OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTariq Dursun Kakinch
Asar nomiOchiq eshik ortida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tariq Dursun Kakinch
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ochiq eshik ortida (hikoya)
Tariq Dursun Kakinch

Onam oʻlibdi. Men bu haqda ozodlikka chiqqan kunim eshitdim. Meni kutib, koʻmish marosimini kechiktirishibdi. Hammalari: «Oxirgi nafasigacha seni esladi...» — deyishdi.

Shaharga, mening oldimga faqat otam bilan Amerikalik kelishgandi. Men soat toʻqqiz boʻlishini kutib turdimda, keyin indamay soʻridan kamzulimni oldim. Egnimga avvalgi yakshanbada uydan yuborishgan kraxmallangan qorday oppoq koʻylak kiyib olgandim. Koʻylakning qattiq yoqasi boʻynimni ezardi. Galstuk tugunini bir oz boʻshatdim. Men mana shu holda boshliqning oldida namoyon boʻldim.

U mening qanday kirganligimni bilmay qoldi. Men ohista yoʻtaldim, u qogʻozlardan boshini koʻtarib menga xuddi endigina koʻrib turgandek ajablanib qaradi.

Men qoʻllarimni koʻksimga qoʻygancha kutib turardim. Boshliq stul suyanchigʻiga yonboshlab, koʻzoynagini yechdida, anchagacha qansharini ishqab oʻtirdi. Keyin shabkoʻrlarga oʻxshab koʻzini qisib yuzimga tikildi.
— Xoʻsh, Hasan, tugadimi?
— Tugadi, afandi, — deb javob berdim betoqatlik bilan u oyogʻimdan bu oyogʻimga ogʻirligimni tashlagancha.

U yana koʻzoynaginb taqib, xoʻrsindi.
— Mana, koʻrdingmi, hammasi oʻtdi-ketdi. Koʻz ochib yumishga ham ulgurmaysan, qarabsanki... — U gaplariga deyarli quloq solmayotganimni koʻrib, tilini tishlab qoldi.

Oyna ortida ohista quyosh koʻtarilib kelardi. Shu oʻtgan yillar davomida quyosh u yerda, ya’ni ozodlikda chiqib botgan edi, lekin men uni koʻrmasdim. Hayotda quyoshni koʻrishlik qanchalik muhimligini keyinchalik tushunib qoldim.

Men koʻz uzmay koʻchaga qarab turardim: oldin ot-arava oʻtdi, keyin shaldiragancha yuk mashinasi, undan keyin qandaydir odamlar oʻtishdi — erkaklarmi yoki ayollarmi ajratolmay qoldim.
— Shunday qilib, — dedi boshliq, — hamma hujjatlaring tayyor, ishonchim komilki, bundan bu yon.

Men boshimni burib unga qaradim. Soqol-moʻylovi taroshlangan, yonoqlari koʻkimtir tusda, faqat iyagida bir nechta oʻjar tolalar tikkayib turardi.

Boshliq menga qoʻlini uzatdi. Men unga oʻzimnikini berdim. U stol ortidan turib, oldimga keldida, yelkamga qoqib qoʻydi.
— Hayot yoʻli uzun. Sen hali yoshsan, sogʻliging joyida.

Men qogʻozlarni hamda pasportni olib, ichki choʻntagimga solvoldimda, xayrlashdim.

U jilmayishga harakat qildi-yu, lekin negadir kulgisi soxta edi. U nimadandir ta’bi xira boʻlgandi, lekin men buning aynan nimadanligini bilolmadim. Uning oʻzi oldinga oʻtib, menga eshikni ochib berdi.
— Oq yoʻl, Hasan!

Men javob bermay, koridorga chiqdim. Ortimdan eshik yopildi. Xayriddin shu yerda meni kutib oʻtirgan ekan.
— Senikilar pastda oʻtirishibdi. U jilmaydi, men ham.

Biz pillapoyadan pastga tusha boshladik, lekin bu gal men oldinda, nazoratchi esa orqada kelardi.

Otam bilan Amerikalik pastda yogʻoch skameykada oʻtirishgan ekan. Meni koʻrishlari bilanoq sakrab oʻrnilaridan turishdi. Amerikalik birinchi boʻlib yugurib keldida, meni quchoqlab oldi. Uning yelkasi osha otamga qaradim. U negadir parishonhol boʻlib, xuddi uchrashuvimizdan xursand emasday, gʻalati qarab turardi.
— Hammasi yaxshi boʻlib ketadi, Sincho,— dedi Amerikalik.

Men mehr bilan uning yuzini silab qoʻydim. U ham qandaydir gʻayritabiiy, nimtabassumla jilmaydi. Men otamga yaqinlashdim. Men uning qoʻlini oʻpmoqchi boʻlgandim, lekin u qoʻlini koʻtarib yelkamga qoʻydida, sikchkovlik bilan yuzimga tikilib qoldi. Koʻzi qa’rida ojizlik, gʻam-anduh hamda nochorlikning xoinona ifodasi mangu oʻralashib qolgandi. U xoʻrsindi, keyin tishlarini girih qilib jilmayishga urinib koʻrdi-yu, lekin bari bir buning uddasidan chiqolmadi. Faqat xirillagancha:
— Hasan... — deya oldi xolos.

Men uning holatini tushunganday qoʻltiqlab oldim va uchalamiz uzun yoʻlakni ortda qoldirib, hovliga chiqdik. Moʻ‘jazgina eshikni itarib, uchalamiz ham toʻxtab qoldik. U yerda, ochiq eshik ortida koʻcha, undan narroqda esa bosh prospekt koʻzga tashlanardi.

Yorqin nur koʻzimga urildi. Bu nurga qarashga qurbim yetmay, koʻzimni qisib oldim. Birdan ogʻzim quruqshab qoldi. Yuragim xuddi bigiz sanchilgandek dukillab, butun tanam gʻayritabiiy sirqirashidan larzaga keldi.

Amerikalik chetlandi-da:
— Qani, Sincho, yoʻl boshla! — dedi.

Men unga, keyin otamga qaradim. Dastlabki daqiqada qadam tashlashga qurbim yetmaydiganday boʻlib tuyuldi. Otam muloyimgina yelkamga qoqib qoʻydi.
— Qani, qadaming qutlugʻ boʻlsin, Hasan, xudoning oʻzi yarlaqasin...

Birdan chidab boʻlmas darajada chekkim kelib ketdi. Keyin burnim qichishib ketdi — agar hozir qoʻl tekkizsang, yigʻlab yuboradiganga oʻxshardim...
— Boʻla qol, Hasan! Boshla, oʻgʻlim! — deya dalda berardi otam.

Nihoyat, koʻz oldim yorishib, girih qilingan tishlarimni boʻshatdim-da, qadam tashladim. Bor-yoʻgʻi oʻn qadamgina meni ozodlikdan ajratib turardi. Bir... Ikki... Uch... Toʻrt... Besh... Olti... Tosh devorlar borgan sari ortga chekinmoqda edi. Yetti... Sakkiz... Qoʻlingda choʻzsang, eshik tutqichini ushlashing mumkin. Men uki ushladim-da, oʻsha zahoti butun borligʻimla temirning muzdayligini his qildim, Koʻzimni qisgancha ostonadan hatlab oʻtdim: oʻn!..
— Koʻzingni och, Sincho, —dedi Amerikalik.— Hammasi tugadi.

Men yon-atrofimga alangladim. Shundoqqina tumshugʻimning tagida koʻcha choʻzilgandi. Men quyoshni, uylarni, bosh prospektni koʻrdim.

Otam sigareta uzatdi.
— Ma, chekib ola qol...

Men rad etmoqchi boʻldimu, lekin u olishga majbur qildi.
— Chek, chekaver, tortinib oʻtirma!

Qoʻlim xuddi begonanikidek, titrardi. Amerikalik gugurt chaqib tutgandi, men tutagib oldim. Tutunni ichimga chuqur tortgandim, tomirlarimdagi qon tezroq yugurganini sezdim. Qulogʻim shangʻillardi.
— Dengizni tomosha qilamizmi?—deb taklif qildi Amerikalik.

Biz indamay dengizga yoʻnaldik.

Prospektning ikki tomonida uylar tizilgandi. Sariq rangga boʻyalgan ikki qavatli uylardan birining balkonida yoshgina ayol gilam qoqmoqda edi. U shunaqangi yosh ediki, oq batist roʻmolidan shundoqqina nafosat ufurib turardi. Yogʻochni qulochkashlagancha jon-jahdi bilan gilamni changdan forigʻ qilmoqda edi. Chang quyosh nurlarida oltinmisol jilolangancha balkondan yoʻlkaga uchib tushardi. Uyning oldida ikkita qizaloq koptok oʻynashardi. Sal kattarogʻi kichigiga koptokni otdi. Qizaloq koptokni ushlolmadi, qoʻlidan dumalab ketib, sakrab-sakrab naq oyogʻim tagiga kelib qoldi. Qizaloq oldimga chopib keldi. Men egilib koptokni oldimda, qoʻlimda bir oz ushlab turdim. Qizaloq qoʻlini choʻzgancha miq etmay kutib turardi. Men unga koptogini indamay berdim, qizaloq shundan keyingina jilmaydi. Uning yuqoridagi tishlari yoʻq edi. Men uning boshini silamoqchi boʻluvdim, lekin u xash-pash deguncha chopib ketib qolgandi.

Amerikalik meni qoʻltiqlab oldi.
— Bu yerda ehtiyotroq boʻlish kerak...

Shundoqqina tumshugʻimiz tagidan yengil havorang yoʻlli trolleybus oʻtib ketdi. Taksi oʻtdi. Yoʻl boʻshagandan keyin, koʻchaning narigi betiga oʻtib oldik.
— Ovqat yeging kelyaptimi, Sincho?—deb soʻradi Amerikalik.
— Yoʻq.
— Yaxshi.

Bir nechta doʻkonchalarni hamda harbiy boshqarmaning sobiq binosini ortda qoldirib, hayratlangancha toʻxtab qolishdi. Avval bu yerda kazarmalar joylashgan boʻlib, unga turarjoy hamda boqqollik doʻkonlari tutashib ketgan edi. Endi boʻlsa ularning hammasini buzib tashlashibdi: shundoqqina koʻz oldingda ulkan maydon naq dengiz qirgʻogʻigacha choʻzilib ketgandi.
— Anavini qara-ya, hammasini buzib tashlashibdi,—dedi Amerikalik.—Aytishlaricha, tez kunda qurilish ishlari boshlanib ketarkan.

Maydonda marshrut taksi va mikroavtobuslar tiqilib yotardi. Baqiriq-chaqiriqlar eshitilar, shofyorlar yoʻlovchilarni chaqirishardi. Maydonning tuprogʻi bilqillab yotganidan, qadam bosishing bilan chang toʻzoni olamni tutardi.

Dengizga yaqinlashgan saring uning hidi naq dimogʻingni yoray derdi—unutilgan, oʻtkir, yurakni larzaga keltiruvchi, qaytarilmas, dengizning oʻzigagina xos hid. Dengizga yaqinlashgan saring, toʻlqinlarning shov-shuvi yanada yaqqolroq eshitiladi.

Men chuqur nafas oldim. Dengiz havosi hali-hozirgina dimoqni qichishtirayotgan chang hidini tozalab, tomogʻim ham ochildi.

Oldinda ketayotgan Amerikalik shundoqqina suvning oldida toʻxtadi. Biz unga yaqinlashib, yonma-yon turdik. Qirgʻoq yaqinidagi dengiz boʻtana boʻlib, uning yuzida har xil quyqindilar, axlatlar, iflosliklar qalqib turardi. Quchliroq toʻlqin kelib mazkur pardani parokanda qilgandagina koʻkimtir dengiz suvini koʻrish mumkin edi.

Biz qumga oʻtirib, oyogʻimizni uzatdik. Men papiros qoldigʻini suvga itqitdim.
— Ogʻaynilar qalay yurishipti?
— Senga koʻzlari nigoron,— deb javob qildi Amerikalik.—Bu yoqqa kelishmoqchiydi, men ruxsat bermadim. Odamlar oldida uyalasan, deb aytdim. Balki, notoʻgʻri qildimmikin-a?
— Toʻgʻri qilibsan, yashavor.

Biz chekib, indamay oʻtirardik. Otamga qaradim, nazarimda u yanada kichrayib ketganga oʻxshab tuyuldi. Soqollari oppoq oqarib ketibdi, yonogʻini anchadan beri taroshlamaganidan qalin soqol bosib yotardi. U gʻujanak boʻlib oʻtirar va xuddi saqich chaynayotganday toʻxtovsiz chakagini qimirlatardi.

Amerikalik yoʻtalib oldida, nimadir demoqchi boʻldi-yu, lekin shu zahoti yana jimib qoldi.
— Uyda ahvollar qalay?— deb soʻradim.

Otam ilkis men tomonga oʻgirilib, shoshqich nazar tashladida, yana boshini oʻgirib, dengizga tikilib qoldi. Keyin:
— Muzayyan eri bilan judayam kelishni xohlovdi,— dedi.— Lekin oʻgʻlini tobi boʻlmay qoldn shekilli, kelolmadi...
— Xusom ishdami?

Otam yana asabiylasha boshladi, hatto titrogʻimni bildirib qoʻymasin deganday, labini ham tishlab oldi.
— Yoʻq, u bugun mazasi boʻlmay ishga bormadi.

Sigaretam oʻchib qoldi, men Amerikaliknikidan tutatib oldim.
— Hasan...— xuddi uzoqdan kelayotganday otamning boʻgʻiq ovozi eshitildi.

Nazarimda, otam emas, boshqa odam gapirayotganga oʻxshardi. Men unga qaradim: u yon-atrofdagi narsalarga parvo qilmay yigʻlardi. Keyin yana bir bor: «Hasan— dedi-da, jimib qoldi.

Men Amerikalikka qaradim.

U oʻzini goʻyo hech narsa eshitmayotgandek tutib, kamoli diqqat bilan Baxribobo tomonga qarab oʻtirardi. U tomonda, Varengga boradigan yoʻlda avtobuslar, yuk mashinalari, taksilar ikki qator boʻlib tizilishib borardi.
— Biz onangdan ajrab qoldik, Hasan,— dedi nihoyat yurak yutib otam.

Birdan qulogʻim bitib, inson ovozlarini eshitmay qoldim. Dengiz koʻpchib baland koʻtarildida, quloqni qomatga keltiruvchi qichqiriq bilan ustimga bostirib kela boshladi...

Bu toʻs-toʻpolonning tinchishini kutib indamay oʻtirardim. Dengiz ortiga qaytib, shovqin-suron sokinlik bilan oʻrin almashdi...
— Qachon?—deb soʻradim.

Otam soʻlagini yutib, javob bermoqchi boʻldi-yu, lekin gapirolmadi.
— Kecha,— dedi otamning oʻrniga Amerikalik.— Agar kecha chiqqan boʻlganingda, ulgurgan boʻlarding Atigi bir kunga kechikding, xudo oʻzing bandam degin.

Men oʻrnimdan turdim. Amerikalik ham ortimdan sakrab turdi. Otam esa oʻtirgan joyidan qimirlamadi.
— Koʻmib boʻldinglarmi?
— Yoʻq, seni kutayotgandik.
— Yaxshi.

Men otamga engashdim.
— Turing, dada, ketamiz.

U boshini koʻtarib bizga qaradi. Men unga qoʻlimni uzatib, oʻrnidan turishiga yordamlashdim. U qushday yengil boʻlib qolgandi.
— Men taksi olib kelaman,— dedi Amerikalik. U mashina yollagani ketdi, biz otam ikkalamiz qoldik. Nima deyishimni bilmay:
— Sigaretang oʻchib qolibdi,— dedim.

U sigaretasini labiga qistirgan joyidan olib, qaradi.
— Rostdanam oʻchib qolibdi...
— Tutatib olasanmi?

U sigaretaning kuygan tarafini ezib tashladi. Men gugurt chaqib, unga olov tutdim.

Ortida chang-toʻzon bulutini ergashtirgancha shundoq yonginamizda mashina toʻxtadi. Shofyorning yonida Amerikalik oʻtirardi.
— Oʻtiringlar, ketdik.

Men otamga oʻtirishga yordamlashdimda, bor kuchim bilan mashina eshigini yopdim. Mashina oʻrnidan jildi. Biz maydon, qahramonlar xiyobonidan oʻtib Basmanga burildik, keyin qiyalikdan oʻtib Xamam koʻchasidan keta boshladik. Yoʻl togʻ yon bagʻridan yuqorilab borardi.

Tonggi soʻlimlik oʻrnini jazirama issiq egallay boshlagandi. Quyosh oʻt-oʻlanlarni kuydirib-qovjiratganidan ular sap-sariq tusga kirib boʻlgandi, menga bu yil ularni koʻm-koʻkligida koʻrish nasib qilmadi. Yalangʻoch qoyalardagi yoʻsin qoʻngʻir tusga kirib qolgandi.

Biz Qizilchulliga kirib bordik. Bir necha vaqt tosh yoʻl temir yoʻl bilan yonma-yon ketgandi. Biz poyezd bilan yonma-yon ketib borardik. Keyin temir yoʻl bir tomonga burildida, parovoz keskin qichqirib bizdan uzoqlasha boshladi. Qaragʻaylar orasida quyoshda yarqirab Muzaffarbeyning pushtirang qasri koʻrinardi. Uyning derazalari. lang ochiq boʻlib, bogʻchadagi shiyponlar esa oq yasminlar orasida koʻzga chalinardi.

Avtobus bekatiga yaqinlashdik. Bozorga burilishda shofyordan mashinani toʻxtatishni iltimos qildim.
— Shu yerda tushib, undan u yogʻiga yayov keta qolamiz. Otam kira haqini toʻlamoqchi boʻlgandi, lekin

Amerikalik unamadi. Biz mashinadan tushdik. Shu yerdan, muyulishdan bozorchani, stansiyani, Pepening qahvaxonasini yaqqol koʻrib turardim. Hech narsa oʻzgarmabdi. Dorixonaning oldidagi yalanglik qanday boʻlsa shundayligicha turardi. Avvalgidek sargʻish-koʻk rangga boʻyalgan boshqarmaning binosi ham oʻsha-oʻsha holda: qor-yomgʻir ham, loy-tuproq ham, yozgi jazirama ham ta’sir qilmabdi.

Meni birinchi boʻlib mashinachi Yoqub koʻrib qoldi. U tikayotgan kamzulini tashlab, ustaxonasidan yugurib peshvoz chiqdi.
— Seni koʻrganimdan xursandman, Sincho!

Biz quchoqlashib koʻrishdik. Uning koʻzlari jiqqa yosh. Hayajonlanganidan barmogʻidagi angishvonasini dam yechar, dam yana kiyardi.
— Qaytganing juda yaxshi boʻldi-da, Sincho! Biz bir-birimizning koʻzimizga qaradik.
— Qaytdim...
— Senga xabar qilishdimi?
— Ha, aytishdi.
— Koʻp kuyinaverma! Bu yerda sening aybing yoʻq. Hammasi ollo taoloning xohishiga bogʻliq...
— Ha, albatta... U xoʻrsindi.
— Uyga bora qol, men ham doʻkonimni yopib ortingdan yetib boraman. Bolalarning hammasi oʻsha yerda, seni kutishyapti...

Bizning doʻkonimiz yopiq edi. Shiftda goʻsht osiladigan ilmoqlar osilib turardi. Vitrina oynasiga pashshalar oʻtirib tashlagandi. Toʻr bilan tortib qoʻyilgan eshikdan goʻshtning qoʻlansa hidi dimoqqa urildi. Otam qoʻlimni qisdi.
— Ertaga ochaman. Endi sen kelding-ku, ertagayoq ochganim boʻlsin...

U yonimda odimlagancha:
— Ertaga vaqtliroq turamanda,— deya gapida davom etdi,— qushxonaga borib, nimta olib kelaman.

Pepening qahvaxonasida doktor oʻtirgan ekan. U tezda menga peshvoz koʻtarildi, uning ortidan Pepe ham chopib chiqdi.
— Voy! Sincho-ku! Voy... voy...

U shundan boshqa biror narsa deyishga chogʻi kelmas, faqat baland ovozda ogʻzini katta ochib... «A-a-a-a!»— deyardi, xolos,
— Bandalik-da, qaygʻungga hamdardman, Sincho, — dedi doktor.
— Rahmat, xudo basalomat qilsin.
— Uygami?
— Uyga.
— Men ham sizlar bilan boraman.

Biz hammamiz birgalikda — men, doktor, otam, Amerikalik, Pepe — bizning uyimiz tomon yoʻl oldik.