OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifStanislav Stratiev
Asar nomiShaxsiy fikrim qani (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Bolgar adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Stanislav Stratiev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad Oqnazarov (Rus tilidan)
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaxsiy fikrim qani (hajviya)
Stanislav Stratiev

Ertalab Petrov bir qultum qahvasini ichdi-yu, xotinining peshonasidan oʻpib, ishga otlanmoqchi boʻlib, ostonaga yetganda hayallab, choʻntaklarini kovlashtira boshladi.
— Nimangni izlayapsan? — dedi xotini.
— Fikrim... mening fikrim... topilmayapti, — dedi Petrov kiyimlarini paypaslab, kissalarini kovlashda davom etarkan. — Qayoqqa tiqdim ekan-a!
— Anovi choʻntagingdagi shalvirab turgan nima?
— Dastroʻmolcham, — mingʻirladi Petrov. — Fikrim qayoqqa daf boʻldiykin-a?

U barcha choʻntaklarini agʻdarib koʻrdi, portfelini titkiladi, kiyimlarini qoqishtirib koʻrdi — topolmadi.
— Yoʻq, — dedi u xotiniga. — Sen bilmaysanmi, qayoqqa gʻoyib boʻlganikin?
— Yaxshisi, hovliqmasdan, astoydil izlab koʻr.

Petrov yana choʻntaklarini birin-ketin kovlashga tushdi. Afsuski, hech qaerda uning shaxsiy fikri yoʻq edi.
— Shoshmay tur-chi, — deya xotini peshonasini tirishtirdi. — Oxirgi marta sen uni oʻtgan yili, yanvar oyida eslagandek boʻluvding, shekilli. Korxonangda yillik reja tasdiqlanadigan kuni-chi?
— Yoʻq, xotin, adashyapsan. Men hali aqldan ozganim yoʻqki, yillik reja muhokamasiga shaxsiy fikrim bilan borsam!..
— Hmm... Ha, aytmoqchi! Keyin vazirlikka chaqirishuvdi-ku? Ehtimol, fikringni oʻshanda obketgan boʻlma tagʻin?
— Nimalar deyapsan, xotin? Vazirlikka kim ham oʻz fikri bilan boradi, a? Shunday nufuzli joyda, odatda, oʻzgalarning fikriga qoʻshilasan, bas! Yoʻq, u gal fikrimni obketmaganman.
— Unda qayoqqa gumdon boʻladi? Aslida bormidi oʻzi?
— Bor edi, bor edi, mana, endi yoʻq.
— Yopiray! Savil qolgur fikring qaysi kavakka kirib ketdiykin, a?

Xotini chuqur oʻyga toldi. Eri soʻnggi paytlarda qaerlarga boruvdi, oʻzi bilan oʻz fikrini qachon obketuvdi?
— O, topdim! — deb qiyqirib yubordi xotini. — Esingdami, Bosh direktoringga tishini qayrab yurgan Simeonov degan shartaki xodimlaring bor edi-ku, oʻshani ishdan boʻshatadigan kun esingdami? Fikringni oʻsha kungi majlisga obketgansan. Yodingga tushdimi?
— Yodimda, — dedi Petrov bamaylixotir. — Lekin oʻshanda bizdan majlis qarorini qoʻllab-quvvatlashgina soʻralgan, xolos. Shaxsiy fikr hech kimni qiziqtirmagan.

Xotini javonini ochib koʻrdi.
— Balki sen uni muhim hujjatlaring saqlanadigan gʻaladonga solib qoʻygandirsan?
— Qoʻygandim. Soʻng bir marta olish uchun ochib... oldimmi yo yana solib qoʻydimmi, esimda yoʻq.
— Menga qara, shu tobda shaxsiy fikring nega kerak boʻp qoldi? Nega yopishib olding? Axir, ishga ketyapsan-ku? Soʻrab qolsalar, «uyda qopti», deb aytarsan-da.
— Xoʻp, aytarman. Mabodo, uni mutlaqo yoʻqotib qoʻygan boʻlsam-chi?
— Qiyomat qoʻpmas! Uningsiz ham binoyidek yashab kelyapsan-ku!
— Toʻgʻriku-ya... Har holda, doim uningsiz yashash ham yaxshimas. Biror nozik joyda kerak boʻp qolsa, nima degan odam boʻlaman?
— Kerak boʻlmaydi-yov...
— Yoʻq, har holda, har holda... Biror joyda bordir u? Hech boʻlmasa, bir qur qarab koʻraylik-chi!..

Xotini shiddat bilan kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshaklarni agʻdarishga tushib ketdi...
— Mana u! — dedi xotini terlarini arta-arta. — Sen uni eski paltongning choʻntagida qoldiribsan. Bu paltoni, bilasanmi, ikki yil oldin chiqitga chiqarib tashlovding.
— Toʻppa-toʻgʻri, shaxsiy fikrim! — quvonib ketdi Petrov. — Ikki yil oldin opchiqqan ekanman-u, yana oʻsha joyida paqqos unutib qoldiribman-a?
— Men paltoni yuvishga topshirvorgandim-ov. Bu yoqqa ol-chi, kirmoshinda fikring ivib, titilib ketmadimikin? — Shunday deb xotini aylantirib-aylantirib, silkib-silkib, puflab-puflab eriga fikrini qaytarib berdi. — Yoʻq, jin ham urmabdi. Aksincha, xuddi yangidek.
— Albatta-da, men undan deyarli foydalanmadim, axir.
— Toʻgʻri qilasan. Menam paltongni bolaxonaga chiqarib tashlamoqchiydim. Baribir kiymaysan-ku!
— Menda yangisi bor-ku. Pochapoʻstin.
— Endi fikringni boshqa, koʻrinarli joyga qoʻy. Qutichagami, hujjatlaringning orasigami? Yaxshisi, eng ishonchlisi — omonat daftarchangning qatiga joylab qoʻya qolganing durust.
— Shunday qilaman!

Petrov shaxsiy fikrini daftarcha qatiga joyladi-yu, xotinining peshonasidan oʻpib, mamnun holda eshikdan chiqdi.