OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSuyima Gʻaniyeva
Asar nomiKoʻngil shamchirogʻi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Suyima Gʻaniyeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Koʻngil shamchirogʻi
Suyima Gʻaniyeva

Adabiyotga qiziqish bolaligimdan boshlangan desam bir oz mubolagʻa qilgan boʻlaman. Toʻgʻri, yoshligimda xayolparastlik odatlarim bor edi. Ammo adabiyotga boʻlgan chinakam ixlos talabalik yillarida sezildi. Oʻqituvchilarimiz tavsiyasi bilan she’r yodlash va ifodali oʻqish mashgʻulotlari menda she’riyatga, xususan, mumtoz adabiyotga havas uygʻotdi. Mumtoz adabiyotni anglaganim sari hayratim, qiziqishim ortaverdi va meni adabiyot butunlay rom etib qoʻydi.

Men 1956 yili Leningrad Davlat universitetida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. Oʻshanda dissertatsiyamning avtoreferati kitob holida chop etildi. Ilk marta qoʻlimga olgan bu kitob men uchun juda qadrli edi. Esimda, bu kitobimni aynan tugʻilgan kunimda qoʻlimga olgan edim. Bu mening oʻz-oʻzimga sovgʻam edi.

1961 yil Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois» asarining ilmiy-tanqidiy matni (arab yozuvida) kattagina soʻzboshi bilan nashr etildi. Shunda Moskva, Leningrad, Eron, Afgʻoniston, Turkiya olimlari bu kitobga juda katta qiziqish bildirdi va iloji boʻlsa yuborishimizni soʻradilar. Bu kabi e’tiroflardan keyin menda shu asarni rus tiliga tarjima qilish orzusi paydo boʻldi. Leningradlik olim, ilmiy ustozim Aleksandr Nikolaevich Boldirevga bu haqda xat yozdim. Ustoz bundan behad xursand boʻldi va oq fotiha berdilar. Men zudlik bilan ishga kirishdim va qisqa fursatlarda tarjimani yakunladim. Bu tarjima 1970 yilda Alisher Navoiyning rus tilidagi 10 tomligining 9-tomida nashr qilindi. Bu ham mening ijoddagi ulkan yutuqlarimdan biri edi.

Keyinchalik «Majolis un-nafois» haqida oʻzbek, rus, ingliz, fors, olmon, frantsuz tillarida ellikka yaqin maqolam chop etildi. Bir qator xorijiy mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar qildim. Ammo bu asar haqidagi tadqiqotlarim keyinchalik ham davom etdi. «Majolis un-nafois»ning ikki forsiy tarjimasi 1945 yilda Eronda nashr qilingan. Britaniya muzeyida ham yana bir forsiy tarjimasi saqlanar ekan. Men buning mikrofilmini olishga muvaffaq boʻldim. Hozir Madrasda va Tehronda saqlanayotgan yana ikki forsiy tarjimasiga erishish umididaman.

«Majolis un-nafois»ning matni Alisher Navoiy asarlarining 15 tomligida oʻn ikkinchi tomdan, 20 tomligida izohlari bilan oʻn uchinchi tomdan oʻrin olgan. Yaqinda Respublikamizning 20 yilligiga sovgʻa qilingan Navoiyning mukammal asarlari 10 jildga jamlanib, uning toʻqqizinchi jildidan oʻrin oldi. Bu xayrli ishlarda mening ham oʻziga xos ishtirokim borligidan behad mamnunman.

1962 yilda «Navoiy hayoti va ijodi» deb nomlangan kitobim chiqdi. Keyinchalik, 1968 yilda bu kitob qayta ishlanib, toʻldirilgan holda chop etildi. Shu kunlarda esa yana yangi nashri kutilmoqda.

Umrim ne-ne ulugʻ zotlarning bebaho meroslarini varaqlash bilan oʻtdi. Men bu bilan har qancha faxrlansam arziydi. Ijodiy faoliyatim davomida turli xil mavzularda besh yuzdan ortiq maqola e’lon qildim. Oʻnlab matn, yigirmaga yaqin tarjimalar va risolalarim chop etildi. Oddiy misol: «Kalila va Dimna» shu paytgacha olti marta nashr qilindi.

1991 yil Eronning Tehron shahrida joylashgan «Koxi Guliston» muzeyida saqlanayotgan Navoiyning oʻz qoʻli bilan yozilgan «Navodir un-nihol» devonini toʻrt tilda: oʻzbek, rus, ingliz va fors tillarida yozilgan soʻz boshi bilan nashr etishga muvaffaq boʻldim. Bu ish adabiy hayotimizda ham, shaxsiy hayotimda ham eng quvonchli voqea boʻldi. Hazratning yoshlarimiz ma’naviyatini shakllantirishda muhim asar hisoblangan «Siroj ul-muslimin» 1990 yilda, hayoti soʻnggida yozgan «Munojot»i 1991 yilda birinchi boʻlib sevimli jurnalimiz «Yoshlik»da nashr etilgani meni behad shod qilgan edi.

Adabiyotdagi yutuqlarimda talabalikda saboq bergan ustozlarimning hissasi beqiyos. Biz talabalar Sharqshunoslik institutida urushdan keyingi anchayin ogʻir yillarda saboq oldik. U paytlarda institutlarda darsxonalar, stol-stullar yetishmas edi. Buning ustiga qishda auditoriyalarning sovuqligidan tuzuk oʻqiy olmasdik. Yangi oʻquv yili boshlanishi bilan talabalar paxta maydonlariga safarbar etilar edi. Ayni ilm oʻrganadigan paytda uch oylab paxtazorlarda sarson-sargardon boʻlardik. Men bu gaplarni bugungi talaba yoshlarimiz yaratib qoʻyilgan shart-sharoitlarning qadriga yetsin deb aytib qoʻymoqdaman.

Darhaqiqat, oʻrni kelganda bizlarga ta’lim-tarbiya bergan ulugʻ ustozlarimning nomlarini bir eslab qoʻysam: A.Hamroev, S.Mirzaev, B.Xolidov, N.A.Semenov, A.Mutallibov, N.F.Solodovnikova, V.D.Shiller. A.K.Arenda, I.F.Levitskiy, N.Xalfin, O.Umarov, G.A.Bondorevskiy va boshqalar... Bu zotlar oʻz kasbining haqiqiy fidoyilari edilar.

Esimda, 1950 yil Leningrad universitetidan kelgan Aleksandr Nikolaevich Boldirev institutimizning Sharq fakulteti 3 va 4-kurs talabalariga «Fors mumtoz adabiyoti»dan bir oy dars berdilar. Domlaning forsiy she’rlarni goʻzal talaffuz bilan oʻqishlari hammamizda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, ustozning saboqlari mening ham koʻnglimda bir umr muhrlanib qoldi. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan Leningrad universitetiga aspiranturaga borganimda shu domla ilmiy ishimga rahbar boʻldilar. Dissertatsiya mavzusi «Majolis un-nafois» asarining ilmiy-tanqidiy matni va adabiy manba sifatida oʻrganish masalasi edi. Bu mavzu Aleksandr Boldirevga ham juda ma’qul kelgan edi.

Xullas, men endi Navoiy asarlarini jiddiy mutolaa qilishga kirishdim. 1956 yilning boshlari edi. Domla jadallik bilan dissertatsiyani tugatishim zarurligini, Navoiy tugʻilgan kuni ilmiy ishim muhokamaga qoʻyilishini aytdi. Men ishni oxiriga yetkazolmay qolishdan xavotirda ekanimni aytganimda, ustoz bir ajib gap aytdilar: «Bizlar har yili, hatto Leningradda dahshatli urush ketayotgan paytlarda ham Navoiyning tavallud kunini katta-katta anjumanlar, navoiyxonliklar bilan oʻtkazib kelganmiz. Bu yil ham xuddi shunday boʻladi. Sizning ilmiy ishingiz muhokamasi hazratning tugʻilgan kuniga goʻzal sovgʻa boʻladi».

Bu gaplar mening gʻayratimga gʻayrat qoʻshdi. Qolaversa, ishimni hazratning tavallud kunlari munosabati bilan himoyaga qoʻysam vaqtdan yutar ekanman. Chunki ilmiy ishlar muhokamasi navbatga koʻra belgilanar ekan. Mening navbatim esa bir yarim yildan soʻng kelarkan.

Natija shu boʻldiki, 1956 yilning 22 fevral kuni akademik ilmiy kengashida nomzodlik ishimni himoya qildim. Opponentlarim akademik A.N.Kononov, dotsent G.Kostigovalar edi. Oʻsha kuni soʻzga chiqqan olimlarning Navoiy siymosiga, uning ijodiga boʻlgan tavajjuh va hurmatlari yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Darhaqiqat, donishmandlar aytganidek, ilm, oʻqish va oʻrganish bizni boy oʻtmishimizning ma’naviy vorislariga aylantiradi. Ilm, kitob koʻngil shamchirogʻidir. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi faqat davlat ishi emas, bu oila uhdasi hamdir. Bolalarimiz oʻz ajdodlari qoldirgan ma’naviy meroslarni bilishlari kerak. Buning uchun esa ular kitob bilan doʻst boʻlishlari lozim boʻladi. Zero, ahli ilmlar aytganidek: «Kitoblar qalbni yoritadi, insonni yuksaklikka koʻtaradi. Eng yaxshi orzu-istaklarni uygʻotadi, aqlni charxlaydi».

Yaratganga ming shukurki, butun umrim ilm ichida oʻtmoqda. Ikki qiz, bir oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazdim. Ularning biri bioximik, biri tish doktori, biri quruvchi boʻldi. Olti nafar nevaramning uchtasi oliy ma’lumotli, magistraturani tugatdi. Yana olti nafar evaram bor. Bolalarim mening sohamga qiziqishmadi. Ammo ilmda hamjihatmiz. Farzandlarim – katta baxtim. Yana bir baxtim – yaxshi muhitda, yaxshi hamkasblar bilan ishladim. Bir jihatdan ular, qolaversa, ulugʻlar ruhiyati madadkor boʻlib, shunday farovon kunlarga yetib keldim.

Tahririyatdan

Inson uchun boshqalar uqtirgan haqiqatlardan koʻra oʻzi anglaganlari qadrliroq boʻladi. Biroq bu haqiqatlarni qoʻlga kiritish anchayin mashaqqatli. Bu yoʻl insondan fidoyilikni talab etadi.

Adabiyotshunos olim, professor Suyima Gʻanieva ana shunday zahmatkash ijodkorlarimizdan biridir. U uzoq yillik ilmiy izlanishlari orqali oʻzbek oʻquvchisiga mumtoz adabiyotimizning buyuk vakillarini tanishtirishdek mas’uliyatli ishda jonbozlik qildi. Bu yoʻlda oʻnlab risolalar nashr etdi.

Ma’lumki, buyuk ajdodlarimiz oʻzlarining ijodiy meroslari bilan juda katta pand- nasihat maktabini yaratdilar. Eng qadimiy yozma yodgorliklar sanalmish bitiktoshlarni olamizmi, Yusuf Xos Xojibning « Qutadgʻu bilig» dostonini olamizmi, Ahmad Yugnakiyning «Hibatul haqoyiq» nomli benazir asarini misol qilib keltiramizmi, bularning har biri badiiy tafakkur va insoniy fazilatlarning oʻzaro uygʻunligidan tashkil topgan. Alisher Navoiy asarlari esa bu toifaga mansub asarlarning eng saralaridir. Ta’bir joiz boʻlsa, hazratning asarlari sharq she’riyati olamining zavol bilmas chechaklaridir. Toki, olamda soʻz qadrini anglaguvchi insonlar bor ekan, har bir avlod bu chechaklarning yangicha iforini kashf etadi.

Atoqli olima Suyima Gʻanieva oʻz ijodiy faoliyati davomida hazrat Navoiyning benazir ishqnomalarini oʻziga xos tarzda tadqiq etib kelmoqda. Shu kunlarda Suyima Gʻanieva oʻzlarining muborak 80 yoshini qarshiladi. Hurmatli olimamizni ana shu qutlugʻ ayyom bilan barcha adabiyotsevarlar nomidan muborakbod etamiz.