OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tahsin Yujel. Ilhom (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTahsin Yujel
Asar nomiIlhom (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tahsin Yujel
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ilhom (hikoya)
Tahsin Yujel

Uning kayfi yoʻq edi, umri bino boʻlib ogʻziga ichkilik olmagandi. Bugun esa u manavi moʻ‘jazgina albomni olish uchun egilganda xuddi ichib olgandek, boshi aylanib, yuragi dukillab urib ketdi. Albom uning kaftida oʻz-oʻzidan ochilib: «Hali shoshmay tur, qanday moʻ‘jizalarning shohidi boʻlasan!»—deyayotgandek edi. U albomdagi suratlarni tomosha qila boshladi: firuza samoga boʻy, choʻzgan binafsha rang togʻlar, togʻ etagiga qizil cherepitsa tomli uy joylashgan boʻlib, uning devorlariga uzum novdalari chirmashib ketgan, moʻrisidan osmoni falakka moviy tutun oʻrlardi: shundoqqina yonginasidagi yam-yashil daraxtlar orasidan soʻqmoq oʻrmalab ketgan, sagʻal nariroqdagi ariqchada koʻkkoʻz oʻrdaklar suzib yurardi; binaf-sharang togʻlar ortida — quyosh yo chiqyapti, yo botyapti; quyoshga peshvoz qora-oq qush uchib kelyapti.

Tok novdalariga chulgʻangan mana shu uyning qoʻri qalbini ilitdimi yoki boshqa narsa sababmi, rasmga mahliyo boʻlgancha turgan joyida qotdi-qoldi. Qalbi larzaga kelib, ostin-ustun boʻlib ketganidan rasmdagi manzaraga qarab toʻymasdi. U bunday qaraganda koʻz ilgʻamaydigan, lekin tasavvur qilishgina mumkin boʻlgan narsalarni ham koʻrardi. U dunyodagi barcha narsalarni unutib, rasmni tomosha qilardi. U rasmga qarab, binafsharang togʻda ochiladigan gullarning xushboʻy isini tuyardi. U rasmga qarab, boshi aylanardi. U rasmga qaragancha, soʻqmoqdan quyoshga peshvoz qadam tashlardi. Bunday ahvolda bosh aylanmasdan boʻlarkanmi.

Yonginasida gʻiyqillagancha mashina toʻxtadi. U bir chekkaga sakradi. Oʻziga kelib yoʻlovchilarni, avtomobillaru tramvaylarni koʻrdi. Mashina oynasidan malla taksist boshini chiqarib:
— Tuya! Yaxshisi, yoʻlning oʻrtasiga yotib ola qolmaysanmi,— dedi.

Keyin astar-paxtasini agʻdarib soʻkdi. Taksi oʻz yoʻliga ketdi. U mashina muyulishda koʻzdan gʻoyib boʻlguncha ortidan qarab qoldi.
— Shofyorlarga ham hayronsan, odamlarga bekordan-bekorga tirgʻalishdan boshqa ishlari yoʻqmi, nima balo.— deya mingʻirladi.

Yana albomni tomosha qila turib, muqovasida sanasini koʻrib qoldi: albom toʻrt yil badalida oʻz xoʻjayiniga xizmat qilgandi, lekin koʻrinishi yap-yangi edi. «Bechora, maktabda rosa poʻstagini qoqishadigan boʻpti-da,— deya oʻyladi u. — Qiziq, u oʻz albomini qidirganmikin? Chiroyliligini qara-ya! Balki, qidirgandir! Xudo bilsin, hozir ham qidirayotgandir. Oldimga kelib: «Sen qizil muqovali albomimni koʻrmadingmi?»—deb soʻraydi. Bu fikrdan hatto koʻngli buzilib ketdi. U albomni xuddi uni olib qoʻyishlaridan qoʻrqqandek, koʻksiga mahkam bosdi.

U albomning qizil muqovasiga xuddi bolakay yangi oʻyinchogʻiga tikilganday zavq-shavq bilan tikilardi. Keyin titroq qoʻllari bilan uni varaqlay boshladi. Bir-ikki varaq ochganidan keyin u katta-katta qingʻir-qiyshiq harflar bilan yozilgan yozuvga koʻzi tushib qoldi. Kun-bakun oʻquvchi bir yoki ikki satrda goh ob-havo haqida, goh darslar haqida ma’lumot berardi. «Bugun maktabga bormadim. Havo yaxshi», «Havo buzildi», «Yana baholarim yomonlashdi, diktantdan ikki oldim». Undan u yogʻiga satrlar bir-biriga mingashib ketganidan, hech "baloni ajratib boʻlmay qoldi.
— Oh, bechora, bechoragina-ey!— deya pichirladi bu gal ovozini chiqarib.— Oʻlgudek yalqov ekansan-ku, lekin, har holda, yaxshi yigit boʻlsang kerak.

U koʻzini ishqab, atrofiga qaradi: yonidan tinmay odamlar, mashinalar oʻtib turardi. Lekin ularning bari tumanga chulgʻanganga, goʻyo boshqa dunyoga tushib qolganga oʻxshardi. Uning yana boshi aylanib, qalbini qandaydir gʻayritabiiy tuygʻu qamradi. Negadir oʻzining bolaligi esiga tushib ketdi. U rasmga qarab turarkan, qulogʻiga bolalarning chugʻur-chugʻuri eshitilar, koʻz oldida esa qora fartuk tutgan oʻquvchilar lipillardi.

Toʻsatdan dili yorishib, shosha-pisha choʻntaklarini titkilab qalam qoldigʻini topdi. Atrofiga qarab, koʻchaning oxirida narvon koʻrib qoldida, unga yaqin kelib, supurgi bilan xokandozni yoniga qoʻyib, zinasiga kelib oʻtirdi. U qalamni labiga yaqinlashtirib, uchini hoʻlladida, toza qogʻoz yuzida dadil yurgizdi. Qalam qogʻozni yirtib yubordi. U jahl bilan varaqni yirtib, gʻijimlab otib yubordi. Yana qalam uchini hoʻlladi. Tok novdalariga chulgʻangan moʻ‘jazgini uy hamda moʻridan chiqayotgan tutunni, osmonu falakka intilgan qushning rasmini chizdi. Chizganlariga shoyon diqqat bilan qaradi, lekin unga yoqmadi.
— Negadir oʻxshamayapti,— deya toʻngʻilladi oʻkinch bilan.

U boshini koʻtarib shundoqqina qarshisiga qaradi va minora, unga tutashgan bulutlarni koʻrib, bu nogahoniy manzaradan hatto titrab ketdi. Bu shunday goʻzal ediki, ta’rifiga til ojiz! U machitni tomosha qilgani sari qalbini albomdagi suratni koʻrganida his qilgan gʻay-ritabiiy tuygʻu toʻldirayotganday, gʻaroyib quvonchdan mamnunlik hissi chulgʻab olayotganday edi. Uning oldidan mashinalar gʻirillab oʻtar, odamlar oʻtishardi-yu, lekin u machitdan boshqa hech narsani koʻrmasdya. Yuragi goʻyo toʻxtab qolganga oʻxshardi. Bu hatto sarxushlik ham emas edi. Bu maftunlik, zavqlanish, qoyil qolganligining belgisi edi. «Qanday chiroyli!—. deb oʻyladi u.— Xuddi rasmdagidek-a!» U bu machitni juda yaxshi bilardi, lekin uning bunchalik chiroyliligini sezmagan ekan. Boz ustiga, boʻlar-boʻlmas narsalarga qarayverishga vaqti ham yoʻqda. Koʻchalarni supurib, axlatini yigʻishtirishi lozim. Lekin bugun uni xuddi almashtirib qoʻyganga oʻxshashardi. Qizil muqovali albom uning oromini oʻgʻirlagandi. Bugun u dunyoga qaytadan tugʻilganday sezardi oʻzini.

U machitga, keyin albom bilan qalam qoldigʻiga qaradi. Goʻyo aziz doʻstini koʻrib qolgandek, goʻyo uning oldida jonli narsa turgandek, uni quchoqlash, silash, oʻpish mumkindek, qoʻllarini machitga uzatdi.
— Men seni hozir chizaman, machit! Qanday zoʻr qilib chizishimni koʻrasan hali!— deya xitob qildi u bolalarcha zavqqa berilib.

Qeyin yana qalamini hoʻlladida, machitga qarab, qoʻrquvdan eti junjikib ketdi: uni shunday goʻzalligicha chiza olarmikan?.. Bunday fikrdan hatto ter chiqib ketdi. Lekin u qoʻrquvni nari quvdi: «Nima boʻpti?— deb oʻyladi u.— Axir, uni inson kashf qilmaganmi? Axir uni inson qoʻli yaratmaganmi?» U terlarini artdi. «Le-kin u qoʻllar boshqacha ajabtovur, ulkan boʻlganlar.» Qiziqish bilan oʻzining qoʻllariga qaradi. Barmoqlari ingichka, qon tomirlari boʻrtgan, kafti yara-chaqa boʻlib, qadoq bosib ketgan. «Albatta, machitni gʻayritabiiy odamlar qurishgan, lekin bari bir odamlar-ku!» U jilmaydi.

U qalamni ogʻziga olib borishga ulgurmovdiyamki, kimningdir qoʻli uning yelkasiga tekkanini his qildi. Nima boʻlayotganini tushunmay, boshini koʻtardi. Shundoqqina roʻparasida brigadir turardi. Shunda uning qoʻllari oʻz-oʻzidan albomu qalam bilan birgalikda choʻntagiga yashirindi. Lekin qoʻrqinchli hech narsa sodir boʻlgani yoʻq. Brigadir doʻstona jilmayib turardi. Bunday doʻstona jilmayib turgan odamdan qoʻrqishning hojati yoʻq.
— Ishlar qalay?—deb soʻradi brigadir.
— Hammasi joyida.
— Charchadingmi?
— Yoʻq, nima qib charchabman ja?
— Tentak! — deb kulib yubordi brigadir. — Nahotki, charchash uyat boʻlsa? Agar charchamaganingda bunaqa oʻtirmagan boʻlarding.

Brigadir uning yoniga oʻtirib, farroshning yelkasini siypalab qoʻydi-da:
— Charchashdan uyalish kerak emas,— dedi.— Tirik jon borki charchaydi. Har bir odam. Hattoki Ismat posha ham.

U rozi boʻlgandek bosh silkidi, lekin brigadir unga nima uqtirganini eshitmadi. Uning koʻzlari machitga mixlangandi. U rasmni nimadan boshlasam ekan, deb chamalamoqda edi.
— Uni qara, ogʻayni!— bexos xitob qildi brigadir uning biqiniga turtib.— Hov anavi ayolni koʻryapsanmi? Mana shunaqa xotin boʻlsa, dunyodan armonsiz ketardim. Ishdan haydab yuborishsa ham mayli edi. Munaqa xotin uchun joningni ham qurbon qilsang arziydi! Voy-boʻ, qomatlaringdan!

Farrosh hatto u tomonga qiyo ham boqmadi, lekin brigadirning jagʻi tinay demasdi:
— Uni oʻringa tashlaysan-da, boshingni siynasiga qoʻyib, suykalasan. Keyin uxlab qolasan. Menga koʻp narsaning keragi yoʻq. Bu narsa, bilasanmi, nima desamiykin, naq jazirama yoz kuni yoʻldan bir oʻzing ketayapsan, deylik, oyogʻingda oyoq qolmagan, quyosh miyangni simobday eritib, darmoningni quritib yuborgan, lablaring ham tars yorilib ketgan. Bir qultum suv anqoga shafe. Birdan oldingdan buloq chiqib qoladi. Unga tashlanib ichaverasan, ichaverasan. Bu ham shunga oʻxshagan narsa. Meni tashnalik oʻz iskanjasiga olgan, ogʻayni! Yaxshigina, xushchaqchaq xotin boʻlsaydi. Brigadir gapdan toʻxtadi va farroshning:
— Chiroyli machit!..— deya pichirlayotganini eshitdi.
— Voy eshag-ey,— jahli chiqib ketdi brigadirning,— taqvodor xudojoʻy topilganidan oʻrgildimu. Xotin boshqa, machit boshqa.
— Ey yoʻq, men taqvodorlik haqida gapirmayapman. Machitni, aytyapman, chiroyli deb, koʻryapsanmi oʻzi?

Brigadir oʻrnidan turdi.
— Qani boʻl, ishga kirish, qaragin, hammayoq iflos boʻlib yotibdi! Boʻl, boʻlaqol, men kechroq kelib tekshiraman-a!

Farrosh ham oʻrnidan turdi. Supurgi bilan xokandozga, axlatlarga, koʻchani iflos qiladigan odamlarga qahr-gʻazab bilan qaradi. Istar-istamas supurgini qoʻliga oldi. Uning miyasida faqat machit haqidagi oʻylar charx urardi. U hamon nari ketishga chogʻi kelmay, yer ostidan machitga qarab-qarab qoʻyardi. Nihoyat, chidolmadi-da, xokandoz bilan supurgini otib yubordi. Uning oldida afti bujmayib ketgan bukri toʻxtadi-da:
— Charchadingmi, oʻgʻlim. Albatta, ishing ancha ogʻir,— dedi.

U javob bermadi. Nimayam deya olardi? Engashib, supurgini qoʻliga oldi. Yana machitga qaradi— lazzatlanib, havaslanib, qumsab, ehtiros bilan—xuddi chiroyli xotinga qaragandek qaradi-yu, boshi yana aylanib ketdi. U qoʻlini oldinga choʻzib, havoda gumbaz, devorlari, oynasi, minora va uning yonida bulutlar, undan nariroqda, machitning orqasida koʻpiklanayotgan toʻlqinlar va uning ustidagi chagʻalaylarni chiza boshladi.
— Men seni chizaman, machit,— deya qaysarlik bilan takrorlardi u, xuddi oʻzini-oʻzi koʻndirmoqchi boʻlgandek.

Yana brigadir koʻringan edi, farrosh qoʻrqib ketganidan joni tovoniga tushgancha, supurgisini oldi. «Boshliqqa tushunib boʻlarmidi, yaxshimi yo yomonmi?» Farrosh nigohini yerdan uzmay, machitga qarashga yuragi dov bermay ohista ish qilardi. «Bunaqada jinni boʻlib qolish ham hech gapmas!» Farrosh brigadir koʻzdan uzoqlashganini koʻrib taysallanib turdida, keyii yana borib pillapoyaga oʻtirib oldi. Albom bilan qalamini choʻntagidan olib, machitga mehr bilan tikildi:
— Men seni albatta chizaman!— Uning koʻzlari kulardi. Boʻlmasam-chi! U chizadi-da, albomini choʻntagiga solib, oʻzi bilan machitni olib ketadi. Va bu uning machiti boʻladi, faqat uning. U albomning toza varagini topib, qoʻliga qalam oldi, lekin boshini koʻtarib oʻz oldida machitni emas, uni masxaraomuz tomosha qilayotgan bolani koʻrdi.
— Qoch bu yerdan, yigitcha, hech narsa koʻrinmayapti,— deya iltimos qildi u.

Bola esa qimir etmay, tishlarini irjaytirib turardi.
— Yoʻqol, deyapman, senga,— deya oʻzini tutolmay baqirib yubordi farrosh va supurgisiga yopishdi.

Yigitcha shu zahoti juftakni rostladi. Farrosh qaytib oʻtirganida esa, jahli yomon chiqqanidan hecham tinchlanolmasdi. Nihoyat, oʻzini bosib olib, yana machitni zavq-shavq bilan tomosha qila boshladi. U shu daqiqalarda hayotidagi eng baxtli, eng ajoyib onlarini kechirmoqda edi.

Koʻrkam machit uning oldida qad kerib turardi, hoziroq chiza boshlaydi. Endi u koʻngildagidek chiqishi kerak, uning bunga imoni komil edi. Birinchi chizigʻi xuddi u xohlaganday chiqdi. Ikkinchi chiziqni qay holda chizish kerakligini chamalash uchun boshini koʻtargan edi, toʻgʻri oldiga kelayotgan brigadirni koʻrib qoldi. Qoʻli uvushib qolganday boʻldi, lekin u baribir yana bitta chiziq chizib ulgurdi va bu gal ham juda yaxshi chiqdi.

Brigadir uning oldida toʻxtadi.
— Yana oʻtiribsanmi? Bugun senga nima jin urdi oʻzi? Hecham ishlamayapsan-ku. Davlat seni bekordan-bekorga boqib ahmoq boʻlganicha yoʻq. Qoʻlingdagi nima? Qogʻoz-qalammi? Iye, hali sen injener boʻlib oldingmi, a?

Farrosh brigadirning koʻzlariga qaradi. Uning jahli chiqayotgani koʻrinib turardi, lekin ovozi yumshoq, doʻstona edi. Brigadir, har holda, yaxshi odam. Albatta, undan harbaloni kutish mumkin edi, lekin bugun undan yomonlik kutmasa ham boʻladi. Farrosh jilmaydi:
— Oʻtir, terdan hammayogʻing hoʻl boʻlib ketibdi.
— Sen bilan qoʻshilishib yalqovlik qilishimni xohlaysanmi?
— Yoʻq, xohlamayman, sen oʻtir, oʻtirgin!
— Ha, mayli,— deya rozi boʻldi brigadir va oʻtirdi. Farrosh oʻzi ham brigadir unga quloq osganiga, boz ustiga, uning oʻzi qaysi yurak bilan unga oʻtirishni taklif qilganiga aqli bovar qilmasdi. Avvallari bunga oʻla qolsayam jur’at qilmagan boʻlardi. Lekin bugun u ikkita shunaqangi ajoyib chiziq chiza oldiki. Shunday ekan brigadirdan qoʻrqishga balo bormi. Injener toʻgʻrisidagi gapi ham, hammasi puch.
— Machitni koʻryapsanmi, brigadir? Rostdanam chiroyli, a?
— Xoʻp, chiroyli ham boʻla qolsin. Bizga undan nima foyda?
— Ruxsat bersang, men uni chizardim. Brigadir xaxolab kulib yubordi:
— Sen, nima balo, alahlayapsanmi, ogʻayni? Aqldan ozdingmi? Sen, axir, oʻquvchimisan? Sen farroshsan — koʻcha tozalovchisan, sening vazifang koʻchalarni supurish. Qaragin, hammayoq iflos boʻlib yotibdi. Uyalsang boʻlardi, axir, yosh bola emassan-ku! Hazilni yigʻishtir, ogʻayni, ishingdan qolma!
— Kulish kerak emas, brigadir,— deya ingrab yubordi farrosh,— bu yerda kulgili narsa yoʻq? Nahotki, faqat maktabda oʻqiydiganlar chizsa! Axir, men...—U chuqur xoʻrsindi, yana bir bor machitga qaradida, yigʻi aralash gapida davom etdi:— Ilgari, bundan ancha oldin, men chizishni juda yaxshi koʻrardim. Lekin baxtga qarshi na daftarim va na qalamim bor edi. Men yogʻoch bilan yerga odamlarni, uylarni, daraxtlaru qushlarni chizardim. Men shunaqangi ustasi farang boʻlib ketdimki, ya’ni. Axir, bu paytda men hali judayam kichkina edim. Hammadan ham maktab oldida chizishni yaxshi koʻrardim, chunki u yerda tep-tekis yoʻlka bor edida. Kunlardan bir kuni maktabdan muallim chiqib, menga, keyin chizgan rasmlarimga kamoli diqqat bilan qaradi. Ismimni, qayerda turishimizni, otam nima bilan shugʻullanishini soʻradi... Oʻsha kuni kechqurunoq u bizning uyimizga keldi. Aftidan, bu oyning boshi edi shekilli — otam aroq ichib oʻtirardi. Mehmon ham birgalashib ichishdi. Muallim otamni bir amallab koʻndirib, meni maktabga yozdirdi. Uning oʻzi yonidan toʻlab menga forma, kitoblar va daftarlar sotib olib berdi. «Katta odam boʻlganingda — qarzingni toʻlarsan»,— dedi u. Men oʻsha maktabga uch yil qatnadim. Men qunt bilan oʻqishga harakat qilardim. Shu bilan birga judayam yaxshi chizardim.
— Keyin-chi?
— Keyin muallim oʻldi. Judayam yosh edi, aftidan, sil uning umrining egovi boʻldi. Keyin otam ham oʻldi. Men boʻlsam, koʻcha tozalovchi boʻldim. Rasm chizish ham allaqachon esimdan chiqib ketdi, faqat.

Brigadir yana kulib yubordi:
— Senga nimadir boʻlganga oʻxshaydi. Rosa yolgʻon-yashiqni ham toʻqib tashladingda! Qani, uf deginchi!
— Yoʻq!—dedi xafa boʻlib farrosh, koʻz yoshlari esa yonogʻidan dumalab tusha boshladi.— Men mast emasman. Sen faqat ruxsat bersang bas, men...
— Mumkin emas! Ruxsat yoʻq!— dedi brigadir jiddiy ravishda.— Bekorchilikka yoʻl qoʻya olmayman! Supurgingni ol! Obidiyda qilishlarini yoqtirmayman! Ish qilmay yalqovlik qilishlarini yomon koʻraman! Shuni esingda tut!

Farrosh oʻrnidan turdi, lekin ishga kirishishga shoshilmasdi. Uning xayollari uzoqlarda edi. Brigadir ketayotgan joyida ortiga qaytib, yana ta’kidladi:
— Hech qanday ishdan boʻyin tovlashga yoʻl qoʻymayman! Ishyoqmaslarni jinimdan battar yomoi koʻraman! Bugun bitasiga ruxsat bersang, keyin boshqalarini eplolmay qolasan. Keyin hamma balo mening boshimga yogʻiladi. Shuning uchun ehtiyot boʻl!

Farrosh indamay supurgisini silkitdida, ohista koʻcha boʻylab keta boshladi. Lekin, har holda, brigadirning nari ketganini koʻrib u yana oʻtirib oldi. Albom bilan qalamini choʻntagidan olib, varaqqa chizilgan ikkita chiziqqa uzoq tikilib qoldi. Birdan qiqirlab kulgan ovozni zshitdi. Boshini koʻtarib, atrofini bolalar oʻrab olganini koʻrdi. Eng oldinda esa u hali-hozirgina haydab yuborgan bola turardi. «Qaranglar, anavini qaranglar, farrosh rasm chizyapti!»— koʻchani boshlariga koʻtarib baqirishardi bolalar. Farrosh supurgisi bilan tahdid qildi, lekin bolalar joylaridan qimir etmay turishardi. Shunda u qoʻlini koʻtarib havoda gumbaz, devorlar, machitning oynasi, minora va unga yopishib turgan bulutni, uning ortidagi dengizni chiza boshladi.

Farroshning atrofidagi tomoshatalablar koʻpayib borardi. Hamma unn masxaralab kulardi, lekin u hech narsani sezmayotgandek, havoda chizishda davom etardi. Brigadir olomon orasini yorib oʻtib, unga yaqinlashdi.
— Sen bizni sharmanda qilding! Bizning ishimizni masxara qilyapsanmi! Menga quloq solmading! Meni gapirdi-qoʻydi, deb oʻyladingmi? Boshliqqa quloq solmaslik qanaqa boʻlishini senga koʻrsatib qoʻyaman! Shaxsan gubernatorning oʻziga raport yozaman. Sen menga quloq solmay, hammamizni sharmanda qilganingni yozaman!

Olomon koʻpaygandan koʻpayib borardi. Kulgi va haqoratomuz gaplarga toqat qilib boʻlmasdi. Brigadir olomonga nafratla qaradi, ularga boplab javob bermoqchi boʻlib ogʻiz ochdi-yu... lekin munosib soʻz topolmay, teskari qaradi. Farroshga egildida, uning qulogʻiga shivirladi:
— Quloq sol, seni manavi muttahamlarning hammasidan ham hurmat qilsam-da, lekin takasaltanglikka toqat qilolmayman. Agar hoziroq ishga kirishsang, gubernatorga yozib oʻtirmayman. Bu ahmoqchilikni yigʻishtirib, aqlingni peshla. Yaqinda bizga yefreytorlarnikiga oʻxshash yangi forma berishadi. Aytishlaricha, amerikalik marshal bizlarga sovgʻa qilgan emish. Xoʻsh, qalay, ishlashga rozimisan? Qani, supurgini ola qol!..

Brigadir nechundir bugun yaxshi kayfiyatda edi. U oʻz qoʻl ostidagilarga homiylik qilishni yoqtirardi. Lekin farrosh uning soʻzlariga zarracha e’tibor bermadi. Aksincha, uni oʻzidan nari itarib yubordi, boz ustiga, soʻkindi. Keyin pillapoyadan koʻtarilib, eng yuqori zinasiga oʻtirib oldi. Choʻntagidan albom bilan qalamni olib, uni hoʻlladi.

— Men albatta oʻxshataman,— deya gapirdi u baland ovozda, gʻurur bilan.— Osmon agʻdarilib, yer tilka-pora boʻlib ketsin. Bari bir, men sening rasmingni chizaman, machit!