OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifStiven King
Asar nomiChekishni tashlang korporatsiyasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dahshat
Mualliflar
   - Stiven King
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chekishni tashlang korporatsiyasi (hikoya)
Stiven King

Oʻsha kuni Morrison Kennedi aeroportida oʻtirganicha bir kishini kutardi. U barda tanishini koʻrib qoldi.
— Jimmi? Jimmi Makkenn?

Ularning Atlantadagi koʻrgazmada uchrashuvlaridan buyon Makkenn sal semirgan boʻlsa-da, koʻrinishi juda yaxshi edi. Morrison uning kollejda oʻqigan paytida qanday ashaddiy kashanda, oriq va rangpar boʻlganligini esladi. Koʻzlari katta-katta koʻzoynagi uning yuzini toʻsib qoʻyardi. Endi esa, aftidan Makkenn, kontakt linza taqardi.
— Dik Morrison?
— Ha, menman. Koʻrinishing zoʻr. - Ular koʻrishishdi.
— Sening ham, - dedi Makkenn, lekin Morrison buning yolgʻon ekanligini bilardi. U juda koʻp ishlar, yer, ichardi.
— Nima ichasan?
— Burbon, - dedi Morrison va qulayroq joylashib oʻtirib sigaret tutashtirdi. - Birortasini kutib olgani chiqdingmi?
— Yoʻq. Mayamiga ketyapman. Olti million dollarlik shartnoma tuzgani.
— Hali ham «Kreger va Barton» firmasida ishlayapsanmi?
— Endi men uning vitse-prezidentiman.
— Buni qara! Tabriklayman! Qachondan beri? - Morrison ichi hasaddan emas, jigʻildoni qaynayotganidan kuyayotganiga oʻzini ishontirishga urinardi. U dori olib ogʻziga soldi.
— Avgustdan beri. Bungacha esa hayotimni oʻzgartirib yuborgan voqealar sodir boʻldi. - U Morrisonga diqqat bilan qaradi. - Bu seni qiziqtirishi mumkin.
— Albatta, - javob berdi Morrison stakandagi ichkilikdan xoʻplarkan.
— Ishlarim orqaga ketgandi, - hikoyasini boshladi Makkenn. - Sheron bilan kelisholmay qoldim, otam infarktdan vafot etdi, oʻzim esa tinmay yoʻtalardim. Bir kuni xonamga Bobbi Kreger kirdi va tarbiyaviy suhbat olib bordi. Esingdami shunday suhbatlar?
— Boʻlmasa-chi! - Morrison «Kreger va Barton» firmasida bir yarim yil ishlagan, soʻngra «Morton» agentligiga ishga oʻtib ketgandi. - «Aqlingni ishlat... yoki joʻnab qol».

Makkenn kulib yubordi.
— Shunaqa. Shifokor esa «Oshqozon yarasi boshlanyapti, chekishni toʻxtating», dedi. Bu «Nafas olishni toʻxtating», degan bilan baravar.

Morrison bosh irgʻadi. U qoʻlidagi sigaretga qaradi va hoziroq yangisini tutatishini bila turib uni oʻchirdi.
— Shundan soʻng chekishni tashladingmi?
— Tashladim. Dastlab eplolmayman, deb oʻyladim. Keyin esa bir yigitni uchratib qoldim. U menga Qirq oltinchi koʻchadagi korporatsiya haqida gapirib berdi. Ular haqiqiy mutaxassislar. Men ularga borishga qaror qildim. Oʻshandan buyon chekmayapman.

Morrisonning koʻzlari kattarib ketdi.
— Ular senga dori berishdimi?
— Yoʻq, - Makkenn choʻntagidagi hamyonini olib kavlay boshladi. - Mana. - U stol ustiga tashrif varaqasini qoʻydi.

«Chekishni tashlang» korporatsiyasi

Toʻxtang! Sogʻligingiz tutun bilan birga uchib ketmoqda!

237 Ist, Qirq oltinchi koʻcha

Oldindan shartnoma tuzish asosida davolash
— Istasang, oʻzingda olib qol, - dedi Makkenn. - Ular seni davolashadi. Bunga kafolat beraman.
— Qanaqasiga?
— Buni aytishga haqqim yoʻq.
— Nega? Nima uchun?
— Shartnomada shunday modda bor.
— Sen shartnoma tuzganmisan?

Makkenn bosh irgʻadi.
— Va shu asosda...
— Xuddi shunday... - U Morrisonga jilmaydi.
— Agar ular shunchalik zoʻr ishlaydigan boʻlishsa, bunday choraning nima keragi bor? Nima uchun ularning reklamasini koʻrmayman, gazetaga e’lon berishmaydi?
— Ularning mijozlari reklama vazifasini oʻtashadi.
— Sen ham reklama boʻyicha mutaxassissan, Jimmi. Bunga qanday ishonish mumkin?
— Men ishonaman, - javob qaytardi Makkenn. - Ularning toʻqson sakkiz foiz mijozlari chekishni tashlashadi.
— Bir daqiqaga, - dedi Morrison sigaret tutashtirarkan. - Ular seni bogʻlab qoʻyib koʻngling ayniguncha chekishga majbur qilishadimi?
— Yoʻq.
— Chekishing bilan oʻzingni yomon his qiladigan biror narsa...
— Yoʻq. Oʻzing borib koʻr. - U Morrisonning sigaretiga ishora qildi.
— Shuni chekib maza topasanmi?
— Yoʻq, lekin...
— Men chekishni tashladim va hayotimda koʻp narsalar oʻzgardi, - dedi Makkenn. - Kuchimga kuch qoʻshildi, Sheron bilan munosabatlarim yaxshilandi, ishlarim yurishib ketdi.
— Sen meni qiziqtirib qoʻyding. Biror narsa ayta ola...
— Kechir, Dik, haqqim yoʻq, - dedi Makkenn qat’iy ohangda.
— Chekishni tashlaganingdan beri semirib qolibsanmi? - soʻradi Morrison va unga Jimmining avzoyi buzilgandek tuyuldi.
— Ortigʻi bilan. Lekin ortiqcha vazndan qutuldim. Hozir vaznim me’yorida.
— Ikki yuz oltinchi reysga toʻqqizinchi sektsiyada roʻyxatga olish boshlandi, - e’lon qilindi ovoz kuchaytirgich orqali.
— Boʻpti, - dedi Makkenn oʻrnidan turarkan. - Istasang, yana ich. Dik, mening aytganlarimni yaxshilab oʻylab koʻr. - U shu soʻzlarni aytib eskalator tomon ketdi. Morrison tashrif varaqasini olib hamyoniga solib qoʻydi.

Bir oydan soʻng Morrison barlardan birida pul toʻlamoqchi boʻlib hamyonini ochganida tashrif varaqasi tushib qoldi. U ishdan ertaroq qaytgan va kunni ichish bilan oʻtkazmoqchi edi. Ishi tobora orqaga ketayotgandi. Morrison pulni toʻlagach, varaqani qoʻliga olib oʻqidi. 237 Ist, Qirq oltinchi koʻcha - uncha uzoq emas, ikki kvartal narida. Oktyabrning quyoshli kuni edi: balki bir borib koʻrsamikin...

«Chekishni tashlang» korporatsiyasi yangi binoda joylashgan boʻlib, bu yerda bitta xonaning ijara haqi, ehtimol Morrisonning bir yillik maoshiga teng edi. Korporatsiya butun bir qavatni egallagan, demak puli koʻp.

U liftda yuqoriga koʻtarildi va gilam toʻshalgan yoʻlakdan oʻtib katta stol qoʻyilgan keng qabulxonaga kirdi. Bu yerda uch erkak va bir ayol jurnal oʻqib oʻtirishardi. Koʻrinishidan ular biznesmen edilar. Morrison kotibaga tashrif varaqasini uzatdi.
— Buni menga doʻstim bergandi.

Kotiba jilmaydi va yozuv mashinkasiga qogʻoz soldi:
— Ismi-sharifingiz, janob?
— Richard Morrison.
— Manzilingiz?
— 29 Meyn-leyn, Klinton, Nyu-York.
— Uylanganmisiz?
— Ha.
— Farzandlaringiz bormi?
— Bitta oʻgʻlim bor. - U Elvinni oʻylab qovogʻini uydi: «bitta» emas, «yarimta» desa toʻgʻriroq boʻlardi. Uning oʻgʻli aqlan noqis boʻlib, Nyu Jersidagi maxsus internatda yashardi.
— Bu yerga kelishni sizga kim tavsiya qildi, janob Morrison?
— Jeyms Makkenn, doʻstim.
— Yaxshi. Marhamat, oʻtiring. Bugun bu yerda odam koʻp.
— Boʻpti.

U moviy rang kostyum kiygan ayol va tivit pidjakli yigit oʻrtasiga oʻtirib choʻntagidan sigaret chiqardi, lekin atrofda kuldon yoʻqligini koʻrib qaytarib choʻntagiga soldi.

Hechqisi yoʻq, ularning oʻyinini biladi, tashqariga chiqqach, maza qilib chekadi. Agar bu yerda uzoqroq kutadigan boʻlsa, sigaret kulini oyogʻi ostidagi jigarrang gilam ustiga tashlaydi. Morrison «Taym» jurnalini olib varaqlay boshladi.

Uning badaniga yigʻilib qolgan nikotin yana qoʻshimchasini talab qilardi. Morrisondan keyin kelgan bir kishi choʻntagidan portsigar chiqardi, lekin kul tashlagani idish y¬oʻqligini koʻrgach, choʻntagiga solib qoʻydi. Buni koʻrib Morrison oʻzini yengil his qildi.

Nihoyat kotiba jilmayganicha uni ichkariga taklif etdi. Morrison oʻzini xira yoritilgan yoʻlakda koʻrdi. Sochlari oppoq bir kishi uning qoʻlini qisdi va doʻstona jilmaydi:
— Ortimdan yuring, janob Morrison.

Ular qator eshiklar yonidan oʻtishdi. Yoʻlak oʻrtasiga yetishganida oq sochli kishi eshiklardan birini ochdi. Ular devorlari oppoq kichkinagina xonaga kirishdi. Xonada bitta stol va ikkita stul bor edi, xolos. Stol ortidagi devorda kichkinagina tuynuk boʻlib, uni ensiz yashil parda yopib turardi. Morrisonning chap tomonidagi devorda qoʻlida qogʻoz tutgan kishining surati osigʻliq edi.
— Mening ismim Vik Donatti, - oʻzini tanishtirdi haligi kishi. - Agar davolash kursiga rozi boʻlsangiz, siz bilan men shugʻullanaman.
— Tanishganimdan xursandman. - Morrisonning judayam chekkisi kelayotgandi.
— Oʻtiring.

Donatti kotiba toʻldirgan qogʻozni stol ustiga qoʻydi, gʻaladondan yana bitta qogʻoz oldi va Morrisonga qaradi:
— Rostdan ham chekishni tashlamoqchimisiz?

Morrison yoʻtaldi, oyogʻini chalishtirdi, soʻng javob qaytardi:
— Ha.
— Unda imzo cheking.

U qogʻozni Morrisonga uzatdi. Morrison koʻz yugurtirdi: quyida imzo chekuvchi davolash usullarini oshkor etmaslikka majbur va hokazo va hokazo.
— Boʻpti.

Donatti unga ruchka uzatdi, Morrison imzo qoʻydi. Soʻngra qogʻoz stol gʻaladoniga solindi. Xoʻsh, oʻyladi Morrison kinoya bilan, qasam ichdim. Oldin ham shunday hol boʻlgandi. U hattoki, ikki kun chekmagandi ham.
— Yaxshi, - dedi Donatti. - Biz bu yerda targʻibot bilan shugʻullanmaymiz, janob Morrison. Salomatlik, sarf-xarajat, ijtimoiy muruvvat masalalari va sizning nima uchun chekishni tashlamoqchi ekanligingiz bizni qiziqtirmaydi. Biz - amaliyotchilarmiz.
— Zoʻr, - dedi Morrison e’tiborsizlik bilan.
— Hech qanday dori bermaymiz, ma’ruza oʻqimaymiz, pul talab qil-maymiz. Bir yil davomida chekmaganingizdan keyingina pul toʻlaysiz.
— E, Xudo, - dedi Morrison.
— Janob Makkenn bu haqda aytmaganmidi?
— Yoʻq.
— Darvoqe, uning ishlari qalay? Yaxshimi?
— Zoʻr! Qoyilmaqom!
— Hozir esa... bir nechta shaxsiy savollarim bor, janob Morrison. Javoblaringiz sir saqlanadi.
— Shundaymi? - dedi Morrison.
— Xotiningizning ismi?
— Lyusinda Morrison. Qizlik familiyasi - Remzi.
— Uni sevasizmi?

Morrison darhol Donattiga qaradi, lekin u muloyimlik bilan tikilib turardi.
— Shunaqa.
— U bilan janjallashganmisiz?
— Chekishni tashlashimga buning qanday aloqasi bor? - Morrison yumshoqroq gapirmoqchi edi, lekin iloji boʻlmadi - uning oʻlgudek chekkisi kelayotgandi.
— Bevosita aloqasi bor. Savollarimga javob bering.
— Yoʻq. - Aslida keyingi paytda ularning munosabati haqiqatan ham keskinlashib borayotgandi.
— Farzandingiz bormi?
— Ha. Ismi Elvin, u xususiy maktabda oʻqiydi.
— Qaysi maktabda?
— Buni aytmayman, - Morrison gʻamgin javob qaytardi.
— Mayli, - dedi Donatti va jilmaydi. - Ertaga davolash kursimizning birinchi seansida barcha savollaringizga javob bera olaman.
— Juda yaxshi, - dedi Morrison va oʻrnidan turdi.
— Va soʻnggi savolim: siz bir soat davomida chekmadingiz. Oʻzingizni qanday his qilyapsiz?
— Yaxshi, - aldadi Morrison, - juda yaxshi.
— Barakalla, - dedi Donatti va stolni aylanib oʻtib eshikni ochdi. - Buguncha chekishingiz mumkin. Ertadan boshlab esa bitta ham sigaret chekmaysiz.
— Boʻlishi mumkin emas!
— Bunga kafolat beramiz.

Ertasiga roppa-rosa soat uchda Morrison «Chekishni tashlang» korporatsiyasi qabulxonasida oʻtirardi. U ertalab rosa ikkilandi: borish kerakmi yoki yoʻqmi.

Nihoyat, Jimmi Makkenn aytgan birgina ibora uni borishga majbur qildi:

Hayotimda koʻp narsa oʻzgardi.

Liftga kirishdan oldin u sigaretni filtrigacha chekdi. Ming afsus, agar u oxirgi marta sigaret chekayotgan boʻlsa.

Bu safar uzoq kutishga toʻgʻri kelmadi. Kotiba uni ichkariga taklif qilganida, Donatti allaqachon kutib oʻtirardi. U Morrisonga qoʻl uzatdi va iljaydi. Morrison oʻzini noqulay his qildi va chekkisi keldi.
— Yuring, - taklif qildi Donatti va ular xonaga kirishdi. Donatti stol ortiga, Morrison uning qarshisiga oʻtirdi.
— Kelganingizdan xursandman, - dedi Donatti. - Aksariyat mijozlarimiz birinchi suhbatdan soʻng qaytib kelmaydilar. Ular chekishni tashlashni istamayotganliklarini tushunib qolishadi. Men jon deb siz bilan ishlayman.
— Davolash kursi qachon boshlanadi? - Gipnoz, oʻyladi Morrison, gipnoz boʻlsa kerak.
— Ikkalamiz yoʻlakda koʻrishganimizdan boshlangan. Sigaretingiz bormi, janob Morrison?
— Ha.
— Menga bera olasizmi?

Morrison yelkasini qisib qoʻyib qutini Donattiga uzatdi. Unda baribir, ikki yoki uch dona sigaret qolgandi.

Donatti qutini stol ustiga qoʻydi, Morrisonga jilmaydi, oʻng qoʻlini musht qilib qutini majaqlay ketdi. Quti ichidan singan sigaret uchib chiqdi, tamaki sochildi. Donatti jilmayishda davom etdi - Morrisonning badanida chumoli oʻrmalagandek boʻldi. Ehtimol, ular shu yoʻl bilan ta’sir oʻtkazishar, oʻyladi u.

Nihoyat, Donatti majaqlangan qutini axlat chelakka uloqtirdi:
— Uch yildan beri shu ish bilan shugʻullanib rohat qilaman.
— Bunday davolash kursi naf berarmikin, - dedi Morrison yumshoqlik bilan. - Tashqaridagi doʻkondan sigaret sotib olish mumkin.
— Mutlaqo toʻgʻri, - ma’qulladi Donatti va qoʻlini koʻksiga chalishtirdi. - Oʻgʻlingiz Elvin Dous Morrison Peterson aqli noqis bolalar maktabida. Tugʻma jarohati tufayli u hech qachon tuzalmaydi. Uning aqliy qobiliyati koeffitsienti - 46. Xotiningiz...
— Buni qaerdan bildingiz? - qichqirdi Morrison. U gʻazabga mingandi. - Bunga qanday haqqingiz bor?
— Biz siz haqingizda koʻp narsani bilamiz. - dedi Donatti, - lekin ilgari aytganimdek, bu sir saqlanadi.
— Men ketaman, - dedi Morrison va oʻrnidan turdi.
— Yana ozgina oʻtiring.

Morrison Donattiga diqqat bilan qaradi - u xotirjam edi. Hattoki, bu suhbatdan u zavq olayotgandek edi. Uning yuz qiyofasidan Donatti bunday holatlarni yuz martalab koʻrganini bilish mumkin edi.
— Yaxshi, qolaman. Ishga oʻtaylik.
— Albatta. - Donatti stulga suyandi. - Men sizga aytuvdim - biz amaliyotchimiz. Shuning uchun ham biz boshidayoq chekishga boʻlgan ishtiyoqni davolash qanchalik qiyinligini tushunib olishimiz kerak edi. Chekishni tashlaganlarning sakson besh foizi qaytadan chekishni boshlab yuborishadi. Giyohvandlar orasida esa bu koʻrsatkich pastroq. Muammo juda jiddiy.

Morrison axlat chelakka qaradi. Bitta sigaret bukilib ketgan, lekin cheksa boʻlardi. Donatti yozilib kuldi, chelakdagi sigaretni sindirib tashladi.
— Ayrim shtatlarning qonun chiqaruvchilari ba’zan qamoqxonalarda chekishni man qilishni taklif qilishadi. Ovoz berish paytida bu taklif butunlay yoʻqqa chiqadi. Ba’zan bu taklif qabul qilingan, lekin qamoqxonalarda gʻalayon koʻtarilgan, haqiqiy gʻalayon, janob Morrison. Tasavvur qilasizmi?
— Buning menga qizigʻi yoʻq.
— Yaxshilab e’tibor bering! Biror kishini qamoqqa tashlashganida uni jinsiy aloqa, spirtli ichimlik ichish, siyosiy faoliyat bilan shugʻullanish, sayohat qilish imkoniyatlaridan mahrum qilishadi. Va hech qanday isyon koʻtarilmaydi. Lekin mahbuslarga sigaret chekishni ta’qiqlasangiz - ba-bax! - Donatti oʻz fikrini bayon etish maqsadida stolga musht urdi.
— Keling, davolashni boshlaylik.
— Bir daqiqa. Iltimos, bu yoqqa yuring. - Donatti oʻrnidan turib yashil pardani surdi. Tuynuk ortida boʻm-boʻsh xona bor edi. Yoʻq, boʻsh emas ekan. Burchakda bir quyon tovoqqa solingan sabzavotni kavshardi.
— Chiroyli quyon ekan, - dedi Morrison.
— Fikringizga qoʻshilaman. Uni kuzatib turing. - Donatti tokchadagi tugmani bosdi - quyon ovqatlanishdan toʻxtadi va sakrab tushdi. U oyoqlari yerga tekkach, yanada balandroq sakradi va xona boʻylab yugura boshladi.
— Bas qiling! Uni tok urib oʻldiradi-ku!

Donatti tugmani qoʻyib yubordi:
— Nima deyapsiz, bu juda kuchsiz tok. Quyonga qarang, janob Morrison.

U tovoqdan uch metr narida turardi.
— Agar u ovqatlanayotganda tok uraversa, jonivor bir narsani tushunib yetadi: ovqatlanish - ogʻriq. Demak, quyon ovqat yemay qoʻyadi. Uni bir necha marta tok ursa, quyon ovqat toʻla tovoq yonida ochlikdan jon beradi. Bu voz kechdirish yoʻli bilan tarbiyalash deb ataladi.

Morrisonning rangi oqarib ketdi, u eshik tomon yoʻl oldi.
— Boʻldi, kerak emas, katta rahmat.
— Toʻxtang, janob Morrison.

Morrison eshik tutqichidan tortdi... eshik qulflogʻliq edi.
— Oching.
— Janob Morrison! Iltimos, oʻtiring!
— Eshikni oching, aks holda politsiya chaqiraman.
— Oʻtiring, - dedi Donatti sovuq ohangda.

Morrison Donattining qoʻrqinchli koʻzlariga qaradi va oʻyladi: «Yo, Xudoyim, men telba kishi bilan bir xonada qoldim». U lablarini yaladi. Umrida uning bunchalik chekkisi kelmagandi.
— Men sizga davolash kursi haqida batafsil gapirib beraman, - dedi Donatti. 
— Tushunmadingiz, - e’tiroz bildirdi Morrison soxta xotirjamlik bilan. - Menga kursingiz kerak emas. Men undan voz kechaman.
— Yoʻq, janob Morrison, siz tushunmadingiz. Endi boshqa ilojingiz yoʻq. Davolash kursi boshlandi, deganimda sizni aldamagandim. Hammasini tushunganga oʻxshagandingiz.
— Siz aqldan ozgansiz, - dedi Morrison.
— Yoʻq, men amaliyotchi odamman.
— Qani boshlang, - dedi Morrison. - Faqat bilib qoʻying, bu yerdan chiqishim bilanoq besh quti sigaret sotib olaman va ularni politsiya mahkamasiga borgunimcha chekib tugataman.
— Oʻzingiz bilasiz. Lekin sizga hammasini tushuntirganimdan soʻng fikringizni oʻzgartirasiz, deb oʻylayman.

Morrison jim boʻlib qoldi, stulga oʻtirib qoʻllarini chalishtirdi.
— Davolash kursining dastlabki oyida odamlarimiz doimiy ravishda sizni kuzatib yurishadi, - tushuntirdi Donatti. - Siz ularning ayrimlarini sezasiz, lekin hammasini emas. Sizni toʻxtovsiz kuzatib turishadi. Doimiy ravishda. Agar chekkaningizni koʻrib qolishsa, bu yerga qoʻngʻiroq qilishadi.
— Meni bu yerga olib kelib quyonning oʻrniga oʻtqazishadi. - Morrison piching qildi, lekin qoʻrquvga tushdi. Bu xuddi dahshatli tushga oʻxshardi.
— Yoʻq, - javob qaytardi Donatti. - Quyonning oʻrniga sizni emas, xotiningizni oʻtqazishadi.

Morrison unga angrayib qaradi.

Donatti iljaydi.
— Siz esa tuynukdan qarab turasiz.

Suhbat tugagach, Morrison qanday qilib yoʻl bosganini bilmadi. Havo juda yaxshi edi; lekin u buni sezmasdi. Donattining iljaygan qiyofasi uning koʻz oldini toʻsib qoʻygandi.
— Tushuning, - degandi u, - amaliy ish amaliy qarorni talab qiladi, biz faqat sizning manfaatingizni oʻylaymiz.

Donattining aytishicha, «Chekishni tashlang» korporatsiyasiga (xayriya tashkilotiga oʻxshagan) suratda tasvirlangan kishi asos solgan ekan. U avtomat oʻyinlar, massaj xonalari, yashirin lotereyalar bilan shugʻullangan. Bu kishi, Uch barmoq laqabli Mort Minelli ashaddiy kashanda boʻlgan - kuniga uch quti sigaret chekkan. Uning qoʻlidagi qogʻoz - shifokorlarning soʻnggi xulosasi: oʻpka raki. Mort barcha boyligini «Chekishni tashlang» korporatsiyasiga vasiyat qilib, 1970 yilda vafot etgan.
— Moliyaviy ishlarni iloji boricha silliq olib borishga harakat qilamiz. - degandi Donatti, - lekin biz odamlarga yordam berishdan koʻproq manfaatdormiz. Albatta, bu xayrli ishimiz soliq toʻlashda bizga qoʻl keladi.

Davolash kursi dahshatli darajada oddiy edi. Birinchi marta qoida buzilsa - Sindini Donatti aytgan «quyonxona»ga olib kelishadi. Ikkinchi marta boʻlsa - Morrisonning oʻzi ham jazolanadi. Uchinchisida - ularning ikkalasi birgalikda tok ostiga qoʻyilishadi. Toʻrtinchi marta qoida buzilishi yanada qattiqroq jazoga olib keladi. Elvin oʻqiyotgan maktabga bir kishi borib uni doʻpposlaydi.
— Tasavvur qiling, - dedi jilmayib Donatti, - oʻgʻlingiz qay ahvolga tushadi. U nima boʻlayotganini tushunmaydi. Faqat, dadasi yomonligi uchun kaltaklanayotganini biladi, xolos.
— Ablah, - dedi Morrison, u yigʻlab yuborishga tayyor edi, - la’nati ablah.
— Meni toʻgʻri tushuning, - dedi Donatti. - Bunday boʻlmasligiga ishonaman. Mijozlarimizning qirq foiziga jazo qoʻllamaymiz va faqat oʻn foiz mijozlarimiz qoidani uch martadan ortiq buzadilar. Bu raqamlar sizni tinchlantirsa kerak?

Morrison bunda oʻzini tinchlantiradigan hech narsa koʻrmadi. U dahshatga tushgandi.
— Agar besh marta qoida buzsangiz...
— Nima demoqchisiz?

Donatti iljaydi:
— Siz bilan xotiningiz quyonxonaga, oʻgʻlingiz ikkinchi marta, xotiningiz esa birinchi marta kaltaklanadi.

Fazabdan aqlini yoʻqotgan Morrison stol ustidan Donattiga tashlandi.

Donatti esa stuli bilan orqaga surildi va ikkala oyogʻi bilan Morrisonning qorniga tepdi. Morrison ortiga uchib ketdi.
— Oʻtiring, janob Morrison, - dedi Donatti, - keling, aqlli odamlardek gaplashib olaylik.

Morrison hansiraganicha unga boʻysundi. Bu qoʻrqinchli tush qachondir tugar, axir?

«Chekishni tashlang» korporatsiyasida oʻn bosqichli jazo turi bor, degandi Donatti. Olti, yetti, sakkiz marta qoida buzilsa - tok kuchi oshadi, doʻpposlashlar tobora dahshatli tus oladi. Agar Morrison toʻqqizinchi marta cheksa, uning oʻgʻlining qoʻllarini sindirishadi.
— Oʻninchi marta boʻlsa-chi? - soʻradi Morrison. Uning tomogʻi qurib qolgandi.

Donatti ma’yus bosh chayqadi:
— U holda biz taslim boʻlamiz. Siz ikki foiz tuzalmaydigan mijozlar roʻyxatiga kirasiz.
— Rostdan taslim boʻlasizlarmi?
— Shunaqa desa ham boʻladi. - Donatti gʻaladonni ochdi va stol ustiga 45-kalibrli «kolt» toʻpponchasini qoʻydi. - Lekin ana shu ikki foiz tuzalmaslar ham qaytib hech qachon chekishmaydi. Bunga kafolat beramiz.

Kechqurun televizorda Sindi yoqtiradigan «Bulmat» filmi boʻlayotgandi. Morrison bir soat davomida mingʻirlab, tipirchilab oʻtirdi.

Sindi kinoni bemalol koʻra olmadi.
— Senga nima boʻlyapti? - soʻradi u.
— Hech narsa... - dedi Morrison. - Men chekishni tashladim.

Sindi kuldi:
— Qachon? Besh daqiqa oldinmi?
— Soat uchdan beri.
— Oʻshandan beri chekkaning yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Zoʻr-ku. Chekishni tashlashingga nima majbur qildi?
— Men seni oʻyladim... Elvinni.

Sindining koʻzlari katta-katta ochildi. Dik oʻgʻli haqida kamdan-kam gapirardi. U boʻm-boʻsh kuldonga qaradi.
— Rostdan ham chekishni tashlamoqchimisan, Dik?
— Rostdan. Agar politsiyaga murojaat qilsam, bezorilar seni doʻpposlashadi, Sindi.
— Agar cheksang ham baribir biz Elvin bilan gʻamxoʻrligingdan minnatdor boʻlamiz.
— Qaytib chekmayman, deb oʻylayman, - dedi Morrison va uning qorniga tepayotgan Donattining-qotilning xira koʻzlarini oʻyladi.

U kechqurun uxlay olmadi, kechasi uchda esa turib oldi. Morrisonning chekkisi kelayotgandi. U pastga tushib, xonasiga kirdi. Bu xonaning derazalari yoʻq edi. Morrison stoli gʻaladonini ochib, sigaret qutisini oldi, atrofga alanglab, lablarini yaladi.

Birinchi oy davomida doimiy kuzatuvda boʻlasiz, degandi Donatti. Keyin esa ikki oy davomida uni kuniga oʻn sakkiz soatdan kuzatishadi. Toʻrtinchi oyda (aynan oʻshanda aksariyat mijozlar yana cheka boshlashadi) yana kuniga yigirma toʻrt soat davomida kuzatuv olib boriladi. Keyin yilning oxirigacha kuniga oʻn ikki soatlik kuzatuv. Keyin-chi? Umrining oxirigacha har qanday paytda kuzatuv boshlanishi mumkin.

Umrining oxirigacha.
— Sizni har ikki oyda tekshirishimiz mumkin, - degandi Donatti. - Yoki kun ora. Yo boʻlmasa, har ikki yilda bir haftalik kuzatuv tashkil qilamiz. Hamma gap shundaki, Siz buni bilmaysiz. Agar cheksangiz, biz bilan oʻynashayotgan boʻlasiz. Ular kuzatyaptimi yoki yoʻqmi? Xotinimni olib ketishdimi yoki oʻgʻlimni doʻpposlagani odam joʻnatishdimi? Zoʻr-a, toʻgʻrimi? Yashirincha sigaret cheksangiz ham undan oʻgʻlingizning qoni ta’mi kelib turadi.

Lekin hozir tun qorongʻusida, ular uni bu xonada kuzata olishmaydi. Uy xuddi qabristondek jimjit edi.

U ikki daqiqacha sigaret qutisidan koʻz uzolmay turdi, soʻng eshik oldiga borib boʻm-boʻsh yoʻlakka qaradi, ortiga qaytib, yana sigaretga tikildi. U qaytib sigaret chekmasligini tasavvur qildi. Endi u qanday qilib mijozlar bilan qoʻlida sigaretsiz gaplashadi? Sindining gullariga sigaret chekmasdan qanday chidaydi? Qanday qilib kunni erta tongda sigaret chekmasdan boshlaydi?

Morrison bu narsaga aralashib qolgani uchun oʻzini, Donattini la’natladi, eng dahshatli la’nat oʻqlari esa Jimmi Makkennga qaratilgandi. U nima uchun bunday qildi! Itvachcha, hammasini bilar ekan-ku! Xoin Makkennning tomogʻidan boʻgʻish istagidan Morrisonning qoʻllari qaltirab ketdi.

U yana xona ichiga alangladi, sigaretni qoʻliga olib uni siladi, labiga qistirdi va qotib qoldi.

Shkaf ichida qandaydir shitirlagan tovush eshitildimi? Yoʻq, shekilli. Lekin...

Uning koʻz oldida yana bir manzara namoyon boʻldi: elektr toki zarbidan sakrayotgan quyon. Bu xonada uning oʻrnida Sindi boʻlishi mumkin...

Uning butun vujudi quloqqa aylandi. Morrison shkafni ochmoqchi boʻldi, lekin uning ichida birortasi boʻlishi mumkinligini oʻylab qoʻrqdi. U joyiga kirib yotdi, lekin anchagacha uxlay olmadi.

Ertalab oʻzini yomon his qilishiga qaramasdan, nonushta Morrisonga juda yoqdi. Bir oz oʻylangach, u yana bitta qovurilgan tuxumni paqqos tushirdi. Sindi pastga tushganida, u tovani yuvayotgandi.
— Richard Morrison! Oxirgi marta itimiz kuchuklik paytida nonushtada tuxum yeganding.

Morrison nimadir deb toʻngʻilladi.
— Chekib boʻlgandirsan? - soʻradi xotini.
— Yoʻq.
— Tush paytiga borib chekasan, - dedi Sindi quvnoqlik bilan.
— Zoʻr yordamchi ekansan, - oʻshqirdi Morrison xotiniga. - Siz chekmaydiganlar oʻylaysizlarki... ha, mayli.
— Sen rostdan ham chekishni tashlamoqchimisan?
— Albatta. Buning qanchalik jiddiy ekanligini hech qachon bilmaysan, deb umid qilaman.
— Bechora, - dedi xotini. - Sen tirik murdaga oʻxshab qolding.

Morrison uni bagʻriga mahkam bosdi.

Richard Morrison hayotidan lavhalar; oktyabr-noyabr: Morrison «Larkin studios»da ishlaydigan ogʻaynisi bilan Jek Dempsining barida. Ogʻaynisi Morrisonga sigaret uzatadi, u rad etadi:
— Men chekishni tashladim.

Ogʻaynisi kuladi:
— Koʻpi bilan bir hafta chidaysan.

Morrison avtobus kutayotib koʻk kostyum kiygan yigitga koʻzi tushadi. U bu yigitni deyarli har kuni va turli joylarda koʻradi: Ondi barida, Sem Gudining musiqa doʻkonida. Bir kuni Dik uni oʻzi golf oʻynayotgan maydonda ham koʻrib qoldi.

Morrison mehmondorchiliklarda ichadi - judayam chekkisi keladi! - lekin bunga qoʻl uradigan darajada mast boʻlmaydi.

U oʻgʻlini koʻrgani boradi, unga koptok sovgʻa qiladi. Elvin ogʻzidan suvi oqib uni oʻpganida u ilgarigidek jirkanmaydi. Morrison oʻgʻlini quchoqlaydi va Donattilar kompaniyasi bir narsani juda yaxshi anglaganini tushunadi: sevgi - eng kuchli afyun. Xayolparastlar uning bor-yoʻqligi haqida bahslashaverishsin. Amaliyotchi odamlar undan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishadi.

Morrison asta-sekin tamakiga boʻlgan jismoniy ehtiyojidan qutuladi, lekin ruhiy ehtiyojidan qutula olmaydi. Shuning uchun doim ogʻziga yoʻtalga qarshi dori, qand yoki sigaret oʻrnini bosuvchi biror narsa solib yuradi.

Bir kuni Morrison «Midtaun» tunnelida avtomobil tiqiniga duch keldi. Qorongʻilik. Mashinalar toʻxtovsiz signal chalishar, atrof tutun hidiga toʻlib ketgandi. Morrison qoʻqqisdan mashina ichidagi qutichani ochib, uning ichida turgan sigaret qutisini koʻrib qoldi. Sigaret qutisiga birpas qarab turib, ichidan sigaret oldi-da tutashtirdi. Agar biror narsa boʻlsa, bunga Sindining oʻzi sababchi, dedi u oʻziga oʻzi. Jin urgur, unga hamma sigaretlarni tashlab yubor, degandim-ku.

Sigaretni ichiga bir tortgandi - qattiq yoʻtal tutdi. Ikkinchi tortishda koʻzidan yosh chiqib ketdi, uchinchisida - boshi aylandi. Namuncha achchiq, oʻyladi Morrison.

Birdan uning miyasiga boshqa fikr keldi: E, Xudoyim, nima qilyapman?

Orqada toʻxtovsiz signal chalinardi. Oldindagi mashinalar yura boshladi. Morrison sigaretni oʻchirib, mashina oynalarini ochdi va qoʻllari bilan tutunni hayday boshladi.

U tiqindan zoʻrgʻa chiqib uyiga keldi.
— Sindi, men keldim, - dedi u.

Jimjitlik.
— Sindi? Azizam, qaerdasan?

Telefon jiringladi, Morrison shoshib goʻshakni koʻtardi:
— Sindi? Qaerdasan?
— Salom, janob Morrison, - dedi Donatti yoqimli, tetik ovozda. - Biz bir masalani koʻrib chiqishimiz kerakka oʻxshaydi. Soat beshda oldimga kela olasizmi?
— Xotinim sizlardami?
— Shunaqa, - javob qaytardi Donatti.
— Uni qoʻyib yuboringlar, - bidirladi Morrison, - boshqa bunday qilmayman. Oʻzimni tutolmay qoldim. Bor-yoʻgʻi uch marta tortdim. Xudo haqqi, hattoki chekish menga yoqmadi.
— Ming afsus. Demak, soat beshda kelasiz?
— Iltimos, - dedi Morrison. U yigʻlab yuboray dedi, - oʻtinaman... 

Lekin Donatti goʻshakni qoʻyib qoʻygandi.

Soat beshda qabulxonada Morrisonning devordek oqarib ketganiga e’tibor bermay unga jilmaygan kotibadan boshqa hech kim yoʻq edi.
— Janob Donatti? - dedi u tugmani bosib. - Janob Morrison keldi. - U Morrisonga bosh irgʻadi. - Kiravering.

Donatti uni eshik oldida «jilmaying» degan yozuvli mayka kiygan va qoʻliga 38-kalibrli revolver tutgan bir barzangi bilan kutib turardi.
— Menga qarang, - dedi Morrison, - kelishishimiz mumkin. Sizlarga pul toʻlayman. Men...
— Ovozingni oʻchir, - dedi maykali kishi.
— Sizni koʻrganimdan xursandman, - dedi Donatti. - Uchrashuvimiz shunday qaygʻuli holatda kechayotganidan afsusdaman. Men bilan yuring. Tezroq tugatamiz. Xotirjam boʻling: xotiningizga hech narsa qilmaydi... bu safarcha.

Morrison Donattiga tashlanmoqchi boʻldi.
— Xayolingizga ham keltirmang, - dedi u. - Agar shunday qilsangiz, mana bu kishi revolver bilan boshingizga soladi, xotiningizni esa baribir tok bilan urishadi. Bundan sizga nima foyda?
— Til tortmay oʻlgin, - dedi Morrison Donattiga qarab.
— Agar mana shunday tilaklar uchun besh tsentdan olganimda edi, allaqachon nafaqaga chiqsam boʻlardi. Bu sizga saboq boʻladi, janob Morrison. Yuring.

Barzangi uni revolver bilan niqtadi.

Xonaga birinchi boʻlib Morrison kirdi va haykaldek qotib qoldi. Yashil parda surib qoʻyilgandi. Barzangi uni revolver bilan turtdi. Morrison tuynukdan moʻraladi va talmovsirab turgan Sindini koʻrdi.
— Sindi, - dedi u, - Sindi, ular...
— U sizni koʻrmaydiyam, eshitmaydiyam, - dedi Donatti. - Keling, tezroq tugataylik. Gunohingiz uncha ogʻir emas - oʻttiz soniya yetadi, deb oʻylayman.

Barzangi bir qoʻli bilan tugmani bosdi, ikkinchi qoʻlidagi revolverni Morrisonning biqiniga tiradi.

Bu uning hayotidagi eng uzoq oʻttiz soniya edi. Jazolash tugagach, Donatti Morrisonning yelkasiga qoʻlini qoʻydi va soʻradi:
— Koʻnglingiz aynimayaptimi?
— Yoʻq, - dedi Morrison zoʻrgʻa va devorga suyanib qoldi - uning oyoqlari qaltirardi.
— Men bilan yuring, - dedi Donatti.
— Qayoqqa? - soʻradi Morrison.
— Xotiningizga biron narsa dersiz?
— Uning koʻziga qanday qarayman. Unga qanday aytaman?

Xonada divandan boshqa hech narsa yoʻq edi. Unda Sindi yigʻlab yotardi.
— Sindi, - dedi Morrison.

Xotini yigʻidan qizarib ketgan koʻzlarini unga tikdi.
— Dik, - pichirladi Sindi, - Dik? E, Xudoyim... Ikki kishi... Uyimizda... Ularni oʻgʻri deb oʻylabman, ular esa koʻzimni bogʻlab bu yerga olib kelishdi.
— Oʻzingni bos.
— Lekin nima uchun? - soʻradi xotini. - Ular nima uchun..
— Hammasi meni deb boʻldi. Senga bir narsani aytishim kerak.

U hikoyasini tugatib, birpas jim boʻlib qoldi va dedi:
— Sen mendan nafratlanayotgan boʻlsang kerak?

Morrison yerga qaradi. Sindi uning yuziga kaftini qoʻydi va oʻziga qaratdi:
— Yoʻq. Ketdik uyga.

Bir haftadan keyin kechki payt telefon jiringladi va Donattining ovozini tanigan Morrison dedi:
— Odamlaringiz adashishibdi. Men qoʻlimga sigaret ushlaganim yoʻq.
— Buni bilamiz. Soʻnggi masalani kelishib olishimiz lozim. Ertaga kechki payt kela olasizmi?
— Bu...
— Qoʻrqmang. Aytgancha, lavozimingiz koʻtarilgani bilan tabriklayman.
— Buni qaerdan bilasiz?
— Hisob-kitob ishlarini yuritamiz, - dedi Donatti va goʻshakni qoʻydi.

Ular xonaga kirishgach, Donatti dedi:
— Nega asabiylashyapsiz? Sizni hech kim tishlab olmaydi. Bu yoqqa keling.

Morrison yaqin keldi va yerda oddiy tarozini koʻrdi.
— Men sal semirdim...
— Ha, ha, ha. Yetmish uch foiz mijozlarimizda bu holat ham kuzatiladi. Marhamat, taroziga chiqing.

Tarozi yetmish toʻqqiz kiloni koʻrsatdi.
— Yaxshi, tarozidan tushishingiz mumkin. Boʻyingiz qancha, janob Morrison?
— Bir metru yetmish toʻqqiz santimetr.
— Qani, - Donatti choʻntagidan qogʻoz chiqardi. - Juda zoʻr. hozir sizga semirishga qarshi dorilar roʻyxatini yozib beraman. Ularni kamdan-kam iching. Sizning ogʻirligingiz koʻpi bilan... - U yana bir marta qogʻozga qaradi. - Sakson uch kilo boʻladi. Bugun birinchi dekabr, demak, har oyning birinchi kunida vazningizni tortib koʻramiz.
— Agar sakson uch kilodan ogʻir boʻlsam nima boʻladi?

Donatti jilmaydi:
— Odamlarimizdan biri uyingizga borib xotiningizning jimjiloq barmogʻini qirqib keladi. Salomat boʻling, janob Morrison.

Oradan sakkiz oy oʻtdi.

Morrison Jek Dempsi barida «Larkin studios»da ishlaydigan ogʻaynisini koʻrib qoldi. Morrison sport bilan shugʻullanayotgan, koʻrinishi zoʻr edi.
— Qanday qilib chekishni tashlading? - soʻradi ogʻaynisi. 

Morrison unga ma’noli qaradi, choʻntagidan tashrif varaqasini chiqardi.
— Bilasanmi, - dedi u, - mana shu kompaniya hayotimni oʻzgartirib yubordi.

Oradan bir yil oʻtdi.

Morrison pochta orqali toʻlov qogʻozi oldi:

«Chekishni tashlang» korporatsiyasi

237 Ist, Qirq oltinchi koʻcha,

Nyu York, Nyu York shtati, 10017

Davolash kursi - 2500 dollar

Mutaxassis xizmati (doktor Donatti) - 2500 dollar

Elektr xarajati - 50 tsent

Jami - 5000 dollar 50 tsent.
— Itvachchalar! - baqirdi u. – Seni qiynashgan elektrni ham hisobga kiritishibdi.
— Toʻlay qol, - dedi xotini.

Oradan yana sakkiz oy oʻtdi.

Morrison va Sindi «Xelen Xeys» teatrida Jimmi Makkenni xotini bilan koʻrib qolishdi. Ular soʻrashishdi. Jimmining koʻrinishi ilgarigidan ham yaxshi edi. Morrison uning xotinini endi koʻrayotgandi. Morrison u bilan qoʻl berib soʻrashdi. Ayolning qoʻl qisishi gʻalati edi. Faqat bir ozdan keyin Morrison buning sababini tushundi. Makkenning xotinining oʻng qoʻlidagi jimjiloq barmogʻi yoʻq edi...