OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTemir Qurbon
Asar nomiOʻlim sharpasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Temir Qurbon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻlim sharpasi (hikoya)
Temir Qurbon

Soʻngsiz oʻylar ummoniga gʻarq boʻlgan Umarshayx mirzo sokinlik hukmron suv sathida jimirlayotgan nurlar raqsini hayrat toʻla nigohi bilan tomosha qilarkan, yigirma-oʻttiz qadamlar chamasi quyirokda tizza boʻyi keladigan oʻtlarning shitirlagani eshitildi. Ichki bir hadik bilan ortiga oʻgirilgan edi, xizmatiga shay turgan mulozimlariga koʻzi tushdi. Uning xavotiri hali butkul arimay, shitirlash yana tak­rorlandi. Sal fursat oʻtib, Sayxunning yalang qirgʻogʻida suv ichayotgan ohu koʻrindi. Uning tim qora koʻzlari Umarshayx mirzoga suyukli kenja xotini Qorakoʻzbegimni eslatdi. U na oʻrnidan turishni va na boshqa bir harakat qilishni bilmay, ohuning suv ichishini tomosha qilardi. Ohu esa serrayib turgan mulozimlarga ham, unga ham e’tibor bermay, chanqogʻini qondirardi. Ehtimol, ohu oʻziga tahdid qilishi mumkin boʻlgan xavfni sezgandir-u, lekin saratonning jon olgʻuchi issigʻiga dosh berolmay, daryo boʻyiga kelgandir.

Qiziq, nega u yolgʻiz, toʻdadan ajralib bir oʻzi kelgan? Unday desa, Umarshayx mirzo yolgʻiz emasmi? Ayniqsa, hamma qarindoshlari birlashib, bir oʻziga hamla qilishayotgan-da... Shuning uchunmi, mirzo hatto mulozimu qoʻrchilari qurshovida ham oʻzini yolgʻiz sezardi. Ehtimol, tabiatning bu tilsiz jonivori ham oʻz toʻdadagilari bilan til topisha olmagandir...

Ohu suv ichib boʻlib ham boshini koʻtarmadi. Suv yuzida jimirlayotgan rang­lar jilvasiga bir muddat tikilib turdi-da, keyin quralay koʻzlarini toʻlin oyga qadadi. Xuddi oy bilan soʻylashayotganday va soʻzlarini tasdiqlayotganday boshini silkitib-silkitib qoʻydi. Soʻngra loyga botib qolgan old oyoqlarini yalab, yela ketdi.

Ohu oʻzidan uzoqlashgan sayin Umarshayx mirzoda uni tutib olish ishtiyoqi ortdi. U oʻylab ham oʻtirmay, duch kelgan birinchi otga yaydoq mindi-yu, ohuni quva boshladi. Ta’qibni sezgan ohu boshini burib qaragan edi, uning tim qora koʻzlari yana Qorakoʻzbegimni eslatdi. Nima qilib boʻlsa ham, uni tutib olish qasdida Umarshayx mirzo otiga paydar-pay qamchi bosdi. Ammo sezgir ohu undan oldinroq harakatini qilib dasht sari yuzlandi. Shamolday yelib borayotgan ohudan ortda qolmay, izma-iz kelayotgan mirzoning oti xunuk irillagan tovushdan hurkib ilkis toʻxtadi. Oʻzini oʻnglab ololmagan mirzo ot ustidan uchib tushdi. Old oyoqlarini osmon boʻyi koʻtargan ot ham muvozanatini yoʻqotib, uning ustiga quladi. Ogʻriqning zoʻridan dunyo koʻziga qorongʻi koʻrinib, sherdek oʻkirib yubordi...

Tahlikali tunni hali oʻn sakkizga ham toʻlmagan Qorakoʻzbegim bilan oʻtkazgan Umarshayx mirzo oʻz ovozidan choʻchib uygʻonib ketdi. Xayriyat, tushi ekan. U hali ham temirchining bosqonidek koʻtarilib tushayotgan serjun koʻkragiga tuflab, yoniga oʻgirilib qaradi. Mirzoning ehtirosli erkalashlaridan toliqqan Qorakoʻzbegim hech narsadan bexabar shirin uyquda edi. U begimning tim qora koʻzlariga soya tashlab turgan qalin kipriklariga mehr bilan nigoh tashlarkan, yana oʻsha bexosiyat tush esiga tushdi. Tavba, tush ham shunchalik aniq-tiniq boʻladimi? Axir, u suvlarning oy nurida jimirlashini, hurkovich ohuning tim qora koʻzlarini xuddi oʻngidagidek koʻrib, oʻt-oʻlanlarning shitirlashini, xunuk irillagan tovushni oʻz quloqlari bilan eshitdi-ku...

Umarshayx mirzo zarbining zoʻridan ne-ne bahodir yigitlar yer oʻpgan zabardast qoʻllari bilan serjun koʻksini gʻijimlarkan, rahmatli otasi Sulton Abusaid mirzoning (alloh undan rozi boʻlsin!) ovozi quloqlari ostida jaranglab ketdi: «Oʻgʻlim, tushda yaydoq ot koʻrsang, ehtiyot chorasini koʻrmoq lozim. Illo, u oʻlim sharpasidir...».

Umarshayx mirzo toʻshakda oʻtirgancha tushini yana bir bor boshdan-oxir eslab koʻrdi-da, shaxt bilan oʻrnidan turdi. Havo dim boʻlgani uchun odatdagidan yengilroq kiyindi va sarmast uyquda yotgan Qorakoʻzbegimni yolgʻiz qoldirib haramdan chiqdi. Eshik oldida turgan qoʻrchilarga e’tibor ham bermay, saroyning kunchiqar qismiga qarab yurdi.

Necha yildan buyon sadoqat bilan xizmat qilayotgan oftobachi mirzoning tashrifini intiqlik bilan kutayotgan edi. Umarshayx mirzo mushk-anbarlar qoʻshilib maxsus tayyorlangan suvda rohatlanib choʻmilarkan, bir zumga boʻlsa-da, xayolini band qilgan badbin oʻylar girdobidan xalos boʻldi. Lekin bu oniy lahzalar uzoqqa choʻzilmadi. Paxtaday momiq sochiqqa artayotgan yuzlarini koʻzguga solgan mirzo negadir unda oʻzini emas, balki qanchalik goʻzal boʻlsa, shunchalik qahri qattiq Fotima sulton ogʻani koʻrgandek boʻldi. Ehtimol, uni qiynayotganlarning boshida aynan Fotima sulton ogʻa turgandir. Unda endigina bir muchalga toʻlgan Bobur mirzoning holi ne kechadi?! Ota-bobolari unga ishonib topshirgan saltanatning-chi?

Saodatli kunlari tugab, qabohatli tunlar yaqinlashayotganini ich-ichidan his qilgan Umarshayx mirzo mashvarat chaqirgani esiga tushib shoshildi.

Tong otishiga hali ancha boʻlsa-da, mashvaratxona eshigi oldida gurunglashib turgan saroy a’yonlari koʻrindi. Mirzo ularning uyqusizlikdan kirtaygan koʻzlariga, horgʻinlik muhr bosgan yuzlariga qarab, bu tun saroy ahlining uxlamaganiga amin boʻldi. Oʻzi tunni qizi tenggi Qorakoʻzbegim bilan oʻtkazganini eslab, ichidan gʻijinib qoʻydi.

Umarshayx mirzo tanobiy xona toʻriga qoʻyilgan naqshinkor kursiga oʻtirarkan, beklarga qoʻli bilan oʻtirishga ishorat qoldi. An’anaga koʻra, har kim oʻz mavqeiga qarab joylashdi. A’yonlarning oʻtirishini kutgan Umarshayx mirzo bir muddat nigohlarini boʻshliqqa qadab turdi-da, keyin mashvaratga yigʻilganlarning har birini zimdan kuzata boshladi.

Eshik ogʻa Hofiz Muhammadbek doʻldoy mirzoning ma’noli qarashlariga tob berolmay, rapidadek keng yuzida zoʻrgʻa koʻrinadigan bit koʻzlarini oyogʻi ostidagi qip-qizil choʻgʻdek turkman gilamlariga tikdi. Koʻrinishidan bekka ham oʻxshamaydigan, doimo faqir odamlardek odmi kiyinib yuradigan Xoja Husaynbekning rangpargina yuzidan mirzo hech qanday ma’no uqib ololmadi.

Saroyda eng yuqori martaba va mavqega ega boʻlgan shayx Mazidbek esa hali u qaramasdan oldinroq mudom yoshlanib turadigan koʻzlarini chetga olib qochdi. Uning ravish-raftorini koʻrgan mirzoning yuragini sovuq oʻylar shirillatib oʻtdi.

Nahotki, tugʻishgan birodaridan ortiq ishongan odamlari, bor davlatini boʻlib bergan beklari, sodiqlikka qasam ichgan ahli umarosi eng qiyin pallada unga xiyonat qilsa?! Nahotki, tushida ayon boʻlgan oʻlim sharpasi mana shu tanobiy xonada kezib yuribdi?! Uning har bir soʻzini amri vojib deb biluvchi bu beklardan qay biri mirzoni mavh etishi mumkin? Bir emas, ikki marta yovlashgan Ali Mazidbekmi?! Yo qanchalik mardona boʻlsa, shunchalik fitnaga oʻch Hasan Yoqubbekmi?!

Sadoqati zohir Qosimbek qavchindan gumon qilish gustohlikkina emas, aqli koʻtohlik ham boʻlur edi. Shuning uchun ham mirzo undan sakratgan nigohini Boboquli Bobo Alibekka qadadi. Yoʻq, garchand, roʻza tutmasa-da, benamoz yursa-da, unga har qachon va har qaerda ishonsa boʻladi.

Ogʻa-ini Ali Doʻst va Mirgʻiyos bugun hammadan koʻra xotirjamroq koʻrinardi. Eh­timol, sirtiga suv yuqtirmay oʻtirgan ana shu moʻgʻul amirzodalari unga pand berishni moʻljallashayotgandir? Axir, xotin tomonidan mirzoga urugʻ sanalgan ogʻa-inilarning har ikkalasi ham xulq-atvoriyu sovuq qiliqlari bilan hammaga otning qashqasidek ma’lum-ku. Ayniqsa, munofiqligu fitnakorlikda ularning oldiga tushadigan odam zoti yoʻq. Unday desa, kurakda turmaydigan be’mani ishlarini bilsa-da, padari buzrukvori zamonidagidek har ikkalasining hurmatini joyiga qoʻyib kelyapti-ku.

Poygakdan joy olgan Ali Darvesh bilan Qanbar Alidan mirzoning koʻngli toʻq. Ali Darvesh ilgari otasi Sulton Abusaid mirzo xizmatida boʻlgan, keyin Umarshayx mirzo xizmatiga oʻtgan, sodiq beklardan ekanini bir necha bor isbotlagan. Qanbar Ali moʻgʻullardan boʻlib, Axtachidan edi. Qaynotasi Yunusxon qoshida oftobachalik qilib, keyin beklik rutbasiga erishgan. Bunday odamdan yomonlik chiqishini mirzo xayoliga ham keltirolmasdi.

Ammo koʻngli sezib turibdi: fitna ehtimoldan xoli emas. Unga suiqasd qilmoqni diliga tukkanlar ham shu yerda, roʻparasida oʻtirishibdi. Lekin kim boʻlishi mumkin? Ehtimol, ular koʻpchilikdir...

Umarshayx mirzo ikkinchi bor, faqat bu gal oldingisidan tezkor, yigʻilganlarni koʻzdan kechira boshladi. Nigohi, nogahon Ali Mazidbekda toʻxtaganda, ehtimol, buni kutmagandir, beixtiyor tipirchilab qoldi. Goʻshtdor burni, keng peshonasida reza-reza ter koʻrindi. Qozonday katta sallasi ostidan doʻng peshonasi orqali koʻzlariga tushayotgan shoʻr tomchilarni artishga ham holi boʻlmay oʻtirgan oʻrniga singib ketdi.

Xavotirga tushgan shayx Mazidbek nigohi bilan dalda berish uchun Ali Mazidbekdan koʻzini uzmasdi. Biroq, u ogʻir jinoyat ustida qoʻlga tushgan odamdek boshini koʻtarolmas, nafaqat roʻparasida oʻtirgan shayx Mazidbekka qarashga, hatto chuqurroq nafas olishga ham hadiksirardi.

Oraga tushgan uzoq jimlikni bartaraf etish hamda shoshilinch koʻrilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni kelishib olish uchun Umarshayx mirzo zabardast mushtumiga qisqa yoʻtalib oldi-da, beklarga yuzlandi:

– Xoʻjand suyining janub jonibidan cherik tortgan Sulton Ahmad mirzo va shimol tarafidan bostirib kelayotgan Sulton Mahmudxon qoʻshinlari kun sayin poytaxtga yaqinlashayotgani sizga ayondir. Hozirgina Isfara ham yogʻiy ilkiga oʻtgani haqida xabar oldik. Endi Margʻilondan chopar kelishiga ilhaqmiz. Agar Margʻilon ham yovga taslim boʻlsa, Andijon qoʻrgʻoni xavf ostida qoladi.

Hamma birdek sukutga choʻmdi. Faqat birinchi vazir darajasidagi eshikogʻa Hofiz Muhammadbek doʻldoygina soʻz qotishga jazm etdi:

– Hazrati oliylari, ehtimol, tagʻin boshqa chopar yuborurmiz?

Umarshayx mirzo eshik ogʻaning soʻzlarini eshitmagandek unga javob qilmadi. Nafsilamrini aytganda, yangi chopar yuborgandan ne naf? Uniyam yo yoʻlda dushmanlar ushlab olishadi, yo oʻzi yogʻiy tomonga oʻtib ketadi.

– Ertalabgacha kutamiz. Agar Margʻilondan biror xabar boʻlmasa, unda... unda «qanotli choparlar»ni yuboramiz. Mashvarat tamom. Hammaga ijozat.

A’yonlar ozodlik tekkan maktab bolalaridek «gur» etib oʻrinlaridan qoʻz­gʻalishdi-yu, keyin nima qilishlarini bilmay tek turaverishdi. Odatda, mashvarat tugagach, tanobiy xonani birinchi boʻlib Umarshayx mirzo tark etar, soʻngra boshqa beklar chiqishardi. Hozir esa mirzo naqshinkor kursidan qoʻzgʻalmas, oʻz xayollariga shunchalik berilib ketgandiki, hatto atrofi javonibida nimalar boʻlayotganini ham ilgʻamas edi.

Noiloj qolgan a’yonlar oldin eshik ogʻa Hofiz Muhammadbek doʻldoyga, keyin shayx Mazidbekka savol nazari bilan qarashdi. Eshik ogʻa bir muddat taraddudlanib turgach, toʻrda oʻtirgan Umarshayx mirzoga ta’zim bajo keltirib, orqasi bilan eshik tomonga tisarildi. Shayx Mazidbekning unga taassub qilgani boshqalarga ham dalda boʻldi-yu, hamma birin-ketin mashvaratxonani tark etdi.

Umarshayx mirzo xayolot dengiziga shunchalar shoʻngʻigan ediki, a’yonlar qachon chiqib ketishganini ham sezmay qoldi. Nigohini boʻshliqdan uzib, eron va turkman gilamlari ustiga osib qoʻyilgan turli yarogʻ-aslahalar, sevimli mashgʻuloti boʻlgan shikorlardan esdalik boʻlib qolgan har xil moʻynalarga qadarkan, daf’atan uni soʻngsiz vahima chulgʻadi. Nazarida, devorga iligʻliq kamon oʻqlari uni nishonga olayotgandek, oʻtkir tigʻli nayzalar koʻksiga sanchilayotgandek tuyuldi. Hadik toʻla nigohini qaerga yashirishni bilmay oyogʻi ostiga tikildi. Naqshu nigorlari har tusda tovlanib turgan choʻgʻdek gilam uni yana xayolot ummoniga gʻarq qildi...

Oʻshanda Umarshayx oʻttiz yoshli qarchigʻay yigit edi. Necha bor jang qilib, taxtu yurt talashib, talofat koʻrgan boʻlsa-da, tavbasiga tayanmagan juvonbaxt mirzo yana akasiga qarshi jangga kirgandi. Qaynogʻasining madadiga tayangan Umarshayx mirzoning bu gal Samarqand taxtini egallashiga ishonchi komil edi. Oʻzining oʻn besh ming askariga qoʻshilgan Sulton Mahmudning oʻttiz ming kishilik qoʻshiniga akasi Sulton Ahmadning dosh berishi amri mahol...

Uch tomondan baravar safar boshlagan cherik Shohruhiyada toʻqnashishi lozim edi. Ammo magʻlubiyat muqarrar ekanini bilgan Sulton Ahmad piri murshidi Xoja Ahrorga odam yuborgan ekan. Behuda qon toʻkilishini sezgan fuqaro va akobirlar pushtipanohi hazrati eshon shoshilinch yoʻlga chiqqanlar. Zamonning a’jubasi boʻlgan Ka’bai maqsudning kelishidan xabar topgan xon ham, mirzolar ham yurak yutib qonli jangga kirisholmadilar.

Ilohiy sirlar orifi hazrati Xoja Ubaydulloh oʻshanda yana bir bor karomat koʻrsatgan edilar. Muxoraba maydoniga yetib kelgan Xoja Ahror Sulton Mah­mudxonni ham, aka-uka mirzolarni ham qoshiga chorladi. Ular yetib kelganda muborak yoshlari saksondan oshgan, qordan yaralganday boshdan-oyoq oppoq libosga burkangan hazrati eshon yerga toʻshalgan chogʻroqqina bir gilam ustida tasbeh oʻgirib oʻtirardilar.

Karomati bisyor eshon janoblari avval Sulton Mahmudxonni, soʻngra urishqoq aka-ukalarni gilamga taklif qildi. Tabiiyki, oʻshanda ular nimalar boʻlayotganini anglamayotgan edilar. Eshon hazratlari ularning sarosima toʻla koʻzlariga bir-bir boqib shunday degandilar:

– Nechun shu kichik bir gilamga sigʻishgan odamlar necha minglab gilam toʻshalsa joylashadigan kenglikka sigʻmaydi. Basharti, uchovingiz bir gilamga sigʻishib oʻtira olsangiz, behuda qon toʻkmoklik nechun?!

Sulton Mahmudxon hazratning bu joʻyali savoliga ne deb javob qilishni bilmasdi. Sulton Ahmad murshidi komili eshon hazratlarining karomatlariga ichida tahsin oʻqib oʻtirsa-da, qilgan ishidan mulzam edi. Umarshayx mirzo boshini egib sukut saqlashdan oʻzga chora topolmadi.

Umarshayx mirzoni birda eshon hazratlari, boshqa safar esa, qaynotasi Yunusxon ne-ne muqarrar magʻlubiyatlardan asrab qolgan edi. Afsuski, endi har ikkisi orada yoʻq – oxirat safarida...

Oʻzini ojizu notavon sezgan Umarshayx mirzoning yuragi siqildi. Nazarida keng-moʻl tanobiy xona ham torlik qilayotganday, koʻkragidan zildek yuk bosib, nafas olishi qiyinlashdi. Yana bir oz oʻtirsa, shift bosib qoladigandek ilkis irgʻib turdi.

Umarshayx mirzo chorpaxil gavdasiga qaraganda yengilroq qadam tashlab tash­qariga chiqdi. Past boʻyi va qoʻba yuziga mos tegirma soqollik iyagini qashlay turib koʻzlari nogahon miltirayotgan yulduzga tushdi. U bir koʻzga tashlanar, bir yana yoʻqlikka yuz tutardi. Negadir hozirgi holatini ana shu bemajol va benajot yulduzga mengzab, koʻngli buzildi. Gʻayrishuuriy tarzda xotirada yana oʻsha bexosiyat tush jonlandi: tim qora koʻzli ohuni yaqindagina nikohiga olgan Qorakoʻzbegimga, yaydoq otni esa bosh xotini Fotima Sulton ogʻaga qiyos qildi. Bu oʻxshatishdan oʻzi ham qoʻrqib ketdi. Axir, yaydoq ot oʻlim sharpasi-ku!

Ehtimol, unga tomirida moʻgʻul qoni oqayotgan Fotima Sulton ogʻa choh qaziyotgandir. Axir, koʻz ochib koʻrgani boʻlsa-da, Bobur mirzodek valiahdning onasi Qutlugʻ Nigorxonimning saroydagi mavqei nafsoniyatiga tegayotgani kundek ayon-ku! Ehtimol, u zimdan Umarshayx mirzoga qoʻshib Bobur mirzoni ham mahv etish va oʻgʻli Jahongir mirzoni taxtga oʻtqazish rejasini tuzatayotgandir. Agar oʻn yoshli goʻdak podshoh deb e’lon qilinsa, davlat tizgini onasi Fotima Sulton ogʻa qoʻlida boʻladi-da...

Umarshayx mirzo vahimali xayollarini unutish uchun Axsikat qoʻrgʻonining baland devorlariga qaradi. Ularga yogʻiyning ilki yetmasligidan mamnunlik tuydi. Ayniqsa, koʻkka boʻy choʻzgan bu salobatli devorlar orti tubsiz jarliklardan iborat ekanligi hadik toʻla koʻngliga taskin berdi. Uzoqni koʻzlab qoʻrgʻonning dashtga tutash shimol tomonidan ham ikki-uch jarlik kovlatgani yaxshi boʻlgan ekan. Mana endi hamma tomondan berk qoʻrgʻon devoriga tarmashgan yogʻiy uchun bu jarliklar ochiq mozor boʻlajak, inshoolloh…

Umarshayx mirzo baland devorlarga boqib koʻngli oʻsgancha qoʻrgʻonning gʻarbiy javonibiga qarab yurdi...

* * *

Ayni shu damda shayx Mazidbek endigina oyoqqa turgan bemordek boʻshashib qolgan Ali Mazidbekning qoʻltig‘idan olib, uni qoʻrg‘onning kunchiqar tomoniga boshlayotgan edi. Bu darvozaxonaga olib boradigan yoʻlak boʻlib, u yerda hech zog‘ koʻrinmasdi.

– Namuncha shalviramasangiz, – norozi ohangda toʻngʻilladi shayx Mazidbek. – Roʻzani buzib qoʻyib, muxtasibning qoʻliga tushib qolgan moʻmindek koʻzingiz javdiragani-javdiragan. Sal boʻlmasa, mirzo janoblari sezib qolishi hech gap emas edi.

– Aytishga oson, – oʻzini oqlashga urindi Ali Mazidbek. – Axir, biz oʻz valine’matimizga qarshi bosh koʻtaryapmiz. Buni bandayam, xudoyam kechirmaydi.

– Boʻlar ish boʻlib, boʻyogʻi sinib boʻldi, – xotirjam qoʻl siltadi shayx Mazidbek. – Endi tuyamijozlik qilishingizdan hech bir naf yoʻq. Hatto valine’matingizga borib iqror boʻlsangiz ham baribir boshingiz ketishi tayin.

– Men iqror boʻlaylik deyotganim yoʻq, – darhol e’tiroz bildirdi Ali Mazidbek. – Sir ochilib qolsa-chi! Unda nima boʻladi. Ana shundan xavotirdaman.

Ali Mazidbek ovozida qanchalik hadigu xavotir boʻlsa, shayx Mazidbekda shunchalik xotirjamlik hukmron edi.

– Xudo xohlasa, sir ochilmagʻay. Avvali xudo, ammo kamina ham vaqtida tadorigini koʻrib qoʻyganman.

– Qanday qilib?!

– Avvalambor, mening qoʻrgʻonimda sizni koʻrganlar allaqachon Sayxundagi baliqlarga yem boʻlgan. Soniyan, biz mirzoni qatl etmaymiz. U oʻz ajali bilan oʻladi.

– Oʻz ajali bilan oʻladi? – Ali Mazidbekning hayronligi ortdi. – Qachon Azroil kelib, jonini oladi deb kutib oʻtirsak, Sulton Ahmad mirzo bilan Sulton Mahmudxon ikkimizning ham boshimizni silamas.

– Borakallo, – mamnun jilmaydi shayx Mazidbek. – Shuni yaxshi bilarkansiz, nechun munchalar sarosimaga tushasiz. Hech nima boʻlmagandek bemalol yuravering. Faqat menga va’da qilgan oltinlarni berishni unutmasangiz bas...

Bir hafta burun yarim tunda Shayx Mazidbek shahar chekkasidagi qoʻrgʻoniga Ali Mazidbekni chaqirtirgandi. Xavf-xatar haddan ortiq boʻlsa-da, u beknikiga yolgʻiz borishni ma’qul koʻrgandi. Qolaversa, Shayx Mazidbek ham shuni tayin qilgan ekan. Ikkalasi xufiya uchrashib, Sulton Ahmad mirzo bilan Sulton Mahmudxonning takliflarini maslahatlashmoqchi, ma’qul boʻlsa, aniq bir reja tuzib olishmoqchi edi. Ular tonggacha mubohasa qilib, oqibat Umarshayx mirzoni oradan koʻtarish bilan oʻz maqsadlariga yetishga kelishib olishdi. Faqat Umarshayx mirzoni koʻrarga koʻzi, otarga oʻqi boʻlmagan Ali Mazidbek negadir, bu ishda qancha xarajat boʻlsa koʻtarishni, ammo oʻzi shaxsan ishtirok etmaslikni lozim koʻrdi.

Hozir oʻsha suhbatni eslagan shayx Mazidbek Ali Mazidbekning murdanikidek oqarib ketgan yuzini koʻrib kulgisini tiyolmadi.

– Birov oʻlaman desa, siz kuladirsiz, – badtar achchiqlandi Ali Mazidbek.

– Asabni asrang, birodar, asabni, – istehzoli iljaydi shayx Mazidbek. – Oʻladigan axir siz emas, Umarshayx mirzo-ku.

– Sekin soʻzlang, – qoʻrqib ketdi Ali Mazidbek, – devorning ham qulogʻi bor-a...

– Xavotir olmang, hamma beklar biz tomonda. Sizdan keyin eshikogʻadan tortib Bobo Aligacha har biri bilan alohida gaplashdim. Ularga ham bizning reja ma’qul boʻldi.

Nafsilamrini aytganda, shayx Mazidbek beklarni koʻndirishi oson boʻlmadi. Boshda Sulton Ahmadning odamiga oʻzi ham rad javobini bergandi. Ammo goh Sulton Mahmud, goh Sulton Ahmad yuborgan odamlar kelaverib, ming turli va’dalar beraverib, holi-joniga qoʻyishmadi.

Shayx Mazidbek Umarshayx mirzo davrida koʻngli tusagan neki boʻlsa, boriga erishib, davru davron surib yursa-da, botinan uni yoqtirmasdi. Shuning uchun takliflarga rozi boʻlgisi kelar, ammo oqibatini oʻylab ikkilanardi. Axir, nima boʻlganda ham xoinlar begona emas: biri xonga jondek jigar, ikkinchisi qaynogʻa. Ertaga ular suiqasd ishtirokchilarini, hech boʻlmasa el koʻziga, qatl etmasligiga kim kafolat bera oladi?!

Shayx Mazidbek koʻnglidan kechgan shubhayu gumonlarni takror etib, boshqa beklar ham boshda oyoq tirab turib olishdi. Ammo u kim bilan qanday muomala qilishni yaxshi bilardi. Kimga mirzoning sarxush payti yetkazgan ozorini, kimga botiniy dushmanligini eslatib, axiyri, aytganiga koʻndirdi. Kajbahslik qilganlari ham Umarshayx mirzoning kuni bitganini, agar biror tasodif bilan yana taxtda qolsa-da, shu badfe’lligi-yu, urishqoqligi omon boʻlsa, bir vaqtlar Yunusxonga taqdim qilib yuborganidek, butun Fargʻonani boʻlak-boʻlaklab boshqalarga in’om etib yuborishini aytganda, shayx Mazidbek tomonga oʻtishdan oʻzga chora topa olishmadi.

Hamon nimadir Ali Mazidbekka tinchlik bermasdi.

– Ma’qul, bek janoblari. Ammo oʻylangan rejani qanday amalga oshirurmiz. Boz ustiga, oʻzimiz chetda qolurmiz?

Shayx Mazidbek yuziga tantanavor tus berib, shodon ishshaydi.

– Bir hafta ichinda Margʻilon bilan Qoʻqonga necha bor chopar yuborishdi. Yana deng, eng uchqur otlarda, eng tezkor choparlar. Ammo ulardan nechtasi qaytib keldi? Buni hech oʻylab koʻrmadingizmi, bek? – Ali Mazidbekning diqqati ortdi. Shayx Mazidbek endi unga e’tibor qilmasdan davom etdi. – Yoʻlga oʻz odamlarimizdan qoʻyib qoʻyganman. Agar choparlar xushxabar olib kelayotgan boʻlishsa, gumdon qilishadi. Aksi boʻlsa, oʻtkazib yuborishadi. Toʻrt oyoqli jonivorlarni minib ketgan ikki oyoqli xabarchilar qaytib kelmagach, mirzoyingiz «qanotli choparlar»ini yuborishga majbur boʻladi...

– Buni yaxshi oʻylabsiz, – dedi Ali Mazidbek, sal tinchlanib. – Lekin suiqasdga bu tadbirning nima aloqasi bor?

– Boʻlganda qandoq, – jonlanib ketdi shayx Mazidbek. – Bilasiz, kabutarxona jarlik labiga qurilgan. Ishongan odamlarimga kabutarxona ostini qulashiga bir bahya qolgunga qadar kovlab, tomidagi yogʻochlarni arralab qoʻyishni buyurganman. Mirzo janoblari kabutarlarni oʻz qoʻllari bilan uchirishni yoqtirishlari sizga ayon. Agar omadimiz kelib, bu gal ham mirzo kabutarxona tomiga chiqsalar, tom qulab tushadi. Uning zilday gavdasini koʻtarolmagan omonatgina kabutarxona kuchli zarbdan pastga agʻanashi turgan gap.

– Salohiyatingizga sallamno. Lekin...

– Hech qanday lekin-pekini yoʻq, – uning gapini choʻrt boʻldi shayx Mazidbek. – Kabutar boquvchi ham odam ekanini, uning ham siznikidek ogʻzi borligini unutmang. Qolaversa, bu olamda oltindek sariq iblisga sotilmaydigan bani odamning oʻzi yoʻq. Xudo xohlasa, hammasi koʻngildagidek boʻladi. Mana endi oʻylagan rejamizning ipidan-ignasigacha xabardorsiz. Harqalay, bir oz boʻlsa ham oʻpkangiz bosilgandir.

– Bek janoblari, men quyonyurak emasman. Biroq bu tuzluqqa tupurish boʻlmasmi? Xavotirim shundan, xolos.

– E, Ali Mazidbek, – yana uning koʻzlarida istehzo uchqunladi, – hali shu yurak bilan Xonzodabegimdek sherning urgʻochisiga egalik qilmoqchimisiz?

– Bek janoblari, haddingizdan oshmang, – Ali Mazidbekning qoʻllari beixtiyor kamariga osilgan yaroqqa yugurdi.

– Boʻpti, boʻpti, – shayx Mazidbek qaltis hazili zilga aylanib ketishini sezib bir oz yon berdi. – Tong ham oqarib qoldi. Borib saharlik qilaylik. Hademay mirzo hazratlari yoʻqlab qoladilar...

* * *

Kun choshgohdan oshgunga qadar sabr qilgan Umarshayx mirzoning oxiri toqati toq boʻldi. Ammo na Margʻilon va na Qoʻqondan chopar keldi. Noiloj qolgan mirzo soʻnggi chorani qoʻllab, «qanotli choparlar»ini yuborishga jazm etdi.

Umarshayx mirzo oʻn-oʻn besh chogʻli mulozim va beklari bilan janubiy darvozadan chiqqanda quyosh zaminni zabtiga olib boʻlgan edi. Mirzoning negadir tixirlik qilayotgan otiga qamchi bosish uchun koʻtarilgan qoʻli havoda muallaq qoldi. Nahotki, tushi oʻngidan kelsa?! Nahotki, hali qirchillama qirqqa ham toʻlmay bu foniy dunyoni tark etsa?! Ehtimol, ostidagi argʻumogʻi ham oʻsha tushida ayon boʻlgan oʻlim sharpasidir va uni muqarrar oʻlim sari olib ketayotgandir...

Otliqlar jar labiga yetib kelishganda kabutarlarning bezovtaligi yanada ortdi. Oʻzi shunday ham ular kechadan buyon suvga ham, donga ham qaramas, yuz berishi mumkin boʻlgan qandaydir xavf-xatarni sezgandek, oʻzlarini kabutarxona devoriga urishar, tashqariga chiqish yoʻllarini izlashardi. Kabutar boquvchi ham nimadandir bezovtalanib, oyogʻi kuygan tovuqdek tipirchilab, oʻzini qoʻygani joy topolmasdi.

Haliyam tinimsiz xayollarini bir joyga yigʻolmagan Umarshayx mirzo Mar­gʻilonga uchadigan kabutarning boshini silagancha kabutarxona tomiga koʻtarildi. U zalvorli qadamlari zoʻridan gʻichirlab turgan zinadan yuqorilagani sayin shayx Mazidbekdan tortib kabutar boquvchisigacha hamma boshi egilib, yerdan koʻzlarini uzolmay turishdi. Faqatgina Qosimbek qavchingina bu holdan hayratda edi. Nega ular bu qadar bezovta? Bu yerda qanday siru asror boʻlishi mumkin?!

Qosimbek qavchin savollariga javob topguncha nimadir qarsillab sindi-yu, qoʻllariga kabutar ushlagan Umarshayx mirzo koʻz ochib-yumguncha kabutarxona ichiga qulab tushdi. Qosimbek oʻrnidan qoʻzgʻalishga ulgurmay, jar labiga oʻrnatilgan kabutarxona pastga qarab indi. Tagi nuragan qirgʻoq ham unga qoʻshilib jar tubiga quladi. Sarosimada qolgan Qosimbek sher na’rasiga monand hayqiriqni baralla eshitdi-da, boshini sarakladi. Umarshayx mirzo kabutarxona ichida yotganicha pastga qularkan, xayolida rahmatli otasi aytgan soʻzlarning oxiri bot-bot takrorlanardi: «Oʻlim sharpasi... Oʻlim sharpasi...».