OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Teodor Drayzer. Neft (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTeodor Drayzer
Asar nomiNeft (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Naturalizm
Mualliflar
   - Teodor Drayzer
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonSaidjalol Saidmurodov (Rus tilidan)
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Neft (hikoya)
Teodor Drayzer

Nyu-Yorkdan uncha uzoq boʻlmagan yarim orolning janubiy chekkasida Beyonn nomi bilan mashhur boʻlgan, oʻziga xos faoliyat uchun ajratilgan yer uchastkasi bor. Bu yarim orolni ikkita keng koʻrfaz ajratib turadi: biri Nyuark, boshqasi Bruklin tomonga — bepoyon ummonga qarab choʻzilgan. Yilning har vaqtida bu yerda kuchli shamol turadi. Qoramtir tomlar uzra baliqchi qushlar charx uradilar. Hammayoqda baland-baland fabrika trubalari, qizil gʻishtdan iborat «ma’yus» binolar, yonilgʻi uchun haybatli dumaloq rezervuarlar — qandaydir noxush algʻov-dalgʻovlik, lekin bu tartibsizlik ohanrabo kuchidan holi emas: yo favqulodda badburushlik, yo fojeaviy teatr niqobi e’tiborni shundayin tortadi.

Bu yerda neft ishlab chiqarish, aniqrogʻi, tozalash korxonasiga asos solingan. Oddiy ish kunlari shu yerda sanoat deb ataladigan gʻoyat zoʻr manzara paydo boʻladi. Pristanga endigina yetib kelgan yoki butun dunyo bandargohlariga suzib ketishga tayyor ulkan kemalar bogʻlab qoʻyilgan. Bosh magistral yoʻldan joʻnaydigan son-sanoqsiz temir yoʻllar adogʻida buzilmas karvonlardek uzundan-uzun neft toʻldirilgan turnaqator sisternalar yuklarini oʻlkaning eng chekka-chekkalariga olib ketish uchun oʻz navbatlarini kutib yotibdi. Turli koʻrinish va kattalikdagi beadad binolar muttasil ravishda xalqa-xalqa tutun burqsitib turadi. Bulutli kunda, qayoqqa qarama, olov qizarib koʻrinadi — otashning oʻchmas shu’lasi qora va kulrang tusli bir xillikka qandaydir vahimali tus bagʻishlaydi.

Bu bir parcha yer, har holda, nafaqat ogʻir inson mehnati-la, balki xushmanzaraligi bilan ham diqqatga molikdir. Musavvir bu yerda minglab ranglar jilosi, minglab qora, koʻkimtir, qizil, moviy ranglarni topa oladi. Manavi trubalar qanchayin ulkan — pastak, yer bagʻirlagan imoratlar ustidan qad koʻtarib turibdi. Yuz yillar mobaynida toʻp-toʻp dengiz oʻtlaridan paydo boʻlgan botqoqliklar hamda neft quyqalari qalqib turgan koʻlmaklar oʻrtasidagi tuproq qorayib ketgan, hisobsiz binolar devorlari undan-da qop-qora: hech bir musavvir bunday rang va tuslar uygʻunligi oldida oʻzini tiyib turolmaydi. Uistler bulardan surat solgan boʻlardi. Verj yoki Shinn zulmatning asl mohiyatini anglash va tasvirlash nima ekanligini koʻrsatgan boʻlardi. Agar bu yoqqa ta’sirchan odam bexos adashib kelib qolsa, larzaga keladi, dili vayron boʻlib, tushkun kayfiyatda juftagini rostlab qoladi. Bu doimiy harakatdagi yuksak zulmat saltanati edi-yu, shu bilan bir qatorda kulrang va qora nafis tuslarda jilvalanardi.

Ammo bu manzara qanchalik lol qoldirmasin, uning ortidagi yashirin, ogʻir hayot yanada hayratomuz. Bu yerda ishlaydiganlarni — ular ming-minglab — oʻylab oʻtirmasdan eng oddiy kishilar deyish mumkin. Albatta, ular hech bir alohida iste’dod egasi emaslar, yoʻqsa, bu yerda ishlamasdilar. Ular sirtdan qaraganda uncha istarali emasdi, tashqi koʻrinish odatda botinni gavdalantiradi xolos, bu kishilar zohirida koʻpincha aqli norasolik sezilib qolardi. Aksariyati inglizchani buzib talaffuz etadigan shvedlar, polyaklar, vengrlar, litvaliklar; hayotlari ogʻir, nochor. Kimki tirikchilikning bir navi sharoitiga koʻnikkan boʻlsa, u hayot haqida bir fikrda toʻxtalib, iztirobga tushadi. Ular zavod yonidagi yarim vayron kulbalarda roʻzgʻor tebratishadi. Qoʻl uchida kun koʻrayotganlari birgina Yaratganga ayon. Maoshlari ham katta emas (ular uchun bir, bir yarim dollorning oʻzi yaxshigina haq), koʻplari oilasini, katta oilasini boqishi kerak, negaki kambagʻal serfarzand boʻladi. Hamma yoqda kichkinagina qorongʻi peshtaxtalar va ishchilar qittay-qittay qilgani tez-tez kirib oʻtadigan jimitday qovoqxonalar koʻrinib turadi. Ushbu peshtaxta va qovoqxonalarga qarab beixtiyor oʻylaysanki, hech bir odam, qanchalik quyi pogʻonada boʻlmasin, bunaqangi sharoitda yashamasligi va qachondir tabiat bizga ato qilgan oliy zakovatimiz bunga yoʻl qoʻymasligi lozim. Shunga qaramasdan bularning bari koʻz oldingizda.

Ammo chidab boʻlmaydigan jazirama yozda yoki qattiq sovuqda, qor-yomgʻirda, tabiat kuchlari quturganda bu xarobalar qandaydir badqovoq dabdaba, motamsaro nochorlik misol tus oladi — bunday manzara uchun tabiatga ofarin deyish mumkin! Ular shunday xoʻmrayganki, shunday mahzun, nochorki. Rassomlar ulardan suratlar, yozuvchilar kitoblar, musiqachilar yangi tovushlar yaratishlari uchun ilhom topa oladilar. Bu eng zim-ziyo qiyofadagi hayot.

Agar kulbalar yaqinidagi zavodda ketayotgan ishni tasvirlamasak manzara toʻliq boʻlmaydi — ishki bir zayldagi, iflos, halovatsiz, na ongga, na yurakka biron nima bera oladi. Chunki bu har kuni takrorlanadigan, bir qolipdagi jarayon: bochkalar neft bilan toʻldiriladi; keyin unga neft tozalash xossasiga ega muayyan miqdordagi turli kimyoviy moddalar qoʻshiladi; neftni u bochkadan bunisiga oqizish uchun joʻmraklar buraladi va nihoyat, avtomobil yoki paroxodga yuklanadigan bochka va baklarga tayyor mahsulot quyiladi. Bularni har qanday ensiklopediyadan oʻqib bilib olishingiz mumkin. Meni boshqa tomoni qiziqtiradi: bu yerda, yurakni siqadigan qorongʻu tumanda, qoʻlansa hid va bugʻ orasida Xudoning bergan kuni odamlar ishlashadi. Bu na sogʻliqqa, na ma’naviy taraqqiyotga qulaylik tugʻdiradigan yarim qorongʻulik, badboʻy, zaharli gazga toʻlgan bu havo nima ekanligini tushunish uchun zavod hovlisiga kirib, xohlagan binoga tikilish, ishchilarning holdan toygan, ogʻir qadam tashlashlariga boqishning oʻzi kifoya.

Hamma yoqda faqat neft, har turli chiqindilar va kislotalarni koʻrasan. Har tarafdan qora, koʻkimtir pagʻa-pagʻa tutunlar osmonga koʻtariladi. Oyoq ostidagi yer neftga toʻyingan, tevarakdagi jamiki narsalar — sisternalar, yuk mashinalari, asbob-uskunalar, binolar va albatta odamlarga neft sachrab, dogʻ boʻlgan. Neftdan qochib qutulolmaysan, goʻyo. Havoning oʻzi ham tutun va neftga toʻyingan.

Shunday sharoitda ham minglab odamlar ishlashadi. Ularni ertalab qoʻllarida nonushta solingan dekcha yoki savat bilan ishga bitta-bitta qadam tashlab ketayotganliklarini koʻrish mumkin: yuzlari rangpar, zahil; muttasil tutun va zararli bugʻdan ba’zilari entikib-entikib yoʻtalishadi. Oqshom ortga qaytishadi, tinmay yoʻtalishadi; kunduzgi mashaqqatli mehnatdan soʻng kech tushadi, tunash ham qorongʻu rastalar orasida, boshpana deb atolmaysan. O’rnilariga esa uzun-qisqa boʻlib, boshqalar kelishadi. Har tong va har oqshom ikki soat davomida ishga kelib-ketayotganlar oqimi kamida ikki milga uzun ichakdek choʻziladi. Ularda na xursandchilik, na tetiklik ruhini payqaysan. Barchasini yuzida bir zayldagi, bir qolipdagi ishni bajarishga majbur kishidagina paydo boʻladigan ifoda qotib qolgan. Darhaqiqat, bu yurakni ezadigan koʻrinish.

Shunday boʻlsa-da, men bu mehnatni mutlaqo chidab boʻlmaydigan demasdim. «Tangrining amrisiz tikan ham kirmaydi», — deyiladi qadimiy maqolda va bu shubhasiz, haq gap. Toʻgʻri, bu odamlar ba’zi bir hissiyotga beriluvchanlarga oʻxshab unchalik ziyrak va ta’sirchan emaslar. «Atrof-muhit» tushunchasi ularga notanish boʻlishi mumkin. Ammo salomatliklariga aniq mana shu ishda putur yetadi, yashash sharoitlari ham juda yomon. Bunga yuqori boʻlmagan taraqqiyotni yoki kamchilgina maoshni roʻkach qilish toʻgʻrimikin? Albatta, biri ikkinchisini toʻldirib turadi. Har qanday moddiy yoki ma’naviy yordamni ishonchsizlik bilan qabul qilishgan boʻlishardi. Nima boʻlganda ham hozirgacha ularning ahvolini yaxshilashga birov uringani yoʻq. Ularga ish haqi toʻlashadi, bundan boshqa madad haqida hech kim oʻylamaydi ham.

Masalan, qorgʻich va suyuqlik haydaydigan kublarni neft chiqindilaridan tozalaydigan butun boshli ishchilar armiyasining tor qaznogʻi katta muhandisning hujrasidan keyin taxtalar bilan oʻralgan. Yorugʻlik kichkina eshik tirqishidan tushib turadi. Sovun ham, sochiq ham yoʻq, faqat yogʻoch togʻoraga oʻxshash suv toʻldirilgan uzun tarnov. Tushda va oqshomda oʻz nasibalaridan quruq qolmaslik uchun uch yuzdan ziyod ishchilar kirib-chiqadigan qozonxona ham havas qilgudek emas. Kimlardir ishdan keyin chala-chulpa yuvinishga kirishadi, boshqalari isqirtliklaricha sexdan chiqib ketaverishadi — baribir yaxshilab yuvinolmaysan. Bu juda koʻp vaqtni oladi. Ishchilar uchun toza, shinam oshxona yoki aytaylik, ustvoshxona qurish birovning xayoliga kelmaydi. Yegulikni uydan oʻzlari bilan olib kelishadi.

Biroq men yollanma mehnatning mushkulotini ahloq nuqtai nazaridan muhokama etmoqchiman, men faqat neft sanoati sohasi qanday boʻlsa, shundayligicha tasvirlamoqchiman. Agar qaygʻuli tomosha ta’bingizga toʻgʻri kelsa, havo ayniydigan kun bu yerda yaqin orada oʻtmishga aylanadigan, dunyo ogʻishmay oʻzgarayotgan bir paytda, ogʻir, huzur-halovatsiz mehnatning tugal suratiga guvoh boʻlasiz.

Bir tomonda qoʻllarida hokimlik va boylik boʻlgan oʻta xasis xoʻjayinlar; ikkinchi tomonda bu xasislik va loqaydlikning itoatli qurbonlari; barining boshi uzra tutun, gaz, har yoqda badboʻylik singib ketgan tosh devorlar. Mabodo yovuz dushmaningizni asfalasofilinga joʻnatmoqchi boʻlsangiz, odamlar sharpadek izgʻiydigan mana shu jirkanch tosh devorlardan oʻzga munosibini axtarib topolmaysiz. Tabiatning bu oʻgay farzandlari qay darajadagi qoloqlikda qolishlarini tasavvur etish mushkul.

Pastda – jaholat, ongsizlik, hissizlik; yuqorida, neft konserni bosh aksionerlari dangʻillama hovli, shaxsiy avtomobil, suratlar kolleksiyasiga ega. Beshinchi avenyuning hashamatli saroylari, Nyuport, Palm-Bichning qoyilmaqom kurortlari yuqoridagilar uchun barpo etilgan, san’at va erkinlik ham ular uchun; qorongʻu zavod sexlari, qop-qora tutunlar, kasalliklar, badboʻylik, faqirona kulbalar pastdagilar uchun yaratilgan. Bu oldindan belgilangan hayot qonuni emas, deb kim ayta oladi? Buni oʻzgartirib boʻladimi? Kim bunga qodir?