OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifToʻlqin Eshbek
Asar nomiOstonaqul buvaning daftari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Toʻlqin Eshbek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ostonaqul buvaning daftari (hikoya)
Toʻlqin Eshbek

Hammasi Taisa degan ayolning «yoz-yoz»idan boshlandi. Birinchi qavatdagi Ostonaqul buvaning «boyliklari» orasidan sichqonlar chiqayotgan emish. Hatto toʻqqizinchi qavatdagilarning ham tinchini buzayotganmish...
— Ishonmasayiz, uyimga chiqingiz, bir koʻringiz, — dedi ayol koʻkish koʻzlarini javdiratgancha. — Tun boʻyi «chiy-chiy»idan jonim hiqildogʻimga keladir. Sanepidstantsiyaga yozdim, natija boʻlmadi. Ular kelganida sichqon kuti-ib oʻtirarmidi? Aslida chol hammasini «tinchitib» yuborayapti, hujjatini pesh qilgani qilgan. «Frontovik» emish. Nima, uyimiz boʻsagʻasini musorga toʻldirma, deyishga haqqimiz yoʻqmi, a? — U qoʻlini beliga tiragan koʻyi tahdid ohangida soʻzlardi. — Xat qildim yuqoriga, shunga qoʻl qoʻydirib yuribman. Axir, bizning ham dodimizni eshitadiganlar bordir-ku?..

Birinchi yoʻlakdan atay kelgan opaxonning sargʻish chehrasiga boqib, achindim. Bir hisobda unga rahmat deyish kerak. Qachongacha «dunyoni suv bossa, toʻpigʻimga kelmaydi», deb yuraveramiz? Biroq hozir imzo qoʻydirish uchun uzatilgan qogʻozni olmasdan avval dilimdagini aytdim:
— Birdaniga kattalarga yozish shartmikan?..
— Shart, oʻrigilay, shart! — Gapimning oxirigacha eshitmay bobilladi opaxon. — Ulardan boshqaning kuchi yetmaydir bu injik cholga!
— Bunaqa ishning yoʻl-yoʻrigʻi bor. — Tushuntirdim yotigʻi bilan. — Avvalo mahalla faollari bilan gaplashish kerak! Xatni oqsoqolning nomiga yozing!..

Ushlagan joyini qoʻymaydigan qoʻshnimiz koʻz oldimda xatning tepasiga oqsoqolning ism-sharifini yozdi-da, boshqa qogʻozga koʻchira boshladi.
— Qani, tagʻin nimalar deb yozamiz? — Savol nazari bilan qaradi menga aji-buji xatini koʻrsatib. — Siz ustaroq koʻrinasiz, buyogʻiga qarashvoring.

Mahalla oqsoqoli ongiga «etib boradigan» bir-ikki jumla aytdim.
— Ha, oʻlma-ang! — Yozayotganlari nishonga tegishiga umid paydo boʻlgani qoʻngʻir sochli ayolning yuzidan ayon bilindi. — Endi gʻing deb koʻrsin-chi!..

Opaxon qogʻoz-qalamini menga uzatdi:
— Qani, qoʻl qoʻying-chi...

Besh yoʻlak naridagi janjalga burnimni tiqishni istamasam-da, hozir undan osonlikcha qutulishning iloji yoʻq edi. Qoʻlim qaltirab, noiloj imzo chekdim. Keyin barmogʻimni tishlab qoldim; axir, nega men birinchi boʻlib... Afsus, xushim oʻzimga kelganida baqaloq opamiz zinadan lapanglab tushgancha sakkizinchi qavatdagi eshikni jiringlatayotgandi...

Ostonaqul buva toʻy-ma’rakalarda hamisha bosh-qosh. Oʻz ta’biri bilan aytganda: qoʻni-qoʻshnilarning «boshini qovushtirib» yuradi. Urishganlarni yarashtirib, «yarash oshi» degan udumni ham yodga solib turadi. Kayvoni cholning hamma ishi yaxshi-yu... shunaqa «boylik»ka ruju qoʻyganini hech kim xazm qila olmaydi. Ya’ni har kuni kallai saharlab toʻkindi qutisini titadi... Yoʻq, u yoʻqchilikdan yo biror narsaga zoriqqanidan qilmaydi buni. Oʻzining aytishicha, isrofgarchilikdek gunohi azimdan qoʻrqib... avval nonlarni uvogʻigacha terib olarkan, soʻng boshqa narsalarga ham koʻzi qiymaskan. Boʻsh shisha, temir-tersak, idish-tovoq, latta-putta...

Qutilardan terib olganlarini qoplarga joylab, uyiga olib kirarkan. Uch xonali uyining shiftigacha toʻlgach, balkoni oldiga — yoʻlak chetiga joylashga tushgan. Qatra-qatra yigʻilib daryo boʻlur, deganlaridek, qoplardan ham ajabtovur tepalik paydo boʻlgan. Toʻgʻri, otaxon kun boʻyi «ermak» deya shahar chetidagi eski-tuski narsalarni bozorga oborib sotadi.

Odamlar keksa kishi deya «soqolining oqi»ni ham hurmat qiladilar. Chol boʻlsa, chiqitlarning qadriga yetadi-yu... qoʻshnilarga jabr qilayotganini tushunmaydi. Tushunishni ham istamaydi! Hadeb gapirishga qoʻshnilarida til, unda quloq, mutasaddi kishilarda esa jur’at yetishmaydi.

Nihoyat, Taisa opa niyatiga yetdi! Beshta yoʻlakdagi toʻqson qoʻshnining (hatto Ostonaqul buvaning kampiri ham soʻrab-surishtirib oʻtirmasdan qoʻl qoʻyib yuboribdi!) imzosi bilan toʻlgan xatini koʻtargancha oqsoqolni yetaklab keldi.

Kechki payt majlisga toʻplandik. Aftidan hech gapdan bexabar Ostonaqul buva ham davra toʻrida! Chamasi, biror oshning maslahati boʻladi, deb oʻylayapti, shekilli.

Hozir boʻlajak gʻalva haqida oʻylaganim sari yuragim bezovta uryapti...

Oqsoqol oʻrtaga chiqib salom berdi-da, «kun tartibidagi yagona masala» haqida soʻz ochganida qoʻshnilar shamolda chayqalgan qamishlardek qimirlab qoʻyishdi. Hozir Ostonaqul buvamiz «portlashini» kutgandik. Yoʻq, parvoyi palak oʻltiribdi!

Shikoyat xatini oʻqigach, oqsoqol odamlarga savol nazari bilan qaradi:
— Xoʻsh, kim soʻzga chiqadi?

Birinchi boʻlib tashabbuskor ayol oʻrnidan turdi. Iymanibroq boshlagan gapi tezlashib, kutilmaganda qoʻlini men tomon bigiz qilsa boʻladimi:
— Bu xatni sizga ana shu yangi qoʻshnimizning gapi bilan yozdim! — dedi goʻyo men uni qistovga olgandek. — Yoʻl-yoʻrigʻini bilaman, oqsoqolga yozish kerak, dedi, toʻgʻrimi, uka? — U boshini irgʻagancha gapini oʻzi tasdiqladi. — Keyin, aytib turdi, birinchi boʻlib qoʻl qoʻydi... Ishimiz oqsoqolning oʻzi bilan bita qolsa — olam guliston, degan gapiga men ham qoʻshildim...

Hamma guv etib menga qaradi.

Bu gapni qoʻshnilar qandoq tushunganlari ularning olazarak va hatto tahdidli koʻzlaridan ayon sezilib turardi. Ular nazdida goʻyo men gʻalva koʻtargan, qoʻshnilarni «qayragan» boʻlib qoldim.

Shu tobda yer yorilsa-yu, jimgina kirib ketsam...

Otaxon ham harakatga tushdi. Qoʻynidan allaqanday daftarini chiqarib, nimadir yoza boshladi. Chamasi, u ham «jang»ga tayyorgarlik koʻrardi.

Taisa opadan soʻng oʻn chogʻli kishi gapirgan boʻldi.

Faqat gap nishabi ikki tomonga qaratilardi: birinchisi, Ostonaqul buva hovlidan oʻsha «boylik»larini yoʻqotsa yaxshi boʻlardi, ikkinchisi, Boʻri Botirov (ya’ni, men!) katta joyda ishlaganini pesh qilmasin, qoʻshnilari ustidan xat uyushtirmasin!..

Choʻqqisoqol kishining gapi qiziq boʻldi:
— Boʻriboy uka, haqiqiy boʻri ham oʻz atrofidagi qoʻtonga tegmaskan. Siz yozuvchiligingizni kep-kep sakson yashar otaxonga koʻrsatasizmi? Buvangiz tengi odamni shunaqa izza qilishingiz insofdanmi? Oʻzlariga yotigʻi bilan aytsangiz boʻlmasmidi?.. Qilgʻilikni qilib qoʻygach, nega endi hadeb bu ayolga (Taisa opaga ishora qildi) yomon qaraysiz? Ojizaning qoʻli bilan birovni urishga ustaligingizni xaspoʻshlamoqchimisiz? Shu ishingiz insofdanmi?!

Burni yapasqiroq kishining gapi undan ham oshib tushdi:
— Shuncha dardiyiz borakan, domkom oʻlgani yoʻq-ku?! — Koʻkragiga urib qoʻyganiga qaraganda oʻzini aytayotgandi, shekilli. — Yigirma yildan beri domimizdan bunaqa bema’ni gap chiqmagandi...
— Ilon chiqmagandi, deng! — Luqma tashladi piyonista bashara odam.

Bu gapga kimdir kuldi, boshqasi taassuf ila bosh chayqadi. Kuygan basharasi koʻrshapalakka oʻxshab qolgan barzangi soʻyloq tishlari orasidan papirosning tutunini purkagan kuyi ilondek vishilladi:
— Biz uchun oʻsha musordan koʻra shunaqa buzgʻunchilar xavfliroq...

Voy tavba, toʻkindi qolib, qoʻshnilar meni muhokama qilishyaptimi?!

Ta’nali qarashlarga dosh berolmasdim shu tobda.

Nihoyat, Ostonaqul buva odob ila qoʻl koʻtardi. Goʻyo mahalla raisining marhamati bilan davraga chiqdi-da hammaga bir-bir bosh irgʻab salom berdi. Qandaydir daftarini varaqlashga tushganida nechundir koʻpchilikning dami ichiga tushdi.
— Aziz qoʻshnijonlar, — dedi chol bosiqlik bilan. — Soqolim oqarganda shu gʻalva menga kerakmidi? Oʻzi gʻalva koʻtarishga arzigulik gap bormikan? Axir, nima masala boʻlsa, guzarda, bir choʻqim osh ustida hal etsak boʻladi-ku! Modomiki, Boʻriboy, yozishga usta ekansiz, — dedi chol men tomon oʻgirilib, — endi boshqa gaplarni ham yozasiz! Muammolarni bir boshidan hal etishga yordam bersangiz, koni savob-ku! Mana, yozing, — dedi u qoʻlimga qogʻoz-qalam tutqazib. Oʻzi esa boya soʻzga chiqqanlarga bir-bir qarab olgach, daftarini hijjalab oʻqishga tushdi. — Doʻst-doʻstga oyna, deganlaridek, xatolarimizni yuzimizga ochiq aytganimiz yaxshi. Menga ta’na qilganlar, avvalo, oʻzlarining qusurlarini tuzatsalar, men ham aytganlarini bajo keltirishga tayyorman! Xoʻ-oʻsh, Taisa Murtazina paqildoq degan portlovchi modda sotmoqda. Urushda ham bunchalik bangillagan tovushni eshitmagandik. Quloqning pardasini yirtib, yurak oʻynogʻi qip qoʻyyapti-ku bu qizitaloq! Tinch yotgan musordan yuz marta battar asabni buzadi-ya! Mirtoʻra Shoqosimov ikki oʻgʻlini armiyadan olib qolish uchun propiskadan oʻchirtirgan. Mahzuna voyaga yetmagan bolalarga papiros sotadi. Qoʻzivoynikida talabalar ijarada turishadi. Bu qonunga zid! Maryam Inogʻomova va Guli Sotivoldievalar antisanitariya holatida holva yasab, pullaydi... Sa’dullaeva xonadoniga kiraverishdagi qoʻshimcha devorini buzdirib tashlagan. Axir, birinchi qavatdagi qoʻshnimiz devorini buzishiga yoʻl qoʻyish mumkinmi? Xudo koʻrsatmasin, yer salgina qimirlab ketsa, butun «dom» adoyi tamom boʻladi-ku?! Bunyod beburdlik qilib, bolalarga uyatsiz rasmlar tarqatmoqda. Anora ikkinchi eri bilan benikoh yashayapti. Hakimova oʻqimagan bolalarga attesstat sotadi. Mansur montyorga kim pora bersa, tok hisoblagichini orqaga qaytarib beradi. Qoʻzivoy sogʻ koʻzini kasal deb hujjat toʻgʻrilab, tramvayda tekin yuribdi. Suyunov uch joyda ishlashini soliqchilardan yashirgan. Qalbaki «propiska» bilan yurgan yetti kishini aniqladim. Xonadonida yashirin tsex tashkil qilgan soxta tadbirkorlar, islovotxona ochganlarni ham oshkor qilishim mumkin... Aytib qoʻyay, hamma faktlarim aniq tasdiqdanadi!..

Choli tushmagur sal oshirib yubordi. Yarim yildan buyon bitta quvurdan suv ichayotgan qoʻshnilarimning qancha yaxshi fazilatlarini anglab yetganman! Hammasi juda bama’ni insonlar. Har bir odamning yutugʻi ham, kamchiligi ham boʻlishi tabiiy. Besh qoʻl barobar emas-ku. Illat izlaganga illatdir dunyo, deganlaridek, nuqson axtarsang, har qanday kishidan ham nimadir topish mumkin ekan-da... Gap — unga qay koʻz bilan qarashda!.. Koʻnglimdan shunday oʻylar kechib turgan edi hamki, otaxon ismi sharifimni tilga olib qolsa, deng. Gal oʻzimga yetganini eshitgach, beixtiyor sapchib tushdim. Shu on vujudim quloqqa aylandi. Mendan ham biror «ayb» topishi mumkinmikan? Umrim boʻyi vazifamni vijdonan bajarayotgan boʻlsam, savob ishlardan sira chetda turmasam, birovning mushugini «pisht» demasam...

Chol daftarining yangi sahifasini ochdi. Chamasi, fikrini «faktlar» bilan mustahkamlab olgach, oʻziga xos «taktika» bilan hujumga oʻtdi:
— Uka, siz quvlab yurgan quyonlarning onasini allaqachon oʻzim qovurib yeganman! — Uning tagdor gapini kim qandoq tushunarkin? Shu tobda sekin atrofga boqdim. Hamma taajjubga tushgandek bosh chayqardi. — Falon joyda ishlaganman, deb pesh qilayotganingiz oʻshalarning qulogʻiga yetib borsa, holingiz ne kechishini yaxshi bilasiz-a? — Oʻzicha «nozik» joyga urdi u. — Biz ham vaqtida shundoq joylarni gullatganmizki, hatto nomini eshitsangiz, labingizga uchuq toshadi, bildingizmi! Faqat, sizga oʻxshab pesh qilmaymiz! Birovning orqasidan tosh otmaymiz! Ayolning qoʻli bilan ish qiladigan xotinchalish emasmiz!..

Shu payt otaxonning gapini boʻlib, kimdir luqma tashladi:
— Hali yoshimga yetasanmi-yoʻqmi, deng!..

Koʻnglidagi gap aytilganiga chol tashakkur ma’nosida oʻsha tomonga bosh irgʻab qoʻydi-da, soʻng men tomon koʻzini loʻq qilgancha «otashin nutqi»ni davom ettirdi:
— Yangi qoʻshnimizning davlatga keltirayotgan zararini choʻtga tashlasak, hammanikidan oshib tusharkan, — dedi u kekirdagini choʻzib. — Mehmondoʻst boʻlish yaxshi, biroq, evi bilan-da. Me’yor degan narsa boʻlishi kerak-ku, axir. Boʻriboyning uyiga oʻtgan oyda kam emas — oʻttizdan ortiq mehmon kelganini sanadim. Bular hali men koʻrganlarim! Koʻrmay qolganlarim-chi? Ba’zilari uch-toʻrt kunlab yotib yurishdi-ya. Besh-oʻn nafari qarindoshdir, qolganlari-chi? Qancha odamga «boshpana» boʻlyapti bu toʻrt xonali uy! Yoki «Mehmonxona» ochganmisiz? — U inspektorga qarata buyruqomuz ohangda gapirdi. — Oʻz uyingni oʻzing asra, deganlaridek, shunga e’tibor bersangiz boʻlardi. Nima balo, shahar bedarvoza boʻlib qoldimi? Qancha issiq suv, ichimlik suvi, gaz behudaga sarflanyapti?! Uyida propiskada boʻlgan besh kishi uchun pul toʻlansa-da, amalda oʻttiztalab odamga suv, gaz va boshqa narsalar isrof boʻlaverishini qandoq izohlash mumkin? Eng koʻp musor tashlaydiganlar ham shular!

Cholning soʻnggi soʻzlari uchun isbot talab qilishimga hojat yoʻq edi!..

U, gapim tamom, degandek daftarini yopdi.

Yo, alhazar! Aybim hammanikidan ziyodaga oʻxshaydi-ya?! Nahot, shunchalik zararkunanda boʻlsam?! Shu tobda oʻzimdan nafratlanib ketdim...

Qoʻshnilar ham yeb qoʻygudek tikilishar edi. Ringda nakaut boʻlgan bokschining holiga tushdim...

Endi qoʻshnilar ham biri olib, biri qoʻyib muhokama qilishardi. Har xil luqmalar goʻyo olis-olislardan eshitilayotgandek tuyulardi:
— Oʻzingdan chiqqan baloga — qayga borasan davoga?
— Tuppa-tuzik odamga oʻxshaydi, deb yursak, ichiqora ekan, a?
— Katta ketadigan kishidan har narsani kutish mumkin.
— Avval oʻzingga boq, keyin nogʻora qoq-da!..
— Otasi tengi odamning nafsoniyatiga tegib nima qilarkin?
— Hali shu kishining yoshiga yetadimi, yoʻqmi?
— Qilgʻilikni qilib, Taisa opaga toʻnkamoqchi boʻladi-ya?!
— Birovning qoʻli bilan boshqalarni urishga usta ekan!
— Gʻalamis deganlari shunaqa boʻladi-da!..
— Tinchgina koʻchib ketmasa, oʻzini musor yashikda koʻradi!
— Va-ha-ha-ha...

Tavba, deyman oʻzimga oʻzim. Hozir ularga: «Cholning musori xalal beryaptimi yo Boʻri Botirov?» deyilsa, hech ikkilanmasdan meni koʻrsatishlari aniq! Yo alhazar, xotinlar muncha yomon qarashyapti?..

Yonginamda oʻtirgan choʻtirbasharaning luqmasidan seskanib tushdim:
— Shunaqa buzgʻunchidan Ostonaqul buvaning musori tuzukroq!

Tepakal kishi ham «muhokama»dan chetda turmadi:
— Uyini «kolxoz» qivoribdi-ya. Oʻzim koʻrdim, koʻpchiligi koʻrinishidan soddagina kishilar.

Uning tilini qichitish uchun kimdir atay savol berdi:
— Sodda boʻlsa nima qipti?
— Ularni laqqillatish oson-da! Dushxonani «hammom» deb aldasa kim bilib oʻtiribdi? Choʻmilganlarining rosa pulini shilayotgandir?!
— Choʻmilgisi kelganlarga baribir emasmi. Bu atrofda boshqa hammom boʻlmaganidan keyin...

Ta’na va tuhmatlardan esankirab qoldim. Oʻzimni oqlash uchun tilim bazoʻr aylandi:
— Ax-axir, issiq suv bir kun kelsa, ikki hafta kelmaydi-ku? Sovuq suv ham...

Shunda Taisa opa yana «portladi»:
— A-ha, borakansiz-ku! Ana shularni yozingiz! Mayli, oʻzim yozaman. Siz ustidan bir koʻrib bersangiz bas! Gapga ustaligingiz ish berarkan! Hamma jon deb qoʻl qoʻyadi! Buniyam birinchi oqsoqolga yozamizmi yo kattarogʻiga?..

Gur-r kulgi koʻtarildi...

Bir alfozda uyga chiqsam, kecha mehmonga kelishgan sobiq sinfdoshlar bamaylixotir oʻtirishibdi. Biri dushga tushayotgan ekan (ichkarida suvning shaloplagan tovushidan yuragim bir qalqib tushdi), ikkinchisi sochiqni yelkasiga tashlagancha navbat kutyapti. Boshqalari balkonda papiros tutatib, xumoridan chiqishyapti...

Jimgina oshxonaga oʻtdim. Gazning toʻrtta «koʻzi»da ham olov porillab turibdi. Birining ustida qozon, ikkinchisida choynak. Qolganlari ermakka yoqib qoʻyilganga oʻxshaydi. Ularni shartta oʻchirib qoʻydim. Negadir ikkala joʻmrakdan ham suv oqizib qoʻyilgan. Sababini soʻrasam, xotinim muncha maydakash boʻlmasangiz, degandek gʻalati qarash qildi-da, sekin mingʻirladi: «quvurlarni tozalash uchun atay shunday qildik...» Oʻzimni zoʻrgʻa bosdim. Koʻz oldim tundlashib, qoramtir parda ichra Ostonaqul buvaning koʻlkasi paydo boʻldi. U goʻyo: «Noinsof!» deyayotganga oʻxshardi. Seskanib tushdim. Nima balo, tush koʻryapmanmi yo aqldan ozyapman?!

Ijodxonamga kirgach, katta koʻzguga boqdim. Har kuni ishga ketishdan avval boʻyinbogʻimni taqayotib, oʻzimga bagʻoyat bama’ni, salobatli kishidek koʻrinardim. Hozir esa, qandaydir pandavaqiga oʻxshardim... Oyna oldida sochilib yotgan bir talay «Tashrifnoma»larimga koʻzim tushgach, hamma ayb oʻzimda ekanini angladim; eh-he, bularni kimlarga tarqataman?! Tagʻin qanchasini boshlab kelmoqchiman? Koʻrmaganning koʻrgani qursin, deganlari shumi? Axir, katalakdek xonadonimni koʻz-koʻz qilishni qachon bas qilaman oʻzi?.. Malomat qilishganicha bor ekan-u...

Qoʻllarim beixtiyor oʻsha «Tashrifnoma»larni gʻijimladi. Hammasini chiqitlar tashlanadigan chelakka uloqtirdim...

Ertasi kuni Ostonaqul buva odatiga koʻra qora qutilarni titkilayotgan mahalda kamina katta yoʻl boʻyidagi bekat ustuniga «Uy sotaman» degan e’lonimni yopishtirayotgan edim...