OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Stiven King. Jang (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifStiven King
Asar nomiJang (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dahshat
Mualliflar
   - Stiven King
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov (rus tilidan)
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jang (hikoya)
Stiven King

-Janob Rensho?

Bino xizmatchisining ovozi Renshoni liftga yetay deganida toʻxtatdi. U ortiga oʻgirildi va qoʻlidagi sumkani narigi qoʻliga oldi. Pidjagining ichki choʻntagida yigirma va ellik dollarlik pullar solingan ogʻir xatjild shitirladi. U ishini a’lo darajada bajargan va Tashkilot uning haqidan yigirma foiz olib qolgan boʻlsa-da yaxshigina pul toʻlagandi. Rensho xonasiga kirib uxlamoqchi edi.

-Nima gap?

-Sizga joʻnatma kelibdi. Marhamat, imzo cheking.

Rensho uf tortdi va qutiga oʻychan qaradi. Qutiga uning ism-sharifi va manzili yozilgan qogʻoz parchasi yopishtirilgandi. U qutini olib silkitib koʻrdi, nimadir shiqirladi.

-Xonangizga olib kirib beraylikmi, janob Rensho?

-Yoʻq, oʻzim.

Uzunligi yarim metrga yaqin boʻlgan qutini qoʻltigʻi ostida koʻtarish noqulay edi. U qutini lift poliga qoʻydi va bir nechta tugmalar joylashgan quticha tirqishiga kalit solib buradi. Rensho binoning eng yuqori qavatidagi hashamatli xonadonda istiqomat qilardi. Lift asta yuqoriga koʻtarildi. U koʻzlarini yumdi va oxirgi ishini xayolidan oʻtkazdi.

Avvaliga har doimgidek Kel Beyts qoʻngʻiroq qildi:

-Jonni, boʻshmisan?

Rensho yaxshi va ishonchli mutaxassis, u bir yilda bor-yoʻgʻi ikki marta boʻsh boʻladi, xizmati uchun kamida oʻn ming dollar oladi, mijozlar uning bexato yirtqichlik faoliyati uchun haq toʻlashadi. Jon Rensho odam oʻldirishga ixtisoslashgan YIRTQICh.

Beytsning qoʻngʻirogʻidan soʻng Rensho pochta qutisidan ichiga kimningdir ism-sharifi hamda manzili yozilgan qogʻoz va fotosurat solingan xatjildni oldi. U qogʻozdagi yozuvlarni eslab qoldi, xatjildni esa ichidagilari bilan yondirib tashladi.

Fotosuratdagi shaxs Mayamidagi «Morris oʻyinchoq ishlab chiqarish kompaniyasi» egasi va asoschisi Gans Morris edi. Bu nusxa kimgadir xalaqit bergan, u xalaqit bergan kishi Tashkilotga murojaat qilgan va Kel Beyts Jon Rensho bilan gaplashgandi...

Lift eshiklari ochildi, u qutini qoʻltigʻi ostiga qistirdi, yoʻlakka chiqdi va xonasiga kirdi. Keng xona aprel quyoshining nurlaridan yorishib ketgandi. Rensho bir necha soniya oʻzini nurga solib turdi, qutini eshik yonidagi stol ustiga qoʻydi, pul solingan xatjildni tashladi, boʻyinbogʻini boʻshatdi va ayvonga chiqdi.

Tashqari sovuq edi, shamol uning yupqa paltosidan oʻtib etini junjiktirdi. Ammo Rensho bir daqiqacha xuddi butun mamlakatni zabt etgan sarkardadek shaharni kuzatdi. Koʻchalardan mashinalar xuddi qoʻngʻizlardek gʻizillab oʻtib turardi. Sharq tomonda, osmonoʻpar binolar ustida teleantennalar xuddi oʻrmondek koʻzga tashlanardi.

U ichkariga qaytdi, ayvon eshigini yopdi va vannaxonaga kirib ketdi.

Qirq daqiqadan keyin Jon Rensho vannaxonadan chiqdi va qutini sinchkovlik bilan koʻzdan kechira boshladi.

«Qutida bomba bor».

Qutida bomba yoʻq, lekin qutida bomba bor deb tasavvur qilish kerak. U doim shunday qiladi va aynan shuning uchun boshqalar allaqachon narigi dunyoga ravona boʻlishgan bir paytda u xotirjam umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Agar bu bomba boʻlsa, unda soat mexanizmi yoʻq-quti ichidan hech qanday chiqillagan ovoz kelmayapti. Ammo hozirda plastik portlatgichdan foydalanishyapti.

Rensho pochta muhriga qaradi: Mayami, 15 aprel. Besh kun burun joʻnatilgan. Soat mexanizmi bilan ishlaydigan bomba allaqachon portlab ketgan boʻlardi.

U qoʻllarini koʻksiga chalishtirgancha qutiga astoydil nazar tashladi. Morrisning yaqinlari Renshoning manzilini qaerdan bilishgani uni hozir qiziqtirmasdi. Bu savolni u keyinroq Beytsga beradi. Hozir bu muhimmas.

U hamyonidan plastik kalendar chiqardi va qutini oʻrab turgan yopishqoq tasmani kesdi. Engashib, qutini hidlab koʻrdi. Qogʻozdan boshqa narsaning hidi kelmadi. U qutini ozgina teshib, quti ichiga moʻraladi: yashil quticha koʻrindi. Rensho oʻtirdi va pichoq bilan qutichani oʻrab turgan tasmani kesdi.

Qutichaga «Amerikalik veteran Joning vetnamcha sandigʻi» deb yozilgandi. Bu yozuv ostidan quyidagi soʻzlar bitilgandi: «Yigirmata piyoda askar, oʻnta vertolyot, ikkita pulemyotchi, ikkita shifokor, ikkita granatomyot, toʻrtta «jip». Eng pastda, burchakda «Morris oʻyinchoq ishlab chiqarish kompaniyasi» degan yozuv bor edi.

Rensho sandiqcha qopqogʻini koʻtardi. Sandiqcha ichida nimadir harakatlandi.

Jon xona chirogʻini yoqish uchun oʻrnidan turdi.

«Vetnamcha sandiq» qimirladi. Kutilmaganda u yonboshiga agʻdarildi va gilam ustiga tushdi. Sandiqcha qopqogʻi ochilib ketdi.

Har birining boʻyi toʻrt santimetrdan boʻlgan kichkina askarchalar sandiqcha ichidan oʻrmalab chiqa boshlashdi. Rensho ulardan koʻz uzmay qarab turardi. Rensho bunday voqea boʻlishi mumkin emasligini oʻylamas, butun fikr-zikri qanday xavfga duch kelgani va tirik qolish uchun nima qilish kerakligida edi.

Askarchalar jangovar kiyimda, yelkalariga xalta va mitti miltiqlar osib olishgandi. Ikkitasi Renshoga tikilib turishardi.

Besh, oʻn, oʻn ikki va nihoyat yigirma. Ulardan biri boshqalariga imo-ishora bilan buyruq berdi. Qolgan askarchalar bir tekis safga tizilishdi.

Rensho divanda turgan katta yostiqni qoʻliga oldi va sandiqchaga yaqinlashdi. Komandir oʻgirildi va qoʻlini silkitdi. Piyoda askarlar miltiqlarini qoʻllariga olishdi, paqillagan tovushlar yangradi va Rensho xuddi ari chaqqandek ogʻriqni tuydi.

U yostiqni irgʻitdi, askarchalar yiqilib tushishdi. Shu payt sandiqcha ichidan xuddi ninachiga oʻxshab yashil rangli vertolyotlar gʻuvillab havoga koʻtarildi.

Renshoning qulogʻiga eshitilar-eshitilmas «paq-puq» etgan tovushlar yetib keldi. U vertolyotlar eshiklarida pulemyotlarning miltillayotgan uchqunlarini koʻrdi va xuddi kimdir uning qorni, qoʻli, boʻyniga igna sanchayotgandek tuyuldi. U shaxd bilan qoʻlini uzatib vertolyotlardan birini ushladi va barmoqlarida dahshatli ogʻriqni his qildi-vertolyot parraklari uning barmogʻini sindirib tashlagandi. Qolgan vertolyotlar undan uzoqroqqa ketishdi va aylana hosil qilib uchishda davom etishdi. Unga jarohat yetkazgan vertolyot gilamga quladi.

Rensho oyogʻidagi kutilmagan ogʻriqdan baqirib yubordi. Askarchalardan biri uning poyabzali ustida turgancha oyogʻiga xanjar sanchardi.

Rensho oyogʻini silkitib askarchani uloqtirdi.

Yoʻtal ovoziga oʻxshagan tovush yangradi-Renshoning soni jizillab achishdi. Sandiqcha ichidan granatomyot koʻtargan askarcha chiqib keldi-granatomyot ogʻzidan tutun koʻtarilayotgandi. Rensho soniga qaradi va shimining tangachalik joyi teshilib qolganini koʻrdi. Sonida kuyish izi bor edi.

U ortiga oʻgirildi va yotoqxona tomon qochdi. Uning boshi tepasida vertolyot gʻingʻilladi, qisqagina oʻt ochgach, ortiga qaytdi.

Yostiq ostida Renshoning toʻpponchasi bor edi. U toʻpponchani ikki qoʻllab ushladi, oʻgirildi va elektr chirogʻidan kichikroq uchar nishonga otishi kerakligini tushundi.

Ichkariga ikkita vertolyot kirdi. Rensho oʻq uzdi va vertolyotlardan biri parcha-parcha boʻlib ketdi. «Bittasi yoʻq boʻldi», oʻyladi u, ikkinchisini moʻljalga oldi... tepkini bosdi...

Vertolyot kutilmaganda keskin burildi. Rensho oʻq uzayotgan pulemyotchini zoʻrgʻa sezdi va oʻzini polga tashladi.

«U KOʻZIMNI MOʻLJALGA OLDI!»

Rensho toʻpponchasini koʻtardi, ammo vertolyot undan uzoqlashib boʻlgandi. Vertolyot bir oz havoda muallaq turdi, soʻng mehmonxona tomon uchib gʻoyib boʻldi.

Rensho oʻrnidan turdi, jarohatlangan oyogʻi azob berib afti bujmaydi. «Granatomyot zarbasidan soʻng omon qolganlar bormikin», deb oʻyladi u.

Yostiqjildni sugʻurib olib oyogʻini bogʻladi, soqol olish uchun moʻljallangan koʻzguchani qoʻliga olib eshik tomon yaqinlashdi va uni gilamga qoʻyib koʻzguga qaradi...

Ular sandiqcha yonida lager oʻrnatishgandi. Askarchalar u yoqdan bu yoqqa yurishar, chodir tikishar, «jip»da atrofni aylanishardi. Rensho tepib yuborgan askarcha ustida shifokor engashgancha muolaja qilardi. Qolgan sakkizta vertolyot lagerni qoʻriqlab atrofda parvoz qilayotgandi.

Ular kutilmaganda koʻzguni sezib qolishdi. Uch nafar piyoda askar tiz choʻkkancha oʻq uzishdi. Bir necha soniyadan soʻng koʻzgu parcha-parcha boʻlib ketdi.

«SHOSHMAY TURLARING».

Rensho qizil daraxtdan yasalgan ogʻir qutichani oldi va xuddi beysbolchilardek uloqtirdi. Quticha askarlarni yiqitdi. «Jiplar»dan biri agʻanab ketdi. Rensho oʻq otib askarlardan birini yoʻq qildi.

Ammo qolgan askarlar oʻzlariga kelgan va oʻq uzishni boshlab yuborishgandi.

Rensho yana bir marta oʻq uzdi-tegmadi. Ular judayam kichkina edi! Ammo keyingi otishida yana bitta askarni yoʻq qildi.

Vertolyotlar unga qarata oʻq uzishdi, oʻqlar uning yuziga tegdi. Renshoning otgan oʻqlari ikkita vertolyotga tegdi.

Qolgan oltita vertolyot ikkita guruhga boʻlindi va ortga chekindi. Rensho yuzidan oqayotgan qonni artdi va oʻq uzishga tayyorlandi, ammo toʻxtab qoldi. Piyoda askarlar sandiqcha ichidan nimanidir tortib chiqarishayotgandi. Aftidan...

Sariq uchqun sachradi va Renshoning chap tomonidagi devor suvogʻi koʻchib tushdi.

RAKETA USKUNASI!

U oʻq uzdi, nishonga tegmadi, vannaxonaga yugurib kirib oldi. Koʻzguga qarab, jangda aqldan ozayozgan hinduning aftiga koʻzi tushdi. Koʻzgudagi hinduning yuzi qondan qizil rangga boʻyalgandi. Yuzidagi teri koʻchib tushgan, boʻyin terisini xuddi kimdir shilib olgandek edi.

«MEN JANGDA YUTQAZYAPMAN!»

U qaltiroq qoʻllari bilan sochlarini taradi. Chiqish yoʻli berk. Telefonga yetib borishning imkoni yoʻq. Raketa uskunasi boshini uzib tashlashga tayyor holda turibdi.

«U HAQDA HATTO YoZILMAGANDI HAM!»

Eshikning mushtdek parchasi koʻchib tushdi. Alanga tillari eshikning hozirgina paydo boʻlgan yorigʻidan oʻrmalay boshladi. Vannaxonaga yonayotgan yogʻoch parchalari uchib tushdi. Paydo boʻlgan tuynukdan ikkita vertolyot uchib kirdi va Renshoning koʻkragiga qarata oʻq uzdi.

U vertolyotlardan birini qoʻli bilan urib tushirdi. Ikkinchi vertolyotni sochiq bilan qulatdi va ezgʻilab tashladi.

«MANA SENGA! MANA SENGA! ENDI OʻYLAB ISH QILASANLAR!»

Aftidan, ular rostdan ham oʻylanib qolishdi. Oʻn besh daqiqa davomida sukunat hukm surdi. Rensho vanna chetiga oʻtirdi va oʻyga choʻmdi: bu muammoning yechimi boʻlishi kerak. Albatta. Ularni aylanib oʻtish kerak.

U keskin oʻgirildi va vanna tepasidagi tuynukka qaradi. Bu qopqondan chiqish yoʻli bor.

Uning nigohi yondirgichlarni toʻldirish uchun moʻljallangan gazli ballonga tushdi. Rensho unga qoʻlini choʻzdi va shitirlagan tovushni eshitdi. U darhol oʻgirildi, toʻpponchasini toʻgʻriladi, ammo eshik tirqishidan qogʻoz parchasi tushdi.

Qogʻoz parchasida kichkina harflar bilan «TASLIM BOʻL!» degan yozuv yozilgandi.

Rensho iljaydi, gaz ballonchasini koʻkrak choʻntagiga soldi, dori qutichasidan qalam boʻlagini oldi va yozib, eshik tirqishidan tashqariga surdi: «aslo!» Raketalar eshikdagi tuynukdan kirib devorga urilib portladi. Rensho qoʻllari bilan koʻzlarini berkitdi-devor suvoqlari koʻchib tushdi.

Bir ozdan soʻng Rensho vannadan chiqdi va derazani ochdi. Osmonda yulduzlar sovuq nur sochardi. Deraza ostida torgina karniz bor edi, ammo hozir u haqda oʻylashga vaqt yoʻq edi.

U derazadan osilib pastga tushdi. Yuziga sovuq havo urildi. Rensho pastga qaradi: qirq qavat. Bunday balandlikdan koʻcha xuddi bolalarning oʻyinchoq temir yoʻlidek koʻrinardi.

Rensho romga osilib, karnizga oyogʻini qoʻydi. Agar hozir birorta vertolyot vannaxonaning yoriq eshigidan ichkariga kirib oʻq uzishni boshlasa bormi, u chinqirgancha pastga qulashi tayin.

Ammo hech narsa sodir boʻlmadi.

Oyogʻi ostidagi boʻshliq haqida oʻylamaslikka harakat qilayotgan Rensho asta-sekin bino burchagi tomon surila boshladi.

Toʻrt metr qoldi... uch... Mana, nihoyat yetib keldi. U koʻksini devorga tiragancha toʻyib-toʻyib nafas oldi.

Endi burchakni aylanib oʻtish kerak...

Toʻqqiz metrdan keyin ayvonga yetib oladi...

Nihoyat u ayvonning temir toʻsiqlariga osildi.

Rensho ovoz chiqarmasdan ayvonga tushdi, oynavand eshikdan asta mehmonxonaga moʻraladi. Askarchalar uni sezishmadi.

Toʻrt askarcha va bir vertolyot sandiqni qoʻriqlashardi. Qolganlar esa vannaxona roʻparasiga oʻrnatilgan raketa uskunasi yonida edi.

«Xoʻsh. Mehmonxonaga yugurib kirib, sandiq yonidagilarni yoʻq qilaman, uydan qochib chiqib, taksiga oʻtirib aeroportga yoʻl olaman».

U koʻylagi yengidan bir parchani ensiz tasma qilib yirtib oldi, bir uchini gaz ballon ichidagi suyuqlik bilan hoʻlladi, ikkinchi uchini esa ballon ichiga suqdi, yondirgich olib matoni yoqdi, oynavand eshikni shaxd bilan ochdi va ichkariga tashlandi.

Vertolyot shu zahoti unga hujum qildi. Rensho uni qoʻli bilan urib tushirdi.

Qolgan voqealar soniyalar ichida yuz berdi.

Rensho ballonni uloqtirdi va tashqari eshik tomon yugurdi.

U nima boʻlganini anglashga ulgurmadi.

Xuddi poʻlat seyf baland binodan yerga tushgandek gumburlagan ovoz keldi. Butun bino silkindi...

* * *

Bir erkak bilan ayol koʻchada ketishayotgandi. Ular choʻchib yuqoriga qarashdi va binoning eng yuqori qavatida oppoq tutun aralash alanga koʻtarilganini koʻrishdi.

-Nima bu?-soʻradi ayol.

-Yongʻin,-dedi erkak.

Yuqoridan ularning ustiga qandaydir mato tusha boshladi. Erkak uni havodayoq tutib oldi:

-Yo Xudoyim, koʻylak parchasi, hammayogʻi qon, teshilib ketibdi.

-Raf, taksi chaqir,-dedi ayol.-Tezroq ketaylik.

Erkak atrofga alanglab taksi chaqirdi. Mashina toʻxtadi va ular taksi tomon yugurisharkan, hozirgina ular turgan joyga bir parcha qogʻoz tushganini koʻrishmadi. Unda quyidagi soʻzlar yozilgandi:

«Ayrim vetnamcha sandiqlar ichida quyidagilar ham bor: bitta raketa uskunasi, yigirmata «er-havo» raketasi, bitta termoyadroli bomba».