OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tariq Dursun Kakinch. Ota (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTariq Dursun Kakinch
Asar nomiOta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tariq Dursun Kakinch
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota (hikoya)
Tariq Dursun Kakinch

Men otamni juda kam bilardim, uni koʻrganimga juda ancha vaqt boʻlgan, shuning uchun ham u yaxshi odam boʻlganmidi yoki juda yomonmidi, tayin-taxsirli biror narsa deyishim qiyin. Bolalikda hamma otasini telbalarcha va hattoki koʻr-koʻrona sevadi. Men ham otamni jon-dilimdan yaxshi koʻrardim. U vaqtda biz yaxshi yashar edik — otam moliya boʻlimida xizmat qilardi. Kechqurunlari onam dasturxonni ayvondagi stolga tuzardi. Bu yerdan xuddi butun shahar oyogʻimiz ostiga yastanganga oʻxshab tuyulardi. Otam dilkash, past ovozda qoʻshiq aytardi. Onam qoʻli qaltiragancha aroq quyardi. Aroq kashta tikilgan dasturxonga toʻkilar, shunda otam onamning qoʻpolligidan xaxolab kulardi.

Otam uyni, yani onamni hamda ikkita bolasini tashlab ketganida men yetti yoshda edim. Men bu vaqtda maktabga qatnardim. Kuz kunlaridan birida bogʻchada biz toʻrt kishi boʻlib — Gulsefi xonimning oʻgʻli, Doga, Remzi va men — oshiq oʻynayotgandik, otam kelib qoldi. U tosh toʻsiq ortidagi anor daraxti ostida turgancha bizning oʻyinimizni kuzatardi. Doga ikkalamiz urishib qoldik. U mening uchta oshigʻimni olib qoʻygandi. Otam toʻsiqdan bogʻga sakrab tushib, bizning oldimizga keldi. Jahldan koʻkarib, odobsizlarcha soʻkinardim. Agar yonimda otam boʻlmaganda, Doga ta’zirimni berib qoʻyishi turgan gap edi.
— Xoʻsh, nimani talashyapsizlar? — deb soʻradi otam.

Doga yeb qoʻygudek boʻlib menga qaradi.
— U soʻkyapti.
— Oshigʻimni ber! U mening uchta oshigʻimni olib qoʻydi.

Otam qoʻlini xuddi ular tengdosh oʻrtoqday Doganing yelkasiga qoʻydi. Otamning qoʻllari xuddi ayollarnikiga oʻxshash oppoq, uzun barmoqli, shuningdek, kuchli.
— Axir, u sendan kichkina-ku, Doga, — dedi otam. — Keyin, u hech qachon bu yomon soʻzlarni qaytarmaydi. Toʻgʻrimi? — Otam menga oʻgirildi.

Men xohlamaygina: «Ha», — deb toʻngʻilladim. Otam choʻntagimdagi hamma oshiqlarni chiqardida, ularni Dogaga berdi. U boʻlsa ularni changallagancha qochib ketdi. Mening esa jon-ponim chiqib ketdi.
— Nega oshiqlarimni unga berdingiz?

Otam quyosh nuriga yoʻgʻrilib turar, uning yuzi yaltirardi.
— Bunday ahmoqona oʻyinlarni oʻynashni bas qil.
— Lekin boshqalar oʻynashyapti-ku?
— Boshqalar oʻynasa oʻynayversin, senga esa yarashmaydi. Axir, sen maktabga borasan-ku. Ular-chi?
— Ular oʻqishmaydi.
— Ana koʻrdingmi! Maktabga boradigan bolalar oshiq oʻynashmaydi.
— Boʻlmasa ular nima oʻyin oʻynaydilar?
— Hech qanaqa. Ular oʻqishlari, dars qilishlari kerak.
— Butunlay oshiq oʻynamasliklari kerakmi?
— Butunlay!

Otam mening qoʻlimdan ushlab oldi va biz Gulsefi xonimning zaytunzori orqali keta boshladik. Otamning egnida toʻq havorang kostyum, oq yoʻlli havorang koʻylak boʻlib, galstuk taqmagandi, yoqasi tugmalanmagandi.

Biz serbutoq anjir daraxti ostida toʻxtadik. Bu yerdan koʻz ilgʻamas dengiz va kemalar u yoqdan-bu yoqqa qatnayotgan koʻrfaz xuddi kaftdagidek yaqqol koʻrinib turardi, Biz otam bilan yonma-yon oʻtirdik — uning oyogʻi menikiga tegib turardi.

U portsigaridan sigaret olib, gugurtni oliftalik bilan yoqib tutatdi. Uning koʻzlarini goʻyo soya berkitib qoʻyganga oʻxshardi.
— Dada...

U boshini koʻtardi-da, ma’nosiz koʻzlarini menga tikdi.
— Xoʻsh?

Men hech nima demadim. Biz indamasdik. Chatalqoy tomondan, koʻrfaz tutagan joyda paroxod paydo boʻldi.
— Qiziq, bu paroxodlar qayoqqa ketishyaptiykin?
— Qanaqa paroxodlar?

Hozirgina qirgʻoqdan uzoqlashgan kemani barmogʻim bilan koʻrsatdim. U xuddi qiz boladek ixcham va ulugʻvor edi.
— Umi? Istambulga ketyapti.

Balki, u haqiqatanam Istambulga bormayotgandir. Balki, u boshqa mamlakatga, hatto nomini ham eshitmaganim boshqa shaharga, qandaydir boshqa Istambulga ketayotgandir. Lekin otam: «Istambulga ketyapti»,— dedi va ortidan:
— Bu shaharning qanchalik goʻzalligini bilganingda edi!—deb qoʻshib qoʻydi. — Machitlari ham koʻp, odamlari ham.
— Bu yerdan ham chiroyliroqmi?
— Bu haqda soʻz ham boʻlishi mumkin emas. U yerdagi magazinlar ham tom ma’noda ulkan, kemalari ham bizlarnikidan kattaroq. Undan keyin, u yerda koʻpriklar bor.
— Ana shu koʻpriklar qanday qurilgan, a, dada?
— Juda oddiy. Katta boʻlganingda Istambulga borib hammasini oʻz koʻzing bilan koʻrasan.

Bizning uyimiz bilan yonma-yon boʻlgan uydan bir erkak chiqib keldi. U bizni uzoqdanoq koʻrib: «Hoy!»— deb chaqirdi. Otam oʻrnidan turmasdanoq, tutayotgan sigareta qistirilgan qoʻlini silkib qoʻya qoldi. Bu Remzining otasi edi.
— U yerda nima qilyapsizlar?
— Oʻtiribmiz.

Erkak kulimsiradi-da, oʻz yoʻliga ravona boʻldi.
— Nega endi biz Istambulga bormayapmiz? — deb soʻradim.
— Mana shunday, bormaymiz-da...
— Nega, bu yerda yaxshiroqmi?
— Yoʻq, buning uchun emas. Shunday, bormaymiz...
— Balki, u yoqqa borgingiz kelmayotgandir-a?
—Borging kelmayapti, deysanmi? Kimning ham Istambulga borgisi kelmas ekana?

Biz bir-birimizga beixtiyor tikilib qoldik. Dadamning koʻzidagi soyalar yanada quyuqlashib, natijada ular butunlay sim-siyohday boʻlib qoldi.
— Unday boʻlsa, nega ketmayapsiz?

U boshini egdida, tishlari orasidan boʻgʻiq ovozda toʻngʻilladi:
— Ketaman.

Men sevinib ketdim.
— Meniyam olib ketasizmi, dada? , — Senga mumkin emas.
— Nega endi?
— Sen hali kichkinasan. Senga u yerda kim qarab turadi?
— Oyimni olib ketamiz.
— U bormaydi.
— Men sizga hecham xalaqit bermayman. Men ham ishlayman.

U ohista jilmayib qoʻydi.
— Sen maktabni tugatishing lozim. Maktabni akangga oʻxshab aro yoʻlda tashlab ketish yaramaydi. Agar oʻqib bilim olsang, katta odam boʻlib yetishasan.

Yerdan tosh oldim-da, bor kuchim bilan Remzilarning cherepitsa tomiga uloqtirdim.
— Oʻqishni xohlamayman! Katta odam boʻlishni istamayman. Siz bilan Istambulga borishni xohlayman.

U yelkamdan quchib, boshimni siladi. Yuragim gupillab urib, chakkamda qon gupirganini his qildim. Dadam uzuq-yuluq ovozda:
— Hozir ketaman-da, keyin seni chaqirtirib olaman, — dedi.

Men uning yuziga qaradim. Uning koʻrinishi qat’iy qaror qabul qilgan odamnikiga oʻxshab jiddiy tus olgan edi.
— Rostdanam meni chaqirib olasizmi, a, dada?
— Albatta, chaqirtiraman. Faqat oʻzim joylashib olaychi...
— Qachon ketmoqchisiz?
— Bilmayman.

Men birdan Istambulga ketayotgan kemani tasavvur qildim. Mana u ufq ortida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Uning ortidan zoʻr-bazoʻr koʻz ilgʻaydigan iz choʻzilib borardi... Otam — mana shu kemada Istambulga ketyapti. Men esa qoldim. Yakkayu-yolgʻiz...

Men jon holatda otamning qoʻlini ushladim.
— Ketmang! Ketmay qoʻyaqoling, dada...

Ovozim titrardi. Men oʻzimni benihoya kichkina, himoyasiz sezdim.
— Siz axir ketmaysiz-ku, toʻgʻrimi?

Uning lablari qiyshayib, xuddi yigʻlab yuboradigandek basharasi tirishdi.
— Ketmayman... Oʻsha Istambulga borib nima ham qildim?..

Uning ovozi ham xuddi menikidek qaltiradi. Shunda men chidab turolmadimda, yigʻlab yubordim, tomogʻimga yumaloq narsa tiqilib qoldi. Men endi hoʻngrab yigʻlab yubordim. Otam koʻzimni kaftining orqasi bilan artdi-da, ikkala qoʻli bilan boshimni ushlab oldi.
— Boʻldi, yigʻlama, tinchlan. Kap-katta bolaga yigʻlash uyatmasmi?

U yana koʻz yoshlarimni artib qoʻydi.
— Sen axir katta boʻlib qolding-ku. Yoki haliyam kichkinamisan?

Men indamadim. U birinchi boʻlib oʻrnidan turdi-da, meni koʻtardi. Biz zaytunzorni oralab oʻtib, ohista qiyalikdan pastga tusha boshladik. Biz pastga tushgan sarimiz, dengiz shunchalik yuqori koʻtarilib borardi, u bilan birga port, kemalar hali-hozircha koʻzdan yoʻqolmagandi.

Bogʻda anor daraxti ostida bolalar oʻtirishardi. Otamni koʻrib, ular zumda oʻrnilaridan sakrab turishdi. Ibrohim toʻppa-toʻgʻri otamning oldiga kela boshladi. Biz toʻxtadik.
— Xoʻsh, nima gap? — deb soʻradi otam.
— Xolidbey amaki...— deya Ibrohim gap boshlamoqchi boʻldi-yu, tutilib qoldi.
— Xoʻsh?
— Demak, bu... oʻgʻlingiz bugun meni urdi. Otam jiddiy tusda qoshlarini chimirdi.
— U seni nega urdi?

Ibrohim tumshayib, yelkasini qisdi.
— Men qayoqdan bilay! Shunday, bekordan-bekorga. Oʻzi haydashni xohlamaydida, nuqul meni majbur qiladi.
— Shu gap toʻgʻrimi? — deb soʻradi dadam. Men boshimni egdim.
— Ha.
— Men kechqurun uning adabini berib qoʻyaman,— deb va’da qildi dadam Ibrohimga. — Qulogʻidan tortib devorga mixlab qoʻyaman. Endi u senga tirnogʻiniyam tegizmaydi.

Sevinib ketgan Ibrohim boshqa bolalarning oldiga ketdi. Biz dadam bilan yoʻlimizda davom etdik, keta turib Ibrohimga: «Sen hali bu qiligʻing uchun javob berasan!»— dedim. U javoban tilini koʻrsatdi.

Uyimizga buriladigan joyda dadam qoʻlimni qoʻyib yubordi. Uning terlagan kaftidan mening qoʻlim ham namiqib qoldi, men uni maktab fartugimga artdim. Men nima derkin, deb dadamga qarab turardim. U choʻqqayib oʻtirib, kurtkamning yoqasidan ushlab qisdida, keyin qoʻyib yubordi.
— Sen endi katta bola boʻlib qolding. Urishqoq bolalar bilan mushtlashishni yigʻishtir, oshiq oʻynashni ham bas qil. Undan koʻra koʻproq shugʻullanib, darslaringni tayyorlagin. Yaxshi oʻqisanggina odam boʻlib chiqasan. Tushundingmi?
— Tushundim.
— Agar odam oʻqimasa, farrosh yoki hammol boʻlib, qiyinchilikda kun koʻradi.

U meni oʻpdi. Otamning qup-quruq, qaynoq lablari, goʻyo ikkala yonogʻimni kuydirgandek boʻldi. U choʻntagidan oʻn qurush olib kaftimga qistirdi:
— Ola qol, faqat oshiq sotib olmagin. Ertaga yakshanba. Kinoga tushgin, qolgan pulingga esa yeryongʻoq olib yersan.

Men uning ortidan qarab turardim. U xuddi mendan qochib ketayotgandek orqasiga qaramay, tez-tez qadam tashlab borardi. U Yapidjiogʻliga tushdi-da, keyin Namozgohga olib boradigan yoʻlga burildi.

Men baxtsiz, ezilgan, qahrga mingan holda bolalar turgan joyga yoʻnaldim. Ibrohim meni koʻra solib uyiga juftakni rostlab qoldi.