OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifStiven King
Asar nomiBoʻri-odam yili (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dahshat
Mualliflar
   - Stiven King
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm69KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻri-odam yili (hikoya)
Stiven King

«
Yarim vayrona saroydagi zulmat ichida
u paxmoq boshini koʻtardi.
Uning sap-sariq koʻzlari yonardi.
– Men ochman, - irilladi u.

Genri Ellender. «Boʻri»
»

Yanvar

Ehtimol, qaerlardadir osmonda toʻlin oy charaqlab turgandir, lekin bu yerda, kichkinagina Taker Millz shaharchasida, injiq yanvar havosi butun osmonni qalin qor pardasi bilan toʻsib tashlagandi. Izgʻirin shamol quturganicha boʻm-boʻsh koʻcha boʻylab kezar, shaharning sariq rangli qor suradigan mashinalari allaqachon qalin qor ostida qolgandi.

«GS&WM» temir yoʻl kompaniyasi xodimi, egniga jun pidjak kiygan ozgʻin, uzun boʻyli Arni Vestram labiga «Kemel» sigaretini qistirib olganicha asbob-uskunalar saqlanadigan omborda tunni oʻtkazayotgandi. Uning mashinasi yoʻlda buzilib qolgan va u tong otishini kutib, oʻzi bilan oʻzi qarta oʻynab oʻtirardi. Tashqarida shamolning uvillashi kuchaydi. Vestram boshini koʻtardi va quloq soldi, keyin yana qarta oʻyiniga berildi. Bu bor-yoʻgʻi bir shamol…

Lekin shamol eshikni tirnamaydi… va ichkariga kiritishlarini soʻramaydi.

Arni qartasini yigʻishtirib, oʻrnidan turdi. Uning ajin bosgan yuzida devorda osigʻliq turgan kerosin lampaning shu’lasi jilvalanardi.

Eshik yana tirnaldi. Birortasining iti, oʻyladi u, sovuqda qolib ketgan, endi isinmoqchi. Ammo uni nimadir toʻxtatib turardi. Itni tashqarida, sovuqda qoldirish berahmlik, albatta, oʻyladi u, biroq eshikni aslo ochmaslikka qaror qildi. Qoʻrquvning sovuq panjalari uning yuragini gʻijimlab turardi.

Taker Millzda noxush davr hukm surayotgandi; ob-havo qandaydir noxushlikdan darak berar, Vestramning tomirida oqayotgan Uels qoni esa uni bunday narsalarga jiddiy yondashishga majbur qilardi.

U chaqirilmagan mehmonni nima qilish kerakligini oʻylashga ulgurmadi, kutilmaganda shamolning ovozini yovuz oʻkirish bosib ketdi. Eshik ogʻir tananing zarb bilan urilishidan titrab ketdi… soʻng yana zarba berildi. Yupqa eshik zarbalardan sinib ketguday boʻlar, uning yorigʻidan qor parchalari otilib kirardi.

Arni Vestram talvasaga tushganicha eshikka tirash uchun biror buyum topish ilinjida alanglay boshladi. Ammo u siniq stul oldiga yetib borgunicha noma’lum mavjudot shunday kuchli zarba berdiki, eshik oʻrtasidan yorilib ketdi.

Bir necha lahzalarga u uzun yoriq orasida qisilib turdi, uning tumshugʻi qahr bilan jiyirilgan, sap-sariq koʻzlari yonib turardi. Bunday ulkan boʻrini Arni umrida koʻrmagandi…

Va uning irillashida uzuq-yuluq inson soʻzlari quloqqa chalinardi.

Nihoyat eshik ikkiga boʻlinib ketdi. Maxluq xonaga kirgandi.

Arni burchakka otildi va qoʻliga belkurakni oldi. Maxluq polga qapishganicha olovdek sariq koʻzlarini burchakdagi kishiga tikkandi. Uning katta ochilgan ogʻzidan tili osilib turar, qoziqdek kurak tishlari yaltirardi.

U irillaganicha oldinga sakradi. Arni Vestram belkurakni siltadi.

Faqat bir marta.

Inson qichqirigʻi eshitildi va shu zahoti oʻchdi.

Xuddi toʻlin oy qalin bulutlar orasiga yashiringanidek, Taker Millzga insonlar qalbini dahshatga soluvchi xavotir yashirincha kirib keldi. Hech qanday sabab va ogohlantirishlarsiz Meyn shtatidagi moʻ‘jazgina shaharchada qish tunlarining birida boʻri-odam paydo boʻldi. Mahalliy gazetada ilgari tabiat ishqibozlari klubining sayohatlari haqida maqolalar chop etilgan boʻlsa, endi qaygʻuli mavzuda xabarlar berila boshlandi.

Boʻri-odam davri shu tarzda boshlandi.

Fevral

Avliyo Valentin kuni arafasida Stella Randolf karavotida yotganicha derazadan koʻrinib turgan oyni tomosha qilar va sevgi haqida oʻy surardi. O, sevgi, sevgi. Sen qandaysan oʻzi?…

Bu safar Avliyo Valentin kuni munosabati bilan kamtarin chevar Stella sevgi izhori bitilgan naqd yigirmata tabriknoma olgan, ular orasida Jon Travolta, Robert Redford va Pol Nyumen… hatto mashhur «Kiss» guruhi xonandasi Eys Frilidan kelgan tabriknomalar ham bor edi. Ularning barchasi devordagi kitob tokchasiga tartib bilan terib qoʻyilgandi. Har doimgidek, bu tabriknomalarni u oʻziga oʻzi joʻnatgandi.

Sevgi – bu tongdagi boʻsa… yoki ishqiy romandagi soʻnggi xayrlashuv boʻsasi… Sevgi… bu oqshomdagi atirgul…

Taker Millzda hamma uning ustidan kulsa ham mayli. Yosh bolalar uni mazax qilishsa ham, «semiz sigir» deb atashsa ham mayli, baribir u sevgi va toʻlin oyning nima ekanligini hammadan koʻra yaxshiroq biladi. Va hozir, u oʻzining besoʻnaqayligini unutganicha sevgi kelishiga oʻzini ishontirardi. 

Kutilmaganda kimdir derazani tirnaganga oʻxshadi.

U oʻrnidan turdi. Derazadan tushayotgan oy nurini erkak kishining sharpasi toʻsib turardi. 
— Men uxlayapman, - oʻyladi qiz, - holbuki bu tush ekan, men uning ichkariga kirishiga va men bilan istaganini qilishiga rozi boʻlaman… Mayli, odamlar sevgi iflos, taqiqlangan narsa deyaverishsin… Yoʻq, sevgi eng sof, eng toʻgʻri… Sevgi – bu lazzat…

Hali ham tush koʻrayotganiga ishongan qiz koʻzlarini yarim ochganicha deraza tomon yoʻnaldi.

Biroq qoʻli sovuq oynaga tekkach, u tashqarida erkak kishini emas, kattakon pahmoq boʻrini koʻrdi, u deraza rafiga panjalarini tiraganicha uy ichiga qarab turardi.

«Yoʻq, Avliyo Valentin tunida albatta sevgim kelishi kerak», - oʻyladi qiz. Uning koʻzlari aldayapti xolos. Albatta bu erkak kishi, uning sevgisi.

Bu oydin tunda u qizning oldiga kelgan. U…

Qiz derazani ochdi va yuzlariga urilgan sovuq shamol uni bu tush emasligidan ogoh etdi. Hech qanday kishi yoʻq edi va u buni tushundi. U qoʻrquvdan qaltiraganicha ortiga tisarildi va shu lahzada xona ichiga boʻri oʻqdek otilib kirdi.

Sevgi… bu… tungi faryod…

Temir yoʻlni ta’mirlash uskunalari saqlanadigan omborda yaqinda Arni Vestramning nimtalab tashlangan tanasi topilganligi qizning yodiga juda kech tushdi. Juda kech…

Ulkan maxluq u tomon qadam tashladi. Stella orqaga tisarildi, oyogʻi karavotga urilib, chalqanchasiga yiqildi.

Boʻri uning ustiga engashdi. Qiz uning qaynoq nafasini his qildi. Boʻrining sariq koʻzlari uning koʻzlariga tikildi.
— Mening sevgim, - pichirladi qiz va koʻzlarini yumdi.

Sevgi – bu oʻlim…

Mart

Bu yil oxirgi yoqqan ogʻir hoʻl qor Taker Millzdagi barcha yoʻllarni daraxtlarning singan shoxlariga toʻldirib tashladi. — Ona tabiat oʻz mulkini tartibga solyapti, - dedi shahar kutubxonachisi Milt Shturmfyuller oʻziga-oʻzi. U xotini bilan stol yonida oʻtirganicha qahva hoʻplardi. Oriq, koʻzlari koʻk oʻrta boʻyli bu kishi oʻn ikki yildirki, xotinini xoʻrlab kelardi. Lekin buni hech kim bilmasdi.

Miltga oʻzi topgan ibora shunchalik yoqib tushdiki, u soʻzlarini yana takrorladi: «Ha, ona tabiat oʻz mulkini tartibga solyapti…» Shu payt chiroq bir lipilladi-yu, oʻchdi. Bunday boʻlishini kutmagan Donna Li Shturmfyuller qichqirib yuborarkan, qahvasini toʻkib yubordi. 
— Tezda lattani ol-da artib tashla,- dedi sovuq ohangda Milt. – Hoziroq.
— Ha, jonim, albatta.

Qorongʻilikda sochiqni izlayotgan ayol oyogʻini stul qirrasiga urib olib yana qichqirdi. Eri koʻzidan yosh chiqquncha kuldi. Uning eng sevimli mashgʻuloti xotiniga ozor yetkazish va «Riderz Dayjest» jurnalida chiqadigan latifalarni oʻqish edi.

Oʻz mulkini tartibga solayotgan ona tabiat qurigan shoxlar bilan birga adashib elektr uzatish simlarini ham uzib yuborgandi. Ogʻir hoʻl qor simlar ustiga yogʻaverdi, yogʻaverdi, natijada simlar uzilib ketdi.

Butun shaharcha zulmat ichida qoldi.

Oʻz ishidan qanoatlangan qor asta-sekin tindi. Harorat oʻn olti daraja sovuq edi. Yoʻllar qahraton sovuqdan xokkey maydoni singari yaxmalakka aylangandi. Uylar hali ham zulmat ichida edi. Yaxmalak yoʻldan yurib simlarni ulashga hozircha mahalliy montyor oʻzida jur’at topolmayotgandi. 

Bulutlar sezilarli darajada siyraklashdi va ular orasidan toʻlin oy moʻraladi.

Tungi jimjitlikni boʻrining uvillashi buzdi.

Qotib uxlayotgan erining yonida yotgan Donna Li bu uvillashni jimgina tinglardi. Konstebl OʻNiri ham Laurel Stritdagi uyi derazasi oldida turganicha bu ovozga quloq soldi. Uvillashni boshqalar ham eshitishdi. 

Lekin ovoz egasi kimligini hech kim bilmasdi. Shuningdek, ertalab simlarni ulash uchun Tarker Brukka borgan mahalliy montyor koʻrib qolgan koʻchada yotgan sayoq kishining ismini ham hech kim bilmadi. Muzlab qolgan jasad chalqanchasiga yotar, eski palto va koʻylagi burda-burda qilib tashlangandi. Uning dahshatdan qotib qolgan koʻzlari osmonga tikilgandi.

Jasad atrofi izlarga toʻlib ketgandi.

Boʻri panjasining izlariga.

Aprel

Oy oʻrtalariga kelib, qor oʻrnini surunkali yomgʻirlar egallagan pallada Taker Millz yashillikka burkana boshlaydi. Matti Tellingemning hovuzidagi muz va odamlar «katta oʻrmon» deb ataydigan oʻrmondagi qorlar erib, yoʻqola boradi. Bahor kelayotganini his qiladi kishi.

Shaharcha uzra vahima koʻlankasi paydo boʻlganiga qaramasdan bu bayramni har bir shaharlik oʻzicha nishonlaydi. Xeyg buvi piroglar pishiradi va sovutish uchun deraza tokchasiga terib qoʻyadi. Yakshanba kunlari ruhoniy Lester Lou «Sulaymon podsho qoʻshiqlari»dan parchalar oʻqiydi va «Tangri muhabbatining tirik bulogʻi» mavzusida chiqishlar qiladi. Dunyoviy maktab tarafdori, ateist va piyonista Kris Raytson boʻkib aroq ichadi. Taker Millzdagi yagona qovoqxona egasi Billi Robertson Kris Raytsonni kuzatib qoʻyarkan, oshpaz ayolga agar bugun tunda boʻri-odam birortasini oʻldiradigan boʻlsa, bu qurbon albatta Kris boʻlishini aytib mingʻirlaydi.
— Xudo haqqi, menga uni eslatma, - deb uning gapini boʻladi oshpaz ayol.

Uning ismi Elayza Furne boʻlib, yigirma toʻrt yashar bu ayol cherkovga har hafta borar va ruhoniy Lester Louga boʻlgan yashirin muhabbati tufayli cherkov xorida berilib kuylardi. Ammo bu muhabbatiga qaramasdan u Taker Millzni tark etib boshqa xotirjamroq joyga ketmoqchi edi, chunki boʻri-odam bilan bogʻliq dahshatli voqealar uni xavotirga solayotgandi. U Portsmutda ham yaxshigina pul topish mumkinligini va u yerda boʻrilar boʻlsa ham, ular harbiy flot dengizchilari boʻlishini oʻylardi.

Haqiqatan ham, oy toʻlishgan paytda Taker Millzda tunlar dahshatli tus olardi. Kunduzi esa har holda yaxshi edi. Kutilmaganda shaharcha osmonida varraklar paydo boʻlar, ular kundan-kunga koʻpayib borardi.

Kecha oʻzining oʻn birinchi bahorini qarshilagan Bredi Kinkeydga varrak sovgʻa qilishgandi. U bugun olamdagi hamma narsani unutganicha kuni bilan varrak uchirdi. U kechki ovqatgacha uyga qaytishi haqida bergan va’dasini ham unutib qoʻygandi. U hatto bolalarning allaqachon uy-uylariga tarqalib ketishganini, bogʻda yolgʻiz oʻzi qolganligini ham sezmagandi.

Faqatgina gʻira-shira qorongʻulik atrofni qoplay boshlagani uning bogʻda ortiqcha uzoq vaqt qolib ketganligini anglashga majbur qildi. Oʻrmon ortidan toʻlin oy koʻtarilib borardi. Bredi kechki ovqatga kech qolganidan, otasi endi uni jazolashidan yoki qorongʻilikdan qoʻrqmayotgandi.

Maktabda u boʻri-odam haqida shivirlab gaplashadigan oʻrtoqlarini masxara qilardi. Ammo endi u qoʻrquvdan qaltiray boshladi. Bolalarning qoʻrqinchli hikoyalari endi unga haqiqatdek tuyulayotgandi.

U shoshib-pishib gʻaltagini oʻray boshladi. Varrak havoda chirpirak boʻlib aylandi va boladan oʻnlab qadam nariga tushdi.

Bredi varragi tushgan tomonga qadam tashlarkan, yoʻl-yoʻlakay gʻaltagini oʻrab borardi… bir payt uning qoʻlidagi gʻaltak xuddi baliq ilingan qarmoq ipidek qattiq tortildi. 

Tungi sukunatni momaqaldiroqdek oʻkirik buzdi va Bredi Kinkeyd qichqirib yubordi. U ishonadi, endi u bolalarning choʻpchaklari rost ekanligiga ishonadi, lekin endi kech. Uning qichqirigʻini boʻrining etni seskantiradigan uvillashga aylanayotgan irillashi bosib ketdi.

Boʻri bola tomon qadam tashlardi. U xuddi odamlardek ikki oyoqlab yugurar, qalin juni oy nurida yaltirar, koʻzlari esa chiroq singari yonib turardi. Uning odamlarnikidek uzun tirnoqli qoʻlida varrak hilpirardi.

Bredi burilib qochishga shaylandi, lekin kuchli qoʻllar uning yelkasidan tutdi. U qon isini tuydi.

Bredini ertalab bogʻ ichidan topishdi. Bolaning boshsiz tanasi urush qahramonlariga atab tiklangan haykalga suyab qoʻyilgan, barmoqlari orasiga qistirilgan varrak esa shamolda oʻynardi.

May

Yakshanbaga oʻtar kechasi ruhoniy Lester Lou dahshatli tushdan terga botgan va qaltiroq bosgan holda uygʻonib ketdi. U katta ochilgan koʻzlarini cherkov hovlisiga qaragan derazaga qadadi. Derazadan koʻrinib turgan toʻlin oyning kumushrang nurlari polni yoritardi va ruhoniy hatto boʻri-odamni koʻrishga ham tayyor edi. U koʻzlarini chirt yumdi va yovuz kuchni eslagani uchun Xudodan kechirishini soʻrab iltijo qildi. Yaratganga iltijosini u har doimgidek «… Iso Masih nomi bilan. Omin» deb tugatdi. Agar bu la’nati tush boʻlmaganida edi…

U tushida cherkovda adashganlarning qaytishi haqida ma’ruza oʻqiyotgan emish. Cherkov odatdagidan farqli ravishda ibodatga kelganlar bilan toʻla ekan.

Tushida u shunchalik ehtiros bilan ma’ruza oʻqirdiki, oʻngida hech qachon bunday qilmasdi. U «Yirtqich bizning oramizda yuribdi» degan mavzuda ma’ruza qilayotgandi.
— Yirtqich, - dedi u, - har doim bizning oramizda yashirinib yuradi. Shayton uchun chegara yoʻq. U maktabda bitiruv kechasida raqs tushishi mumkin. U sizdan bir quti sigaret va gugurt sotib olishi mumkin. U sosiska chaynaganicha Bangordan keladigan avtobusni kutib Braytonning dorixonasi roʻparasidagi bekatda siz bilan birga oʻtirishi mumkin. Yirtqich kontsert zalida sizning yoningizda oʻtirishi yoki Meyn Stritdagi Chet va Chou barida olmali pirog yeyishi mumkin.
— Yirtqich, - davom etdi u, ovozini pasaytirib. – Yirtqichdan koʻzingizni uzmang. Chunki u sizga jilmayib, qoʻshningiz ekanligini aytishi mumkin, lekin unga ishonmang, inilarim va singillarim, zero uning tishlari oʻtkir va agar unga diqqat bilan qarasangiz, uning koʻzlari oʻynayotganligini koʻrasiz. U Yirtqichdir, u hozir shu yerda, Taker Millzda. U…

Shu payt u jim boʻlib qoldi, uning notiqlik san’ati nihoyasiga yetdi, chunki bu yerda, cherkovda, uning koʻz oʻngida dahshatli voqea yuz berayotgandi. Cherkovga tashrif buyurganlarning yuzlari va badanlari oʻzgara boshladi va u bu yerga yigʻilgan uch yuz nafar kishining boʻri-odamlarga aylanishayotganini koʻrdi. Shahar boshqaruvi raisi, oppoq va semiz Viktor Boulning rangi qoraya boshladi, soʻng yuzlarini qalin tuk qopladi. Musiqa oʻqituvchisi Vayolet Makkenzi… uning ozgʻin tanasi kutilmaganda semirdi, burni esa uzun va tekis koʻrinishga keldi. Tabiatshunoslik oʻqituvchisi Elbert Frimanning tanasi semirib, kostyumi yirtilib ketdi va kiyimlari orasidan qop-qora qalin junlar oʻsib chiqdi. Uning qalin lablari ochilib, kurak tishlari koʻrindi.
— Yirtqich… - qichqirishga urindi ruhoniy Lou, ammo tili unga boʻysunmasdi va u dahshat ichra ortiga tisarildi. Cherkov xodimi Kel Bladvin tishlarini irjaytirganicha oldinga otilib chiqdi. Uning ortidan Vayolet Makkenzi tashlandi va ular bir-birlarini tishlab-tirnay ketishdi.

Ularga boshqalar ham qoʻshilishdi. Cherkov xuddi hayvonot bogʻida ovqat berilayotgan paytni eslatardi. Bu safar umumiy shovqinga ruhoniy Louning «Yirtqichlar! Yirtqichlar biz bilan! Ular hamma joyda bor! Yirtqichlar!!!» degan chiyildoq ovozi ham qoʻshildi. Birdan u ovozi boshqacha chiqayotganini, gapirish oʻrniga irillayotganini sezib qoldi. Qora ridosining yenglaridan ham qoʻl emas, uzun tirnoqli panjalar chiqib turardi…

Shu payt u uygʻonib ketdi.
— Bu bor-yoʻgʻi tush, - oʻyladi u oʻzini-oʻzi tinchlantirishga urinarkan. – Xudoga shukr, bu bor-yoʻgʻi tush.

Lekin ertalab cherkov eshigini ocharkan, uning koʻzi birinchi boʻlib tushgan narsa cherkov qorovuli Klayd Korlissning boshsiz tanasi boʻldi. Ruhoniy Lou shuncha duo-iltijo qilsa-da, bu tush emasdi va u dahshatga tushganicha dod soldi.

Ha, Taker Millzga yana bahor keldi – u oʻzi bilan birga dahshat olib kelgandi.

Iyun

Yilning eng qisqa bu tunida Taker Millzdagi bar xoʻjayini Alfi Nopfler barning plastik qoplama qoplangan ustunini yaraqlatib artayotgandi. Qahvaxona boʻm-boʻsh boʻlib, Alfi qorongʻi koʻchaga tikilganicha mana shunday yoz tunida oʻtkazgan ilk ishqiy uchrashuvini xotirlardi. Qizning ismi Arlena Mak Kyun edi. Hozir u Bangordagi advokatga turmushga chiqqan. Qanday ajoyib tun boʻlgandi! Kutilmaganda eshik ochilib, ichkariga oy nuri tushdi. Hozir toʻlin oy boʻlgani uchun Alfi qahvaxonaga hech kim kelmasligiga ishonardi. Odamlarning aytishlaricha, oy toʻlgan tunda Taker Millz koʻchalarida Yirtqich paydo boʻlardi. Ammo Alfi bunday ertaknamo mish-mishlardan choʻchimasdi, uning ogʻirligi yuz kiloga yaqin boʻlib, flotda xizmat qilgan chogʻida chiniqqan muskullari hozir ham ancha-muncha odamni choʻchitardi. 
— Ehtimol, - oʻyladi u, - barni ertaroq yopish kerakdir. Qahva qaynatgichni oʻchirib, muzlatgichdan pivo olaman-da, kinoga boraman. Bunday tunda pivo ichib film tomosha qilganga nima yetsin.

Ayni shu lahzada eshik ochildi va u ichkariga kirib kelgan mijozga oʻgirildi.
— Salom, ishlar qalay? – dedi u oʻzining doimiy mijozlaridan biriga… uning bunday tunda kirib kelishi ajablanarli edi. Odatda, u barga ertalab soat oʻnda kelardi.

Mijoz u bilan soʻrashdi.
— Qahva quyaymi? – soʻradi Alfi.
— Agar mumkin boʻlsa.

«Koʻrinishidan, u bu yerda uzoq oʻtirmasa kerak. Kasal boʻlib qoldimikin?» oʻyladi Alfi.

Kutilmagan manzaradan uning fikri boʻlindi. Yaltiroq qahva qaynatgichga tikilib turarkan, u dahshatli va gʻayritabiiy manzaraning guvohi boʻldi. Taker Millzdagi har bir kishi yaxshi taniydigan bu mijozning tashqi koʻrinishi asta-sekin oʻzgara boshladi. Uning yuzi xuddi rezina niqobdek choʻzila boshladi. Koʻylagi chok-chokidan soʻkildi va Alfining yodiga jiyani sevib tomosha qiladigan fantastik film tushdi.

Bir necha soniya ichida mijozning yuzi vahshiy hayvonning tumshugʻiga aylandi, uning jigarrang koʻzlarida esa sariq-yashil uchqun chaqnadi.

Kutilmaganda eshitilgan yovvoyi oʻkirish qahrli irillashga aylandi. U – maxluq, yirtqich yoki boʻri-odam, kimligining ahamiyati yoʻq, panjalarini peshtaxta ustidagi qanddonga uzatdi va uni devorga qaratib otdi.

Alfi qochaman deb qahva qaynatgichni agʻdarib yubordi, qaynoq ichimlik uning oyogʻini kuydirdi. Dahshat va ogʻriqdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan Alfi ovozining boricha qichqirdi.

Yirtqich hayvonlarga xos epchillik bilan peshtaxta ustiga sakrab chiqdi. Uning ustida hali ham soʻkilib ketgan koʻylak va shimining parchalari osilib turardi.

Yirtqich irillaganicha Alfiga tashlandi. Yirtqichning uzun kurak tishlari uning yelkasiga botdi. Favvora boʻlib otilgan qon hammayoqni qip-qizil qilib tashladi.

Alfi emaklaganicha qochishga urindi, qichqirmoqchi ham boʻldi, lekin uning koʻzlari toʻlin oy nuridan qamashib ketdi. Yirtqich yana unga tashlandi va Alfining koʻzlaridagi oy shu’lasi butunlay soʻndi.

Iyul

Ular Mustaqillik kunini nishonlashni taqiqlashibdi! Mana shu soʻzlardan soʻng Martin Koslav yaqinlarining noroziliklarini koʻrdi.
— Bunchalik ahmoq boʻlma, - dedi onasi. Onasi unga koʻpincha qoʻpol muomala qilar, uning nogironligi va bir umr nogironlar aravachasida oʻtirishga mahkum ekanligi uchun achinayotganligini bildirmaslikka urinardi.
— Kelasi yilgacha kutib tur! – dedi otasi uning yelkasiga shapatilarkan. – Keyingi bayram zoʻr boʻladi! Ikki baravar zoʻr boʻladi, jin ursin! Ey-ey, oʻzing koʻrasan hali, kichkintoy!

German Koslav Taker Millzdagi oʻrta maktabda jismoniy tarbiyadan dars berar va oʻgʻliga doimo soxta samimiyat bilan muomala qilardi. Bundan tashqari, u har ikki gapining birida «ey-ey!» degan soʻzni ishlatardi. Gap shundaki, German Koslav toʻp ortidan quvadigan, yugurib yuradigan, koʻkarib ketguncha suvda choʻmiladigan sogʻlom bolalar dunyosiga oʻrgangan, Martini koʻrganda esa asabiylasha boshlardi. Har safar Martiga koʻzi tushganda uning asabi qoʻzirdi. Asabiylashganda esa «ey-ey!», «jin ursin!» degan soʻzlarni oʻrni kelsa-kelmasa ishlataverardi. 
— Xa-xa! Nihoyat sen oʻzing istagan narsani ololmadingmi! – dedi opasi, Martin hokimiyat binosi oldida yilda bir marta boʻladigan mushakbozlikni qanday orziqib kutganligini aytganida.

Opasi Keyt oʻn uch yoshda, u esa oʻn yoshda boʻlib, opasi Martin yura olmagani uchungina uni hamma yaxshi koʻrishiga ishonardi. Shuning uchun mushakbozlik bekor qilinganidan Keyt juda xursand edi.

Hattoki, doim Martinning tarafini oladigan bobosi ham unchalik jon kuydirmadi.
— Bayramni hech kim taqiqlagani yoʻq, bolaginam, - dedi u oʻziyurar nogironlar aravachasida oʻtirgan Martinga. Bu suhbat ikki kun ilgari, ikkinchi iyulda boʻlib oʻtgandi. – Ular bor-yoʻgʻi mushakbozlik va sayilni bekor qilishgan, xolos. Sababini oʻzing bilasan-ku.

Martin buning sababini bilardi. Hammasiga gazetalar «Toʻlin oy qotili» deb nomlashgan qotil sababchi edi. Martin bolalardan ham u haqda koʻplab mish-mishlarni eshitgandi. Ularning aytishlaricha, qotil odam emas, qandaydir maxluq. Ehtimol, boʻri-odamdir. Martinning oʻzi bunga ishonmasdi – boʻri-odamlar faqat dahshatli filmlarda boʻladi – balki u oy toʻlishgan tunda odam oʻldirish istagi kuchayadigan qotildir. Mushakbozlik aynan ana shu qotil sababli bekor qilingandi.

Hattoki yanvarda ham, aravachada oʻtirgancha derazadan bolalarning chana tortqilashlarini kuzatgan Martin mushakbozlikni oʻylaganida hamma narsani unutardi. Uning miyasini issiq yoz, muzday koka-kola, mushakbozlik oʻtkaziladigan tun haqidagi xayollar band etardi.

Endi esa bayram mushakbozligini bekor qilishibdi… Odamlar nima desa deyaverishsin, lekin Martin ular Mustaqillik kunini – uning bayramini taqiqlashganini his qilardi.

Uni tushunadigan yagona odam bugun ertalab ularnikiga kelgan Al togʻasi edi. U ayvonda bolaning yonida turgancha uning soʻzlarini tinglardi. Oilaning barcha a’zolari hovli oʻrtasidagi hovuzda qiyqirib choʻmilishardi. 

Martin Al togʻasiga dilidagi gaplarni hayajon bilan toʻkib soldi.
— Nimani nazarda tutayotganimni tushunyapsizmi? Bu onam oʻylaganidek, mening nogironligim yoki bobom aytganidek, Mustaqillik kuni bilan mushakbozlikni aralashtirib yuborayotganim bilan bogʻliq emas. Faqat, sabrsizlik bilan bir narsani uzoq vaqt davomida kutsang… keyin esa shahar kengashidagi janob Boul paydo boʻlib, hammasini yoʻqqa chiqarsa. Bu adolatdan emas. Ayniqsa, bu sen uchun juda muhim narsa boʻlsa, tushunyapsizmi?

Al togʻa Martinning kuyib-pishib aytgan soʻzlaridan keyin uzoq sukutga choʻmdi. Sukunat shunchalik uzoqqa choʻzildiki, Martin hovuz tomonda kimningdir suvga sakraganini va otasining «Zoʻr sakrading, Keyt! Ey-ey, gap yoʻq!» deganini eshitdi.

Soʻng Al togʻa xotirjamlik bilan javob qaytardi:
— Albatta tushunaman. Bilasanmi, senga bir sovgʻa tayyorlab qoʻyganman. Ehtimol, bu senga oʻz Mustaqillik kuningni nishonlash imkonini berar.
— Oʻz Mustaqillik kunim? Nimani nazarda tutyapsiz?
— Mashinam oldiga boraylik. Senga bir narsa beraman. – U Martin ogʻiz ochishga ulgurmay beton yoʻlak boʻylab qadam tashladi.

Martin aravachasini yurgizdi. Hovuzdan uzoqlashgani sari u endi oila a’zolarining shodon qiyqiriqlarini emas, aravacha gʻildiraklarining taraqlashini eshita boshladi.

Al togʻaning tomi ochiladigan «mersedes»i bor edi. Ota-onasi bu mashinani yoqtirishmas, Martin esa uni koʻrganda aqldan ozguday quvonardi. Bir marta Al togʻasi uni mashinasiga oʻtqizib, shahar tashqarisida sayr qildirib ham kelgandi.

Al togʻa mashina ichidan nimadir oldi va Martin mashina oldiga yetib kelgach, qoʻlidagi tugunni unga uzatdi.
— Mana, ol, - dedi Al togʻa. – Mustaqillik kuni bilan!

Dastlab Martinning koʻzi xitoycha yozuvlarga tushdi. Keyin tugunni ochdi. Tugun turli xil oʻlchamdagi mushaklarga toʻla edi.
— Ostidagi ipni tortib yerga tashlasang, juda ajoyib kamalakni koʻrasan. Mana bularini esa boʻsh shisha idishga solib yondirasan.

Al togʻa qiyqiriqlar ovozi kelayotgan hovuz tomonga koʻz tashladi.
— Rahmat! – Nihoyat Martin oʻziga keldi. – Rahmat, Al togʻa!
— Faqat onangga ularni qaerdan olganligingni aytma, - ogohlantirdi togʻasi. – Aytishadi-ku, koʻr otga koʻz qisishning nima hojati bor? Kelishdikmi?
— Albatta, albatta, - dedi Martin shoshib-pishib, otga koʻz qisish bilan mushakbozlik orasida qanday umumiylik borligini tushunmasa-da. – Ishqilib, bular sizga kerakmasmidi, Al togʻa?
— Kerak boʻlsa yana topishim mumkin, - javob qaytardi Al togʻa. – Brijtaunda bir tanishim shunaqa narsalar bilan savdo qiladi. – U Martinning boshini siladi. – Mustaqillik kunini bemalol nishonlashing mumkin, faqat hamma uxlaganidan keyin. Baland ovoz chiqaradigan mushaklarni otmay qoʻyaqol, hammani uygʻotib yuborasan.

Al togʻa mashinasiga oʻtirdi va kalitni buradi. Mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Martin mashina koʻzdan yoʻqolguncha minnatdorchilik ma’nosida qaddini egib turdi va tomogʻiga tiqilib qolgan tupukni yutishga urinarkan, bor kuchi bilan yigʻlab yubormaslikka tirishdi. Soʻng tugunni yashirib, aravachasini xonasi tomon yurgizdi. U tezroq qorongʻu tushib hamma uxlashini sabrsizlik bilan kuta boshladi.

Bu oqshom u hammadan avval uxlashga yotdi. Uning oldiga onasi kirdi va (uning adyol orasidan ingichka yogʻochdek chiqib turgan ozgʻin oyoqlariga qaramaslikka urinarkan) xayrli tun tilab uni oʻpdi. – Tuzukmisan?
— Ha, oyi.

Onasi nimadir demoqchi boʻldi, lekin soʻz topolmay boshini sarak-sarak qilgancha chiqib ketdi.

Soʻngra opasi yugurib kirib, uning ustiga engashdi va shivirladi: - Xoʻsh, qalay? Sen nogiron boʻlganing uchungina istagan narsangni olavermaysan.
— Agar menda nima borligini bilganingda ogʻzing ochilib qolardi, - dedi Martin yumshoqlik bilan. Keyt xonadan chiqib ketish oldidan unga shubhali nazar tashladi.

Oxirida otasi kirib karavot chetiga oʻtirdi. – Tuzukmisan, oshna? – dedi u soxta quvonch bilan. – Negadir erta kunda yotib olibsan. Jud-da erta.
— Charchadim, dada.
— Oʻ key, - u Martinning yogʻochdek oyoqlariga shapatiladi va oʻrnidan turdi. – Afsus, mushakbozlikni bekor qilishibdi. Hechqisi yoʻq, kelasi yili hammasi yaxshi boʻladi. Ey-ey! Xafa boʻlma! – U xonani tark etdi.

Martin javob oʻrniga sezilar-sezilmas jilmaydi.

Uydagilarning joy-joylariga tarqalishlarini uzoq kutishga toʻgʻri keldi. Mehmonxonadagi televizor ishlashda davom etar va ekrandagi ommaning soxta kulgilarini tez-tez opasining hiringlashi bosib ketardi. Onasining telefonda kimnidir tabriklayotgani eshitildi. «Ha, - derdi u, - afsus mushakbozlikni bekor qilishibdi. Menimcha, hozirgi vaziyatni hisobga oladigan boʻlsak, bu juda toʻgʻri qaror. Ha, albatta, Martin qattiq xafa boʻldi». Suhbat soʻngida u kuldi, Martinning oldida u hech qachon bunaqa kulmasdi.

Soat millari yetti yarimdan sakkizga, keyin toʻqqizga keldi, u xaltaning joyida turganligiga ishonch hosil qilish uchun tez-tez qoʻlini yostiq ostiga suqardi. Toʻqqiz yarimda, oy ancha balandga koʻtarilgandagina uy asta-sekin sukutga choʻma boshladi. Televizorning oʻchirilgani va Keytning boshqa dugonalari kech yotishlari haqida toʻngʻillaganicha yotoqxonaga kirib ketgani eshitildi. Keyin esa ota-onasining past ovozda gaplashishayotgani eshitildi. Va…

…va u baribir uxlab qolibdi, chunki qoʻlini yostiq ostiga tiqqanida uyda sukunat hukmron ekanligini, oy esa ancha yorqin nur sochayotganligini angladi. U shoshib-pishib xaltani va oldindan tayyorlab qoʻyilgan bir quti gugurtni olib choʻntagiga soldi. U endi karavotdan tushishga tayyor edi.

Martin uchun bu qiyin ish boʻlsa-da, lekin atrofidagilar odatda oʻylashganidek ogʻriqli emasdi. Uning oyoqlari sezish qobiliyatidan mahrum edi, shuning uchun u hech qanday ogʻriqni his qilmasdi. U ikkala qoʻli bilan karavot chetini ushladi va bir amallab oyoqlarini pastga tushirdi. Soʻng karavotidan boshlanib, butun xonani aylantirib bogʻlangan tutqichni ushladi. Martin tutqichga tayanganicha aravachasiga oʻzini tashladi.

Bir oz nafasini rostlagach, u diqqat bilan atrofga quloq soldi. «Baland ovoz chiqaradigan mushaklarni otmay qoʻyaqol, hammani uygʻotib yuborasan», degandi Al togʻa. Uydagi chuqur sukunatga quloq tutgan Martin togʻasining haq ekanligini tushundi. U oʻz bayramini yakka oʻzi nishonlaydi va buni hech kim bilmaydi. Ertaga mushak qoldiqlarini koʻrishsa koʻrishar. Buning ahamiyati yoʻq.

U tepkini bosdi. Oʻziyurar aravachaning chiroqchasi yondi. Martin oʻngga burilish tugmasini bosdi va aravacha oʻngga burildi. Tashqariga chiqadigan eshikka yuzlangach, Martin «Oldinga» deb yozilgan tugmani bosdi, aravacha oldinga yurdi.

Martin eshik zulfinini sekin tushirdi va tashqariga chiqdi. Ayvonda u xaltani yirtdi va yozning sehrli tuni, chigirtkalarning bir maromda chirillashi, bilinar-bilinmas shabada, barglarning shitirlashi va oy yogʻdusi oldida maftun boʻlib turib qoldi.

U ortiq kuta olmasdi. Martin dastlabki mushakni olib, gugurt chaqdi, mushak koʻk va yashil uchqunlar sachratib yuqoriga koʻtarildi.

Toʻrtinchi iyul, - oʻyladi u va uning koʻzlari chaqnab ketdi. – Bu mening, faqat mening bayramim, mening eng quvonchli bayramim!

Martin vaqtni oʻtkazmasdan navbatdagi mushakni yondirdi va sap-sariq rangli olovdan koʻz uzolmay qoldi. Mushak yonib tugashini kutmasdan u yana navbatdagisini yondirdi, bu safar qip-qizil ranglar shu’lasi atrofni yoritdi.

U qoʻli bilan paypaslab xalta ichidan bir bogʻlam mushakni oldi. Lekin Al togʻasining soʻzlari yodiga tushib, uni hozir otish dahshatli hodisa boʻlishini – mushakning ovozi hammani uygʻotib yuborishi mumkinligini oʻyladi.

U mushakni tizzasiga qoʻydi va xaltani titkilab boshqa mushakni oldi. Martin pilikni tutashtirib mushakni osmonga otdi.

Qondek qip-qizil shu’la oʻtloqni yoritdi… va bu yorugʻlik ichida Martin butalar orasidan yarim irillab-yarim yoʻtalib chiqib kelayotgan ulkan maxluqni koʻrdi.

U bir necha soniyaga oʻtloq chetida havoni hidlab turib qoldi, soʻng nogironlar aravachasida qoʻrquvdan koʻzi qinidan chiqib ketay deb oʻtirgan Martin tomon qadam tashladi. U bukchayganicha aravachasi suyanchigʻiga qapishdi. Maxluq xuddi odamlardek ikki oyoqda tik turib kelardi. Uning yashil koʻzlari oʻrtasida qip-qizil choʻgʻ yonardi. U asta-sekin yaqinlasharkan, vaqti-vaqti bilan toʻxtab, havoni hidlardi. Yirtqich uzun kurak tishlarini koʻrsatib irilladi.

Xuddi odamning qoʻliga oʻxshaydigan tirnoqli panjalar bolaning tomogʻi tomon choʻzildi. Bolakay shu onda hali ham qoʻlida bir bogʻlam mushakni ushlab oʻtirganini angladi. Martin beixtiyor gugurt chaqib, pilikni yondirdi. Pilik atrofga uchqun sachratganicha, vishillab yona boshladi. Boʻri-odam oʻzini orqaga tashladi va xuddi odamlardek ovoz chiqardi.

Shu onda Martin qoʻlidagi mushakni xaltaga solib, xaltani boʻri-odamning tumshugʻiga otdi va mushaklar birin-ketin otila boshladi. Maxluq etni junjiktiradigan ovozda oʻkirdi, ogʻriq va gʻazabdan oʻzini yoʻqotganicha kuyib qolgan tumshugʻini ushladi. Birdaniga toʻrtta mushakning otilishidan keyin Martinning koʻz oldida maxluqning choʻgʻdek yonayotgan koʻzlaridan biri oqib tushdi. U yana oʻkirdi, bu safar ogʻriqqa chidolmay panjalarini yuziga bosdi. Uyda birin-ketin chiroqlar yona boshladi, maxluq ortiga oʻgirildi va oʻkirganicha oʻrmon tomonga otildi.
— Nima boʻldi?! - hayajonlanib soʻradi Martinning onasi. Bu safar uning ovozi ilgarigidek quruq emasdi.
— Kim u, jin urgur? – baqirdi otasi.
— Martin? – dedi qaltiroq ovozda Keyt. – Martin, tuzukmisan? Uning ovozida ham odatdagi nafrat yoʻq edi.

Faqat Koslo bobogina dong qotib uxlab yotardi.

Martin aravachasiga holsizgina suyanganicha, mushakning asta-sekin soʻnayotganini kuzatardi. U shunday dahshatga tushgandiki, hattoki yigʻlashga ham holi qolmagandi. Ertasiga uni Vermont shtatiga, Jim togʻa va Ida xolalarnikiga butun yozgi ta’tilni oʻtkazib kelish uchun joʻnatib yuborishdi (bu politsiyaning maslahati bilan qilindi, chunki toʻlin oy qotili Martinni xavfli guvoh sifatida oʻldirishga urinishi mumkin edi).

U boʻri-odamning qoʻrqinchli qiyofasini koʻrgan va tirik qolgan ilk guvoh edi. Va uning koʻnglida hech kim bilan, hattoki uni tushunadigan Al togʻasi bilan ham baham koʻrmaydigan bolalarcha quvonch bor edi. U mushakbozlik boʻlganidan baxtiyor edi…

Avgust

— Boʻri-odam boʻlganiga mutlaqo ishonmayman, - dedi konstebl OʻNiri ovozining boricha. Stanning sartaroshxonasidagi hamma mijozlar jim boʻlishdi. Taker Millzda keyingi oʻn yillikdagi eng issiq avgustning ikkinchi yarmi edi. Ikkinchi kundirki, toʻlin oy nur sochib turar va butun shahar nafasini ichiga yutganicha navbatdagi qotillikni kutardi. Konstebl OʻNiri yigʻilganlarga bir-bir koʻz yugurtirdi va oʻz fikrini davom ettirdi.
— Shunday kishilar boʻladiki, - dedi u, - xuddi ikkita odamga oʻxshashadi. Shaxs ikkilanishiga oʻxshagan narsa, tushunyapsizlarmi?

U yigʻilganlarning oʻziga hurmat bilan qarashayotganidan huzurlanib bir oz sukut saqladi, soʻng gapida davom etdi.
— Bu odam ham oy toʻlganda koʻchaga chiqib odam oʻldiradigan, lekin nima qilayotganini oʻzi bilmaydiganlar toifasidan boʻlishi kerak. Aslida u har kim boʻlishi mumkin – bank kassiri, yonilgʻi quyish shoxobchasi mexanigi. Ehtimol, u hozir oramizda oʻtirgandir. Garov oʻynashim mumkinki, u qalban yirtqich, tashqi koʻrinishidan esa oddiy odam. Lekin boʻriga aylanadigan odam yoʻq, bu bolalar uchun ertak xolos.
— Koslavlarning oʻgʻli toʻgʻrisida nima deysan? – soʻradi Stan.
— Bu aynan mening fikrimni tasdiqlaydi, - dedi OʻNiri. – Bunday bema’nilikka faqat bolalargina ishonishadi.

Martin Koslavning shaharchada olti kishini oʻldirgan qotilni koʻrgan birinchi guvoh boʻlganligi konsteblning asabini qoʻzigandi. Buning ustiga, unga bolani soʻroq qilishga ruxsat berishmadimi? Yoʻq. Bolaning qaerdaligini biladimi? Yoʻq! Chunki u oddiygina qishloqi bir politsiyachi-da! U faqat tirmizakning koʻrsatmalarini oʻqiy oldi xolos. Agar uning gapiga ishonadigan boʻlsa, «yirtqich»ning boʻyi yetti futdan ortiq, butun tanasi jun bilan qoplangan. Uning tishlari uzun-uzun, koʻzlari yashil. Bu hali hammasi emas. Uning odam qoʻllariga oʻxshagan qoʻllarida uzun tirnoqlari bor. Dumi ham bor. Dum! Qanday bema’nilik!
— Balki, - dedi Kenni Franklin, - balki qotil butun a’zoi badanini boʻyab olgan odamdir? Niqob taqqanmi?
— Bunga ishonmayman, - e’tiroz bildirdi OʻNiri qizishganicha. - Yoʻq, janob! Bunga hech qachon ishonmayman! Mishiqi bola maktabda boʻri-odam haqidagi hikoyalarni eshitib olgan va kuni bilan aravasida oʻtirganicha u haqida oʻylagan. Bu mantiqqa mos keladi, toʻgʻrimi? Agar oʻsha tunda butalar orasidan sen chiqib kelganingda ham u baribir boʻri deb oʻylagan boʻlardi!

Kenni iljaydi.
— Yoʻq, - mingʻirladi OʻNiri. – Bu bolakayning koʻrsatmalari hech narsaga arzimaydi.

Martin Koslavning koʻrsatmalaridan norozi boʻlgan konstebl OʻNiri boshqa bir taxminini aytib yuborishiga sal qoldi.
— Toʻrtala mushak ham uning yuzi oldida portlagan, hammasi bir vaqtda. Agar uning bir koʻzi, aniqrogʻi, chap koʻzi koʻr boʻlib qolgan boʻlsa ham ajablanmayman.

Agar konstebl OʻNiri bu fikrida qat’iy turganida ham, 1984 yilning bu jazirama avgustida shaharchada faqat bir kishi koʻzini bogʻlab yurganini koʻrib, oʻz taxminidan kulgan boʻlardi. Shaharchadagi barcha odamlar ichida eng oxirida oʻsha kishidan gumon qilinishi mumkin edi. OʻNiri qotil oʻz onasi boʻlishi mumkinligiga ishonishi ehtimol, lekin bu kishining qotil ekanligiga oʻlaqolsa ishonmasdi.
— Bu ishni ochishning bitta yoʻli bor, - dedi OʻNiri, devor yonidagi kursida navbat kutib oʻtirgan toʻrt-besh kishiga qarata semiz barmogʻini niqtarkan, - bu vijdonli politsiyachi tekshiruvi. Va bu ishni men oʻz zimmamga olmoqchiman. Men qotilni tutib keltirganimda shtat federal politsiyasidagi oliftalar ahmoqona fikrlarini bas qilishadi.

OʻNirining yuzida orzu ifodasi aks etdi. – U har kim boʻlishi mumkin, - mingʻirladi u. – Bank kassiri… yonilgʻi quyish shoxobchasi xizmatchisi… kecha barda sen bilan birga pivo ichgan yigit. Haqiqiy politsiyachi bu jumboqni yechadi. Soʻzlarimni yodda tutinglar.

Oy shu’lasida kumushdek tovlangan ulkan boʻri Taker Millzga chiqish yoʻlidagi chorrahada turgan «dodj-pikap» mashinasi ichiga kirib olgach, OʻNirining politsiyachilik faoliyati barham topdi.

U irillashni eshitdi va xuddi hayvonot bogʻidagi sherning qafasidan keladigan hidga oʻxshash hidni tuydi.

Orqasiga oʻgirilarkan, u yam-yashil koʻzni koʻrdi. Katta jagʻlar ochilgach, uning koʻzi uzun tishlarga tushdi. Yirtqich mazax qilgandek oʻtkir tirnoqlari bilan uning yuzini tirnadi. Qon tizillab otildi. OʻNiri yelkasida qaynoq qonni his qildi. U qichqirib yubordi. Yirtqichning ortida toʻlin oy xira nur sochardi. 

OʻNiri kamariga qadalgan toʻpponchasini unutib qoʻygandi. Vijdonli politsiyachi tekshiruvi ham uning esidan chiqib ketgandi. Buning oʻrniga uning xayoliga ertalab sartaroshxonada Kenni Franklin aytgan soʻzlar keldi. «Balki, qotil butun a’zoi badanini boʻyab olgan odamdir? Niqob taqqanmi?».

Boʻri-odam uning tomogʻiga chang solayotganda OʻNiri niqobning yirtilgan ovozini eshitish va qotilning yuzini koʻrish umidida jonholatda yirtqichning tumshugʻidan changallab tortdi.

Lekin gʻazab va ogʻriqqa toʻla yirtqich oʻkirigidan boshqa hech narsa yuz bermadi. Tirnoqli qoʻl - ha, u aynan qoʻlni koʻrdi, qanday gʻayritabiiy boʻlmasin, bolakay haq ekan – uning tomogʻini yirtib tashladi. Mashina oynasi qonga boʻyaldi.

Boʻri-odam OʻNirining yangi qirtishlangan boshidan tortib mashina ichidan chiqardi. Soʻngra tantanavor irilladi va politsiyachining boʻyniga tishini botirdi.

Sentyabr

Oy oxirlab borar, toʻlin oy kechasi yaqinlashib kelmoqda edi va Taker Millzning sarosimaga tushgan aholisi qoʻrquv bilan oy toʻlishini kutardi, lekin hech narsa yuz bermadi. Dunyoning qaeridadir birin-ketin beysbol musobaqalari oʻtar va futbol mavsumi boshlangandi; Kanada togʻlarida esa qalinligi bir fut qor yoqqandi. Lekin yer sharining bu burchagida hali ham yoz oʻz huquqini talab qilayotgandi. Uch hafta ilgari bolalar maktabga qaytishgandi. Zerikarli sinf xonalarida kuyib-pishib oʻtirishga mahkum bu bolalar oʻzlaricha baxtsiz edilar. Er va xotinlar hech qanday sabablarsiz janjallashishardi. Shaharchaga kiraverishda joylashgan OʻNilning yonilgʻi quyish shoxobchasida qandaydir sayyoh Paki OʻNil bilan benzin narxi masalasida janjallashib qoldi va Paki uni benzin shlangi bilan bir soldi. Oqibatda Nyu jersilik yigitchaning yuqori labi yirtildi. U tishlarini gʻijirlatib allaqanday sud jarayonlari haqida gʻoʻldiraganicha uzoqlashdi. — Bilmadim, unga yana nima kerak ediykin, - dedi Paki kechqurun qovoqxonada. – Men uni sal turtib qoʻydim xolos, tushundingmi? Agar uni bor kuchim bilan urganimda uning ogʻzini butunlay qiyshaytirib qoʻyardim, tushundingmi?
— Albatta, - dedi Billi Robertson, xuddi agar uning soʻzini ma’qullamasa Paki uni ham uradigandek. – Yana pivo ichasanmi, Pak?

Milt Shturmfyuller xotinini idish yuvish mashinasi yuvgan likopda tuxum qoldigʻi qolganligi uchun kaltaklagandi. U likopdagi sariq dogʻga qaradi va xotinini boplab tushirdi. Paki OʻNil aytganidek, Milt uni «bor kuchi bilan» urdi.
— La’nati, - dedi u burni qonab yerda yotgan Donna Lining tepasida turarkan. – Onamning idish yuvish mashinasi boʻlmasa ham idish-tovoqlar doim toza turardi. Sen nima qilyapsan?!

Keyinroq Milt Portlend kasalxonasidagi shifokorga Donna Li zinadan yiqilib tushganligini aytadi. Toʻqqiz yildan buyon oilaviy kontslagerda yashayotgan Donna Li buni tasdiqlaydi.

Kech soat yettilarda toʻlin oy koʻtarildi, shamol turdi – uzundan-uzoq davom etgan ushbu mavsumdagi dastlabki sovuq shamol. U shimol tomondan bulutlarni haydab keldi va oy goh ularning ortiga oʻtib, goh yana paydo boʻlib bulutlar bilan bir oz berkinmachoq oʻynadi. Soʻngra bulutlar qalinlashdi va oy gʻoyib boʻldi. Havo tundlashdi. Hamma uyiga shoshilardi.

Tungi soat ikkilarda shahardan yigirma mil narida joylashgan Vesi Stedj Rouddagi Almer Sinnemanning choʻchqaxonasida dahshatli chiyillash eshitildi. Almer pijamasini yelkasiga tashladi, shippagini kiydi va qurolini olish uchun oʻrnidan turdi. Xotini Almerdan uning tashqariga chiqmasligini oʻtinib soʻray boshladi.

Almer uni itarib yubordi va eshik yonida turgan miltigʻini qoʻliga oldi. Uning choʻchqalari nafaqat chiyillashar, balki xuddi tushida odamxoʻr qotilni koʻrgan yosh qizchalardek yurakni larzaga solib qichqirishardi.

U miltiq tepkisini tushirmoqchi boʻldi va dahshatli ovozni eshitib, turgan joyida qotib qoldi. Bu boʻrining uvillashi edi, lekin unda qandaydir insoniy ovoz bor edi va bu ovoz Almer Sinnemanni ortiga, oshxonaga qaytishga majbur qildi. Almer xotinini quchoqladi, ular divanga oʻtirishdi va xuddi yosh goʻdaklardek qaltiray boshlashdi.

Choʻchqalarning chiyillashi asta-sekin tina boshladi va tez orada butunlay toʻxtadi. Ha, ular chiyillamay qoʻyishdi. Ularning ovozi birin-ketin oʻchdi. Yirtqich yana uvilladi. Uning ovozi qoʻrqinchli edi.

Almer derazaga yaqinlashdi va nimaningdir – aynan nima ekanligini anglolmadi – bir sakrab qorongʻulikka singib ketganini koʻrdi.

Soʻngra deraza oynalarini yuvganicha yomgʻir yogʻdi. Bu ilk, haqiqiy kuz yomgʻiri edi.

Ertalab Almer choʻchqaxonasida oʻzi taxmin qilgan manzaraning guvohi boʻldi. Toʻqqizta choʻchqaning barchasi va ikkita sigiri oʻlib yotar, ularning tanasi boʻlib tashlangan, yarim yeyilgan holatda edi. Ularning chanogʻidan chiqib ketgan koʻzlari kuzning sovuq osmoniga tikilganicha qotib qolgandi.

Almerning Minodan yetib kelgan ukasi Pit uning yonida turardi. Ular uzoq jim turishdi. Keyin Almer anchadan buyon oʻylayotgan gapini gapirdi.
— Sugʻurta ayrim narsalarni qoplaydi. Hammasini emas, ayrimlarini. Qolganiga men zarar koʻradigan boʻldim. Harqalay, odamlardan koʻra choʻchqalarning oʻlgani yaxshiroq.

Pit bosh irgʻadi va keskin dedi:
— Balki, yetar!
— Nimani nazarda tutyapsan?
— Nimani nazarda tutayotganimni bilasan. Kelasi toʻlin oy kechasida 40 kishi oʻladi, yoki 60, yoki 160… Ahmoq ham tushunib turgan narsani tushunmaslikka olishning keragi yoʻq. Buni qara, xudo haqqi!

Pit yerga imo qildi, choʻchqalarning nimtalangan tanalari yonida katta-katta izlar bor edi.

Ular boʻri iziga oʻxshardi va ayni paytda hayratlanarli tarzda inson oyoq izlarini eslatardi.
— Mana bu la’nati izlarni koʻryapsanmi?
— Ha,- javob berdi Almer.
— Bular boʻri-odamning izlari, - dedi Pit. – Sen buni bilasan, Alis ham biladi, shahardagi deyarli barcha odamlar buni bilishadi. Jin ursin, hatto men ham bilaman!

U akasiga qaradi. Soʻng yana gapida davom etdi.
— Bas, bunga chek qoʻyish kerak.

Almer uzoq oʻylandi va javob qaytardi:
— Roziman, lekin kelasi toʻlin oyda emas.
— Noyabrgacha kutmoqchimisan?

Almer bosh silkidi.
— Oʻrmon siyraklashadi va izlarni topish oson boʻladi.
— Kelasi oy boʻlmaydimi?

Almer Sinneman nimtalangan choʻchqalariga, soʻngra ukasiga qaradi.
— Odamlar yanada ehtiyotkorroq boʻlishlari lozim, - dedi u.

Oktyabr

Martin Koslav Xellouin bayramida sovgʻalar olib uyga qaytganida, uy boʻm-boʻsh edi. U aravachasida toʻgʻri yotoqxonasiga kirdi va yarim oyning yulduzlar bilan burkangan sovuq osmonga koʻtarilishini tomosha qilib oʻtirdi. Tashqarida, ayvonda sovuq shamol xazonlarni chirpirak qilib aylantirardi. Taker Millzda oktyabrdagi toʻlin oy kechasi hech qanday qotilliksiz oʻtdi. Ayrimlar – ulardan birinchisi Stenli Pelki – sartarosh va yana biri – Kel Bolduin – bu yerdagi yagona avtodoʻkon sohibi, dahshat tamom boʻlganiga ishonishardi: qotil oʻrmonda yashab yurgan biror daydi boʻlsa kerak, endi u bu yerdan ketgan va qaytib kelmaydi. Boshqalar esa bunday fikrda emasdilar. Ular hisoblab yurishardi: oy toʻlgan tunning ertasiga oʻrmondan nimtalab tashlangan toʻrtta bugʻu topilgandi. Uzun kuz oqshomlarida qovoqxonada pivo ichish bahonasida qaynoq bahs-munozaralar avjiga chiqardi. Martin Koslav esa bilardi.

Oʻsha Xellouin oqshomida koʻchaga chiqishganida, otasi unga rezina niqob olib berdi. Martin niqobni taqib oldi. U aravachasida oʻtirar, jonsiz oyoqlarini shol roʻmol yopib turardi.

Martinni otasi furgon mashinada olib yurardi: unda maxsus rels boʻlib, Martin aravachasida mashinadan birovning yordamisiz tusha olardi. U tizzasiga xalta qoʻyib olgandi va ular yoʻl boʻyidagi barcha uylarga kirib chiqishdi. Qovoqxona, Snikers bari, katolik ruhoniysi uyi, Chanki bari va baptist ruhoniysi uyida uning xaltasi toʻldi. Keyin ular Rendolflarnikiga, Kuinlarnikiga, Diksonlarnikiga va yana oʻnlab uylarga borishdi. Martin uyiga bir xalta shirinlik va kutilmagan hodisadan qoʻrquv bilan qaytardi.

U bilardi.

U boʻri-odamning kimligini bilardi.

Martin borgan uylardan birida, Yirtqichning shaxsan oʻzi, toʻgʻri, toʻlin oy boʻlmaganligi uchun u odam qiyofasida edi, Martinning niqob ostidagi yuzi devorday oqarib ketganini va qoʻlqop ichidagi barmoqlari mahkam siqilganini sezmagan holda, uning xaltasiga qand tashladi. Boʻri-odam Martinga qarab jilmaydi va uning boshini siladi.

Ha, u boʻri-odam edi. Martin buni bildi. Martin uning koʻzida tasma borligi uchungina bilgani yoʻq. Bu inson qiyofasi bilan bundan toʻrt oy ilgari yoz tunida koʻzidan ajralgan yirtqich tumshugʻi orasida sezilar-sezilmas umumiylik bor edi.

Vermontdan Taker Millzga qaytganidan beri Martin hushyor yurar, ertami-kechmi boʻri-odamni uchratishiga va uni tanishiga ishonardi, chunki u bir koʻzli odam boʻlishi kerak edi.

U politsiyaga boʻri-odamning bir koʻzi oqib tushganligini aytganida, ular Martinning bu soʻzlariga bosh irgʻab qoʻyishdi, lekin unga politsiyachilar ishonishmaganday tuyuldi. Ehtimol, uni yosh bola deyishgandir yoki oʻsha tunda ular bu voqeani oʻz koʻzlari bilan koʻrmaganliklari uchundir. Nima boʻlganda ham buning ahamiyati yoʻq edi – Martin uning kimligini bilardi.

Taker Millz – kichkina shaharcha, lekin shu kungacha Martin bir koʻzli kishini uchratmadi, soʻrab-surishtirishga esa botinmadi. Baribir Taker Millz – kichkina shaharcha. Ertami-kechmi u Yirtqichni oʻz insoniy qiyofasida koʻradi. Uyga qaytarkan, janob Koslav Martin bugungi bayramda charchaganligi uchun jim boʻlib qoldi, deb oʻylayotgandi. Aslida bunday emasdi. Martin oʻsha mushak otilgan tundan beri hech qachon oʻzini bunchalik tetik va bardam his qilmagandi. U boʻri-odamni topish uchun oltmish kun kerak boʻlganligini oʻylardi. Axir Martin katolik edi va shahar chetidagi cherkovga qatnardi.

Uning xaltasiga shirinlik tashlagan va boshini silab qoʻygan bir koʻzi bogʻliq kishi katolik emasdi. Yirtqich Lester Lou – baptist cherkovining ruhoniysi edi.

U eshik kesakisiga suyanib, jilmaydi. Martin sariq rangli tasmani aniq koʻrdi. Tasma ruhoniy otaga qaroqchi qiyofasini bergandi. 
— Koʻzingizga nima boʻldi, hazrat Lou? – dedi janob Koslav. – Umid qilamanki, bu jiddiy emas.

Hazrat Lou ma’yus jilmaydi. U bir koʻzidan ajralgandi, lekin hammasi Xudoning irodasi. U yana Martinning boshini silab qoʻydi.

Shunday qilib, Martin oktyabr shamolining qoʻshigʻi, soʻnggi barglarning shitirlashiga quloq solib, yarim oyga tikilganicha karavotida yotardi.

U bitta narsani oʻylardi: endi nima qilish kerak?

U hozircha nima qilishni bilmas, lekin bu savolga albatta javob topishini his qilardi.

Bolakay uxlab qoldi, Taker Millzda esa shamol gʻuvillagnicha oktyabrni quvib, oʻzi bilan kuzning soʻnggi oyini olib kelmoqda edi.

Noyabr

Taker Millzga tund noyabr kirib keldi. Ruhoniy Lester Lou eshigi oldida turganicha koʻchada yuz berayotgan voqealarni kuzatayotgandi. U hozirgina pochta orqali oltita kitobcha va bitta xat olgandi.

Koʻchada mashinalar tizilib ketgandi. Ular shahardan chiqib ketayotgandi.

Ob-havo ma’lumotiga koʻra, qor yogʻishi kerak edi. lekin mashinalardagi kishilarni bu narsa qoʻrqitolmasdi. Ular ov kiyimlarini kiyib olishgan, qoʻllarida qurol, yonlarida tozi itlari bor edi. Toʻrtinchi kundirki, Almer Sinneman va uning ukasi Pit boshchiligidagi bu kishilar shahar tashqarisiga chiqishayotgandi.

Oy toʻlishiga oz qolgandi. Qush ovlash mavsumi allaqachon tugagandi. Bugʻu ovlash mavsumi ham. Lekin ular uchun boʻri-odam ovlash mavsumi endi boshlangandi.

Bu odamlarning ayrimlari shunchaki bekorchixoʻjalar va ushbu safar ular uchun oʻrmonda dam olish, pivoxoʻrlik qilish, olmaxon va qargʻa otish uchun bir bahona ekanligini ruhoniy Lou bilardi.

Ular haqiqiy yirtqichlar, oʻyladi Lou va qoʻlini beixtiyor iyuldan beri koʻziga bogʻlab yurgan tasmaga uzatdi.

Oxirgi mashina koʻzdan gʻoyib boʻldi. Ha, ularning ayrimlari shunchaki bekorchilar, lekin ayrimlari – masalan, Almer va Pit Sinnemanlar - oʻta xavfli.

«Agar bu maxluq, kim boʻlishidan qat’i nazar – odammi yoki hayvonmi – ovga chiqsa, itlar uning iziga tushishadi. – Ruhoniy Lou ikki hafta ilgari sartaroshxonada Almerning mana shu soʻzlarini eshitgandi. – Agar u paydo boʻlmasa, biz kimningdir hayotini, hech boʻlmaganda, birortasining chorvasini saqlab qolgan boʻlamiz».

Ha, ulardan ayrimlarining - oʻn kishimi, ehtimol yigirma kishidir – qoʻlidan ish keladi. Lekin ruhoniy Louni ular emas, boshqa narsa tashvishga solayotgandi.

Xatlar, mana nima tashvishga solayotgandi uni. Yosh bola qoʻli bilan yozilgan xatlar. U bugun kelgan xatga qaradi. Ilgarigilari bilan bir xil yozuv: «Ruhoniy Louga, baptist ruhoniysi uyiga, Taker Millz, Meyn 04491».

Va yana oʻsha tuygʻu… qurshovga tushgan maxluq tuygʻusi. U itlar qurshoviga tushgan – jangga tayyor, lekin ayni paytda itlar tomonidan yorib tashlanishini tushunib turgan tulki tahlika ostida nimani his qilishini tasavvur qildi.

U eshikni ohista yopdi va bobosidan qolgan soat har bir soniyani sanab turgan mehmonxonaga kirdi; u oʻtirdi, Miller xonim haftada ikki marta artadigan stol ustiga diniy kitoblarni qoʻydi va yangi kelgan xatni ochdi. Oldin kelgan maktublardagi singari unda ham na salom-alik, na imzo bor edi. Maktab daftaridan yirtib olingan bir parcha qogʻozga shunday soʻzlar yozilgandi:

«Nega oʻzingizni oʻldirmayapsiz?»

Ruhoniy Lou qaltirayotgan qoʻli bilan yuzini changalladi. Boshqa qoʻlidagi qogʻozni gʻijimladi va stol ustidagi kuldonga tashladi. U choʻntagidan gugurt chiqardi va ilgarigilari kabi bu xatni ham yoqib yubordi. U xatning yonishini diqqat bilan kuzatib turdi.

Oʻzining aslida kim ekanligi haqidagi fikr Louning miyasiga ikki tomondan kelgandi. Birinchidan, may tunidagi dahshat – tushida cherkovdagi barcha odamlarning boʻriga aylanib qolishi, keyin esa Klayd Korlissning yorib tashlangan jasadi topilishi. Oʻshanda u ilk bor oʻzida… qandaydir oʻzgarish boʻlayotganini sezgandi. U buni nima deb atashni bilmasdi. Lekin nimadir joyida emasdi. U ba’zida ertalablari, toʻlin oy paytida ajablanarli tarzda tetik, bardam holda uygʻonardi. Bu hissiyot asta-sekin yoʻqolib borar va oy toʻlishgan paytda yana paydo boʻlardi.

Tushi va Korlissning oʻlimini eslarkan, u shu paytgacha oʻzi rad etib kelgan boshqa dalillarni ham tushuna boshladi. Masalan, iflos va yirtilib ketgan kiyimlar, tanasidagi koʻkimtir dogʻlar va yaralar (ular mutlaqo ogʻrimas va juda tezlik bilan bitib ketardi). U hattoki ba’zida qoʻllari va… lablarida qotib qolgan qon dogʻlarini ham rad etardi.

Ikkinchidan, 5 iyul kuni u ertalab bir koʻzidan ajralgan holda uygʻongandi. Xuddi koʻkimtir dogʻlar va tilingan izlardagi singari u bu safar ham hech qanday ogʻriqni sezmadi – faqatgina chap koʻzi oʻrnida boʻshliq paydo boʻlgandi. Endi hammasi ayon boʻlgan, rad etishning iloji yoʻq edi: u – boʻri-odam, u – Yirtqich.

Keyingi uch kun davomida uni yana oʻsha tanish hissiyot chulgʻab oldi. Bugun oy toʻladi va ovchilar itlari bilan izgʻib yurishadi. Xoʻsh, nima boʻpti! U ular oʻylagandan koʻra aqlliroq. Ular boʻri-odam haqida gapirishyapti, lekin odamni emas, faqat boʻrini nazarda tutishyapti. Ular oʻz mashinalarida yurishadi – u ham oʻz mashinasida yuraveradi. Bugun, tushdan soʻng, u Portlend yoʻlidagi birorta mehmonxonaga boradi. Boʻriga aylanganida esa uning yonida hech kim, ovchilar ham, itlar ham boʻlmaydi. Yoʻq, ular uni qoʻrqitolmasdi, u ulardan qoʻrqmaydi.

«Nega oʻzingizni oʻldirmayapsiz?»

Dastlabki xat shu oyning boshida kelgandi. Unda shunday soʻzlar bor edi:

«Kimligingizni bilaman!»

Ikkinchisida shunday yozilgandi: «Agar Xudoga ishonsangiz – shahardan keting. Odamlarni emas, hayvonlarni oʻldirishingiz mumkin boʻlgan biror joyga keting».

Uchinchi maktub:

«Bas qiling!»

Bor-yoʻgʻi shu - «Bas qiling!»

Endi esa:

«Nega oʻzingizni oʻldirmayapsiz?» 

Chunki bunday qilishni istamayman, jahl bilan oʻyladi ruhoniy Lou. Menga nima boʻlganini tushuntirib berolmayman. Meni boʻri tishlamagan, loʻli ayol qargʻamagan. Bu shunchaki… shunchaki sodir boʻldi. Bir kuni, oʻtgan yilning noyabrida, Sanshayn Xill qabristonida bir necha dona gul uzdim va ularni cherkovdagi guldonga solib qoʻymoqchi boʻldim. Men ilgari bunday gullarni koʻrmagandim… Shaharga qaytgunimcha ular soʻlib qoldi. Hammasi qorayib ketdi. Ehtimol, bu oʻshanda boshlangandir. Bunday oʻylashga sabab yoʻq, albatta, lekin baribir… Men oʻzimni oʻldirmayman. Yirtqich ular, men emas!

Lekin xatlarni kim yozyaptikin?

U bilmasdi. Martin Koslavga boʻlgan hujum haqida Taker Millz gazetalarida hech qanday xabar berilmagan, mish-mishlarga quloq solishni esa Lou oʻz qadrini yerga urish deb bilardi. Xellouin bayramiga qadar Martin Lou haqida bilmagani kabi, ruhoniy Lou ham Martin haqida hech narsa bilmasdi. Yirtqich qiyofasida oʻzi bilan nimalar sodir boʻlishi haqida esa hech qanday tasavvurga ega emas, faqat bu davrning boshlanishidagi xavotir va undan keyingi qoniqish hissini bilardi, xolos.

Men Xudoga ishonaman, oʻyladi u, xonada borgan sari tezroq yurarkan. Unga mehmonxona torlik qila boshladi. Men Xudoga ishonaman va oʻzimni oʻldirmayman. Men yaxshi ishlar qilaman va agar ba’zida yovuzlik qiladigan boʻlsam nima boʻpti – mengacha ham odamlar yovuzlik qilishgan; yovuzlik ham Xudoning irodasi, agar men la’natlangan boʻlsam, Yaratgan meni kechiradi va oʻz dargohiga qabul qiladi. Hamma narsa Yaratganga bogʻliq… U kim ekan-a? Qanday qilib bilsam boʻladi? Toʻrtinchi iyul kuni kimga hujum qilganman? Koʻzimdan qanday ajradim? Nima uchun u shu paytgacha jim yurdi? Itlaringizni tezroq yoʻqotinglar. Tezroq…

U tobora tezroq yura boshladi, undagi zoʻriqish kuchaydi va u siyrak soqoli qalinlashayotganini, yagona koʻzi esa yashil tusga kirayotganini sezmadi. U enkaydi va oʻzi bilan oʻzi gaplasha boshladi… lekin uning soʻzlari irillashga aylanib borardi. Nihoyat, kun tun bilan almashdi. Lou oshxonaga otildi, kiyim ilgichda turgan mashina kalitini oldi va garajga chopdi. U Portlendga yoʻl oldi. Dastlabki qor uchqunlari mashina chiroqlari nurida raqs tushganicha yerga tushardi. Lou bulutlar ortidagi oyni, uning kuchini his qildi, koʻkrak qafasi oq koʻylagini yirtganicha kengaya boshladi.

U radio murvatini buradi va oʻzini shunchaki… zoʻr his qildi! Oʻsha tunda yuz bergan narsa yo Xudoning jazosi, yoki taqdir hazili edi – bu juda kulgili, chunki Lou Yirtqichga aylanish uchun Portlendga ketgandi, u oʻldirgan odam esa Taker Millzda yashaydigan Milt Shturmfyuller boʻlib chiqdi… Ehtimol, Xudo shunday boʻlishini istagandir, chunki Taker Millzdagi eng ablah odam aynan Milt Shturmfyuller edi. U oʻsha tunda xuddi ilgarigilari kabi xotini Donna Liga ish bilan ketayotganligini aytib uydan chiqib ketgan, uning «ishi» esa Donna Li anchadan buyon bermay qoʻygan lazzatni beruvchi Rita Tennison ismli fohisha edi.

Ruhoniy Lou Portlend-Vestburg shossesi boʻyidagi «Oriftvud» mehmonxonasiga kelgan va Milt Shturmfyuller bilan Rita Tennison ham oʻsha noyabr tunida oʻz ishlarini bajarish uchun aynan mana shu mehmonxonani tanlashgandi.

Milt kech soat oʻndan oʻn besh daqiqa oʻtganida mashinasida qoldirgan ichkilikni olib kelish uchun tashqariga chiqdi. U oy toʻlgan mana shunday tunda Taker Millzda emasligidan oʻzini-oʻzi tabrikladi va ayni shu lahzada mashina tomidagi bir koʻzli Yirtqich bir hamla bilan uning boshini uzib tashladi. Milt Shturmfyuller eshitgan soʻnggi narsa boʻri-odamning tantanali uvillashi boʻldi; uning boshi mashina ostiga yumaladi, uning koʻzlari ochiqligicha qotib qolgan, boʻynidan qon shovillab otilardi. Yirtqich uning jasadi ustiga engashdi va yutoqib qon icha boshladi.

Ertasiga esa Taker Millzdagi uyida oʻzini shunchaki… zoʻr his qilayotgan ruhoniy Lou qotillik haqida gazetada oʻqiydi va shunday oʻylaydi: «U yaxshi odam emasdi. Bu Xudoning irodasi».

U yana shunday deb oʻylaydi: «Menga xat yozayotgan bola kim ekan-a? Iyulda kimga tashlangandim? Buni aniqlash kerak. Endi mish-mishlarga quloq solmasam boʻlmaydi».

Ruhoniy Lou koʻzidagi tasmani toʻgʻriladi, gazetani yopdi va oʻyladi: «Hammasi Yaratganning irodasiga bogʻliq, agar Xudo xohlasa, men uni topaman. Va ovozini oʻchirishga majbur qilaman. Bir umrga».

Dekabr

Yangi yil kirishiga oʻn besh daqiqa qolgandi. Dunyoning boshqa joylarida boʻlgani kabi yil oxiriga yetayotgan va hamma yerda boʻlganidek, Taker Millzda ham oʻzgarishlar yuz bergandi. Milt Shturmfyuller oʻlgan va uning nihoyat qullikdan qutulgan bevasi Donna Li shahardan koʻchib ketgandi. Ayrimlar uning Bostonga, ayrimlar esa Los Anjelesga ketganini aytishardi. Bir ayol shaharchada kitob doʻkoni ochgandi, doʻkon yonib ketdi. Sartaroshxona va qovoqxona, Xudoga shukrki, oʻz joyida edi. Marhum Klayd Korlissning qoʻlidan hech narsa kelmaydigan ukalari Alden va Errol hali ham tirik edilar. Shaharda eng shirin pirog pishiradigan Gramma Xeyg infarktdan vafot etgandi. Toʻqson ikki yoshli Villi Xarrington Boll stritdagi uyida sirgʻanib yiqilib tushib oyogʻini sindirib olgandi. Maktab direktori Olli Parkerning burnidan qon ketib, kuchli zoʻriqish degan tashhis qoʻyildi. Yaxshiyamki, miyangiz oqib ketmabdi, dedi shifokor, unga qon bosimiga qarshi dori yozib berayotib va Olliga qirq funtga ozishni maslahat berdi. Ajablanarlisi shundaki, Olli Rojdestvogacha yigirma funtga ozdi. U oʻzini butunlay boshqa odamdek his qilardi. «U toʻshakda ham boshqa odamga aylandi», deb maqtandi uning xotini sirdosh dugonasi Deyl Barniga. Varrak mavsumida Yirtqich oʻldirgan Bredi Kinkeyd hali ham oʻlganligicha qolgan, nogironlar aravachasida oʻtiradigan Martin Koslav esa ilgarigiday nogiron edi.

Nimadir oʻzgargan, nimadir asl holicha qolgan va Taker Millzda yil qanday – kuchli shamol va Yirtqichning koʻrinmas tashrifi bilan – boshlangan boʻlsa, shunday oxiriga yetayotgandi.

Koslavlarning mehmonxonasida Martin va togʻasi Al oʻtirishardi. Ular televizorda Dik Klarkning yangi yil shousini tomosha qilishayotgandi. Martinning tizzasida 38-kalibrli «kolt» toʻpponchasi yotardi. Uning ichida sof kumushdan tayyorlangan ikkita oʻq bor edi. Alning Xemdenda Mak-Katchen ismli doʻsti bor edi. Bir necha marta rad etishlardan soʻng u Martinning kumush qoshigʻini eritishga va ikkita oʻq yasab berishga rozi boʻlgandi.
— Buning ishlashiga kafolat berolmayman, - dedi Mak-Katchen Alga, - lekin ishlashi kerak. Menga qara, kimni oʻldirmoqchisan, boʻri-odamnimi yoki qonxoʻr maxluqnimi?
— Ikkalasini ham, - dedi Al unga javoban kularkan. – Bu mening jiyanimga. U dahshatli filmlarni sevib tomosha qiladi va oʻylaymanki, bu unga zoʻr sovgʻa boʻladi.
— Boʻpti, oʻq otilganidan soʻng uni topsang, menga olib kelib ber, - dedi Mak-Katchen. – Unga nima boʻlishini koʻrmoqchiman.

Rostini aytganda, Al nima qilishga ham hayron boʻlib qolgandi. U Taker Millzda toʻrtinchi iyuldan beri boʻlmagan va Martinni oʻshandan buyon koʻrmagandi. Uning opasi, Martinning onasi Alning sovgʻasidan tepa sochi tikka boʻlgandi.
— Ahmoq, unga biror narsa boʻlib qolsa nima qilarding? Qilayotgan ishingni oʻyladingmi?! – qichqirdi u telefonda.
— Aytishlaricha, uni aynan mushak saqlab qolibdi-ku, - oʻzini oqlashga urindi Al, lekin telefonda qisqa gudok tovushini eshitdi. Opasi qaysar ayol edi. eshitgisi kelmagan narsani eshitmasdi.

Keyin esa, shu oyning boshida Martin qoʻngʻiroq qildi.
— Siz bilan koʻrishishim kerak, Al togʻa, - dedi u. - Faqat sizga aytadigan gapim bor.
— Oying bilan urishib qolganman, - javob qildi Al.
— Bu juda muhim, - dedi Martin. – Iltimos!

U keldi va opasining ta’nalarini sabot bilan tingladi, soʻng Martin bilan birga sayr qilishga ruxsat soʻradi.

Dekabrning ayozli, ochiq kuni edi. Al togʻasi uni mashinasiga oʻtqazdi va ular yoʻlga tushishdi. Al togʻa Martinning hikoyasini xavotir bilan tingladi.

Martin hikoyasini mushakbozlik qilgan tundan boshladi. U mushak otib Yirtqichning chap koʻzini chiqarganini aytib berdi. Keyin esa Xellouin bayrami, ruhoniy Lou va imzosiz xatlari haqida aytdi. Portlendda Milt Shturmfyuller oʻldirilganidan soʻng yozilgan ikki xatga imzosini qoʻyganini ham aytdi.
— Unga hech qanday xat yozmasliging kerak edi, - dedi Al togʻasi. – E, Xudo, Martin, sen adashayotgan boʻlishing mumkinligi xayolingga kelmadimi?
— Keldi, - dedi Martin. – Shuning uchun ham oxirgi ikki xatga imzo qoʻydim. Keyin nima boʻlganini soʻramaysizmi? U otamga qoʻngʻiroq qilib xat yozayotganimdan shikoyat qilgan-qilmaganligini soʻramaysizmi?
— U bunday qilmadimi? – soʻradi Al qanday javob boʻlishini sezgan holda.
— Yoʻq, - dedi Martin. – U otam bilan ham, onam bilan ham, men bilan ham gaplashmadi.
— Martin, uning bunday yoʻl tutganiga yuzlab sabablar boʻlishi mumkin.
— Yoʻq. Faqat bitta. U – boʻri-odam, u – Yirtqich va u oy toʻlishini kutyapti. Ruhoniy Lou sifatida u hech narsa qilolmasligi mumkin. Lekin boʻri-odam qiyofasida koʻp narsa qoʻlidan keladi. U meni oʻldirishi mumkin.

Martin bu soʻzlarni shunday soddalik bilan aytdiki, Alni deyarli ishontirdi.
— Senga qanday yordam berishim mumkin? – soʻradi Al.

Martin unga maqsadini aytdi. Unga ikkita kumush oʻq va toʻpponcha kerak. U yana Al togʻasining yangi yil arafasida, oy toʻladigan tunda uning yonida boʻlishini istaydi.
— Yoʻq, - dedi Al togʻasi. – Sen yaxshi bolasan, Martin, ammo, oshirib yuborayotganga oʻxshayapsan. Yana bir marta oʻylab koʻr.
— Ehtimol oshirib yuborayotgandirman, - dedi Martin. – Lekin yangi yil kuni sizga qoʻngʻiroq qilishib, karavotda mening burdalab tashlangan jasadim yotganligini aytishsa, qanday ahvolga tushasiz? Siz shuni istaysizmi, Al togʻa?

Al nimadir demoqchi boʻldi, lekin oʻylanib qoldi va mashinasini shosse tomon keskin burdi. U Vetnamda jang qilgan va buning uchun taqdirlangandi, u bir necha marta ayollar qoʻygan tuzoqlarga chap bergandi, hozir esa oʻn yashar jiyanining qarmogʻiga ilingandi. Toʻgʻri, u buni tan olishni istamasdi. Ammo Martin togʻasini yaxshi biladi, u endi Martinning ittifoqchisiga aylangandi.

Toʻrt kundan keyin, oʻninchi dekabrda Al togʻa qoʻngʻiroq qildi.
— Ajoyib xabar! – e’lon qildi Martin oila a’zolariga. – Al togʻam yangi yil kuni biznikiga kelarkan!
— Hech qachon! – dedi onasi qat’iy qilib.

Lekin Martinni bu fikridan qaytarishning iloji yoʻq edi.
— Axir uni men taklif qilganman.

Onasi kuni bilan unga norozi qiyofada tikilib yurdi. Lekin ukasiga uning kelmasligini soʻrab qoʻngʻiroq qilmadi. Eng muhimi ham shu edi.

Nihoyat vaqt boʻldi. Yangi yil arafasi. Al kelmasligiga Martinning onasining ishonchi komil edi. Tashqarida haqiqiy qor boʻroni boʻlayotgandi. Shamol qor uchqunlarini uchirgancha uvillardi. Toʻgʻrisini aytganda, Martin xavotirga tushib qoldi, lekin Al togʻasi kech soat sakkizlarda kirib keldi.

Oʻn bir yarimda hamma uxlab qoldi. Faqat ular ikkalasigina uygʻoq edilar. Al togʻa bu bema’nilikka ishonmasa-da, ehtiyot shart bitta emas, ikkita toʻpponcha olib kelgandi. Kumush oʻqlar solingan toʻpponchani Martinga berdi. Ikkinchisini, 45-kalibrli «magnum» toʻpponchasini esa, agar oʻsha maxluq kirib kelsa otaman, degan fikrda (u bu fikriga tobora shubha qilayotgandi, chunki vaqt oʻtib borar, biroq boʻri-odamdan darak yoʻq edi) oʻzida olib qolgandi.

Ular hozir televizorda Tams Skverdagi Aled Kemikl binosi ustidagi ulkan sharning nur sochishini tomosha qilib oʻtirishardi.

Yilning soʻnggi daqiqalari oʻtib borardi. Televizor qarshisidagi burchakda yangi yil archasi turar, u juda ma’yusga oʻxshardi.
— Martin, hech narsa… - soʻz boshladi Al togʻa va ayni shu lahzada mehmonxonaning gulli deraza oynasi parcha-parcha boʻlib ketdi. Ichkariga sovuq shamol, qor uchqunlari va … Yirtqich kirib keldi.

Al dahshatdan qotib qoldi. Yirtqich juda ulkan, qoʻllari gilamga tekkuday engashib yursa-da, boʻyi yetti fut edi. Uning yagona yashil koʻzi (Martin tasvirlaganday ekan, oʻyladi tahlikada Al) atrofga alangladi va nogironlar aravachasida oʻtirgan Martinga tikildi. U tishlarini irjaytirganicha bola tomon yurdi.

Martin xotirjamlik bilan «kolt»ini koʻtardi. U aravachasida juda kichkina koʻrinardi. Uning oyoqlari xuddi yogʻochdek osilib turardi. Boʻri-odamning oʻkirishi, shamolning chiyillashi, dunyoda bunday voqea qanaqasiga sodir boʻlishi mumkinligi haqida miyasida charx urayotgan fikrlari orasida Al jiyanining ovozini eshitdi:
— Bechora ruhoniy Lou. Men sizni qutqarmoqchiman.

Martin tepkini bosdi. Toʻpponcha qandaydir boʻgʻiq tovush chiqardi. 

Boʻri-odamning oʻkirigi boshqacha ohangda yangray boshladi, endi u ogʻriqqa chidolmagan hayvonning qichqirishiga aylangandi. U devor tomon uchib ketdi. Devordagi Kure va Iv moʻyqalamlariga mansub asarlar uning ustiga tushdi. Uning dahshatli tumshugʻi qonga boʻyalgan, yashil koʻzida esa hayrat ifodasi mujassam edi. U Martin tomonga yana qadam tashladi. Martin toʻpponchani xuddi yosh bola choynak koʻtarganidek ikkala qoʻlida tutib turardi. U kutdi, kutdi… va boʻri-odam yaqinlashishi bilan yana oʻq uzdi. Yirtqichning koʻzi xuddi shamolda oʻchgan shamdek oʻchdi. U deraza pardasiga oʻralashib qoldi. Al oppoq pardani boʻyayotgan qonni koʻrdi.

Martinning otasi koʻzlari qinidan chiqqudek holatda eshikni ochganida boʻri-odam choʻkkalab qolgandi. Alning «magnum»i tizzasida turar, talmovsiraganidan toʻpponchani otish xayoliga ham kelmagandi. 

Yirtqich yiqildi… jon talvasasida tipirchiladi… va oʻldi.

Janob Koslav dahshatdan ogʻzini ochganicha qarab turardi.

Martin togʻasiga oʻgirildi, qoʻlidagi toʻpponchadan tutun chiqardi. U horgʻin, lekin xotirjam koʻrinishda edi.
— Yangi yilingiz bilan, Al togʻa, - dedi Martin. – Yirtqich oʻldi. – Shu soʻzlarni aytarkan, u yigʻlab yubordi.

Koslav xonimning eng chiroyli deraza pardasiga oʻralashib qolgan boʻri-odamning koʻrinishi asta-sekin oʻzgara boshladi. Uning yuzi va tanasini qoplagan junlar yoʻqoldi. Ogʻriq va gʻazabdan qimtilgan lablar boʻshashdi. Panjalari oddiy qoʻlga aylandi.

Pardaga oʻralgan ruhoniy Lester Lou oʻz qonidan paydo boʻlgan halqobda yotardi.

Al togʻa Martinning yoniga keldi va uni yupata boshladi. Otasi esa yerda yotgan jasadga tikildi. Martinning onasi eshik yonida turardi. Al Martinni bagʻriga mahkam bosdi:
— Hammasini zoʻr bajarding, kichkintoy, - shivirladi u. – Men seni yaxshi koʻraman.

Tashqarida shamol uvillar, qor yogʻar, Taker Millzda esa yangi yilning ilk daqiqasi tarixga aylanib ulgurgandi.