OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiChumoli bilan chigirtka (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dramaturgiya
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIngliz tilidan SamDChTI talabasi Abror RAHIMOV tarjimasi.
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chumoli bilan chigirtka (hikoya)
Somerset Moem

Siz chumoli bilan chigirtka haqidagi hikoyani eshitganmisiz? Men bolaligimda maktabda shuni oʻrganishga majbur boʻlganman. Bu oddiygina hikoya boʻlib, yosh oʻquvchilarga ibrat boʻlishi kerak edi. Hikoya mehnatsevarlik gʻoyasini targʻib qilardi. Unga koʻra kimki mehnatkash boʻlsa, muvaffaqiyatga erishishi mumkin-u, kimki mehnat qilmasa, biror narsaga erisha olmaydi.

Hikoyada chumoli yoz boʻyi tinimsiz mehnat qiladi. U har kuni uyiga don tashiydi. Yoz oxiriga borib u qishga yetarli ozuqa gʻamlab qoʻyadi. Chigirtka esa umuman mehnat qilmasdan, oftobda toblanib qoʻshiq aytishdan boʻshamaydi.

Keyin qish keladi. Chigirtkaning ovqati boʻlmaydi. U chumolinikiga borib biror yegulik berishini soʻraydi.

«Sen yozda nima qilding?» – deya qarshi oladi uni chumoli.

«Qoʻshiq aytdim»? – deydi chigirtka. – Quyoshda tob-lanib qoʻshiq aytdim».

«Endi yana borib raqs tushishing mumkin», – deydi chumoli.

Oʻshanda bu hikoyani jinim suymagandi. U meni mehnatsevarlikka chorlay olmadi. U menda chumolilar berahm ekan, degan tasavvur uygʻonishiga va chumolilardan nafratlanishimga sabab boʻldi. Men qaerda chumoli koʻrsam uni bosib-yanchib, ezib oʻtib ketadigan boʻldim. «Bu sening chigirtkaga rahmsizlik qilganing uchun jazo», derdim.

Bundan bir necha kun ilgari menga chumoli bilan chigirtka hikoyasini yana eslatgan bir voqea sodir boʻldi. Men restoranga tushlik qilgani borgandim. U yerda doʻstim Jorj Ramseyni koʻrib qoldim. U stolda yolgʻiz oʻtirar va juda gʻamgin koʻrinardi.

– Salom, Jorj, – dedim unga.

– Ahvollaring yaxshimi?

– Unchalik emas, – javob qildi u.

– Nima boʻldi? – soʻradim stolga oʻtirayotib. – Yana ukang Tommi? Yana u tufayli muammomi?

– Ha, – dedi u. – Yana Tom.

Keling, sizga avvalo Tom haqida soʻzlab beray. Har qanday yaxshi oilaning bitta nomunosib a’zosi boʻlganidek, Jorjning oilasida oʻsha odam – ukasi Tom edi.

Boshda Tomning ishlari juda yaxshi edi. Uning yaxshigina biznesi, xotini va ikki bolasi bor edi. Kunlarning birida u ortiq ishlashni xohlamasligini aytib qoldi. U dam olishni, rohatlanib yashashni istab qolgandi.

U oilasi va ishini tashlab, Yevropaga joʻnab ketdi. Uning mablagʻi juda oz boʻlib, oʻylamasdan pullarini sovurardi. U hashamatli mehmonxonalarda turar, eng qimmat restoranlarda ovqatlanar, turli bazmlarga goʻzal ayollar bilan borardi. Qisqasi, u vaqtini juda xush oʻtkazar edi.

Uning oilasidagilar bu gaplardan xabar topishgach, afsus bilan bosh chayqashdi.

«Pullari tugagach, u qanday qilarkan?» – degan savol qiynardi ularni.

Tez orada bu savolga javob topildi. Tom hammaning yoqimtoyi edi. U juda xushchaqchaq boʻlib, doʻstlari ham juda koʻp edi. Puli tugagach, u doʻstlaridan qarz olardi.

Uning oladigan qarzi unchalik koʻp miqdorda boʻlmagani uchun doʻstlari odatda qarzni soʻrab ham oʻtirishmasdi. Men uni tez-tez uchratib turardim, u bilan hamsuhbat boʻlish menga yoqardi va har gal uni kayfiyati choq holda koʻrardim. Lekin har koʻrishganimizda u mendan qarz olardi.

Tom oʻzining odatiy xarajatlariga pulni doʻstlaridan olardi-yu, mabodo koʻproq pul kerak boʻlib qolsa, akasi Jorjning oldiga kelardi.

Jorj juda obroʻ-e’tiborli edi. U koʻp ishlar, pulni ham oʻylab sarflardi. U ukasining ham obroʻli odam boʻlishini xohlardi.

Tom akasiga hayotini oʻzgartirishga va agarda Jorj unga yetarli mablagʻ bersa, ishini qaytadan boshlashga va’da berdi.

Birinchi marta u akasidan olgan pullarni qimmatbaho mashina sotib olishga, ikkinchi safar Parijdagi mehmonxona maishatiga sarflab yubordi.

Jorj unga mutlaqo ishonmaydigan boʻldi. U Tomga pul berishdan bosh tortdi. Shundan soʻng oʻta dahshatli voqea yuz berdi. Tom qamoqxonaga tushib qolishi ma’lum boʻldi. Jorj bu voqeani eshitib, juda xafa boʻldi. Agar Tom qamoqqa olinsa, u va uning oilasi uchun bu narsa sharmandalik hisoblanardi.

Tom Kronshav ismli kishini katta miqdordagi pulga chuv tushirgan edi. Kronshav uni sudga bergan boʻlib, agar puli qaytarib toʻlanmasa, Tomning qamoqqa tushishi muqarrar edi. Turgan gapki, Tom uni toʻlolmasdi. Shuning uchun Jorjning 500 funt-sterling toʻlashdan boshqa iloji qolmadi.

Jorj pulni toʻlab boʻlgan kuniyoq, Kronshav bilan Tom Monte-Karloga joʻnab ketishdi. Ular Monte-Karloda Jorjning pullariga kayfu safo qilib birga yurishganini koʻrishibdi. Jorjning figʻoni falakka chiqdi. Men uni hech ham bunchalik jahldor holatda koʻrmagandim.

Shunday qilib yigirma yil davomida Tom baxtli hayot kechirdi. Yigirma yil davomida u goʻzal ayollar davrasida davron surdi. U qirq besh yoshga toʻlgan boʻlsa-da, anchagina yosh koʻrinardi. Uning doʻstlari koʻp edi.

Jorj butun umr mehnat qildi. U har kuni saharlab ishxonasiga borardi. U ishxonasini qorongʻu tushmasdan tark etgan kunini eslay olmaydi. U topganini yigʻib oilasi uchun sarfladi. Uning koʻngil yozish, hordiq chiqarishga mutlaqo vaqti boʻlmadi. Uning yoshi atigi qirq yettida boʻlsa-da, oltmish yoshli qariyaga oʻxshardi.

Jorj qariyotganidan mamnun edi.

«Tom ham qariyapti», degandi u bir kuni menga. «U yosh va chiroyliligida doʻst orttirishi oson edi. Toʻrt yildan soʻng u ellikka toʻladi. Oʻshanda nima qilarkan? Men ellikka toʻlganimda oʻttiz ming funt sterling miqdoridagi jamgʻarmam boʻladi. Tomda esa hech vaqo boʻlmaydi. Koʻramiz, umrni mehnat qilib oʻtkazgan yaxshimi yoki oʻynab?»

Men stulga oʻtirdim. Bechora Jorj. Unga ichim achishib ketdi.

– Bu gal nima boʻlibdi? – soʻradim undan.

Men Tom yana qanday xatolikka yoʻl qoʻydi ekan, deb oʻylardim. Uni politsiya ushladimikan yo yana qamoqqa tushdimikan?

– Men butun umr tinimsiz mehnat qildim, toʻgʻrimi? – asta gap boshladi Jorj.

– Bilaman, – dedim men.

– Tom oxirgi yigirma yil davomida biror-bir ishning boshini tutmay, bekor yurgani uchun qolgan umrini qashshoqlik va nadomatda oʻtkazishi kerak, toʻgʻrimi?

Tasdiqlashdan oʻzga ilojim yoʻq edi. Jorj gʻazabdan boʻgʻriqib ketdi. Uning shunchalik jahli chiqqandiki, hatto gapirolmay qoldi.

– Bir necha hafta ilgari Tom va bir qari kampirning unashtiruv marosimi boʻlib oʻtgandi, – dedi u nihoyat. – Kampirning yoshi shunchalik katta ediki, Tom uni bemalol oyi deb chaqiraverishi mumkin edi. Bugun u oʻlibdi. Tomga esa oʻzining bor mulkini qoldiribdi. Tomga uning yarim million funt-sterlingi, Londonda va qishloqda joylashgan hashamatli uyi meros boʻlib oʻtibdi, – dedi Jorj stolni alam bilan mushtlarkan.

Men bu vaziyatda oʻzimni kulgidan toʻxtata olmasdim. Baland ovozda kulib yubordim. Yaqin orada bunchalik kulgili voqeani eshitmagandim. Chigirtka chumolidan koʻra omadliroq chiqqandi.

Jorj meni oʻsha kungi kulgim uchun kechirmadi. U men bilan umuman gaplashmay qoʻydi. Tom esa meni tez-tez Londonning eng qimmat kvartalida joylashgan hashamatli uyiga tushlikka taklif qilib turadi.

Lekin u oʻzgarmagan. Hali ham uyidan chiqayotganimda mendan qarz soʻrab turadi.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.