OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiChandiqli kishi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlisher Otaboyev
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chandiqli kishi (hikoya)
Somerset Moem

Dastlab yuzidagi chandigʻi tufayli u mening e’tiborimni tortgandi. Chandiq enli va qizgʻish boʻlib, uning iyagigacha tushgandi. Bu chandiq xunuk jarohatdan dalolat berar va men uni qilich yoki snaryad parchasining ishi boʻlsa kerak, deb oʻylagandim. Bu yerlarda uning toʻladan kelgan, kulimsirab turadigan yuzi koʻzga gʻalati koʻrinardi. Uning yuz bichimi qoruvli gavdasiga nomutanosib edi. Kelbatidan oʻrta boʻyli odamlarga qaraganda kuchli koʻrinardi. Men uni doimo koʻp kiyilgan koʻlrang kostyumda, moshrang koʻylak va soyaboni katta eski shlyapada koʻrardim. Aft-angori xiyla kir edi. Har kuni odam gavjum paytida u Gvatemala Sitidagi Palas Otelga kelar va lotereya biletlarini sotishga urinardi. Men hech qachon bu biletlarni sotib olganini koʻrmaganman, ammo gohi-gohida unga ichish uchun biror narsa taklif qilishayotganiga koʻzim tushardi. U stollar orasidan yurar, biroz kulimsiragan qiyofada har bir stol oldida toʻxtab, lotereya biletlarini taklif qilar va oʻziga e’tibor berishmagan paytlarda xuddi shunday tabassum bilan nari ketardi. Nazarimda, u koʻpincha shirakayf yurardi.

Bir kuni kechqurun tanishim bilan qovoqxonada oʻtirganimizda oʻsha chandiqli kishi bizning oldimizga keldi. Adashmasam, bu yerga kelgan paytlarimdan beri yigirmanchi martadir, u menga lotereyalarini choʻzdi. «Yoʻq» degan ma’noda boshimni chayqadim. Lekin hamrohim iltifot bilan unga salom berdi.

«Ishlar qalay, general?»

«Uncha yomon emas. Biznes yurishmayapti, lekin bundan battar boʻlishi ham mumkin edi».

«Nima ichishni xohlaysiz, general?»

«Brendi».

U brendini ichdi va qadahni qaytib peshtaxtaga qoʻydi. Hamrohimga qarab bosh irgʻadi.

«Rahmat».

Shunday deb u ortiga burildi va bizdan nariroqda turgan odamlarga lotereyalarini taklif qila boshladi.

«Doʻsting kim? - soʻradim men. - Yuzidagi chandigʻi juda vahimali-ku»

«Ha, chandiq uning husniga husn qoʻshmagan, toʻgʻrimi»?..

U nikaragualik quvgʻindi. Yoʻltoʻsar va bosqinchi boʻlgani bilan baribir oshna sifatida yomonmas. Gohi-gohida men unga ozroq chaqa beraman. U isyonda qatnashgan, qoʻzgʻolonchilar qoʻshinida general edi. Agar oʻqi tugab qolmaganida, hukumatni agʻdarardi va hozir u Gvatemalada lotereya sotib yurish oʻrniga harbiy ministr boʻlardi. Uni shtabi bilan birga qoʻlga olishib, harbiy sudda sud qilishdi. Oʻzing bilasan, bu davlatlarda bunaqa ishlarni hash-pash deguncha tinchitishadi. U tongda otuvga hukm qilindi. Nazarimda, qoʻlga olingandayoq u oʻzini nima kutayotganini bilgan. Hukm ijro etiladigan paytgacha u vaqtni turmada oʻtkazdi. Qamoqxonada ular jami besh kishi edi, hammalari vaqtni poker oʻynab oʻtkazishdi. Yutuqni hisoblashda ular gugurt choʻplaridan foydalanishdi. Aytishicha, hayotda hech qachon bunchalik omadsizlikka uchramagan: u ketma-ket, butun oʻyin davomida yutqazdi. Tong otib, askarlar qamoqxonadan ularni qatl qilish uchun olib chiqishga kelishganlarida, u bir odam hayotida ishlatishi mumkin boʻlganidan ham koʻproq gugurt choʻpini boy bergandi.

Ular qamoqxona hovlisiga olib chiqildi va beshovi ham yonma-yon, devorga tirab turgʻazildi, qurollangan guruh ularga yuzma-yuz turardi.

Orada ozroq tanaffus boʻldi va oshnamiz guruhni boshqarayotgan ofitserdan nima uchun uni kutishga majbur qilishayotganini soʻradi.Ofitser qoʻshin qoʻmondoni - general qatlda ishtirok etishga xohish bildirganini va uning yetib kelishini kutishayotganini aytdi.

«Demak, bitta sigaret chekib olishga vaqtim bor ekan»,

dedi bizning oshnamiz.

Biroq u endigina sigaretini yondirganida general hovliga kirib keldi.Odatdagi rasmiyatchiliklar bajarildi vageneral mahkumlarda:«Qatl ijro etilishidan avval qanday tilaklaring bor?»,deb soʻradi. Besh kishidan toʻrttasi «yoʻq» degandek boshlarini chayqashdi. Lekin bizning oshnamiz:

«Ha, men xotinim bilan vidolashsam degandim», dedi

«Yaxshi,-dedi general.-Bunga e’tirozim yoʻq. U qaerda?»

«Qamoqxona eshigi oldida kutib turibdi».

«Besh minutdan koʻp vaqt bermayman».

«Bu vaqt yetib ortadi ,janob general».

«Uni chetga olib chiqinglar».

Ikkita askar oldinga chiqdi va mavhum isyonchi ularning oʻrtasida, koʻrsatilgan joyga yurib bordi. General bosh irgʻab rozilik berganidan soʻng, qurollangan guruhni boshqaruvchi zobit otishga buyruq berdi va toʻrt kishi yiqildi. Ular gʻalati tarzda, birin-ketin, besoʻnaqay harakatlar bilan yiqilishdi. Xuddi jonsiz qoʻgʻirchoqday. Ofitser ularga yaqinlashdi va bitta chalajon mahkumning ustiga kelib, revolverini boʻshatdi. Bu payt oshnamiz sigaretini chekib boʻldi.

Deraza qiya ochildi. Ayol hovliga tez-tez yurib kirdi, keyin qoʻqqisdan qoʻli koʻksida, toʻxtadi. U yigʻlab yubordi va uzatilgan qoʻllari bilan oldinga yugurdi.

«Jin ursin», dedi general.

Ayol qora kiyimda, sochlarida toʻr, yuzi esa murdanikidek oppoq oqarib ketgan. U boʻy yetgan qizdan biroz kattaroq koʻrinar, kichkina chiroyli yuzli va katta koʻzli hurliqo edi. Yugurganida ogʻzining xiyol ochilgani va chiroyli yuzidagi iztirob unga shunday nazokat bagʻishladiki, hatto qarab turgan bee’tibor askarlar ham hayratdan «eh» deb yuborishdi.

Isyonchi uni qarshi olish uchun bir-ikki qadam oldinga yurdi. Ayol oʻzini uning qoʻllariga otdi va «jonim» degan ehtirosli hayqiriq bilan isyonchi lablarini uning lablariga bosdi. Shu payt u yirtiq koʻylagi ichidan pichoq sugʻurib oldi - hayronman, qanday qilib u pichoqni yashirib yurishni uddalagan ekan - va ayolning boʻyniga pichoq urdi. Kesilgan shohtomirdan tirqirab qon otildi va isyonchining koʻylagini boʻyadi. Keyin u qoʻllari bilan ayolni mahkam ushlab, lablarini uning lablariga bosdi.

Bu shunchalik tez roʻy berdiki, koʻpchilik nima boʻlganini anglamay ham qoldi, lekin boshqalar dahshatdan baqirib yuborishdi: askarlar oldinga sakrashib, uni ushlab olishdi. Qizni esa yerga yotqizishdi, biroq endi qonni toʻxtatishning iloji yoʻqligini bilishardi. Birozdan keyin qizning oldiga tiz choʻkib turgan ofitser oʻrnidan turdi.

«Qiz oʻldi», pichirladi u.

Qoʻzgʻolonchi choʻqinib oldi.

«Nima uchun bunday qilding?», soʻradi general.

«Men uni sevardim».

Toʻplanib turgan odamlar «oh» tortib yuborishdi va taajjub bilan qotilga qarashdi. General sukut saqlab, unga biroz tikilib qaradi.

«Bu mardlik, - dedi general nihoyat, - men bu odamni qatl etolmayman... Mashinamni olib uni chegaraga eltib qoʻyinglar. Men seni hurmat qilaman, senor. Chunki bir jasur erkak boshqa jasur erkakni hurmat qilishi kerak».

Isyonchi bir soʻz demay, ikki askar oʻrtasida, kutib turgan mashinaga qarab yurdi.

Doʻstim gapirishdan toʻxtadi va men jimib qoldim. Aytishim kerakki, u gvatemalalik edi va menga ispan tilida gapirdi. Men ham uning aytganlarini qoʻlimdan kelgancha sizga hikoya qildim, biroq uning ancha boʻrttirilgan nutqini oʻzgartirishga uringanim yoʻq. Rostini aytganda, meningcha, bu hikoyaga yarashadi.

«U chandiqni qanday qilib orttirgan?» - soʻradim men nihoyat.

«Oʻ-oʻ, bunga shisha butilka sabab boʻlgan. U ochayotgan paytda idish yorilib ketgan. Zanjabil vinosining idishi».

«Bu narsani umuman yoqtirmayman», dedim men.