OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifToʻlqin Hayit
Asar nomiKampir osh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Toʻlqin Hayit
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kampir osh (hikoya)
Toʻlqin Hayit

Hojar ona ayvon chekkasidagi taxta soʻrida muk tushgancha guruch tozalamoqda edi. Ichkari uydan chiqqan oʻgʻli-patila soch, ingichka moʻylovli Hosilmat:
— Yana oshmi, momoshka! qoʻying, nima qilasiz... qizlar kuladi, — dedi.
— Tugʻilgan kuningni eshitib, Asal dugonam bilan Mehrining tomogʻi tushadi, bolam. Oʻshanga... aylanay, bir kapgir osh damlamoqchiman. Sanlar oʻzlaringni svet-pvet stollaringni qilaveringlar! — dedi Hojar ona muloyim ohangda.
— Svet-pvet emas, odamni sharmanda qilmang. Oʻrtoqlarim eshitsa shu gaplaringizni, mani nervimga oʻynashadi. Tak, chto momoshka, shvedcha stol, deng, xoʻpmi?
— Xoʻp, bolam, xoʻp, aylanay! Shvedcha boʻlsa, shvedcha-da! Mani bilmaydi, deysanmi? Ana agarodimda shvet barq urib yotibdi. Har yili ekaman, bilasan-ku, aylanay. Shved deganingni... bu tom oʻlgur bolam, odam qarigandan keyin quloq ham tosh bitarkan!

Hosilmat kampirning uyiga kirdi: oʻrtada xontaxta, atrofida quroqi koʻrpachalar solingan.

— Momoshka?
— Labbay, bolam.
— Bularingiz boʻlmaydi. Bu yerda ham shvedcha stol qilamiz. Oʻrtoqlarim sizni koʻraman, deb kirib qolishlari mumkin. Chto, manavi amir zamonidan qolgan xontaxtayu, ammangizning qizi bergan koʻrpachalaringizni cherdakka «fisht»; qilaman!
— Hoy, aylanay, bolam! Undan koʻra, onangni oʻldirib qoʻya qol!
— Voy-boʻy momoshka, nervingiz ham bor-a. Sizga bir ogʻiz gapirib ham boʻlmaydi-ya!
— Mani onam, desang, tinchimni buzma, bolam!
— Oʻrtoqlarim...
— Hoy, oʻsha oʻrtoqlaring togʻ oshib kelmagandir. Ichida nemis-pemisi bormi!
— Nemis oʻrtogʻim yoʻq, hammasi mahalla bolalari!
— Mahalla bolalari boʻlsa, burnining ostidan narini koʻrishadi.
— Sinfdosh qizlar ham kelishadi.
— Mayli, kelishsin, bolam. Aybi yoʻq. Ana, Asalning oʻgʻli ham sinfdosh qizlarini chaqiribdi. Birov gapirdimi? Gapirgani yoʻq.

Hosilmat boshlarini qashib nari ketarkan, «Momoshkaga tushuntirish qiyin!»; deb toʻngʻillab qoʻydi.

Oradan bir soat oʻtib, Asal kampir bilan Mehri muallima keldi. Endi hol-ahvol soʻrashgan edilar hamki, bir gala yigit-qizlar chuldirashib ichkari kirishdi. Har uchchala kampir derazaga yopishdi.
— Voy oʻlmasam! — dedi Hojar ona koʻrsatkich barmogʻini lunjiga bosib. — Ana uni qaranglar. Sharmanda-a! Kindigi ochiq... kimning qizi ekan?

Mehri muallima ajin qoʻlini peshonasiga tiradi:
— Umi? U Sokina boyvuchchaning oʻrtancha qizi. Toshkentda oʻqiydi. Meditsinada. Jenski doʻxtir boʻlarmish.
— Doʻxtir boʻlmay har balo boʻlgur, atlas kiyib kelsa oʻlarmidi?

Hojar ona tor shim kiygan qizni koʻrsata turib:
— Vuy, sharmanda, sharmanda! — dedi koʻzini yashirib.

Mehri muallima piqir kuldi.
— Afgʻondan oshib kelganga oʻxshaysiz, Hojaroy, bugun koʻryapsizmi bu turqisovuqlarni?! Yevropacha kiyinamiz, yevropacha yashaymiz, deb urf-odatlarimizni rasvo qilishyapti.
— Oʻsha Avroʻpani urf-odatlari yaxshi ekanmi shunchalik?
— Qaydam? — Mehri muallima labini burdi va Hojar onaning qoʻlidan pichoqni oldi. — Sabzini man toʻgʻrayman.

Asal kampir piyoz solingan kosani oldiga tortdi.
— Man piyozni artib turay boʻlmasa!

Mehri muallima sabzini toʻgʻrab turib, soʻzida davom etdi:
— Oʻsha Yevropa deganlarida ikki erkak nikohdan oʻtib yashasharmish.

Hojar ona ishonmadi:
— Boʻladigan gapni aytsangiz-chi!

Asal kampir gapga qoʻshildi:
— Kecha radioda aytishdi. Bu narsani oʻzbeklar qoralaydi, dedi.

— Ana koʻrdingizmi? — Mehri muallimaning quyuq oʻsma qoʻyilgan qoshlari qaldirgʻoch qanotlaridek pirpiradi. — Man bir narsani bilmasam gapirmayman!.. Ayoli yarim kechada kelsa, er urishsa, sudga berarmish. Xotin boshqani xohlasa, eriga «sen yoqmay qolding»; deb uydan haydab yuborarmish. Ota minan oʻgʻil kelisholmay qolsa, uy-joyni sud orqali hal qilisharkan!.. Ana, sizga bir olam gap!

Hojar ona:
— Koʻp ham unaqa emasdir! — dedi aftini burishtirib.

Mehri muallima:
— Sizni oʻshaqqa joʻnatish kerak, oʻshanda koʻzingiz moshday ochiladi! — dedi shartta.
— Moshday ochiladigan boʻlsa, borib kelaman! — hazillashdi Hojaroy.

Sabzi, piyoz toʻgʻralib boʻlgach, kampirlar oshxonaga chiqishdi. Sochini sariqqa boʻyagan, qiltiriq qiz bilan yoʻgʻon boʻyniga oltin zanjir taqqan yigit ichkariga bosh suqishdi. Sassiq aroq hidi anqidi.
— Salom, onalar! — hiqillab dedi yigit. — Nima ovqat?
— Osh, osh, bolam! -Hojar ona uning yelkasiga qoqdi.

Yigit qimmatbaho toʻq koʻk koʻylagining yelkasiga, kampir qoʻli tekkan joyga gʻijinib pufladi.
— Osh? — dedi keyin ijirgʻanib. — Kechasi jeludkaga ogʻirlik qiladi.

Qiz oʻqchidi. Yigit uning qoʻltigʻidan olib, ariq tomon boshladi.

Hojar ona yoqasini ushladi.
— Tovba, tovba! Oʻzi yosh-u, ichib olganiga oʻlaymi? E xudo, qaysi kunlarga yetib keldik?!

Qizning oʻqchigan ovozi, soʻng qusqisining suvga sharillab agʻdarilgani eshitildi. «Hay, hay»; degancha Hojar ona ular tomonga oshiqdi. Yigit qizning sochi va boshidan ushlab turardi. Qiz oʻqchib-oʻqchib suvga qusar, qoʻlansa hid atrofga anqir edi.

Hojar ona yeng uchi bilan ogʻzini yopib:
— Hoy, aylanay, qizim, suvga qusma, gunoh boʻladi! — dedi koʻngli ichikib.

Asal kampir tovush qildi:
— Yogʻingiz qaerda?

Hojar ona ortiga qaytdi. Gaz plitasi yonidagi yogʻ idishni olarkan:
— Bizning zamonda suvga tupursak, xudorahmati otamiz xivich bilan quvlar edilar, — dedi kuyunib. — Kap-katta qiz, uyalmaydi, gʻarq etib suvga qusib oʻtiribdi-ya! Hay, attang!

Hosilmat ichkari kirdi.
— Ha, momoshkalar, qanaqa palov boʻlyapti oʻzi?

Hojar ona jilmaydi:
— Kampir osh boʻlyapti, bolam!
— Kampir osh? Xe...xe!
— Sengayam olib qoʻyamiz.
— Oʻzlaring yenglar... bizdi oshqozon bunaqasini xohlamaydi.

Hojar ona piching qildi:
— Oshqozoningga shvedcha aroq yoqadi shekilli, bolam. Hay, ichib olibsan-a?

Hosilmat xixiladi:
— Ha, endi, momoshka, ellik gramm odamni oʻldirarmidi?!

Chet el musiqa tovushi uyni larzaga keltirdi, tapir-tupur oyoq tovushlari, qiy-chuv eshitildi.

Hojar ona oʻgʻliga tanbeh berdi:
— Sekinroq, oʻgʻlim, sal pastroq... qoʻni-qoʻshni degandek...
— Bir kecha chidashsa, osmon uzilib yerga tushmas, momoshka!

Asal kampir labini tishladi.

Hojar ona Hosilmatning ortidan:
— Osh pishib qoldi, oʻrtoqlaring xohlashsa, ayt, suzib beramiz.
— Oʻzlaring yenglar, oʻzlaring? — qoʻl siltadi Hosilmat va ichkari kirib ketdi.

Mehri muallima uning ortidan borib derazadan ichkariga boqdi. Burni puchuq qiz nafis, uzunroq sigaret tutatdi.
— Staruxalaring nima pishiryapti?
— Osh! — javob qildi Hosilmat iljayib.

Qiz chaplangan aftini burishtirdi:
— Nu-da, Xosilmatchik, mama tvoya... zoʻr, kechasi osh yeyish... vey... jalka oshqozonlariga.

Hosilmat uning qoʻllaridan ushlab, oʻrtaga boshladi. qiz noz-karashma bilan unga suykaldi.

Oʻrtadagi stol usti allaqachon boʻshab qolgan, aroq, shampan, vino shishalari, tort qutilari tartibsiz sochilib yotardi. Xorij qoʻshiqchisi kuchayib, xirillab, baqirib kuylar, u har ovozini koʻtarganda, irgʻishlab oʻynayotgan dumboqqina qiz bilan ozgʻin yigit Hosilmat tomonga oʻqtin-oʻqtin qarab qoʻyishardi.

Qiz orqasini oʻgirib irgʻishlab oʻynar ekan, boshini noz bilan qimirlatib, boʻynini burib, koʻzlarini suzgancha yigitga boqar, u «xah»; deb egilganda, uning ozgʻin koʻksiga oppoq yelkasini suykab-suykab olardi.
— Onasi osh qilayotgan emishmi? — nozlanib soʻradi qiz.
— Shunaqa deyishyapti! — sovuqqina javob qildi yigit.
— Undan koʻra, alaviya salat qilganlarida, oz-ozdan yer yedik.
— Otstaliy kampir u... buni tushunadi, deysanmi? Oshini qilaversin.
— Ve-e-ey! Osh? Kechasi-ya!

Mehri muallima pildirab ortiga qaytdi.
— Yoshlar buzilib ketgan, deyishganda, ishonmagan edim! — dedi u ichkari kirar-kirmas. — Hay-hay, bizlar bergan tarbiyadan «t»; harfi ham qolmabdi. Maktabda bularga nima oʻrgatishyapti?!
— Burungi zamonda qizil toʻy chiqib, hammani aroqqa oʻrgatdi, — dedi Hojar ona hasratli ohangda. — Endi bu balo chiqdimi?! Bittasi ham oʻtirmaydi: ovqatini ham tik turgancha yeyishadi, «bismilloh»; deyishadimi, yoʻqmi?..

Asal kampirning hasratidan oʻt chiqdi:
— Bular «bismilloh»;ni ham, «omin»;ni ham bilishmaydi.

Osh pishdi, qozonning qopqogʻi olinganda, oshxonada, hovlida xushboʻy hid taraldi, it hurib, xoʻroz bir qichqirdi. Hojar ona goʻshtini ajratib olib, toʻgʻrab oshga bosdi-da, ikkita suyakni itning oldiga eltib tashladi, tovuqlarga esa, bir hovuch don sepdi. Soʻng katta chinni tovoqdagi oshni koʻtarib uyga kirdi.

Hojar ona oshpaz cholini esladi.
— Osh pishdi, deguncha xudorahmati esimga tushadi. Pishirgan oshlarini yeb toʻymas edik.

Mehri muallima:
— Bir umr elning toʻylarida xizmat qilib oʻtdilar, Xudo rahmat qilgan boʻlsin! — dedi boʻrsildoq nonni avaylabgina ushatar ekan.

«Oling, oling»; bilan oshni yedilar, ustidan bosib-bosib achchiq-achchiq choy ichdilar. Endi gurung qizigan paytda tor shim kiygan ikki qiz bir-birlariga suyanib, ichkari kirdi. Ularning rangi oqargan, koʻzlarida nur yoʻq edi.

Hojar ona oʻrnidan turdi.
— Kelinglar, qizlarim! Bu yerga oʻtinglar!
— Charchab qoldik, boshimiz aylanib ketdi.

Mehri muallima ularning rang-roʻyiga nazar solarkan:
— Ikkalangdayam animiya bor ekan, oʻzlaringga qarab yursanglar boʻlmaydimi?! — dedi ularni tergagan boʻlib.

Hojar ona kichkina taqsimchada osh keltirib qoʻydi.
— Olinglar, ona qizim!

Qizlar bir-biriga qarashdi.

Mehri muallima Asal kampirga imo qildi:
— Bularga qoshiq bering!
— Ha-ya, esim qursin!

Bir zumda taqsimcha boʻshadi. Qizlarning yuziga qon tepdi.

Xosilmat depsinib ichkari kirdi.
— Momoshka, qorin tatalab ketdi.

Hojar onaning koʻzlari jovdiradi:
— Ozgina qirmoch qoldi, bolam, yeysanmi?
— Qirmochmi, irmochmi, nirmochmi, momoshka, farqi yoʻq, olib keling! Qorin... qorin quldirab odamni ezib yubordi!

Hojar ona bir taqsimcha qirmochni oʻgʻlining oldiga qoʻydi. Hosilmat qoshiqni ochiqib ogʻziga tiqdi, soʻng yutuqqancha qirt-qirt chaynay boshladi.

Uch yigit, besh qiz ichkari bosh suqdi.

Hosilmat qirmochni ularga manzirat qildi:
— Olinglar, qirmoch rangni toza qiladi, deb eshitganman...

Yigitlar uning yoniga choʻkishdi.

Tor yubka kiygan toʻliqqina qiz:
— Men osh yeyman! — dedi shirakayf holda.

Kampirlar bir-birlariga ma’noli boqib, oʻrnilaridan turishdi.
— Boʻling — dedi Hojar ona Asal kampirga imo qilib.
— Nima qilamiz endi? — hayron boqdi Mehri muallima.
— Nima qilardik, aylanay, — Hojar ona ostonada turgan rang-barang qimmatbaxo tuflilar orasidan eski kalishini topib apil-tapil oyogʻini tiqdi. — Yordam berasizlar, kampir osh qilamiz!

Xoʻroz choʻzib-choʻzib qichqirdi, tun yarmidan oqqan edi.