OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiOy va sariq chaqa (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonРаҳматилла Иноғомов (Рус тилидан)
Hajm224KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oy va sariq chaqa (I- qism)
Somerset Moem

Birinchi bob

Charlz Striklend bilan tanishgan vaqtimda, gapning rostini aytadigan boʻlsam, uning qandaydir favqulodda odamligi xayolimga ham kelmagandi. Endilikda esa uning ulugʻligini biror kimsa inkor eta olmasa kerak. Men bu oʻrinda nom qozongan siyosatdon yoxud mashhur sarkardaning ulugʻligini koʻzda tutayotganim yoʻq. Bu narsa koʻproq odamning oʻziga emas, balki shart-sharoitga va u yashaydigan makonga bogʻliq. Vaziyatning oʻzgarishi tufayli uning mashhurligi koʻpincha oʻz-oʻzidan qumga singgan suvday yoʻqolib ketishi hech gap emas. Bosh ministr egallagan mansabisiz ezma maqtanchoqqa, general esa armiyaciz bor-yoʻgʻi mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan sherga aylanadi. Charlz Striklendning ulugʻligi esa haqiqiy ulugʻlikdir. Sizga uning san’ati yoqmasligi mumkin, lekin shunda ham loqayd munosabatda boʻlolmaysiz. U sizni qoyil qoldiradi, oʻziga jalb etadi. Uni mazax qilishgan vaqtlar orqada qolib ketdi. San’atkorga xos nuqsonlar ham fazilatlariga qoʻshimchaday tuyuladi. Toʻgʻri, bu rassomning san’atdagi oʻrni borasida hali-hanuz bahslar davom etmoqda, koʻklarga koʻtarib maqtash qanchalik asossiz boʻlsa, uni qoralovchilar ham, unga mensimay munosabatda boʻluvchilar ham shunchalik asossizdirlar. Uning asarlari dahoning ijodiyoti ekanligi shubhasiz. San’atdagi eng muhim narsa deb ijodkor shaxsiyatini tushunaman, agar u original boʻlsa, barcha nuqsonlarini kechirishga tayyorman. Velaskes rassom sifatida, ehtimol, El' Grekodan yuqoriroq boʻlgandir. Lekin uning asarlariga koʻnikib qolamizda, ehtirosli va oʻz qalbining mangu fidoyiligini koʻrsatgan durdonalarini unchalik ham qadrlayvermaymiz. Artist, rassom, shoir yoki sozanda oʻzining koʻtarinki va ulugʻvor san’ati bilan estetik tuygʻuning ehtiyojini qondiradi, lekin bu qoniqish jinsiy instinktga oʻxshab ketadi. Uning siri bamisoli sarguzasht romanlarday kishini oʻziga tortadi. Bu xuddi koinot sirlariday anglab boʻlmas jumboqdir. Striklendning eng arzimasday tuyuladigan asarlari ham rassomning oʻziga xos, murakkab, azob-uqubatlar bilan toʻla shaxsiyati toʻgʻrisida koʻp narsalarni ayta oladi. Ular rassomning asarlari unchalik didiga oʻtirishmaydigan odamlarni ham befarq qoldirmaydi, uning hayoti, xarakterining oʻziga xos tomonlariga qiziqish uygʻotadi.

Striklend vafotining toʻrt yilligi arafasida Moris Gyurening “Merkyur de Frans”da e’lon qilingan maqolasi bu rassomni unutilib ketishdan saqlab qoldi. Koʻpgina taniqli adabiyotchilar Gyure ochgan soʻqmoqdan yurishdi. Ancha vaqtlargacha Fransiyada birorta tanqidchining rassom haqidagi fikrlariga unchalik qoʻshilishmadi. Tanqidchining fikrlari gʻalati tuyuldi. Lekin keyinroq maydonga kelgan ishlar Gyurening haqligini koʻrsatdi. Shu ma’noda Charlz Striklendning shuhrati fransuz qoʻygan poydevorga asoslanadi, deb bemalol aytish mumkin. Bu shuhrat san’at tarixidagi eng romantik epizodlardan biridir. Lekin men Charlz Striklend san’atini tahlil qilmoqchi emasman, uning shaxsiyatini ochadigan qirralari toʻgʻrisidagina toʻxtalmoqchiman. San’atning oʻziga xos xususiyatlarini bilmaydigan odamlar rassomchilikda muqarrar ravishda hech narsaning fahmiga borishmaydi va shu boisdan bunday asarlarni miq etmay tomosha qilganlari ma’qul deb fikr yuritadigan rassomlarga qoʻshila olmayman. San’atga hunar deb qarash, uni faqat hunarmand odamlargina tushunadi, deyish tamomila xatodir. San’at tuygʻularni namoyish etish shakli, tuygʻu esa hamma tushunadigan tilda ifodalanadi. San’at texnologiyasini amaliy jihatdan unchalik tushunmaydigan tanqidchilik esa hech qachon salmoqliroq gap ayta olmaydi, degan fikrga qoʻshilaman. Oʻzimning esa rassomchilik sohasida hech narsaga aqlim yetmaydi. Baxtimga bunday xatarli sarguzashtni boshlashning zaruriyati ham yoʻq. Zero, mening doʻstim, talantli adib va ajoyib rassom, janob Eduard Leggat oʻzining moʻ’jazgina kitobida Striklend ijodini mufassal tahlil etgan. Mazkur kitob Angliyaga qaraganda Fransiyada koʻproq muvaffaqiyat qozongan va men uni san’at asarlarini nozik his etish va nazokatli uslubda yozishning ajoyib namunasi degan boʻlardim.

Moris Gyure oʻzining mashhur maqolasida keng ommada qiziqish va ishtiyoq uygʻotish uchun Striklendning hayotiy yoʻli toʻgʻrisida maroq bilan hikoya qiladi. San’atni yuksak ehtiros bilan sevgan Gyure chinakam, favqulodda oʻziga xos talantning qadriga yetadiganlarning e’tiborini oʻziga qaratishga harakat qildi. Ajoyib jurnalist boʻlganligi tufayli, maqsadga tezroq erishish uchun odamlarni qiziqtira oldi. Striklend bilan qachonlardir uchrashgan, u Londonda istiqomat qilgan paytidan biladigan, yozuvchilar Monmantrda yonma-yon oʻtirgan rassomlar omadsiz va shunchaki bir suratkash deb yurgan odamlari chinakam daho rassom boʻlib chiqqanidan behad hayratlanardilar. Fransiya va Amerikadagi jurnallarda rassom toʻgʻrisidagi maqolalar bodrab chiqdi. Bu maqolalardagi xotira va maqtovlar xuddi olovga kerosin sepgandek, ommaning rassomga qiziqishini yanada avj oldirardi. Mavzu gʻoyat qiziqish uygʻotadigan mavzu edi. Tirishqoq Veybrext-Rotgol's oʻzining salmoqli monografiyasida Striklend toʻgʻrisida fikr bildirilgan ishlarning uzundan-uzoq roʻyxatini keltiradi.

Inson tabiatida afsonalar toʻqishga ishtiyoq kuchli boʻladi. Shuning uchun ham odamlar oʻzlariga oʻxshagan kishilarning hayoti toʻgʻrisida hammani hayron qoldiradigan va sirli hikoyalar toʻqishga intilishadi. Keyinchalik oʻzlari toʻqishgan afsonalarga oʻzlari ham ishonib qolishadi. Bu oʻrtamiyona hayotga qarshi romantikaning isyonidir.

Hayoti toʻgʻrisida afsonalar toʻqilgan odam esa mangulikka daxldor boʻlib qoladi. Hazilkash faylasuf insoniyat janob Uolter Reli tamomila yangi joylarga ingliz bayrogʻini tikkanini emas, balki malikaning oyoqlari ostiga yomgʻirpoʻshini tashlagan vaqtni ehtirom bilan eslaydi, deb kulgan edi. Charlz Striklend xilvatda hayot kechirgandi. Uning doʻstlaridan dushmanlari koʻproq edi. Shuning uchun rassom haqida fikr bildirganlar oʻzlarining uzuq-yuluq xotiralari yoniga turli-tuman toʻqimalar qoʻshganlar. Holbuki, rassom toʻgʻrisida biladigan oʻsha narsalari ijodkor shaxsiyatini romantik tarzda hikoya qilish imkonini berardi. Uning hayotidagi juda koʻp narsalar gʻalati va qoʻrqinchli edi, qiyofasi doimo jazavaga tushgan holatda boʻlardi. Qismat uning boshiga gʻoyat ogʻir koʻrgiliklarni yogʻdirgandi. U toʻgʻrisidagi afsonalar asta-sekin shu qadar keng yoyilib ketdiki, aqli raso tarixchi hech qachon unga suyanishni oʻziga ravo koʻrmaydi.

Lekin taqvodor Robert Striklend aqli raso tarixchi emasdi. U, chamasi, oʻz otasining tarjimai holini, “tarqalib ketgan ba’zi noaniqliklarni tushuntirish, hayotining ikkinchi qismidagi” hozirda ham barhayot kishilarga koʻp iztiroblar keltirgan “tafsilotlarini izohlash” uchun yozgan koʻrinadi. Albatta, mazkur kitobda hikoya qilingan juda koʻp narsalar moʻ’tabar xonadonni xijolatda qoldirdi. Striklend — oʻgʻilning asarini oʻqib men rosa kuldim. U gʻoyatda zerikarli va sayoz yozilganligiga ham xursand boʻldim. Robert Striklend oʻz asarida rassomni gʻamxoʻr er va ota, oqkoʻngil, mehnatsevar va yuksak axloqli odam sifatida tasvirlagandi. Hozirgi davrda cherkov xizmatchisi boʻlgan muallif matnni tahlil etish sohasida mahorat koʻrsatadi. Ruhoniy Striklend otasi hayotidagi barcha faktlarni hurmatli oʻgʻilning manfaatlariga moslashtirgan, kelajakda cherkov hayotida yuqori martabalarga erishishiga yordam beradigan qilib oʻzgartirgan. Men xayolan uni yoʻgʻon gavdasiga ruhoniylar kiyimini kiyib olgan holda tasavvur qildim. Hayiqmay amalga oshirilayotgan bu ish gʻoyat xatarli edi. Yangi afsona ota shuhratining oshishiga olib keldi. Zero, rassom shaxsiyati tufayli Striklend san’atidan shu vaqtgacha koʻngli toʻlmaganlar ham yoʻq emasdi. Uning oʻlimiga ba’zilarning rahmi keldi. Oʻgʻilning yaxshi niyat bilan qilgan harakatlari gʻalati bir tarzda otasining ixlosmandlarining koʻnglini ancha sovutdi. Striklendning eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanuvchi “Samariyalik xonim” rassomning yangi tarjimai holi tufayli boshlangan bahsdan keyin bundan toʻqqiz oy oldin taniqli kolleksioner sotib olgan narxdan 235 funtga arzonlashgani tasodifiy emas. Tez orada kolleksioner vafot etgach, bu rasm kimoshdi savdosiga chiqarib yuborildi.

Ehtimol, Striklend san’atiga oʻziga xoslik va oʻta jozibadorlik yetishmas. Agar falsafa doktori Veytbrext-Rotgol's kitobi oʻz vaqtida chiqmaganda, balki san’at shinavandalarining rassom asarlari haqidagi barcha shubhayu gumonlari tarqamagan boʻlarmidi?!

Doktor Veytbrext-Rotgol's inson zotining butun turish-turmushi zalolat¬dan iboratdir degan aqidaga rioya qiluvchi tarixchilar maktabiga mansubdir. Albatta, bu maktab namoyandalari favqulodda va romantikaga moyil odamlarni himmat egalari va namuna sifatida koʻrsatishni afzal biluvchilarga qaraganda kitobxonga koʻproq mamnuniyat bagʻishlaydi. Masalan, meni Antoniy bilan Kleopatrani faqat moddiy manfaatlargina birlashtirguday boʻlsa juda xafa boʻlardim. Toʻgʻri, Tiberiy qirol Georg V ga qaraganda yaxshiroq hokimi mutlaq boʻlganligiga ishonishim uchun favqulodda ishonchli dalillar kerak boʻldi.

Doktor Veytbrext-Rotgol's yaxshi niyatlar bilan tarjimai hol yozgan Robert Striklendni shunday iboralar bilan ta’zirini berdiki, ruhoniyga beixtiyor rahmingiz keladi. Uning nazokatini mugʻambirlik, mujmal mulohazalarini qip-qizil aldamchilik, atayin indamay oʻtilgan joylarni xoinlik deb atadi. Boshqa yozuvchilar uchun kechirish mumkin boʻlmagan, ammo oʻgʻli boʻlganligi tufayli kechirish mumkin boʻlgan haqiqatdan chekinilgan joylarni riyokorlik, tentaklik, ohanjamalik, makkorlik deb baholandi. Shaxsan oʻzim janob Striklend otasi bilan onasi orasidagi kelishmovchiliklar toʻgʻrisidagi ovozalarni inkor etish uchun Charlz Striklendning Parijdan yuborgan xatidagi “hurmatga sazovor ayol” degan iborasini keltirganda shoshqaloqlikka yoʻl qoʻygan deb hisoblayman. Chunki doktor Veytbrext-Rotgol's xatning asl nusxasini topib, undagi ochiq-oydin yozib qoʻyilgan: “Xotinimni jin ursin. U hurmatli ayol. Lekin men uni allaqachon doʻzaxda boʻlishini afzal bilardim” degan soʻzlarini e’lon qiladi. Shuni aytish kerakki, oʻsha vaqtlarda katta nufuzga ega boʻlgan cherkov bunday mulohazalarga, tabiiyki, ola qaragan.

Doktor Veytbrext Charlz Striklendning otashin muxlisi edi, shu tufayli ham u barcha vositalar bilan rassomni qoralaydi deyishga oʻquvchilarda asos yoʻq. Bundan tashqari, doktor gʻoyat olijanob koʻrinayotgan harakatlar tagidagi oqimni bexato seza olardi. Psixopatolog va shu bilan birga san’atshunos boʻlgan bu olim ong osti dunyosidan ham yaxshigina xabardor edi. Birorta mutasavvuf oddiy narsalar zaminidagi yashirin ma’noni undan yaxshiroq anglab yetmogʻi amrimahol edi. Mutasavvuf aytilmagan narsalarni koʻra oladi, psixopatolog esa gapirilmagan narsalarni ham bila oladi. Olim muallif oʻz qahramonini tahqirlashi mumkin boʻlgan har bir tafsilotni ishtiyoq bilan hikoya qilganini kuzatish maroqli edi. U qahramonining shafqatsizligi va pastkashligiga misol boʻla oladigan biror holatni topganida xuddi dahriyni gulxanga tashlagan inkvizitor qozisiday xursandchilikdan entikadi. Muallifning tirishqoqligiga qoyil qolsa arziydi. Rassom hayotiga oid arzir-arzimas barcha tafsilot ham uning nazaridan soqit boʻlmagan. Biz bu asar orqali Charlz Striklend kirxona hisob-kitob daftarchasiga biror marta haq toʻlamagan boʻlsa ham, olgan qarzini yarim kron kamroq toʻlagan boʻlsa ham bilib olamiz. Demak, muallifning nazaridan rassom hayotining ikir-chikir tafsilotlari ham chetda qolmagan.

Ikkinchi bob

Charlz Striklend toʻgʻrisida shu qadar koʻp narsa yozilganki, mening ham u haqida yozishim joizmikin, deb oʻylab qolaman. Uning oʻz asarlari rassomga qoʻyilgan haykaldir. Shu narsa rostki, men uni boshqa koʻpchilikka qaraganda yaqindan bilaman. Ilk marotaba uni Charlz rassom boʻlmasidan ilgariroq koʻrganman. Parijda nochor hayot kechirgan paytlarida ham tez-tez koʻrib turardim. Shunday boʻlishiga qaramasdan urush tasodiflari tufayli qismat meni Taitiga uloqtirib tashlamaganda hech qachon u toʻgʻrisida yozmagan boʻlardim. Ma’lumki, rassom hayotining oxirgi yillarini oʻsha joylarda oʻtkazgan. Men Taitida uni yaqindan bilgan talay odamlar bilan tanishdim. Shunday qilib, menda hozirgacha nisbatan uning mavhumroq boʻlib qolayotgan fojiali hayotining oʻsha davrini ma’lum darajada oydinlashtirish imkoniyati tugʻildi. Agar koʻpchilik hisoblaganidek, Striklend chindan ham ulugʻ rassom boʻlsa, u bilan deyarli har kuni koʻrishib turgan odamlarning fikrini eshitish qiziqarlidir.

Toʻgʻrisini aytsam, bunday izohlarga zaruriyat bormikin oʻzi! Kimligi xotiramda yoʻq-ku, ammo qaysidir donishmand odamlar ruhiy muvo¬zanatlarini saqlab turishlari uchun kuniga ikki marotabadan oʻzlari yoqtirmagan ishni bajarib turishlari lozim, degan ekan. Shaxsan men bu topshiriqni aniq bajaryapman, har kuni oʻrnimdan turaman va har kuni oʻrnimga yotaman. Tabiatim tarkidunyochilikka moyilroq odam boʻlganim uchun har haftada oʻzimni yana bundan ham ogʻirroq azobni bajarishga majbur etaman – “Tayms”ga adabiy ilovani oʻqiyman. Son-sanoqsiz chiqayotgan bunday kitoblarning qaysi birlari yashab qolarkin, muvaffaqiyat qozonarkin? Agar muvaffaqiyat qozonsa ham uzoqqa bormasa kerak. Bunday kitoblarning muallifi tasodifiy oʻquvchini biror soat ovuntirish, safarga otlanganlarni yoʻldagi zerikishdan qutqarish uchun qanday iztiroblarni boshdan kechirgani-yu, qancha tajribalar oʻtkazgani yolgʻiz Ollohga ayon. Agar bunday asarlarga yozilgan taqrizlarga qarab mulohaza yuritilguday boʻlsa, ularning aksariyati yaxshi yozilgan, ularda juda yaxshi fikrlar ifodalangan, ba’zilari esa butun umr mobaynida qilingan mehnatning natijasi. Aytilganlardan shunday xulosaga kelamanki, yozuvchi faqat ish jarayonida, yuk boʻlib turgan fikrlaridan qutulgani uchungina taskin topgani, asar toʻgʻrisidagi yaxshi va yomon gaplarga ham, uning muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligiga ham beparvo boʻlib qolgani ma’qul.

Lekin urush boshlanishi bilan birga narsalarga yangicha munosabatlar ham paydo boʻldi. Oʻshlar bizning davrimizda tilga olinmaydigan xudoga sigʻina boshlashdi. Bizdan keyingi avlod qaysi yoʻldan ketishi endilikda ma’lum boʻlib qoldi. Tinib-tinchimas va oʻz kuchini biladigan yosh avlod eshikni chertib oʻtirmaydi, toʻgʻridan-toʻgʻri uyga kirib oʻrnimizga oʻtiradi qoʻyadi. Ularning qiyqirigʻidan hammayoq larzaga keladi. Keksalar yoshlarning qiliqlariga taqlid qilishib hali davrlari oʻtmaganligiga oʻzlarini ishontirmoqchi boʻlishadi. Ular yoshlar bilan birga joʻrovoz boʻlishga intilishadi, lekin ularning ogʻizlaridan jangovar hayqiriq emas, mungli nola chiqadi. Ular pardoz bilan oʻzlarining avvalgi yoshliklarini qaytarmoqchi boʻlgan keksa satanglarni eslatadi. Esliroqlari esa qadr-qimmatlarini bilgan holda oʻz yoʻllaridan ogʻishmay ketaveradilar. Ularning istehzoli tabassumlarida bir vaqtlar bizlar ham xuddi sizlardek edik, tez orada sizlar ham oʻz oʻrningizni yangi avlodga boʻshatib berasizlar degan ma’noni uqish mumkin boʻladi. Hech qachon soʻnggi soʻz aytilmaydi. Nineviya shon-shuhratga koʻmilgan paytda boshqa koʻpgina joylar tanazzulga yuz tutayotgandi. Gapirayotganlarga xuddi yangiday tuyulayotgan jasur soʻzlar koʻpincha boshqalar tomonidan xuddi oʻsha ohanglarda yuzlarcha marotaba aytilgan boʻladi. Mayatnik orqaga va oldinga tebranib turadi. Harakat muqarrar ravishda doira boʻylab sodir boʻladi.

Ba’zan odam oʻz davridan nariroq oʻtib oʻzga davrlarda ham yashaydi. Endilikda Jorj Krabbni kim eslaydi? U oʻz davrida oʻta mashhur edi, hamma daho sifatida tan olgandi. U Aleksandr Popning shogirdi boʻlib, masnaviy yoʻsindagi axloqiy hikoyalar yozardi. Lekin Fransiyada revolyutsiya roʻy berdi, keyin Napoleon urushlari boshlandi, shoirlar yangi qoʻshiqlar aytishga tushishdi. Krabb esa masnaviy yoʻsindagi axloqiy hikoyalar yozishda davom etdi. Aytish mumkinki, u dunyoni agʻdar-toʻntar qilib yuborgan oʻspirinlarning she’rlarini oʻqirdi va bularni safsata deb hisoblardi. Albatta, bu she’rlardagi juda koʻp gaplar safsata edi. Lekin Kits va Vordsvort qasidalari, Kol'rijning qator dostonlari, ayniqsa, Shelli asarlari bashariyatga ruhning hali noma’lum jihatlarini kashf etdi. Janob Krabb oʻlguday tentak edi, u hamon masnaviy yoʻlida didaktik tarixlarni yozishda davom etdi. Men gohida yoshlar ijodini oʻqib turaman. Ehtimol, joʻshqin Kits va koʻtarinki ruhdagi Shelli insoniyat asrlar mobaynida esda tutadigan yangi ijod namunalarini e’lon qilishgandir. Bilmadim. Ular oʻz qalamlari ostidan chiqayotgan asarlar ustida zargarona hafsala bilan ishlashlariga qoyil qolaman. Uslublarining mukammalligiga hayratlanaman. Lekin ularning soʻz boyliklari (chamasi, ular bolaliklarida Rojening “Lugʻat”ini rosa oʻqishgan boʻlsa kerak) menga hech narsani bildirmaydi. Nazarimda, ular haddan tashqari koʻp narsa bilishadiganday va lekin bularni yuzakiroq his etishadiganday tuyuldi. Yelkamga qoqib samimiy erka-latishlarini ham, hayajondan koʻkragimga oʻzlarini tashlashlarini ham yoqtirmayman. Ularning ehtiroslari juda majmagʻil, orzulari esa maroqsiz tuyuldi menga. Men ularni yoqtirmayman. Chunki men boshqa davr odamiman. Men hamon masnaviy yoʻlidagi didaktik tarixlarimni bitaveraman. Lekin bularning barchasini faqat oʻzimni ovutish uchungina qilganimda tentak boʻlar edim.

Uchinchi bob

Bularning barchasi shunchaki aytilgan gaplar. Birinchi kitobimni yozganimda juda yosh edim. Baxtli tasodif tufayligina u e’tibor qozondi, turli odamlar men bilan tanishish yoʻllarini qidira boshlashdi.

London adabiy olamiga kirib kelgan tortinchoq chogʻlarim toʻgʻrisidagi ma’yus xotiralarga berilaman. Men anchadan beri Londonda boʻlganim yoʻq. Agar romanlarda uning oʻziga xos belgilari toʻgʻri tasvirlanayotgan boʻlsa, u yerdagi juda koʻp narsalar oʻzgarib ketgan. Adabiy hayot qaynaydigan joylar ham oʻzgargan. Ilgarigi Xampsted, Notting-Xillgeyt, Xay-strit va Kensington singari adabiy markazlar oʻz oʻrnini Chelsi va Blumsberiga boʻshatib bergan. Oʻsha vaqtlarda qirqdan yoshroq yozuvchilar odamlar e’tiborida boʻlardi, endilikda yigirma beshdan oshgan yozuvchilar kulgili tuyuladi. U paytlarda biz oʻz tuygʻularimizdan uyalardik, boshqalarga kulgili koʻrinmaslik uchun oʻzimizga ishonch tuygʻusini cheklab turardik. Oʻsha vaqtlardagi ziyolilar ahli axloqiy qadriyatlar uchun qanchalik gʻamxoʻrlik qilishganini unchalik bilmadim-u, lekin harholda bu narsalar hozirgidagidek ayqash-uyqash boʻlib ketmagandi. Oʻylamay ish qilishimizni indamaslik pardasi bilan berkitsak-da, oʻzimizni ikkiyuzlamachi deya olmasdik. Narsalarni oʻz nomi bilan atash, toʻgʻrisini aytish bizda majburiy hisoblanmasdi, ayollar esa u paytlarda mustaqil hayot kechirishga oʻrganishmagandi.

Men Viktoriya vokzalidan uncha uzoq boʻlmagan joyda yashardim, iltifotli adabiyotchilar huzuriga izvoshda mehmonga borib turardim. Oʻzimda jur’at topib qoʻngʻiroqchani bosgunimgacha koʻcha boʻylab u yoqdan-bu yoqqa ancha vaqtgacha borib kelardim, soʻng qoʻrquv va hayajondan yuragimni hovuchlab, odamlar bilan liq toʻlib ketgan diqqinafas xonaga kirardim. Meni goh u, goh bu mashhur yozuvchiga tanishtirishardi, ulardan oʻz kitobim toʻgʻrisida maqtov gaplarni eshitganimda butun a’zoyi badanim qizib ketardi. Ular mendan oʻtkir gaplar kutishayotganini his etib turardim, lekin bunaqa gaplar oʻtirish tugagandan keyingina xayolimga kelardi. Tortinchoqligimni yashirish uchun men zoʻr berib yonimdagilarga choy va kesib qoʻyilgan buterbrodlarni uzataverardim. Men iloji boricha koʻzga tashlanmaslikka va bu ulugʻ odamlarni bamaylixotir kuzatish, aqlli gaplarini eshitishga harakat qilardim.

Bu oʻtirishlardagi barvasta boʻyli, jiddiy, qirraburun, odamga yeb qoʻyguday tikiladigan xonimlar esimda qolgan. Men xuddi sehrlanganday ular qoʻlqoplarini yechmasdan qovurilgan nonni yutoqib yeyishayotganini, keyin esa barmoqlarini goʻyo birov koʻrmayotganday stullarga artishayotganini koʻrib turardim. Bu holat, tabiiyki, mebel' uchun yaxshi emas, lekin oʻylashimcha, xonadon sohibasi buning javobini oʻz navbatida ularnikiga mehmonga borganda ikki hissa qilib qaytaradi. Xonimlarning ba’zilari soʻnggi moda boʻyicha kiyinishardi, roman yozadigan odamlar boʻlishgani uchun qoʻgʻirchoqqa oʻxshab yurishni istamasliklarini aytishardi. Agar qomating raso boʻlsa, uni koʻz-koʻz qilishga intil, ingichka oyoqqa kiyilgan chiroyli tufli biror noshirga sening “mahsulot”ingni sotib olishga xalaqit bermaydi. Boshqalari, aksincha, bunday qarashni yengiltaklik deb baholashar, boshqacharoq kiyinishar va turli-tuman bezaklarni taqib yurishardi. Erkaklar esa, odatda, sipo kiyinishardi. Ular dunyoviy odamlarga oʻxshab koʻrinishga intilishar, koʻrganlar ularni nufuzli firmalarning boshliqlari deb oʻylashlari hech gap emasdi. Koʻrinishlari esa har doim horgʻin edi. Men shu vaqtgacha hech qachon yozuvchilarni koʻrmagandim, shuning uchun ular juda gʻalati, hatto qandaydir soxtaga oʻxshab tuyulardi.

Ularning gaplarini qoyilmaqom deb bilardim, oʻzlariga salgina qarshi chiqqan hamkasaba qalamkashlarni darhol haqorat qilib tashlashlarini eshitib hayron qolardim. Artistona koʻrinishli odamlarning afzalligi shundan iboratki, doʻstlari ularning mazax qilishlariga oʻzlarining koʻrinishlari va xarakterlari bilangina emas, balki asarlari bilan ham asos beradilar. Men hech qachon oʻz fikrlarimni ularga oʻxshab goʻzal va osongina ifodalay olmasam kerak deb ishonardim. Oʻsha vaqtlarda soʻzlash, nutqni san’at deb bilishardi. Oʻrnida topilgan oʻtkir javob juda yuqori baholanardi. Chiroyli aytilgan epigramma oʻtirishlarni jonlantirib yuborardi. Baxtga qarshi men soʻzdagi bunday mushakbozliklardan birortasini eslab qolmaganman. Lekin, nazarimda, kasbimizning tijorat bilan bogʻliq tomonlari toʻgʻrisida gap ketganda suhbat yanada qizirdi. Yangi paydo boʻlgan kitobni muhokama qilayotganimizda, tabiiyki, biz uning qancha nusxasi tarqalgani, muallif qancha haq olgani, kitob unga yana qancha daromad keltirishi toʻgʻrisida soʻzlardik. Keyin muqarrar ravishda noshirlar toʻgʻrisida gap ketardi, bir noshirning saxiyligi ikkinchisiga qarama-qarshi qoʻyilardi. Ularning qaysi birlari bilan hamkorlik qilish, qaysi birlari qalam haqiga ziqnalik qilmasligi yoki qaysi biri har qanday asarni ham oʻtkaza olishi haqida soʻzlashardik. Ba’zi noshirlar zamonaviy asarlarga, boshqalari esa eski uslubdagi ijod namunalariga oʻchligini ta’kidlardik. Keyin gap biz uchun buyurtmalar undiradigan komissionerlar, gazeta muharrirlari, ularga zarur maqolalar, mingta soʻzga kim qancha toʻlashi, toʻlaganda ham oʻz vaqtida toʻlaydimi yoxud kechiktirib yuboradimi, singari masalalarga kelib taqalardi. Bularning barchasi menga gʻoyat romantik tuyulardi. Men oʻzimni qandaydir yashirin hamkorlikning a’zosiday his etardim.

Toʻrtinchi bob

Oʻshanda hech kim menda Roza Uoterfordchalik xayrixohlik uygʻotmagandi. Unda donishmand erkaklarga xos fazilatlar bilan birga, ayollarga xos nazokat uygʻunlashgandi, qalami ostidan chiqqan romanlar esa oʻz originalligi bilan kitobxonlarni hayron qoldirardi. Charlz Striklendning xotinini ilk marotaba uning uyida uchratgandim. Uoterford xonim bir piyola choyga chaqirganda uning uyiga juda koʻp odam yigʻildi. Hamma bir-biri bilan valaqlashar, men esa bir chekkada jimgina oʻtirardim, oʻzimni gʻoyatda noqulay his etardim. Lekin juda tortinchoq boʻlganligimdan mehmonlarning biror guruhiga qoʻshila olmasdim, oʻz ishiga gʻarq boʻlgan odamday miq etmay oʻtirardim. Uoterford xonim mehmondoʻst xonadon sohibasi sifatida sarosimada oʻtirganimni koʻrib yordamga shoshildi.
— Siz Striklend xonim bilan gaplashishingiz kerak, — dedi u. — Xonim kitobingizni oʻqib qoyil qolibdi.
— Striklend xonim qanday ish bilan shugʻullanadi? — qiziqib soʻradim men.

Agar Striklend xonim taniqli adiba boʻlsa, bu savolim bilan oʻzimning gumrohligimni koʻrsatgan boʻlardim. Shunday boʻlgan taqdirda u bilan suhbatlashish uchun ma’lum narsalarni bilib olmogʻim darkor edi.

Roza Uoterfild xonim soʻzlarining ta’sirini koʻrsatmoq uchun oʻzini hayron qolgan kishi qilib koʻrsatdi.
— U — odamlarni bir piyola choyga chorlab turuvchi mehmondoʻst ayol. Agar siz xonimga ma’qul kelsangiz, uning taklifiga sazovor boʻldim deyavering.

Roza Uoterford beadabroq edi. Hayot uning tasavvurida roman yozish uchun qulay bir vosita, odamlar esa zarur xomashyo edi. Vaqt-soati bilan bunday xomashyolar orasidan uning iste’dodiga qoyil qoladiganlarni uyiga taklif etar va iltifot koʻrsatardi. Odamlarning taniqli kishilarga yaqinroq boʻlishga intilishdek qusurlari ustidan miyigʻida kulgan holda oʻzini gʻoyat mashhur odam qilib koʻrsatishga intilardi.

Menga tanishtirilgan Striklend xonim bilan oʻn daqiqalar chamasi yuzma-yuz turib gaplashdik. Men yoqimli ovozidan boshqa unda e’tiborga sazovorroq biror narsa payqamadim. U Vestminsterda yasharkan, uyining derazalari hali qurib bitkazilmagan cherkovga qarab turarkan. Men ham shu uyga yaqin joyda yashardim. Bu holat bir-birimizni yaqinroq his etishga imkoniyat yaratdi. Armiya va Flotning bosh doʻkoni Temza va Sent-Jeyms bogʻi oraligʻida yashovchilar uchun bogʻlovchi boʻgʻin vazifasini oʻtardi. Striklend xonim mening yashash manzilimni soʻrab oldi va bir necha kundan keyin nonushtaga taklifnoma yubordi.

Men bunday taklifnomalarni juda kam olardim va shu boisdan, taklifni jon-jon deb qabul qildim. Hammadan erta borib qolmayin deb cherkov atrofini uch marotaba aylanib chiqib mehmonga kechikibroq kirib borganimda hamma jamuljam edi: Uoterford, Jey xonimlar, Richard Tuayning va Jorj Rod singari yozuvchilar yigʻilishgandi. Musaffo havoli bahor kunlaridan biri boʻlganligi tufayli, yigʻilganlar a’lo kayfiyatda edilar. Ular turli-tuman mavzularda gurunglashishardi. Oʻshlarga xos yenglariga gul tikilgan yashil koʻylak, kamolot yoshidagi ayollarga xos baland poshnali tufli kiyib, Parij atir-upalari bilan oʻziga oro bergan Uoterford yangi shlyapada edi. Bu holat uning soʻzlariga favqulodda keskinlik bagʻishlardi. Ilgari hech qachon bizning umumiy doʻstlarimiz toʻgʻrisida bu qadar jahl bilan soʻzlaganini eshitmagandim. Axloqsizlik zakovatning qalbi deb ishonadigan Jey xonim yarim ovozda shu qadar beparda askiyalar qilardiki, bamisoli oq dasturxon ham qizarib ketguday boʻlardi. Richard Tuayning esa qandaydir boʻlmagʻur gaplarni tinmasdan valdirardi. Jorj Rod esa hozirgi holatda askiya aytishning hojati yoʻq degan xayolga borib miq etmas, ogʻzini faqat lazzatli taomlardan biror boʻlagini tashlab yuborish uchungina ochib qoʻyardi. Striklend xonim kam gapirsa-da, lekin unda umumiy suhbatni qovushtirib turish qobiliyati kuchli ekan. Oʻrtaga biroz sukunat tushguday boʻlsa, biror oʻrinli luqma tashlar, natijada suhbat yana jonlanib ketardi. Barvasta boʻyli, semiz emas-u, ammo toʻladan kelgan oʻttiz yetti yoshlardagi bu ayol unchalik goʻzal emasdi, lekin kulcha yuzdan kelgan xonim samimiy boqadigan jigarrang koʻzlari bilan xushroʻygina koʻrinardi. Qop-qora sochlarini hafsala bilan taragandi, pardoz-andozni ham me’yorida ishlatgandi. Shu boisdan ham boshqa ikki xonimga nisbatan sodda va tabiiyroq koʻrinardi.

Uning oshxonasi oʻsha davrning yaxshi didli odamlariga xos ravishda saranjom-sarishta edi. Devorlarga taxta qoplanib boʻyab qoʻyilgan, unga chiroyli qora ramkalar ichiga olingan rasmlar osilgan. Yashil eshik pardalari yashil gilamga tegay-tegay deb turibdi. Gilamlarda aksi tushirilgan sershox daraxtlar orasida quyonlar oʻynashib yurishibdi. Bu rasmlarda, shubhasiz, Uil'yam Morisning ta’siri seziladi. Tosh taxta sopol-chinni bilan mustahkamlangan. Oʻsha vaqtlarda Londonda bunday kamtar, chiroyli, ma’yus bezatilgan oshxonalardan besh yuzdan ortiqrogʻini uchratish mumkin edi.

Men mehmondorchilikdan Uoterford bilan birga chiqdim. Havoning ochiqligi va uning yangi shlyapasi bogʻni sayr etish haqidagi qarorimizga olib keldi.
— Vaqtni juda chiroyli oʻtkazdik, — dedim men.
— Nonushta haqida qanday fikrdasiz? Men unga agar uyingga yozuvchilar kelishini istasang ziyofatni yaxshilab qil, — deb tayinlagandim.
— Oqilona maslahat, — dedim men. – Lekin xonimga yozuvchilar nima uchun kerak?

Uoterford xonim yelkasini qisdi.
— U yozuvchilarni qiziq odamlar deb tushunadi va modadan qolishni istamaydi. U bechora juda soddadil, bizlarning hammamizni favqulodda odamlar deb faraz qiladi. Unga bizlarni nonushta bilan siylash yoqadi, biz esa bundan hech narsa yoʻqotmaymiz. Shuning uchun ham mening unga munosabatim juda iliq.

Bosib oʻtilgan yoʻlga qarab turib shunday oʻylaymanki, Striklend xonim mashhur odamlarga yaqinroq boʻlishni xohlovchilarning eng begʻarazi ekan. U yoshligida poytaxtdan uzoqroqda tinch hayot kechirgan. Poytaxt kutubxonasidan unga yuborib turiladigan kitoblar faqat oʻz romantikasi bilangina emas, London romantikasi bilan ham oʻziga rom etgandi. Unda mutolaaga oʻta zoʻr ishtiyoq bor edi (bu asarning oʻzidan koʻra yozuvchi bilan, asarlardan koʻra rassom bilan qiziquvchilarda kamroq uchraydigan xususiyat), u kundalik hayotda erisha olmaydigan xayollar dunyosida yashardi. Oʻzuvchilar bilan tanishganda oʻzini xuddi ilgari faqat tomoshabinlar zalidan koʻrib yurgan sahnaga chiqib qolganday his etardi. Xonim ularni shu qadar ideallashtirardiki, yozuvchilarni oʻz uyida ziyofat qilayotganda yoxud ularnikiga borganida boshqacha, qandaydir koʻtarinki olamda yashayotganday his etardi. Oʻzuvchilarning hayot tarzi uni hayron qoldirardi, lekin oʻz hayotini bir daqiqa boʻlsin shu tarzda oʻtkazishni xayoliga ham keltirmasdi. Ularning erkin axloqlari, noodatiy kiyinishlari, gʻalati nazariyalari oʻziga jalb etardi, lekin uning oʻz e’tiqodlariga zarracha ta’sir eta olmasdi.
— Ayting-chi, janob Striklend degan odam bormi oʻzi? — qiziqib soʻradim men.
— O, albatta bor-da. U Sitida nimadir qiladi. Birja dalloli boʻlib ishlaydi, shekilli. Juda zerikarli odam!
— Ular oʻzaro yaxshi munosabatdamilar?
— Bir-birlarini sidqidildan yoqtirishadi. Xonim sizni tushlikka taklif etsa uni koʻrib qolarsiz. Lekin chet odamlar ularnikiga kam borishadi. Juda beozor odam. Adabiyot va san’atga sira qiziqmaydi.
— Nega dilbar ayollar koʻpincha zerikarli odamlarga turmushga chiqishadi?
— Nega deganda aqlli erkaklar dilbar ayollarga uylanishmaydi.

Men bu fikrga e’tiroz bildira olmadim va Striklend xonimning bolalari bor-yoʻqligini soʻradim.
— Ha, bir qizu bir oʻgʻli bor. Ikkalasi ham maktabda oʻqishadi.

Mavzu tugagan edi. Biz boshqa narsalar toʻgʻrisidagi suhbatga oʻtib ketdik.

Beshinchi bob

Oʻz mobaynida Striklend xonim bilan tez-tez uchrashib turdim. Men uning uyidagi tantanali choyxoʻrlikdan koʻra yoqimtoyroq intim nonushtalariga borib turardim. Biz bir-birimizni samimiy yoqtirib qolgandik. Men hali juda yosh boʻlganim tufayli, ehtimol, adabiyot maydoniga qoʻyayotgan dastlabki qadamlarimga bosh boʻlib turgani haqidagi fikr unga qandaydir yoqimli edi. Oʻnimda har qanday masalada dardu hasratimni diqqat bilan eshitadigan va oʻrinli maslahat beradigan odamning borligi koʻnglimga taskin berardi. Striklend xonimda rahm-shafqat tuygʻusi kuchli edi. Bu aslida ajoyib fazilat, lekin shunday fazilatga ega kishilar koʻpincha uni suiiste’mol qilishadi. Ular oʻz qurbonlariga rahm-shafqat selini shu qadar koʻp yogʻdirib yuborishadiki, natijada ular tamomila oʻzlarini yoʻqotib qoʻyishadi. Aziyat chekayotganlarning gʻam-tashvishlari oʻzlariga yetmaganday hamdardlik bildirayotgan odamning ohu nolalari buning yoniga qoʻshiladi. Striklend xonim esa bu fazilatini suiiste’mol qilmasdi. Uning hamdardligini qabul qilsangiz bagʻoyat xursand boʻlardi. Bu kuzatishlarimni samimiy ravishda Roza Uoterford bilan oʻrtoqlashgan paytimda u shunday dedi:
— Sut ichish, ayniqsa, unga kon'yak aralashtirib ichish maza, lekin sigir undan tezroq qutulishni xohlaydi. Shishib ketgan yelin gʻoyat yoqimsiz narsa.

Roza Uoterfordning tilini xuddi zaharli ilon deysiz. Hech kim unchalik soʻz bilan chaqib ololmaydi. Shu bilan birga hech kim unchalik yoqimtoy soʻzlarga usta emasdi.

Striklend xonimning yana bir xususiyati menga yoqardi—orasta yashashni bilardi. Uning uyi doimo saranjom-sarishta va ozoda edi. Hammayoqda anvoyi gullar koʻzga tashlanadi. Mehmonxonaga qalin ip gazlamadan darparda osilgan. Xona ancha sipo koʻrinsa-da, yorugʻ va qandaydir yoqimli. Taomlari did bilan va mazali tayyorlanardi. Ixchamgina oshxonasidagi stol chiroyli idish-tovoqlar bilan bezatilgan. Ikkala xizmatkor ham gʻoyat bashang kiyinishgan, koʻrinishi yoqimtoy. Striklend xonim ajoyib uy bekasi ekanligi shundoqqina koʻrinib turibdi. Tabiiyki, u ajoyib ona ham. Mehmonxonani bolalarining rasmlari bezab turibdi. Oʻn olti yoshlardagi oʻspirin oʻgʻli Robert Regbida oʻqirdi. Bir suratda u sport kostyumida, boshqasida tik yoqali kamzuldagi koʻrinishi tasvirlangandi. U ham xuddi onasi singari keng peshonali boʻlib, chiroyli, oʻychan koʻzlari qandaydir yoqimtoy boqardi. U ozoda, sogʻlom va qobiliyatli oʻspirindek taassurot qoldirardi.
— Uni judayam aqlli deb oʻylamayman, — dedi bir kuni suratga tikilib turganimni payqab, — lekin u sofdil va yoqimli bola.

Qizi oʻn toʻrtga chiqqandi. Uning onasiniki singari qopqora va quyuq sochlari toʻlqin-toʻlqin boʻlib yelkasiga tushib turardi. Yuzlari samimiy, koʻzlari betashvish edi.
— Ularning har ikkalasi quyib qoʻyganday oʻzingiz, — dedim men.
— Ha, ular otasiga qaraganda koʻproq menga oʻxshashadi.
— Nega meni shu paytgacha eringiz bilan tanishtirmadingiz?
— Siz u bilan tanishishni xohlaysizmi?

U kulib qoʻydi – uning kulgusi haqiqatan juda chiroyli edi — qizarib ketdi. Men uning yoshidagi ayolning salgina narsaga qizarishidan hayron qolardim. Lekin soddadillik uning yetakchi jozibasi edi.
— U adabiyotga tamomila begona, tor fikrli odam, — dedi u.

Xonimning soʻzlarida mensimaslik ohangi yoʻq edi. Aksincha, uni oʻz doʻstlaridan himoya qilganday muloyimlik bilan gapirdi.
— U birjada ishlaydi, odatdagi birja dallollaridan biri. Siz u bilan gaplashsangiz zerikib oʻlasiz.
— Sizga ham u bilan yashash zerikarlimi?
— Yoʻq, axir men uning xotiniman-ku. Men unga juda oʻrganib qolganman.

U xijolatini yashirish uchun kulimsirab qoʻydi. Nazarimda, u Roza Uoterfordga oʻxshab biror hazilni aytib yuborishdan choʻchiyotgandek tuyuldi. Jim boʻlib qoldi. Koʻzlarida qandaydir nazokat va yoqimtoylik uchqunlari yaltillaganday boʻldi.
— U oʻzini daho deb hisoblamaydi, hatto birjada ham unchalik koʻp daromad qilmaydi. Lekin hayratda qoladigan darajada yaxshi va samimiy odam.
— Oʻylaymanki, u menga yoqib qoladi.
— Men biror kuni oilaviy davradagi ovqatlanishga sizni taklif etaman. Lekin zerikib qolguday boʻlsangiz oʻzingizdan koʻring.

Oltinchi bob

Shunday sharoit roʻy berib, nihoyat, Charlz Striklend bilan uchrashganimiz¬dan keyin ham u bilan durustroq tanisha olmadim. Bir kuni ertalab Striklend xonimning qisqagina xatini keltirib berishdi. Unda bugun kechqurun uyida mehmonlarni kutishini, ilgari taklif qilingan mehmonlardan biri kelolmasligi sababli, uning oʻrnini egallashi mumkinligi aytilgandi. Xatda yana shunday soʻz ham bor edi:

“Oʻtirish juda zerikarli boʻlishini oldindan ogohlantirib qoʻyishni oʻz burchim deb hisoblayman. Mehmonlar tarkibi shunday deyishimga toʻla asos beradi. Lekin shunga qaramay tashrif buyursangiz cheksiz minnatdor boʻlur edim. Orada biroz vaqt topib ozgina gurunglashamiz”.

Oʻzaro yaxshi munosabatlarimiz mehmondorchilikka borishimni taqozo etishini tushundim.

Striklend xonim meni eri bilan tanishtirganda u qoʻlimni siqib qoʻydi.

Xonim unga tikilgancha, hazillashdi:
— Men uni haqiqatan ham erim borligini bildirib qoʻyish uchun chaqirgandim. Menimcha, u bunga shubhalana boshladi.

Striklend nazokat bilan kulib qoʻydi. Odatda, aytilgan gapda kulgiga sabab boʻladigan biror alomat boʻlmagan paytda shunday kulinadi. U kulib qoʻydi-yu, lekin hech narsa demadi. Yangi mehmonlar xonadon sohibining e’tiborini oʻziga tortdi va men yana oʻz xayollarimga gʻarq boʻldim. Hamma yigʻilib boʻlganda men ziyofat stolini kuzatib borish topshirilgan xonim bilan gaplashib turardim. Xayolimga madaniyatli odamlar oʻzlarining qisqa umrlarini har xil zerikarli marosimlarga sarflashga bunchalik usta boʻlishmasa, degan fikr keldi. Bu shunday ziyofat ediki, xayolingga beixtiyor ravishda xonadon sohibasi shuncha mehmonni kutib oʻzini nega bunchalik urintirarkin, meh¬monlar esa bu mashaqqatni oʻzlariga nima uchun ravo koʻrisharkin, degan fikrlar keladi. Stol atrofida oʻn nafar odam toʻplangandi. Ular uchrashishganda bamaylixotir va loqaydgina koʻrishishdi, stol atrofidan esa yengil nafas olib turib ketishdi. Bunday ovqatlanish xuddi jazoni oʻtashday gap edi. Striklendlar oʻzlari uchun unchalik qiziqarli boʻlmagan bu odamlarni ovqatlanishga taklif etishlari “kerak” edi. Mezbonlar oʻz burchlarini ado etishdi, mehmonlar esa vazifalarini bajarishdi. Nega deysizmi? Uy egalari yolgʻiz oʻtirmaslik uchun ularni taklif etishgandi, mehmonlar esa oʻz xizmatkorlariga dam berish, taklifni rad etishga asos boʻlmaganligi uchun bu yerga kelishgandi.

Oshxona ancha tor edi. Stol atrofida taniqli advokat bilan davlat amaldori xonimlari bilan, Striklend xonim opasining eri polkovnik Mak-Endryu bilan va bir parlament a’zosining xotini oʻtirishardi. Parlament a’zosi oʻsha kuni palatadan chiqib keta olmasligi ma’lum boʻlgach, uning oʻrniga meni taklif etishgan ekan. Ancha basavlat koʻrinayotgan bu ulfatchilikda qandaydir badhazmlik bor edi. Ayollar oʻz mavqelaridan magʻrurlanayotganday, e’tiborni jalb etish uchun ustomonlik qilishayotganday koʻrinishardi. Erkaklar esa oʻzlarini viqor bilan tutishayotgandi.

Hamma ham odatdagidan qattiqroq gapirar, ulfatchilikni jonlantirishga intilardi, shuning uchun ham xona shovqin-suron edi. Lekin oʻrtadagi umumiy gap qovushmayotgandi. Mehmonlar gazak qilayotganda, suyuq ovqat ichayotganda va baliq yeyayotganda faqat oʻng tomondagi qoʻshnisi bilan muomala qilardi, sabzavot va shirinlik yeyayotganda esa chap tomonidagi hamrohi bilan gaplashardi. Siyosat va gol'f, bolalar va soʻnggi prem'era, Qirollik akademiyasida namoyish etilayotgan rasmlar, ob-havo, yoz mavsumida moʻljallanayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz borardi. Gap-soʻzlar bir daqiqa tinmas, shu tufayli ham shovqin tobora kuchayardi. Striklend xonim xursand boʻlsa arzirdi – ziyofat koʻngildagidek oʻtdi. Uning eri xonadon sohibi rolini yaxshi uddalayotgandi. Lekin u haddan tashqari kamgap edi. Pirovardida uning ikki tomonida oʻtirgan xonimlarning yuzlarida horgʻinlik alomatlarini sezdim. Chamasi, xonadon sohibi ularni zeriktirib yuborgan. Bir-ikki marotaba eriga tikilib turgan Striklend xonimning tashvishli nigohini payqadim.

Shirinlik yeb boʻlingach, Striklend xonim oʻrnidan turdi, davradagi boshqa ayollar ham gurr etib joylaridan qoʻzgʻalishdi-da, mehmonxonaga kirib ketishdi. Ular chiqib ketishgach, Striklend eshikni yopib, stolning narigi tomoniga oʻtib, taniqli advokat va hukumat amaldorining oʻrtasiga oʻtirdi. U hammamizga bir qadahdan portveyn quydi-da, soʻng sigara bilan siyladi. Advokat sharobni ajoyib ekan deb maqtadi, Striklend uni qayerdan xarid qilganini aytdi. Gap sharob va tamaki ustida ketdi. Keyin advokat oʻzi qatnashgan sud jarayoni toʻgʻrisida soʻzladi, polkovnik esa polo oʻyini xususida bilganlarini ma’lum qildi. Ular bilan gurunglashadigan biror gapim boʻlmaganligi tufayli, jim oʻtirdim, boodoblik bilan ularning suhbatiga quloq tutdim. Hech kimning men bilan ishi yoʻq edi, bekorchilikdan Striklendga razm sola boshladim. U men oʻylaganimdan koʻra baland boʻyliroq, oriqdan kelgan, koʻrimsizgina odam ekan; yelkasi keng, qoʻllari va oyoqlari uzun, kastyumi oʻziga yopishmayroq turibdi. U bamisoli yasanib olgan aravakashga oʻxshardi. U unchalik chiroyli ham emas, unchalik xunuk ham boʻlmagan qirq yoshlardagi erkak edi. Bichimi ancha toʻgʻri, lekin me’yoridan kattaroq boʻlgan, soqoli qirtishlab olingan yuzlari gʻalati taassurot qoldirardi. Sochlari sargʻishdan kelgan, kalta qilib olingandi, koʻzlari kulrang bilan koʻk rangning oʻrtasidagi qandaydir rangga moyilroq edi. Xullasi kalom, koʻrinishi oʻrtamiyona edi. Men endigina Striklend xonim uni tanishtirishdan uyalishining ma’nosini tushundim. Oʻzuvchilar va artistlar jamoasidan oʻrin olmoqchi boʻlgan ayolning eri bunday boʻlmasligi kerak edi. Unda joziba yetishmasdi. U biror gʻalatiroq tabiati bilan ham ajralib turmasdi, shunchaki, oqkoʻngil, zerikarli, halol, oʻrtamiyona bir odam edi. Uning ba’zi fazilatlari, ehtimol, diqqatga sazovordir, lekin u bilan muloqot qilishga chidash mumkin emasdi. Bu jihatdan uni yoʻq deb hisoblasa ham boʻlardi. Jamiyatning yaxshigina a’zosi, durustgina er va ota, halol dallol boʻlsa ham unga vaqt sarflash xayf edi.

Yettinchi bob

Mavsum oʻz poyoniga yaqinlashayotgandi, atrofdagilarning barchasi ketishga tayyorgarlik koʻrishayotgandi. Striklend xonim oilasi bilan Norfolkka ketishga hozirlanayotgandi. U yerda bolalari dengiz havosidan bahra olishadi, eri gol'f oʻynaydi. Biz u bilan kuzda uchrashishga kelishib, xayrlashdik. Lekin oʻzim joʻnab ketishimdan oldinroq xonim va uning bolalari bilan doʻkon ostonasida uchrashib qoldik. U ham xuddi men singari Londondan joʻnab ketish oldidan zarur narsalarni xarid qilayotgan ekan. Xonim horgʻinroq va tutaqibroq turganday tuyuldi. Men ularga boqqa kirib muzqaymoq yeyishni taklif etdim.

Striklend xonim, chamasi, oʻz bolalarini menga koʻrsatib qoʻyish uchun boʻlsa kerak, taklifimga darhol koʻna qoldi. Uning bolalari esa suratdagiga qaraganda ham jozibaliroq ekan, ona haqli ravishda ular bilan faxrlanardi. Men yosh boʻlganim uchun uyalishmas, koʻngillariga kelgan gapni aytishdan tortinishmasdi. Ular gʻoyatda yoqimtoy, butun vujudlaridan salomatlik anqib turgan yosh vujudlar edi. Daraxt soyasida oʻtirish ham lazzatli edi shu damlarda.

Oradan biror soat oʻtgach, xonim bir otli izvoshni chaqirib joʻnab ketishdi, men esa kunni oʻtkazish uchun klubga yoʻl oldim. Oʻsha kuni koʻnglimda qandaydir gʻashlik bor edi, shuning uchunmikin, bilmadim, oʻzimda ularning osoyishta oilaviy hayotiga ma’lum darajada hasad paydo boʻlganini sezdim. Chamasi, ularning hammalari bir-birlarini yaxshi koʻrishardi. Ular gaplarining orasiga qandaydir soʻzlar qoʻshib qoʻyishar, bu soʻzlar esa chetdagi odamga hech narsani anglatmas, lekin oʻzlari bundan huzur qilib kulishardi. Ehtimol, Charlz Striklend soʻzlash jozibasi jihatidan zerikarli odamdir, lekin uning shaxsiyati oʻzi yashayotgan muhitga mos edi. Shuning oʻzigina ma’lum muvaffaqiyatgina emas, balki baxt ham edi. Striklend xonimdek ajoyib ayol uni sevardi. Men ularning hech narsa rahna solmayotgan, halol, tinch, ajdodlarining sogʻlom an’analarini davom ettirishga tayyor turgan yosh avlod vakillari tufayli osoyishta kechayotgan sermazmun hayotlarini tasavvur qilib koʻrdim. “Ular umrlarining oxirigacha, to qarib-chirib ketgunlarigacha shunday, tinchgina hayot kechirsalar, oʻz farzandlarining kamolini koʻrsalar, oʻgʻillari kelajakda sogʻlom zurriyodlar hadya etadigan yaxshigina qizga uylansa, qizlari esa kelishgan yosh yigitga, harbiy odamga turmushga chiqsa kerak deb xayol qildim. Huzur-halovatda, farzandlar va nabiralar qurshovida uzoq umr koʻrib, baxtli va foydali hayot kechirib mangu uyquga ketsalar kerak” degan fikrga bordim.

Koʻpgina er-xotinlar tarixi shu tarzda kechadi. Bunday hayotning oʻziga xos jozibasi, sehri bor. Bunday hayot koʻm-koʻk maysazorlar oralab quyuq daraxtlar tagidan jildirab oqayotgan, lekin dengizga borib quyilmaydigan, osoyishta irmoqchani eslatadi. Lekin dengiz shu qadar osoyishta va befarqki, beixtiyor qalbingga toʻsatdan qandaydir gʻam-anduh kirib oladi. Ehtimol, bu narsa oʻsha vaqtlardayoq ma’lum boʻlib, shaxsiyatimdagi oʻziga xos gʻalatilik nishonasidir. Koʻpchilikning bunday qismati hammavaqt menga chuchmal tuyulardi. Men buning ijtimoiy qimmatini, insonni baxtiyor etishdagi oʻrnini e’tirof etardim-u, qaynoq qonim esa qandaydir boshqacha, isyonkorona hayotni qoʻmsardi shekilli. Bunday tabiiy quvonchlar negadir meni choʻchitardi. Mening yuragim xavf-xatarliroq hayotga intilardi. Hayot yoʻlimda suv osti qoyalariyu xiyonatkor sayozliklar uchrasa ham mayli, lekin u bir tekisda, zerikarli oʻtmasin, toki kutilmagan, toʻsatdan paydo boʻladigan quvonchni anglash imkoni boʻlsin.

Sakkizinchi bob

Striklendlar toʻgʻrisida barcha yozganlarimni oʻqib koʻrar ekanman, ularning qiyofalari ancha nursiz chiqqanini payqab qoldim. Kitob qahramonlarining hayot tarzini belgilaydigan oʻzlariga xos xususiyatlarini aniq koʻrsatib bera olmadim, shekilli. Oʻylaymanki, bu mening kamchiligim. Men ularning xarakteridagi hayotlarini butunlay boshqa oʻzanga solib yuborgan qandaydir oʻziga xos xususiyatlarini topish uchun koʻp bosh qotirdim. Ishonamanki, men qahramonlarim tabiatlaridagi ba’zi odat va qiliqlarni koʻrsatib, ularni jonlantirishga harakat qildim. Boʻlmasa ular xuddi gulqogʻozdagi shakllarday oʻz qiyofalarini yoʻqotgan boʻlishardi. Oʻzimni oqlaydigan yagona tomoni shundaki, ular menga aslida ham xuddi mana shunday tuyulishardi. Ijtimoiy organizmning bir qismiga aylanib ketgan odamlar singari ular majhulga oʻxshardi nazarimda. Bunday odamlar tanamiz toʻqimalaridagi juda zarur, sogʻlom vaqtida esa biz tomonimizdan sezilmaydigan toʻqimalarga oʻxshaydi. Striklendlar odatiy burjua oilalaridan biri edi. Oʻzlarini sher fahmlaydigan ikkinchi darajali yozuvchilarga e’tiqod qoʻygan yoqimtoy va mehmondoʻst xotin, Olloh belgilab bergan oʻrindagi oʻz burchini halol bajarayotgan zerikarli er, xushmuomala sogʻlom bolalar. Bundan ham koʻra maqbulroq oilaviy uygʻunlikni topish amrimahol edi.

Keyinchalik roʻy bergan hodisalarni eslarkanman, oʻzimdan oʻzim soʻrab qoʻyaman: nahotki Charlz Striklend qiyofasida oʻzidan boshqani tan olishni istamaydigan oddiy odamlardan ajralib turadigan biror xususiyatni seza olmagan tentak boʻlsam. Ehtimol, shundaydir. Axir oʻsha davrlar bilan hozirgi davr oʻrtasida katta masofa bor, u vaqtlarda hayotiy tajribam yoʻq edi, odamlarni bilmasdim. Lekin, baribir, oʻsha vaqtda hozirgi hayotiy tajribam bilan unga roʻbaroʻ kelganimda ham xuddi avvalgisiday munosabatda boʻlardim. Lekin xayolimda, inson zotidan kutilmagan narsalarni kutish mumkin, degan fikr boʻlar va oʻshanda Londonga qaytib kelganimdan keyin eshitgan axborotimdan oʻshandagidek lol qolmagan boʻlardim.

Poytaxtga qaytib kelgan kunimning ertasiga Jermin-stritda Roza Uorterfordni uchratib qoldim.
— Kayfiyatingiz chogʻ koʻrinadi, nima gap oʻzi? — deb soʻradim.

U kulib qoʻydi, koʻzlarida birovning baxtsizligidan kulish alomatlari zuhur etdi.

Buning sababini darhol tushundim. U doʻstlaridan kim bilandir roʻy bergan janjalli tarixni gapirib berdi. Adabiyot olamidagi bu ayolning butun tuygʻulari junbushga kelgandi.
— Axir siz Charlz Striklend bilan tanishsiz-ku?!

Uning faqat yuzigina emas, balki butun gavdasi toʻla jangovar tayyorgarlikni ifodalab turardi. Men bosh qimirlatib taniyman degan ishorani bildirdim-u, xayolimga bechora yo izvoshning tagida qolgan, yo boʻlmasa birjada yutqazgan, degan fikr keldi.
— Dahshatli qismat! U xotinini tashlab ketdi!

Uoterford, tabiiyki, Jermin-stritdagi piyodalar yuradigan yoʻl bu gapni davom ettirish uchun qulay joy emasligini his etdi va artistona shaxs sifatida bu xabarning oʻzi bilanoq meni lol qilib qoʻydi. Ustiga-ustak, buning hech qanday tafsilotini bilmayman deb aytdi. Men shahar shovqin-suroni bu janjalning sabablarini aytishga monelik qilmas deb oʻyladim.
— Aytyapman-ku sizga, boshqa hech narsani bilmayman, — dedi u mening bezovtalanib berayotgan savollarimga javoban: — Oʻylaymanki, xushroʻyroq birorta qiz uni yoʻldan urib, birga ketgan.

U maftunkor kulib qoʻydi va oʻzini tish doktori kutayotganini aytib poshnalarini taqillatgancha joʻnab qoldi.

Bu yangilik meni xafa boʻlishdan ham koʻra koʻproq xayolimni oʻziga band etdi. Oʻsha vaqtlarda mening hayotiy tajribam juda kam edi. Mening tanishlarim hayotida ilgari faqat romanlarda oʻqiganim voqealar roʻy berganidan larzaga kelgan edim. Keyinchalik atrofimizda roʻy berayotgan bunday voqealarga oʻrganib ketdim, lekin oʻshanda bu voqea meni nihoyatda tashvishga solgandi. Striklend qirqdan oshgan odam edi. Shunday tabarruk yoshdagi odamning ishqiy sarguzashtlar yoʻliga kirib ketishini tushuna olmayotgandim. Oʻshlik magʻrurligi tufayli boʻlsa kerak, men odam oʻttiz besh yoshdan keyin sevish qobiliyatiga ega boʻlolmaydi deb hisoblardim. Bu yangilik meni noqulay ahvolga solib qoʻygandi. Men qishloqda vaqtimda Striklend xonimga xat yoʻllab, tez orada Londonga qaytib kelishim bilanoq, agar xonim lozim topsa unikiga bir piyola choy ichgani borishimni bildirgan edim. Xonimnikiga bugun borishga va’da bergandim, lekin undan javob xati olmagandim. U meni koʻrishni xohlaydimi, yoʻqmi? Ehtimol, bunday tashvishlar bilan mening xatimni yodidan chiqargandir. Shu tufayli ham bunday tashrifdan hozircha voz kechib turgan ma’qulroq. Boshqa tomondan esa, ehtimol, u bu tarixni butunlay sir tutishni xohlar, men esa bu gʻalati voqeani eshitganimni unga bildirib qoʻysam odobsizlik qilgan boʻlarman. Men hammadan ham ajoyib ayolning tuygʻularini haqoratlab qoʻymasmikinman deb andisha qilardim, xira boʻlib koʻrinishdan qoʻrqardim. Tabiiyki, u judayam iztirob chekayotgandi. Oʻrdam bera olmaganingdan keyin birovning qaygʻusiga qanday qarab turasan? Garchi shunday boʻlsa-da, mening qiziquvchanligim ayol oʻz boshiga tushgan tashvishga qanday chidayotganini bilishga undardi. Bir soʻz bilan aytganda, men judayam gangib qolgandim.

Keyin men hech nima boʻlmaganday, unikiga boramanu xizmatkor orqali, Striklend xonim meni koʻrishni istash-istamasligini aniqlayman, degan qarorga keldim. Bu unga meni koʻrishni xohlamasa qabul qilmaslik imkonini berardi. Xizmatkorga oldindan tayyorlab qoʻygan soʻzlarimni aytayotganimda ham sarosimada edim. Dahlizda javob kutayotganimda ham avvaldan juftakni urib qolmaslik uchun oʻzimni zoʻrlab ushlab turardim. Xizmatkor yoʻldan qaytdi. Nazarimda, u bu xonadonda roʻy bergan barcha koʻngilsizliklardan xabardorday edi.
— Mana bu uyga kiring, janob, — dedi u.

Men uning ketidan mehmonxonaga kirdim. Uy pardalari qariyb tushirilgan edi, Striklend xonim derazaga orqa oʻgirib oʻtirardi. Uning kuyovi, polkovnik Mak-Endryu kamin oldida isinib turardi. Men oʻzimni judayam noqulay sezdim. Bu yerda paydo boʻlishim, nazarimda, ularni sarosimaga solib qoʻydi va Striklend xonim meni qabul qila olmasligi haqidagi xatni joʻnata olmaganligi tufayligina mehmonxonasida kutib olayotganday tuyuldi. Polkovnik ham mening bostirib kirganimdan gʻazabda boʻlsa kerak deb oʻyladim.
— Hozir meni qabul qilishingizga unchalik ishonmagandim, — dedim yasama samimiylik bilan.
— Nega qabul qilmas ekanman? Emmi hozir bizga choy keltiradi...

Hatto nimqorongʻi xonada ham Striklend xonimning koʻzlari yigʻidan shishib, doim oppoq koʻrinadigan yuzlari qandaydir oʻzgarib qolganini fahmladim.
— Siz mening kuyovim bilan tanishsiz, shekilli. Bahorda biznikida tanishgan edingizlar.

Biz qoʻl berib koʻrishdik. Men shunchalik oʻzimni yoʻqotib qoʻydimki, nima deyishni ham bilmasdim, lekin Striklend xonim mushkulimni oson qildi. U yozni qanday oʻtkazganim bilan qiziqdi, choy kelgungacha xonimning yordamida gapga sal-pal aralashib turdim. Polkovnik esa oʻziga sodali viski keltirish¬larini iltimos qildi.
— Sizga ham viski ichishni maslahat beraman, Emmi, — dedi u.
— Yoʻq, men choy ichmoqchiman.

Bu qandaydir koʻngilsizlik roʻy berganligiga dastlabki ishora edi. Men oʻzimni eshitmaganga oldim va Striklend xonimni suhbatga jalb etishga urindim. Kamin yonida turgan polkovnik miq etmadi. Ichimda qachon ketishim lozimligini chamalab turardim. Striklend xonim nima sababdan uyida qabul qilayapti, deb oʻz-oʻzimga savol berardim. Mehmonxonada gullar koʻrinmas, yozda yigʻishtirib qoʻyilgan bezak buyumlari ham haligacha oʻz oʻrniga joylash¬tirilmagandi. Odatda, chiroyli koʻrinadigan uy juda sovuq va qovogʻi soliqday tuyulardi, xuddi devorning narigi tomonida murda yotganga oʻxshardi. Men choyimni ichib qoʻydim.
— Sigareta chekishni xohlaysizmi? — soʻradi Striklend xonim.

U sigareta turadigan qutichani qidirayotgandi, lekin u yaqin oʻrtada koʻrinmayotgandi.
— Chamasi, bizda sigareta tugaganga oʻxshaydi.

Toʻsatdan koʻzlariga yosh kelib, xonadan chopqillab chiqib ketdi.

Men dovdirab qoldim. Chamasi, odatda, eri sotib oladigan sigaretaning yoʻqligi yuragiga qattiq ta’sir qildi, uydagi kamchiliklar toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladigan odamning endi yoʻqligi uni tamomila iztirobga solayotgandi. Oʻzining avvalgi xotirjam hayoti mangulikka yoʻl olganini tushunib yetgandi. Aslzodalarga xos qonun-qoidalarga amal qilib oʻtirishga hojat qolmagandi.
— Men ketganim yaxshiga oʻxshaydi, — polkovnikka shunday deb oʻrnimdan turdim.
— Siz, bu ablah xotinini tashlab ketganini eshitgan boʻlsangiz kerak? — dargʻazab qichqirdi u.

Men javob qaytarishga shoshilmadim.
— Ha, qandaydir koʻngilsizlik boʻlganiga ishora qilishgandi.
— U qochib ketdi. Qandaydir satang bilan Parijga qochdi. Emmiga sariq chaqa ham qoldirmadi.
— Juda achinarli, — dedim nima deyishni bilmay.

Polkovnik bir zarb bilan viskini ichib yubordi. Bu baland boʻyli, qotmadan kelgan, ellik yoshlardagi, oq sochli, pastga osilgan moʻylabli, koʻzlari koʻm-koʻk, lablari qurishgan kishi edi. Oldingi uchrashuvdan mening esimda qolgan narsa faqat uning biror ma’no uqish qiyin boʻlgan yuziyu iste’foga chiqqungacha oʻn yil mobaynida haftasiga eng kamida uch martadan polo oʻynaganini maqtanib gapirib bergani boʻldi.
— Oʻylashimcha, hozir Striklend xonimning men bilan gaplashishga fursati yoʻq, — dedim. — Unga juda achinayotganimni va biror narsa bilan yordam bera olsam oʻzimni baxtiyor hisoblashimni yetkazib qoʻying.

U hatto mening gapimni eshitmadi.
— Bilmadim, endi u nima qiladi. Axir uning bolalari bor. Qanday qilib kun kechirishadi? Havo bilan ovqatlanishadimi? Oʻn yetti yil-a!
— Oʻn yetti yil? Bu bilan nima demoqchisiz?
— Turmush qurishganiga oʻn yetti yil boʻldi,— keskin javob berdi. – Menga Striklend hech qachon ma’qul boʻlmagan. Albatta u bojam boʻlgani uchun hech narsa deya olmas edim. Oʻki siz uni nazokatli odam deb hisoblaysizmi? Aslida Emmi unga turmushga chiqmasligi kerak edi.
— Ular butunlay ajrab ketishdimi?
— Rasman ajralishlari qoldi, xolos. Men, darhol ajralish toʻgʻrisida ariza yozing, Emmi! Bu sizning oʻz oldingizdagi va bolalaringiz oldidagi burchingiz, dedim. Yaxshisi, u mening koʻzimga mutlaqo koʻrinmasin. Aks holda ta’zirini berib qoʻyaman. — Xayolimga bu ish polkovnik Mak-Endryuga unchalik oson boʻlmasa kerak, Striklend baquvvat odam-ku, degan fikr kelsa-da, indamay qoʻya qoldim. Yaxshi fazilatli kishilar boshqalar tomonidan ranjitilsalar ham gunohkorlarni qargʻamasliklari yodimga tushdi. Men ikkinchi marotaba ketishga chogʻlanib turganimda, Striklend xonim kirib qoldi. U koʻz yoshlarini artishga, yuziga salgina upa sepib oʻzini epaqaga keltirishga ulgurgandi.
— Oʻzimni tuta olmaganimga afsusdaman, — dedi u. – Yaxshiyamki, siz ketib qolmabsiz.

U oʻtirdi. Men endi tamomila esankirab qolgandim. Menga aloqador boʻlmagan narsa toʻgʻrisida gaplashish tamomila noqulay boʻlayotgandi. Men oʻsha paytlarda xotin-qizlarning eng katta qusuri — shaxsiy ishlarini duch kelgan odam bilan qizgʻin muhokama qilaverishi ekanligini bilmasdim. Striklend xonim, aftidan, oʻzini tutib olishga urinayotgandi.
— Bu haqda koʻp gaplashishyaptimi? — soʻradi u.

Oila boshiga tushgan musibatdan mening xabardorligimga uning qat’iy ishonchi meni sarosimaga solib qoʻydi.
— Men endigina dam olishdan qaytdim. Roza Uoterforddan boshqa hech kimni koʻrmadim.

Striklend xonim qoʻllarini bir-biriga qovushtirdi.
— Undan nimaniki eshitgan boʻlsangiz, hammasini gapirib bering.

Men jim turardim, lekin u aytishga majbur qildi.
— Har qancha ogʻir boʻlmasin, men bu gaplarni bilishni xohlayman.
— Uning gap sotib yurishini yaxshi bilasiz-ku. Uning soʻzlariga ishonib boʻlmaydi. Eringiz sizni tashlab ketganini aytdi.
— Bor gap shumi?

Men Roza Uoterford xayrlashaturib qahvaxonadagi qiz haqidagi gapini aytishni lozim topmay yolgʻon soʻzladim.
— U erim qandaydir ayol bilan joʻnab ketganini gapirmadimi?
— Yoʻq.
— Men bilmoqchi boʻlgan narsa shu edi.

Boshim qotib qolgan edi, lekin shunday boʻlsa-da, ketishim lozimligini fahmladim. Xayrlashayotganimda, Striklend xonimning xizmatiga doimo tayyorligimni aytdim. U ma’yus jilmaydi.
— Tashakkur sizga. Lekin men uchun biror narsa qila oladigan odam topilmasa kerak.

Haddan tashqari uyatchan boʻlganligim tufayli, xonimga hamdardlik ham bildira olmadim, xayrlashmoqchi boʻlib polkovnik tomonga oʻgirildim. Lekin u qoʻlimni siqib xayrlashmadi.
— Men ham ketaman. Agar siz Viktoriya-strit boʻylab yurguday boʻlsangiz, yoʻlda hamroh boʻlamiz.
— Judayam yaxshi, — dedim men. – Ketdik.

Toʻqqizinchi bob

— Mudhish tarix, — dedi koʻchaga chiqishimiz bilanoq polkovnik.

U qaynsinglisi bilan soatlab muhoka

ma qilgan narsani men bilan ham gaplashish uchun birga chiqqanini tushundim.
— Bilasizmi, biz hatto oʻsha ayolning kimligini ham bilmaymiz, — dedi polkovnik. – Yaramas faqat Parijga joʻnab ketganini bilamiz, xolos.
— Mening nazarimda ular eng ibratli er-xotinlarga oʻxshab tuyulishardi.
— Xuddi shunday edi. Siz kelmasingizdan oldin Emmi birgalikdagi hayotlari mobaynida biror marotaba ham janjallashmaganliklarini gapirib turgan edi. Siz Emmini bilasiz. Oʻrugʻ olamda undan yaxshiroq ayol yoʻq.

Bunday gaplardan keyin men unga bir necha savol bilan murojaat etishni lozim topdim.
— Siz xonim hozirgacha biror narsadan shubhalanmagan deb hisoblaysizmi?
— Boʻlmasa-chi! Hech narsadan shubhalanmagan. Striklend avgust oyini Norfolkda xotini va bolalari bilan oʻtkazgan. Avval qanday boʻlsa xuddi shunday dam olishgan. Biz xotinim bilan birga ular dam olayotgan joyga bir necha kunga bordik, men u bilan gol'f oʻynadim. Sentabr oyida uning sherigi ta’tilga ketishi lozim boʻlganligi tufayli, Londonga qaytib keldi, Emmi esa dengiz boʻyida qoldi. Ular bir uyni bir yarim oyga ijaraga olishgan ekan. Muhlat tugashidan oldin xonim qaysi kuni Londonga yetib kelishlarini xat orqali eriga bildiribdi. Eri esa Parijdan unga xat yoʻllab, endi u bilan turmasligini ma’lum qilibdi.
— Bu qarorini nima bilan izohlabdi?
— Azizim, u hech narsani izohlab oʻtirmabdi. Men xatni oʻqidim. Xat bor-yoʻgʻi oʻn qatorga yaqin, bundan ortiq emasdi.
— Hech narsaga tushunmayapman.

Shu daqiqada koʻchani kesib oʻtgandik, katta koʻchadagi shovqin-suron gapimizni davom ettirishga imkon bermadi. Polkovnik menga aytib bergan narsalar haqiqatdan uzoqday eshitilayotgandi, Striklend xonim undan nimanidir yashirayotgan boʻlsa kerak, degan qarorga keldim. Oʻz-oʻzidan ayonki, oʻn yetti yil ahil yashagan er-xotin bir-birini biror sababsiz tashlab ketmaydi. Oʻxud ular aytilayotganiday ahil yashashmagandir. Polkovnik mening mulohazalarimni boʻlib yubordi.

—Biror satang bilan qochib qolgan erkak qanday sabab ham koʻrsatardi. Ehtimol, xotinimning oʻzi buning fahmiga yetar deb oʻylagandir. Mana shunaqa yaramas odam u.
— Striklend xonim endi nima qilmoqchi?
— Avvalo bu ish hujjat bilan tasdiqlansin-chi. Oʻzim Parijga borib kelmoqchiman.
— Idorasi nima boʻldi?
— Idorasida ham juda ayyorona yoʻl tutgan. Yil mobaynida ketishga tayyorlangan.
— U joʻnab ketishi toʻgʻrisida sherigini ogohlantiribdimi?
— Buni xayoliga ham keltirmabdi.

Polkovnik Mak-Endryu savdo masalalarida koʻp narsalarga aqli yetmasdi, men esa bu ishlardan tamomila bexabar edim. Shuning uchun ham Striklend oʻz ishlarini qay ahvolda tashlab ketganini tushunmadim. Mak-Endryuning gapiga qaraganda, tashlab ketilgan sherigi gʻoyat gʻazabda ekan, Striklendni sudga berishini bayon etibdi.
— Koʻrinishidan bu mashmasha unga besh yuz franklarga tushsa kerak.
— Xudoga shukrki, uy jihozlari tagʻinam Emmi qaramogʻida. Unga shulargina qoladi.
— Siz xonim bir chaqasiz qoldi deganingizda bu narsalar yodingizdamidi?
— Albatta, yodimda edi. Unga ikki yuz yoxud uch yuz funt puliyu mana shu mebellar qoldi.
— Lekin ular endi qanday qilib tirikchilik oʻtkazishadi?
— Bu yolgʻiz Ollohgagina ma’lum.

Hammasini, chamasi, aql bilan idrok etsa boʻlardi, ammo dargʻazab polkovnik oʻz soʻzlari bilan meni chalkashtirib yuborayotgandi. U Armiya va Flot doʻkoni oldidagi soatga qarab klubda karta oʻynaydigan sheriklari kutib turishgani esiga tushib, meni Sent-Jeyms bogʻiga yolgʻiz borishimga imkoniyat berganidan juda xursand boʻlib ketdim.

Oʻninchi bob

Oradan bir-ikki kun oʻtgach, Striklend xonim menga xat yuborib kechqurun unikiga kirishimni soʻrabdi. Uyiga kirib borganimda yolgʻiz oʻtirgan ekan. Rohibalarniki singari qop-qora oddiy koʻylak boshiga tushgan ogʻir musibatdan belgi edi. Yuragidagi shuncha gʻam-gʻussa bilan oʻzini tutib oʻtirganiga hayron qoldim.
— Sizga biror iltimos bilan murojaat etguday boʻlsam, uni bajarishga va’da bergandingiz shekilli? — dedi xonim.
— Ha, albatta.

—Parijga borib Charli bilan uchrashib kelishga rozilik bera olasizmi?
— Menmi?

Bu gapdan lol boʻlib qolgandim. Axir men uni bir martagina koʻrgandim, xolos. Xonim menga qanday topshiriq berishni moʻljallayaptiykin?
— Fred u yoqqa bormoqchi. (Fred polkovnik Mak -Endryu edi.) Lekin men aminmanki, uning borishi joiz emas. U hamma ishni faqat chalkashtirib yuboradi. Bu narsani kimdan iltimos qilishni bilmay turibman.

Uning ovozi salgina titrab chiqdi. Men tomondan bir soniya boʻlsin ikkilanish toʻngʻizlik boʻlishini his etdim.
— Lekin men eringiz bilan muloqotda boʻlmaganman. U meni bilmaydi, shu tufayli ham kavushimni toʻgʻrilab qoʻyishi mumkin.
— Buning hech qanday ahamiyati yoʻq, — javob berdi Striklend xonim sal tabassum qilib.
— Sizningcha, men qanday harakat qilmogʻim kerak?

Bu savolimga u toʻgʻridan-toʻgʻri javob qaytarmadi.
— Menimcha, u sizni bilmasligi qaytaga yaxshi. Bilasizmi, u Fredni hech qachon yoqtirmagan. Hamisha uni tentak bir kimsa deb hisoblardi — harbiy odamlar diliga oʻtirishmasdi. Fred oʻzini tutolmaydi, oʻrtada janjal koʻtariladi-da, ish natijasiz tugaydi. Agar siz mening nomimdan kel¬ganingizni aytsangiz, u albatta, gapingizga quloq soladi.
— Men sizni yaqindan beri taniyman, — javob berdim men. – Bunday ishga eringizni yaxshi bilmagan bir odamning qanday aralashishi mumkinligini tushunmayapman. Oʻzimga bevosita aloqador boʻlmagan ishga burnimni tiqishni xohlamayapman. Nima sababdan Parijga oʻzingiz borib qoʻyaqolmaysiz?
— U yerda yolgʻiz emasligini esdan chiqarib qoʻyyapsiz, shekilli.

Men tilimni tishladim. Koʻz oʻngimda Charlz Striklend uyiga kirib borganim va unga tashrif kartochkasini uzatganim, ikki barmogʻi bilan kartochkani ushlagancha qarshimga chiqqani namoyon boʻldi.
— Xizmat?
— Men siz bilan xotiningiz toʻgʻrisida gaplashmoqchi edim.
— Jiddiy gapiryapsizmi? Sal ulgʻayganingizdan keyin birovlarning ishiga burun tiqmaslik lozimligini tushunasiz. Agar iltifot koʻrsatib, chap tomonga qayrilsangiz eshikni koʻrasiz. Sizga omad yor boʻlsin.

Bu yerdan silliqqina chiqib ketish qiyinligini avvaldan seza oldim va Striklend xonim mushkulotlar toʻridan qutulmasidan oldin Londonga qaytib kelganimga oʻzimni qargʻadim. Men zimdan ayolga razm soldim. U xayol daryosiga gʻarq boʻlgan edi. Lekin bir soniyadan keyin menga qaradi, chuqur xoʻrsindi va yengil kulimsirab qoʻydi.
— Hammasi kutilmaganda roʻy berdi, — dedi u. – Biz oʻn yetti yil turmush qurdik. Charli boshqa ayolga aylanishib ketadi deb hech qachon oʻylamagan edim. Biz juda ahil yashaganmiz. Toʻgʻri, men juda koʻp narsalarga qiziqar edim, bularni u yo yoqtirmas, yo beparvo edi.
— Siz birga ketgan... — qanday qilib muloyimroq soʻrashni bilolma¬yotgandim, — ayolning kimligini bila oldingizmi?
— Yoʻq. Buni hech kim tasavvur ham qila olmayapti. Bu juda gʻalati. Odatda, bunday paytlarda odamlar sevishganlarni restoran yoxud biror yerda koʻrib qolishadi-da, xotinlariga gapirib berishadi. Bu toʻgʻrida meni hech kim ogohlantirgani ham yoʻq, men hech narsadan shubhalanganim ham yoʻq. Uning xati bulutsiz osmondagi momaqaldiroqday boʻldi. Men bilan baxtiyorligiga zarracha shubha qilmasdim.

Striklend xonim yigʻlab yubordi, bechoraga yurakdan rahmim keldi. Lekin u shu ondayoq oʻzini qoʻlga oldi.
— Men umidsizlikka berilmasligim kerak, — dedi u koʻzlarini artib. — Hozir qanday tadbir koʻrish lozimligi haqida bir qarorga kelish kerak.

Ayol parokandalik bilan goh yaqin oʻtmish, goh birinchi uchrashuvlariyu toʻylari toʻgʻrisida gapira boshladi. Koʻz oʻngimda ularning birgalikda kechirgan hayot yoʻllari namoyon boʻla bordi. Bu oila haqidagi ilgarigi fikrlarim haqiqatdan unchalik uzoq emasligini oʻylab qoldim. Striklend xonim Hindistondagi bir amaldorning qizi boʻlgan ekan. Otasi iste’foga chiqqanidan keyin u oʻsha yerda, mamlakatning chekka bir goʻshasida yashab qolibdi. Lekin har yilning avgust oyida havo almashtirish uchun oʻz oilasini Istbornga olib borar ekan. Shu Istbornda u Striklend bilan tanishibdi. U yigirma yoshda, yigit esa yigirma uch yoshda ekan. Ular birgalikda tennis oʻynashibdi, sayr qilishibdi, habashlarning qoʻshiqlarini tinglashibdi. Qiz yigitga turmushga chiqishga qaror qilibdi, yigit ham turmush qurishni taklif etibdi. Ular avvaliga London chekkarogʻidagi Xampstedda, keyinroq, Striklendning moddiy ahvoli yaxshilangach, shahar markazida yashay boshlashibdi, oʻgʻil va qiz farzandlar koʻrishibdi.
— Bolalarini judayam yaxshi koʻrardi. Men uning joniga tekkan taqdirimda ham bolalarni koʻzi qandoq qiydiykin? Ishonish qiyin bunga. Bu ishlarning haqiqatdan boʻlib oʻtganiga hali ham ishonmayman.

Oxirida eri yuborgan xatni koʻrsatdi. Bu xatni anchadan beri oʻqishni istayotgandim, lekin uni soʻrashga botina olmayotgandim.

“Azizam Emmi!

Umid qilamanki, sen uydagi barcha narsalar joy-joyida ekanligiga amin boʻlasan. Men Emmiga sening buyruqlaringni yetkazib qoʻydim. Sening va bolalaringning kelishiga ovqat tayyorlab qoʻyadi. Men sizlarni kutib olmayman. Sizlardan alohida yashashga qaror qildim, bugun Parijga joʻnab ketaman. Bu xatni yoʻlga joʻnayturib yubordim. Uyga qaytmayman. Qarorim qat’iy va oʻzgarmas.

Hamisha seniki boʻlib qoladigan Charlz Striklend“.
— U hech narsani tushuntirmagan ham, afsus ham chekmagan. Axir bu gʻalati emasmi?
— Juda gʻalati xat, — javob berdim men.
— Buni faqat bir narsa bilangina izohlash mumkin — u oʻzini yoʻqotib qoʻygan. Men uni oʻziga rom qilib olgan ayolning kimligini bilmayman, ammo u erimni butunlay boshqa odamga aylantirib yuborgan. Chamasi, bu ancha eski sarguzasht boʻlsa kerak.
— Nega siz shunday deb oʻylayapsiz?
— Fred buni tushuntirib berdi. Charlzning kunora klubda bridj oʻynaydigan odati bor edi. Fred bu klubning a’zolaridan biri bilan tanish ekan. Bir kuni gap orasida Charlzni unga bridj oʻyinining ashaddiy ishqibozi deb aytibdi. Uning tanishi juda ajablanibdi, karta oʻyini ustida biror marotaba ham koʻrmaganman, debdi. Hammasi kunday ravshan, uni klubda deb oʻylagan paytimda kim bilan boʻlganligi oʻz-oʻzidan ayon.

Men jim boʻlib qoldim. Xayolimga bolalar keldi.
— Bularning hammasini Robertga tushuntirish juda qiyin kechgandir.
— O, men unga ham, qizimga ham hech narsa demadim. Axir biz shaharga maktablardagi oʻqish boshlanishidan bir kun oldin yetib kelgan edik-da. Ularga faqat dadang kutilmaganda ish bilan joʻnab ketdi, deya oldim, xolos. Yurakda shunday kutilmagan sir bilan xotirjam boʻlish, bolalarning maktab bilan bogʻliq barcha ehtiyojlari toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish qiyin edi. Striklend xonimning ovozi yana qaltirab chiqdi.
— Bechora bolajonlarimning ahvoli ne kechadi? Tirikchiligimizni qanday oʻtkazamiz?

Ayol oʻzini qoʻlga olishga urinayotgandi. U qoʻllarini beixtiyor ravishda qisayotgani va qoʻyib yuborayotganiga koʻzim tushdi. Gʻoyat achinarli manzara!
— Agar sizga yordam beradigan boʻlsa, albatta, Parijga boraman. Lekin siz men u yerda nimaga erishishim kerakligini ayting.
— Men uning uyga qaytishini istayman.
— Polkovnik Mak-Endryuning soʻzlaridan siz u bilan ajralishga qaror qilganingizni tushungandim.
— Men hech qachon Charlidan ajralmayman! — gʻazab bilan xitob qildi u. Charli hech qachon u ayolga uylana olmaydi. Men undan ham qaysarroqman, hech qachon undan ajralmayman. Men bolalar toʻgʻrisida oʻylashga majburman.

Soʻnggi soʻzlarini u oʻz munosabatini tushuntirish uchun aytdi, lekin gap faqat bolalarga gʻamxoʻrlik ustida emas, rashk tuygʻusi ustida ham ketayotganini fahmladim.
— Siz hamon uni sevasizmi?
— Bilmadim. Men uning uyga qaytishini istayman. Agar u uyga kelsa, hammasini unutib yuboraman. Nima qilganda ham biz oʻn yetti yil birga yashadik. Men bagʻri keng ayolman. Istagan ishini qilib yuraversin, faqat men bilmasam boʻldi. Sarguzashtlari uzoq vaqtgacha davom etavermasligini u anglashi kerak. Agar u bagʻrimizga qaytib kelsa, xuddi avvalgiday yashayveramiz, hech kim hech narsa bilmaydi.

Striklend xonim gʻiybatlardan juda qoʻrqishini sezganimda hayron boʻlgan edim. Oʻsha vaqtlarda ayollar hayotida odamlarning fikri juda katta rol oʻynashini bilmasdim. Odamlar fikridan qoʻrqish inson tuygʻulariga nosamimiylik soyasini tashlaydi.

Striklendning qayerda yashayotgani ma’lum edi. Sherigi bankka yoʻllagan gʻazabkor xatida u toʻgʻrisida boʻlmagʻur gaplarni aytdi, Striklendni yashayotgan aniq manzilini yashirayotganlikda aybladi. Oʻz navbatida Striklend ham beadablik bilan javob qaytardi va aniq manzilini oshkor qildi. U mehmonxonada yashayotgandi.
— Men hech qachon bu mehmonxona toʻgʻrisida eshitmaganman, — dedi Striklend xonim. – Lekin Fred bu mehmonxonani bilar ekan, juda qimmatligini aytdi.

Xonim qizarib ketdi. Uning koʻz oldida serhasham mehmonxonada yashayotgan, mashhur restoranlarda ovqatlanayotgan, kunduzlari ot poygalarida, kechqurun¬lari teatrlarda vaqtini oʻtkazayotgan eri gavdalanayotganini tushundim.
— Bunaqada uzoqqa bora olmasligi tayin, — dedi u. – U qirqdan oshganini esdan chiqarmaslik kerak. U yosh yigit boʻlganida bu hodisalarni tushungan boʻlardim. Bolalarimizning boʻyi yetib qolganda, bu — dahshat. U sogʻligʻini butunlay yoʻqotib qoʻyadi.

Ayolning qalbida gʻazab va iztirob kurashayotgandi.
— Unga aytingki, usiz uyimiz uy boʻlmay qoldi. Goʻyo hamma narsa oʻz oʻrnidaga oʻxshaydi-yu, lekin hammasi qandaydir fayzsiz. Men usiz yashay olmayman. Bundan koʻra oʻzimni oʻldirganim afzal. Unga bizning oʻtmishimizni, birga kechirgan kunlarimizni, hamma-hammasini gapirib bering. Bolalarim uni soʻrashsa, ularga nima deb javob beraman? Uning xonasi qanday boʻlsa, shundayligicha turibdi, uni kutyapti. Biz hammamiz uni kutyapmiz.

Unga nimalar deyishim lozimligini xonim soʻzma-soʻz tushuntirdi. Bundan tashqari, u bildirishi ehtimol boʻlgan e’tirozlarga qanday javob berishim kerakligini ham birma-bir aytib oʻtdi.
— Men uchun qoʻlingizdan kelgan hamma narsani bajarishga va’da bera olasizmi? — nolakor qoʻshib qoʻydi u. — Qanchalar gʻam chekayotganimni unga bildirib qoʻying.

Xonim barcha vositalar bilan erining rahmini keltirishni, insofga chaqirishimni istardi. Endi u mendan uyalmay bemalol yigʻlayotgandi. Garchi Striklendning bagʻritoshligini bilsam ham, azbaroyi ta’sirlanib ketganimdan, uni uyga qaytarish uchun qoʻlimdan kelgan barcha choralarni koʻrishga qasam ichdim. Men bu vazifani bajarish uchun ertasigayoq joʻnab ketishga va biror natijaga erishish uchun zarur boʻlgan vaqtgacha Parijda turishga soʻz berdim. Kech boʻlib qolgani va ikkalamiz ham bu koʻngil¬siz¬liklardan obdon charchaganimiz tufayli xayrlashib chiqib ketdim.

Oʻn birinchi bob

Menga topshirilgan vazifa toʻgʻrisida Parijga ketayotganimda oʻylab borarkanman, uni natijasiz tugatishdan xavotirlanardim. Endilikda, yigʻlab turgan Striklend xonimning qiyofasi koʻzimdan nari vaqtida fikrlarimni bir joyga jamlashim mumkin edi. Striklend xonimning oʻzini tutishdagi aniq koʻrinib turgan qarama-qarshiliklar meni hayron qoldirardi. U juda baxtsiz edi, lekin rahmimni keltirish uchun barcha choralar bilan oʻzini yanada baxtsizroq koʻrsatishga urinardi. Masalan, yigʻlashga oldindan tayyorgarlik koʻrganini fahmlash qiyin emasdi. Zero, u qoʻliga anchagina dastroʻmol ushlab olgandi. Men uning tadbirkor ekanligiga qoyil qolardim. Lekin ayni ana shu tadbirkorligi tufayli, uning koʻzyoshlari unchalik ta’sir qilmasdi. Erini yaxshi koʻrgani uchun uyiga qaytarmoqchimi yoki har xil yomon soʻzlardan qoʻrqqani uchun – men shu narsani bilolmay hayron edim. Uning yuragida toptalgan muhabbat iztiroblari bilan tahqirlangan xudbinlik azoblari omuxta boʻlib ketganini gumon qilardim, yoshligim tufayli bu hol insonlarga yarashmaydi deb hisoblardim. Men oʻsha paytlarda inson zotining qiyofasi gʻoyatda qarama-qarshi boʻlishini, eng olijanob odamlar ham tubanlashib ketishini, eng pastkash kimsalar esa ma’lum sharoitlarda olijanoblik kasb etishlarini bilmasdim.

Lekin safarimning kishini qiziqtiradigan tomonlari ham bor edi. Shuning uchun Parijga yaqinlashganim sari oʻzimni tetik seza boshladim. Toʻsatdan oʻzimga chetdan nazar tashlab, daydib ketgan erning barcha gunohlarini kechirishga tayyor turgan qayliqning bagʻriga qaytarishga qaratilgan ishonchli vakillik rolim oʻzimga yoqa boshladi. Striklend bilan ertaga kechqurungacha koʻrishmaslikka qaror qildim. Zero uchrashadigan vaqtni nazokat bilan tanlash lozim edi. Masalan, nonushtagacha inson tuygʻulariga ta’sir etish, insofga keltirish xomxayol edi. Mening shaxsiy xayollarim oʻsha paytlarda doimo muhabbat masalalari bilan band boʻlardi. Oilaviy huzur-halovat haqida choy vaqtigacha gaplashishni tasavvur ham eta olmasdim.

Mehmonxonaga joylashib olganimdan keyin Charlz Striklend yashayotgan “Otel' de bel'j“ni surishtirishga tushdim. Darbon bunday mehmonxona toʻgʻrisida mutlaqo eshitmaganini bilganimdan keyin hayronligim oshdi. Striklend xonimning soʻzlariga qaraganda esa bu Rivoli koʻchasi yaqinidagi katta va dabdabali mehmonxona edi. Ma’lumotnomalar kitobidan qidirganimizda esa shunday nomlanadigan yagona muassasa Muan koʻchasida ekan. Bu mavze shaharning eng serhasham emas, aksincha, koʻrimsizroq maskanlaridan edi. Men boshimni sarak-sarak qildim.
— Yoʻq, biz qidirayotgan joyga oʻxshamayapti.

Darbon yelkasini qisib qoʻydi. Parijda shu nomli boshqa mehmonxona yoʻq. Kallamga Striklend haqiqiy manzilini atayin yashirganday, xayoliga kelgan mehmonxona nomini aytib, sherigini aldaganday tuyuldi. Negaligini bilmadim-u, lekin toʻsatdan menga bu Striklendning ruhiga toʻgʻri keladigan holatday, gʻazab otiga mingan dallol sherigini xalloslagancha Parijga kelib, xilvatdagi qandaydir mehmonxonani qidirtirish uchun atayin qilayotganday tuyuldi. Shunga qaramay, joyni tekshirish uchun otlandim. Ertasiga soat, chamasi, oltilarda fayton yollab izvoshchiga Muan koʻchasiga eltib qoʻyishni buyurdim. Faytonni koʻcha muyulishida qoldirib, mehmonxonagacha piyoda bormoqchi boʻldim. Koʻcha kambagʻal xaridorlar uchun arzon mollar sotadigan doʻkonchalar bilan toʻlib-toshib ketgandi. Doʻkonchalarning oʻrtarogʻida, mening chap tomonimda “Otel' de bel'j” mehmonxonasi joylashgandi. Men kamtaringina mehmonxonada joylashgan edim. Lekin u qarshimdagi mehmonxonaga nisbatan judayam hashamatli tuyulardi. “Otel' de bel'j” deb yozilgan kattakon yorliq uzoq yillar mobaynida ta’mirlanmagan va toʻkilay deb turgan baland binoni bezab turardi. Uning ikki tomonidagi uylar bunga solishtirganda juda ozoda va koʻrkam koʻrinardi. Iflos boʻlib ketgan oynalar, chamasi, hech qachon ochilmagandi. Yoʻq, noma’lum huriliqo deb burchi va nomusini unutgan Charlz Striklend va oʻsha malak bu yerda jinoyatkorona aysh-ishrat qilishmayotgan boʻlsa kerak. Men ahmoqona holatda qoldim, deb juda dargʻazab boʻldim va Striklendni surishtirmasdanoq joʻnab qolish payiga tushdim. Lekin pirovardida bino ostonasidan ichkari kirishga oʻzimni majbur etdim. Bu faqat Striklend xonimga qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilib koʻrdim, deyish uchungina boʻldi, xolos.

Mehmonxonaga kiriladigan joy qandaydir doʻkoncha yonida ekan. Eshik ochiq edi. Ichkariga osib qoʻyilgan “Idora ikkinchi qavatda” deyilgan yozuv aniq koʻrinib turardi. Men torgina zinapoyadan koʻtarilib, shisha uychaga oʻxshash maydonchaga chiqib qoldim. Unga stol va ikki stul qoʻyilgandi. Uning tashqarisida taxta oʻrindiq turardi. Chamasi, qavat nazoratchisi notinch tunlarini shu oʻrindiqda oʻtkazsa kerak. Hech kimning qorasi koʻrinmasdi. Lekin elektr qoʻngʻiroq tugmasi tagida “Qavat nazoratchisi” degan yozuv bor edi. Men qoʻngʻiroq tugmasini bosdim, tez orada koʻzlari pirpirab turgan koʻrimsizgina yigit paydo boʻldi. U nimcha va gilam shippakcha kiyib olgandi.

Negaligini bilmayman-u, men juda mensimagan ohangda undan soʻradim:
— Bu yerda Striklend degan janob yashamaydimi?
— Oʻttiz ikkinchi xona. Oltinchi qavat, — javob berdi yigit.

Men shu qadar esankirab qoldimki, dastlab nima deyishimni ham bilmay qoldim.
— U xonasidami?

Qavat nazoratchisi uychadagi taxtaga qaradi.
— Kalitni qoldirmapti. Yuqoriga chiqib koʻring.

Men unga yana bitta savol berishni lozim topdim.
— Xonim uydami?
— Janob bir oʻzi yashaydi.

Nazoratchi men yuqoriga koʻtarilib ketayotganimda gumonsirab qarab qoʻydi. Qorongʻi va havosi ogʻir yoʻlakdan koʻngilni aynitadigan achimsiq hid anqirdi. Uchinchi qavatda xalatsimon uychi kiyimdagi xurpaygan ayol eshikni ochdi va miq etmay menga qarab qoldi. Nihoyat, oltinchi qavatga chiqib bordim-da, oʻttiz ikkinchi raqamli xona eshigini taqillatdim. Ichkarida nimadir taraq-turuq qilib ketdi-da, eshik ochildi. Qarshimda Charlz Striklend turardi. U biror soʻz qotmadi, meni tanimayotgani koʻrinib turardi.

Men oʻz nomimni aytdim. Keyin iloji boricha nazokat bilan muomala qilishga intildim.
— Siz meni eslay olmasangiz kerak. Oʻtgan yili yozda siznikidagi mehmondorchilikda qatnashish baxtiga musharraf boʻlgan edim.
— Kiring, — samimiy javob berdi u. – Sizni koʻrganimdan juda xursandman. Oʻtiring.

Men xonaga kirdim. Bu torroq xona boʻlib, fransuzlar Lui-Filipp uslubi deb yuritiladigan mebellar bilan liq toʻla edi. Xonada ustiga qizil choyshab yopilgan keng yogʻoch karavot, katta javon, dumaloq stol, kichkinagina qoʻlyuvgich, qizil gazlama qoplangan ikkita stul joy olgandi. Polkovnik Mak-Endryu menga ta’riflagan shohona hayotdan nishona ham yoʻq edi. Striklend stullarning biriga tashlab qoʻyilgan kiyimlarni yerga uloqtirdi-da, oʻtirishga taklif etdi.
— Xoʻsh, xizmat? — soʻradi u.

Striklend bu xonada birinchi tanishgan oqshomdagidan ham gavdaliroq koʻrinardi. U, chamasi, bir necha kundan beri soqolini olmagan, oxori ketib qolgan kalta kamzul kiyib olgandi. Oʻziga qaramagan, sochini taramagan boʻlsa-da, chamasi, oʻzini nihoyatda erkin his etayotgandi. Men avvaldan tayyorlab qoʻygan iboraga u qanday munosabatda boʻlishini bilmasdim.
— Men rafiqangizning topshirigʻiga muvofiq keldim.
— Men ovqatlanishdan oldin ozgina ermanli araqni ichmoqchi boʻlib turgan edim. Siz buni yoqtirasizmi?
— Ha, endi.
— Unday boʻlsa ketdik.

U anchadan beri choʻtkalanmagan bosh kiyimini kiydi.
— Biz birga ovqatlanishimiz mumkin. Axir siz menga ovqat olib berishga qarzdorsiz.
— Shunday. Oʻlgʻiz oʻzingizmisiz?

Nozik savolni oʻz vaqtida va oʻrnida bera olganimga xursand boʻldim.
— Ha, oʻzim! Toʻgʻrisini aytsam, uch kundan beri ogʻzimga tuz totmadim. Fransuz tilini oʻzlashtirishim qiyin boʻlyapti.

U bilan zinadan tushib borarkanman, qahvaxonadagi qiz qayoqqa yoʻqoldi ekan, deb hayron boʻlardim. Ular oʻzaro janjallashib ulgurishdimi yoki oshiqu beqarorligi oʻtib ketdimi? Soʻnggi taxminim oʻzimga ham ishonchsiz tuyuldi, axir u deyarli butun yil davomida qochib qolishga tayyorgarlik koʻrgandi-ku. Klishi koʻchasidagi qahvaxonaga kirdik-da, shundoqqina yoʻl ustidagi stullarning biriga joylashdik.

Oʻn ikkinchi bob

Shu soatlarda Klishi koʻchasidagi qahvaxona, ayniqsa, gavjum boʻlarkan. Yoʻlkalar boʻylab idora xizmatchilari va savdogarlar, xuddi Bal'zak asarlari sahifalaridan hozirgina tushib kelayotgan keksalar, erkaklar va ayollar u yoqdan-bu yoqqa yurishardi. Parij bechorahollari yashaydigan mahallalarning toʻs-toʻpoloni yurakka ta’sir etadi, turli-tuman kutilmagan oqibatlarga tayyorlaydi.
— Siz Parijni yaxshi bilasizmi? — soʻradim undan.
— Biz Parijda asal oyimizni oʻtkazgan edik. Oʻshandan beri bu yerga kelmaganman.
— Marhamat qilib ayting-chi, qanday qilib bu mehmonxonaga kelib qoldingiz?
— Menga uni tavsiya etishdi. Men arzonroq mehmonxona qidirgan edim.

Ermanli araqni keltirishdi, biz eriyotgan qandga suv tomiza boshladik.
— Oʻylaymanki, yaxshisi, sizni nima uchun qidirib kelganimni birdaniga aytib qoʻyaqolganim ma’qul, shekilli, — deb boshladim gapimni xijolat chekib oʻtirmay.

Uning koʻzlari yiltillardi.
— Ertami-kechmi kimdir qidirib kelishini bilardim. Emmi menga ancha xat yozdi.
— U holda nima demoqchiligimni juda yaxshi bilsangiz kerak.
— Men xatlarni oʻqiganim yoʻq.

Fikrlarimni jamlab olish uchun sigaret chekdim. Oʻzimga topshirilgan vazifaga qanday kirishsam ekan? Oldindan tayyorlab qoʻygan balandparvoz gaplarim bu yerda qoʻl kelmasligini tushunib qoldim.

U toʻsatdan pishqirib yubordi.
— Haddan tashqari qiyin vazifa-a?
— Ha, shunday.
— Mayli, tezroq gapira qoling, keyin maishat qilamiz.

Men oʻylanib qoldim.
— Nahotki, siz xotiningiz naqadar iztirob chekayotganini tushunmasangiz?
— Hechqisi yoʻq, oʻtib ketadi!

Bu soʻzlar qay darajada loqaydlik bilan aytilganini tasvir etolmayman. Men oʻzimni yoʻqotib qoʻydim, lekin buni unga sezdirmaslikka harakat qildim, ruhoniy Genri amaki odamlarni muhtojlarga yordam berishga da’vat etayotgan vaqtdagidek muloyimlik bilan gapirdim.
— Agar ochiqchasiga gapirsam xafa boʻlmaysizmi?

U kulib rozilik ishoratini qilib boshini qimirlatdi.
— Xotiningiz bunday munosabatda boʻlishingizga arziydigan biror ish qildimi? Unga biror da’voingiz bormi?
— Hech qanday.
— U holda oʻn yetti yil birga yashaganingizdan keyin tashlab ketishingiz shafqatsizlik emasmi?
— Shafqatsizlik.

Men hayron boʻlib unga qaradim. Haqligimni chin yurakdan e’tirof etishi meni gʻalati ahvolga solib qoʻydi. Mening ahvolim tangligidan tashqari, kulgili ham edi. Men unga pand-nasihat, doʻq-poʻpisa qilmoqchi, koʻndirmoqchi, achchiq gaplar bilan uzib olmoqchi edim. Agar gunohkor tavbasiga tayangan boʻlsa, nasihatgoʻy nima deya oladi? Bunday holatdan chiqish tajribasi menda yoʻq edi, meni ayblamoqchi boʻlganlarida esa butunlay boʻynimga olmay doimo tamomila rad etardim.
— Xoʻsh, yana nima deysiz? — soʻradi Striklend.

Men nafratlanib lablarimni qiyshaytirib turardim.
— Siz hammasini e’tirof etayotgan boʻlsangiz boshqa gapga hojat yoʻq.
— Hojat yoʻq.

Oʻz vazifamni yaxshi bajara olmaganim uchun jahlim chiqdi.
— Axir ayol kishini sariq chaqasiz qoldirish mumkinmi?
— Nega mumkin boʻlmasin?
— Qanday yashaydi u?
— Men uni oʻn yetti yil boqdim. Nega endi oʻzini oʻzi boqa olmaydi.
— U oʻzini-oʻzi boqa olmaydi.
— Harakat qilib koʻrsin.

Albatta, men bunga javob berishim, ayollarning iqtisodiy ahvoli, oila qurayotgan erkakning majburiyatlari toʻgʻrisida gapirishim mumkin edi. Lekin toʻsatdan pirovard-natijada hamma narsani faqat bir narsa hal qilishini tushunib qoldim.
— Siz uni sevmay qoʻydingizmi?
— Zarracha.

Bularning barchasi inson hayotiga doir jiddiy savollar edi. Lekin u bu savollarga shu qadar joʻshqinlik bilan surbetlarcha javob qaytarayotgan ediki, kulib yubormaslik uchun lablarimni tishlab oʻtirardim. Uning oʻzini tutishi menga nihoyatda jirkanch koʻrinayotgandi.
— Jin ursin sizni, axir bolalar toʻgʻrisida oʻylashga majbursiz-ku. Ular sizga hech qanday yomonlik qilishmagan. Dunyoga keltirishingizni ham iltimos qilishmagan. Agar siz ularni oʻz mehr va gʻamxoʻrligingiz ostiga olmasangiz koʻchada qolishadi.

—Ular uzoq yillar mobaynida huzur-halovatda yashashdi. Barcha bolalar ham bunaqa yashayvermaydi. Ishonamanki, bundan bu yogʻiga bolalarning oʻqishi uchun mablagʻni Mak-Endryu toʻlab turadi.
— Axir ularni yaxshi koʻrmaysizmi? Ular shunaqangi yoqimtoy boʻlishganki, qoʻyaverasiz. Nahotki, ulardan butunlay voz kechsangiz?
— Men ularni kichkinaliklarida yaxshi koʻrardim. Endilikda, ular katta boʻlib qolishgandan keyin toʻgʻrisini aytsam, ularga qiziqishim, mehrim zarracha qolmadi.
— Bu gʻayriinsoniylik!
— Ehtimol.
— Uyalmaysizmi?
— Yoʻq.

Men gap oqimini oʻzgartirmoqchi boʻldim.
— Sizni shunchaki bir toʻngʻiz deb hisoblashlari mumkin.
— Mayli!
— Nahotki, har qadamda qargʻasalar ham sizga baribir?
— Baribir.

Uning javoblari shu qadar nafrat ohangida aytilayotgan ediki, mening tabiiy savollarim oʻzimga ham tentaklikka oʻxshab tuyuldi. Men biror daqiqa oʻylanib qoldim.
— Atrofdagi barcha odamlar qoralab turganligini koʻrib turib ham odam bemalol yashashini hech tushunmayman! Ertami-kechmi bu narsa baribir sizga azob beradi. Hammamizda ham vijdon bor, qachonlardir baribir muqarrar ravishda uygʻonadi. Masalan, xotiningiz toʻsatdan oʻlib qoldi, deylik. Shu holda vijdoningiz azob chekmaydimi?

U jim qoldi. Men uning gapirishini sabr-toqat bilan kutdim. Lekin pirovard-natijada jimlikni oʻzim buzishga majbur boʻldim.
— Bunga nima deysiz?
— Sizni telba deyman.
— Axir sizni xotiningiz va bolalaringizni boqishga majbur qilishlari mumkin, — dedim ranjib. — Qonun ularni oʻz himoyasiga olishiga shubha qilmayman.
— Osmondagi oyni olib beradigan qonun ham bordir? Menda hech vaqo yoʻq. Bu yerga bir necha yuz funt bilan kelganman.

Agar ilgari hayronlikdan lol qolgan boʻlsam, endi tamomila boshi berk koʻchaga kirib qoldim. Axir, darhaqiqat, “Otel' de bel'j“dagi kamtarona hayot uning iqtisodiy tang ahvolidan darak berardi.
— Bu pullaringiz tamom boʻlsa qanday tirikchilik qilasiz?
— Amallab ishlab toparman.

U butunlay xotirjam edi, koʻzlarida hamon istehzoli tabassum jilolanib turardi. Bu holat soʻzlarim unga ahmoqona tuyulayotganini koʻrsatardi. Yana nima deyishimni oʻylab jim qoldim. Lekin bu safar birinchi boʻlib uning oʻzi gapirdi.
— Nega Emmi yangidan erga chiqaqolmaydi. Hali yoshi oʻtib qolgani yoʻq, koʻrinishi ham yomon emas. Men uni ajoyib ayol sifatida tavsiya etishim mumkin. Agar men bilan ajralishni istasa, marhamat, aybni oʻz boʻynimga olaman.

Endi kulish navbati menga kelgandi. U qanchalik ayyorlik qilmasin, maqsadi menga ayon edi. U bu yerga ayol bilan kelganini har xil yoʻllar bilan yashirayotgandi, izni yashirishga harakat qilayotgandi. Men qat’iy qilib javob berdim:
— Xotiningiz ajralishga hech qachon rozi boʻlmaydi. Bu uning qat’iy qarori. Bunga umid qilmasangiz ham boʻladi.

U menga astoydil hayratlanib qaradi. Lablarida tabassum zuhur etdi va qat’iy ravishda shunday dedi:
— Azizim, menga baribir.

Men kulib yubordim.
— Bizlarni juda tentak deb hisoblamang-da. Siz qandaydir nozanin bilan joʻnab ketganingizni ham bilamiz.

Bu gapimga oʻtirgan joyida tebranib ketdi va qattiq kulib yubordi. Uning kulgisi birovlarning zavqini keltiradigan darajada ediki, yaqinroqda oʻtirganlar oʻgirilib qarashdi, keyin oʻzlari ham kulib yuborishdi.
— Men bu yerda kulgiga sabab boʻladigan biror narsa koʻrmayapman.
— Bechora Emmi, — ishshayib qoʻydi u.

Keyin uning yuzida nafrat ifodasi paydo boʻldi.
— Ayol toifasining esi past-da oʻzi. Sevgi! Hammayoqda sevgi deyaverishadi. Ularni tashlab ketishganda faqat boshqasi bilan ilakishib ketdi, deb oʻylashadi. Men faqat ayollar tufayligina shuncha ishlarni qiladigan ahmoqlardan emasman.
— Siz xotiningizni boshqa ayol tufayli tashlab ketmaganingizni aytmoqchisiz shekilli?
— Albatta.
— Bu chin soʻzingizmi?

Bilmadim, nima sababdan chin soʻzlayotganini tasdiqlashini talab etganimni oʻzim ham tushuna olmayman. Bu shunchaki soddaligim tufayli boʻldi, shekilli.
— Chin soʻzim.
— Unday boʻlsa xudo haqqi, menga tushuntirib bering-chi, nima sababdan xotiningizni tashlab keldingiz?
— Men rassomchilik bilan shugʻullanmoqchiman.

Men koʻzlarim baqraygancha unga tikilib qoldim. Hech narsaga tushunmadim va qandaydir vaqt orasida qarshimdagi odam jinni-pinni emasmi, degan fikr keldi. Mening yoshligimni, uni esa esini yigʻib olgan odamligini esda tuting. Azbaroyi lol boʻlib qolganimdan butun borliq yodimdan koʻtarilib ketdi.
— Lekin siz qirqqa chiqdingiz-ku.
— Shuning uchun boshlaydigan vaqti yetdi, degan qarorga keldim.
— Siz rassomchilik bilan shugʻullanganmisiz oʻzi?
— Bolaligimda rassom boʻlishni orzu qilgandim, lekin otam savdo ishlari bilan shugʻullanishga majbur etgan. U san’at orqali tirikchilik oʻtkaza olmaysan, deb hisoblardi. Men bundan bir yilcha oldin rasm chizish bilan shugʻullana boshladim. Hatto kechki rassomlar maktabiga qatnadim.
— Striklend xonim bu vaqt ichida klubda brij oʻyini bilan bandsiz deb oʻylaganmi?
— Ha.
— Nega siz unga toʻgʻrisini ayta qolmadingiz?
— Men buni sir tutishni lozim topdim.
— Rassomchilikdan biror narsa chiqayaptimi?
— Hozircha unchalik muvaffaqiyatli emas. Lekin oʻrganaman. Shu tufayli bu yerga keldim. Londonda menga kerakli narsalar yoʻq. Koʻramiz, bu yerda nima boʻlarkin.
— Nahotki siz shu yoshda rassomchilikni boshlab biror narsaga erishaman deb oʻylasangiz? Odamlar bu ishga oʻn sakkiz yoshlarida kirishadi.
— Men esa hozir oʻn sakkiz yoshdalik vaqtimdagiga qaraganda tezroq oʻrganaman.
— Oʻzingizda iste’dod borligini qayoqdan bildingiz?

U darhol javob bermadi. Uning nigohi oldimizdan bir-biriga yopishib oʻtib ketayotganlarda boʻlib, lekin ularni koʻrayotgani ham amrimahol edi. Sirasini aytganda, javobi ham berilgan savolning javobi emasdi.
— Men rasm chizishim kerak.
— Lekin bu judayam tavakkal ish-ku!

U menga qarab qoʻydi. Koʻzlarida shunday gʻalati ifoda aks etdiki, oʻzimni qoʻygani joy topolmay qoldim.
— Oʻshingiz nechada? Yigirma uchdami?

Savol andishasizlik bilan berilganday tuyuldi. Ha, mening yoshimda odam sarguzashtlarga oʻch boʻladi. Uning yoshligi esa oʻtib ketgan, jamiyatda ma’lum mavqega ega boʻlgan, xotin, bola-chaqali, birja dalloli edi. Men uchun tabiiy boʻlgan narsa u uchun nojoiz edi. Men xolis boʻlishga intildim.
— Albatta, moʻ’jiza roʻy berib siz ulugʻ rassom boʻlishingiz mumkin. Lekin bu milliondan bir imkoniyat ekanligini tushunishingiz kerak. Lekin pirovard-natijada notoʻgʻri yoʻlga qadam qoʻyganingizni bilib qolsangiz fojia boʻladi.
— Men rasm chizishim kerak, — qaytardi u.
— Agar uchinchi darajali rassom boʻlib qolguday boʻlsangiz shuning uchun hamma narsadan voz kechishga arziydimi? Hamma ishda ham birinchi boʻlaverish har kimga ham nasib etavermaydi. Boshqa kasblarda oʻrtamiyona boʻlsang ham shod-xurram yashashing mumkin. Lekin bu sohada oʻrtamiyona boʻlish mumkin emas.
— Siz qip-qizil ahmoq ekansiz, — dedi u.
— Negaligini bilmaymanu, ayon haqiqatlar doimo ahmoqona boʻladi.
— Sizga men rasm chizishim kerak deb aytyapman. Men boshqacha yoʻl tuta olmayman. Agar odam daryoga tushib ketguday boʻlsa, yaxshi yoki yomon suzishidan qat’i nazar, suv qa’ridan qutulmogʻi shart, aks holda daryoga gʻarq boʻladi.

Uning ovozida haqiqiy ehtiros ohanglari bor edi. Istagimga qarshi oʻlaroq, bu ovoz meni oʻziga rom qildi. Men uning vujudida qandaydir ulkan kuch tugʻyon urayotganini his etdim. Uni irodasidan tashqari, qandaydir shafqatsiz va yengib boʻlmas narsa boshqarayotganga oʻxshardi. Hech narsani tushuna olmay qoldim. Bu odamning ichiga shayton oʻrnashib olganday, bu shayton har bir daqiqada uni parcha-parcha qilib tashlashi, xarob etishi mumkinga oʻxshardi. Striklend koʻrinishidan esa oʻrtamiyona odam edi. Men undan koʻzimni uzmasdim, lekin bu hol uni xijolatga qoʻymasdi. Ichimda esa eski kamzul, anchadan beri tozalanmagan bosh kiyim, halpillab turgan shim kiyib olgan, anchadan beri olinmagan sargʻimtir soqol va katta burunli bu odamni kimga oʻxshatishni bilmasdim. Ogʻzi katta, lablari qalin edi. Yoʻq, men uning aniq ta’rifini baribir bera olmayman, shekilli.
— Siz xotiningizning yoniga baribir qaytmaysizmi? — dedim nihoyat.
— Hech qachon.
— Xotiningiz hamma ishni unutishga va yangidan hayot boshlashga tayyor. U sizga hech qachon va hech qanday ta’na qilmaydi.
— Uni jin ursin.
— Sizni qabih odam ekan deb hisoblasa ham maylimi? Xotiningiz va bolalaringiz ilojsizlikdan gadoychilik qilishga majbur boʻlishsa ham maylimi?
— Hammasiga tupurdim.

Keyin aytadigan soʻzimning salmogʻini oshirish uchun biroz sukut saqladim va imkoniyat darajasida qat’iy ravishda dedim:
— Siz oʻtaketgan surbet ekansiz.
— Xoʻsh, yuragingizni boʻshatib olgan boʻlsangiz, yuring, ovqatlanamiz.

Oʻn uchinchi bob

Bu taklifni iltifotsizlik bilan rad etish toʻgʻriligini tushunaman. Ehtimol, oʻsha daqiqalarda vujudimni qoplab turgan qahr-gʻazabimni unga sochishim, keyinchalik polkovnik Mak-Endryuga bunday odam bilan bir stolga oʻtirishdan voz kechganimni gapirib berib, uning iltifotiga sazovor boʻlishim mumkin edi. Lekin yuragimni ezib turgan oʻz rolimni bajara olmaslikdan qoʻrqish hissi meni erkin boʻlishga qoʻymasdi. Bu safar esa Striklendga aytayotagan barcha olijanob tuygʻularim devorga otilgan noʻxotdek bekor ketganligini anglaganimdan keyin bu gaplarni bas qila qoldim. Faqat shoir yoki avliyo odamlargina asfal't yoʻlda gullar oʻstirish mumkin degan sodda xayollarga borishi mumkin.

Men ichilgan ermanli araqning pulini toʻladim-da, arzon restoranga joʻnadik. U yerda odam juda koʻp ekan. Arzon restoran boʻlishiga qaramay, ovqatlari juda mazali ekan. Ishtaham yigitlarning ishtahasi edi. Restorandan chiqdik-da, qahvaxonaga kirib, likyorli qahva ichdik.

Men Charlzga Parijga kelishimning sabablariga doir barcha gapni aytib boʻlgan edim. Biror samaraga erishmay turib, bu gapni toʻxtatishim, nazarimda, Striklend xonimga nisbatan men tomonimdan xiyonatday tuyulsa-da, shunday loqayd odam bilan kurashni davom ettirishga endi darmonim qolmagandi. Faqat ayol zotigina bir narsaning oʻzini oʻnlarcha marotaba qaysarlik bilan qaytaraverishi mumkin. Endi Striklendning ruhiy holatini yaxshi anglash imkoniyati paydo boʻldi, deya oʻzimga taskin bera boshladim. Bu esa juda qiziq holat edi. Lekin buni amalga oshirish unchalik oson emasdi, zero, Striklend juda kamgap edi. Har bir soʻz uning ogʻzidan juda qiyinchilik bilan chiqar, goʻyo soʻz uning uchun dunyo bilan muloqot vositasi emasga oʻxshardi. Koʻnglidagi gaplarni aytilaverib chaynalib ketgan iboralar, beadab xitoblar, uzuq-yuluq ishoralar orqaligina aniqlab olish mumkin boʻlardi. Lekin u biror arziydigan gap aytmasa ham uni zerikarli odam deb boʻlmasdi. Bu holat ehtimol uning samimiyligidan boʻlsa ajab emas. U, chamasi, birinchi marotaba koʻrayotgan Parij bilan unchalik qiziqmas (xotini bilan qisqa muddatga kelib ketganini hisobga olmasa ham boʻlardi), qarshisida gavdalanayotgan barcha yangi narsalarga ham zarracha hayratlanmay boqardi. Men Parijda juda koʻp marotaba boʻlganman va har safar yangidan hayratlanaveraman. Uning koʻchalaridan yurarkanman, oʻzimni sarguzashtlarga oʻch baxtiyor odam sifatida his etardim. Striklend esa bamaylixotir edi. Xayolan oʻsha kunlarga qaytib shunday xulosaga kelamanki, bu davrda u qalbining tugʻyonli evrilishlaridan boshqa barcha narsalarga nisbatan koʻr va kar ekan.

Anchagina fohishalar yigʻilib qolgan mayxonada bema’ni janjal roʻy berdi. Bu qizlarning ba’zilari erkaklar bilan, ba’zilari esa dugonalari bilan oʻtirishardi. Tez orada qizlardan biri biz tomonga tikilib turganini payqadim. Uning nigohi Striklend bilan toʻqnash kelgach, kulib qoʻydi. Lekin Striklend uning tabassumiga e’tibor ham bermadi. Qiz oʻrnidan turib zaldan chiqib ketdi va shu ondayoq qaytib kirib yonimizdan oʻtib borarkan, gʻoyat nazokat bilan biror ichimlik bilan mehmon qilishimizni iltimos qildi. U bizning stolimizga oʻtirdi. Qizcha men bilan emas, Striklend bilan qiziqayotganini juda yaxshi bilib tursam ham u bilan valaqlashib oʻtirdim. Men unga Striklend fransuz tilida bir necha soʻznigina bilishini tushuntirdim. Qiz u bilan imo-ishoralar va buzuq fransuz tilida gaplashishga harakat qilib koʻrdi. Uning nazarida shunday qilsa, Striklend oʻzini tushunadiganday. Qiz ingliz tilidagi oʻnlarcha iboralarni bilardi. U faqat oʻz tilida ifodalashi mumkin boʻlgan gaplarini sherigimga tarjima qilishni va uning javoblari ma’nosini ham oʻgirishni talab qildi. Striklendning vaqti chogʻ edi, bu holat uning kulgisini qistatsa-da, baribir, ancha loqayd edi.
— Siz, chamasi, gʻolib chiqdingiz, — kuldim men.
— Baribir, oʻzimni mamnun his eta olmayman.

Uning oʻrnida boʻlganimda xijolat chekkan va oʻzimni vazmin tuta olmagan boʻlardim. Qiz kulib turar, ogʻzi ham gʻoyat bejirim, oʻzi juda yosh edi. Men hayron boʻlayotgandim: Striklend nimasi bilan qizni oʻziga rom eta oldi ekan? U oʻz istagini yashirib oʻtirmayotgandi, uning xohishini tarjima qilishimga toʻgʻri keldi.
— Siz u bilan birga yurishingizni istayapti.
— Men u bilan ogʻiz-burun oʻpishmayman,— toʻngʻilladi u.

Men uning javobini iloji boricha yumshatib tarjima qilishga harakat qildim. Uning rad javobi, nazarimda, gʻoyat iltifotsizlik tuyulgani uchun puli boʻlmaganligi tufayli shunday deyapti deb tushuntirdim.
— Lekin u menga yoqib qoldi, — e’tiroz bildirdi u. – Unga tushuntiring, pul bermasa ham ketaveraman.

Bu gapini tarjima qilganimda Striklend yelkasini betoqatlik bilan qisib qoʻydi-da:
— Unga ayting, bu yerdan tuyogʻini shiqillatib qolsin, — dedi.

Striklendning koʻrinishi soʻzlaridan ham koʻra ifodaliroq edi. Qiz birdan boshini magʻrur koʻtardi, qizarib ketdi.
— Janob izzat-hurmatni bilmaydigan odam ekan, — qiz oʻrnidan turayotib shunday dedi-da, zaldan chiqib ketdi.

Mening jahlim chiqdi.
— Uni haqorat qilishning nima zarurati borligiga tushunmayman. Axir u koʻp odamlar orasidan sizni tanlagan edi-ya...
— Bu satanglarni koʻrsam qonim qaynab ketadi, — uning gapini boʻldi Striklend.

Men qiziqsinib uning yuziga tikildim. Uning yuzida nafrat ifodasi zuhr etgandi. Bu qoʻpol va ta’sirchan odamning yuzi edi. Ehtimol, uning ana shu ta’sirchanligi qizni oʻziga rom etgandir.
— Londonda istasam xohlagan ayol bilan yaqin boʻlishim mumkin edi. Men shu narsani deb bu yerga kelmaganman.

Oʻn toʻrtinchi bob

Angliyaga qaytib ketayotganimda Striklend toʻgʻrisida koʻp oʻyladim, xotiniga aytadigan soʻzlarimni tartibga solishga intildim. Mening soʻzlarim uni qanoatlantira olmasligini bilardim. Oʻzim ham qilgan ishlarimdan koʻnglim toʻlmagandi. Striklend meni garang qilib qoʻygandi. Men uning harakatlarini tushuna olmayotgandim. Rassom boʻlish toʻgʻrisidagi fikr birinchi marotaba sizda qachon paydo boʻldi, degan savolimga javob bermadi yoxud javob berishni shunchaki istamadi. Oʻzim esa buning tagiga yetolmasdim. Toʻgʻri, men uning ogʻirkarvon aqlida nafrat tuygʻulari asta-sekin kurtak ota boshlaganligi haqidagi fikrga oʻzimni ishontirishga urindim. Lekin u oʻz oilasidagi hayotning bir xilligi va zerikarliligidan hech qachon shikoyat qilmagandi. Hamma narsa Striklendning joniga tegib, rassom boʻlish uchungina oilaviy iplarni uzib tashlashi harholda gʻalati edi. Tabiatan romantik boʻlganligim tufayli, oʻzimcha buning izohini topdim. Qalbining qa’r-qa’rlariga ijod instinkti joylashib olgan deb oʻyladim. Turmush tashvishlari bilan oʻralashib qolishiga qaramay, oxiri halokatga olib boradigan oʻsimta singari uning butun vujudini egallay boshlagan va pirovardida uni junbushga keltirgan, shekilli. Kakkuqush oʻz tuxumini boshqa qushlarning uyasiga qoʻyib, ochirib oladi. Keyin bu kakkucha oʻz yemakdoshlari boʻlgan qushchalarning shoʻrini quritadi. Bu ham yetmagandek, oʻziga boshpana boʻlgan inni pirovard-natijada buzib ketadi.

Lekin qizigʻi shundaki, ijod instinkti Striklendday dallol odamning qalbiga oʻrnashib qolganligi edi. Bu yaqinlari va oʻzining shoʻrishiga boʻlgandir balki. Vahiy har xil shakl va koʻrinishda keladi, odamlarning unga munosabati ham turlicha boʻladi. Ba’zilarga xuddi toshni uloqtirib tashlagan kuchli oqimdek tasir-tusir bilan, boshqalarga esa ohistalik bilan keladi. Striklendda mutaassib odamning toʻgʻriligi-yu, Iso shogirdlaridan birining shafqatsizligi mujassam edi.

Lekin men undagi jilovlab boʻlmas ishtiyoqqa yarasha asarlar yarata olish yo olmasligini aniqlashim lozim edi. Men undan Londondagi rassomchilik kechki maktabidagi hamkasabalari uning asarlari toʻgʻrisida qanday fikrda ekanliklarini soʻraganimda kulib qoʻydi.
— Ular meni maynavozchilik qilib yuribdi, deyishdi.
— Siz bu yerda ham biror maktabga qatnaysizmi?
— Ha. Bu mijgʻov – men ustozimizni koʻzda tutayapman – rasmimga koʻzi tushishi bilan qoshini chimirib nari ketdi.

Striklend jahl bilan pishqirdi. Unda zarracha sarosima sezilmasdi. Boshqalarning fikri uni qiziqtirmasdi.

Xuddi shu tufayli ham har safar Striklend bilan muomala qilganimda boshi berk koʻchaga kirib qolardim. Aksariyat odamlar boshqalarning men toʻgʻrimdagi fikrlariga e’tibor bermayman deyishganda, koʻpincha oʻzlarini aldashadi. Odatda, ular oʻzlari xohlaganday ish yuritishadi va bu tufayli ularni hech kim tentaklikka yoʻymasliklariga umid qilishadi. Ba’zida esa koʻpchilikning fikriga qarshi ish tutishadi, zero bu holatda oʻz yaqinlarining istagiga muvofiq ish yuritgan boʻlishadi. Agar ma’lum rasm-rusumlar doʻstlaringiz tomonidan qabul qilingan boʻlsa, ularni pisand qilmaslik unchalik toʻgʻri emas. Bu holatda odam oʻz shaxsiyatiga haddan tashqari e’tibor bergan boʻladi. Oʻz jasoratiga mahliyo boʻlib xavf-xatar tuygʻusini unutib qoʻyadi. Lekin mashhurlikka intilish ishtiyoqi madaniy odamlarning hech qachon soʻnmaydigan eng joʻshqin ishtiyoqidir. Atrofdagilarning fikri men uchun sariq chaqa deb ishontirmoqchi boʻlganlarga ishonmayman. Bu quruq maqtanchoqlik, xolos. Mohiyat-e’tibori bilan bunday odamlar shunchaki mayda-chuyda ta’nalarga unchalik e’tibor berishmasligi mumkin. Chunki ular bunday gap-soʻzlarga koʻpchilik uncha ishonavermasligini yaxshi bilishadi. Lekin mening qarshimda haqiqatan ham odamlarning gapidan zarracha hayiqmaydigan kishi turardi. U butun badaniga yogʻ surtilgan, hech kim quchogʻiga ololmaydigan kurashchiga oʻxshardi. Bu holat esa uni shakkoklik va erkinlik chegarasida ushlab turardi. Unga shunday deganim esimda:
— Agar hamma ham xuddi sizga oʻxshagan boʻlsa, dunyo dunyo boʻlmasdi.
— Bema’ni gap. Har kim ham xuddi mendek harakat qila olmaydi. Koʻpchilik risoladagi odamlarday harakat qilishni yoqtiradi.

Men uni chaqib olmoqchi boʻldim:
— Chamasi, “Shunday harakat qilingki, toki sizning har bir harakatingiz umumqoida darajasiga koʻtarila olsin” degan hikmatni eshitmagansiz shekilli?
— Birinchi marotaba eshitib turibman. Safsatadan boshqa narsa emas bu.
— Axborotingiz uchun bu gapni Kant aytgan.

Bunday odamni vijdonli boʻlishga da’vat etish mumkinmikin oʻzi? Bu qoʻlida koʻzgusi boʻlmagan odamning oʻz aksini koʻrishga intilishiday foydasiz bir gap. Mening nazdimda jamiyat oʻz xavfsizligini muhofaza qilish uchun ishlab chiqqan qoidalar odamlardagi vijdon tufayligina amalga oshadi. Shu boisdan, vijdonni qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat qiladigan posbon, mirshab desa boʻladi. Boshqacha aytganda, bizning “men”ligimizni belgilab turadigan asosiy a’zoyimizdagi josus bu. Inson shuhratga oʻch boʻladi, ba’zida shuhrat uchun yovuz dushmanga eshikni ochib berishga ham tayyor turadi. Dushman esa bunday odamni yaltoqilik bilan oʻz tarafiga ogʻdiradi, toʻdadan ajrab inson boʻlib shakllanishiga yoʻl qoʻymaslikka intiladi. Chinakam inson jamiyat farovonligi shaxsiy farovonlikdan yuqori turishini anglay boshlaydi. Insonni insoniyat, jamiyat bilan bogʻlab turgan rishtalar juda mustahkam rishtalardir. Bir kuni u dunyoda shaxsiy manfaatlardan ham yuqori turuvchi manfaatlar borligi toʻgʻrisidagi fikrga keladi, keyinchalik shu e’tiqodining quliga aylanadi, unga sajda qila boshlaydi, buni tan olmagan odamlarni qoralashga tushadi. Zero, u endi shu jamiyatning a’zosi boʻlgach, bundaylarga qarshi chorasiz ekanligini anglaydi. Oʻz harakatlari toʻgʻrisida odamlarning fikr-mulohazalariga Striklend tamomila befarqligiga ishonch hosil qilganimdan soʻng insoniylik qiyofasini yoʻqotgan bu gazandadan ixlosim butunlay qaytdi, undan yuz oʻgirdim.

Xayrlashayotganimizda menga shunday dedi:
— Emmiga aytingki, u bu tomonlarga kelib yurmasin. Men joyimni oʻzgartiraman, baribir qidirib topolmaydi.
— Mening nazarimda u sizdan qutulgani uchun Ollohga hamdu sanolar oʻqishi kerak, — dedim men.
— Azizim, buni tushunishga uni majbur eta olasiz, deb umid qilaman. Lekin, baribir, ayol zoti kaltafahm boʻlishini aytib qoʻyay.

Oʻn beshinchi bob

Londonga qaytib kelganimda kechqurun Striklend xonimnikiga borishim iltijo qilingan xat kutib turardi. Unikida polkovnik Mak-Endryu xotini, Striklend xonimning opasi bilan oʻtirardi. Garchi Mak-Endryu xonim sal soʻnib qolgan, barcha yuqori unvonli ofitserlarning xotinlaridek oʻzini oqsuyaklar toifasiga xos hisoblab magʻrur va jangovar tutuvchi, choʻntagiga butun Britaniya imperiyasini yashirib olganday jiddiy qiyofada koʻrinsa-da, singlisiga juda oʻxshardi. Bu xonimning butun harakatlari keskin va shiddatli edi, faqat yaxshi tarbiya koʻrganligi har qanday harbiy odam boshqalarga buyruq bera oladi degan qat’iy ishonchni ovoz chiqarib aytib yuborishiga izn bermasdi, xolos. Koʻylagi qimmatbaho matodan boʻlishiga qaramay, didsiz tikilgandi.

Striklend xonim juda asabiylashayotgani koʻrinib turardi.
— Shunday qilib bizga qanday xabarlar keltirdingiz? — soʻradi u.
— Men eringizni qidirib topdim. Afsuski, u uyga qaytmaslikka qat’iy qaror qilibdi. – Men biroz jim turdim. – U rassomchilik bilan shugʻullanmoqchi ekan.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — hayronlikdan oʻzini yoʻqotar darajada qichqirdi Striklend xonim.
— Nahotki, siz uning bu ishtiyoqini hech qachon fahmlamagansiz?
— U butunlay aqldan ozibdi! — xitob qildi polkovnik.

Striklend xonim qoshini chimirdi. U oʻz xotiralariga berildi.
— Hali oila qurmasidan oldingi paytlarda ham u ba’zida boʻyoq surtishni ermak qilardi. Ey, nimaligini aytsam buni moy chaplash desa ham boʻlardi. Biz uni mazax qilardik. U singari odamlar axir san’at uchun tugʻilmagan.
— Bu shunchaki bahona, xolos! — Gapga aralashdi Mak-Endryu xonim.

Striklend xonim bir qancha fursat oʻz xayollariga gʻarq boʻlib oʻtirdi. U mening gaplarimni qanday tushunishni bilmayotgandi. Mehmonxonada tartib oʻrnatilib, avvalgi holiga qaytibdi. Sarishta sohibalik Striklend xonimning gʻam-alamidan ustun kelibdi. Mehmonxona avvalgidek huvillab qolmagandi. Lekin men Parijda Striklendni yaxshi bilib olganimdan keyin uni bunday sharoitda yashashini tasavvur eta olmadim. “Nahotki, ular biror marotaba boʻlsin Striklend bunday narsalar bilan butunlay chiqisha olmasligini sezishmagan boʻlsa”, — degan fikr xayolimga keldi.
— Agar u rassom boʻlishni xohlagan boʻlsa, nega indamadi? — soʻradi nihoyat Striklend xonim. – Boshqalarni bilmadim-u, lekin men uning bunday xohishini darhol inobatga olardim-ku.

Mak-Endryu xonim lablarini tishladi. U doimo san’at ahliga ixlos qoʻymagani uchun singlisiga dashnom berar, uning “madaniy” doʻstlarini mazax qilardi.

Striklend xonim soʻzida davom etdi:
— Unda talantning biror zarrasi koʻringanida birinchi boʻlib qoʻllab-quvvatlamasmidim, barcha sharoitni muhayyo qilmasmidim, axir. Oʻz-oʻzidan ayonki, birja dalloli emas, rassomning rafiqasi boʻlishni afzal bilardim-ku. Bolalar boʻlmaganda hech narsadan qoʻrqmasdim, bu uyda emas, Chelsidagi biror arzonroq kulbada umrguzaronlik qilaverardim.
— Singilginam, mening sabr kosamni toʻldiryapsan-da! — xitob qildi Mak-Endryu xonim. — Oʻylab topilgan bunday safsataga ishonaman demoqchimisan?
— Lekin men buning ayni haqiqatligiga ishonaman, — dedim sekingina.

U men tomonga qandaydir nafratomuz qarab qoʻydi.
— Qirq yoshga kirgan erkak agar oʻrtaga ayol zoti aralashmasa, oʻz ishi, xotini va bolalarini tashlab ketmaydi. “Artistona” doirangizdagi biror nozanin uning boshini aylantirganini men bilaman-ku, axir.

Striklend xonimning oqish yuzlari birdaniga qizarib ketdi.
— Oʻsha satang qanaqa ekan oʻzi?

Men javob berishga shoshilmadim. Javobim bomba portlashiday ta’sir etishini his etdim.
— Uning yonida ayol zoti yoʻq.

Polkovnik Mak-Endryu va uning xotini bu gapga ishonmasliklarini bildirishdi, Striklend xonim esa oʻrnidan turib ketdi.
— Siz biror marotaba ham ayol zotini koʻrmaganingizni aytmoqchisiz, shekilli.
— Koʻradigan ayolning oʻzi yoʻq. U yerda yolgʻiz yashayapti.
— Behuda gap! — qichqirib yubordi Mak-Endryu xonim.
— Oʻzim borsam boʻlar ekan, — poʻngʻilladi polkovnik. — Har qanday qilib boʻlsa-da, u ayol haqida bilib kelardim.
— Parijga borib kelish mashaqqatini oʻz boʻyningizga olmaganingizga afsuslanaman, — javob berdim unga achitib, — oʻshanda hamma taxminlaringiz bema’ni bir gap ekaniga ishonch hosil qilib kelardingiz. U serhasham mehmonxonadagi keng xonani egallab turgani ham yoʻq, katalakday va xaroba xonada yashayapti. Yengil hayot ketidan quvib uydan chiqib ketgani ham yoʻq. Oʻnida sariq chaqasi ham yoʻq.
— Siz, u biz bilmaydigan biror ayb ish qilib qoʻygan-u, mirshablardan yashirinib yuribdi, deb oʻylaysizmi?

Bunday taxmin ularning yuragida umid uchqunlarini yoqdi, lekin men bunga qat’iy qarshi chiqdim.
— Agar shunday boʻlganda sherigiga manzilini ma’lum qilib oʻtirarmidi? — piching aralash e’tiroz bildirdim. — Nima boʻlganda ham bir narsaga aniq ishonaman: uning yonida hech qanday ayol yoʻq. U hech qanday ayolni sevib qolgan emas, buni xayoliga ham keltirayotgani yoʻq.

Oʻrtaga sukunat choʻkdi. Ular gaplarimning magʻzini chaqishayotgandi.
— Unday boʻlsa, — nihoyat sukunatni boʻldi Mak-Endryu xonim, — agar sizning aytayotganlaringiz rost chiqsa, ahvol men oʻylaganchalik xatarli emas.

Striklend xonim opasiga qarab qoʻydi-yu, indamadi. Uning rangi zahil edi, ingichka qoshlari chimirildi. Yuz ifodasi qanday ma’no anglatayotganini tushuna olmasdim. Mak-Endryu xonim gapini davom ettirdi:
— Demak, bu shunchaki injiqlik xolos, tezda oʻtib ketadi.
— Siz uning oldiga borishingiz kerak, Emmi, — dedi polkovnik. – Nega endi biror yil Parijda turmasligingiz kerak. Bolalarga biz qarab turamiz. Bir xildagi hayot uning joniga tekkan, tezda esi joyiga keladi va mamnuniyat bilan Londonga qaytadi. Shundan keyin hammasi unut boʻlib ketadi.
— Men esa bormagan boʻlardim, — gapga aralashdi Mak-Endryu xonim. – Yaxshisi, unga toʻla erkinlik berilgani ma’qul. Shunda u biror kun dumini qisib qaytib keladi va avvalgicha hayot kechirishda davom etadi. – Mak Endryu singlisiga sovuqqina qarab qoʻydi. – Ehtimol, doimo ham u bilan oʻzingni toʻgʻri tuta olmagansan, Emmi. Erkaklar nayrangboz boʻlishadi, ular bilan muomala qilishni bilmoq kerak.

Mak-Endryu xonim ham koʻpchilik ayollar singari sadoqatli va sevgan xotinini tashlab ketadigan erkaklarni ahmoq deb hisoblovchi, lekin bu ish uchun xotin kishi aybdor deguvchi ayollar toifasiga kirardi. Yurak oʻzicha ish tutadi, uni tushunish esa qiyin.

Striklend xonim oʻtirganlarga ohista koʻz tashlab chiqdi.
— U qaytib kelmaydi, — dedi u qat’iy ravishda.
— Eh, jonginam, u toʻgʻrisida senga aytib berishgan gaplarni eslab koʻr. U saranjom-sarishtalik va qulay sharoitga oʻrganib qolgan, izzat-hurmat koʻrsatishlarini xush koʻrgan. Nahotki sen uni ovloqdagi mehmonxonaning gʻaribgina xonasida uzoq yashay oladi, deb oʻylasang. Ustiga-ustak, puli ham yoʻq ekan. U qaytib kelishi kerak.
— Hozirgacha biror ayol bilan qochib ketgan hisoblardim va shu bois menda qandaydir umid bor edi. Bunday holat uzoq davom etmasligiga ishonardim. Oʻsha ayol uch oyda joniga tekkan boʻlardi. Agar u ayol tufayli qochib ketmagan boʻlsa hammasi barbod boʻlibdi.
— Bularning hammasi juda gʻaroyib-ku, — dedi polkovnik bu gaplarga burnini jiyirib.
— U albatta qaytib keladi, Dorotining bu toʻgʻridagi taxmini tamomila toʻgʻri.
— Lekin men uning qaytishini istamayman, — dedi Striklend xonim.
— Emmi!
— Agar u biror ayolni toʻsatdan yaxshi koʻrib qolib qochib ketganda kechirgan, bu tabiiy holat deb bilib, uni ayblamagan boʻlardim. Uni qochib ketishga majbur qilishgan deb hisoblardim. Erkaklar sodda va boʻsh-bayov, ayollar esa shilqim boʻlishadi. Lekin bu butunlay boshqa holat. Men uni koʻrgani koʻzim yoʻq. Endi hech qachon uni kechirmayman.

Polkovnik Mak-Endryu va uning qayligʻi bir-biriga gal bermay xonimga dalda bermoqchi boʻlishdi. Ular xonimning gaplaridan lol boʻlib qolishdi. Aqldan ozibsan, deb oʻzini ishontirmoqchi boʻlishar, uni tushunishni butunlay istashmasdi. Striklend xonim nihoyat menga murojaat qildi.
— Loaqal siz meni tushunarsiz?
— Unchalik emas. Gapingizni toʻgʻri tushungan boʻlsam, agar u sizni boshqa ayol tufayli tashlab ketgan boʻlsa kechirasiz-u, qandaydir fikrni oʻylab ketgan boʻlsa, kechirmaysiz, shundaymi? Chamasi, siz birinchi holatda oʻz taqdiringiz uchun kurashish imkoniyati boʻladi, ikkinchi holatda esa butunlay ilojsizman deb oʻylayapsiz.

Striklend xonim menga oʻqrayib qarab qoʻydi, lekin hech narsa demadi. Ehtimol, men moʻljalga aniq tekkandim. Keyin xirillagan va hayajonli ovoz bilan gapini davom ettirdi:
— Odamni bunchalik yomon koʻrib qolish mumkinligi hech qachon xayolimga kelmagan. Qancha vaqt davom etsa ham, baribir, bir kuni qaytib keladi, deb oʻzimni ovutardim. Hech boʻlmasa oʻlim qoʻngʻirogʻi bong urayotganda meni chaqirtirar deb oʻylagandim va bunga tayyor edim. Men unga xuddi onasiday mehribonlik koʻrsatgan va pirovard-natijada, uni sevganimni va hammasini kechirganimni aytardim.

Men koʻpincha ayollarda sevgan odamlarining oʻlimi oldida oʻzlarini gʻalati tutishlarini koʻrib ajablanardim. Ba’zida esa hatto yaqin odamlarining uzoq yashashlaridan afsuslanishayotganday, bu holat ularning erkinliklariga monelik qilayotganligidan ranjishayotganday tuyulardi.
— Lekin endi barchasi tamom. U men uchun tamomila begona odam. Ochlikda, tanholikda, gʻariblikda oʻlib ketaversin – buning menga hech qanday aloqasi yoʻq. Biror dahshatli kasallik yoqasidan olishiga umid qilaman. U endi men uchun yoʻq.

Shu joyga kelganda Striklendning soʻzlarini bildirib qoʻyishni oʻrinli deb bildim.
— Agar siz u bilan ajralishni istasangiz, bu ishga zarur boʻlgan hamma narsaga tayyor.
— Nega men unga erkinlik uchun imkon yaratib berarkanman?
— Menimcha, u bunday erkinlikka intilayotgani yoʻq. Shunchaki, sizga qulay boʻlarmikin deb shunday degandi-da.

Striklend xonim asabiy holatda yelkasini qisdi. Men xafa boʻldim. Oʻsha vaqtlarda odamlar haqidagi fikrlarim boshqacharoq edi, chiroylikkina bu ayolning bunday munofiqona qarashlari xafa qilgandi. Inson qiyofalari bu qadar turli-tumanliligini tushunmasdim. Endilikda esa ichi torlik va keng fe’llik, qahr-gʻazab va mehr-shafqat, nafrat va muhabbat ham odamlar yuragidan oʻrin olabilishini tushundim.

“Striklend xonimga azob berayotgan, tahqirlangan tuygʻularini yengillash¬tiradigan biror soʻz topa olarmikinman?” deb oʻylardim. Bunga urinib koʻrmoqchi boʻldim.
— Mening nazarimda gohida eringiz oʻz harakatlariga javob bermaydigan odamday tuyuladi. Fikrimcha, u ilgarigi odam emas. Xayoliga kelib qolgan ishtiyoq uning butun vujudini egallab olgan. Azbaroyi oldi-ketiga qaramay, oʻz xayollariga oʻralashib ketganidan uning holati xuddi oʻrgimchak toʻriga ilinib qolgan pashshaga oʻxshaydi. Bamisoli sehrlanganday. Bunday vaqtda odamdagi ikkinchi “men” birinchini siqib chiqarishi toʻgʻrisidagi jumboqli hikoyalar esga tushadi. Qalbi xuddi oʻziniki emasday, tanasi esa xuddi sirli oʻzgarishlarga qodirday. Eski vaqtlar boʻlganida Charlz Striklendning ichiga shayton kirib olgan deyishardi.

Mak-Endryu xonim kafti bilan tizzalarini berkitib turgan koʻylagining etaklarini siladi, oltin bilaguzugi qoʻli bilan pastga qarab yurdi.
— Bularning barchasi quruq safsata, xolos, — dedi u aftini bujmaytirib. – Toʻgʻri, men Emmi eriga haddan tashqari ishonib yuborganini inkor etmayman. Agar u oʻz ishlari bilan andarmon boʻlib qolmaganda, nimalar roʻy berayotganini fahmlagan boʻlardi. Masalan, Alek yillar mobaynida biror fikrini mendan yashirib yurolmaydi-ku.

Polkovnik oʻzini olamdagi eng yaxshi odamday koʻrsatib, qayoqlargadir tikilib qoldi.
— Lekin, Charlz Striklend, baribir, berahm hayvon ekan. – Mak-Endryu xonim menga yeb qoʻyguday tikildi. –Men xotinini nima uchun tashlab ketganini aniq bilaman: u xudbinligi, ha, xuddi shunday xudbinligi tufayli tashlab ketgan.
— Bu judayam joʻn izoh, — javob berdim men va ichimda bu izoh hech narsani tushuntirib bera olmaydi, deb qoʻydim. Keyin charchaganligimni bahona qilib, ketishga otlandim, Striklend xonim meni yoʻldan qaytarishga harakat ham qilib koʻrmadi.

Oʻn oltinchi bob

Keyingi voqealar Striklend xonim sabotli ayol ekanligini koʻrsatdi. U baxtsizliklar toʻgʻrisidagi oxiri koʻrinmas hikoyalar odamlarning joniga tegib ketganini fahmlab, oʻz iztiroblarini yashirin tutardi. U qayerda paydo boʻlmasin – doʻstlari galma-galdan tez-tez mehmonga chaqirib turishardi — oʻz qadr-qiymatini muqarrar ravishda baland tutardi. Ancha bashang, lekin sodda kiyinar, oʻzini quvnoq va kamtar tutardi. Oʻz gʻam-tashvishlarini aytishdan koʻra, oʻzgalarning alamli hikoyalarini eshitishni afzal koʻrardi. Eri toʻgʻrisida doimo mehr-shafqat bilan gapirardi. Dastlabki paytlardagi eriga munosabati meni hayron qoldirdi. Bir kuni u menga shunday dedi:
— Siz, shubhasiz, yanglishyapsiz, aniq manbalarga qaraganda Charlz Angliyadan bir oʻzi ketmagan.
— Agar shunday boʻlsa, izni yoʻqotish boʻyicha daho ekan.

U koʻzini mendan olib qochdi va qizarib ketdi.
— Harholda, men sizdan iltimos qilaman, agar biror odam qandaydir satang bilan birga qochib ketgan, deguday boʻlsa, uni rad etmang.
— Yaxshi, rad etmayman.

U gapni boshqa tomonga burdi. Tez kunda Striklend xonimning doʻstlari davrasida bu voqeaning oʻziga xos bayoni paydo boʻlganini eshitdim. Striklend goʻyoki “Empayr” teatrida birinchi marotaba koʻrib qolgan fransuz raqqosasiga oshiqu beqaror boʻlib, uning ketidan Parijga joʻnagan emish. Bunday ovoza qayerdan paydo boʻlganini surishtirib oʻtirmadim, lekin bu gap Striklend xonimga odamlarning rahmini keltirar, uning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlardi. Bu esa uning oʻrganmoqchi boʻlgan kasbiga yordam berishi mumkin edi. Polkovnik Mak-Endryu xonim sariq chaqasiz qoldi, deganda mubolagʻa qilmayotgandi. U yashashi uchun biror mablagʻ manbai topmogʻi, buni qanchalik tez boshlasa shuncha yaxshi edi. U yozuvchilar jamoatchiligidan koʻpchiligini tanishi va bu narsa unga ish berishini oʻylab, stenografiya va mashinkada yozishni oʻrganishga kirishdi. Uning oʻqimishliligi va ma’lumoti ajoyib mashinkachi boʻlishiga zamin yaratardi. Oilaviy fojeasi esa mustaqil yoʻl tutishiga majbur etardi. Doʻstlari uni ish bilan ta’minlab turishga, oʻz tanish-bilishlariga uni tavsiya etishni va’da qilishdi.

Bolalari yoʻq va ma’murchilikda yashaydigan Mak-Endryular xonimning bolalariga homiylik qilishni oʻz zimmalariga olishdi. Shunday ekan, Striklend xonim faqat oʻzini boqsa kifoya edi. U oʻz uyidan chiqib ketib, mebellarni sotdi. Vestminsterda kichikroq ikki xonali uyda Striklend xonim yangi hayot boshladi. U oʻta tirishqoq boʻlganligi tufayli, ishida muvaffaqiyat qozonishiga shubha qilmasa boʻlardi.

Oʻn yettinchi bob

Yuqoridagi voqealar sodir boʻlganidan keyin besh yil oʻtgach, men biroz muddat Parijda yashashga qaror qildim. Har kuni bir ishni qaytaraverish gʻoyat jonga tegadigan va zerikarli mashgʻulot. Doʻstlarim oʻz hayot yoʻllaridan asta-sekin olgʻa borishardi. Ular endi meni biror narsa bilan hayratlantira olishmasdi. Oʻzaro uchrashib qolganlarimizda nima deyishlarini avvaldan bilib turardim, hatto ularning ishqiy sarguzashtlari ham unchalik qiziq tuyulmasdi. Biz bir tomondagi soʻnggi bekatdan ikkinchi tomondagi oxirgi bekatga boʻzchining mokisidek borib kelaveradigan tramvay vagonlariga oʻxshardik. Bu vagonlar qancha yoʻlovchini tashishini ham aniq hisoblash mumkin edi. Hayot nihoyatda zerikarli oʻtardi. Meni vahima bosdi. Uydan voz kechdim, arzimas uy-roʻzgʻor anjomlarini sotib yubordim-da, hammasini yangidan boshlashga qaror qildim.

Joʻnab ketishdan oldin Striklend xonimnikiga kirdim. Men uni anchadan beri koʻrmagandim, shu tufayli xonimdagi oʻzgarishlar aniq koʻzga tashlanardi. U qarib va ozib, yuzidagi ajinlar koʻpayibgina qolmay, fe’li ham oʻzgarganday tuyuldi. U oʻz ishlarini ancha yoʻlga qoʻyib yuborgandi, Chanserileynda idorasi bor edi. Striklend xonimning oʻzi endi deyarli mashinkalash bilan shugʻullanmas, faqat qoʻl ostida ishlaydigan toʻrtta qizning ishlarini tekshirardi. Oʻz mahsulotlarining xaridorgir boʻlishi va chiroyli chiqishi uchun koʻk va qizil ranglardan foydalanar, tayyor ishlarni tovlanadigan qattiq va yoqimtoy rangli qogʻozlarga oʻrab berardi. Darhaqiqat, uning ishlari goʻzalligi va nozikligi bilan nom qozongandi. U yaxshigina daromad qilardi. Lekin faqat yashash uchun ishlash unchalik yoqimli mashgʻulot emas, degan tasavvurda edi, shu bois suhbatdoshlariga oʻzining oqsuyak ayollardan ekanligini eslatib qoʻyardi. Striklend xonim gap orasida mashhur tanishlarining nomlarini qalashtirib tashlar, oʻzi ijtimoiy zinapoyaning shu pogʻonasida qolayotganidan afsuslanganday boʻlardi. Bunday jur’atidan oʻzi ham xijolat chekkanday boʻldi, lekin ertaga Janubiy Klinsingtonda yashovchi taniqli advokat davrasida ziyofatda boʻlishidan hayajondaligini bildirdi. Oʻgʻli Kembrijda oʻqishini mamnuniyat bilan hikoya qilardi. Shuningdek, u biroz kinoyaomuz shaklda boʻlsa-da, qizi toʻxtovsiz ravishda raqsga taklif etilayotganligini ham qoʻshib qoʻyishni unutmasdi. Men nooʻrin savol berib qoʻydim:
— Qizingiz ham ishlaringizga qarashadimi?
— Zinhor! Men bunga yoʻl qoʻymayman, — javob beradi Striklend xonim. – U juda yoqimtoy va men ishonamanki, oʻziga yaxshigina qayliq topa oladi.
— Bu sizga katta madad boʻlardi.
— Koʻpchilik u katta sahnaga chiqishi kerak, deb hisoblaydi. Lekin men bunga rozi boʻlmayman. Men eng yaxshi dramaturglarimizning barchasi bilan tanishman, unga ertagayoq yaxshigina rol' topib berishim mumkin, lekin men bunday doiraga kirib qolishini istamayman.

Bunday kalondimogʻlik meni hayron qoldirdi.
— Eringiz toʻgʻrisida biror xabar eshitdingizmi?
— Yoʻq, hech narsa eshitmadim. Chamasi, u oʻlib ketgan.
— Agar uni Parijda uchratib qolsam sizga xabar beraymi?

U bir daqiqacha oʻylab qoldi.
— Agar u judayam qiynalib qolgan boʻlsa, biroz yordam berishim mumkin. U holda sizga ozroq pul joʻnataman, zarur paytlarida ozgina-ozginadan berib turasiz.
— Siz juda olijanobsiz, — dedim men.

Lekin men u bu ishni olijanobligi uchun qilmayotganini bilardim. Iztirob odamni olijanob qiladi, degan gapga kafillik berib boʻlmaydi. Baxt gohida odamda shunday tuygʻular uygʻotishi mumkin. Lekin iztirob aksariyat hollarda odamni maydakash va qasoskorga aylantiradi.

Oʻn sakkizinchi bob

Parijga kelganimdan keyin ikki hafta oʻtar-oʻtmas Striklendni uchratib qoldim.

Men Dam koʻchasidagi uylardan birining beshinchi qavatidan kichkinagina xonani tezda topib oldim. Ikki yuz frankka eski mebellar xarid qildim. Qavat nazoratchisi ertalablari menga qahva qaynatib berishi va xonamni tartibga solishi lozim edi. Oʻrnashib olganim zahoti eski tanishim Dirk Struvenikiga joʻnadim.

Dirk Struve oʻz fe’l-atvorlariga qarab ba’zilar bepisandlik bilan istehzoli kuladigan, ba’zilar hayronlikda yelka qisib qoʻyadigan odamlar toifasiga kirardi. Tabiat uni qiziqchi qilib yaratgandi. U rassom, rassom boʻlganda ham yomon rassom edi. Biz Rimda tanishgandik, rasmlarini yaxshi eslardim. U siyqasi chiqqan mavzularda rasm chizishga oʻch edi. San’atga mislsiz muhabbat qoʻygan bu odam nuqul rimliklarni aks ettirardi. Uning rasmlarida Ispaniya maydonining zinapoyalarida dam olayotganlar, oʻtkir uchli shlyapa kiyib olgan koʻzlari katta-katta moʻylabli dehqonlar, turfa rangli kiyim-kechak kiyib olgan bolalar, keng yubkali ayollar tasvirlanardi. Rasmdagilar yo cherkov eshigining oldida dam olishayotgan, yo tiniq osmon ostida sarv daraxtlari orasida sayr qilayotgan, yo Uygʻonish davridan qolgan favvora oldida muhabbat sarguzashtlarini bir-birlariga hikoya qilib maroqlanishayotgan, yo boʻlmasa, buqalar qoʻshilgan aravalar atrofida uymalashib yurgan holatda koʻrsatilardi. Ularning barchasi obdon hafsala bilan chizilgan va boʻyalgandi. Ehtimol, fotografiya ham tasvirga olinayotganlarni bunchalik aniq koʻrsata olmasdi. Rassomlardan biri Medichining dala hovlisida Dirkka “Shokolad” qutichalari chizish boʻyicha mutaxassis deb baho bergandi. Uning rasmlarini koʻzdan kechirib, Mone, Mane va boshqa impressionistlar butunlay boʻlmagan deb oʻylash mumkin edi.
— Albatta, men ulugʻ rassom emasman, — derdi u. – Shubhasizki, Mikelanjelo emasman, lekin menda nimadir bor. Mening rasmlarim sotilyapti. Bu rasmlar turli toifadagi odamlarning uylariga fayz bagʻishlamoqda. Sen bilasanki, mening ishlarimni faqat Gollandiyada emas, Norvegiya, Shvesiya va Daniyada ham sotib olishyapti. Savdogarlar va badavlat ishbilarmonlar rasmlarimni juda yoqtirishadi. Bu yerlarda qishning nihoyatda sovuq, uzoq boʻlishini tasavvur ham qila olmaysan. Oʻsha joylarning aholisi Italiya mening rasmlarimda tasvirlangandek deb oʻylashni xohlashadi. Italiyani xuddi men tasvirlaganday tasavvur etishadi. Bu tomonlarga kelmasimdan oldinlari ham men uni xuddi shunday tasavvur etardim.

Darhaqiqat, bu tasavvur uning qon-qoniga singib ketgan va oʻziga rom etib qoʻygan, shu bois haqiqatni koʻra olmasdi, uning nazdida Italiya romantik qaroqchilar va ajoyib xarobalar vatani boʻlib koʻrinardi. U gʻarib, pastkash va siyqasi chiqqan idealni chizishda davom etardi. Bu hol asarlariga oʻziga xos joziba kasb etardi. Shaxsan men uchun Dirk Struve faqatgina masxaravozlik manbai emasdi. Rassom birodarlari esa chizgan rasmlariga mensimay qarashlarini yashirib oʻtirishmasdi. Lekin u yaxshigina pul topardi. Rassom oshnalari oʻylab ham oʻtirmay choʻntagiga xoʻjayinlik qilishdan tap tortishmasdi. Dirk qoʻli ochiq odam edi, uning soddadilligini suiiste’mol qiluvchilar zarracha tortinmay qarz olaverishardi. Rahmdilligi, ochiqkoʻngilligi me’yoridan ortiq darajadaligidanmi, olgan qarzlariga minnatdorchilik bildirishni ham oʻzlariga ep koʻrishmasdi. Undan qarz olish yosh bolani talaganday bir gap edi. Ustiga-ustak, tentak deb yozgʻirishardi. Nazarimda, oʻz epchilligidan gʻururlanib yuradigan choʻntak oʻgʻrisi izvoshda butun boyligi solingan chamadonchani unutib qoldirgan merov xotinning oʻljasini osongina qoʻlga kiritganiga unchalik ham xursand boʻlavermaydi. Tabiat Struvega laqmalik hadya qilganida saxiylik koʻrsatganiga qaramay ta’sirchanligi ham oʻziga yetarli edi. Koʻpincha masxaralash va tahqirlar yomgʻiri ostida qolishiga qaramay, koʻngilli ravishda oʻzini shunday zarbalar tagida qoldirayotganday tuyulardi. U ketma-ket qilinayotgan tahqirlardan ozor chekayotgan boʻlsa-da, oqkoʻngil boʻlganligi bois, jahli chiqmasdi. Avval otilgan ta’na toshining ogʻrigʻi ketmasdan yangisi otilaverardi. Uning hayoti fojialarga toʻla edi. Men uni hech qachon masxara qilmasdim. Shu bois rahmdil hamroh topganidan xursand boʻlib adoqsiz gʻam-alamlarini menga toʻkib solishga harakat qilardi. Eng achinarlisi shunda ediki, bu gʻam-alamlar qanchalik fojiali boʻlsa, shunchalik kulgili edi.

U yomon rassom boʻlishiga qaramay, san’atni favqulodda nozik his etardi, rasmlar koʻrgazmasini Struve bilan birgalikda aylanish odamga chinakam lazzat bagʻishlardi. San’at asarlaridan behad hayratlana biladigan Struvega tanqidiy fikrlash ham yot emasdi. Dirk katolik mazhabiga mansub edi. U avvalgi avlod rassomlarining qadriga yetish bilan birga, zamonaviy rasmlarga ham munosib baho bera olardi. Yangi talantlarni tezda fahmlay olar, ular toʻgʻrisida bagʻrikenglik bilan mulohaza yurita bilardi. Men hech qachon rassomchilik asarlariga bu qadar toʻgʻri baho beradigan ikkinchi odamni koʻrmaganman. Buning ustiga koʻpchilik rassomlarga qaraganda yaxshiroq bilimga ega edi, ularga oʻxshab san’atning boshqa sohalaridan xabarsiz emasdi. Musiqiy va adabiy didi rassomchilik toʻgʻrisidagi mulohazalarining teran va turfa xilligiga olib kelardi. Men singari yoshlar uchun Dirk Struvening maslahat va izohlari haqiqatan katta ahamiyatga molik edi.

Rimdan joʻnab ketganimdan keyin taxminan ikki oyda bir martadan oʻziga xos ingliz tilidagi uzun xatlarini olib turdim. Bu xatlarni oʻqiganimda entikib, joʻshib, qizgʻin qoʻl harakatlari bilan soʻzlayotgan Dirkni koʻrib va eshitib turgandek boʻlardim. Parijga kelmasimdan sal oldinroq u ingliz qiziga uylangan boʻlib, endilikda Monmartrda oʻrnashib olgandi. U bilan toʻrt yildan beri koʻrishmasdik, xotini bilan ham tanish emasdik.

Oʻn toʻqqizinchi bob

Parijga borishimni Struvega xabar qilmaganligim tufayli, eshik qoʻngʻirogʻini chalganimda chiqib kelgan rassom dastlab meni tanimadi. Keyin xursandchilikdan qichqirib yubordi-da, ustaxonasiga surgab ketdi. Bunaqa qizgʻin kutib olish odamga xush yoqar ekan!

Oʻchoq yonida nimadir tikayotgan xotini oʻrnidan turib, mening istiqbolimga yurdi. Dirk meni tanishtirdi.
— Sen uni bilasan, — dedi xotiniga murojaat etib, — u toʻgʻrisida senga koʻp gapirib berganman. – Menga qarab esa: — Nega kelishingni xabar qilmading? Kelganingga ancha boʻldimi? Uzoqroq muddatga keldingmi? Eh, sen bir soat oldinroq kelganingda birgalikda ovqatlanardik.

U menga savollar yogʻdirib tashladi, yumshoq oʻrindiqqa oʻtkazib, yelkamga shapatilab urib, sharob, pechen'e, sigara bilan siylay boshladi. Bir daqiqa boʻlsin meni tinch qoʻymas, uyda viski yoʻqligiga achinar, qahva tayyorlashga shoshilar, yana nimalar bilandir koʻnglimni olishga intilar, xursandligidan oʻzini qoʻyishga joy topa olmas, kular, azbaroyi hayajonlanayotganidan terlab ketgandi.
— Sen zarracha oʻzgarmagansan, — dedim unga kulib qararkanman.

Dirkning koʻrinishi hamon beoʻxshov edi. Boʻyi past, semiz, oyoqlari kalta-kalta. Hali yoshligiga qaramay – u oʻttizdan oshmagandi – sochi deyarli qolmagandi. Yuzi dum-dumaloq boʻlib, terisi oqqa moyil qizgʻish, lablari qip-qizil edi. U doimo oltin gardishli kattakon koʻzoynak taqib yurardi, koʻzlari koʻm-koʻk va katta-katta edi, moʻylabi azbaroyi yuzining rangiga oʻxshab ketganidan yoʻqqa oʻxshardi. U Rubens chizishni yaxshi koʻrgan xushchaqchaq semiz savdogarlarga oʻxshab ketardi.

Birmuncha muddat Parijda boʻlmoqchiligimni, uy ham topganimni unga gapirganimda, oldindan aytmaganimga ta’na qildi. Oʻzi uy topib jihozlashga yordam berishi, koʻchishga koʻmaklashishi mumkinligini bildirdi, bekorga mebel' uchun pul harjlaganimdan koyindi. Uning yordamidan foydalan¬maganimni doʻst kishining ishi emas deb astoydil ginaxonlik qildi. Struve xonim jimgina paypoq toʻqib oʻtirar, erining gaplarini kulimsiragancha bamaylixotir eshitib oʻtirardi.
— Koʻrib turganingdek, uylandim, — toʻsatdan e’lon qildi Dirk, — xotinim toʻgʻrisida nima deysan?

U xotiniga nihoyatda mayinlik va nazokat bilan tikildi, terlaganidan burnining uchigacha tushib ketayotgan koʻzoynagini koʻtarib qoʻydi.
— Bu savolingga nima deb javob bera olardim? — kuldim men.
— Qoʻysang-chi, Dirk, — deb soʻz qistirdi Struve xonim.
— Axir u ajoyib emasmi? Doʻstginam, vaqtni oʻtkazmay uylan, iloji boricha tezroq uylan. Men eng baxtli odamman. Unga bir qara. Axir u tayyor rasm emasmi? Sharden rasmlariga oʻxshaydi-a? Men dunyodagi barcha goʻzallarni koʻrganman, lekin hech qachon Struve xonimdan goʻzalrogʻini koʻrmaganman.
— Dirk, agar jim boʻlmasang, ketib qolaman.
— Tentakkinam, — dedi u.

Xonim erining ovozidagi behad ehtirosdan uyalinqirab qizarib ketdi. Dirkning xatlaridan men xotinini esini yoʻqotar darajada yaxshi koʻrishini bilardim, endilikda undan koʻz uza olmayotganini koʻrib bunga yanada ishonch hosil qildim. Ayol uni sevish-sevmasligini esa aniq ayta olmayman. Bechora Pantalone esa oʻziga bunday qizgʻin muhabbat uygʻotishi qiyin edi, lekin ayolning koʻzlari yoqimtoy kulib turardi. Ehtimol, uning oʻzini vazmin tutishida chuqur tuygʻular yashiringandir. Men Struve xonimda rassomning es-hushini olgan maftunkor goʻzallikni payqamadim, lekin ayolda qandaydir sokin joziba bor edi. Arzonroq kulrang matodan qoyilmaqom qilib tikilgan koʻylagi balanddan kelgan kelishgan qomatiga quyib qoʻyganday yarashgandi. Ana shu qomat tikuvchidan koʻra haykaltarosh uchun qiziqarliroq edi. Struve xonim, oq yuzdan kelgan qizgʻish-qoʻngʻir sochlarini soddagina qilib turmaklab olgandi. Koʻm-koʻk koʻzlarida xotirjamlik uchqunlarini sezish qiyin emasdi. Uni gʻoyatda goʻzal deb ayta olmasam-da, Struve bekorga Shardenni eslatmagandi. U ulugʻ rassom tasvirlagan va shu orqali mangulikka daxldor qilgan yengil bosh kiyim kiyib, peshband tutib olgan ayolni eslatardi. Xonim juda aqlli va ish bilan band ayol taassurotini qoldirmasdi, lekin undagi sokin jiddiylik qiziqishimni uygʻotardi. Uning Dirk Struvega turmushga chiqqanligi juda gʻalati edi. U ingliz ayoli boʻlishiga qaramay, qanday doiradan ekanligini, qanday tarbiya olganini, turmushga chiqqungacha qanday yashaganini bilmasdim. U deyarli gapirmasdi, lekin ahyon-ahyonda oraga biror soʻz qistirganda ovozi yoqimtoyligi, harakatlari tabiiyligi sezilardi.

Men Struvedan ishlayotgan yoki ishlamayotganini soʻradim.
— Ishlayapsizmi deb soʻrayapsizmi? Ha, oldingilariga qaraganda yaxshi rasmlar chizayapman!

U qoʻlimdan ushlab dastgohda turgan rasm oldiga olib bordi.

Men beixtiyor seskanib ketdim.

Dirk cherkov oldida dam olayotgan Kampan’i kiyimidagi bir toʻda ital'yan dehqonlarini chizgandi.
— Hozir shu rasmni chizayapsanmi? — soʻradim undan.
— Ha. Bu yerdagi modellar Rimdagidan yomon emas.
— Judayam chiroyli-a, toʻgʻrimi? — dedi Struve xonim.
— Bechora xotinim meni ulugʻ rassom deb fahmlaydi.

Uning xijolatli kulishi bu fikrdan maza qilayotganini yashira olmadi. Uning koʻzlari dastgohdagi rasmda edi. Boshqa rassomlarning asarlari toʻgʻrisidagi gʻoyat oʻrinli tanqidiy mulohazalarini oʻzining tuturuqsiz asarlariga tatbiq eta olmagani gʻalati edi.
— Boshqa rasmlaringni ham koʻrsat, — dedi Struve xonim.
— Koʻrishni xohlaysanmi?

Rassom ogʻaynilarining masxaraomuz kulishlaridan toʻyib ketgan Dirk Struve soddadillik bilan oʻz ishlarini koʻrsatishga rozi boʻldi. U oldimga oʻynab yurgan jingalak sochli ikki ital'yan bolasi tasvirlangan rasmini qoʻydi.
— Juda ajoyib chiqqan-a, toʻgʻrimi? — soʻradi Struve xonim.

U menga yana anchagina asarlarini koʻrsatganida Dirk Parijda ham xuddi Rimdagidek tuturiqsiz asarlar chizayotganiga ishonch hosil qildim. Bularning barchasi soxta, mayda, hech narsaga arzimaydigan chizmalar edi. Hayotda esa Dirk Struvechalik halol, samimiy odamni bilmasdim. Bunday ziddiyatni qanday anglamoq kerak?

Toʻsatdan xayolimga kelib qolgan savolni oʻzim ham bilmagan holda undan soʻradim:
— Marhamat qilib aytg-chi, tasodifan boʻlsa-da, Charlz Striklend degan rassomni uchratmaganmisan?
— Nahotki sen uni tanisang? — qichqirib yubordi Dirk.
— U nobakor odam, — dedi Struve xonim.

Dirk kuldi.
— Bechoraginam. — Dirk xotinining oldiga yugurgilab kelib, ikkala qoʻlini oʻpib qoʻydi. – Xonimning uni koʻrgani koʻzi yoʻq. Striklendni tanishing juda gʻalati!
— Bema’ni qiliqli odamlarni jinim suymaydi, — dedi xotini.

Dirk kulimsiragancha men tomonga oʻgirildi.
— Gap nimadaligini hozir senga tushuntirib beraman. Kunlardan bir kun uni asarlarimni koʻrsatishga chaqirdim. U uyimizga kirib kelganida barcha rasmlarimni koʻrsatdim. – Struve bir daqiqa jim qoldi. Oʻzi uchun gʻoyat yoqimsiz boʻlgan bu hikoyani nima uchun boshlaganini tushunmasdim. – U rasmlarimni koʻrdiyu indamadi. Men barcha mulohazalarini oxirida aytsa kerak, deb oʻyladim. Rasmlarimni koʻrsatib boʻlgach: “Mana, barcha asarlarimni koʻrsatib boʻldim, koʻrsatadigan boshqa birorta rasmim qolmadi”,— dedim. U esa menga: “Men sizdan yigirma frank qarz soʻragani kelgan edim”, — dedi.
— Dirk aytgan pulini berdi-ya! — gʻazab bilan qichqirib yubordi Struve xonim.
— Toʻgʻrisini aytsam, lol boʻlib qoldim. Ha, men odamlar qarz soʻraganda — yoʻq deyishini yomon koʻraman. U bergan pulimni choʻntagiga soldi, “tashakkur” deb bosh qimirlatib qoʻydi-da, chiqib ketdi.

Dirk Struve bu tarixni gapirib berayotganda dagʻal yuzida shu qadar tuganmas hayrat ifodasi zuhr etib turardiki, uni koʻrgan kishi beixtiyor kulib yuborardi.
— Rasmlarimni yomon deganda ham sira xafa boʻlmasdim, lekin u biror soʻz ham aytmadi.

Striklendning u bilan qilgan muomalasidan taajjublanishi emas, balki oʻzini yoʻqotar darajaga kelgan Dirkning hozirgi aft-basharasini koʻrish kulgili edi.
— Men u turqisovuqning basharasini endi hech qachon koʻrmayman deb umid qilaman, — dedi Struve xonim.

Dirk kulib yelkasini qisib qoʻydi. U endi asl holiga, odatdagi sofkoʻngilliligiga qaytgandi.
— Nima boʻlganda ham u ulkan rassom, judayam ulkan.
— Striklendmi? — xitob qildim men. — U holda boshqa Striklend boʻlsa kerak.
— Sariq soqolli barvasta odam. Charlz Striklend. Ingliz.
— Men uchrashganimda soqol qoʻymagan edi, lekin endi soqol qoʻygan boʻlsa, ehtimol sariq soqollidir. Men bilgan Striklend rassomchilik bilan bor-yoʻgʻi besh yildan beri shugʻullanadi.
— Bu oʻsha. U ulugʻ rassom.
— Boʻlmagan gap!
— Axir men biror marotaba bu toʻgʻrida xato qilganmanmi? — soʻradi Dirk. — Aytyapman-ku senga, u daho, deb. Men bunga shubha qilmayman. Agar yuz yildan keyin sen bilan meni kimdir eslasa, faqat Charlz Striklend bilan tanish boʻlganligimiz tufayligina eslaydi.

Men hayratda qoldim va nihoyatda hayajonlanib ketdim. Toʻsatdan xayolimga Striklend bilan oxirgi gaplashganimiz keldi.
— Uning asarlarini koʻrsa boʻladimi? Rasmlari muvaffaqiyat qozonayaptimi? Qayerda yashaydi u?
— Yoʻq. Asarlari muvaffaqiyat qozonayotgani yoʻq. Oʻylaymanki, u hali birorta rasmini ham sota olgani yoʻq. Kimga bu asarlar toʻgʻrisida gapirsang kuladi, xolos. Lekin men uning ulugʻ rassomligini bilaman. Axir bir vaqtlar Mone ustidan ham kulishgan-ku. Koro hayot vaqtida birorta asarini pullay olmagan. Men Striklend yashaydigan manzilni bilmayman, lekin u bilan uchrashuvni tashkil qilishim mumkin. U har oqshom soat yettilarda Klishi koʻchasidagi qahvaxonaga keladi. Biz ertaga oʻsha joyga borishimiz mumkin.

U meni koʻrishni istashiga unchalik ishonmayman. Men unga butunlay unutishni istayotgan narsalarini yodiga tushiraman. Lekin, shunday boʻlsa-da, baribir boraman. Uning asarlarini koʻrish mumkinmi?
— Yoʻq. U senga hech narsa koʻrsatmaydi. Biroq men Striklendning ikki yoki uchta rasmi bor savdogarni bilaman. Lekin sen u yerga mensiz bora koʻrma: baribir, hech narsa tushunmaysan. Ularni senga oʻzim koʻrsataman.
— Dirk, sen mening achchigʻimni keltiryapsan! — xitob qildi Struve xonim. — Shuncha gaplardan keyin nega uning rasmlarini koʻklarga koʻtarib maqtayapsan oʻzi? — Xonim men tomonga oʻgirildi: — Bilasizmi, bir kuni Gollandiyadan kelgan qandaydir odamlar Dirkning rasmlarini sotib olish uchun biznikiga kelishganida, erim tushmagur, ularni Striklend rasmlarini sotib olganingiz ma’qul, deb yoʻldan ursa boʻladimi!
— Siz uning rasmlari toʻgʻrisida qanday fikrdasiz? — kulimsirab soʻradim xonimdan.
— Oʻtaketgan tuturiqsiz.
— Eh, mening quvonchim, sen hech narsa tushunmaysan.
— Nega boʻlmasa gollandlaring sendan achchigʻlanishdi. Sen ularni mazax qilayapsan degan fikrga kelishdi.

Dirk Struve koʻzoynagini olib hafsala bilan artdi. Azbaroyi hayajonlanganidan yuzlari qizarib ketdi.
— Nahotki, seningcha, dunyodagi eng qimmatbaho narsa — goʻzallik xohlagan yoʻlovchi koʻtarib ketaverishi mumkin boʻlaveradigan dengiz qirgʻogʻidagi tosh boʻlsa? Goʻzallik gʻaroyib va har kimga ham nasib etavermaydigan, san’atkor ahli ogʻir ruhiy iztiroblar tufayligina dunyoga keltiradigan noyob hodisa. U kashf qilingandan keyin ham hammaning tishi unga oʻtavermaydi. Goʻzallik san’atkor bizga chalib beradigan kuy. Yuragimizda bu kuy aks-sado berishi uchun bilim, hissiyot, fantaziya kerak odamga.
— Nega men sening rasmlaringni ajoyib deb hisoblayman, Dirk? Koʻrishim bilanoq, ular meni oʻzicha lol qilishgan.

Dirkning lablari bilinar-bilinmas titradi.
— Jonginam, yotib uxlay qol, men doʻstimizni nariroqqacha kuzatib qoʻyaman-u, darrov qaytib kelaman.

Yigirmanchi bob

Dirk Struve Striklend boʻlib turadigan qahvaxonaga olib borish uchun ertasiga kechqurun menikiga kirishga va’da berdi. Bu Parijga Striklend bilan gaplashish uchun kelganimda u bilan araq ichgan qahvaxona ekan. Uning bu yerda hamon boʻlib turishi, eski odatlariga sodiq qolganligini koʻrsatardi. Bu esa menga oʻziga xos holat boʻlib tuyuldi.
— Ana u, — dedi Struve, qahvaxonaga qadam qoʻyishimiz bilanoq.

Oktabr oyi boʻlishiga qaramay, oqshom ancha iliq edi, shundoqqina yoʻl ustiga qoʻyilgan stollar atrofida anchagina odam oʻtirardi. Men toʻplanganlarga birma-bir qarab chiqdim, lekin Striklendni topa olmadim.
— Koʻrmayapsanmi, huv ana, burchakda shaxmat oʻynab oʻtiribdi. Shaxmat taxtasi ustiga engashib olgan kishiga koʻzim tushdi, lekin keng ayvonli shlyapasi va sargʻimtir soqolini koʻrdim, xolos. Stollar orasidan zoʻrgʻa oʻtib, uning oldiga yaqinlashdik.
— Striklend!
— Nima deysan, baqaloq! Senga nima kerak?
— Men eski qadrdonimni boshlab keldim, u siz bilan koʻrishmoqchi.

Striklend yuzimga qarab qoʻydi, lekin tanimadi, shekilli, yana shaxmatga engashdi.
— Oʻtiringlar va shovqinlamanglar, — toʻngʻillab qoʻydi u.

U piyodasini surdi va shu ondayoq oʻyinga berilib ketdi. Bechora Struve xafa boʻlgannamo menga qarab qoʻydi, lekin men bunday arzimas ishlarga xafa boʻlib oʻtirmadim. Men sharob buyurib, Striklend oʻyinni tugatishini bamaylixotir kutib turdim. Men Striklendni kuzatib turish imkoniyati tugʻilganidan xursand edim. Lekin u men bilgan odam emasdi. Avvalo baroq va tartibga keltirilmagan sargʻimtir soqoli yuzining ancha qismini berkitib turardi, sochlari juda oʻsib ketgandi. Lekin hammadan ham nihoyatda oriqlab ketganligi uni butunlay oʻzgartirib yuborgandi. Shundoq ham katta burni avvalgidan ham oldinga osilib tushgan, yuzlari kirtayib, koʻzlari kattalashib ketgandi, tanasi skeletga oʻxshardi. Besh yil avvalgi yirtiq-yamoq, hammayogʻi dogʻ-dugʻ, kiyilaverganidan obdon puturdan ketgan kamzuli badanida halvirab turardi. Tirnoqlari oʻsib ketgan iflos qoʻllariga uzoq tikilib turdim. Suyak va teridangina iborat bu qoʻllar katta-katta, kuchli va chiroyli edi! Men oʻyinga butkul berilib ketgan bu odamga qarab turarkanman, ochlikdan sillasi qurigan Striklendni qanday kuch ushlab turganiga hayron boʻlardim.

Striklend donani yurib, boshini koʻtardi-da, stulga suyangancha qayoqlargadir parishonxotir tikildi. Barvasta soqolli fransuz raqibi taxtadagi vaziyatni uzoq mulohaza qildi, soʻng begʻaraz soʻkinib, shaxmat donalarini taxtadan sidirib tashlab, qutichaga solib qoʻydi. Striklendni soʻkib, koʻnglini boʻshatdi-da, ofitsiant bilan hisob-kitob qilib chiqib ketdi. Struve oʻz stulini stolning yaqinrogʻiga surdi.
— Xoʻsh, biz endi gaplashishimiz mumkin, — dedi u.

Striklendning koʻzlari Struvega tahqiromuz tikilardi. U masxaralash uchun biror soʻz topa olmayotgani tufayli jim turganini aniq sezayotgandim.
— Eski qadrdonimni siz bilan uchrashtirish uchun olib keldim, — dedi koʻzlari yonib Struve.

Striklend menga bir dam tikildi. Men indamay turaverdim.
— Uni biror marotaba boʻlsin koʻrmaganman, — dedi u nihoyat.

Nega bunday deganini tushunmadim-u, lekin meni koʻrganidagi yilt etgan uchqunga qarab meni tanigani shubhasiz edi. Lekin endi men bir necha yil avvalgiga oʻxshab uyalib oʻtirmadim.
— Yaqinda xotiningiz bilan gaplashgan edim, sizga u haqdagi eng keyingi yangiliklar qiziq boʻladi deb ishonaman.

Striklendning koʻzlari porlab ketdi.
— Biz oʻshanda oqshomni yaxshigina oʻtkazgan edik, — dedi u . — Necha yil boʻldi oʻshanga?
— Besh yil.

U yana araq soʻradi. Struve, biz qanday qilib uchrashib qolganimizni va gap orasida ikkalamiz ham Striklendni tanishimizni tasodifan bilib qolganimizni erinmay soʻzlab berdi. Striklend uning gaplariga quloq solgan-solmaganini bilolmadim. Ikki marotaba menga parishonxotirlik bilan qarab qoʻydi, lekin koʻproq u oʻz xayollari bilan band edi. Tabiiyki, Struve shunday valaqlab turmasa u bilan gapni davom ettirishim qiyin edi. Oradan yigirma daqiqalar oʻtgach, golland soatiga qaradi-da, ketishi lozimligini aytdi. Mendan, birga ketamizmi, deb soʻradi. Men tanho qolsak Striklenddan biror narsani bilib olarman deb oʻylab, qolishga qaror qildim.

Baqaloq ketgach, dedim:
— Dirk Struve sizni ulugʻ rassom deb hisoblayapti.
— Jin ursin, nega endi bu narsa meni qiziqtirishi kerak.
— Rasmlaringizni koʻrishga ruxsat etasizmi?
— Bu yana nimasi?
— Ehtimol, birortasini sotib olishni istarman.
— Ehtimol, men uni sotishni istamasman.
— Siz rasmlardan moʻmaygina daromad qilayapsiz deyman? — dedim kulimsirab.

U toʻngʻillab qoʻydi.
— Siz koʻrinishimga qarab shunday deyapsizmi?
— Koʻrinishingiz obdon och qolgan odamning koʻrinishi.
— Xuddi shunday.
— U holda yuring, ketdik ovqatlanishga.
— Nega siz buni menga taklif etayapsiz?
— Harholda sizga achinganimdan emas, — sovuqqina javob berdim, — ochdan oʻlib ketasizmi-yoʻqmi, menga baribir.

Uning koʻzlari yana olovlanib ketdi.
— U holda ketdik. — U oʻrnidan turdi.
— Yaxshilab ovqatlanish yomon narsa emas.

Yigirma birinchi bob

Qaysi restoranga olib borishni uning ixtiyoriga tashlab, yoʻlda gazeta sotib oldim. Ovqat buyurganimizdan keyin gazetani ochib “Sen-Gal'm'e” shishasiga tirab qoʻydim-da, oʻqishga tushib ketdim. Biz indamay ovqatlanardik. Ahyon-ahyonda Striklend menga tikilayotganini sezardim, lekin oʻzim boshimni koʻtarmasdim. Qanday qilib boʻlsa-da, uni gapga solishga urinardim.
— Gazetada biror qiziqroq narsa bor ekanmi? — soʻradi indamay ovqatlanib boʻlganimizdan keyin.

Uning gap ohangida salgina achchigʻlanish ma’nosini uqdim.
— Men teatr toʻgʻrisida fel'etonlarni oʻqishni yoqtiraman, — javob berdim gazetani buklarkanman.
— Maza qilib ovqatlandim, — dedi u.
— Qahvani ham shu yerda ichib qoʻyaqolmaymizmi?
— Boʻladi.

Biz bittadan sigara oldik. U indamay chekardi, menga qaraganda koʻzlarida kulgi jilolanayotganini sezardim. Men sabr-toqat bilan kutdim.
— Oʻtgan yillar mobaynida qanday ishlar bilan shugʻullandingiz? — soʻradi u nihoyat.

Oʻzim haqimda nima deyishim mumkin edi? Bu ogʻir mehnat va yoshlik ishtiyoqi, goh u, goh bu sohada oʻz oʻrnini topishga urinish, kitob va odamlarni anglashga doimiy intilish yillari boʻlgandi. Men uning ishlari, hayoti, shaxsiyatiga qiziqishim borligini zinhor sezdirmadim. Va shu ishim nihoyat oʻz samarasini berdi. U birinchi boʻlib gapirdi. Striklend soʻzamol emasdi. Uzuq-yuluqroq boʻlsa-da, bosib oʻtgan hayotiy yoʻlini gapirib berdi, qolgan-qutgan joylarini tafakkurim yordamida toʻldirib oldim. Hayotiga nihoyatda qiziqqan odaming oʻzi haqida nihoyatda zerikarli hikoya qilib berganini eshitish juda azob ekan. Buni xunuk yozilgan va oʻchinqirab qolgan qoʻlyozmani oʻqishga oʻxshatish mumkin. Menga ayon boʻlishicha, uning butun hayoti turfa xil mashaqqatlar silsilasidan iborat. Lekin yana bir narsani aniq angladimki, koʻpchilik uchun nihoyatda dahshatli va fojiali holatlar unga zarracha ta’sir koʻrsata olmas, tashvishga solmas ekan. Atrofdagilardan Striklendni keskin ajratib turadigan narsa bashang va bamaylixotir hayot tarzi bilan chiqisha olmaslik, toʻgʻrirogʻi, nafrat ekan. U katalakdek, gʻaribgina xonada xotirjam yashay olar, atrofini chiroyli narsalar bilan bezashga ham intilmasdi. Men ishonamanki, xona gulqogʻozlari nihoyat darajada ifloslanib ketganini ham sezmasdi. U yumshoq oromkursida emas, oshxona oʻrindigʻida oʻtirardi. U zoʻr ishtiyoq bilan ovqatlanardi, lekin nima yeyishi ahamiyatsiz edi. Ovqat uning uchun ochlik tuygʻusini bartaraf etish vositasi hisoblanardi. Ovqat topishning iloji qolmaganda esa necha kunlab och yuraverardi. Keyingi yarim yil ichida esa yemagi kuniga faqat bir boʻlak non va bir shisha sutligini bilib oldim. Tabiatan ta’sirchan boʻlgan bu odam tuygʻular uygʻotadigan barcha narsalarga tamomila befarq edi. Yetishmovchilik unga azob bermasdi, hayratlanarli joyi shunda ediki, shunday hayot tarzini kechirayotib ham ruhan tetik edi.

Londondan olib kelgan ozgina puli tugagandan keyin tushkunlikka berilmadi. Rasmlari sotilmasdi, menimcha, ularni sotishga ham unchalik intilmasdi, tirikchilik oʻtkazishning boshqa yoʻllarini axtarishga harakat qilardi. Hamma narsaga qiziquvchan londonliklarni tungi Parij hayoti bilan tanishtirish ishi bilan shugʻullanganligini istehzoli yumor bilan gapirib berdi. Bu mashgʻulot ma’lum darajada uning oʻziga ancha mos kelardi. Shu bahonada qandaydir yoʻllar bilan u Parijning koʻpchilik nigohidan panadagi koʻchalarini miridan-sirigacha oʻrganib oldi. Madlen koʻchasida soatlab yurib, qonun tomonidan taqiqlangan tomoshalarni koʻrishga ishqiboz, iloji boricha ichib olgan londonlik sayyohlarni qidirardi. Ba’zida Striklend moʻmaygina pul ishlab topardi. Pirovardida, uning kiyim-kechagi shu qadar dabdalasi chiqib eskirib ketdiki, natijada, sayyohatchilarning aksariyatini bu juldur kiyimli yoʻl boshlovchi bilan birga ketishga yuragi dov beravermasdi. Keyin yana omadi yurishib qoldi, ish topdi, Angliyaga yuboriladigan dori-darmonlarning reklamasini tarjima qilish bilan shugʻullandi. Bir kuni ishtashlashlar vaqtida boʻyoqchilik bilan ham shugʻullandi.

Lekin oʻz san’atini ham tashlab qoʻymadi, faqat rassomlar studiyasiga borishni tark etib, yolgʻiz oʻzi ishlay boshladi. Mato va boʻyoqlar uchun pul topilardi, unga boshqa narsaning keragi yoʻq edi. Bilishimcha, u juda qiyinchilik bilan ishlar ekan, biror odamdan yordam olishni istamay oldingi avlod vakillari tomonidan hal etilgan ba’zi texnik muammolarni ham oʻzi yechishga koʻp vaqtini sarflardi. U nimagadir ehtiros bilan intilardi, lekin nimaga intilayotganini men bilmasdim, ehtimol, buni oʻzi ham bilmasdi. Lekin qarshimda oʻz yoʻlidan qaytmaydigan shijoatli odam turganini his etardim. Toʻgʻri, u esi joyida odamga oʻxshamasdi. Menga u oʻz rasmlarini koʻrsatmaydiganday, bu rasmlar oʻziga ham yoqmaydiganday tuyulardi. U orzular olamida yashardi, real hayotning esa unga qizigʻi yoʻq edi. Butun ishtiyoqiyu ehtirosi bilan mehnat qilarkan, botiniy koʻzi bilan koʻrib turgan narsalaridan boshqa butun borliqni butkul unutardi. Keyin rasmni tugatar-tugatmas (nazarimda, u juda kamdan-kam holatlardagina asarini tugatardi) oʻz asariga qiziqishi soʻnardi-qolardi. Hech qachon qilgan ishidan koʻngli toʻlmasdi. Yaratgan asari koʻnglida koʻrib turganidan koʻra xira va ahamiyatsizroq tuyulardi oʻziga.
— Nega asarlaringizni koʻrgazmaga qoʻymaysiz? — soʻradim undan. — Nahotki, boshqa odamlarning fikrini bilishga qiziqmasangiz?
— Qiziquvchan emasman.

Bu soʻzlaridan nafrat ohanglarini sezish qiyin emasdi.
— Axir siz shuhrat toʻgʻrisida oʻylamaysizmi? Bu tuygʻudan biror rassom zoti begona emas-ku.
— Bolalarcha goʻllik bu! Agar boshqa biror odamning fikrini sariq chaqaga olmaydigan boʻlsang, olomonning fikridan ne foyda?

Men kuldim:
— Hamma ham bunday mulohaza yuritavermaydi!
— Kim shuhrat keltiradi? Tanqidchilar, yozuvchilar, birja dallollari, ayollar.

Umringda sen koʻrmagan, seni mutlaqo tanimaydigan odamlar qoʻllaring bilan yaratgan moʻ’jizani koʻrib hayajonlanishlari, oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay qolishlarini koʻrish gʻoyat lazzatli boʻlsa kerak. Shuhrat kimga yoqmaydi? Odamlar yuragida qoʻrquv va iztiroblar uygʻotadigan tuygʻudan koʻra shuhrat afzalroq boʻlsa ne ajab?
— Shunchaki bir gap.
— Axir sizga yaxshi yoki yomon rasm chizishingiz baribir emas-ku?
— Baribir. Men uchun eng muhimi — koʻnglim koʻrib turgan narsamni chizish.
— Masalan, men esa inson qadami yetmagan orolda men qilgan ishni oʻzimdan boshqa hech kim koʻrmaydi, degan ishonch bilan ishlay olishimga shubha qilaman.

Striklend anchagacha jim turdi, lekin uning koʻzlari xuddi yuragini hayajonga toʻldirgan qandaydir narsani koʻrayotganday yonib turardi.
— Men gohida behudud dengiz kengliklari orasida qolib ketgan orolni koʻraman; oʻsha yerdagi kishilar nigohidan uzoqdagi vodiyda, menga tamomila notanish daraxtlar orasida tinchgina yashardim. Oʻsha yerda qidirgan narsalarimni topa olardim, deb oʻylayman.

U risoladagidek gapira olmasdi. Sifatlovchi soʻzlar oʻrniga qoʻl harakatlarini ishlatar, tez-tez tutilib qolardi. Nazarimda, u aytmoqchi boʻlib turgan fikrni oʻz soʻzlarim bilan ifodalashga urindim.

Soʻnggi yillarga nazar tashlab, qilayotgan ishlaringiz sarson-sargardonliklaringizga arziydi, deb oʻylaysizmi?

Nimani koʻzda tutayotganimni tushunmay, menga qarab qoʻydi. Men tushuntirdim.
— Siz tinchgina uyingiz va baxtli desa boʻladigan hayotingizdan voz kechib ketdingiz. Siz oʻziga toʻq odam edingiz. Bu yerda, Parijda gʻaribona hayot kechiryapsiz. Agar hayotni qaytadan boshlash imkoni boʻlganda yana shu ishni qaytargan boʻlarmidingiz?
— Albatta.
— Bilasizmi, siz oʻz xotiningiz va bolalaringiz haqida mendan sira soʻraganingiz yoʻq. Nahotki, ular toʻgʻrisida sira oʻylamasangiz?
— Yoʻq.
— Savollarimga bu qadar qisqa, javob qaytarmasangiz afzalroq boʻlarmidi. Lekin siz ularga yetkazgan azoblaringiz, iztiroblaringiz uchun ba’zida vijdoningiz qiynaladi-ku?

Striklend yayrab kuldi va boshini sarak-sarak qilib qoʻydi.
— Nazarimda, siz vaqt-vaqti bilan oʻtmish haqida oʻylasangiz kerak. Yetti yoki sakkiz yil oldingi voqealarni emas, ancha oldingi, xotiningiz bilan ilk uchrashuvlaringiz, sevib qolganingiz, uylanganingiz haqida oʻylarsiz. Nahotki, siz uni birinchi marotaba quchogʻingizga olgandagi quvonchni unutgan boʻlsangiz?
— Men oʻtmish toʻgʻrisida oʻylamayman. Faqat bugungi kungina ahamiyatga ega boʻladi.

Men bir daqiqa xayol surib qoldim. Javob mujmal edi, lekin shunga qaramay, nazarimda, aytayotgan gapining ma’nosini salgina uqqanday boʻldim.
— Siz baxtlimisiz? — soʻradim undan.
— Ha.

Men xayol surganimcha jimgina turardim. U ham nigohimga bardosh berdi, keyin koʻzlarida istehzoli uchqun alangalandi.
— Ishlarim yomon, ehtimol, siz meni qoralarsiz?
— Bema’ni gap, — soʻzini keskin boʻldim, — hayvon oʻrgatuvchining xavfli ilon bilan oʻynashishini qoralab boʻlmaydi. Zero, uning psixikasini oʻrganish, shubhasiz, qiziqish uygʻotadi.
— Demak, siz men bilan faqat yozuvchi sifatida qiziqayotgan ekansiz-da?
— Ha, faqat yozuvchi sifatida.
— Unday boʻlsa meni qoralashingiz mumkin emas ekan. Oʻzingiz ham farishta emassiz!
— Ehtimol, shuning uchun ham men bilan gaplashganingizda oʻzingizni bemalol tutyapsiz.

U jilmayib qoʻydi-yu, hech narsa demadi. Afsuski, men uning kulishini tasvirlay olmayman. Bu yoqimtoy kulgi emasdi, lekin bu kulgisi tufayli yuzlari yorishib ketdi, odatdagiday, badqovoq emas, istehzoli — ayyorona ma’no kasb etdi. Shuningdek, bu asta-sekinlik bilan koʻzlarining burchagidan boshlanadigan, ehtimolki, tugallanadigan qandaydir noinsoniy kulgi edi. Bu kulgi meni soʻrashga majbur etdi.
— Siz bu yerda, Parijda birortasini sevib qolmadingizmi?
— Bunday bema’ni ishlarga vaqtim boʻlgani yoʻq. Hayot judayam qisqa narsa, ham san’at, ham sevgiga vaqt yetmaydi.
— Siz goʻshanishin odamga oʻxshamaysiz?
— Bularning barchasi men uchun yoqimsiz.
— Inson zoti shunaqa yaratilgan.
— Nega ustimdan kulyapsiz?
— Chunki men sizga ishonmayman.
— U holda siz toʻqim tabiat ekansiz.

Men unga sinovchan tikilganimcha jim turaverdim.
— Men bilan maynavozchilik oʻynashingizdan nima foyda? — dedim nihoyat.
— Tushunmayapman

Men kulib yubordim.
— Hozir tushuntiraman. Mana siz oylab hech narsa haqida oʻylamaysiz va bu bilan hammasini bir umrga unutdim deb oʻylaysiz. Siz erkinlikdan lazzatlanayapsiz va endilikda qalbim faqat oʻzimga tegishli deb oʻylayapsiz. Xuddi boshingiz yulduzlarga tegib turgandek tuyuladi sizga. Keyinroq esa kutilmaganda bunday hayotga bardosh bera olmasligingizni, oyoqlaringiz yerdan koʻtarilmay doimo balchiq ichida turganini his etasiz. Bu botqoqlik sizni ham oʻz domiga tortmoqchi boʻladi. Siz birorta satang, tagi past, hayvonsifat ayolga duch kelasiz. Ayol zotining barcha eng yaramas tomonlarini oʻzida mujassamlashtirgan bu ayolga yovvoyi hayvondek tashlanasiz. Uning bagʻrida taskin topasiz, junbushingiz koʻzingizni koʻr qilib qoʻyadi.

U menga tikilib turardi, bu gaplar zarracha ta’sir etmadi. Men undan koʻzimni uzmasdim va gʻoyat ohista gapirardim.
— Yana bir narsa: bularning barchasi oʻtib ketgach, siz kutilmaganda oʻzingizni favqulodda pokdomon his etasiz, tanasiz ruh hisoblaysiz oʻzingizni. Bamisoli shamol, daraxtlar, daryo suvlari bilan qoʻshilib, birlashib ketganday boʻlasiz. Oʻzingizni xudo deb fahmlaysiz. Shu narsani tushuntirib bera olasizmi?

Gapimni tugatmaguncha mendan koʻzini uzmadi. Uning yuzida gʻalati ma’no zuhurlanib qoldi. “Bunday qiyofa qiynoqlar natijasida oʻlib ketgan odamning yuzida boʻlishi mumkin”, — deb oʻyladim ichimda. Striklend miq etmasdi. Men suhbatimiz poyoniga yetganini angladim.

Yigirma ikkinchi bob

Parijda oʻrnashib olganimdan keyin pyesa yozishga boshladim. Bir maromda hayot kechirardim, ertalablari ishlardim, kunduzlari Lyuksemburg bogʻida sayr etar yo boʻlmasa, koʻchalarda kezardim. Jahondagi eng yaxshi rasmlar galereyasi, koʻrganingda doimo oʻyga toldiradigan Luvrda soatlab vaqtimni oʻtkazardim, daryo sohili boʻylab sotish uchun yoyilgan eski kitoblarni varaqlardim. Men bu kitoblarni sotib olishni moʻljallamasdim. Goh u joyda, goh bu joyda koʻrayotgan kitoblarimdan biror sahifasini oʻqirdim va yana nariroqdagi kitoblar oldida paydo boʻlardim. Shunday qilib juda koʻp kitoblar bilan tanishib chiqardim, ularni batafsilroq oʻqishni esa istamasdim. Oqshomlari doʻstlarimnikiga borardim. Struvelarnikiga tez-tez kirib turardim, gohida ularning kamtarona kechki ovqatlariga sherik boʻlardim. Dirk Struve ital'yan ovqatlarini tayyorlashdagi pazandaligi bilan maqtanardi. Darhaqiqat, aytish kerakki, uning ital'yancha makaronli ovqati rasmlariga qaraganda durustroq chiqardi. Pomidor sharbatiga obdon toʻydirilgan makoronli ovqatni katta taboqda keltirilib, ajoyib uy noni va qizil vino bilan tanovul qilganimizda shohona bazmda oʻtirgandek his etardik oʻzimizni. Men Blansh Struveni yaqindan bilib oldim. Ingliz boʻlganim, u esa oʻz vatandoshlari bilan juda kam uchrashganligi tufayli, chamasi, mening har bir kelishim unga quvonch bagʻishlardi. U xushmuomala, soddadil edi. Kam gapirsa ham uning fazilatlari yaqqol koʻzga tashlanardi. Negaligini bilmayman-u, lekin uning koʻnglida qandaydir sir yashiringanday tuyulardi menga. Ehtimol, erining ezma va bir qop yongʻoqligi oldida tabiatan bosiqlik uchun shunday tuyulayotgandir. Dirk hamma narsani valaqlayverardi. Hatto intim masalalarni ham uyalmay-netmay muhokama qilaverardi. Xotini bunday paytlarda mushtar boʻlardi, lekin faqat bir marotaba eri qanday qilib surgi dori ichganini uzoq, butun tafsilotlari bilan hikoya qilganida oʻzini tutib turolmadi. Oʻz koʻrgiliklarini tamomila jiddiy tarzda soʻzlab berishidan oʻzimni toʻxtatib turolmadim, rosa kuldim. Struve xonimning esa joni chiqib ketdi.
— Oʻzini ahmoq qilib koʻrsatish nima uchun zarur boʻlib qoldiykin-a! — qichqirdi u.

Xotinining jahli chiqib ketganini koʻrganda koʻzlari yanada kattaroq ochildi, moʻylabi qimirladi.
— Jonginam, xafa boʻldingmi? Bundan keyin hech qachon surgi dori ichmayman. Safro oʻynab ketganidan boʻlsa kerak. Ishim bir joyda oʻtirib qilinadigan ish-da. Koʻproq harakat qilishim kerak. Axir uch kungacha ichimdan...
— Xudo xayringni bergur, ogʻzingni yumsang-chi, — erining gapini boʻldi xotin koʻzlariga yosh kelib.

Struvening afti burishdi, jazolangan boladay lablarini choʻchchaytirdi. U yordamga chaqirganday yalingannamo menga qarab qoʻydi, lekin men oʻzimni tutolmay hamon kulardim.

Bir kuni Struvening soʻzlariga qaraganda Striklendning ikki yoki uch rasmi boʻlgan savdogarnikiga kirdik. Lekin uy egasi Striklend yaqinda bu rasmlarni qaytarib olganini aytdi. Negaligi noma’lum.
— Toʻgʻrisini aytsam, men bundan unchalik xafa emasman. Men ularni faqat janob Struvega hurmatim tufayligina olgandim, iloji boʻlsa sotishga va’da bergandim. — U yelkasini qisdi. — Men, albatta, yosh rassomlarni qoʻllab-quvvatlab turaman. Lekin bu yerda masala boshqacharoq. Oʻzingiz bilasiz, uning talanti sariq chaqaga arzimaydi.
— Men sizga halol bir gapni aytib qoʻyayki, hozirgi vaqtda unga teng keladigan rassom yoʻq. Soʻzlarim esingizda tursin, siz moʻmay daromad oladigan imkoniyatdan mahrum boʻlyapsiz. Shunday vaqtlar keladiki, bu rasmlar doʻkoningizdagi barcha rasmlardan ortiqroq baholanadi. Oʻz asarlarini yuz frankka ham sota olmagan Moneni eslang. Endilikda ular qancha turadi?
— Toʻgʻri. Lekin Monedan yomon boʻlmagan oʻnlab rassomlar hamon oʻz rasmlarini sotisha olmayapti. Ular hozir ham arziydigan pul turmaydi. Buni qanday bilib boʻladi? Axir muvaffaqiyat xizmatiga qarab keladimi? Bema’ni gap. Buning ustiga sizning oshnangiz muvaffaqiyat qozona oladimi-yoʻqmi, buni isbotlamoq kerak. Janob Struve, sizdan boshqa hech kim bunday fikrda emas.
— U holda, sizningcha, bunday sharafga kim munosib? — soʻradi Dirk gʻazabdan qizarib. — Fikri tor odam ekansiz!
— Siz oʻtmishda ulugʻ rassomlar Rafael', Mikelanjelo, Engr, Dela-Krualarni eslab koʻring — ularning barchasi oʻz davrida dovrugʻ qozonishgan.
— Ketdik, — Struve menga murojaat etdi, — aks holda men uni oʻldirib qoʻyaman.

Yigirma uchinchi bob

Men Striklendni tez-tez koʻrib turardim va ahyon-ahyonda u bilan shaxmat ham oʻynardim. Uning fe’liga tushunib boʻlmasdi. Goh parishonxotir bir alpozda, hech kimga e’tibor bermay burchakda oʻtirar, yaxshi kayfiyatda vaqtida esa uzuq-yuluq va tutilib nimalarnidir gapira boshlardi. Men undan biror marta boʻlsin arziydiganroq bama’ni gap eshitmaganman, lekin uning dahshatli kinoyalari gohida juda qiziqarli boʻlardi. Striklend faqat oʻzi oʻylagan narsasinigina gapirardi. Odamlarning izzat-nafsiga tegish uning uchun hech narsa emasdi, bundan xafa boʻlishganda esa faqat kular, xursand boʻlardi. Masalan, u gohida Dirk Struveni haqoratlovchi shu qadar achchiq soʻzlar aytardiki, bechora umrbod uchrashmaslikka qasam ichib, bu yerdan uzoqlashardi. Lekin Striklendning zabardast siymosi baqaloq gollandni oʻziga tortaverar, shu bois gunoh ish qilib qoʻygan kuchukchadek yana uning yoniga kelaverardi. Holbuki, u yana haqoratlanishini yaxshi bilar va bundan juda qoʻrqardi.

Negaligini bilmadim-u, Striklend men bilan ishtiyoq-la gaplashardi. Bizning munosabatlarimiz oʻziga xos edi. Bir kuni u mendan ellik frank qarz soʻradi.
— Boʻlmaydi, — javob berdim unga.
— Nega?
— Ne sababdan sizga qarz berib turishim kerak ekan?
— Hozir juda qiynalib qoldim.
— Buning menga qizigʻi yoʻq.
— Ochlikdan oʻlib ketsam ham sizga baribirmi?
— Bu bilan mening nima ishim bor? — soʻradim oʻz navbatida.

Bir-ikki daqiqa baroq soqolini tortqilagancha menga tikilib qoldi. Men kuldim.
— Nima kulgingizni qistatyapti oʻzi, bilishni xohlardim? — Koʻzlari gʻazabkor yonardi.
— Nahotki, siz shunchalik soddasiz? Axir siz hech qanday majburiyatni tan olmaysiz, shuning uchun ham sizga hech kim hech narsaga majbur emas.
— Hozir borib oʻzimni osib qoʻysam nima qilasiz? Xona haqini toʻlashga sariq chaqa ham yoʻq, uy egasi koʻchaga haydab chiqarishi mumkin.
— Tupurdim, menga nima.

U pishqirib qoʻydi.
— Manmanlik bu! Men shunday qilsam, baribir, vijdoningiz qiynaladi.
— Shunday qilib koʻring. Keyin bir gap boʻlar, — javob berdim men.

Koʻzlariga bilinar-bilinmas tabassum yugurib, qolgan aragʻini jimgina ichib qoʻydi.
— Shaxmat oʻynamaymizmi? — taklif qildim unga.
— Mayli.

Shaxmat donalarini terib boʻlganimizda u taxtaga mamnun tikilib qoldi. Askarlaring jangga tayyorligini koʻrish maroqli edi.
— Siz rostdan ham qarzga pul berib turadi, deb oʻyladingizmi?
— Nega bermas ekansiz?
— Siz meni hayron qoldiryapsiz va xafa qilyapsiz!
— Nega?
— Ma’lum boʻlishicha, siz botinan sentimental odam ekansiz. Hissiyotlarimga ta’sir koʻrsatadigan bunday yoʻldan foydalanmasangiz yaxshi boʻlardi.
— Agar shu gaplarga rahmdillik qilsangiz, sizni jinimdan yomon koʻrgan boʻlardim.
— Shunday boʻlgani ma’qul, — kuldim men.

Biz dastlabki yurishlarni qilganimizdan keyin oʻyinga berilib ketdik. Oʻyin tamom boʻlgach, unga aytdim: agar shu qadar nochor ahvolda boʻlsangiz rasmlaringizni menga koʻrsating. Ehtimol, ulardan birortasi ma’qul kelsa sotib olarman.
— Tuyogʻingizni shiqillatib qoling, — gapimni boʻldi u.

U oʻrnidan turib, eshik tomon yura boshladi. Men uni istehzoli kulgi bilan toʻxtatdim.
— Araqning pulini toʻlashni unutdingiz, shekilli!

U meni soʻkdi, jahl bilan stol ustiga tanga pul tashlab chiqib ketdi.

Shundan keyin bir necha kun mobaynida men uni uchratmadim. Lekin kunlarning birida, qahvaxonada gazeta oʻqib oʻtirgan paytimda kirib keldi-da, yonimga oʻtirdi.
— Koʻrib turishimcha, oʻzingizni osmabsiz, shekilli, — kinoya qildim.
— Yoʻq, men buyurtma oldim. Ikki yuz frankka keksa tunukasozning portretini ishlayapman.
— Bu buyurtmani qanday topdingiz?
— Men bulka sotib oladigan bulkapaz ayol tavsiya etibdi unga. Tunukasoz oʻz portretini ishlab beradigan odam qidirib yurganini aytgan ekan. Oʻrtada turgani uchun unga yigirma frank berishga toʻgʻri keldi.
— Tunukasoz qanday koʻrinishdagi odam ekan?
— Portret uchun juda mos ekan. Yuzi qizil, semiz qoʻyning soniday yogʻliq, yiltillaydi, oʻng yuzida kattakon tukli soʻgali ham bor.

Striklendning dimogʻi chogʻ edi, Dirk Struve davramizga kelib qoʻshilganda yana unga yopisha ketdi. Kutilmagan epchillik bilan shoʻri qurgʻur gollandning zaif joylarini topib, oldingiday zaharxanda kinoyalar qilishi bilan emas, boʻralab soʻkib, surobini toʻgʻri qilish. Bu hujum shu qadar kutilmaganda roʻy berdiki, bechora Struve boʻridan qochmoqchi boʻlgan qoʻydek oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmasdi. Vaziyatdan qanday chiqishini bilmagan gollandning koʻzlariga pirovardida yosh keldi. Lekin eng yomon tomoni shunda ediki, bu yoqimsiz manzaraning guvohi boʻlgan har bir odam ham garchi Striklendga nafrat bilan qarasa-da, kulgidan oʻzini toʻxtata olmasdi. Dirk Struve eng nozik tuygʻulari ham beixtiyor kulgi uygʻotadigan baxtsiz odamlar toifasiga kirardi.

Lekin nima boʻlganda ham mening oʻsha qishda Parijda oʻtkazgan kunlarimdan eng yoqimlilari Dirk Struve bilan bogʻliq. Uning kamtarona oilaviy oʻchogʻi kishini oʻziga maftun etardi. Er-xotinning munosabati yurakka xushnudlik baxsh etardi, Dirkning xotiniga nisbatan begʻubor va bolalarcha sevgisi gʻamxoʻrona nazokat bilan yoʻgʻrilgandi. Joʻshqinligining besoʻnaqay samimiyligi beixtiyor muhabbat uygʻotardi. Xotini erining sevgisiga qanday javob berishi lozimligini tushunganim holda ayol ham eriga qizgʻin bogʻlanib qolganini koʻrib xursand boʻlardim. Agar ayolda yumor tuygʻusi boʻlsa, oʻylardim men, erining haddan tashqari unga sajda qilishidan zavqlanib kulgan boʻlardi. Lekin kulgan taqdirda ham bu e’tibordan ta’sirlanmasligi va mamnun boʻlmasligi mumkin emas. Dirk — umr boʻyi faqat xotinini sevadigan toifadan, xotini keksayib, butun tarovatini yoʻqotgan taqdirda ham uning uchun dunyodagi eng yosh va eng goʻzal ayol boʻlib qoladi. Bu er-xotinlarning turmush tarzi bir me’yorda va osoyishta davom etishi bilan ajralib turardi. Ularning uylarida ustaxonadan tashqari yotoqxonayu kichkinagina oshxona bor edi, xolos. Struve xonim barcha uy yumushlarini faqat oʻz qoʻllari bilan bajarar, bozorga borar, pishirib-kuydirar, narsa toʻqir, xullas, xuddi chumolidek kechgacha tinim bilmasdi. Kechqurun yana toʻqishga tushar, ustaxonada oʻtirib olgancha Dirkning royal chalishini eshitardi. U royalni durustgina chalar, lekin chalayotgan musiqasiga hissiyotlarini haddan tashqari koʻp sarflardi. Bu ijroda uning sevgi bilan toʻlib-toshgan ta’sirchan va olijanob qalbi kuylanardi.

Ularning hayoti tinch va osoyishta edi. Dirk Struve bilan bogʻliq gʻalatilik bularning butun hayot tarziga oʻz muhrini bosgandi.

Yigirma toʻrtinchi bob

Rojdestvo bayramiga bir necha kun qolganida Dirk Struve bayramni birgalikda kutib olishga taklif qilib kelibdi. Bayram arafalari unda doimo nozik his-tuygʻular uygʻotar va bunaqa paytlarda doʻstlar davrasida boʻlishni, bayramni butun qonun-qoidalarini oʻrniga qoʻygan holda kutib olishni yoqtirardi. Har ikkalamiz Striklendni koʻrmaganimizga bir oylar boʻlgandi. Men bir necha muddatga Parijni tomosha qilish uchun kelishgan doʻstlarim bilan ovora edim. Struve esa har qachondagidan koʻra qattiqroq xafa boʻlgan va shu boisdan endi hech qachon uning yoniga yaqinlashmaslikka oʻziga oʻzi soʻz bergandi. Striklend — yaramas odam, endi uning qorasi oʻchsin, degandi. Lekin yaqinlashib kelayotgan bayramlar uning qalbini olijanob tuygʻularga gʻarq etdi, Striklend rojdestvoni tanholikda oʻtkazishini eslab yuragi orziqdi. Struveday odam doʻstlar bayram stoli atrofida toʻplanishadigan kunda Striklendning tanholikda, gʻamgin xayollarga gʻarq boʻlgan holda oʻtirishiga chiday olmasdi.

Dirk oʻz ustaxonasiga bayram archasini oʻrnatdi. Men archaning yasatilgan shoxlariga har birimiz uchun uncha munosib boʻlmagan turli sovgʻalarni osib qoʻyganini koʻz oldimga keltirdim. Struve Striklend bilan uchrashishga ich-ichidan qoʻrqib turganini sezdim. Oʻzini shunchalik haqoratlagan odamni osongina kechirib, oldiga bosh egib borish gʻoyatda tahqirli ekanligini bilgani holda meni yarashish sahnasida guvoh boʻlishimni istardi.

Ikkalamiz Klishi koʻchasiga yoʻlga tushdik, lekin Striklend qahvaxonada yoʻq ekan. Koʻchada poylash sovuqlik qilardi. Shu bois sigaralar tutunidan zalning havosi dimiqib va buzilib ketishiga qaramay, charm divanga oʻrnashdik. Striklend koʻrinmasdi, bir ozdan keyin Striklend gohida shaxmat oʻynaydigan fransuz rassomini koʻrib qoldik. Uni yonimizga chaqirdim, rassom bizga kelib qoʻshildi. Struve undan Striklendni qachon koʻrganligini soʻradi.
— Striklend kasal,— javob berdi rassom, — sizlar bilmasmidilaring?
— Jiddiy kasalmi?
— Bilishimcha, judayam jiddiy.

Struvening rangi oqarib ketdi.
— Nega menga bu haqda xabar bermadi? U bilan aytishib qolgan men ahmoqman, oʻzi. Hoziroq uning oldiga borish kerak. Hech kim unga qaramayotgan boʻlsa kerak. U qayerda turadi?
— Xabarim yoʻq, — javob berdi fransuz.

Ma’lum boʻlishicha, hech qaysimiz Striklend turadigan joyni bilmas ekanmiz. Dirkning jahli chiqib ketdi.
— U oʻlib qolishi va buni hech kim sezmasligi mumkin. Dahshat! Buni oʻylashning oʻzi qoʻrqinchli! Biz darhol uni qidirib topmogʻimiz kerak.

Men Struvega Parijday shaharda biror odamni tavakkal qilib qidirish ma’nosiz ekanligini tushuntirmoqchi boʻldim. Avvalo qanday harakat qilish rejasini ishlab chiqmogʻimiz kerak.
— Judayam yaxshi! U esa oʻlim toʻshagida yotgan boʻlishi mumkin, biz qidirib topganimizda esa kech boʻladi.
— Jim tursang-chi, oʻylagani qoʻyasanmi?! — baqirib berdim unga.

Menga faqat bir manzil — “Otel' de bel'j” mehmonxonasi ma’lum edi, lekin Striklend allaqachon u yerdan chiqib ketgan ekan. Shu tufayli u yerdagilar Striklendni eslashmasa kerak. Agar oʻz manzilini atayin yashirib yurishini e’tiborga oladigan boʻlsak, uni qidirib topishga, mehmonxona nazoratchisiga manzilini qoldirganligiga hech qanday ishonch yoʻq edi. Buning ustiga, oradan besh yildan ortiqroq vaqt oʻtgan edi. Lekin u hamon shu qahvaxonaga kelib turar ekan, yaqinroqdagi biror joyda yashab turgani ehtimoldan xoli emasdi.

Shunda toʻsatdan portret chizish uchun buyurtmani Striklend non sotib oladigan shirin kulcha pishiruvchi ayol orqali amalga oshirganini aytgani esimga tushdi. Uning yashaydigan joyini, ehtimol, shu ayol orqali toparmiz. Men ma’lumotnomalar kitobidan novvoyxonalarni qidira boshladim. Yaqin atrofda beshta novvoyxona bor ekan, barchasini aylanib chiqishga toʻgʻri keldi. Struve istar-istamas orqamdan ergashʻdi. Uning oʻz rejasi boʻlib, Klishi koʻchasiga tutashadigan barcha tor koʻchalarni aylanib, odamlardan Striklend shu yerda turish-turmasligini surishtirish edi. Mening soddagina rejam oʻzini oqladi, ikkinchi bulkaxonaga borganimizdayoq peshtaxta ortida turgan ayol Striklendni tanishini bildirdi. U faqat qarshidagi uchta uyning qay birida yashashini aniq bilmasligini aytdi. Lekin bizni zafar quchdi, biz soʻragan birinchi uy nazoratchisi Striklendning xonasi eng yuqori qavatda ekanligini aytdi.
— U, chamasi, kasal, — gap boshladi Dirk.
— Hammasi boʻlishi mumkin, — beparvo javob berdi uy nazoratchisi. — Haqiqatan ham men uni bir necha kundan beri koʻrmayapman.

Struve zinapoyadan mendan oldin zipillab chiqib ketdi. Men nihoyat yuqori qavatga chiqib borganimda u eshikni ochgan kamzulli qandaydir ishchi bilan gaplashib turardi. Ishchi qoʻshnisining eshigini taqillatishlari kerakligini, bu uyning egasi haqiqatan rassomligini, lekin bir haftadan beri koʻrinmayotganini aytdi. Struve eshikni taqillatish uchun endigina qoʻlini uzatayotganda toʻsatdan toʻxtadi-da, gʻamguzor yuzini men tomon oʻgirdi.
— Oʻlib qolgan boʻlsa-chi?
— Striklend oʻlmaydiganlar xilidan.

Men eshikni taqillatdim. Javob boʻlmadi. Men eshik dastasini buradim, eshik qulflanmagan ekan. Biz uyga kirdik, oldinda men, orqada Struve edi. Xona qorongʻi boʻlib, qiya oyna tomli boloxona ekan. Tepadan tushib turgan xira nurgina uyni salgina yoritib turardi.
— Striklend! — deb chaqirdim.

Javob boʻlmadi. Endi bu narsa menga ham gʻalati tuyuldi, orqamda turgan Struve xuddi bezgak tutayotgandek titrardi. Men chiroqni yoqishga jur’at eta olmasdim. Burchakdagi karavot elas-elas koʻzga tashlandi, gʻalati boʻlib ketdim: chiroq yoqilguday boʻlsa, karavotda yotgan jonsiz jasadga koʻzimiz tushib qolsa-ya!
— Gugurtlaring yoʻqmi, tentaklar?

Qorongʻilik ichidan Striklendning qoʻpol ovozini eshitib, titrab ketdim.
— Ey, xudoyim! — qichqirib yubordi Struve. — Men sizni oʻlib qoldi, deb oʻylabman.

Men gugurtni yoqib, sham topish ilinjida u yoq-bu yoqqa razm soldim. Torgina bu xona ham yotoqxona, ham ustaxona vazifasini bajararkan. Unda karavot, ramkaga solingan, rasm chizishga moʻljallangan matolar devor tomonga qaratib qoʻyilgandi, ramka qoʻyiladigan moslama, stol va stul bor edi. Hech qanday gilam ham, kamin oʻchoq ham koʻrinmasdi. Stol ustidagi boʻyoqlar, kurakchalar, axlatga tashlasa boʻladigan turli buyumlar orasida sham qoldigʻi koʻzga tashlandi. Men uni yoqdim. Karavot kalta boʻlgani uchun, Striklend juda gʻalati alfozda, gʻujanak boʻlib, ustiga bor kiyim-kechaklarini tashlagancha yotardi. Birinchi koʻrgandayoq isitmasi balandligini sezish qiyin emasdi. Struve uning yoniga shoshildi, azbaroyi ta’sirlanib ketganidan titroq ovoz bilan mingʻirladi.
— Ey, bechora doʻstim, sizga ne boʻldi? Kasal boʻlib qolganligingizdan mutlaqo bexabar ekanman. Nega menga xabar bermadingiz? Siz uchun har narsaga tayyorligimni bilasiz-ku, axir. Oʻshanda men sizga aytgan gapimni oʻylab oʻtirmang. Men nohaq edim. Sizdan xafa boʻlganligim, tentakligim, xolos...
— Yoʻqollaring, — tahdid qildi Striklend.
— Esingizni yigʻib oling. Sizni oʻrnashtiribroq yotqizib qoʻyishga ijozat eting. Nahotki, bu yerda sizga qarab turadigan biror odam topilmasa?

U sarosima ichida faqirona chordoqqa qaradi. Choyshab va yostigʻini tuzatdi. Striklend ogʻir nafas olar, oʻqrayib qaragancha miq etmasdi. Keyin men tomonga qahrli nigoh tashladi. Men bamaylixotir turardim, oʻz navbatida men ham unga tikildim.
— Agar men uchun biror narsa qilmoqchi boʻlsangizlar, sut olib kelinglar, — dedi nihoyat u. — Ikki kundan beri xonadan tashqariga chiqmayapman.

Karavot yonida boʻsh sut shishasi yotardi, non qoldiqlari gazeta parchasiga oʻralgandi.
— Shu vaqt ichida nima yedingiz? — soʻradim undan.
— Hech narsa.
— Shuncha vaqtdan beri-ya? — qichqirib yubordi Struve. — Nahotki siz ikki kundan beri biror narsa yemay va ichmay yotibsiz? Dahshat-ku!
— Suv ichdim.

Uning koʻzlari karavotdan qoʻl uzatsa yetadigan joydagi kattakon finjonga qadaldi.
— Hozir chopqillab borib ovqat olib kelaman, — dedi pitirlab Struve, — ayting-chi, koʻnglingiz nima tusaydi?

Men gapga aralashib, issiq oʻlchagich, ozroq uzum va non sotib olish kerakligini aytdim. Struve foydasi tegishi mumkinligidan xursand boʻlib zipillab pastga tushib ketdi.
— Shaytonning tentagi, — mingʻirlab qoʻydi Striklend.

Men uning tomir urishini ushlab koʻrdim. Tomirlari bilinar-bilinmas, lekin tez urardi. Savollarimga, javob bermasdi. Savollarni qaytaraverganimdan keyin u jahl bilan devor tomonga oʻgirilib oldi. Oʻn daqiqalardan keyin Struve xalloslagancha yetib keldi. Aytilgan narsalardan tashqari sham, shoʻrva, spirt lampa keltiribdi. Chaqqon uy sohibiday darhol sutni pishirishga kirishdi. Men Striklendning isitmasini oʻlchadim. Termometr uning issigʻi qirqu oʻndan uch darajaligini koʻrsatdi. U jiddiy betob edi.

Yigirma beshinchi bob

Bir ozdan keyin xonadan chiqib ketdik. Dirk uyiga borib ovqatlanishi lozim edi, men esa, doʻxtir olib kelaman, dedim. Lekin chordoqning boʻgʻiq havosidan tashqariga, toza havoga chiqishimiz bilanoq, gollandiyalik oshnam u bilan ustaxonasiga birga borishimni soʻradi. Miyasiga bir fikr kelib qolganligini, uni hozir aytmasligini, ammo men muqarrar ravishda u bilan birga borishim zarurligini bildirdi. Doktor hozirgi pallada biz qilishimiz mumkin boʻlgan ishdan ortiqroq ish qilolmasligiga ishonganimdan uning taklifiga rozi boʻldim. Biz uyga kirib borganimizda Blansh Struve dasturxon tuzatayotgandi. Dirk toʻgʻri xotinining yoniga bordi-da, qoʻlini ushlagancha shunday dedi:
— Jonginam, sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman.

Ayol unga jiddiy va ravshan nigoh bilan boqdi. Bunday nigoh tashlashi ayolga juda yarashar, ehtimol, uning asosiy latofati edi. Struvening badani azbaroyi terlab ketganidan yanada qizargan, dumaloq, hammavaqt jovdirab turadigan koʻzlarida qat’iyat zuhur etar, hozirgi holati har qachongidan ham kulgili edi
— Striklend ogʻir kasal. Ehtimol, kuni bitay deb qolgandir. U iflos boloxonada yasharkan, unga qaraydigan biror odam zoti yoʻq ekan. Uni biznikiga olib kelishga ijozat et.

Ayol epchillik bilan qoʻlini erining qoʻlidan tortib oldi. Men hech qachon uning bunday chaqqon harakatini koʻrmagandim. Oqish yuzlari birdaniga lovullab ketdi.
— Yoʻq, boʻlmaydi!
— Jonginam, iltimosimni qaytarma. Men axir uni yolgʻiz qoldira olmayman. Fikri yodim oʻshanda.
— Marhamat qilib, uyiga borgin-da, qarayver unga, qarshi emasman.

Ayolning ovozi sovuq va takabburona jarangladi.
— Lekin u oʻlib qoladi.
— Oʻlsa oʻlaversin.

Struve xuddi baliqqa oʻxshab ogʻzini kappa-kappa ochdi, yuzlaridagi terni artdi, qoʻllab-quvvatlashimni iltijo qilganday, men tomon yalingannamo qarab qoʻydi. Lekin men nima deyishimni bilmasdim.
— U ulugʻ rassom.
— Ishim nima? Men undan nafratlanaman.
— Azizam, sevgilim, bunday dema. Sendan iltijo qilaman, uni uyga olib kelishga ruxsat ber. Biz uni shu uyga joylashtiramiz, ehtimol, hayotini saqlab qolarmiz. Senga malol keladigan ish boʻlmaydi, hammasini oʻzim qilaman. Ustaxonadan joy qilib beraman unga. Axir uning itday oʻlib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bu insoniylik emas.
— Nega uni kasalxonaga yotqizish mumkin emas?
— Kasalxonaga? U mehr va muhabbat bilan parvarish qilinishi lozim.

Blanshning nihoyatda hayajonlanib ketgani meni hayron qoldirdi. U dasturxon tuzatishda davom etar, ammo qoʻllari qaltirardi.
— Sabr kosamni toʻldirma! Agar sen kasal boʻlguday boʻlsang, Striklendning parvoyiga kelmasding.
— Nega unday deysan? Menga sen qararding. Uning yordami menga kerak boʻlmasdi. Bundan tashqari, u bilan mening oramizda farq katta bor. Uning oldida men kimman?
— Tentak kuchuk bolasiga oʻxshaysan. Yerga yotib olib odamlar ustingga chiqib toptashiga yoʻl qoʻyasan.

Struve kulib yubordi. Xotini gʻazab otiga minganining sababini anglaganday boʻldi.
— Jonginam, rasmlarimni koʻrgani kelganini hecham esingdan chiqara olmaysan-da. Rasmlarim unga yoqmagan boʻlsa, ota goʻri qozixona boʻptimi? Unga rasmlarimni koʻrsatib oʻtirgan men oʻzim tentakman. Bundan tashqari, haqiqatan ham ular unchalik yaxshi asarlar emas.

U ma’yus nigoh bilan ustaxonaga koʻz tashladi. Moslamadagi hali tugallanmagan rasmda kulib turgan ital'yan dehqoni tasvirlangan boʻlib, bir bosh uzumni qora koʻzli qizning boshi uzra tutib turardi.
— Rasmlaring yoqmagan taqdirda ham odob yuzasidan indamasligi lozim edi. Nega u seni haqorat qildi? Nafratini ifodalamoqchi boʻldimi? Sen esa uning qoʻllarini oʻpishga tayyorsan. Men undan nafratlanaman!
— Tentakkinam, axir u daho-ya. Oʻzimni genial rassom deb hisoblashimni istaysan, shekilli. Albatta, shunday boʻlishini istardim. Lekin men unda daholik alomatlarini aniq koʻrib turibman, shu tufayli ham butun borligʻim bilan uning oldida sajda qilaman. Dunyoda bundan ham gʻaroyibroq narsa bormi... Lekin bunday fazilat egalarining qismati ogʻir boʻladi. Daho odamlarga sabr-bardosh va ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlmoq kerak.

Oilaviy mojarolar mening oldimda boʻlayotganidan xijolat chekib, Struve nega meni bu yerga zoʻrlab olib kelganiga tushunmay, chekkaroqda turardim. Xotinining koʻzlari jiqqa yosh edi.
— Gapimni tushun, u faqat daho rassom boʻlgani uchungina emas, kasal va qashshoq odam boʻlgani uchun ham uyimizga qabul qilishingni iltijo qilayapman!
— Men uni hech qachon uyimga qoʻymayman! Hech qachon!

Struve men tomonga oʻgirildi.
— Gap hayot va oʻlim masalasi ustida ketayotganini sen tushuntir unga. Axir uni la’nati katalakda qoldirib boʻlmaydi-ku.
— Tabiiyki, xasta odamga bu yerda qarab turilsa yomon boʻlmasdi, — dedim, — lekin masalaga boshqa tomondan yondoshilsa, u kelsa juda siqilib qolasizlar. Uni kunduzlari ham, kechalari ham tanho qoldirib boʻlmaydi.
— Sevgilim, sen axir kasal odamga gʻamxoʻrlik qilishdan qoʻrqib, qarshilik qilishing mumkin emas.
— Agar u bu yerga kelsa, men uydan chiqib ketaman! — oʻzini yoʻqotar darajada qichqirdi Struve xonim.
— Seni tanimay qoldim. Hamisha rahmdil va oqkoʻngil eding-ku.
— Xudo haqi, meni tinch qoʻy. Bu ahvolda jinni qilib qoʻyasan meni.

Nihoyat, ayolning koʻzlariga shashqator yosh keldi. Kursiga oʻzini tashlab, qoʻllari bilan yuzini berkitdi. Yelkalari bezgak tutayotgandek titrardi. Dirk shu lahzadayoq uning oyoqlari ostiga choʻkkaladi. U xotinini quchoqlab olganicha, qoʻllarini oʻpar, erkalatuvchi soʻzlar aytib ovutar, ayolning yuzlaridan esa yosh oqardi. Ayol erining quchogʻidan chiqib koʻzlarini artdi.
— Qoʻyib yubor meni, — dedi Struve xonim sal yumshab va kulishga harakat qilib, menga murojaat etdi: — Endi men haqimda qanday xayollarga borasiz?

Struve nimadir demoqchi boʻldi, lekin jur’at etolmadi, hamon xotini hayronu hars boʻlib qarab turardi. Uning peshonasi tirishdi, qip-qizil lablari qimirladi. U negadir qoʻrqib ketgan dengiz choʻchqasiga oʻxshardi.
— Demak, baribir “yoʻq” deysanmi, jonginam?

Ayol endi oʻziga kelgandi, faqat qoʻlini horgʻin silkitdi.
— Ustaxonang bor. U yerdagi barcha narsalar seniki. Agar uni bu yerga olib kelishni xohlasang, men qanday qarshilik koʻrsata olardim?

Dirkning dumaloq yuzida kutilmaganda paydo boʻlgan tabassum chehrasini yoritib yuborganday boʻldi.
— Rozimisan? Men buni bilardim! Jonginam!

Ayol oʻzini qoʻlga olib, eriga gʻamgin nigoh tashladi. Keyin bamisoli yuragini tinchlantirmoqchi boʻlganday, ikkala qoʻlini yuragining ustiga qoʻydi.
— O, Dirk, butun hayotim mobaynida hech qachon sendan hech narsani iltimos qilmaganman.
— Sen uchun hamma narsaga tayyorligimni bilasan-ku, axir.
— Iltijo qilaman, Striklendni bu yerga olib kelma. Kimni xohlasang olib kelaver, faqat uni emas. Oʻgʻri, ichkilikboz, koʻchadagi birinchi uchragan daydi boʻlsa ham mayli. Unga mamnuniyat bilan qarashga va’da beraman. Faqat Striklendni emas. Oʻlboraman sendan, Dirk.
— Nega?
— Men undan qoʻrqaman. U bizga dahshatli darajada tashvish va qaygʻu keltiradi. Men buni bilaman. Shundoqqina sezib turibman. Agar uni keltirsang, bu ish xayrlik tugamaydi.
— Telba-teskari gaplarni gapiryapsan!
— Yoʻq, yoʻq! Nima deyayotganimni bilib turibman. Qandaydir dahshatli narsa roʻy beradi.
— Unga yaxshilik qilganligimiz, muruvvat koʻrsatganimiz uchunmi?

Ayol notekis nafas olar, yuzini qoʻquv ifodasi qoplagandi. Uning xayolida qanday fikrlar gʻujgʻon oʻynayotganini bilmasdim-u, lekin qandaydir majhul qoʻrquv oʻzini yoʻqotish darajasida junbushga keltirgandi. Odatda, ayol vazminlik va bosiqlik bilan oʻzini tutardi, lekin hozirgi holati aql bovar qilmaydigan darajada edi. Struve birmuncha muddat hayratdan lol boʻlib unga tikilib turardi.
— Sen xotinimsan, olamdagi barcha narsadan men uchun azizroqsan. Sening ijozatingsiz biror odam ostona hatlab bu uyga kira olmaydi.

Struve xonim bir daqiqa koʻzlarini yumdi. Nazarimda, u oʻzidan ketib qolayotgandek tuyuldi. Men uning asablari kasal ekanligini bilmasdim, gʻazabim qoʻzgʻadi. Keyin yana Struvening sukunatni buzuvchi ovozi eshitildi:
— Axir senga yordam qoʻlini choʻzishganda qanday yomon holatda eding? Bunday vaqtdagi yordam nima ekanligini oʻzing yaxshi bilasan-ku. Imkoniyat topganingda boshqa odamni falokatdan qutqarib qolishni xohlamaysanmi?

Bular juda odmi soʻzlar edi, lekin mening quloqlarimga nasihatomuz soʻzlarday eshitildi, shu tufayli boʻlsa kerak, oʻzimni kulgidan arang tutib turardim. Er-xotinning harakati meni hayron qoldirardi. Blansh Struve bir seskanib ketdi, anchagacha eriga tik qarab qoldi. Er yerga oʻtirdi, chamasi, u oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi. Asta-sekin ayolning yuzlari qizardi, lekin shu ondayoq tanasidagi butun qon tomirlarida qotib qolganday yuziyu qoʻllarigacha oqarib ketdi. U bezgak tutayotganday titrardi. Ustaxonaga chuqur sukunat choʻkdi. Men oʻzimni tamomila yoʻqotib qoʻydim.
— Striklendni olib kelaqol, Dirk. Men uning uchun qoʻlimdan kelgan hamma ishni qilaman.
— Jonginam, — kulib xotiniga qoʻllarini uzatdi, lekin u oʻzini chetroqqa oldi.
— Men odamlardagi muloyimlikni yoqtirmayman, Dirk. Bu ahmoqlik.

Ayol yana avvalgi holatiga qaytdi. Hech kim bir daqiqa oldin u oʻzini bilmaydigan darajada jazavada boʻlganligini hozir ayta olmasdi.

Yigirma oltinchi bob

Ertasiga Striklendni olib keldik. Bu ishga koʻndirish uchun anchagina qat’iyat va sabr-toqat koʻrsatishga toʻgʻri keldi. Lekin u haqiqatan anchagina ogʻir xasta edi, shu tufayli, Struvening iltijolariyu mening qat’iyatimga dosh bera olmadi. Biz uni kiyintirgunimizcha, mingʻillab soʻkinib turdi. Zinadan olib tushdik-da, izvoshga oʻtqazib, Struvening ustaxonasiga olib keldik. Striklend bunday harakatlardan obdon tinkasi quridi, koʻrpa-toʻshak qilib yotqizib qoʻyishimizga ham qarshilik koʻrsata olmadi. Bir yarim oygacha mazasi boʻlmadi. Shunday kunlar ham boʻldiki, nazarimizda, bir necha soatlik umri qolgandek tuyulardi. Bunday ogʻir holatdan faqat Struvening favqulodda qat’iyligi tufayligina omon qolganiga ishonaman.

Men umrim bino boʻlib bunday bemorni koʻrmaganman. U qaysar va yoʻq narsalarni talab etaveradigan bemor emasdi, aksincha, hech qachon hech narsadan shikoyat qilmas, hech narsa soʻramas, qariyb hech narsa demasdi. Bizning gʻamxoʻrligimiz uning gʻazabini keltirayotganday edi. Oʻzini qanday his etayotgani, biror narsa kerak, kerakmasligini soʻraganimizda esa masxaralash bilan javob qaytarar yoxud soʻkinardi. Men endi uni butunlay yomon koʻrib qolgandim, kasallik xavf-xataridan qutulishi bilanoq, bu toʻgʻrisida unga toʻgʻridan-toʻgʻri aytdim.
— Tuyoqlaringni shiqillatlaring, — uning javobi shunday boʻldi. — Ha, shunaqa.

Dirk Struve ishlarini butunlay yigʻishtirib qoʻydi, xuddi sodiq enagaday uning atrofida kuymalandi. U hayron qoladigan darajadagi chaqqonlik bilan bemorning oʻrnini tuzatar, ilgarilari men unda sezmagan ayyorlik bilan dorilarni ichishga majbur etardi. Har qanday mehnatu tashvishlar uni bu yoʻldan qaytara olmasdi. Garchi uning topgani er-xotinning yashashiga ortiqcha sarf-xarajatlarga yoʻl qoʻymagan holda uchma-uch yetib turgan boʻlsa-da, endilikda u Striklendning qaysar ishtahasini ochish uchun turli-tuman tansiq taomlarga ayamay pul xarj qilardi. Xasta rassomga iloji boricha koʻproq ovqat yeyishi uchun sabr-toqat bilan yalinib-yaltoqlanishini hech qachon unutmayman. Bunday munosabatga javoban aytilayotgan qoʻpol gaplar, haqoratlar hech qachon Dirkni muvozanatdan chiqara olmasdi. Bu gaplarni u eshitmaganga olardi, judayam ogʻir botgan kezlarida esa kulib qoʻyaqolardi. Striklend tuzala boshlaganda esa yaxshi kayfiyatining ifodasi sifatida Struveni masxaralashni boshlardi. Bunday paytlarda uni xursand qilish uchun Struve atayin maynavozchilik qilar, mana nihoyat tuzalayapti, deganday, menga mamnuniyat bilan zimdan qarab qoʻyardi. Struve haqiqatan ajoyib edi.

Lekin Blansh undan ham koʻproq hayron qoldirardi. U kasal boqishga qobiliyatligina emas, nihoyatda vafodor va gʻamxoʻr ham chiqib qoldi. Uning bu holatini koʻrib xasta Striklendni erining ustaxonasiga joylashtirishga avvaliga sira rozi boʻlmaganiga ishonish qiyin edi. U Dirk bilan barobar kasalga qarashish istagini bildirdi. U xastaning oʻrin-koʻrpasini shu qadar uddaburronlik bilan joylashtirdiki, hatto choyshabni almashtirganda ham Striklend unchalik bezovta boʻlmasdi. Bemorni yuvib-tarardi. Epchilligiga qoyil qolayotganimni izhor qilganimda, muloyim, yoqimtoy kulib qoʻyar, bir vaqtlar kasalxonada ishlaganini eslatardi. Striklendga boʻlgan qahru gʻazabini na biror soʻzida, na biror harakatida sezdirardi. Ayol bemor bilan kam gaplashar, lekin nima istayotganini darhol fahmlar va bajo keltirardi. Ikki hafta mobaynida esa hatto kechalari bemorni yolgʻiz qoldirish mumkin emasdi. Ayol bemor yonida eri bilan birga galma-gal navbatchilik qilishdi. Qorongʻi xonada bemor yonida soatlab oʻtirganda, ayol nimalarni oʻyladiykin? Striklendga qiyo boqishning oʻzi dahshatli edi: u qizargan koʻzlari bilan boʻshliqqa tikilib yotardi. Ilgarilarga qaraganda ham oriqlab ketgan, sargʻimtir soqollari rosa oʻsgan, koʻzlari avvalgidan koʻra kattaroq koʻrinardi.
— Kechasilari u siz bilan biror marotaba boʻlsin gaplashdimi?
— Yoʻq.
— Siz hamon uni yoqtirmaysizmi?
— Har qachondagidan koʻproq yoqtirmayman.

U menga katta-katta koʻzlari bilan tikildi. Chehrasi gʻoyat sokin edi. Shunday ayol ba’zi paytlarda gʻazabdan junbushga kelishiga odamning ishongisi kelmasdi. Bunga oʻzim guvoh boʻlgandim.
— Unga qilgan yaxshiliklaringiz uchun biror marotaba boʻlsin sizga tashakkur bildirdimi?
— Yoʻq, — tabassum qildi u.
— Dahshatli odam!
— Jirkanch va yaramas.

Struvening ogʻzi qulogʻida edi, xotini bunday tashvishni chin koʻngildan oʻz boʻyniga olayotganiga qanday qilib minnatdorchilik bildirishni ham bilmasdi. Uni faqat Striklend va Blansh oʻzaro qanday munosabatda boʻlishayotgani bir oz tashvishga solardi.
— Bilasanmi, ular soatlab bir-birlariga bir soʻz aytmay oʻtiraverisharkan.

Striklend ancha tuzalib, oʻrnidan turishiga biror kun qolganda, hammamiz ustaxonada oʻtirgandik. Dirk menga nimanidir gapirib berayotgandi, Struve xonim esa nimadir tikardi. Mening nazarimda, bu Striklendning koʻylagiga oʻxshardi. Shunda men tasodifan Striklendning koʻzlari istehzoli va qiziqish bilan Blansh Struvega tikilib turganini sezib qoldim. Uning tikilib turganini his etgan ayol ham boshini koʻtarib unga qaradi, bir necha soniya mobaynida ular bir-birlariga tikilib qolishdi. Ayolning nigohi qanday ma’no anglatishini men unchalik tushuna olmadim. Bu nigohda oʻzini qandaydir gʻalati, xijolat zuhr etganday edi. Shu lahzada Striklend koʻzlarini undan olib qochib yana tepaga, shiftga tikilishda davom etdi. Ayol esa ma’nosini anglash qiyin boʻlgan nigoh bilan unga tikilishda davom etdi.

Oradan bir necha kun oʻtgach, Striklend xona boʻylab yura boshladi. Uning terisi bilan suyagi qolgandi, xolos. Kiyimlari xuddi ilgakka osilganday shalvirab turardi. Pahmoq sargʻish soqoli, oʻsib ketgan sochlari, ozib ketgan boʻlishiga qaramay, kattakon kallasi gʻalati koʻrinardi, lekin negadir ilgarigi kishi jirkanadigan qiyofasidan farq qilardi. Bu odamdagi gʻalati kelishmaganlikka qaramay, qandaydir ulugʻvorlik koʻrinardi. U menda uygʻotgan taassurotni aniq tasvirlay olmayman. Lekin nima boʻlganda ham uning yuzidagi ifoda oʻta ta’sirchan edi. Xuddi vujudiga yunonlarning yarim odam, yarim hayvon shaklidagi qora kuchlari joylab qoʻyilganday, Striklenddan ibtidoiy jamiyatning hidi anqib turardi. Xayolimga ashula aytishda Apollon bilan bahslashmoqchi boʻlib jazosini olgan Marsiy keldi. Striklend oʻz qalbida gʻaroyib boʻyoqlar uygʻunligi, misli koʻrilmagan obrazlarni saqlab yurganday tuyulardi. Mening nazarimda, uning hayoti azob-uqubat va xorlik-zorlikda tugaydiganday tuyulardi. “Uning yuragiga shayton oʻrnashib olgan, lekin bu yomonlik shaytoni emas, balki yaxshilik va yomonlikning paydo boʻlishidan avvalgi kuchdir, deb oʻyladim.”

Striklend hali judayam holsiz edi, rasm chiza oladigan kuchi yoʻq edi. Shu tufayli u ustaxonada qandaydir xayollarga borgancha jim oʻtirar yoxud kitob oʻqirdi. Hech kutilmagan, xayolga kelmagan kitoblarni koʻrardim unda. Mallarme she’rlarini xuddi yosh bolalardek lablarini ovozsiz qimirlatib oʻqirdi. Shoir she’rlari unda qanday tuygʻular uygʻotayotganini bila olmasdim. Boshqa safar esa Gaborioning sarguzasht romanini berilib oʻqiyotgani ustidan chiqdim. Kitob tanlashda favqulodda shaxsining oʻzaro qarama-qarshi xususiyatlari katta oʻrin tutishi ham meni qiziqtirardi. Xasta boʻlishiga qaramay, oʻziga zarracha erk bermasligi qiziq edi. Struve qulay sharoitni yaxshi koʻrardi. Ustaxonasida ikkita chuqur oromkursi va katta divan bor edi. Striklend biror marotaba boʻlsin, ularga yaqinlashmagandi. Buni u shunchaki matonatini koʻz-koʻz qilish uchun emas, balki qulay sharoitga oʻrganmaganligidan shunday qilar, uch oyoqlik stulda oʻtirardi. Buni u oromkursidan afzalroq bilardi. Bu narsa mening jigʻimga tegardi. Men hech qachon atrofdagi sharoitga bu qadar beparvo boshqa odamni koʻrmaganman.

Yigirma yettinchi bob

Oradan ikki yoki uch hafta oʻtdi. Kunlardan bir kun ertalab, ishlarim uncha yurishmayroq turganligi tufayli, dam olish maqsadida, Luvrga yoʻl oldim. Zallarni kezarkanman, oʻzimga yaxshi tanish rasmlarni yana bir marotaba tomosha qildim, ular menda uygʻotgan tuygʻular bilan xayolotimni boyitishga harakat qildim. Zaldan zalga oʻtiladigan joylarning birida toʻsatdan Struveni uchratib qoldim. Men kulib yubordim, zero uning yumaloqqina gavdasi albatta, odamning kulgisini qistatardi. Lekin unga yaqinroq kelib, yuziga razm solganimda odatdagidan boshqacharoq, xafaqonroq ekanligini fahmladim. Boshi egilgan, nimadandir mahzun alpozda edi. U hozirgi ahvolda ham kulgili tuyulardi, kutilmaganda, suvga yiqilib tushib, hozirgina oʻlimdan qutqarib qolingan odamga oʻxshardi. Hozirgi holatini qoʻrquvdan haligacha oʻziga kelmagan, lekin oʻzining ahmoqona koʻrinishini tushunib turgan odamga mengzasa boʻlardi. Koʻzoynagi orqasidagi dumaloq koʻm-koʻk koʻzlari xavotir bilan yiltillab turardi.
— Struve, — chaqirdim men uni.

U avvaliga seskanib tushdi, keyin kulib qoʻydi, lekin bu qandaydir gʻamgin va tashvishli kulgu edi.
— Bunday bekorchilikni ixtiyor qilib qolibsiz? — deb shodon soʻradim undan.
— Anchadan beri Luvrda boʻlmagandim. Biror yangi asar paydo boʻlib qolmadimikin deb tomosha qilmoqchi edim.
— Lekin sen chizayotgan rasmingni shu haftada tugatmoqchiligingni aytganding-ku?
— Striklend mening ustaxonamda ishlayapti.
— Ishlasa nima boʻlibdi?
— Ustaxonamda ishlashni unga oʻzim taklif qildim. Men ikkalamiz birgalikda ishlayveramiz, deb oʻylagandim. Lotin mavzeida yashaydigan rassomlarning koʻpchiligi shunday ishlashadi. Bunda ish yaxshi yurishadiganday tuyulardi menga. Men doimo ishdan toliqqan paytlaringda sheriging bilan bir-ikki ogʻiz gaplashib olsang, yaxshi boʻladi, deb oʻylardim.

U sekin, tutilib-tutilib, samimiy, ammo tentaknamoroq koʻzlari bilan menga qaragancha gapirardi. Bu koʻzlar jiqqa yosh edi.
— Men sening gaplaringni tushunmayapman.
— Striklend ustaxonada yana biror odam boʻlsa ishlay olmas ekan.
— Bunisi bilan sening necha pullik ishing bor? Axir ustaxona seniki-ku!

Struve menga shikoyatomuz tikilib qoldi. Uning lablari titrardi.
— Nima gap oʻzi, tushuntir, — talab qildim undan.

U qizarib ketdi-yu, indamadi. Keyin aftodahol bir alpozda qandaydir rasmga tikilib qoldi.
— U mening rasm chizishimga ruxsat bermadi. Bu uydan chiqib ketishim kerakligini aytdi.
— Nega sen oʻzing unga istagan tomoningga tuyogʻingni shiqillat, demading?
— U meni uydan haydab chiqardi. U bilan urishib oʻtirarmidim? Orqamdan shlyapamni uloqtirib, eshikni berkitib oldi.

Men shu daqiqada Striklendni oʻldirib tashlashga tayyor edim. Lekin bechora Struvening hozirgi holatidan kulib yuborishdan oʻzimni arang ushlab turganligim bois, oʻzimdan ham xafa edim.
— Bu ishga xotining qanday munosabatda boʻldi?
— U yoʻq edi, doʻkonga xarid qilishga chiqib ketgandi.
— U xotiningni uyga qoʻyadimi?
— Bilmadim.

Men hayronlikdan dong qotib, Dirkka qarab turardim. U muallimi oldida ayb ish qilib qoʻygan oʻquvchiga oʻxshardi.
— Hoziroq borib Striklendni uydan haydab chiqarishimni xohlaysanmi?

U bir seskanib tushdi. Yiltillab turgan qizgʻish yuzlari yana ham qizarib ketdi.
— Yoʻq. Sen, yaxshisi, aralashmay qoʻyaqol.

Struve bosh qimirlatib, mendan uzoqlashdi. U negadir bu voqeani muhokama qilib oʻtirishni istamasdi. Nega shundayligini esa men tushuna olmadim.

Yigirma sakkizinchi bob

Bir haftadan keyin hammasi ravshan boʻldi. Restoranda apil-tapil ovqatlandim-da, kichkinagina mehmonxonamda oʻtirgancha kitob oʻqishga tutindim. Kechki soat oʻnlarda qoʻngʻiroqning doʻrillagan ovozi eshitildi.

Men eshikni ochdim. Qarshimda Struve turardi.
— Kirsam boʻladimi?

Nimqorongʻi zinapoyada men unga yaxshi razm sololmadim, lekin ovozi juda gʻalati chiqdi. Men uning ichkilik ichmasligini bilmaganimda hozir uni mast boʻlsa kerak, deb oʻylagan boʻlardim. Uni mehmonxonaga boshlab kirib oromkursiga oʻtkazdim.
— Xudoga shukur, seni topdim! — xitob qildi u.
— Nima gap oʻzi? — soʻradim uning bunday hayajonlanayotganidan hayron boʻlib.

Endigina unga razm soldim. Doim bashang kiyinadigan Dirk juda aftodahol koʻrinardi. U koʻproq ichib qoʻygan, degan qarorga kelib, endi uni masxara qilay deb turganimda, gap qotdi:
— Oʻzimni qayoqqa qoʻyishni bilmay, uyingga qidirib kelgandim. Yoʻq ekansan.
— Bugun kechroq ovqatlandim. Dirkning bunday holatiga ichimlik sabab emasligini tushundim. Odatda, qip-qizil yuzlarida hozir qizil dogʻlar paydo boʻlgandi. Qoʻllari titrardi.
— Senga nima boʻldi? — soʻradim undan.
— Xotinim tashlab ketdi.

U bu soʻzlarni arang aytdi, nafasi tiqildi, dumaloq yuzlaridan yosh oqdi. Men nima deb taskin berishni bilmasdim. Xayolimga dastlab xotini Striklendning oʻzini ahmoqona tutishiga dosh berolmay, Dirkdan uni uydan haydab chiqarishni talab qilgan, degan fikr keldi. Bu ayol tashqi koʻrinishidan xotirjam koʻrinsa-da, aslida qanchalik gʻazabnok boʻlishini men bilardim. Agar Struve uning talabini rad etgan boʻlsa, bu dargohga butunlay qaytib kelmaslikka ont ichib, uydan oʻzi chiqib ketgan boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Bechora, shunday bir bechorahol ahvolda ediki, bu safar men uning ustidan kula olmadim ham.
— Oʻzingni qoʻlga ol, bunchalik kuyaverma, doʻstginam. U qaytib keladi. Ayol¬larning jahl ustida aytgan soʻzlarini jiddiy qabul qilaverish yaxshi emas, axir.
— Sen tushunmayapsan... U Striklendni sevib qolibdi.
— Nima-a?! — Men lol boʻlib qoldim. Lekin gapining ma’nosini anglashim bilanoq, bularning barchasi yolgʻon, degan qarorga keldim. — Qayoqdagi yolgʻon gaplarni gapiryapsan oʻzing. Kelib-kelib uni Striklenddan rashk qilayapsanmi? — Men kulib yuborishdan oʻzimni arang tiyib turardim. — Xotining uni yomon koʻrishini mendan koʻra yaxshiroq bilasan-ku.
— Sen hech narsani tushunmaysan, — nola qilardi u.
— Sen qip-qizil eshshaksan, — chidab turolmay baqirdim. — Qani yur-chi, senga araq quyib beray, koʻngling salgina boʻlsa-da, taskin topadi.

Inson bolasi oʻzini oʻzi azoblashning ustasi. Dirkning kallasiga xotinim Striklendni yoqtirib qolgan degan fikr kelganda, bu fikrini odatdagiday qoʻpol tarzda uning yuziga solib, xotinini haqoratlagan. Xotini esa erining bu gapidan toʻnini teskari kiyib olgan-da, alam ichida goʻyo uning shubhalari asosliday tutgan oʻzini.
— Gap bunday, — dedim unga, — hozir uyingga boramiz. Hamonki, shunday ekan, oʻzing pishirgan ovqatni oʻzing yeysan. Xotining, bilishimcha, kekchi ayol emas.
— Axir men qanday qilib uning oldiga boraman? — horgʻin gapirdi Dirk. — Axir ular oʻsha yerda. Men ustaxonani ularga tashlab chiqdim.
— Demak, xotining seni tashlab ketmagan, sen uni tashlab ketgansan.
— Xudo haqqi, bunday dema!

Men hamon uning soʻzlarini jiddiy qabul qilolmayotgan edim. Biror daqiqa boʻlsin, bu gaplarning toʻgʻriligiga ishonmayotgandim. Lekin Dirk gʻam-alamdan oʻzini yoʻqotib qoʻygandi.
— Axir sen mening oldimga yuragingni yorgani kelgansan-ku. Roʻy bergan voqeani bir chekkadan gapirib bersang-chi.
— Bugun men bundan bu yogʻiga chiday olmasligimni his etdim. Striklendga sen endi tuzalding, uyingga joʻnab ketishing mumkin, ustaxona oʻzimga kerak, deb aytdim.
— Yer yuzidagi biror boshqa odamga bunday gapni aytib oʻtirishning hojati yoʻq edi, — dedim men. — Xoʻsh, u nima dedi?
— U kuldi. Axir sen uning kulishini bilasan-ku. U kulganda har qanday odam ham oʻzini ahmoq boʻlganday his etadi. U darhol chiqib ketishini aytdi. U buyumlarini yigʻishtirishga tushdi — esingdami, uning uyidan zarur boʻlib qolishi ehtimol boʻlgan narsalarni olib kelgandik. Keyin Blanshdan qogʻoz va arqon soʻradi.

Struvening tili gapga kelmay qoldi, u toʻxtab-toʻxtab nafas olar, bamisoli oʻzidan ketib qoladigan ahvolda edi. E’tirof etishim kerakki, men undan hozir aytayotgan soʻzlarini kutmagandim.
— Boʻzarib ketgan Blansh u soʻragan narsalarini muhayyo qildi. Lekin Striklend hech narsa demadi. Bizga zarracha e’tibor ham bermadi. Koʻzlari esa kulimsirab turardi. Oʻsha damlarda yuragim qanchalik orqaga tortib ketganini tasavvur ham qila olmaysan. Nazarimda, hozir biror dahshatli hodisa roʻy beradiganday edi. U bilan shunday gaplashganimga pushaymon qila boshladim. U atrofga alanglab, shlyapasini qidira boshladi. Xuddi shu daqiqada xotinim menga: “Dirk, men Striklend bilan birga ketaman. Bundan bu yogʻiga sen bilan yashay olmayman”, — dedi. Men unga bir narsalar demoqchi boʻlardim-u, tilim soʻzga kelmasdi. Striklend jim turardi, ohista hushtak chalar, goʻyo bu gaplarning unga hech qanday aloqasi yoʻqday tutardi oʻzini.

Struve yana gapira olmay qoldi, yuzidagi terni artdi. Men miq eta olmasdim. Endi uning gaplariga ishonayotgan edim-u, azbaroyi lol qolganimdan hamon hech narsaga tushuna olmayotgandim.

Keyin u ovozi boʻlinib-boʻlinib yuzlaridan yosh oqqancha, xotinini quchoqlamoqchi boʻlganini, xotini esa yaqinlashmaslik va qoʻl tekkizmaslikni talab qilib oʻzini orqaga tashlaganini gapirib berdi. U ketmagin deb xotiniga yolvoribdi. Juda yaxshi koʻrishini yana bir bora eslatibdi, baxtli kunlarini, mehr va muhabbat bilan oʻtgan damlarini yodga olibdi. Hozir ham undan xafa emasligini, bu narsani hech qachon yodiga solmasligini bildiribdi.
— Dirk, marhamat qilib, bu uydan bamaylixotir chiqib ketishimga imkon ber, — debdi xotini nihoyat. — Axir sen Striklendni yaxshi koʻrib qolganimni tushunmayapsanmi? Men u bilan dunyoning narigi chekkasiga ham ketaveraman.
— Axir sen u bilan hech qachon baxtli boʻla olmaysan. Oʻzingni oʻylasang-chi. Seni nimalar kutayotganini bilmaysan-ku.
— Bu sening aybing. Uni bu yerga keltirishga oʻzing majbur qilganding.

Shunda u Striklendga yopishibdi.
— Unga rahmingiz kelsin, — deb yolvoribdi. — Bunchalik telbalik qilishiga yoʻl qoʻymang.
— U istagan ishini qilishida tomomila erkindir, — javob beribdi Striklend. — Men bilan ketishga majbur qilayotganim yoʻq.
— Men oʻz yoʻlimni aniq belgilab oldim, — boʻgʻiq ovoz bilan gapirdi Blansh.

Striklendning odamni xit qilib yuboradigan vazminligi Dirkning sabr-bardoshini izdan chiqarib yubordi. U jazava ustida nima qilayotganini oʻzi ham anglamagan holda Striklendga tashlandi. Bunday boʻlishini kutmagan Striklend gandiraklab ketdi, lekin u kasaldan keyin ham juda kuchli edi. Dirk koʻz ochib-yumguncha yerga agʻanab tushganini oʻzi ham tushunmay qoldi.
— Juda qiziq ekansan-ku, odamcha, — dedi Striklend.

Struve oʻrnidan turdi. Boʻlayotgan voqealarni vazminlik bilan kuzatib turgan xotini oldida Struve yana bir marotaba izza boʻldi, yanada kulgiliroq koʻrinib ketdi. Haligi kurash vaqtida koʻzoynagi uchib ketganligi tufayli, aftodahol bir alpozda atrofga alanglardi. Xotini koʻzoynakni yerdan olib, indamay unga uzatdi. Shunda oʻz baxtsizligining butun koʻlami, kulgili va nochorligini yurakdan his etdimi, oʻkirib yigʻlab yubordi. U qoʻllari bilan yuzlarini berkitib oldi. Ularning ikkalasi esa joylaridan qimirlamay unga tikilib turishardi.
— Sevgilim, — deb nola qildi nihoyat, — sen shunchalik berahmmisan?
— Men oʻzimni idora qilolmay qoldim, Dirk, — javob berdi u.
— Men seni erkak zoti biror ayolni sevishi mumkin boʻlgan darajadan koʻproq sevdim, senga sajda qildim. Agar men sening oldingda biror gunoh ish qilib qoʻygan boʻlsam, nega aytmaysan, men oʻz gunohimni yuvgan boʻlardim. Men sen uchun qoʻlimdan nima kelsa, hammasini qildim.

Ayol javob bermasdi, yuzi toshday qotgandi. Oʻzining yolborishlari xotinining joniga tegayotganini koʻrib turardi. Xotini pal'tosi va shlyapasini kiyib, eshik tomon yoʻl oldi. Dirk yana biror daqiqadan keyin xotini uydan chiqib ketishini angladi. U xotini tomon tashlandi, qoʻllarini ushlab olgancha, tizzasi oldida choʻk tushdi: qadr-qiymat tuygʻusi uni tamomila tark etgandi.
— Jonginam, ketma! Men sensiz yashay olmayman! Oʻzimni oʻldiraman. Agar biror ayb ish qilib qoʻygan boʻlsam, oʻtinaman, kechiraqol! Aybimni yuvishga imkon ber. Sen baxtli boʻlishing uchun hamma ishni qilaman.
— Oʻrningdan tur, Dirk! Oʻzingni masxaraboz qilib koʻrsatma.

U gandiraklagancha oʻrnidan turdi, lekin xotinini qoʻyib yuborgisi kelmasdi.
— Qayoqqa ketasan? — entikib gapirardi u. — Striklend qanday yashashini tasavvur ham qila olmaysan. Sen u yerda yashay olmaysan. Bu dahshat.
— Menga qayerda yashash baribir. Senga buning nima daxli bor?
— Bir daqiqa toʻxtab tur. Men gapimni aytib olishim kerak... Sen menga bir narsani taqiqlay olmaysan...
— Nimani? Men bir qarorga keldim. Nima deyishingdan qat’i nazar, fikrim oʻzgarmaydi. Qarorim qat’iy.

Struve hiqillardi, xuddi ogʻriqni toʻxtatmoqchi boʻlganday qoʻllari bilan yuragini changalladi.
— Men qaroringni oʻzgartirishingni iltimos qilayotganim yoʻq, faqat gapimga quloq sol. Bu mening oxirgi iltimosim. Yoʻq, dema.

Ayol toʻxtab, oʻychan, endilikda tamomila begona va sovuq nigohi bilan unga tikildi, eshikdan nariroq borib javon oldida turdi.
— Gapingni eshitaman.

Struve arang oʻzini qoʻlga oldi.
— Sal boʻlsa ham esingni yigʻ. Sen faqat havo bilan yashay olmaysan-ku, axir. Striklendning sariq chaqasi ham yoʻq.
— Buni bilaman.
— Dahshatli kunlarni boshingdan kechirasan. Nima uchun ancha vaqtgacha tuzala olmaganini bilasanmi oʻzing? U ancha vaqtdan beri och edi.
— Men ishlab topaman uning uchun.
— Qanday qilib?
— Bilmadim. Biror narsa oʻylab toparman.

Struvening xayoliga dahshatli fikr kelib, seskanib tushdi.
— Sen, ehtimol, aqldan ozib qolgandirsan? Nima boʻldi oʻzi?

Ayol yelkasini qisdi.
— Endi ketaversam maylimi?
— Yana bir soniya toʻxta.

Struve ustaxonaga koʻz yugurtirib chiqdi. U ish joyini yaxshi koʻrardi. Chunki Blanshning bu yerda boʻlishi ustaxonani yoqimli va saromjon-sarishta koʻrsatardi. Bir soniyaga koʻzlarini yumdi, soʻng uni yana ochdi-da, xotiniga tikildi. Bu bilan goʻyo xotinining qiyofasini qalbida manguga muhrlab qolmoqchiday boʻldi. Keyin shlyapasini qoʻliga oldi.
— Sen qolaver shu yerda. Men ketaman.
— Sen?

Ayol lol boʻlib qoldi va hech narsaga tushunmadi.
— Bunday iflos bir chordoqda yashashingga yoʻl qoʻya olmayman. Bu uy menga qanchalik aloqador boʻlsa, senga ham shunchalik aloqador. Bu yerda senga yaxshiroq boʻladi. Hech boʻlmaganda dahshatli darajada turmush kechirishdan ozod boʻlasan bu yerda.

U javonni ochib, chogʻroq bir dasta pul oldi.
— Oʻzimda bor pulning yarmini senga beraman.

U pulni stol ustiga qoʻydi. Striklend va Blansh miq etishmasdi.
— Mening buyumlarimni yigʻishtirib, bino nazoratchisiga berib qoʻyishingni iltimos qilaman. Ertaga kelib olib ketaman. — U kulmoqchi boʻldi. — Azizam, alvido! Menga baxsh etgan baxtli damlaring uchun senga tashakkur.

U uydan chiqib, eshikni orqasidan yopdi. Mening koʻz oʻngimda Struve chiqib ketgach, Striklend shlyapasini stolga tashlab oʻtirgani va papiros cheka boshlagani manzarasi namoyon boʻldi.

Yigirma toʻqqizinchi bob

Men ancha vaqtgacha jim boʻlib qoldim, Struve aytib bergan narsalarni mushohada qildik. Bunday irodasizlikka toqat qilish qiyin edi. Mening holatimni Struve ham fahmladi.
— Striklend qanday yashashini mendan koʻra yaxshiroq bilasan-ku, — dedi u qaltiroq ovoz bilan. — Men Blansh ham shunday sharoitda yashashiga yoʻl qoʻya olmasdim... Ha, yoʻl qoʻya olmasdim.
— Bu sening ishing, — javob berdim unga.
— Mening oʻrnimda boʻlganingda nima qilarding?
— Qanday ishga qoʻl urayotganini xotining bilardi. Agar yetishmovchilik va yomon sharoitdan iztirob chekadigan boʻlsa — bu uning ishi.
— Ha, lekin sen uni sevmaysan-da.
— Sen esa uni hamon sevasanmi?
— Ilgarigidan ham koʻproq! Striklend ayolni baxtli qila oladiganlar toifasidan emas. Bu uzoq davom etmaydi. Men hech qachon uni tashlab ketmasligimni u bilib qoʻyishi kerak.
— Soʻzlaringni qanday tushunmoq kerak? Sen uni qaytadan xotin qilib olishga tayyormisan?
— Buni bir soniya ham oʻylab oʻtirmasdim. Bunday vaziyatda men unga avvalgidan ham koʻproq kerak boʻlardim. Uning yakkayu yolgʻiz, tahqirlangan, ruhi tamomila tushgan, qayoqqa borishini bilmay garangsib turgan holda koʻrish naqadar dahshatli boʻlur edi.

U hatto oʻzini tahqirlangan hisoblamasdi ham. Men esa, tabiiyki, uning irodasizligidan gʻazablanib ketdim. Chamasi, u mening xayolimdagi fikrni uqdi va shunday dedi:
— Xotinimning uni sevganimdek seva olishiga umid qila olmasdim. Men masxarabozroqman. Ayollar bunaqalarni yaxshi koʻrishmaydi. Buni hammavaqt ham bilganman. Xotinim Striklendni sevib qolgani uchun uni ayblay olmayman.
— Senda zarracha gʻurur degan narsa yoʻq ekan. Bu juda kam uchraydigan xususiyat.
— Men uni oʻzimdan ham koʻproq yaxshi koʻraman. Nazarimda, hammadan koʻra oʻzingni yaxshiroq koʻrgan paytingdagina gʻurur sevgiga aralashishi mumkin. Axir boshqa ayollar bilan aylanishadigan xotinli erkaklar koʻp-ku. Keyinroq hammasi ortda qoladi-da, bunday erkaklar oʻz oilalariga qaytishadi. Buni odamlar tabiiy bir hol deb hisoblashadi. Nega ayollar boshqacharoq boʻlishlari kerak?
— Ancha mantiqli mulohaza, — kuldim men, — lekin koʻpchilik erkaklar boshqacharoq yaralgan. Ular bunday paytda kechirisha olmaydi, boʻlar gap shu.

Men gapirayotganimda ham roʻy bergan hodisaning hech kutilmaganda sodir boʻlganligi ustida bosh qotirardim. Nahotki Struve hech narsadan gumonsiramagan boʻlsa? Men bir kuni Blanshning koʻzlarida yilt etib ketgan gʻalati ifodani esladim. Ehtimol, oʻsha vaqtdayoq u oʻz yuragida nish urayotgan qandaydir gʻalati tuygʻuni gʻira-shira boʻlsa-da, his etgandir.
— Shu kungacha ularning oʻrtasida nimadir borligini sezganmiding? — soʻradim men.

Struve javob bermadi. U stoldan qalam oldi-da, beixtiyor ravishda bosma qogʻozga qandaydir ayolning kallasini chizdi.
— Savollarim malol kelayotgan boʻlsa toʻgʻrisini aytaver.
— Yoʻq, gapirsam yengil tortaman... Eh, menga qanday dahshatli qiynoqlar azob berishini bilsayding! — U qalamni otib yubordi. — Ha, men buni ikki hafta oldin bilgan edim.
— Marhamat qilib ayt-chi, nega endi Striklendni uyingdan haydab chiqarmading?...
— Men bunga ishonmovdim. Boʻlmagan narsaday tuyulgandi. Xotinimning uni koʻrgani koʻzi yoʻq edi-ku, axir. Boʻlishi mumkin boʻlmagan narsaga oʻxshardi. Buni shunchaki rashkka yoʻydim. Bilasanmi, men hammavaqt rashkchi boʻlganman, buni boshqalarga sezdirmaslikka oʻzimni oʻrgatganman. Uni barcha tanish erkaklardan, sendan ham rashk qilardim. U meni men uni sevganimchalik sevmasligini bilardim. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdi. Lekin uni sevishimga izn berardi. Shuning oʻzi oʻzimni baxtli hisoblashimga yetarli edi. Men uyda ularni yolgʻiz qoldirish uchun bir necha soatlab uydan chiqib ketishga oʻzimni majbur etardim, nomunosib gumonlar uchun oʻzimni qargʻardim. Uyga qaytib kelishim ularga, toʻgʻrirogʻi, ayolimga yoqmayotganini bilardim. Striklendga mening uyda borligim-u, yoʻqligim baribir edi. Oʻpish uchun oldiga yaqinlashganimda Blansh titrab ketardi. Nihoyat, ular oʻrtasidagi yangicha munosabatga ishonch hosil qilganimdan keyin qanday yoʻl tutishimni bilolmay qoldim. Janjal koʻtarsammikin? Bunday qilsam faqat ustimdan kulishadi. Ehtimol, tishni tishga qoʻyib indamay yuraverish, hech narsa koʻrmaganday, hech narsa boʻlmaganday yuraverilsa, hammasi tinchib ketarmikin? Men buni bamaylixotirlik bilan, janjal koʻtarmay kutishga qaror qildim. Eh, mening naqadar azob chekayotganimni sen bilsayding!

Shundan keyin Dirk Striklenddan uydan chiqib ketishni iltimos qilganini qayta soʻzlab berdi. U orada qulay fursat topib, bu voqeani shunchaki gap orasida yoʻl-yoʻlakay aytib bermoqchi boʻldi. Lekin oʻzini unchalik bosib ololmayotgani ovozidan sezilib turardi. Uning ovozida rashk alamlarining ohangi bor edi. U Striklendning oʻsha damdayoq lash-lushlarini yigʻishtira boshlashini sira kutmagan, buning ustiga, xotini ham u bilan ketishga otlanishini xayoliga keltirmagan ekan. Men uning endilikda oʻzini tuta olmay, Striklendga shunday gaplarni aytib yuborganidan pushaymon¬ligini koʻrib turardim. Rashk azoblarini ayriliq azoblaridan koʻra afzalroq deb bilgandi u.
— Men uni oʻldirmoqchi edim, lekin oʻzimni masxaraboz qilib koʻrsatishga urindim, xolos.

U uzoq vaqtgacha jim qoldi, anchadan keyin men undan kutayotgan gap tiliga koʻchdi.
— Agar men hovliqib bu gaplarni aytmaganimda, hammasi oʻtib ketarmidi. Bunchalik besabr boʻlish yaxshimas. Bechora xotinimni shunchalikka olib bordim-a!

Men faqat yelkamni qisib qoʻydim. Blansh Struve menga yoqimtoy ayol boʻlib koʻrinmasdi. Lekin fikrimni unga aytish Dirkni yangi azoblar domiga giriftor qilish bilan barobar edi. U hozir hayajonlanishning shunday darajasida ediki, bunaqa paytda odam oʻzini gapdan toʻxtata olmaydi. Uyda boʻlib oʻtgan la’nati manzarani qayta-qayta gapiraverardi. Oʻ menga aytmagan biror gapini eslar, yo mulohazalarga berilar, keyin esa oʻzining soʻqirligidan shikoyat qilardi, boshqacharoq harakat qilganidan afsuslanardi. Vaqt allamahal boʻlgan, men ham undan kam charchamagan edim.
— Xoʻsh, endi bu yogʻiga nima qilmoqchisan? — deb soʻradim nihoyat.
— Nima qilmoqchisan? Xotinim meni chaqirtirmaguncha uni kutmoqchiman.
— Nega ozroq fursatga boʻlsa ham biror joyga ketmaysan?
— Yoʻq-yoʻq. Men unga kerak boʻlib qolishim mumkin. Uning qoʻli yetadigan joyda boʻlib turishim kerak.

U oʻzini butkul yoʻqotib qoʻygandi. Fikrlarini bir joyga jamlashga ham kuchi yetmasdi. Unga yotib dam olishi zarurligini aytganimda, baribir, uxlay olmayman, deb e’tiroz bildirdi. U uydan chiqib to sahargacha koʻchalarda kezmoqchi boʻldi. Hozir uni yolgʻiz qoldirish mumkin emasdi. Nihoyat, menikida tunab qolishga koʻndirdim-da, uni oʻz oʻrnimga yotqizdim. Mehmonxonada divan boʻlib, shunda bemalol dam olishim mumkin edi. Dirk shu qadar holdan toygan ediki, qarshilik koʻrsatishga darmoni yetmadi. Bir necha soatga boʻlsa-da, uni tinchitish maqsadida, bir yoʻla anchagina veronal ichirdim. Bechoraga hozirgi daqiqada bundan koʻra yaxshiroq davo topish amrimahol edi.

Avvalgi
I- qism