OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Somerset Moem. Tilanchi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiTilanchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlisher Otaboyev
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tilanchi (hikoya)
Somerset Moem

Men Vera Kruzga Yukatonga boradigan kemaga ilinish uchun Mexikodan kelgan edim. Lekin bir kun avval dokerlarning ish tashlashi boʻlib, kema portga chiqa olmasligini eshitdim. Xullas, Vera Kruzda qolib ketdim. «Dalijensiz» mehmonxonasidan derazalari maydonga qaragan boʻlma olib, tongni shaharni kezish bilan oʻtkazdim. Jinkoʻchalarda tentirab, chiroyli hovlilarni tomosha qildim. Jimjimador qilib bezatilgan ibodatxonaga kirdim. Keyin esa koʻrishga arziydigan narsani koʻrib boʻlganimni tushunib, kungurali panjara devorlar bilan oʻralgan maydondagi salqin bir joyga oʻtirdim va viski buyurdim. Quyosh nurlari maydonni, u yerdagi chang bosgan daraxtlarni ayovsiz qizdirardi. Ulkan qora qargʻalar daraxtlarga qoʻnib, yerga tushishardi-da, toʻkindilarni titkilab, ibodatxona tomiga uchib chiqardilar.

Maydonni kesib oʻtayotgan odamlarni kuzata boshladim: negrlar, hindular, ispanlar; qora mum bilan fil tishining rangi bir-biridan farq qilganidek, ularning ranglari ham bir-biridan keskin ajralib turardi. Kun yorishishi bilan odamlar atrofimdagi stollarni toʻldira boshladilar. Asosan erkaklar nonushtadan avval ozroq ichish uchun kelishardi. Mahalliy gazetadan sotib olganimga qaramay, bolalar xuddi shu gazetani menga tiqishtira boshlashdi. Gard ham qoʻnmagan tuflimni tozlashga chogʻlangan bolalarga, chamamda, yigirma martacha “Yoʻq”, dedim. Bor mayda pullarimni berganimdan soʻng ham, hol-jonimga qoʻymayotgan tilanchilarga boy chayqab turishdan boshqa ilojim qolmadi. Bolasini sholroʻmol bilan orqasiga bogʻlab qoʻygan jikkakkina hindu ayol choʻpdek ozgʻin qoʻllarini choʻzdi. Oldimga qandaydir soʻqir kishilarni yetaklagancha bir toʻda bola keldi, mayiblar oʻzlarining mayib joylarini koʻrsatdi, yarimyalangʻoch goʻdaklar esa tinmay chaqa soʻradi.

Lekin kutilmaganda koʻzim bir tilanchiga tushdi. Boshqa tilanchilar va atrofimdagi stollarda oʻtirgan qora sochli odamlardan farqli tarzda, uning soch-soqoli qip-qizil edi, shunchalik qizil ediki, bir muddat koʻzimni uzolmay qoldim. Soqoli chigal boʻlib yotar, uzun sochi esa oylab taroq koʻrmagandek edi. Egnida shim bilan paxtalik toʻqima koʻylak, lekin bu shim bilan koʻylak shunchalik uvada ediki, egnidan toʻkilib ketay deb turardi. Men bunchalik ozgʻin odamni avval sira koʻrmagandim: uning oyoqlari, yalangʻoch qoʻllari qoqsuyak edi, koʻylagining yirtiqlaridan qovurgʻalari koʻrinib turardi. Tuproqqa bulangan oyoqlarining suyaklarini bemalol sanay olardingiz. U qari emasdi. Nari borsa, qirqlarda edi va u qanday qilib bunday ahvolga tushgan ekan, deb oʻylay boshladim. Ish topsa, jon deb ishlasa kerak, deb oʻyladim. Shuncha tilanchilar orasida faqat ugina bir ogʻiz ham gapirmadi. U miq etmasdi. Hatto qoʻlini ham choʻzmasdi. Faqat yuzingizga qarab turardi. Lekin shunaqa qarardiki, koʻzlarida baxtsizligu alam qotib qolganini sezardingiz. Qarashi kishini dahshatga solardi. Bir soʻz demay sizga tikilgancha uzoq turardi. E’tibor bermasangiz, asta yurib narigi stol tomon ketardi. Agar unga hech narsa berishmasa, norozi boʻlganini ham bilmasdingiz. Biror kishi tanga sadaqa qilmoqchi boʻlsa, u xiyol oldinga yurib, qoʻlini choʻzardi-da, tangani olib lom-mim demay nari ketardi. Choʻntagimda ortiqcha pul qolmagandi. Shuning uchun u qoshimga kelganda bosh chayqab, ispanlar tilanchilarga “yoʻq” deganda ishlatadigan muloyim soʻzni aytdim.

Lekin u bunga e’tibor bermadi. Ayanchli nigohini menga qadagancha boshqa stollar oldida qancha turgan boʻlsa, mening qarshimda ham shuncha muddat turdi. Uning qiyofasida qandaydir ayanchli bir ifoda bor edi. Devonaroq odamga ham oʻxshab ketardi. Nihoyat, u nari ketdi.

Soat bir boʻlgandi. Tushlik qildim. Biroz mizgʻib, oʻrnimdan turganimda havo hali ham juda issiq edi, lekin kechga yaqin derazadan esayotgan shabada meni yana maydonga undadi. Gumbazli darvoza tagidagi joyimga oʻtirib, viski buyurdim. Asta-sekin odamlar restoran stollarini toʻldira boshlashdi. Orkestr kuyini chaldi. Yana, tufli tozalovchilar tuflimni tozalash uchun rozilik soʻrab yalinishdi, gazeta sotuvchi bolalar gazetalarini tiqishtirishdi, tilanchilar sadaqa soʻrashdi. Yana, oʻsha qizilsoqol gʻalati kimsaga koʻzim tushdi va uning har bir stol oldida toʻxtab turishini kuzata boshladim. U mening qoshimda toʻxtamadi. Chamamda, ertalab hech narsa bermaganimdan keyin meni eslab qolib, yana urinish foydasiz, deb oʻyladi. Meksikaliklar orasida qizil sochlisi kam uchraydi. U kemasidan ayrilib, asta-sekin shunday ayanchli ahvolga tushib qolgan amerikalik, angliyalik yoki skandinaviyalik dengizchi boʻlishi ham mumkin, degan oʻy keldi miyamga. U qayoqqadir gʻoyib boʻldi.

Boshqa qiladigan ishim yoʻqligidan, qornim och boʻlsa-da, biroz oʻtirdim. Keyin ovqatlanib olgach, yana boʻlmamga qaytib keldim. Uyqu vaqtigacha choʻzildim. Bugungi kun judayam choʻzilib ketgani koʻnglimdan kechdi. Yana necha kun bu yerda qolishga majburligimni hisoblamoqchi boʻldim.

Birozdan keyin uygʻonib ketdim va qaytib koʻzim ilinmadi. Xona juda dim edi. Derazani ochib, ibodatxona tarafga qaradim. Oy koʻrinmasdi. Charaqlab turgan yulduzlar shu’lasida ibodatxona elas-elas qorayib koʻrinardi. Tomining qirralarida va qubbasidagi xoch ustida qargʻalar uymalashardi. Har zamon-har zamonda ular sal-pal qimirlab qoʻyishardi. Bu menga gʻayritabiiy ta’sir qildi. Nima uchundir xayolimga yana oʻsha qizilsoch kimsa keldi va koʻnglimdan qoʻqqisdan uni avvallari ham qaerdadir koʻrganimni yodga soluvchi bir tuygʻu kechdi. Shu xayol bilan uyqum ham qochib ketdi. Qizilsoqol bilan avvallari ham yuzma-yuz kelganimni his qildim. Ammo bu voqea qachon va qaerda boʻlganini eslay olmasdim.

Tongga yaqin biroz salqin tushgach, uxlab qoldim.

Vera Kruzdagi ikkinchi kunim ham xuddi birinchisi kabi oʻtdi. Lekin endi qizil sochli tilanchini kuta boshladim. U kelib yonimdagi stollar oldida turganida tilanchiga diqqat bilan razm soldim. Uni ilgari qaerdadir koʻrganimga amin boʻldim. Hatto bir paytlari uni taniganimni, u bilan gaplashganimni ham eslay boshladim. Lekin bularning barchasi qachon va qanday vaziyatda roʻy berganini sirayam eslay olmayotgandim. U yana mening qoshimda toʻxtamay oʻtdi. Koʻzlari koʻzimga tushganda ularga tikilib “yilt” etgan xotira qidirdim. Yoʻq. Adashgan boʻlsam-chi, deb oʻyladim. Lekin qachonlardir hayotimda unga duch kelganman, degan tuygʻu meni tark etmayotgandi. U yo ingliz, yo amerikalik ekanini aniq bilardim. Unga bir nima deyishga tortindim. Vaqtim juda sekin oʻtdi.

Yana bir kun keldi, yana bir tong, yana bir oqshom. Oʻsha kuni yakshanba edi. Maydon har doimgidan ham gavjum. Kungurali darvoza tagidagi stollar ham toʻldi. Odatdagidek, qizil sochli tilanchi ham oʻzining ayanchli sukuti, uvada kiyimlari-yu, adogʻi yoʻq musibati bilan keldi. Men odamlarni tilanchilardan qoʻriqlab yurgan politsiyachini koʻrganimda, u ikki stol narida turgandi. Politsiyachi uning yelkasiga bir musht tushirdi. Zarbadan tilanchi gandiraklab ketdi. Oʻrnidan turgach, indamay asta-sekin nari yurdi.

Shu payt hammasi yodimga tushdi. Butunlay unutganim — ismidan boshqa hamma narsa. U meni taniganiga shubham yoʻq edi. Chunki yigirma yil ichida men unchalik oʻzgarmagandim. Shuning uchun ham u, birinchi kuni ertalabni hisobga olmaganda, biror marta ham mening qarshimda toʻxtamadi. Ha, yigirma yil burun men u bilan tanish edim. Oʻshanda qishni Rimda oʻtkazayotgandim. Har kuni kechqurun xushta’m makaronlari-yu, oʻtkir vinosi bilan mashhur Viya Sistinadagi restoranda ovqatlanardim. Ingliz va amerikalik san’atshunoslaru uch-toʻrt yozuvchi bu yerga har doim kelib turardik. Tunimiz shu yerda adabiyot va san’at haqidagi oxiri yoʻq bahsu tortishuvlar bilan oʻtardi. U restoranga rassom doʻsti bilan kelardi. Oʻsha paytlari taxminan yigirma ikki yoshlarda edi. Koʻk koʻzlari, qirra burniyu, qizil sochlari oʻziga juda yarashib tushgandi. Ilgari amerika bogʻdorchilik tashkilotida ishlagani uchun Markaziy Amerika haqida juda koʻp gapirardi. Lekin keyinchalik yozuvchi boʻlishga bel bogʻlab, u yerdagi ishidan voz kechgandi. Takabburligi bois bizning davramizga qoʻshilmasdi. Ustiga-ustak, bizlarni befoyda odamlar deb hisoblardi va buni yuzimizga aytishdan ham toymasdi. Yozgan narsalarini bizga koʻrsatmasdi. Chunki bizning fikrimiz uning uchun bir chaqaga ham qimmat edi. U haddan tashqari kibrli edi. Oʻziga cheksiz ishonchini koʻrgan ayrim doʻstlari ham unga taassub qilishardi. Undagi oʻsha koʻtarinki kayfiyat, matonat, kelajakka boʻlgan ishonch hozir yodimga tushdi.

Yoʻq, bu tilanchi oʻsha yigit boʻlishi mumkin emas, dedim oʻzimga oʻzim. Lekin, baribir, ich-ichimdan bunga amin edim. Oʻrnimdan turdim-da, viski haqini toʻlab, uni topish uchun maydonga chiqdim. Fikrlarim chuvalashib ketgan, oʻzim esa esankirab qolgandim. Koʻz oldimdan tilanchining qiyofasi ketmas, nima voqea yuz berib u bu koʻyga tushganini bilishni xohlardim. Oʻsha magʻrur yigitning shu ahvolga tushganiga sira ishongim kelmasdi. Ey, xudo, u nega bunday xarob holga tushdi, deb oʻzimdan oʻzim tinmay soʻrardim. Qanday koʻrgiliklar uning irodasini sindirdi ekan? Qanday xomxayollar ketidan borib u shu koʻyga tushib qoldi ekan? Unga qanday yordam bersa boʻladi, deb soʻrardim oʻzimdan. Maydonni aylanib chiqdim. Biroq kungurali darvoza atrofidayam u yoʻq edi. Orkestr oʻtirgan sahna tevaragidagi olomon orasida boʻlishi amrimahol edi. Kech kira boshlagandi. Uni topolmayman, deb qoʻrqdim. Keyin ibodatxona tomonga qarab yurdim va uning zina ustida oʻtirganini koʻrdim. Eski tanishimning ayanchli koʻrinishini tasvirlab berolmayman. Hayot uni sindirgan, keyin majaqlab, mana shu ibodatxonaning tosh zinalariga uloqtirgandi. Yoniga bordim.

“Rim esingizdami?”, deb soʻradim.

U qilt etmadi. Javob ham bermadi. Xuddi yonida men yoʻqdek jim turaverdi. U menga qaramadi. Koʻzlari zina yonida qichqirib, nimanidir yulqishayotgan qargʻalarda qotib qolgandi. Nima qilishni bilmadim. Choʻntagimdan pul chiqarib, qoʻliga tutqazdim. U pulga qaramadi. Lekin qoʻli sal qimirlab, choʻpdek barmoqlari pulni qisdi-da, gʻijimladi. Keyin puldan kichkina qogʻoz koptokcha yasadi va kutilmaganda uni bosh barmogʻiga qoʻyib, qichqirayotgan qargʻalar tomonga irgʻitdi. Beixtiyor boshimni oʻsha yoqqa burib, qushlardan biri pulni choʻqib uchib ketganini koʻrdim. Yonimga qaraganimda esa tilanchi ketgandi.

Vera Kruzda yana uch kun qoldim. Uni boshqa uchratmadim.