OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTemirtosh Jayhun
Asar nomiAgar oʻgʻil boʻlsa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Temirtosh Jayhun
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm50KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Agar oʻgʻil boʻlsa (hikoya)
Temirtosh Jayhun

— Qirqqa kirib qoldingiz, axir,— dedi zarda bilan xotinim.— Bundoq oʻzingiz haqida oʻylab, chekishni tashlasangiz boʻlardi. Bu zararli-ku!..— Shunday deb toʻngʻillagancha yonboshga oʻgirilib oldi.

Qancha vaqt oʻtganiykin? Avval stulga yastanib oʻtirdim-da, oyogʻimni deraza tokchasiga uzatdim. Keyin gazetani ochdim — qachon, qay tarzda mizgʻiy qolibman? YOZNI betoqatlik bilan kuta-kuta toqatimiz toq boʻlgandi, xuddi mazax qilganday ertalab yana havo aynidi-qoldi.
— Yoʻq, jonginam! Shunchaki sovqotibman. Oyogʻimni ushlagin, naq muz-a. Sovqotdim!

Xotinim uxlolmay, u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilganidan prujinalar gʻijirlardi. U jahl bilan teskari qarab, devorga oʻgirilib gʻujanak boʻlib yotib olgandi.
— Sovqotdim, muzlab qoldimmish, voy, tavba-ey! Tamakining kasofatimasmi? Hammasi, yer yutkur, chekishdan! Oʻzingizni haliyam yosh, deb oʻylayapsiz, chogʻi... Tortishmay qoʻya qoling!

Uygʻonganimda gazeta tizzamda yotardi, boshim koʻkragimga osilgan, boʻynim nomuvofiq oʻtirganimdan qotib qolgandi. Qancha mizgʻidim ekan? Turganimda tishim-tishimga tegmay takirlardi. Xonani koʻzdan kechirdim, stol usti betartib boʻlib yotardi. Shimim bilan kurtkamni yechdim. Oyoq uchida yurib yotoqxonaga kirdim. Pijamamni qidirib topdimda, chiroqni oʻchirdim. Yana oyoq uchida ehtiyotlik bilan yotoqxonaga kirib, paypaslay-paypaslay karavotni topdim — koshki, oʻngʻaygina boʻl-sa!—oʻringa sekingina yotdim. Pol va toʻshakning gʻi-jirlashidan xotinim uygʻonib ketdi.
— Soat necha boʻldi?
— Oʻn ikki yarim,— deya javob qildim tavakkaliga. Yotgan zahotim yoʻtal tutib qolsa boʻladimi! Tomogʻim qichishganidan, yoʻtalni toʻxtatishga holi qudratim qolmagandi. Koʻksim qisilishidan na nafas , ololaman va na nafas chiqara olaman. Binobarin, oʻpkamdan nolimayman. Nafasimni ichimga yutdim. Koʻksimda hech narsa ogʻrimayapti, shekilli. Yurak urishimga quloq tutdim. Xuddi soatdek urmoqda. Chuqur nafas oldim. Balki, xotinim haqdir. Balki teskarisidir. Har holda, haq boʻlsa kerak. Nafas yoʻllarim nikotin, zaharli qatron bilan zaharlangan shekilli. Nafasimni toʻxtatishga harakat qilib koʻrdim — qayoqda deysiz!— koʻksim yoʻtaldan tilka-pora boʻlayotganga oʻxshardi.

Bu ikki yilmi uch yil avval boʻlgandi. Kechqurunlari qahvaxonalar hamda kvartallarni aylana boshladik. Meni, albatta, oʻsha zahotiyoq ishdan kavushimni toʻgʻrilab qoʻyishdi. Men ham boʻsh kelmay, xukumat sovetiga shikoyat qilib ariza berdim. Keyin oʻylanib qoldim, axir, ular haq-ku — ularni qoʻlidan hokimiyatlarini tortib olmoqchi boʻlyapsan-ku, tagʻin ishdan haydamasliklarini talab qilganingga oʻlaymi. Gʻirt bema’nilik! Shunday yoʻlni tanlagan ekansan, jasorat koʻrsatib, temirdek sabr-toqat namunasini koʻrsata bil. Nima sababdan biz shunday qashshoqlikda yashayotganimizni ishchi hamda dehqonlarga tushuntirish lozim. Shunday qilib, kechqurunlari qahvaxonalarni aylanadigan boʻldik. Avvaliga qiyin koʻchdi, odamlar oldida gapirishga uyalardim. Xuddi qoʻzichoqlarga oʻxshab, nutq irod etayotganingda kiprik qoqmay qoʻloq osib oʻtirishadi. Koʻp oʻtmay, oʻrganib ketdim. Hammadan yomoni — gapirmasam turolmaydigan boʻlib qoldim. Mikrofonni qoʻlimga olishim bilan oʻzimni toʻxtatolmay, bulbuligoʻyo boʻlib ketaman. Nima haqda gapirganimni, xudo haqqi, keyin hecham eslolmayman. Nutq irod etayotganingda oʻzingni erkin his qilib, qalbingda shundayin jasurlik uygʻonadiki, oqibat natijasida hech narsadan choʻchimay, xayolingga kelgan narsani gapiraverasan. Bunday daqiqada inson, mening sezishimcha, jamiyat bilan chogʻishib ketganga oʻxshaydi va bu birlikni his qilganday boʻladi va unga hamma kuch, barcha jamiyatning qudrati oʻtayotganga oʻxshaydi.

Kvartal qahvaxonasiga kirib boramiz-da: «Salom alaykum!»—deymiz. «Alaykum salom!» «Biz, quloq-chakkalaringga tegib ketgan anavi siyosatchilardan emasmiz, ogʻayni, bildingmi? Saylovda ovoz beringlar, degan niyatda kelganimiz yoʻq... Siyosat nima ekanligini bilasanmi? Siyosat bilan shugʻullanmaganman deyapsanmi?.. Endi siyosatni kim qilayotganini tushundingmi? Boylar!.. Ularda buning uchun pul-mablagʻ yetarlida!..» Shundan keyin odamlar choʻntaklaridan sigareta chiqarib, chin koʻngildan mehmon qila boshlashadi: «Menikidan chekib koʻrchi, afandi!..»

Tutun bosgan, nikotin bilan zaharlangan qahvaxona devorlarida xoʻrandalarning boshlari uzra albatta tokcha boʻlib, unda materiya bilan .oʻralgan dinamikli «OGʻA» markali radiopriyomnik kattakon yashikda muzayyan turar, shundoqqina oʻchoqning tepasida esa, naq shiftga tiralgancha marshal Chaqmoq, Gʻozi Mustafo Kamol hamda «dunyoning birinchi goʻzali» Keriman Xolisning rangi oʻngib ketgan portretlari osilgan, kiraverishda esa umumdiqqatini jalb qilish maqsadida_ «Sildan qanday ehityot boʻlish lozim» degan plakat yopishtirilgan, bu avom xalqqa mansub qahvaxonalarda odamlar ularga koʻrsatilgan hurmatdan taajjublanishgancha seni oʻtkazib, mehmon qilish harakatiga tushib qolishardi. «Biz bilan choy iching, afandim Hoshim oʻgʻlim, bizga choy olib kel-chi». «Menikidan chekib koʻr-chi, bey. YOKI, balki, bizning «Birinchi» navidan hazar qilasanmi?» Nega endi jirkanarkanmiz? «Birinchi»dan tutatamiz, undan keyin «Bafru», soʻng «Byuyukkyulyub»... Endi «Kelidjik». Yana bitta «Yangi xirmon»dan. Keyin yana «Byuyukkyulyub». Yana «Birinchi». Soʻng «Sipohiodjagʻi». Yana «Ikkinchi...» Faqat ertalabga yaqin itdek charchab oʻringa choʻzilasanu xayolga botasan: necha stakan choy, qancha likob qahva ichib, necha pachka sigareta chekding-a? Nikotin, hamda kofeindan lablaring yorilib ketadi, xuddi ularga zahari olud surtilgandek. Natijada, uyqu ham harom. Xoʻrozlar qichqira boshlaydi, men esa u yonboshdan-bu yonboshga agʻdarilganim-agʻdarilgan...

Xotinim haq... Bu yoʻtalim sovuqdan emas, sigaretadan. Chekishni tashlash vaqti yetdi. Nega endi? Nega endi chekishni tashlashim kerak ekan? Agar xotinimga quloq soladigan boʻlsam, darhol chekishni tashlashim kerak: birinchidan, ortiqcha xarajat, ikkinchidan, bunisi muhimroq — u buni ayniqsa ta’kidlashni yaxshi koʻradi!— sigareta umrning egovi. Qon tomirlarini parchalaydi. Yurakni ishdan chiqaradi. U oʻpka rakini keltirib chiqaradi. Oshqozonni kasallantiradi. Lekin men bir qarorga kelolmayman, turmushing oʻngidan kelmagan ekan, yashash kerakmi yoki yoʻqmi? Qirqni ham urib qoʻydik. Ishdan darak yoʻq. Hammasi tasodifga bogʻliq! Faqat muvaqqat ish topishga muvaffaq boʻlaman. Qayoqqa bosh suqma, hammayoqda ham burningni tagida eshikni berkitib olishadi — axir, hammaga otning qashqasidek ma’lumsan-da: «Xalqqa siyosat nimaligini tushuntirishga urinib koʻrdingmi!»
— Voy-voy-ey, rosayam sovqotib ketdim-ku — dedim xotinimga.— Oyogʻimni ushlab koʻrgin, xuddi yaxga oʻxshay-di! Hecham isimayapman. Ochiq deraza oldida uxlab

qopman. Sen boʻlsang nuqul sigareta, sigareta, deb urishganing-urishgan!.. Jin ursin! Barga qatnamasam, qarta oʻynamasam. Yana chekma deysan-a!.. Bunday hayotga tupuraman!..

Xotinim poʻngʻilladi-da, yana menga orqa oʻgirib oldi.
— Chekavering! Chekavering bu zaharni, salomatligingiz uchun to tonggacha yoʻtalib chiqavering!..

Darvoqe, yana qirq yil yashashni xohlash-xohlamasligimning unga necha pullik ogʻirligi tushdi ekan, hayronman!

Kechqurun avtobusdan tushib negaligini oʻzim ham bilmayman, odatdagi yoʻl bilan uyga emas, balki machit tomonga yoʻnaldim. Yana bir kun behuda oʻtdi, mana besh kundirki hech qayerdan ish topolmay sarson boʻlyapman! Machit oldi rastalar bilan tirband. Taksi toʻxtash joyi... Shofyorlar xirillagan ovozda: «Kep qoling, kimni kvartalga olib borib qoʻyay?..»— deb qichqirishardi. Qarasam, deyarli barcha olib sotarlar yangi bodring sotishyapti. Bodringlar hozirgina palagidan uzib olinganday koʻrinsin, deb unga suv sepishyapti. Ba’zilari esa, agar xohlasang, bodringni archib, ustamasiga tuz ham qoʻshib berishadi. Ularda xuddi ustaraga oʻxshash pichoqlar bor. Uni bodring yuzasidan xuddi soqol olayotgakdek avaylab yurgizishadi. Koʻm-koʻk poʻstini yupqa qilib kesishadi. Bodringning hidiga soʻlaklarim oqib ketdi. Bodringlar har holda, ertangi boʻlmasa ham nechukdir donasiga bir yarim lira soʻrab oʻtirishibdi. Bitta rezavorfurushning oldida toʻxtab,bodringni qoʻlimga olib u yoq-bu yogʻini koʻrgan boʻlib, narxini soʻradim. Keyin boshqasining oldiga yoʻnaldim. yoʻq, kesgan joylaridan ushlab, bir qurush ham yon bosishmayapti. Choʻntagimdan uch lira olib, Tunjeli viloyatining Pertek degan joyidan olib kelingan ikkita bodring sotib oldim. Zab gazak-bopda, oʻziyam!

Bodringlarni gazetaga oʻradim-da, rezavorfurush va mashinalar orasidan oʻtib uyga yoʻnaldim. Birdan qalbim shodlikdan yengil tortib ketdi!..

...Oʻshanda besh yoki olti yoshda edim, shekilli. Otam qoʻlimdan ushlab olgandi — charchaganimdan oyoqda zoʻrgʻa sudralib kelayotgandim. Darvoqe, yurib emas, uniig qoʻliga osilib kelayotgandim. Biz shaharchadan qaytib kelayotgandik. U yerga nega boruvdik? Nega dadam meni oʻzi bilan olib ketgandi? Esimda yoʻq. Oyogʻimda qoʻy terisidan tikilgan sariq choriq, issiqda uzoq yurganimizdan oyogʻim shishib ketgandi. Biz yoʻlga chiqqanimiz-da soʻfi hali bomdod namoziga azon aytmayotgan edi, qaytayotganimizda esa kechki namoz boshlanay-boshlanay deyayotgandi. Quyosh ufq ortiga bosh qoʻygandi. Avshar bobo kechki salqin tushishi bilanoq polizga suv quya boshlardi. Eski tosh novdan oqib tushayotgan ingichka irmoqchani boʻgʻib polizga oqizgan bobo yoʻl boʻyidagi shiyponning ustuniga suyanib bodring, tarvuz hamda qovunning koʻm-koʻk palak yozgan egatlari aro shildirab oqayotgan suvni zavq bilan tomosha qilib turgan ekan. Shu vaqt biz kelib qoldik. Avshar boboni koʻrgan zaxotim, qoʻlimni otamning kaftidan tortib oldim-da, shiypon oldiga chopib borib, barglar orasiga yashirinib olgancha oʻzining sap-sariq gullari bilan imlayotgan tiqmachoqdek, gʻadir-budir bodringlarga qarab toʻxtab qoldim. «Obbo xoʻtikcha-ey, xudo oʻz panohida saqlasin!»— yaqinlasha turib, men haqimda shunday dedi otam. Bobo oʻchib qolgan papiros qoldigʻini ogʻzidan oldida, nov tomonga chertib yubordi. Keyin tamakidan sargʻayib ketgan tirnoqlari ichiga tuproq kirib qoraygan beoʻxshov dastpanjasi bilan sochini taroqladi va otamning gaplarini qaytardi: «Obbo xoʻtik nabiraginam-ey!» Boboning qoʻli, yuzi, ilma-teshik kamzuli — hammasiga xuddi otamning soqol-moʻyloviga oʻxshab tamaki hidi oʻtirib qolgandi. Bu hidni men yaxshi bilardim. Koʻpincha biznikiga otamning ukasi Xakki kelib turardi. U har gal kelganida meni osmonga irgʻitib oʻynatar, tizzasiga oʻtirgʻizar, keyin yergacha egilib qoʻlimdan ushlagancha boshidan oshib oʻynatardi. Bu oʻyinni bizda «ajal sirtmogʻi» deb atashardi: Keyin quchoqlab, yonogʻimdan oʻpar va: «Akang qaragʻayning xoʻtikchasi!» deb erkalatardi. Amakim ham ashaddiy kashandalardan edi. Onam: «Sen ketganingdan keyin, qaynijon bir haftagacha boladan tamaki hidi gurkirab turadi»,—deb toʻngʻillardi. Esimni tanibmanki, onam tamakini koʻrarga koʻzi yoʻq edi. Amakim indamasdi. Menga qarab fitnachilardek: «Onangga e’tibor berma», deganday koʻzini qisib qoʻyardi. Onamning vaysashlarini eshitmaganday uning tizzasiga chiqib olib, xuddi qoʻyday yuvosh tortib oʻtirib olardim. U boʻlsa: «Qani, bir eshakka oʻxshab hangrab berchi!»—derdi. Har doim shunday nayrangdan keyin Xakki amakim albatta menga biror-bir shirinlik berishini bilardim. Uningʻ choʻntagida doim men uchun mavsumga qarab biror-bir sovgʻa boʻlardi. Agar oʻsha kuni shaharchaga borishga ulgurgan boʻlsa, hatto apelsin ham olib kelardi. YOKI shirin qoʻzoq, ba’zida kashtan. Bir marotaba esa choʻntagidan koʻk-qizgʻish tayoqchalar chiqardi. Men ajablangancha: «Bu nima?»—deb soʻrardim, u: «Shakarqamish»,— deb tushuntirdi.

«Sen oʻzing zap azamat yigitsan-da! Eshitishimizcha, hangrashda hech kim senga bas kelolmas emish-a,— kulgancha derdi Avshar bobo va dagʻallashgan kaftlari bilan gardanimga shapatilab qoʻyardi.— Qani bir hangrab berchi, evaziga kursillama bodring olasan!» Bor kuchim bilan kuchanib eshakka taqlidan qattiq hangray boshlardim. Har kimga ham bunday san’at nasib qilavermasligiga ishonchim komil holda, xuddi xoʻtikchaga oʻxshab qoʻlimni orqaga qilib kekirdagimni choʻzgancha qichqirardim. «Voy xoʻtikvachcha-ey!»—deya tupurardi otam, lekin uning jahli chiqmay, faqat hazillashayotganini bilardim.

Men oʻz ishimni vijdonan bajarganimdan keyin, Avshar bobo egat oralab ikkita koʻm-koʻk, kursillama edi. «Darslaringni qildingmi?»— deb soʻradim. Keyin qizimga oʻgirilib: «Dasturxon tuzatvor-chi!»—dedim. «Bodring solingan likobchani stolga oborib qoʻy, lekin qoʻlingni tekkizma!»— bu endi kichkinamga tegishli edi.

«Bugun matematika oʻqituvchimiz doskaga chaqirdi, men hammasiga javob berdim»,— dedi oʻgʻlim. Aftidan, meni xursand qilmoqchiga oʻxshaydi. Yana uning koʻziga qarasammikin? Jilmaysammikin? Hech bir toʻxtamga kelolmasdim. Agar u faqat meni xursand qilish uchungina aldagan boʻlsa-chi? Uning koʻziga qarasam, u uyalsa-chi? Meni xursand qilmoqchi ekan, yigitchani fosh qilishning nima hojati bor?.. «Barakalla,— dedim-da, unga qaradim.— Yaxshi oʻqishga harakat qil, kam boʻlmaysan!..»

Bugun kechqurun avtobusda kelayotganimda yonimda oʻtirgan kishi gazetani xuddi choyshabdek yoyib olib oʻqiyotgandi. Aftidan, u qoʻlini chala yuvgan shekilli, shundoqqina barmogʻi tagida kattakon dogʻ qolgandi. Gazetada oʻqlogʻday-oʻqlogʻday harflar bilan: «Toʻrtta anarxist samolyotni Sofiyaga olib qochib ketishdi», deb yozilgandi. Teskari qarab, oynaga tikilib qoldim: negaligini bilmaymanu, lekin birdan yuragim siqilib ketdi. Oʻzimni alahsitish uchun oynadan tashqariga qaray boshladim. Lekin fikrlarim sarlavha atrofida charx urardi. Shu orada qoʻshnim yoʻlakda turgan qandaydir nusxa bilan gap sota boshladi. «Bu padar la’nati komonchilarning barini qirib tashlasang! deya aljiradi yoʻlakda turgan nusxa.—Ja quturib ketishdi! Na hukumatni-yu, na boshliqlarni tan olishadi! Sen menga ayt-chi, ogʻayni, boy bolalari orasida komonizm degan yaramas narsa urfga kirib qoldimi, nima balo?» Mening birdan sabrim tugab, beixtiyor boshimni oʻsha tomonga burdim. Xuddi birov uni mushtumida gʻijimlayotganday yuragim siqilib, isitmam chiqib ketdi: tomirlarimda qoʻrgʻoshinmisol qon yugurganday boʻldi. Yelkam terdan hoʻl boʻlib, qulogʻim shangʻillardi. Ha, demak, boylarning arzandalari orasida deng. Bechora onajonim atigi oʻttiz besh yoshda edi, u boʻlsa toʻqqizinchisini, yana oʻlik tugʻdi. Minglab guvoh chaqirganing bilan hech kim oʻshanda u oʻttiz besh yoshda ekanligiga ishonmaydi. Deyarli har kuni boshini durracha bilan chandib bogʻlab olib, oʻzini karavotga tashlagancha: «Voy jonim-ey, shoʻrim qursin! Yana la’nati kasal tinka-madorimni quritib yubordi! Boshim ogʻriqdan yorilib ketay deyapti!..»—deya oh-figʻon chekardi.

Oʻzim sezmagan holda yoʻlakda turgan ishchining koʻziga qarashga urinardim. Yuzi uzunchoq, oppoq boʻlib, xuddi mumdan qilinganga oʻxshardi. Birdan bu tirish basharaga qarash koʻnglimga urdi. Men. charchagancha oʻtirgʻich suyanchigʻiga suyandim. Shundoqqina toʻgʻrimga ma’nosiz tikildim. Oldinda oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yoshlardagi yigitcha turardi. Aftidan, studentga oʻxshaydi.

Qop-qora sochlari kirlab ketgan boʻlib taroq bilan emas, dastpanjasi bilan taralgandi. Ya’ni, masalan, taralgan desayam boʻlaveradi, taralmagan desayam. Ensasini qoplagan patila-patila sochlari naq kurtkasining yoqalarigacha tushgan. Boz ustiga, chakka moʻylari deyarli quloqlarini ham yopib yuborgandi. Uning yonginasida sochlari boʻyalgan, malla qiz silkinib kelardi. Avtobus, ayniqsa, qattiq silkinganda u naq yigitning quchogʻiga kirib ketgudek boʻlardi. Xuddi oynaga qaramoqchiday dam-badam koʻz qiri bilan u tomonga qarab-qarab qoʻyardi. Yigit esa— u menga yonlamasi koʻrinardi — qizning oyogʻidan koʻz uzmas, tirsaklarini esa xuddi qanotdek kerib olgan boʻlib, uning koʻkragiga noxosdan tegib ketishga harakat qilardi. Qoshlarini chimirib, jiddiy turardi. Siyrak, mayin soqoli yuzini chiroyli qilib turardi. Yuzi hali dagʻallashmagan, boz ustiga, birortayam ajini ham yoʻq boʻlib, terisi sip-silliq edi. Koʻz ostida xaltachalari yoʻq, qovoqlari sargʻaymagan. Vaqtini topib, men uning koʻziga qarashga muvaffaq boʻldim: yo kulrang, yo qoʻykoʻz, yo zangori. Hanuz qoshlarini chimirgancha, atrofiga magʻrur qarardi. Nega endi uning sip-silliq, birortayam ajinsiz yuziga qarab turib oʻlim haqida eslab qoldim-a? Esladimu oʻyga toldim.

Oldimda oʻtirgan oʻgʻlim shekilli? Yoki hasadu gʻayirlik aralash qarayotganim qaytmas boʻlib ketgan yoshligimmi?

Qarshimda xuddi bundan bir necha oʻn yil avvalgi kaminai-kamtarin — oʻzim turgandayman... Ha, boʻlmasam-chi? U — bu oʻzim ekanligini, faqat bir necha oʻn yoshga yoshroq ekanligimni tushungan zahotim, mana shu bir necha oʻn yilini yaqqol his qilganday boʻldim... Va bugun kechqurun avtobusda kelayotib bexosdan miyamda, men ham kunlardan bir kun — balki, xudo biladi, hatto ertaga-yoq! — oʻlib qolishim mumkin, degan fikr. charx urdi...

Bundan chiqdi, kishi hali yosh ekan, u oʻlimni chollarga qarab eslasa, oʻzi qarigach esa, oʻlim haqida unga yeshlik eslatib turarkan-da! Nega endi chollarga bu yoshlar yoqmaydi? Nega endi ular yoshlardan qoʻrqadilar, agar qoʻllaridan kelsa oʻldirishga ham tayyorlar?.. Buni men faqat bugun angladim. Chunki yoshlik keksalar uchun oʻlimning elchisi-da. Endi qoʻllaridan hech vaqo kelmasligini, bir oyoqlari toʻrda boʻlsa, bir oyoqlari goʻrda ekanligini esga solishdir.

Men qaysarlik bilan manavi yigitchaning koʻzi qanaqa rangda ekanligini koʻrmoqchi boʻlardim. Vaqt oʻtgan sayin inson koʻzlari ham oʻzgararmikin — uning rangi, jilvasi, ifodasi degandek? Hayot hammasini ostin-ustun qilib, aralash quralash qiladi, almashtiradi, ana shunda inson koʻzidaga jilva yoʻqoladi, ularning ifodasi xuddi bizlarning umidlarimiz va xohishlarimiz ustini kul bosgandek sezilmay ketadi.

Men mana shular haqida oʻylab, xuddi manavi yigitchaday qovoq uyub oʻzimga-oʻzim gapirardim — uyulgan qovoqlar, menimcha, erkakni odamshavanda qilib koʻrsatib, uning husniga husn qoʻshadi! Keyin shahd bidan oʻrnimdan sakrab turdim: tushadigan bekatimgacha tik tura qolaman. Gazeta sahifasiga koʻzim tushib qoldi: samolyotni oʻgʻirlagan yigitlardan bittasi ob’ektivdan panalamoqchi boʻlganday yuzini qoʻli bilan berkitib olibdi. Rasm telefoto orqali olingan edi. Boshqasida esa avtomat ushlagan yigitcha samolyotning dum tomonidagi trapda xuddi soqchiday turardi. Yozishlaricha, toʻrtalovi ham studentlar ekan.

«Oh shoʻrim qursin!—deya nolirdi onam.— Hadeb qizlarga koʻz suzgandan koʻra, yaxshisi, maktabda oʻqisang boʻlmaydimi! Odam boʻlarding. Mana mendan qiyos, bir burda non uchun yelkamning yagʻirini chiqarib ishlaganim-ishlagan. Hech boʻlmasa sen shu qismatdan qutularmiding. Bor, oʻgʻlim, shaharga ket, mulla boʻlib kelasan!» Universitetni bitirayotgan kunim Xakki amakimdan telegramma keldi: «Tez yetib kel, onang ogʻir kasal». Telegramma yuborishayotganda u allaqachon bandalikni bajo keltirib boʻlgan ekan, menga buni kelganimdan keyin gapirib berishdi...

«Oʻqi, harakat qil, shundagina odam boʻlasan!»—dedim oʻgʻlimga sovuqqon ovozda, ha, xuddi shunday, sovuq-qonlik bilan...

Xotinim, men bari biram bugun ichishga ahd qilganimni koʻrib ishlarini tamomlab, menga dasturxon tuzashga yordamlashish uchun oshxonaga tashrif buyurdi. Xotinimni koʻrib, men yana xursand boʻlib ketdim: demak, bu qishda biz yana bitta jonga koʻpayarkanmiz-da! Mehr bilan uning koʻziga qarab, jilmaydim.Lekin butun uyni tutib ketgan bodring hidi xayolimni parokanda qilib yubordi, mazkur hid soʻlagimni oqizib, koʻnglimni ozdirib yuboray derdi! Katta oʻgʻlim yonimda oʻralashib yurardi, biror-bir buyrugʻimni ogʻzimdan chiqmasdanoq bajarish ishtiyoqida koʻzimdan koʻzini olmasdi,— u menga xushomad qilish payida edi. Uyam balo, dasturxon tuzalyaptimi, demak, men ozgina otib olaman, odatda ichganimdan keyin xushchaqchaq va muloyim boʻlib qolaman. Qizim oshxonadan uyga tanda qoʻyardi. Dasturxon tuzalib, dadalari ichishga tayyorlanayotgan oqshom — bolalar uchun naq bayram boʻlib ketardi — oʻzimning boshimdan oʻtgan, otamni eslayman. Mana, nihoyat oʻgʻlim aroq shishasi bilan boshqa bir shishaga suv solib stolga olib kelib qoʻydi. Qizim muz olib keldi. Xotinim brinzani suv solingan tovoqqa qoʻydi. Nima jin urib ertalabdan oʻgʻlimga oʻshqirib, unga shippagimni ota qoldim? Mening qarayotganimni sezmasin, degandek, yer ostidan aybdorlarcha unga qarab qoʻydim. Oriq, niholday ingichka — uni erkalab, oʻpib qoʻysam boʻlarmidi!.. Men zoʻrgʻa oʻzimni bosib, stakanlarni olib oshxonadan uyga shitob bilan chiqib ketayotib, doim oyoq ostida oʻralashib yuradigan kichkintoyni yiqitib yuboray dedim. «Obbo xoʻtikcha-ey!—deya hayqirdim.— Nega oyoq ostida oʻralashyapsan! Qani jimgina oʻtirgin-chi!» Stakanlarni jaranglatib chap qoʻlimga oldimda, oʻng qoʻlim bilan bolani koʻtardim. Yonogʻidan oʻpdim. «Shundoqqina eshik oldida turibsanu miq etmaysan. Bunaqasi ketmaydi!» Bolakay qulogʻimni changallab olib, kuchining boricha choʻza boshladi. «Voy xoʻtikcha-ey! Yana mening qulogʻimni ham choʻzadigan boʻldingmi. Bilasanmi, men hozir seni qayoqqa yuboraman? Qani, oʻzing ayta qolchi!»

Oʻgʻilcham kulib yubordi: men nima demoqchiligimni biladi-da. «Onangning arvohiga!» «Xuddi shunday,— vahimala qaytardim.—Onangni arvohiga!» «Balli! Ofarin!—deya xotinim oshxonadan turib qichqirdi.— Bolaga nimani oʻrgatishni zap topibsiz-da!»

Xakki amakim bilan «besh okkani tortayotganimiz-da», odatda u meni ilmoqqa ilib qoʻyardi, men boʻlsam tushib ketaman, degan qoʻrquvda bor ovozim bilan chinqira boshlardim. Shunda otam: «Koʻp chinqiravermay, boplab soʻk! Xotiniyu onasi qolmay soʻkaver, qani — boʻsh kelma!» derdi. Amakim shu zahotiyoq meni qarshisiga qoʻyib, qoʻlimdan ushlagancha, tahdidla ustimga engashib: «Qani, aytib koʻrchi,— derdi.— Oʻgʻil bola boʻlsang, kampirimni soʻkib koʻrchi, kuningni koʻrasan, xoʻtikcha!.. Meni haqorat qiladigan odam hali bu dunyoga kelmagan. Kimda kim kampirimni soʻksa, bilasanmi, men uni nima qilaman?..» Men boshimni goh otamga, goh amakimga burgancha agar soʻkinsam shapaloq yeymanmi, yoʻqmi bilib olishga urinardim. Men amakimning koʻziga tikilgancha qoʻrqa-pisa: «Kampiringning arvohiga!» — derdim. «Yoʻq, bundaqa emas, oʻxshatolmading!»— deya baqirishar-di ikkovlari baravariga. Shundan keyin amakimning oldida xoʻrozday hurpayib olardim. Endi bari biram hech narsa bermasliklarini bilardim-da. «Kampiringni arvohiga peshkam. Mana shundaymi?» «Aha, yaramas!»— amakim shunday degancha, kaftlariga tuflab menga tashlanmoqchi boʻlayotganday qiyofaga kirardi. «Voy manavi mishiqini-ey,— derdi u,— men hozir seni dabdalangni chiqarmasammi! Voy eshakning bolasi-ey!»— «Barakalla! Yana bopla-chi!»—deya xaxolardi otam.

«Hoy, kampir,— deb baqirardi amakim,— ustaram qayoqda? Men hozir manavi shaytonvachchaning qulogʻini kesib olaman!» Men najot qidirib otamga tashlanardim-da, qoʻltigʻining tagiga biqinib olardim. «Kesib olaman!—deya baqirardi amakim.— Mana koʻrasizlar, kesib olaman!» Lekin kesmasdi. Men esa, qoʻrquvdan esim chiqib ketardi. Bir marta esa amakim choʻntagidan ustarasini chiqarganda men shunaqangi baqirib yubordimki, otam meni mahkam ushlab olib bagʻriga bosdi. Shundan keyin men undan qoʻrqmaydigan boʻldim. «Agar kessangiz ham bari bir kampiringizning arvohiga peshkam!» «Toʻgʻri!—deya kulardi otam.— Boplading!» Mening gaplarim hammaga yoqishini koʻrib battar suyulib, qattiqroq baqira boshlardim: «Onangni ham arvohiga peshkam!» «Voy eshak bolasi-ey!—deya jahli chiqib, qovogʻini uyardi otam.— Endi bunisi hech narsaga yaramaydi. Uning onasi, yaramas, mening ham onam, sening esa buving boʻladi». «Boʻlsa boʻlar!»—deya javob qilardim, shunda hammalari kulib yuborishardi. Mening ikkita opam bilan akam boʻlgan, lekin ular kichkinaliklari-da oʻlib ketishgandi. Men, yagona men, tirik qolgandim.

«Nima boʻpti?—deb soʻradim xotinimdan.—Shungayam ota goʻri qozixonami! Bu mamlakatda yashar ekan, demak, soʻkishni ham bilishi kerak!» «Balli! Barakalla!»—deya oʻzini bosolmasdi xotinim. Men u bilan tortishib oʻtirmadim. Kayfiyatim yaxshi edi. Aroq bilan bodring haqidagi fikr benihoya shodlik hissini tugʻdirmoqda edi. Mana shu shodlikni iloji boricha choʻzishni xohlardim. Men ehtiyotlik bilan oʻgʻlimni divanga oʻtqazdim. Stakanlarni stolga qoʻyib, oʻzim ham oʻtirdim. Stakanga aroq quydim-da, yarmiga suv qoʻshdim. Arpabodiyonning hidini tuygan zahotim, shunaqangi ichgim kelib ketdiki, hatto nafasim tiqilib qolay dedi! Balki, mana shuning oʻzi — ya’ni barcha ikir-chikirlari bilan!—hayotdir. Yana mazkur ikir-chikirlardan lazzatlana olish ham kerak — jin ursin!

Xotinim qoshiq-vilkalarni va boshqa mayda-chuydalarni olib kelib stolga rasamadi bilan qoʻydi. Men zargʻaldoq rangli hoshiyali likobchani olsb, unga brinza kesib qoʻydim. Vilkada ikki boʻlak bodring olib, brinzaning yoniga qoʻydim. Yupqa, shaffof stakanga choʻzildim-da, labimni tekkizib jindakkina hoʻpladim. Keyin stakanga muz boʻlagini tashladim. «Oh-oh, qanday maza-ya! — dedim oʻzimga-oʻzim.— Men shu onda baxtliman, qolgan hammasiga tupurishni xohlardim!» Lekin shu vaqt negaligiga aqlim bovar qilmaydi, bu qishda yana bir jonga koʻpayishimiz esimga tushdi. Haligacha bir toʻhtamga kelolmayman: bu bizga kerakmi yoki yoʻqmi, lekin faqat bu haqda bosh qotirgim, hisob-kitob qilgim va chamalagim kelmasdi...

«Tez-tez!—deya buyruq qildim bolalarga.— Stolga oʻtiringlar!»

Yaqin-yaqindan negadir qovoqxonalarni jinim suy-may qoldi. Uyda stol atrofida, oila a’zolaring, bola-chaqalaring qurshovida oʻtirib qittay-qittay ichganingga nima yetsin — bu meni yanada baxtliroq qiladi. Balki uyda oʻzimni erkinroq va xotirjamroq his qilsam kerak-da? Chap tomonimda qizim, uning yonida kichkintoyimiz, oʻng qoʻl tarafimda katta oʻgʻlim, qarshim-da esa xotinim oʻtirishibdi. Xotinim tuxum qovurib, hammamizga tengdan boʻlib berdi. Ichayotganim uning achchigʻini keltirayotgan boʻlsa ham, lekin buni bildirmaslikka harakat qilayotganini sezib turibman. Lekin mana shu jajji shodlikni, mana shu mitti baxtni choʻchitib yubormaslik uchun ham indamay oʻtiribdi.

«Nafsilamrini olganda, xotinim ajoyib ayol,— degan fikr miyamda yilt etdi.— Qashshoqlikka ming la’natlar boʻlsin!» Men katta oʻgʻlimga qarab koʻz qisib qoʻydim.

«Hammaga bir boʻlakdan bodring!»—deya buyruq berdim-da, jilmaydim. Oʻgʻlim sevinib ketib, shu zahotiyoq bodringning bir boʻlagini oldi-da, tishlab likobchasining yoniga qoʻydi. Kichkinasiga esa ustiga bir oz tuz sepib bodring boʻlagini oʻzim uzatdim. «Qani, tishla!..» Keyin aroq quyilgan stakanni koʻtardim. «Bugun uning sharafiga»,— dedim xotinimga. U indamadi. Keyin sovuqqina: «Sogʻ boʻl!»— dedi. U mening yuzimga qaramaslikka harakat qilardi. Koʻnglimga qattiq botadigan gaplarni gapirib yubormaslikdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turibdi.

«U deganingiz kim?»—deb soʻradi katta oʻgʻlim. «Hech kim»,— dedim-da, aftimni bujmaytirgancha ichib yubordim. Bundan ortiq huzur-halovat bormikin! Olovdek suyuqlik tomoqni lovillatgancha tomir-tomirlaringga tarqalayotganini his qilishni yaxshi koʻraman.

Bezgakdan keyin endigina oʻrindan turgandim. Xinin ichaverib sap-sargʻayib ketgandim. «Kimga oʻxshab qolibsan?!—deya dahshatga keldi Xakki amakim.— Sariq ipakdek sargʻayib ketibsan-ku...»

Ular er-xotin biznikiga mehmon boʻlib kelishgandi. Hammamiz ovqatlangani oʻtirdik. Amakim oʻz odaticha mening jigʻimga tegishga harakat qilib koʻrdi. Meni oʻrnimdan qoʻzgʻatish uchun tegajaklik qilardi, lekin menda qimirlashga hol qayda, deysiz. Axir, darmonim yoʻq edida. Boʻynim qiltiriqday boʻlib qolgandi. Burchakda yetti bukilib bazoʻr oʻtirardim. Amakim ovqat tiqishtirib, manavindan, anavindan yeb koʻr, deya holi jonimga qoʻymasdi. Men boʻlsam, hech narsa yegim kelmas, ovqatni koʻrsam koʻnglim aynardi. «Voy la’nati-ey! — derdi jahl bilan otam.— Axir, ovqat yemasdan ham boʻlarkanmi!» Usha kuni onam mehmonlar sharofatiga shirguruch pishirgandi. Otam: «Qani, bu yoqqa kel-chi!»— deb meni chaqirib, tizzasiga shapatilab qoʻydi. Men istar-istamas unga yaqinlashdim. «Xotin,— dedi buyruqomuz ravishda otam,— shirguruchdan olib kel!» Xakki amakim ovqat solingan tovoqni olib otamga berdi. Otam meni tizzasiga oʻtkazib bir qoʻli bilan mahkam ushlab oldi-da, boshqasiga qoshiqni olib tovoqdan shirguruch oldi. Uning qoʻli titrardi.— Men oʻshanda ilk marta otamning qoʻli qaltiraganini payqagandim — u qoshiqni ogʻzimga tiqib: «Qani, tezroq yut, boʻla qol!»—derdi. Ovqatni koʻrishim bilanoq koʻnglim ayniganidan tishlarimni mahkam qisib olgandim. Otam qoshiqni ogʻzimga tiqqancha astar-avramni agʻdaribsoʻkardi. Qoshiq tishlarimga tegib taraklar, ovqat koʻksimga, tizzalarimga toʻkilardi. Otamning qoʻzlarijahldan dum-dumaloq boʻlyb ketgandi. «Tezroq ye, yaramas! Boʻlmasa xuddi kuningni koʻrsataman!» Qoʻrqqanimdan ogʻzimni ochdim, issiq shirguruch tilimni kuydirdi, ogʻriqdan sal boʻlmasa chinqirib yuboray dedim. Yutishga qancha harakat qilmay, yutolmasdim.

Shundan keyin shirguruchni naq otamning basharasiga tuflab yubordim. Oʻ meni polga uloqtirdi-da, bir shapaloq urdi. «Voy itdan tarqagan la’nati! Eshak»— deb soʻkingancha soqoli bilan yuzini sochiqqa artardi.

Men uyni boshimga koʻtarib yigʻlab yubordim. Xakki amakim meni qoʻliga koʻtarib oldi. «Voy, jinnivo-ey...— qoʻlida tebratgancha derdi u. — Axir, shunaqayam qiladimi odam, tagʻin otasining basharasiga tupuradimi-a? Qani, ogʻzingni och-chi, menga bir koʻrsatchi...» Men baqirib yigʻlagancha ogʻzimni ochdim. Amakim birdan bor ovozi bilan oh-voh qilib yubordi: «Hoy akajon, yigitchaning ogʻziga bir qaragin-a. La’nati kasal bechorani qay ahvolga solib qoʻyibdi! Bulgʻatibdi, haromlabdi. Tili boʻlsa qip-qizil, shishib ketibdi!.,» Amakimning xotini ham yugurib kelib, u ham oh-voh qila boshladi. «Bunday kasallikning birdan-bir davosi aroq!— dedi Xakki amakim.— Uning tili karach boʻlib ketibdi, uni aroq bilan halollash kerak...» Aroq degani nimaligi. haqida oʻsha vaqtda hali tasavvur ham qilolmasdim. Oʻsha yakshanbadayoq otam, amakim bilan oshna-ogʻaynilari ichkilik hamda gazakka mayda-chuydalar sotib olib, bogʻchaga gilam solib, gulxan yoqib ziyofat boshlashdi. Meni ham boqqa birga olib ketishdi. Ular yeb-ichib, ashula aytishayotganda men bir oʻzim daraxt tagida oʻynab oʻtirdim. Keyin ular goʻsht pishirib, yana ichishdi, ovqat yeb, ashula aytishdi. Meni ham ovqatga chaqirishdi. Lekin men ularning oldiga bormadim, hech narsa yegim kelmasdi. Shoʻnday qilib oradan ancha vaqt oʻtgach, chanqab suv ichgim keldi. Xuddi shu vaqt Sayfi amakim buloqdan koʻzaga suv toʻldirayotgan ekan. Men unga yaqinlashdim-da, chanqovimni bosish uchun suv soʻradim. Birdan Xakki amakim sakrab turdi-da, bizga yaqinlashdi va: «Shoshma, Sayfi, men unga hozir issiq suv beraman. Yura qol»,— dedi. U meni. mayda-chuydalar turgan joyga boshlab keldida, stakanni toʻldirib qoʻlimga tutqazdi. Men hech narsadan shubhalanmay hammasini ichib yubordim. Ichishim bilanoq nimadir tomogʻimni kuydirib, a’zoyi badanimni chidab boʻlmas darajada lovillatib yubordi. «Ah, Xakki amaki, onangni peshkam!»—deyishga ulgurdimu gurs etib yiqildim. Atrofimdagilar chapak chalib, qichqirib yuborishdi, men oʻlgan oʻlikday uyquga ketdim. Ertasiga ertalab kasaldan butunlay forigʻ boʻldim, tilim ham, tomogʻim ham top-toza boʻlib, ogʻriqlarim ham taqqa qoldi. Ushandan beri, aftimni bujmaytirgancha aroq ichayotganimda doim Xakki amakim koʻz oldimda turadi.

«Palov olib kelib beraymi?»— deb soʻradi xotinim. «Yoʻq, keyinroq,—deb javob qildim,—radioni qoʻyib yubor-chi, boʻlmasa soʻnggi axborotni eshitolmay qolamiz». «Axborot-paxborotlaring bilan jonga tegding. Ular nimaniyam e’lon qila qolishardi? Hammasi oldindan ma’lum-ku».

U radioni qoʻydi. Mayin muzika sadosi eshitildi.

Nonni tuxumning sarigʻiga botirgancha, ishtaha bilan yedim. Yana bir qultum aroq ichdim. Chekdim. Stulga suyanib, kerishdim. Eshikni taqillatishdi. Oʻgʻlim oʻrnidan sakrab turdida, hushtak chalgancha eshik ochgani yoʻnaldi.

«Hushtak chalma!—deb qichqirdim uning ortidan,— Kechasi hushtak chalishmaydi». Hushtak ovozi tindi.

«Nega, dada?»— deb soʻradi qizim. Esimda, onam menga: «Kechasi hushtak chalmagin. Gunoh boʻladi! Boshimizga gʻam-kulfat chaqirgan boʻlasan, ajinayu jinlar-ni...»— derdi.

«Ijarachi kelipti,— dedi oʻgʻlim.— Bugun nechanchi chislo va otang ijara haqini qachon toʻlamoqchi. deb soʻrayapti.»

Ijara haqi? Men stulda qaddimni rostladim. Xotinim oʻrnidan turib, eshik tomon yoʻnaldi. U nima dedi, eshitmadim, odatda esa eshik tagida gapiriladigan gaplar bu yerga juda yaxshi eshitilib turardi. Balki, faqat umidsizlik insonni mayda-chuydalardan ham lazzatlanishga majbur qiladimi? Axir, hamma odamlar ham mayda-chuydalarning ulugʻvor ahamiyatini tushunisharmikin? Yoki ularning ahamiyati butunicha odamlarning orzu-umidlari, ularning boyliklari hamda davlatmandliklariga bogʻliqmikin?..

Xotinim qaytib kelib, oʻz joyiga oʻtirdi-da, indamay ovqatini yeya boshladi.

«Namuncha shoshishmasa!— deya gap boshladi asabiy holda.— Boshliqligingdan oʻrgildimu — ijarachimishlar! Koʻzga tushgan choʻpga oʻxshamay oʻl!..»

Radioda yangiliklarni eshittirishayotgandi. Demak, soat yetti boʻlibdi. Ayol yurakka gʻulgʻula soladigan ovozda har bir soʻzni aniq talaffuz etgancha gapirardi: «Toʻrt qurolli anarxist jandarm qoʻmondoni, armiya generali Komoliddin Eken shtabga borish uchun oʻz rezidensiyasidan chiqib kelayotganda hujum qilganlar. Otishuv natijasida bir anarxist oʻldirilgan, yana bittasi esa yarador holda ushlangan.»

Daf’atan burnimga aroqning hidiyu bodringning xushboʻy isi urildi. Demak, birdan tushunib qoldim, butun shu vaqt ichida men ularni payqamagan ekanman-da. YO dimogʻimga oʻtirib qolgan, yo fikrim chalgʻiganmikin? Beixtiyor yana bir hoʻpladim. Endi aroq achchiq tuyulib, koʻnglimni behuzur qilib yubordi. Oʻsha zahoti-yoq koʻnglimdagi avvalgi sarxushlikdan nishon ham qolmadi, qadam tovushlari eshitgan zahoti pirillab ketadigan kaptarlar misol uchib ketdi. Ularga qasdma-qasdlikka yana bir hoʻplam ichdim. Bir oz brinza hamda bir tishlam bodring bilan gazakbosti qildim. Tilim karach boʻlib qolganmi, nima balo? Yegan narsalarimning maza-matrasini his qilgan boʻlsam, oʻlay agar!

«Qani dars tayyorlashga joʻnanglar-chi—dedim katta oʻgʻlimga. «Menga bugun dars berishmadi.» «Bunaqasi boʻlmaydi»,— jahl bilan dedi xotinim.

Darvoqe, nima jin urib, ichyapman oʻzi? Nafsilamrini olganda, bu bema’ni mashgʻulot, oʻz-oʻzini zoʻrlashning oʻzginasi. Bil’aks, har qanday zoʻravonlik ham yovuzlik boʻlavermaydi, ba’zida uning natijasida oqillik ham kelib chiqishi mumkin. Shunday qilib, menimcha, oʻz-oʻzini majburlash tamoman tabiiy ravishda insonga hech boʻlmasa baxt zarrasini berolsa kerak. Axir, men oʻrganib qolganim yoki alkogolik boʻlganim uchun ichmayman-ku. Men oʻzimni majburlab ichaman, chunki shu taxlit, haligi aytganim baxtning bir boʻlagi-ni qoʻlga kiritishni umid qilaman-da. Men yana chekdim. Necha yildan beri yoki toʻgʻrirogʻi, oʻn yillardan beri oʻzimga-oʻzim: «Inson uchun eng qimmatlisi — bu hayot,— deb uqtiraman.— U atigi bir marta beriladi. Uni shunday yashash kerakki, oʻtmishingdan uyalmay, uni behuda oʻtkazdim, deb afsuslanmay, oʻlayotganingda: men hamma kuch-quvvatimni asosiy maqsadga, ya’ni insoniyatning ozodligi uchun kurashga qaratgan edim, deya ol...» Nahot-ki, hayot — bu faqat zoʻrlashdan iborat boʻlsa?..

Men cheka boshlashim bilanoq xotinim oʻrnidan turib derazani ochib qoʻydi.

«Nima boʻldi?»—deb soʻradim, oʻzimcha jilmayib. «Nahotki mana shu yaramasni tashlash mumkin boʻlmasa? Ichganing yetmaganday, hech boʻlmasa otamdan oʻrnak olsang boʻlardi, kuniga pachkalab chekib tashlardi, oʻlimga roʻbaroʻ boʻluvdiyamki — tashladi. Nahotki, chekishni tashlash uchun albatta infarkt boʻlish kerak boʻlsa?» «Sening otang kelajakdan umidvor!»

«Kunlardan bir kuni tulkivoy quyonvoyga shunday debdi.»— deya soʻzlarni choʻzgancha diktor ayol ertak oʻqiy boshladi. «Demak, sakkiz boʻlibdi-da»,— deb oʻyladim. Xotinim kichkina oʻgʻlimning ogʻzini artib, uni qoʻliga koʻtardi-da, joyiga yotqizgani olib ketdi. Uning ortidan katta oʻgʻlim bilan qizim ham chiqishdi. Men stakandagi aroqni ichib yubordim. Keyin shishada qolgan aroqning hammasini stakanga quyib, boʻsh shishani stol tagiga dumalatdim. Keyin stakanga suv quydim. Ichishni boshladimmi, oxirigacha ichib qoʻya qolaman-da. Bunda hech qanday ma’noning oʻzi yoʻq. Boz ustiga, faqat shishani boʻshatish uchungina ichishdan rasvosi yoʻq. Xotinim qaytib kirdi-da, stol ustini yigʻishtira boshladi.

«Xotinimga otasi bilan kaminaning oʻrtasidagi farqni yana bir bor tushuntirsammikin-a,— degan qarorga keldim oʻzimcha.— Meni u bilan qanday qilib tenglashtirish mumkin?!— deb aytish kerak.— Butun turmush faqat ikir-chikirlardangina iboratligiga shak keltirmaydigan yoki xudo yarlaqaganda soxta quvonchu xayoliy baxt boʻlaklaridan toʻplangan qurama kolleksiya namoyandasi boʻlmish odamni, xuddi xudoga ishongandek, baxt bu eng muhim insoniy talablarni qondirishdan iborat, deb biladigan odam bilan yonma-yon qoʻyish hech qanday risolaga toʻgʻri kelmaydi.— Oʻz-oʻzimga savol berish odat tusiga kirib qolgandi.— Menga toʻqqiz puldek qilib, ziyoli boʻlishning asosiy sharti — bu demak, savol bera bilishlikdadir, deb tushuntirishgandi. Boshim mana shunday qurilgan boʻlsa nima ham qila olardim. Sening otang esa...»

Uning otasi gʻisht teruvchi usta edi. Biz qurilishda tanishgan edik. Kunlardan bir kuni — tanishganimizga ham xiylagina vaqt boʻlgandi— u mendan: «Quloq soling, bey. Mening ojiz fikrimcha siz ijtimoiy adolat tarafdorisiz, unda nega shu vaqtgacha partiyaga kirmagansiz?» Toʻgʻrisini aytganda, shu kungacha miyamga partiyaga kirish haqidagi fikr biror martayam kelmagandi. «Bu haqda hech qachon oʻylab koʻrmagandim»,— deb javob qildim. Oʻylamasmidim yoki oʻylashga qoʻrqarmidim? Qoʻrqardim, deb aytishga, albatta — jur’at qilmadim. Partiyaga, deyapsizmi?—deya qayta soʻradim.— Balki bu soxta oʻyindir, a, usta?» «Men bir vaqtlar bir ittixodchini bilardim, unda tramvaychilarning birinchi stachkasida qatnashgandim. Ushandan beri bu bosh nimalarni koʻrmadi deysan. Toʻgʻri, bizning orqamizda koʻpgina muttahamliklar ham boʻlib turardi. Lekin ertami-kech haqiqat yuzaga chiqmay qoʻymaydi. Kimki, soxta oʻyin olib borsa, suvdan quruq chihib ketolmaydi, sen koʻp tashvishlanmay qoʻya qol. Kerakli tadbirlarni qabul qilish oson, bey. Asosiysi — partiya boʻlsa, bas. Mana, quloq sol. Qirq oltinchi yili, harbiy holat e’lon qilingandan keyin partiyani berkitishdi. Kunlardan bir kun tong saharda politsiya meni uydan olib ketdi. Birinchi boʻlimga olib kelishdi. Partiya ishi yuzasidan tergov olib bori-sharmish. Soʻroqqa chaqirishguncha necha kun oʻtgani esimda ham yoʻq. Meni stol oldiga oʻtkazishdi. Qarshimda shtatcha kiyingan politsiya komissari oʻtirib, savollar berardi. Birdan kimni koʻrib qoldim degin? Yonboshimizda — mashinkada bir politsiyachi protokol yozib oʻtirardi. Tasavvur qila olasanmi: bu guberniya komitetimizning a’zosi Kozim edi!.. Hayratdan hatto esim ogʻib qolay dedi. Xoʻsh, shundan keyin nima boʻldi, deb oʻylaysan? Hech nima. Mana, menga jin ham urmadi, u esa allaqachon koʻkarib chiqqan». «Hozir ayni payti shekilli—dedim. U kulib yubordi: «Qoʻrqmang, bey, sizga oʻxshagan-oʻqimishlilar bilan ular pachakilashib oʻtirishmaydi. Birinchi navbatda ishchilarning boshida tayoq sinadi.

«Palov olib kelib beraymi?»—deb soʻradi yana qaytadan xotinim.

«Yoʻq,—dedim xotinimga.—Yegim kelmayapti!..» Men gazeta oʻqishga berilib ketdim. Bu qancha vaqt davom etdi bilmayman. Xotinim bolalarni uxlatib, idish-tovoqlarni yuvib boʻlib, qarshimga kelib oʻtiribd.

«Namuncha bagʻritosh boʻlmasang!» «Nega endi bunday deyapsan?»— dedim javoban va gazetani stolning bir chekkasiga qoʻydim-da, ayyorona jilmaydim: dardni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.

«Endi nima qilamiz?» «Nima qilishimiz kerak ekan?—dedim qoshimni chimirib, ovozimni bir bahya koʻtarib.— Bir kishiga koʻpayamiz, tamom-vassalom».

Oʻzim shunday deyapmanu, lekin bir qarorga kelolmay ichimni it tirnardi.

«Aytishga oson,— dedi xotinim,— shundogʻam oʻlmasning kuni degandek, kun kechiryapmiz. Toʻrtinchi ogʻizni toʻydirishga ham don, ham suv kerak, Sizda esa na doimiy daromad bor va na maosh». «Xudo mehribon!»— deya mingʻirladim. «Aha, endi xudojoʻy boʻlib qoldingizmi. Oʻzingiz oʻylab koʻring: axir, biz uni bitimizga boqamizmi? Siz erkaklarga, albatta, bari bir. Menga esa hadeb bolalar bilan oʻralashish jonimga tegdi, bildingizmi? Egnigayam, oyogʻigayam kiyishga hech vaqo yoʻq...»

«Bas qil!»—deb baqirib berdimu, lekin nafsilamrini aytganda, nima qilish kerakligini oʻzim ham bilmasdim?

«Abort qildiraman!»—dedi qat’iy ravishda xotinim.

«Yoʻq!— dedim qat’iy qilib.— Kel, bu mavzuda boshqa gaplashmaylik, iltimos qilaman».

Stol ustidagi gazetani olib, yana oyogʻimni deraza tokchasiga uzatdim. Aslida esa miyam gʻovlab ketgandi. Faqat, bir ozdan keyingina oʻqiyotganlarimdan birortasiyam miyamga kirmayotganligini sezib qoldim. Stakanga qoʻl choʻzib, ikki hoʻplam ichdim. Boshim aylangandek boʻldi. «Nega muncha obidiyda qilavermasang?— dedim xotinimga zarda bilan.— Doimiy daromading yoʻq emish. Buni qarang-a! Xuddi ular och qolayotgandek!» Shayton vasvasa qilib, stolga mushtlab: «Ovozingni oʻchir, alvasti»—deb baqir, derdi. Agar shaytonni yoʻliga yurmayotgan ekanman, bu faqat oʻzimni yerga urishni istamaganimdan.

«Men yotmoqchiman,— dedi xotinim,— stolni oʻzingiz yigʻishtirib qoʻyarsiz». «Yaxshi»,— dedim javoban.

Men mudrab ketdim. Uygʻonganimda oyogʻim muzlab qolgandi. Boʻynim zirqirardi. Borib, oʻrnimga yotishimni bilaman, yoʻtal tutib qolsa boʻladimi. Tomogʻim qichishib, nafasim qisardi.

Xotinim orqasiga oʻgirilib oldi.

«Chekavering, chekavering mana shu yaramasni,— dedi u,— xumordan chiqquncha cheking-da, menga desa ertalabgacha yoʻtalib boʻgʻilib chiqing...»

Men ham unga orqa oʻgirib, koʻrpamni ustimga tortdim. Yotgan joyimda zoʻrgʻa yoʻtalimni qisib yotardim. Bir oz isinsam, hammasi oʻtib ketar. Tezroq uxlashga urinardim. Nafsilamrini olganda, xotinim haq, yoʻtalim mana shu tamakidan. Ertagayoq chekishni tashlash kerak. YOKI hech boʻlmaganda, chekishni ikki marta qisqartish kerak. Lekin shu zahotiyoq, necha martalab chekishni tashlashni yoki kamroq chekishga qaror qilganlarimni esladim...

Xotinim meni uygʻotganda xuddi hozirgina koʻz yumganga oʻxshardim. Tush koʻrayotgandim, shekilli? Kim bilandir mushtlashayotgandimmi-ey. Toʻs-toʻpolon, baqiriq-chaqiriq. Jarang-jurung. YOKI yonginamizda cherkov boru qoʻngʻiroq chalishyaptami? Qayerdaman oʻzi? Menga nima boʻldi? Qandaydir dahshat. Xotinim bor kuchi bilan yelkamdan silkitardi.
— Tursangiz-chi, eshikni jiringlatishyapti! Rostdanam, kimdir jon-jahdi bilan qoʻngʻiroqni bosayotgandi.
— Kim boʻldiykin-a?—deb soʻradim.
— Men qayoqdan bilay, jonginam,— jahl bilan javob qildi xotinim.— Tezroq turmasangiz, eshikni buzib kirishadi. Oʻziyam jom chalganday chalishyapti-ya! Tezroq boʻla qolsangiz-chi!

Qorongʻida tungi chiroqni hech yoqolmayman-da. Devorni qoʻlim bilan timirskilayman. Karavotdan turdim — chiroqniyam jin ursin. Endi aksiga olib shippagimni topolmasdim. Uyqusiraganimdan butunlay gangib qoldim. Pijamamni qoʻlim bilan tekislay turib, oyogʻim bilan shippagimni timirskiladim, shu asnoda chiroqni yoqishga urinayotganimni sezib qoldim. Qim boʻldiykin-a? Nahotki, politsiya boʻlsa? Yana olib ketgani kelishdimikin?.. Yarim kechadayam olib ketishlari mumkinligini oʻylagan zahotim birdan shunaqangi qoʻrqib ketdimki, hatto qoʻl-oyoqlarim meniki emas, birovnikidek qaltiray boshladi. Oʻzimni-oʻzim eplolmay qoldim.
— Imillamay boʻla qolsangiz-chi, adasi!—deya shoshirardi xotinim.

Yana uzoqdan-uzoq qoʻngʻiroq ovozi eshitildi. Yarim kechada qoʻngʻiroq qilishdimi, demak, qandaydir koʻngil-xiralikni kutaver. Behuda xayollarga berilgancha, birdan ham shippagimni, ham viklyuchatelni topdim. Polda shapillab yurgancha — shippagimni poyma-poy kiyib olgandim — yotoqxonadan yugurib chiqdim. Yuragim qinidan chiqib ketay derdi. Dahlizdagi viklyuchatelni qoʻlim bilan paypaslab topdim-da, chiroqni yoqdim. Eshikni ochdim. Qanday gʻayritabiiy kuch meni shundoqqina eshik tagiga yiqilib tushishdan ushlab qoldi, oʻzimning ham aqlim bovar qilmasdi.

Qarasam, qaynanam akasi bilan turishibdi. «Voy xudoyimey, shunday bemahalda nima qilib yurishibdiykin?» Men nafasimni rostlab,,jilmaydim. Demak, hamma tashvishlarim bekor chiqqaniga sevinib ketdim shekilli. Qanday shamol uchirdi, deb soʻrash daf’atandan miyamga ham kelmabdi. Ular oyoq kiyimlarini yechmasdanoq kirib kelishdi. Aslida esa ulardoim oyoq kiyimlarini yechishardi, mehmonda-ku soʻz boʻlishi mumkin emas... Qaynanamning rangida rang yoʻq. Uning qoʻlida erkaklarning fetr shlyapasi hamda gʻilofli soyabon.

Ularni qoʻlida ushlagancha uyga kirdi. Akasining yuzi ham paxtaday oppoq. Men xotinimga:
— Oyim keldilar!—deb qichqirdim.

Hali hozirgi vahimadan asar ham qolmadi. «Oh, xudo-ey har holda, nimadir boʻlganga oʻxshaydi, ishqilib, yaxshilikka boʻlsin-da!» Xotinim xalatini kiydi.
— Xush kelibsiz, oyijon!..

Ovozida qoʻrquv sezilardi. Stulni olib onasiga yaqinlashdi. Faqat shundagina xotinimning togʻasi xonaga kirmay eshik tagida turganini sezib qoldim. Koʻzim koʻziga tushishi bilan u koʻzini qisdi, keyin imlab oldiga chaqirdi-da, yengimdan ushlab eshikka tortdi. Qulogʻimga engashib, ohista shivirladi:
— Qaynatang bandalikni bajo keltirdi!

Nima? «Qaynatang», «bandalikni», «bajo keltir-di!»... Xuddi bu soʻzlar hech qanday ma’no kasb etmaydiganday hech baloni tushunmadim. Koʻzimni tentakona baqraytirgancha unga qarab turardim,
— Qaynanang hali buni bilmaydi,— deya shivirla-di u.— Aytishga yuragim dov bermadi. .Qechqurun jiya-nimnikiga mehmonga borgandim. Ular ham kelib qolishdi. Chaqchaqlashib oʻtirdik. U juda xushchaqchaq edi. Soat oʻn birlardan keyin birgalikda chiqib ketdik. Birdan u yoʻlkaga yiqilib tushdi. Men uni oʻrnidan turgizib, taksiga soldim. Dolmabogʻchagacha yuragi qanday urayotganini eshitib bordim. Keyin birdan u urishdan toʻxtab qoldi. Tez yordam stansiyasigacha borishga ham ulgurmadik. Xotiniga aytishga jur’atim yetmadi. Kislorod palatasiga yotqizishdi, dedim, doktorlar miyasiga qon quyilgan, deyishdi. U faqat mana shunigika biladi. Hozir ikkalovimiz ishga kirishishimiz lozim. Xuddi uni koʻrgani ketayotganday boʻlib koʻchaga chiqib, hammasini gaplashib olishimiz kerak.

Biz xonaga birga kirdik. Boshim aylanib, koʻnglim behuzur boʻlib, xayollarim chuvalashib ketgandi. Birinchi marta oʻlim bilan toʻqnash kelishim. Demak, u bilan

yuzma-yuz kelganingda, koʻnglingni aynitar ekan-da. Men stulni surib oʻtirdim. Xuddi tosh haykalday hech narsani his qilmay, hech narsa haqida oʻylamay oʻtirdim.
— Uning shlyapasi mening qoʻlimda qoldi...— deb gapirardi qaynanam xotinimga.

U yigʻlamasdi, lekin naq oʻn yoshga qarib ketganga oʻxshab tuyuldi menga. Yuzining terisi xuddi choʻzilib ketganga oʻxshab osilib qolgandi. Akasi bilan xotinim uni yupatib nimalardir deyishardi, men eshitardimu bir vaqtning oʻzida yana eshitmasdim ham. Ularning ovozi qayerdandir kelayotganga oʻxshardi. Shu taxlit qancha vaqt oʻtirdik? Odam hech qanday xayol surmay qancha vaqt oʻtira oladi? Bilmadim. Har holda, men biron narsa haqida oʻylayotgandirman.

Birdan xotinimning togʻasi oʻrnidan turganini sezib qoldim.
— Kuyov, yuring, kasalxonaga borib, uning oʻziga kelgan-kelmaganini bilib kelamiz!

Men xuddi tok urgandek sakrab turdim.
— Hozir, faqat kiyinib olay,— dedim,

Tezda yotoqxonaga yoʻnaldim. Pul topish kerak. Qiziq, koʻmish marosimiga necha lira kerak boʻlarkin?

Ortimdan xotinim kirib keldi. U ishonqiramay koʻzimga qaradi.
— Toʻgʻrisini ayt: u tirikmi?

Men oʻzimcha haliyam xayolan xomchoʻt qilayotgandim,
— Kasalxonaga boraylik-chi, oʻshanda bilamiz,— dedim unga, oʻzimni sezdirib qoʻymaslikka tirishib.
— Agar tirik boʻlsa, nega unda togʻam uning bir oʻzini tashlab keldi?

Men indamay kiyimlarimni kiyaverdim. Keyin tomdan tarasha tushganday:

— Agar oʻgʻil tugʻilsa, uning ismini Husayn qoʻyamiz!—« dedim. Qaynatamning ismi Husayn edi.