OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Somerset Moem. Luiza (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiLuiza (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlisher Otaboyev
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Luiza (hikoya)
Somerset Moem

Luiza nega meni oʻziga yaqin olganiga sira aqlim yetmaydi. U meni yomon koʻrardi. Imkon boʻldi deguncha ortimdan xunuk gaplarni gapirishini sezib yurardim. Yoqtirmasligini ochiq aytmasa-da, pichinglari-yu, xoʻrsinishlaridan, chiroyli qoʻllarini silkitishlaridan ham buni tushunib olish qiyin emasdi. Bir-birimizni yigirma besh yildan beri yaqindan bilardik. Lekin bu narsaning Luiza uchun hech qanday ahamiyati yoʻq edi. U meni qoʻpol, surbet va shafqatsiz odam, deb hisoblardi. Shunaqa yomon koʻrarkan, nega meni holi-jonimga qoʻymaydi, boshim qotardi. Dam-badam nonushta yoki tushlikka chaqirar, dam olish kunlari shahar tashqarisidagi uyiga ham yiliga bir necha marta taklif qilardi. Ehtimol, yolgʻiz mengina uning niqob ostidagi haqiqiy basharasini koʻrishga qodirligimni Luiza bilgandir. Men ham ertami, kechmi, yuzimga shunaqa niqob kiyishimga umid qilgandir.

Luizani qizlik paytidanoq bilardim. Oʻsha paytlari u katta-katta koʻzlari ma’yus boquvchi nimjongina qiz edi. Ota-onasi Luizani haddan ziyod yaxshi koʻrishar, yeru koʻkka ishonishmasdi. Bunga Luizaning dardchilligi ham sabab edi. Bilishimcha, Luiza bolaligida qizilcha kasaliga chalinib, yuragi zaiflashib qolgan, endi u oʻzini har tomonlama asrab-avaylab yashashga majbur edi.

Tom Metlend uning qoʻlini soʻraganida, qizning ota-onasi qoʻrqib ketishdi. Ular Luizaning bu ahvolda erga tegishga umuman yaramasligini bilishardi. Lekin ular boylar toifasidan emasdilar. Tom Metlend esa badavlat odam edi. U, Luiza xohlasa, osmondagi oyni ham olib berishga va’da berdi va oxir-oqibat ular qizlarini Tom Metlendning qoʻliga ishonib topshirishdi. Tom qoruvli, kuchli va kelishgan yigit boʻlishi bilan birga, yaxshigina sportchi ham edi. U Luizani jonidan ortiq yaxshi koʻrardi. Yuragi xasta sevgilisidan yaqin-orada judo boʻlishini bilardi, Luiza qolgan sanoqli yillarini baxtli oʻtkazishi uchun qoʻlidan kelgan hamma narsani qilishga hamisha tayyor edi.

U ilgaridan qoyilmaqom qilib bajarib yurgan sport mashq¬laridan ham voz kechdi. Yoʻq, Luiza shunday boʻlishini xohlagani uchun emas, biror yoqqa ketmoqchi boʻlib turgan paytida har gal Luizaning yuragi sanchib qolgani uchun mashqlardan voz kechdi. Janjallashib qolishgan vaqtlarida Luiza eng yaxshi xotin qiyofasiga kirib, darrov Tomga yon bosardi. Keyin Luizaning yuragi bezovta qilar va u bir hafta musichai beozor boʻlib, toʻshakka mixlanib yotardi. Shunday paytlarda Tom xotiniga qattiq gapirishga yuragi betlamasdi.

Bir safar Luiza oʻzi judayam xohlab sayrga chiqib yayov sakkiz mil yoʻl yurganini koʻrib, Tom Metlend¬ga Luizaning sogʻligi uncha-muncha ayollarnikidan yaxshi ekanligini aytdim. Tom boshini chayqab, xoʻrsindi:

«Yoʻq, Luiza aslida judayam zaif. U dunyodagi eng yaxshi yurak mutaxassislari koʻrigidan oʻtdi. Hammasi Luizaning sanoqli kunlari qolganini aytdi. Metin irodasi borligi uchun ham hozir oʻzini shunday tutayapti».

Tom gaplarimni Luizaga ayt¬di.

«Buning azobini ertaga koʻraman», dedi Luiza menga qarab «uh» tortarkan: «Yana oʻlim bilan yuzma-yuz boʻlaman».

«Ba’zida menga sizda hech qanaqa kasallik yoʻqday tuyuladi», dedim sekingina.

Gashtli oʻtgan mehmondorchiliklarda Luiza ertalabki beshlargacha raqs tushib charchamaganini, befayz oʻtirishlarda esa mazasi qochib, Tom uni uyiga vaqtli olib ketganini bir necha marta koʻrgandim. Menga qarab siniqqina kulib qoʻygan boʻlsa-da, boyagi gapim Luizaga yoqmaganini sezdim. Katta-katta koʻk koʻzlaridan kayfi qochganligi bilinib turardi.

«Men sizni xursand qilish uchun oʻlayotganim yoʻq», dedi u.

Luiza eridan ham koʻproq yashadi. Bir kuni ular yelkanli qa¬yiqda sayr qilib qaytishganidan keyin Tom qattiq shamollab qolib jon taslim etdi. Luizani isitish uchun uni uydagi bor gilamu koʻrpalar bilan oʻrab qoʻyishga toʻgʻri keldi. Tom Luizaga katta bisot va bir qiz qoldirib ketdi. Luiza tasalli topmaydigan bir ahvolga tushib qoldi. Xasta yuragi bilan bu kulfatni koʻtara olganiga aql bovar qilmasdi. Bechora Tom Metlendni tuproqqa qoʻyishda Luizaning doʻstlari unga dalda boʻldilar. Ular onasidan ham ajralib yetim boʻlib qolishi mumkin boʻlgan Luizaning qizi Irisga chindan qaygʻura boshlagan edilar. Shu bois, Luizaning tevaragida girdikapalak boʻlishardi. Doʻstlari Luizaning qoʻlini sovuq suvga urdirmadi, uni turli tashvishlardan xoli qilish uchun har qanday narsaga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Darhaqiqat, ularga ish ham topildi, chunki Luiza biror ogʻirroq yoki yoqmaydigan yumush qilmoqchi boʻlsa, yuragi sanchib, bir oʻlib-bir tirilardi. “Agar birov menga koʻz-quloq boʻlib turmasa, oʻlishim aniq” derdi Luiza. Shu ahvolida qizalogʻi Irisni qanday katta qilishiga aqli yetmasdi. “Nega yana erga tegmaysiz?”, deb soʻrashardi doʻstlari. “Oh, bu yuragim bilan erga tegish haqida oʻylashga ham botinolmayman”, derdi Luiza.

Lekin Tomning oʻlimidan ke¬yin bir yil oʻtgach, Luiza qoʻlini soʻragan Jorj Xobhauzga rozilik berdi. Jorj kelishgan va anchagina badavlat odam edi. Bu nimjon ayolni panohiga olishiga rozilik berishganida, Jorjdan baxtiyor odamni koʻrmadim.

“Men sizni koʻp qiynamayman”, derdi Luiza. Jorj shuhratparast harbiylardan edi. Lekin ishini tashlab qoʻydi. Luizaning sogʻligʻi yomonlashib qishni Monte Karlo, yozni esa Dyuvilda oʻtkazishga majbur boʻldi. Jorj uch-toʻrt kunlik umri qolgan xotinini qoʻlidan kelguncha xursand qilishga ahd etdi.

“Hayotim tugab borayapti”, derdi Luiza: “Tinchgina oʻlishga harakat qilaman”.

Keyingi ikki-uch yil mobaynida Luiza xasta yurak bilan chiroyli kiyinib, eng qizgʻin bazm¬larga borishni, doʻrji-doʻrji pul tikib qimor oʻynashni, baland boʻyli, chiroyli yigitlar bilan raqs tushishni va hatto ularga noz-karashma qilishni ham epladi. Luizaning birinchi eridagi matonat Jorj Xobhauzda yoʻq edi va u Luizaning ikkinchi eri sifatida zimmasidagi tashvishlardan zerikib, ora-sira ichib yurishga majbur boʻldi. Albatta, Jorj aroqqa mukkasidan ketganida bu qiliq Luizaga yoqmasdi. Ammo (Luizaning baxtiga) urush boshlandi. Jorj zahiradan oʻz polkiga qaytib, uch oydan keyin halok boʻldi. Bu zarba Luizani esankiratib qoʻydi. Lekin shunday musibatdan keyin ham u gʻam-gʻussaga yoʻl bermasligi lozimligini his qilardi. Agar oʻsha paytda yuragi xuruj etganda hech kim bu haqda xabar topmagan boʻlardi. Oʻzini chalgʻitish uchun Luiza Monte Karlodagi villasini oyoqqa turayotgan ofitserlarga moʻljallangan shifoxonaga aylantirdi. Doʻstlari unga bu tashvish ogʻirlik qilishini aytishdi.

“Bu ish meni oʻldirishi aniq”, dedi u: “Bilaman. Lekin buning nima ahamiyati bor? Bosh¬qalarga yordam berishim kerak”.

Luiza oʻlmadi. Qaytaga avvalgidan ham yashnab ketdi. Uning shifoxonasiga teng keladigan kasalxona butun Frantsiyada yoʻq edi. Uni tasodifan Parijda uchratib qoldim. Restoranda novcha va juda kelishgan yosh frantsuz bilan tushlik qilayotgan ekan. “Bu yerda shifoxonaga aloqador ishlar boʻyicha yuribman”, deb tushuntirdi u. Luiza kasalxonadagi ofitserlar unga mahliyo ekanligi haqida gapirdi. Ular Luizaning kasali ogʻirligini tushunisharkan va unga hech qanday yumush qoldirishmaskan. Goʻyo ular Luizaga eridek gʻamxoʻrlik qilisharkan. Luiza xoʻrsindi.

“Bechora Jorj, shu yuragim bilan undan koʻp yashashimni kim ham oʻylabdi deysiz?”

“Eh, bechora Tom,” dedim men.

Nega bu gapim unga yoqmaganini tushunmayman. U menga siniqqina jilmaydi, koʻzlari yoshga toʻldi.

“Doim oʻlimimni kutayotgandek gapirasiz...”

“Aytmoqchi, yuragingiz ancha sogʻayib qolibdi, deb eshitdim?”

“Yuragim hech qachon sogʻaymaydi. Bugun ertalab shifokor koʻrigiga bordim. Oʻlishga tayyor boʻlib turishimni maslahat berdi”.

“Yoʻgʻ-e, bunga yigirma yildan beri tayyorlanasiz-u?”

Urush tugagandan keyin Luiza Londonga koʻchib oʻtdi. Endi yoshi qirqdan oshib qolgan, avvalgidek ozgʻin va nimjon, koʻzlari katta-katta, yuzlari rangpar ayol boʻlsa ham, yigirma beshdan oshmagandek koʻrinardi. Maktabni tugatib, boʻyga yetib qolgan Iris esa u bilan birga yashay boshlagandi.

“U menga qaraydi”, derdi Luiza: “Turgan gap, mendek qari nogiron bilan yashash unga qiyin boʻladi. Lekin bu bir-ikki kun davom etadigan narsa. Irisning yoʻq demasligi aniq”.

Iris juda yaxshi qiz edi. Uni, onasining sogʻligʻi yomonligini muntazam uqtirib, voyaga yetkazishgandi. Bola boʻlib u biror marta ham toʻpolon qilmagan edi. Onasini yolgʻiz qoldirish mumkin emasligini doim yodida saqlardi. Mana endi Luiza qiziga: “Hammaning joniga tekkan keksa ayol uchun oʻzingni bagʻishlashingga chiday olmayman”, deb qancha gapirmasin, u bu gaplarga quloq solmadi.

Luiza “uh” tortib, qiziga farzandlik burchini ado etishga ruxsat berdi.

“Bolamga menga gʻamxoʻrlik qilish yoqadi”, dedi u.

“Doʻstlari bilan birga yurgani yaxshimasmidi?”, deb soʻradim.

“E, buni unga doim aytaman. Doʻstlaring bilan oʻynab-kulib yur, deb hech koʻndirolmadim. Tepada xudo bor, birovning meni deb huzur-halovatini yoʻqotishini hech qachon xohlamaganman”.

Men bu gaplarni Irisga ayt¬ganimda, u shunday dedi: “Bechora oyijonim, mening doʻstlarim bilan birga boʻlishimni, oʻtirishlarga borishimni xohlaydi, endi biror joyga boraman deb turganimda yuraklari sanchib qoladi, shuning uchun uyda qolganim yaxshi”.

Lekin koʻp oʻtmay Iris bir yigitga koʻngil qoʻydi. Yosh doʻstim, bama’ni bir yigit uning qoʻlini soʻradi va qiz rozi boʻldi. Irisni juda yaxshi koʻrardim. Nihoyat oʻzi uchun ham yasharkan-da, deb quvondim. Lekin bir kuni oʻsha yigit tushkun bir ahvolda oldimga kelib, toʻy qoldirilganini ayt¬di. Iris onasini tashlab ketolmaskan. Bu mening ishim boʻlmasa ham, bahona topib, Luizanikiga bordim. Choy ichib oʻtirgan paytida doʻstlari kelib qolsa, u doim xursand boʻlardi.

“Iris erga tegmaskan, deb eshitdim?”, dedim muddaoga oʻtib.

“Bilmayman. Men xohlaganim bilan u erga tegmaydi... Meni oʻylamay erga tegaver, deb tiz choʻkib iltimos qilsam ham, “Sizni tashlab ketolmayman”, deyapti”.

“Qizingizga jabr qilmayapsizmi?”

“Balki. Lekin bu bir-ikki oy davom etadi. Buning ustiga men “Oʻz hayotidan voz kechib, menga qarasin”, deyayotganim yoʻq-ku”.

“Azizim Luiza. Bir-ikki oy deb, ikkita eringizni koʻmdingiz. Toʻgʻri, nimaga endi yana uch-toʻrttasini narigi dunyoga joʻnatmasligingiz kerak!”

“Bilaman! Men haqimda nima deb oʻylab yurganingizni. Yuragimning kasal ekaniga hech qachon ishonmagansiz, shundaymi?”

Luizaning koʻziga tik qaradim.

“Toʻppa-toʻgʻri. Siz yigirma besh yil hammani laqillatdingiz. Siz dunyodagi eng xudbin, eng qabih ayolsiz. Anovi ikkita badbaxt erkakning umriga zomin boʻldingiz. Endi boʻlsa qizingizni ham shu koʻyga solmoqchisiz”.

Agar oʻsha payt Luizaning yuragi toʻxtab qolganda hayron boʻlmasdim. Uning quyushqondan chiqib ketishini kutgandim. U esa menga qarab muloyim jilmaydi.

“Bechora doʻstim, yaqin kunlarda bu gaplarni menga aytganingizdan shunday afsuslanasizki...”

“Endi Iris oʻsha bolaga erga tegmaydimi?”

“Erga teg”, deb qizimdan iltimos qildim. Meni tashlab ketsa, oʻlishimni bilaman. Mayli. Baribir, hamma meni yomon koʻradi. Odamlarga ortiqcha yukman...”

“Tashlab ketsang — oʻlaman”, deb unga aytdingizmi?”

“U meni shunga majbur qildi”.

“Oʻzingiz biror ish qilishni xohlamasangiz, hech kim sizni majburlay olmaydi”.

“Xohlasa, oʻsha yigitga ertagayoq erga chiqsin. Shu narsa meni oʻldirsa, oʻldira qolsin”.

“Keling, bir tavakkal qilib koʻraylik, maylimi?”

“Menga ozgina boʻlsayam rahmingiz kelmayaptimi?”

“Shunaqa tomoshalar koʻrsatgansizki, sizga rahmim kelishi qiyin”, dedim men.

Luizaning oppoq yuzlariga rang yugurdi. Luiza kuldi, lekin koʻzlari gʻazab bilan qat’iy boqardi.

“Irisning toʻyi shu oyda boʻladi”, dedi u: “Agar menga biror narsa boʻlsa siz ham, Iris ham oʻzingizni kechira olmassiz, deb umid qilaman”.

Luiza soʻzida turdi. Toʻy vaqti belgilandi. Katta sep buyurildi va taklifnomalar tarqatildi. Iris va yigit juda xursand boʻlishdi. Toʻy kuni ertalab soat oʻnda, Luizaning, oʻsha yovuz ayolning yuragi yana bir marta qattiq xuruj qildi va u oʻldi. Luiza oʻzini oʻldirgan qizi Irisni kechirib, astagina jon berdi.