OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
__NOTITLE__
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSomerset Moem
Asar nomiYomon kunda yoʻldoshing (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Simvolizm
Mualliflar
   - Somerset Moem
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlisher Otaboyev
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yomon kunda yoʻldoshing (hikoya)
Somerset Moem

Oʻttiz yildan beri yaqinlarimni oʻrganaman. Men ularni yaxshi bilaman, deb aytolmayman. Oʻylashimcha, biz uchratgan, tanishgan odamlarga koʻpincha yuziga qarab baho beramiz. Jagʻining tuzlishi, ogʻzining bichimi, koʻz qarashlaridan xulosa chiqaramiz. Odamlar oʻzlarining inson toʻgʻrisidagi ilk taassurotlari har doim toʻgʻri chiqishini aytishgan paytga yelkamni qisaman. Oʻzimga kelganda, koʻramanki, uzoq vaqtdan beri bilgan odamlarim har gal: «Eng qalin doʻstlarim faqat shular biroq ular toʻgʻrisida hech narsa bilmayman desam toʻgʻri boʻladi», deb meni hayron qoldirishadi.

Bugun ertalabki gazetadan Edvard Haid Bartonning Kobeda vafot etganini oʻqib, miyamga shu fikrlar keldi. U savdogar edi, Koʻp yillar Yaponiyada yashadi. Uni yaxshi bilmasdim, biroq kutilmaganda qiziqib qoldim, chunki bir safar u menga gʻaroyib bir ulgi ulaщdi. Agar bu hikoyani oʻz ogʻzidan eshitmaganimda, uning qoʻlidan shunuqa ish keliщiga hech ham ishonmagan boʻlardim. Hikoyaning favqulodda ta’sirli chiqishiga aft-angorining, fe’l-atvorining qandaydir boshqachaligi sabab boʻldi. U jikkakkina odam: juda ozgʻin, sochlari oq, qizil yuzini ajin bosgan, koʻzlari koʻk edi. Meningcha, tanishgan paytlarimda taxminan oltmish yoshlarda edi. Barton hamisha toza, odmi, yoshi va martabasiga mos kiyinardi.

Idorasi Kobeda boʻlsa-da, Barton tez-tez Yokogamaga kelib turardi. Bir gal kema kutib bir necha kunni Yokogamada oʻtkazishimga toʻgʻri kelgan, shunda ingliz klubida uni menga tanishtirishdi. Biz qimor oʻynadik. U aqlni ishlatib, qurumsoqlik qilmay oʻynadi. Ichimlik ichayotganimizda bir-ikki marta gap qoʻshganini aytmaganda, oʻsha kuni uni gapirmadi desa ham boʻladi. Gaplari xiyla ba’mani edi. Oʻzi esa xotirjam, kayfiyati yaxshi edi. Chamasi, Bartonning klubda obroʻsi baland edi. Chunki ketganidan soʻng qartabozlar uni zoʻr oʻyinchilardan biri, deyishadi. Bu voqealar ikalamiz ham Grand Otelda turganimizda roʻy berdi va ertasi kuni u meni tushlikka taklif qildi. Men uning toʻladan kelgan, yoshi oʻtib qolgan , doim kulib turadigan xotini, ikki qizi bilan tanishdim. Albatta, ahil va bir-biriga mehribon oila edi bu. Bartonning fe’l-atvoridagi meni oʻziga tortgan xislat xayrixohlik edi. Uning beozor moviy koʻzlarida kishiga xush yoqadigan nimadir bor edi. Ovozi ipakday mayin, jahli chiqib, ovozini koʻtargan holatini tasavvuringizga sigʻdira olmasdingiz. Kulgusi ham juda samimiy, goʻyo mehrigiyosi bor edi. Chunki siz uning muomalasidan oʻzingizga xayrixohlik sezardingiz. Istarasi issiq edi. Biroq nozik tabiatli deb boʻlmasdi: u qarta oʻyini-yu, kokteylini yaxshi koʻrar, ichak uzar latifalarni qiyomiga yetkazib aytishni ham oʻrinlatar, yoshligida sport bilan ham oz-moz shugʻullangan ekan chogʻi, oʻziga toʻq bu odam koʻp pul topardi. U shunday kichkina va beozor edi-ki, beixtiyor yoqtirib qolardingiz. Uni nimadandir himoya qilgingiz kelardi. U haqda «qoʻy ogʻzidan choʻp olmaydigan, yuvosh odam», deb oʻylardingiz.

Bir kuni tushdan keyin men Grand Otelning oromxonasida oʻtirardim. Derazalardan kemaga toʻla bandargohning ajoyib manzarasini tomosha qilsa boʻlardi. Yoʻlovchi tashuvchi ulkan paroxodlar, turli mamlakatlarning savdo kemalari, xitoycha yelkanli kemalaru biri u yoqqa, biri bu yoqqa suzib yurgan qayiqlargacha koʻrinib turardi. Bu joy juda sershovqin edi, biroq nimasidir koʻngilga taskin berardi.

Oradan koʻp oʻtmay oromxonaga Barton kirib keldi. Meni koʻrib, yonimdagi kursiga choʻkdi.

«Qittak ichmaymizmi? Nima deysiz?»

U chapak chalib yugurdak bolani chaqirdi va ikki stakan aroq buyurdi. Bola aroqni olib kelayotganda, koʻchadan oʻtib ketayotgan tanish meni koʻrib qoʻlini silkitdi.

«Tyornerni taniysizmi?» men ham unga bosh sermab salom berganimdan soʻng soʻradi Barton.

«U bilan klubda tanishdim. Tyornerni menga vatanidan keladigan pul hisobiga yashaydigan muhojirlardan deb aytishdi».

«Toʻgʻri. Bu yerda shunaqa muhojirlardan bir talayi yashaydi».

«U qartani zoʻr oʻynarkan».

«Ularning hammasi yaxshi oʻynaydi. Oʻtgan yili bu yerga bir yigit kelgandi, mening familiyadoshim, men bilgan odamlar orasida qartani eng yaxshi oʻynaydigani shu yigit edi. Siz bunaqasini Londonda uchratmagansiz. Ismi Lenni Barton edi».

«Yoʻq. Bunaqa familiyani eslay olmayapman».

«Lenni juda zoʻr oʻyinchi edi. U kartani xuddi oldindan nima boʻlishini sezayotganga oʻxshab oʻynardi. Oʻyinini koʻrib qoyil qolganingizdan yoqa ushlardingiz. U bilan koʻp oʻynab koʻrganman. Lenni Kobeda ham ancha vaqt yashadi».

Barton arogʻidan hoʻpladi.

«Bu ancha kulgili voqea. Lenni oʻzi yomon yigit emasdi. U menga yoqardi. Doim binoyiday kiyinib yurar, jingalaksoch, qizil yuzli kelishgan yigit edi. Ayollarga juda yoqardi. Birovga ziyoni tegmasdi. Lekin oʻzini tiyishni bilmasdi, boʻkkancha ichardi. Oʻzi bu unga oʻxshagan yigitlar uchun odat boʻlib qolgan. Uch oyda deganda uyidan ozgina pul kelardi. Bundan tashqari, Lennining oʻzi ham qartadan oz-moz pul yutib turardi. Men unga yaxshi muomala qilardim.»

Barton kulib qoʻydi.

«Meningcha, oʻzimga yaqin olganim uchun ham Lenni pulsiz qolganida oldimga keldi. Albatta, bir kuni u idoramga kelib, ish topib berishimni iltimos qildi. Hayron qoldim. Lenni uyidan pul yubormay qoʻyishganini, endi ishlamoqchi ekanini aytdi. Undan yoshini soʻradim.»

«Oʻttiz beshdaman», dedi.

«Avvallari nima ish qilgansan?» deb soʻradim.

«Aytarli hech ish qilmaganman», dedi.

Bu gapini eshitib kulib yubordim.

«Men senga hozir hech qanday yordam berolmayman,- dedim unga. - Yana oʻttiz besh yillardan keyin oldimga kelsang, senga qanday ish topib berish mumkinligi haqida oʻylab koʻraman.»

Lenni joyida qotdi. Rangi oqardi. Bir oz garangsib turdi-da, keyin anchadan beri qartada omadi kelmayotganini aytdi. Choʻntagida bir tiyini yoʻq, edi. Bor narsasini garovga qoʻygan. Yashab turgan mehmonxona haqini ham toʻlay olmasdi. Mehmonxonadagilar esa unga yana qarzga joy berishga rozi boʻlishmagan. U juda yomon ahvolda qolgan edi. Agar biror ish topolmasa, oʻzini oʻzi oʻldirishi ham hech gap emasdi.

Unga diqqat bilan qaradim. Lenni darmonsiz bir ahvolda turardi. Koʻp aroq ichganidan koʻrinishi ham qartayib qolgan odamga oʻxshardi.

«Qarta oʻynashdan boshqa yana biror ish qoʻlingdan keladimi?» deb soʻradim undan.

«Suzishni bilaman», dedi.

«Suzishni!»

Angrayib qoldim. Bu shunuqangi ahmoqona javob boʻldiki...

«Universitetimning sport jamoasida suzganman».

«Yoshligimdan men ham suzishni qoyillatganman», dedim men.

Shu payt xayolimga bir fikr keldi...

Barton hikoyasini toʻxtatib, menga yuzlandi.

«Kobeda boʻlganmisiz?», deb soʻradi u.

«yoʻq, - dedim men. - Toʻgʻri, bir marta Kobedan oʻtganmanu, lekin u yerda faqat bir oqshom tunaganman.»

«Unday boʻlsa siz Shioya klubidayam boʻlganmisiz.Men yigitlik paytimda shu joydan suzishni boshlab, mayoq yonidan oʻtganman va Tarumi qoʻltigʻigacha suzib borganman. Bu, uch mildan ziyodroq masofani, mayoq atrofidagi kuchli oqimga bas kelib, suzib oʻtish ancha qiyin.»

Xullas, men yosh doʻstimga bu haqda soʻzlab berdim va «agar shu masofani suzib oʻtsang, senga ish topib beraman», dedim.

Taklifim Lennini esankiratib qoʻydi.

«Suzishni bilaman deb aytayapsan-ku», dedim men.

«Lekin hozir yaxshi ahvolda emasman-da», dedi u.

Men hech narsa demadim. Yelkamni qisdim. Lenni menga biroz qarab turdi-da, keyin boshini sermadi.

«Boʻpti, - dedi u. - Qachon suzishimni xohlaysiz?»

Soatimga qaradim. Endigina oʻndan oʻtgandi.

«Suzishga bir yarim soat vaqting ketadi. Men oʻn ikki yarimda qoʻltiqqa borib, seni kutib olaman. Kiyinib olishing uchun klubga qaytamiz. Keyin birga tushlik qilamiz.»

«Kelishdik», dedi u.

Biz qoʻl olishdik. Unga omad tiladim, u ketdi. Oʻsha kuni ertalab ishlarim qaynadi, oʻn ikki yarimda qoʻltiqqa bazur yetib bordim. Lennini kuta boshladim. Lekin bekorga kutgan ekanman».

«Suzishga yuragi dov bermabdimi?», deb soʻradim men.

«Yoʻq. U suzishni boshlagan. Ammo aroqni koʻp ichib sogʻligʻini ishdan chiqargan edi. Mayoq atrofidagi oqimni yengib oʻtolmagan. Lennining jasadini uch kundan keyin topdik».

Qancha vaqt jim turganimni bilmayman. Gangib qolgan edim. Keyin Bartonga savol berdim:

«Unga ish taklif qilgan paytingizda, choʻkib ketishi mumkinligini bilarmidingiz?»

Barton sekin kuldi-da, menga oʻzining mehribon moviy koʻzlari bilan qaradi. Qoʻli bilan iyagini ishqaladi.

«Oʻzi oʻsha paytda idoramda boʻsh joy yoʻq edi».