OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Toʻlqin Hayit. Oshiq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifToʻlqin Hayit
Asar nomiOshiq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Toʻlqin Hayit
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 10-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oshiq (hikoya)
Toʻlqin Hayit

Qoʻshni qishloqdagi toʻydan qaytgan Ochil bobo xufton namozidan soʻng, boshini devorga tiraganicha:
– Koʻrgali husningni zoru mubtalo boʻldum sanga, – deya xirgoyi qilib qoldi.
– Hay, chol, sizga nima boʻldi? Kul-pul bosib keldingizmi? Bu nima aljirash? Uyalmaysizmi? – dedi Hanifa kampir qirmizi koʻylagining yoqasini ochib, xavotir aralash ichiga tuflarkan.

Ochil bobo ayyuhannosga goʻyoki e’tibor bermadi.
– Men ham bir balo boʻldum sanga.

Kampir tumshaydi. «Hay-y-y, choli tushmagur-a, qariganda, belidan quvvati ketib, koʻz nurlari soʻnganda, bitta-yarimtasiga ilashib qoldimikin?! Toʻyga deb oʻshanikiga borgan boʻlsa-chi? Attang-a, yolgʻiz yubormasam boʻlarkan.»
– Hay, chol, koʻzingizni oching, bu nima qiliq?!

Ochil bobo koʻzini ochmadi. Kampirning bir dardiga oʻn tashvish qoʻshildi. Omonatini topshirib qolsa, baloga qolaman, degan oʻyda cholning devor-darmiyon ukasi Xolmurodni chaqirdi. Xolmurodning xotini gap iskab, eri ortidan keldi. Kampir unga qovogʻini uyib qaradi.

Xolmurod bu kecha akasining yonida qoldi.

Kampirning xavotiri bejiz emasdi. Ertalabga yetmay, cholning xirgoyigoʻy boʻlib qolgani butun mahallaga doston boʻlganini eshitib, burniga achqimtir hid urilgandek, faqat yuzi emas, butun badani achishdi. Nima emish: kecha toʻydan qaytayotgan Ochil bobo goʻriston yonidagi Kultepadan oʻtayotib, ajinaga yoʻliqqanmish. Endi uyida hammani qoʻrqitib, aljirab yotgan emish.

Qishloqda birovni ogʻir yotibdi, deb eshitgan borki, bir xabar olib oʻtadi. Ochil boboni koʻrgani mahalla raisi Anvar Tolipovdan tortib, xizmatkor Darxon chaqqongacha – hamma keldi. Eshikdan birov bosh suqsa, ket deb boʻladimi? Bunisi mayliku-ya, shoʻrlik Hanifa kampirning qon bosimi oshib, boshiga ogʻriq turgani ortiqcha dahmazaga aylandi. Saksonga kirgan chol ajinaga oshiq boʻlib qolibdi, deya kulsalar, qaysi bir kampir chidaydi?
– Ochilboy shu yoshga kirib, bola koʻrmadi, balki qariganda, birortasiga dilini yorgandir. Burungi zamonlarda yetmishvoylar, toʻqsonvoylar boʻlardi. Bu kishim saksonvoyning daragini eshitib, es-hushlaridan ayrilgan boʻlsalar kerak, – degan gap chiqaribdi Sodiq shoʻro.

Kampir uf tortdi, oh tortdi, lekin nima qilsinki, oʻzining dardiga malham topolmadi.

Mahalla raisi Anvar Tolipov ancha sergak tortdi.
– Hanifa aya, birortasidan gumoningiz bormi?
– Xudo saqlasin!

Sodiq shoʻro xoʻmraydi:
– Rais, kampirni tinch qoʻying! Mahalla posbonini chaqiring, bu jiddiy masala! Hali ketini koʻrasiz, bosh ogʻrigʻi boʻlmasa, otimni boshqa qoʻyaman!
– Vahima otidan tushing, shoʻro, – deya uni siltab tashladi rais, – Ochil bobo siz aytganday, boshini shamolga oldirgan qariya emas! Aljiragan boʻlsa bordir!

Terlab-pishib kirib kelgan mahalla doʻxtiri – Bektosh Toʻraev cholni yaxshilab tekshirdi, lekin biror kasallik topolmadi: cholning yuragi bir maromda urar, qon bosimi ham joyida edi. Shunday boʻlsa-da, bir-ikki dori yozib berdi-da, «tuman shifoxonasidan, albatta, doʻxtir chaqirib, koʻrsatish kerak!» deya oʻrnidan turdi.

Boʻrini yoʻqlasang, qulogʻi koʻrinadi deganlariday, xoʻppa semiz mahalla posboni – Tojivoy ham pishillab kirib keldi:
– Nima boʻldi Ochil boboga?! Ajina chalganmishmi?

Sodiq shoʻro unga dakki berdi:
– Qanaqa posbonsan oʻzi? Ajinaga balo bormi? Sen hayotga real qarashing kerak, ukam! Mahalla posboniga yarashadigan ish qil-da, odamni uyaltirmay!

Tojivoyning achchigʻi qirra burnining ustiga soya tashladi:
– Siz, shoʻro, zoʻrsiz-u, biz noshud boʻldikmi?!

Anvar Tolipov qovogʻini uygan edi, Tojivoy yuzini chetga burdi. Otdan tushsa ham egardan tushmagan Sodiq shoʻro shubhasini yana oraga soldi.
– Muammo ana shunday, jiddiy! – dedi koʻrsatgich barmogʻini oʻqtalib.

Tojivoy homuza tortdi va:
– Bu ishni, albatta, tekshirib koʻramiz! – dedi boʻynini gʻoz choʻzib.

Tushda Ochil bobo koʻzini ochdi. Darhol Tojivoyni chaqirib keldilar. U cholning oʻng tomoniga yonboshlab:
– Ota, oshiqligingiz rostmi? – deb soʻradi.

Kampirning burishgan yuzi qoraydi. «E yoʻq, be yoʻq, darhol shunaqa deb soʻrash kerakmi?! Fahmingga dogʻi!»

Ochil bobo «ha» degandek boshini qimirlatdi.

Urdi xudo! Xolmurod pishgan pomidordek hil-hil qizardi, xotini labini tishladi, kampir joyiga behol choʻkdi. Tojivoy «ah-ha» degancha boshini qashidi. Ana, sizga zamonaviy hangoma!

Xolmurod boshini changalladi:
– Qoʻlim kaltalik qilmaganda, boboyni katta doʻxtirlarga koʻrsatgan boʻlardim. Bular qoʻl uchida koʻrdi akamni! Hay, bularga ishing tushmasin!

Mahalla raisi uni qattiq jerkidi:
– Noshukurlik qilmang, Xolmurodvoy! Ikkita katta vrach koʻrdi, kammi? Sizning qoʻlingiz kalta boʻlsa, davlatniki uzun. Kerak boʻlsa, tepadan zoʻr vrachlarni chaqiramiz! Siz avval cholning gapini oling! Bir dardi borki, zoru mubtalo boʻldim, deb yotibdilar.
– Siz nimaga sha’ma qilyapsiz, rais?! Ochil bobo qariganda beboshlik qip qoʻyganmikin, demoqchimisiz?!

Tojivoy oʻrtaga tushdi:
– Jimlik saqlansin. Bu ish bizga taalluqli: kerak boʻlsa, tekshiramiz, oʻrganamiz, gumondor boʻlsa, albatta, topamiz!

Yarim soatdan soʻng Ochil bobo koʻzini ochdi.
– Men qachon dedim vafo qilgʻil manga, zulm aylading! – deya yana pichirladi.

Xolmurod yana boshini changalladi, uyaldi qarib quyilmagan akaning bu ishidan. Xotini xoldor lablarini qirmizi roʻmoli bilan yashirdi. Hanifa kampir esa koʻz yoshi qildi:
– Hay, tugʻilmay man oʻlay! Bitta tirnoq bersa, sadagʻasi ketarmidi?! Oʻz farzandi boʻlganda, otasini odamlarga mayna qilib qoʻymas edi?! Hay, shoʻr peshonam qursin, qariganda nima gap bu, a?!

Tojivoy qoʻlini bigiz qildi:
– Yurakni qiynamang, momo! Biz aybdorni topamiz. Raz zorlanayotgan ekansiz, Saksonvoy, albatta, boʻladi! Ana, isboti: Ochil bobo oʻsha chuv tushirgan xonimga, vafo qilgʻil, deb yalinganlar, u esa, karmoningda bir miri yoʻq sen cholni boshimga uramanmi, degan koʻrinadi. Demak...demak, bolasini ham qizgʻangan, koʻrsatmagan. Vo!.. Ana shundan soʻng cholning boshi aylanib qolgan! Nichego, bugun boʻlmasa, ertaga oʻzlariga kelib qoladilar, ana oʻshanda biz oʻsha xonimning kimligini bilib olamiz va uni, albatta, jazolaymiz!

Ochil bobo bu safar yotgan joylarida gʻazalni baralla oʻqidilar.

Derazadan oq koptok kelib tushdi. Xolmurod koʻchaga qarab musht oʻqtaldi, xotini piq-piq kuldi. Birozdan soʻng sakkizinchi sinf oʻquvchisi, yuqori guzarlik Halim shoir ichkari kirdi. Ochil bobo hamon gʻazal oʻqimoqda edi:
– Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,

Soqiyo, to tarki joh aylab, gado boʻldum sanga.

Xolmurodning xotini tizzalab, boʻy choʻzdi:
– Ana, momo, kundoshingizning ismini ham bilib oldik! Nasiba ekan ismi. Nasiba!

Tojivoy boshini qashidi:
– Tak, tak, bu qaysi Nasiba boʻlishi mumkin?! Past guzardagi Nasiba boshqa erga tegib ketdi. Kultepa guzarida Nasiba degani...eh-ha, Kaltaqishloqda bir juvon bor, koʻzi oʻynoqi, shumikin?!

Uy ichi ola-gʻovurga toʻldi:
– Oʻsha boʻlishi kerak!
– Uning qoʻlidan har balo keladi. Juda jodugar ayol!
– Cholning pensiyasini yeb yurgan boʻlmasin tagʻin!

Ochil bobo gʻazalni yana qayta pichirlab oʻqidilar.Shovqin-suron avjiga chiqdi.

Halim shoirning koʻzlari pirpiradi, lablari qimtindi. Birozdan soʻng kulib yubordi.
– Nima dep gʻavgʻo qilyapsizlar?! Bobo...bobo Navoiydek oʻz egalariga oshiq ekanlar! Qanaqa Nasiba, qanaqa jodugar?! Mangulik suvi nasibam, deyaptilar-ku axir!

Hanifa kampirning koʻzlari moshday ochildi, Xolmurodning quloqlari choʻyanday olovlandi, xotini roʻmoli bilan yuzini yashirdi. Tojivoy burnini tortdi, rais kulib yubordi, Sodiq shoʻro esa oʻrnidan turib, tashqari otildi.

Halim shoir koptokni olib koʻchaga yugurdi.

Ochil bobo aksa urib, koʻzini ochdi.
– Kampir, lablarim quruqshab qoldi, bir piyola suv ber! – deya iltijoli boqdi.

Suvni ichgach:

– Yaratganga shukr! – deya soqolini siladi.