OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTilavoldi Joʻrayev
Asar nomiDeraza ortida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Tilavoldi Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Deraza ortida (hikoya)
Tilavoldi Joʻrayev

«
«Xayriyat, akang bor, bolam...»
Onaning vidolashuv soʻngsoʻzidan.
»

U oʻz joyida, choqqina xonasining derazasi oldida tashqariga boqqancha oʻtiribdi. Miq etmaydi. Miq etish qayoqda, tishsizlikdan qapishgan lablarini qimirlatishga majoli yoʻq. Tishlar ketgach, choʻzinchoq jagʻi burniga yaqinlashib qolgan. Bujmaygan yuzini na toʻrtburchak, na dumaloq deyish qiyin. Saksondan oshib, toʻqsonga toʻqnashib qolganiga qaramay, tilla boshini sochlar tark etmadi. Birgina shu jigarrang, toʻlqinsimon, umr boʻyi ortga taralgan qalin, baquvvat sochlar unga bevafolik qilmadi. Qizigʻi shundaki, ular mutloq rangini oʻzgartirmadi ham. Tilla bosh yelkalar orasiga choʻkdi, iyak tepaga yopishdi, koʻzlar qisildi, yuz chiziqlari taram-taram, chuqur ariqchalarga aylandi. Soqol oqardi, ammo soch oʻsha-oʻsha. Qoshi siyraklashdi, qaboqlaridan kipriklar toʻkilib ketdi.

Turtib chiqqan yelkalarini hamon oʻsha mundiri tark etgani yoʻq. Zarhal, salobatli pogonlar oʻrnini hozir qalin gard qoplagan. Yelkaga biron narsa tegsa yoxud urilsa, chang toʻzgʻishi hech gap emas. Endi u koʻchaga ham chiqa olmay qoldi. Koʻchaga chiqish u yoqda tursin, oʻrnidan ham turolmaydi, boyaqish. Yonboshi tillasimon chiziqli, koʻm-koʻk shim, zarhal pogon, tilla suvli tugmalari yarqiragan mundir kiyib, keng va mahobatli prokuratura xonasida tarsillab yurishlar, toʻrdagi ming oʻy, ming xayolda yurak yutib kirib kelib oʻtirgan kimsa yuqoriga — osmonga qarasin uchun atay yuqoriltilgan, yuraklarga yanada gʻulgʻula tushishga moʻljallangan kengqanot qora stol ortida sudlarnikiday suyanchigʻi novcha stulga viqor bilan yastanib oʻtirishlar qayoqda, deysiz. Hozirgi, deraza ortidagi joyi — birgina azoi badani gʻiyqillab turadigan keksa stul. Xizmatini jon dildan oʻtab boʻlgan bu stul keyingi paytlarda orom topgandek kam ovoz chiqarib qoldi. Kun sayin uning yuki yengillashib borayotganga oʻxshar, asov harakatlar endi bezovta qilmasdi. Biroq yomoni, ilgari u kechalari yukdan forigʻ boʻlib, talay fursat orom topardi. Keyingi paytlarda, negadir, shundan mosuvo boʻlgan. Ham stullik, ham karavotlik vazifasini ado etayotgan bu moʻysafid jihozning sheriklari ham bor, albatta. Chap tomonida, deraza raxi ostida, oʻziga deyarli tutash jurnal xonchasi unga jondosh. Xoncha Xudo degan ekan, yuki yengil. Uning ustida bu yerga bogʻlanganmi yoxud sobiq prokuror Mingbolaevning kafilini olganmi, tez-tez qadam ranjida qilib turuvchi ayol keltiradigan yeguliklar turadi, xolos. Koʻp emas, nari borsa bir stakan sut yoki qatiq, kesilgan buxanka non boʻlaklari, bir dona almashib turuvchi meva. Va doim shu yerda turavergich choynak hamda piyola. Ayol ba’zan ovqat ham keltiradi. Mingbolaev soʻnggi paytlarda ovqatdan umuman yuz oʻgirgan. Yesa yegudek jahdi bor, ammo... Chap qoʻl harakati chaqqon. Xon bilan iyagi oʻrtasida ba’zan vositachilik qilib turadi. Oʻng qoʻl esa, sholmi, nima balo, birda deraza tokchasida, birda stulning suyanchigʻiga xorgʻin osilib yotadi.

Darhaqiqat, keksa stul ilgari koʻp dam olardi. Anchadan buyon u Mingbolaev bilan bir jismu jonga aylanib ketdi. Avvallari saharmardon ikki-uch soat gʻiyqillab, Mingbolaevni koʻtarib turardi. Toqati toq boʻlib, soʻnggi nafasini yutganda, u yoʻqolib qolardi. Biroz yengil nafas olgan xizmatqul stul boʻy choʻzib deraza orqali qarasa, koʻkish plashini sudragan, boshiga oʻshanday tusli shlyapa qoʻndirgan Mingbolaev roʻparasidagi keng asfalt yoʻl boʻyiga chiqqan, uning qirgʻoqlangan beton toʻsqichlari yoqalab, mayda odimlagancha, toʻkilib ketib borayotgan boʻlardi. Qoʻlida eskirib, yagʻiri chiqib ketgan qalin matodan tikilgan xalta. Oldinga sal munkayib bukchaygan chol shu alfoz koʻzdan faromush boʻlardi. Ana shu oʻzi ixtiro qilgan chizigʻi boʻylab bozor qatnaydi u. Ul-bul, yemish keltiradi. Qitir-qitir yura-yura, timirskilana-timirskilana oshxonada allambalolar qiladi. Aksariyat tovush chiqarmaydi. Goho-goho oʻziga xos, biroq tushunarsiz saslar uchadi ogʻzidan. Kuch-quvvati joyida chogʻlarda kuniga osh damlardi. Hamyoni ham durust boʻlsa kerak-da, yemishi osh edi. Kechga osh damlar, ertalab, tushda uni isitib yeyaverardi. Shomga tomon yana oshga unnardi. Shunaqa edi u. Oʻsha paytlar xotini, bolalari tirik edi. Xotini boshqa joyda tursa ham tez-tez kelib ketardi. Oʻgʻil-qizlari, nevaralari xabar olishardi. Ularga oʻlat tegdi. Kasal tovuqlarday birin-ketin yiqilaverishdi. Dastlab oʻrtancha oʻgʻli oʻldi. Oq qon degan baloga duchor boʻldi. Keyin kichigi, undan soʻng kattasi. Endi, qizi hozirlik koʻra boshladi. Shunda Mingbolaevning yodiga ilgari, qachonlardir domda yonma-yon yashagan dotsent qoʻshnisi tushdi. Oʻsha qoʻshnisi kech tunda va erta sahar duo oʻqib dam solaverardi. Domda «tirq» etgan tovush ham eshitilib turadi-da. Mingbolaev qoʻshnisi tabibsifat, ohangdor «kuf-suf»larini yaqqol eshitar, u esa erinmay, qiroat bilan tuya lukullaganday tovush chiqarib oʻqiyveradi. Chamasi, dotsent bolalari ustida shunday qilar, ularga dam solardi. U zamonlar «qizil davr»lar, yomon paytlar edi. Negadir, dotsent ovozini baralla qoʻyib dam solaverardi. Keyin, Mingbolaev tashqari chiqib, xizmat mashinasiga oʻtirayotganda, dotsentning ulkan sumka koʻtarib, galstuklarni obdon taqib, tavoze bilan institutga ketayotganining guvohi boʻlardi. Bir tomondan unga gʻashi kelardi-yu, ammo qoʻni-qoʻshnichilik, indamas edi. Kommunist boʻla turib, ustiga-ustak viloyat prokurori axir, jilla qursa, gʻashi kelardi-da.

Bolalariga oʻlat tegib, birin-ketin bevaqt nobud boʻlavergach, shu qoʻshni va oʻsha voqealarni esladi. Esladi-yu, ammo ahdidan qaytdi. Hayotida duoning kimsaga naf keltirganini koʻrgan emas. Hech narsaga ishonmaydi. Ammo, oilaga yomon qiron keldi. Uchala oʻgʻildan tashqari, qizi ham oʻtdi. Qizining birgina qizi ham oʻn sakkiz yoshida bandalikni bajo keltirdi. Kim biladi, xotini Raisa Mixaylovnaga bu ayriliqlar ogʻir keldimi yoki vaqti qazosi yetdimi, tez orada u ham koʻz yumib ketdi. Mingbolaevu ikkita oʻgʻlidan ikki nevara qoldi. Beva kelinlaridan biri, kichik oʻgʻliniki, turmush qurib ketdi. Katta oʻgʻlinikiga ham oʻlat tegdi, tobut mindi.

Mingbolaev dard yormadi. Har qanday togʻbel odamni ham bukib qoʻyadigan, bir oila tegrasidagi bu ketma-ket falokatlar uning qaddini egdi, shekilli, bukchayib qoldi, dard bor shudu budini yeb, ichi toʻkildi qoldi. Koʻpincha, bu gʻayritabiiy yoʻqotishlar goʻyo qargʻish yangligʻ ich-etini oʻrtasa-da, xayol arqoqlari chuvalanib, koʻrgan-bilgan, kechgan-kechirgan, tekkan-tegmagan taqdirlaru hodisotlarga mengzalib, bu xayolot chizigʻi ayrim joʻngina falsafaga, hayot saboqlari natijasi oʻlaroq anglashiladigan xulosalarga taqalgisi kelar, biroq Mingbolaev ularni pashsha qoʻrigandek haydab solardi. Shunda u mustabid ikki tushunchaga tayanar, billohki, hozirgilardek ikki, uch qavat uy qurgani yoʻq, qolaversa, pora olgani yoʻq. Mazkur ikki tushunchadan boshqasini oʻylagisi kelmas, mantiq yoʻrgʻasini minvolib, toʻgʻri oʻylashga, rosti, yuragi betlamas, oʻrgimchak toʻriga ilinib qolishdan qoʻrqardi. Boz ustiga, aslida, bunday kezda, umr sarhisobida aytilajak soʻnggi taskin: «Oʻzi kechirsin», degan jumlaga sira tili aylanmasdi.

Shuncha yaqini qazo qilib, u boshqalardan oʻzgacharoq xulosaga keldi — hech kimga tayanish kerak emas ekan. Insonga birdan-bir tayanch oyoq ekan, xolos. Oyoqdan qolmasang boʻlgani, qolgani bir gap boʻlar. Ha, u oyoqdan qolmaydi, bu qarori qat’iy. Ammo... Butun hayoti shubha qilish mashqi boʻlgan va bundan juda katta tajriba orttirgan odam — Mingbolaev uchun bu ham, albatta, shubhadan holi emas edi. Bor haqiqat haqqi-hurmati shuni ta’kidlash lozimki, shubha uning ishi edi. Shu bois uning qonida boshqa tanachalar ham hamnishin, ya’inki, u komil ishonchga ega, har qanday narsaning porloq tomonini koʻrishga moyil edi. Balki shundan-da, shuncha jondoshi jon uzib, uning qaddi egilgan esa-da, qolgan ikki nabirasiga tayanmadi, ikki oyogʻini oʻyladi, xolos. Xuddi shunday ham boʻldi. Yana nabirasining kichigi oʻldi, oʻn uch yoshligi qoldi. Vaqtiki yetib, u ham oʻn sakkizga toʻlganda oq qon tanachadan qazo qildi. Shuning uchun ham Mingbolaev ikki oyogʻiga tayangan ekan. Oyoqlarga nisbatan oʻsha shubhasi porloq kelajakka boʻlgan komil ishonchiga putur yetkazsa-da, u baribar, ikkilanmadi. Mana, oyoqlar uni bus-butun shu uvadasi chiqqan keksa stulga abadiy topshirdi. Stulning oyoqlari oltitaga oʻxshab qoldi, xolos. Uch yildirki, u shundoq, shu koʻyi oʻtiribdi. Deraza ortidan kimdir, ha, haligi xotin kelib-ketib turibdi.

Mingbolaev hozir belini ham unutgan. Boʻyin degani-da bevafo boʻlarkan. Insonga eng fidoyisi qoʻl ekan, xolos. Qaltirasa-da, harakatini yoʻqotgani yoʻq. Unga boʻysunadigan birdan-bir shular qoldi. E, Xudo koʻtarsin, yana ikkitasi bor. Ulardan biri biroz xiralashdi. Bu miya. Ikkinchisi esa, koʻz, hali nurini yoʻqotgani yoʻq. Deraza ortini shundoqqina koʻrib, his etib turibdi. Hayot barhayot.

Ilkis, oʻng qoʻli yotgan deraza taxtasi titrab ketdi. Mingbolaevning koʻzi deraza ortidagi tomoshani topdi.

Yoʻlakda choʻzilib, uzala yotgan qizmi, ayolmi, bolami, turib oʻtirdi. Qoʻllarini olgʻa choʻzdi. Oʻtirgan koʻyi kimgadir iltijo qilardi, chogʻi. Darhaqiqat, shunday ekan. Uch qadamcha oldinroqda yana birov turardi. Yoʻq, u ketayotgandi. Iltijo kuchaydi shekilli, u toʻxtadi. Ortiga oʻgirildi. Bu payt oʻtirgan astagina oyogʻiga turib olgandi. Yigitmi, kishimi, haligi ortiga bir qadam qoʻygan edi, oyogʻiga turgan qochganday tisarildi. Yigit burilib olgʻa yurdi. Qiz ergashdi. Yetay deb qolgan ham edi, yigit ters burilib shunaqangi musht soldiki, shoʻrlik qiz yoʻlakka uzalasiga agʻdarilib tushdi. Mingbolaevning qoʻli yana tokcha taxtasining titraganini sezdi. Tom bitgan quloqlari naq «shiliq» etgan goʻshtning tovushini eshitdi. Uzala qulamish qizning egasiz qoʻllari oʻzi istagancha ohista yiqildi. Yigit yoʻlakka koʻndalang choʻzilgan tanani oʻxshatib tepdi. Soʻng yoʻlida davom etdi. Qiz yana turib, behol oʻtirdi, iltijolandi. Ogʻir qoʻzgʻolib, turishga chogʻlandi. Qiynalib turdi. Gandiraklab, yigitning ortidan yurdi. Ular koʻrinmay qolishdi. Mingbolaev stulga qattiqroq tayanib oldi.

Fargʻona