OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Somerset Moem. Ruhoniy (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiRuhoniy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlisher Otaboyev
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruhoniy (hikoya)
Somerset Moem

...Albert Edvard Formen ruhoniylik libosini, xuddi cherkovning ulugʻvor ramzidek, oʻzgacha faxr-gʻurur bilan kiyardi, ularni oʻzi yuvib, oʻzi dazmollardi. Avliyo Pyotr cherkovida oʻn olti yil xizmat qilib, bir qancha ridolarni kiyib toʻzdirganiga qaramay, eskirganlarining birortasini ham tashlab yubormagandi. Ularning hammasi jigarrang qogʻozga oʻrogʻliq holda, yotoqxonasidagi shkafda saqlanardi.

Ruhoniy Albert tilovatxonani sarishtalab, uyiga ketishi uchun yepiskop muovinining u yerdan chiqishini kutayotgan edi.

«U bu yerga nimaga kelgan ekan?», dedi ichida. «Qornim ochganiniyam oʻylamaydi».

Yangi muovin bu vazifaga yaqindagina tayinlangan edi. Qizil yuzli, tinib-tinchimas bu odamning yoshi qirqlardan sal oshgan. Albert Edvard sobiq muovinni, eskicha maktabni tugatgan, bosiq va bunga oʻxshab har narsaga burnini suqavermaydigan kishini hamon eslardi.

Koʻp oʻtmay ruhoniy oʻzi tomon kelayotgan muovinni koʻrdi.

«Formen, men bilan yuring, Sizga aytadigan gapim bor».

«Xoʻp boʻladi, ser».

Avval muovin, keyin Albert Edvard tilovatxonaga kirdi. Xonada ikki ish yurituvchi oʻtirganini koʻrib, Albert biroz taraddudlanib qoldi. Ularning bu joyga kirayotganini koʻrmagandi. Ikkalasi ham jilmayib bosh silkitishdi.

«Xayrli kun, milord. Salom, ser», soʻrashdi Albert ular bilan birma-bir.

Har ikkala ish yurituvchining ham yoshi ulugʻ. Albert qachondan beri ruhoniylik qilib kelayotgan boʻlsa, deyarli shuncha yildan beri ular ish yurituvchilik xizmatida. Ular muovin bir zamonlar Italiyadan keltirgan chiroyli stol atrofida oʻtirishardi. Muovin ham ish yurituvchilar orasidagi boʻsh kursiga borib oʻtirdi. Albert Edvard ularning roʻparasidan joy egallab, biroz xavotirda «bular nega keldi ekan», deb oʻylay boshladi. Bir safar organchi qandaydir mashmashaga aralashib qolib, bosti-bosti qilishga qanchalik qiynalganini Albert unutmagandi. Avliyo Pyotr cherkoviga oʻxshagan cherkovlarda tartib-intizomga juda qattiq turishardi. Muovinning qizil yuzida xotirjamlik bor, lekin ish yurituvchilar tashvishlidek koʻrinishardi.

«Muovin ularni nimanidir qilishga undayapti, lekin bular xohlashmayapti, chamasi», dedi Albert ichida. «Bu yerda nimadir bor».

Biroq bu fikrlar Albertning yuzi-koʻzida aks etmadi. Uning yuzida hurmat va shu bilan birga, oʻz qadr-qimmatini bilish alomatlari bor edi. Albert ruhoniy boʻlguncha koʻp joylarda xizmatkorlik qilgan edi. Ularning bari boy-badavlat oilalar boʻlgan. Ishlashni boy savdogar oilasida yugurdaklikdan boshlab, beva qolgan boyvuchchaga bosh xizmatkorlik darajasigacha koʻtarilgandi. Keyin esa, Avliyo Pyotrga ishga kirmasidan avval, qoʻl ostida ikkita yordamchisi bilan iste’foga chiqqan elchi oilasida bosh xizmatkor boʻlib ishladi. Elchi novcha, ozgʻin, savlatli va oʻz qadrini biladigan odam edi. Koʻrinishi xuddi gertsogga, hech boʻlmaganda gertsog rolini oʻynayotgan aktyorga oʻxshardi. Juda madaniyatli, qat’iyatli va oʻziga ishongan odam edi.

Muovin baland ovozda gap boshladi:

«Formen, biz sizga noxush bir narsani aytish uchun toʻplandik. Siz bu yerda, mana, necha yillardan beri ishlab kelayapsiz. Shu paytgacha zimmangizdagi vazifani sharaf bilan ado etdingiz...».

Ish yurituvchilar ham bosh silkishib ma’qullashdi.

«Lekin yaqinda men gʻalati bir narsani sezib qoldim, bu haqda ish yurituvchilarga bildirib qoʻyishni oʻz burchim, deb bildim. Siz oʻqishni ham, yozishni ham bilmas ekansiz, shundaymi?»

Albertning yuzida xijolatdan asar ham sezilmasdi.

«Sobiq muovin buni bilardi, ser, — javob qildi u. — U savodli boʻlish shart emas, degandi. Shundogʻam dunyo savodlilarga toʻlib yotibdi, derdi doim».

«Yo, tavba! — deb yubordi ish yurituvchilardan biri. — Nahotki, shu cherkovda oʻn olti yildan beri ruhoniylik qilib, biror marta oʻqishu yozishni oʻrganishga hatto urinib ham koʻrmagan boʻlsangiz?»

«Oʻn ikki yoshimdan xizmatkorlik qilganman. Men ishlagan birinchi joydagi oshpaz meni oʻqitishga urinib koʻrgan edi. Lekin bunga iqtidorim yetmagan, shekilli. Keyinchalik vaqt boʻlmadi. Boshqa tomondan, oʻqishni oʻrganishning menga keragi ham yoʻq edi».

«Lekin yangiliklarni qanday bilgansiz? — deb soʻradi ikkinchi ish yurituvchi. — Nahotki, biror marta xat yozmagan boʻlsangiz?»

«Yoʻq, ser, bilmadim, shusiz ham kunim oʻtayapti-ku. Hozir hamma gazetada rasmi bor, shularga qarab bilib olaveraman. Xatni boʻlsa xotinim yozib beradi».

Ish yurituvchilar muovinga bir qarashdi-da, keyin stolga termulib qolishdi.

«Mayli, Formen, men bu birodarlar bilan gaplashdim. Ular ham ahvol ancha murakkabligini tushunishdi. Avliyo Pyotr cherkoviga oʻxshagan cherkovda savodsiz ruhoniyning boʻlishi mumkin emas».

Albert Edvardning ozgʻin, rangpar yuziga qizillik yugurdi. U joyida notinch qimirlab qoʻydi-yu, lekin hech narsa demadi.

«Oʻrgansangiz boʻladi-ku, Formen?», dedi ish yurituvchilardan biri.

«Yoʻq, ser, endi oʻrganolmayman. Koʻrib turibsiz, yosh emasman. Bolalik paytimda oʻrganolmagan oʻqishni endi oʻrganishimga koʻzim yetmaydi».

«Sizni qiynash niyatimiz yoʻq, Formen, — dedi muovin, — ammo ish yurituvchilar bilan birga shunday fikrga keldik. Sizga uch oy muhlat beramiz, agar shu muddat oxiriga kelib oʻqishni ham, yozishni ham oʻrgana olmasangiz, ming afsuski, bu yerdan ketishingizga toʻgʻri keladi».

Albert Edvard yangi kelgan muovinni yoqtirmasdi. Boshidayoq Avliyo Pyotrga bu odamni muovinlikka tayinlab yuborib xato qilishdi, deb aytgandi. Albert oʻz izzatini bilardi. Shuning uchun qaddini rostladi.

«Afsuski, ser, oʻrganish qoʻlimdan kelmaydi. Falakning bunday gʻaroyibotlarini oʻrganish uchun kechikdim, judayam qartayib qoldim. Oʻqishu yozish nimaligini bilmay shuncha yil yaxshi yashadim, agar bularni oʻrganishga hozir qurbim yetgandayam, xohlamagan boʻlardim».

«Unday boʻlsa, Formen, afsuski, ishdan boʻshashingizga toʻgʻri keladi».

«Ha, ser, tushundim. Mening oʻrnimga odam topishingiz bilanoq arizamni yozaman».

Lekin Albert Edvard odatdagidek xushmuomalalik bilan muovin va ish yurituvchilar orqasidan cherkov eshigini yopgach, xoʻrligi kelib beixtiyor lablari titray boshladi. Bir-bir qadam tashlab tilovatxonaga qaytdi va ruhoniylik libosini ilgichga osdi. Bu libos qanchadan-qancha nikoh toʻylari-yu, dafn marosimlarini koʻrganini oʻylab “uh” tortdi. Hamma joyni tozalab, paltosini kiydi-da, shlyapasini olib, cherkovdan chiqdi. Cherkov eshigini yopib, maydonni shoshilmasdan kesib oʻtdi. Ammo gʻamga botib, uyiga olib boradigan koʻchadan oʻtib ketdi. Shoshilmasdan yuraverdi. Koʻngli juda gʻash boʻldi. Endi nima qilishini bilmasdi. Yana avvalgidek birovlarning uyida xizmatkor boʻlishni xohlamasdi. Shuncha yil ozod yurgandan keyin birovning xizmatini qilish qoʻlidan ham kelmasdi. Hozirgacha u anchagina pul jamgʻarib qoʻygandi, lekin bu pullar umrining oxirigacha hech qaerda ishlamay yashashga yetmasdi. Buning ustiga narx-navo ham yildan-yilga oshib borayotir. Hech qachon bir kuni shunaqa muammoga roʻbaroʻ kelishini oʻylamagandi. Avliyo Pyotr ruhoniylari, Rim papalariga oʻxshab, umrlarining oxirigacha oʻz vazifalarida qolishardi. Albert chuqur xoʻrsindi. U juda kam chekardi va deyarli ichmasdi. Faqat ba’zan tushlikdan keyin ozgina pivo ichishni xush koʻrar, holdan toygan paytlarida bir-ikki dona sigareta chekishi mumkin edi. Hozir ham sigareta chekib ovunmoqchi boʻldi. Oʻzi bilan olib yurmagani uchun tamaki sotadigan doʻkon qidira boshladi. Ha deganda biror doʻkon topa olmagach, yurishga toʻgʻri keldi. Bu uzun koʻchada har xil doʻkonlar koʻp boʻlsayam, birortasida tamaki sotilmasdi.

“Qiziq-ku”, dedi Albert Edvard. Toza ishonch hosil qilish uchun koʻchani yana bir marta aylandi. Yoʻq, tamaki doʻkoni yoʻq edi. U toʻxtab, oʻychan qiyofada u yoq-bu yoqqa qaradi.

“Mendan boshqa ham bu koʻchada sigareta qidirib yurganlar boʻlsa kerak”, dedi u. “Agar biror kishi bu yerda tamaki sotadigan doʻkon ochsa, ancha pul ishlab olarkan”.

U birdan sapchib ketdi:

“Axir, bu zoʻr fikr-ku!”, dedi u. “Tavba, hech kutmagan paytda miyaga shunaqa fikrlar keladi-ya!”

Albert tez-tez yurib, uyiga bordi va choyini ichdi.

“Bugun juda kamgapsan?”, deb soʻradi xotini.

“Men oʻylayapman”, dedi u.

Rejasini har tomonlama pishitdi va ertasiga oʻsha koʻchaga bordi. Omadi kelib, ijaraga beriladigan doʻkoncha topdi. 24 soatdan keyin doʻkonni ijaraga olib, bir oydan keyin tamaki va gazeta sotuvchi boʻlib tijoratni boshladi. Xotini Avliyo Pyotrda ruhoniylikdan keyin savdo-sotiq bilan shugʻullanish oʻzini yerga urish bilan teng, dedi. U esa bunga javoban yashash uchun odam ishlashi kerakligini aytdi.

Albert Edvardning ishlari yurishib ketdi. Shunchalik yurishdiki, bir yillardan keyin u yana bir doʻkon olib, unga ish boshqaruvchi yollashni oʻylay boshladi. U tamaki doʻkoni yoʻq boshqa koʻchani qidirdi. Shunday koʻchani topgach, u yerdan ham ijaraga doʻkon oldi. Bu doʻkon ham yaxshi foyda bera boshladi. Keyin u ikkita doʻkonning ishini olib borayotgan boʻlsam, oltitasini ham eplayman, deb oʻyladi. London boʻylab yurib, qaerda tamaki doʻkoni yoʻq koʻcha koʻrsa, oʻsha joydan ijaraga doʻkon olaverdi. Oʻn yil ichida Albertning doʻkonlari soni oʻntaga yetdi va u qiyinchiliksiz tinmay pul ishlay boshladi. Har dushanba kuni u doʻkonlarni aylanib chiqib, bir haftalik foydani yigʻar va mablagʻni bankka qoʻyardi.

Bir kuni ertalab bir bogʻlam banknotlar va ogʻir sumka toʻla pulni bankdagi hisob raqamiga qoʻyayotganda kassir bank direktori u bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi. U xonaga kirgach, direktor bilan qoʻl qisib koʻrishdi.

“Janob Formen, siz bilan bankimizga qoʻygan pulingiz haqida gaplashmoqchi edim. Pulingiz qancha boʻlganini bilasizmi?”

“Aniq emasu, lekin taxminan bilaman, ser”.

“Hozirgi berganlaringizni hisoblamasak, oʻttiz ming funt sterlingdan sal koʻproq. Bu hisob raqamda bekor yotadigan mablagʻ emas. Bu mablagʻni xarajat qilsangiz koʻproq foyda olasiz”.

“Tavakkal qilishdan qoʻrqaman, ser. Bankda boʻlsa, ular ishonchli qoʻllarda”.

“Siz bu haqda hech ham qaygʻurmang. Biz sizga mutlaqo xavfsiz, ishonchli qimmatbaho qogʻozlar roʻyxatini beramiz. Ular sizga bankdan olayotgan foydangizdan ancha koʻp foyda keltiradi”.

Janob Formenning zodagonlarga xos qiyofasida bezovtalik paydo boʻldi.

“Aktsiyayu paylar bilan hech qachon shugʻullanmaganman. Pullarim bankingizda turaversin degandim”.

Direktor jilmaydi: “Hammasini oʻzimiz qilamiz. Keyingi safar kelganingizda pul oʻtkazish haqidagi hujjatlarga qoʻl qoʻysangiz boʻldi”.

“Qoʻl qoʻya olaman, — dedi Albert ikkilanib, — lekin nimaga qoʻl qoʻyayotganimni qanday bilaman?”

“Har holda oʻqishni bilsangiz kerak?”, dedi direktor biroz achchiqlanib.

Janob Formenning chehrasida beozor tabassum paydo boʻldi.

“Bilasizmi, ser, faqat mana shu ish qoʻlimdan kelmaydi. Gapimdan kulishingiz mumkin. Ammo men oʻqishni ham, yozishni ham bilmayman. Ismimni yozishniyam tijorat bilan shugʻullana boshlagach oʻrgandim”.

Direktor hayratdan oʻtirgan kursisidan sapchib ketdi.

“Bunaqasini endi eshitishim”. Xuddi afsonaviy maxluqni koʻrayotgandek Albertga baqrayib qaradi.

“Nahotki, shunday katta darajaga, oʻttiz ming funt sterling boylikka oʻqishni bilmagan holda erishgan boʻlsangiz? Ey Xudo, doʻstim, agar oʻqishni bilganingizda hozir qanday odam boʻlgan boʻlardingiz-a!”

“Oʻqishni bilganimda, ser, — dedi janob Formen zodagonlarga xos chehrasida xiyol tabassum bilan, — agar oʻqishni bilganimda, Nevil maydonidagi Avliyo Pyotr cherkoviga borib, ruhoniy boʻlgan boʻlardim”.