chekkada toʻy xarajatlarini hisoblab xunobi chiqadi. Yosh-yalanglar yugurib-elib toʻy dasturxonini bezashga tushgan. Kelinning onasi shangʻillagancha, u yoqdan-bu yoqqa halpillab yuguradi. Faqat, bu shovqin-suron ichida Obji xonimning ovozi eshitilmaydi. Ertalabdan beri koʻrinmaydi, qaerda ekanligini hech kim bilmaydi ham. Ba’zilar yana va’zxonlikka ketgandir, degan taxminda.

Kech tushib nikoh oʻqilgach, hamma uy-uyiga tarqaldi. Hovlida qoʻshni Hasanning buvisi, yana bir-ikki xotin-xalaj qoldi. Obji xonimning besh eshikli hujrasi buguncha yangi kelin-kuyov uchun goʻshanga vazifasini oʻtamoqda edi. Obji xonim sassiz qadamlar bilan dahlizga kirib, deraza pardasi osha ichkariga razm soldi. Singlisi kelinlik libosida yal-yal yonar, bir husniga oʻn husn qoʻshilgan edi. Uning yonida esa yigirma yashar kuyovbola qip-qizarib oʻtirar, bir qoʻli bilan kelinning boʻynidan quchib olgandi. Shu choq Mohrux oʻgirilib, deraza ortida turgan turgan opasini koʻrdi. Xuddi atayin qilgandek, erining qulogʻiga nimadir deb pichirladi. Ikkovining jarangdor kulgisi Obji xonimning qulogʻiga qoʻrgʻoshindek quyildi. Mana, ular bir-biriga boʻsalar taqdim etayotir.

Hovli tarafdan esa, Hasanning buvisi hadeb bitta qoʻshiqni kuylayapti:

«Muborak toʻy, muborak...»

Obji xonim ichidan nimadir uzilganini his qildi. Allanimalarni gʻoʻldirab tashqari chiqdi. Xonasining devoriga ilingan gilamda naqsh etilgan rang-barang gullarni sanayotgandek ularga hissiz termilib qoldi. Oʻtgan qaytgan oʻz ishi bilan boʻlib unga e’tibor ham qilmadi. Bir payt Obji xonim onasining ta’nali ovozini eshitdi.
— Ovqat-povqat yedingmi? Buguni bilan koʻrinmading? Qanaqa opasan? Odam singlisining toʻyida ham shunaqa yuradimi? Oʻralib olgan chodrangni yechsangchi? Aqalli borib singlingni peshonasidan oʻpib tabriklamading! Ertaga ertalab ketadi, keyin oyda yilda bir koʻrishasizlarmi, yoʻqmi xudo biladi. Xayr-xoʻshlashib qol! Hamma soʻrayapti, kelinning opasi qani deb! Kel, senam biror ogʻiz bir nima desang-chi?
— Oyi, men ovqatlanib oldim, — Obji xonimning aytgan gapi shu boʻldi.

Yarim tun, hamma shirin uyquda. Shu payt nimadir taraqlab ketdi, suvga nimaningdir shaloplab tushgani eshitildi. Uydagilar sarosima ichida uygʻonishdi. Bola-baqra kechasi shamollagani chiqqani hovliga tushgan boʻlsa, hovuzga tushib ketdimikin, degan oʻyda, apil-tapil chiroqni yoqishdi. Biror gʻayrioddiy narsani koʻrishmadi. Hamma yana uxlagani ketayotganida, Hasanning buvisi daricha yonida Obji xonimning bir poy kovushini koʻrib qoldi. Yana chiroqni yoqib, hovuzga qarashdi. Suv yuzida qalqib turgan Obji xonimning jasadini koʻrib hamma dahshatdan dong qotdi. Qizning qop-qora sochlari xuddi sanoqsiz ilonlar singari suv yuzida toʻlgʻanib yotar, yashil kuylagi egniga chippa yopishib qolgan, yuzlarida esa, shu choqqa qadar koʻrilmagan nuroniy bir tabassum porlab turardi.

U xunuklik va goʻzallik, toʻy va aza, yigʻi va kulgu, gʻam va quvonch toʻla bu olamni tark etgandi... Kim bilsin, balki oʻzi orzu qilgan jannatga ketgandir?...