OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTalant Bek
Asar nomiBir osmon ostida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Talant Bek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir osmon ostida (hikoya)
Talant Bek

«
Qatagʻon qurboni boʻlgan samarqandlik
Habiba Alieva (1917-1937) xotirasiga
»

1937-yil. May. Bibigul kiyimlarini ichkari hovlidagi dorga ilar ekan, osmonda charaqlab turgan yulduzlarga iymanib qarab qoʻydi. Kunduz quritsa ham boʻlardi, odamlarning koʻzidan pana, devorlari baland. Biroq, quyosh nur sochgan dam hovli oʻrtasida ayol kishining kiyimlarining osilib turishi unga ma’qul boʻlmadi. Uyaldi. Oʻzidan uyaldi. Quyoshdan uyaldi… Kiyimlarni ilgach otxona tomon yurdi. Qoziqqa bogʻlangan Qorabayir sergaklandi. Nimanidir se-zib burun kataklarini kergancha ogʻir-ogʻir nafas oldi. Bibigul paypaslanib eri berib ketgan “Smit-Visson” rusumli toʻpponchani topdi… “Smit-Visson” yaxshi toʻpponcha. Bosmachilarning bosqinchilarga qarshi kurashida koʻp qoʻl kelgan. Xiyonatkor xoinlaru yuzsiz sotqinlarni bemalol otib oʻldirsa boʻladigan toʻpponcha! Bibigulning qoʻli qurolni yaxshi tanisa-da, oʻzi Lutfiyni yod biladi, Koshgʻariyga tishi oʻtadi. Harqalay, “oqposhsho”ning yaloqxoʻrlaridan aqlliroq! U bosmachining qizi! Koʻp qon koʻrdi. Qon koʻrgan otadi, otiladi. Qon koʻrmagan sotadi, sotiladi, deydilar. Otish keragida otdi. Ammo, sotmadi, sotilmadi!.. “O, mening sodda begim-a!” xayolidan oʻtkazdi Bibigul, “…Koʻrishishga ruxsat tegdi. Kelinglar! Qizimni ham olib kel. Sogʻindim. Bir koʻrib oʻlsam armonim yoʻq…” deb yozibdi xatida. Borsa eriga yana-da qiyin boʻlishini koʻngli sezsa-da bormakka qaror qildi. Xotin uchun er – Er! “Kelinglar” debdimi, boradi! Faqatgina, qizi… ertaga oʻylab koʻrar.

Bibigul toʻpponchani kamzulining ichiga qistirib ertangi safar uchun tadorik koʻrish maqsadida oshxona taraf yoʻnaldi. Soʻng oshxonadan chiqib uyiga kirdi. Uyning toʻrida ayiq terisidan ishlangan poʻstakda oʻgʻilchasi pishillab uxlar, qizining qoʻlida otasidan kelgan bitik titrab turar, u koʻzlaridagi yoshni onasiga sezdirmaslik uchun deraza tomonga termulardi.

– Ining vaqtli uxlab qoldimi? – soʻradi Bibigul.

– “Goʻroʻgʻli”ni aytib edim, eshitib uxladi…

Bibigul tashlangan oʻringa choʻzildi. Chiroqni puflab oʻchirgan qizi bilan allamahalgacha dardlashib yotdi. Tong oldi yolgʻon tong otishi bilan oʻrnidan turdi. Tashqariga chiqib tevarakka quloq soldi. Hatto biror xoʻrozning qichqirigʻi ham yoʻq. Qichqirar xoʻrozlarni esa oʻgʻri oʻmarishi ravshan. Atrof muhtojlarga toʻlmish…Bibigul farzandlari uyqudan turguncha u yoqdan bu yoqqa ivirsib yurdi. Farzandlari uygʻongach u otni egarladi. Xurjunning ikkala tomonini ham emakka toʻlatdi. Bir qoʻlida Qorabayirni, bir qoʻlida oʻgʻilchasini etaklab adir tomon yurdi.

– Men dadamni koʻyishga boymaymanmi? – deb soʻradi toʻrt-besh yoshlar chamasidagi oʻgʻli.

– Yoʻq, siz shu makonda boʻlishingiz kerak, podshohim!

– Aya, siz ketsayiz men qayeyga boyaman?

Bibigul oʻgʻlini dast koʻtarib otga mindirdi. Qorabayirning jilovini togʻasi yashaydigan qoʻshni ovul tomon burdi-da:

– Ot sizni xor etmas, omon saqlar, oʻgʻlim… Toʻgʻrimi, Qorabayir?!. – deb otga va ot ustidagi oʻgʻliga mehrizorlik bilan termuldi. Qattiq diydasi yumshab koʻzlaridan yosh dumaladi. Egarga chirmashib olgan bolakay esa, “meni tulpoyim, meni Qoyabayiyim” deya, bir qoʻli bilan otning oʻmganiga shapatilab erkalardi. Boʻyni egilgan otning-da koʻzlarida yosh qalqirdi. Sharq tomondan esayotgan shamol otning yollarini toʻzgʻitar, Bibigulning boshi uzra orqasiga sidirib qoʻygan chachvonini tortqilar, yam-yashil adirdagi qoʻzigulu qoʻngʻirboshlarni oʻz ogʻushida bir tomonga tarab-tebratardi. Ot ketishga izn soʻraganday boshini koʻtardi. Bibigul bitta qilib oʻrilgan, toʻpigʻidan uzun sochlarini uzun barmoqlarida qamchidek oʻynatib, Qorabayirga “Chu, jonivor” – deganicha sochlari bilan otning yagʻriniga ohista urdi. Ot sekingina yoʻrtib ketdi. Shamol esa Bibibigulning quloqlariga oʻgʻlining shirin ovozini olib keldi: “ Chu, qoya yoʻygʻam, chu, qoya toychogʻim. Muyodga qasd qilib yuguygan etuy!..”

* * *

Tandir somsa va zigʻir yogʻli oshning isi qamoqxonani tutdi. Ochlik va tashnalikdan sillasi qu-rigan mahbuslarning boshi gʻuv aylandi. Xoʻrlangan va haqoratlangan, inson zoti oʻylab topgan qiynoqlarning barchasini totib koʻrgan tanalari madorsizlandi.

– Mangʻitulini xotini ovqat olib kelibdi, - dedi-da, elkasiga miltiq osgan zobit tugunni koʻtarib toʻrdagi kabinet tomon yoʻrgʻaladi. Yoʻlakda kelayotgan podpolkovnik Konstantin Konstatinovich va tergovchi X. zobitga qarab “bizga ham olib qoʻyinglar” dedi va Bibigul hamda uning oʻn toʻrt yoshli qiziga ortimdan yuringlar deya imo qildi…Mahbuslar, mayli... qaniydi, Bibigulning eriga hech boʻlmasa oshdan bir chuqum tegsa, yoʻq-yoʻq, oshdan emas, tandir somsadan bir toʻgʻram tegsa. Tegmasligini Bibigul ham yaxshi biladi…

Qamoqxonaning birinchi panjarasidagi zanjirlar sharaqlab tushdi. Alohida saqlanayotgan Mangʻituli sergaklanib koʻzini ochdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, panjara ortida Bibigul va qizi turardi. Mangʻitulining sogʻinchdan orziqqan yuragi bir entikdi. Erining ozib ketgan rangpar chehrasi Bibigulning yuragida oʻkinch uygʻotdi. Sogʻinchli diydordan yigʻlamsirab turgan qiz dadajonini quchay desa oʻrtadagi sovuq temirlar yoʻl qoʻymasdi. Diydor tilagan koʻzlar toʻyib suhbatlasha olmadilar. Ikki-uch minut oʻtar-oʻtmas ularni qaytarib olib ketishdi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich bilan tergovchi X. eshik oldida soʻppayib turgan zobitga javob berdi-da, tergovni davom ettirmakka kirishdi. Tergovchi X. Mangʻitulining oʻngiriga yopishtirilgan 775927 mahbuslik raqamiga tikilib:

– Xoʻsh… Xotiningni,qizingni koʻrding. Endi, ular bizning qoʻlimizda… Aytganlarimizga koʻnsang ozodlik beramiz. Uyingga qaytasan, erkinlikda yurasan, – dedi.

– Ozodlik, kurashlarda qoʻlga kiritiladi! Erk– har qanday oqbilaklar kaftidan tortiq qilinadigan sadaqa emas!

– Oʻylab koʻr. Xonliklar parchalandi! Bosmachilar otildi! Bosh koʻtarganlar qoʻzgʻolonchi sifatida dorga osildi. Sara yigitlar mardikorlikka tortildi. Mustaqil Turkiston muxtoriyati emirildi. Ozodlik degan oʻgʻlonlar endi qatagʻon etilajak. Omon qolganlari bizning bayroq ostida bosh egib kurashlarga chogʻlanadi. Qaysarlik qilsang sen ham urugʻ-aymogʻing bilan qirilasan!

– Men qirilsam-da, Turkiston yashaydi! Turkiston yashnaydi, haliki bitta turkiy bor – butun Turkiston bor!

– Men ham shu yurtda…

– Uyat! Sotqin! Haromi!.. – dedi Mangʻituli boʻgʻilib.

– Shuncha qiynoqlar kammi, deyman senga?!. Gar doʻstlaringni nomma-nom yozib bermasang, xotining bilan qizingni koʻz oldingda zoʻrlaymiz. Undan keyin haromilar tugʻiladi, sen tomosha qilasan! Oʻynashdan boʻlgan otasi noma’lum avlodlaringning ota talashib bir-birini goʻshtini eyishini men tomosha qilaman! Qonlarida mening qonim oqadi yo men nima desam qi-ladigan, labbay deydigan shu erdagi zobitlarni ngqoni oqadi, qonlarida… Oring bormi oʻzi?!. – deya tergovchi X. Mangʻitulini jon joyidan ushladi. Mangʻituli biroz sukutga choʻmib soʻng:

– Doʻstlarni sotib orli boʻlgandan, sotmasdan orsiz oʻlgan, afzal! – dedi.

Tergovchi X. quruq gapdan ma’ni chiqmasligini sezib jahl bilan ortiga burildi.

Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich oʻzbekchani yaxshi bilsa-da, tergovchi X. unga ruschalab nimalardir dedi. Ikkalasi chiqib ketib zum oʻtmay Bibigul va uning qizini oldiga solib kelishdi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich Bibigulning chap qoʻlini ushlab bilagiga kishan taqdi. Bibigul begona erkakning qoʻlini sezib bir seskandi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich kishanni ikkinchi xalqasini temir panjaraga oʻtkazib qoʻydi. Tergovchi X. qizning ikala qoʻlini ham orqasiga qayirib nariroqqa olib bordi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich ohista unga yaqinlashdi. Bizni ham qamashsa kerak degan xayolga borgan qiz adashgandi. Endi, nima boʻlayotganiga aqli etib ularning qoʻlidan chiqishga intildi. Chiqolmadi. Chinqirdi. Foydasi boʻlmadi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich qizning koʻylagini baquvvat qoʻllari bilan teng ikkiga ayirdi. Hadiksiragan qushdek potirlab chiqqan kichkina siynalar tergovchi X.ning ham hirslarini qoʻzgʻatdi. Panjara ortida turgan Mangʻituli peshonasini beton devorga urdi. Boʻlmadi. Temir panjaraga urdi. Boʻlmadi. Faqatgina, peshonasidan qon sizdi. Soʻkindi, baqirdi. Boʻlmadi. Oʻkirdi. Boʻlmadi. Podpolkovnik Konstantin Konstatinovich belidagi kamarini sugʻurib stolga qoʻydi-da, shimining tugmalarini echa boshladi. Bibigul ozod qoʻli bilan etagini koʻtardi va qoʻlini lozimi ichiga tiqdi. Uning bu ishiga koʻzi tushgan podpolkovnik Konstantin Konstatinovich:

– Oʻ, oʻzbechka, eringning qamalganiga ancha boʻldi, sogʻinibsan-da! Hozir senga-da navbat keladi, – dedi “oʻrisona” xayolda koʻk koʻzlari yiltillab. Podpolkovnik oʻrisligiga bordi. Qattiq yanglishdi. Bibigul zudlik bilan lozimi ichidan oʻqlangan toʻpponchani chiqardi va birinchi boʻlib tergovchini peshonasidan bexato urdi. Xato etishi mumkin emasdi ham. Axir, xonzodalar naslidan. Ota-bobolari, ena-momolari oddiy kamonlarda uchib ketayotgan qushni urib tushirishgan. Qarshingda mana men deb turgan yovni toʻpponchada urish ne boʻpti. Toʻpponcha Bibigulni qoʻllarida oʻyinchoqdek oʻynardi. Tergovchi X.ni ogʻzi oshga etmasdan soʻlagi oqib jon berdi. Shimi pochasiga tushib qolgan podpolkovnik Bibigulga tashlanmoqchi boʻldi. Biroq yonida osilib turgan qip-qizil – qon ranggidagi bayroqqa chalkashib yuztuban yiqildi. Bibigul tomonidan yoʻllangan ikkinchi oʻq uni koʻksini teshib oʻtdi.

– Oʻrtoq Chernyaev, fon Kaufman, ey, Skobelev choʻpon qayga haydasa ketadigan qoʻy koʻrmadim… kim qarmoq tashlasa ilashadigan baliq koʻrmadim… Bular sher-ku, sher! Sherning ayoli ham sher boʻlar ekan! Ikki -uch toʻngʻizni koʻrdim demaydi… o, buyuk rus xalqi, bayrogʻingdan oʻzimga kafan bichdim… – tantanavor ohangda va yana allanimalar deb podpolkovnik Konstantin Konstatinovichning boshi shilq etgancha bayroq ustiga tushdi. Bayroqdan qip-qizil qaynoq qon sizardi.

– Mardlar bayroqqa oʻralib oʻladi, nomardlar oʻralashib oʻladi, – dedi nafrat bilan tikilib Bi-bigul. Endi, bu erdan qutulishning imkoni yoʻq ekanligiga koʻzi etgan Bibigul toʻpponchani tishlab soch oʻrimi orasidan oʻq oldi va toʻpponchaga mahorat bilan joyladi. Soʻng oʻz tanasini bekitish bilan andarmon qiziga toʻpponchani oʻqtalib:

– Kechir, qizginam. – dedi.

Koʻzlarida qoʻrquvdan asar ham qolmagan qiz, hayrat bilan bir otasiga, bir onasiga tikilib:

– Rozi… – deya oldi.

Oʻq otildi. Jigargoʻshasidan ayrilgan Mangʻituli bir zum koʻzlarini yumib engil tin oldi. Keyin Bibigulga mamnun boqib:

– Rahmat… Oʻgʻlimni holi ne kechar? – dedi.

– Qaydam… Togʻasinikiga joʻnatib edim.

– Oʻgʻlimni oxirgi soʻzini ayt, ne dedi?

– “Chu, qora yoʻrgʻam, chu, qora toychogʻim. Murodga qasd qilib yugurgan etur…” degan she’r aytib edi.

– Qaydan yodlamish?.. Bu Usmonning she’ri-ku! Eh, Usmon, Usmon! Usmon

– Nosir olov-ku, olov! Zap yozadi-da! Eh, ota oʻgʻil. Boʻladigan bola! – dedi Mangʻituli shu qonli dargohda iftixor tuyib.

Bibigulning koʻzlarida hanuz qandaydir shahd va shiddat yonardi. Xotini va qizining ruxsoriga toʻymagan Mangʻituliga termulib:

– Begim, kechiringiz. Siz meni obqochib edingiz. Men sizni bu jahannamdan obqochib ketolmasman, – deb chap koʻksiga toʻpponchani tiradi.

Ayolining bu qiligʻidan esankirab qolgan Mangʻituli bir soʻz deyishga ulgurmadi. Bibigul bir siltandi-yu “Begim” deya jon berdi. Uning chayir tanasi panjaraga kishanlangan qoʻliga osilib qoldi. Qaydandir halloslab kelgan qora qosh, qora koʻz zobit ne qilishini bilmay, miltigʻini toʻrttala jasadga bir-bir oʻqtalib chiqdi va Mangʻituliga qarab:

– Qardosh, xotining balo, oshga zahar solgan ekan, bosmachining qizi! Yetti-sakkiz milisa kabinetda zaharlangan. Oʻlib yotur. Yaxshiki, men unda boʻlmaganim, – dedi va ikkilanib turdi-da, Mangʻituli turar kamerani zanjirlarini tushirdi. Yana: – Men senga bir yaxshilik qilay… Qoʻlingdan kelsa tezroq bu erdan qoch! – dedi.

Mangʻituli tashqari chiqib hali qoni sovimagan xotinini quchdi, qizi tomon yurib uning pesho-nasidan oʻpdi. Koʻzlaridan dumalagan yoshni zobitga sezdirmasdan artdi-da:

– Xotinim va qizimning mayiti xor boʻlmasin, qardosh, – deya chiqib ketdi. Temir panjaralarning sovuq iskanjasidan oʻtib qamoqxonaning bosh darvozasiga etgan ham ediki, ortidan “Toʻxta!” degan juda tanish ovoz eshitildi. Mangʻituli bir sekanib ortiga oʻgirildi. Koʻzlariga ishonmadi. Shinel kiyib, miltiq oʻqlab uning ortida madrasada birga tahsil koʻrgan qadrdon doʻsti turardi. Mangʻituli toʻxtamadi, olgʻa yurdi. Doʻst tomonidan otilgan oʻq uning oʻmganini teshib yubordi. Mangʻituli quladi. Jon berar ekan, ogʻzidan faqatgina bir soʻz otildi:

– Xoinlar-r-r!!!