OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTinimboy Nurmugambetov
Asar nomiChinorgul (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qozoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tinimboy Nurmugambetov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMurod Abdullayev
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chinorgul (hikoya)
Tinimboy Nurmugambetov

Tushdan soʻng quyosh battar qizdira boshladi. Tashnalikdan cholning tomogʻi qurib-qaqrab qolayotir. Yaqin-orada buloq ham yoʻq. Aksiga olib hali tuyogʻi qotmagan, kechagina tugʻilgan buzoqcha oyoqlari mayishib, dovdiraydi, yurishga yaramaydi. Biroq chol uni ayab oʻtirmaydi, arqonni tortib sudraydi. Tashnalik va ochlikdan diydasi qotgan, buzoqcha oʻlib qoladi, deb ham oʻylamaydi, yovshan bosgan soʻqmoqdan sudragani sudragan.

Bu holga Muqa chol beparvo esa-da, Oymoʻgiz chidolmadi. «Moʻ-moʻ»lab boʻynini burgancha buzogʻi ustiga engashdi. Cholning ahvoli ham hozir buzoqchanikidan battar edi. U qoʻlini pana qilib, atrofga razm soldi. Sarobdan oʻzga narsani farqlab boʻlmasdi. Axir, bu oʻzi tugʻilib oʻsgan joy-ku, hech boʻlmasa, hozir qaerdaligini tusmollar. Hov anov qirning ortida oʻtgan yili mol fermasi bor edi. Ehtimol, hozir hech kim qolmagan, hamma koʻchib ketgandir. Biroq buloq boʻlishi kerak. Muqaga shu topda bir qultum muzday suv katta armon.

Chol biroz tetiklashgan buzoqchani oldiga solib, qirga oʻrladi. Tepalikka koʻtarilganda fermaning qorasi koʻrindi: uzun qoʻralar, tsement oxurlar... Yetti-sakkiztacha uy. Ayrimlarining tomi, eshik-derazasi koʻchirib olingan. “Hamma koʻchgan. Tashlab ketishgan”, oʻyladi chol ichida kuyunib. Biroq kutilmaganda chordevorlar orasidan bir it vovullab chiqdi. Choʻponning iti, qashqirga oʻxshaydi. Vajohat bilan irillab kelayotgan itni koʻrib, Muqaning quti oʻchdi. Shu payt chetdagi uyning eshigi ochilib, boshiga oq roʻmol tashlagan kampir chiqib bor ovozi bilan itini chaqirdi. “Xayriyat, odam bor ekan, — chol boladay suyunib ketdi. — Oʻzingga shukr, Xudoyim”. U sigir-buzoqqa ham qaramay, otining boshini uy tomon burdi. Yaqinlasha turib kampirni taniganday boʻldi: “Koʻzimga issiq koʻrinyapti...”. Muqa koʻzini uqalab, tikilibroq qaradi. “Oʻsha... E, xudo, bu Chinorgul-ku! Oʻzimizning Chinorgul. Haliyam shu yerda ekan-da...” Xursand boʻlib ketgan Muqa uyga yaqinroq borib, otidan tusha boshladi.

Chinorgul unga qarab turdi. Tanimadi chamasi, Muqa otini qoziqqa bogʻlaguncha miq etmadi. Chol otini bogʻlab, yaqin kelgandagina kampirning yuzi yorishganday boʻldi: tanidi chogʻi, cholga peshvoz chiqdi. Ich-ichiga kirib ketgan horgʻin koʻzlarida nur uchqunladi.
— Muqamisan? Xudoyim-ey, oʻngimmi yo tushimmi? — Chinorgul cholning qoʻlidan tutdi.
— Omonmisan, Chinorgul? — deya oldi Muqa zoʻrgʻa. Uning gapirishga holi qolmagandi.
— Axiyri keldingmi? Meni ham eslaydigan odam bor ekan, hartugul, — davom etdi kampir. — Unutib yuborishgandir, deb yurardim. Xudoga shukur... ming qatla shukur! Meni izlab kepsan-da.

Ular uyga kirishdi. Muqa toʻrga chiqdi. Qavatida oʻtirmasa ayrilib qoladiganday Chinorgul Muqaning yoniga choʻkdi. Chol toʻrt-besh yil burun Chinorgulning yolgʻiz oʻgʻli traktor tagida qolib oʻlganini eshitgandi. U Chinorgulga ogʻir burilib qarab, koʻngil soʻradi:
— Qayipbegingdan ayrilibsan, Chinorgul. Joyi jannatda boʻlsin. Xudo sabr bersin.
— Muqa, Qayipbegimni aytayapsan-da, ha, anglab turibman. Ha, qoqbosh boʻlib qoldim, Muqa. Yolgʻizimdan ayrilib qoldim...

Cholning qoʻlini mahkam siqib ushlagan koʻyi Chinorgul hoʻngrab yigʻladi.
— Nima deyayotganingni eshitayotganim yoʻq. Qulogʻim tom bitgan. “Qayipbeging endi yoʻq!” Mening oxirgi eshitgan gapim shu boʻldi, shu gap meni bu dunyodan uzib qoʻydi. Birov bilan gaplashmaymanam. “Tiq” etgan tovush yoʻq. Oʻzim eshitmay qoʻydim bu dunyoning tovushlarini. Eshitgim kelmaydi. Nimasini eshitaman? Baribir endi Qayipbegimning ovozi oʻchdi, uning kulganini, gursillab yurishlarini endi eshitmayman-ku. Shukr, meni kar qilib qoʻygan Egamga shukr.

Yolgʻizlik mushtipar kampirni tiriklikdan bezdirgan, chogʻi. U anchadan beri yuragini boʻshatmagan koʻrinadi...

* * *

Chinorgulning eri Qaulen Muqa bilan tengqur edi. Bolalikdan doʻst edi ular. Bir vaqtda uylanishdi. Bir paytda farzand koʻrishdi. Taqdir ato etgan baxtdan masrur boʻlib yurganlarida urush boshlanib qoldi. Frontga ham birga otlanishdi. Boshida bir frontda jang qilishdi. Keyin ajralib ketishdi. Urush tugashidan bir yil burun yelkasidan yaralangan Muqa qaytib keldi. Yozning qoq oʻrtasi edi. Tuman markazida poezddan tushib, ot-ulov kutishga ham sabri chidamay ovulga ayov qaytdi. Bugʻdoyga oʻroq tushgan palla, yoʻl boʻyi ayollarga koʻz solib bordi. Daneker bilan Chinorgul oʻroq oʻrib yurishgan ekan, yugurib peshvoz chiqishdi. Danekerning quvonchi cheksiz edi — kuyovining boʻynidan mahkam quchib olgan, sira qoʻyib yuborgisi kelmasdi. Boshqa payt Chinorgul kulib yuborardi, dugonasi oʻlgudek sogʻingan ekan!..

Chinorgul ham boshini Muqaning koʻksiga qoʻyib: “Bizning Qaulenni qaylarga tashlab kelding? Kimga tashlab kelding, Muqa!”, deb yigʻlab yubordi. Ugina emas, oʻroqchilarning bari koʻziga yosh olishdi. Chinorgul Qaulenni uzoq kutdi. Urush tugab, frontga ketganlar qaytib kelgandan soʻng ham u umidini uzmadi. Eshikning “tiq” etganiga, itining hurgani-yu, qadam tovushiga ham umidlanib koʻz tikib yotdi. Xat tashuvchining yoʻlini poyladi. Yoʻq. Qaulen qaytmadi. Bedarak ketdi.

Urushdan soʻng ham ular Toltugʻanda yonma-yon yashashdi. Chinorgul muomalali, ochiq koʻngil ayol edi. Ovulda hurmati bor edi. Ayniqsa, Daneker bilan oralari qalin edi, xuddi opa-singilday. Ishda ham, uyda ham doim birga.

Ishchanlikda Chinorgulga yetadigani yoʻq edi kolxozda. Yelib-yugurib yolgʻiz oʻgʻli Qayipbekni odam qildi, elga qoʻshdi. Danekerning qazosidan uch yilcha burun Qayipbek fermaga traktorchi boʻlib ishga joylashgach, Chinorgul oʻgʻli bilan Toltugʻandan bu yerga koʻchib kelishdi. Muqa uni Danekerning azasida koʻrgani. Koʻz qiymas dugonasining janozasida koʻz yoshini selday oqizganlardan biri shu Chinorgul. Hayotda gʻam koʻraverganidanmi yo fe’li oʻzi shunaqami, Chinorgul aytib yigʻlaganida diydasi tosh odamlarning ham koʻngli buzilib, koʻzlari namlandi.

Toltugʻandan koʻchib ketishganidan buyon Muqa Chinorgulni koʻrmagan edi. Koʻrmak tugul, bir ogʻiz xabar ham eshitmagandi. Koʻp narsa oʻzgarib, unutilib ketarkan. Koʻrgan-kechirganlaring ham asta-sekin xayoldan koʻtarilarkan. Muqaga qolsa-ku unutmasdi-ya, lekin nachora, hayot hammani shu koʻyga solib qoʻydi-da... Mana, oradan oʻn ikki yil oʻtib, Chinorgul bilan yana diydorlashib turibdi.

* * *

Chinorgul koʻp yigʻladi. Koʻnglidagi dardini toʻkdi. Muqa taskin berib, yupatishga urindi. Oʻzining ham koʻzlari yoshlandi. Soʻng Chinorgul yengi bilan koʻzlarini artib, oʻrnidan turdi. Obtoba va dastshoʻy olib kelib, cholning qoʻliga suv quydi, sochiq tutdi. Dasturxon yozdi. Muqa boshidagi boʻrkini olib tokchaga qoʻydi. Choponini yechmoqchi boʻlib, belidagi belbogʻini boʻshatgandi, bir hovuch oʻrik shov etib koʻrpachaga toʻkildi. Orasida ba’zilari ezilib qopti. “Koʻrpachani bulgʻadim-ov”, deb oʻriklarni terib olayotgandi, xonaga Chinorgul kirib keldi.
— Xudoyim-ov, bular oʻzingizning bogʻingizning oʻrigimi? Haliyam meva solarkan-da-a?.. Voy, sadagʻang ketayin... Xudoyim bersa rizq ado boʻlmasakan-da. Haliyam tip-tiniq, top-toza, har qaysi chaqaloqning mushtiday, qara! Sap-sariq, oltin, oltin!

Chinorgul oʻrikdan bittasini olib ogʻziga soldi: “Ta’miyam burungiday. Bol, bol!
— Muqa, yeb koʻrdingmi oʻzing? Sen toʻyguncha yeb qaytgandirsan. Eh, bir xumoridan chiqayin-a.

Chinorgul oʻrikni quvonib chaynadi, chiroyi ochilib koʻzlarida nur uchqunladi. Muqa bir dona oʻrikni olib dasturxon chetiga artayotanda Chinorgul:
— Oʻrikni artganing nimasi. Oʻrik kir boʻlmaydi. Daneker ikkovimiz mazasi ketib qoladi, deb yuvmay yerdik, — dedi.

Muqa oʻrikni ogʻziga soldi, hech qanday oʻzgacha ta’m sezmadi. Qaytanga ogʻzining ta’mi qochdi. Biroq Chinorgulga sir bermadi.
— Shirin ekan, — deb qoʻydi.
— Esingdami Muqa, Daneker bilan kelinchak paytlarimiz tolning soyasida kun boʻyi oʻtirib yongʻoq chaqardik. Shunda Qaulen ikkoving: “Senlarni yongʻoq chaqib oʻtirsin, deb olganimiz yoʻq”, deya koyirdinglar. Bu bizga biram xush yoqardi-ey. Kulib qoʻyardik. Oʻsha kezlar juda baxtliydik... Gʻam neligini bilmasdik. Umr doim shunday — oʻyin-kulgi bilan oʻtadi, deb oʻylarkanmiz-da. E, taqdiri qursin...

Chinorgul koʻnglini ochib oʻtgan-ketganlar haqida soʻylar, ogʻzidagi oʻrikni mazasini tatib, huzur qilib chaynardi. U yana bir dona oʻrikni ogʻziga solayotib:
— Muqa, qolganini belbogʻingga tugib ol, — dedi. — Bolalaringga oborasan. Ularning ham ogʻzi tegsin. Uylanganingni eshituvdim. Qutlugʻ boʻlsin! Undanam farzand koʻrgandirsan? Ol, tugib olib oborgin, ota makonlarining oʻrigi-ku!

Shunday deb u ichkari xonaga kirib, top-toza oq chit olib chiqdi. Oʻrikning qolgani koʻp emas, shu bois cholning koʻnglidan: “Buning nimasini ovulga olib boraman?”, degan oʻy kechdi. Biroq Chinorgulning ra’yini qaytargisi kelmadi.

Muqa u bergan chitga qolgan oʻrikni tugib, chakmonining choʻntagiga solib qoʻydi. Birozdan keyin Chinorgul choy keltirdi. Tashnalikdan tanglayi qurigan Muqa terlab-pishib choy ichdi. Dasturxondagi yumshoq non, sariyogʻdan totindi. Chanqogʻi bosilgach oʻzini tetikroq sezdi. Chinorgulni gapga solib, gurunglashib oʻtirgisi keldi-yu, kampirning kar boʻlib qolgani esiga tushib, oʻy surib qoldi. Yana Chinorgulning oʻzi gap boshladi:
— Yolgʻiz qoldim, Muqa. Oʻtgan yili sening Beljigiting butun fermani koʻchirib olib ketdi. Mana buyoqda, ikki qir naridagi qoʻshni sovxoz yerida ekin ekadi. Oʻsha yerga borib turaman. Qand-choyni ham shulardan sotib olaman.

Muqa bosh irgʻab, uning gaplarini ma’qullagan boʻldi.
— Qayipbekning yilini bergandan soʻng kelinim qarindoshlarinikiga ketib qoldi. Qaytayin, qol deyolmasam. Qayipbekdan bola ham tugʻmadi... Tuqqanida shu yerda qolarmidi, kim bilsin? Manglayimga yozilgani shu ekan-da. Ne qilay? Yigʻlab-siqtab qolaverdim. Tashlab ketding, deb qargʻaganim yoʻq. Oq fotiha berdim. “Koʻz ochib koʻrgan boʻsagʻang, qulunim, unutib yuborma!”, dedim. U ham yigʻlab-siqtab xoʻshlashdi. Nima qilsin?

Chinorgul piyoladagi choyidan xoʻplab, gapida davom etdi:
— Shunday qilib, hammani kuzatib, Alipsoq ikkov qoldik. Uni boya koʻrding-ku, joʻn it emas u. Meni tashlab uzoqqa ketib qolsa ne qilardim? Yigʻlab qolaverardim-da. Bu qoq boshim nelarni koʻrmadi. Koʻnardim, bungayam... Yoʻq, tashlab ketmas, Xudo biladi yanayam, harqalay tashlab ketmaydi. Men oʻlgan kunim qirning boshiga chiqib, uvlab yotadi hali...

Muqa dasturxon chetini buklab-yozib Chinorgulni unsiz tingladi. Choy ichilib, tashqariga chiqdi. Kun ogʻib qolgan, havoning hovuri bosilib, salqin tusha boshlabdi.
— Bugun dam ol, ertaga barvaqt ketarsan. Soya betga toʻshak solib qoʻyaman, — dedi Chinorgul boʻshagan samovarni koʻtarib chiqayotib.

Muqa bosh silkib, “ma’qul” ishorasini qildi! Oymoʻgiz buzogʻi bilan eski qoʻraning soyasida ekan. Buzogʻi totqilab uning yelinini emib yotibdi. Muqaning yaqin kelganini sezmadi ham. Oymoʻgiz boshini burib qaradi. Muqaning ortidan Chinorgul ham ular oldiga keldi.
— Oʻzimizning Oqsigir zotidan-ku. Yelini toʻla sut boʻlardi-ya. Bir sogʻganda Danekerning chelagi toʻlib, arang uyga koʻtarib ketardi.

Chinorgul Oymoʻgizning sagʻrisini siladi.
— Daneker Oymoʻgizni sogʻa olibmidi, oʻzi? Aytmoqchi, biz Danekerning qirqiga borganimizda shu — birinchi buzoqni tuqqandi-ku, a. E, jonivor-e... Yeliniga qoʻl choʻzish nasib etmadi Danekerga. “Oymoʻgizim ham Oqsigirdan kam boʻlmaydi, qaytanga undan sutliroq boʻladi”, deguvchi edi.

Chinorgulning mayin qoʻli terisiga tekkanda Oymoʻgiz burilib, unga qarab turdi, silayotganda esa bezovtalanmadi ham.

Chinorgulning koʻzi buzoqchaga tushdi: “Hoy, arzanda-ey, buncha tirgʻalmasang! Hech yelindan ayrilging kelmayaptimi? Tortqilaganini qara-chi, uzib oladi, chogʻi”.

Uning qoʻli tekkanda buzoqcha ogʻzini yelindan boʻshatib, ortga tisarildi. “Buzoqchaning boʻynini arqon qiyib ketibdi-ku, Muqa?! Xudoyim-ey, endi oyoqlagan buzoqchaga ham shuncha jabr qiladimi? Boʻyniga qil arqon solganing nimasi?..”

Chinorgul Muqaning ishidan ranjib, kuyib-pishib gapirgancha uyga kirib ketdi.

Muqa otini oʻtloqqa qoʻyib yubordi. Qoʻl-oyogʻini yozmoqchiday u yoq-bu yoqqa yurdi. Birozdan soʻng uy oldidagi tol soyasiga toʻshalgan koʻrpachaga choʻzildi. Ikki kun sigir axtarib oyoqdan qolgan ekan, boshi yostiqqa tegiboq koʻzi ilindi.

Chol soyalar uzayib qolganda uygʻondi. Yostiqdan boshini koʻtarganda oʻzini xiyla tetik his etdi. Qorni ochganini sezdi. Chinorgulning ovqati tayyor ekan.

Qoʻlini yuvib, dasturxon boshiga oʻtirdi. Chinorgul tovoqni toʻldirib ovqat suzibdi, bir emas, uch-toʻrtta kishiga yetgulik.
— Qoʻy soʻyib siylashim kerak edi, Muqa. Tuyoqlarning barini yaqinda ovulning chorvasiga qoʻshib yuborib edim. Borib kelishga menda oyoq qayda deysan, qarichilik. Senga qoʻy soʻymasam, kimga soʻyaman. Sendan ortiq mehmon bormi menda. Xudoyim-ey, oylab, yillab yoʻlingga koʻz tutdim... Koʻnglimni uzmadim. Yaxshi-yomon kunlarni birga tatigan tengdoshim-ku, nima boʻpti, oʻlgunimcha bir xabar olar, deb yurgandim. Xudoga shukr, axiyri kelding... Ovqatdan ol, Muqa. Yigit kezlaringda Qaulen ikkoving bir tovoq goʻshtni koʻrdim demasdinglar. Toʻymay qolsanglar Daneker ikkovimiz aybdorday damimizni ichimizga yutardik. Kishi bilmas yoʻqchilikdan nolinardik. Xudoga shukr, hozir irkitga it qayrilib qaramaydigan zamon-ku. Ol, Muqa. Yigit kezingdagiday bir yegin-chi. Ana shunday. Seni koʻrib, men Qaulenimni eslayin, qavatingda birga-birga non-tuzni boʻlib oʻtiribdi, deb oʻylayin.

Muqa rosa ochiqqan ekan, shuning uchun goʻshtni ishtaha bilan chaynadi. Baribir yetmishni qoralab qoʻygan cholning yegani nima boʻlardi. Ikkovlashib tovoqni yarim qilisholmadi. Ovqat ustidan bostirib choy ichishdi. Soʻng Chinorgul eshik oldidagi soʻriga Muqaga joy soldi.

Idish-tovoqlarni yuvib-yigʻishtirgach, Chinorgul Muqa yotgan soʻri chetiga kelib oʻtirdi.
— Uxlab qoldingmi, Muqa?

Muqa uxlamaganini sezdirib qoʻzgʻalib qoʻydi.
— Kindik qoning toʻkilgan yerning havosidan huzur qilayotgandirsan? Senlar tomonda kun issiq boʻladi, chivin-chirkaylar ham gʻoʻj-gʻoʻj deyishadi.

Chinorgul rost aytadi. Kunduzi chivin, oqshom pashsha talaydi... Muqa unsiz tin oldi. Umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygani, talay yil birga yashagan xotinining, ota-onasining qabrlari boshiga borib Qur'on oʻqishni koʻngliga tukkandi, borolmadi. Shundanmi, dili xijil boʻlib, yuragi siqildi. Hartugul Chinorgulning eshitmaganiyam tuzuk. Cholning javobini kutib oʻtirmay yana gapiraveradi.
— Nimasini aytayin, burnogʻi yil koʻklamda, birovlar direktor kelarmish, dedi. Beljigitning shu sovxozga direktor ekanini bilaman-ku. Chinini aytsam, yuragim tars yorilgudek quvondim. Qayipbegim bilan ikkovi bir yil, tengdosh-da. “Aylanayin, Qayipbegim bilan birga oʻynab-kulgan joylarini bir koʻrgisi kelgandir, koʻngil soʻrar”, deb oʻyladim. Suruvdan qoʻy saylatib obkeltirdim. Bolaligida bizning Qayipbek ikkovi qoʻrga pishirilgan tova nonni talashib yeyishardi. Shuni esiga solayin, deb Beljigitga deb kulcha ham pishirib qoʻydim.

Bir mahal: “Direktor keldi, direktor keldi”, deb toʻpirlashib, yugurgilab qolishdi. Tashqariga chiqib choʻzilib qarasam, qoʻra yonida mashinasidan tushayotgan ekan. Tanidim. Bolalaring oʻzingga tortgan, qoruvli, boʻychan. Darrov tanidim. Mashinasidan tusha solib bizning uyga qarab yurganday boʻldi. Shoshilib, uyga kirib ketdim. Daneker Beljigitni Beljon deguvchi edi. Beljonni uyimning boʻsagʻasida kutay, dedim. Qayipbek bilan, tepishib katta boʻlgan, bagʻrimga bossam Qayipbegimning isi kelar, deb oʻyladim. Kutdim, kutdim, yoʻq, kelavermadi, Tashqari chiqdim. Qarasam, boya yugurgilab yurganlar tarqashyapti. Hay-haylab: “Beljon qani?”, deb soʻradim. Kimdir: “Beljoni kim? Direktorni aytayaptimi? U ketib qoldi-ku”, dedi. Ichim muz qotganday boʻldi. Uyga sudralib qaytib kirdim. Bundan ortiq azob, xoʻrlik boʻlmas ekan, Muqa. Uyga kira-kira hoʻngrab yigʻlab yubordim... Muqa, men mushtipar yigʻlamay kim yigʻlasin, oʻzing ayt-chi... Keyin bilsam u mendan koʻngil soʻragani emas, fermani koʻchirib, meni esa bu yerda yolgʻiz tashlab ketgani kelgan ekan.

Muqa hech qachon bunday noqulay ahvolga tushmagandi. Bezovtalanib koʻrpasini yelkasiga tortib, yonboshladi. Chinorgul hasratini toʻkib solayotganda choʻzilib yotishga iymandi.
— Toltugʻandan koʻchib ketgan kezlarda koʻnikolmay, ancha payt sizlarni qoʻmsab yurdim. Elga elakishib, asta-sekin yangi joyga, odamlarga koʻnikdim. Qayipbekni uylantirdim. Qoʻl yetgancha toʻy qildim, ovuldagilar oʻynab-kuldi, yaxshi tilaklar tilashdi. Endi oʻylab qarasam, bu yolgʻonchi dunyodagi koʻrganim oʻsha kunlar ekan. Bir davron ekan-da. Yuragim yorilgudek quvonib yurardim, biroq buni ham Egam koʻp koʻrdi...

Qayipbegimdan ayrilib, qovurgʻam mayishganda, negadir sizlarni qoʻmsadim. Danekerni oʻyladim, seni oʻyladim. Muqaga ne boʻldi, nega kelmaydi, deb xavotirlandim. Yopirim-ay, eshitmadimikan? Nega eshitmaydi? Yetti yot begona boʻlib ketganida ham, yeru koʻkka yetgan hasratu nolamni guvlab esgan shamol yetkazmadimikin? Mening koʻz yoshlarim oq yomgʻir boʻlib derazangni chertmadimikin? Yetkazgan chiqar!.. Chertgan chiqar!.. Shundayam miq etmadingmi? Qanday chidab turding? Nega kela qolmading, Muqa... Nega? Bir kunlik yoʻl edi-ku. Yo, xudo, bolangning moshinida gʻiz etib kelib-ketsang bir sut pishgulik vaqt ketardi-ku. Men shoʻrmanglayni yupatib ketarding... Mayli, meniyam qoʻya tur: yaratgan Egamning bir bandasi oʻldi-ketdi.

Xoʻsh, biz, oʻzimiz nega bir-birimizni unutib qoʻydik? Nega begona boʻlib ketdik? Bir-birimizga talpingan, mehr toʻla, koʻrmasa turolmaydigan koʻngillarimizga ne boʻldi? Muqa, ularni qayga koʻmdik? Qayda yoʻqotdik?

Muqa churq etmay yer chizib oʻtirar, qaniydi bir yoriq boʻlsaydi, kirib uyatdan koʻrinmay ketsa. U oʻzidan oʻtganini oʻzi bilardi. Chinorgulning bir nafaslik sukuti unga bir yilday tuyuldi, Chinorgulning gapirishini betoqat kutdi.
— Daneker tirik boʻlganida kelarmidi, kelmasmidi — Xudo biladi. Kelardi-yov. Meni zoriqtirmasdi, allaqachon kelib, koʻzimni yoshlangani qoʻymasdi. Qaydam, u oramizdan bekor ketmagan chogʻi, Muqa. Oramizdagi qadr-qimmatniyam oʻzi bilan olib ketgan. Burungilar xayr-u saxovatli odamlar boʻladi, deguvchi edi. Daneker oʻshalardan biri ekan. Bu rost.

Muqaning koʻzlarida munchoqday yosh yiltiradi.
— Mayli, endi damingni ol. Erta turasan, shekilli, — dedi Chinorgul Muqaga qarab. — Boʻlar-boʻlmas gaplarni aytib boshingni qotirdim, a. Senga aytaman-da. Hartugul, hasratimni kimgadir toʻkishim kerak-ku. Shukur, ichimni boʻshatdim, yengil tortdim. Endi uxlay qol, Muqa.

Hozir yorugʻ boʻlganda Muqa Chinorgulning yuziga qaray olmasdi. Xayriyat, qorongʻu, shungayam shukr qildi.

Chinorgul enkayib uning koʻrpasini toʻgʻriladi, Muqa koʻnglini orziqtirgan bu mehribonlikdan allanechuk boʻlib ketdi. Koʻz oʻngida ayoli Daneker gavdalandi...

* * *

Muqa toʻrgʻaylar tovushidan uygʻonib ketdi. Tong otib qolibdi. Chinorgulning choyi qaynab yotibdi. Muqa ildam kiyinib, yuvindi. Chinorgul soʻriga dasturxon yoyib, samovarni olib keldi.
— Oymoʻgizni sogʻdim. Uvuzini ichib koʻr, — deb Chinorgul tovoq toʻla uvuzni oʻrtaga qoʻydi.

Uvuz suyulib qolibdi. “Oymoʻgizning bolalaganiga bugun uch kun boʻpti”, xayolidan oʻtdi cholning. Ammo uvuz juda mazali. Muqa ozroq ichib, tovoqni Chinorgul tomon surib qoʻydi.

Joʻnash vaqti yetdi, biroq Muqa kechagidek ovuliga tezroq yetib olishga shoshilmasdi... U oldinda nimalar kutayotganini emas, ortda qolgan kunlarini oʻylab xayolga toldi. Yoshlik chogʻlari koʻz oʻngida jonlana boshladi. Kecha tunab qaytgan ota makoni Toltugʻan... Chinorgul. “Kuzga yaqin Toltugʻanga bir borib, oʻriklarni sugʻorib qaytsam, — oʻyladi chol. — Ne’mat-ku, axir. Koʻkarib tursin. Ota makonimning tiriklik belgisi. Nobud boʻlmasin... Chinorgulni ham, bolalarimga aytib, qishga yaqin koʻchirib opketmasak boʻlmas. Qanday boʻlmasin koʻchirib obketaman...”

Chinorgul ichkaridan uning choponini, qamchisi, chit matoga tugilgan oʻrikni olib chiqdi. Ikkisi yonma-yon yurib toʻriq yoʻrgʻa yoniga kelishdi. Muqa otini egarladi. Chinorgul kecha tikkan noʻxtani buzoqning tumshugʻiga kiygizmoqchi boʻlib engashgandi, buzoq Oymoʻgizning bagʻriga tiqildi, biroq qochqoqlamadi. Chinorgul noʻxtalayotganda tanasi dir-dir titrab, tangaday koʻzlarini undan uzmay qarab turdi.

Muqa otiga mindi. Oymoʻgiz oldinga tushdi. Ancha joygacha Chinorgul buzoqchani yetaklab bordi. Ovul ortidagi qir beliga chiqishgach, buzoqchani qoʻyib yubordi. Muqa bilan qoʻl olishib xayrlashdi.
— Eson boʻl, Muqa. Yana aylanib kelasanmi, kelmaysanmi... Eson boʻl... Meni soʻraydiganlar boʻlsa, Chinorgul yolgʻiz ekan, dema! Ota makonini, qarindosh-urugʻlari mozorini tashlab ketolmas ekan, de. Shunday degin, Muqa!

Chinorgul oʻzini qoʻlga oldi. Yigʻlamadi. Faqat tovushi qaltirab chiqdi.

— Xush qol, Chinorgul! — dedi Muqa ham tovushi titrab. Yana bir nima demoqqa holi kelmadi. Otini qamchiladi. Biroz yurgach, qayrilib ortiga qaradi, qir boshida Chinorgul hali ham oq roʻmoli shamolda hilpirab, qarab turardi...