OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTeodor Drayzer
Asar nomiQoracha Jef (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Naturalizm
Mualliflar
   - Teodor Drayzer
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonQandilat Yusupova (Inglizchadan)
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoracha Jef (hikoya)
Teodor Drayzer

Ot qoʻshilgan toʻrt gʻildirakli arava koʻprik ustiga kelib toʻxtagach, odamlar ham oʻz aravalaridan tushdilar. Barcha otliqlar, shular qatori Deyvs ham otlaridan tushib, negr bola ortilgan arava atrofiga yigʻilishdi. Deyvs turgan joyida koʻprik tagidagi suv uzra taralib yotgan uzun-uzun chiroq nurlarini kuzatib turar, boshqa erkaklar esa bir ustunga arqon bogʻlash bilan band edilar, shu payt birdan Deyvs titrab ketdi, ular arqonning bir uchini negr bolaning boʻyni atrofidan bogʻlay boshlashdi.

Nihoyat tomoshatalab olomon ishlarini bitirib, joy-joylariga qaytishdi, Deyvs esa bu manzaraga dosh berolmay, yuzini oʻgirdi.
– Aytadigan biron gaping bormi? – shu payt olomon orasidan tahdidli bir ovoz yangradi. Javob boʻlmadi. Negr bola jon talvasasida inqillab qiynalar, aftidan u ancha vaqtdan buyon behush boʻlib yotardi.

Shu vaqt oʻn-oʻn ikki chogʻli kishi ataylab kelishib olishganday birgalikda bu zanji tanani havoga baland koʻtardilar, Deyvs boʻlsa arqonning gʻichirlagan tovushi ostida majoqlanib ketgan kichik jussani dam pastga, dam tepaga tushirib-chiqarilishini koʻrib, ichi tuzdek achib ketdi.

Xira oy yogʻdusida behush vujud xuddi kurashmoqchiday boʻlib koʻrinar, ammo baribir uning zaboni harakatga kelmasdi. Deyvs ogʻzi keng ochilgan, soʻzsiz – sadosiz tanani va nihoyat qimirlashdan toʻxtaganini kuzatib turdi. Biroz fursat oʻtgach esa u olomonni ketishga shaylanayotganini eshitdi, oxiri ular yosh muxbirning bir oʻzini xayollari bilan birga yolgʻiz qoldirgancha joʻnab ketishdi.

Deyvs sukunat ichida, suvga termulgancha qirgʻoq chetiga choʻk tushib qoldi. Mana endi bor dahshat adogʻiga yetdi. Azoblanish ham barham topdi. U ortiq vasvasaga tushmaydi. Mana endi hayot goʻzal va begʻubor. Bor fojea izsiz yoʻqoldi; oy ham oxiri suv ichiga gʻarq boʻldi...

Aslida Deyvs Boldvindagi kichkinagina pochtaga zudlik bilan borib, boʻlib oʻtgan voqea boʻyicha qoʻshimcha tafsilotlarni yozib yuborish bilan shugʻullansa ham boʻlardi...

Juda kech boʻlgandi, biroq ayni damda vaqtning, lahzalarning nima ahamiyati bor? Hech qanday boshqa muxbir hodisa jarayonida ishtirok etmagach, ertaga voqeaning oʻzidan-da oshirib, ta’sirliroq biror hikoya yozish Deyvsning oʻzining ham qoʻlidan keladi-ku.

Yosh muxbir to tong yorishgunicha oʻsha yerda oʻtiraverdi...Jonsiz negr tanasi esa osmonga tikka holda egilib–bukilgancha, qorayib osilib turarkan, ertalabki yengil shabadada xiyol tebranib qoʻyardi.

Axiyri Deyvs oʻrnidan turib, otiga mindi-da, yuragi tungi fojeadan gʻam-gʻussaga toʻlgan alfozda Plezent Vodiysiga qaytib ketdi.

Peshingacha bironta poyezd kelmagach, u tobora koʻproq tafsilotlar toʻplab olishga qaror qildi.

Yana bir kun soʻnggiga yetib, quyosh botishi bilan u tuyqusdan murdani qayerga olib ketilganidan voqif boʻlmay qolganini esladi. Vaholanki u negrning nima maqsadda ortga qaytganiyu, aynan qayerda qoʻlga olinganligi toʻgʻrisida ham na bironta ma’lumot bila olgandi, va na eshitgandi. Negrning kulbasi esa ikki mil narida, qaragʻay shoxlari soya solib turgan yoʻl yoqasiga joylashgandi. Eshik oldida biroz kalovlanib turgach Deyvs yurak yutib eshikni taqillatdi. Hech qanday sado boʻlmagach, u ichkariga bosh suqib qaradi. Bu oddiygina bir kulba edi. Andak fursat oʻtib, ichkaridagi eshik ochildi va bitta qoracha qizcha ostonada paydo boʻldi. Deyvs bir daqiqa qizchaga tikilib qoldi-da, keyin asta soʻradi:
– Jef Ingols yashaydigan uy shumi?

Qiz bosh irgʻab: «Ha», ishorasini berdi. U koʻz yoshlarini arang tiyib turar, goʻyo mana hozir, hozir yigʻlab yuboradiganday boʻlib koʻrinardi.
– Jasadni shu yerga olib kelishdimi?
– Ha, janob, – negrlarga xos yumshoq talaffuz bilan javob berdi qizcha.
– Sen uning singlisimisan?
– Shunday, janob.
– Yaxshi, uning qanday qilib tutib olinganini menga aytib bera olasanmi? U qanday qilib va nima maqsadda ortiga qaytib kelgandi?
– Akam peshin paytida kelgandi, soat taxminan 2:00da.
– Nima maqsadda? – deb savolini takrorladi Deyvs.
– Bizlarni koʻrgani kelgandi, – deb javob berdi qiz. – Onamizni koʻrgani kelgandi.
– Shunaqa degin, u yana nimadir istaganmidi? Shunchaki onasinigina koʻrib ketish uchun kelmagandir, toʻgʻrimi?
– Gapim rost, janob, – deya ta’kidladi qizcha. – Akam xayrlashgani kelgandi. Ular akamni qay paytda tutib ketishganini biz bilmay ham qoldik.

Qizchaning ovozi qaltirab chiqdi.
– Ha, mayli, uning oʻzi qoʻlga tushishidan xabari bormidi? – soʻradi Deyvs xayrixohlik bilan.
– Shunday, janob, menimcha xabari boʻlgandi.

Qizcha hamon ma’yus koʻzlarini yerga qadagancha, bosh egib turardi.
– Yaxshi, u nimadir dedimi?
– U onamni koʻrgisi kelganini gapirdi, xolos.
– Uning jasadini koʻrsam boʻladimi? – deb izn soʻragan boʻldi Deyvs. Qizcha javob berish oʻrniga xuddi yoʻl boshlagan kabi oldinga yurib ketdi.
– Dafn marosimi qachon boʻladi? – yoʻl-yoʻlakay savol tashladi Deyvs yana.
– Ertaga.

Shunday deb negr qizcha uni murda yotgan xonaga boshlab kirdi.

Yosh muxbir oʻkirgan faryod qulogʻiga kirguncha jasadga tikilib turaverdi. Bu faryod zim-ziyo xonani portlatguday boʻlib yangrab ketdi. Birdan uning yuragi aqldan ozgan telba singari dukur-dukur qilib ura boshladi. Deyvs avvaliga bu sado ehtimol oʻlik tanadan chiqayotganmikan, deya dong qotib qoldi.
– Oo-o-ohh! – ovoz tagʻin takrorlandi, bu gal Deyvsga bu tovush zorlanib chiqayotgan yigʻiday, goʻyo kimdir boʻzlab-boʻzlab oʻkirayotganday boʻlib tuyuldi. Deyvs joni halak boʻlib, tez oʻgirilib qaradi-da, nimaningdir soyasi kabi boʻlib koʻringan bir ayol vujudiga urilib ketguday boʻldi.
– Oh, oh, oh – endi faryodli ovozning oʻzigina qaytalandi.

Deyvsning hushi boshiga kela boshladi. U keksa ona huzurida turardi. Ayol ikki devor oʻrtasidagi koʻrimsizgina javon tagida, boshini tizzalari orasiga olgancha, butun vujudi bilan nihoyasiz gʻurbatga botib oʻtirardi. «Oh, oh, oh», Deyvs ayolga yaqin kelishi bilan u tagʻin nola qila boshladi.

Deyvs jimgina ortiga chekindi. Uning koʻzlariga yosh quyilib keldi. Yigit zudlik bilan negr bolaning murdasini yopdi-da, xonadan chiqib ketdi.

Tashqarida, oy shu’lasida Deyvs ortiga oʻgirilib qaradi. Butun motamsaro kulba oʻzining birgina koʻrimlik jihozi – eshigi bilan shunchalar achinarli boʻlib koʻrinardiki! Xona burchagida bir oʻzi boʻzlab oʻtirgan ona – va unga «Xayr!» aytish uchun kelgan shoʻrlik qoracha Jef! Deyvsning qalbi qaygʻu-hasratdan yorilib ketay dedi. O’tgan tun, oʻtgan fojea, koʻngilni parmalab qolgan azob – yosh muxbir Deyvs bularning barini oʻz koʻzlari bilan koʻrib, qalbiga muhrlab qolgandi.

– Men hammasini yozaman, – deb xitob qildi u. – Men hammasini yozaman!