OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSunnatulla Anorboyev
Asar nomiYaxshilik urugʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sunnatulla Anorboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yaxshilik urugʻi (hikoya)
Sunnatulla Anorboyev

Yerda qor yoʻq — qora sovuq. Ikki chetda arjinoy nonday qop-qora shudgor. Asfalt yoʻl hoʻ ufqdagi oʻrmonga borib taqaladi. «Ikarus» yer tanobini tortib suvday boryapti. Ahyon-ahyon bugʻdoy poxol gʻaramlari lip-lip oʻtadi.

Yaqinlashyapmiz — oʻrmon tobora boʻy choʻzyapti, goʻyo biz tomonga yopirilib kelayotganday. Yalanglikda haykal koʻrindi: bosh eggancha ona sukutga choʻmgan... Vujudim jimirlab, yuragim hapriqdi. Koʻzim yoshlandi. Oʻttiz yil... oʻttiz yildan ortiq koʻrishmagan birodarim u yerda meni orziqib kutayotganday edi.

Avtobusdan tushdim. Lablarim uchadi, tizzalarim qaltiraydi. Qani oʻzimni bosa olsam. Qabristonga kirdim. Hammayoq muz. Jimjit. Faqat oyogʻim ostidagi toʻng yer kisirlaydi — ozor chekqanday tuyuladi. Kadamimni ehtiyotlab bosaman. Sochlari toʻzgʻigan yalang bosh ona. Yonogʻida tosh kotgan tomchi yosh. Chehrasida mung. Dol bukilgan qomatida mung. Yupqa lablari qimtilgan. Motamsaro, ich-ichidan ezilib, pinhon yigʻlardi.

U mana shu koʻyda, farzandidan ayrilgan necha minglab onalar ramzi, xalq dardi timsoli sifatida koʻp yillar turgan. Bundan buyon ham turadi. Yogʻin-sochinli, jazirama issiq, qahraton sovuq kunlarda, zulmat tunlarda ham mana shunday yolgʻiz turaveradi. U goʻyo qarshisidagi qabr toshlari ostida qator yotgan, yer yuzida adolat va tartib oʻrnatish uchun fashizmga qarshi kurashda halok boʻlgan mard oʻgʻlonlarining osuda uyqusini koʻriqlardi.

Mozor, keta-ketguncha mozor. Bir-bir bosib, qabrlarni oralab, birodarimni izladim. «Kichik serjant Makarov Aleksandr Borisovich, 1922. 1943 yil 8 iyulda Vatan uchun boʻlgan jangda qahramonlarcha halok boʻldi». Uning yonidagi qabr toshiga: «Oddiy askar Beyshenbekov Ummet, 1924. 1943 yil 9 iyul...» deb yozilgan. Undan narida Xudoyberganov, Olimboev, Dolenko yotibdi. Tasavvur etaman: bular oʻsha vaqtda endigina moʻylovi sabza urgan, oʻn gulidan bir guli ham ochilmagan yosh-yosh yigitchalar edi.

Bu yerda yotganlar bilan biz bir avlodmiz — deyarli bari tengdoshlarim. Ammo mening qon-qarindosh birodarim qani? Xayolan ulardan soʻroqlayman. Qabrda yotganlarning qiyofasi koʻz oʻngimdan ayon boʻlayotganday tuyuladi. Goʻyo ulardan biri: «Buyoqda», deganday, chap yelkasi tomon harbiylarchasiga keskin bosh irgʻaydi. Boshqasi ham ana shunday unsiz imo qiladi. Ba’zilari: «Salom, hamshahar!» deya kulib boqqanday boʻladi. Boshqasi esa: «Endi keldingmi?» deb ta’na qilganday qovoq uyadi. Majaqlangan chanoqlar, oʻpirilgan koʻzlar... Ayrimlarining qoʻli, oyogʻi yoʻq, boshqasining qovurgʻalari mina portlab yoki bombardimonda tilka-pora boʻlgan...

Saf tortgan qator-qator qabrlarni oralashda davom etaman. Oradan... bir soat ham oʻtibdiki, hamon izlayman. Yura-yura oʻrmon yoqasiga yetib qolibman. Qadamimdan koʻzim ildam — tevarakka olazarak boqaman. Shunda daf’atan... U chetdagi toshda... ishongim kelmaydi... Yogʻin-sochin chaplashtirgan harflar bir-biriga ulandiyu... Yuragim gupillab urib ketdi. Oxir topdim!.. Seni topdim, jigarim! Peshonamni muzday marmarga qoʻydim. Shunda birodarim goʻyo koʻzlarini asta ochdi:
— Keldingmi? — dedi.
— Keldim, — deya shivirladim.
— Uzoq kutdim, — deganday boʻldi u.

Xijolatdan boshim xam. Yuzimning oʻti chiqib ketganday boʻldi. Vijdonim qiynaldi. Qidirsang, bahona topiladi. Biroq oʻzimni oqlashni istamadim.
— Kech boʻlsa-da, keldim... yoʻqlab, — dedim.

Sukunat. Ranjimadimikan? Yuzini oʻgirib, chetga qaraganday boʻldi. Keyin yonimga kelib turdi. U hayotligida koʻzlari chaqnab, olamga havas bilan boqardi. Shuning uchun ham hazilkash yangasi: «Bodroq koʻz qaynim!» deya tegishardi.

Yarqiragan keng manglayli, ochiq chehrasidan quvonch yogʻilib turardi. Yoʻq, hozir uning «bodroq koʻzlari» pirpiramas, nigohi oqshom kabi soʻniq, qiyofasida ushalmagan orzular nuqsi xuddi oxirgi bor yuborgan fotosuratidagiday... Boshida qizil yulduzli pilotka, egnida yelkalaridan qaynab chiqqan shoʻr dogʻli gimnastyorka, belida sirib bogʻlangan kamar... (Front gazetasida bu fotosurat tagida uning toʻgʻrisida hikoya qiluvchi maqola ham bor).

Ulkan mis qoʻngʻiroqning hazin tovushi qulogʻimga chatindi. Buni Tojiddin ham eshitdi shekilli, seskanganday boʻldi nazarimda. Beixtiyor Beryozovka qishlogʻiga boqdim. U tepalikda joylashgan. Bu yerdan aniq koʻrinadi. Ayniqsa, oppoq cherkov siyrak tuman ichida muallaq qalqib turganday. Uning baland minorasidagi katta-kichik mis qoʻngʻiroqlar «Dong-ding, dong-ding!» qiladi...

Beryozovkalik keksalarning hikoya qilishlaricha, urush davrida bu qishloq necha bor qoʻldan-qoʻlga oʻtgan. Urush boshlanishi oldida qurib bitkazilgan, hali boʻyogʻi qurimagan yangi klub hammaning koʻz oldida lovillab yongan. Snaryad, minalar zarbidan ne-ne umid bilan tiklagan boshpanalarining kuli koʻkka sovurilgan. Butun boshli qishloqdan ilma-teshik boʻlib ketgan shu cherkov va soʻppayib-soʻppayib uylarning moʻrilarigina qolgan. Bu yerga dafn etilganlar oʻsha beomon janglarning qurbonlaridir. Sen esang, jigarim (qirq uchinchi yilning yozida xonadonimizning eshigini qoqqan mash’um qoraxatdan ma’lum), dushman istehkomlariga qarshi butun Kursk temir halqasi boʻylab boshlangan mislsiz shiddatli hujumda qatnashgansan, toʻqqizinchi iyul kuni esa...
— Yolgʻiz men emas... — deb shivirlaganday boʻldi Tojiddin.

Bilaman, birgina sen emassan. Doʻstlaring ham bor edi atrofingda. Polk... diviziya — hammalaring yoppasiga yov ustiga yopirilib hujum qilgansizlar. Ikkala tomondan ham minglarcha toʻplar, minomyotlar choʻgʻga aylangan poʻlat, ma’dan purkagan. Qiruvchi, shturmchi samolyotlar osmonu falakni toʻldirib gʻizillab uchgan tonna-tonna bomba, qoʻrgʻoshin yogʻdirgan...

Mozorda yotganlar, nazarimda, soʻzlarimni eshitib bezovtalanayotganday edi.
— Oʻz suhbatimiz bilan hamsoyalaringning tinchini buzmaylik, yur, - dedim xayolan birodarimga.

Qabristondan asta chiqib, oʻrmonga kirdik. Darvoqe, bu yerdan koʻrinib turgan qishloqni Beryozovka deganlaricha bor: oʻrmonda shoxlari sollangan, poʻsti oq, ola-bula atlasday yaltiroq qayin daraxtlari archa bilan aralash. Oyoq ostida qizgʻish-sargʻish barglardan gilam: shox-shabbalar qisirlaydi. Sovuq. Ignabarglarda qirov.

Tojiddinning sovuqdan rangi oʻchgan, lablari gezarganday koʻrindi koʻzimga.
— Oʻzbekistonimizda sovuq bunchalik boʻlmasa-da, har qalay u yerda ham xazonrezgi payt, — deyman birodarimga. — Biz tomonlarda kuz shoʻxligi shumlikka aylanib ketadigan paytlar ham boʻladi. Sogʻingansan, bilaman. Hamma narsa ham sogʻinganda soz koʻrinadi. Lekin toʻgʻri, bu yilgi kuzdan ginamiz yoʻq. Dehqonning omadi kelgan — toʻkin-sochin kuz boʻldi. Paxtani-ku, oʻzing bilasan, esimizni taniganimizdan yagana, oʻtoq, chopiq, terimga chiqardik. Mehnati ogʻir, ammo sharafli. Bu yil Kangkatogʻdan ham baland xirmon koʻtardik oq oltindan. Ha, yuzimiz yorugʻ! Shaharda, qishloqda — hammayoqda toʻy, maraka. Ayniqsa, juma yoki shanba oqshomi karnay-surnay, nogʻora suronidan, yigitlarning xushchaqchaq qiyqirigʻidan yetti qat osmon yangrab ketadi...

Birodarimning koʻzlarida havas, armon yalt etganday boʻldi.
— Aytganday...

Tojiddin mendan bir nima kutganday hushyor tortdi.
— Bir-ikki yil burun Norin yoqalarini aylanganimda... hoʻ yuragingdan urgan qiz bor edi-ku, oʻshani uchratdim.

Nazarimda Tojiddin titrab ketdi. Bir qizardi, bir oqardi. Bolalikdan qolgan uyatchanligi yonoqlarida zuhur etdi.
— Eski oshnolarimdan biri... taniysan, sening ham oshnang: «Bizning eshikka ham kirib oʻting, bir piyola choyimiz bor», deb qistab qoʻymadi. Bordim. Shohi-atlas koʻrpachalar, biqiningda paryostiqlar. Dasturxonda anvoyi noz-ne’matlar. Uzum, anor, nashvati — shirin-shakar mevalar. Achchiq koʻk choy. Bolaligimizni esladik. Norindan baliqday suzib oʻtib, orolda mol boqqanlarimiz, toʻqayda yurib, qirgʻovul qochirganlarimiz, daryo boʻyidagi qumloqda kuch sinashganlarimiz — hech narsa qolmadi-yov. Sen chakki emas eding! Bolaligimda men chuvakroq, sen yelkador, otamizga tortganding. «Yotib otar» qilishning xoʻp mashqini olganding. Toʻrt-besh yasharlik paytimiz boʻlsa kerak. Hovlida ariq-ariq oʻynayotgan edik, shekilli. Sen teshada kavlab, men enkayib tuprogʻini qoʻlim bilan tortayotganimda boshimga bir nima qars etib tushdi... Men chirqiragancha yumalab qolganman. Sen boʻlsang, qoʻrqqaningdan qayoqqadir tiraqaylab qochgansan. Ha, bilmasdan solib qolibsan. Onam bechora qayoqdandir paydo boʻlib meni dast koʻtarganu oʻchoq boshiga yugurgan. Kimdir sochimni qaychilab, tesha tekkan joyni ochgan. Yana kimdir kigiz kuydirib bosgan - qonni toʻxtatgan. Shundan keyingina sen eslariga kelgansan. Faqat nomozshomda, sigir podadan qaytgandagina seni qorongʻi molxonadan — oxur ichidan topishgan. Miq etmay bekinib yotib uxlab qolibsan. Ertasi kuni oʻrtamizda hech narsa boʻlmaganday yana birga oʻynab ketganmiz. Ana shunday, jigarim! Mening badanimda qonli urush bosgan tamgʻalar bilan birga sening kichkina momiq qoʻling qoldirgan iz ham bor. Eski qadrdonimning dasturxoni atrofida oʻtirganimizda goho kulib, goho xoʻrsinib shularni ham esladik.

Suhbatimizga aralashib, fayz kiritgan uy bekasi... Kel, otini aytmay qoʻyaqolay. «Adasi, osh...» deya oshnamizning esiga soldi ibo bilan.

Oʻzing bilasan, biz erkaklar palov damlashda ayollarga nisbatan oʻzimizni ustasi farang sanaymiz. Ayollarimiz ham bizning bu «ojiz»ligimizdan juda mohirlik bilan foydalanishadi. Uy bekasi menga qarab jilmaydi-da:
— Oʻrtogʻingiz oshga ustalar. Men hecham oʻxshatolmayman, — deb qoʻydi. Oshnamiz koʻp ajoyib mehmonnavoz kishi. Rafiqasining bu maqtovi shunchaki iltimos ekanini tushunadi. Biroq boʻsh kelmay, hazilga hazil bilan javob qaytarib oʻrnidan turdi:
— Ha, yoʻgʻasam-chi! Hozir boplaymiz-da!
— Qarashib yuboraymi? — dedim.
— Yoʻgʻ-e, bari tayyor! — dedi uy bekasi. — Faqat guruchni solib, bostirsalar bas.
— Silar oʻtiravuringlar! Birpastda gatop qilamiz!... — dedi-da, oshnam mehmonxonadan chiqib ketdi.

Suhbatimiz davom etdi. Yana — yoshlik xotiralari. Uy bekasi — sochiga oq tushgan ayol oʻksinib qoʻyib seni esladi:
— Qovun-tarvuzlarimiz pishishga yaqin kapaga koʻchib chiqqandik... Bu chekkada men, u chekkada ukam, oʻrtada acham... Supada qator yotamiz. Dadam ishchi bataloniga olingan, urush payti. Uyqum kelmay xayol surib chigirtkalarning chirillashi, qurvaqalarning qurillashiga quloq solib yotgandim. Osmon toʻla yulduz deng. Bir vaqt allaqanday sharpa... uyat qimaysizmi? — uy bekasi — toʻladan kelgan kulcha yuz ayol men tomonga ibo bilan bokdi roʻmolining uchini tipshab.
— Qani, eshitaylik-chi, keyin oʻylab koʻramiz! — dedim hazillashib.
— Xudo olsin! — deya qosh qoqdi u. — Yetti bolaning onasi boʻlganimda kimam uyat qilardi! Qarasam oppoq oq kiyimda... oq koʻylak, oq shim, oq tuflida... Tanib turippan — Tojiddin! Koʻzimni chirt yumdim. Yuragim urib ketyapti deng. Asta oyoq uchida yurib tepamga keldi. Nafas olishiga qadar eshitib yotippan. Ammo koʻzimni ochishga koʻrqaman. Yosh ekanman-da! Axiyri engashdi. Yostigʻimga nimanidir qoʻydi-yu, yana oyoq uchida yurib uzoqlashdi. Koʻzimni ochganimda u yoʻq edi: faqat bir dona qizil gul qoldirib ketibdi... — uy bekasi shunday dedi-yu, yerga qaragancha dasturxonning popugini himarishga tushdi. Anchadan keyin xoʻrsinib:
— Yosh ekanmiz... — deb qoʻydi.

Nazarimda, Tojiddin joʻshib ketdi. Qoʻngʻirga moyil qoʻykoʻzlari chaqnadi. Keng chakkasidagi tangaday qoramtir (ismiga monand) xoli lov etib yonganday boʻldi. U shitob bilan olgʻa intildi. Men ham qadamimni tezlatdim. Negadir ichim toʻlib borayotibdi. Xilvat oʻrmonda dodlagam keladi. Qulochimni yozib osmon baravar xipcha oq qayin atrofida gir aylandim-da, Tojiddinning yoʻlini toʻsib, soʻradim:
— Oʻshanda koʻnglingga tuggan soʻzlaringni unga?.. — chamasi men soʻrogʻimni tugatar-tugatmas butun qayinzor goʻyo: «Sevaman... Sevaman... Sevaman...» degan sadodan yangrab ketdi.

Tojiddin indamadi. Lablarini tishlab, koʻzlarini xazonrezgi toʻshalgan yerdan uzmadi.

Oh, jigarim, sezib turibman, aytmoqchi boʻlgan otashli soʻzlaring bari ichingda qolgan. Oʻzing bilan birga olib ketgansan!

Qachonlardir sen oʻpkang ogʻzingga tiqilguday boʻlib, bir qirgʻiz kelinchagining hazilini soʻzlab berganding. (Ha, biz aka-ukaning oramizdagi farq atigi bir-bir yarim yosh... deyarli tengdoshmiz. Shuning uchun ham eng yakin doʻstlar singari oʻrtamizda sir yotmas edi.)

Sen bedazorning chekkasida oʻtlayotgan qashqa sigirimizni seroʻt joyga siljitgansan-u oʻzing katta ariq boʻyiga chiqib, ajriqzorga agʻanagansan. Pastda sharrilagan suv, tepangda sarvqat mirzateraklar. Shabadada kumush barglarning shildirashi. Sen chalqancha yotib rohatdan entikkansan-u, uyquga ketgansan. Bir vaqt burningga pashsha qoʻnganday boʻlgan. Sen qoʻl siltab haydagansan. Xira pashsha yana qoʻngan. Yana qoʻl sermagansan. Shunda qiqirlagan kulgidan uygʻonib ketgansan. Roʻparangda... yoʻq, ertaklardagi gulqahqah parilar emas, ikkita yosh-yosh qirgiz kelinchak. Ulardan birining qoʻlida uzun gʻumay. Burningga qoʻnib, uyqungni bezovta qilgan «pashsha» shu gʻumay boshogʻi ekanini payqagansan. Shu kelinchak oyogʻi ostidagi tuprogʻi oʻynab ketgan soʻqmoqqa qoʻlidagi gʻumaypoya bilan: «Bir oʻpsang-chi!» deb yozib qoʻygan. Uning oʻyinqaroq koʻzlari senga tikilgan. Sen boʻlsang dam tuproqdagi yozuvga qaraysan, dam kelinchakka. Qalbingda oʻsmirlik hislari tugʻyon uradi. Yuragingning gupullashi, chakkangning loʻqillashi garang qilgudek. Tomirlaringda qon qaynashi shunchalikki, aql-hushingni yoʻqotgansan. Senga qadalgan shoʻx, mugʻombir koʻzlar qarshisida tiling lol. Shunda qoʻqqisdan qaxqaha yangradi. Hazilkash yangachang qoʻlidagi gʻumay bilan tuproqdagi mehrli yozuvni oʻchirdi-da, ketdi-vordi. Ular katta ariqdan oʻtib, oʻsiq makkajoʻxori ichidagi soʻqmoqqa burilganlarida sen tomonga qayrilib, yana xoxolashdi.

Bu voqea ikkovimizning gurkirab palak ota boshlagan begʻubor oʻsmir qalbimizni anchagacha hayajonga solgan, oʻrtamizdagi sirli suhbat mavzuiga aylanib qolgan edi.

Qulogʻimga olis joyda chalinayotgan hazin bir kuy eshitilganday boʻldi. Ana goh zoʻrayadi, goh pasayadi. Toʻlqinlana-toʻlqinlana oʻrmon ustidan oʻtayotganini ham payqab turibman. U goʻyo tund bulutlar ketidan qayoqqadir shoshadi. Yo, alhazar! Bu navo-ku. Elimizning iliq nafasi! Eshityapsanmi? U bizni mehribon ona kabi quchoq ochib chorlayapti.

Nazarimda Tojiddin ham eshitdi. Eshitdiyu titrab ketdi. Shunda oʻrmon ham chayqaldi. Daraxt shoxlaridap ukki pariday yengil, oppoq qirov toʻzgʻidi.

Tojiddin toqati toq boʻlgan odamday, goʻyo hayqirdi:
— Shu haqda soʻzlasang-chi! Axir ota-onam... Oh, shu qadar sogʻinganmanki! Qavm-qarindosh, yor-doʻstlar omonmi? Aytaqol tezroq!
— Sabr qil, jigarim. Oʻzingni bos. Hammasini aytaman... — dedim-u, lekin soʻzni nimadan boshlashga boshim qotdi. Daf’atan ota-onamiz... Yoʻq, ogʻir zarba boʻladi unga. Hayotimizdagi eng charogʻon lahzalar, kunlarni yodiga solib quvontirgim keldi. — Jiydakapa esingdami? Oʻttiz besh... oʻttiz yettinchi yillar? Rayonda yagona toʻliqsiz oʻrta ma’lumot beradigap qishloq yoshlar maktabi? Ota-onamiz bagʻridan uzilib yigirma besh kilometr yirokda yotib oʻqiganlarimiz?

Tojiddin bosh irgʻaganday boʻldi.

Oʻttizinchi yillar ancha ogʻir yillar edi. Internat-maktabimizda nonushtaga yarimta non bilan choy berishardi. Kechqurun ham shunday. Ba’zi kunlari oq non, koʻpincha qora non. Tushligimiz ba’zan quyuq, ba’zan suyuq boʻlardi. Koʻpincha yovgʻon osh, qozon qusib qoraygan moshxoʻrda bilan qanoatlanardik. Maktabning yer uchastkasida sholi oʻtoq qilardik, paxta terardik. Oyogʻimiz, egnimiz yupun. Kunlarimiz oʻtishi ham bir nav — goh och, goh toʻq. Ammo shunga qaramay, nolish nimaligini bilmasdik! Ruhimiz baland, kech kirishi bilan sen havaskorlar toʻgaragiga choparding — takatum-tak — childirma chalarding. Men boʻlsam, boʻsh sinfga qamalib olib, yettinchi lampa chiroqni lipillatib, devoriy gazetaning navbatdaga sonini tayyorlardim. (Amalimni suiiste’mol qilib, koʻproq oʻz «asar»larimni tiqishtirardim!) Toji Husniy... Oʻta gʻamxoʻr murabbiyimiz bor edi! Sochini ustarada oldirib, yozda oq toʻr doʻppi kiyardi. Tishlari sun’iy sadafdan. Biror narsadan hayajonlansa shaqirlab ketardi. Biz bolalar bolalik qilib qoʻysak, koyish oʻrniga quyuq qoshlarini uchirib-uchirib samimiy kulardi. Husniyning oilasi Namanganda, oʻzi esa, yotogʻimizga yaqin alohida xonada yolgʻiz yashardi. Kechalari lampa chiroq atrofida dars tayyorlayotganimizda yoki oʻringa yotganimizda kirib, mehribon onaday har birimizning tepamizga kelar, agar ustimiz ochilib qolgan boʻlsa, yopib qoʻyardi. Keyin ohista yurib chiqib ketardi. Ertalabdan esa sinfda boʻlar, ona tili va adabiyotdan dars boshlar edi. «A» bilan «O»ning farqiga bormaydi ukangiz, — derdi goho sening imloingdan koʻngli toʻlmay. Bir safar Taras Shevchenkoning «Oʻlsam, doʻstlar, qoʻyingiz...» misralari bilan boshlanuvchi «Vasiyat» she’rini yod oʻqiganingda jimgina oʻtirib tinglayotgan Husniy koʻziga yosh olganini gapirib berganding. Endi bilsam, buning ajablanadigan joyi yoʻq: keksalik alomati ekan...

Sen keyinchalik Fargʻonaga borib pedagogika institutining geografiya fakultetiga oʻqishga kirding. Qalbingda geografiyaga havas kim tufayli uygʻongan, bilasanmi? Oʻsha bir oyogʻi yogʻoch geografiya oʻqituvchimiz Qurbonov tufayli! U qoʻltiqtayoqda salobat toʻkib kirib kelardi. U bilan birga sinfga xarita, globus, koʻrsatkich tayoqchasi ham kirib kelardi. Qarabsizki, qit’alar boʻylab xayolan sayohatimiz boshlanardi. Koʻp maroqli sayohat!

U, sendan eshitgandimmi, bir oyogʻini Namangan va tevarak-atrofdagi qishloqlar aholisi boshiga koʻp kulfatlar solgan Omonpolvon toʻdasiga qarshi kurashda yoʻqotgan ekan. Shuning uchundirki, choʻloqligidan hech oʻksinmas, doim magʻrur, qadam olishi bardam edi. Qurbonov bizni goho kunduz, goho kechasi ekskursiyaga olib chiqar, kompas bilan yulduzlar yordamida tomonlarni aniqlashni oʻrgatardi. Oʻsha vaqtlarda Jiydakapaning chetida koʻhna tepalik — mozoriston boʻlardi. Keksalar uni «Kat» deyishar, qadim zamonlarda tevarak-atrof toʻqay, botqoqlik boʻlib, toʻqayzorda yovvoyi choʻchqa, yoʻlbarslar yashar ekan. Odamlar esa Katda jon saqlashgan, deb rivoyat qilishardi. Kurbonov «tabiat quchogʻiga» ekskursiya uyushtirganda bolalarni, aksari, shu tepalikka boshlab chiqib, atrofni tomosha qildirishni yaxshi koʻrardi. Oldinda oʻzi. Keksa, koʻpni koʻrgan sarkardaday magʻrur qadam tashlardi. Yogʻoch oyogʻi gʻijirlardi. Biz esa uning sodiq qoʻshini, saflarimizni jipslab, tepalikka hamla qilardik. Yuqoriga chiqqanimizdan keyin hammamiz hansiragan, qizishgan bir kayfiyatda Qurbonovning atrofida doira yasaymiz. U boʻlsa tayogʻiga tayanib, oʻig qoʻlini boshimiz uzra koʻtarib, atrofga suqdanib boqadi va xitob qiladi:
— Mana shu, Vatan!

Tepamizda charaqlagan quyosh, uzoqlarda Oloy togʻi. Oʻrik shoxlari orasidan esa oynaday yaltirab Norin koʻrinadi. Undan berirokda sholipoya, paxta dalalari. Kun botishda esa keta-ketguncha bogʻ-rogʻlar, qishloq tomlari. Shular orasida aeroplanga oʻxshab ketadigan bizning maktab-internatimizning hashamatli binosi ham bor.

Jigarim, Vatan soʻzini birinchi bor sen bilan men oʻsha geografiya oʻqituvchimizdan eshitmaganmikanmiz? Vatanga muhabbat urugʻini bahorgi shudgorday koʻpchigan bizning murgʻak qalbimizga ilk bor u sochmaganmikan?

Harqalay, sen sinfdoshlaring tomonidan tan olingan «jugʻrofiyachi» eding: xaritaga orqa oʻgirib turib bolalarning falon shahar, falon togʻ yoki daryo qaerda, degan savollariga falon qit’a, falon mamlakatda, falon joyda, deya aniq javob qaytararding.

Sen chinakam sayohatlarni orzu qilarding... «Yozgi ta’tilda Norinning boshiga bormaymizmi?» deya oʻrtoqlaringning yuragiga oʻt solarding. Shundan keyin ulugʻvor daryoning togʻ boshidagi qor erishidan hosil boʻlgan jildiragan irmoqchadan boshlanishini tasavvur etganingda koʻzlaring hayratdan pirpirab ketardi. Umuman, sen tabiatga hayrat bilan boqarding. Bir yangi soʻz, yoki gʻalati oʻxshatish ham seni hayajonga solardi. Yodimda, «Alpomish» dostoni qoʻlingga tushgan kezlar edi. Bir safar tun yarimda meni uyqudan uygʻotib:
— Manavi soʻzni eshit, — deya pishillaganding qulogʻim tagida. Zavqing toshib borayotganini kosasidan chiqayozgan koʻzlaringdan ham bilsa boʻlardi:

Qurru-yo qur, hayt-a, toʻramning oti!

Oq toʻshim — yayloving, sochim — shipirtki.
— Oq toʻshim — yayloving... Ana! — deya xitob qilganding kitobni yopib. -Bundan ortiq sadoqat boʻladimi!

Sen keyincha armiyaga chaqirilganingda yukxaltangga oʻsha otashin muhabbat, chinakam sadoqat, beqiyos jasorat haqidagi xalq dostoni «Alpomish»ni solibsan. Ham dono, ham soddadil, ham joʻmard, ham mehr-shafqatli xalqimizning dur-gavhar soʻzlaridan tizilgan bu doston sening ogʻir, qahramonona yoʻlingda hamisha hamrohing boʻlganiga aminman. U balki qabringda ham sen bilan birgadir. Seni dafn etgan quroldosh doʻstlaring uni yostiq oʻrnida boshing ostiga qoʻyishgandir?

Tojiddindan sado chiqmasdi. U oʻsha armiyadan uyga oxirgi marta yuborgan suratidagiday ma’yus. Boshida pilotka, egnida gimnastyorka... Suratda shunday. Qor-qirovli qora sovuq. Buning ustiga, oʻrmon boʻlishiga qaramay uni boshqacha, qishlik formada — boshida quloqchin, egnida shinel kiygan qiyofada tasavvur eta olmadim. U boshini ham qilgancha, etigini sudrabroq bosib men bilan yonma-yon borardi. Nimanidir soʻrashga jazm etgan kishiday lablari qimtilgan. Payqadim. U gapni chalgʻitib uzoqtsan boshlaganimga koʻngliga gʻulu tushgani aniq: sezmasligi mumkin emas. Oh, mehribon ona, padari buzrukvorimiz! Qaysi til bilan unga, ular olamdan oʻtgan, deya olaman?
— Esingdami, dadangdan dakki eshitganing... Hoʻ, temir yoʻl yoqasida suv sugʻorganingda?

Tojidtsin esladi shekilli, asta bosh irgʻadi.
— Yozgi ta’til paytlari qoʻlimizdan kelgancha sigir-buzoqqa qarash, tomorqadagi ekinlarni oʻtash, chopikdan chiqarish, tom suvoq deganday, uy-roʻzgʻor ishlariga qarashardik. Bir kuni ekinlarni sugʻorib yurgan otamiz ta’ziyaga boradigan boʻlib qoldilar. Sen ishlariga qarashib turadigan boʻlding. Gʻoʻzalar ayni gulga kirgan payt edi. Otamizning qoʻllaridan ketmonni olib, kartani bir aylanib kelgansan. Jildiratib taralgan suv, sening nazaringda ozga oʻxshab koʻringan: egatlardagi suv kartaning yarmiga ham yetmagan ekan-da. «Dadam kelgunlaricha ekinni suvdan chiqarib qoʻya qolay...» deb oʻqariqdan suvni koʻpaytiribroq ochgansan. Zora maqtasalar, degan niyatda qilgansan buni. Keyin tut tagiga chiqib yonboshlabsan. Ariqdagi suvning sharillashi, gʻir-gʻir esgan shabadaning koʻkragingta tegib erkalashidan mast boʻlib, uyquga ketibsan. Bir vaqt dadangning baqiriq-chaqirigʻidan uygʻonib ketibsan. Qarasang: «Eh noshud bola, noshud bola!» deya oʻqarikqa chim bosayotgan ekanlar kartaga urib ketgan suv bilan olishib. Shunday tepangda esa u kishining shalpangkuloq oq eshagi seni ermak qilayotganday baqrayib turgan emish.

Koyinma. Otamiz sening bunday «bolalik» qiliqlaringdan xafa boʻlsalar, yaxshi ishlaringni koʻrib quvonardilar. Esingdami, yon qoʻshnimiz Xolbuvini buqachasi yumalatib qochgani? Juda semirib, quturib ketgan edi-da, jonivor! Xolbuvi kechki payt buqachasini boylab qoʻygan joyidan yechib, hovlisiga yetaklaganicha qaytayotgan ekan. Soʻna chaqqanmi, qaydam, qoʻngʻir buqacha oʻqalogʻlab Xolbuvini yikitibdi. Arqon qoʻl-oyogʻiga oʻralib qolganmi, kampirni ancha joygacha sudrab sarson qilibdi. Buni sen katta yoʻdtsan velosipedda oʻtib ketayotib, tasodifan koʻrib qolibsan. Velosipedingni tashlab, yordam bergani yuguribsan. Yetib borganingda Xolbuvi kiyim-boshi dabdala, tirsaklari shilingan, tuprokqa belanib yotgan ekan. Sen, shoʻrlik kampirni dast koʻtarib uyiga eltib qoʻygan eding.

Keyin uning buqachasini qidirib ketganding. Rahmatli onamiz shunda: «Qoʻya qolsang boʻlardi, bolam. Seni ham mayib qilmasin yana!» deya javrab kuyinganlari! Yoʻq, semizlikdan kuturgan buqachani podadan tutgansanu tumshugʻidan mahkam noʻxtapab, allamahalda olib kelgansan. Shunda otamizning turishini koʻrsang edi! Oqsurp koʻylak-ishtonda. Yalang oyoqlarida kalish. Mosh-guruch soqol koʻkrakka tushadi. Ikki qoʻllari orqada. Ogʻizlaridan bir soʻz ham chiqmagan esa-da, senga tikilgan koʻz qarashlaridan: «Quyib qoʻyganday oʻzim-a! Oʻgʻil bola degan bundoq boʻpti!» deya ich-ichidan quvonayotganlari ayon edi.

Ana shunday, jigarim, sen oʻzing sezmaganing holda, bolaligingdanoq boshqalarning ogʻirini yengil qilish uchun hoziru nozir eding. Va shu yoʻlda, tugʻilgan elingdan minglarcha kilometr yiroqda qullikka qarshi joningni tikding.

Otamiz uzoq umr koʻrdilar. Suyagi mehnatda qotgan, koʻzlari ne-ne mashaqqatu quvonchli ishlarni koʻraverib pishgan, qoʻllari ketmon, oʻroq, ayri ushlayverganlaridan gʻadir-budir, haqiqiy dehqon edilar. Kelbatiyu soʻzlari ham dehqoncha, besoʻnaqayroq... Lekin sovuq qish kunlari oyoqni sandalga tiqib, qoʻllariga Mashrabning «Gʻazallar»ini olib mutolaaga kirishganday boʻlsalar, tovushlari titrar, koʻzlari lim-lim yoshga toʻlar, mehnatda dagʻallashgan dillari misli simobday balqib ketar edi. Ammo bari bir u kishi hayotda tabiatan kurashchan odam edilar. Bizni muqadtsas jangga kuzatayotgashgarida men u kishining koʻzlarida yosh koʻrmadim (sen ham koʻrmagandirsan, jigarim). Aksincha, vagon oldida turib dod-faryod qilayotgan onamizga va boshqa xotinlarga dalda berib:

«Oʻgʻillaring yigit boʻlib Vatan himoyasiga otlanishibdi. Buning uchun yigʻlash emas, faxrlanish kerak!» deya nasihat qilgan edilar. Darhaqiqat, u kishining faxrlanganlariga aminman. Shukrki, sen bilan biz otamizning yuzini yerga qaratmadik. Biz himoyachilar safida boʻldik. Biz minglar, millionlarcha edik. Kuchli va makkor, shafqat nimaligini bilmaydigan, xalqlarimizga kelajakdagi qullar, choʻrilar deb qaraydigan nemis-fashistlarning yoʻlini toʻsdik. Sen ana shunday beomon jangda, tarixda «Kursk yoyi» nomi bilan mashhur boʻlgan buyuk jangda qurbon boʻlding. Bu shum xabar eshigimizni qoqqanda otamiz oʻq tekkan sherday ingrab yuborgani, mushtipar onamiz esa sochini yulib zor-zor yigʻlagani aniq. Qavm-qarindosh, qoʻni-koʻshnilar toʻplanib aza ochganlari ham ma’lum. Biroq ota-onamiz, ayniqsa onamiz sen haqingdagi qoraxatga u qadar ishonmaganlar. Qoraxatga ishonchsizlik bilan qarashlarlariga bois: bir kampir qoraxat olgan ekan-u, lekin oʻgʻli eshikdan oʻz oyogʻi bilan kirib kelibdi. Uchqoʻrgonda ham bittasi... Onamiz oxirgi nafasiga qadar sening yoʻlingga koʻz tutdi. Yodingdami, ayni saraton qizitgan payt, qoʻsh quloqlik xurmachadagi qatiqni bir koʻtarishda boʻshatganing? Onamiz: «Tojidtsinim qatiqni yaxshi koʻrardi», deya sen uchun oʻsha xurmachada qatiq uyutardi. Non yopganida esa: «Bolam zogʻorani yaxshi koʻrardi», deb makkajoʻxori unidan alohida hamir oshirardi... Oxirgi marta yotib qolganida ikki koʻzi devorda osigʻlik turgan, oʻsha sen tishlab ketgan patirda boʻldi. Oh, onaizor!

Tojiddin ham koʻkka boqib oh urganday boʻldi. Ketimizga qaytdik. Kimsasiz oʻrmonda yolgʻiz ikkimiz. Uchgan zogʻ yoʻq, faqat oyoq ostidagi toʻng xazonrezgilargina shitirlaydi. Tepamizda qirov bogʻlagan tikan bargli shox-shabbalar sollanib turardi.

Nazarimda, Tojiddin qattiq qaygʻurib, hamon oh urardi.
— Koʻp kuyaverma, jigarim, — dedim asta. — Oʻlim haq. Buni boʻyinga olish kerak. Ota-onamiz yomon yashamadilar. Ular ham turmushning achchiq-chuchugi, yomon kunlarni ham, yaxshi kunlarni ham koʻrishdi. Ota-onamiz uchoʻn farzand dogʻi naqadar ogʻir ekanini bilsang eding! Ular bunga ham chidashdi — sabr-qanoati togʻday odamlar edi ota-onalaring. Ular olamdan birovning haqiga xiyonat qilishu dilozorlik nima bilmay, haqgoʻylik bilan yaxshilik urugʻini sochib oʻtishdi.
— Sen oʻzing-chi, Sayfiddin? — deganday boʻldi Tojiddin koʻz qirini tashlab.
— Men ham ularning yoʻlini tutganman. Yaxshidan ot qoladi, yomondan — dod, degan maqol bor. Mana sen, sening qatoringda yotgan doʻstlaring avlodlarimizning bugungi farovon hayoti uchun, fashizmga qarshi qonli kurashda jon berdinglar. Sizlarga chinakam mardona oʻlim nasib etmish. Shuning uchun ham nomlaringiz marmarga oʻyib bitilgan: nomingiz dillarimizda, tillarimizda. Hech qachon na boʻron oʻchira oladi, na asrlar suroni. Men ham umid bilan yashayapman... Oʻz ishim bilan, oʻz soʻzim bilan koʻpchilikning dilida ziyo yoqolsam, yaxshilik urugʻini socholsam deyman... Albatta, urugʻ sochishdan oldin, dehqon shumgnyalarni tomiri bilan yoʻqotish, chiritish uchun dalasini shudgorlaydi... Hech narsa hech qachon bemashaqqat, oʻzidan-oʻzi yuzaga kelmagan. Men ham yaxshilik urugʻini sochay, deb el qatori mehnat qilyapman. Mehnatimning samarasi qachon boʻlmasin bir kun yuzaga chiqar, yarqirab doʻstlarimning koʻzlarini quvontirar, dillarida ezgulik uygʻotar, degan umid bilan yuribman... Yashashning ma’nosi ham shunda emasmi, jigarim?

Oʻrmon goʻyo silkindi. Son ming kumush zarralar koʻzni qamashtirgudek yaltirab tevarakka sochildi.

Daraxt shoxlari orasidan quyosh koʻrindi. U uzoqda, tutayotgan qishloq tomlari ustida soʻniqqina yiltillardi.

Oʻrmondan chiqib qabristonga qarab yurdik. Haykal qarshisida bir dam toʻxtadik. Kimgadir oʻxshaydi. Yerga tikilgan ma’yus nigohi, yelkasiga tushgan shol roʻmolining popugini tutgan barmoqpari, koʻm-koʻk tomirlari oʻynab chiqqan suyakdor qoʻllari... Aytganday, nimasi bilandir onamga ham oʻxshabroq ketadi, ha-ha, onamizga...

...Qabr tepasiga bordim.

Kun botmoqda. Qaytishim kerak. Buni u ham sezdi. Bilaman, koʻzi qiymayapti. Ayrilgisi kelmaydi.
— Qoʻyib yubor... ilgimdan tutma. Boray. Hali bu dunyoda mening bitmagan ishlarim koʻp. Ulgurishim kerak!

Tiriklarning oʻliklardan farqi uning mehnat qilishi, yaratishida emasmi? Men, jilla boʻlmasa, oʻzim va sen uchun ham ishlashim kerak. Sening tiriklar orasida oʻrning yoʻqolmasligi uchunoq ishlashim kerak!

Ketdim. Orqamga qaray-qaray ketyapman. U engashib, ikki koʻziga yosh olib qolganday edi, nazarimda.
— Unutma, — deganday boʻldi.

— Yoʻq, jigarim, unutib boʻlar ekanmi! Qor ketib, tabiat qayta uygʻonganda kelaman. Maysa-giyohlar gurkirab oʻsganda, lolaqizgʻaldoqlar qir bagʻrini alvon rangga boʻyaganda... Albatta kelaman quchoq-quchoq gul koʻtarib, jigarim...