OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifStiven King
Asar nomiQasoskor mushuk (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dahshat
Mualliflar
   - Stiven King
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qasoskor mushuk (hikoya)
Stiven King

Xelstonga oʻziyurar aravachada oʻtirgan qariya kasalga, nimadandir qattiq qoʻrqqan va oʻlishga tayyorga oʻxshab koʻrindi. Unga bunday manzara tanish edi. Oʻz kasbining ustalari ichida Xelston tanho edi. «Faoliyati» davomida u oʻn sakkiz erkak va olti nafar ayolni oʻldirgan, oʻlim nima ekanligini bilardi. Uy sovuq va jimjit edi. Jimjitlikni kamindagi olovning ovozi va tashqarida esayotgan noyabr shamolining uvillashi buzardi xolos.
— Siz zarba berishingizni istayman. - Qariyaning ovozi eski qogʻozning shitirlashini eslatardi. - Bilishimcha, siz aynan shu narsa bilan shugʻullanasiz.
— Sizga kim aytdi? - qiziqdi Xelston. Uning yoshi oʻttiz ikkida, barvasta qomatli edi. Ammo uning harakatlari yengil, xuddi inson qiyofasidagi akulaga oʻxshardi.
— Menga Sol Lodjia ismli kishi aytdi. Siz uni tanir ekansiz.

Xelston bosh irgʻadi. Agar Sol tavsiya qilgan boʻlsa, demak, hammasi joyida.
— Kimga zarba berishim kerak?

Drogan aravachasidagi qandaydir tugmani bosdi va aravacha xuddi shisha ichiga qamalib qolgan pashsha singari ovoz chiqarib oldinga siljidi.
— Qurboningiz orqangizda turibdi, - dedi Drogan.

Xelston keskin harakat qildi. Hayoti tez harakat qilishga bogʻliqligini bilgani uchun uning miyasi ham, gavdasi ham doim tayyor turardi. U divandan irgʻib turdi, bir tizzasi bilan choʻkkalab oʻtirdi va shu bilan birga plashi choʻntagidan 45-kalibrli toʻpponchasini chiqarishga ham ulgurdi. Soniya ichida u toʻpponchasini... mushukka oʻqtaldi.

Xelston va mushuk lahza davomida bir-biriga qarab turishdi. Xelston uchun bu kutilmagan hol edi. Mushuk unga tanishdek koʻrindi.

Uning tumshugʻi xuddi ikkiga boʻlingandek: yarmi oq, yarmi qora edi. Yarim qorongʻi xonada uning koʻzlari katta-katta, kamin shu’lasi aks etgan qorachiqlari esa choʻgʻdek koʻrinardi.

Xelstonning miyasida gʻalati bir oʻy chaqnab oʻtdi: biz bir-birimizni bilamiz. U toʻpponchasini qoʻyniga soldi va oʻrnidan turdi.
— Sizni otib tashlashim mumkin edi, - dedi u Droganga. - Men hazilni yoqtirmayman.
— Men hazillashayotganim yoʻq, - javob qildi qariya. - oʻtiring. Mana buni oling. - U tizzasini yopib turgan adyol ostidan qalin xatjild oldi va Xelstonga uzatdi.

Xelston oʻtirdi. Mushuk uning oyogʻiga suykaldi. U bir oz Xelstonga qarab turdi, soʻng gʻujanak boʻlib oldi.

Xelston savol nazari bilan Droganga qaradi.
— U oʻzini doʻstona tutadi, - dedi qariya. - Boshlanishiga. Bu mushuk uyimda uch kishini oʻldirdi. Bitta men qoldim. Men qari, kasalman... Ammo ajalimdan besh kun burun oʻlishni istamayman.
— Ishongim kelmayapti, - mingʻirladi Xelston. - Siz meni mana shu mushukni oʻldirish uchun yolladingizmi?
— Marhamat, xatjildni oching.

Xelston uni ochdi. Xatjild yuz va ellik dollarlik pullarga toʻla edi. U uch minggacha sanab, sanoqni toʻxtatdi.
— Bu yerda qancha bor?
— Olti ming dollar. Qolgan olti mingini esa mushuk... yoʻq qilinganligini isbotlaganingizdan soʻng olasiz. Janob Lodjia siz ishingiz uchun shuncha pul olishingizni aytgandi.

Xelston jimgina bosh irgʻab tizzasiga chiqib mudrayotgan mushukni siladi. Xelston mushuklarni yoqtirardi. Unga yoqadigan yagona jonivor desa ham boʻladi. Ular yolgʻiz yurishadi. Xuddi Xelston kabi.
— Sizga hech narsani tushuntirmasligim ham mumkin edi, - dedi Drogan. - Ehtiyotkorlik - qurollanish demakdir, bu ishga mensimay qarashingizni istamayman. Bundan tashqari, oʻzimni oqlash uchun sabablar ham bor. Shunchaki, sizga tentakday koʻrinishni xohlamayman.

Xelston yana bosh silkidi. U ichida bu ishni osonlik bilan amalga oshirishiga ishonch hosil qilib boʻlgandi, ortiqcha izohga hojat yoʻq edi. Ammo Drogan gapirmoqchi ekan, mayli, eshitadi.
— Kimligimni bilsangiz kerak? Pulni qaerdan topishimni?
— Drogan dori ishlab chiqarish korxonalari, - dedi Xelston.
— Ha. Amerikaning eng yirik dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri. Bizning moliyaviy muvaffaqiyatimiz asosi esa mana bu. - U xalati choʻntagidan shishacha chiqardi va Xelstonga uzatdi. - Tri-dormal-fenobarbin, «J» tarkibi, - dedi Drogan.- Tuzalishiga umid qolmagan bemorlar uchun moʻljallangan. U ogʻriq qoldiruvchi dori. Umidsiz bemorlarga yaxshi ta’sir koʻrsatadi.
— Siz ham shundan ichasizmi? - soʻradi Xelston.

Dragon uning savolini javobsiz qoldirdi.
— Dori butun dunyo boʻyicha keng tarqalgan. U elliginchi yillarda bizning Nyu Jersidagi tajribaxonamizda yaratilgan. Biz dorini mushuklarda sinab koʻrganmiz, chunki ularning asab tizimi murakkab tuzilgan.
— Nechta mushukni shu tarzda narigi dunyoga joʻnatgansiz?

Drogan qunishdi.
— Bunday savol berishingiz notoʻgʻri.

Xelston yelkasini qisdi.
— Dori ishlab chiqarilgan va federal farmatsevtika assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlanguniga qadar oʻtgan toʻrt yil davomida besh mingta mushuk... e-e, yoʻq qilingan.

Xelston hushtak chalib yubordi. U mushukni asta silardi.
— Endi esa, bu mushuk sizni oʻldirgani kelgan, shunday deb oʻylayapsizmi?
— Men oʻzimni aybdor hisoblamayman, - dedi Drogan, uning ovozi qaltirab chiqdi. - Besh mingta mushuk yuz minglab insonlar hayotini saqlab qolish uchun qurbon qilingan.
— Keling, bas qilaylik, - dedi Xelston. U oʻzini oqlashlarga toqat qilolmasdi.
— Mushuk uyimizda yetti oy ilgari paydo boʻldi, - davom etdi Drogan. - Shaxsan menga u hech ham yoqmasdi. Infektsiya tashuvchi mavjudot... Duch kelgan joyda yuraveradi... Yoki axlat titadi... Opam uni boqmoqchi boʻldi. Hammasi oʻshandan boshlandi. Opamga bu qimmatga tushdi. - U mushukka nafrat bilan qaradi.
— Siz mushuk uch kishini oʻldirganini aytgandingiz.

Drogan qaltiroq ovoz bilan hikoyasini boshladi. Mushuk Xelstonning tizzasida uxlar, qotilning kuchli barmoqlari uni silardi. Ba’zi-ba’zida kamin ichida yonayotgan oʻtin chirsillab ovoz chiqarar, shunda mushukning muskullari xuddi poʻlat prujinadek tarang tortardi. Tashqarida sovuq shamolning uvillashi eshitilardi. Bu shamol qish sovugʻini yetaklab kelayotgandi. Qariyaning ovozi esa borgan sari gʻijirlab chiqardi.

Yetti oy ilgari ular bu yerda toʻrt kishi edilar: Drogan, yetmish toʻrt yoshli opasi Amanda, dugonasi Kerolayn Brodmur va uyda yigirma yildan beri xizmat qiladigan Richard Geyj. Yoshi oltmishdan oshgan Geyj «Linkoln» mashinasini haydar, ovqat tayyorlar va kechki payt ichimlik keltirardi. Kunduzi xizmatkor ayol kelib-ketardi. Shu tarzda ular toʻrttalasi oʻziga xos boy qariyalar jamoasi sifatida ikki yilga yaqin yashab kelishdi. Ularning yagona mashgʻuloti kutish edi - kim kimdan uzoqroq yashaydi. Keyin esa mushuk paydo boʻldi.
— Birinchi boʻlib uni Geyj koʻrib qoldi, - soʻzida davom etdi Drogan. - Dastlab u mushukni haydashga urindi, uni tosh, tayoq bilan urib haydadi. Ammo mushuk ketmadi. Uni ovqat isi oʻziga tortardi. Oʻzi ham terisi suyagiga yopishib ketgan mushuk edi. Unaqa mushuklarni mashina yoʻliga ochidan oʻlsin deb tashlab ketishadi. Jonivorni ochidan oʻlishga majbur qilish - qanday dahshat, shafqatsizlik.
— Nima, undan koʻra ularning asab tizimini sinab koʻrgan ma’qulroqmi? - soʻradi Xelston.

Drogan uning savolini eshitmaganga oldi va hikoyasini davom ettirdi. Uning mushuklarni koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Mushuk ketmasligi ma’lum boʻlgach, u Geyjga mushukni zaharlashni buyurdi - mushuklar ovqatiga tri-dormal-fenobarbin aralashtirib berdi. Bu ovqatga mushuk qarab ham qoʻymadi.
— Bu vaqt ichida Amanda Drogan mushukni koʻrib qoldi va uni boqaman deb turib oldi. Droganning oʻzi bunga qarshilik qildi, ammo opasi ustun keldi. Opasi doim bunga erishardi.
— Ha, Amanda aytganini qildi, - dedi Drogan. - Mushukni uyga olib kirdi. U xuddi hozir sizga suykalayotgandek Amandaga suykalardi. Lekin mening yonimga biror marta yaqinlashmadi. Ha, yaqinlashmadi... hozircha. Opam unga idishga sut quyib berardi. «Bechora och qolibdi», - opam yigʻlab yuboray degandi uning sut ichishini koʻrib. U va Kerolayn mushukning atrofida parvona edilar. Ular mushuklarni yomon koʻrishimni bilganlari uchun mening jigʻimga tegishardi. - U Xelstonga qaygʻuli nazar tashladi. - Ammo bu ularga qimmatga tushdi.

May oyining oʻrtalarida Geyj odatdagidek uydagi chiroqlarni yoqish uchun soat oltida oʻrnidan turdi. Uning qichqirigʻi Droganni ham, Kerolaynni ham uygʻotib yubordi. Amanda Drogan zina oldida likop siniqlari va «Mushukchalar» qutisi - mushuklar uchun ovqat - ustida yotardi. Uning qorachiqlari shiftga tikilganicha qotib qolgandi. Uning ogʻzi va burnidan qon oqib yotardi. Amandaning umurtqasi, bir oyogʻi singan, boʻyni esa majaqlanib ketgandi.
— Mushuk uning xonasida uxlardi, - dedi Drogan. - Menimcha, u Amandani miyovlab uygʻotgan, Amanda likop olib pastga yoʻl olgan - unga mushuk «Mushukchalar» ovqatini quruq yemaydiganga oʻxshardi. Shuning uchun sutga aralashtirib berardi. U likopga sut quyish uchun pastga tushmoqchi boʻlgan. Amanda zina chetiga yetib kelganida mushuk uning oyogʻiga tashlangan. Amanda qarib qolgan, oyoqlari kamquvvat edi. Buning ustiga uyqusirayotgan boʻlgan. Bir soʻz bilan aytganda, mushuk uni chalib yuborgan...

«Ha, - oʻyladi Xelston, - shunday boʻlgan boʻlishi mumkin...» U kampirning zinadan dumalab tushayotganini, qichqirishga ham ulgurmaganini tasavvur qildi. «Mushukchalar» atrofga sochiladi, likop sinadi, kampir esa polga gursillab tushadi. Uning suyaklari sinadi. Mushuk esa atrofga sochilib yotgan ovqatni yeyish uchun pastga tushadi...
— Tergovchi nima dedi? - soʻradi Xelston.
— Baxtsiz hodisa. Lekin men bilardim.
— Lekin nima uchun mushukni yoʻqotmadingiz? Amandaning oʻlimidan soʻng?

Chunki u agar mushukni yoʻqotsa, Kerolayn Brodmur uydan ketishini aytgandi. U kasal edi, vaqt-vaqti bilan u turli bema’ni xayollarga oʻralashib qolardi. Bir kuni u Droganga Amandaning ruhi mushukka oʻtganini aytgandi.

Xelston birovlarning fikrini oʻqishga usta edi, shuning uchun ham u Drogan va Kerolayn Brodmurlar bir paytlar oʻynash boʻlishganini, bir mushuk uchun qariya undan ajralishni istamaganini darhol angladi.
— U rostdan ham ketib qolishi mumkin edi. Bu esa oʻz joniga suiqasd qilish bilan teng, - dedi Drogan. - Axir uning hech kimi yoʻq edi. U bu yerda ikkinchi qavatda yashardi. U yetmishga kirgandi, janob Xelston. Men uning shu yerda qolishini istadim va mushuk ham qoldi...

Xelston bosh irgʻar va soatiga qarab qoʻydi.
— U iyun oxirlarida oʻldi, - dedi Drogan, - oʻlim uyqu paytida yuz bergan. Shifokor bunga xotirjamlik bilan yondoshdi... Shunchaki kelib oʻlim haqidagi dalolatnomani qayd etib ketdi, bor-yoʻgʻi shu. Lekin uning xonasida mushuk boʻlgan! Bu haqda menga Geyj aytdi.
— Lekin kampir baribir kasallikdan oʻlishi kerak edi-ku, - dedi Xelston.
— Albatta, - dedi Drogan yuzini burishtirib. - Shifokor ham aynan shunday dedi. Lekin men bilaman. Hammasi esimda. Onam aytib bergandi. Mushuklar qariyalar va chaqaloqlarni aynan ular uxlashayotganda oʻldirishni xush koʻrishadi. Ularni boʻgʻib oʻldirishadi.
— Bu afsona-ku, shunday emasmi?
— Boshqa afsonalar singari haqiqatga asoslangan afsona, - e’tiroz bildirdi Drogan. - Mushuklar tirnoqlari bilan yumshoq narsalarni yumdalashni yoqtirishadi. Yostiq, qalin gilam yoki... adyol. Chaqaloqlarning yoki qariyalarning adyolini. Zaif odamning ustida qoʻshimcha yuk boʻlishadi...

Drogan jim boʻlib qoldi, Xelston esa bu manzarani tasavvur qildi. Kerolayn Brodmur xonasida uxlayapti, uning kasal oʻpkasidan xirillab nafas chiqyapti. Oq-qora tumshuqli mushuk uning ustiga sakrab chiqadi va qariyaning ajin bosgan yuziga choʻgʻdek koʻzlarini tikadi. Soʻngra u kampirning qoqsuyak koʻkragiga yotib oladi... Nafas asta-sekin toʻxtaydi... Mushuk esa kampirning joni uzilishini kuzatib turadi.

U ancha-muncha narsadan ta’sirlanmasdi, ammo xayolidagi manzaradan eti jimirlab ketdi.
— Drogan, - Xelston mushukni silashda davom etdi. - Lekin ayting-chi, nima uchun veterinarga olib borib, oʻsha yerda oʻldirtirmadingiz? Amakim oʻtgan yili itidan shunaqa qilib qutulgandi va bu unga yigirma dollarga tushgan.
— Koʻmish marosimi birinchi iyul kuni boʻlib oʻtdi, - Drogan Xelstonni eshitmayotgandek edi. - Kerolaynni opamning yoniga koʻmdik. Uchinchi iyul kuni Geyjni shu xonaga chaqirdim va unga mushuk solingan xaltani berib Milforddagi veterinarga olib borishini buyurdim. U «Xoʻp boʻladi, ser», dedi va xaltani olib chiqib ketdi. Uni shundan soʻng tirik koʻrmadim. «Linkoln» soatiga oltmish mil tezlikda koʻprikning beton toʻsigʻiga urilgan. Dik Geyj til tortmay jon bergan.

Uning yuzida sanoqsiz shilingan jarohatlar boʻlgan.

Xelston jim boʻlib qoldi. Uning xayolida navbatdagi dahshatli manzara paydo boʻldi.

Dik Geyj «Linkoln»da Milford tomon burilishga yaqinlashyapti. Uning yonidagi oʻrindiqda xalta turibdi. Dikning e’tibori yoʻlga qaratilgan, ehtimol u yuk mashinasini quvib oʻtayotgani uchun eski xaltani yirtib chiqqan oq-qora tumshuqli mushukni sezmay qolgandir. U yuk mashinasini quvib oʻtayotgan paytda mushuk uning yuziga tashlanadi va oʻtkir tirnoqlari bilan chang soladi. Yovuz panjalar uning koʻzini oʻyib olish uchun choʻziladi. «Linkoln» oʻng tomonga ogʻadi, yuk mashinasi haydovchisi jon holatda signal chaladi, ammo Dik hech narsani eshitmaydi. Ulkan oʻrgimchak misol bu maxluq Dikning yuziga butun tanasi bilan yopishib olgan. Uning yashil koʻzlari xuddi doʻzax chiroqlaridek yonadi, ogʻzidan koʻpik sachraydi, kuchli orqa oyoqlari qariyaning boʻyniga tirnoqlarini botiradi. Geyj koʻprik chetiga urilayotganini koʻrish tugul anglab ham yetmaydi. Mushuk mashinadan sakraydi, «Linkoln» esa oʻqdek kelib beton toʻsiqqa uriladi. Geyj mashina ruliga uriladi va koʻkragi majaqlanadi...

Xelston gʻalati tovush chiqarib yutindi.
— Mushuk qaytib keldimi? - mingʻirladi u. Drogan bosh irgʻadi.
— Bir haftadan keyin. Aniqrogʻi, Dik Geyjni koʻmishgan kuni.
— U avtohalokatda ham tirik qolibdimi? Soatiga oltmish mil tezlikda-ya? Bunga ishonish qiyin.
— Aytishlaricha, ularning toʻqqizta joni boʻlarkan. Oʻshandan soʻng men uning iblis mushuk ekanligini oʻylab qoldim. U meni...
— Jazolamoqchimi?
— Bilmadim. Lekin shundan qoʻrqyapman. Men uni boqaman, toʻgʻrirogʻi - uyni yigʻishtiradigan ayol. Bu mushukni oʻsha ayol ham yoqtirmaydi. Uning aytishicha, bunday tumshuqli mushuk qargʻish ekan. Tangrining qargʻishi. Uni oʻldirishingizni istayman, - dedi qariya. - U bilan yashayotganimga toʻrt oy boʻldi. U tunlari xonamga kiradi. U meni kuzatadi. Chamasi, u... Kutyapti. Oxir-oqibat men Sol Lodjia bilan gaplashdim va u sizni tavsiya qildi. Sizni u...
— Yolgʻiz ish qiladi, dedimi? Ya’ni, sherigim yoʻq.
— Ha. U yana shunday dedi: «Xelston hech qachon qoʻlga tushmagan. Hattoki undan birov shubha ham qilmagan. U doim yerga oyogʻi bilan tushadi... Xuddi mushukka oʻxshab».

Xelston qariyaga qaradi. Kutilmaganda uning barmoqlari mushukning belini siqdi.
— Yoʻq! - qichqirdi Drogan. U hansirab nafas olardi. Uning rangpar yonoqlari qizarib ketdi. - Yoʻq... Bu yerdamas.

Xelston ma’yus jilmaydi. U mushukni ohista silay boshladi.
— Yaxshi, - dedi u, - kelishdik. Uning jasadi kerakmi?
— Xudo haqqi, yoʻq! - qichqirdi qariya. - Uni oʻldiring! Koʻmib tashlang! - U bir oz jim turdi. - Menga uning faqatgina dumi kerak,- dedi u. - Uni oʻtga tashlab, qanday yonishini tomosha qilmoqchiman.

Xelston oʻzining 1972 yilda ishlab chiqarilgan «Mustang» avtomobilida ketayotgandi. Droganning uyidan u soat toʻqqiz yarimlarda chiqqandi. Noyabr oqshomining uvada bulutlari orasidan sovuq oy koʻrinib turardi. Mashinaning barcha oynalari ochiq edi. Sovuq xuddi pichoqdek Xelstonning badaniga sanchilar, ammo bu unga xush yoqardi.

U Pleysers-Glendan burildi va shahardan tashqariga chiqdi. Xelston tezlikni soatiga oʻttiz besh mildan oshirmasdi. 35-shossega yetgachgina u «Mustang»iga erk berdi. Endi mashina soatiga yetmish mil tezlikda yurib borardi.

Mushuk ikki qavatli xoʻjalik xaltasida yotar, xalta kanop ip bilan mahkam bogʻlangandi. Falati topshiriq, oʻyladi Xelston va buni topshiriq deb hisoblayotganidan oʻzi ham ajablandi. Eng gʻaroyibi, mushuk unga juda yoqqandi. U uch nafar qariyani oʻldiribdimi, demak uning quvvati ozmuncha emas ekan... Ayniqsa, uni veterinar bilan «uchrashuv»ga olib ketayotgan Geyj haqida gapiradigan boʻlsak. Xelston shartnomani bajarmaslik niyatida boʻlmasa-da, mushukni oʻziga yaqin sezdi. U mushukni tezda va mohirona oʻldiradi. Mashinani dala chetida toʻxtatib, mushukni xaltadan chiqaradi, uning boʻynini sindiradi, soʻngra qariyaga koʻrsatish uchun dumini kesib oladi. Keyin esa, oʻyladi u, mushukni koʻmaman.

U mana shularni oʻylayotgan daqiqalarda mushuk qoʻqqisdan uning roʻparasida paydo boʻldi - uning oq-qora tumshugʻi vahshiyona jiyirilgandi.
— Jin ursin! - dedi Xelston beixtiyor xaltaga qarab - ikki qavatli xaltada katta teshik paydo boʻlgandi. U yana roʻparasiga qaradi va xuddi shu lahzada mushuk uning yuziga chang soldi. U oʻzini orqaga tashladi... Va «Mustang» gʻildiraklarining chiyillashini eshitdi.

Mashina u yoqdan-bu yoqqa chayqaldi. Xelston mushukni bor kuchi bilan urdi, yirtqich pixilladi, lekin joyidan jilmadi. Xelston uni yana urdi, mushuk esa qochish oʻrniga uning yuziga sapchidi.

«Geyjdaqa boʻldi, - oʻyladi Xelston. - Xuddi Geyjdaqa». U tormozni bosdi. Mushuk uning boshida oʻtirganicha tirnoqlarini yanada chuqurroq botirishga urindi. Uning qorni Xelstonning koʻzini toʻsib qoʻygandi. U mushukni urdi, keyin yana, yana urdi. Shu lahzada u kuchli zarbadan qalqib tushdi. U mushukka yana zarba berishga kuch topdi, lekin qoʻli mushukning baquvvat muskullariga ta’sir qilmadi. Uning qoʻli sirgʻalib pastga tushdi.

Shuning barobarida uning ongi zulmat qa’riga singib ketdi.

Oy ufq ortiga yashirinayotgandi. Tong otishiga bir soatcha vaqt qolgandi. «Mustang»ning old qismi temir-tersak uyumiga aylangandi.

Xelston asta-sekin oʻziga kela boshladi. U koʻzini ochib birinchi koʻrgan narsasi tizzasida oʻtirgan mushuk boʻldi. U xotirjam miyovladi va yashil koʻzlarini Xelstonga qadadi. Xelston oyoqlarini his qilmadi.

U mashinaning old qismi pachoqlanganini, dvigatelning bir qismi uning oyoqlarini majaqlab tashlaganini, oʻzini esa oʻrindiqqa qisib qoʻyganini koʻrdi. Qaerdadir boyqush sayradi.

Mushuk unga tirjayayotgandek koʻrindi.

Xelston uning oʻrnidan turib kerishganini koʻrdi. Kutilmaganda mushuk Xelstonning yelkasiga sakradi. U mushukni yulqib olish uchun qoʻlini koʻtardi. Lekin qoʻli harakatga kelmadi.

«Umurtqam, - oʻyladi u xuddi malakali shifokorlardek. - Umurtqa suyagim sinibdi. Men falajman».

Mushuk uning quloYoiga migʻvladi va bu miyovlash unga momaqaldiroqdek tuyuldi.
— Yoʻqol! - qichqirdi Xelston. Uning ovozi quruq chiqdi. Mushuk bir lahzaga sergak tortdi. Birdan uning tirnoqlari Xelstonning yonoqlarini tildi. Kuchli ogʻriqdan uning tomogʻiga bir narsa tiqilgandek boʻldi. Issiq qon oqdi. Sezish qobiliyati yoʻqolmabdi.

U boshini oʻngga burdi. Uning yuziga yumshoq yung urildi. Xelston mushukka baqirdi. Mushuk oʻrindiqqa sakradi. U nafrat toʻla koʻzlarini Xelstondan uzmasdi.
— Bunday qilmasligim kerak edimi? - xirilladi Xelston.

Mushuk tishlarini irjaytirdi. Xelston Drogan nima uchun uni iblis mushuk deb ataganini tushundi. U... Tirsaklari va yelkasida ogʻriq turib uning fikri boʻlindi.

Sezish qobiliyati tiklanyapti.

Mushuk tirnoqlarini chiqarib uning yuziga otildi.

Xelston koʻzlarini yumdi va ogʻzini ochdi. U mushukni qornidan tishlamoqchi edi, ammo bir parcha yungni tishlashga ulgurdi, xolos. Tirnoqlar uning quloqlariga sanchildi. Chidab boʻlmas ogʻriq turdi. Xelston qoʻllarini koʻtarishga urindi. Qoʻllari sal qimirladi, ammo tizzasidan koʻtarilmadi.

U boshini oldinga egdi va choʻmilib chiqqan odamdek silkidi. Mushuk mahkam yopishib olgandi. Xelston yonoqlaridan qon oqayotganini his qildi. Quloqlari xuddi oʻt ichida qolgandek qiziyotgandi.

U boshini orqaga tashladi va baqirib yubordi - uning boʻyni endi ogʻrib ketdi. Lekin mushukni boshidan tushira olishga erishdi.

Xelstonning bir koʻziga oqayotgan qon kirdi. U koʻzini ishqalash uchun qoʻlini koʻtarishga urindi. Uning qoʻllari qaltiradi, ammo tizzasidan koʻtarilmadi. U qoʻltigʻi ostida 45-kalibrli toʻpponchasi turganini esladi.

«Agar toʻpponchamni chiqara olsam, sening toʻqqizta joningdan asar ham qolmaydi».

Qoʻlida yana ogʻriq turdi. Dvigatel majaqlagan oyoqlarida ham sanchiq turdi.

«Balki zahirada jonim qolgandir?»

Endi mushukni bir yoqli qilish kerak. Eng asosiysi shu. Keyin mana bu temir-tersak ichidan chiqib olish kerak - balki birortasi shu atrofdan oʻtib qolar. Bu kimsasiz yoʻldan birov oʻtishi, ayniqsa sahar soat beshda oʻtishi amrimahol, ammo jinday boʻlsa-da imkoniyat qolgan edi. Va... Mushuk nima qilyaptikin?

U mushukning yana yuziga sapchishini istamasdi, ammo uning orqada, nazardan chetda turishini ham xohlamasdi. U peshoyna orqali mushukni koʻrmoqchi boʻldi, biroq hech narsa chiqmadi. Peshoyna zarba ta’sirida qiyshayib qolgan, unda yoʻl cheti koʻrinib turardi.

Xelston kuta boshladi. Sezgilari qayta boshladi. Tong otib kelayotgandi. Qaerdadir qush sayradi.

Xelston qoʻlini qimirlatib koʻrdi, ammo tizzasidan sal yuqori koʻtara oldi, xolos.

Yon oʻrindiqda qandaydir tovush eshitildi. Xelston yoniga oʻgirildi va choʻgʻdek yonayotgan koʻzlarni koʻrdi. Xelstonning u bilan gaplashgisi keldi. - Hali biror marta topshiriqni uddalamagan kunim boʻlmagan, - dedi u. - Bu mushukcha birinchisi boʻlishi mumkin edi. Lekin tez orada qoʻllarim oʻziga keladi. Besh, bor ana, oʻn daqiqadan soʻng. Maslahat beraymi? Oynadan oʻzingni tashla. Hamma oynalar ochiq. Tezda oʻzingni ol.

Mushuk undan koʻzini uzmasdi. Xelston yana qoʻlini qimirlatib koʻrdi. Qoʻli bir yarim santimetrcha koʻtarildi. Mushuk unga qarab tishlarini irjaytirdi.

Mushuk nima qilmoqchi ekanligini tushungan Xelston bor kuchi bilan qichqirish uchun ogʻzini ochdi.

Mushuk uning yuziga oʻqdek otildi. Shu lahzada Xelston nihoyat, mushuk oʻldirish istagida yonayotgan maxluq ekanligini tushunib yetdi.

U ola-bula qotilning nafrat toʻla nigohini koʻrdi. U uch nafar qariyani tinchitgan, endi uning, Jon Xelstonning navbati kelgandi.

Mushuk toʻgʻri uning ogʻzini nishonga olib sapchigandi. Xelston oʻqchib yubordi. Uning oq-qora tumshugʻi allaqachon Xelstonning ogʻzi ichida edi.

Xelstonning tanasi bir silkinib tushdi. Soʻng yana bir marta. Kaftlari musht boʻlib tugildi, keyin asta boʻshashdi. Koʻzlari esa shishadek qotib qoldi.

Uning ogʻzidan oq-qora dumning uchi chiqib turardi. Keyin esa dum gʻoyib boʻldi.

Qaerdadir yana qush sayradi... Tez orada Konnektikut dalalari tong nuridan yorishdi.

Fermerning ismi Uill Ross edi.

U dalada qolgan traktorini ta’mirlash uchun ketayotgandi. Tong yorugʻida u yoʻl chetida turgan mashinani koʻrdi.
— E, Xudo, oʻzing asra!

Rulda oʻtirgan kishining yuzi qonga boʻyalgandi. Qotib qolgan nigohlar uzoq-uzoqlarga tikilib turardi.

Uill ruldagi kishining hujjatlarini koʻrish maqsadida uning plashi choʻntagini titkilamoqchi boʻldi. U endigina qoʻlini choʻzgan ham ediki, murdaning qorin qismi doʻppayib turganini koʻrdi.
— Bu nimasi? - dedi Ross. U jasadning koʻylagini koʻtardi va koʻrgan narsasi bir umrga yodida qoldi.

Uill Ross boʻkirib yubordi. Xelstonning qorni yorilgan va uning ichida mushukning qonga boʻyalgan boshi koʻrinib turardi. Mushukning koʻzlari Uillga Yoazab bilan tikilgandi.

Ross qichqirganicha oʻzini orqaga tashladi. Boʻm-boʻsh daladan oʻnlab qargʻalar choʻchib osmonga koʻtarilishdi. Mushuk tashqariga chiqdi va kerishdi.

Soʻngra esa yugurib ketdi. Ross uni kuzatib qoldi. Mushuk shudring bosgan oʻtlar ustidan chopib borardi.

Goʻyoki uning tugallanmagan yana qandaydir zarur ishi bordek edi.